Maksim Gorkiy. Yegor Bulichov va boshqalar (drama)

Uch pardali ko‘rinishlar

ARALAShUVChILAR:
E g o r B u l i ch o v.
K s ye n i ya — uning xotini.
V a r v a r a — uning Kseniyadan bo‘lgan qizi.
A l ye k s a n d r a (Sh u r a) — Bulichovning nikohsiz tug‘ilgan qizi.
M ye l a n i ya — so‘fiy xotinlar boshlig‘i, Bulichovning qaynsinglisi (yo qaynegachisi).
Z v o n ts o v — Varvaraning eri.
T ya t i n — uning o‘gay ukasi (yo akasi).
M o k ye y B a sh k i n.
V a s i l i y D o s t i g a ye v.
E l i z a v ye t a — uning xotini.
A n t o n i n a —
A l ye k s ye y — } birinchi xotinidan bo‘lgan bolalari.
P a v l i n — pop.
D o k t o r.
K a r n a y ch i.
Z o b u n o v a — emchi ayol.
P r o p o t ye y — devona odam (avliyo).
G l a f i r a — oqsoch ayol.
T a i s ya — Melaniyaning xizmatchisi.
M o k r o u s o v — mirshab.
Ya k o v L a p t ye v — Bulichovning kryostnigi (ota-bola tutushgani).
D o n a t — o‘rmonchi.

BIRINChI PARDA

Boy bir “kupets”ning hovlisida yemak uyi. Og‘ir va katta-katta jihoz (mebel)lar. Teri qoplangan katta divan, uning yonida boloxona zinasi. O‘ng burchakda o‘roq: boqchaga chiqiladigan eshikni ko‘rsatadi. Ochiq havoli qish kunlaridan biri. K s ye n i ya o‘tirib, stol ustidagi idishlarni yuvmoqda. G l a f i r a “fonar” (mehrob singari joy)da gullar bilan ovora. Kecha chopon kiygan A l ye k s a n d r a (Sh u r a) kirib keladi, yalang oyog‘iga tufli kiygan, sochlari taralmagan, sochlari Bulichovniki singari malla.

K s ye n i ya. Oh, Shurka, ko‘p uxlaysan-da…
Sh u r a. Vaysamang, foydasi yo‘q. Glasha, kofe! Gazet qani?
G l a f i r a. Boloxonada, Varvara Yegorovnaga olib chiqib berdim.
Sh u r a. Olib tush. Shunday katta xonadonga bittagina gazet yozdirishadi, peslar!
K s ye n i ya. Kimni aytayotirsan — “peslar”, deb?
Sh u r a. Otam uydami?
K s ye n i ya. Yaradorlarning yoniga ketdi. “Peslar”, deb Zvontsovlarni aytasanmi?
Sh u r a. Ha, o‘shalarni. (Telefonni oladi.) 17-63.
K s ye n i ya. Nimalar deb so‘kkaningni Zvontsovlarga bir aytay!
Sh u r a. Tonyani chaqirib qo‘ying!
K s ye n i ya. Bu ketishda nima bo‘lar ekansan, bilmadim?
Sh u r a. Hey, Antoninamisan? Muz tiyg‘onishamizmi? Yo‘q? Nega? Teatrga boraman? Bormay qo‘yaqol! Eh, to‘yidan burun tul qolgan bechora!.. Xo‘p, yaxshi qol.
K s ye n i ya. Bu nimasi — qiz narsani “tul” deysan?
Sh u r a. Kuyovi o‘lganmi, axir, yo‘qmi?
K s ye n i ya. Har nima bo‘lganda ham qiz narsa.
Sh u r a. Siz ko‘rib qo‘yibsizmi?
K s ye n i ya. Voy besharm, behayo!
G l a f i r a (kofe beradi). Gazetni Varvara Yegorovna o‘zi keltirib beradi.
K s ye n i ya. Halitdan muncha mahmadana bo‘libsan. Bilib qo‘y: kamroq bilsang — tinchroq uxlaysan. Senday vaqtimda men hech narsa bilmas edim…
Sh u r a. Siz hali ham…
K s ye n i ya. Ilohim tiling uzilsin!
Sh u r a. Ana, olifta qadam qo‘yib, singling kelayotir. Bonjur, madam! Komman sa va?1
V a r v a r a. Soat o‘n bir bo‘lib qoldi, sen hali ham yuvinib-taranmagansan.
Sh u r a. Boshlandi yana.
V a r v a r a. Otam erkalatadi, deb undan keyin… uning kasalligini bilib, borgan sari haddingdan oshayotirsan…
Sh u r a. Tamom bo‘lay dedimi?
K s ye n i ya. Otasi kasal bo‘lsa, parvo qiladimi bu?
V a r v a r a. Sening bu kirdikorlaringni bir-bir aytib beraman otamga…
Sh u r a. Hozirdan rahmat aytib qo‘yaman. Bo‘ldimi endi?
V a r v a r a. Senda es yo‘q o‘zi!
Sh u r a. Ishongim kelmaydi! Esi yo‘q boshqalar bo‘lsa kerak.
V a r v a r a. Tariqcha esing yo‘q!
Sh u r a. Varvara Yegorovna, siz behuda zo‘r berasiz.
K s ye n i ya. Munga nasihat kor qilsa ekan!
Sh u r a. Undan keyin qoningiz buziladi.
V a r v a r a. Xo‘p… xo‘p, jonim! Oyi, yuring, oshxonaga chiqib kelaylik — oshpaz injiqlik qilayotir…
K s ye n i ya. Oshpazning aqli joyida emas shu topda: sho‘rlikning o‘g‘lini o‘ldiriptilar.
V a r v a r a. Yo‘q, bu narsa injiqlikka bahona bo‘lolmaydi. Hozir shunday qirayotirlarki…

Chiqadilar.

Sh u r a. O‘zining chiroylik Andryushasini o‘ldirsalar edi, ko‘rardingiz qiyomatni!
G l a f i r a. Ularning g‘ashiga tegib nima qilasiz? Kofeingizni iching tezroq, shu uyni yig‘ishtirish kerak menga. (Samovarni ko‘tarib chiqib ketadi.)

Shura kursining ketiga o‘zini tashlab, ko‘zlarini yumgan, qo‘llarini malla va paxmoq sochli boshining orqasiga qo‘ygani holda o‘tiradi.

Z v o n ts o v (tufli kiygan, zinadan sharpasizgina tushib kelib, Shuraning orqasidan quchoqlab oladi). Nima xayollardasan, malla qo‘zichog‘im?
Sh u r a (ko‘zini ochmay, qimirlamay). Tegmang menga.
Z v o n ts o v. Nega? O‘zingga xush yoqadi-ku? Shunday emasmi? Xush yoqadi, degin!
Sh u r a. Yo‘q.
Z v o n ts o v. Nega?
Sh u r a. Qo‘ying. Aldaysiz. Siz meni yoqtirmaysiz.
Z v o n ts o v. Yoqtirishimni xohlaysan-a, shundaymi?

Zinada Varvara ko‘rinadi.

Sh u r a. Varvara bilib qolguday bo‘lsa…
Z v o n ts o v. Jim… (Orqaroq chekilib, nasihat boshlaydi.) Ha. Albatta… O‘zingizni qo‘lga olishingiz kerak… O‘qishingiz kerak…
V a r v a r a. Bu, Antoninaga beadab so‘zlarni aytib, u bilan sovun ko‘pigi singari, bo‘sh gaplarni gaplashib yurishni yaxshi ko‘radi…
Sh u r a. Ha, aytganlaring rost, men shunaqa sovun ko‘pigi singari gaplarni yaxshi ko‘raman. Senga nima, sovunni qizg‘anasanmi yo?
V a r v a r a. Seni qizg‘anaman men. Bilmadim: sen qanday qilib kun ko‘rar ekansan? Gimnaziyada senga: “Marhamat qilib yo‘qoling”, deptilar…
Sh u r a. Bekor gap.
V a r v a r a. Sening u o‘rtog‘ing — jinni narsa.
Z v o n ts o v. Muzika ilmini o‘qimoqchi.
V a r v a r a. Kim?
Z v o n ts o v. Mana bu — Shura.
Sh u r a. Bekor gap. Men muzika ilmini xohlamayman.
V a r v a r a (Zvontsovga). Sen qayerdan bilding muni?
Z v o n ts o v. Shura, sen o‘zing aytmadingmi — muzikaga o‘qimoqchiman, deb.
Sh u r a (chiqib borarkan). Sira unday deganim yo‘q.
Z v o n ts o v. Hm… Qiziq. Men ichimdan chiqarib aytayotganim yo‘q-ku! Sen, Vara, unga juda qattiq muomala qilasan.
V a r v a r a. Sen ortiqcha yumshoq muomala qilasan.
Z v o n ts o v. “Ortiqcha” deganing nimasi? Sen, axir, mening niyatimni bilasan-ku…
V a r v a r a. Niyat o‘z yo‘lida, ammo-lekin sen gumonsiraydigan darajada yumshoq muomala qilasan.
Z v o n ts o v. Miyang aynib qolipti sening…
V a r v a r a. Shundaymi? Miyam-a?
Z v o n ts o v. O‘zing o‘ylab ko‘r: shunday qaltis bir zamonda rashk g‘alvalari yarashadimi?
V a r v a r a. Sen o‘zing nega tushding bu yerga?
Z v o n ts o v. Menmi? Bu yerga… gazetda bir e’lon bor ekan. Undan keyin o‘rmonchi Donat kelgan ekan, “Qishloqda odamlar bir ayiqni qamab olishdi”, deydi…
V a r v a r a. Donat oshxonada o‘tiripti. Gazetdagi nima e’lon ekan?
Z v o n ts o v. Jonini chiqarasan odamning! Shunaqa gaplashasanmi men bilan? Nima, yosh bolamanmi men? Azbaroyi xudo, bu…
V a r v a r a. Qizim-a! Otam keldi, shekilli. Sen bo‘lsang bu ahvoldasan.

Z v o n ts o v shoshilib boloxonaga chiqib ketadi. Varvara otasini qarshi oladi. Ustida ko‘k issiq kofta, boshiga ko‘k qalpoq kiygan Sh u r a telefonga tomon yugurib boradi, B u l i ch o v uni yo‘lda tutib olib, indamasdan bag‘riga bosadi, Bulichov ketidan binafsha rido kiygan P a v l i n kiradi.

B u l i ch o v (Shuraning belidan quchoqlagani holda stol ketiga o‘tiradi; Shura esa, uning oq tushgan malla sochlarini silaydi). Odamlarni buzib, shu darajada odamlikdan chiqarganlarki, qaragali qo‘rqasan kishi…
P a v l i n. Gullab yotibsizmi, Shuraxon? Kechiringiz, salom ham bermapman…
Sh u r a. Yo‘q, men salom berishim kerak edi, taqsir, otam qo‘ymadi — xuddi ayiqday yopishib…
B u l i ch o v. Shoshma! Tek tur, Shurka! Qayerga ketayotir yana muncha xalq? Foydasi yo‘q odamlar urushdan burun ham ko‘p edi bizda. Bekor aralashdik shu urushga…
P a v l i n (og‘ir nafas olib). Oliy hokimiyatning bir mulohazasi bordir…
B u l i ch o v. Yapon urushi vaqtida ham behuda mulohazalarga borib, butun dunyoga sharmanda bo‘lgan edik.
P a v l i n. Va lekin urush degan narsa faqat vayron va xarob qilmasdan, balki katta foyda ham beradi. Chunonchi, uning orqasida katta tajribalar hosil bo‘ladi va shu miqdorda…
B u l i ch o v. Ba’zilar urushadi, ba’zilar hamyonga urishadi.
P a v l i n. Va boz ustiga, dunyoda hech bir narsa Ollohning irodasidan xorij bo‘lmaydi, bas, bu nolishlarga nima hojat bor?
B u l i ch o v. Sen, Pavlin Savelev, amri-ma’rufingni qo‘y… Shurajon, sen muz tiyg‘onishga bormoqchimisan?
Sh u r a. Ha, Antoninani kutib o‘tiribman.
B u l i ch o v. Xo‘p… bo‘pti! Ketib qolmasang, biror besh minutdan keyin o‘zim chaqirtiraman.

Sh u r a yugurib chiqib ketadi.

P a v l i n. Bo‘yiga yetgan qizlarday qaddi-qomati toza joyiga kelipti.
B u l i ch o v. Gavdasi yaxshi, yengilgina-yu — yuzi o‘xshamaydi. Onasi chiroylik emasdi. O‘zi juda eslik xotin edi-yu, chiroy xususida kamchiligi bor edi.
P a v l i n. Bu Aleksandra Yegorovnaning yuzi allaqanday boshqacha o‘zi… Jozibadan ham mahrum emas. Onasi qayerlik edi?
B u l i ch o v. Sibirlik. Sen — oliy hokimiyat… xudodan… kazo va kazo, deysan; xo‘sh, “Duma” nima, Duma, u qayerdan bo‘ladi?
P a v l i n. Duma, chunonchi, masalan, hokimiyatning qadrini ketkazish uchun o‘sha hokimiyatning o‘zi tomonidan yo‘l qo‘yilgan bir narsa. Ko‘plar uni hokimiyatning shumlik bir xatosi, deb biladilar; lekin, muqaddas bir muassasa bo‘lgan ibodatxona ahliga bu xil so‘zlar xususida muhokama yurgizish durust emas. Buning ustiga bu nozik zamonda ruhoniylar toifasining zimmasiga odamlarning ruhlarini ko‘tarmak va ularda toju taxt va vatan muhabbatini olovlantirmak vazifasi yuklatilgan…
B u l i ch o v. Yaxshi olovlantirdingiz, ya’ni bechora xalqni olovda yondirdingiz…
P a v l i n. O‘zingizga ma’lum bo‘lsa kerakki, men o‘z ibodatxonamizning mutavallisini qiroatchilar to‘dasini ko‘paytirishiga unatdim va yana yangi solinayotgan ibodatxonaning jomi uchun muqaddas zotlarimiz nomlariga iona va hadya tariqasida mis so‘rab, general Betling bilan gaplashdim…
B u l i ch o v. Ibodatxona jomi uchun mis bergali unamadimi?
P a v l i n. Unamadi va hatto xunuk bir hazil ham qildi. Askariy muzikaning karnaylaridagi misni ko‘rgali ham toqatim yo‘q, deydi. Mana, siz, xasta va notob bo‘lganingiz vajidan, ibodatxona jomiga bir narsa iona bersangiz yaxshi bo‘lardi.
B u l i ch o v (o‘rnidan turib). Jom ovozi bilan dardni tuzatib bo‘lmaydi.
P a v l i n. Qaydan bilasiz? Fan dardning sababidan bexabar. Ba’zi bir ajnabiy xastaxonalarda dardni muzika bilan davolar ekanlar, eshitib edim. Bizda ham bir o‘t o‘chiruvchi bor, karnayi bilan ish ko‘radi…
B u l i ch o v (kulib). Qanaqa karnay?
P a v l i n. Mis karnay. Juda katta, deydilar.
B u l i ch o v. Katta karnay bo‘lsa, tuzatar ekanmi?
P a v l i n. Obdon tuzatadi, deydi! Mumkin, hurmatli Yegor Vasilevich, mumkin! Har narsaning bo‘lishi mumkin. Sirru asror ichida, kashf etilmagan behisob sirlar ichida yashaymiz. Bizning ko‘zimizga bir yorug‘lik, bir ravshanlik ko‘rinadi va shu yorug‘lik bizning aqlimizdan keladi, holbuki, u yorug‘lik bizning jismoniy ko‘zimizdagi yorug‘likdir, ruhimiz esa, ehtimol aql tufaylidan badtar xiralashadi va hatto o‘chib qoladi.
B u l i ch o v (og‘ir nafas olib). Obbo, muncha gaping ko‘p ekan sening…
P a v l i n (borgan sari avj olib). Chunonchi, masalan, Prokopiy azizlarni oling, avom tomonidan devona deb yuritilgan u zot qanday bir saodat ichida yashaydilar…
B u l i ch o v. Sen yana amri-ma’rufga tushding-ku! Xayr endi, charchadim men.
P a v l i n. Chin ko‘ngildan salomatligingizni tilayman. Kamina duogo‘yingiz… (Chiqib ketadi.)
B u l i ch o v (o‘ng biqinini uqalay-uqalay divanning yoniga keladi va o‘zicha g‘udurlanadi). To‘ng‘iz, ibodatxonaning muqaddas mayllarini va kulchalarini yeb, toza bo‘kipti, Glafira!.. Hey…
V a r v a r a. Nima deysiz?
B u l i ch o v. Hech. Glafirani chaqirib edim. Oh-ho, toza yasanibsan! Qayerga bormoqchisan?
V a r v a r a. Tuzalgan yaradorlar spektakliga…
B u l i ch o v. Burningga oynak ham qo‘ndirding? Ko‘zning talabi, deb bekor aytasan, modaning talabi bu…
V a r v a r a. Siz, otajon, Aleksandrani tergab qo‘ysangiz bo‘lardi, uning muomalasi jonga tegayotir, hech toqat qilib bo‘lmaydi.
B u l i ch o v. Hammang ham yaxshisan. Bor! (G‘udurlanadi.) Chidab bo‘lmaydi. Shoshma… men bir tuzalib olay, hammangga ko‘rsataman!
G l a f i r a. Chaqirdingizmi?
B u l i ch o v. Ha, chaqirdim. Eh, Glaxa, muncha yaxshisan! Baquvvat, pishiq! Mening Varvaram — bir cho‘p!
G l a f i r a (zinaga qarab olib). Baxti bor uning. Agar chiroylik bo‘lsa, siz uni ham karavotingizga tortardingiz…
B u l i ch o v. O‘z qizimni-ya? Bilib gapir, tentak! Nima deb yotirsan?
G l a f i r a. Bilaman nima deganimni! Shurani, xuddi yot qizday… sollot singari tortasiz…
B u l i ch o v (hayron). Sen, Glafira, jinni bo‘lib qolibsan. Bu nima qilganing: o‘z qizimga kunlaysanmi? Sen Shura xususida unday xayollarga bora ko‘rma. Sollot singari… Xuddi qizday! Ha, sen sollotning qo‘liga tushgan ekansan-da! Xo‘sh?
G l a f i r a. Hech tegishligi yo‘q… Joyi emas munaqa gaplarning. Nega chaqirdingiz?
B u l i ch o v. Donatni chaqir. Shoshma! Qo‘lingni ber! Yaxshi ko‘rasanmi ishqilib? Kasal bo‘lsam ham?
G l a f i r a (uning yoniga tiz cho‘kib). Oh, sho‘rlik boshim… Yo‘q, sen og‘rimagin. Og‘rimagin… (Qo‘lidan chiqib qochadi.)

Bulichov tundlik bilan kuladi, lablarini yalaydi. Boshini chayqaydi. Yotadi.

D o n a t. Omonmisiz, Yegor Vasilevich!
B u l i ch o v. Shukur! Qani, nima topib kelding?
D o n a t. Yaxshi xabar topib keldim: ayiqni qamadik.
B u l i ch o v (og‘ir nafas olib). E, bu xursandlik keltiradigan xabar emas, rashk keltiradigan xabar. Endi ayiq bilan mening ko‘nglim ochilmaydi. Daraxt kesilayotirmi?
D o n a t. Oz-moz. Odam yo‘q.

K s ye n i ya kiradi. Yasangan. Qo‘llarida uzuklar.

