Bu yilgi yoz fasli g‘oyat go‘zal keldi, ajoyib ob-havo shu qadar barqaror bo‘ldiki, odamlarda kunma-kun emas, balki butun-butun haftalarning ham xuddi shunday birday ketishiga chuqur ishonch uyg‘ongan, iyun oyi boshlangan, pichan endigina o‘rib-yig‘ib olingan paytlar edi.
Ba’zi birovlar uchun jazirama issiqlari odamning jon-jonidan o‘tib ketadigan, vaqti kelsa, hatto nam bosgan to‘qayzoru qamishzorlarni ham “pov” etib yondirib yubora oladigan bundayin yozdan ko‘ra go‘zalroq fasl bo‘lmasa kerak. Bunday odamlar, vaqt topdim deguncha, ana shunday haroratli damlardan iloji boricha ko‘proq bahramand bo‘lishga, shusiz ham u qadar ishchan, faol bo‘lmagan hayotlarini o‘yin-kulgi, kayf-safo bilan beg‘am-betashvish o‘tkazishga intiladilarki, bu narsa boshqa ayrim kishilarga hech qachon nasib etmasligi ham mumkin. Kamina ham ana shunday quvnoq odamlar toifasidanman; shuning uchun ham o‘sha yoz boshidayoq, garchi ba’zi bir uzilishlar bilan bo‘lsa-da, ularga keyinroq to‘xtalaman, benihoya ko‘tarinki kayfiyatda edim.
Ehtimol, o‘sha iyun oyi men uchun o‘z boshimdan kechirgan eng shukuhli damlar bo‘lgandirki, beixtiyor qani endi bunday chog‘lar tez-tez nasib etsa, deging keladi. Xolavachchamning qishloq ko‘chasi yoqasida joylashgan uyi oldida mo‘jazgina gulzori bo‘lib, ayni choqda gullar barq urib ochilgan, tevarak-atrofga muattar bo‘y taralardi; buzilib ketgan bog‘qo‘rani bekitib turgan baland va yo‘g‘on kartoshkagullar qalin va yumaloq g‘uncha yozib, ular orasidan sariq, qizil va binafsharang gulbarglar bo‘y ko‘rsata boshlagan. Sariq gulli manzarali o‘simlik asal yanglig‘ dolchinrang tusda lov-lov yonib, shunaqangi kuchli is taratardiki, buni ko‘rib turib yo tavba, baravj o‘sib ko‘payayotgan sayoqgullarga o‘z o‘rnini bo‘shatib berishga namuncha shoshilmasa derdingiz. Qalin o‘sgan xinagullarning yo‘g‘on poyalari jimgina qaqqayib turar, yonlarida esa chiroyli, xayolchan va xushqad jonimgullar bilan birga och qizil tusli atirgul butalari qarovsizlikdan bir-birlari bilan sho‘x-shodon chirmashib yotardi. Xullas, kaftdek ochiq yer ko‘rinmas, butun bog‘ torgina guldonga solingan ulkan, rang-barang va quvnoq guldasta edi go‘yo, guldondagi atirgullar orasida qizil va sarg‘ish gulli bir yillik o‘simlik – lotin chechagi ham bor edi, uning qoq o‘rtasida esa qatma-qat joylashgan xol-xol gulkosabarglari xuddi sallaga o‘xshab ketadigan, chappar ochilgan gullari tebranib, chayqalib turguvchi o‘simlik mag‘rur yolqin sochib turardi.
Menga bularning barchasi ajoyib tuyular, misli ko‘rilmagan darajada yoqardi, biroq xolavachcham bilan dehqonlar buni ko‘rmas edilar. Ularga bog‘ kuz kelib, gulpushtalarda kechki atirgul, gulhamishabahor va qo‘qongullar qolgandagina, biroz quvonch bag‘ishlay olardi, xolos. Ular har kuni ertadan to kechgacha dalada bo‘lishar, qosh qoraygandagina uyga horib-tolib qaytishar va bamisoli qalayi o‘yinchoq askarlar kabi o‘zlarini tappa tashlab, qotib uxlab qolishardi. Lekin shunga qaramasdan, garchi bog‘ ularga hech qanday foyda keltirmasa-da, har yili kuz va bahorda bekami-ko‘st parvarish qilinar, biroq eng go‘zal chog‘larida unga deyarli hech kimning ko‘zi tushmas, hech kim undan bahramand bo‘lmasdi.
Ikki haftadan beri havo ochiq, issiq, moviy osmon ertalabdan tiniqlik va musaffolik kasb etar, ammo tushdan so‘ng qaydandir zich, yumaloq, pastak bulutlar paydo bo‘lib, ko‘k yuzini qoplab olardi. Tunda esa, yaqin va olisda momaqaldiroq gumburlar, lekin har tong – garchi uning ovozi quloqlaring ostida hamon jaranglab tursa ham – uyg‘ongach, tepangda quyosh charaqlab turganiga ko‘zing tushar, hammayoqni yana nur va iliqlik chulg‘ab olganidan quvonib ketarding, kishi. Shundan so‘ng, kaminaning shodon va xotirjam yozgi hayoti boshlanardi: jazirama issiqda qizib, qaqrab yotgan dala yo‘llari bo‘ylab sayrga otlanaman, hansirab nafas olayotgan, sarg‘ayib boshoqlayotgan ekinzorlar va ular orasidan mo‘ralab turgan bo‘tako‘z, xashaki no‘xat, qoramiq hamda pechako‘t singari turli xil giyoh-o‘simliklar go‘yo kaminaga salom berayotganday, bir tekis chayqaladi, birpas yurgach, o‘rmon etaklaridagi baland o‘sgan maysazorlar bag‘rida soatlab dam olib, nafas rostlayman, boshim uzra bolarilar g‘uvillab, u yer-bu yerda qo‘ng‘izlar “yalt-yult” qilib, ko‘zga tashlanadi, shamolsiz dim havoda, pastak osmonga tegay-tegay deb turgan daraxtlarning shox-novdalari ham qilt etmay, tin oladi; kechga tomon erinchoqlik bilan asta uyga qarab yo‘l olaman, quyosh nurida chang zarralari-yu qizg‘ish-oltinrang dalalar ham ajib tovlanadi, pishiqchilik va horg‘inlik havosi sigirlarning ma’ragan ovozlari bilan qo‘shilib, qorishib ketadi, eng qizig‘i esa, zarang yoxud arg‘uvon daraxtlari ostida yolg‘iz o‘zing yoki bo‘lmasam qaysi bir tanishing bilan sariq sharobni maydalab, mamnun hangomalashib o‘tirarkansan, vaqtning tez o‘tganini, allaqachon tun yarmidan oqqanini ham sezmay qolasan, shunda birdan qayerlardadir olislarda chaqmoq chaqib, iliq shamol olib kelgan ilk tomchilar shatir-shutur qilib qalin chang ustiga tusha boshlaydi, allaqanday shirin, nash’ali tuproq hidi havoni tutib ketadi.
– Yo‘q, umrim bino bo‘lib, sendaqangi yalqovni birinchi ko‘rishim, – deydi xolavachcham boshini sarak-sarak qilarkan. – Ehtiyot bo‘l, u yer-bu yering uzilib ketmasin tag‘in!
– G‘am yema, uzilmaydi, – deyman uni tinchlantirgan bo‘lib, shu asnoda uning horib-tolib, terga botib, “qovjirab” turganini ko‘rib, ichiqoralik bilan o‘zimcha quvonib ham qo‘yaman. Axir, kamina o‘z qadrimni o‘zim bilaman; imtihon va bir necha og‘ir oy ortda qoldi, o‘shanda har qanday qulayliklardan mosuvo bo‘lib, qurbonlar berganim ham rost gap.
To‘g‘ri, xolavachcham Kilion o‘ynab-kulib, hordiq chiqarishimga monelik qilmasdi. U mening o‘qimishli, bilimdonligimni nihoyatda hurmat qiladi, peshonamdagi ajinlarni tabarruk sanaydi va albatta, kamina ham uning oldida o‘zimni “dono” qilib ko‘rsatish uchun aftimni ba’zan shunday burishtirardimki, uncha-muncha chuqurchalar ham bujmayib ketardi.
Kayfiyatim hali hech qachon bu qadar ko‘tarinki bo‘lmagan edi. Keng dalalar va o‘tloqlar, bug‘doyzorlar, pichanzorlar hamda soyabongul o‘simliklar turkumiga mansub baland bo‘yli zaharli giyoh – shirling oralab asta sud-ralib sandiroqlar, ajoyib haroratni his etib, o‘t-o‘lanlar ustida qimir etmay yotar, shu tariqa issiq damlardan bahra olib, lazzatlanardim.
Qolaversa, yoz faslining o‘ziga xos ovoz va ohanglari borligini aytmaysizmi! Ushbu ohanglarni tinglab, dam xursand bo‘lasan, dam ma’yus o‘yga tolasan – ularni: chirildoq hasharotlar – saratonlarning tun bo‘yi tinmay chirillashlari, go‘yo dengiz kabi chayqalib turgan bo‘liq boshoqlarning shovillashlari, uzoq-uzoqlarda gulduragan momaqaldiroqning bo‘g‘iq aks-sadosi, kechalari chivin, iskabtoparlar to‘dasining g‘ujg‘on o‘ynashi, charx tekkan chalg‘i o‘roqlarning olislarga chorlovchi hayajonli saslari, tunda esa mayin iliq shamolning yengil esib, erkalashlari-yu kutilmaganda sel, jalaning to‘satdan tasir-tusur yog‘ishi – bularning barini men benihoya yaxshi ko‘rardim.
Mana shu qisqa, biroq shonli haftalar ichra hamma narsa qiyg‘os ochilib, chappar gullagan, hammayoqqa xush bo‘ylar taralgan, chor-atrof qizg‘in va jo‘shqin tusga kirib, tovlanganini aytmaysizmi! Arg‘uvonlarning mo‘l-ko‘l hidlari yengil tuman aro sizib vodiylarni to‘ldirgan, pishib yetilayotgan horg‘in boshoqlarga ularning yonidagi rango-rang dala gullari, qir chechaklari suqlanib boqib, kuyib-yonganidan ikki baravar ko‘payishib, o‘roq tushguncha ham shoshib-hovliqib, kekkayishlarini ko‘rsangiz!
Men yigirma to‘rt yoshda edim, dunyo ko‘zimga va o‘zim ham o‘zimga juda ajoyib bo‘lib ko‘rinar, hayotim go‘yo jozibali, maroqli, maftunkor havaskorlik san’ati kabi, asosan, estetik nuqtai nazarga tayangan holda o‘tardi. Faqat ishq savdosigina mening tanlovimsiz sezdirmay kirib keldi va ota-bobolardan qolgan qadimgi urf-odatlar bo‘yicha kechdi. Biroq buni menga hech kim ochiq-oydin aytolmasdi! Bir qadar shubha-gumonlar va ikkilanishlardan so‘ng, kamina nihoyat, hayotni tasdiqlovchi falsafaga berilib, nazarimda, bir necha bor qiyin xulosa va tajribalar natijasi o‘laroq voqea, hodisa, vaziyatlarga birmuncha vazminlik bilan va xolisanillo baho berib, fikr-mulohaza yuritishni o‘rgandim. Bundan tashqari, imtihonlarni muvaffaqiyat bilan topshirib, ikki oylik ta’tilga chiqqandim, qolaversa, hamyonimda mo‘maygina choypulim ham bor edi.
