Momo Kapor. Montenegroning yashil movuti (hikoya)

Zuko Jumhur va Usmon posho Sarxush haqida qissa

Ushbu kitob sadoqatli do‘st va ulkan iste’dod egasi

                                Zuko Jumhur xotirasiga bag‘ishlanadi.

“Qashqirlar vodiysi – Bileche shahri kanoralarida uzunasiga to‘rt soatlik, eniga esa qariyb uch soatlik bepoyon tekislikda yastanib yotadi. U yerlarda tepaliklar hamda unchalik baland bo‘lmagan tog‘lar ko‘p. Bulardan tashqari vodiyda daraxtzorlar ham serob, aslini olganda, mana shular tufayli bu zamin “Qashqirlar vodiysi” deb ataladi. Qahraton qish kunlari dov-daraxtsiz baland tog‘larda quturgan shiddatli shamollardan qochib kelgan bo‘rilar bu ovloq o‘rmonda izg‘ib yuradi va shu yerda jon saqlaydi” (1876).

1

1967 yilning ko‘klamida Zuko Jumhur bilan ikkimiz “Montenegroning[1] yashil movuti” filmi stsenariysini yozayotgan edik.

Biz har kuni kechki payt, taxminan soat sakkizlarda, mening shinamgina ustaxonamda ko‘rishar, Zuko yuzlari burishib-tirishib ichgan birinchi lozovachadan[2] so‘ng, sarxush va ilhombaxsh lahzalar og‘ushida serg‘alva hamda o‘tkinchi dunyo tashvishlarini unutib, ko‘nglimizga ishqi tushib, bir necha oydan buyon tinchlik bermayotgan stsenariyni yozishga o‘tirardik.

Tun bo‘yi yozib-chizganlarimizdan qoniqish hosil qilib, horg‘in va bemador holda ishimizni tugatganimizda hali tong ham otmagan bo‘lardi. Men Zukoni uyiga kuzatib qo‘yar edim, bir o‘zini yuborishga aslo ko‘zim qiymasdi. Yomg‘irda ivib-bo‘kib borar ekanmiz, shu ahvolda ovozimizni baralla qo‘yib ashula aytar, g‘aflatda yotgan kaltabin va manfaatparast kishilarning shirin uyqusini harom qilardik. Chelaklab quyayotgan yomg‘irni pisand qilmasligimizni aytmaysizmi? Goho mashinalar ko‘chalarga sepib yurgan suv favvoralari ostida baayni rangin sharoralar ichidan o‘tib borayotgandek bo‘lardik. Uyga kelgach, kechasi bilan yozib chiqqanlarimizni o‘qib ko‘rish uchun tezroq tong otishini kutib o‘tirardim. Ko‘nglimning ko‘chasi, stsenariy qoyilmaqom chiqqan bo‘lsa kerak, deb xayol qilardim.

Lekin shirin va yolg‘on umidlar tunda dunyoga keladi.

Men mashinkada yozgan sahifalar pishiq-puxta, xatosiz va tushunarli boshlanardi-yu, biroq oxiriga borib harflar o‘qib bo‘lmaydigan darajada aji-buji bo‘lib ketardi:

Ichkilik harflar emas, inson ruhining ifodasidir! Lozovacha xuddi Oldos Xaksli tajribalaridagi meskalin singari ta’sir etardi – ijod ichkilik bilan chiqishmaydi-da. Bedorlikda o‘tgan har bir tun biz uchun boylik manbaiga aylandi; mana shu chekkan zahmatlarimiz tufayli barcha iqtisodiy muammolarimiz o‘z-o‘zidan hal bo‘ldi, nazarimizda, biz o‘ylab topgan bemisl va olamshumul syujetga o‘xshagani yetti iqlimda ham topilmasdi. Shu stsenariy sharofati bilan kamina xuddi Klod Mone kabi uzoq yillar orzu qilib yurganim o‘n ikki metrli eski, “Oz” shatakchi kemasini sotib olib, suzuvchi ustaxonaga aylantirish imkoniga ega bo‘ldim.

Biroq ertasiga ertalab ruhsiz, tushkun, bosh og‘riqqa to‘la, ziq holatda o‘zimizni aybdor sezib, vijdonimiz qiynalardi.

Shunda dilxiralikdan chiqish maqsadida adalik adabiyot muallimi Sabov boshqarib borayotgan tagi yassi eski qayiqda eshkak eshib, Ada Siganliya (u paytlarda hali u kichkina orol edi) yoqalab suzardik. Shu tariqa ter bilan ichkilik xuruji jismimizdan chiqib ketardi. Men doim Zukoning bir kun avval kechqurun nufuzli kishilar davrasida bo‘lganini g‘araq-g‘araq terlagani va gupillab urilayotgan “Jonni Uolker”ning hididan sezardim, axir o‘sha kezlari bunaqa viskini uyda ichib o‘tirish faqat unga emas, balki hammamizga ham og‘irlik qilardi. Ada Siganliyaning narigi chekkasiga yetib borgach, o‘zimizni Savaga otar va oqim bo‘ylab suzib ketardik, mehribon Sabov esa eski qayiqda, ehtiyot shart, ortimizdan borardi. Orolning narigi chekkasiga yetgach, qirg‘oqqa chiqib o‘zimizni biroz xushhol sezar va pirovardida, yangi-yangi jinniliklar qilishga vujudimizda yana ishtiyoq uyg‘onardi…

Keyin men qo‘lyozmani mashinkalab, top-toza qog‘ozga ko‘chirib chiqardim, asrab qo‘yilgan ichkilikni sovitib qo‘yib, Gyoteni kutayotgan Ekkerman singari, patqalamni hozirlagancha Zukoning yo‘liga muntazir o‘tirardim.

Yana musallas bilan tarixiy voqealar girdobiga g‘arq bo‘lish umidida hovliqib kelgan Zuko xonaning u boshidan-bu boshiga yurib, suxandonlardek hikoyasini boshlar, biroq bu bebosh tashbehlar, qalashtirib tashlangan dalil-isbotlar, g‘aroyib taqdirlar, mo‘jizaviy tushlar, muhabbat va hayot haqidagi qissalarni qog‘ozga tushirishga ulgurolmay qolardim…

Kechasi bilan, asosan, u ijod qilsa, kunduzi men tinim bilmasdim! U hikoya qilayotganda bir zum to‘xtamas, olis safarga chiqqan kema kapitanlari yelkasida o‘tirgan rangdor to‘tilar kabi yelkasiga mingashgan tarix unga shipshib turardi go‘yo.

Darvoqe, u hammadan ham Singapurda hadya qilishgan Olga laqabli jajji maymunni o‘ynatishni yaxshi ko‘rardi. Sartr bilan osh-qatiq bo‘lgandan ko‘ra shu jonivorga qarash menga ma’qulroq, deb takrorlardi. Men nima uchun, deb so‘rasam u kulimsirab, Olga arqonsiz ham baland daraxtga chiqa oladi, Jan-Pol Sartr esa chiqolmaydi, deb javob qaytarardi. U olis safarlardan hamisha maymunoyga otkritka yuborardi: “Madmuazel Olga Jumhurga, Belgrad, Vasina ko‘chasi, 14-uy. Qadrli Olenka, to sen haqiqiy xonim bo‘lib Belgradda istiqomat qilar ekansan, men Lissabonda telekameralar qarshisida maymunni tasvirlab ko‘rsataveraman. Sening Zukoing”.

U: “Suhbatlashib o‘tirishga do‘st topish oson. Lekin ro‘parangda jimgina o‘tirishi mumkin bo‘lgan odam topish qiyin…” – derdi.

Ko‘p chekardi. Chekayotgan sigareti yarmiga yetmayoq jahl bilan kuldonga bosib o‘chirardi-da, o‘sha zahoti yangisini olib tutatardi. Tutun hatto uning qulog‘idan chiqayotgandek tuyulardi.

Agar ishimiz oldinga siljimasa, tungi Belgradni aylangani ko‘chaga chiqib ketardik, to charchab, darmonimiz qurib, holdan toyguncha ancha-muncha ko‘cha va maydonlarni ortda qoldirar, oxiri allaqaysi qahvaxonada eski ulfatlar yig‘ilib, tuni bilan o‘sha yerda maishat qilardik. Shaharning chet ko‘chalarida u bor-budidan ayrilgan sarmoyadorlar, ijaradorlarning o‘zgarishi, odamlararo oqibatning barham topayotganligi va el-yurt boshiga tushgan musibatlarning sirli sabab­lari haqida so‘zlab berardi. U shahar markazi, ayniqsa, og‘izga tushgan mashhur joylarga borishdan qochardi, bu xususda eshitishni ham istamasdi. Atoqli va mashhur odamlar orasida esa o‘zini qo‘qqisdan tajovuzkor qilib ko‘rsatishga o‘tardi. Biroq tashlandiq, g‘ira-shira mahallalarda uni ko‘rsangiz, libosini o‘zgartirib olgan Xorun-ar-Rashid deysiz: oddiy odamlarning hovlilariga bemalol kirar, ularga sezdirmay bog‘lar orasidan o‘tgan yo‘lkalarni ko‘zdan kechirar, ilgari Iskandar deb atalgan, hozir esa Inqilob xiyoboni nomini olgan maydon chetida joylashgan faqirona rastalarni kezib chiqar, tunukasozlar, novvoylar, iste’fodagi harbiylar, mashhur va kimligi noma’lum kimsalar bilan bafurja o‘tirib qahva ichar, ularni gapga solar, iste’fodagi vazirlar va sobiq elchilar ko‘magida tarixiy voqealarni o‘zi uchun oydinlashtirib olardi; farovon turmushiga putur yetgan, devorlari nuray boshlagan uylarda istiqomat qilayotgan bevalarni ziyorat qilar, bolalarning nomlarini aytib chaqirar, xullas, qayerga bormasin, hammaning ko‘nglini ovlar, aksar odamlar u bilan ko‘rishib, suhbatlashishga mushtoq bo‘lishardi.

