Diyego Alonso uydan chiqib, zovurdan hatladi-da, ko‘chani kesib o‘tdi va xarobazor bo‘ylab ketdi, uning boshi viqor bilan ko‘tarilgan, qat’iyat ifodasi muhrlangan qiyofasi sokin, ko‘zlari ravshan, yig‘noq lablarida qandaydir oddiygina ohangni hushtakda chalib borardi. U hali o‘ttizga ham kirmagandi, norg‘ul, oyoqlari uzun-uzun, gavdali, ko‘k shim bilan qizg‘ish ko‘ylak kiyib olgandi. Bo‘yniga bog‘lab olgan ro‘molcha bilan faxa uning barrio o‘g‘loni ekanini bildirardi. Oddiy odamlar yashaydigan ko‘chalarda o‘nqir-cho‘nqir yerlar, yovvoyi o‘t-o‘lan va otlarni ko‘rish mumkin edi. Diyegoning quyuq, qora sochlari bir tekis taralgan, yuzini besh-olti kunlik soqol qoplagandi. U uzoq davom etgan yozda qurib-qaqshagan yerni alpargati bilan depsab, do‘qillatib, lekin yengil, ishonchli qadam tashlardi.
Zovurning o‘rtasiga yetganda Alonso to‘xtab, sigaret tutatdi. So‘ng yo‘lida davom etdi, to‘g‘ri, endi sigaret chekayotgani uchunmi, boyagidek hovliqmas, tutunni chuqur tortar, ora-sira mashhur bir kuyni hushtak qilib chalib borardi. U yam-yashil tuna butalari va betartib axlatxona yonidan o‘tdi va yaqinginada dala bo‘lganligi sezilayotgan tosh ko‘chaga chiqdi. Botayotgan quyoshning nurlari ro‘paradagi baland devorga och qizg‘ish rang baxsh etgandi. U devorga, pastak uyga, nari-beri qurilgan ranchoga nazar soldi; sigaretini tashlamay hushtak chalgancha daryo sohili yoqasidagi yo‘lni yoqalab bolalar va itlar bilan to‘lib-toshgan, dov-daraxtsiz, shovqin-suronli ko‘chaga sekin-asta yopirilib kelayotgan tunning sir-asrorlarini tushunishga hozirlik ko‘rdi.
Pastdan ko‘tarilib borgan soya eshikni butunlay qoplab qiyshaygancha peshlavhadagi yozuvni o‘chira boshladi; unga qing‘ir-qiyshiq qilib “Liberal” sartaroshxonasi” deya yozib qo‘yilgandi. Sartarosh chiroqni yoqqani bir daqiqaga ishidan to‘xtadi, so‘ng bosh barmog‘ining tirnog‘iga ustaraning tig‘ini urib ko‘rdi va yagona oromkursida o‘tirgan etikli kimsaning soqolini yana qirishga tushdi.
– Qorong‘ilik faqat bir ishda asqotadi, – askiya qildi navbatini kutib o‘tirgan semiz temirchi. – Gapim to‘g‘rimi? – dedi u shilqim bir tabassum bilan. Yoshi qirqlarga chiqqan, sochi oqara boshlagan va hamma ish qo‘lidan keladigan sartarosh o‘tmishi noma’lum, jinoyat va ayollarga o‘ralashib qolgan, qimorxonalarda o‘ziga yarasha hurmati va obro‘si bor kimsaga kinoya bilan kulib qo‘ydi-da, o‘zicha ma’qullab, buyruq ohangida dedi:
– Qimirlamang, don Sanches!
“Liberal”ning xo‘jayini bu shanba chap yonboshi bilan turgandi, u nimadandir siqilar, xatti-harakatida bezovtalik sezilar, aft-angorida esa unga mutlaqo yarashmagan, ayniqsa, ish paytida noodatiy, pinhoniy, yoqimsiz bir tuyg‘u aks etardi. Shuning uchun uning qo‘llari o‘z kasbining talabiga ko‘ra harakat qila boshlaganida doimiy mijozlarini junbushga keltirar, hindularga xos basharasida tajang, jahldor odamlarga xos alomatlar aks etardi.
