Henri Slezar. Pentxausdagi chinqiriq (hikoya)

Battol Kums uchrashuv uchun shunday qo‘rqinchli kechani behuda tanlamagan. Cheyt Brander sharfini bo‘yniga mahkamroq o‘rab, qo‘llarini cho‘ntagiga suqdi. Bu urinishlari sovuqdan saqlanishga yordam berolmadi. Bir ko‘ngli, uyiga qaytishni ham o‘yladi. Ammo hozir moddiy ahvoli yaxshi emas. Undan qarz olgan Frank Kums nihoyat pulni qaytarishga va’da bergan.
Brander bu uchrashuvdan voz kechib, qo‘l siltab ketmoqchi bo‘lib turganda unga omad kulib boqdi. Nariroqda taksi to‘xtadi va undan qizil yuzlari tovoqday bir ayol tushdi. Cheyt orqa o‘rindiqqa chiqishga shoshilib, ayolni turtib yuborayozdi. Haydovchiga manzilni aytdi, o‘n daqiqada aytgan joyiga ham yetdi. Havo battar aynidi, daryo tomondan muzdek, achchiq shamol esardi.
Frenk Kums yashagan yangi ko‘p qavatli uyning kiraverish sahniga to‘shalgan ovozyutar gilamlar bois bu yerda jimjitlik hukmron. Buning ustiga, ulkan bu binoning yarmi bo‘sh, chunki kvartira bahosi va ijara haqi bu yerda juda yuqori. Ammo bu holat Kumsni birinchi ijarachilardan bo‘lishga va butun pentxausni egallashga xalaqit bermadi.
Cheyt Brander liftga chiqib, eng yuqori qavatga ko‘tarildi. So‘nggi sakkiz qavatda hali hech kim yashamaydi. Hashamatli bu kvartirani Kums qarzga olgan pul hisobiga sotib olganini eslagan Cheytning qovoqlari uyuldi va nafrat bilan to‘ng‘illadi:
– Bunaqa boyvachchadan o‘rgildim!
Frenk Kums eshikni ochganda sovuqdan qaltirayotgan mehmonga issiq havo urildi.
– Chester! – Kums xuddi o‘n yildan buyon ko‘rishmagan akasi kelganday quvonib qichqirdi. – Barakalla, sovuqdan qo‘rqmay kelganingga qoyilman. Qani, kir, og‘ayni.
Brander sertakalluf mezbon ortidan keng mehmonxonaga kirar ekan, atrofga alanglab nazar tashladi. To‘shalgan qalin gilamlarning yumshoqligidan oyoqlari to‘pig‘igacha botib ketay deydi. Pishiq yog‘ochdan nafis qoplama bilan tayyorlangan mebellar, eman daraxtidan qilingan deraza paneli, derazalarda jips yopiladigan ipak darpardalar… Barchasi yarqirab ko‘zni qamashtiradi.
Mezbonning ham ko‘rinishi a’lo, sochlari silliq taralgan, yuzlari naqsh olmaday qip-qizil, engida kulrang baxmal kamzul va og‘zida qimmatbaho trubka. U og‘zidan bulutsimon tutun chiqarib, trubkani oldi-da, takabburona kulimsiradi:
– Qani, nima deysan, Cheyt? Bu uy eski boshpanamdan yaxshimi? Maqtalgan bu uy haqida eshitgan zahotim shu yoqqa uchib keldim…
– Negadir eshik oldida bu yerdan kvartira olishni istaganlarni ko‘rmadim, – ming‘irladi Brander.
– Ammo yuqori qavatlarda odamlar yashamaydi, – deb Kums mehmonning paltosi, shlyapa va sharfini oldi. – Kostyumni yechishni xohlaysanmi? Uyim issiq.
– Yo‘q, yaxshisi men pidjakda qola qolay. Shohlarnikiday hashamatli, Frenk. Shunday uyni o‘zingga ishonch bilan ep ko‘ryapsanmi?
