1
… Uch hafta muqaddam mana shu xachirni olmoqchi bo‘lganimda mol bozoridagi dallollarning jag‘i-jag‘iga tegmay: “bu xachir undoq-bundoq, nor tuyadek baquvvat, kuchli” deb rosa ko‘pirtirib maqtashgan, uning og‘zini ochib, tishlarigacha ko‘rsatgan edi. Qarasam, maqtaganchalik bor ekan. Ustiga yuklangan shuncha og‘ir yukni pisand etmay ko‘targan holda, xuddi dor ustida yurgandek yo‘rg‘alab bormoqda edi. Osmondagi quyoshning kuydiruvchi issig‘i ham unga kor qilmasdi. Tuman bozoridan chiqqandan buyon uch soat davomida bir xil sur’at bilan borayotgan xachir o‘z egasining ahvolini tushunsa edi, qadamini biroz sekinlatgan bo‘lardi. Xullas, nima bo‘lganda ham, hayvon, baribir, hayvon-da! Rosa qizigan tandirni eslatadigan iyun oylarining kuydiruvchi tafti borgan sari holimni xaroblashtirardi. Do‘zax azobi ham bundan battar bo‘lmasdi! Rezina taglik poyabzalim, qizigan qum bilan to‘lib, oyog‘larimni kabob qilmoqda edi. Adashib, uchib o‘tmoqchi bo‘lgan qushlarning qanotlarni ham kuydirib kulga aylantirib yuborgudek darajada qizigan quruq qumlik havosi quyosh tig‘i bilan qo‘shilib, badandagi qolgan suv zaxirasini ham rahmsizlik bilan simirardi. Og‘zim qurib, tilim tanglayimga yopishib, nafaslarimni qisa boshlagandagina bor kuchimni to‘plab yugurardim-da, xachirning ortidan yetib olib, arqonga bog‘lab qo‘ygan suvdonni yechib, bir-ikki qultum suv ichardim. Ichgan suvim, xuddi savatda suv to‘xtamagandek, birpasdayoq terga aylanib, cho‘l havosiga singib ketardi. Sarxush odamdek gandiraklab ketayotib, uyim tomon qarardim. Biroq, zo‘rg‘a ochilayotgan ko‘zlarimga uy, mahalla emas, balki qum barxanlari orasida seldek toshib o‘rkachlanayotgan sarobdan o‘zga hech narsa ko‘rinmasdi. Yo‘lovchilarning eshaklari qoldirgan izdan boshqa belgi bo‘lmagan, otliq yo‘lovchiga yarim kunlik hisoblanadigan bu yo‘l tugaydigandek emas edi.
Xullas, gapning po‘skallasini aytadigan bo‘lsam, bu jahannam yo‘lidan faqat pul topish orzusi bilangina ketmoqda edim. Sarxil mollar tijoratini boshlaganimdan beri ikki yil o‘tib ketibdi, dastmoyam ham harholda besh-olti hissaga ortib yomon bo‘lmadi. Biroq, har narsaning kattasi qudratli bo‘lganidek, yangi mollar bilan to‘lib turadigan katta do‘koni bor savdogarlar bozorni egallab bo‘ldi. Men uchun birdan-bir yo‘l — mana shunday go‘r azobini tortib, olis dala-qishloqlarga borib chorbozorchilik qilish qolgan edi. Maishatim hukumat xizmatchilarinikidan kam emas. Shunday bo‘lsa-da pul degan sabilning mehri issiq narsa ekan-da. Qancha ko‘p bo‘lsa ham ortiqchalik qilmaydi-da!
Mahalla degan nom rostdan ham bekor qo‘yilmaganga o‘xshaydi. Kaftdek soyaga zor bo‘lib, tavakkal qilgan safarimning pushaymonini qilgach bir bekatdan o‘tishimgayoq nihoyat ko‘z oldimda to‘nkarib qo‘yilgan qozonga o‘xshab ketadigan bo‘ston namoyon bo‘ldi. Tepalikda turib qaraganda bu “qozon” juda keng, juda ham chiroyli bo‘lib ko‘rinardi. Qorayib turgan teraklar yo‘l-yo‘l belbog‘larni hosil qilgan, qichi1 endigina chechaklagan bo‘lsa kerak, mahallaning u yer-bu yerida sochma holda o‘sib yotardi. Hali o‘roq tegmagan bug‘doyzorlar esa, quyosh nurida oltindek tovlanardi. Mo‘l hosildorlikdan darak beradigan makajo‘xorilarning qoramtir yashil yaproqlari oqarib turgan tepaliklardan ravshan ko‘rinardi. Tuproqning chetiga yoyilgan, usta rassomning qo‘lidan chiqqanday ko‘rinadigan bu holat oqbosh tog‘larning bag‘rigacha cho‘zilardi.
Qarorgohning ruxsorini ko‘rish barobarida. oyoqlarim birdan kuchlanib, belimga ham mador kirdi, pastlikka qarab cho‘zilgan tor, qiya yo‘ldan sakragudek yurib, mahalla tomon otildim.
Saratonning suv qochiradigan issig‘i xachirga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatganga o‘xshaydi chog‘i, u yonbag‘irdan tushiboq, ilk bor duch kelgan joyi qari daraxt tubiga kelib, cho‘plarning orasida yig‘ilib qolgan suvdan qonguncha ichib oldi-da, chimlarning uchini chirt-chirt uzib kavshay boshladi.
Bechora jonivorga ichim achib ketdi. “Mayli, dam olvolsin” dedim va yuganini bo‘shatdim. Men ham eski tegirmondan sharillab oqayotgan muzdek suvdan rohatlanib ichib, bosh-ko‘zimni yuvib, maysazorga yonboshladim. “Oh, mana shu yashil momiq to‘shakda qo‘lingni yostiq qilib yotib, qushlarning nag‘masini eshitgan holda bir mizg‘ib olsang-a?” — deb o‘ylardim. Qolaversa, ko‘zim ham charchoq aralash kuchli uyquga tortardi.
Keyin nima bo‘lgani, uxlagan yoki uxlamaganimni bilmayman. Dadamning: “O‘rningdan tur, bu yerda uxlama” degan ovozini eshitib, sergaklandim. Ko‘zimni ochsam, atrofda hech ko‘rinmasdi. O‘rnimdan turdim. Esimda, men hali bola vaqtimda dadam ham bir kichik chorbozorchi edi. Biroq, dastmoyasi doim ikki-uch hissaga ortay deganda, biror falokatga giriftor bo‘lardi-da, dastmoyasidan quruq qolishdan ham boshqa ko‘plab qiyinchiliklarga uchrardi. Falakning gardishi o‘ngiga aylanishga boshladimi, harholda ular yana go‘yo “o‘rib olingan beda qopda ham gullagandek” ishlari yana yurishib ketgan. Ip-igna bo‘ladimi, taroq bo‘ladimi, bir narsalarni sotib, turmushimizni yurgizardilar. Ishlari ancha yaxshi bo‘lganda o‘zlari ham keksayib qoldilar. Men o‘rta maktabni tamomlab oliygohga kirish imtihonidan o‘tolmagandim, “mushukka o‘yin, sichqonga qiyin” degandek, otam rosa kuldilar. Va menga qarab: “O‘qisang-ku yaxshi bo‘lardi, albatta, o‘qiganga ne yetsin, ammo bo‘lmagach, endi ko‘nglingni cho‘ktirib, bekor yurgancha mening kasbimni qo‘lingga ol, o‘g‘lim. Ozmi-ko‘pmi non bo‘lsa ajab emas, axir quldek ishlab, bekdek yasha, degan naql ham bejiz aytilmagan”, — dedilar va boshlanishiga ozgina dastmoya bilan, terilari yarqirab ketgan qo‘l nog‘orasini menga tutqazib qo‘ydilar, so‘ng vazminlik bilan: “Fursatni g‘animat bilib, uni qo‘ldan berma, tijoratda halol bo‘l, insofli bo‘l, yalqovlikni tark et”, — degandilar.
Hash-pash deguncha quyosh g‘arbga og‘di, kunning zabtiga olgan issiq azobidan uyqu bilan panohlanadigan mahalla asta-sekin uyg‘onmoqda edi. Salqinni qo‘ldan bermaslik uchun o‘rimga shoshilayotganlarning taraq-turuqlari, shovqin-suronlari eshitilmoqda edi. Men baribir, ko‘k choy ichib o‘tirib, do‘kon ochadigan boylardan bo‘lmaganim uchun, ko‘cha oralashni boshlashim lozim edi. Maxsus yasalgan sandiqlarimning qulflarini ochib qo‘ydim, yashilliklar, tiniq rohatbaxsh suv, salqin havoni ko‘zi qiyolmayotgan xachirimning sag‘risini silab, yengil urdim-da, qo‘l nog‘oramni daranglatganimcha, uchragan ko‘chaning bir boshidan kirib ketdim.
2
Dang… dang… dang… dang…
Nog‘oramning echki terisidan qoplangan yuzi issiqning taftidan taranglashib ketibdi, ovozi ham juda soz, yangroq chiqayotgandi. Agar qulog‘i og‘ir bo‘lmasayoq, men ketayotgan ko‘cha bo‘yidan ikki yuz qadam keladigan uylarda yashaydigan kishilar ham bu mahallaga bir sarjin molchining yetib kelganidan osongina xabar topishardi. Tulumday to‘mpayib, qorni og‘irlashib qolgan bo‘lsa kerak, xachirimning oyog‘i sekinlab qolgandi. Hadeganda uch-to‘rt darvoza oldidan o‘tib ketdim. Shu payt kimningdir:
— Ukajon, biroz to‘xtab turing, — ko‘chaning o‘ng tomonidan qalin taxtalar bilan yasalgan darvoza sharpa bilan ochilib, qirq besh yoshlar chamasidagi bir ayol boshini chiqardi, — sizda sarxil ro‘mollardan bormi? Zangori rangligidan bo‘lsa yanada yaxshi bo‘lardi, men shunaqasini yoqtiraman.
Xachirim xuddi inson zabonidan bilib oladigandek bir chetda shartta to‘xtadi. Birinchi xaridor bo‘lguvchiga darhol javob berdim:
— Assalomu alaykum, xolajon, xilma-xil ro‘mollar ichida zangori rangligidan ham, qizilidan ham, qaysi rangi lozim bo‘lsa albatta, hammasidan bor.
Bugungi ilk savdoyim ancha jonli chiqqanday ko‘rinardi. Katta darvoza, ustida ko‘rinib turgan toklar, xashaklarini kavshab bo‘lgan mollarning, onasidan ajratilgan buzoqlarning mo‘rashlari, qo‘y-qo‘zilarining ma’rashlari bu uydagilarning ancha badavlat oila ekanligidan darak berardi. Davlatmandlar bilan savdo qiladigan bo‘lsang, albatta, bahoda qiyin kelishilardi, biroq biror so‘mning bahridan kechsanggina. mardliging namoyon bo‘lardi-da, biror narsani ko‘proq sota olarding.
