Radiodan “Aviakompaniya 914 – reysni majburan 24 soatga kechiktirdi” deb e’lon qilishdi. Serxio Rivera alamidan hatto yerni bir tepdi. Ularning bunaqa qilig‘ini u yaxshi biladi, turgan gapki, bunday vaziyatdan keyin deyarli yod bo‘lib ketgan bahonalar aytiladi: yaxshisi ko‘tarilgandan keyin havoda biron tuzatib bo‘lmas texnik nosozlikka ro‘para kelgandan ko‘ra reysni qoldirgan ma’qulroq degan tushunchalarga borilganining sabablari aytib o‘tiladi. Ko‘zda tutilmagan kechikish Serxioning barcha ishlarining beliga tepardi. Uning ish bo‘yicha uchrashuvi ertaga kelishib qo‘yilgan edi.
Mayli, tashvish qilishning hojati yo‘q. Qo‘lingdan baribir hech narsa kelmaydi. Ayol kishining mayin ovozda kompaniya yo‘lovchilarga kechki ovqati, ertalabki nonushta hamda aeroportga yaqin mehmonxonaga talonlar berilishini e’lon qildi. Serxio bu slavyanlar mamlakatiga birinchi kelishi bo‘lgani uchunmi, ochig‘i uni tomosha qilish haqida o‘yladi. Aeroportda bankning yo‘lakay qo‘nib o‘tadigan yo‘lovchilarga xizmat qiladigan bo‘limi bor edi. Biroq bir oqshom uchun dollar maydalashning hojati yo‘q, shekilli. Yaxshisi kechki ovqatning o‘zi bilan kifoyalanib qolish kerak. Serxio talon beriladigan darcha tomonga yo‘l oldi.
Yo‘lovchilar mehmonxonaning eshigi oldida avtobusdan tushishdi. Qor yog‘moqda edi. Serxio hayotida bor-yo‘g‘i ikkinchi bor qorni ko‘rishi. Bir yil avval xuddi shunday xizmat safariga kelib Nyu-Yorkda ko‘rgandi. O‘n sakkiz gradus sovuq. Serxioning quloq uchlari shishib ketdi, u sovuqdan qalt-qalt titrar va samolyotda qolgan ko‘k sharfi haqida xayol qilardi. Darvoqe, mehmonxonaning eshigi ochildi. Iliqqina havo yuz-ko‘ziga urilib u tetiklashdi va afsus bilan yonida xotini Klara bilan besh yashar o‘g‘li Eduardo yo‘qligiga achindi. Serxio Rivera har qalay nima desangiz ham oilaparvar edi.
Restoranda ikki kishilik, to‘rt kishilik hamda olti kishilik stollar bo‘sh edi. U kechki ovqatni bir o‘zi o‘tirib yeyish va xotirjam kitob o‘qish umidida ikki kishilik stolni tanladi. Biroq, o‘sha zahoti bir kishi kelib: “Ruxsat bering,” – dedi-da, javobini kutmay, bo‘sh o‘ringa o‘tirdi.
Chaqirilmagan mehmon argentinalik bo‘lib, parvoz qilishdan o‘lgudek qo‘rqarkan. “Ba’zilar tumor taqib yurishadi, – dedi u. – Meni bitta og‘aynim bor, mana bunaqa feruza toshli kalit osgichsiz o‘la qolsa samolyotga chiqmaydi. Boshqasi parvozga o‘zi bilan “Martin Fiyerro” kitobini olib oladi. Meni aytmaysizmi? Men San-Frantsiskoda, xitoy mahallasidan yaponlarning ikkita tangasini sotib oldim. Kulishning hojati yo‘q, nima keragi bor… Lekin tumor bilan ham baribir qo‘rqaman”.
