Hikoya qilishlaricha, xitoylik shoir Han Fukning bolaligida bir hodisa ro‘y berib, butun hayotini o‘zgartirib, ko‘p narsani bilishi va shoirlik san’atini mukammal o‘rganishiga sabab bo‘lgan ekan. Bu voqea uning yurtida, Sariq daryo bo‘yidagi shaharda sodir bo‘lgan ekan. U boy-zodagon oiladan bo‘lib, xonadonning arzandasi edi.
Han Fuk kunlardan bir kuni boy oilaning qizini sevib qoladi va to‘y xosiyatli bir kunga belgilanadi. O‘shanda u yigirma yoshlarda bo‘lib, juda kelishgan va kamtar, ko‘plab fanlardan mukammal bilimga ega va yozgan she’rlari bilan el orasida shuhrat qozonishga ulgurgan edi. Uning oilasi boy-badavlat xonadonlardan edi. Bundan tashqari, to‘ydan oldingi kelin tomonidan beriladigan sep uning boyligini yanada ko‘paytirar, buning ustiga qallig‘i ham juda go‘zal va oqila qiz edi. Yosh yigitning baxtli bo‘lishi uchun bir qarashda hamma narsa yetarlidek tuyulardi. Lekin uning qalbida qandaydir o‘zidan qoniqmaslik, ko‘ngli to‘lmaslik yoxud shuhratparastlikka o‘xshash bir tuyg‘u jo‘sh urardi. U buyuk shoir bo‘lishni orzu qilardi.
Bu voqea “Chiroqlar bayrami” oqshomida sodir bo‘lgandi. O‘shanda u yolg‘iz bir o‘zi Sariq daryoning narigi sohilida sayr qilardi. Qayiqlar bilan to‘la daryo uzra minglab chiroqlar suzib yurardi. U daraxt tanasiga suyanib, suvning shildirashini tinglar va son-sanoqsiz chiroqlarning shu’lasiga mahliyo bo‘lib qarab turardi. Qayiqlarda esa eshkakchilar, ayollar va yosh qizlar bir-birlariga bayramona ta’zim qilishar, ularning yuzlari esa ochilgan gul misoli porlab turardi. Va xonandalarning qo‘shiqlari, sozandalarning kuylari, tsitra va fleytaning mayin xonishlari ham suvning shildirashiga qo‘shilib ajib samoviy bir sadoga aylanardi. Bularning bari yosh shoirga g‘oyibdan yangrayotgandek qalbidagi eng nozik hislarini qo‘zg‘ab, eng nozik torlarini chertib o‘tar va ohanrabodek o‘ziga chorlardi. U shu onda daryoning narigi tomonida, qallig‘i va do‘stlari oldida bo‘lishni, bu baxtni ular bilan birga baham ko‘rishni xohlardi. U bularning barchasi: moviy oqshom va suv ustidagi shu’lalar raqsi, tungi mehmonlaru daraxt tanasiga suyangan kishining sog‘inchini oddiy bir kuzatuvchi singari she’rga tizish haqida xayol surardi. Lekin shunga qaramasdan u o‘zini bu dunyoda juda-juda tanho va g‘arib his etar, foniy dunyoning barcha ajoyibotlari, butun jozibasi uning uchun begonaday tuyulardi. U shunchaki bir kuzatuvchi edi, xolos. Negadir uning ko‘ngli sira to‘lmasdi va bundan o‘zi qayg‘uga tushardi. Han Fuk shular haqida o‘ylab, xayol ummoniga g‘arq bo‘ldi. Va haqiqiy, to‘g‘rirog‘i, ilohiy baxtga yetishishni, bu dunyoning barcha mo‘jizotlarini tasvirlab, mukammal, betakror she’rlar yozishni orzu qildi.
Bir mahal – u mudraganmidi yoki uyg‘oqmidi, buni o‘zi unchalik idrok etolmasdi – pastgina shitirlagan ovoz eshitildi. Daraxt yaqinida binafsharang kiyingan va ko‘rinishidan avliyosifat keksa bir notanish kishi turardi. U yaqinlashdi va qo‘llarini qovushtirib, Han Fukka salom berdi va bir necha misra she’r o‘qidi. Bu misralarda yosh shoir qidirgan, intilgan barcha-barcha narsa mujassam edi. U hayratda qoldi va oldida turgan kishining nihoyatda buyuk shoirligiga imon keltirdi.
– Oh, siz kimsiz? – so‘radi yigit va mo‘ysafidga chuqur ehtirom bilan ta’zim qildi. – Siz qalbimni o‘qidingiz, sehrli misralaringizda qalbimdagi barcha savollarga javob bor. Men bunday misralarni oldin bironta ustozimdan eshitmagandim.