Gazlama, ro‘mol, dastro‘mol degandek narsalar joylangan sandiqni bir pastdyoq yerga tushirib og‘zini ochib yubordim. Xuddi sehrgarlardek, ola yashil ro‘mollarni birining ortidan birini sug‘urib, boyagi ayolning qo‘liga tutqazaverdim. Uning ko‘zi rangdan-rangga ko‘chib, olazarak bo‘lmoqda edi. O‘sma qo‘ygan qoshlarining ko‘tarilib tushishidan zangori rang ro‘mollargina emas balki, rang-barang matolar ham uning ko‘ngliga yoqayotganligi chiroyidan shundoq bilinib turardi.
U havorang ro‘moldan birini qo‘liga ola turib so‘radi.
— Bularning narxi qanchadan, ukam, agar narxiga kelishsak, qizimga ham birini olaman!
Bahosini aytuvdim, u yumaloqqinadan kelgan ko‘zlarini katta ochib bir ro‘molga, bir ko‘zimga alanglab qaragan ko‘yi:
— Qishloqining ko‘ziga tuproq sochaman deysizmi, ukam. Agar bilsangiz, qishloqi bo‘lsak ham oq-qorani ancha yaxshi farq qilamiz, buni siz ham bilib qo‘ysangiz yomon bo‘lmasdi, ukam, — dedi ayol.
Ro‘molning bahosi katta narxni tortmaydi, sotib oladigan va sotiladigan bahoning oralig‘idan menga qoladigani choy puliga yarasha bir narsa edi. Agar shaharda tijorat qilayotgan bo‘lsam, bahosi bilan tortishadigan bunday ayollarga yo‘liqqanimdayoq: “qimmat desangiz boshqa do‘kondan oling” — deb qo‘yaqolardim. Ammo: “Ziyoniga sotsam ham mayli, birinchi savdodan qaytmay”, — dedim-da, uning aytgan bahosiga ko‘nmoqchi bo‘ldim. Shunday qilib, ayolning chiroyi yomg‘irdan keyingi havodek ochilib ketdi. U ro‘molning har xilidan ikki-uchtasini qo‘liga olgandan keyin nimanidir o‘ylab qolgandek hovliga qarab:
— Oppoq qizim, buyoqqa chiqqin-chi, — deb baqirdi.
— Mana hozir chiqayapman.
Oz o‘tmay, darvozadan o‘n to‘qqiz-yigirma yoshlardagi bir qiz onasining ortidan yetishib olmoqchi bo‘lib ergashgan qo‘zichoqdek yugurib chiqdi. U onasining qo‘lidagi ro‘molga diqqat bilan qarab turib so‘radi:
— Nima gap, oyijon, yana ro‘mol olmoqchi bo‘libsiz-da!
— Ro‘mollarning qaysi rangdagisini xohlaysan, qizim, seni o‘zi tanlab olsin dedim.
Qiz ro‘mollarni bir-bir qarab chiqqandan keyin:
— Qanday bo‘lsa bo‘laveradi, aslida olmasak ham bo‘lardi, ro‘mollarim shundog‘am oshib-toshib yotibdi-ku! — deb qo‘ydi. Lekin baribir qiz bola ranglarga ko‘proq oshiq bo‘lgani uchun, qog‘oz bo‘lsa ham ularning diqqatini jalb qilmay qolmasdi. Qiz sandiqdagi matolarni ko‘rishni istagida menga qaraganida, uning chiroyini aniq ko‘rishga muyassar bo‘ldim.
U haddan ziyod go‘zal edi. Kamondek tortilgan qoshlari, ohunikidek ko‘zlari, qizil gul g‘unchasidek lablari, jilvalanib turgan chiroyini bir ko‘rgan odam uning qumga qurshalgan bunday sahroi qabirda tug‘ilganligiga ishongisi kelmasdi. Egnidagi ko‘ylagi sun’iy tolalik nafis matodan tikilgan bo‘lsa-da, xushbichim qaddi-bastiga g‘oyatda yarashgandi. Bilakdek keladigan bir o‘rim qora chilvir sochlari engashgan chog‘ida, to‘pig‘i ustida daydi shabada epkinida to‘lg‘anardi.
Rostini aytsam, shaharlik bo‘lganimga, ko‘p yerlarni oralab chiqqanimga qaramay, bunday pari paykarni hayotimda birinchi marta uchratishim edi.
— Boyvachcha, manovi molning…
— Hoy ukam, tijoratchi degan odam bunday anqaymaydi-da, qizim sizdan molning narxini so‘rayapti!
Ona-bola ikkovining qayta so‘ragan savollari meni zo‘rg‘a hushimga keltirib, xayol og‘ushidan xalos etdi.
Qiz ro‘mollarni boshiga o‘rab ko‘rardi, matolarni bo‘yiga o‘lchab, onasining matolarga qo‘ygan bahosini eshitardi. Har bir rang bilan uchrashganida, u go‘zallikning o‘zgacha bir ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘lardi. “Odamning yomoni” emas, “kiyimning yomoni” degan majoziy gap uncha durust bo‘lmasa kerak, chunki eski kiyim kiygan bilan ham, oltin o‘z qimmatini yo‘qotmagandek, bu qiz ham baribir go‘zalligicha qolardi.
Shu asnoda, otning tuyoq tovushi hammaning nazarini bir tomonga qaratdi. Kelayotgan baland bo‘yli, keng yag‘rinli baquvvat to‘riq tulporga mingan gavdali, shop mo‘ylovli bir kishi edi. U yaltirab turgan jabduqlar bilan bezalgan egar ustida shunchalik mag‘rur o‘tirardiki, bir qarashda ot bilan bir jon-bir tan bo‘lib ketgandek ko‘rinardi. U yonimizga haybat bilan yetib kelib, chapdastlik bilan otning yuganini qattiq tortdi, bo‘ynini tik tutib kelayotgan o‘ynoqi tulpor birdan tormozlangan mashinadek, shartta to‘xtadi. Tanti suvoriy o‘ziga mos tushgan mo‘ylabini silab qo‘yib, chap qo‘li bilan otining yuganini tutgan ko‘yi oldimda turgan boyagi ikkovidan:
— Nima qilayapsizlar ikkovinglar bu yerda? — deb so‘radi va otdan tushib boshini asta chayqadi, — xotin zoti borki, latta-puttaga ko‘zi to‘ymaydi-da.
Uning odati shundaymi yoki biror ishdan xafa bo‘lganmi, harqalay ro‘yxush bermas, qovog‘ini ham unchalik ochmasdi. Uning so‘ziga birinchi bo‘lib qizi javob berdi:
— Dada, qarang-a, bu kishida yaxshi kiyimliklar bor ekan.
Kelgan odam bu go‘zal qizning dadasi ekan. U sandiqlarimga istar-istamas qarab qo‘ydi-da:
— Yakshanba kuni olganinglar yetmasmidi, — dedi ayoliga burilib. Ayoli ancha gapdon bo‘lsa kerak, hozirjavoblik bilan dona-dona qilib dedi:
— O‘zimga bir narsa olishga urinayotganim yo‘q, qizimizni o‘ylab savdo qilayotganimni nahotki ko‘rmayotgan bo‘lsangiz!
— Shunday bo‘lsa ham… aytaman-da…
— Qizingizning hozir ayni chiroyli kiyinib yuradigan vaqti, — dedi ayol qizining sochini bamaylixotir tuzata turib, — kimning qizi ekan desa, birinchi bo‘lib falonchi afandining qizi deyishadi odamlar, undan keyin Xanifaxonning qizi deydilar. Xo‘sh, bu sizga obro‘ emasmi, dadasi?!
— O‘rgildim, bunday obro‘dan. Qulog‘imga rosa lag‘mon osa boshladingiz-ku, xonim! Endi meni ahmoq eshak qilib, so‘ng qoramoldek oftobda qolay demoqchisiz chog‘i?…
Qizning otasi otini darvoza yonidagi qari tut daraxtining bir shoxiga bog‘lab qo‘yib, qamchisini etigining qo‘njiga joylashtirdi-da, hovliga kirib ketdi. Savdo ham shu bilan tugadi. Qancha mol sotdim, qancha pul topdim, hisoblashga hafsalam bo‘lmadi. Hisoblaganda ham baribir adashishimga ko‘zim yetib turardi. Sandiqlarimni endigina bog‘lab turuvdim hamki, qizning otasi meni uyga kirib, chanqov bosdi qilib ketishga taklif qildi. Bu taklif boshqacha aytganda samarqandcha mulozamat bo‘lsa-da, qabul qilmoqchi edim, chunki, bir qarashdayoq yuragimga otash solib, alg‘ov-dalg‘ov qilib tashlagan va siyrati ko‘z oldimdan ketmaydigan bo‘lib qolgan boyagi qizni yana bir bor ko‘rishni juda orzu qilardim. Ammo jur’at etolmadim, uzr aytib, tavoze bilan rad etgan holda, sandiqlarimni xachirga ortib, yo‘limga ravona bo‘ldim.
Qo‘l nog‘oramni chalardim-u, beixtiyor ortimga o‘girilib qarardim. Qizning qo‘ng‘iroqning ovozidek jarangdor talaffuzi, jozibali kulib turgan ko‘zlari ko‘z oldimdan bir soniya ham nari ketmasdi.
To‘g‘risini aytsam, birga o‘qigan yoki tengdoshlarimning chin muhabbat va iliq oilaviy turmushining isboti bo‘lmish farzandlariga ko‘zim tushganda, ko‘nglim bir tutam bo‘ladigan, turmushimda qandaydir bir bo‘shliqni his qiladigan bo‘lib qolgandim. Yoshim ham yigirma ikkiga kirdi, xuddi dadam aytgandek, uchar qanot bo‘lib qolganimni ya’ni, endi mustaqil hayot, oila haqida o‘ylaydigan fursat yetib kelganini anglardim.
Dadamning turmushim uchun qayg‘urishi, albatta, o‘rinsiz emas, onam esa ancha ilgari olamdan o‘tib ketgan, biror qiz bilan ahdlashgandan keyin dadamga maslahat solishim, shuning bilan boshimni ikki qilib, ularni xotirjam qilishim zarur edi. Ba’zida atrofimda yurgan qizlarni ham o‘ylab ko‘rardim. Biroq, dastro‘mol, ip-igna harid qilish bahonasida kechgacha ko‘zimdan nari ketmaydigan bu qizlar menga bo‘shang, axloqiy suyuq bo‘lib tuyulardi. Ko‘chadan o‘tganda, hovlimizga bir nazar tashlamaguncha ko‘ngli joyiga tushmaydigan har xil qizlar ensamni qotirardi, oxiri: “Pul bo‘lsa changalda sho‘rva, deganday, qani hozircha pul topib turay-chi, nasibamni xudoning o‘zi yetkazar”, — degan qarorga kelgandim.
