Jon Morrison. Tungi odam (hikoya)

Bo‘lmasam-chi, bu voqealar yuz bermasidan ilgariroq ham uni eshitgandim. Bolaligingda eslab yurishga arzimaydigan har xil mayda-chuyda hodisalar ko‘p sodir bo‘lar ekan, to jiddiy bir zarurat tug‘ilmaguncha ular haqida ortiqcha o‘ylab o‘tirishni lozim ko‘rmaysan ham. Aslini olganda bizning bolaligimiz – hayotning bebaho muqaddimasi – mana shunaqa kichkina haqiqatlarni kashf etishdan iborat. Biriga ezilasan, biriga quvonasan. Hammasi o‘sha narsadan nima kutganingga, hayotni qanday tasavvur qilishingga bog‘liq. Men ilk bor inkishof etgan ikkita haqiqat hanuz esimda: biri Santa Klausning rostakam emasligini bilib qolganim, ikkinchisi, tunda tashrif buyuradigan odam – Tungi Odamning chin ekanligi. Birinchisidan keyin dilim qattiq og‘rigan bo‘lsa, ikkinchisi buning alamini unutishga yordam bergan va yuragimda to‘g‘rilik hamda ezgulik inson hayotida baribir tantana qilishiga bo‘lgan ishonch-e’tiqodni uyg‘otgan edi. Bu tuyg‘u hamon jozibasini yo‘qotmagan.
O‘sha kezlari men yosh bola edim, hatto necha yoshdaligimni eslolmayman. Yanglishmasam, onamning nazorati ostida katta xonada bir necha hafta yotib sog‘aygach, meni yana shinamgina bolalar xonasiga endi ko‘chirib o‘tkazishgan edi. Bu yerda bir deraza bo‘lib, men o‘sha orqali chinakam avstraliyaliklar xonadoniga munosib qurilgan hayhotdek ayvonni tomosha qilib yotardim: yurganda allazamonlar qoqilgan poli g‘ashingni keltirgudek g‘irchillar, pol taxtalari chirib ketgan, ustunlarning bo‘yog‘i esa ko‘chib, ola-pes holga kelgandi. Ravonni old tarafdan gurkirab o‘sgan pechakgul to‘sib turar, biroq ravon quyoshga qarab qurilgani tufayli ertalabdanoq kun tikka tushib qizdira boshlardi. Qachon qaramang yasmin, karnaygul, atirgul hamda pechakgulning gulbarglari to‘kilgan bo‘lar – hali bitta barg tushib ulgurmay, orqasidan boshqasi to‘kila boshlardi. Men yotgan karavot shundoqqina derazaning yonginasida. Qachon qaramang quyoshning ola-chalpoq shu’lalarida devor rangidagi kaltakesaklar sudralib yurishlarini tomosha qilib yotardim. Ularning tipir-tipir yugurishlaridan ayvon zinasiga tegay deb osilib yotgan shoxlardagi g‘arq pishgan marjondek mevalarni cho‘qilayotgan chug‘urchuq va chittaklar hurkib uchib ketardi.
Biznikida qora irland setteri bo‘lib, men bilan juda inoq, yaqin jo‘ramdek yashardi. Ertalab otam yechib yubordi deguncha g‘izillab kelar, go‘yo o‘z o‘rnimda yotganimni ko‘rib ishonch hosil qilish uchun terlagan katta tumshug‘ini derazaning rafiga suqib turardi. So‘ng kun botgunga qadar deraza ostida yotar va men yotgan karavotning zig‘ircha g‘ichirlashiga qulog‘i ding bo‘lib, dumini likillatgancha sergak tortib turardi.
Naqadar ajoyib kunlar edi! Ayniqsa, Tungi Odamning tashrifi bu hayotga alohida mazmun baxsh etardi. Men kun bo‘yi uxlab, dam olib yotganim uchunmi, tiq etsa, uyg‘onib ketardim. Ochig‘i, bir lahzaga ko‘zlarini moshdek ochib, uyqu aralash bir nimalar, deya ming‘irlay-ming‘irlay, yana pinakka ketgan chaqaloqqa o‘xshab uyg‘onardim. Bir-ikki kundan keyin, uyg‘onib ketsam bo‘ldi, nuqul bitta narsa – kechasi shiqir-shiqir qilayotgan tovushlar haqida o‘ylayotganimni sezib qoldim. Chindan ham nimaykin u? Kunduzi ham xayolimdan o‘tadi bu, kechasi yotish oldidan ham. Men buni hech kimga aytmadim, nima qilaman – qo‘rqishga qo‘rqmasam, faqat bilishga qiziqsam. Lekin uxlashga yotdim deguncha bu haqda o‘yga tolishimning o‘zi o‘zim anglamagan holda tungi tovushlarni kutayotganimdan darak berardi.