– Keksa Frenk haqida ko‘p qayg‘urma, – xoholab kuldi Kums. – Senga aytmovmidim, aktsiya va qimmatbaho qog‘ozlarga didim chakki emas. Menga pul berganingga aslo afsuslanmaysan.
– Demak, pulingga kuyding demoqchimisan?
– Kel, og‘ayni, avval ichaylik, – dedi kutilmaganda yo‘tali tutgan Kums.
– Yo‘q, Frenk, ishni bitkazib keyin ichamiz. Men pulimga keldim va bo‘sh qo‘llarim bilan qaytmoqchi emasman.
Kums viski quydi va uch bora g‘iltillatib yutib, stakanni bo‘shatdi.
– Men so‘zimda turaman, Cheyt. Bugun pulingni so‘nggi tiyinigacha foizi bilan olasan.
– Qanaqa foizlar haqida gapiryapsan?
Mezbon yana kuldi va yengil silkinib oldinga bosdi.
– Ko‘rasan, yaqinda ko‘rasan… Menga qara, pulni shunchalik yaxshi ko‘rishingni bilmabman. O‘sha jirkanch metall pullar haqida gapingni to‘xtat. Axir sen bilan qachonlardir qadrdon do‘st bo‘lganligimizni unutib qo‘ydingmi? Senga bejirim va shinam uyimni ko‘z-ko‘z qilishni xohlayman…
– Ko‘rib bo‘ldim.
– Sen eng asosiylarini ko‘rganing yo‘q, – Kums sirli tabassum bilan darpardaga ishora qildi, – u tomonda hayhotday balkon bor, so‘nggi qarichigacha menga tegishli. U yerdan shahar tomonga qarasang, ajoyib manzara ko‘zga tashlanadi. – U ayvonga chiqiladigan ikki qanotli eshikni lang ochib yubordi. Mehmonxonaga sovuq havo urildi.
– Hey!… – hali durustroq isib ulgurmagan Brander achchiqlandi.
– Qo‘rqma, sovqotib qolmaysan. Sen faqat bir tomosha qilgin. Qara, qanday manzara! Sen bilan garov o‘ynayman, bunaqasini aslo ko‘rmagansan…
Brander istar-istamas qo‘zg‘aldi. Ochiq eshikdan Manxettenning chiroqlari porlab turibdi. Manzara chindan ham hayratlanarli edi.
– Qalay? Butun vujuding rohatlanadi, to‘g‘rimi?
– Panjaraga ne hojat? – deb so‘radi mehmon.
– Panjarami? – deb qiqirlab kuldi mezbon, – Cheyt, sen meni bilasan. Men hech qachon, hech kimga ishonmayman. Ko‘p qavatli uylar o‘g‘rilarni o‘ziga ohanrabodek tortadi. Shuning uchun deraza va eshikka po‘lat panjara qo‘ydirdim. Bexavotir yashaganga nima yetsin… Qani, og‘ayni, buyoqqa kel-chi!
Brander sovuqni va izg‘irin shamolni unutib, oyoqlari ostida porlagan chiroqlar dengiziga maftunkor boqqan holda balkonga chiqdi. Manzara chindan ham go‘zal edi, boqib ruhing yengil tortadi.
– Xo‘sh, endi nima deysan? Haqiqiy hayot shunday bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman!
– Ehtimol, sen haqdirsan. – xo‘rsindi Brander.
– Manzaradan zavq olib tur, yigit, men esa kokteylni aralashtirib kelay, – deya Kums mehmonxona tomon yo‘l oldi.
Brander chamasi bir daqiqacha, qattiq sovqotgunga qadar katta shaharning chiroqlarini zavqlanib tomosha qildi. Yetti yildan buyon bunday qattiq sovuq Nyu-Yorkda bo‘lmagan. Burilib sezdiki, mezbon shoshilmaygina eshikni yopib, lo‘kidonini solib qo‘ymoqda.
