IShTIROK ETUVChILAR:
E s t r a g o n.
V l a d i m i r.
P o ts ts o.
L a k i.
B o l a k a y.
BIRINChI SAHNA
Yolg‘izoyoq tuproq yo‘l. Yo‘l chekkasida yakka daraxt. Oqshom payti.
E s t r a g o n toshga o‘tirgancha boshmog‘ini yechishga urinadi. Ikki qo‘llab, kuchanib torta boshlaydi. Qurbi yetmay to‘xtaydi, hansirab nafas rostlaydi-da, keyin yana urinadi. Harakat takrorlanadi.
V l a d i m i r kirib keladi.
E s t r a g o n (yana to‘xtab). Juda jonga tegdi.
V l a d i m i r (oqsoqlangancha mayda qadamlar bilan yaqinlashib keladi-da,oyoqlarini yirib, qo‘lini yozib turadi). Men ham shundan tashvishga tusha boshladim. (Yurib kelib, to‘xtaydi). Men bir umr shu fikrga qarshi bo‘lganman. Doim o‘zimga-o‘zim: V l a d i m i r, hovliqma, hali hammasi oldinda derdim va yana kurashga otlanardim. (U shirin xotirotlarga berilib xayol surib qoladi. E s t r a g o nga qarata) Mana sen yana yonimdasan.
E s t r a g o n. Shunday deb o‘ylaysanmi?
V l a d i m i r. Qaytib kelganingdan xursandman. Butunlay ketib qoldingmi, deb xavotirlangandim.
E s t r a g o n. Men ham.
V l a d i m i r. Bu uchrashuvimizni qanday nishonlasak ekan? (O‘ylanadi). Qani, turchi. Bir bag‘rimga bosay. (E s t r a g o nga quchog‘ini ochadi.)
E s t r a g o n (tutoqib). Hozir, hozir.
Jimlik.
V l a d i m i r (xafa bo‘lib, sovuqqonlik bilan). Taqsirim tunni qayerda o‘tkazganini bilsak bo‘ladimi?
E s t r a g o n. Ovloqda.
V l a d i m i r (hayron bo‘lib). Ovloqda?! Qayerda ekan u?
E s t r a g o n (imo-ishorasiz). Anavi yoqda.
V l a d i m i r. Nima, seni kaltaklashmadimi?
E s t r a g o n. Kaltaklashdi… Bir oz.
V l a d i m i r. Hamishagilarmi?
E s t r a g o n. Hamishagilar? Bilmadim.
Jimlik.
V l a d i m i r. Bu haqida o‘ylaganimda… bunga ancha bo‘ldi… o‘zimga o‘zim savol beraman… kim bo‘lgan bo‘larding… mensiz… (Qat’iy.) Hozir bir qop go‘shtdan bo‘lak narsa bo‘lmasding, gapimga ishonaver.
E S T R A G O N (ilkis qo‘zg‘alib). Xo‘sh, keyinchi?
V l a d i m i r (alam bilan). Bu bir odamga og‘irlik qiladi. (Sukut, yana jonlanib.) Boshqa tomondan endi afsuslanishning foydasi yo‘q, bu gaplarim esingda tursin. Buni oldinroq o‘ylash kerak edi, 1900 yillarda.
E s t r a g o n. Yetar. Mana bu zormandani yechishga yordam bersang-chi.
V l a d i m i r. Qo‘lni qo‘lga berib ikkalamiz Eyfel minorasidan o‘zimizni pastga otdik. U paytlar hozirgiday emasding. Endi esa juda kech. Endi yuqoriga ko‘tarilishimizga ham izn berishmasa kerak. (Estragon yana boshmog‘ini yechishga urinadi.) Nima qilayapsan?
E s t r a g o n. Yechayapman. Nima, boshmoq yechganini hech ko‘rmaganmisan?
V l a d i m i r. Senga ming marta aytganman, oyoq kiyimni har kuni yechish kerak deb. Aytganda quloq solish kerak edi.
E s t r a g o n (yovlorgan ohangda). Yordam bera qolgin!
V l a d i m i r. Azob berayaptimi?
E s t r a g o n. Berayapti! Joni achimay so‘rashini qarang!
V l a d i m i r (jahli chiqib). Go‘yo bu dunyoda sendan boshqa azoblanmayotgandek? Menga parvo ham qilmaysan. O‘zingni mening o‘rnimga bir qo‘yib ko‘rganingda edi. Ana o‘shanda bilarding.
E s t r a g o n. Senga ham azob berganmi?
V l a d i m i r. Berganmi! Azob berganmi, deb so‘rashini ko‘ring buning!
E s t r a g o n (barmog‘i bilan ishora qilib). Bu shimning tugmasini qadamasligingga sabab bo‘lolmaydi.
V l a d i m i r (egilib). Ie, rostdan ham. (Tugmasini qaday turib.) Odam mayda-chuyda ishlar bilan chalg‘imasligi kerak.
E s t r a g o n. Nima ham derdim, qiyomat bo‘lmaguncha sening to‘pig‘ingga suv ham chiqmaydi.
V l a d i m i r (xayolchan). Qiyomat bo‘lmaguncha… (o‘ziga-o‘zi gapirgandek.) Yaxshi. Holva degan bilan og‘iz chuchimaydi. Buni kim aytgan?
E s t r a g o n. Menga yordam berishni istamaysanmi?
V l a d i m i r. U alal-oqibat baribir keladi, deb ba’zan o‘zimni ishontiraman. O‘shanda meni g‘alati hissiyot cho‘lg‘ab oladi… (U shlyapasini olib, ichiga qaraydi, qo‘li bilan titkilaydi, yaxshilab qoqadi va yana qaytib kiyadi.) Haligiday… Xotirjam va shu bilan birga… (so‘z topolmay qiynaladi)qo‘rquv aralash… (Hayajon bilan). QO‘R-QUV. ( U yana shlyapasini qo‘liga olib, ichiga qaraydi.) Bu nima gap! (Ichidagi nimanidir qoqib tashlamoqchidek shlyapani qo‘liga qattiq uradi va ichiga nazar tashlab, yana qayta kiyadi.) Nihoyat… (E s t r a g o n bir amallab nihoyat bashmog‘ini yechishga muvaffaq bo‘ladi, ichiga qaraydi, qo‘lini tiqib paypaslaydi, ag‘darib silkilaydi. Yerga biron narsa tushmadimikan deb, alanglaydi, hech narsaga ko‘zi tushmagach, yana boshmoqqa qo‘lini tiqadi. Ko‘zlari ma’nisiz jovdiraydi.) Nima?
E s t r a g o n. Hech narsa.
V l a d i m i r. Qani ko‘rsat-chi.
E s t r a g o n. Ko‘rishingga hojat yo‘q.
V l a d i m i r. Yana kiyib ko‘r-chi.
E s t r a g o n (oyog‘iga erinmay razm sola turib). Ozroq shamollab tursin.
V l a d i m i r. Mana sizga odamzotning fe’li: ayb oyog‘ida bo‘la turib, boshmog‘idan noliydi. (Yana bir marta shlyapasini olib, ichiga qaraydi, silkiydi, qoqadi, ichiga puflaydi-da, qayta kiyadi.) Bu jonga tega boshladi. (Sukut. E s t r a g o n hidini ketgazish uchun barmoqlarini qimirlatib, oyog‘ini o‘ynata boshlaydi.) Qaroqchilardan birining joni omon qolganmish. (Jimlik.) Bu yomon emas. (Jimlik.) Gogo…
E s t r a g o n. Nima?
V l a d i m i r. Bordiyu tavba-tazarru qilsak-chi?
E s t r a g o n. Nima uchun?
V l a d i m i r. Aytaylik… (So‘z topolmay qiynaladi.) Sababini ko‘rsatishimiz shart emasdir.
E s t r a g o n. Bor gunohimiz tug‘ilganimiz uchunmi?
Vladimir beo‘xshov kuladi va birdan qo‘lini choviga qo‘yib, to‘xtab qoladi. Rangi-ro‘yi o‘zgarib.
V l a d i m i r. Hatto kulish ham mumkin emas.
E s t r a g o n. Juda bema’ni taqiq.
V l a d i m i r. Tabassum qilish mumkin. (U beo‘xshov tabassum qilgancha turib qoladi. Bir ozdan so‘ng birdan qiyofasi o‘zgaradi.) Bu unchalik ham o‘xshamadi. Darvoqe… (Jimlik.) Gogo…
E s t r a g o n (asabiylashib). Nima deysan?
V l a d i m i r. Sen Injilni o‘qiganmisan?
E s t r a g o n. Injilni… (O‘ylanib.) Hoynahoy, qachonlardir ko‘z tashlaganman.
V l a d i m i r (ajablanib). Maktabda ta’lim berishmaganmi?
E s t r a g o n. Hozir eslay olmayman, o‘shanda xudoga ishonarmidik, yo‘qmi?
V l a d i m i r. Nimanidir chalkashtirmayapsanmi?
E s t r a g o n. Ehtimol. Muqaddas Yer xaritasi hamon yodimda. Rangli xarita. Juda ham chiroyli. O‘lik dengiz oqish rangda edi. Unga bir marta nazar tashlab, chanqab ketgandim. O‘shanda niyat qilgandim: “Asal oyini shu yerda o‘tkazamiz. Dengizda cho‘milamiz. Juda baxtli bo‘lamiz”.
V l a d i m i r. Shoir bo‘lsang bo‘lar ekan.
E s t r a g o n. Aytmasang ham shoir edim. (Ust-boshiga ishora qilib.) Nima, sezilmayaptimi?
Jimlik.
V l a d i m i r. Nima deyotgan edim… Oyog‘ing qanday?
E s t r a g o n. Shisha boshladi.
V l a d i m i r. Ha, yodimga tushdi. Qaroqchi voqeasini gapirayotgandim, esingdami?
E s t r a g o n. Yo‘q.
V l a d i m i r. Istasang, aytib beraman.
E s t r a g o n. Yo‘q.
V l a d i m i r. Bu ham bir ermak-da (Jimlik.) Xaloskor bilan birga ikki qaroqchi ham chormix qilingandi. Ularni…
E s t r a g o n. Kim bilan?
V l a d i m i r. Xaloskor bilan. Ikki qaroqchi. Aytishlaricha, ulardan biri omon qolgan, ikkinchisi esa… (“Omon qolgan” degan so‘zga teskari bo‘lgan so‘zni topolmay qiynaladi.) jazolangan.
E s t r a g o n. Nimadan omon qolgan?
V l a d i m i r. Do‘zaxdan.
E s t r a g o n. Men ketdim. (U joyidan qilt etmaydi.)
V l a d i m i r. Shunday qilib… (Jimlik.) Taqdirning izmi bilan… nima… Ishqilib, sening joningga tegmadimmi?
E s t r a g o n. Men quloq solayotganim ham yo‘q.
V l a d i m i r. Taqdirning hukmi bilan to‘rt injilchilardan birigina bularni yozib qoldirishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq to‘rtalasi ham o‘sha yerda bo‘lgan, to‘rtalasi ham voqeaning guvohi edilar. Ulardan faqat bittasigina qaroqchining omon qolganini aytadi. (Jimlik.) Quloq sol, Gogo, sen ham hech bo‘lmasa suhbatimizga qo‘shilib turishing kerak.
E s t r a g o n. Qulog‘im senda.
V l a d i m i r. To‘rttasidan biri. Qolgan uchtasidan ikkitasi esa, lom-lim deyishmaydi. Uchinchisi esa uni haqoratlashganini aytadi.
E s t r a g o n. Kim?
V l a d i m i r. Nima?
E s t r a g o n. Hech narsa tushunmayapman… (Jimlik.) Kimni haqoratlashgan?
V l a d i m i r. Xaloskorni.
E s t r a g o n. Nima uchun?
V l a d i m i r. Chunki u ularni xalos etishni istamagan.
E s t r a g o n. Do‘zaxdanmi?
V l a d i m i r. E-e, yo‘q, albatta. O‘limdan.
E s t r a g o n. Keyinchi?
V l a d i m i r. Ularning ikkalasini ham jazolashgan.
E s t r a g o n. Jazolashsa nima qilibdi?
V l a d i m i r. Boshqasi esa faqat bir kishi omon qolgandi deydi.
E s t r a g o n. Nima bo‘pti? Ikkalasining fikri ikki xil bo‘lgan, bor gap shu.
V l a d i m i r. Ularning bari guvoh bo‘lishgan, to‘rtalasi ham. Faqat bittasigina qaroqchi omon qoldi deydi. Nega endi boshqalarga emas, unga ishonish kerak?
E s t r a g o n. Kim unga ishonayapti?
V l a d i m i r. Hamma. Hamma uning mana shu hikoyasini biladi, xolos.
E s t r a g o n. Odamlar – ahmoq.
U qiyinchilik bilan o‘rnidan turadi-da, cho‘loqlanib chap yon parda tomon yura boshlaydi. To‘xtab, qo‘lini peshonasiga qo‘yib, uzoqqa ko‘z tashlaydi. O‘girilib, o‘ng parda tomon yuradi.Uzoqlarga ko‘z tashlaydi. Vladimir undan ko‘zini uzmaydi, keyin esa boshmoqlarni yig‘ishtirib olishga tutinadi. Ichiga qarab, birdan otib yuboradi.
V l a d i m i r. Tf-u! (Tupiradi.)
Estragon sahna o‘rtasiga qaytib, atrofga nazar tashlaydi.
E s t r a g o n. Yaxshi joy. (O‘girilib, old to‘siqqa yaqinlashib, tomoshabinlar tomon tikiladi.) Chiroyli manzara. (Vladimirga yuzlanib) Ketdik.
V l a d i m i r. Buning iloji yo‘q.
E s t r a g o n. Nima uchun?
V l a d i m i r. Biz Godoni kutayapmiz.
E s t r a g o n. Ha, to‘g‘ri. (Jimlik.) Shu yer ekanligiga ishonching komilmi?
V l a d i m i r. Nima?
E s t r a g o n. Kutadigan joy.
V l a d i m i r. U yakka daraxt oldida degandi. (Ular daraxtga tikilishadi.) Atrofda boshqa daraxt bormi?
E s t r a g o n. Nima bu?
V l a d i m i r. Majnuntolga o‘xshaydi.
E s t r a g o n. Yaproqlari qani?
V l a d i m i r. Hoynahoy to‘kilib bo‘lgan.
E s t r a g o n. Endi yig‘lolmas ekan-da?
V l a d i m i r. Aftidan, mavridi o‘tgan.
E s t r a g o n. Bu qurib qolgan novda.
V l a d i m i r. Hali qurimagan.
E s t r a g o n. Qurigan.
V l a d i m i r. Qu… (Sergak tortib.) Bu bilan nimaga shama qilayapsan? Joyni adashtirdik, demoqchimisan?
E s t r a g o n. U allaqachon kelishi kerak edi.
V l a d i m i r. U albatta kelaman, deb va’da bermagan.
E s t r a g o n. Bordiyu, kelmasa-chi?
V l a d i m i r. Ertaga yana shu yerga kelamiz.
E s t r a g o n. Ertadan keyin hammi?
V l a d i m i r. Ehtimol.
E s t r a g o n. Kelaveramiz, kelaveramiz.
V l a d i m i r. Ya’ni…
E s t r a g o n. Toki kelgunga qadar.
V l a d i m i r. Juda keskin gapirayapsan.
E s t r a g o n. Kecha ham bu yerga kelgandik.
V l a d i m i r. Yo‘q, shu yerda sen adashayapsan.
E s t r a g o n. U holda biz kecha nima qildik?
V l a d i m i r. Biz kecha nima qildik?
E s t r a g o n. Nima qildik?
V l a d i m i r. Rost aytayapman… (Jahli chiqib.) Odamni doim shunaqa dovdiratib qo‘yasan.
E s t r a g o n. Nazarimda, biz kecha ham kelgandekmiz.
V l a d i m i r (atrofga alanglab). Bu yer senga tanish ko‘rinayaptimi?
E s t r a g o n. Men hali bunday demadim.
V l a d i m i r. U holda nima?
E s t r a g o n. Gap bunda emas.
V l a d i m i r. Xo‘sh, unda nimada… bu daraxt… (tomoshabinlarga yuzlanib) bu botqoqlik.
E s t r a g o n. Bugun oqshom ekanligiga ishonching komilmi?
V l a d i m i r. Nima?
E s t r a g o n. Uni kutadigan payt.
V l a d i m i r. U shanba kuni degandi. (Jimlik.) Adashmasam.
E s t r a g o n. Ishdan keyin.
V l a d i m i r. Qayergadir yozib ham qo‘ygandim. (U har xil narsalarga to‘la cho‘ntaklarini kovlashtira boshlaydi.)
E s t r a g o n. Qaysi shanba? Bugun o‘zi shanbami? Ehtimol, bugun yakshanbadir? Yoki dushanba. Balki jumadir?
V l a d i m i r (xuddi qaysi kun ekanligi yerga yozib qo‘yilgandek, asabiylashgancha atrofga alanglaydi). Bunday bo‘lishi mumkin emas.
E s t r a g o n. Balki payshanbadir?
V l a d i m i r. Xo‘sh, nima qilamiz?
E s t r a g o n. Agar u kecha kelib, bizni bu yerdan topolmagan bo‘lsa, bugun kelmasligi aniq.
V l a d i m i r. Biroq, sen kecha ham kelgandek deyapsanku?!
E s t r a g o n. Balki, men adashayotgandirman. (Jimlik.) Kel, birpas jim turaylik, ma’qulmi?
V l a d i m i r (istar-istamay). Bo‘pti. (Estragon qaytib o‘tiradi. Vladimir asabiylashib u yoqdan bu yoqqa yuradi, ba’zan to‘xtab, ufq tomon astoydil tikilib qoladi. Estragon uyqusiray boshlaydi. Vladimir Estragon qarshisida to‘xtaydi.) Gogo… (Jimlik.) Gogo… (Jimlik.) Gogo!
Estragon birdan ko‘zini ochadi.
E s t r a g o n (birdan o‘zlarining nochor vaziyatda ekanligi yodiga tushib). Ko‘zim ilinibdi. (Ta’na aralash.) Nima uchun doim endi mizg‘iy boshlaganimda uyg‘otasan?
V l a d i m i r. O‘zimni yolg‘iz his qildim.
E s t r a g o n. Men tush ko‘ribman.
V l a d i m i r. Aytmay qo‘ya qol!
E s t r a g o n. Tushimda go‘yo…
V l a d i m i r. Aytma deyapman!
E s t r a g o n (atrofga ishora qilib). Shular bilan ovunmoqchimisan? (Jimlik.) Yaxshi emas, Didi. Tungi bosinqirashlarimni senga aytmasam, kimga ham aytaman, axir?
V l a d i m i r. Bosinqirashlaring faqat o‘zingniki bo‘lib qolsin. Buni ko‘tara olmasligimni yaxshi bilasan.
E s t r a g o n. Ba’zan ajrashib, ikki tomonga ketsak yaxshi bo‘larmidi deb o‘ylab qolaman.
V l a d i m i r. Baribir uzoqqa ketolmasding.
E s t r a g o n. Chatoq joyi ham shunda-da. (Jimlik.) Rost, Didi, hamma balo ana shunda. (Jimlik.) Yo‘l ravon bo‘lsa. (Jimlik.) Yo‘ldoshing esa samimiy-quvnoq. (Jimlik. Erkalangan ohangda.) To‘g‘rimi, Didi?
V l a d i m i r. Jim bo‘l.
E s t r a g o n (huzurlanib). Jim bo‘l… Jimlik… (Shirin entikib.) Xuddi inglizlar aytganidek, jimlik, faqat jimlik. Ular juda xotirjam odamlar. (Jimlik.) Sharobxonaga kirgan ingliz haqidagi latifani bilasanmi?
V l a d i m i r. Ha.
E s t r a g o n. Aytib ber-chi.
V l a d i m i r. Yetar.
E s t r a g o n. Bir ingliz shirakayf bo‘lib sharobxonaga boribdi. Beka undan kim kerak deb so‘rarmish: oqbadanmi, qorachadan kelganmi yoki sariq sochli? Davom ettir.
V l a d i m i r. Bas qil!
Vladimir sahnadan uzoqlashadi. Estragon uning ortidan sahna chetiga qadar boradi. Estragonning harakatlari kurash musobaqasidagi tomoshabinning harakatini eslatadi. Vladimir ortga burilib, Estragonning yonidan o‘tib, sahnaga qaytadi. Uning ko‘zlari horg‘in. Estragon u tomonga qarab bir necha qadam tashlaydi. To‘xtaydi.
E s t r a g o n (mayin ohangda). Menga nimadir demoqchimiding? (Vladimir javob bermaydi. Estragon oldinga qadam tashlaydi.) Menga nimadir demoqchi eding. (Sukut. Yana qadam tashlaydi.) Aytaqol, Didi…
V l a d i m i r (o‘girilmasdan turib). Aytadigan hech qanday gapim yo‘q.
E s t r a g o n (oldga qadam tashlaydi). Nima, xafa bo‘ldingmi? (Sukut. Oldga qadam tashlaydi.) Kechir! (Sukut. Oldga qadam. Yelkasiga qo‘lini qo‘yadi.) Quloq sol, Didi. (Sukut.) Qo‘lingni ber! (Vladimir o‘giriladi.) Kel, quchoqlashaylik! (Vladimir asabiylashgancha, joyida turib qoladi.) Menga izn ber! (Vladimir hovuridan tushadi. Ular quchoqlashishadi. E s t r a g o n orqaga tisariladi.) Sendan sarimsoqning hidi kelayapti!
V l a d i m i r. Buyrak uchun foydali. (Sukut. Estragon daraxtni ko‘zdan kechira boshlaydi.) Xo‘sh, endi nima qilamiz?
E s t r a g o n. Kutamiz.
V l a d i m i r. Ha, keyinchi?
E s t r a g o n. Vaqtichog‘lik qilsak nima bo‘ladi?
V l a d i m i r. Mana shunda yaxshi turadi.
E s t r a g o n (qiziqib). Turadi?
V l a d i m i r. Bundan uzilib tushadigan hamma yaproq uchun. U uzilib tushgan joydan mehrigiyo unib chiqadi. Shuning uchun uni uzayotganda ovoz chiqargandek bo‘ladi. Nima, buni bilmasmiding?
E s t r a g o n. Yana qaytib osib qo‘yamiz.
V l a d i m i r. Novdagami? (Ular daraxtga yaqinlashib, aylanib ko‘ra boshlashadi.) U juda mo‘rtga o‘xshaydi.
E s t r a g o n. Urinib ko‘rsak-chi.
V l a d i m i r. Urinib ko‘r.
E s t r a g o n. Avval sen boshla.
V l a d i m i r. Yo‘q, oldin sen.
E s t r a g o n. Nima uchun?
V l a d i m i r. Sen menga qaraganda yengilroqsan.
E s t r a g o n. Hamma gap ana shunda-da.
V l a d i m i r. Tushunmadim.
E s t r a g o n. Yaxshilab o‘ylab ko‘rgin.
Vladimir o‘yga toladi.
V l a d i m i r (nihoyat). Tushunmadim.
E s t r a g o n. Hozir tushuntiraman. (O‘ylanib.) Yaproq… yaproq… (G‘azab bilan.) Tushunsang-chi axir!
V l a d i m i r. Senga ishonaman.
E s t r a g o n (qiyinchilik bilan). Gogo yengil – novda sinmaydi – Gogo o‘lgan. Didi og‘ir – novda sinadi – Didi yolg‘iz. (Jimlik.) U holda qanday… (ma’qul so‘z topolmay qiynaladi.)
V l a d i m i r. Bu haqda o‘ylamagan ekanman.
E s t r a g o n (izlagan so‘zini topib). Katta bo‘lgan ayni paytda kichik hamdir.
V l a d i m i r. Nima, men sendan og‘irroq kelamanmi?
E s t r a g o n. Buni sen aytding. Men bilmayman. Ikki imkoniyatdan biri. Deyarli.
V l a d i m i r. U holda nima qilamiz?
E s t r a g o n. Hech narsa. Shunisi xavfsizroq.
V l a d i m i r. Kutaylik-chi, u nima der ekan?
E s t r a g o n. Kim?
V l a d i m i r. Godo.
E s t r a g o n. Yana shu gap.
V l a d i m i r. Hayot-mamot masalamiz hal bo‘lmaguncha, uni kutamiz.
E s t r a g o n. Boshqa tomondan olib qaraganda, temirni qizig‘ida bosish kerak.
V l a d i m i r. Uning nima deyishi meni qiziqtirayapti. Baribir bu zimmamizga hech qanday mas’uliyat yuklamaydi.
E s t r a g o n. Biz undan nimani so‘ragan edik.
V l a d i m i r. Nima, u yerda yo‘qmiding?
E s t r a g o n. E’tibor qilmagan ekanman.
V l a d i m i r. Haligi… aytarli hech narsa.
E s t r a g o n. Biron narsa so‘raganmidinglar?
V l a d i m i r. Shunday, shunday.
E s t r a g o n. Biron narsa o‘tindilaringmi?
V l a d i m i r. Shunaqaroq.
E s t r a g o n. U nima deb javob berdi?
V l a d i m i r. Qarab ko‘rarkan.
E s t r a g o n. Nima, u hech narsani va’da berolmaydimi?
V l a d i m i r. O‘ylab ko‘rishi kerak ekan.
E s t r a g o n. Boshini og‘ritmasdan degin.
V l a d i m i r. Oilasi bilan maslahatlashib.
E s t r a g o n. Do‘stlari bilan.
V l a d i m i r. Ayg‘oqchilari bilan.
E s t r a g o n. Gumashtalari bilan.
V l a d i m i r. Hisob-kitob daftariga qarab.
E s t r a g o n. Bankdagi hisob raqamiga qarab.
