Karel Chapek. O‘g‘irlangan hujjat (hikoya)

Tungi soat uchda garnizon komendaturasidagi telefon quloqni qomatga keltirib jiringlay boshladi.
— Bosh shtab polkovnigi Hampl gapiryapti. Huzurimga zudlik bilan harbiy politsiyaning ikkita mansabdor zobitini yuboring hamda podpolkovnik Vrzalga aytingki… ha, u razvedka va kontrrazvedka bo‘limida… buning sizga daxli yo‘q, yigitcha… aytingki unga, darhol uyimga yetib kelsin! Ha, hozir, tunda. Ha, mashina olsin. Tez bo‘ling! Jin ursin sizni! — dedi-yu go‘shakni ilib qo‘ydi.
Bir soat deganda podpolkovnik Vrzal Hamplning huzuriga yetib keldi, garchi uning uyi shahardan tashqarida, bir tupkaning tagida bo‘lsa ham. Uni yoshi o‘tinqirab qolgan, avzoyi buzuq bir janob qarshi oldi — fuqaro kiyimida, ya’ni egniga faqat ko‘ylak va shim kiygan edi.
— Podpolkovnik, juda noxush bir hol yuz berdi. O‘tir, oshna. Ko‘ngilsiz voqea, ahmoqona razolat, bema’ni maynavozchilik bu, jin ursin. Mana, o‘zing tasavvur qil: o‘tgan kuni Bosh shtab boshlig‘i qo‘limga bir hujjat tutqazdi-da: “Hampl, buni uyda ishlab chiq. Bu haqda hech kimga og‘iz ocha ko‘rma! Senga ta’til beraman. Uyingga jo‘na-yu ishga kirish. Bu hujjatni ko‘z qorachug‘ingdek asra”, — dedi. Mana shunaqa gap…
— U qanday hujjat edi o‘zi? — deb surishtirdi podpolkovnik Vrzal.
Polkovnik bir zum ikkilanib turdi.
— Ha, mayli, — dedi u nihoyat, — sendan yashirmayman. U “S” bo‘limidan kelgan hujjat edi.
— Shunaqa de! — dedi podpolkovnik jiddiy tus olib. — Xo‘sh, keyin-chi?
— Senga nima desam ekan, — dedi polkovnik tashvishli ohangda. — Kecha kun bo‘yi o‘sha hujjat ustida ishladim. Lekin uni kechasiga qayerga qo‘yishni bilmay boshim qotdi. Jin ursin! Yozuv stoli g‘aladoniga solib qo‘ysammikin, deb o‘yladim. Ma’qul ko‘rmadim. Uyimda seyf yo‘q. Qo‘limda maxfiy hujjat borligini bitta-yarimta bilib qolsa bormi — ish pachava. Birinchi kecha hujjatni karavotimdagi to‘shak tagiga yashirdim, lekin ertalab olib qarasam, xuddi to‘ng‘iz toptagandek g‘ijimlanib ketibdi…
— Tasavvur qilyapman… — dedi Vrzal.
— Nimasini aytay… — deb polkovnik xo‘rsinib qo‘ydi. — Xotinim mendan ham to‘laroq… Keyingi kuni kechqurun xotinim menga: “Kel, yaxshisi, uni makaron saqlanadigan tunuka idishga solib qaznoqqa qo‘yib qo‘yamiz, — dedi. — Doim uni qulflab, kalitni yonimda olib yuraman. Hujjatni qaznoqdan qidirish kimning ham xayoliga kelardi?” Bu taklif menga ma’qul tushdi.
— Qaznog‘ingning derazasi qo‘shqavatmi yo yalang qavatmi? — deb so‘radi podpolkovnik.
— Hamma balo shunda-da! — dedi polkovnik. — Men shuni o‘ylamabman. Yalang qavat. Qayoqdagi balo-battar narsalar haqida bosh qotiribmanu, derazani ko‘zdan kechirishni unutibman…
— Keyin nima bo‘ldi? — deb so‘radi podpolkovnik.