– Omad nimaligini bilasanmi? – deb so‘radi bir kuni u mendan. Bu xususda o‘ylab ko‘rmaganim uchunmi, dabdurustdan javob berolmadim.

– Omad, – dedi u – bu iste’dod qo‘shuv ma’lumot degani!

Tanish-bilishlari mehmonnavoz xonadonini tark etib ketayotganda u ostonada ta’zim bilan xayrlashardi-da, shunday iltifot qilardi:

– Yana kelinglar! Olenka ikkimizning boshimiz ko‘kka yetadi…

G‘alati, oila a’zolarining barchasi sharqona ismga ega edi: onasini Vasviya xonim, deb atashar, rafiqasi – Vazira, qizi – Donizoda; kolli zotli kuchukning laqabi esa – Sindbad.

O‘zining haqiqiy ismi Zulfiqor edi.

U hatto qahraton qish pallasida ham palto kiymasdi. Sovuqqa qaramay, katak-katak kamzuldagina yurishni yaxshi ko‘rardi. Uning yozdagidek yengil-elpi kiyinib yurishini ko‘rgan knyaz Mixaylov ko‘chasi aholisi sovuqqa buncha chidamli, bekorga emas, ibrat bo‘lsin uchun yuribdi-da, deyishardi. U esa fasllarga, ob-havoga zarracha e’tibor qilmas, hamma yerga doim bosh kiyimsiz borardi.

Zoldirli ruchkalar bilan flomasterni yoqtirmasdi. Doim eng sifatli, qimmatbaho ruchka tutar, yozishga qulay bo‘lsin deb, naychasiga siyoh emas, qora siyoh to‘ldirardi.

Kumushdan ishlangan eski cho‘ntak soatlarini yaxshi ko‘rar, uning uzun zanjirini qorniga qadar tushirib qo‘yardi. Xullas, eskicha urf-odatlarga sodiq, vazmin harakatlari bilan gapirish usuli bir-biriga uyg‘un edi. Shu jihati bilan u, xuddi tezroq vaqt o‘tsa-yu, keksalik gashtini suradigan davr kelsa, demoqchi bo‘layotganga o‘xshardi.

Ayollarga unchalik hushi yo‘q edi. Ishonchim komilki, u har qanday sohibjamoldan ko‘ra Belgraddagi katolik cherkovi ruhoniysi yoki uning noibi bilan tong otguncha suhbatlashib o‘tirishni afzal bilardi. Belgradda sof serbcha talaffuzda so‘zlashar, biroq Drina ko‘prigidan bir qadam nari o‘tdi deguncha, bir dumalab bosniyalikka aylanardi-qo‘yardi, nutqida esa turkcha so‘zlarni ko‘p-ko‘p ishlata boshlardi.

Juda kam ovqat yer, lekin shohona taomlar buyurardi. Batist sochiqlar, tulki ovlayotgan viktoriyaliklar davri aks etgan a’lo darajadagi ingliz chinnisi, billur bokallar, chetlari to‘rsimon hoshiyali dasturxon va kumush shamdonlardagi lipillab turgan shamlar… Uning uyida o‘tgan men qatnashgan ziyofatlarda, ko‘pincha, mol dumg‘azasidan qaynatma sho‘rva, tok bargidan do‘lma, ustiga alohida qayla quyilgan go‘shtli somsa berishar, oxirida esa mashhur muftining bevasi – oliyhimmat Vasviya xonim tayyorlagan qushtili hamda og‘izda erib ketguday mazali tort tortilardi. Mehmondorchilik a’lo navli frantsuz konyagi va likyorlar bilan yakunlanardi.

Zuko kamdan-kam kasalga chalinar, ahvoli og‘irlashgan chog‘da ham mutlaqo pijama kiymasdi. O‘rin-ko‘rpa to‘shalmagan divanda egni-boshi bilan, mabodo uydagilari yashirincha shifokor chaqirgudek bo‘lsa, qochib ketishga shay bo‘lib – qalin jemper, jinsi shimda poyabzalini yechmay yotib olardi.

Uni keksalar, bolalar hamda jonivorlar yaxshi ko‘rardi.

2

Nima jin urib Zuko Jumhurga bunday yopishvoldim? Usmon posho Sarxush haqidagi hikoyaga o‘taversam bo‘lmaydimi?

Posho omonatini topshirgan.

Zuko vafot etgan.

Shoshishdan nima foyda?

Istiqbolda bizni mangulik kutayapti.

3

Shuni aytib o‘tish lozimki, u kinoteatrga deyarli bormasdi, kechqurun uyda kam bo‘lgani sababli televizor ham ko‘rmasdi.

Menimcha, uning ko‘rgan filmlaridan yozgan stsenariylari ko‘proq bo‘lsa kerak.

U “Montenegroning yashil movuti”ni mashinkada yozamiz, degan taklifimni xushlamay rad etgandi, chunki bunday qilsak, asosiy qahramonlar bilan kechgan voqealarni qog‘ozning chap tarafiga, dialoglarni esa o‘ng tarafiga yozishimiz lozim bo‘lardi.

Yaxshiyamki, mening fikrimga qo‘shilmabdi, axir, bunaqa stsenariylarni o‘qish juda zerikarli, uni hattoki Dzavattini, Fellini yoki Bergmanga o‘xshash ulkan san’atkorlar yozgan bo‘lsa ham.

U o‘z asarlarini an’anaviy uslubda yozardi, Shahrizoda singari ravon bayon qilishni xush ko‘rardi. Hozirgi paytda filmni suratga olib, montaj qilib, uni namoyish etish hammaning ham qo‘lidan keladi, buning uchun har xil texnikaviy mo‘jizalar o‘ylab topilgan, shunga qaramay baribir eng asosiy narsa o‘zgarmagan – kino ishlandi va ekranlarga chiqarildi; nimaiki ixtiro etilmasin farqi yo‘q – toabad shuni yaratgan va syujetini o‘ylab topgan odam hamisha bitta o‘zi hurmat va e’tiborga sazovor bo‘lishi kerak, deb ta’kidlardi.

Bir kuni Pochiteleda allaqanday qizning portretini chizayotgan yoshgina, tajribasiz musavvir surat ko‘nglidagidek chiqmayotganiga mo‘yqalamni sabab qilib noliganida Zuko unga: “Mix bilan chizish kerak edi! Mix bilan!” – deya o‘shqirgan edi. Uning bu so‘zlari mag‘zini anchadan keyin chaqdim: bu bilan u, nima qilsang ham, qanday chizsang ham chiziqlar iste’doding hamda his-tuyg‘ularing darajasini fosh qiladi, demoqchi bo‘lgan.

Xullas, Usmon posho haqidagi stsenariyni yozayotganimizda uning siymosi pag‘a-pag‘a ko‘tarilayotgan sigaret tutuni aro ko‘z o‘ngimizda gavdalangandek bo‘lar, bir-biriga mantiqiy jihatdan bog‘langan voqealarning o‘zi oqib kelar, pirovardida bir-biriga ulanib, yaxlit manzara hosil qilar va biz yuraklarni hapriqtiruvchi ilhom zavqidan entikar hamda yaratgan filmimizning ilk namoyishida o‘tirgandek bo‘lardik.

(Darvoqe, aynan o‘shanda Zuko oromkursida tebranib o‘tirgan odam spirtli ichimlikni sherigidan ikki baravar tezroq ichishi mumkinligini kashf qilgan, ha-ya, o‘sha oromkursi menga tegishli edi. Keyinchalik bu ixtirosini yanayam takomillashtirgan – kir yuvadigan mashinaning oynasidan guldor choyshabning chir aylanishini tomosha qilish orqali uch baravar tezroq ichish mumkinligini tushuntirib bergandi.)

Belgrad restoranlaridan birida bizning rejalarimizni eshitib qolgan bir rejissyor unga behad qiziqib qoldi. Bu qo‘lini sovuq suvga urmaydigan, beg‘am, qadim asilzodalar avlodiga mansub Radosh Novakovich edi, o‘sha kezlari u asosan urush mavzusi hamda vatanparvarlik ruhidagi filmlari bilan nom chiqargan edi. Usmon posho haqidagi hikoyamiz uning e’tiborini jalb etganining yana bir sababi, u ana shu syujet bahonasida mahalliy kinematografiyaning tor chegaralarini buzib, Rene Kler ruhida rangli, hamma havas qiladigan, “achishtiradigan” ishoralarga boy film olish mumkinligini sezgandi. “Montenegroning yashil movuti”da turli millat vakillarining obrazi mavjud bo‘lib, ularni ana shu mamlakat aktyori, yana-tag‘in o‘zining ona tilida yaratish talab qilinardi. Bu o‘z navbatida baayni kinematografiyadagi Vavilonga o‘xshar va film bir paytlar – 1876 yili Yevropa jaridalarining muxbirlari, elchilaru kuzatuvchilar, xalqaro korchalonlaru firibgarlar, hatto yo‘lini yo‘qotgan bitta shoir (Laza Kostich), shuningdek, Qashqirlar vodiysida bo‘lib o‘tgan jangda qo‘lga tushgan Usmon posho Sarxush ham to‘plangan Sitinadagi Lokonda mehmonxonasini eslatardi.