Avvaliga Rivera javob tariqasida to‘ng‘illab, kulib o‘tirdi, biroq bir ozdan so‘ng kitobni qo‘yib, u ham tumorlar haqida hikoya qilishga tushib ketdi. “Mana meni vahimalarim, ishonsangiz tumandek tarqalib ketdi. Men doim o‘zim bilan “shifer” ruchkasini olib yuraman, faqat besiyoh. Avvalambor cho‘ntagimga solganda kostyumimni rasvo qilmaslik uchun, qolaversa, ishonchim komil, parvoz chog‘i u cho‘ntagimda bo‘lsa hammasi yaxshi degani. Faqat albatta bo‘sh, siyohsiz bo‘lishi lozim. Mana bu safar uning siyohini to‘kib tashlash esimdan chiqibdi, lekin shunga qaramay, ko‘rib turganingizdek, soppa-sog‘man”. Serxioga xuddi argentinalik unga yozg‘irib qarayotgandek tuyuldi-yu, qo‘shimcha qilishga oshiqdi: “Ochig‘ini aytsam, men taqdirga ishonaman. Basharti, ajaling yetgan bo‘lsa, samolyot portlab ketadimi yoki gultuvak yettinchi qavatdan to‘ppa-to‘g‘ri boshingga tushib ketadimi. Farqi yo‘q”. “Ha, lekin man, har qalay gultuvakni lozim topgan bo‘lardim, – dedi argentinalik. – Turgan gapki, vosvos, lekin tirik qolasan”.
Argentinalik shirinlikni oxirigacha yemadi (“tag‘in Yevropada shokoladli krem tayyorlashni bilishadi, deyishgandi!) va o‘zining xonasiga ketdi. Riverening boshqa o‘qigisi kelmadi, u sigaret tutatib, turkcha qahva sovushini kuta boshladi. Yana qanchadir vaqt o‘tirdi, qarasa stollar bo‘shab, odamlar turib ketishibdi, u ham oxirida qolmaslik uchun shoshildi. Ikkinchi qavatga, o‘zining xonasiga chiqdi. Pijamasi jomadonida qolgani tufayli trusikda yotdi. Dastlab ancha vaqt kitob o‘qidi. Biroq, Agata Kristi povestidagi sir allaqachon ma’lum bo‘lganiga qaramay, ko‘ziga uyqu kelmasdi. Kitob orasiga qo‘yadigan karton qog‘oz o‘rnida o‘g‘lining surati turardi. Kichkintoy Eduardo El-Pinardagi baland dyunalarda chelak ko‘tarib turar va yalang‘och qornini chiqarib olgancha iljayib tushgandi. Rivera ham kulib qo‘ydi-da, chiroqni o‘chirib, radioni yoqdi. Biroq diktor hayajonli ovozda, allaqaysi tilda bir nimalar deb g‘o‘ldirardi, u hafsalasi pir bo‘lib radioni o‘chirdi.
Telefon jiringladi. Rivera paypaslab go‘shakni topdi. Kimdir ingliz tilida hozir soat sakkiz bo‘ldi, xayrli tong, 914-reys yo‘lovchilari soat 9.30 da pastga tushishlarini so‘raymiz, avtobus kutadi, parvoz taxminan 11.30 larga belgilanganini e’lon qildi. Yuz-qo‘lini yuvib, nonushta qilib olish uchun vaqt yetarli edi. Cho‘milib chiqqandan keyin Montevideodan beri almashtirilmagan ichki kiyimlarini kiyishga ko‘ngli bo‘lmadi. Rivera soqolini olarkan, haftaning qolgan kunlariga uchrashuvlarini qanday rejalash haqida o‘ylardi. “Bugun seshanba, beshinchi – deb xayol qilardi u, – qaysi bir uchrashuvlarni qoldirishga to‘g‘ri keladi. Boshqa iloji yo‘q” . U boshqaruv raisining so‘nggi topshirig‘ini esladi; “Shuni unutmangki, Rivera, sizning ko‘tarilishingiz “Sapeks” odamlari bilan suhbatni qanday hal qilishingizga bog‘liq. Modomiki, shunday ekan, bundan chiqdi, boshqa ishlarning bari kutib turishi mumkin, chorshanba kunini bemalol “Sapeks” ning iltifotli ishbilarmonlari bilan uchrashuvga bag‘ishlashi mumkin. Oqshom ular albatta uni striptiz kabarega taklif qilishadi. Boyaqish Pereyra ikki yil avval ular bilan o‘sha yerda bo‘lgan – haligacha o‘ziga kelolmaydi.
