Nodar Dumbadze. Noshukur (hajviya)

Guduli Berejianining yuz yilligi negadir sezilmasdan o‘tib ketdi. Bir hisobdan bunga ajablanmasa ham bo‘ladi. Axir qishloq qabristonida bir yarim asrni yashab qo‘ygan uning qancha familiyadoshlari yotganidan keyin qo‘shnilar Gudulining yuz yoshga to‘lganini eslashmagan ham bo‘lishi mumkin-da. Qo‘shnilar u yoqda tursin, Gudulining o‘zi ham tug‘ilgan kunini unutib yuborgan.
…O‘sha tong Guduli xo‘rozi Longinoz bilan teng uyg‘ondi. Avval qo‘shnining kuchugiga tanbeh berdi:
— Bugun menikidan nechta tuxum o‘g‘irlamoqchisan?.. Oyoqqa o‘ralashmay yo‘qol, ochopat!
So‘ng qo‘noqdan endigina tushgan xo‘rozga piching qildi:
— Erta sahardan uyqumni buzguncha tovuqlaringga hushyor bo‘lsang o‘lasanmi! Ardalion Brokishvilining xo‘rozidan pand yeb, qaqag‘lab qolma tag‘in!
Xo‘roziga ta’na qilib bo‘lgach, Guduli boloxonadan hovliga tushdi-da, oshxonaga kirdi. O‘choq oldida tiz cho‘kib, undagi kulni titib, ko‘mirlarni bir joyga to‘pladi, ustiga quruq shox-shabba tashlab, olov yoqdi. So‘ng olov ustiga suv to‘la mis ko‘zani qo‘ydi. Suv isigach, uni sut sog‘adigan ko‘zaga ag‘darib, o‘ng yengini shimarganicha, og‘ilxonaga yurdi. Oxurga bog‘langan sigir unga katta, o‘ychan ko‘zlarini tikib, mo‘ralab qo‘ydi.
— Salom, salom! — dedi Guduli sigirning sag‘risiga shapatilab. Sigir kovsh qaytarishdan to‘xtab, o‘rnidan ohista ko‘tarildi va Gudulining sog‘ishini itoatkorlik bilan kuta boshladi. Guduli uch oyoqli kursini sigir tagiga surib, unga joylashib o‘tirib oldi-da, shalviragan yelinni torta-torta, sog‘ishga tushdi. Sut juda oz chiqdi.
— Sho‘ring qurg‘ur, butunlay sharting ketib, parting qolibdi-ku! — piching qildi Guduli sigirga.
— Nima ham qilardik, qaridik, otaginam! — o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi sigir.
Guduli darvozani ochib, sigirni hosili yig‘ib olingan makkajo‘xorizorga qo‘yib yubordi.
— Bor, o‘tla!.. Sen sigir emas qo‘tir echkisan, bo‘riga yem bo‘gur!.. Bor!
…Sigir istamaygina quruq xashakni chimdiy boshladi…
— Salom, Guduli!
Guduli boloxona zinasida, sutli ko‘zani tizzalari o‘rtasiga suqqanicha, tog‘lar ortidan ohista ko‘tarilayotgan quyosh gardishiga tikilib qotib o‘tirardi.
— Salom, Guduli!
Guduli ovoz kelgan tomonga qaradi. Nok tagida gardanini qashib Ucha Melomonidze turardi.
— Guduli emas, Guduli bobo de! Buni senga necha marta aytish kerak, mishiqi?
— Salom, Guduli bobo!
— Salom!
— Oyim aytdi, menga murabbo berar ekansiz.
— Balki sut bersin degandir? — jilmayib so‘radi Guduli.
— Yo‘q, murabbo!
— Unda bilib qo‘y, sut ichmasang murabbo bermayman!
— Ko‘rsating-chi…
Guduli unga ko‘zani cho‘zdi.
— Oyim-chi, Gudulining xom sutini ichsang, brutsellyoz bo‘lasan, deydi. Bilding!
— Oying bilib-bilmasdan gapiraveradi! Ayolning farosati haqidagi maqolni eshitganmisan? Ana shunaqa!.. Hm, xom sutmish! Bilsang agar, men butun hayotim mobaynida faqat xom sut ichganman! Tushundingmi!
— Mayli, ichganim bo‘lsin…
Ucha nafasini rostladi va…
Bolaning qorinchasi qulqullab, sutga to‘la borishiga qarab, Guduli kulgidan o‘zini zo‘rg‘a tiyib o‘tirardi. Nihoyat, Ucha ko‘zadan boshini ko‘tarib, pishqirdi va yengi bilan labini artib, ko‘zani Guduliga cho‘zib yalindi:
— Iltimos, yordam bering…
Guduli churq etmay, uning qo‘lidan ko‘zani oldi.
— Menga qara, Ucha, bugun maktabga borasanmi o‘zi?
— Bugun yakshanba-ku! — zavqlanib iljaydi bola.
— Bugun shanba! — qovog‘ini uydi Guduli.
— Yo‘g‘-e, yakshanba! — takrorladi Ucha.