Usmon posho Sarxush obrazi o‘ziga xos ravishda Zukoning maxfiy avtoportretining o‘zginasi edi. Filmda menga hayotdagi kabi ikkinchi darajali rol ajratilgan edi.

Har qanday ishga jiddiy va aql ko‘zi bilan qarashga odatlanib qolgan Radosh Novakovich “Avalafilm” rahbari bo‘lib uzoq o‘tirmasligini ko‘ngli sezgandek bizni – iste’dodli, lekin yalqov shogirdlarini stsenariyni tezroq tugatishga shoshirardi. Lekin biz, ich-ichimizda biron-bir nufuzli kinofestival sovrinini qo‘lga kiritishni orzu qilib yurgan bo‘lsak ham, aslini olganda, birga ijod qilish, qo‘lyozmadagi matndan farqli o‘laroq, Zuko noyob iste’dod bilan hikoya qilib yurgan o‘sha tarixiy voqealar girdobida xayolan yashab yurishni manzur va ma’qulroq ko‘rardik.

Mana, ofitsiantlarning erka va nomdor mijozi Radosh Novakovich taklifiga binoan uning o‘zi ko‘ngilxushlik qilishni xush ko‘radigan Chuburadagi “Trandofilovich” restoraniga yo‘l oldik; ketayapmizu uy vazifasini unutib qoldirgan o‘quvchilardek o‘zimizni oqlash uchun yo‘l-yo‘lakay hali yozilmagan voqealar, epizodlarni to‘qib boramiz.

Har nechuk “Montenegroning yashil movuti”ni yozib tugatdik. Stsenariyni “Avalafilm” studiyasi sotib oldi, o‘sha davr uchun juda katta mablag‘ hisoblangan qalam haqini cho‘ntakka solib, har kim o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmay Radosh Novakovich bandalikni bajo keltirdi. O‘lishidan oldin u stsenariyni olib, Amerikaga jo‘nab ketgandi, oqibatda stsenariy qo‘lyozmasi o‘sha yerda yo‘qoldi. Asarning ikkinchi nusxasi inqirozga yuz tutgan kinostudiyaning chang bosgan alg‘ov-dalg‘ov javonlarida qolib ketdi. Shu tariqa allaqanday rangi o‘chgan charm papkada sarg‘ayib yotgan stsenariyni Zuko ikkimiz esimizdan butunlay chiqardik.

Taqdir taqazosiga ko‘ra, yigirma to‘rt yildan keyin uni topib menga berishdi. Baxtga qarshi, qo‘lyozmaning dastlabki besh beti yo‘qolgan edi.

Zukodan boshqa hech kim uni tiklab berolmasdi. Yuz yildan buyon maxfiy manbalarda saqlab kelingan tarixiy haqiqatlarni undan boshqa hech kim bilmas, nomlari allaqachon unutilib ketgan adiblar, jangni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan guvohlar qoldirgan tazkiralar, samimiy izhornomalar, xotiralarning o‘sha davr “mualliflari tirishqoqligi bilan” o‘tgan asrning oxirlarida chop etilgan nashrlari deyarli unutilib bo‘lgandi. Faqat Zukogina ulardan boxabar edi.

Matnning shu holda e’lon qilinishi ham Jumhurning ijodini yaxshi biladigan va qadrlaydigan afkor ommaga qattiq ta’sir qildi. Darvoqe, Zuko o‘z asarlarini turli nomda, ozgina tahrir qilib, bir necha marta nashr ettiradigan mualliflar sirasiga kirardi. Uning to‘la asarlar to‘plamini nashrga tayyorlayotgan janob Miroslav Prstoyevich Zuko asarlarining deyarli katta qismi, hatto yarmisi, oqibati o‘ylanmay butunlay boshqa nomdagi kitobda, keyinchalik esa bironta yo‘lnoma yoki chiroyli suratlar bilan bezatilgan hujjatli sayohatnoma shaklida e’lon qilinganiga ishonch hosil qilgach, mushkul ahvolda qoldi. Zukoning e’lon qilinmagan asarlarini topish – xuddi Laza Lazarevichning[3] noma’lum hikoyasini kashf etishdek gap edi.

Ana o‘sha besh betni qayta yozish uchun o‘ttiz yashar paytimga qaytishga to‘g‘ri kelardi. Holbuki, buning iloji bo‘lsa ham, men o‘sha davrga – yoshligimga qaytishni istamasdim.

Axir, hammasini boshidan boshlashimga to‘g‘ri kelardi: yana kinoga ko‘ngil qo‘yishni tasavvur ham qilolmasdim, chunki yoshlikdagi orzular ro‘yobga chiqmagan, nurafshon hoy-havaslar allaqachon bir chaqmoq qand yanglig‘ erib ketgan. Ochig‘i, yana xayolparast bo‘lib, hayot kechirish uchun emasu, lekin umrimni oppoq ekran uzra pirillab o‘tayotgan tasvirlarga sarf qilishim befoyda va tentakona ekani endi menga ma’lum edi.

Kafkaning “Qo‘rg‘on”ida asar qahramonining darvoza ostonasida jon berayotganini ko‘rgachgina Posbon xotirjam jo‘nab ketadi, chunki u qahramonni ichkariga kirgizmaslik uchungina o‘sha yerda turgan bo‘ladi, xuddi shunga o‘xshab, bir paytlari menga kino bilan shug‘ullanishni ravo ko‘rmaganlar ham kinematografiyani allaqachon shunday bir ahvolda tark etishgan: yo o‘lib yoki nomlari butunlay unutilib ketgan edi.

Hozir bu studiyalarning eshiklari men uchun lang ochiq, biroq endi u yerga borgim kelmaydi.

4

Holbuki, o‘sha kezlar biz kino desa o‘zimizni tomdan tashlar edik.

Kosovo ko‘chasida joylashgan “filmoteka”ning yerto‘lasida film suratga olishnigina emas, balki uni qanday ko‘rish kerakligini o‘rgangan edik. Shuning uchun ham Jan Vigoning “Atalanta” yoki Dreyer bilan Shyostremning ovozsiz filmlaridagi maftunkor sahnalarning barchasini esda saqlab qolgandik; frantsuz kinosan’atining yangi oqimiga yo‘l ochib bergan Karne, Bressonlarning ilk filmlari; Chaplin, Kiton, Griffit, Uellslar ishtirok etgan asarlarni qayta-qayta tomosha qilib zarracha zerikmas, bularning bari ko‘z o‘ngimizdan ketmas va xuddi shular kabi ajoyib kinolar yaratish istagida yonib yashar edik. Qo‘limizga tushgan “Cahierde Sinema” jurnalining har bir sonini yodlagudek o‘qib chiqar, jurnal qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketar, ochig‘i, o‘qib to‘ymasdik. Shularning ta’sirida stsenariy yozishga unnab ko‘rar, sobiq politsiya xodimlari-yu xizmatdan bo‘shagan harbiylar qo‘l ostidagi kinostudiyalarga yozgan xom-xatala asarlarimizni eltib topshirardik. Turgan gapki, ular o‘rgamchikka yozgan bu stsenariylarimizni qaytarib berar, ammo-lekin bizni iste’dodli va savodli bolalardek ko‘rishardi hamda g‘amxo‘rlik qilishni unutishmasdi. O‘sha davrda nuqul partizanlarga bag‘ishlangan filmlar bilan yengil-elpi, yuzaki komediyalar suratga olish rasm bo‘lgandi. Taniqli rejissyorlaru stsenariynavislar biz bilan hisoblashardi: bizning kino san’ati bo‘yicha egallagan bilimlarimiz ularnikiga nisbatan jiddiyroq bo‘lgani sabablimikan, kinostudiyaning eshigi bizdan boshqa hamma uchun ochiq edi.

Kino ishlab chiqarish bilan uni namoyish etish siyosatini o‘zlariga berilgan jazo, deya tushunishar, negaki eski qadrdonlari nomunosib ishni topshirib ularni kundalik siyosiy hayotdan go‘yo badarg‘a qilgandek tuyulardi. Ko‘plari ko‘zlarini sirli ravishda ola-kula qilib, chekka-chekkada ularni g‘iybat qilishar, agar “o‘sha” bo‘lmaganda allaqachon Markaziy Qo‘mita a’zoligiga saylanardik, deya nolib ham qo‘yishardi.