— Keyinmi? Nima bo‘lgani ma’lum! Kechasi soat ikkilarda xotinim oqsochimizning chinqirganini eshitib qolib, pastga otilib tushibdi. Nima bo‘ldi, deb so‘ragan ekan, u ho‘ng-ho‘ng yig‘lagancha, “Qaznoqda o‘g‘ri bor”, debdi. Xotinim kalitni olgani va meni uyg‘otgani yuqoriga yugurib chiqdi. Men revolver olib pastga otildim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qaznoq derazasi singan, hujjat solingan tunuka quti yo‘q, o‘g‘rining esa qorasi o‘chgan. Bor gap shu, — deb xo‘rsinib qo‘ydi polkovnik.
Vrzal barmog‘i bilan stolni chertib qo‘ydi.
— Uyingda hujjat asrayotganingni biron kishi bilarmidi?
Sho‘rpeshona polkovnik yelkasini uchirib qo‘ydi.
— Aytolmayman. Eh, do‘stim, bu la’nati josuslarning kirmagan teshigi, bilmagan isi yo‘q… — shunday dedi-yu birdan Vrzalning qanday kasbda ekanligi esiga tushib, xijolat bo‘ldi. — Ya’ni… aytmoqchimanki, la’natilar juda abjir-da. Men hujjat haqida hech kimga og‘iz ochmagandim, rost aytyapman. Eng muhimi, — deb qat’iy ishonch bilan qo‘shib qo‘ydi polkovnik, — hujjatni makaron idishiga solib qo‘yganimni biron kishi bilgan bo‘lishi aslo mumkin emas.
— Hujjatni idishga qayerda solganding? — beparvo ohangda so‘radi podpolkovnik.
— Shu yerda, mana shu stolning yonida.
— Idish qayerda turgandi?
— Hozir aytaman, — deb eslay boshladi polkovnik. — Men mana bu yerda o‘tirgandim, idish ro‘paramda turgandi.
Podpolkovnik qo‘llarini stolga tirab, derazaga tikilgancha o‘yga toldi. Tonggi g‘ira-shirada och-qizil rangli villaning qorasi ko‘rindi.
— Anavi uyda kim turadi? — deb so‘radi u xo‘mraygancha.
Polkovnik birdan stolga musht tushirdi.
— Jin ursin, shu narsa xayolimga kelmabdi. Shoshma, u villada qandaydir yahudiy turadi, bank direktorimi-ey, aniq bilmayman. Azbaroyi xudo, mana endi sal-pal tushuna boshladim. Vrzal, biz izni topdik!
— Men qaznoqni ko‘zdan kechirsam devdim, — deb podpolkovnik gapni chalg‘itdi.
— Yaxshi, ketdik. Bu yoqqa, — deb xolisona yo‘l boshladi polkovnik. — Mana o‘sha yer. Yuqori qavatdagi taxtaga qo‘ygandim o‘sha makaron idishini. Mari! — deb dag‘dag‘a qildi polkovnik. — Pishirib qo‘ygani yo‘q sizga bu yerda! Boring, yo chordoqqa chiqing, yo yerto‘laga tushing.
Podpolkovnik qo‘lqop kiyib, deraza tokchasiga chiqdi — u poldan anchagina baland edi.
— Iskana yordamida sindirilgan, — dedi u deraza romini ko‘zdan kechirarkan. — Rom yumshoq yog‘ochdan yasalgan. Buni go‘dak bola ham o‘ynab turib ochishi mumkin.
— Ming la’nat! — dedi polkovnik. — Bunaqa yaramas rom yasaganlarning qo‘li sinsin!
Tashqarida, hovlida ikkita soldat turardi.
— Bular harbiy politsiyadanmi? — deb so‘radi podpolkovnik Vrzal. — Juda soz. Endi tashqaridan qarab ko‘rmoqchiman derazaga. Janob polkovnik, seni ogohlantirib qo‘yay. To biz chaqirmagunimizcha uyni tark etma.
— Tushunaman, albatta, — deb rozi bo‘ldi polkovnik. — Ie… nima uchun?
— Seni, kerak bo‘lganingda, topish oson bo‘lsin uchun, agar biron kor-hol yuz bersa… Anavi ikkita soqchi ham albatta shu yerda qoladi.
Polkovnikning og‘iz juftlagan gapi ichiga tushib ketib, pishillab qo‘ydi.
— Tushunaman. Bir finjon qahva ichmaysanmi? Xotinim damlab berardi.
