1
Shu paytgacha biror inson o‘layotganini ko‘rgan emasdim. Otam vafot etganida men hech narsaning farqiga bormaydigan yosh bola edim. O‘sha kuni keksa buvimning uyida edim. Ertasiga uyga qaytgach, bor-yo‘q bilgan narsam – otam vafot etgani bo‘ldi. Shu sababdan o‘gay otamning o‘limi men uchun yangi bir narsa edi. Yo‘q, bu o‘sha kuni men siqilganim uchun emas. Chunki mening yoshimdagi bolalar uylarida to‘y bo‘lyaptimi yoki azami farqlamaydilar. Har ikkala holatda ham ularni qiziqtiradigan narsa uydagi turmush tarzining o‘zgarishi, to‘satdan yuz bergan voqealar tufayli ularga beriladigan erkinlik, mehmonlarning ko‘pligi, hamma yoqda chiroqlarning yoqilganligi, ovqatlarning xilma-xilligi va nihoyat, uy atrofida to yarim tunga qadar uxlamaslik.
O‘sha kezlarda men xususiy maktabning oddiy o‘quvchilaridan biri edim. Maktab va uyimizni bir tor ko‘cha ajratib turardi. Tanaffus paytlarida u biz uchun teatr sahnasi bo‘lsa, darslar tugagach, asrdan keyin o‘yin maydoni vazifasini o‘tar edi.
O‘sha paytlarda menga o‘gay otam (tabiiyki, vafotidan oldin) doimo shunday der edi: – “Men-ku, hech bir korga yaramayman. Bundan keyin ham hayotda ishim yurishmaydi va kimgadir dardisar bo‘laman”. So‘ng oppoq soqolini silar ekan, so‘zida davom etib, – “Agar omading yurishsa, mana shu soqolimni olib tashla!” – der edi. Ba’zan esa bu gapini boshqacha qilib, – “Ishlaring yurishib, omading chopgan kuniyoq mening qabrim ustiga “choptirib” yubor”, – der edi. Aynan shu gapi meni qattiq hayratlantirar va ko‘pincha noqulay ahvolga solar edi. Qabr haqida hech qanday aniq tasavvurga ega bo‘lmasam-da, qanday qilib bir inson boshqa bir inson qabri ustida bunday ish qilishi mumkin deb boshim qotar edi. Ba’zan o‘zimga o‘zim der edim: – “Qabr ustida “choptiradigan”lar ko‘pmikan? Bunaqalar qayerda ekan?” Shubhasiz, u uzoqda. Chunki men masjidga ketish yo‘limda ham, buvimning uyiga borishda ham qabriston yonidan o‘tmas edim.
Mening ko‘pincha noqulay ahvolga tushishimga sabab bo‘ladigan ana shu soqoliga biror narsa bo‘lishini – oldirib yuborishini yoki o‘zi to‘kilib ketishini xohlar edim. Shunda men ham qutulardim. U soqolsiz qanday ko‘rinar ekan?.. Ba’zan bolalar xafa qilishsa, unga aytib berardim. Ko‘pincha, uning o‘limini xohlab, qabri ustida u aytgan vasiyatni bajargim kelardi. Bolalik mehrim jo‘shib, ana shu fikrlarning yuz berishidan qo‘rqib, ko‘pincha yig‘lagancha uning bo‘yniga osilib, soqolidan silab qo‘yar edim.
2
Uy ichidagi biz uxlaydigan karavotdan biroz balandroq bo‘lgan yog‘och supaga o‘gay otamning jasadini qo‘ydilar. Murdaning qo‘llari ko‘ksiga qo‘yilgan edi. Uning qarshisiga kelib turgan bir kishini ko‘rganimda vujudim bir g‘alati bo‘lib ketdi. U juda uzun bo‘yli bo‘lib, beliga o‘ngib ketgan ko‘k belbog‘ bog‘lagan, oyog‘iga esa shu kunlarda juda kam uchraydigan panjali eski poyafzal kiyib olgan edi. U qo‘llarida idishdan iliq suv olib jasad ustiga quyar, nimalarnidir o‘qir, g‘udurlagan so‘zlarini men tushunmas edim. Eshik orqasida onam, xolalarim va yana juda ko‘p men tanimaydigan ayollar uvvos solib yig‘lashar edi. Yig‘i-sig‘i shu qadar avjiga chiqdiki, hatto bir ayol ko‘p yig‘laganidan hushidan ketib qoldi. O‘rtadagi kishi ularga e’tibor ham bermas, ahyon-ahyonda ishini to‘xtatib, yengini shimarar va “Allohga tasbih aytinglar! Ey odamlar, Allohga tasbih aytinglar”, – der edi. Yig‘i-sig‘i yanada avjiga chiqar, hatto onalarining ko‘kraklariga bog‘langan go‘daklar ham yig‘lay boshlardilar. O‘sha lahza ko‘zlarim jiqqa yoshga to‘ldi. Qo‘limdan kelsa-yu, bir narsa qilib yuborsam, lekin nima qilish kerakligini o‘zim ham bilmas edim. Bir muddat o‘zimni yig‘idan tiyib turdim, so‘ng ich-ichimdan o‘zimni tutib turolmaydigan darajada o‘kirik kelib, baland ovozda yig‘lab yubordim va mayyit yuvishgan uzun dahlizdan o‘tib, ko‘cha tomon otilib chiqdim. U yerda menga o‘zimdan kattaroq yoshdagi bola tashlanib qoldi. U bilan ilgari ham urishgan edim. Biz avval rosa mushtlashdik. Keyin u boshimga va ko‘ksimga mushti, tizzasi va hatto boshi bilan ura boshladi. Men esa hech narsa qila olmay yig‘layverdim. Shu asnoda dafn marosimiga yig‘ilganlar tashqariga chiqib, uzun bir saf bo‘lib turdilar, so‘ng mayyit qo‘yilgan tobutni tashqariga olib chiqdilar. Uni to‘rt kishi ko‘tarib chiqib, uy oldidagi yerga qo‘ydi. Fotiha surasi o‘qildi va bir kishi baland ovozda: “Inshoolloh, yaxshilar qatorida bo‘lsin!” – der ekan, yana bir bor yig‘i-sig‘i ko‘tarildi. Onamning va qo‘shni ayollarning yig‘isi… Janozaga yig‘ilganlar mayyitni ko‘tarib yura boshladilar. Men esa turgan joyimda nima qilishim kerakligini bilmay qotib qoldim. Kishilarga ergashsammikan yoki uyga qaytib kirsammikan? Soniyalar o‘tib borar, odamlar esa borgan sari uzoqlashar edilar. Yig‘i ovozi ham pasaygandek bo‘ldi. Birdan men tobut ketidan chopishga qaror qildim.
Men oyoqyalang va boshyalang edim. Yugurgancha ularga yetib oldim. Odamlar borgan sari ko‘payib borar edi. Ular orasida savdogarlar ham, boshqalar ham bor edi, ular asr namoziga ulgurish uchun masjidga shoshilar edilar. Ketayotganlarning deyarli har biri mayyitni ko‘tarishda ishtirok etardi. Masjidga kirar ekanmiz, boshqa eshikdan yana bir mayyit ko‘tarib kelayotgan izdihomga duch keldik. Shunday qilib, janoza nafaqat bir mayyitga, balki olib kelingan boshqa mayyitlarga ham o‘qildi.
Bu men hayotimda birinchi bor ishtirok etgan janoza namozi edi, lekin oxirgisi bo‘lmadi. Esimni tanigan kezlarimda masjidda janozasi o‘qilayotgan har bir mayyitni, ayniqsa, uni dafn etishga yig‘ilgan qarindosh-urug‘lari va do‘stlari ko‘p bo‘lmaganida oxirgi joyigacha olib borishga niyat qildim.
Mayyitni tez sur’atda masjiddan tashqariga qo‘lma-qo‘l qilib olib chiqishdi, bunda masjid eshigidan chiqayotgan har bir kishi ishtirok etdi. Ular mayyitni ko‘tarib qabriston tomon yurishar va orqada ancha odamlar borar edi. Ba’zi kishilar boshlariga “jubba” kiyib olishgan, bu esa ularning marhum qarindoshlaridan ekanligini bildirib turar edi. Vaholanki, men uning eng yaqin kishisiman, biroq menga hech kim parvo ham qilmasdi. Qarindoshlar ichidan esa men faqat bir kishini, o‘gay otam “tog‘a” deb murojaat qiladigan qariyani tanir edim.
Qabr atrofida mayyitni yerga qo‘yishda ishtirok etish uchun odamlar to‘plandilar. Men ham biror narsani o‘tkazib yubormaslik maqsadida atrofimdagilarni turtib-surtib, qabr chetiga o‘tirib oldim va o‘sha kundan buyon qalbimda yashab kelayotgan manzaraning shohidi bo‘ldim. Qabr zulmatida uning yuzi ochilib, qabr og‘ziga katta toshlar qo‘yilishidan oldin so‘nggi bor ko‘rgan narsam uning ko‘ksiga qadar yoyilgan oppoq soqoli edi. Yig‘ilganlar uning qabriga tuproq tashlay boshladilar.
O‘sha kuni tunda men odatim bo‘yicha – har doimgidek osonlikcha uxlay olmadim. Yo‘q, aslo o‘gay otamga achinganimdan emas. Rostini aytsam, men unga unchalik achinmadim. O‘ylaymanki, o‘gay otam vafotiga birorta odam, hatto onam ham u darajada kuyunmadi.
Uch kunlik azadan keyin maktabga qaytdim va meni o‘rab turgan muhit o‘zgarganini sezdim. O‘qituvchi meni bir necha kungacha urmadi, aksincha, unga tengdoshlarimning biri ustidan shikoyat qilganimda, uni jazolab, kaltakladi. O‘rtoqlarim ham meni har kuni ertalab o‘rab olishar, janoza, mayyit, g‘assol va qabrlar haqida so‘rab-surishtirishar edi. Men esa ularga bolalarcha xayollarim yordamida turli hikoyalar va shuningdek, buvimning o‘gay otam o‘limidan uch kun oldin bir qora itning tinimsiz hurigani haqidagi gaplarini so‘zlab berar edim. Yana har gal takrorlaganimda o‘zimdan yangiliklar qo‘shib gapirib berar edim. Tengdoshlarim esa eshitishdan zerikishmas edi.