Ba’zan dimog‘lari chog‘ bo‘lib yurgan bitta-yarimtasi bizni maxfiy namoyish etilayotgan filmlarni ko‘rishga olib borardi; shuning evaziga kelajakda hech qachon sotib olinmasligi muqarrar filmlarni ko‘rish nasib etardi. Shinamgina tomosha zallarida tsenzorlarga spirtli ichimliklar tortishar, davlat xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari va ularning rafiqalari bo‘lsa, zerikkanlaridan mudrab yoki esnab o‘tirishardi. Aksar hollarda ular film namoyishini to‘xtatib qo‘yishar va boshqasini qo‘yinglar, deya talab qilishardi. Ayniqsa, ularga film cho‘zilib ketgandek yoki tushunish mushkulroqdek tuyuldimi, tamom, adi-badi qilib o‘tirishmasdi. Ularning harbiy mavzuda ishlangan rus filmlarini ko‘rgilari kelardi-yu, bu xohishlarini oshkora aytishdan hayiqishardi, negaki, ishongan tog‘lari chin vatanparvar, deya ko‘klarga ko‘tarib maqtashgan dohiylariga sovet filmlari yoqmas edi. Shu sabab o‘sha dohiylar singari jangari va bosh rolda Mario Lants ishtirok etgan, ekranlashtirilgan operettalarni ko‘rishdan boshqa ilojlari yo‘q edi. Biz esa Renening noyob va go‘zal “O‘tgan yili Mariyenbadeda”si va Malyaning “Sevishganlar” asari namoyishini to‘xtatib qo‘ymasliklari uchungina ularga xushomad qilar va iloji boricha bu mulozamatlar bilan ularni chalg‘itishga urinardik. Shunday qilmasak ham bo‘lmasdi, chunki ular johil, gumroh kimsalar bo‘lib, aqllari yetmagan, o‘zlari kunchilik bilan g‘alamis soha, deya hisoblagan kino olamida kulgi bo‘lishdan qo‘rqishardi. Ularning qo‘llarida hokimiyat bor edi, xolos, ming-minglab odamlarning istak-talablariga qaramay, inson zakovati yaratgan har qanday nafis san’at asarini bir zumda yo‘q qilishgagina qurblari yetar, taassufki, san’at asarining faqat ko‘ngilochar bir ermak bo‘lishini xohlashar va ijodkorlardan ham aynan shuni talab qilishar edi. Ular bir narsadan, o‘zlari tushunishga qodir bo‘lmagan narsadan qo‘rqishardi, holbuki, odam aytishga uyaladigan darajada kam narsani bilishardi.

Mamlakat bamisli zindonga aylangandi, odamlar, hech kim, hech narsani o‘zicha ixtiyor qilolmas, yurtning po‘kak bilan mahkam yopilgan shaffof idishdan farqi yo‘q edi. G‘arbiy Yevropaga faqatgina rahbarlarning xushomadgo‘y erkatoylari bilan sobiq josuslar chiqish sharafiga noyil edilar. Biz orzu qilgan hayot (butunlay noto‘g‘ri tasavvur qilar ekanmiz) qop-qorong‘i zal devoridagi nurafshon ekranda ola-tasir davom etayotgan tasvirlardan iborat edi, xolos. Unga ishonib, o‘zimizni go‘yo sotsialistik kopperfildlar, deya xomtama bo‘lib yurar ekanmiz, tavba.

Bu baayni avtobusda sayohatga chiqqan bilan barobar edi, tasavvur qiling, ichkarida Vivaldining “Yil fasllari” kuyi yangrayapti, avtobus oynasidan ko‘zga tashlanayotgan go‘zal manzara ham shu kuyga munosib. Siz esa nuqul keng yelkasi ko‘z o‘ngingizda muttasil chayqalib borayotgan yo‘l sarkori – shofyor, ana hozir jun bosgan qo‘lini uzatadi-yu, radio murvatini buraydi va kuy o‘rnida allaqanday bir pulga qimmat, bemaza baqiriqni qo‘yib yuboradi, deb tahlikada o‘tirasiz. Tabiiyki, siz bekorga xavotir qilmayotgan bo‘lasiz, ko‘nglingiz nimanidir sezayotgan bo‘ladi, biroq mashinani haydab borayotgan odam bu hamohanglik, uyg‘unlikka xalal beradigan ish qilgani yo‘q-ku, deya uni oqlagan bo‘lasiz, aslida uni oqlash orqali ehtiyotkorligingizni yashirasiz. Oqibat nima bo‘ladi, aynan o‘sha ko‘nglingizdan kechgani ro‘y beradi! Shunda hammasiga qo‘l siltab, o‘zingizgina javobgar, hech kim aralashmaydigan ish bilan shug‘ullana boshlaysiz.

Oradan shuncha yil o‘tgandan keyin nega bu voqealarni eslayapman-a?

Zuko vaqti-vaqti bilan biz yaratgan stsenariyni eslab, taqdirini so‘rab qolardi. U o‘sha stsenariy qaysidir iste’dodning qo‘liga tushib qoladi-yu, film baribir suratga olinadi va oxir-oqibat boyib ketamiz, deb umid qilardi. Oxiri, uning o‘limidan avval men o‘sha stsenariy matnini izlab topishga so‘z berdim, ikkovimiz ham kino olamida biz o‘ylab topgan syujetga yaqin keladigani bo‘lmasa kerak, bunaqasi hayotda bir marta yoziladi, deya ishonardik. Zukoning hayoti biz yozgan stsenariydan ham qiziqarliroq ekani esa xayolimga ham kelmabdi. Balki Zukoning ruhini shod qilish uchun ushbu satrlarni yozayotgandirman, kim bilsin.

Buning ustiga, meni o‘tkinchi hayotda o‘ta muhim bo‘lgan mana shu san’atga o‘rgatgan shayton-afandi bilan yaqin bo‘lish uchun bundan qulayroq yo‘l topolmasam kerak.

5

Bizning hikoyamiz 1876 yil 28 iyul kuni peshinda Qashqirlar vodiysida turk armiyasi tor-mor keltirilgani bilan boshlanardi; bu poroxlar tutuni burqsiyotgan va tandirdek qizigan Gertsogovinaning dashtu dalalarida yuz bergandi. Zuko kechalari ilhom va zavq-shavq bilan menga aytib turib yozdirgan asarning tarixiy manbalarini topishim uchun yigirma to‘rt yil ketdi, desam mahobat qilmagan bo‘laman.

Bu manba iste’fodagi oliy toifali siyosatchi, uzoq yillar Avstriya bilan Turkiya o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni tiklashda ishtirok etgan, o‘rtada elchilik qilgan, Qashqirlar vodiysida bo‘lib o‘tgan jangning shohidi, biz yozgan romantik asar qahramoni – Usmon posho Sarxushni yaqindan tanigan inson – Martin Jurjevichning “Bolqon voqealari. 1858–1878” kitobi edi. Kitob muallifning “g‘ayrat-shijoati ila” Sarayevoda chop etilgan bo‘lib, benazir hikoyanavis Zuko ana o‘sha asar uslubidan ilhomlangani va ko‘p narsalarni o‘zlashtirgani sezilib turardi.

“Magarkim ushbu inshoni kamina ko‘p marotaba alohida bayon qilib berganimda tinglovchilar qanday kutib olishgan bo‘lishsa, uni muhtaram kitobxonlar shunday xayrixohlik bilan o‘qisalar, boshimiz ko‘kka yetgan bo‘lur edi – men uchun bundan yuksakroq mukofot yo‘q”, – deb yozadi Jurjevich asar muqaddimasida.

Rejissyor Bora Drachkovichning guvohlik berishicha, bu tazkirani Zuko bir yil avval (1966) qo‘lga kiritgan va har yoz erta tong mahali o‘zi borishni xush ko‘radigan Xertseg-Novidagi Lissabon qahvaxonasining soya-salqin kunjagida mutolaa qilib o‘tirar ekan. Keyin, sayohat mavsumi boshlanishidan oldin, mo‘r-malaxdek bostirib keladigan sayyohlardan qochib Gertsogovinaga jo‘nab ketarkan. Qolaversa, u dengizni qo‘msar va doim shunday lahzalarda hazillashib, meni dengiz chorlayapti, der ekan. Bir aktyor Zukoning Neretve bo‘yida yechinib, ko‘kragiga dovur suvga tushib turganini shunday xotirlaydi: “U ko‘ksini to‘ldirib shunday nafas olar ediki, azbaroyi daryoning suvini tamom ichib tugatmoqchiga o‘xshardi! Nazarimda, ana hozir Neretvedan asar qolmaydigandek!”

O‘sha tarixiy voqeaning dastlabki namunalari Zuko Jumhurning “Setina asiri” maqolasida ilk bor tilga olingan edi.

“Mana, Usmon posho aytib bergan voqealardan biri. Hayotining so‘nggi yillarida posho Chernogoriyani, Qashqirlar vodiysida kechgan ko‘ngilli kunlarini bot-bot eslaydi. Xuddi Tohir afandi bilan o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan suhbatlar singari o‘z hikoyasini ham Muxtor posho va uning avlod-ajdodlaridan yozg‘irishdan boshlardi. O‘sha Muxtor posho hayotda uni ko‘p tahqirlagan, har xil tuhmat, yolg‘on-yashiq bo‘htonlar bilan boshiga it kunini solgan ekan. Emishki, shohning sadoqatli quli va turk saltanatidagi eng peshqadam to‘potar livi[4] – Usmon posho Qashqirlar vodiysida o‘tgan jang kuni g‘irt mast bo‘lgan va shu darajada hushini yo‘qotgan ediki, chernogoriyaliklar qolib, o‘zini, ya’ni turk lashkarlarini zambaraklardan o‘qqa tutishiga oz qolgan ekan…”

O‘sha asarning besh beti yo‘qolgan bo‘lishiga qaramay, o‘quvchilarni aslida nima bo‘lganidan boxabar qilish uchun “Montenegroning yashil movuti” asaridagi jang tafsilotlari ruhini tushuntirib o‘tishim shart, usiz asosiy qahramonlarning taqdiri jumboq bo‘lib qoladi.

