Umberto Eko. Postmodernizm, kinoya, mamnuniyat

1965 yildan to hozirgi kunga qadar ikki xil qarash ochiq-oydin ko‘zga tashlanardi. Boshqa hikoya qilinayotgan adabiyotda syujet ichidan syujet izlash va u hikoya qilinuvchi syujetdan ko‘ra ko‘proq murosasoz syujet mavjuddek tuyulardi. Demak, isyonkorlik ruhida ham yetarlicha muammolarga boy va albatta, yoqimli roman yozish mumkin ekan.
Amerika postmodernizmi nazariyotchilarining fikricha, nafaqat syujet izlash, balki asar ko‘ngil ovlash vazifasini ham bajarishi darkor.
Afsuski, “postmodernizm” atamasini qanday ma’qul bo‘lsa, shunday – istalgan narsaga nisbatan qo‘llashmoqda. Goho uning ma’nosini o‘tmishga olib borib taqashga urinishmoqda. Holbuki, postmodernizm avvalo ba’zi yozuvchi va san’atkorlar ijodida keyingi yigirma yil ichida ko‘rina boshladi. Keyin asta-sekinlik bilan asr boshi, keyinroq esa olis o‘tmishga borib taqaldi. Yana olislashda davom etmoqda. Hatto Homerning o‘zini ham postmodernist deb atashmoqda.
Umuman, postmodernizm shunday bir yo‘nalishki, uni aniq bir davr yoki zamonga taqab bo‘lmaydi. Bu ruhiy daraja, aniqrog‘i, san’atga kuchli ishtiyoq, ta’sir qilish usuli. Shuni aytish mumkinki, har bir davrning o‘z postmodernizmi mavjud, xuddi shuningdek, har bir davrning o‘z uslubi menimcha, postmodernizm ko‘proq – manerizmning zamonaviy muqobili bo‘lib ko‘rinadi. Shunday o‘ylashga to‘g‘ri kelyaptiki, Nitsshening “Bevaqt tug‘ilgan mulohazalar” asarida tasvirlanganidek, o‘tmish va har qanday davr izlanishlarida inqirozli lahzalar yuz ko‘rsatyapti. O‘tmish bizga talablar qo‘yadi, bizni esa qo‘yib yubormaydi, do‘q-po‘pisa qiladi. O‘tgan davr avangardizmi o‘tmish bilan hisob-kitob qilishga urinadi. Futuristlarning shiori “Oy shu’lasi yo‘qolsin!” – xohlagan avangardning tipik dasturi, oy shu’lasini faqat biror-bir arziydigan narsaga almashtirsagina bo‘ladi. Avangard an’anaviy obrazlilikni parchalaydi: “Avinonlik qiz” – tipik avangardcha ishora. Bundan so‘ng avangard obrazlarni parchalab, tugatib, mavhumlik, shaklsizlik, tilka-pora bo‘lgan bo‘z mato chegaralarigacha ilgarilab ketdi. Me’morchilikda bu devorlarni to‘ldiradigan, yodgorlik toshi ko‘rinishidagi bino, asil parallelepiped ko‘rinishidadir. Adabiyotda bu nutqiy kamchilik oqimi to‘liq sukunat yoki toza qog‘ozgacha davom etmoqda. Musiqada esa noohangdoshlikdan shovqingacha, ya’ni tamomila jimlikkacha u namoyon bo‘lmoqda.
Shunday lahzalar bo‘ldiki, avangard (modernizm)ga hech qayerga borish mumkin bo‘lmaganda, u o‘zining shaxsiy va imkonsiz nutqini yaratdi va unda imkoniyatdan tashqari matnlar yuzaga keldi. Postmodernizmning modernizmga javobi o‘tmishni tan olishdadir: undan yuz burmaslik lozim, ana o‘shanda biz to‘laqonli jimlikka erishamiz, go‘llik bilan emas, unga kinoyali tarzda qarab ish ko‘ramiz. Postmodernizmga munosabat xuddi insonga, sevimli insonga munosabatdek bo‘lmog‘i zarur. “Men sizni telbalarcha sevaman”, deb aytolmasligini bildi. Yana u biladiki, Liala allaqachon shunday deb yozgan. Baribir chorasini topsa bo‘ladi. U aytishi mumkin edi: “Liala aytganidek, men seni telbalarcha sevaman”. Xuddi shunday yolg‘on ma’sumlik haqida ochiq fikr yurita turib aytishi mumkin, endi ma’sum suhbatlar qurolmaymiz. U o‘shandayoq ayolga uni sevishini, yo‘qotilgan beayb vaqt bilan sevishini aytgandi. Agar ayol o‘yinni davom ettira olsa, bu tan olingan sevgi izhori, deb qaraladi. Hech kim o‘zini aybdor his qilmaydi. Ikkalasi ham buni o‘tmish da’vati, kim tomondandir aytilgan va yengilmas da’vat deb biladi. Ikkalasi ham aqlu hush va mamnuniyat bilan kinoyani davom ettiradi. Ularda yana muhabbat mavzusida suhbatlar qurish imkoni bor.