3
O‘sha payt yoshim aniq nechada bo‘lganini bilmayman. Haqiqiy yoshimdan kichikroq ko‘rinishimni bilsam-da, hozirgi lahzagacha yoshim nechadaligini bilmayman, chunki, yetti oylik tug‘ilgan ekanman. Yana shuni bilamanki, men arafa kuni tug‘ilgan ekanman. Balki onam hajga ketayotganida minib olgan tuya harakati mening dunyoga kelishimni tezlashtirib yuborgandir. Yana shuni bilamanki, men borayotgan maktab hayotimdagi birinchi ilm maskani emas, undan oldin ikki maktabni ko‘rganman. Birinchisi “qizlar maktabi” bo‘lib, meni u maktabga harf o‘rganishim uchun berishgan edi. Biroq bir necha oydan keyin oyimning: “Hozirgacha nima o‘rganding?” – degan savollari meni boshqa maktabga o‘tishimga sabab bo‘ldi. Men oyimning savollariga: “Hech vaqo surasini o‘rgandim” – deganimda hayratlanib: “Nahot, shu paytgacha “Alhamdu”ni o‘rganmagan bo‘lsang?” – deb ko‘kragimga urgandilar. Keyin o‘g‘il bolalar o‘qiydigan boshqa maktabga o‘tganimda esa, men “Alhamdu” va boshqa suralarni yodlashga harakat qildim. Lekin o‘sha “Hech vaqo” surasi hali ham yodimdan chiqmagan. Oltmish yildan ko‘proq vaqt o‘tibdiki, oldin qanday aytgan bo‘lsam, hatto hozir ham shunday qaytarib bera olaman:
“Alif ustida hech vaqo
Be ostida bir nuqta
Te ustida ikkita…”
Faqat “Alhamdu” surasidan keyingina, undan oldin emas, men harflarni tanib oldim, ya’ni, “b” va “t” harflarining nuqtalarini farqlay oldim. Ammo, kiyik so‘zidagi birinchi harfni eslab qolish uzoq vaqt menda qiyinchilik tug‘dirdi. Men buning sababini bizning atrofdagi mintaqada biron kiyikning yo‘qligida yoki menga kiyik nima ekanligini tasvirlab bera oladigan biror-bir insonning o‘zi yo‘qligida deb bilgandim. Shuning uchun o‘sha harf yo‘liqqanda xato o‘qiyotganimni ustoz payqamaydigan usulni o‘ylab topdim. Har safar shu harf bor so‘z uchraganda o‘sha harfni chaynalib o‘tib ketardim. Shunisi qiziqki, men lozim bo‘lgan talaffuzni emas, balki o‘zim o‘ylab topgan usulni eslayverar edim.
Biz “abjad”, “havvaz” dan tortib qo‘zichoq sherga suvni loyqalatgani, shuningdek, qarg‘aning boyo‘g‘liga taqlid qilgani haqidagi hikoyalarni, o‘qituvchimiz tanlagan va harf bilishimizni isbot etadigan beshta hikoyani o‘qib tugatmagunimizga qadar shu yoz maktab yopilmasligi va harflarga yana qaytilmaslikni qasam ichib aytgandan so‘ng, ana shu hikoyalarni o‘qishda biridan ikkinchisiga osonlikcha o‘tar edik.
O‘sha yil nihoyasida, ya’ni xususiy tayyorlov maktabiga o‘tmasdan avval biz tantanali ravishda alifbe bayramini o‘tkazdik. Hammaga bir bo‘lakdan shirinlik tarqatildi. U shakar va undan tayyorlangan bo‘lib, qizil rangga bo‘yalgan edi. Uni “batasa” holvasi deb atashardi.
Boshlang‘ich maktabdagi o‘quv yili mening keyingi maktab bilan bog‘liq bo‘lgan hayotimda hal qiluvchi asos ekanligini isbotladi. Bu yerda “To‘g‘ri o‘qish” kitobini o‘qiy boshladim. Men uni birinchi bor “Yog‘och o‘qish” kitobi deb o‘qigan edim. Ikki so‘z orasida qanchalar katta farq bo‘lishiga qaramay, nega bunday o‘qiganimni haligacha bilmayman.
Xususiy tayyorlov maktabiga o‘tganimda, o‘sha yil nihoyasida o‘gay otam vafot etgan edi, men boshlang‘ich va o‘qiyotgan maktabim o‘rtasidagi katta farqni sezdim. Birinchisida faqat bitta xona bo‘lsa, keyingisi uchta xona va hovlidan iborat bo‘lib, o‘qituvchilar soni oldingisiga nisbatan yuz foiz ko‘p – bitta emas, balki ikkita edi. Bu maktabda faqat ikkita muallim bo‘lib, darsni almashib-almashib o‘tishar, shuning uchun uchta sinfning bittasi sinf sardori tomonidan boshqarilar, bunda o‘rnatilgan nizom quyidagicha edi: birinchi dars soatida ikki mudarris ikkinchi va uchinchi sinfga dars o‘tishar, birinchi sinf esa bo‘sh qolar va uni sinf sardori boshqarib turar edi. Ikkinchi dars soatida o‘qituvchilarning biri birinchi sinfga kirar, bo‘sh qolgan sinf yana sardori tomonidan idora qilinar edi. Kutilmagan holatlarda ba’zi bir badavlat hojilar maktabga xayru ehson qilish niyatida kelib qolishar edi.
Shayx Ishoq maktabimizning mudiri va uning egasi, hamda ikki o‘qituvchining biri edi. U uchinchi sinf huzurida bo‘lardi, chunki mehmonlar o‘sha sinfda ko‘proq turib qolishar va o‘quvchilarga tajvidning ba’zi qiyin qoidalaridan savollar berishar edi. Shayx Ishoq esa, tashrif muvaffaqiyatsiz tugamasligi uchun bu savollarni o‘zi yaxshi deb bilgan o‘quvchilarga yo‘llashga intilardi.
4
O‘shanda bizning ismlarimiz ichida g‘aroyibi uchramas, ko‘pi “hamd“* ma’nosida va boshida “Abdu” bilan boshlangan, ba’zilari esa payg‘ambarlar, farishtalar, solih bandalarning nomlari edi. Lekin maktab ichkarisida biz, aniqrog‘i, ba’zilarimiz o‘z ismlarimiz bilan chaqirilmas edik. Qodir egamning qudrati bilan otlarimiz boshqa laqablar – masalan: “naynov“,“nodon“,“ko‘kko‘z“ kabilarga aylanib ketardi. Qattiq jahl chiqqanda bu laqablar oldiga boshqa sifatlar qo‘shilar, masalan, “ko‘kko‘z – musulmonlar dushmani” deb atalar edi. Bir necha oydan so‘ng yuqoridagi laqabni olgan o‘quvchi oramizda faqat “musulmonlar dushmani” deya tanilardi. “Nodon“ laqabining egasiga keladigan bo‘lsak, boshqa xususiy tayyorlov emas, balki xususiy maktabga o‘tgunimizga qadar shu ism bilan yurdi. Keyin uning o‘sha yerdagi ismi “ad-Duhl“, ya’ni “Nodon” bo‘lib qoldi. O‘sha paytda Ahmadni, ya’ni o‘sha “Nodon”ni butun umr shu laqab bilan chaqirilishini tasavvur qilmagan edim. Yaqinda vafoti paytida Makkadagi kiyim-kechak fabrikasi ishchilari ro‘yxati qatorida uning ismi quyidagicha yozilganini topdim: “farrosh Ahmad Nodon”. Qo‘yilgan laqablarning ko‘pi – hammasi ham desa bo‘ladi – o‘zimizning yurish-turishimiz, fe’l-atvorimizga qarab qo‘yilar, ma’nolari ham aniq yoki deyarli tushunarli bo‘lardi. Faqat tengdoshimiz Sufyonga qo‘yilgan bir laqab bundan mustasno edi. Shayx Ishoq uni “harom tomchi” deb atagan edi. Bolalarning birortasi ham o‘sha kezlarda “tomchi”ning ma’nosini tushunmas edi. Uning laqabini sekin-asta boshqa so‘zga almashtirgandilar va oqibatda uning ismi shar’iy tomondan yomon so‘z bo‘lib qoldi. O‘sha Sufyon mashhur laqabni bejiz olmagan edi. Bu laqab unga dars soatlari davomida, tanaffus paytlarida, darsdan keyin uyga qaytgunga qadar bo‘lgan vaqtlarda, balki uyining ichida va hattoki tushida ham qilgan qilmishlari evaziga berilgan edi.
Sufyon maktabga kelar ekan cho‘ntagi o‘shanda “nabaq” deb nomlangan o‘simlikning kichik-kichik mevalari bilan to‘la bo‘lardi. Birinchi dars boshlandi deguncha, mevasini yeb, danagini payt poylab birin-ketin sinfdagilarga, hatto o‘qituvchimizga ham qarata otardi. Chaqimchilikka esa hech kim botina olmasdi. Ba’zan uni deb sinfning hamma o‘quvchilari kaltak yeyishar, chunki o‘qituvchi haqiqiy bezorini topolmas, uning nomini esa hech kim sotmas edi. U yana dars soatlari o‘rtasida biz yozadigan taxtachalarning chidamliligini sinash maqsadida bir-biriga urar va nihoyat, sindirib, sinf o‘rtasiga shundog‘icha tashlab qo‘yardi. Yana boshqalar bilan janjallashishni qo‘msab qolsa, burchakka ko‘rinmaydigan bo‘lib turib olar, oldidan biror o‘quvchi shoshib o‘tguday bo‘lsa, uni chalib yiqitardi. Qarabsizki, urish boshlanar va u xursand bo‘lardi. Har kuni janjallashishda yangidan-yangi san’atlarini namoyish etardi.
Shayx Ishoq maktabga oq ko‘ylak, oq “sutra” va ularning ustidan kulrang “jubba” kiyib, boshida salla bilan kelar edi. Jubbasini taxlab, kichik sandiqqa solib qo‘yar, u yerda yana bir necha rangli bo‘rlar va boshqa o‘quv va ko‘rgazmali qurollar va shuningdek, shayxning kaltagi ham saqlanardi. Hech kim Sufyon qanday qilib shu sandiqni ochganini bilmaydi. U jubba ustiga gugurt cho‘pini yondirib tashlabdi, natijada bir majidiy riyollik tangadek teshik hosil bo‘libdi. Bu ishni u qilayotganini hech kim ko‘rmaganligiga qaramay, hamma bu faqat Sufyonning ishi deb o‘yladi. O‘sha kuni u maktabdan haydaldi, so‘ng yana qaytib keldi. Bunday holatlar ko‘p qaytarilar va dadasi Shayx Ishoqning oldiga kelib, uning o‘rtasiga tushishi natijasida u yana maktabga qaytib kelardi.
Sufyonning o‘sha shayx orqasida turib olib, uning o‘ziga hech narsani sezdirmay, sallasining uchini katta tugun qilib tukkanining va bolalar o‘rtasida kulgi ko‘tarilganining bir necha bor guvohi bo‘lganmiz. Bir kuni u uzun arqon olib keldi va bir uchiga tosh, ikkinchi uchiga ilmoq bog‘lab, shayximiz ko‘ylagiga ildi-da, o‘zi qochib qoldi. Shayx yurganda haligi tosh orqasidan sudralib ajib bir tovush chiqarardi. Shu va shunga o‘xshash voqealar bo‘lishiga qaramay, Sufyon biz bilan uchinchi sinfgacha to quyidagi “katta voqea” sodir bo‘lgunga qadar birga o‘qidi.