— Nahot… Yo tavba-ey! Men, miyasi achigan chol, qanday qilib yanglishib qoldim-a! — Guduli asabiylashib tizzasiga shapatiladi.
— Guduli bobo, shungayam xafa bo‘lasizmi? Shanbami, yakshanbami, sizga nima farqi bor? Maktabga bormaysiz, ishga ham… — yupatdi cholni Ucha.
— Shoshma! Bugun nechanchi chislo?
— Chislo 28, kun — yakshanba, oy — noyabr, 1970 yil! — dona-dona qilib dedi Ucha.
— Esim qursin! — xitob qildi Guduli o‘rnidan turar ekan. U sarosimada qolgan bolaga e’tibor ham bermasdan xonaga kirib, karavotning bosh tomonida ilig‘lik taqvimga tikildi. Anchagacha u taqvimdan ko‘zini ololmay qarab turdi, so‘ng o‘sha betini yirtib, yana tashqariga chiqdi.
— Nima bo‘ldi, Guduli bobo? — so‘radi Ucha uning yoniga o‘tirib, qo‘lini cholning tizzasiga qo‘yganicha hayrat bilan unga tikilar ekan. Guduli bolaning savoliga e’tibor ham bermay, yonidan ko‘zoynagini olib, taqdi-da, taqvim varag‘idagi birorta ham so‘zni qoldirmay o‘qiy boshladi.
28 noyabr.
Yakshanba
Kun chiqadi — 8.06
botadi — 17.32
Uzunligi — 9.26
24 noyabrda
oyning birinchi choragi
chiqadi 10.55
botadi — 20.31
So‘ng u orqa tomondagi yozuv bilan ham tanishib chiqdi:
Bilasizmi?
Odam bir kunda taxminan 20 ming qadam yuradi. Bir yilda taxminan 7 million, 70 yil mobaynida esa 5000 million qadam tashlaydi. Bu esa yerdan oygacha bo‘lgan masofadir.
Guduli boshini ko‘tarib, quyoshga tikildi. So‘ng g‘arbga o‘girilib, oy o‘rog‘ini ko‘rdi. Quyosh va oy ko‘kda bir paytda qalqib turardi. Ammo shu tobda Gudulining ko‘ziga oy quyoshdan yiroqdek tuyuldi. U o‘qishda davom etdi.
Er bilan oy o‘rtasidagi masofa 384 ming kilometr bo‘lib, bu ekvator chizig‘idan 9 marta oshiq. Binobarin, 70 yil davomida odam ekvatorni 9 marta aylanib chiqqan bo‘lardi.
Gudulining boshi aylanib ketdi…
— 70 yilda to‘qqiz marta… Unda, yuz yilda-chi? O‘n, o‘n bir, o‘n ikki marta…
U qoq suyak, darmonsiz tizzalariga qaradi-yu, go‘yo hozirgina ekvatorni o‘n ikkinchi marta aylanib chiqqanday tanasida nihoyatda kuchli charchoqni his etdi.
— Buni qarang, agarda qishloqdan chiqib, Ozurgetidan* oshib o‘tib, Batumi, Moskva, keyin Germaniya, undan Amerika, so‘ng narigi tomondan Yaponiya bilan yana Ozurgetidan oshib, uyga qaytsak, yuz yil ichida ona yerni o‘n ikki marta aylanish mumkin ekan. Ana ko‘rdingmi?
U tizzalarini ohista silab davom etdi:
— Bunday qilmadik… Yerni aylanmadik… Ammo, xudo shohid, bir daqiqa ham orom nimaligini bilmadik… — Guduli jilmaydi. — Bundan chiqdi, joyimizdan siljimabmiz-da?.. Aksincha, biz nihoyatda ko‘p yurdik! Eh-he, bosib o‘tgan yo‘limiz misoli go‘rga o‘xshaydi!.. Nolimayman! Sizlardan, mana shu yuz yil davomida hech toliqmay meni hovlima-hovli, qo‘shnima-qo‘shni, mahallama-mahalla — butun qishloq bo‘ylab ko‘tarib yurganingizdan minnatdorman… Rahmat, sizga katta rahmat! — Guduli yana bir bor tizzalarini silab qo‘ydi.
28 noyabr, 1970 yil, ertalab soat 8 da Guduli Berejiani yuzga to‘ldi. Chol buni o‘ylashi bilan yuragi go‘yo qafasga tushgan qushday bezovtalanib, tipirchilay boshladi. Guduli qo‘rqib ketdi. Bunday holatni u yoshligida, merganlar musobaqasi, yoki chavandozlar poygasi oldidan arg‘umoqqa sakrab minganida, yoki hamishaga raqiblari, aka-uka egizak Kerkadzelar bilan bellashish oldidan doimiy tomoshabin, ularning singlisi Talikoning nigohini sezganida his qilardi. Uning navqiron, baquvvat yuragi aynan hozirgidek bezovta tipirchilardi. Endi bo‘lsa, Guduli qo‘rqib ketdi. U yuragiga kaftini bosganicha qotib qoldi… Mana shu bir minut ichida butun yoshligi ko‘z o‘ngidan o‘tdi… So‘ng hammasi o‘z joyiga qaytdi. Yurak tinchlanib, bir maromdagi o‘zining oddiy, ko‘zga ko‘rinmas ishini davom ettirdi. Guduli chuqur nafas oldi va o‘pkasi muzday sof havoga to‘lganini his etdi. U yengil tortib, peshanasidagi mayda ter tomchilarini yengi bilan artdi-da, yana bir bor chuqur nafas olib, jilmaydi.