Ehtimol, har bir insonning hayotida shunday bir davr bo‘lishi tabiiydir: oldingda tep-tekis, ravon yo‘l, yo‘lda esa hech qanday ko‘lmak-to‘siq yo‘q, hatto ko‘kda ham parcha bulut ko‘rinmaydi. Shunda o‘zingni go‘yo osmonda his etasan, lekin bora-bora shunga amin bo‘lasanki, hech qanday baxt-omad degan tasodif yo‘q ekan, balki bularning barchasiga va qolaversa, yarim-yorti kelajakka ham shuning uchun erisha olgansanki, o‘zing bunga loyiq, munosib bo‘lgansan. Buni bilib, anglab, shunday xulosaga kelganingdan o‘zingcha xursand bo‘lasan, chunki buning zamirida shundayin bir baxt mujassamki, dam ertaklardagi shahzodaday shodlansang, dam tanga topgan gadoyga o‘xshab, teringga sig‘may ketasan, afsuski, bu holat uzoqqa bormaydi.
Ikki oylik ajoyib ta’tilimning dastlabki bir necha kuni ham ko‘z yumguncha o‘tdi-ketdi. Labimda sigara, qalpog‘im chakkasiga qizg‘aldoq qistirig‘liq, cho‘ntagimda bir qadoq olcha va yaxshi bir kitobcha, quvnoq donishmandlarga o‘xshab, vodiy bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa kezinib, beg‘am-bamaylixotir va shodon sayr qilib yurardim. Yo‘l-yo‘lakay katta yer egalari bo‘lmish mulkdorlar va dalalarda ishlayotgan odamlar bilan samimiy muloqotda bo‘lardim, ular esa kaminani katta-kichik bazm-ziyofatlarga, cho‘qintirish marosimlari, o‘tkir pivo bayrami singari turli xil bayramlarga taklif qilishardi. Kun qiyomdan og‘ib, kech kira boshlagach, goho pastor bilan ichkilik ichib o‘tirib qolsam, ahyon-ahyonda suv ijarachilari va hatto fabrika egalari bilan xonbaliq ovlashga borar, yoshi ulug‘ kishilar meni o‘zlariga teng ko‘rib muomala qilishlaridan ich-ichimdan xursand bo‘lardim, chunki haqiqatan ham tashqaridan qaragandagina yosh ko‘rinardim, xolos, aslida esa erkalik, sho‘xlik qiladigan yoshdan o‘tib, allaqachon kap-katta odam bo‘lib qolgan edim; balog‘atga yetganimdan soat sayin kishi bilmas zavqlanib, hayotni ot, ot bo‘lganda ham go‘yo asov, sarkash otga mengzagan ko‘yi u bilan abjir, chaqqon chavandoz yanglig‘ epchillik va ehtiyotkorlik bilan muomala qilish lozimligini asta-sekin anglab borar edim.
Zamin uzra go‘zal yoz fasli hukm surar, ekinzorlar sarg‘ish tusga kira boshlagan, pichanning o‘tkir hidi havoni tutgan, yaproqlar hamon o‘z rangin tarovatini yo‘qotmagan edi. Bolalar dalaga non va meva sharbati olib borishar, dehqonlarning qo‘li-qo‘liga tegmas, kayfiyatlari chog‘, kechqurunlari esa qizlar ko‘chadan saf-saf bo‘lib o‘tib qolar, he yo‘q-be yo‘q, o‘zlaricha “piq” etib kulishib, kutilmaganda ko‘ngilni yumshatadigan “xalq qo‘shiqlari”dan xirgoyi qilib yuborishardi. Men bo‘lsam, er yigitning balog‘at cho‘qqisidan turib, ularga samimiyat bilan boqar, bolalarga ham, dehqonlaru qizlarga ham baravar chin dildan xursandchilik tilar, bularning barchasini yaxshilikka yo‘yardim.
Zattelbax anhori bo‘ylab har ikki yuz odim joyda bitta tegirmon bo‘lib, sharqiroq soy suvi ularni betinim yurgizar, anhor o‘rmonga tutashib ketgan salqin vodiy darasida esa marmartaroshlik korxonasi qad rostlab turardi: unga qarashli bo‘lgan aralashtirish tsexi, omborxona, ko‘tarma dastgoh, hovli, turar-joy va bog‘cha – barchasi eskirgan ham emas, juda yangi ham emas, ammo ko‘rgan ko‘zni quvnatadigan darajada oddiy va ozoda, ko‘rkam, pishiq va mustahkam edi. Korxonada marmar bo‘laklari asta-sekinlik bilan, puxta va bekami-ko‘st taxta shaklida hamda lappaksimon qilib arralanar, so‘ng yuvilgach, ularga obdon sayqal berilar, xullas, tinch, osoyishta, beozor va batartib bu korxona kirib kelgan har qanday odamda qiziqish uyg‘otishi tabiiy edi. Bundoq olganda, turli xil o‘lchamdagi oq-oq yo‘l-yo‘l, ko‘kimtir-kulrang va boshqa turli xil tusdagi marmar taxtalar tilinib, chiroyli taxlab qo‘yiladigan, marmar chiqitlariga to‘la va nafis marmar changi dimoqqa uradigan bunday ishxonaning ilonizi bo‘lib buralib ketgan torgina vodiy uzra o‘sgan qoraqayin va qoraqarag‘ayzorlaru tasmaday cho‘zilib, yastanib yotgan maysazorlar o‘rtasida tanho-yolg‘iz “manaman” deb savlat to‘kib turishi g‘alati, g‘ayrioddiy tuyulsa-da, biroq baribir bu manzara o‘ziga xos, go‘zal va jozibali edi. Azbaroyi qiziqqanimdan bu yerga ilk bor kelganimda, qaytayotib mo‘jazgina, bir tomoni silliqlangan oq marmar bo‘lakchasini cho‘ntagimga solib olgandim; u ko‘p yillar davomida yozuv stolimda turgan edi.
Mazkur marmartaroshlik korxonasining xo‘jayini Lampart degan kishi bo‘lib, uni bu tomonlardagi g‘alati, qiziq tabiatli kishilardan eng ajoyibi, deb atash mumkin edi. Uning xotini erta o‘lib ketgan, shu bois bo‘lsa kerak, ancha odamovi bo‘lib qolgandi, qolaversa, tevarak-atrofdagi odamlar turmushiga taalluqli bo‘lmagan kasb-hunari ham bunga qisman sabab bo‘lgan edi. Uni odamlar juda badavlat deyishardi, lekin buni hech kim aniq-tiniq bilmasdi, chunki bu atrofda bunaqangi kasb-kor qiladigan, ushbu hunarning sir-asroridan yoki jillaqursa daromadidan birozgina xabardor bo‘lgan kimsani topish amrimahol edi. Gap nimada ekanligini kamina ham tuzuk-quruq bilmas, hali buning tagiga yetmagan edim. Vaziyat janob Lampart bilan boshqalarga qaraganda o‘zgacha va o‘ziga xos tarzda muomala qilishni taqozo etardi. Aslida marmarchi usta o‘z huzuriga kelgan har qanday mehmonni samimiy kutib olar, biroq uning birovnikiga birrov borganini hali hech kim ko‘rmagandi. Qishloqda goho biron-bir bayram bo‘lib qolsa yoki ovga chiqilganda yoki savdo-sotiq vositachiligi chog‘ida – bunaqa voqealar esa kamdan-kam bo‘lardi – odamlar unga o‘ta xushmuomalalik bilan munosabatda bo‘lishar, chunki u odatda sipo-vazmin qiyofada paydo bo‘lar va go‘yo hozirgina o‘rmondan chiqib kelgan va yana hademay o‘sha yoqqa jo‘nab qoladigan tarkidunyo qilgan odamday, hammaga sovuqqon, loqayd va jiddiy nazar bilan boqardi.
Basharti birov undan: “Ishlar qalay?” deb so‘rasa, unga qisqagina qilib rahmat, bo‘layapti deb javob qaytarar, lekin o‘zi qaytib savol bermasdi. “Oxirgi toshqin, sel yoki so‘nggi suv tanqisligi sizga zarar yetkazmadimi?” degan savolga rahmat, unchalik emas, deb qo‘yaqolar, biroq o‘zi birovdan hol-ahvol so‘rashga odatlanmagan edi.
Tashqaridan razm solganda, u ko‘p tashvish chekkan va ehtimol, hozir ham boshi g‘am-tashvishdan chiqmayotgan odamday taassurot qoldirardi, ammo-lekin uning o‘z tashvish-quvonchlarini birov bilan baham ko‘radigan yoki dardlashadigan odati yo‘q edi.
O‘sha yoz faslida “marmar tegirmonchi” xonadoniga tez-tez kirib-chiqishga odatlandim. Ko‘pincha sayr qilib yurgan paytlarim ularning hovlisi yonidan o‘tib ketayotib, o‘n-o‘n besh daqiqaga kirib o‘tardim. Tosh tarashlaydigan ishxona salqin va qorong‘i bo‘lib, u yerda toza, ozoda, sip-silliq po‘lat tasmalar dam pastga tushib, dam yuqoriga ko‘tarilib bir maromda ishlar, qum zarrachalarining g‘ichirlab to‘kilgani, taxta pol ostidan suvning shildirashi eshitilar, dastgohlar ortida ishchilar jimgina o‘z vazifalarini ado etishardi. Men bo‘lsam toshtaxta ustiga o‘tirvolib, g‘ildiraklar va tasmalarni kuzatar, tovonim bilan birorta yog‘och g‘o‘lachani u yoq-bu yoqqa dumalatib o‘ynar, marmar zarrachalari-yu uchirindilarning g‘o‘lacha ostida g‘ichirlashiga, suvning shildirashiga quloq solar, sigara tutatib, bu yerdagi sokin va salqin havodan biroz bahramand bo‘lgach, so‘ng chiqib ketardim. Xo‘jayinga esa deyarli sira duch kelmasdim. Uning huzuriga – mo‘jazgina, hamisha mudroq uyga kirmoqchi bo‘lsam, bu holat tez-tez takrorlanib turardi, yo‘lakda etiklarimning changini qoqib, yo‘talib olardim, shunda yo janob Lampart yoki uning qizi eshikni ochib, menga peshvoz chiqar, stulga taklif qilib, oldimga bir qadah sharob keltirib qo‘yardi.