Serxio bir o‘zi nonushta qildi, roppa-rosa to‘qqiz yarimda otelning eshigi yoniga avtobus keldi. Qor kechagidan ko‘ra kuchliroq yog‘ar, sovuq suyak-suyakdan o‘tay derdi. Aeroportga kelishdi. Rivera afsuslanib keng oynadan qaradi. Kulrang kombinezon kiyib olgan kishilar samolyot yonida uymalashardi. Birdan o‘n besh minut o‘tganda radiodan 914 – reysli samolyotning uchishi yana qoldiriladi, u ehtimol uch soatdan keyin uchishi mumkin, deb e’lon qilishdi. Kompaniya yo‘lovchilarga aeroport restoranida tushlik qilish uchun talon berarkan.
Rivera tutoqib ketdi. Uni hiqichoq tutib qoldi – nuqul asabiylashganda shunaqa bo‘lardi. Jag‘lari bilan qo‘shib qandaydir og‘riq turardi. Yana daricha oldida navbatga turishga to‘g‘ri keldi. Soat uch yarimda boya xabar bergan ovoz havas qilarlik sokinlik bilan “texnik sabablarga ko‘ra 914 – reys ertaga, 12.30 ga qoldiriladi, deb e’lon qildi. Nihoyat yo‘lovchilar nolishga tushishdi “Bu qanaqa bema’nilik”, “sharmandalik”, “haqorat” degan so‘zlar chalindi Bolalar qiyqirib yuborishdi, ulardan bitta-yarimtasi jahli chiqqan ota-onalaridan tarsaki yeb, pusib qolishdi. Argentinalik sal naridan Riveraga qarab bosh chayqadi, aftidan u: “Ana ko‘rdingizmi, siz bo‘lsangiz kulayotgandingiz”, degandek bo‘lardi. Riveraning oldidagi bir ayol taqdirga tan bergandek itoatkorona: “Loaqal buyumlarimizni qaytarib berishsa-chi”, – dedi.
Riveraning achchig‘i chiqib bo‘g‘ilayozdi – radiodan Aviakompaniyaning marhamati bilan xuddi o‘sha boyagi ovoz darchadan kechki ovqatga, ertangi nonushtaga hamda mehmonxonada tunash uchun talonlar olishlari mumkinligini e’lon qildi. Darcha yoniga kelgan borki, talon berayotgan qiz bilan ma’nisiz va befoyda munozara qilardi. Rivera xotirjamgina, indamay, achchiq kinoya bilan kulimsiragan ko‘yi talonni olishni o‘ziga ep ko‘rdi, bechora qiz nima qilarini bilmay unga tezgina minnatdorlik bilan qarab qo‘ydi.
Uning noroziligi boshqalarga ham ta’sir qilardi. U shuni his qilib, to‘rt kishilik stolga o‘tirdi. “ Ularni otib tashlash kamlik qiladi”, – deya ko‘nglidagini aytdi sochlarini bir tutam qilib o‘rab olgan ayol kavshana turib. Riveraning ro‘parasida o‘tirgan janob dastro‘molini ochib aksirdi, so‘ng patqog‘oz olib, mo‘ylabini artdi. “Mening fikrimcha, ular bizni boshqa kompaniyaga berib yuborishlari mumkin edi”, – dedi astoydil xafa bo‘lib senora. “Biz judayam ko‘pmiz”, – dedi janob mo‘ylabini patsochiq bilan artarkan. Rivera gapga qo‘shilishni lozim deb bildi. “Qishda uchish judayam noqulay”, – dedi u, biroq o‘sha zahoti bekorga bunday deganini tushunib qoldi. Senora unga e’tiroz bildirdi: “Yanglishmasam, kompaniya biron marta ham ob-havo yomonligini ro‘kach qilmayapti. Yoki siz ham gap texnik nosozlikda ekaniga ishonmaysizmi?” Shu choq kutilmaganda stol atrofida o‘tirgan to‘rtinchi ulfatlari gap tashladi, uning ovozi xirillagan, nemischa aktsent bilan: “Menga styuardessa tushuntirib aytdiki, radioapparaturaga nimadir bo‘pti”, – dedi. “Yaxshi, – dedi uning gapini ma’qullab Rivera, – modomiki shunday ekan, tushunarli parvozni nega bekor qilishayotgani, to‘g‘rimi?”
