– Yaxshi qiz?
– …
– Yaxshi qiz, Lionga boryapsizmi?
Men qarshimda o‘tirib gapga tortishga tirishayotgan odamga qaradim. U chamasi qirq yoshni qoralab qolgan odam bo‘lib, janoblardek yaxshi kiyingan, ammo ko‘rimsizgina edi. Andak oq oralagan sarg‘ish sochlariga ko‘zim tushdi, nigohlarida istehzo bordek. “Ko‘cha-ko‘yda bezorilik qiladigan shilqimlardan biri bo‘lsa kerak” deb o‘yladim o‘zimcha.
Shuni alohida aytish kerakki, o‘sha vaqtda men tushkun kayfiyatda bo‘lib, ruhiy kasalliklar shifoxonasidan qaytayotgan edim va u yerga borishim bilanoq ko‘rgan voqealardan hali ham o‘zimga kelolmagandim. Bir xil xonalarga kirishingiz bilan har xil bemorlarni uchratishingiz mumkin. Atrofdagi kishilar ayanchli ahvolda edi. Baqir-chaqirlar meni butunlay larzaga keltirib yubordi, u yerda turli xil kasallarni uchratish mumkin, lekin hech qaysisida insoniylik hissi ko‘rinmas edi. Hamma kasallar: jinnilar, xayolparastlar, ruhan ezilganlar, tutqanoqqa chalinganlar – hammasi bu yerda jamul-jam bo‘lib, tinmay baqirishar, dod-voy solishar edi… Shifoxonadan qaytarkanman, o‘zimga o‘zim hali soppa-sog‘man, deb takrorladim harnechuk ulardek bo‘lishimga nimadir yetishmasligi menga yaqqol sezilib turardi.
Opamning peshonasi sho‘r ekan. U boshqa kasallar bilan bir xonada turardi. Meni zo‘rg‘a tanidi. Olib borgan yeguliklarni sumkamdan olayotganimda u umuman harakatsiz turdi, so‘ngra bir necha uzuq-yuluq so‘z aytdi, xolos. U beparvo, hech narsani payqamaganday, o‘z boshiga g‘udranardi. Opamni olib ketish uchun qilgan barcha sa’y-harakatlarim zoye ketdi. Otam, bolalari va Val de Pre haqida aytilgan yangiliklar uni zig‘ircha ham qiziqtirmadi… Unda umuman kelajakka ishonch hissi yo‘q edi.
Shifokor opamning ahvoli haqida ijobiy fikr bildirgandi. Opangizni vaqtida olib kelmagansiz, yaxshi qiz, odatda bu kasallik hozirgi ko‘rinishidan yengilroq kechardi, hozir u ancha xotirjam va es-hushini yig‘ib olgan… Opangiz tezda oyoqqa turib ketishi uchun bor imkoniyatni qo‘llaymiz” – dedi. U menga bor haqiqatni aytdimikan? Har holda u haqda biron narsa deyish qiyin, uning gaplari to‘liq ishonch hosil qilishga yetarli emasdi.
– Yaxshi qiz?
Kupedagi qarshimda o‘tirgan notanish odam mening javob berishimni kutardi. Unga e’tibor qilmasdan jomadonlarimni yig‘ishtirdim va o‘rnimni almashtirdim.
Endigina boshqa kupega joylashayotganimda, o‘sha odam orqamdan ergashib keldi va menga qarab jilmayib, ishonch bilan mulozamat ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Achchiqlandim. Axir ko‘chada qolgan ayol emasman-ku?!
– Fe’lingiz juda qiziq ekan, nega ergashib yuribsiz? Bilasiz, agar siz bilan gaplashishni xohlaganimda kupeda qolgan bo‘lardim… Men esa chiqib ketdim, demak, yolg‘iz qolmoqchiman.
– Qarang-a, – dedi u, – yoqimli va muloyim ovozda. – Uzr, bilmabman. Siz tabiatan shunday o‘jarsiz shekilli?