Suhbatimiz qovushguncha zil-zambil stol atrofida maydan oz-ozdan ichib, barmoqlarimni o‘ynagan ko‘yi jimgina o‘tirardim; chunki na uy sohibi va na qizi, odatda, ularni kamdan-kam birga uchratardim, hech qachon birinchi bo‘lib gap boshlamas, buni ko‘rib turib beixtiyor ushbu xonadonda har qanday mavzu hamisha noo‘rin bo‘lib kelmaganmikan, deya o‘ylardim. Oradan yarim soatdan mo‘l vaqt o‘tar-o‘tmay, suhbat o‘z poyoniga yetar, har qancha tirishmay, oldimdagi qadah ham tezda bo‘shab qolardi. Ikkinchi qadahni esa berishmasdi, buni o‘zim ham so‘rab o‘tirmasdim, oldimdagi bo‘sh qadahga termilib o‘tiraverish noqulay bo‘lgani sababli mezbonlarga qo‘l berib xayrlashar, shlyapamni kiyib, ketishga otlanardim.
Qiz haqida gapiradigan bo‘lsam, uning o‘z otasiga hayratlanarli darajada o‘xshash ekanligini hisobga olmaganda, avvaliga unda ko‘zga tashlanadigan hech narsani payqamadim. Baland bo‘yli, sochlari timqora, ko‘zlari esa xuddi otasinikidek nursiz, ma’yus, burni kichik, dahani chiroyli edi. Yurishi ham otasinikiga o‘xshab ketar, ovozi ham muloyim va jiddiy edi. Qo‘l uzatishlari, birov bilan gaplashganda unga quloq solib kutib turishlari ham otasini eslatardi. Shunchaki xushmuomalalik yuzasidan bo‘ladigan savollarga qisqa, xolisona va mulohazakorlik ila biroz ajablanish bilan javob qaytarardi.
Qo‘shni aleman viloyatlariga xos bo‘lgan go‘zallik sarvqomat va bug‘doyrang chehraga mutanosib ravishda uning tashqi qiyofasidagi o‘ziga xos kuch-qudratdan darak berardi.
Kamina uni dastavval chiroyli bir surat yanglig‘ tomosha qilgan bo‘lsam, bora-bora bo‘y yetgan barno qizdagi dadillik, yetuklik va balog‘at meni o‘ziga rom etib, es-hushimni olib qo‘ygandi. Oshiqligim tez orada shunday bir kuchli ehtirosga aylandiki, buni o‘zim ham tasavvur qilolmasdim. Agar qizning og‘ir, vazmin va mag‘rur fe’l-atvori hamda mazkur xonadonga xos bo‘lgan sokin-sovuqqon vaziyat bo‘lmaganda edi, aynan mana shu holat meni yengilgina yengib, beozor va itoatkor qilib qo‘ygandi, kim biladi deysiz, sirim allaqachon hammaga oshkor bo‘larmidi…
Qizga yoki uning otasiga ro‘baro‘ bo‘ldim deguncha, vujudimdagi butun otash shu zahoti jur’atsiz bir alangaga aylanar va men buni arang yashira olardim. Biz o‘tirgan xona ham navqiron oshiq tiz cho‘kadigan sahnaga sirayam o‘xshamas, balki ko‘proq og‘ir, vazmin kuchlar hukm suradigan hamda jiddiy va chidasa bo‘ladigan hayotning bir parchasi mujassam bo‘lgan mo‘tadillik va sadoqat ma’vosini eslatardi. Biroq shularga qaramasdan qizning osuda hayoti ortida yashiringan, jo‘shqin suhbatlar chog‘ida tezgina imo-ishora yoki nogahoniy o‘tli nigoh zamirida kamdan-kam hollardagina namoyon bo‘ladigan allaqanday ta’sirchanlik, serzardalikni payqay olishga muvaffaq bo‘ldim.
Ko‘pincha bu go‘zal va jiddiy qizning asl mohiyati, siyrati nimadan iborat bo‘lmog‘i mumkin, degan savolni o‘zimcha o‘ylab, mulohaza qilib ko‘rardim. Aslida u serzavq, jo‘shqin, ehtirosli yoki mungli, ma’yus, g‘amgin yoxud haqiqatan ham sovuqqon, loqayd yoki tepsa tebranmas bo‘lishi ham mumkin edi. Lekin har holda tashqi ko‘rinishi uning asl qiyofasini, haqiqiy tabiatini ochib berishga ojiz edi. Garchi u sirtdan qaraganda erkin fikrlay oladigan va mustaqil hayot kechiradiganday tuyulsa ham, otaning o‘z qizi ustidan cheksiz hokimiyatga ega ekanligi, garchand mehr-muhabbat aralash bo‘lsa ham, otaning qattiq tazyiqi qizning asl botiniy tabiatiga ta’sir etmay qolmaganini sezish qiyin emasdi. Basharti ularning birga, yonma-yon turganini ko‘rsam, bunday holat esa kamdan-kam sodir bo‘lardi, beixtiyor ehtimol noiloj, istamagan holda qilingan jabr-zulmning ta’sirini his qilganday bo‘lardim, shu bilan birga tasavvurimda ota-bola o‘rtasida qachonlardir keskin va murosasiz janjal bo‘lib o‘tishi kerak, degan noaniq tuyg‘u ham nogoh paydo bo‘lardi. Lekin shu janjalga bir kun kelib o‘zim sababchi bo‘lishim mumkinligini o‘ylasam, yuragim hovliqib, bilinar-bilinmas vahima bosardi.
Janob Lampart bilan do‘stligimiz yurishmagani barobarida Rippax qo‘rg‘oni boshqaruvchisi Gustav Bekker bilan juda chiqishib qoldik. U bilan soatlab suhbat qurardik, yaqinda hatto brudershaft usulida cho‘qishtirib ichdik, xolavachchamning keskin tanbehlariga qaramasdan, bundan o‘zimcha hazilakam faxrlanmadim. Bekkerning yoshi taxminan o‘ttiz ikkilarda bo‘lib, o‘zi o‘qimishli, oliy ma’lumotli, epchil, uddaburon, tajribali rahbar edi. U mening erkaklarga xos chiroyli so‘zlarimni ko‘pincha shunchaki kinoya aralash kulimsirab tinglar, men esa bundan xafa bo‘lmasdim, chunki uning yoshi ancha katta va hurmatli kishilarga ham xuddi shunday kulimsirab muomala qilganini ko‘p ko‘rganman. Bunga uning haqqi bor edi, negaki u nafaqat mustaqil ma’mur, boshliq va ehtimol shu hududdagi eng katta yer-mulkning bo‘lg‘usi xaridori, balki o‘z tevarak-atrofidagi ko‘pgina odamlardan ruhan ancha ustun kishi ham edi. Uni o‘lgudek aqlli odam sifatida tan olishsa-da, biroq unchalik xush ko‘rishmasdi. Nazarimda, Gustav Bekkerga odamlar o‘zlarini undan olib qochadiganday tuyular, shu boisdanmi, vaqtini ko‘proq kamina bilan o‘tkazardi.
Biroq shunga qaramay, ko‘pincha u meni umidsiz, tushkun bir holatga ham solib qo‘yardi. Mening hayot va insonlar to‘g‘risidagi gaplarimni tinglarkan, ko‘p hollarda bir so‘z demay, faqat qahrli ma’nodor iljayish bilangina kifoyalanar, shu tariqa ko‘nglimga shubha-g‘ulg‘ula solib qo‘yar, ba’zan esa donishmandlik, falsafaning har qanaqangi ko‘rinishini ochiqdan-ochiq kulgili bir narsa-da, deya baholashga ham jur’at qilar edi.
Bir kuni kechqurun Gustav Bekker bilan Adler bog‘ida yolg‘iz ikkov maysazor ro‘parasiga qo‘yilgan stol atrofida pivo ichib o‘tirardik. Havo quruq, issiq, hammayoqni zarrin gard-g‘ubor qoplagan, arg‘uvon mast qilguday bo‘y taratar, chiroq nurining yorug‘-xiraligi ham sezilmasdi.
– Menga qarang, Zattelbax vodiysidagi anovi marmartarosh ustani taniysizmi? – so‘radim men do‘stimdan.
Trubkasini tamaki bilan to‘ldirarkan, u menga qaramay, “ha” ma’nosida bosh silkidi.
– Shundaymi, unda ayting-chi, u qanaqa odam o‘zi?
Bekker kuldi va trubka patronini nimchasining cho‘ntagiga solib qo‘ygach, dedi:
– Nihoyatda aqlli odam u, shuning uchun ham doim jimgina yuradi. Xo‘sh, unda nima ishing bor?
– O‘zim shunchaki so‘rayapman. Odamda o‘ziga xos taassurot uyg‘otadi.
– Aqlli odamlarning ishi bu; lekin undaylar ko‘p emas.
– Shu xolosmi? U haqida boshqa hech narsa bilmaysizmi?
– Uning go‘zal qizi bor.
– Bilaman. Buni so‘rayotganim yo‘q. Ayting-chi, nega u odamlarga sira qo‘shilmaydi?
– Qo‘shilib nima qiladi?
– Ha, mayli. Boshidan ko‘p ishlar o‘tganmi, deyman-da?
– E-ha, xayolparastroq emasmi demoqchimisan? Yoki vodiydagi sokin tegirmonu marmarni so‘rayapsanmi? Indamas tarkidunyochiliginimi? Yo yerga ko‘milgan hayotiy baxt haqida eshitmoqchimisan? Bularning bari safsata. U ajoyib tadbirkor, xolos.
– Buni aniq bilasizmi?
– Bo‘lmasam-chi. U juda pishiq, ichidan pishgan. Pul ishlashni boplaydi, bildingmi?
U shu gaplarni aytib, o‘rnidan turdi, qiladigan ishlari ko‘p edi. Ichgan pivosining haqini to‘lab, o‘ti o‘rib olingan sayhonlik bo‘ylab to‘g‘ri yurib ketarkan, uncha katta bo‘lmagan tepalik ortida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Shamolga yuzma-yuz borganidanmi, trubkasining tutuni osmonga o‘rlab, havoda bir dam muallaq suzib yurdi. Molxonalardan sigirlarning ma’ragani eshitildi, qishloq ko‘chalarida ishdan qaytayotganlar ko‘rina boshladi. Birozdan so‘ng, atrofimga razm solsam, tog‘lar allaqachon qora-ko‘kimtir tusga kirgan, osmon rangi ham endi qizil emas, balki och yashil-zangori tusda, hademay ilk yulduzlar ko‘rinadigan vaqt bo‘lib qolgan edi.