V l a d i m i r. Bir qarorga kelishdan oldin.
E s t r a g o n. Bu tabiiy.
V l a d i m i r. Nahotki?
E s t r a g o n. Menimcha, shunday.
V l a d i m i r. Menimcha ham.
E s t r a g o n (hayajonlanib). Biz-chi?
V l a d i m i r. Nima?
E s t r a g o n. Biz-chi deyapman?
V l a d i m i r. Tushunmadim.
E s t r a g o n. Bunda bizning ishtirokimiz qanday bo‘ladi?
V l a d i m i r. Rolmi?
E s t r a g o n. Hovliqma.
V l a d i m i r. Rol? Tilanchilarning rolini.
E s t r a g o n. Shunday degin.
V l a d i m i r. Taqsirimga biron narsa yoqdimi?
E s t r a g o n. Bizning hech qanday huquqimiz qolmaganmi?
Vladimir ilgargidek telbalarcha kuladi-da, birdan to‘xtaydi. Kulgidan boshqa hammasi yana takrorlanadi.
V L A D I M I R. Qo‘limdan kelganda, albatta, kulgan bo‘lardim.
E S T R A G O N. Ularni yo‘qotib qo‘ydikmi?
V L A D I M I R (dona-dona qilib). Ularni pullab bo‘ldik.
Jimlik. Ular qimir etishmaydi. Qo‘llari ohista qimirlaydi, boshi xam, oyoqlari esa bukilgan.
E s t r a g o n (bazo‘r). Bizni bandi qilishmaganmi? (Jimlik.) A?
V l a d i m i r (qo‘lini ko‘tarib). Quloq sol!
Notabiiy turgan holatda, uni tinglay boshlaydi.
E s t r a g o n. Hech narsa eshitmayapman.
V l a d i m i r. Jimm! (Ular quloq solishadi. Estragon muvozanatini yo‘qotib, sal bo‘lmasa yiqilib tushay deydi. U yoqdan-bu yoqqa chayqalayotgan Vladimirning qo‘lidan u tutib qoladi. Ular bir-birlarini bag‘rilariga bosgancha, bir-birlarining ko‘zlariga tikilgancha quloq soladilar.) Men ham.
Engil tortib nafas olishadi. Bo‘shashib, bir-biridan uzoqlashishadi.
E s t r a g o n. Meni qo‘rqitib yubording.
V l a d i m i r. U keldimikan deb o‘ylabman.
E s t r a g o n. Kim?
V l a d i m i r. Godo.
E s t r a g o n. Ana! Qamishzorda shamol turdi.
V l a d i m i r. Qasam ichib aytishim mumkinki, kimningdir hayqirig‘i eshitildi.
E s t r a g o n. Kimga hayqirdi?
V l a d i m i r. Otlarga.
Jimlik.
E s t r a g o n. Ketdik.
V l a d i m i r. Qayoqqa? (Sukut.) Balki bu tun uning uyida qorin to‘ydirib, issiq va quruq joyda, somon ustida uxlarmiz? Shuncha kutganimizga yarasha. Gapim to‘g‘rimi?
E s t r a g o n. Tuni bilan emas.
V l a d i m i r. Yana bir kun.
Jimlik.
E s t r a g o n. Qornim ochdi.
V l a d i m i r. Sabzi yeysanmi?
E s t r a g o n. Boshqa narsa yo‘qmi?
V l a d i m i r. Bir juft turp ham bor.
E s t r a g o n. Sabzini menga bera qol. (Vladimir cho‘ntaklarini kovlashtira boshlaydi, turpni chiqarib Estragonga beradi.) Rahmat. (Kovshanib, g‘amg‘in ohangda.) Bu turiku!
V l a d i m i r. Kechirasan! Sabzi ekanligiga ishonchim komil edi. (Yana cho‘ntaklarini kovlashtirib, turp chiqaradi.) Faqat turp. (Qidirishda davom etadi.) Aftidan oxirigisini sen yeding (Izlaydi.) Shoshma, mana. (Nihoyat sabzini chiqarib Estragonga uzatadi.) Mana, aziz qadrdonim. (Estragon sabzini qo‘li bilan artib, yeya boshlaydi.) Turpni menga ber. (Estragon unga turpni beradi.) Mayda chaynab yegin, boshqa yo‘q.
E s t r a g o n (kovshanib). Senga savol berdim.
V l a d i m i r. Xo‘sh?!
E s t r a g o n. Savolimga javob bermading.
V l a d i m i r. Sabzi shirinmikan?
E s t r a g o n. Mazali.
V l a d i m i r. Unda juda soz. (Jimlik.) Nima demoqchi eding?
E s t r a g o n. Yodimdan ko‘tarildi. (Tamshanadi.) Hamma gap ana shunda-da. (Mamnuniyat bilan sabziga tikiladi, barmoqlari uchida tutgancha, uni aylantirib tomosha qiladi.) Sabzing chakki emas. (Ishtaha bilan og‘ziga soladi.) Shoshma, esladim. (Sabzini tishlaydi.)
V l a d i m i r. Xo‘sh, nima ekan?
E s t r a g o n. (og‘zini to‘ldirib, parishonxotirlik bilan.) Bizni bandi qilishmaganmi?
V l a d i m i r. Hech narsa eshitmayapman.
E s t r a g o n (kovshanib, yutina turib). Sendan so‘rayapman, bizni bandi qilishmaganmi?
V l a d i m i r. Bandi?
E s t r a g o n. Ban-di.
V l a d i m i r. Bandi deganing nimasi?
E s t r a g o n. Qo‘l va oyoqlarimizni bog‘lashmaganmi.
V l a d i m i r. Kim? Kim bog‘laydi?
E s t r a g o n. Sening odaming.
V l a d i m i r. Godomi? Bu fikr qayerdan chiqdi? Bo‘lishi mumkin emas!
(Sukut.) Yo‘q… hali.
E s t r a g o n. Uning ismi Godomi?
V l a d i m i r. Menimcha, shunday.
E s t r a g o n. Quloq sol. (U sabzini poyasidan ushlab, ko‘z oldida aylantira boshlaydi.) Qiziq. Yeganing sayin bemazaligi sezilayapti.
V l a d i m i r. Menda esa aksi.
E s t r a g o n. Ya’ni?
V l a d i m i r. Yegan sayin mazasini olayotganga o‘xshayapman.
E s t r a g o n (uzoq o‘ylagandan so‘ng). Seningcha, teskari bo‘lish kerakmi?
V l a d i m i r. Hammasi g‘ayratga bog‘liq.
E s t r a g o n. Fe’l-atvorga.
V l a d i m i r. Chorasizga chora yo‘q.
E s t r a g o n. Ming chirangin, foydasi bo‘lmas.
V l a d i m i r. Qarirsan, qartarsan, asl naslingga tortarsan.
E s t r a g o n. Buzoqning yugurgani somonxonagacha.
V l a d i m i r. Taqdirdan qochib qutulib bo‘lmas.
E s t r a g o n. Nima ham qila olarding. (Qolgan sabzini Vladimirga uztadi.) Tugatib qo‘yasanmi?
Shunday yaqindan dahshatli qichqiriq eshitiladi. Estragon sabzini tushirib yuboradi. Ular joylarida qotib qolishadi, keyin o‘zlarini parda tomonga urishadi. Estragon yarim yo‘lda to‘xtaydi, qaytib, sabzini olib, cho‘ntagiga soladi-da, uni kutib turgan Vladimir tomon otiladi. Keyin yana to‘xtaydi, yana qaytadi, boshmog‘ini olib, Vladimir tomon yuguradi. Ular o‘girilganlaricha, boshlarini bukib, bir-birlarini quchgancha kutib turishadi. Potstso va Laki kirib keladi. Potstso Lakini uning bo‘yniga solingan arqondan tortib, yetaklab olgan. Shunday qilib oldin Laki paydo bo‘ladi, uzun arqon yetgunga qadar sahna o‘rtasiga yurib borgach ortidan Potstso paydo bo‘ladi. Laki og‘ir jomadon, yig‘ma kursi, meva-cheva solingan savat va palto(qo‘lida) ko‘tarib olgan. Potstsoning qo‘lida arqon.
P o ts ts o (parda ortidan). Tezroq! (Qamchi ovozi. Potstso paydo bo‘ladi. Ular sahnaga chiqishadi. Laki Estragon va Vladimir yonidan o‘tib, g‘oyib bo‘ladi. Arqon tortiladi. Potstso uni silkib tortadi.) Qayt! (Guppillagan ovoz eshitiladi. Laki lash-lushlari bilan ag‘nab tushadi. Vladimir va Estragon yordam beraylikmi yoki bizga taalluqli bo‘lmagan narsaga aralashmaganimiz ma’qulmi deb, ikkilanib unga tikilib qolishadi. Vladimir Laki tomon qadam tashlaydi. Estragon uning yengidan tortadi.)
V l a d i m i r. Qo‘yib yubor!
E s t r a g o n. O‘zingni bos.
P o ts ts o. Ehtiyot bo‘ling. U ayab o‘tirmaydi. (Estragon va Vladimir ajablanib tikilishadi.) Begonalarni.
E s t r a g o n (shivirlab). Bu o‘shami?
V l a d i m i r. Kim?
E s t r a g o n. Haligi…
V l a d i m i r. Godomi?
E s t r a g o n. Ha.
P o ts ts o. O‘zimni tanishtirishga izn bering. Potstso.
V l a d i m i r. Yo‘q.
E s t r a g o n. U Godo dedimi.
V l a d i m i r. E, yo‘q.
E s t r a g o n (Potstsoga). Taqsir, siz Godo emasmisiz?
P o ts ts o (qo‘rqinchli ovozda). Men Potstsoman! (Jimlik.) Bu ism sizlarga hech narsani anglatmayaptimi? (Jimlik.) Sizlardan so‘rayapman, bu ism sizlarga tanishmi?
Vladimir va Estragon bir-biriga hayron bo‘lib tikilishadi.
E s t r a g o n (go‘yo nimanidir eslamoqchidek bo‘lib). Bodzo… Bodzo…
V l a d i m i r (ilgargidek). Potstso…
P o ts ts o. Potstso!
E s t r a g o n. E, ha! Potstso… ha, ha… Potstso…
V l a d i m i r. Potstsomi yoki Bodzo?
E s t r a g o n. Potstso… esimda yo‘q.
V l a d i m i r (murosali ohangda). Men Godzo oilasini tanirdim… Beka kashtado‘zlik qilardi.
Potstso g‘azab bilan ular tomon yuradi.
E s t r a g o n (sergak tortib). Taqsir, biz bu yerlik emasmiz.
P o ts ts o (to‘xtab). Ha-a, bechora odamzot avlodi. (Ko‘zoynagini taqadi.) Ko‘rinib turibdi. (Ko‘zoynagini oladi.) Sizlar ham mening qavmimdansiz, shekilli (To‘satdan qah-qah otib kuladi.) Potstso qavmidagi odamlar. Yaratganning suyukli bandasi!
V l a d i m i r. Gap shundaki, biz…
P o ts ts o (keskin). Godo deganlaring kim?
E s t r a g o n. Godo?
P o ts ts o. Meni Godo deb o‘yladilaring.
V l a d i m i r. E, yo‘q, taqsir, bunday xayolga ham bormadik.
P o ts ts o. Kim u?
V l a d i m i r. Buuu-u, ha-aligi… tanishimiz.
E s t r a g o n. Qo‘ysang-chi, biz uni umuman tanimaymiz.
V l a d i m i r. Albatta… biz uni yaxshi bilmaymiz… biroq shunday bo‘lsa-da…
E s t r a g o n. Agar ko‘chada uchratib qolganimda ham uni tanimagan bo‘lardim.
P o ts ts o. Meni u deb o‘yladilaring.
E s t r a g o n. Gap shundaki, biz… qorong‘ulik… charchaganmiz… horiganmiz… kutaverib… tan olaman… tuyuldi… bir necha daqiqaga…
V l a d i m i r. Unga quloq solmang, taqsir, quloq solmang!
P o ts ts o. Kutaverib? Demak uni kutayotgan ekansizlar-da?
V l a d i m i r. Gap shundaki, biz…
P o ts ts o. Shu yerdami? Mening yerimda-ya?
V l a d i m i r. Hech bir yomon xayolga borganimiz yo‘q.
E s t r a g o n. Bizning niyatimiz xolis edi.
P o ts ts o. Yo‘l hamma uchun ochiq.
V l a d i m i r. Biz ham shunday fikrdamiz.
P o ts ts o. Sharmandalik, biroq bu haqiqat.
E s t r a g o n. Chorasizga chora yo‘q.
P o ts ts o (keskin ishora bilan). Buni unutaylik. (Arqonni tortadi.) Tur! (Jimlik.) Yiqilib tushishi bilan toshdek qotib uxlaydi. (Arqonni tortadi.) Turaqol, yaramas! (Lakining bir amallab turgani va narsalarini yig‘ishtirayotgani eshitilib turadi. Potstso arqonni silkitadi.) Ortga! (Laki sahnaga orqasi bilan yurib keladi.) To‘xta! (Laki to‘xtaydi.) Ortingga qayril! (Laki o‘giriladi. Vladimir va Estragonga xushmuomilalik bilan.) Do‘stlarim, sizlarni uchratganimdan xursandman. (Ularning ajablanib turganini ko‘rib, g‘ijinib.) Ha, ha, juda ham mamnunman. (Arqonni tortadi.) Yaqinroq kel! (Laki yaqinlasha boshlaydi.) To‘xta! (Laki to‘xtaydi. Vladimir va Estragonga.) Bilasizmi, manzil hamisha olis tuyuladi, bir o‘zing oqimga qarshi yo‘lga chiqqaningda… (soatiga qaraydi.) …oqimga qarshi… (sanaydi.) olti soat, ha, to‘g‘ri, dam olmasdan olti soat, biron tirik jon uchramadi. (Lakiga) Palto! (Laki jomadonni yerga qo‘yib, yurib kelib, paltoni tutqazadi-da, qaytib, jamadonni qo‘liga oladi.) Ma, ol. (Potstso unga qamchini tutqazadi, Laki uning yoniga keladi va qo‘li band bo‘lgani uchun qamchini tishi bilan oladi. Ortga qaytadi. Potstso paltoni kiya boshlab, to‘xtab qoladi.) Palto! (Laki narsalarni yerga qo‘yib, kelib, Potstsoga palto kiyishga yordamlashadi-da, qaytib narsalarni qo‘liga oladi.) Havoning salqinligi sezilayapti. (U nihoyat tugmalarini qadaydi, egilib, ust-boshiga qarab, qaddini rostlaydi.) Qamchi! (Laki kelib, egiladi; Potstso qamchini uning tishlari orasidan oladi; Laki ortga tisariladi.) Bilasizmi, azizlarim, men o‘zimga o‘xshaganlar toifasidan aslo ajralgim kelmaydi, (u o‘z toifasidagilarga ko‘z tashlaydi) hatto ular menga unchalik o‘xshamasalar-da. (Lakiga.) Kursi! (Laki yerga jomadoni va savatni qo‘yadi, kelib, kursini yoyib, o‘tirish uchun hozirlaydi-da qaytib jamadon va savatni ko‘tarib oladi. Potstso kursiga ko‘z tashlaydi.) Yaqinroq! (Laki yerga jomadon va savatni qo‘yib, kelib kursini yaqinroq qo‘yadi-da, qaytib jamadon va savatni qo‘liga oladi. Potstso o‘tirib, qamchining bir uchi bilan Lakining ko‘kragiga nuqib uni itaradi.) Ortga! (Laki ortga tisariladi.) Yana. (Laki yana ortga tisariladi.) To‘xta! (Laki to‘xtaydi. Vladimir va Estragonga.) Shuning uchun yana yo‘lda davom etishdan oldin ijozatlaringiz bilan bir oz muddatga yonlaringizda qolmoqchiman. (Lakiga.) Savat! (Lakki kelib, savatni uzatadi-da, ortga qaytadi.) Toza havoda, albatta, qorin tez ochqaydi. (Savatni ochib, pishirilgan tovuq, bir burda non va bir shisha sharob oladi. Lakiga.) Savat! (Laki kelib, savatni oladi-da, tisarilib to‘xtaydi.) Yana! (Laki ortga chekinadi.) O‘sha yerda! (Laki to‘xtaydi.) U juda sasib ketgan. (Shisha og‘zidan sharob simira turib.) Sizlarning sog‘ligingiz uchun. (U shishani qo‘yib, tamaddi qilishga tutinadi.)
Jimlik. Estragon va Vladimir bir oz dadillashadi va Lakini o‘rab olib, gir aylanib tomosha qila boshlashadi. Potstso ishtaha bilan tovuqni paqqos tushira boshlaydi, suyaklarini shimib, otib yuboradi. Laki to jomadon yerga tekkunga qadar sekin o‘tira boshlaydi, birdan turib, yana o‘tiradi. Uning harakatlari xuddi tik turib uxlayotgan odamning harakatiga o‘xshab ketadi.
E s t r a g o n. Unga nima bo‘lgan?
V l a d i m i r. Juda charchagan ko‘rinadi.
E s t r a g o n. Nima uchun narsalarni yerga qo‘ymaydi?
V l a d i m i r. Men qayerdan bilay? (Ular Lakiga yaqinroq borishadi.)
Ehtiyot bo‘l!
E s t r a g o n. Uni gapga solib ko‘rsak-chi?
V l a d i m i r. Qara!
E s t r a g o n. Nima?
V l a d i m i r (Ko‘rsatib). Bo‘yni.
E s t r a g o n. Men hech narsa ko‘rmayapman.
V l a d i m i r. Mana bu yerga tur.
Estragon Vladimir o‘rnini egallaydi.
E s t r a g o n. Ha-a, rost.
V l a d i m i r. Qonab ketgan.
E s t r a g o n. Arqonning izi.
V l a d i m i r. Shilib yuborgan.
E s t r a g o n. Nima demoqchi eding?
V l a d i m i r. Arqon tuguni.
E s t r a g o n. Juda xavfli.
Yana Lakini o‘rgana boshlashadi. Yuziga razm solishadi.
V l a d i m i r. Ko‘rinishi chakki emas.
E s t r a g o n (elka qisib, jirkanib aftini bujmaytiradi). Shunday deb o‘ylaysanmi?
V l a d i m i r. Bir oz nozikroq ekan.
E s t r a g o n. Uning so‘lagi oqayapti.
V l a d i m i r. Zo‘riqqanidan.
E s t r a g o n. Qara, ko‘pik.
V l a d i m i r. Balki u telbadir?
E s t r a g o n. Ahmoq.
V l a d i m i r (bo‘ynini cho‘zib). Buqog‘i bor ekan.
E s t r a g o n (bo‘ynini cho‘zib). Bu taxmin xolos.
V l a d i m i r. U nafas olishga qiynalayapti.
E s t r a g o n. Qo‘rqadigan joyi yo‘q.
V l a d i m i r. Ko‘zlariga qaragin!
E s t r a g o n. Nima bo‘pti?
V l a d i m i r. Qorachiqlari kattalashibdi.
E s t r a g o n. Nazarimda uning joni uzilayapti.
V l a d i m i r. Bu hali aniq emas. (Jimlik.) Undan biron narsa so‘ra-chi.
E s t r a g o n. Shartmikan?
V l a d i m i r. Osmon uzilib yerga tusharmidi?
E s t r a g o n (ikkilanib). Taqsir…
V l a d i m i r. Qattiqroq.
E s t r a g o n (ovozini balandlatib). Taqsir…
P o ts ts o. Uni tinch qo‘yinglar! (Ular endigina ovqatlanib bo‘lib, og‘zini yengi bilan artayotgan Potstso tomon o‘girilishadi.) U mizg‘ib olmoqchi ekanini ko‘rmayapsizlarmi? (U mushtugini olib, uni to‘ldira boshlaydi. Yerda yotgan tovuq suyaklariga Estragonning ko‘zi tushib, tamshanib qarab qoladi. Potstso gugurt chaqib mushtukni tutatmoqchi bo‘ladi.) Savat! (Laki qimir etmaydi. Potstso gugurtni otib yuborib, g‘azab bilan arqonni tortadi.) Savat! (Laki sal bo‘lmasa yiqilib tushgudek bo‘lib, zo‘rg‘a ko‘zlarini ochadi, kelib shishani savatga soladi-da, joyiga qaytib yana mizg‘iy boshlaydi. Estragon suyaklardan ko‘zini uzolmay qoladi. Potstso ikkinchi gugurt cho‘pini chaqib, mushtukni tutatadi.) Na chora, bu ishni u eplay olmaydi. (Tamaki tortib, oyoqlarini uzatadi.) Oh! Mana bu boshqa gap.
E s t r a g o n (ikkilanib). Taqsir…
P o ts ts o. Og‘ayni, nima gap?
E s t r a g o n. Ha-a… sizga endi kerak emasmi… haligi… bularni tashab yuborasizmi… suyaklarni… taqsir?
V l a d i m i r (g‘ashi kelib). Sabr qilib turolmadingmi?
P o ts ts o. Hechqisi yo‘q, hechqisi yo‘q, aslo xijolat tortmang. Suyak kerak emasmi deysizmi? (Ularni qamchi bilan ag‘daradi.) Yo‘q, shaxsan menga kerak emas. (Estragon suyak tomon qadam tashlaydi.) Biroq… (Estragon to‘xtaydi.) Aslida uning egasi hammol. Shunday ekan, buni undan so‘raganingiz ma’qul. (Estragon Laki tomon yuzlanib, ikkilanib qoladi.) So‘rang, so‘rayvering, qo‘rqmang. U sizga aytadi.
Estragon Lakiga yaqinlashib, oldida to‘xtaydi.
E s t r a g o n. Taqsir… ma’zur tutasiz, taqsir…
Laki qimir etmaydi. Potstso qamchini ishga soladi. Laki boshini ko‘taradi.
P o ts ts o. Sendan so‘rashayapti, to‘ng‘iz, javob ber. (Estragonga.) So‘rang.
E s t r a g o n. Kechirasiz, taqsir, suyaklar kerak emasmi?
Laki bir muddat Estragonga tikilib qoladi.
P o ts ts o (kinoya aralash). Taqsir! (Laki boshini xam qiladi.) Javob ber! Ularni yeysanmi, yo‘qmi? (Laki lom-lim demaydi. Estragonga.) Ular sizniki. (Estragon suyakka tashlanib, ularni g‘ajiy boshlaydi.) Juda g‘alati. U birinchi marta rizqidan voz kechayapti. (U Lakiga tashvishlanib tikilib qoladi.) Ishqilib bunaqa hazillari bilan o‘zini kasalga solib olmasa edi! (Arqon tugunini siqib bog‘laydi.)
V l a d i m i r (kutilmaganda). Qanday sharmandalik!
Jimlik. Estragon taajjublanib, suyak g‘ajishdan to‘xtaydi va navbat bilan bir Vladimirga, bir Potstsoga tikiladi. Potstsoning parvoyi falak. Vladimir to‘xtovsiz tutoqadi.
P o ts ts o. Biror narsani nazarda tutib shunday dedingizmi?
V l a d i m i r (ming‘irlagan ohangda). Odamga bunday munosabatda bo‘lish… (Lakini ko‘rsata turib) bu holni men… odamzotga nisbatan… yo‘q… bu sharmandalik!
E s t r a g o n (chetda qolishni istamay). Qanday sharmandalik! (Yana suyakni kemirishga tushadi.)
P o ts ts o. Juda shartaki ekansiz. (Vladimirga) Betgachoparligim uchun ma’zur tutasiz, yoshingiz nechada? (Sukut.) Oltmish?.. Yetmish?.. (Estragonga.) Uning yoshi nechada bo‘lishi mumkin?
E s t r a g o n. O‘zidan so‘rang.
P o ts ts o. Beodoblik qilmoqchi emasman. (Mushtugini olib, uni qamchiga urib, o‘rnidan turadi) Biroq ketishim kerak. Hamsuhbat bo‘lganlaring uchun rahmat. (O‘ylanadi.) Yoki sizlar bilan bir tamaki tortsammikan? Bunga sizlar nima deysizlar? (Ular lom-mim deyishmaydi.) Men juda kam chekaman, juda kam. Ko‘p chekishga unchalik odatlanmaganman. Bu (mushtukni yuragi ustiga olib boradi) yurak urishini tezlatadi. (Jimlik.) Tamaki – ming o‘zingni asraganingga qaramay, darmoningni so‘rib oladi. (Xo‘rsinadi.) Na chora. (Sukut.) Balki sizlar chekmassizlar? Shundaymi? Yo‘q? Darvoqe, gap hozir bunda emas. (Jimlik.) Turib qo‘ygan bo‘lsam, endi qanday qilib o‘tiraman? Irodasiz odam bo‘lib ko‘rinishni istamayman. (Vladimirga.) Nima? (Jimlik.) Balki siz hech narsa demagandirsiz? (Jimlik.) Ahamiyati yo‘q. Shunday qilib… (O‘ylanib qoladi.)
E s t r a g o n. Ha-a! Shunisi ma’qulroq. (Suyakni tashlaydi.)
V l a d i m i r. Ketdik.
E s t r a g o n. Darrovmi?
P o ts ts o. Shoshmanglar! (Arqonni tortadi.) Kursi! (Qamchi bilan ko‘rsatadi. Laki kursi qo‘yadi.) Yaqinroq! Shu yerga! (U o‘tirib oladi. Laki ortga tisarilib, jomadon va savatni qo‘liga oladi.) Mana, yana o‘tirib oldim! (Mushtukni to‘ldira boshlaydi.)
V l a d i m i r. Ketdik!
P o ts ts o. Ishqilib, ketishlaringga men sababchi emasmanmi? Yana bir oz qolinglar, afsuslanmaysizlar.
E s t r a g o n (bir narsadan umidvor bo‘lib). Bizning vaqtimiz bemalol.
