Mo‘yinxonning Yangi Karochiga kelganiga ham bir yil bo‘lay deb qoldi. Lekin uning kayfiyati na bu joyning rasm-rusumiga mos tushgan va na u bu joyning odamlari bilan osh-qatiq bo‘la olgandi. Faqat bir La’lxongina oqshom chog‘i bir-ikki soat o‘tirib, unga Lalukhet mahallasidagi yangiliklardan gapirib berardi. La’lxon o‘sha yerdagi maktabda chaprasi edi. Bu yerga u daryo bo‘yidagi kulbalardan ko‘chib kelgan edi. Avval Mo‘yinxonning joyi Gujjarnala degan joyda bo‘lib, bir yil burun Gujjarnaladagi kulbalarga o‘t ketgandan so‘ng, u Yangi Karochiga ko‘chib kelgandi.
Karochidagi kulbalarga kelsak, ularga har soniya, har daqiqada o‘t ketishi mumkin edi. “Kerosin o‘choqqa to‘kilib ketdi” yoki “Sholcha yonib ketdi” degan gap quloqqa chalindimi, bilingki, qiyomat qoyim bo‘lgan! Dengizdan esayotgan shamol olovni uchirib olib keladi va ko‘z ochib-yumguncha kulbalar ustida, osmonda hammayoqni tutun qoplaydi, tutundan pastda esa olovning sariq to‘lqinlari orasidan odamlarning qiy-chuvlari osmoni falakka ko‘tariladi. Chunonchi, bir yarim soatdan so‘ng mashinalarning “bi-ip”, “bi-ip” ovozi yangraydi. O‘t o‘chirish guruhi shoshib-pishib keladi. Lekin bu paytda yong‘in yuzlab uylarni yamlashga ulgurgan bo‘ladi.
Bir yil burun ham Gujjarnaladagi kulbalar ustida qattiq bir portlash ro‘y bergan edi va yong‘in shunday tezlik bilan yopirilgan ediki, hattoki onalar o‘z bolalari haqida o‘ylashga ham ulgurmadilar. O‘t o‘chirish guruhi yetib kelib, odamlarning ko‘magida o‘rtadagi ellik-oltmishta kulbani yiqitgachgina yong‘inning shashti qaytdi. Ammo yong‘in tufayli tun bo‘yi odamlarning ko‘zlarida ham, qalblarida ham ayanchli yoshlari tinmadi. Qaysidir tashkilot boshpanasiz qolgan odamlar uchun katta chodir tikib berdi. To‘rt-besh kungacha o‘sha tashkilot tomonidan qora qozon qaynatib turildi. Bu payt ichida talay odamlar qayerdandir xarjga biroz pul-mul topib keldi va g‘arov tayoqlariyu taxtalar yordamida o‘zlariga boshpana tiklab oldi, qolganlar esa Yangi Karochiga olib boruvchi yuk mashinalariga ko‘z tikib turar edi.
Mo‘yinxonga ham Yangi Karochida joy ajratib berildi. Bu mash’um yong‘in qalbini shunday yondirdiki, u Gujjarnalaga qo‘shni bo‘lgan mahallada o‘zining ayoli dafn etilganini ham unutdi. U har ikki-uch kunda u yerga borib duo-fotiha o‘qib turardi, ko‘pgina yoru do‘stlari bilan uchrashib, ko‘ngli taskin topardi. Endi bu gaplarni qo‘yib, Mo‘yinxon yangi uyi haqida o‘ylab turardi. Yuk mashinasi haqida u ko‘pam bosh qotirmasdi, axir ko‘targulik bisoti ham yo‘q edi-da.
Uning bor-yo‘g‘i bitta qo‘l aravachasi va yakkayu yagona arzanda qizi – Sug‘ra bor edi. Yong‘in chiqqanda Mo‘yinxon chorrahada qo‘l aravachasidagi mevalarni sotib turardi. Kichkina Sug‘ra esa uyda yolg‘iz qolgan edi. “Yong‘in-yong‘in!” degan qiy-chuvni eshitgach, u darrov pishiq g‘ishtdan qurilgan uylar tomon yugurdi va u yerda turgan ayollarning qiy-chuviga qo‘shilib, u ham dod solib yig‘lay boshladi.