— Sendan minnatdorman, senga katta rahmat! — dedi u va yuragini kafti bilan siladi.

Guduli hovliga tushib, yolg‘izoyoq yo‘ldan nok tagiga sudralib bordi va uning soyasiga cho‘kdi. Ucha ham uning izidan bordi.
— Nok azoblanmaydimi? — so‘radi Ucha daraxt tanasiga sanchilgan boltani chiqarib olar ekan.
“Boshlandi, — xayolidan o‘tkazdi Guduli, — endi faqat uning savollariga javob berib ulgursang bo‘lgani!..”
— E, azizim, mabodo endi daraxtlar ham boltadan azoblanadigan bo‘lsa, unda tamom deyaver: odam bir umr gunohini yuvolmaydi!
Guduli yana sovol kutgan edi, Ucha indamadi. U ehtiyotlik bilan barmog‘ini boltaning o‘tkir damidan yurg‘azib o‘zicha g‘o‘ldiradi:
— Albatta, azoblanadi! Shunday azoblanadiki, asti so‘ramang!
Guduli bolani chaqirib yoniga o‘tqazdi-da, kaftini uning olovrang qizg‘ish boshiga qo‘yganicha:
— Ucha, bugun Guduli bobong yuz yoshga to‘ldi, —dedi.
Ucha ishonqiramay unga tikildi-da, kulib yubordi.
— Nimaga hiringlaysan, mishiqi?
— Axir o‘tgan yili ham, burnog‘i yil ham yuzda emasmiding?
— Qanday qilib burnog‘i yil yuzda bo‘lar ekanman, itvachcha?
— Bo‘lmasa nechada eding?
— Nechada? O‘tgan yili to‘qson to‘qqizda, burnog‘i yil to‘qson sakkizda edim! Bugun esa yuzga to‘ldim!
— Yo‘g‘-e! Siz hamisha mana shunaqa edingiz!
— Befahm! Hamisha shunaqa bo‘lish otangga buyursin!
— Oyim sizning yoshingizni ko‘paymaydiyam, ozaymaydiyam deydi… “Bu miyasi achigan chol vaqtni jilovlab olgan,” — deydi.
Guduli bolaning kulib turgan ko‘zlariga tikilib, unda o‘zining uzoq o‘tmishda qolib ketgan bolaligini ko‘rdi… U nigohini undan olib, bo‘g‘iq ohangda so‘radi:
— Onang bu qari shaytonni ajal ham olmaydi, demadimi?
— Dedi.
— Demak, men vaqtni jilovlab olgan ekanman-da, shundaymi? U shunday dedimi?
— Shunday dedi.
— E, azizim, vaqtni yuz juft ho‘kiz bilan ham jilovlab, to‘xtatib bo‘lmaydi.
— Bo‘lmasa kim uni to‘xtata oladi?
— Hech kim. Bir kun kelib, balki, vaqt o‘zi to‘xtar…
Ucha yerga chalqancha yotib oldi.
— Osmonga qarang, quyosh bilan oy bir paytda chiqibdi! — xitob qildi bola.
— Ko‘rdim, ko‘rdim, bolam!
— Bu nimasi, nimaga endi quyosh bilan oy bir paytda chiqadi?
“Bu bekorchi hademay meni jinni qiladi”, — o‘yladi Guduli.
— Xo‘sh, ayting-chi, nega unaqa, a? — tiqilinch qilardi Ucha.
— Bu shundanki, osmon xudoning ko‘zi, xudo esa kunniyam, tunniyam o‘ziga sig‘dira oladi! — tushuntirdi Guduli.
— Qanday qilib xudoning ko‘zi bo‘larkan?
— E, e, e, xudo haqqi, meni tinch qo‘y! — Gudulining achchig‘i chiqdi.
— Ayting, qanday qilib?!
Guduli terlab ketdi.
— Menga qara, senda ko‘z bormi?
— Bo‘lmasa-chi!
— Qani, ko‘zingni yum-chi! Tezda! Nimani ko‘rayapsan?
— Hech nima. Qorong‘u!
— Och!.. Endi-chi?
— Endi yorug‘!
— Ana, ko‘rdingmi! Xudoning ko‘zi ham bir paytning o‘zida ham tunni, ham kunni ko‘ra oladi.
— Axir u xudo-da, bu esa men! — Ucha o‘rnidan turib o‘tirdi. — Biz u bilan tengmizmi?