Notanish kishi mayingina jilmaydi va dedi:
– Agar haqiqiy shoir bo‘lishni istasang, mening kulbamga kelgin. Mening kulbam mana shu daryoning boshlanishida, tog‘larning yon bag‘rida. Ismim – Sehrli So‘zlar Ustasi.
Shundan so‘ng notanish kishi daraxt ko‘lankasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Han Fuk qanchalik urinmasin, uning izini ham topa olmadi. Qidirishlari zoye ketgandan so‘ng u bu voqea tushimda bo‘lib o‘tdi, deb o‘yladi va bayramda qatnashish uchun qayiqlar turgan tomonga shoshildi. Lekin doimo – birov bilan suhbatlashganda ham, fleyta sadosini eshitganda ham – uning quloqlari ostida o‘sha notanish kishining sehrli so‘zlari yangrardi. Bu so‘zlar Han Fukning butun qalbini oftob zimistonni yoritgandek, morboz sibizg‘asi bilan ilonni rom etganidek, to‘la zabt etgandi, uning ko‘zlari quvonch va baxtga to‘lgandi.
Oradan bir necha kun o‘tib, Han Fukning otasi do‘st-qarindoshlarni to‘y kunini belgilash uchun kengashga chaqirmoqchi bo‘ldi. Shunda Han Fuk otasiga qarshi borib dedi:
– Ota, sizga itoatsizlik qilayotganim uchun kechiring. Men sizning oldingizda aybdorman, lekin siz mening hamisha she’r san’atini mukammal o‘rganishni orzu qilganimdan xabardorsiz. She’rlarimni ba’zilar maqtashadi, lekin men bu yo‘lning endigina boshlanishida turibman, hali she’riyat olamida shunchaki havaskorman. Shuning uchun sizdan bir muddat shoirlik san’ati bilan tanholikda, barchadan yiroqda shug‘ullanishimga imkon berishingizni iltimos qilaman. Agarda uylansam, oila va uy-ro‘zg‘or tashvishlari bilan andarmon bo‘lib, sevgan mashg‘ulotim bilan shug‘ullanolmayman. Men hali juda yoshman, biron-bir hunar yoki sohada tamomila uquvsizman va bir muddat she’riyat bilan yashashni, bundan quvonch hamda shuhrat topishni istardim.
Bu so‘zlardan uning otasi hayratda qoldi va dedi:
– Bu san’at senga shunchalik azizmiki, uning uchun o‘z to‘yingni orqaga surmoqchi bo‘lyapsan? Yoki qaylig‘ing bilan o‘rtalaringda biron gap o‘tdimi? Agar shunday bo‘lsa, ayt. Men sizlarni yarashtirib qo‘yaman yoki boshqa chorasini o‘ylab topaman.
Yosh shoir qaylig‘iga muhabbati avvalgidan zarracha ham kamaymaganini, ularning o‘rtasida hech qanday gap-so‘z o‘tmaganini va qaylig‘i unga juda yoqishini aytdi. Shu bilan birga “Chiroqlar bayrami” kechasidagi voqea, notanish kishi haqida va shu odamga shogird tushish o‘zi uchun dunyodagi eng katta baxt, yagona orzu ekanligini ham otasiga so‘zlab berdi.
– Yaxshi, men senga bir yil vaqt beraman. Bu muddatda orzuingni amalga oshir, balki bu niyatni xudo ko‘nglingga solgandir, – dedi otasi.
– Ikki yil muddat bersangiz balki yetib qolar, – dedi Han.
Otasi o‘g‘liga ijozat berdi. Han Fuk qaylig‘idan ayrilayotganidan g‘amga botib, unga xayrlashuv maktubini yozdi va kechirim so‘radi. So‘ngra yo‘lga tushdi.
Yosh shoir uzoq yurib, daryoning boshiga yetib keldi. U yerdagi bambuk yog‘ochidan yasalgan kulba oldida, buta poyasidan to‘qilgan bo‘yrachada Han Fuk “Chiroqlar bayrami” oqshomida uchratgan mo‘ysafid avliyo – Sehrli So‘zlar Ustasi udda kuy chalardi. Yigit unga tazim qilib, salom berdi. Ustoz esa o‘tirgan joyida bosh tebratib jilmayib qo‘ydi. Shundan so‘ng yana qo‘liga udni oldi-da, barmog‘ini torlar uzra mayin yugurtira boshladi, shunda xuddi shamol tovushidek kuy yangradi. Yosh shoir hayrat va quvonchdan qotib qoldi. Ustoz udni yerga qo‘yib, kulbasiga kirib ketgandagina u o‘ziga keldi. Shundan so‘ng Han Fuk Sehrli So‘zlar Ustasi kulbasida unga shogird va xizmatchi bo‘lib qoldi.