O‘shanda men butunlay sog‘ayib ketgandim, sog‘lom bolani esa oniy shovqin bir lahzaga uyg‘otib yuborishi mumkin, xolos. Biroq ertasiga ertalab gap nimada ekanligining tagiga yetdim. Tongga yaqin oynadan qarab ayvon zinasining yuqori pog‘onasida sirlangan ko‘k sut idishini ko‘rdimu, hammasini tushundim-qo‘ydim. O‘sha lahzalardan e’tiboran tungi tovushlar sirli jozibasini yo‘qotdi va uning o‘rnini shuurimda Tunda tashrif buyurayotgan odam egalladi. Shu tariqa uning maxfiyligidan asar qolmadi, balki endi men uchun u qiziqarli sarguzashtga aylandi.
Men bu xususda hech kimga og‘iz ochmadim. Zero, o‘sha kezlari ko‘p narsalardan ko‘nglim qolib ketgan va tasavvurimning nodir boyligi bo‘lgan shirin xayollardan judo bo‘lgandim. Eng yomoni kattalar doim rost gapirishadi, degan aqidaga ishonchim qolmadi. Santa Klaus haqidagi gaplarning misi chiqdi. Bu olamshumul inqiroz yuz berayotgan davrda, Santa Klauslar olti pensga yollanib, baqqollar do‘konchasida turadigan bo‘lgandan keyin boshlandi. O‘sha yillari ko‘pchilik bolalar suvtekin o‘yinchoqlar sotib olishga ham qiynalib yurishganda, Iso tavalludi ayyomida mana shunaqa o‘yinchoqlarni tarqatuvchi sehrgarlar ko‘payib ketgandi. Hattoki, yosh bola bo‘laturib men ham iyagiga oppoq va momiq paxta soqollar yopishtirib olganlarning qonsiz, eti qochgan yuzlari bilan qizil duxoba ishtonlarining pochalari g‘ayritabiiy ko‘rinishini sezardim.
Tungi Mehmon kim ekanligini o‘zim topishga ahd qildim. Men, tabiiyki, sut osmondan chelaklab quyilmasligini bilardim, demak, u qay jihati bilandir “sut sotuvchiga” aloqador. Biroq sut sotuvchi menga oddiygina so‘zni anglatadi; hali uni odam qiyofasida tasavvur qilib ko‘rish tugul, o‘zi qanaqaligi haqida o‘ylab ham ko‘rmagan bo‘lsam. Lekin bunaqa tovushlar bekordan-bekorga chiqmaydi, sut o‘zidan-o‘zi sut idishga povullab quyilmaydi-yu, provardida, yarim kechasi aynan nima uchun uyg‘onib ketayotganimning sababini anglab yetdim va shu tariqa “Sut sotuvchi” kim ekanligini topishga qat’iy qaror qildim.
Dastlab, kechasi uxlamasdan kutmoqchi bo‘ldim, lekin uning uddasidan chiqolmasligimga ko‘zim yetdi. Shunda “o‘sha odam” kelgan zahoti uyg‘onishga harakat qilmoqchi bo‘ldim. Shu yo‘l ma’qulroq ko‘rindi-yu, tayyorgarlik ko‘rib yotdim. Sut idishining ohista surilgan tovushi eshitilgan zahoti sapchib turib, karavotda oyog‘imni uzatib o‘tirganimda hali tong otishiga ancha bor edi. Deraza ochiq edi, lekin shunga qaramay derazaning bir tavaqasi ayvonning deyarli yarmini to‘sib qo‘ygani uchun menga hech narsa ko‘rinmadi. Lekin har xil tovushlar tufayli uning har bitta harakatini ilg‘ardim. Mana “u” sut idish qopqog‘ini ochdi, uni yaqinroq deb ayvonga qo‘ydi, katta sirli chelakdan yetti marta cho‘michda olib, shuncha marta sut idishga quydi, uning qopqog‘ini yopdi, cho‘michni ilib qo‘ydi, chelakning qopqog‘ini zichlab chiqib ketdi. Uning bog‘ yo‘lkasidan shipillab ketayotgani, eshikning sekingina yopilgani eshitildi, so‘ng ot joyidan qo‘zg‘alib, arava yo‘lga tushdi.