Boshqaruvchi bilan bo‘lib o‘tgan qisqagina suhbat kaminaning g‘ururiga biroz tegib o‘tgandi, shunday ajoyib oqshom ta’sirida, qolaversa, o‘z izzat-nafsimdagi nuqson ko‘zga tashlanib qolganidanmi, “marmar tegirmonchi”ning qiziga bo‘lgan muhabbatim ustun kelib, ehtiroslar bilan o‘ynashib bo‘lmasligini dildan his qildim. Yana bir nechta “yarimta”ni yumalatgach, asta o‘rnimdan qo‘zg‘aldim, ko‘kda yulduzlar miltiray boshlagandi, qaydandir yurakka kuchli ta’sir qiladigan xalq qo‘shig‘i yangrar, donishmandligimu shlyapamni ham o‘tirgan yerimda qoldirib, qorong‘ilikka cho‘mgan dalalar tomon yugurgilab ketdim, o‘z-o‘zidan ko‘z yoshlarim shashqator oqa boshladi.
Ammo bu holat ajib yoz kechasining tarovatidan bahra olishimga monelik qilmadi. Ufqda qudratli va bir tekis po‘rtanaday osmonga tutashib, qator cho‘zilib ketgan bepoyon shudgorlar, yon tarafimda uzoq-uzoqlarga qadar yastanib yotgan o‘rmon mudroq nafas olar, ortimda esa deyarli ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan qishloq unda-bunda miltillagan chiroqlari-yu olis ovoz-ohanglari bilan o‘ziga chorlardi. Haydalgan yerlar, osmon, o‘rmon va qishloq, o‘tloqzorlar hidi, goh u yer, goh bu yerdan quloqqa chalinayotgan qora chigirtkalarning chirillashlari, barcha-barchasi bir bo‘lib, meni qurshab olgan, quloqlarimga go‘zal, quvnoq va g‘amgin ohang-kuy bo‘lib quyilardi. Faqat yulduzlargina nimqorong‘i ko‘k bag‘rida harakatsiz nur sochardi. Shunda birdan vujudimda jur’atsiz, ammo zo‘r bir tilak otash bo‘lib yondi, ko‘nglim nimanidir sog‘inib, qo‘msardi; bilmadim, bu yangi, noma’lum quvonch va dardu hasratlarga intilishmidi yoki bolalikdagi vatan sari qaytish, yo otamdan qolgan bog‘qo‘raga suyangancha marhum ota-onam tovushlarini, o‘lib ketgan itimizning akillashlarini bir dam bo‘lsa-da, yana bir bora tinglab, to‘yib-to‘yib yig‘lab olish istagimidi, bilolmadim.
Hardamxayollik bilan quruq shox-shabbalarni bosib, dim qorong‘ilik ichra yo‘limda davom etdim, kutilmaganda oldimdan keng va yorug‘ yalanglik chiqib qoldi, Zattelbax vodiysi uzra baland qoraqarag‘aylar o‘sib yotar, hov pastda Lampartning hovlisi joylashgan bo‘lib, unda oqish marmarlar uyulgan, torgina hovuzning qoramtir suvlari mavj urib turardi. Shunda to‘xtagan yerimda uzoq turib qoldim va o‘z-o‘zimdan uyalib, dala bo‘ylab tikkalab, eng yaqin yo‘ldan uy tomon ortimga qaytdim.
Ertasi kuni esa Gustav Bekker sirimdan ogoh bo‘lgan edi.
– O‘zingni go‘llikka solganing nimasi, – dedi u, – Lampartning qiziga oshiqu beqaror bo‘lib qolibsan-ku. Hay, mayli, bu katta musibat emas. Hali bunaqangi savdolarni ko‘p ko‘rasan, chunki hozir xuddi shunday yoshdasan.
Bu gal ham izzat-nafs, g‘ururim ustun keldi.
– Yo‘q, azizim, – dedim unga, – siz meni hali yaxshi tushunmabsiz. Bilasiz, bolalarga xos bachkana qiliqlaru shilqimlik qilish yoshidan allaqachon o‘tganmiz. Men hammasini obdon o‘ylab, bir qarorga keldim. Uylansammikan devdim, o‘ylab ko‘rsam, undan yaxshirog‘ini topolmayman.
– Nima, uylanaman deysanmi? – kuldi Bekker. – Sen bola, zo‘rsan-ku!
Uning bu gapiga g‘ashim keldi, lekin o‘zimni bosdim. Boshqaruvchiga ushbu ish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarim va rejalarimni yotig‘i bilan tushuntira boshladim.
– Sen eng muhimini unutayapsan, – dedi u gaplarimni tinglab bo‘lgach, jiddiy va qat’iy ohangda. – Lampartlar senga to‘g‘ri kelmaydi, qolaversa, ular zoti, nasl-nasabi og‘ir odamlar. Albatta, istagan kishingga sevgi izhor qilishing mumkin, ammo-lekin uylanishga kelganda, odam o‘ylab ish qilishi, o‘z tengini topmog‘i lozim.
Bu so‘zlarni eshitib, aft-angorim burishib ketdi, uning gapini shartta bo‘lmoqchi edim, to‘satdan u kulib yubordi-da, dedi:
– Xo‘sh, unday bo‘lsa, otingni qamchilay qol, bo‘tam, omad senga yor bo‘lsin!
Shu kundan e’tiboran, u bilan ro‘para keldim deguncha, bu haqda uzoq gaplashadigan bo‘ldim. Yoz faslida ishlari nihoyatda ko‘payib, qo‘li bo‘shamagani bois, suhbatlarimiz goho yo‘lda, dalada yoki otxona, saroy yoxud omborxonalarda bo‘lib o‘tardi. Ushbu mavzuda qanchalik ko‘p gaplashganim sayin butun masala ko‘z o‘ngimda shunchalik aniq hal bo‘lganday tuyulardi. Ammo marmar korxonaga borgan paytlarimda o‘zimni nimagadir ruhsiz, ma’yus his qilar, manzil hali ancha olis ekanligini sezardim. Qiz esa hamishagidek samimiy, dadil ekanligidan qalbim quvonchga to‘lar, ayni choqda biroz xavotirga ham tushardim. U menga dam-badam shodon va sinovchan nazar tashlar, meni pinhona yaxshi ko‘radiganday tuyular, gaplarimga jiddiy quloq solib, meni qo‘llab-quvvatlar, ammo orqavarotdan butunlay boshqacha fikrga ega ekandek ko‘rinar edi.
Kunlarning birida u kutilmaganda shunday deb qoldi:
– Biz ayollar hayotni biroz boshqacharoq tasavvur qilamiz, masalan, o‘zim ham, chunki biz erkaklardan farqli o‘laroq nihoyatda ko‘p ishlashimizga to‘g‘ri keladi. Ayollar sizlarchalik erkin emas…
Men shunda unga har kimning taqdiri o‘z qo‘lida, har kim o‘z hayoti uchun mas’uldir, degan gaplarni aytib, dalda bergan bo‘ldim.
– Balki bu narsa erkak odamning qo‘lidan kelar, bilmadim, – dedi qiz. – Ammo bizda vaziyat boshqacharoq. Albatta, biz ham o‘z hayotimizni izga solishimiz mumkin, lekin mustaqil qadam tashlashdan ko‘ra kun tartibidagi zarurroq ishlarni aql bilan ado etishga to‘g‘ri keladi, gap mana shunda.
Men unga yana bir bor e’tiroz bildirib, ajoyib nutq irod etdim, shunda u qizishib ketdi va ehtiros bilan shunday dedi:
– Siz o‘z e’tiqodingizdan chekinmang, meniki bilan esa ishingiz bo‘lmasin! Agar tanlash imkoni bo‘lsa, hayotdan go‘zallik qidirib topish u qadar qiyin emas. Biroq tanlash imkoniga kim ham ega bo‘la olardi deysiz? Xudo ko‘rsatmasin-u, basharti siz bugunmi-ertami birorta ulov-pulovning tagida qolib, qo‘l-oyoqlaringizdan ajralgudek bo‘lsangiz, unda havoyi orzularingiz nima bo‘ladi? Boshingizga tushgan bu musibatdan keyin yashab keta olish uchun biron kasb-kor, hunaringiz bo‘lsa, xo‘p-xo‘p, bundan albatta xursand bo‘lar edingiz. Iloyim, omadingizni bersin, sizga shuni tilayman, baxtli bo‘ling!
Qiz ilgari hech qachon bu tarzda jo‘shib so‘zlamagan edi. So‘ng u indamay qoldi, g‘alati jilmaydi va ketishimga ham monelik qilmadi. Uning bu so‘zlari butkul xayolimni band etib, yursam ham, tursam ham uni o‘ylardim. Rippax qo‘rg‘onidagi do‘stim bilan ham shu haqda gaplashmoqchi bo‘ldim, biroq Bekkerning sovuq nigohiga, uning masxaraomuz qimtilgan lablariga ko‘zim tushdi deguncha, hafsalam sovib qolardi. Oqibatda shunday bo‘ldiki, froylyayn Lampart bilan qanchalik ko‘p suhbatlashsam, boshqaruvchi bilan bu haqda shunchalik kam gaplashadigan bo‘lib qoldim, qolaversa, bu “masala” bora-bora uni qiziqtirmay ham qo‘ydi. Faqat u yer-bu yerda ko‘rib qolsa, marmar korxonasiga haliyam borib turibsanmi, deya jig‘imga tegib qo‘yardi, xolos.
Bir kuni uni Lampartlar xonadonida uchratib, hayron bo‘ldim. Uning ham oldiga bir qadah sharob qo‘yilgan, u bo‘shagach, ikkinchisi berilmaganini ko‘rib, bundan o‘zimcha qoniqish hosil qildim. Lampart band ekanmi, tezda turaqoldi, qiz ham ko‘rinmadi, shu bois men unga ergashdim. Ko‘chada:
– Bu yoqlarda nima qilib yuribsiz? – deb so‘radim undan. – Lampartni juda yaxshi taniysiz, chog‘i?
– Ha.
– Unda ishingiz bormidi?
– Ha, pul bilan bog‘liq ishlar bor edi. Qo‘zichoq bugun ko‘rinmadimi? Shunga qaytaqolding, shekilli?
– Qo‘ysangiz-chi!
Aslida esa qiz bilan do‘stona munosabatlarimiz kuchayib, bir-birimiz bilan xiyla yaqin, sirdosh bo‘lib qolgan edik, lekin unga oshiqligimni mudom sezdirmaslikka urindim. Shu asnoda vaziyat kutilmaganda butunlay boshqacha tus olib, butun umidlarim chippakka chiqadigandek tuyuldi. Qiz tabiatan tortinchoq, odamovi bo‘lmasa-da, biroq avvalgi yotsirashi yo‘q emasdi, oqibatda u bilan bo‘ladigan suhbatlarimiz umumiy mazmun kasb etib, o‘zaro samimiy munosabatlarimizga darz keta boshladi.
Bu haqda o‘ylagan sayin boshim qotib, o‘rmonda aylanib yurar, miyamda minglab ahmoqona shubha-gumonlar paydo bo‘lar, qizga nisbatan muomalada o‘zimni layoqatsiz his etib, baxt haqidagi butun falsafamga putur yetgan edi. Bu orada ta’tilimning ham yarmidan ko‘pi o‘tib bo‘lgan, men endi qolgan kunlarni sanab, tentirab, sandiroqlab befoyda, besamar o‘tgan har bir kunni go‘yo u cheksiz ahamiyatga ega-yu, uning o‘rnini hech nima bilan to‘ldirib bo‘lmaydiganday, afsus va umidsizlik bilan eslab, xayolimdan bir-bir o‘tkaza boshladim.