B u l i ch o v. Sen nima deysan?
K s ye n i ya. Hech. Sen, Yegoriy, ayiqqa qiziqmasang bo‘lardi, sen ov qiladigan holdamiding?
B u l i ch o v. Sen jim tur, odam yo‘q, dedingmi?
D o n a t. Qari chollar bilan yosh bolalargina qolishdi. Knyazga asirlardan ellik kishini yuboriptilar, lekin ular o‘rmonda ishlayolmas ekan.
B u l i ch o v. Bo‘lmasa ular xotin-xalaj bilan ishlayolsa kerak.
D o n a t. Ha, bu bo‘layotir.
B u l i ch o v. Ha, albatta… Xotin-xalaj shu topda och.
K s ye n i ya. Demak, qishloqda yomon buzuqchilik boshlanayapti-da…
D o n a t. Nega buzuqchilik bo‘lsin, Aksinya Yakovlevna? Erkaklar hammasi qirilib ketdi, bola tug‘ish — kerak narsa. Endi bundan chiqadiki, o‘sha erkaklarni qirgan endi kelib bola yasashi kerak…
B u l i ch o v. Shunaqa, shekilli…
K s ye n i ya. Ana xolos, asirdan qanday bola tug‘ilardi. Unday desam, bardam erkak bo‘lsa… albatta…
B u l i ch o v. Bizning xotin-xalajning esi past, shu uchun undan farzandlik bo‘lishni asir xohlamaydi ham.
K s ye n i ya. Yo‘q, bizning xotinlar — eslik. Bardam erkaklarning hammasini urushga haydab ketdilar, uyda faqat… zakunchilargina qoldi…
B u l i ch o v. Ko‘p odamni ishdan chiqardilar.
K s ye n i ya. Endi qolganlar to‘qroq yashaydilar.
B u l i ch o v. Topding!
D o n a t. Podsholarning qorni fuqaroga hech to‘ymaydi.
B u l i ch o v. Nima deding?
D o n a t. Podsholarning qorni fuqaroga hech to‘ymaydi, deyman. O‘zimiznikilarni boqolmaymiz-u yana ikki ko‘zimiz birovlarning yerida.
B u l i ch o v. Rost, bu rost!
D o n a t. Bundan boshqa nima desa bo‘ladi: nima uchun urushayotirmiz bo‘lmasa? Shunday qilib, ochko‘zligimizdan kaltak yeb yotamiz.
B u l i ch o v. Rost aytasan, Donat! Mening “krepostnigim” Yakov ham shunday deydi; hamma baloning boshi ochko‘zlik, deydi. U o‘zi qalay?
D o n a t. Umi? U yomon emas. Eslik narsa.
K s ye n i ya. Xo‘b topibsan esi borni! Eslik odam emas, juda qo‘rs odam.
D o n a t. Qo‘rsligi esi borligidan keladi, Aksinya Yakovlevna! U u yerda, Yegoriy Vasilevich, o‘ntacha askarlikdan qochgan yigitlarni to‘plab ishga soldi, balodek ishlab yotirlar. Bo‘lmasa hammasi o‘g‘irlik qilardi.
B u l i ch o v. Yo‘q, bo‘lmaydi… Muni Mokrousov bilib qolsa — to‘palang qiladi.
D o n a t. Mokrousov biladi. U hatto xursand. Unga oson bo‘ldi.
B u l i ch o v.Ehtiyot bo‘l, lekin…

Yuqoridan Z v o n ts o v tushadi.

D o n a t. Shunday qilib ayiqni…
B u l i ch o v. Ayiq — sening baxting.
Z v o n ts o v. Ruxsat etsangiz, ayiqni Botlingga tutsak. Bilasizmi, u bizga katta yordam…
B u l i ch o v. Bilaman, bilaman! Mayli, unga tut. Bo‘lmasa arxiyereyga tut.
K s ye n i ya (kulib). Arxiyereyning ayiqqa qarab o‘q otishini tomosha qilish kerak edi!
B u l i ch o v. Xo‘sh, men charchadim. Xayr endi, Donat! Ishlarning mazasi yo‘g‘-a? Men notoblanishim bilan ishlar ham buzila boshladi…

Donat indamasdan ta’zim qilib chiqadi.

B u l i ch o v. Aksinya, Shurkani aytib yuborgin. Sen nimaga esankirab turasan, Andrey? Gapiraver!
Z v o n ts o v. Men Laptev to‘g‘risida gapirmakchi edim…
B u l i ch o v. Xo‘sh?
Z v o n ts o v. Men eshitdimki, u ishonib bo‘lmaydigan kishilar bilan aloqa qilib, Koposov yarmarkasidagi qishloq odamlariga hukumatga qarshi gaplarni gapirgan emish…
B u l i ch o v. Gapirma! Shu zamonda yarmarka bor emishmi? Qanday qishloq odamlari ekan? Nega hammangiz Yakovdan noliysiz?
Z v o n ts o v. U, axir, har nima bo‘lganda ham, oilamizning bir a’zosi emasmi?..
Yugurib Sh u r a kiradi.

B u l i ch o v. Har nima bo‘lganda ham… Siz uni ko‘p ham o‘zingizniki, deb bilmaysiz-ku… Mana, yakshanba kunlari ovqat qilgali ham kelmay qo‘ydi… Bor endi, Andrey… Keyin gapirib berarsan…
Sh u r a. Yakovni yomonladimi?
B u l i ch o v. Sening ishing emas. Qani, o‘tir. Sendan hamma dod deb yotir.
Sh u r a. Kim u, hamma?
B u l i ch o v. Aksinya, Varvara…
Sh u r a. Bu hali hamma emas.
B u l i ch o v. Men jiddiy aytaman, Shurajon.
Sh u r a. Jiddiy gapirsang, bunday bo‘lmaydi.
B u l i ch o v. Hamma bilan muomalang qo‘rs, hech narsa qilmaysan…
Sh u r a. Hech narsa qilmasam, qayerdan qo‘rs bo‘laman.
B u l i ch o v. Hech kimning gapiga kirmaysan.
Sh u r a. Hammaning gapiga kiraman, hammaning gapiga kiraverib bezor bo‘ldim, mallavoy!
B u l i ch o v. O‘zing mallasan, mendan badtar. Mana, men bilan ham to‘g‘ri gaplashmaysan! Seni so‘kish kerak edi-ku, ko‘ngil unamaydi.
Sh u r a. Ko‘ngil unamasa, demak, so‘kish kerak emas.
B u l i ch o v. Ha, muni qara! Ko‘ngil unamasa — qilma emish. Unda juda oson bo‘lar edi-ku-ya, lekin mumkin emas!
Sh u r a. Mumkin emas, deysiz, kim mone bo‘layotir?
B u l i ch o v. Hamma… Hamma mone bo‘layotir. Sen buni anglamaysan.
Sh u r a. Sen o‘rgatgin, men o‘rganay, menga mone bo‘lmasinlar…
B u l i ch o v. E, buni o‘rgatib bo‘lmaydi! Sen nima deysan, Aksinya? Nima bu, hech tinmaysan? Nima izlaysan?
K s ye n i ya. Doktor keldi, undan keyin Bashkin kutib o‘tiripti. Aleksandra, ko‘ylagingni tuzat, bu qanaqa o‘tirish?
B u l i ch o v (o‘rnidan turib). Qani, chaqir doktorni. Yotish menga zarar qiladi, yotaversam og‘irlashaman. Eh, uch endi, Shurajon! Oyog‘ing chiqmasin, ehtiyot bo‘l!
D o k t o r. Salom! Xo‘sh, ahvollar qalay?
B u l i ch o v. Maza yo‘qroq. Uncha yaxshi qaramaysan, deyman, Nifont Grigorevich.
D o k t o r. Qani, bo‘lmasa, u uyga o‘taylik-chi…
B u l i ch o v (uning yonida ketarkan). Sen menga eng o‘tkir, eng qimmat dorilarni ber: men do‘stim, bir ish qilib tuzalmasam bo‘lmaydi! Tuzatib yuborsang — kasalxona solib beraman, uning kattasi bo‘lsang, undan keyin bilganingni qilib yotasan…

Chiqadilar. K s ye n i ya, B a sh k i n.

K s ye n i ya. Doktor nima deydi?
B a sh k i n. Rak kasali, deydi, buyrakda rak bor, deydi…
K s ye n i ya. Voy, xudoyim-ey! Nima balolar deydi bular!
B a sh k i n. Bu dard — og‘ir dard, deydi.
K s ye n i ya. Ha, albatta! Har kim o‘z ishini hammadan qiyin, deb biladi.
B a sh k i n. Bevaqt og‘ridi! Hammayoqdan, teshilgan xaltadan yoqqanday, pul yog‘adi, gadoylar ham ming so‘mlik bo‘lishdi, bu bo‘lsa…
K s ye n i ya. Hi, hi! Odamlar shunday boy bo‘lishayotirki, nimasini aytasan!
B a sh k i n. Dostigayev shunday semiriptiki, tugmasini solmay yuradigan bo‘pti, gapirsa faqat mingdan gapiradi. Yegor Vasilevichning bo‘lsa, shu tobda, miyasini bir pardaga o‘xshagan narsa bosayotir. Tunov kun — men, deydi, asl ishning ko‘chasiga ham kirganim yo‘q, deydi. Bu nima degani?
K s ye n i ya. Voy, men ham sezayotirman: allaqanday xunuk gaplarni qiladi.
B a sh k i n. U, axir, sen bilan opangning puliga kattalik qiladi-ku. Ko‘paytirishi kerak emasmidi?
K s ye n i ya. Adashganman men, Mokey, allaqachonlar bildimki, adashganman. Prikazchikka erga tegdim-u, bilib tegmadim. Senga tekkan bo‘lsam, yaxshi kun kechirar edim! U bo‘lsa… e, xudoyim-ey! Juda aynigan odam! Uning qo‘lida nima kunlarni ko‘rmadim. O‘ynashdan qiz topib, yana uni mening yelkamga mindirib qo‘ydi. Yaramas, past odamni kuyov qildi… Qo‘rqaman men, Mokey Petrovich. Bu kuyov bilan Varvara meni davlatdan quruq qoldirib, bor-yo‘g‘imni shilib, gadoylik ko‘yiga solishadi…
B a sh k i n. Har narsa mumkin. Urush vaqti! Urushda na sharm-hayo bo‘ladi, na rahm-shafqat!
K s ye n i ya. Sen bizning eski xizmatchimizsan, seni odam qilgan mening otam, sen mening to‘g‘rimda o‘ylagin…
B a sh k i n. O‘ylab yotirman… (Z v o n ts o v kirib kela boshlaydi.)
Z v o n ts o v. Xo‘sh, doktor keldimi?
K s ye n i ya. Yo‘q, u uyda.
Z v o n ts o v. Mokey Petrovich, movut nima bo‘ldi?
B a sh k i n. Betling olgali unamaydi.
Z v o n ts o v. Unga qancha berish kerak o‘zi?
B a sh k i n. Eng kami biror besh ming…
K s ye n i ya. A, o‘g‘ri-ey! O‘zi tag‘in keksa chol-a!
Z v o n ts o v. Janna orqalimi?
B a sh k i n. Ha, o‘sha belgilangan tartib bilan.
K s ye n i ya. Besh ming! Nimaga bu? A?
Z v o n ts o v. Hozir pulning qadri yo‘q.
K s ye n i ya. Birovning cho‘ntagida bo‘lsa-da…
Z v o n ts o v. Qaynota rozimi?
B a sh k i n. Men mana shuni bilgani keldim-da…
D o k t o r (chiqib kelib, Z v o n ts o vning qo‘lidan ushlaydi). Xo‘sh, gap shuki…
K s ye n i ya. Voy, bizni bir sevintirsangiz-chi…
D o k t o r. Kasalning mumkin qadar ko‘p yotishi kerak. Har qanday ish, besaranjomliklar, xafa bo‘lishlar — unga juda yomon, zararlik. Ishqilib, tinchlik, xotirjamlik! Undan keyin… (Z v o n ts o vning qulog‘iga shivirlaydi.)
K s ye n i ya. Nega menga aytmaysiz? Men xotiniman-ku?
D o k t o r. Ba’zi bir xususlarda xonimlar bilan gaplashuv yaramaydi. (Yana pichirlab gapiradi.) Bugun kechqurun qilamiz.
K s ye n i ya. Nima qilmoqchisiz?
D o k t o r. Konsilium, ya’ni doktorlar kengashi.
K s ye n i ya. Voy, sho‘rim…
D o k t o r. Uning qo‘rqinchli joyi yo‘q. Xo‘p, xayr bo‘lmasa! (Chiqib ketadi.)
K s ye n i ya. Muncha qo‘rs bu odam… Uni o‘chsin! Besh minutda besh so‘lkavoy oladi. Bir soatda 60 so‘m… Buni qarang!
Z v o n ts o v. Operatsiya qilish kerak, deydi.
K s ye n i ya. Yorishmi? Yo‘q, bu bo‘lmaydi! Yorishga men yo‘l qo‘ymayman…
Z v o n ts o v. Menga qarang, bu nodonlik bo‘ladi! Xirurgiya, ya’ni jarrohlik — bu bir ilm…
K s ye n i ya. Ilming boshingdan qolsin! Tuzukmi! Sen ham menga dag‘al gapiradigan bo‘lding…
Z v o n ts o v. Men sizga nazokat qoidalarini o‘rgatayotganim yo‘q, sizning nodonligingizni aytayotirman…
K s ye n i ya. Sen o‘zing ham juda alloma bo‘lib ketganing yo‘q!

Z v o n ts o v qo‘l siltab yiroqlashadi. G l a f i r a yugurib o‘tadi.

K s ye n i ya. Qayerga?
G l a f i r a. U uydan chaqirdilar…

K s ye n i ya u bilan birga eri yoniga kirib ketadi.

Z v o n ts o v. Qaynota bevaqt kasal bo‘ldi.
B a sh k i n. Rost, yaxshi bo‘lmadi. Shunday zamon keldiki, esli odamlar, xuddi nayrangboz singari, havodan pul topayotirlar…
Z v o n ts o v. Ha, albatta, undan keyin inqilob bo‘lishi aniq.
B a sh k i n. U menga ma’qul emas. Beshinchi yilda bir bo‘ldi. Hech narsa chiqmaydi.
Z v o n ts o v. Beshinchi yilda inqilob emas, bir to‘palang bo‘ldi. U vaqtda dehqonlar bilan ishchilar uylarida edilar. Endi ular urush maydonida. Endigi inqilob to‘ralar, gubirlar, vazirlarga qarshi bo‘ladi.
B a sh k i n. Unday bo‘lsa — bersin xudo! To‘ralar fuqaroning badaniga, xuddi kanaday yopishgan, uzib olib bo‘lmaydi…
Z v o n ts o v. Oq podshoning ishga yaramasligi kunday ravshan bo‘lib qoldi.
B a sh k i n. Kupetslar orasida ham shu gap bor. Allaqanday bir qishloqi podshoning xotini tasarruf qiladi, deydi.

V a r v a r a zinada quloq solmoqda.

Z v o n ts o v. Rost. Grigoriy Rasputin degan odam.
B a sh k i n. Jodugarlik bu! Ishongim kelmaydi.
Z v o n ts o v. O‘ynash bo‘lsa-chi? Unga nima deysiz?
B a sh k i n. Bu ham cho‘pchakka o‘xshaydi. Podshoning xotiniga generallar qahatmidi?
V a r v a r a. Yo‘q yerdagi gaplarni gapirayotirsiz?
B a sh k i n. Hamma shuni gapiradi, Varvara Yegorovna, har qalay, mening fikrimcha, podsho bo‘lmasa bo‘lmaydi.
Z v o n ts o v. Petrogradda o‘tirgan podsho emas, fuqaroning miyasiga kirib o‘tirgan podsho. Spektakl tamom bo‘ldimi?
V a r v a r a. Boshqa kunga qoldirildi, allaqanday tergovchi kelib: “Kechqurun yaradorlar keladi”, dedi. Ularga joy yo‘q emish.
G l a f i r a. Mokey Petrovich, sizni chaqirayotirlar.

B a sh k i n stol ustida issiq kartuzini qoldirib, ketadi.

V a r v a r a. Nega sen bu bilan sir otishasan? O‘zing bilasanki, bu odam bizdan gap olib, oyimga yetkizadi! Shu kartuzni o‘n yildan beri kiyadi. Bu — mumsik! Yag‘iri chiqib ketipti. Hayronman, nega sen bu o‘g‘ri bilan…
Z v o n ts o v. E, qo‘ysang-chi! Men mundan Betlingga pora berish uchun qarz so‘ramoqchiman…
V a r v a r a. Men, axir, senga aytmoqchimanki, u ishlarning hammasini Janna orqali, Liza Dostigayev eplaydi, deb! Unda arzon ham tushadi…
Z v o n ts o v. Yelizavetta seni yomon tushiradi…
K s ye n i ya (erining uyidan turib). Bir ish qilib unating muni: tek yotsin! Hadeb yuradi, zo‘r berib Mokeyni so‘kadi… Ey, xudoyim!..
Z v o n ts o v. Borsang-chi sen, Varya…
B u l i ch o v (uzun chopon kiygan, oyog‘ida kigizli tufli.) Xo‘sh, qani: yana nima deysan? Urush yomonmi?
B a sh k i n (uning ketidan kelarkan). Kim bir narsa deydi?
B u l i ch o v. Kim uchun yomon?
B a sh k i n. Biz uchun.
B u l i ch o v. “Biz” deganing kim? Sen o‘zing aytasanki, urush orqasida odamlar million-million pul topishayotir. Xo‘sh?
B a sh k i n. Demak… xalq uchun yomon…
B u l i ch o v. Xalq deganing — qishloq odami, unga baribir: xoh yashasin, xoh o‘lsin, mana sen aytgan haqiqat.
K s ye n i ya. Jahling chiqmasin, deyman! Senga zarar qiladi…
B a sh k i n. Nega unday deysiz? Shu haqiqat bo‘ldimi?
B u l i ch o v. Asl haqiqat, deysanmi? Mana shu — asl haqiqat. Men rostini aytaveraman: mening ishim — pul topish, qishloq odamining ishi — g‘alla yetkazib berish, mol sotib olish. Bundan boshqa haqiqat bormi?
B a sh k i n. Bu-ku, albatta, shunda-ya, lekin shunda ham…
B u l i ch o v. Xo‘sh, gapir: “Shunda ham” deganing nima endi? Mening davlatimni o‘g‘irlagan vaqtingda nima o‘ylaysan o‘zing?
B a sh k i n. Nega meni xo‘rlaysiz?
K s ye n i ya. Hoy, Varya, nimaga qarab turasan, axir? Tinchitsang-chi otangni. Tinch yotmasa bo‘lmaydi.
B u l i ch o v. Sen hali xalqni o‘ylaysanmi?
B a sh k i n. Yana tag‘in ko‘pchilik oldida xo‘rlaysiz! O‘g‘irlagan emish! Buni isbot qilish kerak!
B u l i ch o v. Isbot qilib o‘tirish kerak emas. Hamma biladiki, o‘g‘rilik — qonunga sig‘adigan ish. Seni xo‘rlash ham darkor emas. Xo‘rlash bilan sen tuzalmaysan, balki badtar bo‘lasan. O‘g‘rilik qilgan ham sen emassan, pul o‘zi o‘g‘rilik qiladi. U o‘zi kattakon o‘g‘ri.
B a sh k i n. Munaqa gaplarni faqat Yakov Laptev gapirardi.
B u l i ch o v. Hali ham o‘sha gapirayotir. Bo‘pti, chiq endi, Betlingga pora bermanglar. Hali ham juda ko‘p oldi; kafaniga ham, tovutiga ham yetadi — beimon cholning. Siz nega yig‘ildingiz bu yerga — nima ishingiz bor?
V a r v a r a. Hech bir ishimiz yo‘q.
B u l i ch o v. Hech gap ham yo‘q. Unday bo‘lsa, o‘z ishingizga boringiz. O‘z ishingiz bordir-ku? Aksinya, buyurgin, mening uyimni jindak shamollatishsin. Juda havosi buzildi, achchiq dorilarning hidi bosib ketgan. Ha, undan keyin Glafiraga aytgin, klyukva kvasidan olib kelsin.
K s ye n i ya. Senga kvas yoqmaydi-ku?
B u l i ch o v. Bor, bor! Nima yoqadi, nima yoqmaydi — o‘zim bilaman.
K s ye n i ya (chiqarkan). Bilsang edi…

H a m m a chiqadi.

