Jim Smiley garov o‘ynashni juda yoqtirardi. It urishtirsa ham, xo‘roz urishtirsa ham darrov garov bog‘laydi. Devorda ikkita qush ko‘rsa ham: «Qaysi biri oldin uchib ketadi?», deb garovlashaveradi.
Bir kuni Jim Smiley qurbaqa tutib oldi va: «Men uni qo‘lga o‘rgataman», dedi. Qurbaqasiga Daniyel Vebster deb ot ham qo‘ydi. U qurbaqasi bilan faxrlanar, uni kichkina qutichada saqlar, goho qo‘shni qishloqlarga qurbaqa poygalariga olib borardi.
Daniyel Vebster uquvli chiqib qoldi. Smiley uni uzunlikka sakrashga o‘rgatdi. Vebster barcha qurbaqalardan uzoqqa sakraydigan bo‘ldi. Biroq Jim Smiley juda sodda odam edi. Kunlarning birida bir ajnabiy quticha ushlagan Smileyni yo‘lda uchratib:
— Qutichangizda nima bor?—deb so‘radi.
— Qurbaqa,— deb javob qildi Smiley. Ajnabiy Daniyelni qo‘liga oldi, uni aylantirib tomosha qildi, so‘ng ohista so‘radi:
— Ayting-chi, u qanday karomat ko‘rsata oladi?
—Hm,— dedi Smiley,— yagona karomati shuki, u bu yaqin-atrofdagi istagan qurbaqangizni uzunlikka sakrashda ortda qoldiradi. Garovga qirq dollar tikib aytamanki, u sakrash bo‘yicha chempion bo‘ladi.
— Men bir musofirman,—deya javob berdi yigit,— ko‘rib turibsizki, qurbaqam yo‘q. Qurbaqam bo‘lganida siz bilan garov bog‘lashardim.
— E, bu juda oson,— dedi Smiley xursand bo‘lib.— Qutichamni ushlab turing, hozir men sizga qurbaqa tutib kelaman.
Ajnabiy yigit qutichani oldi, cho‘ntagidan qirq dol-lar chiqarib, Smileyning dollariga qo‘shdi va o‘tirib kuta boshladi. Smiley ko‘zdan yo‘qolgach, Daniyelni qu-tichadan oldi-da, og‘zini sochma o‘qqa to‘ldirib, yerga qo‘ydi. Bu orada Smiley qurbaqa topib keldi.
— Qani,— dedi ajnabiyga,— qurbaqangizni Da-niyelning oldiga qo‘ying-chi. Oldi oyoqlari manavi chiziqda tursin. Ha, balli. Uchgacha sanayman: bir, ikki, uch. Olg‘a!
Ular qurbaqalarning orqasiga turtishdi. Yangi tutilgan qurbaqa chiroyli sakradi. Daniyel esa faqat yelkasini uchirib qo‘ydi, xolos. Ajnabiy yigit pulni olib juftakni rostladi. Smiley xayron edi: «Nega qurbaqam sakramadi-a?» U Daniyelni bo‘ynidan ushlab ko‘tardiyu qichqirib yubordi:
— Uh, namuncha og‘ir bo‘lmasa bu?..
Daniyelning oyog‘ini osmondan qilgandi, og‘zidan bir hovuch sochma o‘q tushdi. Buni ko‘rib Smiley hamma gapga tushundi. Qurbaqani itqitib, yigitning ketidan chopdi. Biroq uning qorasi ham ko‘rinmasdi.
Ingliz tilidan O‘roq Ravshanov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 6-son