Oradan bir oy o‘tdi. Shu muddatda u bundan oldin o‘rganganlari, barcha to‘qigan she’r-qo‘shiqlaridan voz kechish va ularni yodidan chiqarishni o‘rgandi. Yana bir oy o‘tib, ustozlaridan o‘rgangan narsalarini ham esidan chiqardi. Sehrli So‘zlar Ustasi esa u bilan deyarli so‘zlashmasdi. U shogirdining butun borlig‘i kuyga qo‘shilib ketadigan darajaga yetgunga qadar udni bir maromda chalishni o‘rgatdi. Han Fuk sekin-asta yana qayta she’r yoza boshladi. Ilk she’rida kuz osmonida parvoz qilayotgan bir juft qushni tasvirlab, bundan o‘zi juda mamnun bo‘ldi. Bu she’rini ustoziga ko‘rsatishga jur’at qilolmadi, lekin bir kuni kulba oldida kuylayotganini ustozi eshitib qoldi va qo‘shiq unga ma’qul kelsa-da, indamadi. Faqat qo‘liga udni oldi-da, sekin-asta chala boshladi. Shunda yozning jazirama chillasi bo‘lishiga qaramasdan, havo sovib kuchli dovul turdi. Borliq qora va ko‘kimtir tusga kirib, uning samoviy kuyiga hamohang tarzda osmonda bir juft qush bir-biriga talpinib parvoz qila boshladi. Bularning bari shogird misralaridan go‘zalroq, yoqimliroq edi. Bundan shogird o‘zini ojiz va notavon sezardi. Ustoz bir yil davomida har kun ud chaldi va shu muddatda Han Fuk bu san’atning barcha sir-asrorlarini o‘rgandi, lekin u o‘zini she’r san’ati dunyosida hali barkamol deb hisoblamasdi.
Ikki yil o‘tdi. Yigit yurtini, uyini, ota-onasi, qaylig‘ini juda sog‘ingandi. U ustozidan ketishga ruxsat berishini iltimos qildi.
Shunda ustozi jilmayib, unga rozilik berdi va shunday dedi:
– Sen endi ozodsan. Qayerga xohlasang, borishing, xohlasang, yana qaytib kelishing ham mumkin. Barchasi o‘zingga havola. Ko‘nglingga yoqqanini qil.
U safarga otlandi va ona-Vatanidagi daryo bo‘yiga yetib borgunga qadar tinmay yo‘l yurdi. Daryo ustidagi ko‘prik oldida to‘xtab, jonajon qishlog‘iga nazar soldi. U hech kimga sezdirmay bog‘lariga kirdi va otasining yotog‘iga yaqinlashdi. Yotoqdan otasining bir tekis nafas olishi eshitilardi. So‘ngra qaylig‘ining bog‘i yoniga bordi. Nok daraxtining ustiga chiqib, bog‘ni kuzata boshladi. Bog‘ yonbag‘ridagi xonada qaylig‘i oyna oldida soch tarab o‘tirardi. Bundan u nihoyatda hayratlandi. Bu manzarani, bu go‘zallikni u vatan sog‘inchidan o‘rtanib yurgan paytlarida chizgan rasmida tasvirlagandi, lekin bularni she’rda ifodalashda hali ojizligini tushunib yetdi. Shundan so‘ng haqiqiy shoir darajasiga hali yetisha olmagani unga ayon bo‘ldi. Han Fuk daraxtdan tushib, bog‘dan chiqdi. U ortga, daryoning yuqori oqimiga, tog‘ yonbag‘ridagi kulbaga qaytishni xohlardi. Daryo ustidagi ko‘prikdan orqaga qaytayotganida yurtiga yana bir nazar tashlab, yo‘lida davom etdi. Tog‘ yonbag‘ridagi bambukdan qurilgan kulba oldida, o‘simlik poyasidan to‘qilgan bo‘yrachada Sehrli So‘zlar Ustasi xuddi avvalgidek ud chalib o‘tirardi. Yosh shoir ustozga qo‘llarini qovushtirib salom berdi. Ustoz esa bunga javoban ikki misra she’r o‘qidi. Bu misralar shunchalik ta’sirli ediki, yosh shoirning qalbini to‘lqinlantirib yubordi va uning ko‘zlari yoshga to‘ldi.