P o ts ts o (mushtukni tutadi). Birinchisiga qaraganda (Mushtukni og‘zidan chiqarib, uni tomosha qila boshlaydi) ikkinichisi hamisha yomon, sizlarga aytib qo‘yay. (Yana mushtukni og‘ziga soladi.) Biroq, u ham yomon emas.
V l a d i m i r. Men ketdim.
P o ts ts o. U aftidan menga toqat qilolmayotganga o‘xshaydi. Men, albatta, odamoxun odam emasman, biroq shu sabab bo‘la oladimi? (Vladimirga.) Xato qilishdan oldin, yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Deylik, atrofga qorong‘u tushmasdan hozir ketdingiz ham deylik. (Uchalasi ham osmonga tikiladi). Xo‘sh, keyinchi. Keyin nima bo‘ladi… (Mushtukni og‘zidan chiqarib, unga tikiladi.) …o‘chib qoldi… (mushtukni yoqadi) u holda… u holda… u holda nima bo‘ladi? …Haligi uchrashuvlaring nima bo‘ladi, anavi bilan… Godemi… Godomi… Godami… (Jimlik.) Xullas, kimni nazarda tutayotganimni bilasizlar. Kelgusi taqdirlaringiz axir unga bog‘liq-ku. (Jimlik.) Deylik sizning yaqin kelajagingiz.
E s t r a g o n. U rost aytayapti.
V l a d i m i r. Buni siz qanday bildingiz?
P o ts ts o. Eh, u yana meni savolga tutayapti. Mana shu taxlit samimiy va qadrdon do‘st bo‘lib qolamiz.
E s t r a g o n. Nega u narsalarini qo‘lidan qo‘ymaydi.
P o ts ts o. Uni uchratsam men ham o‘zimni baxtiyor hisoblardim. Qancha ko‘p odamni uchratsam, shuncha o‘zimni baxtiyor his etaman. Hatto eng yaramas odam ham senga nimadandir saboq berishi, o‘rnak bo‘lishi, baxtli ekanligingni yaxshi his etishingga ko‘maklashishi mumkin. Hatto sizlardan ham ( u har birining ko‘ziga tik qarash uchun ikkalasiga galma-gal ko‘z tashlaydi) hatto sizlardan ham, ehtimol, nimalardir o‘rgangandirman.
E s t r a g o n. Nega u narsalarini qo‘lidan qo‘ymaydi.
P o ts ts o. Bu meni hayron qoldirgan bo‘lardi.
V l a d i m i r. Sizga savol berishdi.
P o ts ts o (quvnoq ohangda). Savol? Kim? Qanaqa savol? (Jimlik.) Hozirgina siz, men bilan gaplasholmay, qaltirab turgandingiz. Endi esa meni savolga tutayapsiz. Buning oqibati yaxshi bo‘lmaydi.
V l a d i m i r (Estragonga). Aftidan u gapingni eshitganga o‘xshaydi.
E s t r a g o n. (yana Laki atrofida o‘ralasha boshlaydi.) Nima?
V l a d i m i r. Endi savolingni unga ber, u bemalol eshitishi mumkin.
E s t r a g o n. Nimani so‘rayman?
V l a d i m i r. Nega narsalarini yerga qo‘ymaydi, deb.
E s t r a g o n. Buni men o‘zimdan so‘rayapman.
V l a d i m i r. Undan so‘rab qo‘ya qol.
P o ts ts o. (kutilmagan savoldan dovdirab qolishdan tashvishlanib ularning suhbatiga quloq tutadi). Nega u qo‘lidagi narsalarni yerga qo‘ymaydi, deb mendan so‘ramoqchisizlar, shundaymi?
V l a d i m i r. Shunday.
P o ts ts o (Estragonga.) Siz ham qo‘shilasizmi?
E s t r a g o n (Lakining atrofidan nari ketolmay). Xuddi bug‘uga o‘xshab pishillashini qarang.
P o ts ts o. Savolingizga hozir javob beraman (Estragonga.) O‘tinaman,
O‘zingizni bosing. Mening jahlimni chiqaryapsiz.
V l a d i m i r. Bu yoqqa kel.
E s t r a g o n. Nima bo‘ldi?
V l a d i m i r. Hozir u negaligini aytar ekan.
Ular yonma-yon turgancha, jim bo‘lib kuta boshlashadi.
P o ts ts o. Juda soz. Hamma shu yerdami? Hamma menga qarab turibdimi? (Lakiga qaraydi, arqonning uchini tortadi. Laki boshini ko‘taradi.) Menga qara, yaramas! (Laki unga qaraydi.) Juda soz. (U mushtukni cho‘ntagiga solib, kichkina purkagichni oladi-da, bo‘yniga sepadi, keyin cho‘ntakka joylab, yo‘taladi, tupiradi, yana po‘rkagichni olib, tomog‘iga sepadida, uni qayta joylaydi.) Men tayyorman. Hamma quloq solayaptimi? (Lakiga qaraydi, arqon uchini tortadi.) Bu yoqqa kel! (Laki unga yaqinlashadi.) Shu yerda! (Laki to‘xtaydi.) Hamma tayyormi? (U uchalasiga ham navbat bilan ko‘z tashlab, oxirida Lakida to‘xtaydi. Arqon uchini tortadi.) Nima gap? (Laki boshini ko‘taradi.) Men behudaga gapirishni istamayman. Yaxshi. Bo‘pti. (O‘yga toladi.)
E s t r a g o n. Men ketdim.
P o ts ts o. O‘zi mendan nimani so‘ragandilaring?
E s t r a g o n. Nima uchun u…
P o ts ts o (qahri kelib). Gapimni bo‘lmang! (Sukut. Bir oz yumshab.) Agar hammamiz birdaniga gapiradigan bo‘lsak, hech kim bir-birini eshitmaydi. (Jimlik.) Men nima deyotgan edim? (Jimlik. Balandroq tovushda.) Nima deyotgan edim?
Vladimir og‘ir yuk ko‘tarib olgan odamdek, munkayib oladi. Potstso unga ajablanib tikilib qoladi.
E s t r a g o n (zo‘riqqandek). Narsalarni! (Barmog‘i bilan Lakiga ishora qiladi.) Nima uchun ko‘tarib olgan? (Munkaygan, zo‘rg‘a nafas olayotgan odamni tasvirlaydi.) Yerga qo‘ymaydi. (Qo‘llarini yozib, qaddini tiklab, yengil nafas oladi.) Nima uchun?
P o ts ts o. Tushunarli. Oldinroq aytish kerak edi. Nima uchun u o‘ziga ortiqcha tashvish orttirgan? Tushunishga harakat qilamiz. Bunga uning haqqi bormi? Ha. Demak, uning o‘zi istamaydi. Tushunarlimi? Nima uchun istamaydi deysizmi? (Jimlik.) Janoblar, hozir sizlarga aytaman.
V l a d i m i r. Diqqat!
P o ts ts o. Unga shafqat qilishim uchun mening e’tiborimni qozonmoqchi bo‘layapti.
E s t r a g o n. Qanaqasiga axir?
P o ts ts o. Ehtimol, tushuntirib bera olmayotgandirman. Uni tashlab qo‘ymasligim uchun mening rahmimni keltirmoqchi. Yo‘q, bu butunlay boshqa narsa.
V l a d i m i r. Undan qutulish niyatidamisiz?
P o ts ts o. U meni laqillatmoqchi bo‘layapti, biroq men ham anoyilardan emasman.
V l a d i m i r. Rostdan undan qutulishni istaysizmi?
P o ts ts o. U agar yaxshi hammollik qilsam, keyinchalik ham mening xizmatimdan foydalanadi deya xomxayol qilayapti.
V l a d i m i r. Endi u sizga kerak emasmi?
P o ts ts o. Aslida-ku, eshshakdek yuk ko‘taradi. Biroq bu ish unga to‘g‘ri kelmaydi.
V l a d i m i r. Undan qutilishni istaysizmi?
P o ts ts o. Agar yuk ko‘tarib charchamasligimni ko‘rsa, xo‘jayin o‘z qarorini o‘zgartiradi degan xayolda. Butun o‘y-xayoli shu. Go‘yo undan boshqa ishchilarim yo‘qdek! (Uchalasi ham Lakiga qaraydi.) Yupiter o‘g‘li, Atlas! (Sukut.) Mana shunday. Hamma savollaringizga javob berdim, deb o‘ylayman. Yana savollaringiz bormi? (Purkagich bilan harakatni yana takrorlaydi.)
V l a d i m i r. Undan qutulishni istaysizmi?
P o ts ts o. Baraka topgur, agar taqdir shuni ravo ko‘rmaganida men uning, u esa mening o‘rnimda bo‘lishi mumkin edi. Har kimning o‘z qismati bor.
V l a d i m i r. Undan qutulishni istaysizmi?
P o ts ts o. Nimalar deyapsiz?
V l a d i m i r. Undan butkul qutulishni istaysizmi?
P o ts ts o. To‘g‘ri. Biroq, buning o‘rniga, ya’ni haydagandan ko‘ra, nima ham qilishim mumkin? Aytmoqichimanki, orqasiga bir tepib, ko‘chaga haydamay, rahm qilib, muqaddas Xaloskor bozoriga olib boraman. O‘ylaymanki, u yerda unga biron narsa nasib etadi. Rostini aytsam, bunga o‘xshaganlarni haydab yuborib bo‘lmaydi. Yaxshisi ularni o‘ldirgan ma’qul.
Laki yig‘lashga tushadi.
E s t r a g o n. U yig‘layapti.
P o ts ts o. Hatto itning ham g‘ururi bundan balandroq. (Estragonga ro‘molchasini tutadi.) Shunchalik rahmingiz kelayotgan bo‘lsa, yupata qoling. (Estragon ikkilanib qoladi.) Oling. (Estragon ro‘molchani oladi.) Uning yoshlarini arting. O‘zini bunchalik xo‘rlangan hisoblamasin.
Estragon bir qarorga kelolmay ikkilanadi.
V l a d i m i r. Bu yoqqa ber, buni men qilaman.
Estragon ro‘molchani bergisi kelmaydi. Bolalarcha mung‘ayadi.
P o ts ts o. Shoshiling. Tez orada yig‘lashdan to‘xtaydi. (Estragon Lakiga yaqinlashib, ko‘z yoshlarini armtoqchi bo‘ladi. Laki zarb bilan uning oyog‘iga tepadi. Estragon ro‘molchani tushirib yuboradi, qochib, og‘riqdan chinqirib, cho‘loqlanib, aylana bo‘ylab yugura boshlaydi.) Ro‘molcha. (Laki jamadon va savatni yerga qo‘yib, ro‘molchani oladi, yaqin kelib uni Potstsoga tutqazadi, ortga chekinib, jamadon va savatni qo‘liga oladi.)
E s t r a g o n. Yaramas! Ablah! (Ishtonini shimaradi.) U meni mayib qildi!
P o ts ts o. Begonalarni yoqtirmaydi, deb sizlarni ogohlantirgandim-ku.
V l a d i m i r. (Estragonga). Ko‘rsat-chi. (Estragon unga oyog‘ini ko‘rsatadi. Potstsoga, g‘azabi kelib.) Oyog‘idan qon oqayapti!
P o ts ts o. Bu yaxshilik alomati.
E s t r a g o n (oyog‘ini osiltirib turgancha). Endi yura olmayman shekilli?!
V l a d i m i r (hamdardlik bilan). Seni o‘zim ko‘tarib olaman. (Jimlik.) Rostdan ham yurolmaydigan bo‘lsang.
P o ts ts o. U yig‘idan to‘xtadi. (Estragonga.) Qaysidir ma’noda uning o‘rnini siz egalladingiz. (Zavqi kelib.) Odamning ko‘z yoshi buloqday gap. Biror joyda birov boshlasa, boshqa yerda kimdir yig‘idan to‘xtaydi. Kulgi ham shunday. (Kuladi.) Davrimiz haqida yomon gaplarni gapirmaylik, oldingiga qiyoslaganda unchalik xatarli emas. (Sukut.) Uni maqtamaganimiz ham ma’qul. (Jimlik.) U haqida umuman gaplashmaymiz. (Sukut.) Ha, sodda odamlar rostdan ko‘payganga o‘xshaydi.
V l a d i m i r. Yurishga urinib ko‘r. (Estragon cho‘loqlanib yura boshlaydi, Laki oldida to‘xtab, unga tupirib, parda ko‘tarilishdan oldin o‘tirgan joyiga borib cho‘kadi.)
P o ts ts o. Bilasizmi, bularning barini menga kim o‘rgatgan? (Jimlik. Barmog‘i bilan Lakiga ishora qilib.) U!
V l a d i m i r (osmonga ko‘z tashlab). Qachon qorong‘u tushar ekan?
P o ts ts o. Usiz mening kechinma va fikrlarim kasbim taqazosidan kelib chiqib, xayoliy narsalar bilan band edi. …darvoqe, bu muhim emas. Go‘zallik, mehribonlik, oliy haqiqat – bularning bari ilgari bir xayol edi. Shunda men o‘zimga qiziqchi yolladim.
V l a d i m i r (beixtiyor osmonga tikilishdan to‘xtab). Qiziqchi?
P o ts ts o. Buning davom etayotganiga ham oltmish yilcha bo‘lib qoldi… (Xayolan sanay boshlaydi.) …ha, hademay oltmish yil. (Qaddini g‘oz tutib.) Meni bu yoshda deb o‘ylamaysizlar, to‘g‘rimi? (Vladimir Lakiga qaraydi.) Uning yonida men yoshgina yigitga o‘xshayman, to‘g‘rimi? (Jimlik. Lakiga.) Shlyapa! (Laki yerga savatni qo‘yib, boshidan shlyapasini oladi. Oppoq, qalin sochlar uni keksa qilib ko‘rsatadi. U shlyapani qo‘ltig‘iga qistirib, savatni qo‘liga oladi.) Endi esa qaranglar. (Potstso o‘z shlyapasini oladi. Tap-taqir boshi ko‘rinadi. Shlyapani kiyadi.) Ko‘rdingizmi?
V l a d i m i r. Qiziqchi nima degani?
P o ts ts o. Bu yerlik emasmisizlar? Qaysi asrda yashayapsizlar? Ilgari odamlar masxaraboz yollashardi, endi qiziqchilarni. Albatta, bunga imkoniyati bo‘lganlar.
V l a d i m i r. Endi uni haydamoqchi bo‘layapsizmi? Shunday keksa va sodiq xizmatkorni-ya?
E s t r a g o n. Ahmoq!
Potstso lahza sayin asabiylasha boshlaydi.
V l a d i m i r. Bor haqiqatni bilib olganingizdan keyin, uni xuddi… (so‘z topolmay qiynaladi) …banan po‘chog‘iday tashlab yubormoqchimisiz? Inkor qilmang, siz uni…
P o ts ts o (boshini qo‘llari orasiga olib, zorlana boshlaydi). Ortiq toqat qilolmayman… chiday olmayman… u nima qilayapti … tushunmayapsiz … dahshat … u ketishi kerak (qo‘lini ko‘kka qilib) …hozir aqldan ozaman… (holsizlanib, boshini qo‘llari orasiga oladi.) Bunga ortiq chiday olmayman… chiday olmayman…
Sukut. Hamma Potstsoga tikiladi. Lakiga jon kirgandek bo‘ladi.
V l a d i m i r. U ortiq chiday olmaydi.
E s t r a g o n. Bu dahshat.
V l a d i m i r. U aqldan ozayapti.
E s t r a g o n. Juda be’mani.
V l a d i m i r (Lakiga). Qanday haddingiz sig‘di? Uyat emasmi? Shunday oqibatli odamni-ya?! Shunchalik ham xo‘rlaydimi? Shuncha yillik qadrdon ekansizlar! Ishonging kelmaydi!
P o ts ts o (xo‘rsinib). Ilgari… u yaxshi edi… menga yordam berardi… meni kuldirardi… ko‘nglimni olishga intilardi… endi esa… meni tiriklay go‘rga tiqmoqchi…
E s t r a g o n (Vladimirga). Uni boshqasiga almashtirmoqchimi?
V l a d i m i r. Qanaqasiga?
E s t r a g o n. Tushunolmay qoldim, nima qilmoqchi? Boshqasiga almashtirmoqchimi yoki hech kimni yoniga yaqinlashtirmoqchi emasmi?
V l a d i m i r. Bunday deb o‘ylamayman.
E s t r a g o n. Qanaqasiga?
V l a d i m i r. Bilmadim.
E s t r a g o n. So‘rab ko‘rish kerak.
P o ts ts o (xotirjam). Janoblar, meni nima jin urganini bilmayman. Sizlardan kechirishingizni so‘rayman. Barchasini unuting. (Asta-sekin bosiq ohangda.) Nimalar dedim, aniq yodimda yo‘q. Biroq ishonchingiz komil bo‘lsinki, aytganlarimda zig‘ircha ham haqiqat yo‘q. (Qaddini rostlab, ko‘ksiga mushtlaydi.) Nahotki, afti angorim azob chekkan odamnikiga o‘xshasa? Qaranglar! (Cho‘ntaklarini titkilaydi.) Mushtugimni qayerga qo‘ydim?
V l a d i m i r. Ajoyib oqshom.
E s t r a g o n. Unutilmas.
V l a d i m i r. Hali oqshom tugagani yo‘q.
E s t r a g o n. Shunaqa shekilli.
V l a d i m i r. U endi boshlanayapti.
E s t r a g o n. Dahshat.
V l a d i m i r. Xuddi kinodagidek.
E s t r a g o n. Sirkdagidek.
V l a d i m i r. Musiqali tomoshadagidek.
E s t r a g o n. Sirkdagidek.
P o ts ts o. Mushtugimni qayerga qo‘ydim ekan?
E s t r a g o n. Kulgili! Ermagini yo‘qotib qo‘yibdi! (Qah-qah otib kuladi.)
V l a d i m i r. Hozir kelaman. (Parda orqasiga yo‘l oladi.)
E s t r a g o n. Yo‘lakdan, chapga.
V l a d i m i r. Mendan keyin navbat olib qo‘y. (Chiqadi.)
P o ts ts o. Men chilimimni yo‘qotib qo‘ydim!
E s t r a g o n (qah-qahadan o‘zini to‘xtatolmay). Kula-kula o‘laman!
P o ts ts o (boshini ko‘tarib). Mabodo ko‘zingiz tushmadimi… (Vlamidirning yo‘qligini sezadi. Ajablanib.) E! U ketdimi!.. Xayrlashmasdan-a! Bu odobdan emas! Uni to‘xtatib qolishiningiz kerak edi.
E s t r a g o n. Uni to‘xtatish shart emas.
P o ts ts o. E! (Sukut.) U holda mayli.
E s t r a g o n (o‘rnidan turayotib). Bu yoqqa keling.
P o ts ts o. Nima uchun?
E s t r a g o n. Hozir ko‘rasiz.
P o ts ts o. O‘rnimdan turishimni xohlayapsizmi?
E s t r a g o n. Bu yoqqa… bu yoqqa… tezroq.
Potstso o‘rnidan qo‘zg‘alib Estragon tomon yo‘naladi.
E s t r a g o n. Qarang!
P o ts ts o. Voy-bo‘!
E s t r a g o n. Shuni ayting.
Vladimir qovog‘i solingan holda sahnaga qaytadi. Kursini oyog‘i bilan ag‘darib yuborib, Lakini turtib o‘tadi. Asabiy u yoqdan bu yoqqa yura boshlaydi.
P o ts ts o. Nimadandir xafami?
E s t r a g o n (Vladimirga). Zo‘r tomoshani ko‘rmay qolding. Afsus.
Vladimir yurishdan to‘xtab, kursini to‘g‘irlaydi-da, yana u yoqdan bu yoqqa yura boshlaydi, biroq endi ancha bosiq ko‘rinishda.
P o ts ts o. Sekin tinchlanayapti. (Atrofga alanglaydi.) Hammayoq tinchlanayotganga o‘xshaydi, ko‘nglim sezayapti. Osoyishtalik va sukut zabtiga olayapti. (Qo‘lini ko‘taradi.) Janob uxlayapti.
V l a d i m i r (yurishdan to‘xtab). Qachon qorong‘u tushar ekan?
Uchalasi ham osmonga qaraydi.
P o ts ts o. Ertaroq ketishni istamaysizmi?
E s t r a g o n. Gap shundaki, haligi… o‘zingiz yaxshi bilasiz…
P o ts ts o. Hijolat bo‘lmang, hijolat bo‘lmang… Men bilan ham uchrashuv belgilangan bo‘lganida, haligi Godami… Godemi… Godomi… xullas, kim haqida gapirayotganimni bilasizlar, ketmasdan, yarim tungacha bo‘lsa ham kutgan bo‘lardim. (Kursiga qaraydi.) Yana juda o‘tirgim kelayapti. Biroq, qanday uddalashni bilmayman.
E s t r a g o n. Sizga yordamlashsam bo‘ladimi?
P o ts ts o. Bo‘ladi, faqat yaxshilab iltimos qilsangiz…
E s t r a g o n. Nima?
P o ts ts o. Mendan o‘tirishimni iltimos qiling.
E s t r a g o n. Bu sizga yordam beradimi?
P o ts ts o. Aftidan, shunday.
E s t r a g o n. Bo‘pti. Iltimos, o‘tira qoling, janobi oliylari.
P o ts ts o. Yo‘q, yo‘q. Hojati yo‘q. (Jimlik. Shivirlab.) Yolvorib so‘rang…
E s t r a g o n. Bo‘la qolsangiz-chi, tik turishning nima keragi bor? Shamollab qolishingiz mumkin.
P o ts ts o. Shunday deb o‘ylaysizmi?
E s t r a g o n. Emasam-chi, albatta.
P o ts ts o. Mayli, sizning aytganingiz bo‘lsin. (O‘tiradi.) Rahmat, azizim.
Mana, yana o‘tirib oldim. (Estragon o‘tiradi. Potstso soatiga ko‘z tashlaydi.) Biroq, kech qolishni istamasam, endi ketishim kerak.
V l a d i m i r. Vaqt to‘xtab qoldi.
P o ts ts o (soatga qulog‘ini qo‘yib). Bunday xayolga bormang, taqsir, bunday xayolga bora ko‘rmang. (Soatni cho‘ntagiga soladi.) Istagan xayolga boring, faqat bunday demang.
E s t r a g o n (Potstsoga). Bugun hamma narsa uning ko‘ziga teskari bo‘lib ko‘rinayapti.
P o ts ts o. Osmondan boshqasi. (Qoyillatib hazillashganidan miriqib kuladi.) Tinchlaning, hammasi yaxshi bo‘ladi. Hammasi menga besh qo‘lday ayon-ku. Sizlar bu yerlik emassizlar, oqshomlarimiz qanday bo‘lishini bilmaysizlar. Istasangiz, aytib berishim mumkin? (Jimlik. Estragon va Vladimir alanglaydi, biri – shlyapaga, ikkinchisi – boshmoqqa tikiladi. Laki shlyapasini tushirib yuborganini sezmay ham qoladi.) Sizlarni bir xursand qilish niyatidaman. (Purkagich bilan bo‘lgan harakat yana takrorlanadi.) E’tiboringizni menga qarating. (Estragon va Vladimir o‘z ishlarida davom etishadi. Laki mizg‘iy boshlaydi. Potstso qamchini silkitadi, biroq qamchining ovozi tuzuk-quruq eshitilmaydi.) Bu qamchiga nima bo‘ldi? (Qamchini yana ko‘tarib silkiydi, bu gal qattiq ovoz chiqadi. Laki seskanib tushadi. Estragon va Vladimirning qo‘lidan boshmoq bilan shlyapa tushib ketadi. Potstso qamchini yerga tashlaydi.) Bu qamchining ortiq menga keragi yo‘q. (Ikkala tinglovchiga qaraydi.) Nima deyotgan edim?
V l a d i m i r. Ketamiz.
E s t r a g o n. Bunday turmang, aks holda shamollab qolasiz.
P o ts ts o. To‘g‘ri (O‘tiradi. Estragonga.) Ismi-shariflari nima edi?
E s t r a g o n (sukut saqlamay). Katull.
P o ts ts o (eshitmay). Ha-ya, oqshom. (Boshini ko‘taradi.) Bir oz e’tiborli bo‘lsangiz, yo‘qsa, gapimiz qovushadiganga o‘xshamaydi. (Osmonga tikiladi.) Qaranglar. (Yana mizg‘iy boshlagan Lakidan boshqa hamma osmonga qaraydi. Potstso buni sezib qolib, arqonni tortadi.) Osmonga qarashni istamaysanmi, to‘ng‘iz! (Laki boshini ko‘taradi.) Bo‘pti, yetarli. (Ular boshlarini tushirishadi.) Xo‘sh, nimasi g‘alati? Mana shu oqshomning? Oqshom payti boshqa osmonlar qanday bo‘lsa xuddi shunday bir oz yorug‘ va rangpar. (Jimlik.) Mana shu kengliklarda. (Jimlik.) Ob-havo yaxshi paytlari. (Ohangdor qilib davom etadi.) Bir soat oldin (soatiga ko‘z tashlaydi, jarangdor yoki shunga yaqinroq shoirona ohangga o‘tadi), ertalabki saot o‘ndan buyon bizga nur sochib turgan yorug‘lik, asta-sekin rangini yo‘qotib, xiralashib boraveradi (qo‘lini ko‘tarib, asta-sekin tushira boshlaydi), boraveradi, oz-ozdan, oz-ozdan, toki (chuqur jimlik, qo‘lini keng yozib), xo‘p. Albatta! Endi ortiq harakatlanmaydi. (Sukut.) Biroq (tantanavor qo‘lini ko‘taradi), biroq, bu jimlik va osoyishtalikning qatida (Lakidan boshqa hamma unga ergashib harakat qiladi, osmonga ko‘z tashlaydi) tun shitob bilan bostirib keladi-da, (uning ovozi titrab chiqadi) bizni bag‘riga oladi (barmoqlarini qarsillatadi) ko‘z ochib yumguncha! Mana shunday. (Tantanavor ohang uni tark etadi.) Hech birimiz mutlaqo kutmagan bir paytda. (Jimlik. Qahrli ovoz bilan.) Bu ko‘hna dunyoda hammasi ana shunday kutilmaganda yuz beradi.