Avvalo, Chernogoriyaning sultoni, knyaz Nikola Petrovich Negosh xalq va lashkar orasida urush e’lon qilingani haqidagi murojaatnomani o‘qib eshittirdi.

“Beshumor porloq va tantanali voqealarni boshidan kechirgan Setina bugungichalik musharraf kunlarni ko‘rmagan edi… – deya dalolat qiladi knyaz o‘zining xotiralarida. – Son-sanoqsiz oddiy odamlardan tashqari Setina maydoni o‘sha kuniyoq Gertsogovinadan yetib kelgan lashkarlar bilan to‘lib-toshdi”.

“Chernogoriyaliklar! – deya boshlanardi murojaatnoma. – Mana, deyarli besh asrdan buyon turk saltanati xalqimizning qonini so‘rib, muqaddas tuprog‘imizni poymol etib, ulug‘ serb davlatini talab kelmoqda. Xalqimiz ko‘p marta qullik kishanlaridan ozod bo‘lish uchun bosh ko‘tardi, ammo o‘zaro nizolar hamda tafriqalardan tinkasi qurigani tufayli yana vahshiyona jabru zulm ostida qoldi. Chernogoriyaliklar, mana, bir yildan oshdiyamki, xalqimiz “yo ozodlik, yo o‘lim!” deya hayqirib, bosh ko‘tardi. Bizga qo‘shilgan Gertsogovina orqali isyon alangalari qardosh Bosniya, qondosh slavyan, sharafli dindoshlarimiz – bolgar xalqining yuragida o‘t yoqdi. Shunqorlarim, mana, nihoyat, chernogoriyaliklar nimalarga qodir ekanligini namoyish etadigan fursat yetdi, otalarimiz, og‘a-inilarimizning asriy orzu-umidlari ro‘yobga chiqadigan kun keldi… Chernogoriyaliklar, shunday sharafli onlarda turk istilosiga qarshi jangga kirmoqlik sizlarga muborak bo‘lsin! Mamlakatimizni Murod bosib olgan ekan, uni Muroddan ozod qilmog‘imiz lozim!”[5]

Hal qiluvchi jang 1876 yil 28 iyul kuni Qashqirlar vodiysida bo‘lib o‘tdi.

“Bir-biriga qarshi turgan tomonlarning kuchi qariyb teng edi, – deb yozadi Jurjevich, – har ikki tomon lashkari yigirma ming jangchidan ziyod. Turk qo‘shinlari boshida mushir[6] Muxtor posho, ferik[7] Boshnyak hamda artilleriya qo‘mondoni Usmon posho turar edi…

Muxtor posho olti stan[8] qo‘shinni Bilecheda qoldirdi, o‘n sakkiz stan armiya bilan o‘n ikkita zambarakni olib, tun bo‘yi har xil hiylalar qilishga tushdi. Qo‘shinni u uch safga ajratdi: har birida to‘rtta stan va ikkita zambarak bo‘lib, unga Usmon posha boshchilik qilardi. Muxtor posha to‘qqizta stan va yettita zambarak bilan uning izidan, umumiy qo‘shinning oldingi qismida esa boshibuzuqlar[9] hamda majbur qilingan yoki shirin va’dalarga uchgan gertsogovinaliklarning lashkari borardi…

Men tepalikda, noib Dyubua yonida durbin orqali jangni kuzatib turardim. Birinchi o‘q ovozi eshitildi, keyin ikkinchi, uchinchi va nihoyat, boshlandi – minglarcha miltiqlardan o‘qlar uzildi va yaralangan odamlarning: “Yordam beringlar! Yordam beringlar! Birodar, suv ber!” – degan ohu zorlari zaminu osmonni tutib ketdi… Peshonasiga o‘q tegib til tortmay o‘lgan bir odam chalqancha yotganiga ko‘zim tushdi-yu, yuragim g‘ijimlangandek bo‘ldi, uni ko‘tarib allaqayerga olib ketishdi. Qo‘rg‘oshinning chatnab toshlarga urilgani, o‘qlarning havoda hushtak chalib uchgani hammayoqni tutdi. Knyaz a’yonlari qurshovida toshloq tepalikda (Koko tog‘ining g‘arbiy yonbag‘rida, hozirga qadar chernogorlarning turklarga qarshi hujumga o‘tmasdan avval yashirinib turgan handaqlari saqlanib qolgan) turardi. Knyaz moviy yopinchiqqa o‘ranib olgandi. Nogoh miltiq o‘qi knyazlik yopinchig‘ining etagiga kelib tegdi va vzvod boshlig‘i Petar Vukotich: “Daydi o‘q tegishi mumkin, janob oliylari, tosh orqasiga o‘tamiz, yuring, – dedi-da, uning qo‘lidan ushlab, yana qo‘shimcha qildi: – Bekordan-bekorga o‘lib ketishdan xudo asrasin!” Xuddi o‘sha lahzalarda turklar xachirlar ustiga ortilgan zambaraklarni yerga tushirishdi va hovliqqancha to‘rt-besh marotaba o‘q uzishdi-yu, shu bilan zambaraklar guldiragi asta tinib bordi. To‘pchilar, to‘g‘risini aytganda, snaryad izlab hammayoqni titi-piti qilishdi, biroq o‘q-dorilarning asosiy qismini boya aytganimdek, o‘ylamay-netmay Chernogoriya chegaralariga jo‘natishgan edi. Ayni paytda Chernogoriya jangchilari orasida turklarning o‘q-dorilari tugaganligi haqida ovoza tarqaldi-yu, qo‘mondonlarning baralla: “Hujumga!” – degan ovozi yangradi. Piperliklarning bataloni boshqalardan oldinroq shamshirlarini yalang‘ochlab handaqlardan otilib chiqishdi-da, hayqirgancha turklar ustiga tashlanishdi. Ularning ortidan o‘zga chernogoriyaliklar hujumga o‘tgach, qonli, ayovsiz qirg‘in boshlandi. Chernogoriyalik qilichni shunday epchillik bilan o‘ynatar ediki, azbaroyi uzun nayzali miltiq bilan qurollangan turk askari yaqinlashishga yuragi dov bermasdi. Turklarning o‘takasi yorilib, orqaga, Bileche tomon ura qochishdi, chernogoriyaliklar esa qilich o‘ynatib, ikki soatlik yo‘l naridagi shaharga dovur ularni quvib borishdi. Bu shunqorlar iloji boricha boyonlarni qilichdan o‘tkazishga harakat qilishardi, ular oddiy turk jangchilariga qayrilib qarashmasdi, pala-partish chekinayotgan turk jangchilari esa bostirib kelayotgan dushmanga qarshilik qilolmasdi. Chernogoriyaliklarga omad kulib boqdi, ular shu ketishda hujumni to‘xtatmay, turklarning shtab-kvartirasiga bostirib kirishdi va o‘sha yerdagi to‘rtta to‘p bilan bir qancha turk zobitlarini qo‘lga olishdi…”

6

O‘sha jangdan 115 yil o‘tgach, zamharir qishning ayamajuz kunlaridan birida, oyning xira kumush yog‘dulari ostida turar ekanman, qiyqirgan ovozlar, o‘q tekkan va qilich bilan chopilganlarning xirillashlari, qaynoq tuproq uzra sudralib qochayotgan ilonlarning vishillashlari, toshlarga urilayotgan qilichlarning jaranglashi qulog‘imga chalinar, tamakining achchiq bo‘yi, kuygan movut chalvorlarning dimoqni achishtiruvchi isi va ter bilan poroxning qo‘lansa hidi dimog‘imga urilardi.

Otamning kindik qoni to‘kilgan Mirilovichi qishlog‘i ana shu Qashqirlar vodiysiga yaqin. Mening ajdodlarim, to‘rt nafar kapor, ushbu jangda bar’yaktarlar[10] sifatida qatnashgan edi, ularning nomi “Qashqirlar vodiysida bo‘lib o‘tgan jang yodnomasi” degan kitobda qayd etilgan. Ulardan biri mening otam Vidushey tog‘i etagida joylashgan Mirilovichi mozoriga dafn etilgan. Mana, bir yuz o‘n besh yil bo‘libdiki, uning qabriga o‘rnatilgan kulrang qumtoshdan yasalgan xochni zamburug‘ qoplab yotadi. Boshqalari bedarak ketishgan. Ehtimol, ularning jasadini quzg‘unlar bilan quturgan itlar xomtalash qilishgandir yoki bo‘lmasa dushman askarlari tanib bo‘lmaydigan darajada mayda-mayda qilib chopib tashlashgandir. Har safar bar’yaktar Marko Kapor yotgan qabr uzra o‘rnatilgan tosh butning g‘alvirak sathini silab-siypalab qo‘yayotganimda mana shu stsenariyni yozishga ma’naviy haqqim borligiga yuragimda bir ishonch tuyardim. Ajib bir his-tuyg‘u vujudimni qamrab olar – men Nyu-Yorkda, 5-avenyudagi 7-ko‘chaning muyulishida joylashgan “Tiffani” zargarlik do‘koni vitrinasiga barmoqlarimni tekkizganimda ham bunaqasini sezmagandim, holbuki, men hikoya qilib bergan ayrim hodisalar o‘sha yerda sodir bo‘lgandi.