B u l i ch o v (qo‘li bilan stolga tayangani holda uning tegrasini aylanadi. Oynaga qarab turib, tovushini to‘la— deyarlik chiqarib so‘zlanadi). Ishing yomon, Yegor, afting ham o‘zi, birodar… sira o‘zingnikiga o‘xshamaydi!
G l a f i r a (patnisda bir stakan suv bilan). Mana, sut.
B u l i ch o v. Mushukka ber uni. Menga kvas ber. Klyukva kvasidan.
G l a f i r a. Sizga kvas berishga ruxsat etmaydilar.
B u l i ch o v. Ular ruxsat etmaydi, lekin sen olib kelaver. Shoshma! Sen nechuk o‘ylaysan: men o‘lamanmi?
G l a f i r a. Bekor gap, o‘lmaysiz.
B u l i ch o v. Nega?
G l a f i r a. Ishonmayman.
B u l i ch o v. Ishonmaysan? Yo‘q, azizim, mening ishim yomon! O‘zim bilaman: juda yomon!
G l a f i r a. Men ishonmayman.
B u l i ch o v. Qaysarsan, qani, kvasdan ber! Araq tomizib ichaman… U foydalik narsa. (Bufetga tomon boradi.) Berkitib qo‘yipti, la’natilar. Cho‘chqa bolalari! Saqlaganlari-da. Xuddi bandiga o‘xshayman. Qamalgan hisobida…

P a r d a.

IKKINChI PARDA

Bulichovning mehmonxonasi. Burchakda, kichkinagina dumaloq stol tegrasida Z v o n ts o v bilan T ya t i n o‘tiradilar. Stolda may shishasi.

Z v o n ts o v (papiros tutashtirib). Uqdingmi?
T ya t i n. Insof yuzasidan aytganda, Andrey, u menga yoqmaydi.
Z v o n ts o v. Puli-chi, puli yoqadimi?
T ya t i n. Afsuski, puli yoqadi.
Z v o n ts o v. Kimni ayaysan bo‘lmasa?
T ya t i n. O‘zimni, albatta…
Z v o n ts o v. Xo‘p odamni ayar ekansan!
T ya t i n. Harholda, birodar, o‘zimning birdan-bir do‘stim — yana o‘zim bo‘laman.
Z v o n ts o v. Sen faylasuflik qilmasdan o‘ylasang bo‘lardi.
T ya t i n. O‘ylab yotibman. U erka o‘sgan qiz, u bilan umr qilish qiyin bo‘ladi.
Z v o n ts o v. Unda ajralasan-ketasan.
T ya t i n. Pul yana o‘ziga qoladi-da…
Z v o n ts o v. Biz shunday qilamizki, pul senda qoladi. Shurkani men o‘zim yo‘lga solaman.
T ya t i n. Insof bilan aytganda…
Z v o n ts o v. Shunday qilib, uni erga berishga oshiqadilar-u qalinini ko‘paytiradilar.
T ya t i n. Toza topibsan-da, lekin! Qalini qancha bo‘ladi?
Z v o n ts o v. Ellik ming…
T ya t i n. So‘mmi?
Z v o n ts o v. Tugma.
T ya t i n. Rostmi?
Z v o n ts o v. Ammo sen menga o‘ntalik veksel berasan.
T ya t i n. O‘n minglikmi?
Z v o n ts o v. Yo‘q, o‘n so‘mlik. Esi past!
T ya t i n. Ko‘p bu…
Z v o n ts o v. Unday bo‘lsa, bu suhbatni to‘xtatamiz.
T ya t i n. Bu gaplaring… hazil emasmi?
Z v o n ts o v. Pul ustida ahmoq odamlargina hazillashadi…
T ya t i n. Ammo-lekin… ajoyib maslahat topibsan.

D o s t i g a ye v kiradi.

Z v o n ts o v. Men shunga xursandmanki, sen o‘zing ham uncha-muncha tushunib qolding. Sen proletardan chiqqan bir ziyolisan, bu og‘ir kunlarda senga…
T ya t i n. Ha, ha, albatta! Men endi sudga jo‘nayin.
D o s t i g a ye v. Stepasha, nega ta’bing xira?
Z v o n ts o v. Biz Rasputindan gapirib o‘tirgan edik.
D o s t i g a ye v. Toleini aytaman-a? Sibirdan kelgan oddiy bir qishloqi katta ruhoniylar, vazirlar bilan hamtovoq bo‘lishsa! Yuz minglab pullarni o‘ynatsa! O‘n mingdan kam porani olmasa! Juda ishonchli joydan eshitdim: o‘n mingdan kam bo‘lsa, olmas ekan! Nima ichayotirsiz? Burgon mayimi? Bu o‘tkir narsa, ovqatdan keyin ichish kerak edi, e, madaniyatsiz xalq!
Z v o n ts o v. Xo‘sh, qaynotangizni topdingizmi?
D o s t i g a ye v. Uni topish nega kerak? U hech yerga qochgani yo‘q. Sen, Stepasha, menga ham bitta stakan keltirsang bo‘lar edi.

T ya t i n shoshilmasdan chiqib ketadi.

D o s t i g a ye v. Bulichov to‘g‘risiga kelsak, gapning rosti, uning ko‘rinishi yomon. Og‘ir holda shu tobda…
Z v o n ts o v. Mening fikrimcha ham, u endi…
D o s t i g a ye v. Ha, ha! Shunaqa. Undan keyin o‘zi ham o‘limdan juda qo‘rqadi, shu uchun o‘lmay qolmaydi. Sen ham shu jihatdan boxabar bo‘lib tur. Bu zamonda og‘izni ochib o‘tirish bo‘lmaydi, ikki qo‘lni belga qo‘yib turish yaramaydi. Davlat binosini, har tomondan cho‘chqalar kelib, ag‘darish harakatida, inqilob bo‘lishini gubernatorning o‘zi ham biladi…
T ya t i n. Yegor Vasilevich ovqat uyiga chiqdi.
D o s t i g a ye v (stakanni olib). Rahmat, Stepasha! Ovqat uyiga chiqdi, dedingmi? Biz ham o‘sha yerga o‘taylik.
Z v o n ts o v. Sanoatchilar, aftidan, o‘z rollarini yaxshi tushunadilar…

V a r v a r a bilan Ye l i z a v ye t a kirib kelishadi.

D o s t i g a ye v. Maskov sanoatchilarimi? Ular tushunmasa, kim tushunadi!
E l i z a v ye t a. Bular bu yerda bemalol ichishib, kayf qilib o‘tiripti, u yerda bo‘lsa, Bulichov shunday so‘kinayotirki, gap eshitib bo‘lmaydi!
D o s t i g a ye v. Nega Amerika hadeb gullaydi? Sababi shuki, u yerda hukumat tepasida xo‘jayinlarning o‘zlari o‘tiradi…
V a r v a r a. Janna Betlingova Amerikada oqsoch xotinlarning avtomobilda bozorga qatnashlariga astoydil ishonadi.
D o s t i g a ye v. Albatta, mumkin. Faqat, ehtimolki… yolg‘on bo‘lsa. Xo‘sh, Varvara, sen hali ham askariy odamlar bilan o‘ralashasanmi? Podpolkovnik bo‘lging keladimi?1
V a r v a r a. Yeyilib ketgan gaplar! Xo‘sh, Tyatin, siz nima to‘g‘risida o‘ylanayotirsiz?
T ya t i n. Shunday… o‘zimcha… bekor…
E l i z a v ye t a (oyna oldida). Kecha Janna menga bir ajoyib latifa aytib berdiki, xuddi pand bergan gulday!
D o s t i g a ye v. Qani, qani, eshitaylik-chi?
E l i z a v ye t a. Erkaklar oldida aytib bo‘lmaydi!
D o s t i g a ye v. Yaxshi gul ekan!

Varvara Yelizaveta qulog‘iga bir narsa deydi.

E l i z a v ye t a. Hoy, er! Shishaning quyqumini yalagancha o‘tirasanmi bu yerda?
D o s t i g a ye v. Kimga xalaqit berayotirman?
E l i z a v ye t a (T ya t i n g a). Siz, Styopochka, muqaddas kitobning mana bu oyatini bilasizmi: “Ollohning rahmatiga bo‘lur ul erkim, fosiqlar suhbatiga yurmasa va gunoh ko‘chalariga kirmasa”?
T ya t i n. Ha, shunday bir narsani xotirlayman…
E l i z a v ye t a (uning qo‘lidan oladi). Mana bular hammasi o‘sha gunohkor fosiqlar-u, siz oy, sevgi va boshqa shu singari narsalarni axtaruvchi mo‘mingina bir yigitsiz — shunday emasmi? (Olib chiqib ketadi.)
D o s t i g a ye v. Ha, laqma!
V a r v a r a. Vasiliy Yefimovich, onam bilan Bashkin Melaniya xolamni chaqirdilar.
D o s t i g a ye v. So‘fiy xolangnimi? U hadik qilsa bo‘ladigan darrandalardan! U Dostigayev va Zvontsovlar shirkatiga qarshi, u muni xohlamaydi! U Kseniya Bulichova va Dostigayev shirkati bo‘lsin, deydi…
Z v o n ts o v. U dastmoya qilib bergan pullarini ham qaytarib so‘rashi mumkin.
D o s t i g a ye v. Melaniyaning qancha puli bor o‘zi? Yetmish mingmi?
Z v o n ts o v. To‘qson ming.
D o s t i g a ye v. Harholda oz mablag‘ emas! O‘z pulimi yo monastirnikimi?
Z v o n ts o v. Muni qaydan bilaman?
D o s t i g a ye v. Bilish mumkin. Hamma narsani bilish mumkin! Mana, nemislarni ol: ular urush maydonidagi askarlarimizning adadinigina emas, ularning har birida nechta bit borligini ham biladilar.
V a r v a r a. Siz jiddiyroq bir narsa desangiz bo‘lardi.
D o s t i g a ye v. Sevimli Varyusha, karmoningdagi pulning hisobini bilmasang, na oldi-sotti qilib bo‘ladi, na urush. Melaniyaning pulini mana bu yo‘l bilan bilish mumkin. Sekleteya Poluboyarinova degan bir xonim bor. U Nikandr hazratning tungi bedorliklariga sherik; hazrat bo‘lsalar pul degan narsani, kimniki bo‘lsa bo‘lsin, yaxshi ko‘radilar. Undan tashqari, yeparxiya idorasida bir odam bor, lekin uni zapasga saqlaymiz. Sen, Varyusha, o‘sha Boluboyarinova bilan gaplashuvni bo‘yningga ol, agarda pul monastirniki bo‘lib chiqsa bormi, undan narisini o‘zing bilasan! Shoshma, hali mening go‘zalim qayerga yo‘qoldi?
G l a f i r a. Ovqat uyiga chiqasizlar ekan.
D o s t i g a ye v. Hozir. Xo‘sh, qani, ketdikmi?
V a r v a r a (go‘yoki etagi kursiga ilashib qolganday). Andrey, chiqarishib yuborsang-chi! Sen unga ishonasanmi?
Z v o n ts o v. Ahmoq bormidi?
V a r v a r a. Qanday muttaham narsa ekan bu! Xolam to‘g‘risida topgan maslahatim chakki emas. Tyatinni qanday qilamiz?
Z v o n ts o v. Uni o‘zim yo‘lga solaman.
V a r v a r a. Tezroq bo‘lish kerak…
Z v o n ts o v. Nega?
V a r v a r a. Ko‘mgandan keyin, axir, ko‘p kutishga to‘g‘ri kelmaydimi? Otamning yuragi ham sust… Undan keyin, men bilgan boshqa sabablar ham bor.

Chiqadilar. Qarshilaridan G l a f i r a kirib keladi. Ularga xitlik bilan qarab qoladi, so‘ngra stoldan idishlarni yig‘adi. L a p t ye v kiradi.

G l a f i r a. Kecha seni qamalgan, deb eshitgan edim.
L a p t ye v. Yo‘g‘-e? Ehtimol, noto‘g‘ri gapdir.
G l a f i r a. Hali ham hazilni qo‘ymaysan.
L a p t ye v. Yegani hech narsa yo‘q, ko‘ngil o‘lgur toza shod!
G l a f i r a. Hazil-hazil bilan boshing ketmasin.
L a p t ye v. Yaxshi hazil bo‘lsa — urmaydilar, balki maqtaydilar. Demak, men yaxshi hazilga go‘sht oshayman, yomon hazilga musht oshayman…
G l a f i r a. Ha, sayra, maynam, sayra! U yerda, Shuraning yonida Tonka Dostigayev o‘tiripti.
L a p t ye v. E, qo‘y: uning keragi yo‘q!
G l a f i r a. Shuraning o‘zini shu yerga chaqiraman shekilli?
L a p t ye v. Topding! Bulichov qalay?
G l a f i r a (achchiqlanib). Nega uni Bulichov deysan? Sening otaxo-ning-ku!
L a p t ye v. Qo‘ying, Glasha xola, achchiqlanmang!
G l a f i r a. Uning ahvoli og‘ir.
L a p t ye v. Og‘ir! Shoshma, shoshma! Mening eng yaqin o‘rtoqlarim och o‘tirishipti, Glasha xola, ikki pudgina, iloji bo‘lsa, biror qop un topib berolmaysanmi?
G l a f i r a. Nima qilay: senga deb xo‘jayinlarimnikidan o‘g‘irlab beraymi?
L a p t ye v. Axir, bir bo‘layotgan ish emas-ku! Baribir, ilgari ham qilgansan bu gunohni, gunohi mening bo‘ynimda! Bechora bolalarning qorni o‘lguday och! Bu dargohda qilgan xizmatlaring uchun senga tegadigan haq xo‘jayinlarga tegadiganidan ortiq bo‘lishi kerak.
G l a f i r a. Munaqa afsonalaringni ko‘p eshitganman! Ertaga erta bilan Donatga un jo‘natadilar, bir qop o‘shandan olarsan. (Chiqadi.)
L a p t ye v. Ha, rahmat! (Divanga o‘tirib, juda qattiq— ko‘zidan yosh chiqquncha esnaydi, so‘ngra ko‘zini artib, u yoq-bu yoqqa qaraydi.)
K s ye n i ya (so‘zlanib kiradi). Ajina isiriqdan qochganday qochishadi…
L a p t ye v. Omonmisiz?
K s ye n i ya. Voy, o‘lay! Hoy, bu yerda nima qilib o‘tiribsan?
L a p t ye v. O‘tirmasdan yursam bo‘larmidi?
K s ye n i ya. Izlaganda hech qaydan topilmaysan, izlamaganda shunaqa birvarakaysiga oyoq ostidan chiqib qolasan! Xuddi bekinmachoq o‘ynaganday. Otaxoning og‘rib yotipti, sen bo‘lsang hech parvo qilmaysan…
L a p t ye v. Men ham kasal bo‘laymi yo‘qasa?
K s ye n i ya. Siz hammangiz jinni bo‘libsiz, boshqalarni ham jinni qilasiz. Hech narsa tushunib bo‘lmaydi! Mana endi oq podshoni ham, Pugachev singari, qafasga qamamoqchi emishlar. Xo‘sh, dono yigit, yolg‘onmi bu gaplar?
L a p t ye v. Mumkin, har narsaning bo‘lishi mumkin!
G l a f i r a. Aksinya Yakovlevna, bir nafasga.
K s ye n i ya. Yana nima deysiz? Bir nafas tinim yo‘q… E, xudo… (Chiqadi.)
Sh u r a (yugurib kiradi). Omonmisan?
L a p t ye v. Ha, Shurochka! Men Maskovga ketayotirman, pulim yo‘q, bir ilojini qilgin!
Sh u r a. Mening o‘ttiz so‘m pulim bor, xolos.
L a p t ye v. Ellik so‘m bo‘lsaydi-a?
Sh u r a. Topaman.
L a p t ye v. Kechqurun, poyezd vaqtigacha? Bo‘ladimi?
Sh u r a. Ha. Menga qara, inqilob bo‘ladimi?
L a p t ye v. Ha, boshlanib ketdi-ku! Nima balo, gazet o‘qimaysanmi?
Sh u r a. Gazetga tushunmayman men.
L a p t ye v. Tushunmasang, Tyatindan so‘ra.
Sh u r a. Yakov, insof bilan ayt, Tyatin qanaqa odam?
L a p t ye v. Ana, xolos! Sen, axir, yarim yildan beri har kun ko‘rishib turasan-ku.
Sh u r a. Nomuslik odammi?
L a p t ye v. Ha… durust, nomuslik.
Sh u r a. Nega chuchmallanib aytasan?
L a p t ye v. Bo‘shang narsa. Ta’bi tirriqroq. Bir narsadan ozurdami, deyman.
Sh u r a. Nimadan?
L a p t ye v. Dorilfununning ikkinchi sinfidan haydaptilar. O‘z akasiga mirzalik qiladi, akasi bo‘lsa…
Sh u r a. Nima, Zvontsov yaramas odammi?
L a p t ye v. Liberal ham kadet, ular umuman yaramas odamlar bo‘ladi. Pulni sen Glafiraga topshirgin, u menga yetkazadi.
Sh u r a. Glafira bilan Tyatin senga yordam qilishadimi?
L a p t ye v. Nima xususda?
Sh u r a. Go‘llikni qo‘y, Yashka! O‘zing bilasan. Men ham yordam qilmoqchiman, bildingmi?
L a p t ye v (hayron bo‘lib). Nima bo‘ldi senga, qizgina? Endi uyqudan uyg‘ondingmi?
Sh u r a (achchiqlanib). Meni xo‘rlay ko‘rma! Ahmoqsan sen!
L a p t ye v. Ehtimol, ahmoqdirman, lekin harholda men seni anglamoq istar edimki…
Sh u r a. Varvara kelayotir.
L a p t ye v. Men uni ko‘rgim yo‘q.
Sh u r a. Ketdik bo‘lmasa… Tez.
L a p t ye v (qo‘lini uning yelkasiga tashlab). Chinakam, senga nima bo‘ldi?

Chiqib, eshikni berkitadilar.

V a r v a r a (eshik qulfining sharaqlaganini eshitadi, eshikka yaqin keladi, qabzasini aylantirib ko‘radi). Hi, Glafiramisan? (Pauza.) Birov bormi u yoqda? Qiziq… (Tezgina chiqib ketadi.)

Sh u r a D o n a tni yetaklab kiradi.

D o n a t. Hoy, Shurajon, qayerga sudraysan meni?..
Sh u r a. To‘xta! Aytib ber menga: otamni shaharda izzat qiladilarmi?
D o n a t. Boy odamni har qayda izzat qiladilar. Sho‘xliging qolmaydi sira…
Sh u r a. Izzat qiladilarmi yo qo‘rqadilarmi?
D o n a t. Qo‘rqishmasa, izzat qilisharmidi?
Sh u r a. Nimaga yaxshi ko‘radilar?
D o n a t. Yaxshi ko‘radilar? Unisini bilmayman.
Sh u r a. Yaxshi ko‘rganlarni bilasanmi?
D o n a t. Unimi? Qaydam? Izvoshchilar uni yaxshi ko‘rishadirganga o‘xshaydi, nega desang, u izvoshga baholashmasdan tushar ekan-da, so‘raganlarini berar ekan. Izvoshchi xalqi shunaqa: biri-biriga aytadi-yu shu bilan…
Sh u r a (er tepinib). Masxara qilayotirsanmi?
D o n a t. Nega? Men haq gapni aytayotirman.
Sh u r a. Sening fe’ling aynipti. Sen butun boshqa odam bo‘lib qolibsan!
D o n a t. E, bizga boshqa odam bo‘lish qayoqda? Vaqtim o‘tgan mening.
Sh u r a. Otamni maqtagan o‘zing eding.
D o n a t. Uni yomonlaganim ham yo‘q. Har kim o‘z qadricha…
Sh u r a. Hammangiz yolg‘onchisiz!
D o n a t (boshini quyi egib, qattiq nafas olib). Achchig‘ing kelmasin, achchiq bilan hech narsa uqtirolmaysan.
Sh u r a. Bor, yo‘qol! Menga qara, Glafira… Birov kelayotganga o‘xshaydi… (Eshik pardasiga berkinadi.)