Restoranning narigi boshida argentinalik qo‘lini paxsa qilib gapirardi. U, aftidan Aviakompaniyani la’natlar, daqiqa o‘tgan sari uning harakati tobora xunuk tus olardi. Qahvani ichib olgach, Rivera zalning liftga yaqin qismiga borib o‘tirdi. Yettinchi qavatning zalida o‘yin-kulgu qilish uchun qandaydir odamlar izdihomi yig‘ilardi. Otelga allaqanday odamlar kirar, palto, shlyapa va sharflarini garderobdan olishar, liftni kutib yoshlar chiroyli, bashang qora kostyumlarda, yosh, go‘zal qizlar xollda turishardi. Zinalardan yigit-qizlar gaplashib, kulishib tushib kelishar, Rivera ularning nega kulayotganiga, tushunmasligiga achinardi. U daf’atan aqldan ozgulik darajada o‘zini tanho sezdi. Kimningdir yoniga kelib chekish so‘rashini, hazillashishini yoki mana shu tushuniksiz – qandaydir kulguli tilda nimalardir gapirish mumkin ekanini, biron nima so‘rashini hoxlab qoldi. Biroq, biron kimsa to‘xtashi u yoqda tursin, unga hech zog‘ qaramadi ham. Ular o‘zlari bilan o‘zlari mashg‘ul edilar, undan o‘sha tushuniksiz tili va tushunib bo‘lmaydigan quvonchi bilan begona edilar.
Hafsalasi pir bo‘lgan, ranjigan Rivera o‘zining xonasiga ko‘tarildi, bu safar unga sakkizinchi qavat tushgandi. Yechinib o‘ringa yotdi. Zarur ishlarini qayta ko‘rib chiqish uchun bir varaq qog‘oz oldi. Uchta familiyani yozdi: Kornfeld, Brunnel, Frid. To‘rtinchisini yozmoqchi bo‘ldi, iloji bo‘lmadi – butunlay xotirasidan ko‘tarilibdi. Familiyasi “E” harfidan boshlanishi esida faqat. O‘zining kutilmaganda esidan chiqarishidan achchig‘i chiqqan Rivera chiroqni o‘chirib uxlamoqchi bo‘ldi. Iloji bo‘lmadi. Uzok, uyqusiz tun oldinda turganini his qildi. Uyqusizlik nima ekanini u yaxshi bilardi, bir necha yil avval sinab ko‘rgan. Biron nima o‘qisa yaxshi bo‘lardi, tinchirdi. Buning ham iloji yo‘q – Agata Kristining kitobi samolyotda qolgan edi. Serxio o‘g‘li haqida o‘ylay boshladi va shunday xayol bilan bir narsani angladi: u bir sutka mobaynida xotini haqida o‘ylamabdi. Ko‘zlarini yumib yotishi, uxlashi kerak… U uch minut uxladim, deb qasam ichishi mumkin, ko‘p emas, shunga qaramay, olti soat uxlabdi deng. Telefon jiringladi. Yana ingliz tilida avtobus mehmonxona yonida birdan chorak o‘tganda kutadi va yo‘lovchilarni aeroportga eltib qo‘yadi, deya e’lon qilindi. Ichki ko‘ylagini almashtirolmasligi uni shunchalar asabiylashtirar ediki, Rivera umuman yuvinmaslikka qaror qildi. Ammo tishlarini yuvishga u o‘zini majbur etdi. Aeroportda, restoranda u kutilmaganda quvondi. Rivera ilgari totib ko‘rmagan qandaydir mamnuniyat tuyg‘usi uni to‘lqinlantirdi. Bunga cho‘ntagidan Kompaniyaning talonini olib qanddonning tagiga qistirib qo‘ygani sabab bo‘lgandi.
Kompaniya hisobidan nonushta qilib, u katta divanga o‘tirdi. Hech kim bu yerga o‘tirmadi, chunki divan tualetning to‘g‘risiga qo‘yilgan edi. Qayerdandir besh yoshli oppoqqina, sepkildor qizcha paydo bo‘ldi. U qo‘lida qo‘g‘irchoq ko‘tarib olgan, to‘ppa-to‘g‘ri Riveraga tikilib qarardi. “Isming nima?” – dedi u so‘zlarini buzib talaffuz qilarkan nemis tilida. “Karl”, – deb javob berdi u. “A! – dedi qizcha. – Meniki esa Gertruda”. Uning iltifotiga javob qaytarish kerak edi, Serxio:”Qo‘g‘irchog‘ingni-chi, ismi nima?”, – deb so‘radi. “Uning nomi Lotta”, – deb javob berdi Gertruda.