Bilishimcha, Zuko Jumhurning ajdodlari, Gertsogovina musulmonlari, badjahl sarbozlar ham bu jangda faqat g‘anim tarafida qatnashgan bo‘lsalar ajab emas. Aks holda, bu ta’sirchan hodisalar qadrdon do‘stimning yuragidan joy olarmidi? To‘g‘risini aytsam, qadim zamonlardan kelayotgan orzular kelgusi avlodlarga nasib etgani kabi har qanday syujet o‘ziga munosib egasini topadi. Nega bo‘lmasa Zuko qanchadan-qancha mavzular qalashib yotganiga qaramay, aynan shu mavzuga qo‘l urgan?

“Montenegroning yashil movuti” ustida ish olib borayotgan paytimizda men beixtiyor nasroniylar, Zuko esa musulmonlar timsoliga aylangan edik. Qancha ko‘p ichsak, shunchalik bir-birimizni ayab, ehtiyotlab fikr-mulohazamizni bildirardik; men turk qahramonlarini tasvirlayotganda iloji boricha ularni nozikfahm, salobatli qilib ko‘rsatishga harakat qilardim, Zuko esa bunga javoban nasroniylarni jo‘mard kishilar sifatida tasvirlash payida bo‘lardi.

7

Qashqirlar vodiysida bo‘lib o‘tgan jang turklarning mag‘lubiyati bilan tugadi.

Ular behisob o‘liklar va yaradorlar, zambaraklar va qolgan-qutgan o‘q-dorilarni tashlab qochdilar. Usmoniylar armiyasi sakkiz mingdan ziyod askar yo‘qotdi. Muxtor poshoning butun shtabi – bir yuz oltmish nafar zobit va turli darajadagi qo‘mondonlar yer bilan yakson qilindi. Chernogoriyaliklardan esa qirq sakkizta ofitser o‘ldi, yetmish ikki nafar jangchi yarador bo‘ldi. Ular turklarni to jang tugaganidan darak beruvchi burg‘u chalingunga qadar Bilechegacha quvib borishdi. Ana shundan keyin g‘alaba qozonishganining belgisi sifatida qo‘lga olingan zambaraklardan yigirma bir marta o‘q uzishdi. O‘sha oqshom knyaz Nikola zafar quchgan chernogorlar qo‘mondoni sharafiga tantanali ziyofat berdi.

Zukoni mashhur va xushsurat Usmon posho Sarxushning nimasi qiziqtirib qoldi ekan? Jurjevich yodnomasini o‘rganib chiqqach, bizning kinostsenariyda tilga olinmagan bugungi aksilqahramonlardan ko‘chirib olingandek tuyulayotgan tolesiz generalning fe’l-atvorini tushuntirib berishga qodir muhim bir ma’lumotga duch keldim: uni asirga olib, Jurjevich chodiriga (vaqtinchalik uning shtabiga aylantirilgan) keltirishganda posho turklarning mag‘lubiyati, o‘zining taqdiri va bu dunyoga mutlaqo befarq ekanligini namoyish qildi. Holbuki, bu sharqona taslim bo‘lish ifodasini bildirmasdi, balki aslida Pushkin, Bayron, Lermontov yoki bizning zamonamizda yashab ijod etgan Alber Kamyu qahramonlariga o‘xshab nazokat bilan e’tiborni jalb qilish edi.

“Usmon posho bilan allaqanday yuzboshi mening chodirimda ovqatlanishdi va uxlagani yotishdi, chunki ular juda toliqishgan edi. Janob oliylari shodu xurramlikni nishonlash maqsadida turklardan tortib olingan zambaraklardan yigirma bir marta o‘t ochishni buyurdilar. Knyaz mening chodirimga kirganida poshoning uxlayotganini ko‘rib: “Bu mehmonimizni bezovta qilishi mumkin, lekin hechqisi yo‘q, biz erishgan g‘alabamizni har qancha nishonlasak arziydi! Otinglar, chernogoriyaliklar!” – dedi zavq bilan. Zambaraklar tilga kirdi, Usmon posho uyg‘onib ketib, boshini ko‘tardi-da: “Nima bo‘lyapti?” – deya so‘radi. Men unga: “Tantana!” deb javob berdim. “Ularga mumkin”, – deb qo‘ydi posho va o‘zini o‘ringa tashladi-da, uyquga ketdi.

Anri Mishoning qalamiga mansub “Beozor kimsa” romanining qahramoni Plimgina o‘lim jazosiga hukm qilishganida o‘zini shunday tutmasmidi?

“Hukm ertaga ijro etiladi. Sudlanuvchi, aytadigan gapingiz bormi?” “Kechirasiz, – deb javob qildi u, – men muzokarada qatnashganim yo‘q”. Shunday, deya u yana pinakka ketdi.

Usmon posho uyqusining bayoni uni Qashqirlar vodiysidagi to‘qnashuv chog‘ida artilleriyani mast holda boshqargan, degan aybnomani bevosita tasdiqlar edi. Faqat mastgina, dushman o‘z g‘alabasini tantanali nishonlayotganini nazokat-la ma’qullagan odamgina, yigirma bitta zambarakning guldurosi ostida mana shunday shirin va qotib uxlashi mumkin!

To‘yib uxlashimga imkon bering! Balki jangning o‘zi ham tushdan iboratdir?

“Qosh qoraygach, knyaz chodiri oldida mash’alalar porladi, sozandalar guruhi ijro etayotgan kuylar samoga o‘rladi, knyazning malaylari bebaho shampan vinosini quyishga tutindilar. Desouverain…”

1876 yil 28 iyulida sirtida qonlar qotib qolgan toshlarga shampan vinolari to‘kildi.

8

Yozuvchi, noshir va matbaachi Arseniy Payevichning yuz yil muqaddam Novi Sadda nashr etilgan, sahifalari sarg‘ayib ketgan “Chernogoriya va Gertsogovinadan. 1876 yilgi milliy ozodlik uchun bo‘lib o‘tgan jang xususida xotiralar” sarlavhali kitobidan Qashqirlar vodiysining to‘qnashuvdan keyingi manzarasini topdim: “Hamma yerda ro‘molcha bilan og‘zi-burnini bog‘lab olgan oddiy askarlar – olg‘a borishga qiynalmasliklari uchun shunday qilishgan bo‘lsa kerak. Biz ham ulardan avvalroq shunday qilishga majbur edik, lekin turk jangchilarining murdasini ko‘rib, otlarimiz to‘xtab qolar, pishqirib, badbo‘y hidga toqat qilolmagandek ortiga tisarilardi. Hayotimda bunaqa dahshatli manzarani ko‘rish nasib etmagandi. Hamma yerda o‘liklar yotardi, miltiq o‘qi va o‘tkir tig‘ zarbidan jon taslim qilganlarning son-sanog‘i yo‘q. Quzg‘unlar qo‘rqinchli bir alfozda ohista qanot qoqardi. Bu qo‘lansa hid, daryo bo‘lib oqqan qonlar, haligina tirik yurgan odamlarning murdalari yurakka vahima solardi. Askarlarimizdan ba’zilari o‘sha o‘laksaxo‘r och qushlarni hurkitish uchun ularga o‘q uzar, biroq qushlar parvo ham qilmasdi. Ular xuddi ziyofatga kelib qolgan och-nahor odamlardek yutoqishardi. Bu manzarani ko‘rib, iloji boricha nariroq yurishga harakat qilar edik, otlarimiz bizga bo‘ysunmasdi. Bu janggohdan deyarli ikki soatlik yo‘l yurib nari ketgan bo‘lsak-da, hamon badbo‘y hid bizni ta’qib etar, dimog‘imizga kirgan havodan ko‘nglimiz behuzur bo‘lardi. Shu daqiqalarda, ishonchim komilki, bironta askar bitta jaz yoki bir piyola suv icholmasdi. Bu hiddan ertasiga ham xalos bo‘lolmadik. Bola-chaqasi bilan Zagrebdan Triyest orqali Kaporga qulay va shinam italyan kemasida yo‘l-yo‘lakay Zadar, Shibenik, Korchula, Dubrovnik hamda Xertseg-Novilarni bosib kelgan, har narsaga qiziquvchan Martin Jurjevich bir kun ichida chinakam jahannamga kelib qolgandek bo‘ldi…

“Gertsogovinalik qo‘zg‘olonchi g‘animni o‘ldirgach, boshlig‘iga dalil uchun uning boshini kesib, xaltasiga solib olardi. Ikki-uch kun xaltada non va piyoz bilan ko‘tarib yurar, qorni ochganda sumkasining ichidagini dasturxonga ag‘dararkan, ko‘ngli aynib ketardi. Qashqirlar vodiysidagi jangda ko‘rsatgan qahramonligini dalillash uchun dushman askarining popiltiriqli papog‘i, miltig‘i va qilichini keltirish odati keng yoyildi. Jang tafsilotlarini bayon qilganlar asirga tushgan dushmanlar haqida yozar ekan, ularning yuz-ko‘zida aks etgan qo‘rquvni, albatta, tilga olib o‘tishardi. Shu bilan birga Qashqirlar vodiysida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuv o‘sha chog‘dagi jang qilish tarziga ta’sir etmay iloji yo‘q edi. Masalan, knyaz halok bo‘lgan dushman askarining burni, qulog‘ini ilgarigidek kesib olishni keskin ravishda rad etdi va buni jangchilarga taqiqlab qo‘ydi. Jasoratni dalillash uchun papoq, miltiq yoki qilichni keltirish kifoya edi. Bechora Martin Jurjevich ko‘rganlarini shunday yozib qoldirgan edi: “Xorijiy jaridalarning muxbirlari bu to‘qnashuv oqibatlarini ko‘rib, butun dunyoga ayyuhannos solmoqchi bo‘ldilar. Biroq ehtirosga bunchalik berilishni men yoqlamagan bo‘lardim!”