– Hoy och, Frenk! – iltimos qildi Brander, – hazilingni qo‘y.
Qalin oyna ortidan u Kumsning iljayganini ko‘rdi. Kums stakanni ko‘rsatib, uning sog‘ligi uchun ichayotganiga ishora qildi va dast ko‘tarib ichib yubordi. Keyin shoshilmasdan burilib, mehmonxona ichkarisiga kirib ketdi.
– Xoy… – bor ovozi bilan tashvishlanib chaqirdi Brander va butun kuchini jamlab, eshik tutqichini siltab tortdi. – Meni qo‘yvor, Frenk! Bu yer judayam sovuq ekan. – U Kumsni ko‘rmasdi, ammo sezib turibdiki, mehmonxonaning qayeridadir yaramas hazilidan huzurlanmoqda. Mushti bilan kichikroq oynani taraqlatib urgan Cheyt pishiq-puxta bo‘lishi uchun oyna to‘r bilan qoplanganini sezib qoldi. Oyoqlari bilan ikki bor eshikni tepgach, u po‘lat ekani esiga tushib qo‘l siltadi. – Frenk, xudo xayringni bersin, ahmoqlik qilma! Hazillashdingmi, bo‘ldi-da, meni ichkariga kirit!
Pentxausdagi chiroqlar o‘chgach, Chester Brander angladiki, bu hazil emas. Kums eshikni bir daqiqadan keyin ham, bir soatdan keyin ham ochishini hayoliga keltirgani yo‘q.
– Frenk! – jon-jahdi bilan qichqirdi Brander. Ammo shamol so‘zlarini uchirib ketdi. Hammasi behuda. O‘z ovozini ham arang eshitardi u.
Dahshatli holatda qolganini anglab yetguncha Cheyt eshik oldida qancha vaqt turganini aytish qiyin. Paypaslab oynani ushlamoqchi bo‘ldi, ammo qo‘lini temir panjaraga urib oldi. Endi u issiq, quruq va shinam xonaga hech qachon kira olmaydi, shekilli.
Dastlabki daqiqalarda Cheyt jon-jahdi bilan eshikni taqillatib, sovuqni his etmadi. Endi esa sovuq va izg‘irin shamol o‘limni o‘ylashga majbur qildi. Bu hazil bo‘lsa kerak degan so‘nggi gumonlar ham puchga chiqdi. Uchrashuv uchun bu kechani Kums behuda tanlagan emas. Qarzini to‘lamoqchi bo‘lgani va qanaqa foizlar haqida gapirib o‘tganini qarang!
Lekin Frenk uning o‘limini qanday izohlar ekan? Politsiya shaharning qoq markazida Chester Branderning muzlab qolgan tanasini topib olganda nima derkin? Hayron holatda yelkalarini qisgan Brander ayvon devoriga yaqinlashdi va uni yerdan ajratib turgan zulmat qa’riga nazar tashladi.
– Yordam beringlar! – baqirdi u. – Yordam beringlar!
Cheyt barcha harakatlari behudaligini tushundi. Pentxaus bilan odamlar yashayotgan kvartiralar oralig‘ida kimsasiz sakkiz qavat bor.
– Ovozimni hech kim eshitmaydi, – dedi u qaltiray-qaltiray hiqillab. – Bu yerda muzlab qolganimni ham hech kim bilmaydi…
Cheyt Brander bu yerdan chiqish ilojini topish ilinjida pentxausni bir necha bor aylanib chiqdi, ammo kvartiraga kiradigan bironta tuynuk topa olmadi. Oyoq va qo‘llari sovuqdan qota boshladi. Isinmoq uchun u yoqdan buyoqqa yugurishga tushdi. Ammo bir necha daqiqa o‘tgach, og‘ir nafas olib muzdek tosh pol ustiga qulab tushdi. Qanday bo‘lmasin, yordam topish zarur. Aks holda, tamom!