— Albatta, bolam, tengmiz! Mana butun olam seniki! — Guduli bolani bo‘ynidan quchib, bag‘riga bosdi. U yana nimadir so‘ramoqchi bo‘lib og‘iz juflagan edi, Guduli kafti bilan tezda uning og‘zini berkitdi.
— Yana bir og‘iz gapirsang, seniyam, o‘zimniyam o‘ldiraman!
Ucha uning quchog‘idan yulqinib chiqdi-da, yalingan ohangda:
— Faqat bittagina savol so‘rayman! Oxirgisi! — dedi.
— Mayli, so‘rayqol!
— Ertalab oyim, otang ablah, razil, yaramas, itvachcha va u biz uchun o‘lgan, dedi… Shu to‘g‘rimi?
Gudulining tomog‘i qaqrab ketdi.
— To‘g‘ri, bolam, — dedi-yu, xatosini tushunib qolib, qo‘shib qo‘ydi, — Ammo sen bu gaplarga parvo qilmasliging kerak! Kim bo‘lgandayam u senga ota!
— Nimasi to‘g‘ri?
— Nimasi? Senday farzandni tashlab ketgan ota razil bo‘lmay, nima bo‘lardi!
Ucha churq etmay, o‘rnidan turdi-da, darvoza tomon ohista yurib ketdi.
“Bunday demasligim kerak edi, — o‘zini koyidi Guduli. — Bola uchun ota farishtadek tuyulsa… Uning qanchalik muttahamligini go‘dak qayoqdan ham bilsin!”
— Ucha! — chaqirdi Guduli.
Ucha indamay ketaverdi.
— Ucha, bolam, qayt!
Ucha to‘xtadi.
— Menga qara, bolakay! Otang razil emas, u Tariel, Avtandel va Faridunday1 bahodir! Nahotki hazilni bilmasang?
Ucha ishonqiramay, qovog‘ini uyganicha unga tikildi.
— Beri kel, beri kel, o‘g‘lim! — dedi u muloyimlik bilan qo‘lini irg‘ab.
Shu dam u behosdan qotib qoldi… Avval shunday tuyulayapti deb o‘yladi… So‘ng oyoqlari orasidan iliq narsa sezayapganligini aniq sezgach, Guduli bir xotimaning boshlanishi ekanligini angladi.
— Yo tangrim, shavqat qil! — iltijo qildi Guduli. Ammo tangri beshafqat edi. Iliq narsa tabora pastlab borardi…
— Ucha, yordam ber! — beixtiyor xirilladi Guduli. Bola unga tomon otildi. U yetib kelguniga qadar qariya cho‘kka tushib, alamdan yig‘lab yubordi.
Oradan bir soat o‘tdi. Guduli ko‘zlarini ochdi.
— Endi uyingga boraqol, o‘g‘lim…
— Oyimni chaqiraman!
— Hojati yo‘q, o‘g‘lim. Uyingga bora qol!
— Oyimga aytaman!
— Yo‘q, kerak emas!
— Bo‘lmasa nega yig‘ladingiz?
— O‘zim, shunchaki, seni laqillatdim, Guduli bobongni qanchalik yaxshi ko‘rishingni bilmoqchi bo‘ldim…
— Sizga bugun nima bo‘ldi, kuni bo‘yi meni laqillatayapsizmi?
— Miyasi achigan chol aqlidan ajralgan bo‘lsa, nachora… Bor, boraqol, o‘g‘lim, meni xoli qo‘y… Endi men dam olishim kerak.
Ucha ohista darvoza tomon yurdi. Darvoza oldida to‘xtab, cholga tikildi.
— Boraqol, o‘g‘lim, boraqol! — dedi Guduli xotirjam ohangda.
Ucha ketdi.

Guduli daraxtga suyanganicha bir nuqtaga ma’nosiz tikilib turib qoldi. Miyada birorta fikr yo‘q, bo‘m-bo‘sh… Atrof qabristondek sokin. Butun qishloq, osmon, zamin sukunat qa’riga cho‘kkanday. Guduli oldiga to‘kilib, ikki bo‘linib ketayotgan noklarni ko‘rardi-yu, tapillashini eshitmasdi. Novdan oqib tushayotgan buloq suvini ko‘rardi-yu, ammo shildirashini eshitmasdi. Quruq makkajo‘xori barglarining shamolda to‘zg‘ib uchishini ko‘rardi-yu, lekin shitirlashini eshitmasdi. Darvoza oldiga kelib, bo‘ynini cho‘zganicha, ichkariga kiritishni so‘rab, og‘zini ochgan sigirni, chetan devorga qo‘nib, kuchli qanotlarini silkib, ko‘zlarini olaytirganicha tumshug‘ini ochayotgan Longinozni ko‘rib turardi-yu, na sigirning mo‘lashini, na xo‘rozning qichqirishini eshitardi…
Butun atrofda sokinlik hukmron. Faqatgina qandaydir dahshatli tuyulgan mavhum bir narsani kutishdan o‘zga chora qolmagan edi. Nokka suyanganicha toshdek qotib turgan Guduli shu topda boltali odamni intizorlik bilan kutayotgan keksa, qurt yegan daraxtga o‘xshardi… Sho‘ring qursin, Guduli Berejiani, sho‘ring qursin.