Bugungi kunda biror xosiyat bormi, ishqilib, taqdirimga bitilgan qizning o‘sha ekanligiga ishonib qoldim. Uning faqat men uchungina yaratilganiga chinakamiga ishona boshladim. Agar adashmayotgan bo‘lsam, u dilbarga ham, malikalarga ham o‘xshamasdi. Shahlo ko‘zlari baayni bir zilol chashmadek, uning pok ichki dunyosini, sodda g‘uborsiz qalbini ravshan ko‘rsatib turardi. Menga tanish yo‘llardan yurib, sandiq yuklangan xachir sig‘adigan tor jin ko‘chalarni oralab borardim. Qo‘limdagi nog‘orani o‘xtin-o‘xtin daranglatib qo‘yaman. Xaridor chorlab qilinadigan choralarning har qanday boshqa yo‘llari xayolimga ham kelmasdi. Xuddi bozorga shoshilayotgan o‘tkinchi yo‘lovchidek, boshini quyi solib ketayotgan xachirga oralab qamchi urib qo‘yaman. Tijorat va foydaning kallamdagi salmog‘i to‘satdan yengillab qolgandek tuyuladi. Shu sababdanmikin, mollarim unchalik xaridor topolmadi. Faqat g‘arbga yonboshlagan quyosh yuzini siypab o‘tgan qora bulutlar to‘kkan bir nafaslik yomg‘irdan keyin, ho‘l bo‘lib ketgan nihollarni yumshatish mashaqqatidan qutulgan dehqonlar traktorlarini haydab, uylariga qayta boshlagandilar.
Quyosh qum barxanlari orasiga cho‘kayotgandi.
3
Salqin esgan shabada qishloq ko‘chalarini turfa gullarning anbar islariga to‘ldirdi. Oftobda qoqlangandek so‘lg‘in tortgan daraxt yaproqlari bora-bora jonlanib, yengil shivirlashga, kechki shafaq yog‘dusiga yuzlanib yarqiray boshladi. Holsizlikdan tilini osiltirib, nam ariq bo‘ylarida tugilib yotgan itlar, ko‘ksini ho‘l yerga bosib, mudrayotgan tovuqlar o‘z tirikchiliklarini boshlab yuborishgan, tog‘ yonbag‘irlaridan qaytgan ho‘kizlarni, minib olgan bolalar o‘zlaricha maqom kuylab, shovqin solib kelishardi. Uyqudan uyg‘onib bo‘sag‘aga chiqqan yarim yalang‘och go‘daklar nog‘oramning ajoyib ovoziga havas qilishdimi, ortimdan ergashib ancha joygacha borishardi. To‘xtagan joyimda atrofimni o‘rab olib, oldi-sottini qizitib berishardi.
— Og‘ayni, birinchi raqamli batareya bormi?
Mayin, ammo jarangli ovoz xayolimni bo‘lib tashladi. Ortimga burilib qaradim. Ko‘chaning o‘rtasigacha shox yoygan yong‘oq daraxtiga yondosh eshik oldida qo‘ltiqtayoq tayanib olgan, chap oyog‘ini ko‘lmakdagi turnadek biroz ko‘tarvolgan bir yigit turardi, yoshi mendan ko‘p farqlanib ketmaydigan, bo‘ydor, tutash qoshli xushro‘y bu yigitning kayfiyati chog‘ ko‘rinardi. Tinimsiz harakatlanib turadigan ko‘zlari, qalin labi ustidagi hali ustara ko‘rmagan qop-qora mo‘ylabi unga o‘zgacha salobat bag‘ishlardi. Qo‘pol tikilgan bodom do‘ppisi, ko‘p yuvilaverganidan o‘ngib ketgan zangori tuslik kiyimi uning yashash tarzidan yaqqol darak berardi.
— Batareya borlikka borku-ya, — dedim men peshonamni silab qo‘yib o‘kingan ohangda, — sandiqning eng ostiga taxlangan-da.
U yarqirab ketgan qo‘ltiqtayog‘ini sudragan ko‘yi yonimga keldi-da, yolborgan ohangda dedi:
— Qanday bo‘lmasin, menga to‘rt dona batareya sotsangiz, radio eshitmasam xuddi kar odamdek bo‘lib qolarkanman, olisga boray desam yana…
— Hay, sandiqlarning hammasini tushirib, so‘ng oladigan gap-da!
— Sizga yordamlashib yuboraymi?
U, bir soatimga, bir osmonga qarayotganimdan yo‘lga shoshilayotganligimni bildi, shekilli, biror ishni esiga olgandek birdaniga xursand bo‘lib ketdi:
— Yaxshi qildingiz-da, og‘ayni, — dedi u bir qo‘lini yelkamga qo‘yib turib, — nazarimda, shaharga ketmoqchi bo‘lsangiz kerak, baribir vaqt allamahal bo‘lib qoldi, qorong‘iga qolib yurgandan ko‘ra, bugungi kecha menikida mehmon bo‘ling, suhbatlashamiz, sizni zeriktirmaslikka harakat qilaman. Buncha mollar bilan kechqurun yo‘l yurishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning ustiga yolg‘iz ekansiz?!..
Cho‘loq yigitning gapi menga sariyog‘dek yoqdi, haqiqatan ham kamida uch-to‘rt soatlik cho‘l yo‘lining azobi yodimda edi. Aslida-ku, o‘ylaganimday bo‘lganda edi, cho‘l yo‘liga tushish uchun boyagi qizning eshigi oldidan o‘tmoqchi, nog‘oramni boricha daranglatmoqchi, ish o‘ngidan kelib qolsa, uni yana bir marta ko‘rib olmoqchiydim. Hech bo‘lmaganda, uning darvozasiga yana bir marta kelsam, yodimda saqlab qolardim.
Biroq, kurrai zamin o‘z o‘qida aylanishini tezlatgandek, oqshom ham nihoyatda ildamlab qistab kelardi, qiz bola ko‘z bog‘laganda ko‘cha-ko‘yda chiqmaydi-da. Men yigitning samimiy taklifiga rozi bo‘ldim. Uning chaqqonligi o‘ylamagan yerdan chiqdi. Hachirni birimiz yetaklab, birimiz haydagancha, notanish hovliga ming bir mashaqqat bilan zo‘rg‘a kiritdik.
4
Quyosh abadiy davom etib kelayotgan kunlik safarini nihoyalab, ruxsorini yashirgan esa-da, lekin kechgi shafaq hali tamomila so‘nmagandi. Ishkomga chirmashgan toklarning quyuq barglari orasidan alvondek qizarib ketgan osmon jimirlayotgan dona-dona yulduzlardek ko‘rinardi. Shafaq shu’lasi bilan yurib turgan uzum donalari shu qadar ranglanib, jilolanib ketgan ediki, kishiga marmardek yasalgan nafis san’at buyumini yashil barglar orasiga olib qo‘ygandek tuyg‘u berardi.
Unchalik katta bo‘lmagan bu hovlining saranjomlantirilishi kishida ozodalik hissini uyg‘otardi, tok ariqlarining atroflari juda epchillik hamda bag‘oyat san’atkorlikda ishlangan panjara bilan qurshalgan, uy devorlari bilan tutashib turadigan supa oq rangda bo‘yoq berilgan, hovli ham chinniday top-toza supurilgandiki, ko‘rgan har qanday kishining ko‘zini yashnatib, havasini keltirardi. Kechki salqin, orombaxsh havo ko‘ngilni ko‘tarib, dil g‘uborlarini yozardi.
— Bizning bu yerlarga hali elektr degan narsa yetib kelmadi, — dedi o‘zini tanishtirib ulgurgan Hakimjon fonar chiroqqa o‘t yoqayotib, — qani, hurmatli mehmon, supaga o‘ting-chi, men tezda choy damlayman.
Qo‘lma-qo‘l tutishib, sandiqlarni joylashtirib, xachirni og‘ilxonaga kirg‘azib qo‘ydik, stol ustidagi radioga ham zabon kirgandi. Men supadagi gulli kigizda o‘tirayotib, o‘tin yorayotgan Hakimjondan so‘radim:
— Ota-onangiz ko‘rinmaydilarmi, og‘ayni, — men ham uning aytganidek “og‘ayni” deb xitob qildim, — bu uyda yolg‘iz yashamasangiz kerak?
Hakimjon ko‘p o‘ng‘aysizlik keltirayotgan qo‘ltiqtayog‘ini sudrab. o‘choqqa chovgum osgach, javob berdi:
— Dadam rahmatlik barvaqt qazo qilganlar, onam borlar, yoshlari ham bir yerga borib qoldi. Ammo qo‘shni qishloqdan yer olib, yolg‘iz o‘zlari qaraydilar. Men onamga qayting, kuchimiz yetmaydigan ishga urinmaylik, oyijon, tirikchilikni men o‘zim eplayman dedim, unamadilar.
— Demak, bu gapga qaraganda, bugun kelmasakanlar-da?
— Shunday. Oyim meni deb qilayotganlarini bilaman. Qattiqroq tursam, yana ko‘ngillari og‘rib qolarmikin, deb qo‘rqaman.
— Ha, bunday deng, qancha yer olganlar ular?
— Yigirma besh sotixcha yer olganlar, qaytarib beraylik desam, dehqon odam yerdan ayrilsa bo‘lmaydi, deydilar. Qaytanga o‘zlariga mashaqqat orttirib oldilar. Hech kim yordam bermaydi, yerga qarash-tarash, ekin va hokazolarning hammasiga yakka o‘zlari jon kuydiradilar.
O‘zingiz ko‘rib turgandek, men bu ahvolda, ularga foydam tegmaydi. Masalaning mana shu tomoni meni ezadi.
Hakimjon mis choynakda choy damlab keldi. Suvi qochib qolgan moyli kulcha bilan choy icha boshladik. U choyini puflab turib, onasini ta’riflab berdi. Qorong‘i tushib, havo salqinlashgan sari, qandaydir bir yoqimli xush hid dimog‘imga urila boshladi, sezgi a’zolarimning adashishidan gumon qilib, ko‘ksim to‘lguncha nafas oldim. Sezgilarim adashmagandi. U xush hid bog‘ tomondan yengil esgan o‘ynoqi shabadaga ergashib borgan sari kuchayardi. Zum o‘tmay, hovli Frantsiyaning mashhur atri bilan yuvilgandek, mast etguvchi ifor bilan to‘ldi.
Hakimjon ko‘krak qafasimning dam-badam ko‘tarilib tushayotganligiga diqqat qilgan bo‘lsa kerak:
— Qanday, dimog‘ingizga xush hid urilayaptimi? — deb so‘radi u ma’noli kulib qo‘yib. Shoshilib so‘radim:
— Bu qanday xush hid bo‘ldi, og‘ayni, juda ham yoqimlik-ku?