Uzoq jimlik.
E s t r a g o n. Hammasini oldindan bilsang.
V l a d i m i r. Kutaverishing mumkin.
E s t r a g o n. Kutayotganingni bilasan.
V l a d i m i r. Hech narsadan tashvishga tushmaysan ham.
E s t r a g o n. Faqat kutish kerak.
V l a d i m i r. Biz bunga ko‘nikkanmiz. (Shlyapasini olib, ichiga qaraydi. Qoqib, qayta kiyadi.)
P o ts ts o. Menga qanday baho berasizlar? (Estragon va Vladimir hayron bo‘lib unga tikiladi.) Yaxshi? O‘rta? Bir nav? O‘rtacha? Rostdan ham yomonmi?
V l a d i m i r (gap nimadaligini payqab). E, juda zo‘r. Qoyilmaqom.
P o ts ts o (Estragonga). Siz-chi, taqsir?
E s t r a g o n (inglizcha talaffuz bilan). Juda yaxshi, juda, juda ham yaxshi.
P o ts ts o (hissiyot aralash). Rahmat, janoblar! (Jimlik.) Daldangiz ko‘nglimni ko‘tardi. (O‘ylaydi.) Oxirrog‘ida bir oz o‘zimni yo‘qotib qo‘ygandim. Sizlar buni sezdilaringmi?
V l a d i m i r. Bir ozgina, xolos.
E s t r a g o n. Buni ataylab qildingizmi, deb o‘ylabman.
P o ts ts o. Gap shundaki, mening xotiram chatoq.
Jimlik.
E s t r a g o n. Kutganingda hech narsa yuz bermaydi.
P o ts ts o (xafsalasi pir bo‘lib). Sizlarga zerikarlimi?
E s t r a g o n. Ochig‘i, shunday.
P o ts ts o (Vladimirga). Sizga-chi, taqsir?
V l a d i m i r. Bundan quvnoqroq bo‘lgan paytlar ham bo‘lgan.
Jimlik. Potstso o‘zidan toqatsizlana boshlaydi.
P o ts ts o. Janoblar, oldingizda juda hijolatliman.
E s t r a g o n. E, qo‘ysangiz-chi.
V l a d i m i r. Nimalar deyapsiz!
P o ts ts o. Ha, ha. Sizlar sir boy bermadilaring. O‘zimga o‘zim shunday savol berdim… hozir zerikib turgan bu olijanob odamlar uchun men nima qilishim kerak?
E s t r a g o n. Besh bersangiz ham, jon derdik.
V l a d i m i r. Biz tilanchilar emasmiz.
P o ts ts o. Qanday nafim tegsa ekan, qanday qilsam bular vaqt o‘tganini sezmay qoladi deya o‘zimdan so‘rayapman? Ularni ancha ovutdim. U yoq-bu yoqdan gaplashdik, oqshom haqida so‘zlab berdim, bularning bari tushunarli. Men bu bilan to‘xtab qolmoqchi emasman. Biroq shuning o‘zi kifoya qilarmikan, meni qiynayotgan narsa mana shu, shu kifoya qilarmikan?
E s t r a g o n. Arzimagan choychaqa.
V l a d i m i r. Bas qil!
E s t r a g o n. Bu mening ishim.
P o ts ts o. Shu yetarli bo‘larmikan? Albatta. Biroq men saxovatli odamman. Mening tabiatim shunaqa. Bugun. Qiyin-qiyin, menga qiyin. (Arqon uchini tortadi. Laki unga tikiladi.) Chunki, albatta, bu menga azob beradi (O‘rnidan turmasdan, bukchayib, qamchini ko‘taradi.) Sizlarga qaysinisi ma’qul? U raqsga tushsinmi, qo‘shiq aytsinmi, hikoya qilib bersinmi yoki o‘ylab…
E s t r a g o n. Kim?
P o ts ts o. Kim! Nima, biz ham bunga qodirmiz demoqchimisiz?
V l a d i m i r. Unda o‘y bormi?
P o ts ts o. Albatta. Ovoz chiqarib. Ilgarilari yomon fikrlamasdi, men uni soatlab eshitib o‘tirardim. Hozir… (Bexos seskanib ketadi.) Na chora, kun kundan battar. Demak, biron narsa haqida uning fikrini bilmoqchisizlar?
E s t r a g o n. Menga qolsa, raqsga tushsin. Bu qiziqarli bo‘lardi.
V l a d i m i r. Men esa uning fikrini eshitishni istayman.
E s t r a g o n. Balki u oldin raqs tushib, keyin fikrlar. Bu albatta unga qiyin bo‘lmasa.
V l a d i m i r (Potstsoga). Buning iloji bormi?
P o ts ts o. Albatta. Bu juda ham oson. Darvoqe, bu uning odatiy ishi. (Mazax qilib kuladi.)
V l a d i m i r. U holda raqsga tushsin.
Jimlik.
P o ts ts o (Lakiga). Eshitdingmi?
E s t r a g o n. U hech qachon yo‘q demaydimi?
P o ts ts o. Buni sizlarga keyin tushuntiraman… (Lakiga.) Raqsga tush, yaramas!
Laki yerga jamadon va savatni qo‘yib, bir oz oldinga yurib, Potstso tomon qayriladi. Estragon yaxshiroq ko‘rish uchun o‘rnidan turadi. Laki o‘ynay boshlaydi. To‘xtaydi.
E s t r a g o n. Bo‘ldimi?
P o ts ts o. Yana!
Laki yana harakatlarini takrorlab, to‘xtaydi.
E s t r a g o n. Qoyilman, og‘ayni! (Lakining harakatlarini takrorlaydi.) Bu mening ham qo‘limdan keladi. (Lakining qilig‘ini qilaman, deb yiqilib tushay deydi, o‘tiradi.) Bir oz mashq qilishim kerak.
V l a d i m i r. U charchadi.
P o ts ts o. Ilgarilari u yakka deysizmi, juftmi, ispanchami, boshqami, barini qoyillatardi. Sakrab o‘ynardi. Endi shundan boshqasiga yaramay qolgan. Bilasizlarmi, u buni nima deb ataydi?
E s t r a g o n. Holdan toygan hammolning o‘limi.
V l a d i m i r. O‘pka saratoni.
P o ts ts o. To‘r ichidagi raqs. Uning nazdida u to‘r ichida o‘ralashib qolgan.
V l a d i m i r (bir oz bukilib). Bir oz o‘xshab ketarkan…
Laki yana o‘z joyiga borib turmoqchi bo‘ladi.
P o ts ts o (xuddi otni to‘xtatgandek). Dirrrrrr!
Laki to‘xtaydi.
E s t r a g o n. U hech qachon rad qilmaydimi?
P o ts ts o. Hozir sizlarga tushuntiraman. (Cho‘ntaklarini kovlashtiradi.) Shoshmang. (Cho‘ntak titkilaydi.) Purkagichimni qayerga qo‘ydim? (Titkilaydi.) Ha, mana! (Boshini ko‘tarib, dovdiraydi. Xirillagan ovoz bilan.) Purkagichimni yo‘qotibman, shekilli?
E s t r a g o n (zo‘rg‘a ovoz chiqarib). Chap o‘pkamni qattiq shamollatganman. (Engil yo‘taladi. G‘o‘ldiragan ovozda.) Biroq o‘ng o‘pkam hali juda baquvvat!
P o ts ts o (o‘rtacha ovozda). Ha, mayli. Bir gap bo‘lar. Nima deyotgan edim. (O‘ylaydi.) Shoshmang! (O‘ylanadi.) Ha, topdim! (Boshini ko‘tarib) Menga yordam bersangiz-chi!
E s t r a g o n. Men o‘ylab ko‘raman.
V l a d i m i r. Men ham.
P o ts ts o. Shoshmanglar.
Uchalasi ham shlyapasini olib, qo‘lini peshonasiga olib boradi-da, bir muddat tek qotib turishadi. Uzoq jimlik.
E s t r a g o n (tantanavor). Ha!
V l a d i m i r. Endi esladi.
P o ts ts o (shoshib). Nimani esladi?
E s t r a g o n. Nega qo‘lidagilarni yerga qo‘ymaydi?
V l a d i m i r. E, yo‘q!
P o ts ts o. Ishonchingiz komilmi?
V l a d i m i r. Axir, bu gapni siz haligina aytdingiz-ku.
P o ts ts o. Buni sizlarga aytdimmi?
E s t r a g o n. Rostdan buni bizga aytdimi?
V l a d i m i r. Buning ustiga u qo‘lidagilarni yerga qo‘ydi.
E s t r a g o n (Lakiga ko‘z tashlab). Rostdan ham. Qo‘ysa nima bo‘pti?
V l a d i m i r. Zotan qo‘lidagilarni yerga qo‘ygan ekan, nega qo‘ymayapsan deb so‘ray olmaymiz.
P o ts ts o. To‘ppa-to‘g‘ri!
E s t r a g o n. Nima uchun u yerga qo‘ydi?
P o ts ts o. Shunday deng.
V l a d i m i r. Raqsga tushish uchun.
E s t r a g o n. Ha-ya.
Uzoq jimlik.
E s t r a g o n (o‘rnidan turayotib). Hech narsa yuz bermayapti, hech kim kelmayapti.
V l a d i m i r (Potstsoga). Unga o‘ylashni buyuring.
P o ts ts o. Shlyapasini berib yuboring.
V l a d i m i r. Shlyapasini?
P o ts ts o. U shlyapasiz o‘ylay olmaydi.
V l a d i m i r (Estragonga). Unga shlyapasini uzat.
E s t r a g o n. Menmi? Shuncha qilg‘iligidan keyinmi? Hech qachon!
V l a d i m i r. U holda men olib beraman. (Joyidan qimir etmaydi.)
E s t r a g o n. O‘zi ola qolsin.
P o ts ts o. Yaxshisi olib bergan ma’qul.
V l a d i m i r. O‘zim olib beraman.
Shlyapani yerdan olib, qo‘lini cho‘zib, Lakiga uzatadi. Laki qimir etmaydi.
P o ts ts o. Boshiga kiydirib qo‘yish kerak.
E s t r a g o n (Potstsoga). Unga ayting, o‘zi olsin.
P o ts ts o. Kiydirib qo‘yish kerak.
V l a d i m i r. Men unga kiydirmayman.
U ehtiyotkorlik bilan Lakini aylanib o‘tib, unga orqa tomonidan yaqinlashadi, shlyapani uning boshiga kiydirib, tezda ortga tisariladi. Laki qimirlamaydi. Jimlik.
E s t r a g o n. Biz nimani kutayapmiz?
P o ts ts o. Undan uzoqroq turing. (Estragon va Vladimir Lakidan uzoqlashadi. Potstso arqon uchini tortadi. Laki unga qaraydi.) O‘yla, to‘ng‘iz! (Jimlik. Laki raqsga tusha boshlaydi.) To‘xta! (Laki to‘xtaydi.) Shoshma! (Laki Potstsoning oldiga yaqinlashadi.) Shu yerda! (Laki to‘xtaydi.) O‘yla! (Jimlik.)
L a k i. Boshqa tomondan olib qaraganda…
P o ts ts o. To‘xta! (Laki jim bo‘lib qoladi.) Ortga! (Laki ortga chekinadi.) Shu yerda! (Laki to‘xtaydi.) Xo‘sh! (Laki ular tomonga yuzlanadi.) O‘yla! (Estragon va Vladimirning diqqati osha boshlaydi. Potstso tutoqib, yuzi jirkanish tusini oladi.)
L a k i (bir xil ohangda). Xudoning mavjudligi isbot talab etilmaydi Shtamp va Vatman tadqiqotlarida bu qanday yoritilgan qaqaqaqanday oqsoch qanqanday zamon va masofalarga bo‘ysunmay o‘zining beqiyos xafsalasizligi bilan beqiyos xafsalasizligi bilan cheksiz muhabbat bilan bizga bog‘langan sababini tushuntirib berish mushkul qayg‘u va azob kelar muqarrar misli iloha Mirandaning tashrifi kabi kim bilan va ne uchun bilmassiz aslo do‘zax olovida yonmoqqa bizda imkon bor kimki qilsa bunga shubha, yoqishar alanga ko‘kka tutashgan ko‘m-ko‘k bulutlarni kuyib kul qilgay ba’zida o‘zining sokin va ohistaligi-la shunday sokinlikki cheki-chegarasi yo‘q biroq uni kutishar ilhaq suv ko‘rmay etik yechmaylik va hademay oshkor etilar nihoyasiga yetmagan tadqiqot natijalari Berndagi Bressa Antropometriya Akakakademiyasining gulchambariga o‘ralgan Dumbul va Telbaning (Estragon va Vladimir sanay boshlashadi. Potstsoning iztirobi ortib boradi) ishlarida ayrim noaniqliklarga qaramay bexato isbotlab berilgan Dumbul va Telbaning nihoyasiga yetmagan tadqiqot natijalariga ko‘ra isbotlab berilgan beril shundan shundan shundan kelib chiqadigan bo‘lsak oldindan xulosa chiqarishga erta chunki Shtamp va Vatman izlanishlaridan keyin shu narsa oydinlashdiki oydinlashdiki Fartov va Belkerlarning sa’y-harakatlari tufayli tugallanmagan tugallanmagan Dumbul va Telbaga noma’lum tomonlari aniqlanmoqda Bressdagi Dumbul va Telbaning odami qisqacha qilib aytganda qisqacha aytganda odamzot nafsi uchun yeb-ichishida taraqqiyotga erishganiga qaramay o‘z halokati tomon yaqinlashmoqda shu bilan (Estragon va Vladimir tinchlanib, yana tinglay boshlashadi. Potstso esa daqiqa sayin asabiylashib, ingray boshlaydi.) bir vaqtda bizga sababi noma’lum holatda jismoniy mashq va madaniyatning rivojlanishi hali tennis hali futbol hali motosport va velosport hamda suv sporti chavondozlik aviasportning yuksalishi tennisning ommalashuvi muzdagi va asfaltdagi chang‘i sporti o‘t ustidagi suvdagi quruqlikdagi o‘yinlar penitsillin va unga izdosh dorilar xullas qisqaroq qilib davom etadigan bo‘lsam shuning bilan bir vaqtda tennis bo‘lishiga qaramay sababi noma’lum ravishda qisqarib bormoqda xullas so‘zimda davom etaman aviasport to‘qqiz o‘n sakkiz chuqurchalik golf o‘yini muzdagi tennis xullas Sene Sene-i-Uaze Sene-i-Marne Marne-i-Uazening so‘zining ma’nosi noma’lum shu bilan bir vaqtda halokat kuchayib borayotganligi sababi noma’lum davom etaman Uaz Marnda xullas Volterning o‘limida katta yo‘qotish bo‘lgan o‘rtacha hisobda taxminan ikki dyum yuz grammdan jon boshiga Normandiyaning bor budini shilib olib sababi noma’lum xullas bu muhim emas qisqasi muhim faktlar tasdiqlab turibdi boshqa tomondan olib qaraganda juda muhim hisoblangan (Estragon va Vladimir xursand. Potstso irg‘ib turib, arqonni tortadi. Laki arqonni o‘ziga tortib, dovdirab, qichqira boshlaydi. Hamma Lakiga tashlanadi, u ulardan qutulib, so‘zida davom etadi.) butkul unutilgan Shteynveg va Petermannlarning tajribalaridan ma’lum bo‘layaptiki tog‘dagi qishloqda dengiz qirg‘oqlarida suv havzalarida olov tarkibida havo bir xil darvoqe tuproq havo ham tuproq ham go‘yo muzlab qolgan bu bevafo dunyo g‘amxonaga aylangan yettinchi asrda ularning erasida yer tarkibi dengiz bevafo ziynatlar tengsiz chuqurlikdagi chidab bo‘lmas qahratonda dengiz va quruqlikda dunyoning nariga burchagida nima uchun davom etayapman sababini bilmayman tennisga qaramay faktlar aytib turibdi nima uchun davom etayapman sababi noma’lum keyingisi qisqaroq nihoyat afsuski bevafo ziynatlar bunga kim ham shubha qilardi men davom etaman suv ko‘rmay etik yechmaylik men davom etaman o‘sha damda shu bilan bir qatorda sababi noma’lum tennisga qaramay olovning keyingi alangasi toshlar yig‘isi moviy va sokin baxtga qarshi boshim bilan boshim bilan boshim bilan boshim bilan Normandiyada tennisga qaramay unutilgan nihoyasiga yetmagan tadqiqotlar toshlar xullas men davom etaman baxtga qarshi baxtga qarshi tugallanmagan qarovsiz boshim bilan boshim bilan Normandiyada tennisga qaramay boshimga baxtga qarshi tosh Telba, Telba (Yiqilib tushadi. Laki yana bir necha bor ovoz chiqaradi.) Tennis!.. Tosh!.. O‘zingizni bosing!.. Telba!.. Hali nihoyasiga yetmadi!
P o ts ts o. Shlyapa!
Vladimir gapirishdan to‘xtab, qulab tushayotgan Lakining shlyapasini tutib qoladi. Jimlik. Ikkalasi og‘ir-og‘ir nafas oladi.
E s t r a g o n. Rosa xumorimdan chiqdim.
Vladimir Lakining shlyapasini ag‘darib, ichiga ko‘z tashlaydi.
P o ts ts o. Uni menga bering! (Vladimirning qo‘lidan tortib olib yerga irg‘itadi-da, tepkilay boshlaydi.) Endi u boshqa o‘ylamaydi!
V l a d i m i r. U yura oladimi?
P o ts ts o. O‘zim yetaklab yuraman. (Lakini oyog‘i bilan turtadi.) Tur! To‘ng‘iz!
E s t r a g o n. Balki, o‘lib qolgandir?
V l a d i m i r. Bechorani o‘ldirib qo‘yasiz.
P o ts ts o. Turilsin! O‘laksa! (Arqonni tortib, Lakini bir oz joyidan qo‘zg‘atadi. Estragon va Vladimirga.) Menga yordamlashinglar.
V l a d i m i r. Qanday qilib?
P o ts ts o. Uni ko‘taringlar!
Vladimir va Estragon Lakini oyoqqa turg‘izib, bir muddat ushlab turadi-da, keyin qo‘yib yuborishadi. Laki qulab tushadi.
E s t r a g o n. Ataylab shunday qilayapti.
P o ts ts o. Uni ko‘tarish kerak. (Jimlik.) Qani, qani, ko‘taringlar!
E s t r a g o n. Jonga tegdi.
V l a d i m i r. Bo‘la qol, yana bir marta urinib ko‘raylik.
E s t r a g o n. U bizni kim deb o‘ylayapti.
V l a d i m i r. Bo‘la qol.
Lakini tik qilib, ushlab turishadi.
P o ts ts o. Uni qo‘yib yubormanglar! (Estragon va Vladimir dovdiray boshlashadi.) Qimirlamang! (Potstso jamadon va savatni olib, Lakining oldiga keladi.) Mahkamroq ushlanglar! (Jamadon tutqichini Lakining qo‘liga tutqazadi. Laki ushlamay, tashlab yuboradi.) Uni qo‘yib yubormanglar! (Yana harakatini takrorlaydi. Asta-sekin Lakining barmoqlari jamadonni his qilib, qo‘liga jon kirgandek bo‘lib, tutqichni mahkam ushlab oladi.) Hali qo‘yib yubormanglar! (Savat bilan ham xuddi shu holat takrorlanadi.) Mana bo‘ldi, endi qo‘yib yuborsalaring ham bo‘ladi. (Estragon va Vladimir qoqilib, sal bo‘lmasa yiqilay deb dovdirayotgan, biroq oyoqda tik turgancha jamadon va savatni ushlab olgan Lakidan uzoqlashadi. Potstso ortga chekinib, qamchini silkitadi.) Oldinga! (Laki oldinga yuradi.) Ortga! (Laki ortga yuradi.) O‘giril! (Laki orqa tomoniga o‘giriladi.) Hammasi joyida, u endi yura oladi (Estragon va Vladimirga yuzlanib) Rahmat, janoblar! Endi ijozatingiz bilan… (cho‘ntaklarini kovlashtiradi) sizlarga ezgu tilak… (cho‘ntaklarini titkilab) …sizlarga ezgu … (titkilashda davom etadi) …soatimni qayerga qo‘ygandim? (Yana titkilaydi.) Ha, mana! (Boshini ko‘tarib, asabiylashib.) Haqiqiy cho‘ntak soat, janoblar, soniyani ham ko‘rsatadi. Buni menga bobom sovg‘a qilgan. (Cho‘ntagini titkilaydi.) Cho‘ntagimdan tushirganga o‘xshayman. (Vladimir va Estragon bilan yerdan izlay boshlaydi. Potstso Lakining shlyapasini oyog‘i bilan ag‘darib ko‘radi.) Qayoqqa g‘oyib bo‘ldi ekan!
V l a d i m i r. Balki u nimchangizning cho‘ntagidadir?
P o ts ts o. Shoshmanglar-chi. (Egilib, boshini qorni ustiga qo‘yib, qorniga quloq tutadi.) Hech narsani eshitmayapman! (Ularga yaqinroq kelinglar ishorasini qiladi.) O‘zlaring qaranglar-chi. (Estragon va Vladimir yaqin kelib, uning qorniga boshini egib, quloq tutishadi. Jimlik.) Nazarimda, chiqillashi eshitilishi kerak edi.
V l a d i m i r. Jim! (Egilib, eshita boshlaydi.)
E s t r a g o n. Menga nimadir eshitilgandek bo‘ldi.
P o ts ts o. Qayerda?
V l a d i m i r. Bu yurak.
P o ts ts o (xafsalasi pir bo‘lib). Jin ursin!
V l a d i m i r. Jim! (Quloq soladi).
E s t r a g o n. Hoynahoy to‘xtab qolgan bo‘lsa kerak. (Qaddini tiklaydi.)
P o ts ts o. Qo‘lansa hid qaysi biringizdan kelayapti?
E s t r a g o n. Uning og‘zi sasigan, mening esa oyog‘im.
P o ts ts o. Mayli, yaxshi qolinglar.
E s t r a g o n. Yon soatingiz nima bo‘ladi?
P o ts ts o. Aftidan uni qo‘rg‘onda qoldirib kelganman.
E s t r a g o n. U holda xayr.
V l a d i m i r. Xayr.
E s t r a g o n. Yaxshi boring.
Jimlik. Hech kim qimir etmaydi.
V l a d i m i r. Xayr.
P o ts ts o. Xayr.
E s t r a g o n. Xayr.
Jimlik.
P o ts ts o. Rahmat.
V l a d i m i r. Sizga rahmat.
P o ts ts o. Bekordan bekorgami?
E s t r a g o n. Yo‘q, bekorga emas.
P o ts ts o. Qo‘ysangiz-chi.
V l a d i m i r. Yo‘q, sababi bor.
E s t r a g o n. Yo‘q, qo‘ysang-chi.
Jimlik.
P o ts ts o. Hech qo‘limdan kelmayapti… (ikkilanadi) ketish.
E s t r a g o n. Buni hayot deydilar.
Potstso o‘girilib, Lakidan uzoqlashib parda tomonga yuradi-da, arqonni sekin bo‘shata boshlaydi.
V l a d i m i r. Siz bu tomonga emas.
P o ts ts o. Menga ko‘p joy kerak. (Arqonni oxirigacha bo‘shatib, ya’ni parda ortiga o‘tib to‘xtaydi. O‘girilib baqiradi.) Yo‘limdan qoch! (Estragon va Vladimir sahna to‘riga chekinishadi-da, Potstso tomonga tikilishadi. Qamchi ovozi.) Oldinga! (Laki qimir etmaydi.)
E s t r a g o n. Oldinga!
V l a d i m i r. Oldinga!
Qamchi ovozi. Laki bazo‘r o‘rnidan tura boshaydi.
P o ts ts o. Tezroq! (Parda ortidan paydo bo‘ladi, Lakining ortidan sahnaga chiqadi. Estragon va Vladimir shlyapasini boshidan olib, qo‘li bilan xayrlashadi. Laki parda ortiga g‘oyib bo‘ladi. Potstso arqon va qamchi bilan unga yetib oladi.) Tezroq! Tezroq! (Parda ortiga g‘oyib bo‘lishdan oldin Potstso to‘xtab, o‘giriladi. Arqon tortiladi. Lakining qulab tushgani eshitiladi.) Tezroq, kursi! (Vladimir kursini olib Potstsoga tutqazadi, u kursini Laki tomon otib yuboradi.) Xayr!
E s t r a g o n, V l a d i m i r (qo‘lini silkitib). Xayr! Xayr!
P o ts ts o. Tur, to‘ng‘iz! (Lakining turgani eshitiladi.) Olg‘a! (Potstso g‘oyib bo‘ladi. Qamchi ovozi.) Olg‘a! Xayr! Tezroq! Yaramas! Qani! Xayr!
Jimlik.
V l a d i m i r. Vaqt o‘tganini bilmay qolibmiz.
E s t r a g o n. Usiz ham baribir vaqt o‘tardi.
V l a d i m i r. Ha. Biroq bunchalik tez emas.
Sukut.
E s t r a g o n. Endi nima qilamiz?
V l a d i m i r. Bilmayman.
E s t r a g o n. Ketdik.
V l a d i m i r. Bunday qila olmaymiz.