Birinchi kecha bo‘lgani uchun ayrim narsalarni ilg‘ab olishning iloji bo‘lmadi. Lekin uch kechadan keyin uning yana nimalar qilayotganini o‘rganib chiqdim. Bu ham endi sehrgar emas, oddiy odam bolasi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ot-aravali odam. Ba’zan oti bilan “gaplashib qo‘yadi”. Otining nomi bor – Qashqa. Ham kulguli, ham beozorgina, yaxshi topgan, xuddi itimizning nomiga o‘xshaydi – Badqovoq. U ketgandan ke­yin men Tungi Odam bilan Qashqaning ko‘rinishini ko‘z oldimga keltirishga harakat qilib yotardim. Menga sut idishga quyilayotgandagi sutning shaloplashi judayam yoqardi. Men uning ko‘cha eshik oldiga borguncha nechta qadam tashlashini sanab chiqqandim, ko‘chamizda yana kimning darvozasi oldida to‘xtashini topishga harakat qilardim. U doim, hali tong otmasidanoq kelardi; ko‘pincha men yana ikkinchi qayta uxlab qolganimda kun endi-endi yorisha boshlardi. Kunlarning birida odatdagidan kechroq kelganida quvonchdan chapak chalib yuborayozdim: har holda o‘zini bo‘lmasa ham qorasini ko‘rish nasib etdi. Baxtga qarshi sut solingan idishni doim soyabon ustunning ostiga qo‘yishgani tufayli u zinadan chiqmasayam bo‘lardi: zinaning quyi pog‘onasidan ham bo‘yi bemalol yetardi. Endigina tong yorisha boshladi, lekin uning bidonni ko‘tarib joyiga qo‘yayotgani va qopqog‘ini yopayotganidagi qo‘llariga ko‘zim tushdi. Uning qo‘llari katta yoki kichik, oqish yoki sarg‘ish edi, deb aytolmayman, lekin u qo‘lmisan qo‘l edi. Bu qo‘llar uning borligidan ogoh qilardi. Muhimi shunda! Men hatto loaqal bir marta bo‘lsin, kechroq tong otsa-yu, yana bir nimalarni ko‘rib qolsam edi, deya iltijo qilishga tayyor edim.
Tungi Odam har doim bir xil paytda kelmasligi xayolimdan butunlay ko‘tarilib ketibdi. U qachon kelishi lozimligini yaxshi bilar va bu intizomga qat’iy rioya qilardi. Nima jin urib uning aniq bir vaqtda kelishiga gumonsirab yuribman?! U tashrif buyurgan chog‘da qulog‘imga chalinadigan tovushlar hamisha bir xil bo‘lar va navbati ham buzilmasdi. Sutning shaloplab quyilishi-yu, ko‘cha eshigiga dovur bosilgan qadamning sonigacha o‘zgarmasdi. Hatto jala quyayotganda ham.
Darvoqe, o‘sha kechasi mening tinchim yo‘qoldi. Chunki sharros quyayotgan yomg‘ir odatdagi tartib-intizomga rioya qilishga xalal berishi mumkin. Biroq Tungi Odam o‘z vaqtida keldi-yu, men unga qoyil qolganimdan va uning odamlar ishonchini oqlayotganidan qichqirib yuborayozdim. U men uchun qahramonga aylandi. Odamlar doim misol qilib keltirishadigan, charchamaydigan Santa Klaus va boshqa har qanday sehrgarlardan u afzalroq edi. U hech qachon hafsalangni pir qilmaydi. Undan boshqa hamma narsa tugashi, g‘oyib bo‘lishi va o‘zgarishi mumkin, biroq Tungi Odam umrbod o‘zgarmaydi.
U bolalik hayotimning shamchirog‘i edi. Kun bo‘yi u haqda xayol qilsam, kechasi unga o‘xshashni orzu qilib uyquga ketardim. U bilan Qashqa doimiy qadrdonlarim edi. U ko‘z oldimda hamisha g‘aroyib, beza­tilgan aravada savlat to‘kib o‘tirgan istarasi issiq ulkan odam sifatida gavdalanardi. U ilgari ayvon zinasining birinchi pillapoyasiga qadam qo‘yganida qandoq uyg‘onsam, keyinchalik eshikni ochib, yo‘lkadan yurib ketishidan avvalroq uyg‘onishga o‘rgandim. Oxir-oqibat, har kuni Qashqa katta ko‘chada taraqa-turuq qilib kelishini kutib, intizor bo‘lib o‘tiradigan odat chiqardim.
Nihoyat, men Xudodan iltijo qilib so‘ragan kun keldi-yu, falakda katta o‘zgarish yuz berdi. Quyosh ham odatdagidek barvaqt chiqmadi, oy bilan yulduzlar ham o‘z zimmalaridagi vazifalarini ado etishga oshiqmadi. Natijada, Tungi Odam choshgohdan keyin keldi. Hozir unga nima bo‘lganini aniqlashim mumkin, ehtimol, tobi bo‘lmagandir yoki ko‘ngilsiz voqea yuz berdimi, balki farzand ko‘rgandir, biroq o‘sha paytda bunaqa sabablar meni qoniqtirolmasdi. Gap nima bo‘lganligi haqida ham emas. U kunduzi keldi – tamom-vassalom, menga boshqasining ahamiyati yo‘q.