Odamlar tarixiy sana yoki voqealarni nomlashganidek, masalan “fil yili” – o‘sha “mashhur sharafli fil yili” yoki “katta sel” yili, yana “rahmat yili” (ommaviy o‘lim) kabi, mening ham ixtiyorimda shu ish bo‘lganda, bu yilni “xum yili” deb nomlab, tarixga yozgan bo‘lardim. Bu xum hozirgi kundagi gallonlarning* yigirmatasini sig‘dira oladigan kattakon sopol xum edi. Unga tun bo‘yi sovib turishi uchun suv to‘ldirish odatga aylangan edi, so‘ngra undan bolalar suv ichar edilar.
Suvni xumning tutqichiga ingichka zanjir bilan bog‘langan finjonda ichishar va har ehtimolga qarshi unga kichik qulfcha solingan edi. Bir necha bor qulf singan, natijada idish yo‘qolgan edi, shunga qaramay, bu haqda hech qanday gap-so‘z bo‘lmagan edi. Ammo bu galgisi umuman boshqacha bo‘ldi.
Bu qissa, mahalla ahlining ishonchli odamlaridan (shu kungacha hayot bo‘lganlarini nazarda tutyapman) eshitishimcha, quyidagicha sodir bo‘lgan edi. Maktab mudiri va egasi bo‘lmish shayx Ishoq kunlardan bir kuni ertalab odat bo‘yicha maktabga keladi. Hovliga kirgach, to‘satdan xumning joyida yo‘qligini ko‘radi. Bu shayx uchun kutilmagan, hatto xayoliga ham keltirmagan voqea edi. Shayx Ishoq xum yo‘qolgan va nam bo‘lib qolgan joyga borib bir necha daqiqa hayratlanib tikilib turadi, miyasiga hech qanday fikr kelmagach, voqeani ochib bera oladigan biror ilinj topish istagida sinfxonalarga birin-ketin kiradi. Bundan bir naf chiqmagach, yanada bezovtalana boshlaydi va hech qanday natijasiz u xonadan bu xonaga kirib chiqishda davom etadi. Birozdan so‘ng ko‘chaga chiqib turadi. Mahalla ahlidan birontasi o‘tib qolsa, qo‘lidan ushlab hovliga olib kirar, keyinroq tanilishni boshlagan joy, ya’ni xum turgan yerni ko‘rsatardi. Ularning ba’zilari bundan bexabarligini, hovli va undagi bor narsalarni oldin ko‘rmaganligini aytib, nima bo‘lganini so‘rab-surishtirardilar. Shayx javob berar ekan, hatto kecha ham xum joyida turganligini ta’kidlab, so‘nggi bor ko‘rganda qanday bo‘lganligini tushuntirardi. O‘quvchilar maktabga kela boshlagach, u maktabga kiraverishda turib olib, har bir o‘quvchidan alohida-alohida “Xumni ko‘rdingmi?” – deb so‘radi. Agar rad javob bersa, (hamma bola ko‘rmadim deb aytdi) qo‘lini ochib turishni buyurib, ikki marta qattiq ham emas, sekin ham emas, o‘rtacha zarba bilan xivichlab o‘tkazdi. Bu ishni nihoyasiga yetkazgach, o‘quvchilar to‘plangan hovliga yana bir bor kirib hammaga qarata: “Xumni ko‘rdilaringmi?” – deb so‘radi. Hech kim indamagach, savolini yana qaytardi. Bolalar hech narsa qilmaganliklarini aytishdi. Shayx bolalarga uylariga jo‘nashlarini buyurdi. O‘zi va boshqa o‘qituvchi maktab ichkarisida qolishdi, keyin ikkovlari maktabning tashqi eshigini berkitib, biroz muddat jim qolishdi. Keyin shayx-mudir sherigiga o‘girilib: “Bu o‘sha, faqat Sufyon bo‘lishi mumkin, boshqasi emas”, – der ekan, bolalardan eshitgan Sufyonga nisbatan ishlatiladigan haqoratli so‘zlarni “ha… bola” deb aytdi. O‘qituvchi xumning Sufyondan kattaligiga va Sufyon uni o‘rnidan ko‘tarolmasligiga shayxning e’tiborini qaratgan edi. Shayx:
– Shaytonning kishi xayoliga kelmaydigan uslublari bor, – deb aytdi va, – men bunga ishonaman, – deb ta’kidladi.
Maktab ikki kun mobaynida yopiq turdi. Bu ikki kun ichida bir necha yig‘ilishlar bo‘lib o‘tdi. Oxirgisi Sufyonning otasining uyida bo‘ldi. Bo‘lib o‘tgan voqeada o‘g‘lining javobgar bo‘lishi mumkin emasligini aytib, shu bilan birga yo‘qolgan qadrli xumning o‘rniga boshqasini sotib olish uchun hammaning imkoniyatiga yarasha pul berishini taklif qildi va o‘zi birinchi bo‘lib berdi. Lekin shayx Ishoq o‘ylanib turib, bu taklifni faqat bir shart – Sufyonning umuman maktabga qaytmasligi sharti bilan qabul qilishini aytdi. Sufyonning otasi qarorning adolatli emasligi haqida ochiq-oydin e’tiroz bildirib, agar shayx o‘z fikrida turib olsa, bergan pulini qaytarib olishini aytdi. Hamma shayxni fikridan qaytarishga urindi, lekin u o‘z gapida turib oldi. Yig‘ilganlar biror qarorga kelmagani holda majlis tarqadi. O‘sha kuni mahalla masjidida xufton namozidan keyin mahallaning obro‘li odamlari yig‘ildilar. Ikki kundan buyon bolalarni ko‘chaga tashlab qo‘yish oqibatida ularga yetgan zararlar va bo‘lib o‘tgan ish yuzasidan fikr almashdilar va Sufyonni qurbon qilishga qaror qildilar. Kerakli mablag‘ni to‘plab shayxga berdilar. Ertasiga ertalab shayx kulolchilik zavodiga yo‘l oldi. Qaytib kelar ekan, orqasida nubiyalik hammol oldingisidan ko‘ra biroz kattaroq va oppoqroq bo‘lgan yangi xumni ko‘tarib olgan, shayx esa o‘zida yo‘q xursand edi.
Masalani mahalla va uning kattalari hal qilishlariga qaramay, ba’zilar Sufyonning yoniga tushishda davom etishdi. Ularning vositachiliklari doimo rad etilardi. Shuning o‘zigina emas, balki shunday vositachiliklarning birida shayx, Sufyonning oxir-oqibati Yusuf Siddiq payg‘ambarning zindondagi ikki yo‘ldoshidan birining xotimasi kabi yakunlanishini bashorat qildi va boshqa hech narsa demadi, bu esa uning nima demoqchi ekanligi haqida turli gap-so‘zlarning kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.
Keyinchalik haqiqatning tagiga yetish fikri meni tinch qo‘ymadi, bir necha yildan so‘ng hayoti fojiali tugashi haqida bashorat qilingan va aybdor deb topilgan Sufyon bilan uchrashganimda, bor haqiqatni bilish uchun bo‘lib o‘tgan ishda uning qo‘li bor yoki yo‘qligini so‘radim. U esa bu ishda qo‘li borligini e’tirof etib, voqeani tushuntirib berdi. Bir kuni katta toshni maktabga olib kirib, asrgacha o‘sha yerda qoldiribdi. Keyin o‘sha toshni xumning o‘rtasiga tashlabdi. Xumda suv yo‘q ekan, u ikkiga bo‘linibdi, yana bir bor toshni tashlagan ekan, to‘rt bo‘lakka bo‘linibdi. Bo‘laklarni birin-ketin devor ustiga qo‘yib quyosh botayotganda devor osha tashqariga chiqibdi va maktabga yaqin tashlandiq joyga o‘sha bo‘laklarni olib borib tashlabdi. Aytishicha, o‘sha bo‘laklar bir necha yil davomida o‘sha yerda yotibdi. Keyin nima bo‘lganini u ham bilmaydi.