Ularning yoniga boshqa qizaloq keldi, yoshi to‘rtlarda, u ham oppoqqinadan kelgan, uniyam qo‘g‘irchog‘i bor. Gertrudaning qarshisiga kelib turdi-da, frantsuzchalab: “Sening qo‘g‘irchog‘ing ko‘zlarini yumadimi?”, – deb so‘radi. Rivera uning savolini nemis tiliga o‘girdi, keyin javobini frantsuzchaga tarjima qildi. Ha, Lotta ko‘zlarini yumadi. Keyin frantsuz qizchaning ismi Madlena ekani ma’lum bo‘ldi, qo‘g‘irchog‘ining ismi esa – Ivetta ekan. Rivera diqqat bilan tarjima qildi: Ivetta ko‘zlarini yumadi va buning ustiga “oyi”, – deydi. Xuddi shu payt har xil gaplar paydo bo‘ldi: shokolad haqida, masxarabozlar, dadasi haqida. Rivera ishini halol, sinxronistga o‘xshab bajarardi, lekin qizchalar unga zarracha e’tibor berishmasdi. U qizlarni o‘zicha o‘zining Eduardosi bilan xayolan solishtirdi, shunday xulosaga keldiki, uning o‘g‘li xuddi shu qizlarga o‘xshar, zarracha farq qilmas edi, shuni his qilgach, yengil tortdi.
Madlena qo‘lini Gertrudaga uzatdi. U o‘zining qo‘lini yashirib, keyin o‘ylanib qoldi. Qizlar qo‘l ushlashib olishdi. Gertrudaning moviy ko‘zlari charaqlardi. Madlena ham mamnun chiyillab qo‘ydi. Ularga tarjimon zarur bo‘lmay qoldi. Lotta bilan Ivettaning egalari qo‘llarini qo‘yib yubormay, hatto o‘zlari uchun juda ko‘p ishlar qilgan odam bilan xayrlashmay uzoqlashishdi.
“Kompaniya e’lon qiladi…” – degan ovoz yangradi radiodan. Bu safar ovoz unchalik mayin emasdi. U diltang bir sukunat qo‘ynida yangradi. “Kompaniya shuni ma’lum qiladiki, texnik nosozlikni bartaraf qilishning iloji bo‘lmayapti. 914 – reysning uchishi ertaga qoldiriladi. Uchish vaqtini oldindan xabar qilamiz”.
Rivera navbatga turish uchun darcha yoniga yugurib borganida o‘ziga o‘zi hayron qoldi. Kechki ovqatga, nonushtaga, tushlikka va mehmonxonaga nomer olmoqchi bo‘lganlar ko‘p edi va Serxio sakkizinchi bo‘ldi. Nachora, bo‘lar ish bo‘ldi! Darichadagi qiz unga tanish talonni uzatdi va … Rivera bamisli imtihon topshirgan yoki amali oshirilgandek o‘zini g‘alati sezdi, balki unga va’da qilingan hissadorlik jamiyatidagi yoki o‘zi uchun ishonch, qo‘nalg‘a, boshpana topgandek bo‘ldi.
O‘sha mehmonxonadagi kechki ovqatni tanavvul qilish (sarsabildan ajoyib sous, venacha shnitsel, qaymoq bilan qulupnay va buning ustiga quling o‘rgilsin pivo, Serxio esladi, bunaqasini qachonlardir ichgan edi). Birdan u behad xursand bo‘lib ketganini tushunib yetmasligini angladi. Yana bir sutka qolishar ekan! Yana bir qancha ishlarni boshqa kunga qoldirish kerak bo‘ladi. Serxio birinchi kecha birga ovqatlangan argentinalik bilan gaplashib qoldi. Lekin argentinalik nuqul peronizmning xavfli ekani haqida tinimsiz gapirardi. Bu mavzu Riverani unchalik tashvishga solmasdi. U o‘zini charchaganga solib beshinchi qavatdagi xonasiga jo‘nadi.
