Lyu Sinu. Lanchjoudagi uchrashuv (hikoya)

O‘sha iyul oqshomlarining birida Xuanxe daryosining narigi sohilidan kuchli shamol esar, havo odatdan tashqari allanechuk musaffo edi.
Lanchjou vokzalining binosidan o‘ttiz yoshlardagi bir yigit chiqib, hushtak chalganicha avtobus bekati tomon yo‘l oldi. U allaqaysi tashkilotga qarashli xorijiy bo‘lim xodimi bo‘lib, hozirgina Dunxuanga yo‘l olgan sayyohlar guruhini jo‘natib yuborgan edi. Ertalab yana bir qancha chet ellik mehmonlarni samolyotda Pekinga kuzatib borishi, u yerdan esa chet ellik boshqa sayyohlar bilan Xanchjouga uchishi lozim edi. Safar arafasidagi bu oqshom vaqti borligi uchun bemalol shaharni aylanib kelsa bo‘lardi.
Avtobus bekatiga o‘n qadamcha qolganida yigit qadamini sekinlatdi, qo‘lini cho‘ntagiga solib, chalayotgan musiqa ohangiga monand oyoqlari bilan taqillatgan ko‘yi vokzal oldidagi maydonda yurgan odamlar izdihomini kuzata boshladi. Bu oqshomni qanday o‘tkazgani ma’qul? Bayshatan hamda Utsyuanning mashhur istirohat bog‘lariga boray desa, yaqindagina xorijiy sayyohlar bilan ularni tomosha qilgan. Xuanxe bo‘ylarida sayr qilishi, bozorga kirib ertapishar qovun (sotuvchi qovunning shu navini rosa maqtagan, aytgancha, bu navning nomi “Temir tuxum” deb atalardi) sotib olishi mumkin. Maza qilib tarvuz yeyishi yoki lanchjouliklar taomi, qovurma lag‘mon yeyishi ham mumkin edi, biroq bular uning joniga tekkandi. Yovvoyi g‘ozlar sohiliga esa sira bormagan, aytishlaricha, u yerning tabiiy go‘zalligi odamning hushini olib qo‘yar darajada beqiyos ekan. Ammo hozir, vaqt ancha kech bo‘lib qolgan, buning ustiga u yerlar hiyla xavotirli edi…
U xayol surib, odati bo‘yicha yetti o‘lchab bir kesish uchun taraddudlanib turganida yonginasidan nozikkina, qo‘g‘irchoqdek, kamtarona libos kiygan o‘rta yashar ayol shoshgancha o‘tib qoldi. Agar ayolning qichqirgani eshitilib, bekatda shovqin ko‘tarilmaganda, yigit o‘sha ayolga ahamiyat bermagan bo‘lar edi. Ma’lum bo‘lishicha, ayol avtobusga chiqaman, deb endi tutqichni ushlagan mahal nogahon chiptachi xotin eshikni yopgan-u, uning qo‘lini qisib qolgan ekan.
– Ko‘zingizga qarasangiz bo‘lmaydimi? – deya chinqirib yubordi ayol va jahli chiqqanidan yuzlari qizarib ketdi.
Chiptachi xotin eshikni andak ochdi-yu, ayol qo‘lini tortib olgach, jabr chekkanning shundoqqina yuzi oldida yana sharaqlatib yopdi. Shu orada bekatda odam to‘plana boshlagan edi.
– Eshikni oching!
– Nega chiqarmayapsizlar?!
– Bu nima ahmoqlik!
Avtobus oynasidan xo‘ppa semiz chiptachi xotinning jingalak sochli boshi ko‘rindi.
– Bu avtobusning ish vaqti tugadi, – deya e’lon qildi u. – Keyingi avtobusda ketasizlar.
– Men juda shoshayotgan edim! – dedi hayajon ichida boyagi qo‘lini avtobus eshigi qisib olgan ayol. – Jo‘nash uchun qo‘ng‘iroq chalinmay turib, nega eshik yopasiz?!
Shu choq qo‘ng‘iroq chalindi-yu, avtobus qo‘zg‘aldi.
– Shoshilayotgan bo‘lsangiz, taksida boring! – deya qichqirdi chiptachi xotin.
Bu mashmashani kuzatib turgan yigit, bunaqa voqealar har qanday shaharda yuz berib turadi, deya o‘yladi. Ayol esa keyingi avtobusni kutib o‘tirmay, jadal taksilarning to‘xtash joyiga qarab yurdi.
Daf’atan yigitning xayolida elas-elas yoshlik xotiralari jonlandi. Ayol unga haddan ziyod tanishdek tuyuldi: uning chehrasi, bejirim burni, ayniqsa, o‘zini dadil tutishi. Nahotki o‘sha? Yigit hech ikkilanmasdan ayolning orqasidan yurdi. Ko‘p o‘tmay u ishonch hosil qildi: ayol chindan ham o‘zini o‘qitgan muallima Lu Syupin edi. Ha, bu o‘sha, o‘rta maktabga kirgan yili geografiyadan dars bergan o‘qituvchisi…
Uchrashgan joylarini qarang! Shuncha zamonlar o‘tib muallimasi aslo o‘zgarmabdi. Bir vaqtlardagidek sochlari kalta qirqilgan, odmigina, egnida moviyrang kofta, faqat o‘sha paytdagi kabi chitdan emas, sintetikadan tikilgan. U hammadan ham muallimasining dadilligiga qoyil qolardi. U hech qachon aytgan so‘zidan qaytmas va hamisha hurmat-e’tiborini saqlar edi. Mana hozir, qarang, o‘ylab ham o‘tirmasdan g‘urur bilan boshini baland tutgancha taksi to‘xtaydigan joyga oshiqyapti. Nimasini aytasiz, u ilgari qandoq bo‘lsa, shundayligicha qolgan.