— Hozir ko‘ngilga qahva sig‘maydi, — dedi quruqqina qilib podpolkovnik. — Hujjat o‘g‘irlangani haqida hech kimga gapirma, to… to seni chaqirishmaguncha… Yana bir gap: oqsochingga, o‘g‘ri faqat konservalarni o‘g‘irlabdi, deb ayt, vassalom.
— Menga qara! — dedi umidsizlikka tushgan polkovnik. — Sen topasan-a hujjatni?
— Harakat qilaman, — dedi podpolkovnik va poshnalarini bir-biriga urib rasmiy tarzda xayrlashdi.
Shu kuni polkovnik Hampl har xil ko‘ngilsiz xayollar og‘ushida ich-etini yeb yashadi. Tasavvurida goh uni turmaga olib ketish uchun kelgan ikkita zobit namoyon bo‘lar, goh o‘zi kontrrazvedkaning bir olam maxfiy agentlarini ishga solib harakat qilayotgan polpolkovnik Vrzalni ko‘z oldiga keltirishga urinardi. Keyin u, hujjat yo‘qolishi oqibatida bosh shtabda ko‘tarilishi mumkin bo‘lgan to‘s-to‘polonni tasavvur qila boshladi.
— Karel! — deya bir necha martalab yuzlandi unga xotini (u allaqachon, har ehtimolga qarshi, erining revolverini oqsoch xotinning sandig‘iga yashirib qo‘ygan edi) — Biron nima yeb olsang bo‘lardi.
— Meni o‘z holimga qo‘y, jin ursin! — deb jerkib tashladi uni polkovnik. — Nazarimda, anavi qo‘shni villada yashovchi nusxa ko‘rib qolgan bo‘lsa kerak…
Xotini og‘ir xo‘rsinib qo‘yib, yig‘lagani oshxonaga chiqib ketdi.
Yo‘lakda eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Polkovnik o‘rnidan turdi va o‘zini hibsga olish uchun kelgan zobitlarni harb kishisiga xos viqor bilan qarshi olgani qaddini adl tutdi. (“Qiziq, kimni yuborishdiykin?” — deb o‘yladi u.) Lekin eshikdan u tasavvur qilgan zobitlar emas, balki kotelogini (shlyapasini) yechib qo‘liga olib olgan bir malla odam kirdi va quyonnikiga o‘xshagan tishlarini irshaytirib polkovnikka yuzlandi.
— Ijozatingiz bilan o‘zimni tanishtiray. Kamina — Pishtoraman, — politsiya mahkamasida xizmat qilaman.
— Sizga nima kerak? — deb to‘ng‘illadi polkovnik va boyagi viqor bilan adl tutgan qomatini kishi bilmas bo‘shashtirdi.
— Aytishlaricha, qaznog‘ingizni o‘marib ketishganmish, — deb Pishtora sirli bir tarzda ishshayib qo‘ydi. — Shuni eshitib keldim.
— Sizga nima daxli bor buning? — dedi cho‘rt kesib polkovnik.
— Ijozatingiz bilan, — dedi Pishtora tirjayib, — bu yerlar bizning nazoratimizda. Xodimangiz bugun ertalab non do‘konida uyingizga o‘g‘ri tushganini aytuvdi. Shuni eshitdim-u rahbarimizga borib: “Janob politsiya komissari, borib xabar olmoqchiman”, dedim.
— Ovora bo‘lganingizga arzimaydi, — deb to‘ng‘illadi polkovnik. Bor-yo‘g‘i makaron solingan bitta tunuka idish o‘g‘irlangan. Siz bunga e’tibor ham bermang.
— Boshqa hech nima o‘marmaganlari qiziq, — dedi ayg‘oqchi Pishtora.
— Ha, juda qiziq, — deya ma’yus ohangda ayg‘oqchining fikriga qo‘shilishdi polkovnik. — Lekin sizga daxli yo‘q buning.
— Chamamda, kimdir xalaqit qilgan o‘g‘riga, — dedi Pishtora va bu topgan taxminidan og‘zi qulog‘iga yetdi.
— Ha, yaxshi, salomat bo‘lsinlar, — deb polkovnik suhbatni yakunlamoqchi bo‘ldi.
— Meni afv etsinlar, — dedi Pishtora tirjaygancha. — Ketishdan oldin o‘sha qaznog‘ingizni bir ko‘rsam devdim.