U piyolani to‘ldirib, bir parcha nonni tashlab qo‘ygandan keyin:
— Hozircha choy ichaturaylik, birozdan so‘ng aytib beraman, — dedi.
— Choyni yaxshilab ichvoldim, qani, bo‘lmasa ayting-chi, bu asli nimaning hidi?
Hakimjon toqatsizlanayotganligimni tushundi shekilli, dasturxonni yig‘ishtirib qo‘yib, fonar chirog‘ini qo‘liga oldi-da, ortidan yurishimni boshi bilan imo qildi.
Biz bog‘ eshigidan kirib keldik, u chiroqni baland ko‘tarib, bog‘ning “to‘r” tarafiga ishora qildi. Men hayronligimdan baqirib yuborishimga sal qoldi.
Kichkina bog‘ ertaklarda tasvirlangan xayoliy dunyodek bag‘oyat ko‘rkam, rivoyatlarda talqinlangan bog‘i eramday chiroyli begunoh bandalar uchun bunyod etilgan jannatdek go‘zal edi. Yerda ham, bo‘shliqda ham, sopol ko‘zalarda ham rang-barang gullar ochilib ketgan, gul yaproqlarida kapalak shabnamning marvarid tomchilari simobdek yaltirardi, tong quyoshining ilk nurlarini to‘yguncha simirish ilinjida tayyorlanib turgan g‘unchalar hayotiy kuchlarini namoyon qilishardi. Chirog‘ yorug‘ida shunchalar jilolangan gullarning quyosh yog‘dusida nechog‘lik joziba bilan chaqnashini tasavvur qilish mumkin edi.
— Mana shularning hammasi atirgul, — dedi gullariga havas va iftixor bilan qarab turib Hakimjon, — tushunayapsizmi, hammasi atirgul, mana bu sariq, mana bu qizil, bunisini mahalla atirguli deymiz, buni…
U chiroqni gullarga yaqinlashtirib turib tanishtira boshladi.
Gul degan ne’matni men ham ko‘p ko‘rganman, biroq umrimda bunday sarxil atirgullarni ko‘rmagandim. Har bir yangi nomni eshitganda, boshimni qimirlatib, ma’qullashdan o‘zga choram yo‘q edi.
Hakimjon gullar orasidan yo‘l ochib, meni bog‘ markaziga boshlab borib, naqshli sopol ko‘zaga olingan bir tup gulni ta’riflay boshladi. U so‘zlayotib, yaproqlarni avaylab silardi, ochilgan har bir dona gulni bargidan avaylab tutib, burniga yaqin olib borib, hidlab huzurlanardi, turib-turib oh tortardi.
— Ko‘rayapsizmi, bu navni, alohida parvarish bilan yetishtirdim. Bir tup gulning shoxida to‘rt rangda gul ochiladi. Mana qarang, qizili birmi, oq rangdagisi ikkimi…
Bu bir tup gulni rostdan ham gullarning shohi deyish mumkin.
Mayli rangining xilma-xilligida bo‘lsin, boshqa atir gullardan alohida ajralib turardi, shoxchalari ham qora va baland edi.
“Nomi ham notanish, bir tomoni toqqa, bir tomoni qumlikka tutashib turgan bu sahro haqiqatan ham go‘zallik dunyosi ekan” deya xayolimdan o‘tkazdim va so‘radim:
— Bu navni nima deb nomladingiz?
— Qalbigul, — deb javob berdi u hayajonlanib,
— Qalbigul dedingizmi, yaxshi ism ekan, biroq o‘z ismingiz bilan atasangiz ham bo‘larkan…
Hakimjon birdam to‘xtab turib dedi:
— Sizga qanday tushuntirsam ekan? Lekin bu gulga shu nomdan o‘zgasi bekor, og‘ayni!
— Nima uchun?
— Yuring, — dedi u qo‘limdan tutib hovli tomonga tortib, — uzun yo‘l yurib charchab ham qolgandirsiz, yotib gaplasharmiz.
Men xachirga qarab chiqquncha Hakimjon supaga o‘rin rostlab bo‘libdi. Yupqa ko‘rpani oyog‘imizga tashlab, yonma-yon qo‘yilgan yostiqqa bosh qo‘ydik.
5
Dala oqshomi ko‘pincha salqin va sukunatli kechar ekan. Bir kunlik tirikchilikning ovoragarchiligi bilan barcha jonzodlar holsizlangan bo‘lsa kerak, atrof ortiqcha tovushlardan ancha xoli edi. Hamon qo‘riqchilik qilayotganlarga hamroh bo‘lgan itlarning sergaklarigina goh cho‘zib uvullasa goh onda-sonda vovullab qo‘yardi. Bu sukunatni qayerlardandir paydo bo‘lgan qo‘ng‘izning g‘o‘ng‘illab kelib o‘zini fonarga urishlari buzardi xolos.
Tasavvurimda, o‘sha nozanin qizning hovlisi ham shu yerga yaqin yerda bo‘lgandek tuyulardi, u balki shu daqiqalarda beg‘amgina uyquga ketgandir, balki shirin tushlar ko‘rayotgandir, uni o‘ylayotganimni koshki bilsa edi-ya?! Hakimjonning ovozi shirin xayollarimni uzib qo‘ydi.
— Mana bu anqiyotgan hidlarni, sezayapsizmi, boyagi to‘rt rangdagi gulimning islari, — hovli devorlari bo‘ylab o‘sgan teraklarning yaproqlari yengil shivirlardi. Shabada olib kelgan atir hidlari gupillab urila boshladi, — qalbigulning iforlari!
U yotgan yeridan turib o‘tirdi. Ko‘ksini to‘ldirib-to‘ldirib nafas oldi.
— Hay, — dedi u xursand holda, — nimalarni deyapman, siz gullarning hidlari orasidan bu alohida, boshqalarga mutlaqo o‘xshamagan hidni farq etolmaysiz-da! Buning uchun kishida o‘zgacha sezgi bo‘lishi kerak, og‘ayni!
Uning gapi to‘g‘ri edi, men hovliga to‘lib ketgan xush hidlardan sarxush bo‘layotgandim, ammo Hakimjon ta’riflagan hidni farqlashga rostdan ham ojiz edim.
Men ham yostiqqa suyanib o‘tirib, uning favquloddagi iqtidoriga hayron bo‘lgan holda so‘radim:
— Qalbigulning hidi rostdan ham o‘zgachami, siz uning hidini rostdan farqlay olasizmi?
— Yolg‘on gapirib nima qilaman, ming xil gullar orasidan ham, qalbigul hidini, hech bir adashmay farqlayman.
— Qanday qilib?
— Buni faqat o‘zim bilaman.
Hakimjonning topishmoq tusini olgan so‘zlarini eshitgan sari qiziqishim ham ortib borardi. Buning tagida qandaydir bir muhim sir borligini sezar edim.
— Boya sizdan haligi gulga nima uchun qalbigul deb nom qo‘yganingizni so‘ragandim, hozir ikkovimizning ham uyqumiz qochibdi. Qani eshitib ko‘raylik?
Hakimjon biroz ikkilanganday bo‘lib qoldi-da:
— Mayli, sizga gapirib beraqolay. Mahallamizdagilarning hammasi bu sirdan deyarli xabardor, — dedi menga yuzlanib.
U choponini yopinib olganidan keyin hikoyasini boshladi.
— U bir qizning ismi edi. Men yaxshi ko‘radigan va lekin vasliga yetolmayotgan qizning ismi.
— Vasliga yetolmayotgan deysizmi?
— Azbaroyi xudo, so‘zim tugaguncha luqma tashlamay turing, dedim-ku. Yana takror aytaman, bu bir qizning ismi. Qalbigul boshlang‘ich maktabdan boshlab, to to‘liq o‘rta maktabgacha birga o‘qigan saboqdoshim edi. U ham mana shu mahallada turadi, bolaligimizdanoq birga o‘ynab, katta bo‘lganimiz uchunmi, ishqilib, yoshimiz ulg‘aygan sari bir-birimizni ko‘rmasak turolmaydigan, ko‘rishganda aytishga gap topolmaydigan bo‘lib qolgandik, tez-tez uchrashib turardik. Ko‘ngil sirimizni, dil izhorimizni qilardik. Ammo bular uzoqqa bormadi. Bir kuni Qalbigul meni yo‘qlab kelibdi, o‘ngib ketgan chiroyidan noxush alomatlar aks etib turardi. Uning aytishicha, ularning uyiga shahardan sovchilar kelishmoqchi ekan.
— Oblo-o, — deb yubordim men yana o‘zimni tutib turolmay sabrsizlik qilib, — nimaga shu paytgacha qudalashmagansizlar, oldinroq harakat qilsanglar bo‘lmasmidi?!
— Men sizga luqma tashlamang degandim-ku, — dedi u meni yana ogohlantirib, — Qalbigul haqidagi gapni eshitganimdan keyin oyog‘i kuygan tovuqdek bo‘lib qoldim-da, darhol onamga maslahat soldim, onam menga juda qattiq kuyunadilar, ammo o‘sha vaqtda ular hadeganda fikrimga qo‘shilib ketmadilar. “U boy odamlarning qizi, uning ustiga sen bir yetim o‘g‘il, qo‘ling yetmagan yerga osilmaylik”, — deb o‘z so‘zlarida qat’iy turdilar, oxirida yolborishlarimga chidab turolmay, u-bu tayyorgarlik ko‘rib, sovchilikka bordilar.
— Mana, endi durust qilipsizlar, og‘ayni!
U menga ho‘mraygandek qaradi va gapida davom etdi.
— Yaxshi qilishga-ku qildik-a, lekin Qalbigulning ota-onasi sovchilarni ostonadayoq qaytarib yuboribdi. Onam bechora yig‘lamoqdan beri bo‘lib, qaytib kelib, alamiga chidolmay, ancha kunlargacha ko‘rpa-to‘shak qilib yotib qoldilar, qazo qilganlariga talay yillar bo‘lgan dadamga qayta aza ochdilar.
— Ular nima uchun rad qilishibdi?
— Nima uchun rad qilardi, — u endi savollarimga vazminlik bilan javob bera boshlagandi, — ular boy, biz kambag‘al-da! Buning ustiga men yarim jon emasmi!
— Bu o‘xshamagan gap, boy ham, kambag‘al ham xudoning bandasi, bir-biringlarni yaxshi ko‘rganlaringdan keyin, shuning o‘zi yetmaydimi? Xullas, oxiri nima bo‘ldi? Shahardan sovchilar kelishibdimi, ularga uzatishibdimi qizini?