O‘quvchilar “Buyuk Xitoy kanali” nimaligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, eslab qolishlari uchun Lu Syupin butun sinfni Tunsyun viloyatiga olib chiqqan edi. Quyosh zavolga yuz tutgan, qadimiy minora ostida bolalar o‘qituvchilarining atrofida o‘tirishardi. Ular kechki ovqatlarini yeyayotganlarida Lu Syupin Buyuk kanal bilan bog‘liq rivoyatni hikoya qilib bergandi… Biroq o‘shanda, viloyat markaziga qaytib kelishganda ko‘ngilsiz voqea yuz berdi…
… Xuddi bugungidek, yoz oqshomi edi, ekskursiya tugagan. O‘quvchilardan birini Pekinga qatnaydigan avtobusga chipta olib kelish uchun yuborishdi. O‘sha bola hozir o‘qituvchisining ortidan taksi to‘xtash joyiga ketayotgan hikoyamiz qahramoni edi, ming afsus, bilet sotiladigan kassa oldida qarasa, cho‘ntagidagi hamyon yo‘q. Kun qaytayotgan mahal edi, hamma bolalar endi nima qilamiz, deya bosh qotira boshlashdi. Qizlar yig‘lashardi, chunki ular birinchi marta uylaridan shunchalik uzoqqa ketishlari edi, qo‘rqmay ham bo‘ladimi bunday vaziyatda. Muallima Pekinga qaytib borgan zahoti to‘lash sharti bilan qarzga bilet berishlarini iltimos qilgan, biroq kassir uning o‘tinchiga quloq ham solmagandi…
Bolalar sarosimaga tushishgandi. Kimdir piyoda ketaveramiz, dedi, boshqa birov o‘sha tomonga borayotgan mashinaga chiqib olamiz, dedi. Puli borlar o‘rtoqlarini tashlab bo‘lsa ham uylariga ketishni mo‘ljallab qolishdi. Ayrimlar shu yerdagi mahalliy jamoat xavfsizligi idorasidan qarz olish kerak, deya taklif etishdi. Oralarida pul yo‘qotgan o‘rtoqlariga zug‘um qiluvchilar ham topildi.
Birdan muallima chap bilagini siypab ko‘rdi-da, amirona ohangda xitob qildi:
– Tinchlaninglar va meni kutinglar!
Xuddi mana shunday viqor bilan boshini baland ko‘targancha mayda qadamlar tashlab ko‘chani kesib o‘tdi va magazinga kirib ketdi…
Bolalar garang bo‘lib turishardi. O‘shanda muallima juda tez qaytib kelgan edi, shekilli.
– Pul topildi, – dedi u. – Ketdik, biletga. Qani, qo‘shiq bilan boshladik!
U shunday dedi-da, o‘sha zahoti “Quvnoq sayyoh” qo‘shig‘ini boshlab yubordi. O‘quvchilar unga jo‘r bo‘lishdi. Hozirgina dillarni g‘ash qilayotgan ko‘ngilsizlik esdan chiqdi, avtovokzaldagi odamlar bu quvnoq, purg‘am izdihomga hayrat ichida boqishdi. Bir necha kundan keyingina o‘quvchilar muallima magazin yopilay, deyotganda borib soatini sotganligi haqida eshitishdi.
Shu xotiralardan yigitchaning mehr-oqibat tuyg‘ulari jo‘sh urgan dili orom topdi, holbuki, bunaqa kayfiyat har doim ham va shuning ta’sirida beixtiyor muallimasini chaqirdi. Lekin Lu Syupin uning ovozini eshitmadi ham, uning butun fikri-zikri boya uylarida eri bilan oralarida bo‘lib o‘tgan janjal bilan band edi. Eri uning borishini lozim topmagan, u idish-tovoqni yuvib bo‘lgach, peshbandini yechib, unga achchiq gaplar bilan javob qildi, lekin baribir o‘z bilganidan qolmadi.
U avtobusga kech qolmaslik uchun nafasi tiqilib yugurdi. Aksiga oladi-da! Shuncha shoshgani behuda ketdi. Beixtiyor yana semiz, sochlari jingalak chiptachi juvon ko‘z oldiga keldi, qulog‘i ostida uning mayna qilgandek “Taksida boring!” degan ovozi yangradi. Chiptachi juvon bir qarashdayoq Lu Syupin taksida yuradiganlardan emasligini payqab, ustidan kulish uchun shunday degandi.
Bo‘pti, yaxshi! Taksi bo‘lsa, taksi-da. Taksi, taksi… Lu Syupin ortidan kimdir o‘zini chaqirib kelayotganini sezmadi ham. To‘xtash joyida bir necha mashina turardi. Birinchi mashinaning haydovchisi tirnog‘ini olib o‘tirardi.
Ochig‘ini aytganda, Lu Syupin afsuslana boshlayotgandi: “Nima keragi bor taksini? Qimmatdir, shundan-shunga eltib qo‘yish”. Biroq u lafzidan qaytadiganlardan emasdi, haydovchining oldiga bordi-da:
– O‘rtoq, menga… – deya so‘z boshladi.
Haydovchi beparvogina unga qaradi. Mabodo u odamga o‘xshab muomala qilganda bormi, Lu Syupin niyatidan voz kechib, hazilga burar edi-da, avtobus bekatiga qaytib ketgan bo‘lardi. Biroq haydovchi sovuqqina qilib, g‘ijingandek:
– Shoshmay turing, – dedi va tirnog‘ini olishda davom etdi.
– Nega endi men kutib turishim kerak, – Lu Syupin o‘zini tutolmay qoldi. – Meni vaqtim yo‘q kutadigan, ishim shoshilinch.
Haydovchi unga sinchkov nazar soldi-da, nasihatomuz ohangda tushuntirdi:
– Keyingi poyezdda, e’tiboringiz uchun, xuatsyaoliklar kelishyapti. Biz shularni kutyapmiz.
Uning so‘zlaridan Lu Syupin yonib ketdi, u yana, faqat bu safar keskinroq ohangda boyagi so‘zlarini takrorladi:
– Nega endi men kutishim kerak! Sizningcha faqat xuatsyaolarning ishi shoshilinch bo‘lar ekan-da?! Avval meni eltib qo‘ying, keyin qaytib kelarsiz o‘shalarning oldiga.