Yangi Karochiga kelgach, Mo‘yinxon aravachada meva sotishni bas qildi. Har kuni bozorga chiqishdan charchagan edi. Aravachaning bir amallab tepasini yopdi-da, undan bir kichkina do‘koncha yasab oldi va unda pon, sigareta va boshqa mayda-chuydalarni sota boshladi. Unga har oyda o‘ttiz rupiya nafaqa puli kelib turardi. Bir yil ichida amal-taqal qilib o‘ziga uy qurib oldi va qizchasiga bir juft kiyim-kechak tikdirib, arzon taqinchoqlar ham yasatdirdi. Sug‘raning onasi tirik bo‘lganda edi, bu ovoragarchilikni uning o‘zi eplagan bo‘lardi. Ammo endi bu yuk Mo‘yinxonning yelkasida turardi – davlat ishida sochlari oqarguncha ishlab nafaqaga chiqqan edi. Endi bo‘lsa bu ishni qanday eplayman deb boshi qotmoqda edi. Shunday damlarda birdan marhuma xotini esiga tushib, yig‘lamoqdan beri bo‘lardi.
Shunday nochor chog‘larida ko‘zlariga yosh ham kelmasdi. Har oqshom o‘ringa cho‘zilganda u turli xayollarga g‘arq bo‘lardi. Ba’zan shunday bo‘lardiki, u go‘yo Sug‘raning boshiga rishta bog‘lash marosimini o‘tkazayotibdi, qizining boshini qo‘llari bilan silab-silab, mana bu so‘zlarni aytayotibdi: “Qizim, sening haqiqiy uying o‘sha yoqda. Bor! Oq yo‘l!”
Gujjarnaladagi kulbada yashaganida ham Mo‘yinxon, “Bironta odam Sug‘raga og‘iz solarmikan”, – deb intiqlikda to‘rt yilni sarobga almashdi. “Mening qizimga uylaning”, – deb aytishga yuzi chidamasdi. Bir gal lalukhetlik bir muallim Xalifajiyni shu vajdan jerkib bergandi. Xalifajiyning to‘rt nafar bo‘yi yetgan qizi og‘ir yuk bo‘lib yelkasidan bosib tushgandi va u to‘g‘ri kelgan joyda, mavridi bo‘lsa-bo‘lmasa, qizlari haqida og‘iz ochar va: “Duo qilinglar, mening qizlarim o‘z izzat-obro‘si bilan oilali bo‘lishsin. Hoy birodar, ko‘z ostingga olgan biron yaxshi yigit bormi? Yigit mehnatkash bo‘lsin. Menga bundan boshqa hech narsa kerak emas!” – derdi.
Shunday paytlarda Mo‘yinxon uning gapini bo‘lib, bunday derdi:
– Uyalmaysanmi, Xalifajiy? Bamisoli qizlaringni bozorga solayotibsan! Mavridiga qarab ish tutsang-chi! Ollohni esdan chiqarma, u nimani buyursa, o‘sha bo‘ladi!
Mo‘yinxonga Yangi Karochida o‘tkazgan bir yil Gujjarnalada o‘tkazgan to‘rt yilidan og‘ir tuyulib ketdi. Bu bir yil davomida Xalifajiyning mana bu gapi Mo‘yinxonning o‘qtin-o‘qtin esiga tushardi: “Mo‘yinxon sohib! Har bir yangi kunda qizlarning yuki ikki baravar og‘irlashadi”.
Urdu tilidagi ro‘znomalarni o‘qigan sari u badtar jig‘ibiyron bo‘lardi. O‘n paysaga oqshom ro‘znomalaridan sotib olardi. Xuddi o‘sha paytlari uning oldiga La’lxon kirib kelishga odatlangan edi. U o‘zi bilan birga bironta o‘spirin bolani olib kelardi-da, ro‘znomada bosilgan jinoyatga oid xabarlarni ovoz chiqarib o‘qib berardi. Ro‘znomada o‘g‘irlangan qizlar yoki o‘z ota-onasini mensimasdan oshiqlari bilan ketib qolgan qizlar haqidagi xabarlar bosilardi. Bunday xabarlarni eshitib, Mo‘yinxonning tepa sochi tik bo‘lib ketardi va og‘zidan ikki-uchtagina so‘z chiqardi, xolos: “Tavba, tavba! Hoy sohib! Axir kambag‘al qizlar boshqa nima ham qilsin? Qachongacha uyda o‘tiradi!” La’lxon ham doim shunday o‘ylardi. Mo‘yinxonning miyasi Sug‘raning yuki ostida shunday ezilib og‘rirdiki, nima qilishini bilmasdi: “Bechora Sug‘ra qachongacha uyda o‘tiradi?”