5
Sufyon bilan bo‘lib o‘tgan va kelajakda bo‘ladigan voqealarga qaramay, uning maktabdan haydalayotganiga boshqalar kabi xursand bo‘lmadim va uni haqorat qilganlarga qo‘shilmadim. Chunki Sufyon meni nimasi bilandir o‘ziga tortardi. Haqiqatan ham men uni yoqtirardim. Ko‘pchilik zamonamiz yoshlarining o‘rtasidagi munosabatning yaxshi yoki yomonligi haqida aytish mumkin bo‘lgan g‘arazli fikrlarga qaramay, haqiqat haqiqatligicha qoladi. Sufyon esa, jo‘shqinlik manbai va o‘zi amalga oshirgan yirik kashfiyotlarning sababchisi bo‘lib qoladi. Bugun odamlar portugaliyalik Magellanning dengizdagi sarguzashtlarini eslagan bo‘lsalar, makkalik Sufyon quruqlikdagi sarguzashtlar bo‘yicha odamlarning birinchisi bo‘ladi. Axir menga: “Bu dunyo sen o‘ylaganchalik, mana bu yo‘lka Abu Qubays va Yetti qiz tog‘lari oralig‘ida bo‘linib, yanada torayib, har biri yo o‘ngga yo chapga – bora-bora u yoki bu toqqa to‘g‘ri keladigan torko‘chadan iborat emas”, – deb gapirgan u emasmidi?! Meni birinchi bor qorong‘i “Safo ayvoni” orqali “o‘g‘rilar”, “Abu Lahab” va boshqa tepaliklar osha to “Jinlar hibsxonasi”gacha bo‘lgan bir necha soatlik yo‘llardan keng dunyoga olib chiqqan o‘sha emasmidi?! To‘g‘ri, men jaziramada yuraverib, oxir-oqibat, oyoqlarimda jon qolmagani sabab o‘sha kecha isitmalab chiqqan edim. Biroq kashfiyotlar lazzati va yana bir bor uyga qaytishdagi yoqimli his charchoqlarni yengib o‘tar edi. Birinchi kashfiyot-sayohatimizda, unga e’tiroz bildirgan bo‘lsam ham birga bordim. Makkaning yuqori qismidagi “Jinlar hibsxonasi”ga yetib kelgan chog‘imizda – qaysi jinlar u yerda mahbus ekanliklarini bilmasdim – o‘sha yerdagi kichik qahvaxonada o‘tirishni taklif qildi. Lekin qahvaxona egasi yoshimiz kichikligi uchun bizni kiritmadi. Qahvaxonani tark etishdan boshqa chora qolmadi va men uning ortidan ergashdim. Birozdan so‘ng qaytib borib, bu safar qahvaxona egasining o‘g‘li bilan uchrashdi va unga onamiz qahvaxona orqasidagi bir joyda o‘tirganini, ayolligi tufayli birga kelolmaganligini, unga biroz suv yoki choy kerakligini tushuntirdi. Bola uning aytganlariga rozi bo‘lgach, Sufyon unga haqini berib, choyni oldi. So‘ng qahvaxonadan uzoqroq joyda taqdirning menga o‘xshaganlarga bergan imkoniyatidan mamnun bo‘lib o‘tirdik. Ketmoqchi bo‘lgan edik, u kichik idish va stakanlarning barchasini chilparchin qilib sindirib tashladi-da, so‘ng qo‘limdan sudragancha olib ketdi. Mening nazarimda bunday qilishga hech qanday hojat yo‘q edi. Lekin…
Oradan bir necha kunlar o‘tdi, bu orada uni ko‘rmadim. Balki, har holda, shunisi yaxshi bo‘lgandir. So‘ng yana yangi sarguzashtlar bilan qaytdi. Lekin ular uncha ahamiyatli emas, “Jinlar hibsxonasi”dagi o‘tkazgan o‘sha tunda his qilgan hayratchalik qalbimda iz qoldirmagan edi. Juma kuni edi, Sufyonning kelgani yodimdan chiqmaydi. Ertalab eshigimiz taqilladi. U menga hayotimda ko‘rmagan narsamni ko‘rsatishini aytdi. Rozi bo‘ldim va bir necha daqiqa birga ketdik. So‘ng u chap tomonga burilib, meni “Hamidiya” nomli katta binoning orqa eshigidan kiritib yubordi. O‘sha binoning oldi va orqa eshigida boshdan-oyoq qurollangan ikki askar turardi. Lekin o‘shanda “qurollangan” so‘zining ma’nosini bilmas edim. Dahlizda oynali ramkalarda ostiga egasining ismi yozilib osib qo‘yilgan suratlarni ko‘rsatdi. Bu narsalar meni qiziqtirmadi. U yerda makkaliklarga isyonlari bilan tanilgan bir necha odamlarning ismlari va suratlariga ishora qildi. Ularni “XIV asr isyonchilari” deb atasa ham bo‘lardi. Hali hayotimda uchratmagan biror narsa topmagandim, lekin u meni shoshmasligimni aytdi va men bilan yura boshladi. So‘ng yuqori qavatga olib chiqadigan zinalarga o‘tirdik. Birdan shovqin eshitilgan tomon – masjidga qaragan peshayvon tomon otildim. Binoning old eshigida haqiqatan ham ilgari ko‘rmagan narsamni ko‘rdim. Bir insonning boshini qilich bilan kesilayotganini ko‘rdim. Ko‘z o‘ngimda… Agar qum ustida turgan bo‘lganimda, rivoyatda aytganlaridek, oyoqlarim botib ketgan bo‘lardi. Qattiq joyda turganim uchun to‘xtovsiz qaltirashdan u yog‘iga o‘tmadim, hatto kuchsizlanib, yarim hushdan ketgan holda yiqildim. O‘sha kuni Sufyon haqida aytilgan gaplar men uchun o‘z tasdig‘ini topganday bo‘ldi.
Onam bo‘lib o‘tgan voqeadan bexabar edilar. Qayoqdan ham bilsinlar deysiz. Ularga aytmagan edim. Boshim aylanayotganini va ko‘nglim ayniyotganini aytib qo‘ya qoldim. Haqiqatan ham o‘zi shunday bo‘lgan edi. Sekin-asta yaxshi bo‘layotganimni va xavotirga o‘rin yo‘qligini uqtirdim. Onam boshlarini sarak-sarak qilib qo‘ydilar. Har doim biror sharoit yoki voqea haqida nima deyishni bilmaganlarida shunday qiladilar. Agar mubolag‘a bilan gapiruvchilar xilidan bo‘lganimda edi, o‘sha mashhur juma kunidan keyin ko‘rayotgan dahshatli tushlar haqida gapirib bergan bo‘lardim. Lekin bulardan birortasi sodir bo‘lgani yo‘q. O‘sha tuni faqat bir tush, u ham bo‘lsa do‘stim Sufyonni ko‘ribman. Tushimda men emas, balki Sufyon qayt qilayotgan edi. O‘sha tush mazkur juma kundan keyingi shanba kuni ruhiy orom olishimga sabab bo‘ldi. Oradan bir-ikki kun o‘tdi, men Sufyonga nisbatan biror qarorga kelmadim. Balki, ko‘proq hikmatga ega bo‘lgan boshqa qarorga keldim, u ham bo‘lsa qayergaligini bilmay turib, safarga chiqmaslik. Hozir uning kashfiyotlari-yu, ta’sirli suhbatlaridan mahrum bo‘lishimni sezsam-da, meni qayt qilishimga, balki ko‘ngil aynishdan ham battar bo‘lishimga sabab bo‘lib, ko‘p holatlarga olib kelgan “qayerga?” degan so‘z albatta kerak edi. Shunga qaramay, vaqti-vaqti bilan uyimiz ro‘parasidagi kenglikda uchrashib turardik. U bo‘sh paytida nimalar qilayotgani haqida so‘zlab berardi. Maktabdan haydalgandan so‘ng hamma vaqti bo‘sh bo‘lib qolgandi. Biroq, o‘sha paytdagi faoliyatining bir qismiga har kuni o‘zim guvoh bo‘lardim. Uni haqorat qilgan sinfdosh bolalardan qasdini olish maqsadida, tabiiyki, birma-bir, kaltaklashga qaror qildi. Haqiqatan ham Sufyon va’dasini bajardi va hammasini mening ko‘z oldimda urdi. Kunda bitta yoki ikkitasini tutib olib, mushtlar, tepar va shunga o‘xshash usulda kaltaklar edi. O‘sha kunlar mobaynida “men ham ular kabi nasibamni olarmikanman?” – deb qattiq hayajonda edim. “Yoki Sufyon unga bo‘lgan yaxshi munosabatimni saqlab qolganimni e’tiborga olib meni ular qatoriga qo‘shmasmikan?” deb o‘ylardim. Lekin ish men kutmagan yo‘l bilan hal bo‘ldi. Men bilmagan sababga ko‘ra Sufyon Umar amakining o‘g‘lini kaltaklash navbatini eng oxiriga qoldirdi. Uning bu qarorni puxta o‘ylangan tarzda va uzoqni ko‘ra bilgan holda qabul qilganligi isbotlandi. Chunki u Umar amakining o‘g‘lini urgan kechasi tunni Safodagi politsiya markazida o‘tkazdi. U yerda mas’ul ofitser Murod afandi unga tuflab, tepkilab, so‘ng qilgan ishi uchun jazo sifatida uni zim-ziyo xonaga qamab qo‘yibdi. Darhaqiqat, bu ta’sirli manzara edi: Sufyonning qo‘llari arqon bilan bog‘langan, orqasida bir to‘p bolalar va mahallaning ikki tentagi xuddi to‘yda turgandek baqirishardi. Ikkinchi kuni qorong‘u Safo ayvoni ostidan qaytar ekan, derazalar tagidan yurib borardi. O‘sha kuni uni ko‘rganingizda “Falonchining shoxini sindirishibdi” degan iboraning nimani anglatishini bilib olardingiz. Shu paytgacha u dahshatli nishga ega bo‘lgan chayon edi. Kutilmaganda nishi sinib qoldi. Faqat uzoq yillardan so‘ng o‘z shavkatini qaytarib oldi. U tosh ortilgan bir to‘da jonivorlarni qo‘lidagi kaltak bilan haydab borar ekan, go‘yo qurol-aslaha va askarlar bilan to‘lib-toshgan muzaffar qo‘shin qo‘mondoniga o‘xshardi.
6
“Ikki bor yetim bo‘lding-a, bolam”, – derdi Asmo xola qo‘lini ko‘ksiga urar ekan, yana – “hamma odamlar bir marta yetim bo‘lardi, faqat sen… qaysi baxtsiz yulduz ostida tug‘ilgan ekansan-a, bolam?”– deb qo‘shib qo‘ydi.
Uning ovozi ukki ovoziday o‘tkir edi. Lekin men yetimlikni faqat o‘sha kundan, chamasi, yigirma yil o‘tgandan keyingina, ya’ni onam bilan so‘nggi bor vidolashganimda his etganman. Onamning hayotdan ko‘z yumishi o‘sha kuni dod-faryod ichida aytilgan mening haqiqatan ham baxtsiz ekanligimni his ettirdi.
Bir necha bor onam bilan Asmo xolanikida bo‘lganman. U onamning eski do‘sti, mahalla tabibi ham edi. Bezgak, qorin og‘riq kabi kasallarni doimo jur’at bilan qo‘rqmay davolardi. Oyoqlarga kuydirgi chiqsa, oyoqlarni kuydirardi, ba’zida birortasining biqiniga kuydirgi chiqqanda ham shunday davolardi. Hech kim uning botirligi-yu insonlarga bo‘lgan muhabbatiga va qayg‘ularini bartaraf etishdagi yordamiga shak-shubha qilmas edi. Onam ham yuqoridagi sabablarga ko‘ra unga murojaat etib turardilar, shuningdek, u fol ham ochar edi. Onamning ikki bor g‘arq bo‘lishlarini, ya’ni ikki marta turmushga chiqishlari, so‘ng erlarini birin-ketin yo‘qotishlarini ham shu xotin bashorat qilgan edi. Bu onamning taloq bo‘lganlaridan keyin, ya’ni birinchi erlaridan ajrashganlaridan keyin ko‘rilgan fol bo‘lib, son jihatidan uchinchi turmushni bildirardi. Hayotimizda, shaxsan mening hayotimda ham Asmo xolaning ta’siri katta bo‘ldi. Ayniqsa, o‘gay otam vafotidan keyin biz uchun rasmiy maslahatchi bo‘lib qolgan edi. Onam uzluksiz ravishda uning oldiga borar edilar. Haftada eng kamida bir marotaba borib, bo‘lgan voqealarni so‘zlab, ba’zida ko‘rgan tushlarining ta’birini so‘rar edilar. Shuningdek, mening maktabdagi va kelajakdagi ishlarim, qilishim kerak bo‘lgan yumushlarimni muhokama qilishar edi.
Asmo xola o‘sha kuni meni takror yetim bo‘lganimni qanchalar kuyunib gapirmasin, haqiqatda esa o‘gay otam vafotidan keyin mening ahvolim ancha yaxshilandi. Bu yaxshilanishning eng birinchi xushxabari uyimizning bir chetidagi kichik xonadan o‘sha yerdagi ikki asosiy xonaga ko‘chib o‘tishim va o‘gay otamning o‘rnini egallab, onamning yonlarida yotishim, doimo jin va devlar, botirlarning orzu qilgan qizlarini qutqarib, ot ustida bulutlar uzra uchishlari haqidagi shirin ertaklarini eshitishim bo‘ldi. Onamning ertak ayta turib, mayin qo‘llari bilan qalin sochlarimni muloyim silashlari, va nihoyat, shirin uyquga ketishim, bugungi voqealar kechki ertaklar bilan mislsiz ajib moslashgan holda aralashib tushlar og‘ushida qolishim edi.