Polkovnik uni jerkib bermoqchi bo‘ldi-yu, lekin o‘zini bosdi.
— Yuring, — dedi u istar-istamas va bu malla odamni qaznoq tomon boshladi.
Pishtora qaznoqni zo‘r qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi.
— Ha, to‘g‘ri, — dedi u kuzatuvdan mamnun bo‘lib, — deraza iskana bilan ochilgan. Buni yo Pepik qilgan, yo Andrlik.
— Kim dedingiz? — shosha-pisha so‘radi polkovnik.
— Pepik yo Andrlik. Bu o‘shalarning ishi. Lekin Pepik hozir qamoqda. Agar oyna sindirilgan bo‘lganida unda buni Dundr, Loyza, Novak, Gosichka yoki Kliment qilgan deyish mumkin edi. Lekin bu yerda Andrlikning qo‘li borligi yaqqol ko‘rinib turibdi.
— Tag‘in yanglishayotgan bo‘lmang, — deb piching qildi polkovnik.
— Nima, siz qaznoqqa tushadigan yangi o‘g‘ri paydo bo‘lgan deb o‘ylaysizmi? — deb so‘radi Pishtora va darhol jiddiylashdi. — Yo‘g‘-e, ishonmayman. To‘g‘ri, Mertl ham ba’zi-ba’zida iskanani ishlatadi, lekin uni qaznoqlar qiziqtirmaydi. U odatda xonadonga hojatxona darchasidan kirib faqat ichki kiyimlarni o‘g‘irlaydi. — Pishtora yana quyon tishlarini irshaytirdi. — Bo‘pti, men Andrlikning oldiga kirib chiqaman.
— Unga mendan salom ayting, — deb sasidi polkovnik. “Shunaqayam galvars bo‘ladimi-a bu politsiya ayg‘oqchilari, — deb o‘yladi o‘zining g‘amgin xayollari og‘ushida yolg‘iz qolgan polkovnik. — Hech bo‘lmasa, barmoq izlari yoki oyoq izlariga qiziqmaydimi — ishga kriminalistik usulda yondashgan bo‘lardi. G‘irt bema’nilik! E, bu politsiya ip esha olmaydi bizning kontrrazvedkamiz oldida! Darvoqe, hozir nima qilayotgan ekan-a Vrzal?..”
Polkovnik hozirning o‘zida Vrzalga qo‘ng‘iroq qilish ishtiyoqidan o‘zini tiyib turolmadi.
— Allo! — deb muloyim ovoz bilan gap boshladi u. — Hampl gapiryapti. Ishlaring qalay boryapti?.. Bilaman, buni gapirishga haqqing yo‘q, men faqat… Agar bir yaxshilik qilib, menga uchini chiqarsang devdim — siljiy deyaptimi o‘zi? E xudo, haliyam-a? Bilaman, bu qiyin ish, lekin… Yana bir daqiqa Vrzal, go‘shakni qo‘ymay tur, o‘tinaman. Bilasanmi, jon-jon deb men o‘n ming krona mukofot e’lon qilardim o‘g‘rini topgan odamga… o‘z mablag‘imdan, albatta, tushunyapsanmi? Bundan ortiq berolmayman, lekin… Bilaman mumkin emasligini. Bordi-yu g‘ayrirasmiy tarzda qilsam-chi?.. Ha, mayli, mayli, bu mening xususiy ishim, buni rasmiy yo‘l bilan qilib bo‘lmaydi, bilaman. Yo shu pulni politsiya ayg‘oqchilari o‘rtasida ulashaymi, a? To‘g‘ri, sen bu haqda hech nima bilmaysan… Lekin agar sen o‘sha odamlarga, polkovnik Hampl o‘n ming krona va’da qilyapti deb sal uchini chiqarib qo‘yganingda… Ha, mayli, buni vaxmistring qila qolsin… Men rozi! Rahmat senga, kechir!