E s t r a g o n. Nima uchun?
V l a d i m i r. Godoni kutishimiz kerak.
E s t r a g o n. E, ha.
Jimlik.
V l a d i m i r. Ular juda o‘zgarib qolishdi.
E s t r a g o n. Kimlar?
V l a d i m i r. Anavi ikkalasi.
E s t r a g o n. Ha, kel, bir oz gaplashaylik.
V l a d i m i r. Gapim to‘g‘rimi, ular ancha o‘zgarishdi.
E s t r a g o n. Ehtimol. Biroq bizda o‘zgarish sezilmayapti.
V l a d i m i r. Ehtimol? Bu kundek ravshan-ku. Ularga yaxshilab razm soldingmi?
E s t r a g o n. Shunday ham deylik. Lekin men ularni deyarli tanimayman.
V l a d i m i r. Yo‘q, ularni taniysan.
E s t r a g o n. E, qo‘ysang-chi.
V l a d i m i r. Senga aytayapman-ku, biz ularni tanimaymiz deb. Hamma narsani darrov unutayapsan. (Jimlik.) Agar u o‘shalar bo‘lsa.
E s t r a g o n. Ular bizni tanishmaydi, shu isbot emasmi?
V l a d i m i r. Bu hech narsani bildirmaydi. Men ham o‘zimni ularni tanimaydigan qilib ko‘rsatdim. Buning ustiga bizni hech kim tanimaydi ham.
E s t r a g o n. Yetar. Endi nima qilamiz… Voy! (Vladimir qimirlay olmaydi.) Voy!
V l a d i m i r. Agar u o‘shalar bo‘lsa.
E s t r a g o n. Didi! Ikkinchi oyog‘im! (Cho‘loqlanib, parda ko‘tarilgandan keyin o‘tirgan joyi tomon yura boshlaydi.)
P a r da o r t i d a n o v o z. Taqsir!
Estragon to‘xtaydi. Ikkalasi ham ovoz kelgan tomonga tikilishadi.
E s t r a g o n. Yana boshlandi.
V l a d i m i r. Bolakay, bu yoqqa kel-chi.
Cho‘chigan qiyofada bola kirib keladi. To‘xtaydi.
B o l a k a y. Janob Albert?
V l a d i m i r. Bu menman.
E s t r a g o n. Biron narsa kerakmi?
V l a d i m i r. Bu yoqqa kel-chi.
Bolakay qimir etmaydi.
E s t r a g o n (buyruq ohangida). Senga bu yoqqa kel deyilayapti.
Bolakay cho‘chibroq yaqinlashadi-da, to‘xtaydi.
V l a d i m i r. Nima gap?
B o l a k a y. Janob Godo… (Jim bo‘lib qoladi.)
V l a d i m i r. Albatta. (Jimlik.) Kelaqol.
Bolakay joyida qimirlamaydi.
E s t r a g o n (buyruqona). Bu yoqqa kel, deyapman! (Bolakay cho‘chinqirab yaqinlashadi-da, yana to‘xtaydi.) Nima uchun buncha kech kelding?
V l a d i m i r. Seni janob Godo yubordimi?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
V l a d i m i r. Qani, gapir unda.
E s t r a g o n. Nima uchun buncha kech kelding?
Bolakay kimga javob berishini bilolmay goh biriga, goh ikkinchisiga tikiladi.
V l a d i m i r (Estragonga). Uni o‘z holiga qo‘y.
E s t r a g o n (Vladimirga). Meni tinch qo‘y. (Bolaga yaqinlashib) Soat necha bo‘lganini bilasanmi?
B o l a k a y (ortga tisarilib). Men aybdor emasman, taqsir.
E s t r a g o n. Balki, men aybdordirman?
B o l a k a y. Taqsir, men qo‘rqdim.
E s t r a g o n. Nimadan qo‘rqding? Bizdanmi? (Jimlik.) Javob ber!
V l a d i m i r. Gap nimadaligini men bilaman. Bolakayni ular qo‘rqitishgan.
E s t r a g o n. Kelganingga ancha bo‘ldimi?
B o l a k a y. Ko‘p emas, taqsir.
V l a d i m i r. Qamchidan qo‘rqib ketdingmi?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
V l a d i m i r. Baqirgandanmi?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
V l a d i m i r. Ikkala odamdanmi?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
V l a d i m i r. Sen ularni taniysanmi?
B o l a k a y. Yo‘q, taqsir.
V l a d i m i r. Shu yerlikmisan?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
E s t r a g o n. Buning bari yolg‘on! (Bolaning yelkasidan tutib, silkita boshlaydi.) Bizga haqiqatni gapir!
B o l a k a y (titrab). Bu haqiqat, taqsir.
V l a d i m i r. Uni o‘z holiga qo‘ysang-chi! Senga nima bo‘ldi? (Estragon bolani qo‘yib yuborib, chekinadi, qo‘lini yuziga olib boradi. Vladimir va bola bir-biriga qarashadi. Estragon qo‘lini tushirib, bujmaygan aftini ko‘rsatadi.) Senga nima bo‘ldi?
E s t r a g o n. Men juda baxtsizman.
V l a d i m i r. Qo‘ysang-chi! Qachondan buyon?
E s t r a g o n. Yodimda yo‘q.
V l a d i m i r. Xotira bizga qattiq pand bera boshladi. (Estragon nimadir demoqchi bo‘lib, o‘ylanadi; chuloqlanib chekinadi; o‘tirib, boshmog‘ini yecha boshlaydi. Bolakayga.) Xo‘sh, keyin-chi?
B o l a k a y. Janob Godo…
V l a d i m i r (bolakayning gapini bo‘lib). Seni ilgari ko‘rganman, gapim to‘g‘rimi?
B o l a k a y. Bilmadim, taqsir.
V l a d i m i r. Sen meni tanimaysanmi?
B o l a k a y. Yo‘q, taqsir.
V l a d i m i r. Bu yerga kecha ham kelmaganmiding?
B o l a k a y. Yo‘q, taqsir.
V l a d i m i r. Bu yerga birinchi marta kelayapsanmi?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
Jimlik.
V l a d i m i r. Istaganingni gapirishing mumkin. (Jimlik.) Yaxshi, davom et.
B o l a k a y (chaynalib). Janob Godo sizga shuni aytib qo‘yishimni tayinladiki, u bugun kela olmasmish. Biroq ertaga albatta kelar ekan.
V l a d i m i r. Bori shumi?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
V l a d i m i r. Sen janob Godoning xizmatkorimisan?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
V l a d i m i r. Nima ish qilasan?
B o l a k a y. Echkilarga qarayman.
V l a d i m i r. U senga mehribonmi?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
V l a d i m i r. U seni kaltaklamaydimi?
B o l a k a y. Yo‘q, taqsir. Meni emas.
V l a d i m i r. U kimni kaltaklaydi?
B o l a k a y. U mening akamni kaltaklaydi, taqsir.
V l a d i m i r. Ha-a, demak, sening akang bor.
B o l a k a y. Ha, taqsir.
V l a d i m i r. U nima ish qiladi?
B o l a k a y. Qo‘y boqadi, taqsir.
V l a d i m i r. Nima uchun akangni uradi?
B o l a k a y. Bilmayman, taqsir.
V l a d i m i r. Hoynahoy, seni yaxshi ko‘rsa kerak?
B o l a k a y. Bilmayman, taqsir.
V l a d i m i r. U seni yaxshi boqadimi? (Bolakay ikkilanadi.) U qorningni yaxshi to‘yg‘azadimi?
B o l a k a y. Nolimayman, taqsir.
V l a d i m i r. Sen baxtiyormisan? (Bolakay ikkilanadi.) Gapimni eshitdingmi?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
V l a d i m i r. Xo‘sh, nima deysan?
B o l a k a y. Bilmadim, taqsir.
V l a d i m i r. Baxtliimisan yoki yo‘qmi, bilmaysanmi?
B o l a k a y. Yo‘q, taqsir.
V l a d i m i r. Xuddi menga o‘xshab. (Jimlik.) Tunash joying qayerda?
B o l a k a y. Molxonada, taqsir.
V l a d i m i r. Akang bilanmi?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
V l a d i m i r. Somon ustidami?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
Jimlik.
V l a d i m i r. Yaxshi, boraver.
B o l a k a y. Taqsir, janob Godoga nima deb qo‘yay?
V l a d i m i r. Unga aytki… (Ikkilanadi.) Unga bizni ko‘rganingni ayt. Axir bizni ko‘rding, shundaymi?
B o l a k a y. Ha, taqsir. (Ortga chekinib, kalovlanadi, o‘girilib, qochib qoladi.)
Birdan yorug‘lik xira tortadi. Atrofga qorong‘ulik tushadi. Tun qo‘ynida oy balqib, yuksaklikka ko‘tarila boshlaydi. Sahnaga kumush nurlarini elab, bir muddat ko‘kda turib qolgandek bo‘ladi.
V l a d i m i r. Nihoyat! (Estragon o‘rnidan turadi, ikkala qo‘lida boshmog‘ini ko‘tarib Vladimirning oldiga keladi.Sahna oldidagi chiroqlar ustiga boshmog‘ini qo‘yib, qaddini rostlab oyga tikiladi.) Nima qilayapsan?
E s t r a g o n. Sen nima qilayotgan bo‘lsang, shuni. Oyni tomosho qilayapman.
V l a d i m i r. Boshmoqlaringni nazarda tutgan edim.
E s t r a g o n. Ularni shu yerda qoldiraman. (Jimlik.) Kimdir kelib qolishi mumkin, xuddi… xuddi… menga o‘xshab oyog‘i kichik o‘lchamli bo‘lsa, boshmoqni ko‘rib xursand bo‘lib ketadi.
V l a d i m i r. Biroq, sen oyoq yalang keta olmaysan-ku.
E s t r a g o n. Iso oyoq yalang yurgan.
V l a d i m i r. Iso! Topgan gapingni qara! O‘zingni unga tenglashtirmasang kerak?
E s t r a g o n. Bir umr unga o‘xshashga harakat qildim.
V l a d i m i r. Biroq u paytlar issiq bo‘lgan! U paytlar yaxshi bo‘lgan.
E s t r a g o n. Ha. Shuning uchun chormix qilishgan.
Jimlik.
V l a d i m i r. Bu yerda qiladigan boshqa ishimiz qolmadi.
E s t r a g o n. Jumladan boshqa joyda ham.
V l a d i m i r. Quloq sol, Gogo, sen bunday tajang bo‘lma. Ertaga hammasi yaxshi bo‘ladi.
E s t r a g o n. Qanaqasiga?
V l a d i m i r. Bolakay nima deganini eshitmadingmi?
E s t r a g o n. Yo‘q.
V l a d i m i r. U aytdiki, Godo ertaga albatta kelar ekan. (Jimlik.) Bu qanday xulosa berishini bilasanmi?
E s t r a g o n. Demak, uni shu yerda kutishimiz kerak.
V l a d i m i r. Nima, aqldan ozdingmi! Biron boshpana topish lozim. (Estragonning qo‘lidan tutadi.) Ketdik. (Uni tortqilaydi. Estragon avvaliga unga ergashadi, keyin qarshilik qiladi. Ular to‘xtashadi.)
E s t r a g o n (daraxtga tikilib). Afsus, bizda arqon yo‘q.
V l a d i m i r. Ketdik. Sovuq tusha boshladi. (Uni tortqilaydi. Harakat yana aynan takrorlanadi.)
E s t r a g o n. Ertaga arqon olib kelishni menga eslat.
V l a d i m i r. Yaxshi. Ketdik. (Uni tortadi. Harakat yana takrorlanadi.)
E s t r a g o n. Qanchadan buyon sen bilan birgamiz?
V l a d i m i r. Bilmadim. Ehtimol, ellik yilcha.
E s t r a g o n. Dyuransga qattiq tashlangan kunim esingdami?
V l a d i m i r. Biz tokzorda ishlayotgan edik.
E s t r a g o n. Meni suvdan tortib olganding.
V l a d i m i r. Hammasi to‘g‘ri va hammasi allaqachon unutilgan.
E s t r a g o n. Kiyimimni quyoshda quritgan edik.
V l a d i m i r. Bu haqida endi o‘ylama. Ketdik. Yur. (Harakat yana aynan takrorlanadi.)
E s t r a g o n. Shoshma.
V l a d i m i r. Sovuq qotayapman.
E s t r a g o n. O‘z-o‘zimga savol berayapman, yaxshisi, har kim o‘z yo‘lidan ikkiga ajralib ketganimiz yaxshi emasmikan? (Jimlik.) Ikkalamiz birga yashash uchun yaratilmaganmiz.
V l a d i m i r (achchiqlanmay). Bu hali ma’lum emas.
E s t r a g o n. Ha, hech narsa ma’lum emas.
V l a d i m i r. Agar shunday qilsak, yaxshi bo‘lishiga ko‘zing yetsa, hali ham ajralishimiz mumkin.
E s t r a g o n. Endi buning ahamiyati yo‘q.
Jimlik.
V l a d i m i r. Rost, endi buning ahamiyati yo‘q.
Jimlik.
E s t r a g o n. Nima qildik, ketdikmi?
V l a d i m i r. Ketdik.
Ular yo‘lga tushishadi.
PARDA
IKKINChI SAHNA
Ertasi kuni. O‘sha soat. O‘sha joy.
Estragonning boshmoqlari old sahna chiroqlari oldida yotibdi, tovonlari bir joyda, qo‘nji ajralgan. Lakining shlyapasi eski joyida. Daraxtda bir necha yaproqlar.
Vladimir shoshib kirib keladi. To‘xtab uzoq vaqt daraxtga tikilib qoladi. Keyin esa birdan sahnada u yoqdan bu yoqqa yura boshlaydi. Boshmoqlar oldida to‘xtaydi, egilib bir poyini oladi-da, ko‘zdan kechiradi, hidlab, yana joyiga qo‘yadi.
Yana u yoqdan bu yoqqa tez-tez yura boshlaydi. O‘ng tomondagi parda oldida to‘xtaydi. Qo‘lini peshonasiga soya qilib olislarga uzoq tikilib qoladi.U yoqdan bu yoqqa yuradi. Chap tomondagi parda yonida to‘xtaydi. Ilgarigi harakati yana takrorlanadi. U yoqdan bu yoqqa yuradi. Birdan to‘xtab, qo‘lini ko‘ksiga ayri qiladi. Boshini orqaga tashlab bor ovozda kuylay boshlaydi.
V l a d i m i r. Bor edi rohibning…
Ovozi pastligini anglab, to‘xtab yo‘talib oladi-da yana balandroq ovozda kuylay boshlaydi.
Bor edi rohibning kuchugi
Yaxshi ko‘rardi uni.
Kuchugi yeb qo‘ygach bir parcha go‘shtin,
Terisin shilib oldi.
Tanasin yerga ko‘mib,
Qabri ustiga yozdi
To‘xtab, kuchini to‘plab yana kuylay boshlaydi.
Tanasin yerga ko‘mib,
Qabri ustiga yozdi shuni…
Bor edi rohibning kuchugi
Yaxshi ko‘rardi uni.
Kuchugi yeb qo‘ygach bir parcha go‘shtin,
Terisin shilib oldi.
Tanasin yerga ko‘mib,
Qabri ustiga yozdi…
To‘xtaydi. Sahna takrorlanadi.
Tanasin yerga ko‘mib,
Qabri ustiga yozdi…
To‘xtaydi. Sahna takrorlanadi. Past ovozda.
Qabri ustiga yozdi…
Jim bo‘lib qoladi. Bir muddat qimir etmay turib qoladi, keyin asabiy holatda sahnada yura boshlaydi. U yoqdan bu yoqqa yuradi. Daraxt, boshmoq oldida u yoqdan bu yoqqa yurib, chap sahna pardasi tomon yuguradi, uzoqlarga ko‘z tashlaydi. Shu paytda Estragon chap tomondan boshi egik holda yalang oyoq kirib keladi; sahnada ohista qadamlar bilan yura boshlaydi. Vladimir o‘girilib uni ko‘rib qoladi.
V l a d i m i r. Yana keldingmi! (Estragon boshini ko‘tarmay to‘xtaydi. Vladimir u tomonga yuradi.) Kel seni bir bag‘rimga bosay!
E s t r a g o n. Menga teginma!
Vladimir ranjigandek harakatdan to‘xtaydi. Jimlik.
V l a d i m i r. Bu bilan menga ket, demoqchimisan? (Sukut.) Gogo! (Sukut. Vladimir diqqat bilan uni ko‘zdan kechiradi.) Seni kaltaklashdimi? (Jimlik.) Gogo! (Estragon ilgargidek boshini eggan ko‘yi lom-lim demaydi.) Sen tunni qayerda o‘tkazding? (Sukut. Vladimir unga yaqin keladi.)
E s t r a g o n. Menga teginma! Mendan hech narsa so‘rama! Hech narsa dema! Meni tashlab ketma.
V l a d i m i r. Biron marta seni tashlab ketganmanmi?
E s t r a g o n. Ketishimga qarshilik qilmading.
V l a d i m i r. Menga qara! (Estragon qimir etmaydi. Gumbirlagan ovoz bilan.) Menga qara deyapman, senga!
Estragon boshini ko‘taradi. Ular yaqinlashib, keyin yana uzoqlashib bir-birlariga tikilishadi, san’at asari oldida turgandek boshini egib, titroq aralash bir-biriga talpinishadi, keyin bir-birlarining bag‘riga otilib, quchoqlashib, yelkalariga qoqishadi. Quchoqlashishdan to‘xtaydilar. Vladimirning bag‘ridan chiqqan Estragon sal bo‘lmasa yiqilib ketay deydi.
E s t r a g o n. Bu qanday kun bo‘ldi.
V l a d i m i r. Seni kim kaltakladi? Menga ayta qol.
E s t r a g o n. Mana yana bir kun o‘tdi.
V l a d i m i r. Hali o‘tmadi.
E s t r a g o n. Nimaiki yuz bermasin, men uchun bugun o‘tdi. (Jimlik.) Qo‘shiq kuylayotganmiding, hali eshitib qoldim.
V l a d i m i r. Ha, esimda bor.
E s t r a g o n. Bilasanmi, bu ko‘nglimni o‘rtab yubordi. O‘zimga o‘zim: u yolg‘iz, meni butunlay ketib qoldi deya azob chekayapti, shunga qo‘shiq kuylayapti, dedim.
V l a d i m i r. Kayfiyatga buyura olmaysan. Kun uzog‘i o‘zimni yaxshi his qildim. (Jimlik) Kechasi bir marta ham o‘rnimdan turmadim.
E s t r a g o n (ma’yuslanib). Ko‘rdingmi, men yoningda bo‘lmasam, yaxshi o‘xlaysan.
V l a d i m i r. Seni juda sog‘indim, biroq baribir juda mamnun bo‘ldim. Qiziqarli, shunday emasmi?
E s t r a g o n (jahli chiqib). Mamnun bo‘lding?
V l a d i m i r (o‘ylanib). Balki, holatimni boshqacharoq so‘z bilan ifodalashim kerakmidi?
E s t r a g o n. Endi-chi?
V l a d i m i r (shirin xayoldan to‘xtab). Endimi… (quvonch bilan) sen yana yonimdasan… (odatiy ohangda) Yana shu yerdamiz… (qayg‘uli ohangda) Men yana shu yerdaman.
E s t r a g o n. Ko‘rdingmi, yoningda bo‘lsam senga yoqmaydi. Men ham yolg‘iz qolsam o‘zimni yaxshi his qilaman.
V l a d i m i r (bir oz o‘ziga kelgandek). U holda nega kelding?
E s t r a g o n. Bilmayman.
V l a d i m i r. Men esa bilaman. Chunki sen o‘zingni himoya qila olmaysan. Yoningda bo‘lganimda seni kaltaklatib qo‘ymasdim.
E s t r a g o n. Sen ularga xalaqit bera olmasding.
V l a d i m i r. Nima uchun?
E s t r a g o n. Ular o‘nta edi.
V l a d i m i r. Yo‘g‘-e, nahotki?! Men aytmoqchi edimki, janjal chiqarishingga imkon bermagan bo‘lardim.
E s t r a g o n. Men hech narsa qilmadim.
V l a d i m i r. Unda nega kaltaklashdi?
E s t r a g o n. Bilmadim.
V l a d i m i r. Yo‘q, bilasanmi, Gogo, shunday narsalar borki, ularni sen tushunmaysan, biroq men tushunaman. Buni sen anglashing kerak.
E s t r a g o n. Senga aytayapman-ku, hech narsa qilganim yo‘q deb.
V l a d i m i r. Ehtimol, rostdan qilmagandirsan. Biroq muhimi nimada emas, qanday, qandayligida. Agar senga o‘z joning aziz bo‘lsa. Bo‘pti, bu haqida boshqa gapirmaymiz. Sen qaytib kelding, men esa bundan xursandman.
E s t r a g o n. Ular o‘nta edi.
V l a d i m i r. Tan olaver, sen ham ko‘nglingning tub-tubida mamnundirsan?
E s t r a g o n. Nimadan mamnun bo‘laman?
V l a d i m i r. Yana birga ekanligimizdan.
E s t r a g o n. Shunday deb o‘ylaysanmi?
V l a d i m i r. Yolg‘on bo‘lsa ham sen rost deyaver.
E s t r a g o n. Men nima deyishim kerak?
V l a d i m i r. Men mamnunman, deb ayt.
E s t r a g o n. Men mamnunman.
V l a d i m i r. Men ham.
E s t r a g o n. Men ham.
V l a d i m i r. Biz mamnunmiz.
E s t r a g o n. Biz mamnunmiz. (Jimlik.) Endi nima qilamiz, ikkimiz ham mamnunmiz?
V l a d i m i r. Biz Godoni kutayapmiz.
E s t r a g o n. Ha, darvoqe.
Sukut.
V l a d i m i r. Kechadan buyon bu yerda nimadir o‘zgarganga o‘xshaydi.
E s t r a g o n. Bordiyu u kelmasa-chi?
V l a d i m i r (birdan tushuna olmay). Ko‘ramiz. (Jimlik.) Men aytayapmanki, kechadan buyon bu yerda nimadir o‘zgaribdi.
E s t r a g o n. Hamma narsa o‘zgaruvchan.
V l a d i m i r. Daraxtni ko‘zdan kechiraylik-chi.
E s t r a g o n. Bir axlatni ikki marta bosib bo‘lmaydi.
V l a d i m i r. Daraxtga qara, deyapman, daraxtga qara.
Estragon daraxtga qaraydi.
E s t r a g o n. Kecha u bu yerda emasmidi?
V l a d i m i r. E, yo‘q. Nima, darrov unutdingmi? Daraxtga o‘zimizni osishga bir bahya qolgandi. (O‘ylanib.) Ha, to‘g‘ri. (So‘zlarni ayro-ayro talaffuz etib.) O‘zi-miz-ni o-sish-ga bir bahya qol-gan-di. Biroq bu fikr sendan chiqqandi. Esingdan chiqdimi?
E s t r a g o n. Tush ko‘rgandirsan.
V l a d i m i r. Nahotki buni unutishing mumkin bo‘lsa?
E s t r a g o n. Bo‘lganim shu. Yo birdan unutaman, yoki umuman unutmayman.
V l a d i m i r. Potstso va Lakini-chi, ularni ham unutdingmi?
E s t r a g o n. Potstso va Laki?
V l a d i m i r. U hammasini unutibdi!
E s t r a g o n. Qandaydir bir ahmoq oyog‘imga tepgani esimda. G‘irt telbaning o‘zi edi.
V l a d i m i r. Bu Laki edi!
E s t r a g o n. Bu narsa esimda. Biroq bu qachon bo‘lgandi?
V l a d i m i r. Ikkinchisini-chi, uning bo‘ynidan bog‘lab olganni?
E s t r a g o n. U menga suyak bergandi.
V l a d i m i r. Bu Potstso edi!
E s t r a g o n. Sen bularning bari kecha bo‘lgandi demoqchimisan?
V l a d i m i r. Ha, albatta.
E s t r a g o n. Mana shu yerdami?
V l a d i m i r. Albatta-da! Bu yerni eslay olsang kerak?
E s t r a g o n (birdan jahli chiqib). Eslash emish! Nimasini eslayman? Men bir umr g‘urbatda yashadim. Endi sen mendan u kunlarni eslashimni so‘rayapsanmi? Mana bu razolatga bir qaragin! Men bu balchiqdan hech qachon qutula olmaganman!
V l a d i m i r. O‘zingni bos, o‘zingni bos.
E s t r a g o n. Shunday ekan xar xil manzaralarni mendan so‘rayverma! Yaxshisi, oyoqlarimiz tagida nima bor, shundan gapir!
V l a d i m i r. Shunga qaramay sen bu yerni (ishora qilib) Arosatxona deya turib olmassan! Ularning orasida katta farq bor.
E s t r a g o n. Arosatxona! Arosatxonaning bunga nima aloqasi bor?
V l a d i m i r. Axir sen Arosatxonada bo‘lgansan-ku.
E s t r a g o n. Yo‘q, men hech qachon Arosatxonada bo‘lmaganman. Senga aytayapman-ku, zahar-zaqqumga to‘la hayotim mana shu yerda o‘tdi deb. Shu yerda! Axlatxonada!
V l a d i m i r. Shunday bo‘lsa-da, sen bilan birga Arosatxonada bo‘lganmiz, qasam ichishim mumkin. Birga uzum terganmiz, ha, Bonelli va Russilone degan odamlarnikidan.
E s t r a g o n (hovuridan tushib). Ehtimol. Men umuman e’tibor qilmagan ekanman.
V l a d i m i r. Biroq u yerda hamma narsa qizil edi!
E s t r a g o n (tutoqib, g‘ashi kelib). Aytdim-ku, e’tibor qilmagan ekanman.