Kinoya, nutqiy o‘yin, to‘rtburchak oralab hikoya qilish. Shuning uchun ham modernizmda kim o‘yin qoidasini bilmasa, o‘yinga qo‘shilolmaydi va oqibatda inkor qilishga o‘tadi. Postmodernizm qoidasiga ko‘ra o‘yinni tushunmasdan hammasini jiddiy qabul qilish zarur. Bu, shuningdek, kinoyaning ham muhim fazilatidir. Pikasso, Xuan Gris, Brak asarlari modernizmga xos. Shuning uchun ham uni oddiy o‘quvchi qabul qila olmadi. Maks Ernest asarlari postmodernizmga daxldor. U XIX asr o‘yma naqshlaridan parchalar yaratdi. Ularni fantastik hikoya tarzida o‘qish, o‘yma naqshlar qissasi va hatto aytib berilgan tush ekanligi ham anglanmasligi mumkin. Agar bular modernizm sanalsa, nimaga Stern va Rable postmodernizm namoyandasi, Borxes ochiqdan-ochiq shu yo‘nalishga mansub deb qaraladi-yu, boshqa bir san’atkorda murosa qilishga to‘g‘ri keladi, modernizm va postmodernizm elementlari almashtiriladi. Mana, Joysda nimalar yuz berganiga e’tibor qiling. Uning urinish tarzida yozilgan “Portret”i modern ruhida. “Dublinliklar” undan oldin yozilishiga qaramay, modernga yaqinroq. “Uliss” qaysidir chegarada. “Finnegan xotiralari” esa postmodernizm, ko‘proq postmodernizmning boshlanishi. Uni inkor qilishdan oldin kinoyaviy fikrlarini to‘g‘ri tushunish lozim.
Postmodernizm haqida avvalboshdanoq hamma fikrlar aytilgan edi (Jon Bartning “Adabiyot va nihoya” ocherki, 1967 yil). Albatta, hammasi ham postmodernizm nazariyasiga to‘g‘ri kelavermaydi, axir yozuvchi va san’atkorlarga bu postmodernizmga to‘g‘ri keladi, bunisi to‘g‘ri kelmaydi deb yorliq ilib chiqish shart emas. Meni unga xos bo‘lgan qoidalar, postmodernizm nazariyasi sifatida olib chiqilayotgan fikrlar qiziqtiradi: “Mening ideal yozuvchim postmodernni tag-tubi bilan kesib tashlashga urinmaydi va yigirmanchi asr adabiyotiga mansub otalarini, o‘n to‘qqizinchi asrdagi bobolarini inkor etmaydi. Ehtimol, bu yozuvchi Jeyms Michiner va Irving Uolles o‘quvchilarining e’tiborini jalb etishni orzu qilmas. Ular ommaviy fikrlar bilan kitobxon qalbiga upa-elik surib, pardozlab bo‘lishgan. Biroq ular kitobxon mehridan, yanada kattaroq auditoriyani qamrab olishdan umidvor bo‘lmog‘i lozim. Bu kabi san’at ishqibozlarini Tomas Mann ilk nasroniylar deb ataydi…”. Ideal postmodern roman realizm va norealizm, formalizm va syujetlilik, “adabiyot adabiyot uchun” va “taklif adabiyoti”, sara va ommaviy adabiyotlar o‘rtasidagi keskin tanqidni bardosh bilan yengib o‘tishi kerak. Men yaxshi jaz va mumtoz musiqani taqqoslab ko‘rgan bo‘lardim: qayta tinglanayotganda yoki partitura o‘qilayotganda oldingi gal ilg‘anmagan jihatlar yuzaga chiqadi. Biroq eng birinchi galgi tinglashni takroriga moslashtirishga to‘g‘ri keladi. Bu mutaxassis va shinavanda uchun ham birday haqiqatdir”. Bart 1980 yilda bu mavzuga ana shunday yondoshgan edi, endi bu maqolani “Mukammal adabiyot” deb nomladi. Albatta, Lesli Fidler kabi bu mavzuga chuqurroq yondoshish, shubha bilan qarash ham mumkin. “Kalibano” jurnalining 1981 yilgi xuddi o‘sha sonida uning ocherki e’lon qilingan, “Soyali chiziqlar” jurnalida uning boshqa amerikalik mualliflar bilan qilgan munozarasi o‘rin olgan. Albatta, Fidler ularga taklif kiritadi. U “So‘nggi mogikanlik”ni, sarguzasht, gotik uslubdagi adabiyotlarni alqaydi, tanqidga nisbatan nafrat qo‘zg‘ashini, biroq afsona yaratuvchilar juda ko‘p o‘quvchilar avlodining o‘y-xayolini band etayotganiga e’tibor qaratadi. Oshxona, mehmonxona yo bolalar xonasida birday qiziqish ila mutolaa qilish uchun qachonlardir “Tom tog‘aning kulbasi”ning boshqachasi yaratiladimi, deb savol tashlaydi. U Shekspirga shuning uchun ham daxldorki, kim agar ko‘ngil ovlash iqtidoriga ega bo‘lsa, asarni “Shamollarda olib ketilgan” bilan bir safga qo‘ya oladi. U juda ziyrak tanqidchi sifatida tanilgan, afsuski, o‘zi ham bunga inonadi. U shunchaki, san’at va ko‘ngilovlar adabiyotlar o‘rtasidagi devorni buzib tashlashni xohlaydi. Ayni paytda keng kitobxon ommasi e’tiborini jalb etish va ularning orzular mundarijasini boyitish – demak, avangardchasiga yozmoq demakligini tushunib turadi. U bizga shunday imkoniyat yaratib bermoqdaki, kitobxon orzular mundarijasini boyitish – murosasozlik degani emas. Aytish mumkinki, bu kitobxonni yanayam mukkadan ketishga chorlovdir.

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 6-son