Brander sarosimaga tushgan holda cho‘ntaklarini kavlay boshladi. Avval qo‘liga kartmon urildi. Kichikroq xat yozib tashlamoqchi bo‘ldi, ammo shu zahoti bundan hech narsa chiqmasligiga ko‘zi yetdi. Keragi yo‘q yozishning. G‘amgin holatda boshini sarak-sarak qilib, biron yo‘lovchi topib olar degan umidda kartmonini pastga irg‘itdi. Ammo kuchli shamol uni shu zahoti daryo tomon uchirib ketdi. Yana kostyumini kavlab, o‘ng cho‘ntagidan kalit topib oldi va bir necha soniya unga hayron bo‘lib tikildi. Yo‘q, bu uning kaliti emas, bunga ishonchi komil. Brander uni tashlab yubormoqchi bo‘ldi-yu, birozdan so‘ng fahmi yetib fikridan qaytdi. Kums kvartirasining kaliti. Frenk uni Cheytning cho‘ntagiga sezdirmay solib qo‘ygan bo‘lsa kerak. Ammo nega shunday qildi ekan? Chester Branderning sirli o‘limini izohlash niyatida shunday qilgan. Agar politsiyachilar uning cho‘ntagidan kalitni topib olishsa, chekish uchun ayvonga chiqqan va o‘zining befarosatligi sababli qulflanib qolgan degan xulosaga kelishadi. Oqibat – baxtsiz hodisa …
Zo‘r o‘ylangan, nima ham deysan! Brander yaramasni oson qutulishdan mahrum qilish niyatida yana kalitni tashlab yubormoqchi bo‘ldi, ammo kutilmaganda fikridan qaytdi. Kalitni saqlashdan hech qanday naf bo‘lmasa-da, u issiq uy bilan bog‘lovchi yagona umid edi.
Cheyt kalitni cho‘ntagiga solib, eshik yoniga keldi. Qo‘llari shilinib qonab ketguncha jon-jahdi bilan eshikni urib taqillatdi. Eshik ochilmay, umidlari puchga chiqqan holda gursillab yiqildi va hiq-hiq yig‘lab yubordi.
Brander muzdek polda qancha vaqt yotganini bilmaydi. O‘rnidan turganda ko‘z oldida hamma narsa suzayotgandek ko‘rinardi. Bir necha lahza shamol to‘xtagandek, havo iliqlanib qolgandek tuyulsa-da, aslida unday emasdi. Shamolning navbatdagi kuchayishi uni hushiga keltirdi va kurash istagini paydo qildi. Brander bel bo‘yi g‘ishtin devordan egilib qichqirdi:
– Men bu yerdaman! Hoy, nahot mening bu yerdaligimni bilmasanglar?
Hammasi behuda. Shu lahza xayoliga uyning tepasi – tomi keldi. Pentxausning tom bo‘ladi, ustiga chiqadigan eshik bo‘lishi kerak.
Qonab ketgan qo‘llarini ro‘molcha bilan bog‘lagan Brander devor yoqalab yura boshladi va bir necha qadam bosgach, bir simga duch keldi. Sovuqdan qotgan qo‘llari bilan simni mahkam ushlab, bor kuchi bilan o‘ziga tortdi. Mahkam. U bilan tom ustiga chiqish mumkin.
Cheyt bor kuchini jamlagan holatda simni ushlab sakradi va oyoqlarini devorga tiradi. Kulgili holatda bir necha soniya turib qoldi. A’zoyi badani zo‘riqib og‘riganidan hammasiga tupurib, judayam o‘lgisi keldi. Ammo shu zahoti yaramas Kumsning mensimay iljayishi ko‘z oldida paydo bo‘ldi. Unga nisbatan nafrat Branderga kuch ato etdi. Devorga oyoqlarini tirab, bazo‘r yuqoriga ko‘tarila boshladi. Sim kaftlarini kessa ham Cheyt bardosh berdi.