… Guduli shunday ayanch qolda uzoq turib qoldi. So‘ng u asta-sekin o‘ziga kela boshladi. Sal bo‘lmasa, to‘xtab qoladigan xasta yuragiga umid shu’lasi tegdi-yu, u yana ishlab ketdi. Tomirlarga qon yugura boshladi. Avval Guduli yuragining bir maromda urishini, so‘ng quruqshiq makkajo‘xori barglarining shitirlashi, so‘ng sigirning mo‘lashi, suvning jildirashi, nihoyat, xo‘rozi Longinozning qichqirig‘ini eshitdi. Guduliga jon kirdi.
— Xudoga shukur… — pichirladi u va boloxona tomon ohista yurdi. — Shunday. Shoshilma, Guduli! Hali hech narsa bo‘lgani yo‘q… Vahima qilishga arzimaydi… Bu, balki tasodifan ro‘y bergandir… Ehtimol, umuman hech narsa bo‘lmagandir? Balki unga shunday tuyulgandir?
Guduli quyoshga qaradi, u g‘arbga tomon ancha og‘ib qolgan edi. So‘ng u ehtiyotlik bilan zinaga oyoq qo‘ydi. Birinchi zina… Ikkinchi… Uchinchi… Beshinchi… Va yana olam ostin-ustun bo‘lib ketdi. Yana butun borliq sukunatga cho‘mdi. Yana Guduli yoqimsiz, dahshatli, iliq suyuqlikni his etdi. “Bu miyasi achigan chol vaqtni jilovlab olgan!” — degan gap xayolidan lip etib o‘tdi va buni kim aytganligini o‘ylab ulgurmasidan zinaga qirqilgan niholdek ag‘darilib tushdi.

— Salom, hurmatli Guduli!
Guduli ko‘zlarini ochdi.
— Ha! Tinchlikmi, Kseniya? — so‘radi u norozi ohangda aftini burishtirib. Qariya hech qachon hozirgichalik tanholikni istamagan edi.
— Ha, anovi Ucha, hovliqib chiqib, Guduli boboning mazasi qochib qoldi, dedi…
— Hechqisi yo‘q, azizim! Yuragim salgina… haligi… o‘tib ketdi…
— Balki biror narsa kerakdir, hurmatli Guduli? Yoki vrach chaqiraymi?
— Yo‘q, yo‘q, Kseniya! Hojati yo‘q!
“Endi boshlanadi, vrach, kasalxona, dori-darmon… E xudoyim-ey!..”
— Balki valerianka icharsiz?
— Yo‘q, yo‘q!
“Mana senga xotima… Bunday hayot kimga kerak? Valerianka!”
— Validol-chi?
— Validol ham kerak emas!
— Sizga qanday yordam bersam ekan, hurmatli Guduli? — tashvishlanib so‘radi ayol.
— Menga hech narsa kerak emas, azizim! Uyingga boraver…
“Bu birinchi qaldirg‘och… Undan keyin boshqalari ham kelishadi… qo‘shnilarning achinishi… Tashvishlari, e xudo!..”
— Aftidan yaramas bola o‘lim haqida bir balo degan ko‘rinadi… Go‘yo men aytganmishman… Ablahni o‘ldiraman!
— Nimaga, Kseniya, nimaga?
“E, xudoyim-ey, namuncha bu ezmalanmasa! Avval uning bunaqaligini sezmagan edim!..”
— Shunday bo‘lmag‘ur so‘zni gapirishga kimning tili boribdi? Shunday degan bo‘lsam, tilim tanglayimga yopishib qolsin!
“Nega u o‘zini qarg‘ayapti? Ucha menga yolg‘on gapirmaydi!”
— Xudo haqqi, to‘xtat! Uyingga bor!
— Aytmoqchi, bugun sizning tug‘ilgan kuningiz ekan, hurmatli Guduli? Xudodan sizga yana yuz yil umr va bardamlik tilaymiz!
— Rahmat, Kseniya, rahmat!
— Nahotki shahardagilaringiz kelishmasa? Axir nima bo‘lgandayam, yuz yosh hazilakam voqeamidi…
— Kelishadi, albatta, kelishadi!

“Bir oy, ikki, uzog‘i uch… So‘ng hammaning joniga tegaman… Kasal bilan o‘ralashish kimga ham yoqardi…”
— Farzandlaridan sizchalik faxrlanadigan odam bo‘lmasa kerak, hurmatli Guduli! Biri — Batumida, ikkinchisi — Potida, uchinchisi — Kutaisida, to‘rtinchisi – Tbilisida. Hammasi olim, hammasi chiroyli… Nechta nevarangiz bor, hurmatli Guduli?
— Avlodimizda hammasi bo‘lib yigirma uchta, ammo foydasi nima? Birortasi yonimda emas.
