Bu fikr mendan emas, do‘stim Tonidan chiqdi. Biz uchovlon, men, Toni va jajji Jeyn ismli qizaloq do‘stim bilan endigina kinodan chiqib kelardik. Cho‘ntagimizdagi oxirgi chaqalarimizni sarflab betayin bir film ko‘rganimizdan jahlimiz chiqib turardi. Vaqt allaqachon tun yarmi bo‘lib qolgan va beo‘rin ketgan pullarimizni o‘rnini qanday qilib to‘ldirish chorasini o‘ylab topishimiz lozim edi. Bu chorani qanchalik tez topsak, shunchalik yaxshi edi. Ayni o‘sha daqiqalarda ko‘zimizga o‘sha la’nati Baqaloq ko‘rinib qoldi. U kinoteatr oldida turar va kinodan chiqayotgan jononchalarga yeb qo‘ygudek tikilardi. Semiz dumbalari kamari ostidan osilib ko‘rinib turgan bu oliftaning ko‘rinishi judayam jirkanch bo‘lsa-da, undan shundaygina jaraq-jaraq dollarlar hidi anqib turgandek edi. Egnida qimmatbaho sportcha kostyum, ko‘ylagining yenglarida esa sap-sariq tugmalar yalt-yalt qilardi. Ular haqiqiy oltindan yasalgandi!
Men uning nafaqat jirkanch ko‘rinishiga, balki uning rangpar yumaloq basharasidagi bir-biriga juda yaqin joylashgan ikkita cho‘chqanikiga o‘xshash ko‘zlari yonidan o‘tayotgan ayollarni yechintirib yuborar darajada ta’qib qilayotganiga ham e’tibor berdim. Uning yuqori lablari ustidan dambadam ter tomchilari oqib tushar va u ro‘molchasi bilan basharasini tinimsiz artib turardi. Vaqti-vaqti bilan u qalin lablarini beo‘xshov tabassumga yoyib, xuddi suyakka talpinayotgan ko‘ppak misol biroz oldinga engashar va yonidan o‘tayotgan ayollarga beorlarcha suqlanib tikilardi. To‘satdan uning nigohi Jeynga tushib, qalqib ketgandek bo‘ldi va basharasini ro‘molchasi bilan yanada tezroq arta boshladi. Ob-havo salqin edi deyolmayman. Ammo bu Baqaloqning jirkanch turqiyoq meni junjiktirib yubordi. Go‘yo butun vujudimni g‘alati sovuqlik qoplab olayotgandek bo‘ldi. Jeyn esa bu oqshom darhaqiqat maftunkor edi. Uning go‘zal qomatini unchalik ham bekitmagan, yarim harir matodan tikilgan yubkachasi tizzasidan baland joyigacha qoplab turar, qizil rang buluzkasining ochiq ko‘krak kesma yoqalari uning bor qad-qomatini manaman, deb ko‘rsatib turardi. Biz o‘z o‘ljamizni payqagan ovchilardek kinoteatr binosi burchagida to‘xtadik. Toni sigareta tutatdi.
— Anavu Baqaloqni bir silkilab ko‘rishimiz kerak, — dedi u barmog‘i bilan boyagi oliftani ko‘rsatib.
Bu taklif menga ma’qul kelmadi va buni Tonidan yashirib o‘tirmadim.
— Miyangni ishlat, pandavaqi, — javob berdi Toni. – Bu Baqaloqning cho‘ntagida ko‘kidan tiqilib yotibti. Uning tugmalari qanaqa ekanligini ko‘rmayapsanmi?
— Uning turqi yoqmayapti. U xuddi psixga o‘xshaydi.
— U hirsdan aqldan ozayapti demoqchimisan? O‘zingning ham ayni shu sabab biroz toming ketib qolmaganmi, qariya? Ko‘rmayapsanmi, u hozir yovvoyi hirsdan o‘lar darajasiga kelgan. Uning psixligi bor-yo‘g‘i shundan xolos.
— Bu ish menga yoqmayapti. Yoqmayapti, bildingmi?
— E, bu arzimas ish-ku!. Darrov hal qilamiz, qo‘yamiz!
Men Toniga bas kelolmasligimni bilardim. Chunki u nima desa, avval qarshilik qilsam-da, keyin baribir ko‘naman. Men Jeynga qaradim.
— Sen nima deysan, qizaloq?