A l ye k s ye y D o s t i g a ye v kiradi; olifta, bo‘qoq, shim, isves (shved) kurtkasi; hammayog‘i qayish bilan karmon.

A l ye k s ye y. Borgan sari ochilayotirsizmi, deyman, Glasha?
G l a f i r a (qovog‘i soliq). Xush yoqadigan gaplar…
A l ye k s ye y. Ammo menga xush yoqmaydi. (Glafiraning yo‘lini to‘sadi.) O‘zimniki bo‘lmasa, har qanday yaxshi narsani ham yoqtirmayman.
G l a f i r a. Yo‘l bering, yaxshi yigit…
A l ye k s ye y. Marhamat qiling. (Bir esnab olib, soatiga qaraydi.)

A n t o n i n a kiradi, bir oz keyin — T ya t i n.

Sh u r a. Sen, aftidan, oqsoch xotinlarga ham xushomad qila berasan?
A n t o n i n a. Munga baribir: baliqlarga ham xushomad qila beradi.
A l ye k s ye y. Oqsoch xotinlarning kiyimlarini yechib qo‘ysang, tannoz oyimlardan qolishadigan joyi yo‘q.
A n t o n i n a. Eshitayotirsanmi? Bu endi, qachon ko‘rsang, shunday gaplarni gapiradigan bo‘liptiki, eshitgan odam buni urush maydoniga borgan, demaydi, buzuqxonada yashagan, deydi…
Sh u r a. Bu ilgari ham shunaqa erinchoq narsa edi-ku, lekin so‘zga muncha dadil emas edi.
A l ye k s ye y. Men ishga ham dadilman.
A n t o n i n a. Voy, muning yolg‘on aytishini-ey! Bu, qo‘rqoq, juda yomon qo‘rqoq. Birorta o‘gay ona yo‘ldan urmasin, deb shunaqa qo‘rqadiki!
A l ye k s ye y. Buncha to‘qiysan! Esi past qiz!
A n t o n i n a. Undan keyin, o‘lgudek ochko‘z! Bilasanmi, xunuk gap gapirmaydigan, birorta kuningga deb unga bir so‘mu yigirma tiyin bersam, shuni oladi.
A l ye k s ye y. Tyatin! Antonina sizga yoqadimi?
T ya t i n. Ha, juda.
Sh u r a. Men-chi?
T ya t i n. Gapning rostini aytsammi..
Sh u r a. Ha, albatta, rostini!
T ya t i n. Siz uncha yoqmaysiz.
Sh u r a. Shundaymi? Rostmi?
T ya t i n. Ha.
A n t o n i n a. Ishonma! U xuddi oriyat haqida gapirganday qilib aytdi.
A l ye k s ye y. Siz, Tyatin, Antoninaga uylansangiz bo‘lar edi. U mening jonimga tekkan…
A n t o n i n a. Uning o‘chkur! Tur, yo‘qol! Bo‘g‘oz bo‘lgan kirchi xotinga o‘xshaysan.
A l ye k s ye y (uning belidan quchoqlab). Oh, qanday begoyim! Dimog‘ingizni munchalar minora aylamaygaysiz, taqsirim.
A n t o n i n a. Yo‘qol, deyman!
A l ye k s ye y. Jonim bilan. (U bilan o‘yinga tushadi.)
Sh u r a. Men, balki, sizga sira yoqmasman, Tyatin?
T ya t i n. Nega siz meni bilmakchi bo‘lasiz?
Sh u r a. Kerak. Qiziqaman.
A l ye k s ye y. Sen nega imillaysan? U o‘zi senga tegaman, deb olib ketayotir. Shu topda hamma qizlar urush qahramonlariga tegib, tul qolishni orzu qiladilar. Nega desang: payogi, shuhrati, nafaqasi bor.
A n t o n i n a. U o‘zi shu gapi bilan qoyil qildim, deb o‘ylaydi!
A l ye k s ye y. Ketdim endi. O‘z yo‘limga, Tanya, eshik oldigacha uzatib qo‘y meni.
A n t o n i n a. Xohlamayman!
A l ye k s ye y. Keraging bor menga. Jiddiy aytaman, yur!
A n t o n i n a. Bo‘lsa-mo‘lsa bir bema’ni gapdir.
Sh u r a. Tyatin, siz haqqoniy odammisiz?
T ya t i n. Yo‘q.
Sh u r a. Nega?
T ya t i n. Zararlik.
Sh u r a. Modomiki, shunday deysiz, demak, haqqoniy odam ekansiz. Xo‘sh, endi darhol javobini bering: menga uylaning, deb sizga kengash beruvchilar bo‘ldimi?
T ya t i n (papirosini cheka-cheka, tixir qilibroq). Bo‘ldi.
Sh u r a. Bu maslahatning yaramasligini o‘zingiz bilasizmi?
T ya t i n. Bilaman.
Sh u r a. Ha, siz… Kutmagan edim, lekin! Men o‘ylagan edimki, siz…
T ya t i n. “Yomon odam”, deb o‘ylagan bo‘lsangiz kerak?
Sh u r a. Yo‘q, siz… juda yaxshi ekansiz! Balki, biz ayyordirmiz, shundaydir? O‘zingizni haqqoniy ko‘rsatadigandirsiz? Mening boshimni aylantirish uchun.
T ya t i n. Bu narsa mening qo‘limdan kelmaydi. Siz — eslik, uziqora, sho‘x qizsiz; xuddi otangizga o‘xshaysiz. Gapning rosti, men sizdan qo‘rqaman ham. Yegor Vasilevichga o‘xshab sariqsiz. O‘t o‘chiruvchilarning mash’ali singari.
Sh u r a. Sizga, Tyatin, yo ofarin o‘qish kerak, yo bo‘lmasa muncha ayyorligingizga tan berish kerak…
T ya t i n. Sizning yuzingiz ham allanechuk — hech kimda ko‘rilmaydigan yuz…
Sh u r a. Yuz to‘g‘risidagi bu so‘zlar, haligi kaltak zarbasini yumshatish uchun bo‘lsa kerak. Yo‘q, siz ayyor odamsiz!
T ya t i n. Xohlaganingizni o‘ylang. Meningcha, siz, albatta, bir yomon ish qilib qo‘yasiz! Men bo‘lsam, bir xil aybdor kuchuklarga o‘xshab, oyog‘imni yuqori ko‘tarib yotishga o‘rganganman, bilsangiz…
Sh u r a. Aybdor, deysiz, ayblari nima?
T ya t i n. Bilmayman, ayblari shuki, o‘zlari kuchuk bola, undan keyin tishlari yo‘q, birovni tishlay olmaydilar.
A n t o n i n a (kirib keladi). Anovi tentak Alyosha qulog‘imni shunday yomon buradiki, xuddi o‘t chiqib ketdi, dedim. Kisovurga o‘xshab bor pulimni shilib oldi! Bu bola ichkilikka berilib rasvo bo‘ladi, bu turgan gap! U bilan siz shunaqa — hech narsaga yaramaydigan “kupets” bolalarimiz. Sen kuladigandirsan?
Sh u r a. Tonya, muni yomonlab men senga nima degan bo‘lsam, hammasini unut!
A n t o n i n a. Tyatin to‘g‘risidami? Nimalar deb eding? Esimda yo‘q mening.
Sh u r a. Uning menga uylanmakchi bo‘lib yurganini.
A n t o n i n a. Muning nimasi yomon?
Sh u r a. Pul uchun.
A n t o n i n a. Ha, durust! Bu, lekin, hayvonlikdan boshqa narsa emas, Tyatin!
Sh u r a. Essizki, sen men bergan savollarga muning qanday javoblar berganini eshitmading.
A n t o n i n a. Varumniki singari so‘zlardir. Shubertning “Varum”i esingda bormi?
T ya t i n. Rostdan Shubertnikimi?
A n t o n i n a. Varum marabu degan qushga juda o‘xshaydi, u qush juda tund narsa bo‘ladi, o‘zi… Afrikada yashaydi.
Sh u r a. Nimalarni to‘qib yotirsan?
A n t o n i n a. Mening vahimalik narsalarga borgan sari havasim ortadi. Vahimalikki bo‘ldi, zerikmaysan kishi. Qorong‘i-zimistonda o‘tirib, kattakon bir ilonning vishillab kirib kelishini kutib o‘tirishdan zavq olardim..
T ya t i n (kulib). Behishtga kirgan ilonningmi?
A n t o n i n a. Yo‘q, qo‘rqinchrog‘ining.
Sh u r a. Sen antiqa narsasan. Hammavaqt yangi-yangi narsalarni topib gapirasan. Boshqalar bo‘lsa hadeb bir narsani qaytara berishadi. Urush, Rasputin, oq podshoning xotini, nemislar, urush, inqilob…
A n t o n i n a. Sen yo aktrisa bo‘lasan, yo so‘fiy xotin.
Sh u r a. So‘fiy xotin? Behuda narsa!
A n t o n i n a. So‘fiy xotin bo‘lish juda qiyin, doim bir rolni o‘ynash kerak bo‘ladi.
Sh u r a. Men Zolyaning Nanasi singari satang bo‘lsam, deyman.
T ya t i n. Hali sizdan chiqadigan gap shumi? Bo‘lgan ekan!
Sh u r a. Men odamlarni yo‘ldan ursam, suzsam, o‘ch olsam, deyman.
T ya t i n. Nima uchun?
Sh u r a. Men sariq tug‘ilib qolganim uchun, otam kasal bo‘lgani uchun… Hammasi uchun! Inqilob boshlangandan keyin men qanot yoyaman! Ko‘rasan!
A n t o n i n a. Inqilob bo‘lishiga ishonasanmi sen?
Sh u r a. Ha! Ha!
T ya t i n. Inqilob bo‘ladi!
G l a f i r a. Shura, Melaniya, ana, keldilar. Yegor Vasilevich uni shu yerda qabul qilmoqchi.
Sh u r a. Voy, xolam kelipti. Qochingiz, bolalar, mening yonimga! Tyatin, siz akangizni juda yaxshi ko‘rasizmi?
T ya t i n. U mening o‘gay akam.
Sh u r a. Bu javob emas.
T ya t i n. Umuman, hamma qarindoshlar ham bir-birlarini uncha yaxshi ko‘rmasalar kerak.
Sh u r a. Siz juda g‘alati odamsiz, Tyatin!
T ya t i n. Qandoq qilay?
Sh u r a. Kiyim kiyishlaringiz ham g‘alati.

Chiqadilar. G l a f i r a parda ketida ko‘rinmay turgan eshikni ochadi. Yoshlar chiqqan eshikda B u l i ch o v ko‘rinadi. So‘fiy xotinlar boshlig‘i M ye l a n i ya, qo‘lida hassasi, asta-sekin va sipolarcha qadam qo‘yib kirib keladi. G l a f i r a boshini quyi egib, pardani ushlagan holda turadi.

M ye l a n i ya. Sen, hali ham shu yerda surkanib yuribsanmi? Seni haydab yubormadilarmi? Xayr, yaqinda haydaydilar.
B u l i ch o v. Unda sen meni so‘fiylikka olgin, puli bor.
M ye l a n i ya. Ha, sen shu yerdamisan? Voy, Yegor, odamlik tusing qolmapti sening! Yo parvardigor-a!
B u l i ch o v. Glaxa, eshikni yop, undan keyin bu yerga hech kimni kirgizma. O‘tir… eshonoyim! Qanday ishlar xususida gaplashamiz?
M ye l a n i ya. Doktorlaring foyda bermadimi? Ha! Ko‘rasanmi, xudovandi karim kun chidaydi, oy chidaydi, yil chidaydi…
B u l i ch o v. Xudovandi karim to‘g‘risida — keyin, kel, ilgari ish to‘g‘risida gaplashaylik. Men bilaman: puling to‘g‘risida gaplashgali kelgansan.
M ye l a n i ya. Pul meniki emas, monastirniki.
B u l i ch o v. Baribir emasmi: monastirniki, ya’ni xonaqoniki, xonaqoniki — talaganniki. Nega pulning tashvishini qilasan? Men o‘lsam, kuyib ketadi, deb qo‘rqasanmi?
M ye l a n i ya. Ular kuyib ketmaydi-ku-ya, birovlarning qo‘liga tushmasin, deyman.
B u l i ch o v. Bo‘lmasa, ishlab turgan joyidan tortib olaman, deysanmi. Menga baribir, olaver. Lekin, bilib qo‘y: boy berasan! So‘m degan narsa shu tarzda sollotning bitiday biri ming bo‘layotir. Men bo‘lsam, unaqa o‘ladigan kasal emasman…
M ye l a n i ya. O‘limning vaqti-soati bandasiga ma’lum emas. Din amriga muvofiq vasiyatingni yozdingmi?
B u l i ch o v. Yo‘q!
M ye l a n i ya. Vaqti keldi. Yozish kerak! Birdan xudovandi karim chaqirib qolsa…
B u l i ch o v. Nima keragim bor unga?
M ye l a n i ya. “Astag‘furullo”, de! Unaqa kufur xatoni eshitgani tobim yo‘q, undan keyin mening mana bu ruhoniylik rutbam ham ko‘tarmaydi…
B u l i ch o v.E, bas qil munaqa gaplarni, Melaniya! Biz bir-birimizni ko‘rib bilamiz, sinab ham bilamiz. Pul kerak bo‘lsa, olaver, Bulichovda pul deganing ko‘p!
M ye l a n i ya. Dastmoya solib ishlab turgan pulni olmoqchi emasman, ammo veksellarni Aksinya nomiga yozdirib qo‘ymoqchiman. Mana shu seni ogohlantirganim bo‘ladi.
B u l i ch o v. Shunday, degin. Hay, mayli: bu ish — sening ishing! Ammo-lekin, men o‘lganimdan keyin Zvontsov Aksinyani tushiradi. Varvara bu to‘g‘rida Zvontsovga yordam beradi…
M ye l a n i ya. Ha, tiling boshqacha aylanib qoldimi?
B u l i ch o v. Mening boshqa narsaga jahlim chiqadi. Qani, kel, endi xudo to‘g‘risida, ruh to‘g‘risida gaplashaylik.

Yigitlik, yoshlik chog‘imda ko‘p jurmu xato bo‘ldi,
Qarilik vazmini cho‘kkach, kerakdir tavbalar qilmoq.

M ye l a n i ya. Xo‘sh, qani… gapir!
B u l i ch o v. Mana sen kecha-kunduz xudoning qulligini qilasan, chunonchi, masalan, Glafira mening qulligimni qilganday.
M ye l a n i ya. Kufurga ketma! Esingni yedingmi? Glafira kechalari senga qanaqa qullik qiladi?
B u l i ch o v. Aytib beraymi?
M ye l a n i ya. Kufurga ketma, deyman! Esing kirsin!
B u l i ch o v. O‘shqirma! Men sodda qilib gapirayotirman: sertakalluf duolar tili bilan emas, odamzod tili bilan. Sen Glafiraga: “Yaqinda seni haydaydilar”, deding. Demak, tezda o‘lib ketishimga ishonar ekansan-da? Bu nega kerak? Ana, Vovka Dostigayev, mendan to‘qqiz yosh katta, muttahamlikda meni qochiradi, ammo o‘zi soppa-sog‘, hali ko‘p umr ko‘radi. Xotini bo‘lsa — uchchiga chiqqanlardan! Albatta, men gunohkor bir bandaman, odamlarga ozor berganman, ishqilib… Har to‘g‘rida… gunohkorman. Unday desak, ozor bermagan kim bor? Boshqa iloji ham yo‘q, dunyo shu o‘zi.
M ye l a n i ya. Sen mening oldimda, odam bolalari oldida tavba qilmasdan, xudoning oldida tavba qil. Bandasi kechirolmaydi, xudo bo‘lsa — yorlaqovchi. O‘zing bilasan: burun zamonlarda o‘g‘rilar gunohni qilib-qilib xudoga bir tavba-tazarru qilishar ekan-da, shu bilan gunohlaridan poklanishib ketar ekan!
B u l i ch o v. Ha, albatta, o‘g‘irlab-o‘g‘irlab o‘sha o‘g‘irlik pul bilan ibodatxonaga sham yoqib qo‘ysang — sendan yaxshi kim bo‘ladi?
M ye l a n i ya. Yego-or! Yomon ayniding, quloq solmayman! Sen esi yo‘q odam emassan, tushunishing kerakki, xudoning izni bo‘lmasa, shayton yo‘ldan urolmaydi.
B u l i ch o v. Ha, barakalla, rahmat, rahmat!
M ye l a n i ya. Bu nima tag‘in?
B u l i ch o v. Tinchitib qo‘yding. Mundan chiqadiki, shayton odamlarni yo‘ldan uraman, desa, xudo bemalol yo‘l qo‘yar ekan, demak, haligi gunoh ishlarda shayton bilan menga sherik ekan-da?..
M ye l a n i ya (o‘rnidan turib). Bu gaplaring… Sening bu gaplaring shunday gaplarki, ruhoniy ulug‘imiz Nikandrga yetguday bo‘lsa…
B u l i ch o v. Mening xatom qayda?
M ye l a n i ya. Zindiqsan sen! O‘zing o‘yla: Aynigan miyangga nimalar kelib ketmayapti? O‘zing tushunasan-ku: shaytonning seni yo‘ldan ozdirishiga xudo izn bergan bo‘lsa, demakki, u sendan yuz o‘giripti.
B u l i ch o v. Yuz o‘giripti? Nima uchun? Pulni yaxshi ko‘rganim uchun, xotinlarni yaxshi ko‘rganim uchun, sening esi past singlingga — puliga qiziqib uylanganim uchun, sen bilan o‘ynashib yurganim uchun — mana shular uchun yuz o‘girdimi? E, sen o‘zing bir go‘ng qarg‘aga o‘xshaysan, hadeb g‘ag‘illaysan, ma’ni degan narsa yo‘q!
M ye l a n i ya (o‘zini yo‘qotar darajada). Senga nima bo‘ldi, Yegor? Jinni-minni bo‘ldingmi? Yo Olloh…
B u l i ch o v. Jom ostida kechasi-yu kunduzi ibodat qilasan. Kimga ibodat qilganingni o‘zing bilmaysan.
M ye l a n i ya. Yegor! Halokatga uchrayotirsan! Do‘zax qa’riga… Shunday nozik zamonda… Dunyo buzilayotir, qancha podsholardan qolgan taxtni yomonlar tebratib yotir. Dajjoli la’in zamoni… Ehtimol, qiyomat-qoyim yaqindir…
B u l i ch o v. Esingga tushdi hammasi! Oxir zamona… Qiyomat-qoyim… Hammasi! Eh, qarg‘a! Allaqaydan uchib kelib, toza g‘ag‘illading! Bor endi, o‘z chiltonxonangga borib, o‘sha so‘fiy qizlaring, taqvodor kampirlaring bilan o‘pishib yot! Pul o‘rniga mendan mana buni olasan, ma! (“Kukish” ko‘rsatadi).
M ye l a n i ya (hayron, kresloga xuddi yiqilganday bo‘lib o‘tiradi). Voy, muttaham — o‘g‘ri!..
B u l i ch o v. Glafira — zoniyami? Sen o‘zing-chi? O‘zing nimasan?
M ye l a n i ya. Yolg‘on… yolg‘on… (O‘rnidan irg‘ib turib ketadi.) Muttaham! Yaqinda juvonmarg bo‘lasan! Hashorat!
B u l i ch o v. Yo‘qol! Yo‘qol shu yerdan! Bekorga…
M ye l a n i ya. Ilon… iblis…
B u l i ch o v (o‘zi yolg‘iz, baqiradi, o‘ng biqinini silaydi, qichqiradi). Glafira! Hoy!
K s ye n i ya. Nima deysan? Melaniya qani?
B u l i ch o v. Uchib ketdi!
K s ye n i ya. Obbo, yana urishdingizmi?
B u l i ch o v. Sen qachongacha o‘tirasan shu yerda?
K s ye n i ya. Bir og‘iz gapimga quloq sol, axir, Yegor! Men bilan hali ham sira gaplashmay qo‘yding, joni yo‘q maymunmanmi men! Bu qanday muomila, axir?
B u l i ch o v. Bo‘l, bo‘l, gapingni gapir!
K s ye n i ya. Nima balolar boshlandi biznikida? Yo qiyomat-qoyim bo‘ldimi? Kuyovimiz yuqorida o‘z uyida ishratxona ochipti, ertadan-kechgacha odamlar yig‘ilib majlis qilishar ekan. Kecha yetti shisha qizildan ichiptilar, yana qancha araq… Darvozabonimiz Izmoil kelib “dod” dedi: mirshablar kelaverib joniga tegipti, hadeb biznikiga kimlar kelganini so‘rarmish. Ular bo‘lsa u yerda hadeb oq podsho to‘g‘risida, vaziru vuzarolar to‘g‘risida gapirisharmish. Har kun shu ishrat, deydi. Nega boshingni quyi solib olding?
B u l i ch o v. Bo‘l, bo‘l, gapingni tugat! Yoshligimda men ham shunaqa cholg‘u bilan ishrat qilishni yaxshi ko‘rardim.
K s ye n i ya. Malasha nega kelgan ekan?
B u l i ch o v. Sen, Aksinya yolg‘onni eplayolmaysan! Munga ahmoqlik qilib qolasan.
K s ye n i ya. Qachon men yolg‘on aytibman, qayerda?
B u l i ch o v. Shu yerda. Melaniya sen bilan gapni bir joyga qo‘yib, pul to‘g‘risida gaplashgali kelgan.
K s ye n i ya. Men qachon u bilan gapni bir joyga qo‘yibman; shu ham gapmi?
B u l i ch o v. Ha, bo‘pti. Og‘zingni yum…

D o s t i g a ye v, Z v o n ts o v va P a v l i n lar jonlangan bir holda keladilar.