— Unday demang, hurmatli Guduli! Siz baxtli odamsiz!
— Ha, albatta…
“E xudoyim-ey, nahotki bu javrashdan tinmasa-ya?!”
— Bo‘lmasa men borib, bolani yuboray.
— Bezovta bo‘lma, Kseniya. Ozgina yotsam, yaxshi bo‘lib qolaman.
— Agarda biror narsa bo‘lsa, xudo haqqi, tortinmang!
— Rahmat, azizim!
— Sog‘ bo‘ling, hurmatli Guduli!
— Sog‘ bo‘l, Kseniya!
Ayol ketdi. Guduli uni ma’yus nigoh bilan kuzatib qoldi. Ana, yosh, bardam ayol ketyapti… Guduli bo‘lsa, xudoyim, beqiyos parvardigor, bunday sharmandalikni nima sababdan boshga solding?! — noyabr quyoshining ma’yus nurlarida ishtonini quritib o‘tirsa…
… Inson tabiati qanchalar g‘alati tuzilgan!.. O‘zining qariligi va bemorligidan, ayniqsa, yosh, sog‘lom odamni ko‘rganida kuchliroq o‘ksinadi. Va, aksincha, kimningdir o‘ziga qaraganda qariroq va ojizroq ekanligidan ko‘ngli taskin topadi, o‘ziga ishonchi ortadi. Bugun Guduli Uchani bag‘riga bosar ekan: “Parvardigor, uning yoshligini menga hadya etginu, evaziga istaganingni ol!” deb ehtimol, yuz martacha o‘ylagandir. Mana hozir ham, uzoqlashib borayotgan Kseniyaga tikilib, o‘zicha “Qodir xudo, mana shu ayolning yoshligini menga ato qilu evaziga nimani istasang ol!” deb pichirlardi.
Va, shu zahotiyoq, u uyatdan qizarib ketganligini his etdi. Guduli Berejiani xudo ato qilgan yuz yoshining qadriga yetmaganidan uyalib ketdi…

Quyosh botguniga qadar shafqatsiz haqiqat yana uch bora o‘zligini eslatib o‘tdi… Shundan so‘nggina Guduli Berejiani, yer yuzida yuz yil umr ko‘rgan odam, quyosh tomonga qarab tiz cho‘kdi-da, ta’zim ila boshini quyi egganicha dedi:
— Alvido, quyosh, mening beqiyos minnatdorchiligimni qabul et!
— Menga nima uchun minnatdorchilik bildirayapsan, hey inson? — hayratlandi quyosh.
— Yaxshiliging uchun, quyosh, mana shu yuz yil maboynida, har kuni, tundan so‘ng tong quvonchini bag‘ishlab kelganing uchun!
— Sog‘ bo‘l, inson! — dedi quyosh va ufq ortiga cho‘kib ketdi.
— Rahmat senga, quyosh!..

Guduli darvoza tashqarisida mo‘lab turgan sigirni hovliga kiritdi. Sigir odat bo‘yicha og‘ilxonaga kirib, sog‘ishlarini kutdi. Guduli sigirning sag‘risidan siladi, boshini qashidi, ammo uni sog‘madi.
— Buguncha dam ol, govmishginam, xotirjam yotaver… Mening cheksiz minnatdorchiligimni qabul et!
— Nima uchun menga minnatdorchilik bildirayapsan? — hayron bo‘ldi sigir.
— Har tong menga bir stakandan bo‘lsa-da, sut berganing uchun.
— Sog‘ bo‘ling! — dedi sigir va ohista joyiga cho‘kdi.
— Rahmat senga, sigir!…
Guduli orqa hovliga o‘tib, qo‘ndoqdagi tovuqlarni ko‘zdan kechirar ekan, tovuqxona eshigini yopishdan oldin xo‘rozi Longinozning qizil tojidan mehr bilan silab:
— Ertaga meni istagan paytingda uyg‘ot. Hozir esa, alvido. Mening cheksiz minnatdorchiligimni qabul etgaysan, — dedi.
— Nima uchun menga minnatdorchilik bildirayapsan? — hayratlandi xo‘roz.
— Har tong meni vaqtida uyg‘otganing uchun-da!
— Sog‘ bo‘ling! — dedi Longinoz va uyquga ketdi.
— Rahmat senga, Longinoz!..

U jinchiroqni pvebro* yoniga qo‘ydi va ehtiyotlik bilan qopqoq atrofidagi suvoqni qirqib, tiz cho‘kib uni ko‘tardi. O‘ttiz pudlik ko‘zadan sharobning o‘tkir va xushbo‘y hidi Gudulining dimog‘iga urildi, Guduli mast qiluvchi hidni to‘yib hidladi, qop-qorong‘i ko‘za ichiga tikildi, so‘ng pastga qovoq cho‘michni ohista qiyalatib tushirdi. Cho‘michga qult-qult etib sharob to‘ldi. Guduli tortib olgan cho‘michga lablarini salgina tekkizib, dedi:
— Sharaflar bo‘lsin senga, uzumning muqaddas sharbati, sharaflar bo‘lsin senga, uzumning abadiy navdasi! Bebaho mening kvebrom, mening cheksiz minnatdorchiligimni qabul et!