— Bilmayman, — sekingina javob berdi u. – Menga uning tikilishi yoqmayapti. Uning tikilishidan butun vujudim titrab ketayotgandek bo‘layapti.
Toni sigaretasini oxirgi marta tortib, qoldig‘ini chertib uchirib yubordi.
— Quloq solinglar, do‘stlar. Ko‘cha tez orada kimsasiz bo‘lib qoladi. Bu Baqaloqning cho‘ntagi esa, naq bizga kerak xazinaning o‘ziga o‘xshaydi.
— Bilmadim Toni, bilmadim. Men faqat…
— Qariya, quyon yuraklik qilma. Men bir ishni rejaladimmi, uni yutib chiqishimga amin bo‘lmasam, tavakkal qilmayman. Xo‘sh, nima qildik? Boshlaymizmi?
— Bo‘pti, mayli, sen aytgandek bo‘la qolsin, — javob berdim men Jeyndan ko‘zimni uzmasdan.
Jeyni ham Toni nima desa baribir ko‘nishimni juda yaxshi bilar va doim bundan qo‘rqib yurardi. Hozir ham rostakamiga qo‘rqib ketdi shekilli, og‘irligini u oyog‘idan bu oyog‘iga o‘tkazdi. U guruhimizdagi yangilardan edi va shu sabab unga nima buyurilsa, indamay bajaraverardi. U hozir o‘zini butunlay yo‘qotib qo‘yganini sezdirib turar va men Tonini bu taklifi uchun rosa so‘kib berishga tayyor turardim. Biroq men o‘z izzat-obrHimni ham saqlashim lozim edi. Bo‘lmasa, qiz meni qo‘rqoqliq qilayapti yoki mishiqi, deb o‘ylashi ham mumkin.
— Oxiri voy bo‘lmasligiga aminmisan, Toni? — dedim nihoyat ikkilanib.
— Aminman, qariya, aminman, — dedi u qat’iyat bilan.
Endi men Jeyn tarafga qarashga botina olmasdim. Biroq u qilt etib yutinib qo‘yganini sezdim. U qo‘lini cho‘zib, mening qo‘llarimdan ushlab oldi.
— Sen nima deysan, Jeyn? — so‘radim undan.
U biroz sarosimalanib turgandek bo‘ldi va nihoyat «mayli» degandek bosh irQadi.
— Sen nima istasang, hammasiga tayyorman, — dedi u keyin ovozi biroz titrab.
Toni irshayib panjalarini bir-biriga ishqalab qo‘ydi.
— Ana, hammasi pishdi. Demak… boshladikmi?
— Ha, reja aniq bo‘lgach, uni bajarish kerak.
— Bo‘lmasa, nimadan boshlashni kelishib olaylik. Sen Jeyn, orqangga qaytib, Baqaloqni o‘zingga ilashtirishga urin. Uni qorong‘iroq ko‘chaga boshlab borishing kerak. Biz Jek ikkalamiz orqalaringdan boramiz. Uni tayyor holga keltirishing bilanoq, biz uni dabdalasini chiqarib, bor shudu-budini shilib olamiz. Keyin juftakni rostlash qoladi xolos. Uqdingmi? Hammasi juda oddiygina.
Men sigareta tutatib cheka boshladim. Tan olishim joizki, butun vujudim ich-ichimdan titrar, amma sigareta tutunidan yo‘talayotganimdek bezovtaligimni yashirishga urinardim. Jeyn bilan tanishganimdan boshlab o‘zimni suvga tushgan tovuqdek seza boshlaganimni o‘ylab qoldim. Biroq, biz bunday ishlarni birinchi bor qilayotgan emasdik va hech qachon mushkul vaziyatga tushmaganmiz. Ishimiz doim silliqqina bitgan.
— Uqdim, — dedi sekingina Jeyn. — Biroq mendan unchalik uzoqlashmasalaring bo‘lgani.
— Biz senga yaqin bo‘lamiz, qizaloq. Men so‘z berdimmi, bajaraman.
Jeyn oyoq uchida turib Tonidan hech tortinmasdan mening lablarimdan o‘pdi. Bu bilan go‘yo u menga sodiqligini izhor qildi. Ko‘cha fonarining ustuniga suyanib uning orqa tarafga, kinoteatr tomonga ketishini kuzatdim. Va yana qalbimda g‘alati bezovtalik seza boshladim. Bu Baqaloqda meni asabimni qo‘zitayotgan nimadir bor edi.
