Mark Tven. G‘aroyib o‘g‘irlik (hikoya)

Qishning izg‘irinli tuni. Do‘kondor do‘kon derazasining tashqi panjaralarini tushirar ekan, to‘satdan oynadan do‘kon ichidagi kimsaga ko‘zi tushdi. Do‘konda hali odam borligini payqamagan ham ekan. U notanish kishining do‘kon peshtaxtasida turgan bir necha bo‘lak sariyog‘ni chaqqonlik bilan shlyapasi ichiga yashirganini ko‘rib qoldi.
“G‘aroyib ish bo‘ldi-ku”, dedi do‘kondor oynadan tashqariga chiqishga shoshilgan o‘g‘rini kuzatarkan. Ayni paytda unga qanday jazo berish yo‘llarini qidirardi. Do‘kondor ichkariga qadam qo‘yarkan, chi­qib ketishga taraddudlangan notanish kimsaning qo‘llari allaqachon eshik tutqichida edi.
– O, janob, ketyapsizmi? Sovuq juda zabtiga oldi-ku! Ko‘rinishingizdan siz ham juda sovqotgan ko‘rinasiz. Qani, orqamdan yuring-chi!
Notanish odam do‘kondorga olazarak qaradi. Ko‘zlarida bezovtalik aks etdi. U nima qilishni, nima deyishni bilmasdi, tezroq do‘konni tark etishni xohlardi. Axir shlyapasining ichidagi sariyog‘… Lekin noiloj magazinchining orqasidan yurdi. Do‘­kon egasi uning yelkasiga qo‘lini qo‘yib xona burchagidagi pech yoqiniga o‘tqazdi.
– Bilasizmi, – dedi u mehribonlik bilan. – Agar bunday sovuq tunda biroz isinib olmasangiz, muzlab qolishingiz hech gap emas.
Do‘kondor pechga o‘tinlardan ketma-ket tashlay boshladi. Notanish odam o‘tirgan joyida sariyog‘ning erib borayotganini his qilardi. Birdan u sakrab o‘rnidan turdi va ketishi zarurligini aytdi.
– Qayoqqa shoshasiz, yana biroz o‘tiring, yaxshilab isinib oling! Men ham o‘zim zerikib o‘tirgandim. Yaxshisi, men sizga qiziqarli bir hikoya aytib beraman.
– Yo‘q, yo‘q! Ketmasam bo‘lmaydi. Mollarimga qa­rashim kerak. Ular hoynahoy och qolishgan bo‘lsa kerak.
Notanish kishi toqatsizlandi.
– Qo‘ysangiz-chi, issiqqina xonada birpas gu­rung­lashamiz, borasiz-da…
Bechora kishi bu vaqtda o‘zini qo‘ygani joy topolmay qolgandi. Chunki shlyapasining ichidan yuz-ko‘zlariga sariyog‘ oqib tusha boshlagan edi. Do‘kondor esa bu holni ko‘rmaganga olib, pechkaga o‘tin tashlashda davom etardi.
– Bugun yaxshi tun bo‘ldi, – dedi do‘kondor gapida davom etib. – Shlyapangizni yechib qo‘ysangiz bo‘­lardi. Axir xona juda issiq.
– Yo‘q! – qichqirdi bechora nihoyat. – Men ketishim kerak! Ruxsat bering! Tobim qochyapti!
Bu paytda sariyog‘ uning bo‘yinlaridan kiyimiga, poyabzalining ichigacha oqib borardi. U xuddi yog‘li vannaga tushib qolgandek edi.
– Xayrli tun unda, janob, – dedi sotuvchi jil­maygancha. – Agar siz haqiqatdan ham ketishni xoh­layotgan bo‘lsangiz.
Notanish odam do‘kondan chiqib ketayotganda do‘­kondor yana qo‘shib qo‘ydi:
– Men to‘qqiz pensni juda qadrlayman, lekin shlyapangiz ichidagi bir funt sariyog‘ uchun sizni ayb­lay olmayman!

Ingliz tilidan Mohinur Muhammadjon qizi tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 4-son.