Yangi Karochida uncha ko‘p odam bilan gaplashish imkoni ham yo‘q edi. Barchasi oddiy ishchilar edi. Tirikchilikdan boshqa tashvishi yo‘q. Fikr-yodi avtobusga bir amallab chiqib olishu tirikchilik g‘amida uzoq-uzoqlarga borish, vassalom. Kechqurun Mo‘yinxonning aravachanamo do‘konidan sigareta va gugurt sotib olishardi. Lekin La’lxondan tashqari u bilan ikki daqiqagina gaplashadigan odamning o‘zi yo‘q edi. Bular quruq salom-alikdan nariga o‘tmasdilar. Yaqin-atrofda yashaydigan qo‘shnilar bilan ham shu: “Assalom alaykum! Vaalaykum assalom!”
Sug‘raga bordi-keldi qilib turgan xonadonning bir emas, ikkita emas, naq oltita qizi bor edi. Mo‘yinxon betini qattiq qilib qo‘ni-qo‘shnilarga: “Mening qizimga bironta yigit qidirib ko‘ringlar”, – deb qanday aytsin! Mo‘yinxon faqat bir La’lxon bilan dildan gaplasha olardi. La’lxonning na o‘g‘li bor edi va na qizi. Er-xotin ikkovi tirnoqqa zor. Ular og‘irini yengil qiladigan farzand qanaqa bo‘lishini umuman bilishmaydi. Ehtimol, shuning uchun ham Mo‘yinxon La’lxon bilan Sug‘ra haqida gaplashishni ep ko‘rmayotgandir.
Mo‘yinxon Yangi Karochida bir qizning uyidan qochib ketayotgan paytida qo‘lga olingani haqidagi xabarni eshitgach, u La’lxon bilan Sug‘ra borasida gaplashib olishga qaror qildi. Shoyad La’lxon uning joniga oro kirib, biron joyga og‘iz solib ko‘rsa. O‘sha kuni Mo‘yinxon do‘konchasini tashlab, ikki marta uyga borib keldi. Sug‘ra otasining dam-badam uyga kelib-ketayotganidan xavotirlanib so‘radi:
– Ota, tinchlikmi, nima gap?
– Hech gap yo‘q, qizim. Shunchaki seni ko‘rgani keluvdim.
Oqshom chog‘i La’lxon bir o‘spirin yigit bilan keldi. U ro‘znomani o‘qi deb ishora qildi. Yigit ro‘znomani o‘qib berayotgan paytda Mo‘yinxonning miyasi va qalbida bir-biriga qarama-qarshi fikrlar charx urardi. Ro‘znoma o‘qib bo‘lingach, La’lxon dedi:
– Xo‘sh, Mo‘yinxon, birodarim, nechuk o‘y-xayolga cho‘mib ketdilar?
– O‘zim… Shunchaki…
– Baribir… biror narsa bo‘ldimi?
– Ey birodar, qiz haqida o‘ylayotgan edim.
– Qaysi qiz? Kecha qochib ketayotgan qizmi? Ro‘znomada uning haqidagi xabar ertaga bosiladi.
– Yo‘q, qiz haqida emas… – Mo‘yinxon chehrasini xiyol ma’yuslik egalladi. – Ey birodarim! Bilasanmi, ko‘zimni nega operatsiya qildirmayapman? Qizimni o‘ylayapman. U ham o‘z uy-joyiga ega bo‘lsaydi, so‘ng ko‘zimni operatsiya qildirar edim. Kundan-kunga ko‘rishimning mazasi qochayapti.
– Bo‘lmasa, avval ko‘zingni operatsiya qildirib ol.
– Lekin mana bu yuk boshimdan bosib turibdi-ku.
– Boshlading. Bittagina qizing bor, u ham senga yuk bo‘lib tuyulmoqdami?
– Sen tushunmaysan, La’lxon. Qiz bolaning yuki og‘ir bo‘ladi…
– Menga qara. – La’lxon to‘xtab-to‘xtab, nihoyat, past ovozda gapira boshladi: – Men shuni bilamanki, Olloh taolo har bir bandasini jufti-haloli bilan yaratgan. Xudo xohlasa, qizingning baxti ochilib ketadi. Sovchi ustiga sovchi kelaverib, eshigingning turumini yedirib yuboradilar.
– Ammo qani o‘sha sovchilar, La’lxon? Men besh yildan buyon kutaman, – ma’yus ohangda dedi Mo‘yinxon.
– Parvo qilma, birodarim, bugun bo‘lmasa, ertaga bo‘ladi. Keksalarning gaplari hech qachon yolg‘on bo‘lmagan. “Qaysi hovlida mevali daraxt bo‘lsa, o‘sha yerga, albatta, kesak otiladi”, deyishadi.
Mo‘yinxon indamadi. Do‘konchasini yopib, uyiga kelganida ham La’lxonning gaplari qulog‘i ostida hamon yangrab turar edi. “Unda nega haligacha bitta ham odam kesak otmadi? – deb o‘ylardi u. – Yoki shahardan tashqariga chiqib duch kelgan odamga: “Mening qizimga kuyov topsang-chi?” – deymi?”