Temirchining tabassumi sekin-asta bamisli bir dard kabi uning chehrasiga yoyildi. Sartarosh ustarasini cho‘tkaga almashtirdi, so‘ng yana ustarasini oldi, dehqon bo‘lsa bu vaqtdan foydalanib qo‘lini uqaladi va sezdirmaygina oynaga qaradi-da, u yoq-bu yog‘ini tuzatgan bo‘ldi. Na asta qirilayotgan soqolning, na odamning g‘ashiga tegadigan yelimshakning va na yoz oxirlarida chunonam ko‘payadigan mudroq pashshalarning g‘o‘ng‘illashiga o‘xshagan tovush bu yerdagi jimlikni buzmasdi. Qaytanga aksincha, shovqin bu yerdagi jimlikka qo‘shilib o‘zining harakati bilan uni chegaralab, uning mavjudligini, borligini sezilarli qilib qo‘yardi.
– Salom berdik, – dedi ichkariga kira turib Diyego Alonso. U salomlashib oromkursi tomonga qo‘lini ko‘tarib qo‘ydi va oynada sartaroshning shokosasidan chiqay degan ko‘zlari birdan xunuk yiltiraganini sezmadi. Diyego mixga ilingan soatga qarab qo‘ydi, keyin temirchining qo‘lini siqib ko‘rishdi va ilgich oldidagi pastakkina kursiga o‘tirdi. Uning harakatlariga ko‘tarinki tus berayotgan va “Hormanglar, yaxshilar”, deganida ovozida jaranglagan ichki quvvat o‘rnini o‘sha zahoti qandaydir ruhiy tushkunlik egalladi. U tizzasiga tayandi, boshi ko‘ksiga tushdi, shu tariqa temirchini unga so‘z qotish imkoniyatidan hali og‘zini ochmasidanoq mahrum qildi va o‘zining oq alpargatisiga tikilib qotib qoldi.
Alonso ostonada paydo bo‘lishi bilanoq ishini to‘xtatgan “Liberal”ning xo‘jayini o‘girildi-da, sovun ko‘pigi qoplagan ustarani ushlagan ko‘yi sovuq nigohini unga qadadi: u ustarani otib yubormoqchimidi yo qo‘lida ekanini unutdimi, bilolmadi. Fe’li aynigan sartaroshning qahrli, daf qilib bo‘lmas nigohiga yo‘liqqan Alonso ko‘zlarini kattaroq ochdi. Ularning nigohi to‘qnashdi. Alonsoning ko‘zlari hayratdan ola-kula bo‘lib ketdi, sartaroshning qahrdan yuzi tirishdi. U g‘alati chiyillagan, quloqni teshib yuboradigan ovozda qichqirdi:
– Hali sen yurak yutib keldingmi?!.
Alonso dovdirab qoldi, u nima bo‘layotganini tushungisi kelar, ammo bunga fahmi yetmas, lablarining cheti pirpirardi. Keyin o‘zini bosib so‘radi:
– Nima bo‘ldi?
– Kelishga hadding sig‘dimi?! – deb baqirdi sartarosh.
U ustarani stolga uloqtirdi-da, xonaning o‘rtasiga o‘tib beso‘naqay bir holatga kirdi – mushtlashishga tayyorlandi. Dehqon – uning yuzi bilan bo‘ynini ko‘pik qoplagan edi – kresloda dong qotib o‘tirardi. Diyego Alonso hamon o‘sha pastakkina kursida rangi devordek oqarib, o‘zini yo‘qotgan ko‘yi bezovtalanib tipirchilardi. Temirchi o‘tirgan yerida o‘zining bolalarcha nigohi bilan dam unga, dam bunga savolomuz qarardi. Sartarosh do‘rdaygan lablarini xuddi gapirayotgandek qimirlatar, lekin aslida bir og‘iz ham gapirmas edi. Alonsoning ovozi ishonchsiz chiqdi:
– Senga nima bo‘ldi?
– Bilmaysanmi hali?
– Yo‘q.
– Bugun kechasi kim bilan yotmoqchisan, a, ayt, kim bilan?