D o s t i g a ye v. Yegor, gapga quloq sol: Pavlin domla Maskovdan g‘alati gaplar topib kelipti…
K s ye n i ya. Sen yotib orom olsang bo‘lardi, Yegor!
B u l i ch o v. Xo‘p, qulog‘im… domlada!
P a v l i n. Gapiradigan yaxshi gapim juda oz, undan keyin, mening fikrimcha, shu zamonning yaxshi narsasi ham — yomon, charoki urushdan burungi maishat endi bir xayol bo‘lib qoldi…
D o s t i g a ye v. Yo‘q, men munga noroziman! Yo‘-o‘q!
Zvontsov qaynonasi bilan pichirlashadi.

K s ye n i ya. Yig‘layaptimi?
D o s t i g a ye v. Kim yig‘laydi?
K s ye n i ya. So‘fiy kampirimiz.
D o s t i g a ye v. Nima bo‘lipti unga?
B u l i ch o v. Qani, chiqib xabar olinglar-chi, nimadan qo‘rqdi ekan? Qani, domla, o‘tiring. Gapni eshitaylik.
D o s t i g a ye v. Qiziq, bu Melaniya nimasini qizg‘onib yig‘lar ekan?
P a v l i n. Maskovda katta hayajon bor. Hatto aqli hushi jihatidan solih sanalgan odamlar ham — “Oq podsho mamlakat idorasini eplolmayapti, uni tushirish kerak!” deydilar.
B u l i ch o v. Yigirma yildan beri eplab kelgan edi.
P a v l i n. Umrning o‘tishi bilan odamning quvvati kamayadi.
B u l i ch o v. O‘n uchinchi yilda Romanovlar xonadoni uch yuz yillik bayramini o‘tkazgan vaqtda, Nikolayning o‘zi kelib, mening qo‘limni siqqan edi. Hamma xalq, butun Kostroma xursandlik qilgan edi.
P a v l i n. Bu rost. Chinakam, xalq xursandlik qilgan edi.
B u l i ch o v. Endi nima bo‘lipti? Mana, Dumamiz ham bor… Yo‘q, gap podshoda emas… Gap tub negizda…
P a v l i n. O‘sha tub negiz — podsho idorasida.
B u l i ch o v. Hamma narsa bir kuchga… o‘z kuchiga tayanib turadi… Xo‘sh, qani endi o‘sha kuch? Urush maydonida biz uni ko‘rmadik…
P a v l i n. Duma kuchlarning to‘zishiga sabab bo‘ldi.
E l i z a v ye t a (ostonada turib). Domla, taqsir, siz va’z-nasihat bilan mashg‘ulmisiz?
P a v l i n. Xo‘sh, nima gapinglar bor edi?
E l i z a v ye t a. Mening erim qani?
P a v l i n. Shu yerda edi!
E l i z a v ye t a. Bukun muncha zaptiga olibsiz, domla taqsir? (Ko‘zdan yo‘q bo‘ladi.)
B u l i ch o v. Taqsir…
P a v l i n. Nima deysiz?
B u l i ch o v. Biz hammani “ota” deymiz. Bizda: xudo — ota, oq podsho — ota, siz — ota, men — ota. Ammo-lekin, kuchimiz yo‘q. Hammamiz o‘lim uchun yashaymiz. Men o‘zimni aytayotganim yo‘q, men urush to‘g‘risida, u ulgurji o‘lim to‘g‘risida gapirayotirman. Xuddi ot o‘yinidagi singari, katakda yotgan yirtqich arslonni odamlar ustiga qo‘yib yuborganlar.
P a v l i n. Siz tinchlaning, Yegor Vasilevich…
B u l i ch o v. Nechik? Kim meni tinchitadi? Nima bilan? Xo‘p, tinchiting meni siz… domla! Tinchitadigan kuchni ko‘rsating!
P a v l i n. Kitobi muqaddasni o‘qing, chunonchi, masalan, Iso Navinning Tavrotini xotirlash yaxshi bo‘ladi… Urush — kitobda bor…
B u l i ch o v. Gapirma! Qanday kitob u? Kitob emas, afsona. Oftobni to‘xtatib bo‘lmaydi. Yolg‘on!
P a v l i n. Norozi bo‘lish, nolish — zo‘r gunoh. O‘zimizning gunohlar bilan to‘lib-toshgan bu hayotimiz uchun yuborilgan ilohiy jazoni muloyim bir ko‘ngil bilan bo‘yin egib qarshi olishimiz kerak.
B u l i ch o v. Oqsoqolimiz Aleksey Gubin sizga ozor yetkizganda siz o‘zingiz bo‘yningizni egib berdingizmi? Siz uni sudga berib, Zvontsovni zakonchilikka yollamadingizmi? Sizni bosh ruhoniy yoqlab chiqmadimi? Xo‘sh, qani: mana bu dardim ustidan kimga ariza beraman? Vaqtidan burun o‘lib ketishim to‘g‘risida kimga “dod” deyman? Siz o‘zingiz indamasdan o‘lib ketasizmi? Muloyim ko‘ngil bilan? Yo‘q, bir o‘kirasiz, bir “dod-voy” qilasizki!
P a v l i n. Mening ruhoniy mansabim menga munaqa gaplarni eshitishga yo‘l qo‘ymaydi. Charoki, bular shunday so‘zlarki…
B u l i ch o v. Qo‘ying, taqsir! Siz ham odamsiz. Bu rido — bir parda, xolos, u bo‘lmasa siz menga o‘xshagan oddiy bir odamsiz. Doktor bo‘lsa, yuraging yomon, yog‘ bosgan, deydi…
P a v l i n. Bunday gaplardan nima chiqadi? O‘zingiz o‘ylang-u vahm qiling! Necha ming yillardan beri qaror topib qolganki…
B u l i ch o v. Qaror topipti-yu, lekin mustahkam bo‘lmapti.
P a v l i n. Lev Tolstoy zindiq odam edi, beimonligi vajidan dindan mardud bo‘layozgan edi; ammo o‘limdan, xuddi darranda singari, o‘rmonlarga qochdi.
K s ye n i ya. Yegor Vasilevich, Mokey kelipti. Yakovni kechasi jandarmalar qamoqqa olib ketishipti, shunga so‘raydiki…
B u l i ch o v. Xo‘p, qulluq sizga, domla Pavlin… nasihatlaringiz uchun! Sizga yana… zahmat berarman! Bashkinni chaqir, Aksinya! Glafiraga ayt: shirbirinchini olib kelsin. Anavi dorini ham.
K s ye n i ya. Araq senga yoqmaydi…
B u l i ch o v. Hamma narsa yoqadi! Bor! (Kulimsirab, u yoq-bu yoqqa qaraydi, g‘uduranadi.) Domla Pavlin… lain… Sen, Yegor, papiros cheksang bo‘lardi. Tutun bo‘lsa yaxshi, ko‘p narsani berkitadi… Xo‘sh, Mokey, nima gap?
B a sh k i n. Qalaysiz. Yegor Vasilevich?
B u l i ch o v. Tuzalib kelayotirman. Yakovni qamoqqa oldilarmi?
B a sh k i n. Ha, bugun kechasi. Yomon bo‘ldi!
B u l i ch o v. O‘shaning o‘zinimi?
B a sh k i n. Aytishlaridan allaqaysi bir soatsozni, undan keyin qizingiz Aleksandrani o‘qitgan Kalmikova degan muallimani, mashhur to‘polonchilardan kochegar Yerixovni. O‘ntacha bor emish.
B u l i ch o v. Hammasi o‘sha: “Oq podsho yo‘q bo‘lsin!” deganlardanmikin?
B a sh k i n. Ular bu to‘g‘rida… har xilga bo‘linarmish: ba’zilari: “Oq podsho yo‘q bo‘lsin!” dermish, ba’zilari bo‘lsa — “Hamma boylar ham yo‘q bo‘lsin, yurtni ishchilar o‘zi so‘rasin”, deydimish…
B u l i ch o v. Behuda gap!
B a sh k i n. Albatta.
B u l i ch o v. Butun mamlakatni ichib bitiradilar.
B a sh k i n. Boshqa nima bo‘lardi!
B u l i ch o v. Ha… Bordi-yu ichib bitirishmadimi?
B a sh k i n. Ular, axir, xo‘jayinsiz nima qila olardilar?
B u l i ch o v. Rost. Sen bo‘lmasang, Vasiliy Dostigayev bo‘lmasa, yashab bo‘ladimi?..
B a sh k i n. Siz o‘zingiz ham xo‘jayinsiz-ku…
B u l i ch o v. Bo‘lmasam-chi? Men ham. Nima deb ashula aytar emish?
B a sh k i n. “Eski dunyolarni tashlaymiz biz…”
B u l i ch o v. Xo‘sh?
B a sh k i n. “Changini qo‘ymayin artamiz…”
B u l i ch o v. So‘zlari ibodatga o‘xshaydi.
B a sh k i n. Ibodatga o‘xshash qayoqda? “Podshoni… o‘rdani yomon ko‘ramiz” emish…
B u l i ch o v. Shundaymi! Xoh-ho… A, shaytonlar-ey!.. (O‘ylanib.) Xo‘sh, sen nima deysan?

G l a f i r a shirbirinch bilan araq keltiradi.

B a sh k i n. Menmi? Hech nima?
B u l i ch o v. Nega kirding bo‘lmasa?
B a sh k i n. Yakovning o‘rniga kimni qo‘yamiz? Shuni so‘ramoqchi edim.
B u l i ch o v. Potapovni, Sergeyni.
B a sh k i n. U ham shu yo‘ldagi odamlardan: na xudoga unaydi, na podshoga…
B u l i ch o v. U ham-a?
B a sh k i n. Ruxsat bersangiz: Mokrousovni qo‘ysak. Biznikiga kirishga juda talabgor. O‘zi savodlik, abjir odam.
G l a f i r a. Osh soviydi.
B u l i ch o v. Mirshabni aytasanmi? Anavi o‘g‘rini-ya? Xo‘sh, u nima deydi?
B a sh k i n. Shu tobda mirshab bo‘lib xizmat qilish xavflik, ko‘plar chiqishib ketayotir.
B u l i ch o v. Xo‘p. Xavflik emishmi? Eh, quyonlar… Yaxshi, Potapovni yubor. Ertaga erta bilan… Bor Glaxa, karnaychi keldimi?
Glafira, ovqatni yeb bo‘lganimdan keyin olib kir uni. Nima balo: uy jimjit bo‘lib qoldi?
G l a f i r a. Hamma yuqorida.
B u l i ch o v. Ha, bo‘pti. Xo‘sh… Nega qovog‘ing soliq?
G l a f i r a. Ichma, o‘zingga-o‘zing qilma, kasalingni orttirma, axir! Tashla bularni, ket bu yerdan. Bular, zuluk singari so‘rib qo‘yishadi seni… Tiriklay so‘rib qo‘yishadi! Ketaylik… Sibirga…
B u l i ch o v. Qo‘yvor, og‘rib ketdi…
G l a f i r a. Sibirga ketaylik, men ishlayman… Xo‘sh, nima qilasan sen bu yerda, nima keraging bor? Hech kim seni sevmaydi, hamma o‘lishingni kutadi…
B u l i ch o v. Bas qil, Glaxa… Ko‘nglimni buzma. Men hammasini ko‘rib bilib turaman! Sening menga qancha jonkuyar ekaningni ham bilaman… Senu Shurka, bor-yo‘g‘i ikkovingni orttirdim, xolos… Boshqalar meni boshidan oshirib tashlagan… Balki, hali tuzalib ketarman… Karnaychini chaqir-chi, qani…
G l a f i r a. Ovqatni yesang-chi.
B u l i ch o v. Olib bor ovqatingni, ovqating qursin! Shurkani chaqir. (O‘zi yolg‘iz qolgach, qadahni birin-ketin ko‘taradi.)

K a r n a y ch i kiradi. U — arvoh, ayanch va kulgi bir odam; yelkasida qayish bilan osilgan qop, ichida karnayi.

K a r n a y ch i. Sizga baland darajalikda salomatlik tilayman.
B u l i ch o v (hayron). Muni qarang! O‘tir. Glaxa, eshikni berkit. Ha, karnaychi sen ekansan-da…
K a r n a y ch i. Shunday.
B u l i ch o v. E-e, xashaki bir odam! Qani, gapir: qanaqa qilib davolaysan?
K a r n a y ch i. Mening davolash yo‘lim sodda, ey baland darajalik; lekin odamlar aptik dorisi bilan davolanishga o‘rganib qolganlaridan menga ishonmaydilar, shu uchun pulni oldin berib qo‘yishingizni so‘rayman.
B u l i ch o v. Mana bu usulni yaxshi topibsan, lekin! Faqat shunisi bor: tuzata olasanmi, yo‘qmi?
K a r n a y ch i. Yuzlarcha odamni tuzatdim.
B u l i ch o v. Ammo boy bo‘lolmapsan.
K a r n a y ch i. Halol ish qilib boy bo‘lish mumkin emas.
B u l i ch o v. Xoh-ho, shunaqamisan sen hali? Qanday kasallarni davolaysan?
K a r n a y ch i. Hamma dardlar odamning qornida yomon havo to‘planib qolganidan paydo bo‘ladi, shu sababdan men har qanday kasalni davolayman…
B u l i ch o v (kulib). Barakalla, botir! Qani, karnayingni ko‘rsat-chi…
K a r n a y ch i. Bir so‘m bera olasizmi?
B u l i ch o v. Bir so‘m. Bo‘ladi. Glaxa, senda bormi? Ana, ol. Arzon ekan.
K a r n a y ch i. Bu hali boshlang‘ichi. (Xaltani ochib, yo‘g‘on ovozli karnayni oladi.)

Sh u r a yugurib kiradi.

B u l i ch o v. Katta bir samovar-a… Shurajon, qalay bu em-chi? Qani, pufla-chi!

K a r n a y ch i yo‘taladi, ko‘p ham qattiq puflamasdan chaladi, yana yo‘taladi.

B u l i ch o v. Shu xolosmi?
K a r n a y ch i. Har kuni to‘rt marta besh minutdan puflasangiz — bas!
B u l i ch o v. Ovozi bo‘g‘ilib o‘ladi-qoladi, degin?
K a r n a y ch i. Aslo! Yuzlarcha odamni tuzatganman!
B u l i ch o v. Xo‘p. Xo‘sh, endi rostini ayt-chi: sen o‘zing nimasan — devonami — odam aldovchimi?
K a r n a y ch i (uh tortib). Mana, xolos: siz ham boshqalarga o‘xshab ishonmaysiz.
B u l i ch o v (kulimsirab). Karnayingni yig‘ishtirib tur hali! Rostini ayt: devonamisan, aldamchimisan? Pul beraman!
Sh u r a. Ota, bechorani xafa qilmang!
B u l i ch o v. Xafa qilayotganim yo‘q, Shurajon! Oting nima, eshoni hakim?
K a r n a y ch i. Isrofil Uvekov1 …
B u l i ch o v. Isrofil? (Kuladi.) Obbo… xudo urdi… Chinakam Isrofilmi?
K a r n a y ch i. To‘g‘ri bir ot… Hech kuladigan joyi yo‘q!
B u l i ch o v. Xo‘sh, sen kim bo‘lding endi: tentakmi yo yolg‘onchimi?
K a r n a y ch i. O‘n olti so‘m berasizmi?
B u l i ch o v. Glaxa, olib kel! Narigi uyda… Nega o‘n olti so‘m, deysan, Isrofil?
K a r n a y ch i. Adashibman! Ko‘prak so‘rasam bo‘lardi.
B u l i ch o v. Demak, tentak ekansan-da?
K a r n a y ch i. Yo‘q-e, men telba emasman…
B u l i ch o v. Unday bo‘lsa, odam aldovchi ekansan-da?
K a r n a y ch i. Odam aldovchi ham emasman… O‘zingiz bilasiz, aldamasang kun ko‘rolmaysan kishi.
B u l i ch o v. Mana bu gaping rost! Bu — yaxshi emas-ku, lekin haq gap!
Sh u r a. Aldash ayb emasmi?
K a r n a y ch i. Hamma ishongandan keyin nega ayb bo‘lsin?
B u l i ch o v (ruhlanib). Bu ham rost! Angladingmi, Shura? Bu haq gap! Pavlin domla bu gapni aytmaydi! U aytolmaydi!
K a r n a y ch i. Haq gapni aytganim uchun oshirib berishingiz kerak. Men sizga qarg‘anib aytamanki, bu karnayning ba’zilarga foydasi tegadi.
B u l i ch o v. Yo‘q, qulluq! Eh, Isrofil, Isrofil! (Kuladi.) Hoy… Menga qara… bir ko‘rsat, qani, muningni. Qani, pufla! Qattiqroq, deyman!

K a r n a y ch i zo‘r berib, dunyoni buzib chaladi.

G l a f i r a B u l i ch o v ga tashvish bilan qaraydi. Sh u r a qulog‘ini berkitib kulib turadi.

B u l i ch o v. Ha, pufla, joning boricha!

Er-xotin D o s t i g a ye v, Z v o n ts o v lar, B a sh k i n, K s ye n i ya yugurib kirishadi.

V a r v a r a. Nima bo‘ldi sizga, otajon?
K s ye n i ya. Yegor, bu nima qilganing tag‘in?
Z v o n ts o v (karnaychiga). Nima balo: mastmisan?
B u l i ch o v. Tegma unga! Tega ko‘rma! Bostirib yubor, Isrofil, bularning ovozini! Bu — Isrofil alayhissalom bo‘ladi, qiyomat surini chalayotir! Zamona oxir bo‘ldi!..
K s ye n i ya. Voy, o‘la qolay, jinni bo‘lib qolipti…
B a sh k i n (Z v o n ts o v ga). Ko‘rdingizmi endi?
Sh u r a. Ota, bularning gapini eshitsang-chi! Seni jinniga chiqarib o‘tirishipti! Chiqib keting, hoy, karnaychi, chiqib keting!
B u l i ch o v. Yo‘q, ketma! Hamma ovozlarni bostir, Isrofil! Qiyomat-qoyim! Dunyo — tamom… Chal karnayingni…

P a r d a.