Serxio ish bo‘yicha gaplashishi kerak bo‘lgan odamlarni yozib chiqmoqchi bo‘ldi, biroq u bor-yo‘g‘i ikki kishining: Frid bilan Brunnelni eslab qolgan ekan. U qah-qah urib kulib yubordi. Kulgudan karavot titrab ketdi. Ajabo, qo‘shni xonadan tinchlikni saqlang, deb taqillatishmadi. U o‘zini bosib oldi va jomadonda barcha tanish-bilishlari, ularning manzillari va telefonlari yozilgan yon daftarcha qolganini eslab xotirjam bo‘ldi. U qavilgan ko‘rpa va tugma qadalgan choyshabda yotar ekan, o‘zini baxtiyor sezardi. Bolaligida, qishning uzoq kechalari mana shunday o‘rinda u yonboshidan bu yonboshiga ag‘anab yotardi. Uxlashdan oldin u Eduardo haqida (bola suratda qo‘lida chelak bilan qimirlamay turardi), o‘ylab yotdi, ammo o‘sha zahoti uyqusi keldi, u Klarani o‘ylamaganini ham unutib uxlab qoldi.
U uyg‘ondi va beixtiyor o‘zining egni-boshiga qaradi – kir-chir, oddiygina kir, ayniqsa, ishtoni va maykasi. Ko‘zlarini chala-chulpa yuvdi va tishlarini yuvmaslikka qaror qildi. Yana o‘rniga yotdi va zarur xabarni telefon qilib aytishlarini kuta boshladi. U kiyinarkan Aviakompaniyaning passajirlar haqida qayg‘urayotganidan xursand bo‘ldi. “Har doim shu Aviakompaniya samolyotlarida uchaman”, – deb o‘yladi o‘zicha va yosh to‘la ko‘zlarini yumdi. Ko‘zlarini ochganida kalendarni ko‘rdi. Ilgari nega uni sezmagan ekan? Chorshanba, o‘n birinchi sana turardi kalendarda. Yettinchi, payshanba emasmi? U barmoqlarini bukib sanashga tushdi va shu qog‘oz boshqa oy yoki boshqa yilga mansub, degan qarorga keldi. Hayotdan nechog‘lik orqada qolgan davlat! U o‘rnidan turdi, otlanib restoranga tushdi, nonushta qilgach, avtobusga o‘tirdi.
Aeroport shovqin edi. Birinchisi chililik, ikkinchisi Ispaniyadan kelgan eru xotinlar reyslarni hadeb o‘zgartirilayotganidan norozi bo‘lardi. Ular emizikli bolalari bilan – birlarini qiz, boshqalarini o‘g‘li bor edi – sayohat qilishardi. Aviakompaniya ularni taglik bilan ta’minladi, nari borsa samolyotda yotgan jomadondan o‘z tagliklarini olishga ruxsat berdi. Darichadagi qiz qo‘lidan kelganicha o‘zini himoya qilardi: Kompaniya imkoni boricha ko‘zda tutilmagan kechikish bilan bog‘liq noqulay sharoitni bartaraf etadi, derdi.
Ko‘zda tutilmagan ushlanish. To‘xtab qolish. Majburiy, kutilmagan. Serxio Rivera bu so‘zlarni ixtiyorsiz eshitar va bamisli yangitdan tug‘ilardi. Ehtimol o‘zi shuni hoxlar. Bir umr, hamisha (qaysiki, hammasi teskariligi zaruratdan, tez, mumkin bo‘lmagan tarzda, shoshilinch, doim shoshilinch). U aeroportdagi yozuvlarga tikildi: “Chiqish”, ”Tashrif buyurgan passajirlar uchun”, “Uchib ketayotganlar uchun”, “Valyuta almashtirish”, “Erkaklar uchun”, “Valyuta almashtirish”, “Xonimlar uchun”, “Kirish ta’qiqlanadi”, “Tranzit passajirlar uchun”, “Emakxona”… Hammasi odatiy, qadrdon.