Ularning yoniga yaqinlashib kelgan yigitcha gap nimadaligini darhol fahmladi-da, sipolik bilan taksi haydovchisiga murojaat qildi:
– O‘rtoq haydovchi, bu ayol bilan mening yo‘lim bir ekan. Men chet ellik sayyohlar bilan birga yuraman. Yanglishmasam, o‘tgan kuni bizni Quyosh ehromi tog‘iga siz olib borgandingiz, shekilli.
Taksi haydovchi yigitchaga tezgina qarab oldi: nozik qiyofa, zamonaviy soch, egnida jigarrang chiroyli jemper, qora shim, tumshug‘i to‘rtburchak, yaraqlagan charm tufli… Turishining o‘zi falon pul! Buning ustiga xuddi chet ellik sayyohlardan keladigan nafis atir hidi. Mana shu narsalarni ko‘rgan taksi haydovchining shaxti pasaydi, u qaychisini buklab idishiga soldi-da, mashinaga taklif qildi.
Yigitcha orqa eshikni ochib, Lu Syupinni taklif etdi. Ayol bir zum ikkilanib turdi-yu, navbatdagi avtobusning ham joyidan qo‘zg‘alganini ko‘rib, tezgina soatiga qaradi va taksiga o‘tirdi. Ana shundagina u notanish yigitcha ismini aytib chaqirganiga ahamiyat berdimi, qovog‘ini uyub so‘radi:
– Meni qayerdan bilasiz?
– Siz meni o‘qitgansiz maktabda, – deya javob qildi u.
Lu Syupin o‘ylanib qoldi va boshini chayqadi.
– O‘qitganman? Sira eslolmayapman. Qasi yili bitirgansiz maktabni?
Yigit kuldi.
– Siz muallima Lusiz, ilgari Pekinda ishlar edingiz.
Lu Syupin tasdiq ishorasida bosh irg‘adi, lekin ming uringani bilan o‘zining sobiq o‘quvchisini taniy olmadi.
– O‘shanda siz endigina pedagogika institutini bitirib, bizning maktabimizga kelgan va aynan men o‘qiyotgan sinfga dars bergan edingiz… Buyuk kanal. Tunchjoudagi qadimiy ehrom. Avtovokzal. Biletga yig‘ilgan pulni yo‘qotib qo‘ygan bolani esladingizmi, o‘sha men edim. Esladingizmi endi? Kassir noinsoflik qilgan edi… Siz soatingizni sotgan edingiz, esladingizmi?
– Ha. O‘sha senmiding?
Lu Syupin o‘zini qo‘lga olib quvonchdan chapak chalayozdi.
– Yo falak! Mu Junin! Ko‘rimsizgina bola shahzodaga aylanibdi-yu! O‘lay agar, tanimagan bo‘lardim!
Lu Syupin sobiq o‘quvchisidan ko‘z uzmay turar ekan, o‘tmish xotirasi birin-sirin jonlana boshladi. Mu Junin. Uchiga chiqqan shumtaka. Bir kuni u darsga globus ko‘tarib kelgandi, eshikni ochib endi sinfga qadam qo‘yganini biladi, xo‘sh, nima bo‘pti? Allaqayerdan futbol to‘pi uchib kelib to‘ppa-to‘g‘ri globusga urildi. Cho‘chib tushganidan globus qo‘lidan tushib ketdi-yu, to‘rt bo‘lakka bo‘linib ketdi. O‘shanda shunaqa ham jahli chiqqan edi-ki, asti qo‘yaverasiz!
– Shunaqayam bema’nilik bo‘ladimi! – deya qichqirgandi joni-poni chiqib. – Kimning ishi bu?
G‘ala-g‘ovur tinchib, sinf suv quygandek jim-jit bo‘lib qoldi.
– Mu Juninning ishi. U koptokni eshik tepasiga qo‘yib qo‘ygandi, – dedi sinfboshi.
U Mu Juninni o‘rnidan turg‘izib qo‘yib, rosa ta’zirini bergandi.
– Men hazil qilmoqchi edim, xolos, – deya o‘zini oqlagandi Mu Junshin. – Koptok globusga uriladi, deb sira o‘ylamovdim.
– Globus – ko‘pchilikning mulki, – dedi muallima. – Sen uni sindirding. Uyat! Uni endi to‘lashingga to‘g‘ri keladi.
– Lekin men atay qilganim yo‘q! – Mu Junin o‘zini oqlashda davom etdi. – Nega endi to‘lar ekanman. Otamga ayting, yangisini olib beradilar.
Muallima singan globusni ko‘tarib, Mu Juninning otasiga qo‘ng‘iroq qilish niyatida telefon oldiga bordi. Mu Juninning otasi katta amaldor edi. Muallima qo‘ng‘iroq qilganida majlis bo‘layotgan edi, shunga qaramay, u Lu Syupinning gaplarini diqqat bilan eshitgandi. O‘sha paytda Lu Syupin endigina yigirma bir bahorni qarshilagan, o‘quvchilaridan ozgina katta edi.
O‘qituvchilar xonasida yuz bergan bu hodisa hiyla bahs-munozaraga sabab bo‘ldi. Ayrimlar Lu Syupinning bu qilig‘ini tarbiyachiga munosib emasligini e’tirof etishdi, o‘quvchilarini erkalatib yuborgan, deya tanqid qilishdi. Lekin direktor uni qo‘llab-quvvatladi va hatto maqtab qo‘ydi.
Mu Junin otasi bilan yangi globus sotib olib, maktabga keltirishdi. O‘shanda muallimasi otasi bilan uzoq suhbatlashgani uning esida edi-yu, biroq nima haqda ekanini eslolmasdi. Yana muallimasining qat’iyat bilan boquvchi ko‘zlari bilan xushbichim burnini unutmagandi. Nimasini aytasiz, chinakam xalq o‘qituvchisiga xos barcha fazilatlar unda mujassam edi. O‘sha kuni otasi bilan bo‘lib o‘tgan suhbatdan so‘ng muallimasi bolaga epaqaga keltirib yamagan eski globusni bergan edi.