Bora-bora men onamdan ko‘p narsalar – hayot haqida, shuningdek, o‘zlari haqida ham bilib oldim. Birinchi erlari Irfonbek bo‘lib, u ot minib yurar va o‘sha paytlarda “da’vatchi”, ya’ni mahkamaga olib keluvchi bo‘lib ishlar ekan. Onamning aytishlariga qaraganda u obro‘-e’tiborli kishi bo‘lib, onam unga o‘rganib qolganlariga qaramay, oxiri taloq qilibdi, chunki u, onamning aytishlaricha, bepusht, ya’ni farzand ko‘rishdan ojizligi tufayli, aybni xotiniga, ya’ni onamga ag‘darish maqsadida shu ishni qilgan ekan. Nega siz emas, u sababchiligini qanday bildingiz deganimda, mahalladagi folbin ayollarning ikkitasidan maslahat so‘raganlarini ta’kidlab aytdilar, so‘ng oxiri baxayr bo‘lsin deb tumor taqib olibdilar. Buning o‘zigina emas, balki folbin ayollarning biri onamni tushida ko‘rib, ko‘rgan tushining ta’biri sifatida kelajakda bir necha farzandli bo‘lishlarini aytibdi. Ko‘rinadiki, onam o‘sha tush ta’biri davomida mendan boshqa farzandlari yo‘qligini tushunib yetdilar.
O‘sha oqshomlar mobaynida onamning ikkinchi erlari – otam ilm ahlidan ekanligini bilib oldim. Otam salla va jubba kiyib yurar, onamning ta’birlaricha, ularni ayblaydigan hech narsa yo‘q, faqat katta yoshli, otalari tengi yoki undan ham kattaroq bo‘lgan ekanlar. Onam Irfonbekdan so‘ng otamga “ayol kishi “erkak hidi”siz yashay olmaydi”, degan tushunchaga asosan turmushga chiqishga majbur bo‘lgan ekanlar. Lekin ularning turmushlari uzoqqa cho‘zilmabdi. Tez orada otam vafot etib, onamga mana shu o‘tirgan uyimiz va yolg‘iz o‘g‘il – meni qoldirib ketgan ekanlar. Ko‘rinib turibdiki, otam vafotidan keyin “erkak hidi” tushunchasi onamni o‘gay otam bilan turmush qurishlariga ko‘ndiribdi. Uning o‘sha “hidi”dan boshqa biror narsasi borligi ko‘rinmasdi. Shuningdek, otamning aksi edi: jubba kiymas, tolibi ilmlardan ham emas, balki qassob edi. Ko‘ylak kiyib olib, ilm ahli qilmaydigan ish – beliga belbog‘ boylab olardi.
7
Shar’iy idda tugar-tugamas onam biror joyga chiqish yoki safar qilishni man etadigan to‘siqlarni hal etishga kirishdilar, va nihoyat, meni Madinaga ziyorat uchun olib borishga azm qildilar. Odatdagiday, Asmo xoladan maslahat so‘radilar. U bizga mana shu ziyorat safarida hamroh bo‘lishlikka qaror qildi. Safar qilishda qulay va yagona yo‘l bu tuyalar edi. Mahalladan ziyoratga boradigan va tuyamizni uning karvoniga qo‘shishimiz mumkin bo‘lgan birortasini qidirib topishni Asmo xola bo‘yniga oldi. Darhaqiqat, beshta tuyadan iborat karvon bilan safarga otlangan katta oilani topdi. O‘shanda menga ma’lum bo‘lmagan sababga ko‘ra Asmo xolaga karvonning jo‘nash vaqti yoqmadi va ular bilan boshqa ishi bo‘lmadi. Yana boshqa karvon axtarishga tushdi, va nihoyat, vaqti to‘g‘ri keladigan safarga otlanayotgan karvonni topdi. Bu ikki ayol o‘sha kunlardagi ko‘p urf-odatlarga ishonadigan xilidan edilar. Jo‘naydigan kunimiz Asmo xola uyimizga bir kishini olib keldilar. Nega kelganini dastlab tushunmagan edim. Qizig‘i, u nariroqdagi ichkari xonada yolg‘iz qoldi. U yerda joylashib olgandan so‘ng odatdagiday choy olib kirildi. Ashulaga o‘xshash ovozini ko‘tara boshladi. Asmo xola esa ko‘chaga qaragan deraza va o‘sha kishi o‘tirgan xonaga tutash dahliz o‘rtasida u yoqdan bu yoqqa borib kelardi. Sekin-sekin uning ovozidan rohatlanib tarannum etayotgan so‘zlarini tushuna boshladim – barchasi ziyoratga bog‘liq. “Vassalotu vassalomu alayka…” Va nihoyat, bor jur’atimni yig‘ib, Asmo xola borayotgan derazaga, so‘ng o‘sha kishi o‘tirgan xonaga qo‘lim bilan ishora qilib, birinchidan, ikkalasi o‘rtasidagi aloqani, ikkinchidan, o‘sha kishining kelish sababini bilmoqchi bo‘lganday so‘radim. O‘sha kunlarda yashaganlar o‘sha tong uyimizga kelgan qo‘shiqchi “zohid” ekanligini bilishadi. Bilmaganlar uchun zohid – odamlarni yoqimli ovozi bilan dunyodan qaytarib, Madina ziyoratiga undovchi kishilardir. Asmo xolaning deraza va yo‘lak o‘rtasidagi borib-kelishlari bid’atga qarshi kurashuvchilardan birortasining zohidning ovozini eshitib qolmaganligiga ishonch hosil qilish ekan.
Yoshim ulg‘ayib, esimni taniganimda, onam va Asmo xola qo‘l ostilarida bajargan bid’atlarning ko‘pidan tavba qilganman. Lekin xudo kechirsin-u, o‘sha zohidning “As-salotu vas-salomu” deb hayqirishidagi muloyim va yoqimli ovozini hali unutganim yo‘q.
O‘sha kuni asr paytida sarbonimiz bizga atagan tuyasini yetaklab keldi. Uning ustida “shaqdaf” nomi bilan tanilgan taxtiravon bor edi. Ikki ayolni ikki tomonga, meni esa ularning o‘rtalariga joylashtirdi. Tuya ustidagi birinchi lahzalar qo‘rqinchli bo‘lib “la havla va la quvvata”ni tinmay o‘qirdik. Kishining tuya ustidagi bunday balandlikda o‘zini his etishi har qanday lahzada yiqilib tushishi mumkinligini his qilishi demakdir. Lekin daqiqalar o‘tishi bilan o‘zimizni xotirjam his eta boshladik. Tuyamiz ravon yurib bordi va o‘zimizni yerga qulab tushayotganday his qiladigan hech narsa bo‘lmadi. Ayniqsa, Makka tashqarisida karvonning qolgan qismini ko‘rganda ko‘nglimiz yanada xotirjamlashdi. Uyimizdagi o‘sha zohidni Makka tashqarisida yana ko‘raman deb o‘ylamagandim. U esa atrofdagi ko‘zlarga parvo qilmay ketayotganlarning ziyoratlari qabul bo‘lishini tilab, xushmuomalalik bilan xayrlashardi.
Kelasi kunlardagi ko‘p sayru-sayohatlar bu tekislik yoki u tog‘ o‘rtasidagi erta ketib, kech kelishlar davomida tuya isidan boshqasini his etmadim. Makka va Madina o‘rtasida o‘tkazgan o‘n ikki kun mobaynida karvon orqasida bolalar – ya’ni bolalar deganda men va Suhaylni nazarda tutyapman – g‘ira-shira paytdan to tun ko‘rpasini yoyguncha yayrab o‘ynar, tunda esa “taxtiravon”larimizga qaytardik. Karvon ortidan ergashib, qurib qolgan o‘t-o‘lanlar va ninachilar atrofida sakrashlarimiz, yangiliklar, yoshlik sarguzashtlaridan ham misli ko‘rilmagan lazzatli onlarini baxsh etardi. Tuya ustida uyqu paytida u yoq-bu yoqlarimizning ko‘karishi ko‘zga ko‘rinmas, hatto karvonsaroy nazoratchilarining qilgan do‘q-po‘pisalaridan hech kim shikoyat qilmasdi. Qanday ham shikoyat qilsinlar, axir ular payg‘ambarimiz ravzalarini ziyorat qilgani ketishyapti-ku!
O‘sha safar mobaynida kashf qilganlarimdan yana biri, Asmo xolaning bilishicha “tun ajinasi” edi. U kechki payt karvon yo‘liga chiqib, uni o‘z yo‘lidan adashtirishga urinar ekan. Karvon yo‘lini to‘sib sarbonlar yurishi kerak bo‘lgan manzilga o‘zini ishonchli, nasihatgo‘y qilib ko‘rsatib yo‘l ko‘rsatar, haqiqiy maqsadi esa ularni halokatga boshlash ekan. Hatto ochiq osmon ostida xayoliy qahvaxonalar barpo etar, uzoqdagi karvon chiroqlar shu’lasini ko‘rib, adashgan ba’daviy sarobni suv deb o‘ylaganidek, o‘sha chiroqlar tomon yo‘l olar ekan. Karvonlar qanchalik uzoq yurmasin, o‘sha qahvaxonalar g‘oyib bo‘lar va tuyalar yuklari bilan yo‘ldan adashishar ekan.
Mal’un tun ajinasining tuzog‘iga tushib, halokatga uchraganlar haqida Asmo xola aytib bergan voqealarning son-sanog‘i yo‘q edi. Shuning uchun u tuya ustida kamdan-kam hollarda uxlar, balki sarbonlarning adashib qolishlari, natijada biz va ularning halokatga tushib qolishimizdan xavfsirab uyg‘oqligicha ketar edi.
O‘sha tunlarning birida “Safro” va “Nor” vodiysi oralig‘ida – o‘ylashimcha, tun yaqinlashib borayotgan bir paytda Asmo xolaning:
– Tun ajinasi, tun ajinasi, unga ishonmanglar, u g‘irt yolg‘onchi, – degan o‘tkir cho‘ziq ovozi eshitildi. Uning dahshatli qichqirig‘idan uyqudan uyg‘onib, yerga sakrab yuborishimga sal qoldi. Onam va sarbon Asmo xolani tinchlantirishga harakat qilishar, lekin foydasiz edi. U “Tun ajinasidan ehtiyot bo‘ling”, – deya baqirishda davom etardi. Qanday dahshat! Va nihoyat, sarbonlar karvonni to‘xtatib, tuyamizni cho‘ktirdilar va qaltirayotgan xolamni pastga tushirdilar. Bir piyola to‘la suvni boshidan quyib yuborishgandan keyingina o‘ziga kelgan xolam ularning gaplariga quloq tutdi. Tun ajinasi deb o‘ylayotgani o‘tgan kechada biz tunab qolgan qahvaxonaning sohibi ekanligi, biz jo‘nab ketganimizdan so‘ng qahvaxona o‘rindiqlarining birida biz ishlatgan yopinchiqlardan birining qolib ketganini ko‘rib hamda yo‘qotganimizni bilganimiz zamon uni o‘g‘rilikda ayblamasligimiz uchun orqamizdan tuyada yo‘lga chiqqani va o‘zining aytishicha, omonatni egasiga topshirmoqchi bo‘lganini aytishdi.