Alonso sekin o‘rnidan turdi. U endi fahmladi, nima gapligini endi tushundi, u o‘zini tutib oldi. Endi uning ovozi kishining jig‘iga tegadigan darajada qat’iyat bilan jaranglab chiqdi:
– Sening nima ishing bor?! Buni senga aloqasi yo‘q! U xotiningmidi sening?
– Yo‘q, xotinim emas. Lekin aloqasi bor menga! – dedi sartarosh bo‘g‘ilib.
O‘ng qo‘lini oldinga cho‘zib, barmog‘i bilan Alonsoga tahdid qilgancha sartarosh yana baqirdi:
– Shuncha gapdan keyin yana shu yerdamisan, ablah?!
– Nima bo‘pti? Kelsam senga nima? – deb gap qaytardi Alonso va eshikka qarab yurdi.
Ammo sartarosh yo‘lini to‘sdi – uning og‘zi haliyam ochiq, qo‘li urishga shaylangandek ko‘tarilgan edi. Alonso mushtini tugib, oldinga bir qadam tashladi. Sartarosh xiyol engashdi va o‘sha zahoti qaddini rostladi: uning qo‘lida kalta, ingichka xanjar yaraqladi.
– Men senga ko‘rsatib qo‘yaman! – dedi u g‘ijinib va qo‘lidagi xanjari birinchi hamlasidayoq yalt etdi.
Alonso o‘zini yon tarafga otdi – xanjar undan bor-yo‘g‘i bir necha santimetr naridan o‘tib ketdi – va ortiga chekindi. Holbuki, u o‘zining pichog‘i qayerdaligini yaxshi bilardi, qiniga solib qo‘ygan xanjari tungi stolning tortmasida ekani uning esida edi. Uning barmoqlari dam-badam chotini ushlab-ushlab qo‘yardi.
– Ablah! – dedi u g‘ijinib. – Qurolsiz odamga hujum qilyapsanmi?
Dehqon kresloda o‘tirgancha ko‘pikni artib tashlash uchunmi, ko‘zlari bilan alang-jalang qilib sochiq yoki biron mato yoxud latta izladi. Keyin talvasa ichida, noumid bo‘lib yuzida ko‘pik bilan bo‘layotgan voqeaga aralashmaslik uchun xavf-xatarsiz joy qidirardi. Temirchi bir mo‘jiza yuz berib ko‘chaga chiqib oldi.
– Qurolsiz odamga hujum qilasanmi? – deb takrorladi Alonso shu jumladan qutulolmay.
Sartarosh esa titrab-qaqshar, qo‘lidagi xanjar chiroq nurida yaltillar, go‘yo butun xonani egallab olgandek edi.
– Men senga ko‘rsatib qo‘yaman hali, – deb takrorlardi g‘azab bilan sartarosh.
Bexosdan kelib qolgan Alonso merovsirab xanjardan ko‘z uzmasdi. Xanjarni mahkam ushlagan qo‘l ancha katta, qoramtir, quruqshagan va g‘adir-budur, tashqi tomonida bir dona tolasiz edi. Sovuq va shafqatsiz, pastga xiyol egilgan o‘tkir tig‘ unga yaqinlashib kelardi. Keyin tezlik bilan, chaqmoqdek shiddat-la yuqoriga, uning ko‘ksiga yaqinlashdi. Alonso nima qilarini bilmay o‘zini bir chekkaga otdi, u faqat savqi-tabiiy harakatga bo‘ysunardi. So‘ng o‘zi hozirgina o‘tirgan kursini boshi uzra azot ko‘tarib, xanjarning keyingi hamlasini mo‘ljallagancha qulochkashlab zarba berdi. Sartarosh uning bu zarbini chap qo‘li bilan to‘sib qoldi, biroq Alonsoning zarbidan baribir chayqalib, xanjarini qo‘lidan tushirgudek ahvolda orqaga chekindi. Alonso ko‘cha eshikka qarab yugurdi.