Jimlik. Vladimir chuqur nafas oladi.
V l a d i m i r. Sen bilan yashash og‘ir, Gogo.
E s t r a g o n. Yaxshisi, ajralganimiz ma’qul.
V l a d i m i r. Sen doim shunday deysan. Yana baribir qaytib kelaverasan.
Sukut.
E s t r a g o n. Amalga oshishi uchun, meni ham o‘ldirish kerak, xuddi boshqalar kabi.
V l a d i m i r. Boshqalar deganing nimasi? (Sukut.) Qanaqa boshqalar?
E s t r a g o n. Boshqa millionlar kabi.
V l a d i m i r (balandparvoz ohangda). Har kim o‘z umrini yashaydi. (Xo‘rsinadi.)
E s t r a g o n. Kel, kutayotgan ekanmiz, xotirjam gaplashib olamiz. Jim turish qo‘limizdan kelmasa.
V l a d i m i r. Ha, biz jim tura olmaymiz.
E s t r a g o n. Bu o‘ylamasligimiz uchun.
V l a d i m i r. Bizga bahona tayyor.
E s t r a g o n. Bu esa eshitmaslik uchun.
V l a d i m i r. Bizda sabab ham tayyor.
E s t r a g o n. Ovozlar allaqachon so‘nib bo‘lgan.
V l a d i m i r. Xuddi qanotlar shovqinidek.
E s t r a g o n. Yaproqlarnikidek.
V l a d i m i r. Qumnikidek.
E s t r a g o n. Yaproqlardek.
Sukut.
V l a d i m i r. Ularning bari birdaniga gapirishayapti.
E s t r a g o n. Har biri o‘z tilida.
Sukut.
V l a d i m i r. Shivirlashayotganga o‘xshaydi.
E s t r a g o n. Ming‘irlashayotganga.
V l a d i m i r. Shitirlayapti.
E s t r a g o n. Ming‘irlayapti.
Sukut.
V l a d i m i r. Ular nima haqida gapirishayapti?
E s t r a g o n. O‘z hayotlari haqida.
V l a d i m i r. Yashashning o‘zi ularga kifoya emas.
E s t r a g o n. Ular gapirishi kerak.
V l a d i m i r. Ularga o‘lim ham pisand emas.
E s t r a g o n. Bunga qanoat qilishmaydi.
Sukut.
V l a d i m i r. Xuddi patlar shitiriga o‘xshaydi.
E s t r a g o n. Yaproqlarning.
V l a d i m i r. Kulning.
E s t r a g o n. Yaproqlarning.
Uzoq jimlik.
V l a d i m i r. Biron narsa desang-chi!
E s t r a g o n. Men o‘ylayapman.
Uzoq jimlik.
V l a d i m i r (tashvishlanib). Biron narsa degin.
E s t r a g o n. Endi nima qilamiz?
V l a d i m i r. Biz Godoni kutayapmiz.
E s t r a g o n. Ha, to‘g‘ri.
V l a d i m i r. Bunchalik qiyin bo‘lmasa!
E s t r a g o n. Qo‘shiq aytsang qanday bo‘ladi?
V l a d i m i r. Yo‘q, yo‘q. (O‘ylaydi.) Kel boshidan boshlaymiz.
E s t r a g o n. Rostini aytsam, nazarimda bu juda mushkulga o‘xshaydi.
V l a d i m i r. Qiyini – boshlash.
E s t r a g o n. Istagan narsadan boshlash mumkin.
V l a d i m i r. Ha, nimadan boshlashni hal qilish lozim.
E s t r a g o n. Ha, to‘g‘ri.
Sukut.
V l a d i m i r. Menga yordam ber!
E s t r a g o n. Men o‘ylayapman.
Sukut.
V l a d i m i r. Izlayotgan odam sergak bo‘ladi.
E s t r a g o n. Ha, to‘g‘ri.
V l a d i m i r. Bu esa xalaqit beradi.
E s t r a g o n. Xuddi shunday.
V l a d i m i r. Bu o‘ylashga xalaqit beradi.
E s t r a g o n. Biroq baribir o‘ylayverasan.
V l a d i m i r. E, yo‘q, bu mumkin emas.
E s t r a g o n. Mana, gapimiz hech to‘g‘ri kelmaydi.
V l a d i m i r. Iloji yo‘q.
E s t r a g o n. Shunday deb o‘ylaysanmi?
V l a d i m i r. Endi o‘ylashga tavakkal qila olmaymiz.
E s t r a g o n. U holda biz nimadan norozimiz?
V l a d i m i r. O‘ylash – bu uncha qo‘rqinchli emas.
E s t r a g o n. Albatta, albatta. Shuning o‘zi katta gap.
V l a d i m i r. “Shuning o‘zi katta gap” deganing nimasi?
E s t r a g o n. Bu bir qadar kichikroq degani.
V l a d i m i r. Albatta.
E s t r a g o n. Bu qanaqasi? Omadimiz keldi deb o‘ylasak nima bo‘lardi?
V l a d i m i r. Hammasidan ham dahshatlisi o‘ylash.
E s t r a g o n. Bizda bu hol sodir bo‘ldimi?
V l a d i m i r. Bu mayitlar qayerdan keldi?
E s t r a g o n. Odam jasadlari.
V l a d i m i r. Ana.
E s t r a g o n. Albatta.
V l a d i m i r. Aftidan, bir oz o‘ylaganga o‘xshaymiz.
E s t r a g o n. Boshida, bir oz.
V l a d i m i r. Bir to‘da jasadlar, bir to‘da jasadlar.
E s t r a g o n. Bunga qarab bo‘lmaydi.
V l a d i m i r. Nigohingni yutib yuborgudek.
E s t r a g o n. Ha, rost.
V l a d i m i r. Shunchasi ham yetarli, aslida.
E s t r a g o n. Fikru xayolimizni yana tabiatga burishimiz kerak.
V l a d i m i r. Bunga urinib ko‘rdik.
E s t r a g o n. Ha, to‘g‘ri.
V l a d i m i r. E, bunisi hali holva, albatta.
E s t r a g o n. Endi nima bo‘ladi?
V l a d i m i r. O‘ylash kerak.
E s t r a g o n. Albatta.
V l a d i m i r. Biroq, busiz ham bir amalladik shekilli.
E s t r a g o n. U holda nima istaysan?
V l a d i m i r. Tushunarli, tushunarli.
Sukut.
E s t r a g o n. Yomon suhbat qurmadik.
V l a d i m i r. Ha, biroq endi boshqa bir narsa o‘ylab topish kerak.
E s t r a g o n. O‘ylash kerak.
V l a d i m i r. O‘ylash kerak.
E s t r a g o n. O‘ylash kerak.
O‘ylashadi.
V l a d i m i r. Men nima deyotgan edim? Aslida, o‘zi shundan boshlash kerak edi.
E s t r a g o n. Qachon?
V l a d i m i r. Eng boshida.
E s t r a g o n. Nimaning boshida?
V l a d i m i r. Bugun oqshom. Men aytdim-ku… aytdim-ku…
E s t r a g o n. Ochig‘ini aytsam, mendan ko‘p narsa talab qilayapsan.
V l a d i m i r. Shoshma… biz almashdik… biz mamnun edik… mamnun… mamnun bo‘lgandan keyin nima qilmoqchi edik… biz kutayapmiz… esladim… biz kutayotgandik… to‘g‘ri… Ha! Daraxt!
E s t r a g o n. Daraxt?
V l a d i m i r. Eslay olmaysanmi?
E s t r a g o n. Men juda charchadim.
V l a d i m i r. Unga bir qaragin.
Estragon daraxtga ko‘z tashlaydi.
E s t r a g o n. Men hech narsa ko‘rmayapman.
V l a d i m i r. Biroq, kecha kechqurun yap-yalang‘och va quruq edi. Bugun esa barg chiqaribdi.
E s t r a g o n. Barg?!
V l a d i m i r. Bir kechada!
E s t r a g o n. Hoynahoy, hozir bahor bo‘lsa kerak.
V l a d i m i r. Bir kechada-ya!
E s t r a g o n. Senga aytayapman-ku, biz kecha bu yerda bo‘lmagandik. Aftidan tush ko‘rgan bo‘lsang kerak.
V l a d i m i r. U holda seningcha biz kecha qayerda bo‘lganmiz?
E s t r a g o n. Bilmayman. Boshqa biror yerda. Boshqa bir qafasda. Hamma yer bir go‘r.
V l a d i m i r (o‘z haqligiga ishonch bilan.) Yaxshi. Kecha bu yerda bo‘lmaganmiz ham deylik. Xo‘sh, u holda biz kecha nima qildik?
E s t r a g o n. Kecha nima qildik?
V l a d i m i r. Bir eslab ko‘r-chi.
E s t r a g o n. U yoqdan-bu yoqdan gaplashgandirmiz.
V l a d i m i r (bosiqlik bilan.) Nima haqida?
E s t r a g o n. Haligi… u-bu narsa, boshmoq haqida. (Ishonch bilan.) Ha, esladim. Kecha biz boshmoq haqida gaplashgan edik. Yarim asrdan buyon shuni gaplashamiz.
V l a d i m i r. Nahotki biror bir voqea yoki holatni eslay olmasang?
E s t r a g o n (norozi bo‘lib). Jahlimni chiqarma, Didi.
V l a d i m i r. Quyoshni? Oyni? Eslay olmaysanmi?
E s t r a g o n. Nimasini eslayman, har doimgi oy, har doimgi quyosh bo‘lsa.
V l a d i m i r. Biror bir g‘alati narsani sezmadingmi?
E s t r a g o n. Ming afsuski, yo‘q.
V l a d i m i r. Potstsoni-chi? Lakini-chi?
E s t r a g o n. Potstso?
V l a d i m i r. Iliklar.
E s t r a g o n. Ular qovurg‘a edi.
V l a d i m i r. Ularni senga Potstso bergandi.
E s t r a g o n. Bilmadim.
V l a d i m i r. Oyog‘ing lat yegani-chi?
E s t r a g o n. Oyog‘im lat yegani? Ha, oyog‘imga tepishgandi.
V l a d i m i r. Laki seni tepgan edi.
E s t r a g o n. Bu voqea kecha bo‘lganmidi?
V l a d i m i r. Oyog‘ingni ko‘rsat-chi.
E s t r a g o n. Qaysinisini?
V l a d i m i r. Ikkalasini ham. Shimingni ko‘tar. (Estragon, bir oyoqda turib, Vladimirga ikkinchisini tutadi. Sal bo‘lmasa yiqilib ketay deydi. Vladimir Estragonning oyog‘ini ushlab ko‘ra boshlaydi. Estragon dovdiraydi.) Shimingni ko‘tar.
E s t r a g o n (dovdirab.) Bunday qila olmayman.
Vladimir shimning pochasini shimarib, oyog‘ini ko‘zdan kechirib, qo‘yib yuboradi. Estragon yiqilib tushay deydi.
V l a d i m i r. Boshqasini. (Estragon yana o‘sha oyog‘ini tutadi.) Senga boshqasini deyapman! (Boshqa oyoq bilan yana o‘sha harakatlar takrorlanadi.) Mana o‘sha yara bo‘lgan joy.
E s t r a g o n. Xo‘sh, shunga nima bo‘libdi?
V l a d i m i r. Sening boshmoqlaring qani?
E s t r a g o n. Otib yuborgan bo‘lsam kerak.
V l a d i m i r. Qachon?
E s t r a g o n. Bilmayman.
V l a d i m i r. Nima uchun?
E s t r a g o n. Eslay olmayman.
V l a d i m i r. Yo‘q, nima uchun ularni otib yubording deyapman?
E s t r a g o n. Oyog‘imni qisgani uchun.
V l a d i m i r (etiklarni ko‘rsatib). Mana ular. (Estragon etiklarga qaraydi.) Kecha tashlab ketgan joyingda yotibdi.
Estragon boshmoqlarga yaqin boradi, egilib, ko‘zdan kechira boshlaydi.
E s t r a g o n. Bu meniki emas.
V l a d i m i r. Seniki emas?!
E s t r a g o n. Meniki qora edi, bular esa sariq.
V l a d i m i r. Seniki qora ekanligiga ishonching komilmi?
E s t r a g o n. To‘g‘rirog‘i, ular kulrang edi.
V l a d i m i r. Bular sariqmi? Ko‘rsat-chi.
E s t r a g o n (bir poyini ko‘tarib). Bir oz yashiltob ekan.
V l a d i m i r (yaqinlashib). Ko‘rsat-chi. (Estragon unga boshmoqni beradi. Vladimir boshmoqni ko‘zdan kechirib, jahl bilan otib yuboradi.) Ming la’nat bo‘lsin!
E s t r a g o n. Bilasanmi, buning bari…
V l a d i m i r. Gap nimadaligini bilasan. Ha, nima bo‘lgani menga tushunarli.
E s t r a g o n. Buning bari…
V l a d i m i r. Hammasi besh qo‘lday ayon. Kimdir kelgan, sening boshmoqlaringni olib, o‘rniga o‘zinikini tashlab ketgan.
E s t r a g o n. Nima uchun?
V l a d i m i r. O‘ziniki unga to‘g‘ri kelmagan. Shunga senikini olgan.
E s t r a g o n. Biroq meniki juda kichik edi.
V l a d i m i r. Sen uchun. Biroq u uchun emas.
E s t r a g o n. Men charchadim. (Sukut.) Ketdik.
V l a d i m i r. Biz keta olmaymiz.
E s t r a g o n. Nima uchun?
V l a d i m i r. Biz Godoni kutayapmiz.
E s t r a g o n. Ha, to‘g‘ri. (Jimlik.) U holda nima qilamiz?
V l a d i m i r. Hech narsa.
E s t r a g o n. Biroq men ortiq chiday olmayman.
V l a d i m i r. Turp yeysanmi?
E s t r a g o n. Bor-yo‘g‘i shumi?
V l a d i m i r. Sholg‘om bilan turp bor.
E s t r a g o n. Sabzi qolmadimi?
V l a d i m i r. Yo‘q. Darvoqe, namuncha sabzixo‘r bo‘lib qolding?
E s t r a g o n. U holda menga turpni ber. (Vladimir cho‘ntaklarini kovlashtiradi, paypaslab turp topadi, cho‘ntagidan chiqarib Estragonga uzatadi. Estragon esa uni olib, ko‘zdan kechirib, hidlab ko‘radi.) U qora-ku!
V l a d i m i r. Bu turp.
E s t r a g o n. O‘zing yaxshi bilasan, men oqini yoqtiraman.
V l a d i m i r. Nima u senga kerak emasmi?
E s t r a g o n. Men oqini yaxshi ko‘raman!
V l a d i m i r. U holda buni menga ber.
Estragon turpni unga beradi.
E s t r a g o n. Borib sabzi qidirib ko‘ray.
Joyidan qimir etmaydi.
V l a d i m i r. Bu narsa endi rostdan ham mazmunsiz tus olayapti.
E s t r a g o n. Xulosaga hali shoshilma.
Jimlik.
V l a d i m i r. Sen bir urinib ko‘rsang qanday bo‘ladi?
E s t r a g o n. Allaqachon hammasini tatib ko‘rganman.
V l a d i m i r. Men boshmoqni nazarda tutgandim.
E s t r a g o n. Shunday deb o‘ylaysanmi?
V l a d i m i r. O‘shanda balki zerikmasmidik. (Ikkilanadi.) Senga aytayapman-ku, shunchaki o‘zimizni ovutish uchun.
E s t r a g o n. O‘zimizni ovutish uchun.
V l a d i m i r. Ko‘ngilxushlik uchun.
E s t r a g o n. Ovutish uchun.
V l a d i m i r. Kiyib ko‘r.
E s t r a g o n. Menga yordamlashasanmi?
V l a d i m i r. Albatta.
E s t r a g o n. Agar birga bo‘lsak, harakatlarimiz chakki emas, to‘g‘rimi, Didi?
V l a d i m i r. Ha, albatta. Kel, oldin chapini kiyib ko‘ramiz.
E s t r a g o n. Hali tirik ekanimizni bildirib qo‘yish uchun doim bir narsalarni o‘ylab topamiz, to‘g‘rimi, Didi?
V l a d i m i r (shoshilib). Ha, ha. Biz afsungarlarmiz. Osongina yo‘ldan chalg‘itishlariga izn bermaymiz. (Boshmoqni qo‘liga oladi.) Qani, oyog‘ingni uzat-chi. (Estragon uning oldiga kelib, oyog‘ini ko‘taradi.) Boshqasini, yaramas! (Estragon boshqa oyog‘ini ko‘taradi.) Balandroq! (Bir-birlarini quchoqlab ular sahna bo‘ylab dovdirab yura boshlaydilar.Nihoyat Vladimir boshmoqni unga kiygizishga muvaffaq bo‘ladi.) Yurib ko‘r-chi. (Estragon yura boshlaydi.) Xo‘sh, qanday?
E s t r a g o n. Menga juda yarashdi.
V l a d i m i r (cho‘ntagidan bog‘ich chiqarib). Hozir ipini bog‘laymiz.
E s t r a g o n (jazavaga tushib). Yo‘q, yo‘q. Bog‘ichini bog‘lash shart emas, hojati yo‘q!
V l a d i m i r. Noto‘g‘ri gapirayapsan. Ikkinchi poyini kiyib ko‘r. (Sahna takrorlanadi.) Xo‘sh, qanday?
E s t r a g o n. Bunisi ham menga yarashdi.
V l a d i m i r. Oyog‘ingni qismayaptimi?
E s t r a g o n (diqqat bilan bir-ikki qadam yurib ko‘rib). Hozircha qismayapti.
V l a d i m i r. U holda endi uni kiyib yuraver.
E s t r a g o n. Biroq menga katta-ku?!
V l a d i m i r. Balki, vaqti kelib paypog‘ing ham bo‘lib qolar.
E s t r a g o n. Ha, to‘g‘ri.
V l a d i m i r. Xo‘sh, boshmoqni endi yechmaysanmi?
E s t r a g o n. Hadeb shu haqida gaplashavermaylik.
V l a d i m i r. To‘g‘ri-ku, lekin…
E s t r a g o n. Yetar! (Sukut.) Borib o‘tira qolay.
O‘tiradigan joy izlaydi, keyin esa birinchi ko‘rinishning boshida o‘tirgan joyiga borib o‘tirmoqchi bo‘ladi.
V l a d i m i r. Kecha sen shu yerda o‘tirgan eding.
Jimlik.
E s t r a g o n. Qani edi uxlab qolganimda.
V l a d i m i r. Kecha uxlagan eding.
E s t r a g o n. Yana urinib ko‘raman.
Boshini oyoqlari orasiga olib, g‘o‘janak bo‘lib oladi.
V l a d i m i r. Shoshma. ( Estragon yoniga kelib, baland ovozda kuylay boshlaydi.) Alla jonim, alla-yo, alla-yo alla.
E s t r a g o n (boshini ko‘tarib). Sal sekinroq.
V l a d i m i r (past ovozda). Alla jonim, alla-yo alla, uxla qo‘zim, alla-yo alla. Alla-yo alla…
Estragon mudray boshlaydi. Vladimir nimchasini olib, uning yelkasiga tashlaydi-da, isinish uchun qo‘lini ishqalab sahnaning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha yura boshlaydi. Estragon birdan uyg‘onadi, o‘rnidan turib, dovdirab bir necha qadam tashlaydi. Vladimir yugurib uning oldiga kelib, mahkam bag‘riga bosadi.
V l a d i m i r. Shu yerdaman… shu yerda… men shu yerdaman… qo‘rqma.
E s t r a g o n. Nima!
V l a d i m i r. Shu yerda… shu yerda… hammasi tugadi.
E s t r a g o n. Men yiqildim.
V l a d i m i r. Hammasi tugadi. Bu haqida boshqa o‘ylama.
E s t r a g o n. Men haligi….
V l a d i m i r. Yo‘q, yo‘q, hech narsa dema. Qani, kel, bir oz sayr qilamiz.
Estragon ortiq yurishdan bosh tortmagunga qadar Vladimir uning qo‘ltig‘idan olib, sahna bo‘ylab yura boshlaydi.
E s t r a g o n. Yetar! Men charchadim.
V l a d i m i r. Hech narsa qilmasdan, to‘nkaga o‘xshab bir joyda turaverasanmi?
E s t r a g o n. Ha.
V l a d i m i r. Bilganingni qil.
Estragonni qo‘yib yuborib, nimchasini oladi-da, ustiga kiyadi.
E s t r a g o n. Ketdik.
V l a d i m i r. Biz keta olmaymiz.
E s t r a g o n. Nima uchun?
V l a d i m i r. Biz Godoni kutayapmiz.
E s t r a g o n. Ha-ya. (Vladimir yana u yoqdan-bu yoqqa yura boshlaydi.) Hali ham asabiylashayapsanmi?
V l a d i m i r. Sovuq qotayapman.
E s t r a g o n. Juda vaqtli kelganga o‘xshaymiz.
V l a d i m i r. Har doimgidek, kun botish oldidan.
E s t r a g o n. Hali-beri botadiganga o‘xshamaydi.
V l a d i m i r. Xuddi kechagiga o‘xshab birdan kech kiradi.
E s t r a g o n. Keyin qorong‘i tun boshlanadi.
V l a d i m i r. Keyin ketaversak ham bo‘ladi.
E s t r a g o n. Keyin yana kun keladi. (Jimlik.) Nima qilish kerak? Nima qilish kerak?
V l a d i m i r (to‘xtaydi. G‘azab bilan). Ming‘irlashni bas qil! Oh-vohlaring bilan g‘ashimga tegayapsan.
E s t r a g o n. Men ketaman.
V l a d i m i r (Lakining shlyapasiga ko‘zi tushib). Qaragin!
E s t r a g o n. Yaxshi qol.
V l a d i m i r. Lakining shlyapasi! (Shlyapaga yaqinlashadi.) Bir saotdan buyon shu yerdaman, biroq e’tibor ham bermabman. (Xursand bo‘lib.) Juda ajoyib!
E s t r a g o n. Meni ortiq ko‘rmaysan.
V l a d i m i r. Demak, joyni adashtirmaganim aniq. Endi xotirjam bo‘lsak ham bo‘laveradi. (Lakining shlyapasiga egiladi, ko‘zdan kechirib, qo‘liga oladi.) Yaxshi shlyapa ekanligi shundoq ko‘rinib turibdi. (O‘zining shlyapasi o‘rniga uni kiyadi, o‘zinikini esa Estragonga o‘zatadi.) Ma.
E s t r a g o n. Nima?
V l a d i m i r. Mana buni ol.
Estragon Vladimirning shlyapasini oladi. Vladimir ikki qo‘llab Lakining shlyapasini to‘g‘irlaydi. Estragon o‘ziniki o‘rniga Vladimirning shlyapasini kiyadi, o‘zinikini esa Vladimirga uzatadi. Vladimir Estragondan shlyapasini oladi. Estragon ikki qo‘llab Vladimirning shlyapasini to‘g‘irlaydi. Vladimir Lakining shlyapasi o‘rniga Estragonnikini kiyadi. Lakinikini esa Estragonga uzatadi. Estragon Lakining shlyapasini oladi. Vladimir ikki qo‘llab Estragonning shlyapasini to‘g‘irlaydi. Estragon Lakining shlyapasini kiyadi, Vladimirnikini esa uning o‘ziga uzatadi. Vladimir o‘z shlyapasini oladi. Estragon ikki qo‘llab Lakining shlyapasini to‘g‘irlaydi. Vladimir o‘z shlyapasini kiyadi, Estragonnikini esa uning o‘ziga uzatadi. Estragon o‘z shlyapasini oladi, Vladimir o‘z shlyapasini ikki qo‘llab to‘g‘irlaydi. Estragon o‘z shlyapasini kiyadi, Lakinikini esa Vladimirga tutqazadi. Vladimir Lakining щlyapasini oladi. Estragon ikki qo‘llab o‘z shlyapasini to‘g‘irlaydi. Vladimir Lakining shlyapasini kiyib, o‘zinikini Estragonga uzatadi. Estragon Vladimirning shlyapasini oladi. Vladimir Lakining shlyapasini ikki qo‘lda to‘g‘irlaydi. Estragon Vladimirning shlyapasini uning o‘ziga tutqazadi. U uni olib, Estragonga qaytaradi, u esa olib, yana Vladimirga qaytaradi, u o‘z navbatida olib, otib yuboradi. Buning bari tez bo‘lib o‘tadi.
V l a d i m i r. Menga yarashdimi?
E s t r a g o n. Bilmadim.
V l a d i m i r. Yo‘qmi, biroq seningcha qanday turibdi?
U yaltog‘lanib boshini u yoq-bu yoqqa buradi. O‘zini ko‘z-ko‘zlayotgandek tutadi.
E s t r a g o n. Bo‘lmaydi.
V l a d i m i r. Odatdagidan ham yomonroqmi?
E s t r a g o n. Farqi yo‘q.
V l a d i m i r. U holda buni o‘zimda qoldiraman. Meniki noqulayroq edi. (Jimlik.) Nima desam ekan… (Jimlik.) Urinib qolgandi.
E s t r a g o n. Men ketaman.
V l a d i m i r. Nima, o‘ynashni istamaysanmi?
E s t r a g o n. Nimani o‘ynayman?
V l a d i m i r. Potstso va Lakini o‘ynashimiz mumkin.
E s t r a g o n. Men ularni tanimayman.
V l a d i m i r. Men Laki bo‘laman, sen esa Potstso bo‘lasan. (Og‘ir narsani ko‘tarib, egilib turgan Lakining qiyofasiga kiradi. Estragon ajablanib uni kuzatib turadi.) Boshla.
E s t r a g o n. Men nima qilishim kerak?
V l a d i m i r. Meni so‘k!
E s t r a g o n. Yaramas!
V l a d i m i r. Qattiqroq!