Xotinini esladi. Agar u hayot bo‘lganida, hammasini o‘zi hal qilgan bo‘lardi, boshini qotirib yurmas edi. Hozir esa barcha tashvishlar o‘zining boshiga tushdi, ular shunday og‘ir ediki, o‘ylayverib miyasi tars yorilib ketgudek bo‘layapti.
Sug‘ra uning oldiga ovqat keltirib qo‘yganida ham u o‘ylab o‘tirar edi: “Mening uyimga qachon kesak kelib tushar ekan? Qanday kunlarga qoldim?” Shularni o‘ylab ishtahasi ham bo‘g‘ildi.
Miyasiga turfa xayollar, voqealar kelar edi: goho uydan qochib ketgan qiz yoki tunlar pinhona ayshu ishratga berilgan axloqsiz qizlar, goho ular to‘g‘risida erkaklarning luqmalari yoki Xalifajiyning tashvishlari va, albatta, La’lxonning keksalar to‘g‘risidagi gaplari: “Birodarim! Mevali daraxt bor uyga albatta, kesak otishadi”.
– Unda, ey Parvardigorim, nega bundan darak yo‘q?! – Mo‘yinxon bexosdan gapirib yubordi.
– Menga gapirdingizmi, dada? – idishlarni yuvayotib so‘radi Sug‘ra.
– Ha, uxlashga joyimni solib ber, qizim, – gapni aylantirib dedi u.
– Xo‘p, otajon.
Mo‘yinxon xonadan tashqariga chiqdi. U yerda ota-bolaning chorpoyalari yonma-yon turar edi.
Mo‘yinxon o‘z joyiga yotib, qo‘lidan hech narsa kelmasligini o‘ylab, ko‘ngli yana vayron bo‘ldi. Qanday og‘ir kunlarga qoldi! Ollohim, muruvvatingni biz bechoralardan darig‘ tutma. Ko‘zdan qolayapman. Chor- atrofimda hech kimim yo‘q, bo‘yiga yetgan qizimdan tashqari!
Sal turib, Sug‘ra ham kelib yotdi, u har galdagidek nimalarnidir gapirar edi. Mo‘yinxon esa o‘z xayoli bilan band, qizining gaplariga e’tibor ham bermasdi.
– Dadajon! Bugun sal boshqachasizmi, nima gap o‘zi?
– Hech narsa, qizim. Biroz mazam yo‘q. Uxla.
Oxirgi gapini u “meni tinch qo‘y” ohangida aytdi. Qizi indamadi. Sal turib otasiga uning xurrak otayotgani eshitildi. Ota uyg‘oq edi. “Ey Xudo! Mening hovlimga mevali daraxtni ektirding. Endi kesak ham ottir. Sen hammaning zorini eshitguvchisan, mening ham zorimni eshitib qo‘y. Toqatim toq bo‘ldi. Boshqa kutolmayman”, – deb duo qildi Mo‘yinxon. Oxiri ko‘zi ilindi. Uyg‘oqligida o‘ylagan xayollari endi tushga aylanib, ko‘z oldidan o‘tar edi. Qarasa, hovlisiga katta bahaybat daraxt ekilgan va uning ustiga kesaklar yog‘ilib tushmoqda. Qizi esa yig‘lab ota uyi bilan xayrlashayotir. Atrofni musiqa ovozi tutgan, mushakbozlik avjida.
Birdan uning ko‘zi ochildi. U terga botib ketibdi. A’zoyi badanini noma’lum bir kayfiyat chulg‘ab olgan edi.
“Duolarim ijobat bo‘ldi, shekilli. Qizimning qo‘llari endi sariq rangga bo‘yaladi”. Qayrilib, qizining chorpoyasiga qaragan edi, yuragi otilib chiqqudek bo‘ldi. Ko‘zlariga bir ishonib-bir ishonmay ko‘r odamdek dast joyidan turib ketdi. Sug‘raning chorpoyasini paypasladi.
– Qizim, qizalog‘im!!! – deb tinmay chaqirar edi u.
Hech qanday javob bo‘lmadi. Butun uyni aylanib chiqdi, Sug‘radan nom-nishon yo‘q. Berkinib olmadimikan deb chorpoyasini ushlab, qattiq-qattiq silkitib ko‘rdi. Oxiri holdan toyib: “Parvardigorim, nima bo‘ldi o‘zi?” – nido soldi. Qo‘li bir kichkina toshga tegdi. Toshni qo‘liga olib, osmonga qaradi, osmon zim-ziyo edi.
Urdu tilidan Toshmirza Xolmirzayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 3-son