Sohil yoqalab cho‘zilgan ko‘chada bolalar va itlar g‘ujg‘on o‘ynashar, go‘zal ufq yog‘dusiga belangan musaffo tun nafasi o‘zi bilan dala va podaning hidini olib kelardi. Mana shu ko‘cha bo‘ylab uzun oyoqlariga ishongan Diyego Alonso uyi tomon qochib borardi. Uning ortidan la’natlab, boloxonador so‘kinib sartarosh quvib kelardi, bir necha dahadan so‘ng u ortda qoldi, kunbotarda butalar to‘sgan g‘ov ortida yashiringan qochqin tomonga qarab turdi-da, o‘girilib, shoshilmay, har ikki qadamida ortiga qarab, qo‘lidagi xanjarini qiniga solmay “Liberal” sari yo‘l oldi.
Derazaning kir-chir oynalari ortida kechikkan quyosh sekin-asta so‘nardi; uning g‘ubor qo‘ngan nurlari qarovsiz, lekin shinam xonani yoritardi.
Diyego Alonso eshikni yopib ikki qayta qulfladi va oyog‘ida tik turib qoldi; o‘zining eski mebeliga, o‘rganib qolgan buyumlariga qarab turdi, ularni tartibga keltirib, ayni chog‘da to‘zitib yubordi. “Ey, jin ursin!” dedi u baland ovozda. Alonso zo‘rg‘a nafas olardi, shu ahvolda birpas turdi-da, so‘ng xuddi o‘zining yuragi va xonadagi sukunat tebranayotganiga quloq solayotgandek biroz xayolga toldi. Shundan keyin derazani bemalol yopdi va yonida tungi stol joylashgan karavot tomon yurdi; nima qilayotganini ilg‘ab-ilg‘amas, olovni shamga yaqin olib borgan qo‘li titrardi – o‘zi bunga hayron bo‘ldi; u pilik yonishini kutdi, gugurtni o‘chirdi va o‘zini karavotga tashladi.
Alonso o‘ziga kelgach, yuragida xo‘rlanish tuyg‘usi uyg‘onib, kuchaydi u hozir nihoyatda alamzada edi, chunki o‘zini xo‘rlangan va haqoratlangan deb his qilardi. Bo‘lib o‘tgan voqea shunchalar tez va kutilmaganda ro‘y berdiki, o‘ziga-o‘zi aytganidek: “Bunaqasi hech qachon yuz bermasligi kerak” edi. Uning kallasiga bo‘lar-bo‘lmas xayollar kelar, xotirasini tark etayozgan yoki yiroqlardan ko‘rinayotgan manzaralar – xanjar, sartaroshning yuzi, panshaxadek chayir, qoramtir qo‘li, zarb berish uchun ko‘tarilgan kursi, xonaning tor devorlari, xanjarning bilanglashi; u alam bilan o‘zini ko‘rdi – u o‘zini qo‘yarga joy topolmay, qo‘llarini ko‘tarib-tushirar, kursiga yopishar, qochib ketardi… “E, jin ursin-ey hammasini!” yana takrorladi u va bu safar ovozi qahrli chiqdi. Uni qo‘qqisdan tutib olishgani, hammasi hech kutilmaganda ro‘y bergani, u hatto o‘zi qodir bo‘lgan mardligini namoyish etolmagani Alonsoga alam qildi. “Nima bo‘ldi o‘zi? – deb so‘radi u o‘zidan. – Nega? Buni oldindan bilganidami?” U shunday xayollar bilan band edi. Garchi bu voqealarda zarracha aybi bo‘lmasa ham, o‘zini haqoratlangan va ojiz sezdi, u sira aybdor emasdi… O‘zi shunday bo‘lib qoldi… Bunaqa hissiyotni yoshligidan to hozirgi paytgacha boshidan o‘tkazmagan edi. Nima jin urib shunday baloga yo‘liqdi, qo‘lidan biron ish kelmaydigan ahvolga qayerdan tushib qoldi, qanday qilib g‘aflatda qoldi? “Tushib qoldim, tamom!”