UChINChI PARDA

Ovqat uyi. Hamma narsa o‘rnidan jilganday. Stol ustida yig‘ishtirilmagan idish-tovoq, samovar, magazindan kelgan narsalarning xaltachalari, shishalar. Burchakda chemodanlar, ularning birini monastir xodimalaridan T a i s ya degan qiz yig‘ishtirib turadi; u uchlik kuloh kiygan. Uning yonida, qo‘lida padnosi bilan, G l a f i r a turadi. Stol ustida chiroq yonib turadi.

G l a f i r a. Melaniya onamiz ko‘p turarmikin bu uyda?
T a i s ya. Men bilmayman.
G l a f i r a. Nega o‘z qo‘shxonalariga tushmapti?
T a i s ya. Bilmayman.
G l a f i r a. Yoshing nechada?
T a i s ya. O‘n to‘qqizda.

Zinada Z v o n ts o v ko‘rinadi.

G l a f i r a. Hech narsa bilmas ekansan! Nima balo, Dashti sahrodan kelganmisan?
T a i s ya. Bizni dunyo odamlari bilan gaplashgali qo‘ymaydilar.
Z v o n ts o v. So‘fiy ona choy ichdimi?
G l a f i r a. Yo‘q.
Z v o n ts o v. Samovarni olib chiqib, yana qo‘y bo‘lmasa, balki choy kerak bo‘lar.

G l a f i r a samovarni olib chiqadi.

Nima qildi sizga u yerda: sollotlar qo‘rqitdimi?
T a i s ya. Ha, sollotlar qo‘rqitdi.
Z v o n ts o v. Qanaqa qilib qo‘rqitdi?
T a i s ya. Sigirimizni so‘yib yeyishdi, monastirga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Kechiringiz. (Bir to‘da yuvilgan kirni olib chiqadi.)
V a r v a r a (dahlizdan). Voy, bu loygarchilik-ey! Ha, sen bu yerda so‘fiy qiz bilan gurunglashib o‘tiribsanmi?
Z v o n ts o v. So‘fiy onaning biznikiga kelib qolishi yaxshi emas, bilasanmi?
V a r v a r a. Bu uy hali bizniki bo‘lganicha yo‘q… Xo‘sh, Tyatin unadimi?
Z v o n ts o v. Tyatin degan narsa yo eshak, yo bo‘lmasa o‘zini nomusli ko‘rsatmakchi bo‘ladi.
V a r v a r a. Shoshma, ota yana qichqirib yotganga o‘xshaydi… (Eshik oldiga borib, narigi uyga quloq beradi.)
Z v o n ts o v. Doktorlar aqli joyida, deb aytishsa ham, haligi karnaychi bilan bo‘lgan jinnilikdan keyin…
V a r v a r a. E, u undan ham g‘alati jinniliklarni ko‘p qilgan. Shura bilan Tyatin ikkalasi bir-biri bilan qalinlashganga o‘xshaydimi?
Z v o n ts o v. Ha, lekin, meningcha, mundan hech qanday xayriyat chiqmaydi. Sening u singling shayton narsa, undan… ancha xunuk ishlarni kutish mumkin.
V a r v a r a. Afsuski, u senga qosh-ko‘zini suzib gapirgan vaqtlarda buni o‘ylamagan eding. Unday desam, u narsalar senga xush yoqardi-da!
Z v o n ts o v. U menga qosh-ko‘zini suzgan bo‘lsa, sening g‘ashingni keltirmak uchun qilgan.
V a r v a r a. Shunga xafamisan? Hoy, Pavlin kelayotir. Topib oldi toza!
Z v o n ts o v. Ruhoniy toifasi o‘zi achib ketdi bizda.

O‘zaro gap talashib, Ye l i z a v ye t a bilan P a v l i n, so‘ngroq M o k ye y kirishadi.

P a v l i n. Gazetlar shunaqa. Aksari yolg‘on yozishadi! Tun oydin!
E l i z a v ye t a. Men sizga deymanki, bu bekor gap!
P a v l i n. G‘oyat ravshan ma’lum bo‘lganki, oq podsho o‘z ixtiyori bilan taxtdan kechgan emas, balki Petrogradga keta turib yo‘lda kadet partiyasining a’zolari qo‘liga tushganda zo‘rlik bilan bu ishga majbur qilingan… Shunday!
Z v o n ts o v. Bundan nima chiqadi endi?
E l i z a v ye t a. Pavlin domla inqilobga qarshi-yu, urushga tarafdor, men bo‘lsam — urushga qarshiman! Men Parijni sog‘inganman… Bas, endi urush! Sen ham qo‘shilasan-a, Varya? Hanri Katrning mana bu so‘zi esingdami: “Urushdan Parij yaxshi”. Bilaman: u xuddi shunday deb aytmaganku-ya, faqat u xato qilgan.
P a v l i n. Men hech narsa ustida qattiq turib oladigan kishi emasman, charoki hech narsa ustuvor emas.
V a r v a r a. Yarashuv kerak, domla Pavlin, yarashuv! Bu qora xalqning avzoyini ko‘rayotirsizmi?
P a v l i n. Evoh, ko‘rayotirsan! Xo‘sh, bemorimiz qalay? Bu jihatdan ahvol qanday? (Qansharini barmog‘i bilan bosadi.)
Z v o n ts o v. Doktorlar unda miya aynish alomatini topmaganlar.
P a v l i n. Munisi yaxshi! Faqat bu doktorlarning adashmay topadigan birgina narsasi bor, u ham bo‘lsa: o‘zlari oladigan haq.
E l i z a v ye t a. Muncha zahar tilingiz! Varya, Janna bizni kechki ovqatga taklif qilayotir.
B a sh k i n. Qamoqdagilarni qo‘yib yuborishipti, mirshablar bo‘lsa baloga qoldi.
P a v l i n. Ha, ha… Ajoyib zamon! Xo‘sh, Andrey Petrovich, butun bu hodisalardan siz qanday xayriyat kutasiz?
Z v o n ts o v. Ijtimoiy quvvatlar qonuniy yo‘l bilan tashkil topadilar va tez fursatda o‘z so‘zlarini aytadilar. Mening ijtimoiy quvvatlar demakdan maqsadim shunday odamlarki, ular ijtimoiy jihatdan mahkam negizga ega…
V a r v a r a. Menga qara, Janna bizni taklif qilayotir… (Erini bir chekkaga olib chiqib, shivirlab gapira boshlaydi.)
Z v o n ts o v. Bilasanmi, bu narsa meni ancha o‘ng‘aysiz holga tushirib qo‘ydi! Bir tomon — so‘fiy xotin bo‘lsa, yana bir tomon — bir satang…
V a r v a r a. Sekin gapirsang-chi!
B a sh k i n. Andrey Petrovich! Mokrousov kelipti, bilarsiz: pristavning muovini bor-ku?
Z v o n ts o v. Ha, nima deydi?
B a sh k i n. Mana bu zamondan xavf olib, xizmatidan chiqayotir; bizning o‘rmonga — daraxt kesishga kirsam, deydi.
Z v o n ts o v. Qanday bo‘lar ekan?
V a r v a r a. Shoshmay tur, Andrey…
B a sh k i n. Qanday bo‘lardi: juda yaxshi bo‘ladi. Endi Laptev dumini qimtib ishdan bo‘yin tovlaydi. Donat bo‘lsa, o‘zingiz bilasiz, qobil odam emas, boz ustiga, u haqiqat axtaradiganlardan, uzun kun haqiqat deb so‘zlanib yuradi… O‘zingiz ko‘rib turibsiz, shu zamonda haqiqat nima qilsin!
Z v o n ts o v. Bu behuda gap! Biz bor-yo‘g‘i, o‘sha haq-haqiqat…
V a r v a r a. Shoshmasang-chi, hoy, Andrey.
Z v o n ts o v. Va ham adolat hukmron bo‘ladigan bir davrning boshlanishida turibmiz-da…
V a r v a r a. Siz o‘zingiz nima deysiz, Mokey?
B a sh k i n. Men Mokrousovni olaylik, deyman. Yegor Vasilevichga aytib edim.
V a r v a r a. U nima dedi?

Z v o n ts o v qovog‘ini solib bir chetga chekiladi.

B a sh k i n. Aniq bir narsa degani yo‘q.
V a r v a r a. Mokrousovni oling.
B a sh k i n. O‘zini bir ko‘rsangizmikin?
V a r v a r a. Nima keragi bor?
B a sh k i n. Tanishmoq uchun. O‘zi shu yerda.
V a r v a r a. Hay, mayli…
B a sh k i n dahlizga chiqib ketadi. Varvara qayd daftarchasiga allanimalar yozadi. B a sh k i n M o k r o u s o v ni boshlab kiradi. U — dumaloq yuzli, qoshlari taajjub bilan kerilgan, yuzi kulimsiragan bir odam, faqat, aftidan, qattiq bir so‘kinmakchi bo‘lib turganday ko‘rinadi. Mirshab kiyimida, yonida to‘pponchasi, oyog‘ini juftlashtirib, askariy ta’zim qiladi.

M o k r o u s o v. Hurmatlarimni arz qilaman. Sizga xizmat qilish sharafini baxsh etsangiz, benihoya minnatdor bo‘laman.
V a r v a r a. Juda xursandman. Yana formangiz ham ustingizda; mening eshitishimcha, mirshablarning yaroq-aslahalarini olayotgan emishlar.
M o k r o u s o v. Juda to‘g‘ri aytdilar: o‘zimizga xos kiyimimiz bilan biz ko‘chaga chiqib yurolmaymiz; shu uchun, men, garchi yonimda yarog‘im bo‘lsa ham, rosmana palto kiyib oldim. Ammo, hozir asossiz ba’zi bir umidlar paydo bo‘lganligidan, qora xalq bir ozroq bosilib turipti, shu sababdan… shopimni taqmadim…
V a r v a r a. Bizning xizmatimizga qachon boshlamoqchisiz?
M o k r o u s o v. O‘z o‘yimda men allaqachondan beri sizning kamtarin xizmatchingizman. O‘rmonga, ertaga desalar ham, jo‘nashga tayyorman, negaki, men o‘zim yolg‘iz odamman va ham…
V a r v a r a. Siz qanday o‘ylaysiz? Bu narsa — shu to‘palang ko‘pga ketarmikin?
M o k r o u s o v. Mening chamamda, butun yoz ichi cho‘zilar. Undan keyin yomg‘irlar, sovuqlar boshlanib qolib, ko‘cha aylanish og‘irlashsa kerak.
V a r v a r a (kulimsirab). Faqat bir yozginami? Qaydam, inqilob ob-havoga qararmikan?
M o k r o u s o v. Albatta-da! Bo‘lmasam-chi? Qish — sovutadigan narsa.
V a r v a r a (kulimsirab). Siz optimist ekansiz.
M o k r o u s o v. Politsiya — umuman optimist.
V a r v a r a. Shundaymi?
M o k r o u s o v. Albatta. Bu — o‘z kuchiga ishonganidan keladi.
V a r v a r a. Siz qo‘shinda xizmat qilganmisiz?
M o k r o u s o v. Xuddi aytganlari. Buzovliq1 rezerv batalonidanman, darajam “podporuchik”.
V a r v a r a (qo‘l uzatib). Xo‘p, har to‘g‘rida yaxshi tilaklar tilab qolaman.
M o k r o u s o v. Chin ko‘ngildan minnatdorman. (Oyoq depsanib, orqamachasiga yurib, chiqib ketadi.)
V a r v a r a (B a sh k i n g a). Shu — ahmoq odamga o‘xshaydi-ku…
B a sh k i n. Zarari yo‘q. Esliklarni ham ko‘rayotirmiz-ku… Ularga erk berib qo‘ysang, butun yer yuzini ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashadi… Xuddi bir xaltaday…
P a v l i n (B a sh k i n va Ye l i z a v ye t aga). Ruhoniy toifasiga, albatta, ochiq amri-ma’ruf qilish huquqini berish kerak, bo‘lmasa, hech narsa chiqmaydi!

G l a f i r a bilan Sh u r a B u l i ch o v ni qo‘ltiqlab olib chiqadilar. Hamma unga tikilib, jim qoladi, u qovog‘ini soladi.

B u l i ch o v. Xo‘sh? Nega jim bo‘ldinglar? Shuncha vaqt chuvullashding, chuvullashding-da…
P a v l i n. Shoshib qoldik… Tuppa-tuzuk odamni birdaniga bu xilda…
B u l i ch o v. Xo‘sh?
P a v l i n. Qo‘ltiqlashib chiqqanlariga…
B u l i ch o v. Qo‘ltiqlashib chiqqanlariga! Odamning oyog‘i jonsiz bo‘lib qolgandan keyin qo‘ltiqlashadi-da! Qo‘ltiqlashib chiqqanlariga emish… Mokey, Yashutkani bo‘shatdilarmi?
B a sh k i n. Ha, hamma bandilarni bo‘shatdilar.
Z v o n ts o v. Siyosiy bandilarni.
B u l i ch o v. Yakov Laptevni ozod qiliptilar-u, oq podshoni qamoqqa oliptilar! Shunaqa gaplar, domla Pavlin! Nima deysiz bunga, xo‘sh?
P a v l i n. Bu xususda omil emasman… Lekin mening aqli qosirimcha, shu odamlar nimalar deydi va nimalar qilmoqchi bo‘ladi — eng avval shuni bir bilish kerak edi…
B u l i ch o v. Bir podsho saylash kerak. Podsho bo‘lmasa, hamma bir-birining go‘shtini yeb qo‘yadi…
P a v l i n. Bugun yuzlaringizda bir jonlanish ko‘ruladi, dardni yengayotganga o‘xshaysizmi?
B u l i ch o v. Ha, ha… Yengayotirman! Siz, eru xotinlar, undan keyin sen ham, Mokey, Pavlin domla bilan ikkovimizni yolg‘iz qoldiring. Sen, Shurajon, chiqib ketma.

B a sh k i n dahlizga chiqib ketadi, Z v o n ts o v lar bilan D o s t i g a ye v lar yuqoriga chiqib ketadilar. Ikki minutcha o‘tgach, V a r v a r a yuqoridan zinaning yarmigacha tushadi.

Sh u r a. Yotsang-chi!
B u l i ch o v. Yotgim kelmaydi. Xo‘sh, domla Pavlin, jom to‘g‘risida keldingizmi?
P a v l i n. Yo‘q, sizni ancha sermalgan bir holda ko‘rarman, degan umid bilan kirib edim, xato qilmagan ekanman. Albatta, ikkinchi tomondan, sizning shahrimiz va ibodatxonamiz uchun ko‘rsatgan himmatlaringiz va qilgan xayru saxovatingizni o‘ylab…
B u l i ch o v. Siz mening haqimda astoydil xayri duo qilmaysiz shekilli, dardim kundan-kun kuchayib borayotir. Endi xudoning yo‘liga bir narsa bergim ham kelmaydi. Nima uchun beraman? Hali ham juda ko‘p berdim, hech bir foydasi yo‘q.
P a v l i n. Sizning sadaqalaringiz…
B u l i ch o v. Shoshmang, domla! Bir savolim bor: xudo uyalmaydimi? Nega menga o‘lim yuboradi?
Sh u r a. O‘limdan gapirma, ota, qo‘y.
B u l i ch o v. Sen jim tur. Sen quloq sol. Men o‘z to‘g‘rimda gapirayotganim yo‘q.
P a v l i n. Siz bunday fikrlar bilan o‘zingizga behuda tashvish berasiz. Ruh abadiy hayotga ega bo‘lgandan keyin o‘limning nima ahamiyati bor?
B u l i ch o v. Nega, axir, o‘sha ruh iflos va tor jasadga qamab qo‘yiladi?
P a v l i n. Bu masalaga, deyin, hazilakam bir masala, deb qaralmaydi, balki…

V a r v a r a zinada, og‘ziga ro‘molchasini to‘sib kuladi.

B u l i ch o v. U “balki”laringizni qo‘ying! To‘g‘ri gapira bering. Shura, karnaychi esingda bormi-a?
P a v l i n. Aleksandra Yegorovnaning huzurlarida…
B u l i ch o v. U gapingizni qo‘ying! Bu — yashaydi ham, biladi ham! Men bo‘lsam, mana, shuncha yil yashadim, endi sizdan so‘rayman: siz nega yashaysiz?
P a v l i n. Ibodatxonada xudoga qulluq qilaman…
B u l i ch o v. Bilaman men qulluq qilganingizni, bilaman! Bir kun borib siz ham o‘lasiz-da. Bu nima, axir? Bizga keladigan o‘lim qanday narsa o‘zi, domla Pavlin?
P a v l i n. Hadeb so‘raysiz… Bari mantiqsiz va foydasiz savollar! Kechiringiz: siz endi narigi dunyoni ko‘prak o‘ylasangiz bo‘lardi…
Sh u r a. Unaqa demang!
B u l i ch o v. Men bu dunyoning odamiman! Men tamom shu dunyo kishisiman!
P a v l i n (o‘rnidan turib). Bu dunyo yer yuzidan iborat, yer yuzi esa, bir tuproq, xolos…
B u l i ch o v. Tuproq? Unday bo‘lsa, siz, imm… Unday bo‘lsa, siz yerning tuproqligini o‘zingiz o‘ylashingiz kerak! Tuproq deysiz-u, ustingizdagi rido — zarbofdan! Tuproq deysiz-u, zunnoringizga tilla suvi yuritilgan! Tuproq deysiz-u, ko‘zingiz to‘yishni bilmaydi…
P a v l i n. Bolig‘a bir qiz oldida behuda va yaramas gaplarni gapirasiz…
B u l i ch o v. Bolig‘a, asaliga…

V a r v a r a shoshilib yuqoriga chiqib ketadi.

Biz, ahmoqlarni, itni quyonga alkishlab o‘rgatganday, o‘rgatadilar… Bir gadoy singari bo‘lgan Isoni dolvoy qilib, toza boyidingiz…
P a v l i n. Dard sizning jahlingizni qo‘zg‘otadi, siz jahlingizga chidolmasdan, darrandalardek bo‘kirasiz…
B u l i ch o v. Yo‘qolayotirsizmi? Xob-barakalla…
Sh u r a. Bekor tashvish qilasan, otajon; muning senga zarari bor. Juda besaranjom odamsan, lekin…
B u l i ch o v. Mayli! Kuyadigan joyim yo‘q! Yomon ko‘raman bu popni! Sen diqqat qil, quloq ber, men ataylab senga ko‘rsatayotirman…
Sh u r a. O‘zim hammasini ko‘rib turibman… Yosh bola emasman… Esim bor — bilaman!

Zinada Z v o n ts o v.