Suhbat avvalida uning gapini bo‘lishga urinib ko‘rdim. Biroq u kulimsirab dedi:
– Ehtimol, siz Marselda sevikli yoringizni tashlab ketayotgandirsiz?
– Sevimli yorim! Sevgi-muhabbatning men uchun hali mavridi emas, – ma’yus jilmayib qo‘ydim. – Marseldagi sevgilim emish… Agar qayerdan kelayotganimni bilganingizda, hatto hazillashishga ham yuragingiz dov bermasdi.
U qarshimga o‘tirganicha mendan ko‘z uzmasdi. Uning nigohida ajib bir tuyg‘u pinhon edi va mendan so‘radi:
– Xo‘p, yaxshi qiz, menga ayting-chi, qayerdan kelyapsiz o‘zi?
– Shifoxonadan. Opamni ko‘rib kelyapman. Uning baxtsizligini tasavvur ham qilolmaysiz. Opam hatto yigirma to‘rt yoshga ham to‘lgani yo‘q. Kasalligini tasvirlashga til ojiz, esi kirdi-chiqdi.
Men bir oz jim qoldim. Bu to‘satdan menga kelgan hissiyot ediki, o‘z shaxsiy hayotimni bir notanish kimsaga aytib berishimga bir bahya qoldi… “Baribir emasmi” – dedim o‘zimcha va gapimda davom etdim:
– Bunga chidash men uchun juda qiyin, opamning ikkita yosh bolasi bor, boqish mening gardanimda, yetmish besh yoshni qarshilagan otam ham oshimga hamtovoq.
– Ularga yolg‘iz o‘zingiz qaraysizmi?
– Bo‘lmasam-chi, men Loze litseyida dars beraman, imkon tug‘ildi deguncha, har kuni o‘ttiz chaqirim narida joylashgan uyga yuguraman… Otamning qiladigan ishi faqat meni kutish, uni bolalar bilan yolg‘iz tashlab ketolmayman. Hozir uyda otam nevaralari bilan yolg‘iz qolgan, bilsangiz agar. Bor-yo‘g‘i oilamiz shulardan iborat…
– Boshqalar-chi ?
– Ya’ni?..
– Hartugul uka-singillaringiz bo‘lsa kerak?
– Ha, albatta, lekin…
Bu safar unga oilaviy hayotimni aytib berishdan o‘zimni to‘xtata olmadim; notanish bu odam gaplarimga ishona boshladi… U meni butunlay jinni qilib qo‘yganligidan shunday deyish mumkin ediki, men tinmay gapirishni, o‘zimni ovutishni xohlardim. “Shunday qilib o‘sha odam gaplarimni uqib oladi va shu bilan suhbatimiz ham tugaydi”, – deb o‘yladim. Oilaviy hayotimni tasvirlab berishni tugatar ekanman, u menga dedi:
– Tushunarli… Shifoxonada davolanayotgan opangiz bor, qolaversa, ikki farzandiga, keksa otangizga siz qaraysiz, hayot shundan iborat deb o‘ylayapsizmi? Hech narsaga haqqim yo‘q deganday bo‘ldingiz, shundaymi? Biroq aql bovar qilmaydi! Tushunishim bo‘yicha, otangiz yetmish besh yoshda, lekin hali sog‘lig‘i joyida… Siz uning o‘lishini xohlaysizmi? Ammo yaxshi qiz, o‘z otasi bo‘lishlik qanday ajoyib, tez sog‘ayayotgan opangiz va ikkita farzandi ham yashashga umidvor… Men sizning hayotdan voz kechishingizga qarshiman… Siz faqat o‘z fikr-tushunchangiz bilan dunyoga qarayapsiz, siz hali yosh va juda chiroylisiz, hayotni endi ko‘ryapsiz. Siz aytayotgan erkin bo‘lishlik faqat kuch bilan bo‘lmaydi… siz faqat shunday deb o‘ylaysiz. Men sizga aytmoqchi bo‘lganim, yashashga haqqingiz bor!