. Shunga qaramay, u o‘zining borligiga – uning vujudidagi eng asosiy omil – izzat-nafsiga biron nima tegmagan, ma’nan teran jasorat va mardlik tug‘ilajak tomirlari daxlsiz qolganligini yaxshi tushunardi. U shamchiroqqa qaradi – uning nuri shinam xonani bag‘riga olar va o‘ziga tortar edi. U kalit ikki marta buralib qulflangan xonadagi karavotga cho‘zildi va ancha yengil tortib bo‘lib o‘tgan voqealarni bir boshdan eslay boshladi. Har turli sabablar izlashga o‘tdi, o‘sha zahoti ilgari o‘zi tushunmagan ishlar, ahamiyat bermagan qiliqlar esiga tushdi. “Xo‘p, bu ayol uni ogohlantirib qo‘yishi kerak emasmidi? U bilan sartarosh o‘rtasida nima bor edi? Bunda uning ham aybi bormi? Yo‘q, aybdor emasman”, dedi u o‘ziga-o‘zi qat’iy ohangda va ayni chog‘da ayolni ko‘z oldiga keltirdi: uning ko‘zi go‘yo ana-mana tush ko‘rayotgandek, sonlari tekis; bir necha kun mobaynida uning xohish-istagini qondirgani yetmay, hirsini emas, hissini uyg‘otgan. Karavotda yotgan odam bilan dilgir fikrlarga berilgan, yaqin orada uchrashuvga chiqqan odam o‘rtasida – unga tun bo‘yi qolish va’da qilingandi – shular o‘rtasida yot-begonalik paydo bo‘lgandi. O‘shanda u vujudi sirqirab, bo‘lib o‘tgan voqeadan o‘tkir og‘riq sezgan, bari ma’nosiz, bemazmun daqiqalarni o‘z ichiga olgan, sartarosh uchun, o‘sha ayol uchun, o‘zining deyarli o‘lgan xohish-istagi, zavqi uchun qo‘rqqan, yosh boladek daryo yoqalab o‘zining qochganligi uchun yuragida og‘riq sezgandi… U go‘yo o‘zidan nimanidir haydagandek qo‘li bilan yengilgina harakat, ishora qilib qo‘ydi va karavotdan turdi-da, xonada u yoqdan, bu yoqqa yura boshladi. To‘rt qadam eshikka, to‘rt qadam ortdagi devorga, to‘rt qadam eshikka, to‘rt qadam devorga. Oq alpargatilar muttasil oldinga, orqaga yuradi, sharti ketib, parti qolgan polni shitirlatadi. Ammo har bir qadami, har bir shahdam, qattiq zarbdan so‘ng alpargati bamisli Diyego Alonsoning obro‘sini, o‘zini tiklab olishiga ko‘maklashar, shu choqqacha saqlangan g‘ururini asrab qolardi… U yopiq eshik oldida turar va o‘ziga-o‘zi begonadek, shunday ajoyib kunning oxirida chekib, hushtak chalib, daryo yoqalab yuqori ko‘chaga ketayotgan, o‘zga, butunlay boshqa odam haqida, o‘ziga qadrli, lekin allaqachon yo‘qolgan va allanechuk noma’lum, olisdagi, judayam yiroqdagi, butunlay o‘zgargan odam haqida qayg‘urardi. Go‘yo shu yerdan turib ko‘chani kuzatayotgandek biroz eshik oldida turdi, kaftini musht qilib tugdi, og‘zi qiyshaydi, faxasini to‘g‘rilab oldi-da, yana xona bo‘ylab yura boshladi. Ha, u ilgarigidek bo‘lishi kerak, shu bugun, shu bugungi tongotar, shu yilga qadar, o‘sha unutilgan damlargacha kim bo‘lganligini uzil-kesil bilishi va yana o‘shanday bo‘lishi shart. U qanday bo‘lmasin, o‘zini-o‘zi qayta yaratishi kerak, shart… Eshikkacha to‘rt qadam, ortdagi devorgacha yana to‘rt qadam, to‘rt qadam eshikka, to‘rt qadam devorga. Endi baquvvat va yengil oyoqlari liqillab turgan polga shahdam qadam qo‘yardi. Nihoyat u allaqachon diliga tuggan, xonaga kirgan zahoti esiga tushgan ishni qildi – tungi tortmasidan pichoqni oldi-da, yoniga solib qo‘ydi.