– Olib qo‘y buni, – degan edi o‘qituvchisi. – Men Yevropa xaritasini o‘ziday qilib tiklashga urindim, bilmadim qanchalik aniq…
Keyinchalik mana shu globus sharofati bilan Mu Junin geografiya fanini yaxshi ko‘rib qolgan va sinfda hammadan ko‘ra yaxshiroq o‘qiydigan bo‘lgandi.
– O‘shanga qancha bo‘ldi hozir? O‘n yetti yilmi? Sizni Lanchjouda uchratib qolaman deb, o‘lay agar, sira o‘ylamagan edim. Siz haliyam dars berasizmi?
Lu Syupin bosh irg‘adi:
– Bo‘lmasam-chi. Haliyam geografiyadan dars beraman.
– Esingizdami, yettinchi sinfni bitirishimiz arafasida bir kuni siz kutilmaganda Shimoliy G‘arbga ketayapman, degandingiz, men uyga kelib globusni diqqat bilan ko‘zdan kechirgan va oradagi masofani belgilab chiqqan edim, o‘shanda esim og‘ib qolayozgandi. Chunki Pekindan Lanchjougacha bo‘lgan masofa Pxenyandan Ulan Batorgacha bo‘lgan masofaga teng edi. Men sira tushunmagandim: nega shundan-shunga ketayapti muallimamiz, deb rosa boshim qotgandi. Nima bor u yerda? Nahotki Pekinni tashlab ketishga achinmadilar, deb o‘ylagandim.
Lu Syupin ko‘zlarini yumib, xayolchan ohangda shunday dedi:
– Men o‘shanda yigirma ikki yoshga ham kirmagandim. Pekinda o‘tkazilgan kengashga yaqinginada Shimoliy G‘arbda rahbar etib tayinlangan bir kishi keldi. U men va bir nechalarimizni o‘zi ishlayotgan viloyatga taklif etdi. Esimda, xonada divan bor edi. Bahaybat, eski zamonlardan qolgan divan. Joy torlik qilib, yigitlar deraza raxiga o‘tirib olishdi. O‘sha odam Shimoliy G‘arbdagi bepoyon dalalar haqida hikoya qilib berdi. Bu zamin qa’ridagi mavjud bo‘lgan boyliklar, yangi hayot qurish istagida yonayotgan, serg‘ayrat, kelajagi porloq yoshlarni kutayotgani haqida uzoq gapirdi. Bu o‘lka ayniqsa fidoyi o‘qituvchilarga zor edi.
– Gap mana qayerda deng! – hayrat ichida xitob qildi Mu Junin.
– Siz osongina ko‘nib qo‘yaqolgansiz, to‘g‘rimi?!
– To‘ppa-to‘g‘ri. Biz u paytlarda musaffo orzular bilan yashardik, ishlab charchamasdik, tog‘ni talqon qilishga kuchimiz ham yetardi, shijoatimiz ham. Oramizda ikki kishining uyidagilari ruxsat berishmadi, ular o‘z niyatlaridan qaytishga majbur bo‘lishdi. Bizlar esa – besh nafar sinfdoshlar yuklarimizni yig‘ishtirib, yo‘lxaltalarimizga joylardik, bir tomoniga globusni, ikkinchi tomoniga sibizg‘a solib, o‘sha odam bilan qaydasan, Lanchjou, deb shu o‘lkaga kelib qoldik. Keyinroq men biz bilan birga kelgan yigitlardan biriga turmushga chiqdim. Katta qizim, yaqinda sizlarni o‘qitayotgan paytimda nechaga chiqqan bo‘lsangiz, shu yoshga kiradi.
– Bundan chiqdi, siz turmush o‘rtog‘ingiz bilan o‘rta maktabda dars berasiz, to‘g‘rimi?
Mu Jun’inning unga rahmi keldi. Hatto achindi. Jamiyatda o‘n yetti yil ichida bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin muallimga bo‘lgan hurmat-ehtiromdan asar ham qolmadi. Qishloqda hali ularning hurmatini o‘rniga qo‘yishardi. Mehnatsevarliklari uchun, bilimlari uchun. Lekin shaharlik ziyolilar orasida mavqelari ancha past edi. Ijtimoiy ahvollari, demak, maoshlari ancha kam edi. Mu Junin institutni tugatish arafasida o‘zi va talabalar ishga joylashishning turli yo‘llari, u yoki bu ish o‘rinlarining tushumlariga qarab jadval tuzib chiqishgani yodiga tushdi. Birinchi ustunga “jamiyatdagi o‘rin”, ikkinchi ustunga “maoshning o‘sishi”, uchinchi ustunga esa “moliyaviy ahvol”, ketidan “ishlab chiqarish hajmi”, ”kadrlarning o‘sishi”, “ishning shaxsiy qiziqishlar bilan bog‘liqligi” va hokazolar. Hamma “plyus” va “minus”larni o‘ylab chiqib eng bo‘lmag‘ur, serxarajat kasb o‘qituvchilik, degan xulosaga keldi. Qanday bo‘lmasin, shu sohaga tushib qolmaslik kerak. Qarangki, ular esa o‘zlari maktabga, Shimoliy-G‘arbga ketishdi. Mu Junin bu odamlarning barchasiga achinardi. U muallimaga diqqat bilan tikildi-da, birdan uning cho‘kib, qarib qolganini his qildi.