Ko‘cha bir zumda kimsasiz bo‘lib qoldi. Jeyn va Baqaloqdan boshqa hech kim ko‘rinmasdi. Baqaloq mening jononchamni ko‘rib bir zumda qomatini tik tutdi va zo‘r berib basharasini ro‘molchasi bilan arta boshladi. Aytishim mumkinki, u Jeyn tashlagan qarmoqqa xuddi ochko‘z akula bir parcha yangi go‘shtga tashlangandek ilindi-qoldi. Ilinmay ham ko‘rsinchi! U shunchalik maftunkor, endigina o‘n olti yoshga to‘lgan qiz bo‘lsa! U yosh bo‘lsayam bizning o‘yinni qanday o‘ynashni juda yaxshi bilardi. Ular bir necha daqiqa joylarida turganlaricha gaplashishdi. Keyin Baqaloq qo‘pollarcha uning qo‘ylagi qo‘kragidagi chuqur o‘yilgan joyni siypaladi. Uning zavqlanib, qiqirlab kulganini eshitdim va shu lahzaning o‘zidayoq uning ichak-chavoqlarini ag‘darib tashlash istagi bilan yona boshladim.
— Qizishma, qizishma, — shivirladi Toni va men birdan ovoz chiqarib Baqaloqni eng qabih so‘zlar bilan so‘kayotganimni sezib qoldim.
Olifta Jeynni belidan quchib, bizning yonginamizdan qoronQi pod’ezd tomon boshlab ketdi. Qo‘g‘irchog‘imning qanday qadam tashlab ketayotganidan uning qanday vahima bilan ketayotganini sezdim.
— Bo‘ldi, Toni, ketdik! –dedim nihoyat sabrim chidamay.
— Sabr qil. Senga nima bo‘ldi? Ishni pachavasini chiqarmoqchimisan?
Men o‘zimni bosishga urindim. Ehtimol u haqdir. Biroz kutish lozimga o‘xshaydi. Agar Baqaloq hozir bizni sezib qolsa, albatta ehtiyot choralarini ko‘radi. Men bor kuchim bilan mushtlarimni siqdim va bundan o‘zga choram ham yo‘q edi. Kayfiyatim butunlay tushib ketdi.
Jeyn va Baqaloq tor ko‘chaga yetishib u tomon burilishdi va butunlay ko‘zdan yo‘qolishdi.
— Ana endi olg‘a! – buyruq berdi Toni.
Men uchun bu gapni ikki marta takrorlashiga hojat yo‘q edi.
Biz tor ko‘cha tomon otildik. Chopib borarkanmiz butun vujudim muzlab borayotgandek, bir soniya bir soatga cho‘zilib ketayotgandek tuyulardi.
Shu payt oldimizda politsiya mashinasi to‘xtab, undan ikki faraon tushib, biz tomon kela boshladi.
— Ikkovingiz ham to‘xtang va qimirlamang! — buyurdi ulardan biri.
— Nima gap? — so‘radi Toni.
— Hozir bilib olasan, yigitcha. Qani, devorga orqa o‘girib, biz tomonga qaranglarchi!
— Quloq soling , mister… -gap boshladim men.
— Nima, karmisan? Devorga orqa o‘gir deyapman!
E’tiroz bildirishdan hech qanday ma’no yo‘q edi. Biz devorga yaqinlashib qo‘llarimiz bilan unga suyandik. Faraonlardan biri mening butun tanamni paypaslab ko‘rdi va hech narsa topa olmadi.
— Qayerda edinglar? — so‘radi yana o‘sha berahm ovoz.
— Biz kinoda edik. Hozirgina u yerdan chiqdik.
— Nahotki?
— Biz rost gapiryapmiz, mister. Nima, kinoga kirish taqiqlanganmi?
— Ikkinchisidan biror narsa chiqdimi? — so‘radi politsiyachi sherigidan.
— Undayam hech vaqo yo‘q. Nima deysan, ularni politsiya uchastkasiga olib boramizmi?
To‘satdan aqlu-hushimni yo‘qotayotganimni sezib qoldim. Tizzzalarim qaltirab, yiqilib tushmasligim uchun devorga suyanib qoldim. Men o‘zimni baquvvat yigit hisoblardim. Faraonlarni hech qachon yoqtirmasdim va ulardan qo‘rqmasdim ham. Biroq bu oqshom!.. Men qorong‘i tor ko‘chada hozir nima bo‘layotganini tinmasdan o‘ylar, bundan vahimaga tushar, agar bizni bu yerdan ikki millar naridagi politsiya uchastkasiga olib borishsalar…
— Quloq soling, mister. Biz rostdan ham kinoga kirgandik. Chin so‘zim!