* * *
Bu safar “Liberal”ga kirgach, pichog‘i ishonch bilan faxa orasiga berkitilgan Diyego Alonso sartaroshning ko‘zgudagi g‘azab to‘la nigohini ko‘zdan qochirmadi. Yagona oromkursini endi dehqonsifat kiyingan mijoz egallagan – uning yuzini sovun ko‘pigi qoplagani uchun kimligini ham bilish qiyin edi. Ikkinchi mijoz, ko‘rinishidan kasalmand, qora kamzulli kishi navbatini kutib o‘tirardi.
Alonso boya kelganida o‘tirgan kursiga joylashdi, biroq endi kursining bitta oyog‘i liqillab qolganini, suyanchig‘i singanini sezdi. Sartaroshxonadagi sukunat – pashshalar tinchigan, ularning g‘uv-g‘uv etishi tingandi – bir tekisda, sokin, buzilmas darajada hukm surardi. Devorda osig‘liq turgan soat vaqtni kemirar, uning adoqsiz tiqillashi nozik va qaltis sukunat qa’riga singgan va go‘yo uni chuqurlashtirar edi. Uzoqdan bolalarning baqir-chaqiri eshitilar, yarim tunda bu tovushlar haqiqiy emasdek tuyulardi. Chiroqni yengilgina qurum bosgandi.
Sartarosh cho‘tkani qo‘yib olmosni qo‘lga oldi-da, uni shoshmaygina, astoydil, epchillik bilan qayishga ura boshladi. Tun kapalagi lampaning shishasiga o‘zini urdi.
– Men sartaroshxona berk bo‘lsa kerak, deb o‘ylovdim, – dehqonning ovozi xirillab chiqdi, buning ustiga u manqa edi. – Bechora qariya Atanasko! Xudo rahmat qilsin, o‘lib berganini qarang…
– Shanba kunlari men kechroq yopaman, – qat’iyan uning gapini bo‘ldi sartarosh. – Jim o‘tiring, – deb buyruq berdi u ustarani ko‘tarib va sezdirmay Diyego Alonsoga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi.
Qora kamzulli kishi sigaretini olib chekdi, uning xatti-harakati biroz qo‘pol edi; sigaretni tutatgach, u og‘zini mahkam yopdi va burun kataklaridan tikkasiga tutun chiqardi – bu xuddi qish kunlari otning tumshug‘idan tutun chiqarganiga o‘xshardi. Alonso polga qaradi, keyin alpargatiga, hamma narsaga beparvo qora kamzulli kishiga, chiroq tepasidagi nozik qurumga tikildi. So‘ng dehqonning yelkasi va bo‘yniga qaradi, garchi unga javoban tikilib qaragan bo‘lsa ham sartaroshga boqdi. U soat millarining zarbini, kimningdir uzoqda qichqirganini, kuchukning angillashi, ustaraning quloqqa arang chalinuvchi tovushini eshitdi, o‘zining yurak urishini his qildi.
– Bo‘ldi, – dedi sartarosh. – Marhamat.
Dehqon ko‘zguga qaradi va sartaroshga qog‘oz pul uzatdi.
– Ertagayoq o‘sadi, yana kelaman, – deya to‘ng‘illadi u hech kimga e’tibor bermay. – Qachonki kechasi marhumni tepasida o‘tirsang, soqoling tez o‘sadi.
Unga hech kim quloq solmadi chog‘i.
– Marhamat qiling, – sartarosh unga qaytimini berdi.
Dehqon pulni oldi, uyalgan bo‘lib xayrlashdi-da, chiqib ketdi. Qora kamzulli kishi bo‘shagan oromkursiga o‘tirdi.
– Soch-soqolimni… olish kerak… – dedi u. – Bir marta.
– Yaxshi, – dedi sartarosh va uning yuzini sovunlay boshladi.