E s t r a g o n. Iflos! Yaramas!
Vladimir egilgan ko‘yi, uzoqlashib, yana yaqinlashib turadi.
V l a d i m i r. Meni o‘ylashga majburla.
E s t r a g o n. Qanaqasiga?
V l a d i m i r. Ahmoq, o‘yla, deb buyur!
E s t r a g o n. O‘yla, ahmoq!
Jimlik.
V l a d i m i r. Bu qo‘limdan kelmaydi.
E s t r a g o n. Yetar!
V l a d i m i r. Menga raqsga tush de.
E s t r a g o n. Men ketaman.
V l a d i m i r. Raqsga tush, to‘ng‘iz! (U turgan joyida ijirg‘anadi. Estragon shoshib keta boshlaydi.) Bu qo‘limdan kelmaydi! (Boshini ko‘tarib, Estragonning yo‘qligini anglaydi. Yurakni o‘rtab yuboridigan ohangda o‘kirib yuboradi.) Gogo! (Jimlik. U sal bo‘lmsa yugurgan kabi sahnada u yoqdan bu yoqqa borib kela boshlaydi. Estragon shoshib kirib keladi-da, hansirab nafas olgancha Vladimir tomon yuguradi. Ular bir-birlariga bir necha qadam qolganda to‘xtab qolishadi.) Nihoyat, sen yana yonimdasan!
E s t r a g o n (hansirab). Jin ursin meni!
V l a d i m i r. Qayerda eding? Butunlay ketib qolgansan deb o‘ylagandim.
E s t r a g o n. Do‘nglik yonigacha bordim. Bu yoqqa kelishayapti.
V l a d i m i r. Kim?
E s t r a g o n. Bilmadim.
V l a d i m i r. Necha kishi?
E s t r a g o n. Bilmayman.
V l a d i m i r (tantanavor). Bu Godo! Nihoyat! (U Estragonni mahkam bag‘riga bosadi.) Godo! Bu Godo! Endi ozodmiz! Uni kutib olamiz! Yur! (Estragonni parda oldigacha sudrab boradi. Estragon qarshilik qilib, uning qo‘lidan chiqib ketadida, boshqa tomonga qarab yuguradi.) Gogo! Qayt! (Jimlik. Vladimir Estragon kelgan tomondagi parda tomon yugurib borib, uzoqlarga tikiladi. Estragon shoshib kirib kelib, Vladimir tomon otiladi. U esa o‘giriladi.) Yana qaytib keldingmi?!
E s t r a g o n. Ming la’nat bo‘lsin!
V l a d i m i r. Uzoqqa ketib qolganmiding?
E s t r a g o n. Do‘nglikkacha bordim.
V l a d i m i r. Rostdanmi, bizni tuzoqqa tushirishdi. Xuddi mushukka yem bo‘lgan sichqondek.
E s t r a g o n. U yoqdan ham bu yoqqa kelishayapti.
V l a d i m i r. Biz qurshovdamiz! (Qo‘rquvga tushgan Estragon orqa parda tomon yuguradi, pardaga o‘ralashib, yiqilib tushadi.) Tentak! U yoqda yo‘l yo‘q-ku! (Vladimir kelib, uni o‘rnidan turg‘azib, old to‘siq yoniga olib boradi. Tomoshabinlarga ko‘rsatadi.) Bu yerda hech kim yo‘q. Shu yerda yugur. Qani. (Uni sahna cheti tomon itaradi. Estragon qo‘rquv aralash, ortga chekinadi.) Istamaysanmi? Rost aytayapman, ahvoling menga tushunarli. Yaxshi. (O‘ylaydi.) Sen faqat bekinishni eplaysan, xolos.
E s t r a g o n. Qayerga?
V l a d i m i r. Daraxt ortiga. (Estragon ikkilanadi.) Tezroq! Daraxt ortiga. (Estragon yugurib, tanasi baribir ko‘rinib turadigan daraxt ortiga yashiranadi.) Qimirlama! (Estragon daraxt ortidan chiqadi.) Bu daraxt bizga yordam berolmasligi aniq. (Estragonga.) Nima, aqldan ozdingmi?
E s t r a g o n. Boshim gangib qoldi. (Uyalib, boshini bukadi.) Meni kechir. (Boshini mag‘rur ko‘taradi.) Hammasi tugadi! Hozir o‘zing ko‘rasan. Qani ayt, nima qilay?
V l a d i m i r. Hech narsa.
E s t r a g o n. Sen mana shu yerda turasan. (Vladimirni chap parda tomon yetaklaydi-da, sahnaga orqasini o‘girib, yuzini yo‘lga qaratib qo‘yadi.) Shu yerda. Qimirlamay, hech narsani ko‘zdan qochirmay tur. (Boshqa parda tomon yuguradi. Vladimir unga yelka oshib qaraydi. Estragon to‘xtaydi, o‘zoqlarga qarab, o‘giriladi. Ikkalasi ham bir-birlariga yelka osha qarashadi.) Xuddi bir paytlardagidek, yana yelkama-elkamiz! (Ular yana necha muddat bir-birlariga tikilib turishadi, keyin kuta boshlashadi. Uzoq jimlik.) Biror narsa ko‘rayapsanmi?
V l a d i m i r (o‘girilib). Nima?
E s t r a g o n (balandroq ovozda). Sen biron narsani ko‘rayapsanmi?
V l a d i m i r. Yo‘q.
E s t r a g o n. Men ham.
Yana kutishadi.Uzoq jimlik.
V l a d i m i r. Hoynahoy senga shunday tuyulgandir?
E s t r a g o n (o‘girilib). Nima?
V l a d i m i r (balandroq ovozda). Hoynahoy, senga shunday tuyulgandir?
E s t r a g o n. Baqirma.
Yana kutishadi.Uzoq jimlik.
V l a d i m i r, E s t r a g o n (birdaniga baravar o‘girilib). Bordi-yu, agar…
V l a d i m i r. E, kechirasan.
E s t r a g o n. Qulog‘im senda.
V l a d i m i r. Yo‘q, yo‘q.
E s t r a g o n. Ha, ha.
V l a d i m i r. Gapingni bo‘lib qo‘ydim.
E s t r a g o n. Aksincha.
G‘azab bilan bir-biriga tikilishadi.
V l a d i m i r. Kel, ortiqcha mulozamatni yig‘ishtiraylik.
E s t r a g o n. Qani, qaysarlik qilma.
V l a d i m i r (majburan). Senga aytayapman, gapingni oxirigacha tugat.
E s t r a g o n (xuddi shu ohangda). O‘zingnikini tugat.
Jimlik. Ular bir-birlari tomon yurishib, to‘xtaydilar.
V l a d i m i r. Bechoragina!
E s t r a g o n. Nihoyat, kel, bir-birimizni haqoratlaymiz. (O‘zaro haqoratlashishadi. Jimlik.) Kel, endi yarashamiz.
V l a d i m i r. Gogo!
E s t r a g o n. Didi!
V l a d i m i r. Qo‘lingni ber!
E s t r a g o n. Ma!
V l a d i m i r. Qani-kela qol!
E s t r a g o n. Sening yoninggami?
V l a d i m i r (quchog‘ini ochib). Bag‘rimga!
E s t r a g o n. Bo‘pti!
Quchoqlashishadi. Jimlik.
V l a d i m i r. Kayfiyatimiz yaxshi bo‘lganda, vaqt juda tez o‘tadi.
Jimlik.
E s t r a g o n. Endi nima qilamiz?
V l a d i m i r. Kuta turibmi?
E s t r a g o n. Kuta turib.
Jimlik.
V l a d i m i r. Birgalikda qiladigan mashqimizni bajarsak nima bo‘ladi?
E s t r a g o n. Birgalikdagi harakatni.
V l a d i m i r. Asablarni bo‘shashtirishni.
E s t r a g o n. Asablarni chiniqtirishni.
V l a d i m i r. Toliqtirishni.
E s t r a g o n. Chiniqtirishni
V l a d i m i r. Qizishib olish uchun.
E s t r a g o n. Hovurdan tushish uchun.
V l a d i m i r. Boshladik.
Joyida sakraydi. Estragon uning izidan qaytaradi.
E s t r a g o n (to‘xtaydi). Yetar. Men charchadim.
V l a d i m i r (to‘xtab). Bugun unchalik o‘xshatolmayapmiz. Kel, yaxshisi, bir necha nafas olish mashqlarini bajaramiz.
E s t r a g o n. Men ortiq nafas olishni istamayman.
V l a d i m i r. Sen haqsan. (Jimlik.) Kel unda “daraxt”ni bajaramiz. Muvozonatni saqlash uchun.
E s t r a g o n. Daraxt?
Vladimir daraxt ko‘rinishini qilib ko‘rsatadi, dovdiraydi.
V l a d i m i r (to‘xtab). Endi sen.
Estragon daraxt ko‘rinishini qiladi, dovdiraydi.
E s t r a g o n. Nima deb o‘ylaysan, Xudo meni ko‘rib turibdimi?
V l a d i m i r. Ko‘zingni yumishing kerak.
Estragon ko‘zini yumadi, muvozanatini battarin yo‘qotadi.
E s t r a g o n (to‘xtab, telbalarcha mushtini silkib). Xudoyim, menga rahming kelsin!
V l a d i m i r (ranjigandek). Menga-chi?
E s t r a g o n. Rahming kelsin! Rahming kelsin! Menga! Rahming kelsin!
Potstso va Laki kirib keladi. Potstso ko‘r bo‘lib qolgan. Laki xuddi birinchi sahnadagidek uning yuklarini ko‘tarib olgan. Potstsoning yurishiga qo‘lay bo‘lishi uchun Lakining bo‘yniga bog‘langan arqon bir oz qisqargan. Lakining boshida yangi shlyapa. Vladimir va Estragonni ko‘rib u to‘xtaydi. Potstso yurishda davom etib, ular bilan to‘qnashib ketadi. Vladimir va Estragon ortga chekinishadi.
P o ts ts o (Potstso yangi yuklarning og‘irligidan egilib ketayotgan Lakiga ergashadi.) Kim bor bu yerda? Kim qichqirdi?
Laki qo‘lidagilarni yerga tushirib yuborib, Potstso bilan birga qo‘shilib qulab tushadi.
E s t r a g o n. Bu Godomi?
V l a d i m i r. Shu yetmay turgandi. (Ularga yaqinlashadi, ortidan Estragon ergashadi.) Mana yordamchilar ham yetib kelishdi!
P o ts ts o (ba’zur ovozi chiqib). Yordam beringlar.
E s t r a g o n. Bu Godomi?
V l a d i m i r. Endi suhbatlashishni boshlaymiz. Oqshom payti bu juda asqotadi.
P o ts ts o. Yonimga kel!
E s t r a g o n. U yordam so‘rayapti.
V l a d i m i r. Biz endi yolg‘iz qolmaymiz, tunni yolg‘iz kutmaymiz, Godoni yolg‘iz kutmaymiz, biz endi… kutmaymiz. Kun bo‘yi o‘zimiz bilan kurashib charchadik. Endi bunday bo‘lmaydi. Ertamiz allaqachon boshlandi.
P o ts ts o. Yonimga kel!
V l a d i m i r. Endi vaqt g‘ildiragi boshqacha aylanadi. Quyosh botadi, oy ham chiqadi, biz esa bu yerdan… ketamiz.
P o ts ts o. Rahmingiz kelsin!
V l a d i m i r. Bechora Potstso!
E s t r a g o n. Bu o‘sha ekanini bildim.
V l a d i m i r. Kim?
E s t r a g o n. Godo.
V l a d i m i r. Biroq bu Godo emas.
E s t r a g o n. Godo emasmi?
V l a d i m i r. Godo emas.
E s t r a g o n. U holda bu kim?
V l a d i m i r. Bu Potstso.
P o ts ts o. Bu men! Bu men! Turishimga yordamlashinglar!
V l a d i m i r. U tura olmayapti.
E s t r a g o n. Yur.
V l a d i m i r. Biz bunday qila olmaymiz.
E s t r a g o n. Nima uchun?
V l a d i m i r. Biz Godoni kutayapmiz.
E s t r a g o n. Ha, to‘g‘ri.
V l a d i m i r. Balki, hali ham uning senga atalgan suyagi bordir?
E s t r a g o n. Suyak?
V l a d i m i r. Tovuqniki. Esingdan chiqdimi?
E s t r a g o n. Bu tush edi-ku?
V l a d i m i r. Rostdanmi?
E s t r a g o n. O‘zidan so‘rab ko‘r.
V l a d i m i r. Balki, oldin unga yordam berarmiz?
E s t r a g o n. Nima masalada?
V l a d i m i r. Turishiga.
E s t r a g o n. Nima, o‘zi tura olmaydimi?
V l a d i m i r. U turishni istayapti.
E s t r a g o n. U holda tura qolsin.
V l a d i m i r. O‘zi tura olmaydi.
E s t r a g o n. Unga nima bo‘lgan?
V l a d i m i r. Bilmayman.
Potstso bukilgancha, yer mushtlab nola qiladi.
E s t r a g o n. Balki, oldin undan suyaklarni so‘rarmiz. Agar bermasa, yordam bermaymiz.
V l a d i m i r. Bu bilan u bizning hukmimizda demoqchimisan?
E s t r a g o n. Shunday.
V l a d i m i r. Demak, yordam berishdan oldin unga shart qo‘yamiz?
E s t r a g o n. Shunday.
V l a d i m i r. Rost, aqlingga qoyilman. Biroq, bir narsadan xavotirim bor.
E s t r a g o n. Nimadan?
V l a d i m i r. Birdan Laki o‘ziga kelsa-chi? U holda holimiz xarob deyaver.
E s t r a g o n. Laki?!
V l a d i m i r. Anavi, kecha seni tepkilagan.
E s t r a g o n. Axir senga aytdim-ku, ular o‘n kishi edi deb.
V l a d i m i r. E, yo‘q, oldin. Seni oyog‘i bilan tepgan.
E s t r a g o n. U shu yerdami?
V l a d i m i r. Ana, qara. (Ko‘rsatadi.) Hozircha qimir etmay yotibdi. Biroq, istagan paytda u arqonni uzib yuborishi mumkin.
E s t r a g o n. Uning yaxshilab adabini berib qo‘ysak nima bo‘ladi?
V l a d i m i r. Uxlab yotganda uning ustiga tashlanib, ta’zirini beraylik demoqchimisan?
E s t r a g o n. Ha-da.
V l a d i m i r. Yaxshi fikr. Biroq, bu qo‘limizdan kelarmikan? U rostdan ham uxlayaptimikan? (Jimlik.) Yo‘q, yaxshisi Potstso yordam so‘rayotgan vaziyatdan foydalanib qolaylik, bor umidimiz undan.
E s t r a g o n. Biroq u baribir…
V l a d i m i r. Bekorchi gaplar bilan vaqtni o‘tkazmaylik. (Jimlik. Hayajon aralash.) Payti kelgan ekan undan foydalanib qolaylik. Har kuni ham bizdan yordam so‘rashavermaydi. Albatta, odamlar aynan bizning yordamimizga muhtoj emas. Boshqalar ham shunday qilgan, ehtimol, buni bizdan ham yaxshiroq bajarishar. Biz eshitgan iltijo bani insoniyatga qaratilgan. Biroq bizga bu narsa yoqsa-yoqmasa ham mana shu joyda, ayni damda insoniyat – bu sen bilan menmiz. Kech bo‘lmasdan otni qamchilab qolaylik. Jamiyatning bizlarni – musibat teng qilgan chiqindilarini – munosib tarzda namoyon etaylik. Sen bunga nima deysan? (Estragon churq etmaydi.) Gap shundaki, tarafdorlar ham, qarshilar ham qo‘llarni qovushtirgancha chamalab turar ekanmiz, biz o‘zimizning ijtimoiy ahvolimizga ehtirom bajo aylaymiz. Arslon bir daqiqa ham o‘ylab o‘tirmay o‘z sheriklarini qutqarishga tashlanadi. Yoki changalzor ortiga kirib, g‘oyib bo‘ladi. Biroq, hozir gap boshqa yoqda. Bu yerda nima qilayapmiz, biz mana shu savolga javob berishimiz zarur. Baxtimiz shuki, biz buni yaxshi bilamiz. Ha, bu dahshatli, alg‘ov-dolg‘ovli dunyoda bir narsa bizga taskin beradi: biz Godoning kelishini kutayapmiz.
E s t r a g o n. Ha, to‘g‘ri.
V l a d i m i r. Qorong‘i tushishini kutaylik. (Jimlik). Biz uchrashishimiz kerak, tamom vassalom. Biz farishta emasmiz, biroq bizga uchrashuv belgilangan. Nechta odam senga mana shunday javob bera olishi mumkin?
E s t r a g o n. Mingta.
V l a d i m i r. Shunday deb o‘ylaysanmi?
E s t r a g o n. Bilmayman.
V l a d i m i r. Ehtimol.
P o ts ts o. Yordam beringlar!
V l a d i m i r. Shu narsa aniqki, bunday paytlarda vaqt go‘yo to‘xtab qolgandek bo‘ladi. Va bir qaraganda bizga to‘g‘ri bo‘lib ko‘ringan, biz ko‘nikkan amallardan voz kechishni talab qiladi. Aytasanki, buning bari aqli hushimizni yo‘qotmaslik uchun qilingan deb. Ha, bu tabiiy, albatta. Biroq u yer tagida, mangu zulmat ichra adashib qolmaganmikan? Ba’zan o‘zimga shunday savol beraman. Aytganlarimni sen anglab olayapsanmi?
E s t r a g o n. Hammamiz telba bo‘lib dunyoga kelamiz. Kimdir esa telbaligicha qoladi.
P o ts ts o. Yordam berganlaring uchun pul to‘layman!
E s t r a g o n. Qancha?
P o ts ts o. Besh tanga.
E s t r a g o n. Bu kam.
V l a d i m i r. Men bunchalik o‘zimdan ketmagan bo‘lardim.
E s t r a g o n. Nima, seningcha, shu yetarlimi?
V l a d i m i r. Yo‘q, lekin ta’kid o‘rnida shuni aytmoqchimanki, men dunyoga kelganda, aqli hushim joyida bo‘lmagan. Biroq, gap hozir bunda emas.
P o ts ts o. O‘n tanga.
V l a d i m i r. Biz kutayapmiz. Biz zerikdik. (Qo‘lini ko‘taradi.) Yo‘q, e’tiroz qilma, unchalik zerikkanimiz ham yo‘q, buni rad qilolmaysan. Bilib qo‘y. Birdan kulgili tomosho oldidan chiqib qoldik, biz esa nima qilamiz? Tomoshoga e’tibor qilmaymiz. Ishga kirishib ketamiz. ( Potstso oldiga kelib to‘xtaydi.) Bir necha soniyadan keyin hammasi tumandek tarqab ketadi, yana biz yolg‘izlikka mahkum bo‘lamiz. (O‘z joyiga qaytadi.)
P o ts ts o. O‘n tanga!
V l a d i m i r. Ketdik, ketdik!
Potstsoni turg‘izmoqchi bo‘ladi, eplay olmaydi, yana urinib ko‘radi, yerdagi narsalarga o‘ralashib, yiqilib tushadi, turmoqchi bo‘ladi, biroq tura olmaydi.
E s t r a g o n. Bu sizlarga sherik, endi hammalaring birgamisizlar?
V l a d i m i r. Yordam ber!
E s t r a g o n. Men ketayapman.
V l a d i m i r. Meni tashlab ketma! Ular meni tirik qo‘yishmaydi.
P o ts ts o. Men qayerdaman?
V l a d i m i r. Gogo!
P o ts ts o. Yonimga kel!
V l a d i m i r. Menga yordam ber!
E s t r a g o n. Men ketayapman.
V l a d i m i r. Oldin menga yordam ber. Keyin birga ketamiz.
E s t r a g o n. Va’da berasanmi?
V l a d i m i r. Qasam ichaman!
E s t r a g o n. Va bu yerga qaytib kelmaymiz.
V l a d i m i r. Hech qachon.
E s t r a g o n. Biz Arejga ketamiz.
V l a d i m i r. Istagan joyingga.
P o ts ts o. O‘n besh tanga! Yigirma tanga!
E s t r a g o n. Doim Arej bo‘ylab sayr qilishni orzu qilardim.
V l a d i m i r. Albatta sayr qilasan.
E s t r a g o n. Yo‘ldan kim qaytardi?
V l a d i m i r. Bu Potstso.
P o ts ts o. Bu men! Bu men! Rahmingiz kelsin!
E s t r a g o n. Juda jirkanch.
V l a d i m i r. Tezroq! Tezroq! Qo‘lingni ber!
E s t r a g o n. Men ketdim. (Jimlik. Balandroq ovozda.) Men ketayapman.
V l a d i m i r. Alal-oqibat, bir iloj qilib o‘zim turaman. (Turishga harakat qiladi, yana yerga yiqilib tushadi.) Ertami, kechmi, albatta.
E s t r a g o n. Senga nima bo‘ldi?
V l a d i m i r. Toshingni ter.
E s t r a g o n. Shu yerda qolmoqchimisan?
V l a d i m i r. Hozircha shunday.
E s t r a g o n. Tura qol, shamollab qolasan.
V l a d i m i r. Mendan tashvishlanmay qo‘ya qol.
E s t r a g o n. Bo‘la qol, Didi, qaysarlik qilma. (Vladimirga qo‘lini uzatadi, u esa bor kuchi bilan unga yopishadi.) Qani, tura qol!
V l a d i m i r. Tort!
Estragon tortadi, gandiraklab yiqilib tushadi.
P o ts ts o. Yonimga kel!
V l a d i m i r. Biz shu yerdamiz.
P o ts ts o. Kimsizlar?
V l a d i m i r. Biz – odamlarmiz.
Jimlik.
E s t r a g o n. Yerda yotish qanday yaxshi!
V l a d i m i r. O‘rningdan tura olasanmi?
E s t r a g o n. Bilmayman.
V l a d i m i r. Urinib ko‘r.
E s t r a g o n. Hozir, hozir.
Jimlik.
P o ts ts o. Nima bo‘ldi?
V l a d i m i r (g‘azab bilan). Jim bo‘lasanmi, yo‘qmi! Ha, kasofat! Faqat o‘zini o‘ylaydi.
E s t r a g o n. Uxlashga harakat qilib ko‘rsak-chi?
V l a d i m i r. U nima deganini sen eshitdingmi? U nima bo‘lganini bilishni istayapti.
E s t r a g o n. Uni tinch qo‘y, uxla.
Jimlik.
P o ts ts o. Rahmingiz kelsin! Rahmingiz kelsin!
E s t r a g o n (cho‘chib tushib). Nima? Nima bo‘ldi?
V l a d i m i r. Uxlayotganmiding?
E s t r a g o n. Shunaqa, shekilli.
V l a d i m i r. Bu anavi tentak, Potstso.
E s t r a g o n. Unga ayt, jim o‘tirsin! Basharasiga bir tushirgin!
V l a d i m i r (Potstsoni ura turib). Endi bo‘ldimi? Boshqa gapirmaysanmi? Yaramas! (Potstso og‘riqdan dodlagancha, sudralib nari keta boshlaydi. Vaqti-vaqti bilan to‘xtab, ko‘rga o‘xshab, havoni qo‘li bilan paypaslab ko‘radi. Lakini chaqiradi. Vladimir, tizzasiga suyanib, uning ortidan kuzatib turadi.) U qochib ketdi. (Potstso to‘xtab, joyida jim bo‘lib oladi. Jimlik.) U yiqildi!
Jimlik.
E s t r a g o n. Endi biz nima qilamiz?
V l a d i m i r. Uning yonida bo‘lganimda edi.
E s t r a g o n. Meni tashlab ketma.
V l a d i m i r. Uning o‘zini chaqirsak nima bo‘ladi?
E s t r a g o n. To‘g‘ri, chaqir uni.
V l a d i m i r. Potstso! (Jimlik.) Potstso! (Jimlik.) U endi javob bermayapti.
E s t r a g o n. Birgalikda chaqiramiz.
V l a d i m i r, E s t r a g o n. Potstso! Potstso!
V l a d i m i r. Qimirlaganday bo‘ldi.
E s t r a g o n. Uning ismi Potstso ekaniga ishonching komilmi?
V l a d i m i r (tashvishlanib). Janob Potstso! Qayt! Biz senga hech bir yomonlik qilmaymiz.
Jimlik.
E s t r a g o n. Boshqa ismni aytib chaqirib ko‘rsak-chi?
V l a d i m i r. Unga bir gap bo‘ldimi deb xavotirdaman.
E s t r a g o n. U holda juda qiziq bo‘lardi.
V l a d i m i r. Juda qiziq bo‘lardi?
E s t r a g o n. Bir boshdan boshqa ismlarni aytib chaqirib ko‘r-chi. Shunda vaqt o‘tganini bilmay qolardik. Oqibatda uning ismini ham bilib olamiz.
V l a d i m i r. Senga aytayapman-ku, uning ismi Potstso.
E s t r a g o n. Mana hozir ko‘ramiz. Xo‘sh. (O‘ylaydi.) Abel! Abel!
P o ts ts o. Yonimga kel!
E s t r a g o n. Mana ko‘rdingmi!
V l a d i m i r. Bu qo‘shiq mening jonimga tega boshladi.
E s t r a g o n. Balki, ikkinchisining ismi Kaindir? (Chaqiradi.) Kain! Kain!
P o ts ts o. Yonimga kel!
E s t r a g o n. Xayriyat, odamga o‘xshab ovoz chiqardi. (Jimlik.) Anavi bulutga qaragin.
V l a d i m i r (nigohini osmonga qaratib). Qayerda?
E s t r a g o n. Anavi tomonda, ufqda.
V l a d i m i r. Nima bo‘pti? (Jimlik.) Buning nimasi ajablanarli?