9

Bu qirg‘inbarot urush qahramoni Usmon posho Sarxushning betakror siymosini men keyinroq, jangni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va ishtirok etgan kishilarning yodnomalari bilan insholarini mufassal o‘rganib chiqqachgina anglab yetdim – Zuko go‘yo shu mudhish xunrezliklarni atay mendan yashirgandek tuyuldi. Nega bunday qilganiykan? Nega hamma narsani oshkor qilishni yaxshi ko‘radigan odam shuni aytishni istamagan? Ehtimol, u turklarning batamom tor-mor qilinganiga chiday olmagandir, ehtimol, har ne bo‘lganda ham ularning shavkatli bayrog‘i baland ko‘tarilishini istagandir va shuni kutgandir? Bunday mulohazaga uning Belgrad qahvaxonalarida o‘tirgan paytlarimizdagi behuda munozaralari, janjal-to‘polon ko‘targanlari izn berardi. Serblar bilan turklar haqida gap ochildimi (afsuski, bunday suhbatlar turli sabablar bilan o‘tkazilgan yig‘inlarda hanuz tez-tez bo‘lib turadi), tamom, Zuko yo o‘rnidan turib indamay chiqib ketadi yoki usmonli turklar saltanatini himoya qilishga o‘tadi hamda uning o‘tmish madaniyati yuksakligi va olamshumul jasoratlarini ko‘klarga ko‘tarib maqtashga tushadi, shu asno bahs-munozara gulxanini gurillatadi. Yozuvchilar klubida bo‘lib o‘tgan mana shunday munozaralardan biri mushtlashish bilan tugagan va hammayoqda ovoza bo‘lib afsonaga aylanib ketgan edi. Turklarni qoralagan hamkasbidan achchiqlangan Zuko jazavaga tushib, bu o‘lkalarga turklar o‘zlari bilan yuksak madaniyat olib kelgan va butun Bolqon yarim orolidagi vahshiy xalqlarni daraxtlardan qoqib tushirgan, deya chinqirgani yetmaganday, sizlarning tomirlaringizda turk qoni oqayapti, deb iddao qilgan va eng og‘iri – buning uchun bizning momolarimizni aybdor qilgandi. Aytishlaricha, o‘shanda bir mashhur serb shoiri bilan yoqa bo‘g‘ishib ketishgan, orada o‘sha shoir musht tushirganmi yoki itarib yuborganmi, Zuko stol yoniga yiqilgan. Garchi bu to‘polon tinchlik bilan tugagan – g‘animlar bir dasturxonda o‘tirishni davom ettirgan bo‘lsa-da, butun shahar bir necha kungacha shu gapni chaynab yurgan.

Belgradliklarning turklarga tegishli nimaiki bo‘lsa, o‘shani yozg‘irib so‘zlashi ko‘ngli bo‘sh odamlarning betakallufligidan boshqa narsa emas. Zamon o‘tgach, turklar bizga go‘yo urug‘-aymoqdek yaqin bo‘lib qolishdi. Lekin shunga qaramay, hatto o‘zimiz istamagan-sezmagan holatda, o‘zga maslak kishilarini bekordan-bekorga haqorat qilganimizni bilmay qolamiz.

Serb tilida, masalan, “go‘yo turklarning mozori yonidan o‘tgandek” degan ibora bor, lekin pichoqni avval o‘zingga ur, og‘rimasa birovga, ular qandaydir arzimagan narsaning yonidan o‘tayotib: “Go‘yo pravoslav qabristoni yonidan o‘tgandek bo‘ldi” deya istehzo qilsalar, o‘zlariga qanchalik og‘ir botishini xayollariga ham keltirmaydi.

10

Aslida mana bunday bo‘lgandi!

“Boshidayoq harbiy boshliqlar yig‘ilgan turk zambaraklari joylashgan yerga qilingan hujum jang taqdirini hal qildi. Turk zobitlari oddiy askarlardan ajratib turuvchi nishonlar taqmaganligi uchun qaysi birining qanday unvonda ekanini aniqlab bo‘lmasdi. To‘pchilar batareyasiga Usmon posho qo‘mondonlik qilardi. Qurshovda qolishganda u tevaragidagi jangchilardan birontasi qolmaguncha mardona jang qildi. Uning kimligi noma’lum bo‘lsa-da, chernogoriyaliklar unga: “Taslim bo‘ling, janob!” – deya qichqirishgandi.

(Jurjevichning bu izohi Usmon poshoning tug‘ma oliyjanobligidan dalolat berardi. Hech qanaqa nishonsiz ham u o‘z rutbasiga munosib ravishda ko‘kka o‘rlagan tutunlar ichra o‘zini shunday tutardiki, oddiy va jangovar tog‘liklar uning kimligini sezishgan edi).

Usmon posho ularga javoban:

– Men taslim bo‘lmayman! Undan ko‘ra o‘ldiring meni! – deya qo‘lidan qurolini tashlamay javob berdi. – Otinglar!

Keyinchalik asir tushgandan ko‘ra o‘limni afzal ko‘rganinining sababini menga tushuntirib bergandi. Lekin chernogorlar otishni xohlashmadi, miltiqlarini yelkalariga osib olishdi, ulardan biri esa uning yoniga yaqin bordi-da, qo‘lidan ushlab:

– Seni men asir oldim! – deb qichqirdi.

– Bo‘laqol! Bo‘l! Boshlig‘ingni yoniga olib bor tezroq, evaziga katta mukofot olasan! – dedi bunga javoban Usmon posho.

Chernogoriyalik poshoni boshlig‘ining oldiga olib ketdi, yo‘lda uni savolga tutdi:

– Sen yuzboshi emasmisan, mabodo?

– Sal yuqoriroq chiq! – deb javob berdi posho.

– Yoki mingboshimisan?

– Yanayam yuqoriroq!

– Demak miralay ekansan-da![11]

– Undan ham baland!

– Ishqilib, posho emasmisan?[12]

– To‘g‘ri topding – xuddi shunday, poshoman! – deb javob qildi Usmon.

Shunda poshoni olib ketayotgan chernogoriyalik quvonch bilan qiyqirib, ko‘kka o‘q uza boshladi va keyin bo‘kirgancha qo‘shiq aytishga tushdi: “Toleimdan o‘rgilay, janob oliylari, sizga poshoni olib ketyapman, tortiq qilgani”.

Shundan so‘ng u o‘zining faqirona, uniqqan qizil belbog‘ini yechib, asir olgani bilinsin uchun poshoning bo‘yniga bog‘lab qo‘ydi-da, knyaz Nikola borgohiga yetaklab ketdi.

(Birmuncha vaqtdan keyin knyaz Nikolaning shaxsiy tabibi Usmon poshoga tibbiy yordam ko‘rsatishni taklif etadi, lekin u bu mehribonlikni rad etadi).

“Usmon posho garchi belini o‘q yalab o‘tgan bo‘lsa ham, keyinchalik menga aytgandi”, deb Jurjevich yozib qo‘yadi…

Esimda, o‘sha kechasi, ya’ni Usmon poshoning asir olingani haqidagi lavhani yozib bo‘lganimizda Zuko o‘zidan ketguncha ichgandi.

“Ollohu akbar!” – deya ohista ingragandi u, keyin esa boshini bilagiga qo‘yib, uyquga ketgandi.

11

Luka Filipovning yag‘iri chiqqan belbog‘i bilan bog‘langan posho kalovlanib, umrida birinchi bor mag‘lubiyat alamini chekkancha, toshlarga qoqilib-suqilib borardi. Luka kaltabaqay, shop mo‘ylovli, baroq qoshli, egnidagi eskirgan, tor kiyimiga qaraganda kambag‘al ekanligi sezilib turardi. Keyinchalik uning sharofati bilan butun oila a’zolari hurmatga sazovor Filipovich, degan familiyaga noil bo‘ladi, undan tashqari yana ularni Poshoni tutganlar, deb tilga olishadi. U bir nimalar deya qichqirgancha havoga gumbirlatib o‘q uzar ekan, tuyqus boshiga tushgan shon-shuhratni tantana qilar, ikkinchi tomondan esa bu bilan har xil sarbozlar u qo‘lga tushirgan asirni tortib olmoqchi yoki o‘ldirmoqchi bo‘lishsa, o‘zini himoya qila olishini namoyish etardi. Kelajak avlodlarining sha’ni-shavkati Filipovichga bog‘liq bo‘lib qolgandi. Binobarin, hozir oddiygina qizil belbog‘ning bir uchi emas, balki istiqboldagi avlodi shajarasining taqdiri uning qo‘lida edi.