O‘sha tundan so‘ng Asmo xolam tun ajinasi haqida so‘z ochmay qo‘ydi. Biroq u kutilmagan voqealar va ta’sirli ma’lumotlarga boy hikoyalar gapirib berishda davom etardi, bu hikoyalari esa men uchun avvalgilaridan ko‘ra qiziqroq edi.
8
Sakkizinchi kecha, sakkizinchi karvonsaroy, karvon Madinaga ketaverish yo‘limizdagi “Badr”ga yetib keldi. O‘sha tunda hech kim g‘ayrioddiy voqea bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan edi. Karvon shomdan biroz oldin yetib keldi va tuyalarimiz yo‘ldagi xaroba kulbalarning biri yaqiniga cho‘ktirildi. Odatdagiday yerga choyshablar to‘shalib, yeguliklar olinib, ovqat tayyorlashga hozirlik ko‘rila boshlandi. O‘sha kecha “sarid”ning bir turi, ya’ni Makkadan o‘zimiz bilan olib kelgan quritilgan non va bir oz quritilgan go‘sht solib tayyorlangan sho‘rva tanovul qildik. Xuftondan so‘ng Asmo xola kiyimlari solingan bir tugunni yechib, ba’zi narsalarini oldi-da, kulbaning bir tomoniga o‘tib, o‘ziga zeb bera boshladi – sochlarini tarab, xushbo‘y o‘t-o‘lanlar qo‘shilgan “nargil” yog‘idan biroz surdi, ko‘rinishi o‘ziga yoqqach, ikki tarafi ip bilan tugaydigan va boshining orqa tomoniga o‘ralib “shanbar” deb ataladigan uchburchak matoni boshiga qo‘ydi. Keyin “mahrama” deb ataladigan ro‘mol bilan sochlarini o‘radi. So‘ng chekkalariga kashta tikilgan “mudavvara” deb ataladigan oq ro‘molni o‘radi. Bularning barchasidan keyin qoshlariga surma tortdi – u go‘yo to‘yga ketayotgan ayol edi. Odamlar yotoqlariga kirar-kirmaslari bilanoq qo‘limdan tutib, sahro tomon boshladi. Hatto qishloqdan uzoqlashib, kulba chiroqlari bizdan ortda qolib ketdi. Qum tepalikka yetib kelganda o‘zi o‘tirib so‘ng meni yoniga o‘tqizar ekan, atrofga quloq tutar edi. Tun ko‘rpasini yopgach, qum tepalik ustida oyoqlari bilan sekin-asta harakat qila boshladi. Bora-bora uning harakati avvalo yengil raqsga aylandi, keyin esa jazavaga tusha boshladi. Uzoqdan kelayotgan nog‘ora yoki do‘mbira ovozining kuyiga raqs tushayotganday tuyular edi menga. Xolam aylanishda davom etar, men esa “Xola jinni-pinni bo‘lib qoldimi yoki men tush ko‘ryapmanmi?” – deya o‘z-o‘zimga savol berib, joyimda hadik va qo‘rquvda o‘tirardim. To‘xtovsiz aylanishlar xolamni holdan toydirganidan yonimga o‘tirib oldilar, so‘ng qo‘limdan ushlaganlaricha kulbamiz tomon yo‘l oldik. Deyarli tun yarmidan o‘tgan edi. Onam bizni bunchalar kech qolganimizdan ham, xolamning avzoyini – peshonasidan oqayotgan terni ko‘rib ham hayratga tushmadilar. Bundan ortiq sabr qila olmadim. Gap nimada ekanligini bilish maqsadida qo‘lim bilan ishora qilib so‘radim. Onam Asmo xola o‘rniga yotgunga qadar mening shoshmasligimni aytdilar. So‘ng xayolga kelmagan narsalarni menga tushuntirar ekanlar, avvalo “Do‘mbira ovozini eshitdingmi?” deb so‘rab-surishtira boshladilar. Men:
– Qandaydir shovqin eshitdim, lekin nimaligini bilmayman, – deb javob berdim.
Xudo rahmat qilsin, onam:
– O‘sha sen eshitgan narsa Badr ahlining do‘mbira ovozi, – deb aytdilar. – Badr jangida halok bo‘lgan shahidlarning do‘mbira ovozi. Yilning muayyan oylari davomida oy to‘lgan paytda doimo eshitishing mumkin bo‘ladi. Bunday oy va kunlarni kamchilik odamlar bilishadi, xolang ana o‘shalardan biri. Birinchi karvon bilan yo‘lga chiqishni rad etganligining sababi o‘sha karvonning Badrga yetib kelishi xolang bilgan kunlarga to‘g‘ri kelmasligida bo‘lgan. Gapining oxirida bu haqda hech kimga og‘iz ochmasligim va yashirishimni uqtirib, “mudayyinlar”, ya’ni bid’at va xurofotga qarshi kurashuvchi din peshvolari do‘mbira ovozlariga ishonmasliklari va uning kuyiga raqs tushishga ruxsat bermasliklarini aytdilar.
Yillar mobaynida onamning aytganlarini o‘ylab yurishimga qaramay, hozir o‘sha paytda ichki hissiyotlarim bilan eshitganlarimga ishonganmanmi yoki yo‘qmi, eslay olmayman. Yoshim ulg‘aygach, “Zu-r-Rumma”* qasidasini o‘qib qoldim. Unda jinlarning sahroda kuylashlari haqida gap borardi:
“Sahroning chetlarida kuylar jinlar tun bo‘yi …”
Bechora Zu-r-Rimma, bechora Asmo xola sahrodagi qumlarning harakati, bir-birining ustiga tushishi va shamolning qum zarralarini bir joydan ikkinchi joyga olib o‘tishi natijasida hosil bo‘ladigan ovoz haqida hech narsa bilishmas edi-da.
O‘sha jazavali raqsdan so‘ng xolam yengil tortib, asablari yumshadi, yuzlaridan mamnunliklari sezilib turardi. Keyinchalik Makkadagi uyimizda “jinlar bazmi”da qatnashgan ayollarning yuzida ham xuddi o‘sha rizo va mamnunlik alomati ko‘ringan edi. Kelajakda esa taqdir imkoniyatidan foydalanib Ovro‘pa yosh yigit-qizlarining hafta oxiridagi ta’tillarda, yangi yilning kirishida, to‘y marosimlarida do‘mbira ovoziyu surnay kuyiga boshlarini aylantirib raqsga tushishlarining shohidi bo‘lgan holda yuqoridagi mamnuniyatni yuzlarida tuygan edim. Bular va ularning qalblari qabul qilmasa ham ularga shunday deyman. Ko‘plab safarlarim mobaynida kashf qilganim – Afrika o‘rmonlarida ham, Badr ahli va lotin mahallasi ahlining do‘mbira kuylaridan ko‘pam farq qilmaydigan sadolar taraladigan shovqinli tundan so‘ng ham ular xuddi o‘sha tuyg‘uni his etardilar.
Inson gapiruvchi va fikrlovchi maxluq bo‘lgani kabi, ehtimol do‘mbira va surnay chaluvchi jonivordir, yana bilmadim.
Xolamning xotirjamligi uning gapirishdan yoki ta’sirli hikoya va ertaklarni aytishdan to‘xtagani men uchun kutilmagan, o‘zi uchun esa pishiq-puxta o‘ylangan qarorlarni qabul qilishi emas edi. U “Furaysh ahli” hikoyasini aytib berishni esdan chiqarmadi. “Furaysh” bir qishloq bo‘lib, u “Musayjid” va “Abyar Ali” o‘rtasida joylashgan edi. Nega Makka ahli hali ham qimmatfurushlarni “bu furayshlik” deb atashadi? Bular – agar bilmasangiz – Madinaga hojilarning yetib kelishida oxirgi yo‘lto‘sarlar edilar. Mustavra va Safrodagi yo‘lning kesishgan joyidan najot topsalar-da, ulardan qutula olmas edilar. Xolam tomonidan aytilganlarni yolg‘on deyolmasam-da, lekin ko‘p yillar oldin chodir ustunlarining pastki qismi bilan bir ba’daviyning boshiga urganligi haqidagi hikoyasiga aslo ishonmadim. Haligi ba’daviy bir kuni kechqurun Furayshda xolanikiga o‘g‘rilikka tushibdi. O‘shanda xolamning qo‘li yetgan yaqindagi narsa bilan o‘g‘rining boshiga urishdan boshqa chorasi qolmagan ekan. Kim biladi, balki o‘sha payt uning qo‘llari baquvvat, muskullari kuchli bo‘lgandir? Biroq hozirgi ko‘rinishi bularning birortasidan ham dalolat bermas edi.
Politsiya tekshiruvidan oldin “Babu-l-Anbariya”da taftish ishlari bo‘lib o‘tgach, Asmo xola tuyamizni karvondan ajratib, boshqa yo‘nalishda yurishni sarbonga buyurdi. Madinaga kirib borishimizdan oldingi so‘nggi qarori mana shu edi. To payg‘ambarimiz masjidlarining janubiy tomoniga yaqin bo‘lgan hududga yetib kelmagunimizcha qarorning hikmatiga tushunib yetmadik. U sarbonga to‘xtashni buyurdi. Keyin bo‘xchasidagi tugunni yechib, bir necha marta bukilganidan kichik bo‘lakka aylanib qolgan xatni oldi-da, tuyadan tushib, o‘sha yerdagilar bilan birga qasrning dahliziga mayda qadamlar tashlab kirib ketdi. Birozdan so‘ng bizni ham ichkariga chaqirgani qaytib chiqdi. O‘sha qasr, to‘g‘rirog‘i, uning bir xonasi Madinadaligimizda bizga qarorgoh bo‘ldi.