Soat millari olg‘a bosardi; soatning uzluksiz chiqillashi soniyalarni o‘ldirar, daqiqalarni yakson qilib yutib yuborardi; bu kichkina mexanizm mo‘jazgina to‘ymas yuho edi: u vaqtni kemirar, uning orasidan xuddi yer bag‘ridan o‘tgan chuvalchanglar yanglig‘ o‘tar, chang solib uni yutib yuborardi. Alonso polga, oyoqlari ostiga qaradi, so‘ng o‘zining oq alpargatilariga, qora kamzulli kishi tashlab yuborgan sigaret qoldig‘iga tikildi. U sartaroshning qanday ishlayotganiga, uning peshonasi va kaftida qon urayotganiga qaradi. Begona odamning kasalmand yuzidagi soqolini qirtishlab olayotgan ustaraning tovushi mutlaqo eshitilmas edi, balki uning soqoli nozik ekani uchun eshitilmas.
Sigaret qoldig‘i o‘chdi. Tungi kapalaklar ko‘paygandan-ko‘paydi. Ular chiroqning atrofida aylanar, shishaga kelib urilardi. Alonsoning chekkisi keldi, lekin u chekmadi.
– Bo‘ldi, – dedi sartarosh.
Begona odam pulini to‘lab jo‘nab ketdi.
Alonso bilan sartarosh ikkovi yolg‘iz qolishdi. Oromkursi yonida turgan sartarosh sochiqni taxlash bilan band edi, buni u erinmay sidqidildan bajarardi. Uning ko‘zlari – bir-biriga juda yaqin joylashgan ikkita qora munchoq – Alonsoning yuziga emas, ko‘proq kenglikka boqar, qimir etmay o‘tirgan kimsaning boshiga qaratilgan edi. Alonso esa, sartaroshning yuziga, ko‘ziga tik boqardi. Oradan yarim daqiqa vaqt o‘tdi. Nihoyat sartarosh sochiqni stolga qo‘ydi – hayoti davomida u biron marta sochiqni bu qadar astoydil taxlamagan edi. Alonso o‘rnidan turdi, uning rangi-quti o‘chgan, aft-basharasida o‘zini himoya qila olishi uchun jur’at va tayyorgarlik aks etardi, u ilgariga qadam tashladi va kresloga o‘tirdi.
– Soqolimni olib qo‘y, – dedi u sovuqqonlik bilan dona-dona qilib.
Sartarosh xuddi nimanidir izlagandek ustaraning tig‘iga qaradi, keyin istamaygina cho‘tkani oldi. Hindularning yuziga o‘xshash qiyofasi go‘yo qotib qolgan, bir-biriga yaqin joylashgan ko‘zlari yiltirardi. U aniq harakatlar bilan yaqinginada pichoq tortib yuborishni mo‘ljallagan odamning soqoliga sovun surta boshladi… Uzoq yillik tajribasi, ming-minglab soqollarga sovun surganini hisobga olganda hozir u ishini epchillik bilan uddalar, o‘z vazifasini qo‘rqmasdan to‘g‘ri bajarardi. Yarim daqiqa vaqt o‘tdi, shekilli… Sartarosh mo‘ycho‘tkasini qo‘yib istar-istamas ustarani oldi… Chiroqning nurida yaltirayotgan, yaxshilab charxlangan po‘lat tig‘ kattakon qoramtir qo‘lda biram qo‘rqinchli tuyulardi… Diyego Alonso ko‘zlarini yumib oldi.
Ustara o‘zining yo‘liga tushib oldi, u mijoz qulog‘ining chekkasidan pastga, yonoq bo‘ylab tusharkan, dahaniga yetib to‘xtab qoldi… Sartarosh ustarani artdi, keyin kamar-qayishga bir-ikki urib tozaladi… Ustara yana yarqirab Alonsoning dahanini qirtishlab oldi… Yengilgina ovoz eshitildi. Sartarosh yana ustarasini tozalash uchun to‘xtadi va ustaraning yo‘nalishini o‘zgartirib, pastroqqa, kekirdak do‘ngchasiga tushdi, undan o‘tib bo‘ynining bir tomonini ola boshladi. Sartaroshning mo‘ljali aniq-tiniq, odatdagidek toza ishlardi. U mo‘yqalamni ishlatgan rassomdan ko‘ra ham tartibliroq ishlardi. U ustarani tozalab narigi quloqning solinchagidan, yonog‘idan pastga tusha boshladi, so‘ng butun tartibotni takrorladi. Diyego Alonso uxlayotgan odam tushida nafas olganidek burni bilan pishillab birtekis nafas olardi. Tepaga burilgan ustara engagidan yuqori labgacha borar, og‘iz atrofidagi soqolni qirar, yanayam yuqoriga chiqib, mo‘ylablarni qirtishlar, mana, nihoyat, ochiq yuzga kelib taqaldi; yumuq ko‘zlar bu yuzga hissiz tus berardi.