— Nima bo‘lardi, sovchilar ham kelishibdimish, Qalbigul o‘zi unamabdi, onasining ma’qul degisi bor ekan. Biroq, dadasi Qalbigulning ra’yiga qarabdi. U qizini juda yaxshi ko‘rgani uchun: “Qizimni qishloqdan tashqariga chiqarmayman”, — deb unamabdi, sovchilarning ham tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib ketibdi.
— Bu qachon bo‘lgan voqea?
— O‘tgan yilning erta bahoridagi ish.
— Keyin sizlar nima qildinglar?
— Ular Qalbigulni ko‘cha-ko‘yga ham chiqarmaydigan bo‘lishibdi, oshiq-ma’shuqlar oldida har qanday to‘sqinlik ham o‘z rolini yo‘qotarkan, yana oyda biror marta bo‘lsa-da, uchrashib turdik.
— Hozir ham shundaymi?
— Shunday.
— Bunday hol endi qachongacha davom etadi?
— Buni xudo biladi…
Yuragim achisha boshladi, ilk muhabbatning otashida o‘rtanib, visol orzusida qiynalayotgan bu bir juft sevishganlarning taqdiriga ichim og‘ridi. Boyagi go‘zalga ko‘zim tushgandan boshlab ko‘p o‘tgan bo‘lsa, yarim kun o‘tgandir, biroq uni bir daqiqa ham yodimdan chiqarolmadim-ku? Bu judolikning azobi, yaxshi ko‘rgan qizning visoliga yetish kishini qay ko‘ylarga solmaydi deysiz?!
Hakimjon men shaharda tanigan yigitlarning hech qaysisiga o‘xshamasdi, chiroyi ham binoyidek, suhbati dilga yoqimli, oq ko‘ngil inson edi. Agar qo‘lingdan kelsa, mana shunday yigitlar bilan do‘st bo‘lishing uchun har narsangni qurbon qilsang arziydi. Hakimjonning kechmishlari yuragimning chuqur qatlamida hisdoshlik o‘tini alangalata boshladi.
— Og‘ayni, to‘ylik uchun qancha pul kerak, tortinmay aytavering, sizniki, bizniki degan gap bo‘lishi mumkin emas. Sizlar murodinglarga yetsanglar, menga shuning o‘zi bas.
Uning boshini chayqab turib, qah-qahlab kulib yuborganidan hech narsani tushunolmay, dovdirab qoldim:
— Gapimga ishonmayapsanmi? — Unga qanday qilib senlab xitob qilganligimni ham bilmay qoldim. — Tijoratchilarning hammasini pul, mol-dunyoga mukkasidan ketgan, deb o‘ylagan bo‘lsang, xato qilasan, do‘stim, mol desang ana turibdi, biror qizning sepidan ham oshadi hali.
Maqsadimni jiddiy talaffuzda bayon qilsam ham, u yana qah-qahlab kulaverdi, oxirida bunday dedi:
— Yaxshi oliyhimmatligingga rahmat, og‘aynigarchilikka yararkansan, lekin hozir men ham boyib qoldim.
Uning “boyib qoldim” deganini sira tushunolmadim. Atrofiga qarab, ko‘ringudek bisotlariga qanchalik diqqat bilan ko‘z tashlasam-da boyligining alomatini ko‘rmasdim.
— Hayron bo‘lma, do‘stim, mening boyligim o‘sha bog‘da, undan boshqasi mana shu yerda!
U qo‘li bilan ko‘ksini urib qo‘ydi va yana dedi:
— Gapimning davomiga quloq sol, dedim-ku, Qalbigulning ota-onasi meni kambag‘al ko‘rganligidan xafa bo‘lishning hojati yo‘q, siyosat yaxshilangandan keyin dehqonlarning ko‘kragiga shamol tegdi. Ular o‘zlariga yaroqli narsaga ega bo‘ldi. Men mana shu holim bilan nimayam qilolardim? Onam sovchilikdan qaytib kelgandan keyin, meni mana shunday mayib qilib qo‘ygan nuqsonni yuz ming bora qarg‘adim, xayoldan kun bo‘yi bosh ko‘tarolmadim. Tomog‘imdan ovqat ham o‘tmadi, umidsizlik ilkida aqlimdan ozay deganda, ko‘zim dadamdan qolgan bir sopol ko‘zadagi gulga tushdi, har bir yaprog‘idan umid nurini ko‘rgandek bo‘ldim. Qalbigul o‘z vaqtida bu gulni juda yoqtirardi, bahorning boshlarida ochiladigan bu gulni unga taqdim qilsam, go‘yo butun olamni hadya etgandek xursand bo‘lib ketdi. Shuning bilan bu bir tup gulni e’zozlab, parvarish qilish niyatiga keldim. Mahallamizga kelgan bir bog‘bondan payvand qilish sirlarini to‘liq o‘rganib oldim. U katta shaharlarga borganda yangi navlarning navdalarini olib keldi, kitob bilan ham do‘st bo‘lib qoldim. Mana ko‘ring, oxiri qilgan mehnatim behudaga ketmadi, juda ko‘p yangi navlarni yetishtirdim, boyagi sarxil atirgul hamma navlarning onasi, Qalbigulning nazari tushgan gul, shu bois unga qalbigul deb nom qo‘yganman.
— Gullaringni sotasanmi?
Savolimning biroz qo‘polroq bo‘lganligini his qildim, ammo, Hakimjon bundan hayron bo‘lmadi, to‘g‘ri javob berdi:
— Sotmayman, ishqilib kishilarning hojatini chiqaraman, boyagi qalbigulga ba’zilar besh yuz yuvan baho qo‘yishdi, bilasanmi, hozir mahallamizdagilar ham gul o‘stirishga qiziqadigan bo‘lib qolishdi, boylikning darajasini pul, ot-sigirlar bilan emas, gullarning salmog‘i, soni bilan o‘lchaydigan bo‘lganlar.
Men bugun mahalla oralayotib, ko‘zga ko‘rinarlik hovlilarning biridagi atirgullarni ko‘rganimni yodimga keltirdim va undan so‘radim:
— Bu ish yaxshi bo‘libdi, biroq, sizlarning to‘y masalanglarni hal qilish kerak-da!
— Shoshilma, bu ham hal bo‘ladi, — javob berdi Hakimjon ishonch bilan.
Borgan sari quyuqlashayotgan gul hidi ta’sir qildimi yoki tun yarimlab qolgani uchunmi uyqu bosa boshladi. Boyagi go‘zal qizni ko‘z oldimga keltirishga tirishib, uni tushimda ko‘rishga ishonib, asta ko‘zimni yumdim.
6
Birov hovli eshigini yengil taqillatishi bilanoq ikkovimiz baravar uyg‘onib ketdik, shoshilib kiyinib bo‘lgandan keyin, Hakimjon borib eshikni ochdi.
— Kiringlar, kiringlar, — dedi u qizg‘inlik bilan.
Er-ayol bo‘lib o‘ntacha kishi hovliga kirib keldi-da, xohlagan yerlardan o‘rin olishdi. Hakimjon ularga takalluflar qilgach, boqqa kirib ketdi.
Quyosh endigina ko‘tarilgan, dasta-dasta nur tol barglari orasidan sho‘ng‘ib kirib, uzum novdalarini va yaproqlarini yoritmoqda edi. Men bu jamoatning nima uchun qoq saharda bu yerga kelishganlarini taxmin etib ulgurguncha, Hakimjon yangi ochilgan bir dasta atirgulni olib chiqdi. Jamoat durr etib o‘rinlaridan turishib, uning qo‘liga termilishdi.
— Mana bu gul yoshlarga munosib, bunisi katta yoshdagi ayollarga, bu gul esa katta yoshdagi kishilarga yarashadi…
Hakimjon har bir kishiga bittadan gulni tarqatib berdi. Ular gulni xuddi mukofot olishayotgan qahramonlardek ehtirom bilan qabul qilib olishdi. Yoshi ulug‘lari gulni quloqlariga qistirib oldilar, erkaklar esa, ko‘krak cho‘ntaklariga joylardilar.
Hayitlik olgan bolalardek mamnun bo‘lgan kishilar Hakimjonga qayta-qayta tashakkur bildirib, chiqib ketishdi.
— Bular qayerdan kelgan odamlar, gul taqib nima qiladi, — so‘radim ularni uzatib kirgan Hakimjondan.
U tushuntirib berdi:
— Hayron bo‘layapsanmi, og‘ayni, bugun bu mahallada to‘y bor-da?
— To‘y! — dedim men yana hayron bo‘lib, — to‘y bo‘lsa, sendan gul so‘raydigan odat ham bormi?
— Ilgari bunday odat yo‘q edi, hamma odam qorinning g‘ami bilan yurganda, gul esiga kelarmidi? Hozir dehqonlarning qorni to‘ydi, ust-boshi yangilandi, shuning bilan to‘yga bittadan gul taqib boradigan odat paydo bo‘ldi, boyagi kirganlar o‘z uyida gul o‘stirishga ulgurmaganlar, ularga biror sopol ko‘zadan gul yetishtirib berishim kerak hali!
— Ha, bunday degin, bu juda yaxshi odat bo‘libdi, lekin mashaqqat tortib yetishtirgan gulni sendan bekorga olib ketishsa bo‘larmikin?
— Nimaga bo‘lmas ekan, molingga xaridor chiqmasa, iching achimaydimi?
— Albatta achiydi. “Xaridoring bo‘lmasa, zeboligingdan ne naf” degan gap bejiz aytilmagan-da, lekin…
— Bora-bora tushunib qolasan, og‘ayni, dunyoda qurbing yetguncha bir ish qilib, boshqalarning hojatini chiqarmoqdan ortiq xursandchilik bo‘lmasa kerak.
— Hakimjon bolam, odamlar to‘yga ketishmoqda, sen hali qo‘zg‘olmabsan-ku?
Eshikdan gapirib kirib kelgan ellik yoshlar chamasidagi ayol meni ko‘rib, hayronlik alomatlaridagi nazarini o‘g‘liga qaratdi, Hakimjon onasiga kimligimni tushuntirgandan keyin, u o‘g‘lini koyiganicha borib, bir ko‘rpachani ko‘tarib keldi-da, unamaganimga qaramay, tagimga to‘shadi.
Hakimjonning onasi ko‘p ezilgan, chekka-chekka sochlari paxtadek oqarib bo‘lgan bo‘lsa ham, chehrasi hali ortiqcha ajin bosmagan ayol ekan, uning tashabbusi va Hakimjonning zo‘ri bilan to‘yga men ham bormoqchi bo‘ldim. Aytishlaricha, to‘y sababchisi bo‘lgan yigit Hakimjonning yaqin do‘sti ekan.
— Bu ahvolda borsang, musofirliging ayon bo‘lib qoladi, — dedi u piyolaning og‘zidek kattalikda ochilgan bir dona atirgulni qo‘limga tutqazib, — to‘y qilmagan yigitlar, odatda, gulni qo‘lida ko‘tarib oladi.