Han Fuk ta’limini davom ettirish maqsadida yana ud va tsitra chalishni o‘rgatgan Sehrli So‘zlar Ustasi yonida qoldi. Oylar shamoldek yelib borardi. U yana ikki marta vatan sog‘inchini his etdi. Bir safar kechasi kulbadan chiqib uyiga qarab ravona bo‘ldi. Qishlog‘iga yaqinlashganda, kulba eshigi oldiga osib qo‘yilgan tsitradan samoviy kuy yangray boshladi va bu kuyni shamolning mavjlari uning qulog‘iga eltdi. U g‘ayriixtiyoriy ravishda kuydan sehrlanib ortga, Sehrli So‘zlar Ustasi kulbasiga qaytdi. Keyingi safar tush ko‘rdi. Tushida bog‘larida daraxt ekkanmish. Uning yonida zavjasi o‘tirar, bolalari esa may va sut bilan bu daraxtni sug‘orarmish. Bexosdan uyg‘onib yonida oppoq soqoli bilinar-bilinmas titrab uxlayotgan ustozini ko‘rdi-yu undan juda qattiq nafratlanib ketdi. U emasmi yosh shoirning hayotini buzgan, butun kelajagini barbod qilgan! Shogird shu onda ustozini o‘ldirishni xohladi. Unga yaqinlashganda ustozining ko‘zlarida mayin tabassum jilvalanar edi.
– Esingdami, Han Fuk, senga nima degandim? – dedi ustoz. – Sen ozodsan, xohlaganingni qilishing mumkin. Istasang, yurtingga qaytib, daraxtlar o‘stirishing mumkin. Mendan nafratlanishing yoki voz kechishing – bu sening ixtiyoring.
– Oh, men sizdan qanday qilib nafratlanishim mumkin? Sizdan nafratlanish – butun olamdan nafratlanishim bilan barobar! – dedi shoir.
Shunday qilib, u yana ustozi oldida qoldi, tsitra va udda kuy chalishni o‘rganishni davom ettirdi. Endilikda ustozi yordamida she’r to‘qiy boshladi va sekin-asta she’riyat sinoatlarini o‘rgandi. Endi she’rlarida quyoshning tog‘ cho‘qqisidan qanday ko‘tarilishi, baliqlarning qanday sassiz sho‘ng‘ib, soya misol suv tubiga singib, g‘oyib bo‘lishi, bahor shamolida navqiron tollarning qanday chayqalishini tasvirlardi. Lekin Han Fukning she’rlarini tinglaganlar uchun bular shunchaki quyosh, baliq yoki bahor shamoli emas, falak va olamni bog‘lovchi ilohiy musiqa misol yangrardi va misralarga quloq tutgan barcha o‘zi uchun qadrli narsani o‘ylardi: bola – o‘yin-kulgini, o‘smir – muhabbatni, keksalar esa – o‘limni.
Oradan yillar o‘tdi. Han Fuk tog‘ etagidagi, daryo bo‘yidagi kulbada qancha umrini o‘tkazganligi, qachon kelganligini ham eslolmay qoldi. Nazarida, bu yerga kelgani va ustozining kulba oldida ud chalgani xuddi kecha kechqurun sodir bo‘lgandek edi. U endi shoirlik san’atini mukammal o‘rgangan, ustozidek ulug‘lik martabasiga erishgandi. Uning uchun inson umri, vaqt o‘z ahamiyatini yo‘qotgandi.
U bir kuni uyg‘onganda kulbada ustozi yo‘q edi. U ustozini qidirib, topa olmadi. Bir kecha o‘tib, to‘satdan kuz boshlandi. Kuz shamoli kulbani xuddi beshikdek tebratardi. Tog‘ning baland cho‘qqisidan hali vaqtli bo‘lishiga qaramasdan bir to‘p ko‘chmanchi qushlar uchib o‘tardi.
U qo‘liga udni olib kulbani tark etdi va vataniga qarab yo‘l oldi. Uni yo‘lda uchratganlar qo‘l qovushtirib salom berishardi. Han Fuk ota uyiga keldi. U yerda boshqalar istiqomat qilishardi. U otasi, qallig‘i va barcha qarindoshlari ko‘p yillar muqaddam olamdan o‘tganini eshitdi. Kechqurun daryo bo‘yiga borganda, u yerda “Chiroqlar bayrami” nishonlanardi. Shoir Han Fuk daryo qirg‘og‘idagi qari bir daraxtning tanasiga suyandi. U qo‘liga udini olib chala boshladi. Uning kuyiga ayollar mahliyo bo‘lar, yigitlar esa baland ovozda qiyqirishardi. Ular shu paytgacha bunday maftunkor ohangni eshitmagan edilar. Shunda Han Fuk jilmaydi. U daryodagi minglab chiroqlarning suv ustida suzib yurganini ko‘rdi va Sehrli So‘zlar Ustasini uchratgan kechani esladi. Bu ikki kecha orasida hech qanday farq yo‘q edi.
Nemis tilidan Asror Rahmonov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 12-son