– Bo‘ldi, – dedi sartarosh.
Alonso ko‘zlarini ochib, unga tikildi va dedi:
– Yana bir marta oling.
– Teskarisigami?
– Ha.
Alonso ko‘zlarini yana yumdi, yana cho‘tka uning yuzini sovun ko‘pigi bilan qopladi; yaltirayotgan ustara qisqa tanaffuslar bilan uning yuzini siypalay boshladi, iyagidan o‘tadi, dahanini yon tomonidan qirdi, undan yuqori labiga o‘tdi, bo‘ynidagi dag‘al tuklarni qirib tozaladi, bo‘ynini, engagini, tomog‘ini yaltiratib qo‘ydi.
– Tayyor, – dedi yana sartarosh.
Alonso ko‘zlarini ochdi va kresloda qaddini rostladi. O‘zini ko‘zguga soldi; ko‘ngli to‘ldi, yuzlarini silab ko‘rdi, yaxshilab olingan, tekis, oppoq.
Biroz nari ketgan sartarosh cho‘tka bilan ustarani shoshilmay tozalardi.
Alonso unga tezgina qarab bo‘yniga tashlagan ro‘molchasini tortib qo‘ydi. Stolga uch-to‘rt tanga qo‘ydi va sartaroshxonadan chiqdi.
Sartarosh uning ortidan chiqmoqchi bo‘ldi, ammo eshikdan nariga o‘tmadi.
Ko‘cha tamoman qorong‘ilik qo‘ynida nafas olar, tun o‘zini navqiron, omonat, yuksak, yulduzli yoz osmoniga bag‘ishlar edi.
Shahar ko‘chalari bo‘ylab qator ketgan xira fonuslarning beibo nuri chekka-chekkaga sochilib ketgan, ularning boshi-keti ko‘rinmasdi.
Diyego Alonso shahdam qadamlar bilan yengilgina odimlab ko‘cha boshiga qarab borar edi. U odatdagi yo‘li bilan ketib borar, shoshilmas, qup-quruq yerga alpargatisini baland aks-sado beradigan qilib urardi. Birinchi fonus nuridayoq uning qanday borayotgani ko‘rinardi. Muyulishga yaqin, ikkinchi fonusga yetar-etmas u yana o‘zining bir xil ohangdagi kuyini hushtakda chala boshladi. U o‘ng tarafga burilishi kerak edi, biroq hech qayerga burilmay to‘g‘riga yurdi. Keyingi fonus uni anchayin kuchsizroq yoritardi.
“Liberal”ning eshigi oldiga chiqib turgan sartarosh Diyego Alonsoning ortidan qarab turardi. Alonso uzoqlashib, unga elas-elas ko‘rinar, gavdasi uzoqdan zo‘rg‘a ko‘zga chalinardi.
Sartarosh yaxshiroq ko‘rinsin uchun yanayam oldinga engashib tikildi – uning ko‘mirdek timqora ko‘zlari teshib yuborgudek edi. Navbatdagi fonus Alonsoni yanada uzoqlashib ketganini ko‘rsatardi. Sartarosh zo‘r berib tun bag‘riga tikilardi. Eski fonus atrofni arang yoritar, Alonsoni ko‘rsatishga baribir kuchi yetmasdi. Sartarosh hamon ko‘zini bir nuqtadan uzolmasdi. Hech narsa ko‘rinmay qolganda, Alonso odam ovozi eshitilmas darajada uzoqlashib ketgach, u shartta o‘girildi-da, sartaroshxonaga kirib ketdi va ortidan eshikning qarsillab yopilgani eshitildi.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 8-son