Voqealar eng qizigan kunlarning biri edi, baxt-omad bog‘ining darvozasi oldida yengil tin olib, xiyol hadiksiragan holda bir lahza turib qoldim. Marmar korxonasi yonidan o‘tib ketayotib, birdan Yelenaga ko‘zim tushdi, u bog‘ o‘rtasida, baland o‘sgan kartoshkagul butalari orasida turardi. Yaqin borib, salom berdim va yotib qolgan gul poyasini qoziqchaga bog‘lashda qizga yordamlashdim. Shu zayl uning oldida chorak soatcha qolib ketdim. U kelganimga hayron bo‘lib, xiyla sarosimada edi, buning zamirida esa nimadir bor ediki, men buni go‘yo aniq yozuv kabi o‘qiy olishimga ishonardim. U meni sevadi, buni men qayta va qayta his qildim, bunga ishonchim komil va o‘zimda yo‘q xursand edim, shundanmi, qizga o‘zimcha rahmim kelib, undagi sarosimani sezmaganlikka oldim, o‘zimni go‘yo qahramon his etib, birozdan so‘ng qo‘l berib xayrlashdim-da, ortimga ham qaramay jo‘nab qoldim. Mana endi ishlarim joyida bo‘ladi, chunki u meni sevadi, buni butun vujudim bilan sezib, his qilib turardim.
Ertasiga yana bir ajoyib kun boshlandi. His-hayajon va tashvish bilan bo‘lib, go‘zal faslni ham bir zum unutib, go‘yo ko‘zlarim bog‘langandek sanqib yuraveribman. Ana, o‘rmon yana nurga to‘lgan, anhor suvi dam qoramtir-qo‘ng‘irtus, dam kumushsimon tusga kirib oqar, olis manzillar nurli jilolanib o‘ziga chorlar, dala yo‘llarida borayotgan dehqon ayollar ko‘ylaklarining etaklari goh qizil, goh havorang tovlanardi. Kamina shod-xurram, zavq-shavqqa to‘lganimdan hatto kapalak tutish ham esimdan chiqib ketgan edi. O‘rmon yoqasida joylashgan tepalikka terlab-pishib chiqib olgach, u yerda birpas yotib dam oldim, unumdor kengliklaru olisdagi to‘nkarilgan ulkan kosa yanglig‘ ufqqa qadar razm solib, o‘zimni qiyom quyoshi nurlarida tobladim, buning uchun go‘zal olamdan, o‘z-o‘zimdan va barcha-barchadan dildan minnatdor edim. Xullas, bugungi kunni shirin xayol surib, xirgoyi qilib, baholi qudrat zavq bilan o‘tkazganimdan o‘zimda yo‘q xursand bo‘ldim. Kechqurun hatto Adler bog‘iga borib, qizil sharobning eng asl navidan bir krujka “urib” ham keldim.
Ertasi kuni yana “marmarchi”lar huzuriga yo‘l oldim, u yerda hammayoq ilgari qanday bo‘lsa, xuddi shunday edi. Xonadon, undagi jihozlar va jiddiy-vazmin Yelenani ko‘rgach, negadir g‘alabaga bo‘lgan ishonchim, dadilligu dovyurakligim bamisoli qoqigulday to‘zib, tarqab ketdi, uysiz gadoy, daydi-darbadar ostonada qolgani kabi, birpas o‘tirgach, so‘ng suvga tushgan mushukday bo‘shashib, ayanchli bir tarzda ortga qaytdim. Aslida esa hech nima bo‘lgani yo‘q, hattoki Yelena ham o‘ta samimiy kayfiyatda edi. Lekin menda nimagadir kechagi ko‘tarinki his-tuyg‘udan asar ham qolmagandi.
Shu kuni men uchun ish o‘ta jiddiy tus oldi. Baxt nima ekanligini oldinroq tatib ko‘rgandim, chamasi. Endi uyqu va xotirjamlik ham allaqayoqqa yo‘qolgan, dardu hasrat kaminani och bo‘riday yeb-g‘ajiy boshlagandi. Tevarak-atrofimdagi olam g‘oyib bo‘lgan, yolg‘izlik va jimjitlik aro so‘ppayib, o‘zim tanho qolgan, ehtiroslarim dam past, dam baland ovozda quloqqa chalinar, boshqa hech vaqo eshitilmas edi. Ko‘zim ilinib, tush ko‘ribman: novcha, go‘zal, vazmin bir qiz kelib, boshini ko‘ksimga qo‘yib turganmish; qo‘llarimni bo‘shliqqa uzatgan ko‘yi yig‘lab-siqtab, “marmar tegirmon” atrofida kechayu kunduz xuddi o‘g‘riga o‘xshab pusib, sezdirmay aylanib yuraverdim.
Ne tongki, boshqaruvchi Bekkerning kinoyali, dahriylarcha quruq pand-nasihatlariga quloq osishdan boshqa choram qolmadi. Chidab bo‘lmaydigan jazirama issiqda dalalar bo‘ylab halloslab yugurdim, o‘rmondagi anhorning muzdek suviga bag‘rimni berib yotdim, foydasi bo‘lmadi. Shanba oqshomida qishloqda bo‘lgan janjalda mushtlashib, kaltak yeb, hammayog‘im shishib-ko‘kardi hamki, muddaoimga erisholmadim.
Vaqt esa bamisoli oqar suvdek tez o‘tib borardi. Ta’tilimdan o‘n to‘rt kun, o‘n ikki va nihoyat, o‘n kun qolgandi, xolos! Shu orada marmar korxonasiga ikki marta borib keldim. Birinchi safar qizning otasinigina uchratdim, u bilan arralash tsexiga tushib, marmar lavhalarning qo‘yilishini anqayib kuzatib o‘tirdim. Janob Lampart omborxona tomonga ketib, tezda qaytavermagach, shartta o‘rnimdan turdim-da, ikkinchi kelmaganim bo‘lsin, deya jo‘navordim.
Biroq oradan ikki kun o‘tib, yana qoqqan qoziqday o‘sha yerda edim. Yelena hamishagiday kutib oldi, men undan nigohimni uzolmasdim. Asabiy va beqaror kayfiyatda, parishon bir holatda bemaza hazil-huzul, bo‘lmag‘ur safsata va latifalardan bir talayini aytib, o‘zimcha maqtangim keldi, qiz esa bundan xursand bo‘lish o‘rniga ranjib qoldi.
– Bugun nimaga bunaqasiz? – so‘radi u nihoyat va menga shundayin bir go‘zal qarash qildiki, bundan yuragim gupillab urib ketdi.
– Qanaqa ekanman? – savolga savol bilan javob qaytardim, negadir shu damda jinim qo‘zib, kulgim qistadi.
Turgan gap, bemavrid kulgim qizga yoqmadi, u nima gapligini tushunolmay yelka qisdi va ma’yus bo‘lib qoldi. Shu dam miyamdan, meni sevadi, shuning uchun g‘amgin bo‘lib qoldi, degan o‘y o‘tdi. Nima qilishni bilmay, bir daqiqa dovdirab turib qoldim, shayton yana oraga tushib, xuddi boyagiday ahmoqona kayfiyatga berilib mahmadonaligim tutdi, biroq aytilgan har bir so‘zdan nainki o‘zimning, balki qizning ham ko‘ngli aynib, dili og‘ridi. Yoshlik – beboshlik, deb shunga aytishadi-da, yo‘qsa, tilimni tiyib, Yelenadan kechirim so‘rash o‘rniga bema’ni maynavozchilikka berilishni, dardimni doston qilib, ikki o‘rtadagi munosabatni bila turib battar og‘irlashtirishni menga kim qo‘yibdi deysiz.
Shu damda o‘zimni har qachongidan ham ko‘ra baxtsizroq his qilib, nafasim bo‘g‘ildi, hovliqqanimdan sharob bo‘g‘zimga tiqilib yo‘taldim va xonani tezgina tark etdim.
Ta’til vaqtimdan endi sakkiz kun qolgandi, xolos.
Go‘zal yoz fasli, u boshida shu qadar ko‘p umid bag‘ishlagandiki, endi esa quvonchdan mosuvo edim – qolgan sakkiz kun ichida nima ham qila olardim? Yaxshisi, ertagayoq jo‘nab ketishga qaror qildim.
Biroq avval qizning oldiga yana bir borib kelishim, uning kuch-qudratga to‘la, go‘zal chehrasiga boqib, unga: men seni sevardim, nega men bilan bunaqangi o‘yin qilding, deb aytish uchun ham yana bir marta huzuriga borishim kerak edi.
Eng avvalo, Rippax qo‘rg‘oniga – Gustav Bekkerning oldiga bordim. U o‘zining keng, biroq qup-quruq, faqirona kulbasida ensizgina baland yozuv stolida xat yozib o‘tirardi.
– Siz bilan xayrlashgani keldim, – dedim unga, – ertaga ertalab jo‘nab ketsam kerak. Bilsangiz, endi yana qattiq ishlashga to‘g‘ri keladi.
Boshqaruvchi meni lol qoldirib, bu gal hech qanday hazil qilmadi. Yelkamga do‘stona qoqib qo‘yarkan, xayrixohlik bilan dedi:
– Shunaqa degin. Balli, Xudo xayringni bersin, yigit!
Chiqib ketayotgandim, u meni yana chaqirib qoldi:
– Menga qara, senga achinaman, lekin bu qizdan ish chiqmasligini o‘shandayoq bilganman. Sen bo‘lsang, hikmatomuz gaplarni aytib, donolik qilib yuraverding, mayli, endi bundan bu yog‘iga mahkam bo‘l!
Bu gap tushdan oldin bo‘lgandi. Tushdan keyin esa Zattelbax darasi uzra tik tushgan qiyalikda o‘sgan yo‘sin ustida o‘tirgan ko‘yi soy va tegirmonlar hamda Lampartlar hovlisini tepadan tomosha qilar ekanman, hammasini qaytadan o‘ylab ko‘rishga, ayniqsa, boya Bekker aytgan gapning mag‘zini chaqishga urinib ko‘rdim. Qalbimda iztirob, pastda esa hayot o‘z izmida davom etardi, dara va bir necha uyning tomlari ko‘zga tashlanar, anhor suvi yarqirab ko‘rinar, qatnov yo‘li esa yengil shamolda changib, to‘zirdi; beixtiyor o‘ylanib qoldim, bu yerlarga yana kelish, soy, tegirmonlar va odamlarni qachondir ko‘rish nasib etarmikan? Ehtimol, Yelena ham qachonlardir taqdirga tan berib, peshonasiga yozilgan sokin-osoyishta hayotdan voz kechar, o‘z qalbiga quloq solib, zo‘r baxt-omad yoxud iztirob og‘ushida o‘z niyat-maqsadiga yetar? Kim biladi, balki men ham bu vodiyning betartib, chalkash va chigal o‘r-o‘ngirlari ichra yana o‘z yo‘limni topib olib, bir kunmas-bir kun tinchlik-xotirjamlikka erisharman. Yana kim biladi deysiz.