Jimlik.
E s t r a g o n. Istasang, boshqa mavzuda suhbatlashamiz.
V l a d i m i r. Men ham senga shunday demoqchi bo‘lib turgandim.
E s t r a g o n. Biroq, qanday mavzuda?
V l a d i m i r. Hamma gap shunda-da!
Jimlik.
E s t r a g o n. Balki, boshlash uchun turishimiz kerakdir?
V l a d i m i r. Urinib ko‘rsa bo‘ladi.
Turishadi.
E s t r a g o n. Unchalik qiyin emas ekan.
V l a d i m i r. Muhimi – istak.
E s t r a g o n. Xo‘sh, endi-chi?
P o ts ts o. Yordam beringlar!
E s t r a g o n. Qani, ketdik.
V l a d i m i r. Biz bunday qila olmaymiz.
E s t r a g o n. Nima uchun?
V l a d i m i r. Biz Godoni kutayapmiz.
E s t r a g o n. E, ha. (Jimlik.) Nima qilamiz?
P o ts ts o. Yordam beringlar!
V l a d i m i r. Unga yordam bersak bo‘lmaydimi?
E s t r a g o n. Nima qilishimiz kerak?
V l a d i m i r. U o‘rnidan turolmayapti.
E s t r a g o n. Nima bo‘pti?
V l a d i m i r. Turib olishi uchun bizdan yordam so‘rayapti.
E s t r a g o n. U holda yordamlashaylik. Nimani kutayapmiz?
Ular Potstsoga yordamlashishadi-da, nariroqqa borib turishadi. U yana yiqilib tushadi.
V l a d i m i r. Uni ushlab turish kerak. (Sahna takrorlanadi. Potstso ikkalasining o‘rtasida, yelkalariga suyangan ko‘yi turadi.) Uning o‘zi tik turishni o‘rganishi kerak. (Potstsoga.) Xo‘sh, endi ahvolingiz yaxshimi?
P o ts ts o. Kimsizlar?
V l a d i m i r. Bizni tanimayapsizmi?
P o ts ts o. Mening ko‘zlarim ko‘r.
Jimlik.
E s t r a g o n. Balki, u kelajakni bashorat qilar?
V l a d i m i r (Potstsoga). Qachondan buyon?
P o ts ts o. Ilgarilari ko‘zim juda o‘tkir edi. Biroq… sizlar do‘stmisizlar?
E s t r a g o n (qah-qah otib). U do‘stmisizlar, deb so‘rayapti.
V l a d i m i r. Yo‘q, unga do‘stmiz deb o‘ylayapti.
E s t r a g o n. Nima uchun?
V l a d i m i r. Unga yordam berganimiz buning isboti.
E s t r a g o n. Rost! Do‘st bo‘lmasak unga yordam bergan bo‘larmidik?
V l a d i m i r. Balki.
E s t r a g o n. Bermasdik.
V l a d i m i r. Bu borada tortishib o‘tirmaylik.
P o ts ts o. Sizlar qaroqchi emasmisizlar?
E s t r a g o n. Qaroqchilar! Nima, biz qaroqchilarga o‘xshaymizmi?
V l a d i m i r. Axir u ko‘r-ku!
E s t r a g o n. Jin ursin! To‘g‘ri. (Jimlik.) Gaplaridan sezilib turibdi.
P o ts ts o. Meni tashlab ketmanglar.
V l a d i m i r. Bu haqida gap bo‘lishi mumkin emas.
E s t r a g o n. Hozircha.
P o ts ts o. Soat necha bo‘ldi?
E s t r a g o n (osmonga qarab). Taxminan…
V l a d i m i r. Soat yettimi?.. Yoki sakkizmi?..
E s t r a g o n. Qaysi fasl ekanligiga qarab.
P o ts ts o. Hozir oqshom paytimi?
Jimlik. Vladimir va Estragon botayotgan quyoshni tomosho qilishadi.
E s t r a g o n. Aftidan u ko‘tarilayotganga o‘xshaydi.
V l a d i m i r. Bo‘lishi mumkin emas.
E s t r a g o n. Quyosh chiqayotgan bo‘lsa-chi?
V l a d i m i r. Bema’ni gaplarni qo‘y. U tomon G‘arb-ku.
E s t r a g o n. Buni aniq bilasanmi?
P o ts ts o (tashvishlanib). Ayting-chi, hozir kechki paytmi?
V l a d i m i r. Darvoqe, u joyidan qimirlamayapti.
E s t r a g o n. Men senga aytayapman-ku, u ko‘tarilayapti deb.
P o ts ts o. Nima uchun javob bermaysizlar?
E s t r a g o n. Chunki, sizga nomaqbul javob berishni istamaymiz.
V l a d i m i r (xotirjam ohangda). Hozir kechki payt, taqsir, biz kechga yaqin kelgandik. Do‘stim esa, buning aksi ekaniga meni ishontirmoqchi bo‘layapti, ochig‘ini aytsam, bir oz ikkilangan holatim ham bo‘ldi. Biroq, bugun men osongina unutadigan kun bo‘lgani yo‘q, sizni ishontirib aytamanki, quyosh botay deb qoldi. (Jimlik.) Darvoqe, ahvolingiz endi tuzukmi?
E s t r a g o n. Uni yana qancha shunday tutib turmoqchisan? (Ular Potstsoni quyib yuborishga harakat qilishadi, biroq saldan keyin yiqilib tushishi mumkinligini ko‘rib, yana tutib turishadi.) Biz ustun emasmiz.
V l a d i m i r. Sizni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, ilgari ko‘zim o‘tkir edi deb aytdingiz.
P o ts ts o. Ha, ko‘zlarim juda o‘tkir edi.
Jimlik.
E s t r a g o n (achchiqlanib). Boshidan boshla! Boshidan!
V l a d i m i r. Uni tinch qo‘y. Ko‘rmayapsanmi, u o‘zining baxtli damlarni eslayapti. (Jimlik.) Memoria praeteritorum bonorum – bu, albatta oson bo‘lmasa kerak.
P o ts ts o. Ha, juda o‘tkir edi.
V l a d i m i r. Keyin esa biror ko‘ngilsizlik yuz berdimi?
P o ts ts o. O‘tkir edi.
V l a d i m i r. Sizdan so‘rayapman, kutilmaganda ko‘ngilsizlik yuz berdimi?
P o ts ts o. Kunlardan bir kun uxlab, ko‘r bo‘lib uyg‘ondim. (Jimlik.) Ba’zan hali ham uxlayotganmikanman deb o‘zimdan so‘rab qolaman.
V l a d i m i r. Qachon bo‘ldi?
P o ts ts o. Bilmayman.
V l a d i m i r. Biroq, kechadan oldin emas…
P o ts ts o. Meni savolga tutmang. Ko‘rlarga vaqtning farqi yo‘q. (Jimlik.)
V l a d i m i r. Nima! Men esa boshqa fikrda edim.
E s t r a g o n. Men ketayapman.
P o ts ts o. Biz qayerdamiz?
V l a d i m i r. Bilmayman.
P o ts ts o. Ehtimol, bu yerni La Planshe deb atarmiz.
V l a d i m i r. Bilmayman.
P o ts ts o. Qanaqa joyga o‘xshaydi?
V l a d i m i r (atrofni ko‘zdan kechirib). Sizga tasvirlab berolmayman. Hech qayerga o‘xshamaydi. Bu yer quruq dashtlik. Yakka daraxt bor.
P o ts ts o. U holda La Planshe emas ekan.
E s t r a g o n (engashib). Mana senga ermak.
P o ts ts o. Mening xizmatkorim qayerda?
V l a d i m i r. U shu yerda.
P o ts ts o. Nima uchun uni chaqirsam javob bermaydi?
V l a d i m i r. Bilmadim. Uxlayotgan bo‘lsa kerak.
P o ts ts o. Rostini ayting-chi, o‘zi nima gap bo‘ldi?
E s t r a g o n. Rostini aytganda!
V l a d i m i r. Ikkalangiz ham yiqilib tushdingiz.
P o ts ts o. Qaranglar-chi, balki, jarohatlangandir?
V l a d i m i r. Biroq, biz sizni tashlab ketolmaymiz.
P o ts ts o. Ikkalangiz borishingiz shart emas.
V l a d i m i r (Estragonga). Sen bora qol.
P o ts ts o. Ha, do‘stingiz borib ko‘ra qolsin. Undan qo‘lansa hid kelyapti. (Jimlik.) U nimani kutayapti?
V l a d i m i r (Estragonga). Nimani kutayapsan?
E s t r a g o n. Men Godoni kutayapman.
V l a d i m i r. U o‘zi nimani aniqlashi kerak?
P o ts ts o. Xo‘sh, oldin uni bo‘g‘ib qo‘ymaslik uchun, asta arqondan tortib ko‘rsin. Odatda arqon tortilsa, uyg‘onadi. Qimirlamasa, mayli basharasigami, duch kelgan joyiga boplab tepsin.
V l a d i m i r (Estragonga). Ko‘rdingmi, qo‘rqishingga hojat yo‘q. Qasos olishing uchun qulay imkoniyat.
E s t r a g o n. Bordiyu u qarshilik ko‘rsatsa-chi?
P o ts ts o. Yo‘q, yo‘q, u hech qachon qarshilik qilmaydi.
V l a d i m i r. Men darrov yordamga yetib boraman.
E s t r a g o n. Mendan ko‘zingni uzmay tur. (Laki tomon yuradi.)
V l a d i m i r. Oldin tekshirib ko‘r, tirikmikan. O‘lgan bo‘lsa, tepkilashdan ma’ni yo‘q.
E s t r a g o n (Lakining ustiga egilib). U nafas olayapti.
V l a d i m i r. U holda boshlayver.
Birdan Estragon quturib ketib, baqirgancha Lakini tepa boshlaydi. Biroq oyog‘ini qayirib olib, ortga qaytib, dodlay boshlaydi. Laki ko‘zini ochadi.
E s t r a g o n (bir oyoqda turgancha). Uu-u, to‘ng‘iz!
Estragon o‘tirib, boshmog‘ini yechmoqchi bo‘ladi, keyin alami tarqab, tizzasi orasiga egilgan boshini qo‘li bilan mahkam ushlab, g‘ujanak holda yotib oladi.
P o ts ts o. Nima bo‘ldi?
V l a d i m i r. Do‘stim oyog‘ini qayirib oldi.
P o ts ts o. Lakiga nima qildi?
V l a d i m i r. Demak, bu rostdan ham o‘sha ekanda?
P o ts ts o. Bu nima deganingiz?
V l a d i m i r. Bu rostdan Lakimi?
P o ts ts o. Hech narsani tushunmayapman.
V l a d i m i r. Siz Potstsomisiz?
P o ts ts o. Albatta, men Potstsoman.
V l a d i m i r. O‘sha, kecha kelganlarmi?
P o ts ts o. Qanaqa kecha?
V l a d i m i r. Kecha ko‘rishgan edik. (Jimlik.) Nima, esingizdan chiqdimi?
P o ts ts o. Kecha kimnidir uchratganimni eslay olmayman. Ertaga esa bugun kimni uchratganimni eslay olmayman. Bilmoqchi bo‘lsangiz, mendan umid qilmang. Bu haqida boshqa so‘ramang. Turilsin!
V l a d i m i r. Uni muqaddas Xaloskor bozoriga olib bormoqchi edingiz, sotish uchun. Bizga aytib bergandingiz. U raqsga tushdi. U o‘yladi. Ko‘zlaringiz ham sog‘ edi.
P o ts ts o. Buni noilojliqdan qilayotgan ekansiz, mayli. O‘tinaman, meni ushlab turmang. (Vladimir qo‘yib yuboradi.) Turilsin!
V l a d i m i r. U turayapti.
Laki turib, narsalarni yig‘ishtira boshlaydi.
P o ts ts o. To‘g‘ri qiladi.
V l a d i m i r. Qayerga ketayapsizlar o‘zi?
P o ts ts o. Bu meni tashvishga solayotgani yo‘q.
V l a d i m i r. Juda o‘zgarib ketibsiz.
Laki narsalari bilan Potstso oldida ko‘ndalang bo‘ladi.
P o ts ts o. Qamchi! (Laki yerga narsalarini qo‘yib, qamchini izlay boshlaydi, uni topib, Potstsoga tutqazadi-da, narsalarni qo‘liga oladi.) Arqon! (Laki narsalarni yerga qo‘yib, arqon uchini Potstsoning qo‘liga tutqazadi-da, narsalarni yana ko‘tarib oladi.)
V l a d i m i r. Jomadoningizda nima bor?
P o ts ts o. Qum. (Arqonni tortib.) Olg‘a! (Laki joyidan qimirlaydi, Potstso ortidan ergashadi.)
V l a d i m i r. Yana bir oz qolinglar.
P o ts ts o (to‘xtab). Men ketayapman.
V l a d i m i r. Hech kim yordam bera olmaydigan joyda yiqilib-netib qolsangiz nima bo‘ladi?
P o ts ts o. To turguncha sabr qilishimizga to‘g‘ri keladi. Keyin yana yo‘lga tushamiz.
V l a d i m i r. Ketishdan oldin, unga buyuring, kuylab bersin.
P o ts ts o. Kimga?
V l a d i m i r. Lakiga.
P o ts ts o. Kuylab bersin?
V l a d i m i r. Ha. Yoki o‘ylasin. Yoki biron narsani yoddan aytib bersin.
P o ts ts o. Biroq, u soqov-ku.
V l a d i m i r. Soqov!
P o ts ts o. Mutlaqo. U hatto ovoz chiqara olmaydi.
V l a d i m i r. Soqov! Qachondan buyon?
P o ts ts o (birdan g‘azabi kelib). O‘tmish to‘g‘risida hadeb bo‘lmag‘ur savollar berishni bas qilasizmi, yo‘qmi? G‘ashimni keltirayapti! Qachon! Qachon! Ajoyib kunlarning birida, endi ko‘nglingiz to‘ldimi? Boshqa kunlarga o‘xshagan ajoyib kunlarning birida u kar bo‘lib qolda, ajoyib kunlarning birida men ko‘r bo‘lib qoldim. Ajoyib kunlarning birida biz kar bo‘lib qolamiz. Ajoyib kunlarning birida biz tug‘ilganmiz, ajoyib kunlarning birida o‘lamiz. Bir kuni, bir lahzada, shu javobim sizga yetarlimi? (Xotirjamroq ohangda) Hayot va o‘lim egizak, ko‘z ochib-yumsang kun, keyin esa yana tun. (Arqon uchini tortib.) Olg‘a!
Ular ketishadi. Vladimir sahna chetiga qadar ular ortidan borib, izidan qarab qoladi. Yiqilgan tovush. Vladimirning yuz harakati ularning yana yiqilganidan darak beradi. Jimlik. Vladimir uxlab yotgan Estragon oldiga kelib, bir muddat unga tikilib turadi, keyin uni uyg‘otadi.
E s t r a g o n (tushuniksiz harakat, almoyi-aljoyi so‘zlar. Ensasi qotib). Nima uchun doim hech uxlagani qo‘ymaysan?
V l a d i m i r. O‘zimni yolg‘iz his qilayapman.
E s t r a g o n. Tush ko‘ribman, juda ham baxtli emishman…
V l a d i m i r. Vaqt o‘tishi uchun bu ham ermak.
E s t r a g o n. Tush ko‘ribman, tushimda…
V l a d i m i r. Jim bo‘l! (Jimlik.) Qiziq, u rostdan ham ko‘rmikan?
E s t r a g o n. Kim?
V l a d i m i r. Senga aytsam, ko‘r odam vaqtning farqiga bormaydi.
E s t r a g o n. Kim?
V l a d i m i r. Potstso.
E s t r a g o n. U ko‘rmi?
V l a d i m i r. O‘zi bizga shunday dedi.
E s t r a g o n. Bo‘lsa nima qilibdi?
V l a d i m i r. Menga xuddi bizni ko‘rayotgandek tuyuldi.
E s t r a g o n. Sen tush ko‘rgansan. (Jimlik.) Ketdik. Buning iloji yo‘q. Ha, to‘g‘ri. (Jimlik) Bu aniq o‘sha emasligiga ishonching komilmi?
V l a d i m i r. Kim?
E s t r a g o n. Godo.
V l a d i m i r. Kimni aytayapsan?
E s t r a g o n. Potstsoni.
V l a d i m i r. E, yo‘g‘-e! Bo‘lishi mumkin emas! (Jimlik.) Yo‘q.
E s t r a g o n. Men baribir turaman. (Qiyinchilik bilan turadi.) Voy!..
V l a d i m i r. Nima deb o‘ylashga ham hayronman.
E s t r a g o n. Voy, oyog‘im! (Yana o‘tirib, boshmog‘ini yechishga urinadi.)Menga yordam ber!
V l a d i m i r. Boshqalar azob chekayotganda men uxladimmikan? Hozir ham uxlayotganim yo‘qmi? Ertaga uyg‘ondim deb o‘ylaganimda, bugun haqida nimalar deya olaman? Estragon do‘stimga nima qilganini, mana shu yerda, qorong‘uga qadar Godoni kutganimni aytib bera olamanmi? Potstso o‘zining hammoli bilan kelib, biz bilan gaplashganini-chi? Shubhasiz. Biroq, bularning qaysi biri haqiqatga yaqin bo‘lib ko‘rinadi? (Estragon boshmoqlarini yechishga behuda urinadi. Yana uyquga ketadi. Vladimir uni kuzatib turadi.) U hech narsani eslay olmaydi. U yana o‘zini kaltaklashganini aytadi va mendan sabzi so‘raydi. (Jimlik.) Hayot va o‘limning orasi bir qadam. Go‘rkov ham umid bilan go‘r qaziydi. Qarish uchun hali imkon bor. Azob-uqubatlarimiz ohi ko‘klarga yetgan. (Quloq soladi.) Tarki odat-amri mahol. (Estragonga qaraydi.) Kimdir, boshqa birov menga ham qarab turgandir. Men o‘zimga-o‘zim: “U uxlayapti, o‘zi esa uxlayotganidan bexabar”, deyman. (Jimlik.) Bunga ortiq chiday olmayman. (Jimlik.) Men nima dedim?
U asabiy u yoqdan-bu yoqqa yura boshlaydi, nihoyat, chap parda oldida to‘xtaydi, uzoqlarga qaraydi. Oldin kechagi bolakay kirib keladi, to‘xtaydi. Jimlik.
B o l a k a y. Taqsir… (Vladimir o‘giriladi.) Janob Albert…
V l a d i m i r. Davom etamiz. (Jimlik. Bolakayga.) Sen meni tanimayapsanmi?
B o l a k a y. Yo‘q, taqsir.
V l a d i m i r. Sen meni tanimayapsanmi?
B o l a k a y. Yo‘q, taqsir.
V l a d i m i r. Bu yerga birinchi marta keldingmi?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
V l a d i m i r. U bugun kechqurin kelmaydi.
B o l a k a y. Ha, taqsir.
V l a d i m i r. Aniqmi?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
Jimlik.
V l a d i m i r. Sen biron kishini uchratdingmi?
B o l a k a y. Yo‘q, taqsir.
V l a d i m i r. Boshqa ikkita… (chaynaladi) odamni.
B o l a k a y. Hech kimni ko‘rganim yo‘q, taqsir.
Jimlik.
V l a d i m i r. Janob Godo nima qilayapti? (Jimlik.) Meni eshitayapsanmi?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
V l a d i m i r. Xo‘sh, javob ber.
B o l a k a y. Taqsir, u hech narsa qilmayapti.
Jimlik.
V l a d i m i r. Akangning ahvoli qanday?
B o l a k a y. U kasal, taqsir.
V l a d i m i r. Ehtimol, u kecha kelgandir?
B o l a k a y. Bilmayman, taqsir.
Jimlik.
V l a d i m i r. Janob Godoning soqoli bormi?
B o l a k a y. Ha, taqsir.
V l a d i m i r. Oppoqmi yoki… (chaynaladi) qora?
B o l a k a y (chaynalib). Mening nazarimda, qora bo‘lishi kerak.
Jimlik.
V l a d i m i r. Sho‘ring qo‘rg‘ur.
Jimlik.
B o l a k a y. Taqsir, janob Godoga nima deb qo‘yay?
V l a d i m i r. Sen unga aytasanki… (to‘xtaydi) sen unga meni ko‘rganingni aytasan va yana… (o‘ylaydi) meni rostdan ko‘rganingni aytasan. (Jimlik. Vladimir oldinga yuradi, bolakay ortga qaytadi. Vladimir to‘xtaydi, bolakay ham to‘xtaydi.) Aytki, sen meni ko‘rganingga ishonching komilmi? Tag‘in ertaga sizni hech qachon ko‘rmaganman deb aytmaysanmi?
Jimlik. Birdan Vladimir oldinga sakraydi, bolakay bir zumda g‘oyib bo‘ladi. Quyosh botadi, oy chiqadi. Vladimir tosh qotib turadi. Estragon uyg‘onib, kerishib, qo‘lida boshmog‘i bilan o‘rnidan turadi. Ularni old to‘siq oldiga qo‘yib, Vladimir tomon yuradi, unga tikilib turadi.
E s t r a g o n. Senga nima bo‘ldi?
V l a d i m i r. Hech narsa bo‘lgani yo‘q.
E s t r a g o n. Men ketayapman.
V l a d i m i r. Men ham.
Jimlik.
E s t r a g o n. Uzoq vaqt uxlab qoldimmi?
V l a d i m i r. Bilmadim.
Jimlik.
E s t r a g o n. Qayerga boramiz?
V l a d i m i r. Shu yaqin atrofga.
E s t r a g o n. Yo‘q, yo‘q, bu yerdan uzoqlarga ketamiz.
V l a d i m i r. Biz bunday qilolmaymiz.
E s t r a g o n. Nima uchun?
V l a d i m i r. Ertaga yana qaytib kelishimiz kerak.
E s t r a g o n. Nima uchun?
V l a d i m i r. Godoni kutish uchun.
E s t r a g o n. E, ha. (Jimlik.) U kelmadimi?
V l a d i m i r. Yo‘q.
E s t r a g o n. Endi juda kech bo‘lib qoldi.
V l a d i m i r. Ha, qorong‘i tushdi.
E s t r a g o n. Bu narsadan bosh tortsak nima bo‘ladi? (Jimlik.) Bu narsadan bosh tortsak nima bo‘ladi?
V l a d i m i r. U bizni jazolaydi. (Sukut. Daraxtga qaraydi.) Birgina daraxt tirik.
E s t r a g o n (uzoqlarga tikilib). Nima bu?
V l a d i m i r. Bu daraxt.
E s t r a g o n. To‘g‘ri, lekin u qanaqa daraxt ekan?
V l a d i m i r. Bilmayman. Majnuntol.
E s t r a g o n. Yur, ko‘ramiz. (Vldamirni o‘zi bilan daraxt tomon yetaklaydi… Ular daraxt oldida qotib turib qolishadi. Jimlik.) O‘zimizni ossak nima bo‘ladi?
V l a d i m i r. Nima bilan?
E s t r a g o n. Bir tutam arqoning yo‘qmi?
V l a d i m i r. Yo‘q.
E s t r a g o n. U holda bunday qila olmaymiz.
V l a d i m i r. Ketdik.
E s t r a g o n. Shoshma, mening qayishim bor.
V l a d i m i r. Juda kalta.
E s t r a g o n. Meni oyog‘imdan ko‘tarib turasan.
V l a d i m i r. Mening oyog‘imdan kim ko‘tarib turadi?
E s t r a g o n. E, ha.
V l a d i m i r. Qani, ko‘rsat-chi? (Estragon shimini tutib turgan arqonni yecha boshlaydi. Katta shimi birdan to‘piqqacha tushib ketadi. U arqonni ko‘zdan kechiradi.) Hech bo‘lmaganda, shu zormanda asqotsin-da. Ishqilib, uzilib ketmasmikan?
E s t r a g o n. Hozir aniqlaymiz. Ushla.
Ular arqonning ikki uchidan ushlab torta boshlaydi. Arqon uzilib ketadi, sal bo‘lmasa ular yiqilib ketay deydi.
V l a d i m i r. U hech narsaga yaramaydi.
Jimlik.
E s t r a g o n. Demak, seningcha, bu yerga ertaga yana qaytib kelishimiz kerak?
V l a d i m i r. Ha.
E s t r a g o n. U holda yaxshi arqon olib kelamiz.
V l a d i m i r. To‘g‘ri.
Jimlik.
E s t r a g o n. Didi.
V l a d i m i r. Nima.
E s t r a g o n. Ortiq bunga chiday olmayman.
V l a d i m i r. …
E s t r a g o n. Ajralsak nima bo‘ladi? Shunday qilsak balki yaxshi bo‘lar?
V l a d i m i r. Ertaga o‘zimizni osamiz. (Jimlik.) Faqat, agar Godo kelmasa.
E s t r a g o n. Bordiyu u kelsa-chi?
V l a d i m i r. Biz qutulib qolamiz.
Vladimir Lakidan olgan shlyapasini yechadi, ichiga ko‘z tashlaydi, qo‘li bilan titkilab ko‘radi, silkitadi, qayta kiyadi.
E s t r a g o n. Nima qildik, ketdikmi?
V l a d i m i r. Shimingni ko‘tar.
E s t r a g o n. Nima?
V l a d i m i r. Shimingni ko‘tar.
E s t r a g o n. Shimingni yech deysanmi?
V l a d i m i r. Shimingni KO‘TAR.
E s t r a g o n. E, ha.
U shimini ko‘taradi.
Jimlik.
V l a d i m i r. Xo‘sh, ketdikmi?
E s t r a g o n. Ketdik.
Ular qimir etishmaydi.
PARDA
(Tamom)
Rus tilidan Jabbor Eshonqul tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 7-son