— Nima uchun? — Kvebrodan go‘yo aks-sadodek hayratlangan tovush eshitildi.
— Mana shu yuz yil mobaynidagi quvonchli va qayg‘uli kunlarimda menga sodiq do‘st bo‘lganing uchun!
— Sog‘ bo‘l! — xo‘rsindi kvebro.
— Rahmat, senga!..
Guduli pastak stul ortida o‘tiribdi. Uning qo‘lida sharob to‘la qadah. Boloxona ustuniga ilib qo‘yilgan jinchiroqning xira shu’lasi cholning boshi uzra xuddi sanam boshidagi yog‘dudek jimirlaydi. Ko‘zlaridan oqayotgan yosh, iyagidan tushib, stol ustidagi zog‘ora non va yangi pishloqqa tomchilaydi. Guduli Berejiani yig‘lardi…
Bundan bir soat muqaddam, u butun hovlini aylanib chiqdi. So‘g‘ani ushlab ko‘rdi, u ancha eskiribdi. Boltani qo‘lga oldi, u ham tig‘i yeyilib, tugay debdi. O‘roqni ushlab ko‘rdi, u ham deyarlik ado bo‘libdi. Belkurakni silkitib ko‘rdi, belkurak ham yarmigacha chirib qolibdi. Gudulining qarshisida, stol ustida yotgan pichoq ham ilinib turibdi. Shafqatsiz vaqtga ma’dan, hatto metinday ma’dan bardosh bera olmabdi-yu, tag‘in odamga to‘zim bersin ekan-da?!
Guduli mana shu ajoyib sharob haqqi qasam ichadiki, hayotiga achinmaydi. Guduli biladiki, u sog‘. Faqatgina ko‘rib, yeyilib tamom bo‘lgan, vassalom! Xuddi o‘sha so‘qa, bolta, o‘roq va pichoqdek yeyilib, tugadi.
Guduli hamma narsa bilan, osmon va yer, uy va hovli, it va cho‘chqa, hammasi bilan vidolashishga ulgurdi. Hammasidan ham o‘zining tengdoshi nok bilan uzoq vidolashdi.
— Alvido, nok! — dedi daraxtni quchib Guduli — oramizda hammadan chidamlisi sen ekansan! Sening tomirlaring yer qa’rini chuqur quchgan, shoxlaring ko‘kka tutashgan!.. Sen mening nasabimning uch avlodiga soya-salqin berding, yana kim biladi qanchalarga yaxshilik qilasan! Sening olijanob shoxlaring mana bir asrki, serhosil. Sen hovlimning quvonch va fayzi, qishlog‘imning jami parrandayu sayroqi qushlariga makonsan. Mening cheksiz minnatdorchiligimni qabul et, daraxt!
— Sog‘ bo‘l, inson! — O‘zining qadrini bilgan daraxt oddiygina javob qildi.
“Sharaflar bo‘lsin senga, tabiat, — o‘yladi Guduli, — sening donoligingga sharaflar bo‘lsin! Sendan keyin daraxt, yer, osmon va quyosh yashayverishini bilish qanday baxt!…”
Guduli so‘nggi minnatdorchiligini yuragiga, milkiga, ko‘zlariga, qulog‘i va idrokiga izhor qildi.
— Nima uchun? — hayratlanib so‘radi yurak.
— Nima uchun deganing nimasi? — hayratlandi Guduli. — Yuz yil mobaynida sen biror marta menga xiyonat qilmading, ko‘zlarim, quloqlarim, qo‘llarim va idrokim yuz yil menga sodiq xizmat qildi. Axir, bu ozmi?!
— Sog‘ bo‘l, Guduli, sog‘ bo‘l! Endi esa men dam oladigan vaqt keldi… Men juda ham toliqdim, Guduli! — dedi yurak.
— Rahmat senga, yurak!

Mana endi bola va uning onasi bilan vidolashsa bo‘ladi. Ammo, baxtga qarshi, chol ularning ismini unutib qo‘ydi. E xudo, ularning ismlarini yodimga sol! Onasi mayli, bolaning ismi nimaydi? E qodir xudo, Gudulini xotirasidan ayirma, unga bolaning ismini eslat!..
Ammo xudo shafqat qilmadi. Guduli na onaning, na bolaning ismini esloldi…
Shundan so‘ng Guduli boloxona panjarasi yoniga kelib, ko‘ylagining yoqasini yechdi-da, qichqirdi:
— E-ey, qo‘shni!
— Eshitaman, hurmatli Guduli!
— Kim u?
— Men, Kseniyaman, kim bo‘lardi! Nima balo, tanimayapsizmi?
“Kseniya… Kseniya… Mana uning ismi nima… Kseniya…”
— Bola uydami?
— Uchami?