Shunga qaramay Lu Syupin undan so‘radi:
– Bu “tanlash” printsipi nima degani? Sen ham Lanchjouga ishlashga keldingmi yoki bo‘lmasa…
Mu Junin o‘zidan mamnun bo‘lgan holda kibrini yashirolmay hikoyasini chiroyli so‘zlar bilan bezab dedi:
– Men yaqinda institutni tugatdim, tarjimon bo‘lib ishlayapman. Ertadan kechgacha xorijliklar bilanman. Hammasi jonimga tegdi! Mana shu bir necha yil davomida ne-ne mamlakatlarda bo‘lmadim, faqat Ninsya, Sinxay, Tibet va Guychjouda bo‘lmaganman. Lanchjouga esa birinchi kelishim, bu yerda maza qilyapman. Aytaylik, Xanchjou, Szilin, Xuanshan va Guanchjouda bir necha marta bo‘lganman. O‘sha-o‘sha sayyohlik markazining xodimlari, tarixiy obidalar va sayru sayohatlar ko‘nglimga urib ketdi. Ko‘klamda bir guruh sayyohlarni Yaponiyaga olib bordim. Qoyil qoldim! Tokio, Kioto, Nora, Osaka, Kobe, Xirosima. Sizning bergan saboqlaringizni, Yaponiya haqidagi hikoyalaringizni ko‘p esladim. Nora shahri haqida shunaqangi hayajon bilan hikoya qilib, ko‘z oldimizga keltirib qo‘ygan edingizki, azbaroyi, u yerga borganimda xuddi ilgari ham bu yerga kelgandek tuyulgandi. Afsuslar bo‘lsinkim, Yevropa bilan Amerikaga hali borganim yo‘q. Lekin niyatim bor, imkoniyatlar ham yetarli…
Lu Syupin uning gaplarini bir marta ham bo‘lmasdan, oxirigacha diqqat bilan eshitdi. Albatta, Lu Juninning ishi maroqli va juda zarur ish. Muallima bundan juda quvondi. Ammo taksi haydovchisining ikkoviga qilgan turlicha muomalasi esiga tushib, chin dildan o‘kindi.
Lu Syupin haydovchidan mashinani to‘xtatishni iltimos qildi.
Mu Junin ham muallimasining ortidan tushdi-da, daf’atan, yoshlik xotiralari bilan bo‘lib, bu yerga nima ish bilan kelganini so‘rash xayoliga kelmaganini eslab qoldi. Shu asno, taksi haydovchi kira haqini olgani oynadan qo‘lini cho‘zdi.
– Men to‘layman, – dedi Mu Junin hamyonini chiqarib. U yana o‘n yetti yil muqaddam pul yo‘qotib qo‘yganini xotirlab, o‘sha “gunohini” yuvish uchun qulay fursat kelganini fahmladi. Biroq muallimasi uning qo‘lini itarib, yo‘ldayoq tayyorlab qo‘ygan besh yuanni haydovchiga tutqizdi. Umuman olganda, bu paxta sotib olish uchun asrab qo‘yilgan pul edi – muallima yozgi ta’til paytida qish g‘amini yeb, oila a’zolarini issiq kiyimlar bilan ta’minlab qo‘ymoqchi edi…
Navfsilambriga aytganda, Mu Junin bilan oralarida bo‘lib o‘tgan suhbat Lu Syupinni shoshirib qo‘ygan. Yigitcha bundan o‘ziga xulosa chiqardi: “Gaplarimni eshitib, o‘zining achinarli ahvolini sezdirmayapti, shekilli”, deb o‘yladi u. Lekin u noto‘g‘ri o‘ylayotganini bilmasdi. Vaholanki, uning hayotda erishadigan yutuqlari haqidagi hikoyasi Lu Syupin qalbidagi or-nomus tuyg‘usini yanayam mustahkamlagan edi. “Modomiki, taksida ketishga qaror qildimmi, yo‘lkirani o‘zim to‘lashim shart”, – deya ko‘nglidan o‘tkazdi u. Balki, shu sababdan uyida noxush vaziyat kelar, eri nima gapligini tushunmas, mayli, osmon uzilib yerga tushmadi-yu! Esida, bir necha yil avval univermagga kirishgan, sotuvchidan jigarrang erkak­lar sharfini ko‘rsating, deb so‘rashgan edi. Shunda sotuvchi er-xotinning kamtarona usti-boshiga qarab, miyig‘ida kulgan va iltifotsiz ohangda:
– Toza jundan to‘qilgan, o‘n besh yuan turadi! – degan edi.
O‘shanda Lu Syupin birdan qaddini rostlab unga yigirma yuanlik pul uzatgan edi:
– O‘rab bering, olamiz!
Uyda u erini toshoyna oldiga olib keldi, kela kelguncha to‘ng‘illab norozilik bildirgan eri oynaga qarab yosh boladek quvonib, lab-lunjini yig‘ishtira olmagan edi. Ehtimol bugun ham norozi ohangda to‘ng‘illar, balki, kim biladi, tushunar. Shuning uchun u hech ikkilanmay besh yuanni berdi.
Ammo haydovchi pulni olib, dedi:
– Yana o‘ttiz besh fen!
Lu Syupin buni sira kutmagan edi. U noiloj cho‘ntagiga qo‘l suqib, qaytib kelishga saqlab qo‘ygan oxirgi yigirma fenni oldi.
– Nega bunaqa qimmat! Bilsak bo‘ladimi?
Haydovchi ensasi qotib unga qaradi:
– Qimmat bo‘lsa avtobusda yurish kerak.
– Men beraman, – dedi Mu Junin. Taksida ko‘p yurganidan haydovchi ortiqcha so‘ramayotganini u bilardi. Yonidan o‘n besh fen olib, haydovchiga uzatdi.
– Chindanam juda qimmat-a! – dedi u Lu Syupinga yuzlanib.
Taksi jo‘nadi, Lu Syupin esa sira o‘ziga kelolmasdi.
– Qanaqa shoshilinch ishingiz bor edi bu yerda? – deb so‘radi Mu Junin.
Lu Syupin soatiga qaradi-da, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi. Uning rangi oqarib ketganini ko‘rib Mu Junin ham shoshib qoldi.
– Nima bo‘ldi? Kechikibsizmi? – deb so‘radi u. – Kechikish mumkin emasmi?