Bu suhbatdan va saxiylik bilan va’da qilingan mukofotdan keyin, polkovnik dili yorishganday, yengil tortganday bo‘ldi. Endi u hujjatni o‘g‘irlagan la’nati josusni qidirishda o‘zini ham ishtirok etayotganday his qildi. Hayajon va vahimada o‘tgan kunlar uni toliqtirgan edi. U divanga yonboshlab, shunday manzarani ko‘z oldiga keltira boshladi: nazarida, yuzlab, ikki yuzlab, uch yuzlab ayg‘oqchi (hammasi Pishtora singari malla, quyon tish va tirjaygan) poyezdlarda tintuv o‘tkazar, chegara tomon o‘qday uchib borayotgan mashinalarni to‘xtatar, shubhali shaxslarni muyulishda turib olib poylar va xuddi yerdan chiqqanday birdan paydo bo‘lib: “Qonun nomi bilan! Men bilan yuring va sukut saqlang”, deyishayotganday edi. Keyin polkovnik o‘zini akademiyada ballistikadan imtihon topshirayotganday his qildi. U bir ingrab uyg‘onib ketdi. A’zoi badanini sovuq ter bosgan edi. Kimdir ko‘cha eshik qo‘ng‘irog‘ini bosardi.
Polkovnik nima bo‘layotganini tushunolmay, irg‘ib o‘rnidan turib ketdi. Ostonada ayg‘oqchi Pishtoraning quyon tishlari oqarib ko‘rindi.
— Mana, keldim, — dedi u. — Ma’lum qilishga ruxsat eting, darhaqiqat, o‘sha ekan.
— Kim? — deb so‘radi hech nimaga tushunmagan polkovnik.
— Kim bo‘lardi? Andrlik-da! — dedi Pishtora va taajjublanganidan hatto irshaymay qo‘ydi. — Boshqa odam bo‘lishi mumkin emas edi. Axir Pepik Pankratsda qamoqda o‘tiribdi-ku.
— Boring-e, pishirib yeng o‘sha Andrlikingizni, — deya qo‘l siltadi toqati toq bo‘lgan polkovnik.
Bunday javobni kutmagan Pishtora baqrayib qoldi.
— Axir, qaznog‘ingizdagi makaron solinadigan tunuka idishni shu Andrlik o‘g‘irlabdi-ku, — dedi u ranjigan ohangda. — Biz uni hibsga oldik, hozir u politsiya mahkamasida o‘tiribdi. Men, kechirasiz-u, faqat sizdan bir narsani so‘ragani keluvdim… Andrlik, makaron idishida faqat qog‘ozlar bor ekan, deyapti. Yolg‘on gapirmayaptimikin?
— O, yigitcha, — deb chinqirib yubordi sevinchdan terisiga sig‘may ketgan polkovnik. — Qani o‘sha qog‘ozlar?
— Cho‘ntagimda, — deb ishshaydi ayg‘oqchi. — Qayoqqa qo‘ydim-a? — dedi u kamzulining cho‘ntaklarini kovlarkan. — Ha, mana. Shumi?
Polkovnik “S” bo‘limidan kelgan 139/VII raqamli bebaho hujjatni Pishtoraning qo‘lidan yulib oldi.
— Aziz birodarim, — dedi polkovnik. — Bu xizmatingiz uchun men sizni… bilmadim, nima bilan taqdirlasam ekan. Xotin!.. — deb qichqirdi u. — Bu yoqqa kel! Bu janob… janob politsiya komissari… janob inspektor… e-e-e…
— Agent Pishtora, — dedi malla odam tirjayib.
— U o‘g‘irlangan hujjatni topib berdi, — dedi polkovnik bulbuligo‘yo bo‘lib. — Bizga konyak va qadahlar olib kel… Janob Pishtora, men… Siz hatto tasavvur ham qilolmaysiz… menga qanday yaxshilik qilganingizni… Ichaylik, janob Pishtora!
— Ha, buning uchun ichsa bo‘ladi… — deb jilmaydi Pishtora. — Noyob konyak! Lekin, madam, tunuka idish mahkamada qoldi.
— E, qurib ketmaydimi o‘sha tunuka idish! — dedi polkovnik mas’ud kayfiyatda. — Lekin, azizim, hujjatni bu qadar qisqa vaqt ichida topishga qanday ulgurdingiz-a? Sizning sog‘lig‘ingizga, janob Pishtora!