Posho jimjit jang maydonini ko‘zdan kechiradi…

“Hamma yerda murdalar yotardi, chernogorlar qurol-yarog‘ bilan g‘animning egnida asqotishi mumkin nimaiki bo‘lsa, yig‘ishtirib olib ketishyapti. Ikki nafar chernogor turk boylari kiyadigan qimmatbaho kiyim-kechak bilan to‘la xaltani talashadi, biri u uchidan, biri ikkinchi uchidan tortishadi, oxiri har biri o‘ziga tekkan ulushni olgach, nari ketadi. Yana bittasi, u ham chernogor, qayerdadir tushirib qoldirgan hamyoni topilib qolar, degan umidda axtarib yuradi, o‘zi bo‘ladimi, ming lira tilla aqcha (20 000 kron) bor ekan. Ma’lum bo‘lishicha, pul shu jangda halok bo‘lgan bosh shtab polkovnigi bosniyalik Shukurbekniki ekan. Askarlar boshlig‘idan biri Stevo Radonich yonimga kelib: “Yo‘q, o‘zing o‘ylab ko‘r, men chernogoriyaliklar ko‘z-quloq bo‘lib turishar, deb qirqta turk asirini shu yerda qoldirgandim, hazrat oliylarining qarorgohiga olib bormoqchi edim, kelsam, birontasini qoldirishmabdi!” – degandi”.

12

Usmon poshoning asir olinganiga, mana, yana bitta dalil…

Knyaz a’yonlaridan biri Arseniy Payevich o‘zining xotiralarida quyidagilarni yozadi:

“…Shu asno chopar o‘qdek uchib kirdi-da, quvonch bilan xabar berdi: “Janob oliylari! Huzuringga Usmon poshoni tiriklayin olib kelishyapti!” Chindanam, oradan ko‘p o‘tmay bir necha chernogor bilan uni asirga olgan piperlik Luka Filip qurshovida posho paydo bo‘ldi. Luka Usmon poshoni bebaho quldek o‘zining qizil belbog‘i bilan bog‘lab olgancha, og‘zi qulog‘ida, knyazning huzuriga yetaklab keldi. Usmon posho knyaz qarshisida tinkasi quriganidanmi yoki qo‘rqqanidanmi titrab-qaqshab turganida knyaz unga qo‘l uzatdi va yonidan joy ko‘rsatdi. Usmon posho frantsuz tilida minnatdorchilik bildirdi, knyaz esa shu tilda u bilan suhbatni davom ettirdi. Knyaz poshoning izzatini o‘rniga qo‘yib, avval shampan vinosi uzatdi, keyin esa tamaki bilan siyladi, Usmon xiyol o‘ziga kelib, to knyaz so‘zini bo‘lmaguncha Bilechedagi turk qo‘shinlari va Muxtor haqida gapirib berdi, uning hikoyasini diqqat bilan tinglab bo‘lgach, knyaz a’yonlarga yuzlanib: “Bo‘ldi, endi ketamiz,” deya amr qildi, hamma uning ortidan qo‘zg‘aldi… Usmon poshoni piyoda olib kelishgani uchun knyaz unga ot berdi, Luka tortib olgan qilichi bilan soatini qaytarib berdi”.

Setinadagi knyaz saroyi eski monastir bilan Bilyard (Chernogoriyadagi birinchi bilyard shu binoda qurilgani sharafiga shu nomda atalardi) yaqinida joylashgan edi. Darvoza oldida kecha-yu kunduz saroy soqchilari turar, bino gumbazining cho‘qqisida knyaz bayrog‘i hilpirardi. Minora bilan Bilyard oralig‘ida knyaz Nikola yoz faslida soyasida uch oyoqli kursida o‘tirib adolatli hukm chiqaradigan, shoxlari tarvaqaylab o‘sgan mahobatli bujun daraxti qad rostlagandi. Bir zamonlar mana shu bujun ostida jinoyatchilar, xoin, o‘g‘rilar ustidan hukm chiqarilar va ijro etilardi. Mana shundan xalq orasida “Bujun ostida qolib yurma yana!” degan ogohlantiruvchi ibora tarqalgandi. Shu daraxt ostida knyaz asilzodalar va peryaniklar[13] ishtirokida piperlik Luka Filipovni jasorati uchun taqdirladi va unga Zeta daryosining vodiysidan hayhotdek yer berdi.

Lekin, aytishlaricha, Luka Filipov qayta-qayta bujun ostiga qatnab, knyazdan yana nimalardir so‘rar, agar qo‘lini quruq qaytarsa: “Sening huzuringga naq poshoni olib kelganimda foydam tekkandi-yu”, deb ta’na qilar ekan.

Knyaz unga uy qurib olishi uchun pul beribdi, lekin Luka yer haydashi uchun ho‘kiz ham so‘ragan ekan, knyazning jahli chiqibdi. Aytishlaricha, u achchiqlanib, gapini shartta kesib: “ Balki yeringni haydab berishim ham kerakdir?” – deganmish.

Shunday mish-mishlar yuradiki, Luka Filipov bujun ostiga qatnab knyazdan dunyoning narsasini so‘rab olgandan so‘ng ham yana tilanib kelganini ko‘rgan peryaniklar knyazga xabar yetkazishganda, knyaz, yana nima kerak ekan, deb so‘rabdi. Xizmatkorlar u hech narsa so‘ramayapti, tush ko‘rganmish, shuning ta’biri bo‘yicha kelganmish, deyishibdi. Knyaz Lukani bujun ostiga keltirishni amr qilibdi.

– Xudo yor bo‘lsin senga, hazratim! – deya ta’zim qilibdi unga Luka Filipov.

– Yaratgan seni ham hifzu himoyatiga olsin, Luka! – debdi knyaz. – Yana nima kerak senga?

– Hech nima, hazrat oliylari, shunchaki tunov kuni tushimga kiribsan, o‘ngimda ham bir ko‘ray, deb keldim.

– Xo‘sh, nima qilibman tushingda, Luka?

– Hazrat oliylari, tushimda menga o‘n ikki dukat hadya qilibsan.

Knyaz kulib yuboribdi-da, hamyonidan bir siqim dukat olib, Lukaga beribdi; u esa bir zumda sanab chiqib, knyazga murojaat qilibdi:

– Bu bor-yo‘g‘i to‘rt dukat ekan, hazrat, tushimda esa sen o‘n ikki dukat bergan eding.

Buni eshitib, knyazning achchig‘i chiqibdi.

– Uni asir olmasang yaxshi bo‘larkan! – deya xitob qilibdi u. – Yonimda yuzta Usmon poshoni ko‘rish afzal edi menga, bitta o‘zingdan ko‘ra, – deya o‘shqiribdi.

Zuko bu voqeani ham bilardi-yu, lekin nega jo‘shib, o‘z fe’l-atvoriga yarashiq tarzda ehtiros bilan tahlil qilib bermaganiga hayron bo‘laman. Juda bo‘lmasa menga aytardi-ku!

Balki Usmon poshoning boshiga tushgan musibat evaziga shunday tubanliklar qilsa ham gertsogovinalik oddiy askarning bu qadar ulug‘langaniga ensasi qotgandir.

Rostdanam nasl-nasabining tayini yo‘q, xira pashshadek yopishib olib knyazni shu darajada norozi qilgan o‘sha Luko Filipov qayerda-yu, sha’n-shavkati, obro‘yini hamma narsadan, hatto o‘limdan ham ustun qo‘ya bilgan Usmon posha qayerda, deb o‘kinib yurgandir! Shuning uchun menga ham aytgisi kelmagandir?!

Ishonchim komilki, bir jihatdan Zuko haq edi.

Dunyo Usmon posho Sarxush singari insonlar tufayli ulug‘, Luka Filipovlar tufayli emas!

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi

“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 5-son

___________________

[1] Montenegro – Chernogoriyaning italyancha nomi, u bir qator mamlakatlarda ham shunday ataladi.

[2] Lozovacha – serblarning uzumdan tayyorlagan arog‘i.

[3] Laza Lazarevich (1851–1890) – “serb Turgenevi” deb ataladigan adib.

[4] Liv (turkcha) – harbiy qo‘shinlar qo‘mondoni.

[5] 1389 yili Kosovada bo‘lib o‘tgan jangda serblar bilan chernogoriyaliklar ustidan g‘alaba qozongan sulton Murod I (1319–1389) hamda 1876 yili hukmronlik qilgan sulton Murod V.

[6] Mushir (turkcha) – marshal.

[7] Ferik (turkcha) – diviziya generali.

[8] Stan (turkcha) – yirik harbiy bo‘linma.

[9] Boshibuzuqlar (turkcha) – turk armiyasining nomuntazam bo‘linmalari sarbozlari.

[10] Bar’yaktar (serbcha) – katta unter-ofitser unvoni.

[11] Miralay (turkcha) – polkovnik.

[12] Posho (turkcha) – general.

[13] Peryaniklar (serbcha) – chernogor knyazlarining xos navkarlari.