Men uni juda uzoq kutdim, kutaverib ko‘zlarim to‘rt bo‘ldi. Qashqaning tuyoqlari sadosini eshitib, o‘rnimdan sakrab turganimda, yuragim qinidan chiqqudek patirlardi. Bunaqa tong har kuni otavermaydi! Tezroq o‘rindan turish kerak! Mening birinchi uyg‘onishim emasdi o‘sha kuni. Bir gal ko‘zimni ochib tashqaridan xabar oldim – sut idish bo‘m-bo‘sh edi, o‘sha lahzalardan keyin yuragimda g‘ujg‘on o‘ynagan qarama-qarshi tuyg‘ular: umuman kelmaydi, degan qo‘rquv, ikkinchi tomondan kelsa-yu, ko‘rolmay qolsam, degan xavotir yurak-bag‘rimni ezib yubordi.
Baxtimga hammasi ko‘ngildagidek bo‘ldi. Mening xonamdan oshxonaga olib boradigan yo‘lakka chiqsa bo‘lardi. O‘sha yo‘lak orqali butun uyni bosib o‘tishimga to‘g‘ri keldi, orqa tomondagi ayvon bo‘ylab uyni aylanib o‘tdim-da, hovliga tushdim. Oyoqyalang, sarpoychan o‘sha yoqqa – Tungi Odam kelgan tomon oshiqardim, serquyosh kun bo‘lgani uchun salqinni sezmadim, yo‘lka ham quruq, namgarchilik yo‘q. Shamolday yelib yonidan o‘tib ketgan mahalim itning inini ag‘darib yuboray dedi, biroq men unga qayrilib qaramadim. Bunaqa yugurishimning sababi bor edi, agar shu taxlitda yugursam, old tomondagi peshayvon yonida Tungi Odamga duch kelaman, biroq unda bog‘dagi daraxtlar ortida turgan otga yetolmay qolaman. Men otni ko‘rish ishtyoqida edim, bunaqa Qashqa yo‘rg‘ani hali ko‘rmagan edim-da.
Ishini tezgina bajaradigan yigit negadir bu safar biroz paysallandi. Men uy atrofini aylanib chiqqanimda u bidonni to‘ldirishga ulgurgan edi. Lekin men undan oldinroq ko‘cha eshikka yetib bordim. Ana o‘sha yerda Tungi Odam bilan yuzma-yuz keldim.
Uni ko‘rdimu, ich-ichimdan xursand bo‘lib qo‘ydim; negaki ixlosim qaytmadi, aksincha, u istarali, buning ustiga norg‘ul, navqiron edi, bosh kiyimi yo‘qligi uchun uzun sarg‘ish sochlari bug‘doy boshoqlaridek shamolda mavjlanardi. U jilmayib menga qaradi. Hammasi men tasavvur qilgandek. Men unga bir nimalar demoqchi bo‘lar edimu, biroq entikkanimdan gapirolmasdim, xuddi o‘pkam shishib ketayotganga o‘xshardi. Ammo uning o‘zi birdan gap boshladi. U hatto gapiraturib bilagimdan ushlab qo‘ydi. Men uning o‘tib ketishiga xalal bermaslik uchun yo‘lka yoqalab ekilgan chimda turardim. Lekin u to‘xtadi-da, qadoqli, oftobda qoraygan qo‘lini uzatdi va sochlarimni to‘zitib, kulimsiradi. Eshikkacha ilk bor yigirmatadan ko‘proq qadam bosishiga to‘g‘ri kelgandi.
– Obbo shunqor-ey, qalaysan! – dedi u menga.
“Shunqor!” U hatto menga ism ham topib qo‘yganini-chi! Tabassumi odamni eritib yuboradi-ya! Mehribonlik bilan sochlarimni silab qo‘yganini ayting. “Shunqor, chakki emas!”
Hammasi xuddi kutganimdek edi. Hatto aji-buji bo‘yalgan arava bilan hech kim niqtamagan bo‘lsa-da sekin joyidan qo‘zg‘algan ot ham binoyidek. Faqat, u Qashqa emas, tuklari to‘kilib ketmagan. Bu ham o‘ziga yarasha bir karomat, agar ot Qashqa bo‘lganida edi, ochig‘ini aytganda, menga unchalik yoqmagan bo‘lardi.
O‘sha kuni men tirik odam bilan chinakam hayot afsona va ertaklardagi sehrgar qahramonlardan ko‘ra go‘zalroq bo‘lajagini bir umrga anglab yetdim.

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 6-son