— Behad minnatdorman, — dedi nazokat bilan ayg‘oqchi. — E, parvo qilmang, bu arzimagan ish edi. Agar biron yerda kimningdir qaznog‘i o‘marilsa, demak, albatta Andrlik yoki Pepikni tutish kerak bo‘ladi. Lekin Pepik hozir qamoqda. Demak, bu faqat Andrlikning ishi. Mabodo, aytaylik, birovning chordog‘iga o‘g‘ri tushsa, buni faqat Pisetskiy, cho‘loq Tondera, Kaner Zima yoki Xouska qilishi mumkin.
— Buni qarang-a! — dedi polkovnik hayron bo‘lib. — Bordi-yu, agar, masalan, josuslik qilingan bo‘lsa-chi? Marhamat, yana bir qadah, janob Pishtora.
— Bag‘oyat minnatdorman. Biz josuslar bilan shug‘ullanmaymiz. Ammo agar eshiklarning bronza bandlari o‘g‘irlansa, buni faqat Chenek va Pinkus qilishi mumkin. Mis simlarni o‘marishda faqat Toushek ustasi farang. Xanousek, Buxta va Shlezingerlar pivo jo‘mraklarini o‘g‘irlash bilan shug‘ullanadilar. Biz hammasini oldindan bilamiz. Temir sandiqlarni buzuvchilar esa butun respublikada… hiq! — yigirma yetti kishi. Ulardan oltitasi hozir turmada.
— Battar bo‘lishsin! — dedi polkovnik ichiqoralik bilan. — Iching yana, janob Pishtora.
— Behad minnatdorman, — dedi Pishtora. — Men ko‘p ichmayman o‘zi. Sizning sog‘lig‘ingiz uchun! O‘g‘rilar — hiq! — men sizga aytsam, nodon xalq. Har biri faqat bir sohada mutaxassis va doim bir xil usulda ishlaydi, shuning uchun ularni qo‘lga olishimiz qiyin emas. Anavi Andrlik ham o‘shalarning biri. “O, janob Pishtora-ku, — dedi u meni ko‘rib. — Albatta, anavi qaznoq masalasida kelgan bo‘lsangiz kerak. Azbaroyi xudo, janob Pishtora, quruqqa chopibman, o‘sha tunuka quti ichida qog‘ozdan boshqa hech vaqo yo‘q ekan. Tishga ilinadigan durustroq bir yegulik topish ham o‘limdan qiyin bo‘lib ketdi”. — “Qani, ketdik, tentak, — dedim men unga, — endi yo‘q deganda bir yil olasan”.
— Bir yilga qamaladimi? — deb so‘radi polkovnik achinib. — Bu juda qattiq jazo emasmi?
— Harholda, derazani buzib o‘g‘irlikka tushgan, — dedi Pishtora tishining oqini ko‘rsatib. — Sizdan benihoya minnatdorman. Endi boray. U yoqda bir do‘konning vitrinasini ship-shiydam qilib ketishibdi. Shu ish bilan shug‘ullanishim kerak. Buni yo Klechka qilgan, yo Rudlo. Menga kunday ravshan. Agar sizga yana kerak bo‘lib qolsam, politsiya mahkamasiga odam yuboring va faqat Pishtorani so‘rattiring.
— Bilasizmi, — dedi polkovnik. — Men sizga… ko‘rsatgan xizmatingiz uchun… Ochig‘ini aytsam, bu hujjat… bu hujjatda aytarli hech qanday muhim gap yo‘q… yo‘g‘-u… lekin men undan ayrilishni istamasdim… Mana sizga, marhamat, oling, — deb u Pishtoraning qo‘liga ellik kronalik qog‘oz pulni qistirarkan, aytmoqchi bo‘lgan gapiga yakun yasab qo‘ya qoldi.
Pishtora bunday tuhfadan hayratda qoldi va ich-ichidan suyunib ketdi.
— E, nima qilardingiz ovora bo‘lib? — dedi u jiddiy ohangda va pulni shosha-pisha kissasiga yashirdi.— Shu arzimagan ish uchun… Behad minnatdorman. Agar sizga kerak bo‘lsam… doim xizmatingizga tayyorman.
— Men unga ellik krona berdim, — dedi xotiniga polkovnik Xampl xushkayfiyat bilan. — Bu galvarsga yigirma kronayam yetardi-yu, lekin… — polkovnik qo‘l siltab qo‘ydi, — muruvvatli bo‘lish ham kerak, axir hujjat topildi-ku!

Qodir Mirmuhamedov tarjimasi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2002 yil, 12-son.