Tushunishga qiynalgan narsalarimni odatdagiday qo‘lim bilan ishora qilib gap nimadaligini so‘radim. Shuni bildimki, xolam oldindan tuzgan rejalariga ko‘ra, mahallamizdagi taniqli boy odamlardan birinikiga Madinadagi unga tegishli bo‘lgan uylarning biror xonasidan ziyoratimiz davomida foydalanib turishimiz uchun rozilik so‘ragani borgan ekan. Chunki bunday uylar faqat haj mavsumida ishlatilar ekan, shu sababdan yilning ko‘p oylarida butunlay bo‘shab qolar ekan. Uy egasi Asmo xolaning turishiga rozilik bildirib, qorovulga topshirish uchun unga o‘sha xatni yozib beribdi. Xatda esa bizni yuqori qavatdagi xurmo bog‘iga qaragan xonaga joylashtirish yozilgan ekan. Yuqorida aytib o‘tilgan narsalar – ya’ni charxpalak va hovuz – men uchun yangilik ekanligi sir emas. Shu kungacha biror bir hovuz ko‘rmaganman. Charxpalak haqida faqat “To‘g‘ri o‘qish” va “Tarix” kitoblaridagi “Charxpalak oldida to‘xtagan tovus” qissasida o‘qiganman. Aynan o‘sha yerda turishimiz meni Madina shahriga bo‘lgan muhabbatimga va ishlarimga mustaqil xo‘jayin bo‘lib, qayerga va qachon borishni o‘zim hal qila oladigan paytimda yilda bir bor bo‘lsa ham borib turishimga bevosita sabab bo‘lgandi.
Madinadagi oxirgi kunimiz edi. Biz va boshqa ko‘p ziyoratchilar so‘nggi vidolashuv amalini bajardik. O‘sha jumaning asr paytida boshqalar qatori biz ham qaytishga qaror qildik. Vidolashuv so‘zlarini qaytarib, barchamiz yig‘i-sig‘i qilib turgan bir paytda xolam o‘zlaridan ketib – o‘shanda menga shunday tuyulgan edi – bor bo‘y-bastlari bilan hujrai muborak atrofini o‘rab turgan panjara oldida yiqildilar. Natijada qabrni himoya qilib turgan deraza ham zirillab ketdi. Qattiq shovqin ko‘tarilish oqibatida odamlar to‘plandilar. Masjid qo‘riqchilari ham yetib keldilar. Xolam qo‘llarida panjarani mahkam ushlagancha joylarida yotardilar. Odamlar esa atrofida uni ko‘tarishga urinardilar. Men bo‘lsa “la havla va la quvvata”ni va “alhamdu”ni bir necha marta ichimda o‘qib, sevimli xolamni shu ahvolda uyidan va tirik qolgan qarindosh-urug‘laridan uzoq holda qazo qilmasliklarini Allohdan so‘rardim.
O‘rnidan turishga harakat qilayotgan xolamni ko‘rib, Allohga duolarimni qabul qilgani va bo‘lishi mumkin bo‘lgan musibatdan bizni saqlaganiga shukrlar aytdim. Bo‘lib o‘tgan voqea xolam tomonidan ko‘rsatilgan tomoshaning o‘zi bo‘lib, muborak qabrni o‘rab turgan panjaraga suykalish maqsadida qilingan ekanligini men bilmagan edim. Buni men bir necha kundan keyin Makkaga yetay-etay deganimizdagina angladim. Shuningdek, oylar ketidan oylar o‘tib, o‘zi haqida so‘zlaganida, u yerdagilar xolamni tanishlarini, har safar ziyorat qilganda shu ishni qaytarishini, o‘sha “yashil deraza”ga qo‘llarini tekkizmay, Makkaga qayta olmasligi haqida bilib oldim.
9
Onam qat’iy qaror qilib, Musfirning xizmatlaridan voz kechdilar. U uyimizning suv tashuvchisi bo‘lib, bambuk yog‘ochini yelkasiga qo‘yib ikki tunuka chelakda suv tashib kelardi. Onam beva bo‘lib qolganlaridan so‘ng: “Bu yosh yigitning bundan keyin erkagi yo‘q uyda ishlashi yaxshi emas”, – degan bahonalari bilan uning o‘rniga nubiyalik qariya – Bashir amaki uyimizda xizmat qila boshladi. Bashir amaki tunuka chelak emas, meshda suv tashirdi. Shu qarorlari sababli onam Musfir bajargan suv tashishdan tashqari boshqa qo‘shimcha ishlardan mahrum bo‘lib qoldilar. Musfir esa, oyim non yopsalar, non solingan savatni ko‘tarar, u yoki bu munosabat bilan oyim biz uchun yog‘liroq ovqat pishirmoqchi bo‘lsalar, tovuqmi yoki xo‘roz so‘yar, yana ramazonning oxirgi o‘n kunligida gilam va yopinchig‘larni yuvib tozalar, fitr ro‘zani o‘zi yoki boshqa haqdorlar uchun olardi. Shuningdek, don-dunni tuyar, uyimizdagi og‘ir bo‘lgan narsalarni u yerdan bu yerga olib berardi. Mahalla baqqoliyu qassobiga ishimiz tushsa, yana shu Musfir yugurardi.
Oyimning bu qarorlari menga qimmatga tushdi. Boshqa odam qilishi kerak bo‘lgan u yoki bu ishlarni men bajaradigan bo‘ldim. Bashir amaki esa – ko‘zi xira, keksa chol. Biror yukni ko‘taray desa qo‘lida quvvati yo‘q. Belbog‘ida tovuq tugul hatto chumolini so‘yish uchun pichoq ham yo‘q. U mahallamizdagi “qullar supasi”ga har kuni asr paytida borib o‘tiradigan suv tashuvchi – soqiylar toifasidan edi. Odatda, qul bo‘lib, so‘ng ozod qilinganlar, tabiiyki, hech bir korga yaramay qolganlaridan so‘ng, o‘sha supaga kelib o‘tirardilar.
Bashir amaki bizning uyimizda xizmat qila boshlagandan buyon men ham o‘sha supaga oshifta bo‘lib, u bilan bog‘liq voqealar men uchun qiziqarli bo‘lib qoldi. Supaning ham soqiylar sulolasidan bo‘lgan o‘z shayxi bo‘lib, kimki o‘sha yerga o‘tirsa, soqiylikni o‘ziga kasb qiladi va men tushunmaydigan afrikaliklar tilida gaplashadi. Hozirga aloqasi bo‘lmagan moziyni eslab, qora qit’aning u yoki bu qishlog‘idan tortib, falonchi xojalar qo‘lida ishlagani, so‘ng ma’lum sabablar bo‘yicha sotilgani haqida gapirar, ba’zilari o‘g‘li yoki qizi borligini eslab, ular ham bir kuni yo bir kechada qul bo‘lib sotilganlari, so‘ng ulardan xabar bo‘lmagani haqida eslar, shuningdek, ba’zida xazin, ba’zida qiziqarli hikoyalar so‘zlab berardi.
Shuningdek, o‘sha supaga xos qonun-qoidalar borligi, kimda-kim ularni buzsa, muayyan jazosi borligi haqida ham bilib oldim. Ko‘pincha shunday kelishmovchiliklar suv tashiladigan quduq atrofida bo‘lib, birortasi sherigidan nohaq oldinga o‘tib olsa yoki haqoratli so‘zlarni aytsa yuzaga kelardi. Muhokama esa doimo peshin namozidan keyin mazkur supada hal bo‘lardi. Supa shayxi va bir necha majlis a’zolari o‘tirishib bezori yerga yotqizilar, aybi aytilib, guvohlar hozir bo‘lardilar. Keyin qilgan aybini bo‘yniga qo‘yishardi. Qonunbuzar har qanday holatda o‘zi qilgan aybini bo‘yniga olar va u kaltaklashga hukm qilinardi. Shayx ko‘kragiga boylab yuradigan charm belbog‘ning bir bo‘lagi bilan aybdorni savalash uchun yerga yotqizilardi. Ko‘pincha savalash uchta yengil zarbadan oshmasdi. Haqdorning kechirishi yoki kutilmagan mehmonning o‘sha maydonga yashil maysa yoki bedadan bir bog‘ otishi oqibatida majlis jazo ijrosini to‘xtatardi. Lekin, shayx bundan qattiq g‘azablanar, bu ishni qilganlar esa ko‘pincha mahalla bezorilari bo‘lib, birinchi qatorda Sufyon, ya’ni “tomchi” turardi.
O‘sha yashil bog‘lam otilganda jazolar nima sababdan amalga oshirilmay qolganligi hali ham menga qorong‘u. So‘raganlarimdan hech kim buning hikmatini bilmadi. Balki “To‘fon” qissasidagi mashhur zaytun daraxti shoxlari bilan aloqador joyi bordir.
Bo‘sh vaqt topdim deguncha o‘sha supaga yugurardim. U yerda qullarga egalik qilib sotib yuborgan yoki ozod qilgan xojalar haqidagi hikoyalar aytilardi. U yoki bu oilaning obro‘si yer bilan yakson bo‘lardi. Yana ko‘p xojalarning qo‘l ostidagi joriyalari haqidagi voqealar aytilardi. Ko‘pchilik xojalar joriya homilador bo‘lgach, uyidagi xizmatkorlarining biriga nikohlab qo‘yar va tug‘ilajak bola xojaning o‘g‘li – “merosxo‘ri” bo‘lish o‘rniga qul bo‘lib, uning mulkiga aylanardi. Bashir amakining bu borada ko‘pgina sarguzasht qissalari bo‘lib, ularni nomma-nom biri Mahsun, ikkinchisi Said, yana biri… deb eslar edi. Ularning bari qullar emas, balki mahalladagi u yoki bu boyning haqiqiy farzandlari. Bashir amakining xo‘jayinlari uylarida bo‘lib o‘tgan boshqa jins haqidagi qissalari ham bor edi. Hammasi xursand qilmaydigan hikoyalar. Qani endi Bashir amaki bularning barchasini o‘ylab topayotgan bo‘lsa, aks holda o‘sha zamonlarda ham axloq-odob hozirgiday bo‘lgan ekan degan fikrga borib qolaman.
10
Asmo xola egilgancha supa yonidagi uzun bir ariqchaga ekkan rayhonlarini qo‘lidagi gulchelak bilan sug‘orar ekan, “Ha-a, baloga yo‘liqqurlar! Ha-a, baloga yo‘liqqurlar,” – deya koyir edi. Uning uyi Abu Qubays tog‘i tepaligiga tutash bo‘lib, kechqurun hovlisidagi o‘sha supada uxlar edi. Shom vaqtidan oldin oyimning yumushlari bilan o‘zlari sotib olgan alvon rangli matolar o‘ralgan bo‘xcha olib borgan edim. Ramazondan oldin sha’bon oyi kirishi munosabati bilan Asmo xolaga ichki kiyim – lozimlar tiktirmoqchi bo‘lgan ekanlar. Asmo xola “Ha-a, baloga yo‘liqqurlar”, – deya yana qaytargan edi hamki, “Kimlarni qarg‘ayapsiz”, – deb so‘rashga majbur bo‘ldim.
– It o‘ldiradiganlarni-da.
– Qaysi itlar, ular bilan sizning nima ishingiz bor?
– Ko‘cha itlarini o‘ldiradilar quturgan deb… Bekorlarni aytishibdi, – dedilar va yana – “Agar xudo itlarning o‘limini xohlaganida ularni yaratmagan bo‘lardi”, – deb qo‘shib qo‘ydilar.