B u l i ch o v. Ular haligi karnaychi voqeasidan keyin meni jinniga chiqarib qo‘ydilar; shu doktorlar bo‘lsa — bekor deydi! Sen doktorlarga ishonasan-ku, Shura? Doktorlarga?
Sh u r a. Men senga ishonaman… Senga…
B u l i ch o v. Xob-barakalla! Yo‘q, mening esim joyida! Doktorlar bilishadi. Darhaqiqat, men nozik masalani qo‘zg‘ab qo‘ydim. Axir, o‘lim nima degan masalaga hamma qiziqmaydimi? Yo bo‘lmasa, hayot nima degan masalaga? Tushunasanmi?
Sh u r a. Sening qattiq kasal bo‘lganingga ishonmayman men. Sening bu uydan ketishing kerak. Glafira rost aytadi! Astoydil davolanishi kerak. Sen hech kimning gapiga kirmaysan.
B u l i ch o v. Hammaning gapiga kiraman! Endi, mana, kampirni chaqirib ko‘ramiz. Balki, foydasi tegardi? Uning keladigan vaqti bo‘ldi. Bu og‘riq yeb bitiradi meni… Ko‘p og‘ir!
Sh u r a. Qo‘y, otajon! Unday dema, jonim! Yotib orom ol…
B u l i ch o v. Yotsam bo‘lmaydi. Yotsam, dardga unab berganim bo‘ladi. Mushtlashganda past kelganday gap. Mening gapirgim keladi. Ba’zi narsalarni senga aytib berishim kerak. Bilasanmi, nima gap? Gap shuki, men o‘z ko‘chamda emasman! Men o‘zimdan yotlashib ketdim, o‘ttiz yildan beri doim yot odamlar orasida yashab kelaman. Men senga muni aslo ravo ko‘rmayman! Mening otam umri sol oqizib o‘tgan edi. Men bo‘lsam, mana… Muni senga aytib ham berolmayman.
Sh u r a. Shoshmasdan, tinchgina, sekingina gapirgin… Burunlari qanday cho‘pchaklar aytib berarding… O‘shanaqa qilib gapir…
B u l i ch o v. Men senga cho‘pchak emas, hammavaqt haqiqatni aytganman. Bilasanmi… Bu poplar, podsholar, vazirlar… Nima keragi bor ularning menga? Xudoga ishonmayman. Xudo qayerda o‘zi? O‘zing ko‘rib turibsan… Yaxshi odam ham yo‘q. Yaxshi odamlar, qalbaki pul singari, noyob! Odamlarning nimaligini ko‘rib turibsan-ku! Mana endi ular hammasi bir-birining bo‘g‘ziga yopishib, bir-birini qochirib… rasvo bo‘ldilar! Ammo mening nima ishim bor ular bilan? Menga, Yegor Bulichovga, ularning nima keragi bor? Senga ham… Faqat sen qanday yashaysan ular orasida?
Sh u r a. Sen mening tashvishimni qilma…
K s ye n i ya (kirarkan). Aleksandra, Tonya akasi bilan birga seni yo‘qlab kelipti, undan keyin akasi…
Sh u r a. O‘ltirib turishar.
K s ye n i ya. Sen chiqqin-a! Otang bilan picha gaplashmakchi edim…
B u l i ch o v. Men xohlaymanmi?
Sh u r a. Siz gapni ko‘p cho‘zmang…
K s ye n i ya. O‘rgat-a, o‘rgat menga! Yegor Vasilevich, Zobunova keldi…
B u l i ch o v. Shurajon. Sen keyin yana kirarsan. Yoshlarni ichkariga olib kir… Hoy, chaqir Zobunovani!
K s ye n i ya. Hozir. Men shuni aytmakchi edimki, bu Aleksandra anavi yaramas bola bilan, Andreyning o‘gay ukasi bilan qalinlashipti. O‘zing bilasan: u munga teng emas. Bitta gadoyga choy berib edik, endi yelkamizga minib oldi.
B u l i ch o v. Sen, Aksinya, gapning rosti: yomon tushga o‘xshaysan!
K s ye n i ya. Mayli, xo‘rlay ber: xudodan ko‘rdim! Sen qizingga “Tyatin bilan o‘ynashuvni bas qil!” desang bo‘lardi.
B u l i ch o v. Yana nima deysan?
K s ye n i ya. Melaniya keldi…
B u l i ch o v. Nega?
K s ye n i ya. Boshiga yomon ishlar tushipti. Qochqin sollotlar monastirga bosqin qilishib, bir sigirni so‘yishipti, ikki bolta, bir kurak, bir bog‘lam kanopni o‘g‘irlab ketishipti; mana shunaqa hodisalar! O‘rmonchimiz Donat bo‘lsa, yomon odamlarni yoniga to‘plab: daraxt kesilayotgan yerda o‘shalar bilan allanimalarni qilib yotipti.
B u l i ch o v. Ma’lum o‘zi: menga ma’qul bo‘lgan odam boshqa hech bir kimsaga ma’qul bo‘lmaydi.
K s ye n i ya. Anavi bilan yarashib olsang, yaxshi bo‘lardi…
B u l i ch o v. Melaniya bilanmi? Nima uchun?
K s ye n i ya. Nima uchun bo‘lardi? Darding og‘ir…
B u l i ch o v. Bo‘pti. Yarashay… Men unga: “Qarzimizni o‘z zimmamizda qoldirgin”, deyman.
K s ye n i ya. Yumshoqroq gapirgin. (Chiqib ketadi.)
B u l i ch o v (so‘zlanadi). “Qarzimizni zimmamizda qoldir!”.. “Biz o‘zimiz ham qoldirgan singari1 ”… Hammasi yolg‘on… Oh, la’natilar….
V a r v a r a. Otajon! Oyimning Stepan Tyatin to‘g‘risida gapirib turganini eshitib qoldim…
B u l i ch o v. Ha, qizim… Sening eshitmaganing ham yo‘q, bilmaganing ham yo‘q…
V a r v a r a. Tyatin — qanoatlikkina bir odam, Aleksandra uchun ancha ko‘p qalin ham so‘ramaydi, undan keyin Aleksandraning xuddi o‘z tengi.
B u l i ch o v. Juda g‘amxo‘rsan, qizim…
V a r v a r a. Men Tyatinni xo‘p ko‘rib bildim…
B u l i ch o v. Sen o‘zing kimning g‘amini yeb yotirsan? Eh, bu… shayton bolalari!

M ye l a n i ya va K s ye n i ya kirishadi; xizmatchi xotin T a i s i ya eshik oldida to‘xtaydi.

B u l i ch o v. Xo‘sh, Melaniya? Yarashadigan bo‘ldikmi?
M ye l a n i ya. Shunaqa. Polvon! Bekordan-bekorga, hech narsadan-hech narsa yo‘q… hammaning dilini og‘ritasan…
B u l i ch o v. “O‘z qarzimizni o‘z bo‘ynimizda qoldir”, Melasha!
M ye l a n i ya. Gap qarzda emas. Sho‘xligingni qo‘y! Qanaqa ishlar bo‘lib ketayotir… Ollohning bir soyasi bo‘lgan podshohni taxtdan tushirdilar. Bu, axir, qanday gap? Xudovandi karim o‘z bandalarining boshiga tog‘day fitna-fasodlarni sochib yubordi, hamma jinni bo‘ldi, hamma o‘ziga-o‘zi handaq kovlayotir. Qora xalq bosh ko‘tara boshladi. Koposovdagi qishloq ayollari mening yuzimga: “Biz xalq bo‘lamiz!” deb o‘shqirishadi. “Bizning erlarimiz — sollotlar ham xalq!” deb baqirishadi. Buni ko‘rdingmi! O‘zing o‘ylab ko‘r: sollot qachon odam qatoriga qo‘shilipti ekan?
K s ye n i ya. Bularning hammasini Yakov Laptev gapirib, o‘sha ma’qullaydi…
M ye l a n i ya. Gubirni ishdan tushirib, uning o‘rniga Osmolovskiy degan bir notariusni o‘tqazib qo‘yishti…
B u l i ch o v. U ham semiz qorinlardan…
M ye l a n i ya. Kecha Nikandr hazrat munday dedilar: juda katta hodisalar arafasidamiz; aya, fuqarodan hukumat tuzib bo‘ladimi? To o‘sha Tavrot zamonlaridan beri xalqlarni qilich va xoch ushlagan bir qo‘l idora qilib keladi…
V a r v a r a. Tavrot zamonlarida xochga topinish yo‘q edi.
M ye l a n i ya. Sen, mahmadona, jim o‘tir. Injil bilan Tavrot bir muqova qilingan-ku. Xoch demak — qilich demak. Baribir, qay zamonda nimaga topinganlarini hazrat sendan yaxshiroq biladi-ku! Siz, nafs degan bandalar, taxtning ag‘darilganiga xursandsiz. Bu xursandligingiz achchiq ko‘zyoshiga aylanib qolmasin. Yegor, men sen bilan yuzma-yuz o‘tirib gaplashmakchi edim…
B u l i ch o v. Shunday qilib, yana bir so‘kishaylik, deysanmi? Mayli, gaplashsak — gaplashaylik, lekin, hozir emas! Hozir emchi xotin keladi. Bir sog‘ayib olay, deyman men, Malasha!
M ye l a n i ya. Bu Zobunova kampir juda dongdor emchi. Doktorlarga qayerda, deysan, munga yetishi! Undan keyin sen Prokopiy avliyo bilan ham gaplashsang bo‘lardi…
B u l i ch o v. Bolalar Propotey deb ataydigan avliyomi? Muttaham narsa, deydilarmi?
M ye l a n i ya. Gapirma-ey, gapirma! Shu ham gapmi? Sen uni chaqirtir-gin-a…
B u l i ch o v. Uni ham chaqiraylik, bukun, negadir ahvolim yaxshi… Faqat mana shu oyoqlarim… Ko‘nglim ochilganday. Negadir, hadeb… har narsadan kulgim keladi! Chaqir, Aksinya, emchi xotinni.

K s ye n i ya chiqib ketadi.

M ye l a n i ya. E, Yegor, senda hali… to‘lib yotipti!
B u l i ch o v. Shuni aytaman-da: to‘lib yotipti, to‘lib…
K s ye n i ya. U — hamma chiqib tursin, deydi…
M ye l a n i ya. Xo‘p, mayli, chiqaylik…

Hamma chiqib ketadi. Bulichov kulib, biqini va ko‘kragini uqalaydi. Z o b u n o v a kiradi, lekin, bildiradigan qilib — og‘zini qiyshaytirgani holda o‘ng tomoniga qarab dam soladi, o‘ng qo‘li ko‘kragiga qadalgan; chap kaftini, baliq dumi singari, silkitib “elpinadi”. To‘xtab, o‘ng qo‘li bilan yuzini silaydi.

B u l i ch o v. Ha, nima balo: jinga cho‘qinayotirsanmi?
Z o b u n o v a (kuylab). E, dardlar, og‘riqlar; tandagi, jondagi illatlar, hordiqlar! Chiqinglar, ketinglar; xudoning bandasi, bunga rahm etinglar! Bu kunda, shu damda, shu topda haydayman; sizlarni shu yerda bir nafas qo‘ymayman! Assalom, assalom, aylanay, o‘rgulay; qalaysiz, bormisiz, tinchmisiz, Yegorboy!..
B u l i ch o v. Omonmisan, xola! Ha, ajinalarni haydadingmi?
Z o b u n o v a. Yo‘q, bolam, ular bilan bordi-keldi qilib bo‘ladimi?
B u l i ch o v. Kerak bo‘lsa qilasan-da! Xudoga poplar sig‘inadi, sen pop emassan, ajinalarga sig‘inishing kerak.
Z o b u n o v a. Voy, o‘lay, nega munaqa qo‘rqinch gaplarni qilasan? Meni ajinalar bilan bordi-keldi qiladi, deb esi past odamlar gapirishadi.
B u l i ch o v. Unday bo‘lsa, xola, sendan hech narsa chiqmaydi! Poplar men uchun xudoga ko‘p yolvordilar, xudo qabul qilmadi, menga hech bir yordam qilmayotir!
Z o b u n o v a. Sen, yaxshi bolam, o‘ynashayotirsan, shu ishonmaganingdan keladi.
B u l i ch o v. Sen agar ajinalardan muvakkil bo‘lib kelgan bo‘lsang, men ishonardim. Sen o‘zing bilsang kerak, eshitgansan, albatta — men buzuq odamman, yo‘ldan ozganman; odamlarga yomon muomala qilaman; pulni, dunyoni o‘lgudek yaxshi ko‘raman…
Z o b u n o v a. Eshitganman-u, ammo, xudo yo‘lida menga jindak bir narsani qizg‘anarsan, deb o‘ylamayman.
B u l i ch o v. Men, xola, juda yomon, yo‘ldan ozgan kishiman, xudoning men bilan aslo ishi yo‘q. Xudo Yegor Bulichovdan yuz o‘girgan. Shunday bo‘lgandan keyin, sen ajinalar bilan ulfat bo‘lmasang — bor, yosh qizlarning muhlati yetmagan bolalarini tushur. Sening kasbing shu emasmi-a?
Z o b u n o v a. Voy, sho‘rim! Seni yuzi qora, o‘jar odam, der edilar, rost ekan-da!
B u l i ch o v. Nima? Nega yolg‘on gapirasan? Yo‘qol!
Z o b u n o v a. Yolg‘on aytishni bilmayman. Sen menga aytib bergin: qayering og‘riydi, qani?
B u l i ch o v. Qornim. Juda yomon og‘riydi. Mana shu yeri.
Z o b u n o v a. Menga qara… Ammo-lekin, hech kimga ayta ko‘rma. Yo‘q, yo‘q, yo‘q!..
B u l i ch o v. Qo‘rqma. Aytmayman.
Z o b u n o v a. Sariq dard bor, qora dard bor. Sariq dardni doktor ham tuzata oladi, ammo qora dardni pop ham tuzata olmaydi, undan kattasi ham. Qora dard insu jinsdan bo‘ladi, uning faqat birgina iloji bor…
B u l i ch o v. Ishqilib, darrov bir yoqlik bo‘ladimi? A?
Z o b u n o v a. Bu iloj, lekin juda qimmat!
B u l i ch o v. Albatta, tushunaman.
Z o b u n o v a. Munda, albatta, insu jins bilan to‘qnashmasa bo‘lmaydi.
B u l i ch o v. Shaytonning xuddi o‘zi bilan-a?
Z o b u n o v a. O‘zi bilan bo‘lmasa ham ishqilib…
B u l i ch o v. Qo‘lingdan keladimi?
Z o b u n o v a. Ammo-lekin, sen hech kimga og‘iz ochmaysan…
B u l i ch o v. Yo‘qol ko‘zimdan, kampir!
Z o b u n o v a. Shoshma…
B u l i ch o v. Yo‘qol, deyman, bo‘lmasa, tayoq yeysan…
Z o b u n o v a. Menga qarasang-chi…
G l a f i r a (dahlizdan). Senga aytayotir, yo‘qol!
Z o b u n o v a. Nima balo bo‘ldi sizlarga…
B u l i ch o v. Hayda buni, hayda, deyman!
G l a f i r a. Munisi ham bor ekan! Ajinaga o‘xshaydi!
Z o b u n o v a. O‘zing o‘xshaysan! Afting qursin, ilohim… Odam bo‘lmay o‘linglar… Ilohim, rohat yuzini, baxt yuzini ko‘rmanglar! (Chiqib ketadi.)
B u l i ch o v (qayrilib qaraydi). F-fu…

M ye l a n i ya bilan K s ye n i ya kirishadi.

M ye l a n i ya. Ha, Zobunova yoqmadimi, ma’qul bo‘lmadimi?

Bulichov unga tikilgan, jim.

K s ye n i ya. Zobunova ham qo‘rs narsa. Maqtaldim deb yomon haydalib ketipti.
M ye l a n i ya. Nima deb so‘kadi?
T a i s ya. O‘g‘ri, muttahamlar, deydi.
M ye l a n i ya. Nega so‘kadi, axir?
T a i s ya. Tuppa-tuzuk odamni jinni qilmoqchisiz, deydi…
M ye l a n i ya. Senga shundoq dedimi?
T a i s ya. Yo‘q, Propotey avliyoga aytdi.
M ye l a n i ya. U nima dedi?
T a i s ya. U bo‘lsa hadeb almoyi-aljoyi gaplarni gapiradi…
M ye l a n i ya. Almoyi-aljoyi gaplarni? E, nodon! U odam — avliyo, arvohlar bilan gaplashgan u, tentak! Dahlizda o‘tirib tur, hech qayerga jilma… Oshxonada yana kimlar bor edi?
T a i s ya. Mokey…
M ye l a n i ya. Ha, bor. (B u l i ch o v xonasining oldiga borib taqillatadi.) Yegor, avliyo keldi.
K s ye n i ya va B a sh k i n bilan birga P r o p o t ye y kirib keladi; oyog‘ida chipta kovush, ustida — to‘puqqacha tushadigan uzun, dag‘al bo‘z ko‘ylak; ko‘kragida juda ko‘p butlar va muqaddas suratlar. Qo‘rqinch basharali; qalin paxmoq sochlar; uzun va siyrak soqol, harakatlari keskin va tutqaloq asari borday.

P r o p o t ye y. Uh, dunyoning popirosi shu yerda chekilipti! Jon bo‘g‘ilayotir…
K s ye n i ya. Bu yerda, taqsir, popiros chekadigan odam yo‘q.

Propotey izg‘iringa taqlid qilib ovoz chiqaradi.

M ye l a n i ya. Shoshmay tur, kasal chiqsin avval…
B u l i ch o v (G l a f i r a qo‘ltiqlagani holda chiqadi). Obbo… Qanday narsa bo‘ldi, bu!
P r o p o t ye y. Qo‘rqma. Vahima qilma! (U yana o‘sha ovozni chiqaradi.) Hamma narsa foniy: o‘tadi-yu ketadi! Bir Grisha bor edi, kattalarga yor edi, ko‘plar unga zor edi, qoqildi-yu yiqildi, jahannamga tiqildi!..
B u l i ch o v. Rasputinni aytasanmi?
P r o p o t ye y. Ana, tushdi oq podsho, fe’limizga yarasha; bola keldi osmondan; mulku davlat puch bo‘ldi, dunyo fasodga to‘ldi! Fisqu fasod avj oldi, odam ne kunga qoldi! (Yana o‘sha ovozni chiqaradi.) Xotin, deysan o‘yingda, shayton mingan bo‘yningga; turmasin bu joyda, tez hayda-yu tez hayda!
B u l i ch o v. Haydab ko‘r, qani! Har qancha valaqlasang ham haddingni bil. Melaniya sen o‘rgatdingmi bu gaplarni?
M ye l a n i ya. Bekor gapni gapirma! Jinni odamga gap o‘rgatib bo‘ladimi?
B u l i ch o v. Bo‘ladiganga o‘xshaydi… Xo‘sh, Melasha, nima deysan: xudoning qorni og‘rirmikin?
M ye l a n i ya. Aynima…
B u l i ch o v. Mosihniki og‘rigan bo‘lsa kerak. Uning ovqati baliq edi…
M ye l a n i ya. Bas qil, Yegor, nega mening g‘ashimga tegasan?
G l a f i r a. Kampir qilgan xizmatiga pul so‘rab yotir.
B u l i ch o v. Ber, Aksinya! Malasha, sen meni kechirgin: men charchadim, o‘z uyimga kiraman. Ahmoqlar bilan ish ko‘rganda odam yomon charchaydi, lekin. Qani, Glasha, yo‘lashib yubor-chi.

G l a f i r a uni olib chiqib ketadi. K s ye n i ya qaytib kelib, singlisiga — savol so‘raganday qarab turadi.

M ye l a n i ya. O‘zini jo‘rttaga jinnilikka soladi! Jo‘rttaga…
K s ye n i ya. Yo‘g‘-ey! Unaqa qilgunday holi bormi!..
M ye l a n i ya. Unisi hech gap emas! Mayli, o‘ynay bersin. Agar vasiyatnoma masalasi sudga tushadigan bo‘lsa, bu o‘yinlari o‘z zarariga ishlaydi. Taisiya o‘tadi guvohlikka; Zobunova, Pavlin domla, anavi karnaychi, hoh-ho, gunohi oz, deysanmi? Vasiyat qiluvchining aqli joyida bo‘lmaganini sobit qilib yuboramiz.
K s ye n i ya. Voy, bu ishni qanday qilishga hayronman…
M ye l a n i ya. Shu uchun senga o‘rgatayotirman-da! Ha-a sen, lip etib tega qolding! Men senga aytib edim. Bashkinga tekkin, deb.
K s ye n i ya. A-a… Qachonlar bo‘lgan gap-u! Bu o‘zi ham burgutday emasmidi?.. O‘zing ham kunilab o‘lgansan…
M ye l a n i ya. Men-a? Nima balo: jinni bo‘ldingmi?
K s ye n i ya. Eslatib o‘tirish nega kerak…
M ye l a n i ya. Yo Olloh! Kunilagan emishman! Men-a?
K s ye n i ya. Prokofini nima qilamiz? Uning keragi yo‘qdir endi?
M ye l a n i ya. Nega keragi bo‘lmasin? Chaqirdik, gapni bir joyga qo‘ydik — endi kerak emas emish! Sen menga xalaqit berma! Bor, uni tayyorlab olib kir. Taisya!