Ikkovimiz to‘y bo‘layotgan maydonga kirib kelganimizda, supalarda chordona qurib o‘tirishgan mehmonlar maslahatlashgandek o‘rinlaridan turishib, davraning to‘rini bo‘shatishdi va yugurib tushib, Hakimjonni qo‘ltiqlagancha yuqoriga olib chiqishdi. Men ham borib Hakimjonning yoniga o‘tirdim.
Darhaqiqat, bu hovli ham atirgullarning anvoyi xush islariga to‘lgandi. Dastlab notanish kishilar tomonidan ko‘rsatilgan ulkan izzat-hurmat tufayli xijolat tortib boshimni quyi solib o‘tirdim. Oraga cho‘kkan bir zumlik jimlik buzilib, kulgi, hazil-mutoyiba avj ola boshlaganda, suyanchiq bo‘ylab o‘tirishgan mehmonlar qatoriga bir-bir, ko‘z tashlay boshladim. Ba’zi mehmonlarning ko‘krak cho‘ntagiga bittadan gul qistirilib turardi. Yigitlar qo‘llarida o‘ynab o‘tirgan gulni ba’zan-ba’zan mazza qilib hidlab qo‘yishardi. Faqat davraga bizdan keyinroq kirgan va to‘g‘ri kelgan yerga o‘tirgan bir kishining na qo‘lida, na ko‘kragida gul ko‘rinmasdi. Men unga bir qarashdayoq tanish shop mo‘ylovini, chehrasini tanib qoldim. U yuragimga otash solgan o‘sha nozaninning otasi edi. Uning qandaydir bir yerlari qiziga ham juda o‘xshab ketadigan bu kishi nimadandir tortinganday, indamay o‘tirardi, Hakimjondan qo‘l yuvish boshlanib, dasturxon solindi, Hakimjon xush kelibsizlar deb takalluf qilgach, to‘y ahli tomonidan o‘xshatib tayyorlanib, davraga tortilgan palovga qo‘l uzatishdi.
Men oshdan ola turib, qizning otasini kuzatdim, u Hakimjonning ko‘ksida chaqnab turgan qip-qizil atirgulga tez-tez qarab qo‘yardi, gul hidi bilan to‘lgan hovli havosini ochko‘zlik bilan simirardi va Hakimjonning kishining ichagini uzib yuborgudek gulduratadigan hazil-mutoyibalarga aralashgisi kelardi-yu, qandaydir bir dard bilan qiynalayotgandek yoxud nimadandir hadiksirayotgandek boshini osiltirib o‘tirardi.
Mehmonlar tarqalisha boshladi, saharda Hakimjondan gul so‘ragan jamoatning biri uyining yaqinligiga qaramay, ikkovimizni o‘z aravasiga chiqarib, olib borib qo‘yaman deb turib oldi, noiloj aravaga o‘tirib Hakimjonnikiga qaytib keldik.
7
Nimagadir go‘zalliklar bilan to‘lgan bu qishloqdan ayrilgim kelmadi. Endigina tanishgan, lekin eski qadrdonlardek bo‘lib ketgan og‘aynimdan ayrilishga ko‘zim qiymayotganidan yana boshqa bir yashirin kuch qudrati meni bu yerdan ketmaslikka undayotganday bo‘lardi. Qaynota, qaynona bo‘lguvchining ko‘zidan o‘t chiqarib yuboradigan pul-mollarim g‘ururimni oshirib, irodamga umid bag‘ishlardi. Bu yerdan ketib qolganimda esa, ixtiyorimdagi oltin kalit o‘z rolini yo‘qotadigandek, eng muhimi, fursatni qo‘ldan boy berib qo‘yib, so‘ng umr bo‘yi o‘zimni pushaymonda qoladigandek his qilardim.
O‘ylab-o‘ylab, oxiri sotilmay qolgan mollarimni xachirga yukladim-da, Hakimjonga kechqurun qaytib kelishimni aytib, yana mahalla oralashga chiqdim.
Bugun tijorat va foyda degan narsalar yodimdan tamomila ko‘tarilgan edi. Nog‘oramni xaridor jalb qilish uchun emas, balki boyagi qizning eshitishi uchun chalmoqda edim. Yo‘lning ikki tarafidagi har bir darvozaga tilamchidek termulib o‘tardim.
Quyosh nayza bo‘yiga kelgan chog‘ bo‘lgani uchun ham, bugungi havo kechagidan ham battar qizib ketgandi. Ertalabda ko‘k gumbazning u yer-bu yerida suzib yurgan oppoq uvada bulutlar oftob taftida kuyib tugagandek, qayerlargadir g‘oyib bo‘lgan, yo‘ldan adashib qolgandek turib-turib esib qo‘yadigan daydi shamollar ham mo‘ridan otilib chiqqan yolqindek o‘t taftini olib kelardi.
Xayolimda mahallaning barcha ko‘cha-ko‘ylarini kam deganda bir-ikki marta aylanib bo‘ldim, deb o‘ylayman. Biroq, meni o‘ziga ohanrabodek jalb qilayotgan boyagi hovli xuddi afsonalarda bir afsun bilan g‘oyib bo‘luvchi sirli shaharlardek hech yerda ko‘rinmasdi. Darvozalarning deyarli ko‘plari bir-biridan farq qilmagani uchunmi yoki xotiram pand berdimi, hamma urinishlarim behuda ketayotgandi. Endi bu axtarishlarga chek qo‘yaman, deb o‘z-o‘zimga aytardim-u, ammo yana ich-ichimdan go‘daklardek mung‘ayardim. “Falonchining uyi qayerda” deb so‘rash ham noqulay edi. Mayli, aytaylik o‘sha hovlini so‘radim ham deylik, u go‘zal qizning ismini, bilmasang bundan nima naf?
Xuddi shu paytda kallamda paydo bo‘lgan bir anglab bo‘lmas his-tuyg‘u menga “so‘l tomonga qara” degandek bo‘ldi. So‘l tarafga qaradim. Qalin yog‘och darvoza qanotlari yopig‘lik, aldamchidek tik turardi. Sirtdan yasalgan yo‘g‘on halqalar laqmaligimni aybga buyurib, chaqchaygan ko‘zlardek g‘alati ko‘rinardi. Ertalab nonushtaga berilgan yem-xashaklarni kavshab bo‘lgan sigirning cho‘zib mo‘rashi nishonimdan adashmaganligimni tasdiqlardi.
Men kelgan joyimda to‘xtadim-da, umidlik ko‘zlarimni darvozaga tikib nog‘oramni daranglatishda davom etdim. Ammo qancha qilmay, urinishlar bekor ketardi.
Oradan bir qancha daqiqalar o‘tib ketdi, hovlida buzoq va qo‘ylarning mo‘rayotgan sigir bilan umumiy jo‘rligidan o‘zga hech qanday sado eshitilmasdi, notanish ovozdan cho‘chiy boshlagan tovuqlar ham aksiga olganday, biror tovushni eshitishga imkon bermasdi.
Nihoyat, bir-bir qadam bosib, darvozaga yaqinlashdim-da, asta ichkariga qarab, ochishga harakat qildim, darvoza ochilmagach, uning tirqishidan asta ichkariga nazar tashlashga majbur bo‘ldim.
— Kimsan, bu yerda nimaga mo‘ralab yuribsan?
To‘satdan eshitilgan ovozdan yuragim yorilgudek cho‘chigan ko‘yi ortimga buriluvdim, shop mo‘ylovli uy egasini ko‘rdim. U otning tizginini tortgan holda o‘qrayib turardi. Ko‘z qorachig‘lari yeb yuboradigan alfozda qotib qolgandi.
— M-m-men… men… siz-larni yana biror narsa olarmikin deb…
U, otidan dik etib yerga tushdi va qamchisini o‘ynatib turib:
— Ko‘zing qayerda, darvozaning qulflanganligini ko‘rmadingmi, — dedi menga yaqinlashayotib, — qani ayt, nimani ko‘zlayapsan, maqsading nima?!
Tomog‘imga bir narsa tiqilib qolgandek, duduqlab qoldim.
— No… noto‘g‘ri o‘ylab qolmang, hech narsa… hech narsa…
U menga yaqin keldi-da, ko‘zimga tikilib turib:
— Hech narsa, yolg‘on gapirma, bachchag‘ar, mol bahona-yu, diydor g‘animat bilib, qizimni yo‘ldan urmoqchi bo‘layapsan, shekilli, shundaymi?
— Yo‘q… yo‘q… yo‘q.
Darvozaga ortimni qilib turgan ko‘yi, chekinishga ham ilojim qolmagan edi.
— Gapimni yaxshilab eshitib ol, qizimni poylab yurganingni bilib turibman, kechagi qarashingning boshqacha ekanligini meni sezmadi deysanmi?
— Yo‘q… yo‘q…
Og‘zimdan “yo‘q-yo‘q” degandan o‘zga gap chiqmasdi, “yo‘q” deganim yolg‘on bo‘lsa-da, bundan o‘zga choram ham yo‘q edi.
— Tez yo‘qol bu yerdan, nimaga anqayib turibsan, yana qizimni poylab yuradigan bo‘lsang, o‘zingdan ko‘r! Ikkala oyog‘ingni chopib tashlayman…
Xachirimni yetaklagancha, shoshib-pishib yo‘lga tushdim.
U chorrahadan qayrilgunimcha nazoratini qilcha bo‘shashtirmadi.
“Mana, ko‘tarolmasang, osiltirib ol, deganlari shu bo‘ladi, yarim kun terlab-pishib topgan darvoza tagidan haqorat bilan haydaldim. Bu alamni endi qayerga sig‘diraman, endi bu ostonaga qanday qilib qadam qo‘yish mumkin”, — dedim o‘z-o‘zimga zarda bilan.
Ammo, qulf turgan darvozadan nimagayam mo‘raladim? Bunday ish kimni ham gumonga solmaydi? Agar boshqa birov mening ham darvozamdan mana shunday mo‘ralasa, nima derdim?
Eng yomoni, uning qizini ko‘ramanmi, deb mo‘ralayotganimni sezgan edi. Biroq, sandiq-sandiqlarda rang-barang moli bo‘lgan mendek bir kelishgan tijoratchi yigitning qizini ko‘rish umidida mo‘ralayotganligimga xursand bo‘lmay, aksincha, yengiltaklik bilan kutib olganligini tushunmoq qiyin edi.
8
O‘ylamagan yerda yuz bergan, yomon tushga o‘xshab ketadigan bu voqea haddan ziyoda alamzada qilib yuborgani uchunmikin, fikrim bir yerga jamlanmasdi na kulishni na yig‘lashni bilmasdim. Boyagi oxirlashgan vahimali jarayonni eslash xuddi qiyomatni ko‘z oldimga keltirgandek qo‘rqinchli edi.