– Seans boshlanib ketibdi, – dedi bunga javoban Lu Syupin. – Tezroq bormasam bo‘lmaydi.
Mu Junin nima gapligini dabdurustdan tushunolmadi, biroq atrofga ko‘z yugurtirib namoyish etiladigan filmlarning afishasi hamda “Kinoteatr” deb yozilgan yozuv bilan ko‘rsatkich nishonini ko‘rgach, gap nimadaligini fahmladi.
Kinoteatr binosi ko‘rimsizgina, befayz edi. Nahotki muallimasi mana shunday bir ahvoldagi kinoteatrda namoyish etilayotgan filmni ko‘rish uchun besh yuan bahridan kecha olsa! Birdan yalt etib Mu Juninning xayoliga kinoteatrlarda sarguzasht film qo‘yilayotgan bo‘lsa kerak, degan fikr keldi. Pekindagi odamlar bunday filmni ko‘rgani daryo bo‘lib oqib borsa, Lanchjouni qo‘yaverasiz. Faqat bir narsa qorong‘u: oddiy maktab muallimasi maxsus namoyish etilayotgan filmga qanaqa qilib chipta ololgan!
To‘g‘ri, Pekinda ham bunaqa filmlar odatda chetroqda qo‘yiladi. E’tiborni jalb etmaslik uchunmikin…
Shunday xayollardan so‘ng u so‘radi:
– Qanaqa film ekan?
– Senga bunaqa filmlar yoqmasa kerak, – deb javob berdi muallimasi shoshilmay borar ekan.
Mu Junin uning javobidan o‘ziga xulosa chiqardi. “Sizlar Pekinda bunaqa filmlarni ko‘raverib joningizga tegib ketganki, ahamiyat ham bermay qo‘ygansiz…” Haqiqatdan ham shunaqa. Bunaqa ishlarda ham “imkon” bo‘lishi zarur – shart.
Lu Syupin esa, nega Mu Junin ortimdan kelayapti, deya hayron bo‘lardi.
– Seni ko‘rganimdan xursandman. Barakalla, ulg‘ayib, voyaga yetibsan. Xursand bo‘ldim. Endi menga javob, kinoga kirishim kerak. Xayr, ko‘rishguncha!
– Bugun vaqtim bemalol edi, – dedi jilmayib Mu Junin – Kirishga harakat qilib ko‘raman. Balki yo‘li topilar.
Mu Junin tarjimon, degan hujjatim yordam berib qolar, degan ishonch bilan shunday dedi.
– Agar kino ko‘rmoqchi bo‘lsang, chipta sotib ol, olam guliston, – dedi Lu Syupin. Ular kinoteatrning asosiy eshigi sari yurishdi.
Film boshlangan, eshik oldida hech zog‘ ko‘rinmas, buning ustiga kassa ham yopiq edi.
– Nachora, nasib qilmabdi. Menga uzr. Xayr, – dedi o‘quvchisining hafsalasi pir bo‘lganini ko‘rgan Lu Syupin va xayrlashgani qo‘lini uzatdi.
Muallimasi bilan xayrlashgach, Mu Junin yana kassaning oldiga borib mo‘raladi, qarasa, bilet sotuvchi hujjat to‘ldirayapti. Ma’lum bo‘lishicha, olti-yu qirqdagi seansda badiiy filmdan avval hujjatli lavha namoyish etilar ekan. Shuning uchun hech kim yo‘q ekan. Mu Junin muallimasining shundan-shunga kino ko‘rgani kelishga nima majbur qilganini bilgisi keldi. Chindanam nima sababdan?! U kassa oynasini taqillatdi. Daricha ochilib, mo‘ysafidning boshi ko‘rindi, u ajablanib Mu Juninga tikildi.
– Bilet topiladimi? – deb so‘radi u.
– Qancha kerak? – dedi undan ko‘zini uzmay kassir.
– Bitta bering.
O‘n fenga chipti olib Mu Jinin zalga kirdi.
– Xohlagan joyingizga borib o‘tiraverasiz, – dedi nazoratchi.
Mu Junin ko‘zi qorong‘ulikka ko‘nikkuncha yo‘lakda turdi. Unga yaqin o‘rindiqda bir-biriga suyangancha sevishganlar o‘tirishardi. Ular allanimalar haqida shivirlar va umuman ekranga qarashmas edi. Tushunarliku-ya, ularga filmning qizig‘i yo‘q. Mu Junin sekin-asta o‘tib, muallimasini izlay boshladi. Oxiri topdi, u o‘ninchi qatorda o‘tirar, aynan shu qatordagi joylar tomoshabinlar bilan to‘lgan edi. Mu Junin orqadagi qatorga o‘tirdi.
Hujjat-yilnoma film ko‘rsatilayotgan edi. “Bugun Xitoy” deganga o‘xshagan. U muallimasi tomonga qaradi. Ol-a! Muallima oldingi o‘rindiq suyanchig‘iga tirsagi bilan tayanib, boshini quyi solgancha o‘tirardi. Kech qolaman deb, ichiga sig‘may taksida kelgan edi-yu! Endi bo‘lsa, ekranga qaragisi ham kelmayapti! Ana xolos!
Ko‘p ham o‘tmay Mu Juninning bu yerdan tezroq ketgisi keldi. “Balki unga nimadir qattiq ta’sir qilgan hamda shu sababli shu ko‘yga tushgandir”, – deya boshi qotdi uning. Bularning hammasi uning tanlash zarurati qolipiga sira sig‘mas edi. Shungayam ota go‘ri qozixonami! Soat yetti ham bo‘lgani yo‘q. Bugungi oqshomni ko‘ngildagidek o‘tkazish uchun vaqt yetarli hali. Faqat buning uchun tezroq “tanlash” kerak.