Bir qarich ko‘tarilgach, jahannamni eslatuvchi shahar chiroqlariga o‘girilib qaradi. Yana bir qarich. Yana bitta. Madori qolmasa-da, Cheyt tirishqoqlik bilan yuqoriga o‘rmalab chiqa boshladi. Nihoyat, ikki daqiqadan so‘ng tom chekkasiga yetdi. Oyoqlarining terisi shilinsa ham so‘nggi kuch-quvvatini yig‘ib, yuqoriga tortildi va to‘ng‘ib qolgan gavdasini chekkadagi to‘siqdan tom ustiga tashladi. Omon qoldi.
Balkon-ayvon bilan tom oralig‘idagi farq qandaydir o‘n fut bo‘lishiga qaramay, tom usti ancha sovuq edi. Cheyt o‘rnidan turib, atrofga nazar tashladi. Tevarakda soqchilarday televizor antennalari cho‘qqayib turardi.
Brander eshikni uzoq qidirdi. Paypaslanib qopqoqni topdi va xursandchilikdan qichqirib yubordi. Afsus… eshik mahkam berkitilganini ko‘rib quvonch o‘rnini umidsizlik egalladi.
Brander achchig‘i va alamidan ancha vaqt ho‘ngrab yig‘ladi. Qo‘lini cho‘ntakka solgan edi, Kums kvartirasining kaliti urindi. “Sen g‘olibsan, Frenk!” – dedi unsiz.
U so‘nggi umiddan mahrum bo‘lgach, nigohi antennaga tushdi. Sim! Ikki simli usti yaltiroq o‘tkazgich. Shu onda u buning qanday sim ekanini va nega kerakligini esladi.
Cheyt simni siltab ko‘rdi. Keyin qattiqroq tortdi. Bunga ham qanoatlanmay barcha simni jamlab jon-jahdi bilan torta berdi. Ancha tortgach, to‘xtab kuta boshladi.
Qanchadir vaqt o‘tib, nogahon tomga chiqadigan eshik ochildi. Kimningdir ovozi eshitildi:
– Hoy qaranglar, bu qanday narsa?
– Bu qandaydir tentak-ku…
– Televizorimga bir balo bo‘ldi, men shamoldanmi deb o‘ylabman…
– Eng qiziq joyida tasvir yo‘qolib qoldi…
Cheyt issiq qo‘llar taftini his etdi.
– Ha, bechora bo‘lganicha bo‘libdi… – achindi kimdir.
– Bir soatdan keyin u katta muz parchasiga aylanar edi…
– Uyga olib kiraylik…
Cheyt Brander “rahmat” demoqchi edi-yu, ammo lablari unga bo‘ysunmadi. Issiq joyga olib kirishgach, bo‘shashib hushidan ketdi…
Brander divanda yotardi. Og‘zi taxir, oshqozoni esa olovdek yonardi. Arang qimirlab ko‘zini ochdi va tepasida tashvishli qiyofani ko‘rdi.
– Qalaysan, o‘g‘lim? Shunday kechada tom ustida nima qilayotgan eding?
– Bu gapga javoban Cheyt Brander lablarini unsiz qimirlatdi. – To‘g‘ri qilasan, hozircha churq etma. Men mister Kollerman, 12-xonadonda yashayman. Seni tomdan men topib, bu yerga olib tushdim.
Brander atrofga alanglab, bazo‘r o‘tirib oldi. Og‘zidagi achchiq ta’m nimadanligini endi his etdi.
– Yana ozroq brendi ichib olsang yaxshi bo‘larmidi? – dedi qariya Branderning yuzlari burishganini sezib. – Ehtimol, sen tasodifan tom ustida qulflanib qolgandirsan… Sen shu yerda yashaysanmi?