Endi bu mahallada turaverishning hojati ham qolmagandek bo‘lgandi. Ichimda: “Umrim bo‘yi bu tomonlarni yelkamning chuquri ko‘rsin” deb xo‘rsindim va “eshakka kuching yetmasa to‘qimini ur” degandek, itoatlik jonivor xachirimning sag‘risiga zarb bilan bir qamchi urdim. Xachir ilk marotaba menga e’tiroz bildirib chakchayib qo‘ydi-da, yuvoshlab, dumini lipanglatib yo‘rg‘alashga tushdi. Yana ko‘p o‘tmay, asabiylashib, no‘xtasini qattiq silkidim. Chunki, bu mahalladan ayrilish menga osonmasligiga ko‘zim yetgandi. Ko‘z oldimda paydo bo‘lgan xayoliy tasavvurda, meni mahliyo qilgan o‘sha go‘zal tasodifiy paydo bo‘lgan tushunmovchilik uchun, mendan yalinib-yolborib uzr so‘ragandek qilardi. Orqamdan Hakimjonning hassasini to‘qillatgan ovozi eshitilgandek bo‘lardi-da, u ozgina ko‘ngilsizlik tufayli ahdimdan qaytganimga mendan ranjir edi, ojizligim, yuraksizligim uchun ayblardi.
Nima uchun ko‘nglimdagi dardni o‘zim bilan birga olib ketmoqchi bo‘layapman? Nega o‘zim ishongan kishi bilan o‘rtoqlashmayman, shunday qilsam balki orzuyimga yo‘l ochilarmidi, deb ham o‘ylayman!
Bu yerdan bugun ketmasam ham, ertaga ketsam ham bo‘laverardi, buning ustiga Hakimjonga va’da berib qo‘ygan emasmidim? Oysiz oqshomning sururi ham boshqacha qo‘rqinchli edi, o‘ylab-o‘ylab oxiri xachirimni boshqa yo‘lga boshladim-da, birdan-bir tanish uyni ko‘zlab ortimga qaytdim.
— Og‘ayni, yo‘lingga qarab ko‘zim teshilayozdi., — dedi eshik oldida kutib turgan Hakimjon meni ko‘riboq, — tijorating qanday, sandiqlaring bo‘shab qolgandir?
U ikki-uch qadam yurdi-da, oldimga kelib, xachirimning jilovini olib hovliga tortdi. U chirog‘ yorug‘ida yuzimga zehn soldi, indamaganimni ko‘rib og‘zini ochgancha qoldi:
— Hoy og‘ayni, qovog‘ingdan qor yog‘ilib turibdi-ku, nazarimda bozoring uncha yaxshi bo‘lmaganga o‘xshaydi shekilli?
Hakimjonning ko‘zidan ko‘zimni olib qochdim, bo‘lmasa, ko‘nglim buzilib, yig‘lab yuborishim, chanog‘imga sig‘may qolgan ko‘z yoshlarimni seldek to‘kib yuborishim mumkin edi.
Oyoqlariga mador kirgandek tetiklashib ketgan Hakimjon boshqacha xursand ko‘rinar, yumilmay qolgan lablaridan qandaydir hayajon bilinib turardi. U xachirni bog‘lab qo‘ygandan keyin meni tortgan ko‘yi supaga o‘tirishga taklif etdi-da, kulib turib dedi.
— Namuncha chiroyingni och, xuddi xantal chaynagandek, yuzingni burishtirmasang, tijorat degan narsa bugun oqmasa, ertaga oqadigan narsa, xursandligimga o‘rtoqlashishni xohlamaysanmi yo?!
Hakimjonning xursandligi mening ko‘ngilsizligimni bosolmasligiga ishonardim. “Men Hakimjon oliygohning sirtqi bo‘limiga qabul qilingandir yoki daladagi hosillar xirmonni to‘ldiradigan darajada barakali chiqib qolgandir”, — deb o‘ylardim ichimda.
Biroq, u ko‘kragiga yaqinda uzilgan bir dona gulni taqib olgandi. Mana shu gulning o‘ziyoq uning shodligining sirini tushuntirib berish uchun yetarli edi. Men Hakimjonning onasi uzatgan choy to‘la piyolani qo‘limga oldim. Hamma fikr-xayolimda hukmron bo‘layotgan g‘ashliklarni bir daqiqa bo‘lsa-da, unutishga tirishib:
— Qani aytgin-chi, nimaga shuncha xursandsan, — deb so‘radim bog‘dan chiqib kelayotgan Hakimjondan.
Ovozim xuddi elektron cholg‘uning ovozidek titrayotganligi o‘zimga bilinib turardi, shunday bo‘lsa-da, uning xursandchiligining sababini bilishim, mavridi kelsa, ikki og‘iz yaxshi gap qilib ko‘nglini ko‘tarib qo‘yishim kerak edi.
Turmush degani mana shunday dunyoda hech narsa abadiy bo‘lmaganidek, bir kun xursandchilik bo‘lsa, bir kun xafachilik degan gap. Sen g‘am ummonida to‘lqinlar bilan olishib yurganingda, boshqalarning xursandchiligini to‘liq his etolmaysan, boshqalar xursandchilikning taxtida yayrab yurganida esa, sening azoblaringga hamdardlashish hech kimning yodiga kelmaydi, bu sezgining xatosi emas, balki ma’naviy intilishning adashishdir.
Hakimjon hayajonini bosib olgandan keyingina boyagi savolimga javob berdi:
— Do‘stim, nihoyat, kutilmaganda Qalbiguldan xabar keldi, ota-onasi shashtlaridan tushib, yumshab qolishibdi, rozilik bildirishibdi, endi bu qulay imkoniyatni qo‘ldan bermaslik kerak!
— Nima sababdan yumshab qolishibdi? Birdaniga boyib ketgan bo‘lsang kerak-da, balki.
— Nimasini aytasan, do‘stim, boyib ketish bizga nasib qilsa koshki edi, mana o‘zing ko‘rib turibsan, turmushimizda qilcha o‘zgarish yo‘q.
— U holda ular nima deb?…
— Hozircha tushuntirib berolmayman, ishqilib, insofga kelib qolganga o‘xshashadi, qanday bo‘lmasin, bugun qizning uyiga tog‘ora olib borishimiz kerak, sen ham xizmatda birga bo‘larsan, deb o‘ylayman.
Bu haqiqatan xursand bo‘lishga arziydigan voqea hisoblanardi, Hakimjon necha yil va necha oyni mana shu umid orzusida o‘tkazmadimi? Qalbigulning visoli uni hazilkam umidvor qilmadimi? Uning ko‘ngli taskin topsa, yuragimdagi jarohat, albatta, yengillab qolardi.
— Tog‘ora tayyorlashga qancha narsa ketadi, kerak narsalarni aytaver, ana, anavi sandiqda bor, yetmasa yana bir iloj qilarmiz, — dedim unga tabiiy ravishda.
— Ataganing bo‘lsa mayli, bo‘lmasa o‘zimizdan ham uncha-muncha narsa topilib qolar, — dedi u rozi bo‘lgan holda, — yana xali tog‘ora olib borishga ham birga borarsan?
— Menmi?
Haqimjonga hayotimda bunday ishga sira bosh qo‘shib ko‘rmaganimni aytuvdim, u yana kulib turib dedi:
— Harholda bunday ishlarni ko‘rib qo‘yganing yomon bo‘lmasdi, zero, bu ish sening boshingda ham albatta bor gap. U paytda bu yordaming mendan qaytadi.
Hakimjonning aytgani durust edi, qo‘l qo‘lni yuvsa, qo‘l kelib yuzini yuvadi emasmi? Boz ustiga, yaxshi ko‘rgan qizim mana shu mahallada, yerlik kishining “yo‘l boshlovchi” bo‘lishi bilan balki ishim o‘ngiga tortib qolar.
Hakimjonning aytishicha, uning onasi tog‘ora olib borishdan bosh tortibdi, u o‘tgan safar borganda yuz bergan ko‘ngilsizliklarni aytib: “O‘g‘ling bo‘lsa urchoqdek, qizlar kelar qurchoqdek degandek, Hakimjondek hech kimdan kam bo‘lmagan o‘g‘lim bor, ko‘nglim to‘q. Men o‘g‘limga osmondagi oyni olib beraman desam ham qo‘limdan keladi. O‘tgan safar ularning ostonasiga ikkinchi qadam bosmayman, deb qasam ichganman, eng avval ular qilgan muomalalari uchun uzr so‘rashlari lozim, undan keyin qasamimni buzishim mumkin”, — deb toshday qattiq turib olibdi. Hakimjon onasi bilan kengashib bo‘lguncha fursat kutib turarmidi? U oxiri onasining roziligini olib, bilan meni va uzoq qarindoshi bo‘lgan bir ayolni bu ishga belgilabdi.
Nihoyat, bu savobli ishga men ham rozi bo‘ldim. Gap orasida Hakimjonning qarindoshi ham kelib qoldi. Tog‘araga kerak bo‘lgan narsalarni solib, dasturxonga o‘ragan ko‘yi unga ko‘tartirib qo‘ydim-da, umrimda birinchi marta elchilikka qadam qo‘ydim.
9
Qosh qorayib jamiki mavjudotni o‘z qo‘yniga olgan. Havo hali salqin bo‘lsa-da, o‘zimni ancha dimiqqandek his qilardim. Oq terak yaproqlarining yengil shivirlashlari xuddi miyamga sichqon kirib olib asablarimning bo‘sh yerlarini qitirlatib g‘ajiyotgandek yomon ta’sir qilardi. Faqat tolei o‘ngidan kelgan, yillab parvarish qilgan, umid guli chechaklayotgan Hakimjonning xursandligiga sherik bo‘lishim asablarimga tasalli berganday tuyulardi.
Boyagi ayol mayda qadamlar bilan ortimdan kelardi. Men o‘zimni unutgan holda tuganmas xayollar bilan band edim. Hakimjonning sabru qanoati, umidvorligi ko‘ngil jomiga madad malhamlarini tugardi. Bu yo‘lda har qanday ko‘ngilsizliklarga bardosh berishga, Hakimjondan o‘rnak olishga qat’iy bel bog‘lashga ahd qilgandim.
— Ukajon, Qalbigullarning darvozasidan o‘tib ketdingiz!
U ko‘rsatgan tomonga qaradim. Tanish katta darvoza, tashqi halqalar, darvozaning ikki tarafidagi daraxtlar…
Er silkinib, osmon chirpiragandek bo‘ldi, to‘satdan paydo bo‘lgan shiddatli bo‘ron umid sha’mimni o‘chirib, aqlimdan judo qildi. Butun jismimni sovuq ter qoplab, ko‘z oldimni zulmat chulg‘ab oldi…
Darvoza ochildi. O‘zimga kelsam, boyagi shop mo‘ylovli kishi tol shiyponga osilgan katta gaz chiroqning yorug‘i bilan nurafshon bo‘lib turgan hovlida turibdi.