Ekranda esa kinojurnal davom etar, Lu Syupin uning bu sonini yaqinda ko‘rgani uchun ekranga qaramasdi. U go‘yo ketidan namoyish etiladigan filmni diqqat bilan, bironta so‘zi, bironta kadrni o‘tkazib yubormay ko‘rish uchun o‘zini chog‘lardi go‘yo. Biroq urinishi zoye ketib, sira o‘zini qo‘lga ololmasdi.
Uyda eriga shu filmni borib ko‘rmoqchi ekani, muallimlik faoliyatida asqotib qolishi mumkin deb shu filmni ko‘rmoqchi ekanini aytganda, eri norozi bo‘lib to‘ng‘illagandi:
– Chiqiming ko‘payib ketyapti-da keyingi paytda! Kinoda nima bor! Bilet puli – yana yo‘l kira – shu xarajatga ikki kunlik ro‘zg‘or qilsa bo‘ladi.
– Manam boraman kinoga! Manam boraman! – “kino” degan so‘zni eshitgan kenjatoyi irg‘ishlay boshladi, katta qizi esa ukasini yupatib qo‘shni xonaga olib kirib ketdi. Lu Syupin bobillaganlariga e’tibor qilmay, ovqat pishiraverdi. Ilgari bunaqa qurumsoq emasdi eri, mard edi. Qani o‘sha fe’l-atvor! Yaxshi esida, uning uyiga qanot chiqarib uchib kelgani va “Shimoli-G‘arbga ketadigan bo‘ldim! Sen-chi? O‘z ideallaringdan chekinasanmi? – deya quvonchini yashirolmay raqsga tushganlarini yaxshi eslardi.
Xuddi ana o‘sha lahzalarda erini qanchalar yaxshi ko‘rishiga ich-ichidan iqror bo‘lgandi. So‘ngra uning kerilgan qoshlariga, ko‘zlarida yonayotgan ehtiros alangalarini ko‘rib, o‘zini tutib turolmagan va “Hech qachon chekinmas ekan! Ertagayoq hujjatlarni rasmiylashtiraman! – deya qiyqirib yuborgandi. O‘sha kuni oqshom ular Tyan-an-Min maydonida qo‘l ushlashib uzoq aylanib yurishgandi, o‘sha damda yomg‘ir yog‘ar, Chanantsze ko‘chasi bo‘ylab qirmizi chiroqlar yomg‘ir pardasi aro ulkan Lanxua gullari singari ko‘ringan edi. Ular sharros quyayotgan yomg‘irdan qochmay: “Biz navqiron avlod, ko‘ksimizda jo‘shqin niyatlar” qo‘shig‘ini baralla kuylashgandi. U yana poyezdda eri Gansu viloyati xaritasini yoyib, uning chekka hududlarini barmog‘i bilan ko‘rsatib qat’iy ohangda: ”Biz mana shu yerga boramiz. Tappi yoqib, qimiz bilan choy ichishga o‘rganamiz. Ehtimol, tibetliklar milliy kiyimida yurarmiz. Shunday qilsak, o‘sha yerlik odamlar bilan til topishimiz oson bo‘ladi… Tibet ayollarining yubkasi senga qanchalar yarashmog‘ini bir tasavvur qilib ko‘r-chi!” – degandi.
O‘shanda Lu Syupin hazillashib uning yelkasiga urgandi, biroq erining so‘zlaridan juda-juda mutaassir bo‘lgan edi. Axir u ham eri singari uchqur xayollarga oshufta edi-da!
Ularni Lanchjouda qoldirishdi.
Biroq minnatdor bo‘lish o‘rniga tayinlashgan ishlariga norozilik bildirishdi. Ayb qilib qo‘ygan o‘quvchisining otasi Lu Syupinning oldiga kelib o‘g‘li uchun kechirim so‘rayotganini unutish mumkinmi? “Siz ham farishta emassiz, – degan edi u quvlik bilan, ovozini pasaytirib. – Aks holda sizni Shimoli-G‘arbga jo‘natishmagan bo‘lardi. Hammamiz ham xom sut emgan bandalarmiz. Xato qilishdan hech kim mustasno emas”.
O‘shanda Lu Syupinning achchig‘i chiqqanidan titrab ketgandi. Keyinchalik bunaqa narsalarni ko‘pini eshitdi.
Tog‘ shamolida ularning terisi quruqshab, dag‘allashdi, qahraton sovug‘i bilan qaynoq saraton qurg‘oqchilik va toshqinlar er-xotinning ruhini tob­ladi, ularni qanoatli bo‘lishga o‘rgatdi. Ular og‘ir kunlarda, qiynalayotgan chog‘larida ham hayot zavqini tota bilishga odat qilishdi. Endi-chi? Eri shu darajada maydalashib, sirkasi suv ko‘tarmaydigan, azbaroyi Xudo, arzimagan filmni deb odamning dilini bemalol siyoh qiladigan bo‘lib qoldi. Ruhan qaridimi, nima balo? Haliyam qoshlari kerilib ketadi, lekin Lu Syupin shijoatga, jonbozlikka undamaydi bu bilan, balki aksincha.
– Nima beradi senga bu film? Qorning to‘yib qoladimi shu bilan? Bekorga xarajatga tushasan. Bo‘pti, bor, boraqol, o‘n fenni sovurib kelarsan.
– Agar shunaqa fikrlasang butun o‘tmishimiz ham bir tiyin ekan-da! – dedi Lu Syupin va kiyimini kiyib shaxt bilan uydan chiqib ketdi.
Kinoga kech qolishdan qo‘rqib yugurdi oyog‘ini qo‘liga olib. Oqibati bunday bo‘ladi, deb sira o‘ylamagandi u. Uni baqaloq chiptachi xotin urishib berganida erining jamiyat ma’naviy razolat botqog‘iga botayotgan bo‘lsa-yu, biz maktabda jon kuydirib yurishimizdan nima foyda? Hech narsani o‘zgartirolmaymiz baribir…”, degan so‘zlari yuragida aks-sado bo‘lib yangradi. U eri bilan qattiq bahslashib yuribdi-ya, holbuki chiptachi xotinning gap-so‘zlari uning gaplari to‘g‘ri ekanini isbotladi-yu, yuragini tushkun bir kayfiyat egallab olgandi, biroq Lu Syupin mag‘lub bo‘lganini sira tan olgisi kelmasdi. U jamiyatdagi – bu “hayot maktabi”dagi bunday illatlarga qarshi umrining oxirigacha kurashadi.