Buyruq berayotgan faraon aftidan nimanidir o‘ylab qoldi.
— Ulardan birini kinoteatrga boshlab bor va gaplari to‘g‘ri-noto‘g‘riligini aniqla, — buyurdi u sherigiga.
Politsiyachi Tonini qo‘ltig‘idan tutib, kinoteatr tomonga boshlab ketdi.
Men esa, yig‘lab yuborishga tayyor edim.
Faraon sigareta chiqarib cheka boshladi. U hech yoqqa shoshilmasdi. U meni boshdan oyog‘imgacha sinchiklab nazar solib chiqdi.
— Sen nimagadir asabiylashayapsan, yigitcha. Nima, biror xoming bormi?
Men zo‘raki jilmayishga urindim.
— Yo‘g‘-e, hammasi joyida. Hammasi joyida. Shundaymi?
— Bilmayman. Buni men sendan so‘rayapman.
Men xuddi aqldan ozgandek xoxolay boshladim. U mendan so‘rayotgan emish! Agar oldimizdan anavu Baqoloq chiqib qolmaganida, rostdan ham hammasi joyida bo‘lgan bo‘lardi! Yana biz bundan biroz oldinroq harakat qilganimizda ham… Men beixtiyor tor ko‘cha tarafga qaradim. Hech qanday shovqin eshitilmaydi. Hech qanday! Men yana o‘zimni beparvo ko‘rsatib politsiyachi bilan gaplasha boshladim.
— Kimni qidirayapsizlar?
— Qo‘shni kvartaldagi do‘konni urib ketgan shaytonlarni.
— Biz ular emasmiz.
— Buni tez orada aniqlab olamiz, — dedi politsiyachi sigaretasininguchiga tikilib.
Men yana Baqaloq Jeynni olib ketgan tor ko‘cha tarafga nazar soldim. Peshonamdan shoda-shoda ter quyilardi. Tirnoqlarim qonar darajada g‘isht devorni tirmalay boshladim.
Bir payt Baqaloq tor ko‘chadan chiqib kela boshladi. U bir necha lahza boshini o‘zi kelgan tomonga burib, ko‘cha o‘rtasida to‘xtab qoldi. Xuddi bir narsasini unutib quygandek. Men uning yo‘lak chekkasiga nimanidir otib yuborganini ko‘rdim. Politsiyachi buni payqamadi ham. Baqaloq burildi-yu, bizga qarama-qarshi tomonga tez-tez yurib keta boshladi.
Birdan og‘zim qurib ketganini sezdim. Men nimadir gapirmoqchi bo‘lardim. Ammo so‘zlarim tomog‘imga tiqilib qolayotgandek edi. Bu payt Baqaloq qanday bizdan uzoqlashayotganini, nihoyat ko‘zdan g‘oyib bo‘lganini jimgina kuzatib turardim. Xuddi ana shu payt ikkinchi politsiyachi va Toni bizga yaqinlashayotgandi.
— Ular rostdan ham kinoga kirishgan ekan. Kassir ayol bu yigitchani tanidi.
— Nimayam derdik, yigitlar. Buguncha ozodsizlar. Uylaringga ketishlaring mumkin…
Men uning gaplarini oxirigacha eshitib o‘tirmadim. Oyog‘imni qo‘limga olib tor ko‘cha tomonga otildim. Toni orqamdan yelib kelardi. Faraonlar mashinaga o‘tirishib, jo‘nab ketishdi.
Biz tor ko‘cha boshigacha yugurib bordik. Toni engashib Baqaloq otib yuborgan narsani oldi. Ko‘cha fonari yoruQida do‘stim qo‘lida pichoq ushlab turganini ko‘rdim. Uning tig‘lari qip-qizil qon edi. Biz bir zum bir— birimizga baqrayib tikilib qoldik va yana tor ko‘cha ichkarisiga yugurib ketdik. Men o‘zimni butunlay yomon seza boshladim. Chunki hozir nimaga duch kelishligimizni yaxshi bilardim.
Rus tilidan Abdumurod Ko‘chiboyev tarjimasi