T a i s ya dahlizdan chiqib keladi.

T a i s ya. Hech narsa bilolmadim.
K s ye n i ya chiqib ketadi.

M ye l a n i ya. Nimaga?
T a i s ya. Hech narsa gapirmaydi u kampir.
M ye l a n i ya. Nega gapirmasin? O‘zing yaxshilab, gapirtira olmagandirsan?
T a i s ya. Yo‘q, men gapirtirishga xo‘p urindim, u bo‘lsa, xuddi mushukka o‘xshab, hadeb fiqir-fiqir kuladi. Hammani so‘kadi.

Zinadan yugurib Sh u r a tusha boshlaydi, uning ketidan A n t o n i n a, T ya t i n. Sekin-sekin yuqoridan Z v o n ts o v lar va D o s t i g a ye v lar tushib kelishadi. P r o p o t ye y indamasdan tayoq bilan ko‘kka va yerga chiziqlar tortadi. So‘ngra boshini quyi solib, o‘ychan to‘xtaydi.

Sh u r a (otasi unga yugurib kelib). Bu nimasi tag‘in? Bu qanday tomosha?
M ye l a n i ya. Sen jim tur!
P r o p o t ye y (qiynalganday). Xudodan tongan odam rohat qilmaydi bir dam! Uning ko‘ngli g‘ash, siqiq; soat bo‘lsa — tiq, tiq, tiq!.. Agar qudratim bo‘lsa, har ish qo‘limdan kelsa! Oh,oh, oh, ozod bo‘lardi dargoh! Undan o‘zga demasdan, men… Menmi? Men… yomon odam emasman! Kimga kelipti balo? Bilamiz, inshollo! O‘yna, shayton, xo‘p o‘yna, erking bor, toshib qayna! Yarim kechalar o‘tdi, sahar vaqti ham yetdi! Xo‘rozlar chaqirishdi, o‘liklar baqirishdi! Chaqiriqqa quloq solsin, xudodan qaytgan borsin! Yerning qornini yorsin, do‘zaxdan o‘rin olsin!..
B u l i ch o v. Yaxshi o‘rgatiptilar seni…
M ye l a n i ya. Xalaqit berma, Yegor, xalaqit berma!..
P r o p o t ye y. Endi nima qilamiz? Nimaga qoqilamiz?
A n t o n i n a (afsuslanib). Muning hech bir qo‘rqquligi yo‘q!
P r o p o t ye y. Falon-pistonlar o‘ldi, janozasi o‘qildi! Yig‘lab ko‘zni yoshlaymi yo bir o‘yin boshlaymi? Qani endi o‘ynaylik, o‘ynab-o‘ynab to‘ymaylik! (Ilgari depsinib turib, asta-asta ashula boshlaydi, keyin ashulani borgan sari avj oldirib, oxirida o‘ynab ketadi.) Yo Xalil, yo Zalil, yo Jalil, yo Dalil! Yo yomon, yo somon, yo quloq, yo suloq! Yo u kun, yo bu kun, hoy!.. Chor-chor, shahriyor, toshga ur, boshni yor! Do‘st qani — yo‘qlansa, hidlari qo‘lansa! Jing, jing, jing. Bir ko‘ring! Jim, jim, jim, o‘zi kim? Xudodan ayrilgan, qanoti qayrilgan; go‘rlarda daydigan, miyasi aynigan; shaytonga ergashgan, haq yo‘ldan adashgan; ming qarich poshnasi, alvasti — oshnasi; zaharlar — oshida, Azroil — boshida; voy-voy, hoy-hoy, shumi, bu Yegorboy…
Sh u r a (qichqirib). Haydang buni!
B u l i ch o v. Bu nimasi… Itlar… Siz meni qo‘rqitmoqchi bo‘lasizmi?
Z v o n ts o v. Bu sharmandalikni bas qilish kerak.

G l a f i r a P r o p o t ye y ning yoniga yugurib boradi, u o‘ynashdan to‘xtamay, Glafiraga tayoq o‘qtaladi.

P r o p o t ye y. Tin, tin, zin, zin; yomon jin, yomon jin…

Uning qo‘lidagi tayog‘ini tortib oladi.

M ye l a n i ya. Sen kimsan? Kim bo‘lding sen?
Sh u r a. Otajon, haydab yubor hammasini… Nega indamaysan?
B u l i ch o v (qo‘lini to‘lg‘aydi). Shoshma… shoshma…

Propotey yerga o‘tirib, yana haligi ovozini chiqaradi, hushtak chaladi.

M ye l a n i ya. Unga tegib bo‘lmaydi. Uning shu tobda jazavasi tutib qoldi! Uning kayfi baland!
D o s t i g a ye v. Munaqa kayf qilganlarni, onajon, tutib olib uradilar.
Z v o n ts o v. Tur o‘rningdan… Yo‘qol darrov!
P r o p o t ye y. Qayerga? (Yana o‘sha ovozni chiqaradi.)
Kseniya yig‘laydi.

E l i z a v ye t a. Muning ustaligini qarang… Ikki xil ovoz chiqaradi!
B u l i ch o v. Yo‘qol hammang… Shuncha ko‘rganing yetar…
Sh u r a (avliyoga qarab yer depsinib). Yo‘qol, afting qursin! Styopa, haydasang-chi muni!
T ya t i n (P r o p o t ye yni yoqasidan oladi). Qani, turing, avliyo… Ketdik!
T a i s ya. U bugun uncha qo‘rqinch bo‘lgani yo‘q… Mundan ham qo‘rqunchroq bo‘lishga yaraydi bu… Agar araq ichirib qo‘ysak bormi?..
M ye l a n i ya. Sen nega javrab yotirsan? (Betiga uradi.)
Z v o n ts o v. Uyat emasmi?
M ye l a n i ya. Kimdan uyalaman? Sendanmi?
V a r v a r a. Tinchlaning, xola…
K s ye n i ya. E, xudoyim… Bu qanday ahvol bo‘ldi?

Shura bilan Glafira Bulichovni divanga yotqizadilar, D o s t i g a ye v diqqat bilan uni qaraydi. Z v o n ts o v lar K s ye n i ya bilan M ye l a n i ya ni olib chiqib ketadilar.

D o s t i g a ye v (xotiniga). Yur, Liza, uyga qaytaylik! Bulichovning ahvoli yomon! Juda yomon… Undan keyin namoyish ketayotir… Qo‘shilmoq lozim.
E l i z a v ye t a. G‘alati ovoz chiqarishini aytaman-da! Odamning aqliga ham kelmaydigan ovoz…
B u l i ch o v (Sh u r aga). Shu hammasi — so‘fiy xotinning ishi…
Sh u r a. Ahvoling og‘irlashdimi?
B u l i ch o v. Bu… o‘lmagan odamning janozasini o‘qiganga o‘xshaydi.
Sh u r a. Sen aytgin: ahvoling og‘irmi? Doktorga odam yuboraylikmi?
B u l i ch o v. Kerak emas. Podsho bilan podsholik to‘g‘risidagi gapni u devona o‘zidan qo‘shdi… “Agar qudratim bo‘lsa, har ish qo‘limdan kelsa!” deydi. Eshitdingmi? Qo‘lidan kelmaydi!
Sh u r a. U gaplarni unutish kerak…
B u l i ch o v. Unutamiz! Sen boxabar bo‘lib tur. Ular tag‘in u yoqda Glafiraga ozor berib yurishmasin… Ko‘chada qanday ashula?
Sh u r a. Sen o‘rningdan turma!
B u l i ch o v. Darhaqiqat, fisqu fasod uyasi bo‘lgan bu mulku davlat mahv bo‘ladi. Hech narsa ko‘rolmayman… (O‘rnidan turib, stolga tayangani holda ko‘zlarini uqalaydi.) Sening mulku davlating emish… Mulku davlat bo‘ldimi shu? Yirtqichlar! Mulku davlat… Poku parvardigor emish… Yo‘q, bo‘lmaydi! Meni bemahal o‘limga hukm qilib qo‘yibsan, parvarish qiladigan parvardigor bo‘lasanmi? Nima uchun o‘limga hukm qilding? Hamma o‘ladi? Nega, axir? Hamma o‘lsa o‘laversin! Men nega o‘laman? (Tebranib oladi.) Xo‘sh, Yegor nega o‘ladi? (Hirqiroq ovoz bilan qichqiradi.) Shura… Glaxa! Doktorni chaqir! Hoy… Kim bor? Mal’unlar! Yegor Bulichov… Yegor!..

Sh u r a, G l a f i r a, T ya t i n, T a i s ya kirishadi; Bulichov ularning oyog‘iga deyarlik yiqiladi. Deraza tashida qalin ashula ovozi. Glafira bilan Tyatin Bulichovni turgizishadi. Shura derazani ochadi, tashqaridan ashula oqini gurullab kiradi.

B u l i ch o v. Nima gap bu? Janoza takbiri… Yana janoza! Shura! Kimlar ular?
Sh u r a. Beri kel, beriroq… Ana, ko‘r!
B u l i ch o v. Eh, Shura…

P a r d a.

Cho‘lpon tarjimasi

“EGOR BULIChOV VA BOShQALAR” ChO‘LPON TARJIMASIDA

Cho‘lpon adabiy merosida Sharq va G‘arb xalqlari adabiyotidan qilingan tarjimalar g‘oyat katta mavqeni egallaydi.
Cho‘lpon qisqa ijodiy hayoti mobaynida shu qadar ko‘p asarlarni o‘zbek tiliga tarjima etganki, agar uning to‘la asarlar to‘plami nashr etilgudek bo‘lsa, bu nashrning teng yarmini, balki ortiqroq qismini tarjima asarlar tashkil etgan bo‘lardi. Atoqli shoir hayotining avji shiraga to‘lgan, samarali, o‘n yildan ziyodroq vaqti o‘zbek teatr san’ati bilan bog‘liq kechganligi sababli u rus va jahon dramaturglarining talaygina asarlarini o‘zbek tiliga o‘girdi va bu asarlarning aksariyati o‘zbek dramastudiyasi, sobiq Hamza nomidagi drama teatrida sahna yuzini ko‘rdi. Ammo, afsuslar bo‘lsinki, Cho‘lpon qalamiga mansub bu tarjima asarlardan faqat “Hamlet” bilan “Boris Godunov”gina nashr etildi va bizga qadar omon-eson yetib keldi. Lekin uning boshqa qariyb barcha tarjima asarlari yo kuydirib tashlandi, yo kimningdir qo‘lida qolib yo‘qoldi.
1937 yilda Cho‘lpon “xalq dushmani” sifatida qatag‘on etilishi bilan uning sobiq Hamza nomidagi drama teatri sahnasida o‘ynalayotgan yoxud sahnaga chiqish arafasida turgan “Malikai Turandot” (Karlo Gotstsi asari), “O‘sish”, “Zag‘muk” (har ikkalasi A.Glebov asari), “Hujum” (V.Yan va Cho‘lpon asari), “Signal” (S.Polivanov va L.Prozarovskiy asari), “Bag‘ovat” (Dm. Furmanov va S.Polivanov asari), “Bronepoyezd 14-69” (Vs.Ivanov asari), “Hayqir, Xitoy!” (S.Tretyakov asari), “Po‘rtana” (V.Bil-Belotserkovskiy asari), “Hamlet” (U.Shekspir asari), “Egor Bulichov va boshqalar” (M.Gorkiy asari) hamda “Boris Godunov” (A.Pushkin asari) spektakllari teatr repertuaridan olib tashlandi.
Kezi kelganda aytish joizki, Hamza teatri, bu asarlardan tashqari, ayrim manbalarga qaraganda, Lope de Veganing “Qo‘zi buloq”, K.Goldonining “Ikki boyga bir qarol”, Molerning “Xasis”, N.Gogolning “Revizor” (“Tergovchi”). A.Faykoning “Portfelli kishi”, S.Levitinaning “Hukm” pesalarini ham Cho‘lpon tarjimasida sahnaga qo‘ygan. Binobarin, Cho‘lpondek “xalq dushmani”ga la’nat toshlari otilishi bilan bu barcha tarjima asarlar ham yashashga haqsiz, deb topildi. Boshqacha aytganda, Cho‘lpon ijodiy mehnatining samarasi bo‘lgan asarlar 37-yil gulxanida yondirib kul etildi.
Kamina uzoq yillardan beri olib borayotganim izlanishlar natijasida yaqinda O‘zbekiston Prezidenti devoni arxividan Maksim Gorkiyning Cho‘lpon tarjimasidagi “Egor Bulichov va boshqalar” asari matnini topishga muvaffaq bo‘ldim. Maxfiy arxivlarning birida saqlanayotgan hujjatlarga ko‘ra, Cho‘lpon 1935 yilda “Egor Bulichov va boshqalar” pesasining tarjimasi uchun teatr kassasidan 1000 so‘m olgan. Taxmin qilish mumkinki, Cho‘lpon bu qalam haqini tarjimani uzil-kesil tugatgandan keyin bir yo‘la olgan. Binobarin, biz M.Gorkiyning bu asari Hamza teatri uchun va shu teatrning buyurtmasi bilan 1935 yilda o‘zbek tiliga o‘girilgan, deb hisoblashimiz mumkin.
Shubhasiz, savol tug‘ilishi mumkin: nima uchun Hamza teatri o‘tgan asrning 30-yillari o‘rtalarida M.Gorkiyning “Egor Bulichov va boshqalar” asarini sahnaga qo‘ymoqchi bo‘lgan? Gap shundaki, birinchidan, M.Gorkiy 1934 yilda SSSR Yozuvchilar uyushmasining birinchi raisi etib saylangan va u SSSR tarkibiga kirgan ko‘p millatli adabiyotning bayroqdori bo‘lgan. O‘zining 15 yillik yubileyiga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan Hamza teatri esa shonli sanani jahon dramaturgiyasining shoh asarlaridan biri — U.Shekspirning “Hamlet” va sovet dramaturgiyasining yetuk namunalaridan biri “Egor Bulichov va boshqalar”ni sahnaga qo‘yish bilan nishonlamoqchi bo‘lgan. 1938 yilda nishonlanajak M.Gorkiy tug‘ilgan kunning 70 yilligi bu rejaning kuchga kirishiga sababchi bo‘lgan.
Rus adabiyotshunoslari M.Gorkiy dramaturgik ijodini ikki bosqichga ajratadilar. Agar “Meshchanlar”, “Tubanlikda”, “Dushmanlar” singari dramalar M.Gorkiy ijodining birinchi bosqichiga oid bo‘lsa, “Egor Bulichov va boshqalar” hamda “Dostigayev va boshqalar” dramaturg ijodining ikkinchi, gullagan bosqichining mevalari hisoblanadi.
Cho‘lpon Moskvada kechgan hayoti (1924-1927, 1931-1934) davomida rus adabiyoti va rus teatrini yaqindan o‘rgandi. M.Gorkiyning “Ona” romani, “Ilgaklar” va “Tong” hikoyalarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girdi. Shuning uchun teatr M.Gorkiyning “bulichovnoma”sini tarjima qilishni ham Cho‘lponga topshirdi va Cho‘lpon buyurtmani taxminan shartnomada ko‘zda tutilgan muddatda (1935) bajardi.
Mazkur tarjima lotincha shriftli mashinkada ko‘chirilgan bo‘lib, 72 sahifadan iborat. Ahyon-ahyonda uchrab turuvchi tuzatishlar 1936 yil 3 iyulda, ya’ni rus adibining vafoti (1936.18.VI) dan keyin boshqa bir kishining qo‘li bilan kiritilgan. Taxminimizga ko‘ra, tarjima matni nashr etilish maqsadida mashinkalangan. Buni o‘sha kezlardagi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining rahbarlaridan biri — Qurbon Bereginning O‘zbekiston Davlat nashriyoti nomiga yozgan xatidan ham bilsa bo‘ladi. Mazkur shaxs asarning unvon (titul) varag‘iga quyidagi so‘zlarni yozgan:
“O‘zGIZ.
Meni vaqtim yo‘q. Boshqaga bering. So‘ngra, boshqa tarjimon topilmadimi? Nega Cho‘lponga tarjimaga berildi?
Q.Beregin imzosi.
10/IV”.
Qurbon Bereginning bu yozuvidan shu narsa ayon bo‘ladiki, birinchidan, tarjima muhokama etilmoqchi va hatto Q.Bereginning o‘zi muhokama majlisiga raislik qilmoqchi bo‘lgan, ikkinchidan, u tarjimadan qanoat hissini tuymagan, uchinchidan va eng muhimi, u tarjimaning Cho‘lponga berilganidan norozi bo‘lgan.
Ma’lumki, O‘zbekiston kompartiyasining o‘sha paytdagi rahbari Akmal Ikromov Cho‘lponga, Fayzulla Xo‘jayev singari, xayrixohlik bilan qaragan. Q.Bereginning so‘nggi so‘zlari esa uning Cho‘lponga nisbatan qarshi qutbda turganidan va hatto Cho‘lpon masalasida Markazkom ikki guruhga ajralib ketganidan darak beradi.
Shubhasiz, “Egor Bulichov”ning tarjimasi “Hamlet”ning tarjimasi darajasida emas. Buning sababi, bizningcha shundaki, Cho‘lpon garchand M.Gorkiyning “Ona” romanini o‘zbek tiliga mehr bilan o‘girgan bo‘lsa-da, bu asarga nisbatan o‘zida katta qiziqish ko‘rmagan, uni mahorat bilan tarjima qilish uchun o‘zida yetarli darajadagi ruhiy kuchni, rag‘batni, ilhomni topolmagan.
Cho‘lponning 1937 yil 7-8 aprel kunlari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdagi nutqidan shu narsa ma’lumki, u musofirlikdan qaytgach, ona yurtida iliq bir munosabatni ko‘rmagan. Qand kasalligiga mubtalo bo‘lgan adib moyanali ish bilan ta’min etilmagani uchun og‘ir iqtisodiy ahvolda yashagan. U ana shunday sharoitda, ikki yil ichida “Ona”ning ikkinchi bo‘limini, “Egor Bulichov”ni, Pushkinning “Dubrovskiy” va “Boris Godunov”, Lohutiyning esa “Ovrupo safari” asarlarini tarjima qilgan, “Jo‘r” nomli she’rlar kitobini nashrga tayyorlagan. Shunga qaramay, uni “Moskvadan kelgach, o‘zini ko‘rsatmadi”, deb ayblaganlar. “Hamlet”ning Cho‘lpon qalamidan chiqqan dohiyona tarjimasiga matbuot sovuq munosabat bildirgan, teatr afishalarida hatto tarjimon nomi qayd etilmagan. “Ona”ning nashrida esa tarjimon nomi texnik muharrirning ismi-sharifi bilan bir joyda yozilgan.
Cho‘lpon zikr etilgan nutqida majlis raisi Qurbon Bereginga murojaat etib, yana bunday degan: “Hamlet” mendan ilgari boshqa birovga berilgan ekan, lekin u istamagan (to‘g‘rirog‘i, eplolmagan — N.K.) ekan, so‘ngra, “Hamlet”ning tarjimasini menga berganlar. Biz uni Uyg‘ur bilan birga ishladik. Oxirida gazetada chiqdiki, “Hamlet”ning tarjimasi Cho‘lponning hech bir ishtirokisiz teatrga chiqdi”, deb.
Ana shunday muhitda yashagan Cho‘lponning “Egor Bulichov”ni biz kutgan va orzu qilgandek katta mahorat bilan tarjima qilishi mahol edi.
Shunga qaramay, ushbu tarjima ulug‘ Cho‘lpon ijodiy mehnatining samarasi sifatida katta adabiy-tarixiy ahamiyatga molik. Qolaversa, Cho‘lpon M.Gorkiyning 1917 yil inqilobi arafasidagi rus xalqi turmushidan olingan asarini aniq va yorqin til bilan tarjima qilgan.
Nihoyat, M.Gorkiyning mazkur asari 1939 yil 10 martda Hamza teatrida rejissyor I.Ilyosov tomonidan sahnalashtirilgan.

Naim Karimov, professor.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2004 yil, 1-son