Tavba, nima ishlar bo‘layapti o‘zi dunyoda, nahotki, o‘sha meni aqlimdan judo aylab, parokanda qilgan nozanin qiz — Qalbigul bo‘lsa-ya?
Shu onlarda yerdamanmi yoki osmondamanmi, uxlayotgan bo‘lsam tushimmi yoki o‘ngimmi, azbaroyi hammasi noaniq edi. Shu tobda butun jismimdagi qon birdaniga boshimga tepib, chekkalarimni ko‘pirtirgan, yuragimni muzga aylantirgandek qotib qolgandi…
— Xush kelibsizlar, mehmonlar, qani supaga o‘tinglar!
Hakimjonning qarindoshi tirsagimga turtib qo‘ygandan keyingina, xuddi aqlimdan ozgan savdoyidek unga qarab chaqchayib qoldim.
Vaqtning o‘tishini hisobga olish ham xayoldan ko‘tarilib ketganidan bo‘lsa kerak, bir chog‘da cho‘g‘dek gilamlar solingan, ko‘zni qamashtirgudek ko‘rpachalar to‘shalgan supada o‘tiribman, qarshimda mezbon turibdi. Boyagi ayolning qayta-qayta ogohlantirishi bilan achchiq damlangan choydan bir piyola ichgandan keyingina o‘zimni qo‘lga olib, fikrimni bir yerga jamlay boshladim. Haqiqat degan narsa bunchalar shafqatsiz bo‘lmasa? Endi bu haqiqatni tushga aylantirib qiyoslash va uning tush bo‘lib qolishini umid qilish ortiqcha edi. Tun borgan sari quyuqlashardi, shirin xayollarni endi bir umrlik sir tutib, uni to go‘rgacha olib ketish, “qo‘l sinsa yeng ichida” degandek, toshayotgan ko‘z yoshlarni ichimga yutishim kerak edi.
Choydan keyin, aqlimni tamoman qo‘limga oldim-da, poygakda hanuzgacha ho‘mraygan holda qarab turgan uy egasiga yer tagidan qarab og‘iz ochdim:
— Endi… endi… Qalbigul guldek ulg‘ayibdi, endi qiz bola degani endi…
Uy egasining ko‘zlari kattalashib oxiri chekiga yetganda o‘ylamagan yerdan baqirib ketdi?
— Bekor gaplarni qo‘yib kovushlaringni to‘g‘irlasalaring yaxshi bo‘larmikin, choy ham ichilib bo‘ldi. Omin ollohu akbar…
Mezbonning alfozidan, agar hoziroq yo‘qolmaydigan bo‘lsak, bizni haydab chiqarmoqchiligi aniq ko‘rinib turardi. Biroq natijasiz qaytgandan keyin, Hakimjonga nima deb javob beriladi?
Men shu paytda butun sir-asrorimni qalbimning qa’riga yashirgan holda Hakimjonga oxirgacha yaxshilik qilish qaroriga kelgan esam-da, lekin kallamda yuz berayotgan alomatlardan “Hakimjon bularning niyatini xato tushunib qolmaganmikin” degan o‘y ham birday charx urardi. Shunday bo‘lganda ham, mezbonning kelganlarga bunday qo‘pol muomala qilishi aqldan emasdi. Men garchi asablar yetarlicha taranglashganligiga qaramay, mezbonga qarata vazminlik bilan dedim:
— Muhtaram afandi aka, siz bizdan tashrifimiz sababini so‘ramay quvib solganday qilganingizni tushunolmadik… hech bo‘lmasa, ikki og‘iz gapimizni eshitarsiz? Biz qutlug‘ xonadoningizga faqat yaxshi niyatda farzandi arjumandingiz bo‘lmish qizingizning qo‘lini so‘ragani qadam ranjida qilgandik…
— Qizimiz boshqa birovga fotiha qilinib qo‘yilgan, xafa bo‘lsangiz ham aytib qo‘yishni lozim ko‘raman, ukam, hammamiz musulmon odamlar ekanmiz, — dedi uy egasi o‘sha-o‘sha o‘zgarmas alfozda, — peshindan keyin hovlimizga bekorga mo‘ralamagan ekansiz, o‘sha chog‘dayoq ko‘nglimga shunday gumon keluvdi. Gumonim to‘g‘ri chiqdi. Mol-dunyoyingizga ko‘p ishonib ketganga o‘xshaysiz, ukam, pulim bo‘lgandan keyin, so‘ragan zahotiyoq har qanday odam qizini qo‘shqo‘llab beradi, deb o‘ylagan bo‘lsangiz kerak?! Kechirasiz, biz dehqon bo‘lsak ham mol-dunyoga ko‘zimiz to‘q. Boya aytdik-ku, qizimiz boshqa birovga fotiha qilib qo‘yganimizga ikki yil bo‘lib qoldi, bundan keyin darvozamizni mo‘ralab yurmang, bo‘lmasa mahallamizga ikkinchi qadam bosmaydigan qilib yuboraman, men bir so‘zlik odamman, aytganimni qilaman, buni yodingizda saqlang, bildingizmi?!..
Uning gapini eshitib, yana biroz gangib qoldim-da, ko‘z oldim birdan lop etib yorishib ketdi. U, meni Qalbigul bilan to‘y qilish niyatida kelibdi, deb noto‘g‘ri o‘ylab qolgan ekan. U…. “Fotiha qilingan” deganda aynan xuddi shu Hakimjonni ko‘zda tutgan bo‘lishi mumkin edi.
Shu orada to‘sin ortidan Qalbigulning chiroyi yalt-yult qilib ko‘rinib qoldi, so‘ngra onasi bilan dasturxonga ishora qildi va qulog‘iga nimalarnidir pichirladi. Men fursatni g‘animat bilib uy egasining ko‘zga qarab turib:
— Og‘aynimiz Hakimjon juda olijanob yaxshi yigit, — deyishimgayoq, uy egasi yugurib keldi-da, qo‘limni mahkam tutib dedi:
— Ukajon, boyagi gaplarimni ko‘nglingizga olmasligingizni o‘tinib so‘rayman, men sizdan ikkala dunyoda rozi bo‘lib ketay, hah, mening nokasligimni qara-ya… “Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqargan”ga o‘xshagan ish bo‘lib ketdi. Uzr, ming bora uzr…
Men uning gapini bo‘ldim:
— Yigit bilan qizda gap yo‘q, biz endi har qaysingizning bir og‘iz roziligingizga qaraymiz, to‘y degan umr savdosi, “etti o‘lchab, bir kes” deganidek, tuzukroq o‘ylanib, bir narsa desangizlar bo‘larmikin deyman-da?
— Uzoq gapirib o‘tirishning hojati yo‘q, qizimizni ikki qo‘llab uzatganimiz-uzatgan.
— Bu safargisi hali ishning boshlanishi, — dedim men dasturxonni qo‘yishga ishora qilib, — to‘y oldi-berdi xarajatlari masalasini maslahat choyida kengashib hal qilsak, to‘y vaqti to‘g‘risida keyin bir narsa dermiz.
Uy egalari bir-birining gapini tortib olib so‘zlay boshladilar:
— Endi har biringizga mening birgina talabim bor, Hakimjonga bu narsa to‘g‘ri kelarmikin bilmadim…
— Biz yetkazamiz, aytavering.
Qalbigulning dadasi xijolat bo‘lgan qiyofada boshini silab qo‘ydi-da, dedi:
— Qizimizni juda ardoqlab voyaga yetkazganimiz uchun ayniqsa, mening g‘oyat suyukligimdir, birdam ko‘rmasam ko‘zimdan uchadi, hammangizga ma’qul kelsa, Hakimjondan bir narsani so‘ramoqchiydim, balki uni mendan ayamas.
U so‘zlagan sari hayajonlanardi. Uzun kamondek qora qoshlari ostidagi nur yog‘ib turadigan ko‘zlari o‘zgargan, qorachig‘laridan sachrayotgan xursandchilik uchqunlari kishiga bir xil xotirjamlik tuyg‘usini berardi.
— Qani ayting-chi, aka, tovuq sutidan boshqa narsa bo‘lsa ham buning iloji bo‘lib, hojatingizni chiqarar, — dedim men ishonch bilan. U so‘zida davom etdi:
— Eshitishimga qaraganda, kuyov o‘g‘limizning sopol ko‘zada o‘stirilgan nomi tillarda doston bo‘lgan e’zozli bir atirguli bor ekan, shu atirgulni menga hadya etsa yoki bir shoxini ko‘kartirib bersa, qizimni ko‘rgan ko‘zda ko‘rsam deyman…
10
Dadamni andishadan xalos etish maqsadida bir parcha xat yo‘llab, bu yerda yana o‘n kuncha turib qolishimni uqtirib qo‘ydim va to‘y hozirligi uchun shoshib-pishib xizmat qilayotganlar qatoriga qo‘shildim. Hakimjonning hurmati ham katta, do‘stlari ham ko‘p ekan. Shunday bo‘lsa-da, Hakimjon bilan Qalbigulning boshini biriktirib qo‘yish yo‘lida ozgina xizmatim bo‘lishidan o‘zimni bag‘oyat baxtli his qilardim.
Elchilik vazifasi muvaffaqiyatli ado etilgan kundan bir hafta o‘tib, mahalla tarixida juda ko‘p mo‘ysafidlarning guvohligida o‘tgan ulkan bir to‘y bo‘lib o‘tdi, taqdim qilingan bir donadan gulni taqib olganlar butun mahallani xush hidlarga to‘ldirdilar, chiroyli bezalgan aravaga joylashtirilgan sarxil atirgul qiz uzatuvchilar tomondan Qalbigulning hovlisiga olib borib, alohida yasalgan supaga o‘rnashtirildi…
Kelin ko‘rardan keyin shaharga qaytmoqchi bo‘ldim. “Ovora bo‘lmanglar, tez orada yana kelaman” — degan gaplarimga qaramay, Hakimjon, Qalbigul va yangi do‘stlarim mahallaning chetigacha kuzatib chiqishdi. Ular bilan xayrlashayotganimda, ajoyib do‘stlikning yodgorligi bo‘lgan menga hadya etilgan oq atirgul yaproqlarida ko‘zimdan to‘kilgan marvarid shodalari ertalabki quyosh nurida chaqnamoqda edi. Yo‘q, chaqnayotgani marvarid emas, balki shodlik yoshi, umid chashmasi, chin do‘stlikning qadriga yeta bilgan qalb tabassumi, hayot ma’nosini tushungan dil iqrori edi.
Qum sahroda ketayotib orqamga qayrilib qarab, kelgusi turmushimning beshigi bo‘lmish mahalla tomonga qo‘l silkitib turib dedim:
— Eh, ajoyib maskan, men sening bag‘ringga yana qaytaman!
Uyg‘ur tilidan Habibulla Zayniddin tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 12-son