– Yo‘q, – xirilladi Brander va o‘z ovozini tanimadi. – Men yuqori qavatdagi kvartiralarni ko‘rib yurgandim. Kvartira olmoqchi… Keyin kimdandir tomda quyosh vannasi ham bor, deb eshitgandim. O‘shani ko‘ray deb…
– Ekskursiyaga shunday kechani tanlaganingni qara! – boshini sarak-sarak qildi Koller.
– Men bir daqiqaga chiqqan edim, xolos, ko‘ramanu ortimga qaytaman, deb o‘ylovdim. Endi tom ustiga chiqqanimda, qarang, eshik qattiq yopilib qolsa bo‘ladimi.
– Ha, tom ustida dahshatli shamol esmoqda. Dastlab hammamiz shamol antennalarni ag‘darib yubordi, deb o‘ylabmiz. Keyin yuqoriga chiqib, seni topib oldik, – kuldi qariya. – Bilasanmi, ko‘pchilik sendan xafa ham bo‘ldi. Hamma uydagilar ertalabgacha televizor ko‘risha olmaydi endi.
– Kechirasiz…
– Hechqisi yo‘q… Barakalla, yo‘lini topding… Hoy, qayoqqa ketyapsan? – Brander galstugining uchini tortib, beso‘naqay holatda eshik tomon yo‘naldi. – Shunday ahvolda qayoqqa ketyapsan? Hali isinib olishing kerak.
– Isindim, tashvishlanmang, – qo‘l siltadi Brander, – taksi to‘saman.
– Sen albatta doktorga ko‘rinishing kerak…
– Albatta uchrayman, – deb va’da berdi Cheyt va koridorga chiqdi.
Brander cho‘ntagidagi Frenk Kums kvartirasi kalitini ushlab ko‘rdi va lift tugmachasini bosdi. Kabinaga kirib, “P” tamg‘asini bosdi.
Kums kvartirasiga kirgan Brander chiroqni yoqmadi. U shkafdan palto, sharf va shlyapasini olib, ayvonga chiqadigan ikki qanotli eshik yoniga borib uni qiya ochib qo‘ydi. Qaytib divanga o‘tirdi va kuta boshladi.
Tun yarmida ochilayotgan eshik ovozini eshitgan Brander o‘rnidan turib, shoshilmaygina yotoqxona tomon o‘tdi. Sarxush Frenk Kums kirib kelib qorong‘ida nimagadir qoqilib, paltosini polga tashladi. Chiroqni yoqib ayvonga qaradi va hoholab kuldi. Ayvon eshigi qiya ochiq turganini sezib, xirillab ming‘irladi.
– Qaysi iblis…
U eshik oldiga borib uni lang ochdi va ayvonga chiqdi.
– Brander, qayerdasan?
Shu payt Brander yotoqxonadan chiqib, eshikni yopib qo‘ydi.
– Brander! – sarosimada qichqirdi Kums. – Ey xudo, Brander, och!
Cheyt kuldi:
– Antennalarga osilishni o‘ylama. Bu befoyda. Bu kecha hech kim televizor ko‘rmaydi.
– Cheyt! Cheyt! Ey xudo! Qo‘yvor meni ichkariga!
…Birinchi qavatga tushgan Cheyt osmonga xo‘mrayib qarayotgan darbonga bosh irg‘adi va avzoyini ko‘rib:
– Tun chatoq keldi, – dedi.
– Borgan sayin havo ayniyapti, – deb ming‘irladi darbon osmonni ko‘rsatib. – Ko‘rdingizmi, bu nimaning daragi?
– Nimaning? – deb so‘radi Cheyt o‘zi ham osmonga qarab.
– Qor, – deb tushuntirdi darbon.
– Yomg‘ir aralash qor, – deb uning so‘zini to‘g‘riladi Cheyt Brander va eshikni yopib chiqib ketdi.

Rus tilidan Mo‘ydinjon Abdumajidov
(Qirg‘iziston, Jalolobod) tarjimasi.