Men bunga ishonmadim. Chinakam ehtiros ilk bor bag‘riga olganda, uni yengishga o‘zimda yetarli kuch topolmadim.
Bir ko‘nglim, Yelena bilan ortiq gaplashib o‘tirmay, jo‘nab ketaqolay dedim. Bu albatta, eng yaxshi yo‘l edi. Shu bois uning uyi va bog‘iga termilib, kunni kech qildim.
Nihoyat, xayol daryosiga g‘arq bo‘lib, tik jarlik va qiyaliklarda qoqilib-turtinib, urina-surina pastga, o‘rmon tomon keta boshladim. Bir mahal, oyoqlarim ostida bir nima g‘ichirlaganday bo‘ldi, qarasam – marmar siniqlari… xuddi uyqudan uyg‘ongandek, ko‘zlarim “yarq” etib ochildi, o‘zimni ortiq kelishni xohlamagan joyda ko‘rib, dahshatga tushdim, biroq endi kech edi.
Bu yerga qanday kelib qolganimni o‘zim ham bilmayman, g‘ira-shira xonada, stol atrofida Yelena menga ro‘baro‘, indamay o‘tirardi. Go‘yo bu yerda bir necha soatdan beri shu alfozda o‘tirgandek edim, menga harholda shunday tuyuldi. Cho‘chib ketdim, bu albatta oxirgisi, o‘yladim ichimda.
– Yaxshimisiz? – deya oldim arang. – Ta’tilim tugadi, xayrlashgani kelgandim.
– E, shundaymi?
Oraga jimlik cho‘kdi. Ombor tarafdan ishchilarning g‘ala-g‘ovuri, ko‘chadan o‘tib borayotgan yuk mashinasining tovushi eshitildi, hozir bu ovozlarni uzoq tinglashga tayyor edim. Nihoyat, ketmoqchi bo‘lib o‘rnimdan turdim. Deraza oldiga bordim. Qiz ham o‘rnidan turdi-da, menga qaradi, nigohi o‘tkir va jiddiy edi. Uzoq vaqt shunday tikilib turdi.
– O‘shanda bog‘da, – yuzlandim unga, – esingizdami?
– Ha, esimda.
– Yelena, o‘shanda meni sevasiz deb o‘ylagandim. Endi esa ketishim kerak.
Qiz qo‘limdan tutib, meni deraza tomon tortdi.
– Diydoringizga yana bir to‘yay, – shunday deb chap qo‘li bilan yuzimni xiyol tepaga burdi, so‘ng ko‘zlarini ko‘zlarimga yaqin olib kelib, g‘alati qarash qildi, nigohi o‘tkir, toshdek qotgan, qahrli edi. Yuzi yuzimga shunchalik yaqin ediki, o‘zimni tutolmadim, asta lablaridan o‘pdim. Qiz ham ko‘zlarini yumib, menga bo‘sa hadya qildi. Qo‘limni belidan ohista o‘tkazdim-da, mahkam o‘zimga tortib quchdim va sekin so‘radim:
– Jonim, nega endi aynan bugun?
– Jim! – dedi u. – Endi boring-da, bir soat ichida yana qaytib keling. Men odamlarga qarab turishim kerak. Otam bugun yo‘q.
Vodiyning o‘zimga notanish diqqatga sazovor joylarini aylanib, bulutlarning ko‘zni qamashtirgudek suratlarini tomosha qildim, Zattelbaxning xuddi tushdagiday shovillashini tinglab, butkul olis, ahamiyatsiz narsalar haqida o‘yladim – yosh bolalik paytlarimda kechgan g‘alati, ta’sirchan va shunga o‘xshash voqealarni esga oldim, ular go‘yo bulutlar orasidan nim ko‘rinish berar, men anglab ulgurmay, yana ko‘zdan g‘oyib bo‘lardi. Yo‘lda bir qo‘shiqni o‘zimcha xirgoyi qilib ketdim. O‘zimga yot, begona joylarda tentirab yurarkanman, vujudimni allaqanday g‘alati, shirin va yoqimli his-hayajon chulg‘ab oldi va xayolimda Yelenaning bo‘ychan, baquvvat qiyofasi namoyon bo‘ldi. O‘zimga kelgach, tong qorong‘isida vodiyning quyi qismiga yetib, shodon kayfiyatda uyga qaytdim.
Uyda qiz meni ilhaq kutib o‘tirardi. O‘rtamizda hali bir so‘z aytilmayoq, qo‘llarimiz bir-biri bilan chirmashdi. Havo dim, qorong‘i, ochiq derazadan bag‘riga tog‘ o‘rmoni uzra o‘sgan azim qora qarag‘aylarning o‘tkir uchlari qadalgan xira, rangpar osmonning ensiz bir parchasi ko‘zga tashlanardi. Barmoqlarimiz hamon bir-birlari bilan o‘ynashar, a’zoyi-badanimga titroq kirgan, o‘zimni shu damda baxtiyor his etdim.
– Yelena!
– Ha?..
– Eh, seni!..
O‘yindan charchagan barmoqlarimiz nihoyat tin oldi. Osmonning oqargan bo‘lagiga razm soldim, so‘ng o‘girilib qarasam, qiz ham o‘sha yoqqa tikilib turgan ekan. Ko‘zlarida xira yog‘du aks etib, qabog‘idan sizib chiqqan ikki tomchi yosh yumalab tushmoqda edi, ularni ohista o‘pib, sovuq va sho‘r ekanligidan taajjublandim. Qiz meni o‘ziga tortib, ehtiros bilan o‘pdi, so‘ng o‘rnidan turdi.
– Vaqt bo‘ldi, – dedi u. – Endi ketishingiz kerak.
Eshik oldida qiz meni bexosdan o‘ziga tortib, yana bir bor ehtiros ila uzoq o‘pdi, so‘ng butun vujudi titraganini sezdim, men ham qaltirab ketdim, shu asnoda eshitilar-eshitilmas, xiyol bo‘g‘iq ovoz bilan:
– Keting, ketaqoling! Eshitayapsizmi, endi keting! – dedi.
Tashqariga chiqqanimda, ortimdan:
– Xayr! Endi kelmang, hech qachon qaytib kelmang! Xayr! – deb qoldi.
Bir so‘z demasimdan, eshikni darrov yopib oldi. Nafasim bo‘g‘ilib, yuragim siqildi, biroq yo‘lda ketayotib buyuk baxt tuyg‘usi qo‘shqanotdek shuvillab, meni o‘z og‘ushiga oldi. Qadamlarim uzoq-uzoqlargacha eshitilar, buni o‘zim sezmasdim. Uyga yetib kelgach, yechindimu deraza oldiga cho‘zildim.
Bu kecha ajoyib bo‘ldi, qani endi u yana bir bora takrorlansa derdim. Iliq shamol baayni onam qo‘llaridek erkalar, qorayib ko‘rinayotgan ulkan kashtan daraxtlari baland derazam osha asta shivirlar, mayin epkin dalalarning xush bo‘yini olib kelardi. Uzoq-uzoqlarda chaqmoq chaqnar, shu’lasi qop-qora tun bag‘rini bir dam yoritib o‘tardi. Dam-badam olisdan kuchsiz momaqaldiroq tovushi eshitilar, qayerlardadir tog‘u o‘rmonlar mudroq g‘imirlab, horg‘in bir alfozda ajoyib, g‘aroyib ertak so‘ylayotganday tuyulardi. Bularning barchasini kamina xuddi qirol kabi o‘zimning yuksak baxt qo‘rg‘onimda turib kuzatar va tinglar edim, bularning bari menga tegishli va go‘yo teran shodligimga ajoyib makon bo‘lmoq uchungina yaralgandek edi. Butun vujudim baxtdan sarmast entikar, bitmas-tuganmas muhabbat she’r bo‘lib chor-atrofga taralar, qora nuqtaday ko‘rinayotgan har bir daraxt va baland cho‘qqilarga qadar, hattoki olis-olislardagi bulutlargacha ham yetib borardi. Tasvirlashga so‘z ojiz, agar buning imkoni bo‘lganda edi, qorong‘ilik qa’riga cho‘mgan har bir o‘r-qir, tepalik, har bir dov-daraxt uchidagi sas, olisdagi chaqmoqning qon tomirlari-yu momaguldirakning sir-sinoatli maromiga qadar aniq-tiniq bayon qilib bergan bo‘lardim.
Yo‘q, bularni tasvirlash qo‘limdan kelmaydi. Yurakning tub-tubidagi, eng go‘zal va noyob his-tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Biroq o‘sha unutilmas tun men uchun yana bir bora qaytib kelishini chin dildan xohlardim.
Agar boshqaruvchi Bekker bilan avval xayrlashmaganimda, ertasi kuni, albatta, uning oldiga borgan bo‘lardim. Buning o‘rniga endi qishloq atrofida aylanib yurdim, so‘ng Yelenaga uzundan-uzun maktub yozdim. Unda kechqurun borishimni aytib, bir talay takliflarimni bayon etdim, jumladan, unga o‘z ahvolimni va imkoniyatlarimni tushuntirib, otangiz bilan gaplashsam, nima deysiz, yo men tez orada ishga kirib, kelgusi hayotimiz moddiy ta’min etilgunga qadar kutib turamizmi, degan savol bilan murojaat qildim. Otasi bu gal ham uyda emas edi; bir necha kun oldin hamkor sheriklaridan kimdir kelgan va u hozir mehmon bilan ovora ekan.
Go‘zal mahbubamdan bo‘sa olib, uni xona ichkarisiga boshladim, yozgan maktubimni olibdi. Xo‘sh, endi bu haqda nima deydi? Qiz savolimga indamay, menga iltijo bilan qaradi, qistayvergandim, og‘zimga qo‘lini qo‘yib, peshonamdan o‘pdi-da, asta, biroq shu qadar ayanchli ihrab yubordiki, nima qilarimni bilmay qoldim. Ehtiyotkorlik bilan berayotgan barcha savollarimga javob qaytarish o‘rniga nuqul bosh chayqar, dard-iztirob aralash g‘alati tarzda mayin va nozik jilmayib qo‘yar, qo‘lini belimdan o‘tkazgan ko‘yi xuddi kechagidek vafodor yor kabi sadoqat bilan jimgina o‘tirardi. So‘ng meni quchib, boshini ko‘ksimga qo‘ydi, unga bir so‘z demay yuz-ko‘zlari, peshonasi, yonoqlari va sochlaridan o‘pa boshladim, nihoyat, boshim aylanib, o‘rnimdan sakrab turdim.
– Shunday qilib, ertaga otangiz bilan gaplashaymi-yo‘qmi?