Vaqti-vaqti bilan o‘sha ayolning ovozi navbatdagi samolyotning uchib kelgani yoki uchib ketayotgani haqida ma’lumot berardi. Lekin 914 – reys haqida boshqa hech narsa demadi. Uchishga nimadir bir joyda qimir etmay turgan samolyot hamon o‘t-o‘lan ustida turar, atrofida kombinezon kiygan mexaniklar uymalashar, uzundan-uzun shlanglarni tortqilashar, “jiplar” ishchilarni goh olib kelishar, goh olib ketishar, qandaydir ehtiyot qismlar…
“Sabotaj bu, sabotaj”, – deb qichqirardi birinchi klassda uchib kelayotgan baland bo‘yli italiyalik. Rivera o‘zining bilganicha ish tutdi – u Aviakompaniyaning darichasi yaqinida turdi. Hozir radiodan kutilmaganda to‘xtab qolganlik haqida ma’lumot berishadi, u bugun kechki ovqat, ertangi nonushta, mehmonxonaga talon uchun birinchi bo‘lib navbatda turadi.
Gertruda bilan Madlena har doimgidek qo‘l ushlashib yonidan o‘tib ketishdi. Ularning qo‘g‘irchoqlari yo‘q edi. Chamasi qizlar ( o‘sha qizlarmi yoki boshqalarmi? Yevropadagi mallasochlar bir-biriga o‘xshaydi) Serxio Rivera singari kutilmagan turib qolishga sira qarshi emasdilar. U endi barcha ishlarni, uchrashuvni qoldirish kerak, deb o‘yladi… kim bilan edi? Qani jillaqurisa bittasining nomini eslab ko‘ray-chi. Yo‘q, hammasini unutibdi! Serxio telbalarcha hayajonlandi.
Birdan uning ko‘zi elektr kalendarning raqamlariga tushdi: “7, dushanba”. Ahmoqlikni qarang! U ahamiyat bermaslikka harakat qildi. Xuddi shu daqiqada aeroportning keng zali hozirgina kelgan passajirlar bilan to‘ldi. Ularning orasida Rivera bir yoshgina yigitchani ko‘rdi va yuragida tanish, unutilayozgan bir tuyg‘uni tuydi. O‘spirin Serxioga ahamiyat ham bermay uning yonidan o‘tib ketdi. U yashil shim va qora etik kiygan qiz bilan valaqlashib kelardi. Keyin o‘spirin bufetga borib ikki stakan apelsin sharbatidan olib keldi. Shundoqqina divanda o‘tirgancha Rivera esini yo‘qotib qo‘ygandek ulardan ko‘zini uzmasdi.
“Bu yerda bir soatcha bo‘larkanmiz, akam aytdi”, – dedi qiz. O‘spirin lablarini ro‘molchasi bilan artdi. “Men tezroq borgim kelyapti”. – “Men ham”, – javob berdi qiz. “Xo‘sh, sen menga yozgin. Kim biladi. Balki ko‘risharmiz. Axir biz bir-birimizga yaqin bo‘lamiz”. – “Kel hozir bir-birimizning manzilimizni yozib olamiz”, – deb taklif qildi qiz.
O‘spirin ruchkani oldi, qiz qizil yon daftarchasini oldi. Ulardan ikki qadam narida Serxio Rivera lablarini qimtib jimgina o‘tirardi.
“Yoz, – dedi qiz. – Mariya Elena Suares, Kyonigshtrasse, 21, Nyurnberg. Seni nima deb yozay?” – Eduardo Rivera. Lagergasse, 9, Vena-tri”. – “U yerda necha kun bo‘lasan?” – “Hozircha bir yil”, – dedi yigitcha. ”Baxtli ekansan! Otang qarshi emasmi?”
O‘spirin nimadir dedi, shu daqiqalarda radiodan o‘sha ayol ovozi kelayotgani uchun Serxio uni eshitmadi, faqat qandaydir bo‘g‘iq ovoz e’lon qildi: “Aviakompaniya ma’lum qiladiki, texnik sabablarga ko‘ra 914 – reys ertaga qoldiriladi. Uchish vaqti qo‘shimcha e’lon qilinadi”.
Ovoz o‘chdi. Serxio bir ozdan so‘ng yana yigitchaning ovozini eshitdi: “Keyin, u mening otam emas, o‘gay, tushundingmi? Mening otam allaqachon vafot etgan, aviahalokatda o‘lgan”.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 10-son