U bir oz jim qoldi, men esa yuragim tez ura boshlaganini his qildim… Bu odamning aytgan gaplari haqiqat edi, u menda shunday bir kuch uyg‘otdiki, uni yillar davomida jilovlab turgandim. U gapining so‘ngida shunday dedi:
– Sizning yoshingizda hayotning bu haqiqiy mevasini o‘ziga mavhum deb tushunish o‘zingiz va oilangiz uchun ham jinoyatdek tuyuladi… Faraz qiling, otangizga qilayotgan sovg‘angiz zaharlangan va oxirida shunday deyishingiz kerak, – “Hayotimni sen uchun qurbon qildim”. Bu qanday ko‘rgulik axir! Yo‘q, siz boshqalarga ham yordam qiling, ayni vaqtda o‘zingizni ham o‘ylang, shunda yaxshi bo‘ladi… Shundagina siz qilishingiz lozim bo‘lgan har bir ish uchun o‘zingizda katta kuch sezasiz.
Bu odam, uning gaplari, e’tibori, muloyimligi va gaplarining haqqoniyligi menda yetishmay turgan shijoatni uyg‘otdi. Bir necha oylar, yillardan buyon men bor kuchimni Mari Roz va otam uchun baxshida etib yashadim. Men xuddi bu dunyoda unutilgandek edim, biroq har qalay “yaxshi singil” bo‘lolgan esamda, o‘zim haqimda qayg‘urishni unutgandim. Ba’zida o‘zimcha o‘ylanib qolardim: “Emili, sen yoshlikdan bahramand bo‘lmading, faqat g‘am-qayg‘u va ishni bilasan, xolos”… Hayotimnig xotimasiga faqat bir qadam qolgan bo‘lsa-da, endi men hayotga bardam kirib bordim. To‘satdan, Marsel va Brianson temir yo‘l kupesida bir notanish kishi paydo bo‘ldi va u menga shunday bir nur hadya etdiki, u hech qachon so‘nmaydi deb o‘ylayman va u menga gapirishda davom etarkan, uning kim ekanligini, nima ish qilishini, fikrlarini va dunyoqarashini bilishga urindim. Men uni so‘roqqa tutishim mumkin edi, biroq qo‘rqqanim uchun unga savol berishga ham jur’at eta olmadim. O‘zimcha dedim: “Bu kim bo‘lsa ham, menga ahamiyatsiz… Ochig‘i u juda madaniyatli va dilga yaqin odam edi”.
Ana shu paytda u menga ismi Jon Karl, oddiy ishchi, bezakchi rassom ekanligini aytdi, lekin unga ishongim kelmadi. U yurish-turishidan umuman oddiy ishchiga o‘xshamas, ko‘rinishidan hayotni chuqur anglagan va ancha yuqori madaniyatli kishiga o‘xshardi.
Veyin shahriga kelganimizda yo‘limiz ayrildi. U Lionga onasini ko‘rgani ketdi, men bo‘lsam, ishim, otam va jiyanlarim kutayotgan Brianson tomon yo‘l oldim. Jo‘nab ketishimizdan oldin xat yozishib turishga kelishib oldik:
– Siz meni qiziqtirayotgan tog‘larning rasmini jo‘nating, qolaversa, mana shu rasmlar siz yashayotgan joy haqida menga xabar beradi.
Shuning bilan qisqagina suhbatimiz nihoyasiga yetdi. Ona yurtimga olib borayotgan avtobusda o‘sha odamning hamma gaplarini qayta o‘ylardim. Gaplarining haqqoniyligi menga yanada ravshanroq tuyular, ammo bu yerda boshqa narsa bo‘lib, u mening hayotimga to‘satdan kirib qolgan va zimistonlikni yoritib turgan nurga o‘xshardi.
Frantsuz tilidan Jahongir Sanaqulov tarjimasi
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 6-sonidan olindi.