– Yo‘q, – dedi u, – iltimos, yo‘q.
– Nega endi? Yo qo‘rqyapsizmi?
Qiz bosh chayqadi.
– Unda nima gap?
– Bas qiling! Iltimos, bu haqda boshqa gapirmang. Yana chorak soat vaqtimiz bor.
Biz shu zaylda bir-birimizni quchib, jimgina o‘tirardik. Menga mahkam yopishib, har gal erkalaganimda qiz negadir nafasini ichiga yutib titrab ketar, undagi ruhsizlik, ma’yuslik, ezgin kayfiyat shu tariqa menga ham o‘tardi. Uni va o‘zimni himoya qilmoqchi bo‘lib, menga, qolaversa, baxtimizga ishonishini o‘tinib so‘radim.
– Ha, ha, – bosh irg‘adi qiz, – bu haqda gapirmang dedim-ku. Hozir o‘zi shundog‘am baxtiyormiz.
Shundan so‘ng, qandaydir g‘oyibona kuch va ehtiros bilan yuz-ko‘zim aralash o‘pa ketdi va axiyri holsizlanib qoldi. Ketish uchun o‘rnimdan turdim, eshik oldida qo‘llari bilan sochlarimni siypalarkan, past ovozda, deyarli pichirlab dedi:
– Xayr, jonim. Ertaga kelmang! Iltimos, endi boshqa kelmang! Ko‘rib turibsiz-ku, ahvolimni.
Yuragimda cheksiz dard-iztirob bilan uyga qaytdim va bu haqda to yarim tunga qadar o‘ylab, azoblanib chiqdim. Nega endi u ishonishni va baxtli bo‘lishni xohlamayapti, xo‘sh, nega? Qiz bundan bir necha hafta oldin bir nima deganday bo‘luvdi, hozir shu gap esimga tushdi: “Biz, ayollar sizlarchalik erkin emasmiz; boshga tushganni ko‘z ko‘radi, bunga ko‘nikish kerak”. Xo‘sh, uning boshiga nima ish tushgan bo‘lishi mumkin?
Nima bo‘lgandayam, buni bilishim zarur edi, shuning uchun qizga ertalab maktub jo‘natdim va kechqurun, korxonada ish tugab, hamma ketgandan so‘ng, marmar toshtaxtalar uyulgan omborxona ortida uni kutdim. Qiz kechikib, istar-istamas kirib keldi.
– Nega yana keldingiz? Kelmang, dedim-ku. Otam ham shu yerda.
– Yo‘q, – dedim men, – siz menga avval yuragingizdagi bor gapni, hamma-hammasini aytishingiz lozim, ungacha hech qayoqqa ketmayman.
Elena menga xotirjam nigoh tashladi, biroq rangi marmartosh kabi oppoq edi.
– Meni qiynamang, – shivirladi u nihoyat. – Men sizga hech nima deyolmayman, buni istamayman ham. Faqat bir gapni aytishim mumkin – bugun yo ertaga bu yerdan jo‘nab keting va hammasini unuting. Men sizniki bo‘lolmayman.
Tashqarida iyul oyining iliq, dim havosi hukm surar, qiz bechora esa go‘yo sovqotganday qalt-qalt titrardi. Umrim bino bo‘lib bunaqangi azobga duchor bo‘lmagan edim, lekin indamay keta olmasdim ham.
– Menga hoziroq hamma gapni ayting, men hammasini bilishim kerak.
Qiz menga nogoh shunday tikildiki, nigohi jon-jonimni teshib o‘tdi. Biroq so‘zimdan qaytmadim.
– Gapirsangiz-chi! – dedim biroz qo‘pollashib. – Yo‘qsa, hoziroq otangizning oldiga boraman.
U hardamxayollik bilan qaddini rostlab, ehtirossiz, biroq endi balandroq ovozda gapira boshladi, rangi yanayam oqarib ketgan, ammo bu uning ma’yus va ulug‘vor go‘zalligiga soya sololmasdi.
– Demak, gap bunday. Boshim ochiq emas va sizniki bo‘lolmayman. Boshqasi bor, tushundingizmi?
– Yo‘q, – dedim, qizning gapini bo‘lib. – Nima, mendan boshqa sevganingiz bormidi?
– Eh! – xo‘rsindi u. – Yo‘q, yo‘q, men uni yaxshi ko‘rmayman. Ammo men unga va’da qilinganman, endi hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi.
– Nega o‘zgartirib bo‘lmas ekan? Axir uni yaxshi ko‘rmasangiz!
– O‘shanda siz haqingizda hech nima bilmasdim. U menga shunchaki yoqardi, xolos; uni yaxshi ko‘rmasdim, ammo u menga munosib edi, chunki boshqa hech kimni tanimas edim. Aytdim-ku, bor gap shu va hammasi shunday bo‘lib qolishi kerak.
– Bunday bo‘lmasligi kerak, Yelena. Axir barini bekor qilish ham mumkin-ku.
– Ehtimol, mumkindir. Biroq gap qallig‘imda emas, hamma gap otamda.
– Otangiz bilan o‘zim gaplashib ko‘rsam-chi?
– Yosh bolamisiz! Nega hech narsani tushunmaysiz?
Bir-birimizga tek qarab qoldik. Nazarimda, u kulganday bo‘ldi.
– Otam men bilan birga xohish-irodamni, erkimni ham qo‘shib sotgan, pul uchun. Qishda esa to‘y.
Qiz yuzini teskari burdi, bir necha qadam yurib, yana ortiga qaytdi. Va dedi:
– Azizim, dadil bo‘ling! Endi bu yerga boshqa kelmang!
– Hammasiga pul sabab, shundaymi?
Qiz bilmayman, degandek yelka qisdi.
– Nima sabab deysizmi? Otam o‘z so‘zidan qaytolmaydi, u xuddi menga o‘xshab, mahkam bog‘lanib qolgan. Siz uni bilmaysiz! Agar uni tashlab ketgudek bo‘lsam, bundan ortiq baxtsizlik bo‘lmaydi. Demak, mard, tanti bo‘ling, aql bilan ish qiling! Shundan so‘ng, to‘satdan qizishib ketib dedi: – Tushuning axir, meni qiynamang! Buni ko‘tara olmayman…
Bir lahza hammayoq shunday osuda bo‘lib qoldiki, hatto otasining uyda u yoqdan-bu yoqqa yurgani ham eshitildi.
– Uzil-kesil bir qarorga kelolmayapman, – dedim men. – Uning kimligini aytolmaysizmi?
– Unimi? E, yo‘q, buni bilmaganingiz yaxshi. Meni desangiz, boshqa qaytib kelmang!
Elena xonasi tomon yo‘l olarkan, ortidan qarab qoldim. Men ham ketmoqchi bo‘ldim, ammo keta olmadim, oppoq sovuq toshlar ustiga cho‘kdim, suvning shildirashiga quloq soldim, nazarimda, hamma narsa beto‘xtov sirg‘anib, oqib ketayotganday tuyuldi. Go‘yo o‘z hayotim, Yelenaning hayoti va boshqa ko‘plab, behisob inson taqdirlari shundoq yonginamdan xuddi suv kabi beparvo va loqayd dara tomon, zulmat sari oqib o‘tib ketayotganday edi. Xuddi suv kabi…
Uyga kech va o‘lguday charchab qaytdim, yotib uxladim. Ertalab turgach, narsalarimni jomadonga joylab, yo‘l tadorigini ko‘rishga ahd qildim, xiyol o‘tgach, buni unutib, nonushtadan so‘ng, sudralib o‘rmon tomon yo‘l oldim. Uzil-kesil, qat’iy bir xulosaga kelolmayotgandim, fikrlarim xuddi suv yuzidagi pufakchalarga o‘xshab dam ko‘rinar, dam yorilib g‘oyib bo‘lardi.
Shunday qilib, endi hammasi tamom, o‘ylardim o‘zimcha, ammo hech qanday manzarani tasavvur qilolmasdim; birgina shu gap miyamda charx urar, yengilgina xo‘rsinib, bosh irg‘ashdan boshqa choram yo‘q edi.
Kunning birinchi yarmida muhabbat bilan musibat ikkov bir bo‘lib, meni yengishga urindi. Bu holat ham yaxshi va tiniq fikrlarga zamin bo‘lolmadi, o‘zimni zo‘rlab qulay fursat kutib o‘tirish o‘rniga, shartta turdim-da, marmar korxonasi yaqinida pistirma qurib, joylashib oldim va atrofni kuzata boshladim. Nihoyat, janob Lampart uydan chiqqanini ko‘rib qoldim, u qishloq ko‘chasiga burilib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Fursatni g‘animat bilib, qiz yoniga shoshildim.
Elena meni ko‘rib, baqirib yubordi va hayron bo‘lib tikilib qoldi.
– Nega? Nega yana keldingiz? – ingradi u.
Men o‘sal bo‘lib, xijolat tortganimdan nima qilishni bilmay, ayanchli bir ahvolda qoldim. Eshik tutqichini hamon ushlab turar, ammo negadir qaytib ketgim kelmasdi, shu bois asta qizga yaqinlashdim, u meni qo‘rquv va iztirob bilan kuzatib turardi.
– Kechir meni, Yelena, – deya oldim arang. – Seni sevaman!..
U bosh irg‘ab, dam yerga, dam menga qarar, tinmay bir so‘zni takrorlardi: “Nega? Nega?” Aft-angoriga qaraganda, hozir u mendan yoshi ulug‘roq, yetukroq va qudratliroq ko‘rinar, men esam uning oldida deyarli yosh bola edim.
– Xo‘sh, nima qildik endi? – shunday deb, jilmayishga urindim. – Menga biron nima deng, shu bilan jo‘nab ketmoqchiman.
Qiz titrab, seskanib ketdi, ishqilib, hozir yig‘lab yubormasaydi, deb turibman, yo‘q, har qalay, jilmaydi, shuncha azob-iztirob ichra buni qanday uddaladi, bilmadim. Nihoyat, u o‘zini bosib olib, ohista shivirladi:
– Kelaqoling, nega u yerda qaqqayib turibsiz!
Bir qadam yurib, uni bag‘rimga bosdim, biz titrab-qaqshab, bir-birimizga mahkam chirmashib turib qoldik, mendagi quvonch hadik-xavotir, qo‘rquv va xo‘rsinish bilan qorishgani sayin u ko‘z o‘ngimda shodon ko‘rinar, meni yosh bolaga o‘xshab silab-siypalar, ajib va g‘aroyib ismlar bilan erkalar, qo‘llarimni tishlab, turfa xil ishqiy o‘yinlar o‘ylab topardi. Vujudimda chuqur qo‘rquv hissi otashin ehtiros bilan olishar, buni so‘z bilan ifodalab bo‘lmas, Yelenani qo‘yib yuborgim kelmas, u esa kulib meni erkalar, ataylab jig‘imga tegar edi.