“Ucha! Xudoga shukr, o‘sha zumrashaning ismini bilib oldim…”
— Kseniya, hozir mening uyimda shunday voqea sodir bo‘ladiki… Umuman, shunday qilki, bola xafa bo‘lmasin…
— Nimalar deyapsiz, hurmatli Guduli?!
— Sendan iltimos, qo‘shnilar kelmagunicha bolani menikiga kiritma…
— Nimalarni deyapsiz, hurmatli Guduli?! Hazillashayapsizmi, deyman?
— Alvido, Kseniya! Xudo shohid, hammangizni sevganman va sizlardan minnatdorman! Rahmat!
— Hurmatli Guduli, sizga nima bo‘lgan o‘zi?!
Guduli xonaga qaytib kirib, eshikni berkitdi.
— Guduli?!
Berejianining hovlisida miltiq gumburladi. Uning tovushi qattiq edi. Atrof uylarning derazalari shaqillab ketdi…

Guduli Berejianini dafn etishga juda ko‘p odam to‘plandi. Qarindosh-urug‘larning o‘zi ham anchagina bo‘lib, ular unchalik kuyinishmadi. Buning ustiga katta o‘g‘il Dmitriy tobut yonida bo‘lish o‘rniga hovlida, nok tagida, go‘yo Vaterloodan keyingi Napoleonday, norozi holda, ko‘ngil so‘rab kelganlarni kutib olardi.
Dmitriyning oldiga men ham bordim:
— Sizning cheksiz qayg‘ungizga samimiy hamdardman!
— Eh, gapirmang, Nodar Vladimirovich! — xitob qildi Dmitriy norozi ohangda. — U farzandlarini sharmanda qildi! Odamlarning ko‘ziga qanday qarayman endi?
— Ha… bu shunday bir kutilmaganda sodir bo‘ldi…
— E, kutilmaganda ham gapmi! Bu axir dahshat! Do‘stlarimga, o‘rtoqlarimga nima deyman?! Bu qiliqni qanday tushunmoq kerak?! Biz bilan Tbilisida yashashni istamadi, buni qarangki, xotinlarining qabridan ajrala olmasmish!.. Undan keyin sigir, qandaydir tovuqlar… Arzisayam mayli, o‘laksa sigir bilan, pati yulingan xo‘roz! Uy ham bir hol!.. Uchasiz tura olmasmish! Tushunayapsizmi, bu gapni menga o‘z otam aytdi!
— Ucha kim bo‘ldi?
— Men qaydan bilay? Qo‘shnining o‘g‘li, qandaydir bola! O‘z otasi tashlab ketibdi-yu, bular bo‘lsa — marhamat! Homiyni qarang! Bilsangiz, o‘zimizda bunday bolalardan ko‘pi yo‘q!..
— Ha, qiyin gap… — dedim va ketishga chog‘landim. Ammo Dmitriy hamon so‘zidan to‘xtamayotgandi:
— Biror narsadan kamchiligi bo‘lsayam mayli edi!.. Yozda xotinim Parijdan issiq ishton olib keluvdi!.. Xullas!.. Dafn marosimi-chi? Qishlog‘imizda bunaqa marosimni eslasharmikan?! E, nimasini aytay? Butun umr u noshukur bo‘lgan, mana, hayotini ham noshukurlarcha tugatdi!..
— Sizni qanday yupatishga ham hayronman…
— Xudo haqqi, bu gapingizni qo‘ying! Minnatdorman!
— Sog‘ bo‘ling!..
— Qayoqqa?! Iltimos bu yoqqa, ayvonga, stolga o‘ting! Marhumga bo‘lgan hurmatingizni so‘nggi bor bajo etsangiz. Ey, Mitusha, mehmonga qara!
Marosim radiolashgani va reproduktordan Motsartning motam kuyi odatdagidan balandroq yangrayotgani uchun Dmitriy yanada qattiqroq gapirishga majbur edi.
Men bir amallab shirakayf Mitushadan kutulib, sezdirmasdan hovlidan chiqib oldim. Darvoza yonida yerda o‘tirgan yetti yoshlar chamasidagi bolaga ko‘zim tushdi. U qizg‘ish boshini tizzalariga qo‘yganicha yig‘lab o‘tirardi.
— Oting nima, bolakay? — so‘radim uning boshidan silab.
— Ucha Melimonadze, — dedi u boshini salgina ko‘tarib yig‘laganicha.
— Katta yigit bo‘l, bolakay! — dedim bo‘g‘zimga tiqilgan yig‘ini arang bosib va hovlidan chiqib ketdim.
Orqaga o‘girilib, hamon gap sotayotgan Dmitriyga ko‘zim tushdi. Ammo marosim radiolashtirilgani va reproduktordan Motsartning motam kuyi odatdagidan ancha baland yangrayotgani uchun ham men uning so‘zlarini eshitmadim…

Ruschadan Mehmon Islomqulov tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2006 yil, 12-son

IZOHLAR:
* Tariel, Avtandil, Faridun — Sh. Rustavelining “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” nomli doston qahramonlari.
* Pvebro — vino saqlash uchun yerga ko‘milgan katta ko‘za.