Filmga kelsak, hech narsaga qaramay ko‘rmoq shart! Aga o‘sha nodon konduktor xotin: “Taksida boring!” deb piching qilmaganida, u bunday “bema’nilik” qilmagan bo‘lardi.
Sobiq o‘quvchisi bilan nogahon uchrashib qolgani ham xuddi kinolardagidek ro‘y berdi. O‘quvchisi tarjimon ekan, butun mamlakatni kezib chiqibdi. U-chi? Bir vaqtlari o‘quvchilarini Pekin atroflari bilan Lanchjouga olib borganini aytmasa, o‘n yetti yildan buyon geografiyadan dars beradi-yu, bir marta ham sayohatga chiqmabdi-ya! To‘rt yil avval Pekinga borganida qanchalar iztirob chekkanlari hamon esida. Qo‘ni-qo‘shnilari ko‘rgani chiqib mashhur Dunxuan g‘orlari haqida so‘rashgandi. U yerni ko‘rmaganman degandi, ularning hayron bo‘lishgani-chi. Holbuki, dars Dunxuan haqida tinimsiz gapirib bergan, borib ko‘rishga puli yo‘q edi.
Ana shuning uchun talabalik yillaridanoq yangi chiqqan filmlardan birontasini o‘tkazib yubormaslikni o‘rgangan edi, hujjatli filmlar, ma’rifiy yoki badiiy filmlarni ko‘rganda tabiat manzaralari, hayvonlar, odamlar, urf-odatlarini sayohatchi-geograf sifatida e’tibor va qiziqish bilan tomosha qilardi. To‘g‘risini aytganda, buni ham foydasi bor edi. Malakasini oshirish uchun kino bitmas-tuganmas bilim chashmasi! Kinoni ko‘rib kelgach, barcha taassurotlarini batafsil yozib qo‘yardi, bir necha qalin daftarlar uning yozuvlari bilan to‘la edi. Boyagina Mu Junin tilga olgan Yaponiyaning xushmanzara tabiatini u allazamonlar, Mey Lanfan gastrolga borgani haqida suratga olingan hujjatli filmda ko‘rgan edi. San’atkor qaysi opera teatrlarida kuylagini butunlay esidan chiqib ketgani holda, o‘sha manzaralar hamon xotiridan o‘chmagan edi.
Bir-ikki yildan beri bunaqa tasviriy filmlar juda kam ko‘rsatiladigan bo‘lib qoldi. Shu sababli Lu Syupin birontasini o‘tkazib yubormaslikka harakat qilardi. Bu safar kinoteatrga borish bunchalik qimmatga tushadi, deb hayoliga ham keltirmagandi.
”Bugungi Xitoy” kinojurnali tugadi, Lu Syupin qaddini rostladi, sochlarini to‘g‘rilab qo‘ydi-da, yaxshilab o‘rnashib olib jon-dili bilan ko‘rishga oshiqqan filmini tamosha qilishga hozirlandi. Agar shu daqiqalarda kinoteatrda bo‘lgandami, muallimasining ko‘zlari yonib, nigohida qiziqish hamda quvonch nechog‘lik kuchli ekanini ko‘rgan bo‘lardi. Shu soniyada bu o‘rta maktabning oddiygina geografiya o‘qituvchisi oriqqina, ko‘rimsizgina, kamtargina muallima o‘zini dunyodagi badavlat va baxtiyor ayol deb his qilardi.
O‘sha kuni kechqurun Mu Junin yozgan xatini pochta qutisiga tashlash uchun chiqqanida, nogoh ko‘chaning narigi tarafida ketayotgan muallimasini ko‘rib qoldi. Ajabo, kino tugagan bo‘lsa! U Lu Syupinga yetib olish uchun tez-tez odimlab borarkan, baland tovushda chaqira boshladi. Chuqur xayol surib ketayotgan o‘qituvchisi birdan sergak tortib o‘girildi-yu, Mu Juninga ko‘zi tushdi.
– Yana senmi? – deya kulib yubordi LuSyupin. – Tasodifni qara, birovga aytsang ishonmaydi, o‘lay agar!
– Film tugagani qachoniydi, haligacha uyga ketmabsiz, tinchlikmi? Piyoda kelyapsizmi o‘sha yoqdan? – ajablanib so‘radi Mu Jinin.
Muallima tasdiq ishorasida bosh irg‘adi.
– Ha, film tugaganiga ancha bo‘ldi. Kinoteatrdan chiqib, cho‘ntagimni kavlab ko‘rsam, sariq chaqa ham qolmabdi.
– Nima! – Mu Junin hayratdan qotib qoldi. – Demak, boya besh yuan-u, yigirma fen qolgan ekan-da pulingiz?!
Shunday deb u hamyon olish uchun shartta cho‘ntagiga qo‘l soldi.
– Uyingiz vokzal atrofida-ku?! – dedi u tashvishlanib. – Bir soatda ham yetib borolmaysiz, bu ahvolda, buning ustiga charchagan bo‘lsangiz ham kerak, o‘tinaman sizdan, mana bu pulni olib mashinada keting.
Lu Syupin uning qo‘lini qat’iyat ila qaytardi-da, jilmaygancha dedi:
– Shuncha yo‘lni bosib keldim, bu yog‘iga mashinada ketishga arzirmikin! Bir amallab yetib olaman.
Mu Junin nima qilarini bilmay, uzoqlashib borayotgan muallimasining kichkina jussasiga qarab qotib qoldi. Jillaqurisa, shu daqiqalarda, u o‘zining “tanlash” printsipini mutlaqo unutgan bo‘lsa kerak.

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 10-son