– Birozgina bo‘lsa ham xursand bo‘lsangiz-chi, hoy, muz odam! – shunday deb, goho mo‘ylovimdan tortib ham qo‘yardi.
Men esa hamon hadik-xavotirda edim:
– Hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonasizmi? Axir, sizniki bo‘lolmayman degandingiz-ku.
U esa boshimni qo‘llari orasiga olarkan, yuzi yuzimga tekkudek bo‘lib:
– Ha, hali hammasi yaxshi bo‘ladi, – derdi.
– Unday bo‘lsa qolib, ertaga otangiz bilan gaplashsam ham bo‘larkan-da, a?
– Ha, bo‘ladi, yomon bola, sizga hamma narsa mumkin. Hatto syurtuk kiyib kelsangiz ham mayli, axir ertaga yakshanba-ku.
– Xo‘p, – kuldim men va xursandligimdan yosh boladay irg‘ishlab uning qo‘llaridan tutdim-da, xona bo‘ylab birga raqsga tushib ketdik, bir-ikki aylangach, stol burchida to‘xtab, uni bag‘rimga bosdim, peshonasi yuzimga tegib, uning timqora, qalin sochlarini o‘ynay boshladim. Xiyol o‘tgach, sakrab turdi-da, ortga tislanib, sochlarini tekisladi va barmog‘ini nuqib, po‘pisa qilgan bo‘ldi:
– Voy, otam kelib qolishi mumkin! Yosh bolaga o‘xshaymiz-a…
Qiz menga ketma-ket bo‘salar hadya qilgach, deraza tokchasida turgan guldasta ichidan bir dona gul olib, shlyapamga qistirib qo‘ydi.
Kun qoraya boshlagan, shanba bo‘lgani uchun Adler har turli odamlar bilan gavjum edi. U yerda bitta krujkani bo‘shatgach, bir partiya kegli o‘ynab, ertaroq uyga qaytdim. Javondan syurtukni olib, stul suyanchig‘iga ildim-da, uni bahuzur tomosha qildim. U yangi edi, imtihonga deb xarid qilingan va o‘shandan beri deyarli kiyilmagandi. Qora, yaltiroq mato qalbimda tantanavor faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otardi. Yotib uxlash o‘rniga o‘tirvolib, o‘y-xayollarga berildim. Ertaga Yelenaning otasiga nima deyman, uning oldida o‘zimni kamtarona tutishim kerak, o‘z fikr-javoblarimni, e’tiroz, bahona, vaj, uzrlarimni, shuningdek, otasining fikrlarini, vajohatini ham o‘zimcha tasavvur qilib ko‘rdim. Xuddi va’z o‘qiyotgan voizga o‘xshab, ularni zarur imo-ishoralar bilan birga ovoz chiqarib mashq qildim, ertaga bo‘ladigan suhbatga aloqador ba’zi gaplarni uxlab qolmasimdan oldin o‘rinda yotvolib, yana bir bora takrorlab chiqdim.
Nihoyat, yakshanba tongi ham otdi. Hammasini yana qaytadan bafurja o‘ylab olish uchun cherkov qo‘ng‘iroqlari chalingunga qadar o‘rnimdan turmadim. Cherkovda toat-ibodat boshlangan chog‘da xuddi imtihonga borayotgan talabaday bayramona yasan-tusan qilib kiyindim, soqolimni qirtishlab, sut ichib nonushta qilgan bo‘ldim, yuragim esa gursillab urardi. Ibodat tugashini sabrsizlik bilan kutdim, qo‘ng‘iroq bongi tingan zahoti sekin yo‘lga chiqdim. Ko‘rinishim jiddiy, Zattelbaxga eltadigan ko‘cha bo‘ylab, yo‘lning chang joylariga chap berib borardim, havo issiq, bulutli edi. Qancha tirishmay, baribir baland yoqali syurtukda biroz terladim.
Marmar korxonasiga yetgach, yo‘lda va hovlida shu qishloqlik odamlar uymalashib turganini ko‘rib hayron bo‘ldim, yuragim siqildi, ular xuddi kimoshdi savdosidagi kabi to‘p-to‘p bo‘lib nimanidir kutib, past ovozda gaplashib turishardi. Nima gapligini so‘rab ham o‘tirmay, ular yonidan o‘tib, g‘alati va qo‘rqinchli tush ko‘rayotgan odamga o‘xshab, hayron va g‘amgin bir holatda uy eshigi tomon yurdim. Kiraverishda boshqaruvchi Bekkerga duch kelib, battar xijolat bo‘ldim, chunki u meni allaqachon jo‘nab ketgan deb o‘ylardi. Bekker horg‘in va toliqqan qiyofada, rangi bir ahvol edi.
– Ha, sen ham shu yerdamisan? – dedi u meni ko‘rib, xiyla zaharxandalik bilan. – Azizim, bugun bu yerda ortiqchalik qilmasmikansan, deb qo‘rqaman.
– Janob Lampart shu yerdami? – so‘radim unga e’tibor ham qilmay.
– Albatta, boshqa yana qayerda bo‘lishi mumkin?
– Froylyayn-chi?
U xona eshigiga ishora qildi.
– Ichkaridami?
Bekker bosh irg‘adi. Taqillatmoqchi edim, eshik o‘zi ochilib, bir erkak kishi chiqib keldi. Shunda ichkari xonada ko‘pchilik turganini ko‘rdim, jihozlarning o‘rni ham qisman o‘zgarib qolgandi.
Endi butunlay o‘zimni yo‘qotib, dovdirab qoldim.
– Bekker, menga qarang, bu yerda nimalar bo‘lyapti o‘zi? Anov odamlarga nima kerak? O‘zingiz nima qilib o‘tiribsiz?
Boshqaruvchi men tomon o‘girilib, g‘alati qarash qildi.
– Nima, hech narsadan xabaring yo‘qmi? – so‘radi u boshqacha ovoz bilan.
– Yo‘q, o‘zi nima gap?
U menga yaqin kelib, yuzimga tikildi.
– Unda, yo‘lingdan qolma, yigit, – dedi u mayin ovozda, qo‘lini yelkamga asta qo‘yib. Shu on nafasim bo‘g‘ilib, butun a’zoyi-badanimni nogahoniy qo‘rquv egalladi. Bekker menga yana bir bor g‘alati, sinovchan nazar tashlab, so‘ng ohista so‘radi: – Kecha qiz bilan gaplashganmiding?
Beixtiyor qizarib ketganimni ko‘rib, u zo‘rma-zo‘raki yo‘taldi, ammo go‘yo ingragandek bo‘ldi.
– Yelenaga nima qildi? U qayerda? – baqirib yubordim men.
Bekker u yoqdan-bu yoqqa yurar, go‘yo meni unutgandek edi. Zina panjarasiga suyanganimcha nima qilishni bilmas, atrofimni xuddi yot, begona, ichiqora qonsiz sharpalar o‘rab olgan-u, havo yetishmayotganday bo‘g‘ilardim. Shu payt Bekker yonimga kelib, “yur” dedi va zinapoyadan yuqoriga, to burilishga qadar chiqdi-da, zina ustiga o‘tirdi, syurtugim g‘ijim bo‘lishiga e’tibor bermasdan, men ham uning yoniga cho‘kdim. Butun xonadon bir zum jimjit bo‘lib qoldi, shundan so‘ng Bekker asta gap boshladi:
– O‘zingni qo‘lga ol-da, tilingni mahkam tishla, bolakay. Shunday qilib, Yelena Lampart endi yo‘q, uni biz bugun ertalab soydan, quyi to‘g‘on oldidan o‘lik holda topdik. Jim, gapirma! Dadil bo‘l! Faqat sen emas, unga kuyadigan. Qani, mard bo‘lsang, mardligingda tur. U hozir xonada yotibdi va hamon o‘z go‘zalligini yo‘qotmagan, ammo suvdan tortib olgan paytimizda… bilsang… bu dahshat edi, dahshat… – U so‘zlashdan to‘xtab, boshini sarak-sarak qildi. – Jim dedim! Gapirma! Hali gaplashishga vaqt bo‘ladi. Bu sendan ham ko‘ra menga muhimroq. Ertaga senga hammasini bir boshdan gapirib beraman.
– Yo‘q, – dedim men, – Bekker, iltimos, hozir ayting! Men barini bilishim kerak.
– Ha, mayli. Hozir faqat shuni aytishim mumkinki, sening bu xonadonga har doim kelib-ketib yurganingni ko‘rsam ham indamay yurardim, holbuki, nima bo‘lishini oldindan bilib bo‘lmas ekan. Shunday qilib desang, Yelena menga unashtirilgan edi, hali oshkora bo‘lmasa-da, lekin…
Shu topda bir ko‘nglim shartta turib, boshqaruvchining basharasiga qulochkashlab tushirgim keldi, buni o‘ziyam sezganday bo‘ldi.
– O‘zingni bos! – dedi u vazminlik bilan va menga qaradi. – Boya aytganimday, tafsilotlarni boshqa payt gaplasharmiz.
Biz endi jimgina o‘tirardik. Yelena, Bekker va men – o‘rtamizda bo‘lib o‘tgan butun voqea hozir xuddi sharpalar ovi yanglig‘ ko‘z oldimdan tez va aniq o‘ta boshladi… Nega buni avvalroq bilmadim, nimaga buni o‘zim sezmadim? Buning uchun qancha imkoniyatlar bor edi-ya! Birgina so‘z, loaqal ishora bo‘lganda ham, tinchgina o‘z yo‘limga ketardim, qiz ham bu ko‘yga tushmasdi.
Nihoyat, g‘azabim bosildi. Sezib turardim, Bekker bor gapni oldindan payqashi lozim edi, endi uning zimmasiga qanchalik og‘ir yuk tushganini angladim, u o‘ziga haddan ziyod ishonib, meni o‘ynatgan va aybning kattaroq qismi endilikda uning vijdoniga havola edi. Men esa yana bir savolga javob topishim kerak edi.
– Menga qarang, Bekker, qizni sevarmidingiz? Uni chindanam yaxshi ko‘rarmidingiz?
U bir nima demoqchi bo‘ldi-yu, biroq ovozi chiqmay, ikki-uch marta bosh irg‘ay oldi, xolos. Uning hozirgi ayanchli ahvolini, shundayin tirishqoq va qaysar odamning tovushi ham chiqmay qolib, butun tunni bedor o‘tkazganidan rangi oqarib, horg‘in yuzi pirpirab turganini ko‘rganimdan so‘ng, musibatning butun dahshati ko‘z oldimda yaqqol namoyon bo‘ldi.
Oradan xiyol vaqt o‘tib, ko‘z yoshlar qurigach, Bekker hamon mening yonimda, qo‘lini men tomon cho‘zib turardi. Qo‘lini mahkam siqdim, u oldimga o‘tib, qiya zinadan yana pastga tushdik va Yelena yotgan xonaga kirdik – o‘sha mash’um kunda u yerga so‘nggi marta kirishim edi.
Nemis tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil 7-son