Bu gap mening qalbimda yarim asrdan ko‘proq yashadi. Sabab bo‘lsa-bo‘lmasa eslayverardim. Voqea itlar bilan bog‘liqmi-yo‘qmi, baribir shu gapni ishlatar edim. Odamlar bir-birlaridan g‘azablanishganida, g‘azab o‘tini o‘chirish uchun va yana bundan boshqa vaziyatlarda: “Agar xudo halokatini xohlaganda yaratmagan bo‘lardi” deb ogohlantirardim.
Haqiqatan xolam uzoqni ko‘ra biladigan ko‘rinadi. Ellik yildan ko‘proq vaqt davomida qilingan harakatlarga qaramay, hozirgacha itlarni biror kimsa yo‘q qilib yubora olmagan. Bu esa xolamning “Agar xudo itlarning o‘limini xohlaganda…” – degan da’volari rostligini ta’kidlaydi. Biroq o‘tirishlarda odamlar bir-birlariga aytishlariga qaraganda, Osiyodagi ba’zi bir xalqlar itlarni iste’mol qilishar ekan.
Arzimagan muammo, itlar muammosini nazarda tutyapman, o‘tgan va hozirgi tarixda tutgan o‘rnini bilganimdan so‘ng albatta meni ko‘p yillar mobaynida o‘ylantirib keldi. Men ham Asmo xolaning fikrlarini qo‘llab-quvvatlashga kirishdim. Agar itlar qirilib ketsa, Allohning kalomi “itning ustiga yuk ortsang ham, ortmasang ham baribir, tilini osiltirib harsillayveradi”1 degan oyatini hozirgi avlod qanday tushunsin. Shuningdek, yoshlarimiz itning jamiyatdagi o‘rnini qanday idrok etsinlar, mashhur shoirimiz baytidagi, agar ularning oldilarida baytning faqat “Taka kabi suzishgan jangda, shijoatda”* degan misrasi qolgan bo‘lsa, qanday qilib undagi jonli o‘xshatishni tushunsinlar. Agar baytning yuqorida keltirilgan misrasi ham, “taka“ni nazarda tutyapman, inqirozga uchrasa, uzoq vaqt o‘quvchining ham, tinglovchining ham xayollarini alangalatib kelayotgan to‘liq bir bayt arab adabiyotidan tushib qolgan bo‘lar edi.
Jamiyatimizda itlar yo‘qolib ketsa, qanday qilib mahalladan o‘tib ketayotgan shaytonni payqay olamiz, agar itlar hurimasa, eshak hangramasa?!
Agar itlar bo‘lmasa milliy va milliy bo‘lmagan adabiyotimiz o‘zining “It hurar, karvon o‘tar” kabi ko‘pgina qimmatli iboralarini yo‘qotadi. Odamlarning ichida “Falonchi itning dumidan ham iflos” degan gap yoki ”it tekkan idishni yetti bor qumlab yuvish” masalasi bo‘lmagan bo‘lar edi. Shu kabi yana bir bani Isroilning kavushda suv to‘ldirib, itga suv ichirgani uchun jannatga kirgani haqidagi hikoyalar ham kerakli darajada tushunarli bo‘lmay qolar edi.
Qisqa qilib aytganda, xolam odatdagiday haq edilar. Yashasin itlar! Oqil odam jamiyatimizni itlarsiz tasavvur qila olmaydi.
Xolamning itlarga bo‘lgan e’tibori menga shak-shubhasiz insonning yoki mavjudotning barcha hayvonlarga bo‘lgan g‘amxo‘rligidan boshqa narsa emasday ko‘rinardi. Ruhshunos olimlarning xolam eshitmagan fikrlariga ko‘ra xolamda bir necha ruhiy tuyg‘ular majmuasi bo‘lishi kerak, masalan o‘zini katta tutishlik yoki kamtarlik tuyg‘usi. Mana shular, ya’ni o‘zini katta tutishlik tuyg‘usimi yoki o‘sha mashhur “Edip” tuyg‘usi Asmo xolada o‘zining darajasidan pastroq darajada deb faraz qilinuvchi maxluqotlarga nisbatan e’tibor qilishga olib kelgandir. Menga xolaning bu bilan qiziqayotganlari bilinmas edi, biroq u atrofidagi hayvonlarga e’tibor berishda davom etardi. Kunlardan bir kun kichik hovlida qo‘yib yuborilgan o‘n yettita mushuk sanadim. Har birining o‘ziga yarasha ismi bor bo‘lib, ularning bir-biriga qarindoshchiligini xola yoddan aytib berardi: bu “Varda”, “Dudhi”ning qizi, unisi “Vahba”, yalqov, kun bo‘yi yotgani-yotgan, “Tamisa”ning to‘rtinchi bobokaloni, yoshi o‘n to‘rtlarda, shu uzun umri davomida nabiralaridan yettitasini yeb qo‘ygan. Shu kabi gaplarni xolamni ko‘rgani kelgan har bir erkagu ayol eshitmasdan ketmas, u esa aytishdan tolmasdi.
11
O‘qiyotgan maktabimizni tugatib, “Faxriya” xususiy maktabiga keng ma’noda tantanali ravishda o‘tdik. Birinchi kun edi. Men bilan faqat uch sinfdoshim oldingi maktabdan birga o‘tgan edik. Biri Ahmad “naynov”, u o‘sha kuni Ahmad “nodon”ga aylandi, ikkinchisi Hasan “eshakboqar”, uchinchisining ismi hozir esimda yo‘q. Qolganlari turli tayyorlov maktablaridan, ko‘plari xususiy maktablardan kelishgan. “Faxriya” maktabi o‘sha paytlarda jome’-ma’hadga o‘xshardi. O‘qitish uch bosqichdan iborat bo‘lib, birinchisi tayyorlov bosqichi, boshqa maktablarga o‘xshab uch yil, to‘liqsiz o‘rta ta’lim bosqichi uch yil va yuqori sinflar – o‘rta ta’lim bosqichi ham uch yil edi. Oxirgi o‘quv yili ta’lim cho‘qqisi deyilar va uni bitirgan talaba go‘yo hozirgi davrdagi doktorlik darajasini olganday bo‘lardi. Ko‘pchilik bitirganlar maktabning o‘zida yoki Masjid ul-haramda mudarris bo‘lib qoldilar, boshqalari esa hukumat muassasalarida kotib vazifasida ishladilar, mas’ul xizmatchilar darajasigacha ko‘tarildilar.
Oldingi maktabimiz faqat tayyorlov maktabi bo‘lgani uchun bu yerda to‘liqsiz o‘rta ta’lim bosqichining 1-sinfiga qabul qilindik. Sinfimizda yigirmaga yaqin o‘quvchi bo‘lib, ularning yarmi shu maktabning o‘zidan chiqqanlar, qolganlari boshqa maktablardan kelganlar edi. O‘sha paytda, qaysi maktabda bo‘lmasin, 4-sinf bolasining yoshi to‘qqiz-o‘nlarda bo‘lsa, bizning sinfdoshlarning yoshi o‘n bir yoshdan yigirma yoshgacha edi. Shuningdek, ularning ko‘rinishlari ham yoshlariga mos edi. Masalan, Ibn al-Xajjor birinchi kuniyoq qo‘lida kaltak bilan keldi va eshik orqasiga tirab qo‘ydi. Yana biri Ibn al-Afandiy bo‘lib, u maktabga turklarning tarbushiga o‘xshash do‘ppi kiyib keldi. Ahmad nodon esa milliy libos – iqolga* o‘xshashini boshiga tashlab olgan, aslida esa u qora ipni aylantirib olgan edi. Qolganlari deyarli bir xil, ba’zi birlari boshyalang, shunga qaramay, o‘sha kunlarda bu holat hech kimning e’tiborini tortmagan bo‘lsa-da, men libosdagi, yoshdagi, xislatlardagi, oilaviy va ijtimoiy darajasidagi sig‘dirib bo‘lmas turli-tumanlikni hozirgacha hayratlanib eslayman.
Har birimiz yoshi kattalarni hurmat qilardik. Ammo, birinchi kundanoq Hasan eshakboqar bilan Ibn Mutraf orasida janjal chiqdi. Ibn Mutraf Hasanning otasini kamsitibdi, bunday bo‘lishini oldindan bilgan ko‘rinadi, Hasan Ibn Mutrafga shunday javob beribdi: “Inson faqat ayb ish qilsagina ayblanadi. Hazrat Ali hammol bo‘lganlar, falonchi tuyaboqar bo‘lgan, yana falonchi…” deya raqibini uyaltiribdi. U jim bo‘lib, ketish vaqtigacha tishini-tishiga qo‘yib sabr qilibdi. Boshqa kuni yo‘lini poylab, o‘sha ertalabki boshlangan janjalda qay biri yutganini isbotlash uchun mushtlashishga chaqiribdi.
O‘sha kuni birinchi dars ona tili darsi edi. O‘qituvchi sinfga kirdi va o‘quvchilarni saf qilib, katta yoshli va bo‘yi uzunlarini orqaga, bo‘yi pastlarini oldingi qatorga o‘tqazdi. So‘ngra barchadan tayyorlov bosqichida grammatik qoidalardan nimalar o‘qitilganligi va o‘tgan yilgi qoidalarning qaysilari esda qolganini birma-bir so‘ray boshladi, biroq javoblar aksariyat qoniqarsiz bo‘lib, ya’ni hech kim o‘ziga berilgan savolga javob qaytarolmadi. Ayniqsa, yozning uzoq ta’tilidan so‘ng o‘quvchilarning birinchi kunlardagi bunday holatlaridan tajriba orttirgan o‘qituvchi endi savolni umumiy emas, aniq qilib, so‘zlarning turlanishi, fe’l va uning turlari haqida so‘ray boshladi. Birinchi savol Ahmadga qaratildi:
– Qani Ahmad, “Ko‘payish bilan ovora bo‘ldilaring” jumlasini tahlil qilib berchi? Ahmad baland ovozda kulib:
– Bundan osoni bormi, “ovora bo‘ldilaring” – ega, “ko‘payish” – kesim, – deya javob bergan edi. O‘qituvchi:
– He, ovozing o‘chmagur, o‘tir, nodon! – dedi.
O‘sha kundan buyon Ahmad “Ahmad nodon”ga aylandi. Vaholanki, o‘sha yerda o‘tirganlarning birortasi ham bu gapni tahlil qila olmasdi. Biroq, Ahmaddan boshqa hech kim yangi laqab olmadi. O‘qituvchi esa o‘tgan yilgi o‘tilgan grammatika qoidalaridan birortasini eslay olmaganligimizga ishonch hosil qilib, raketa tezligida boshidan boshlab so‘z turkumlarini tushuntira ketdi. Arab tilida so‘z turkumlari uchta – birinchisi ism, ikkinchisi fe’l, uchinchisi harf. Fe’lning o‘tgan zamoni, hozirgi-kelasi zamoni, buyruq mayllari bor. Ism – illatli, to‘g‘ri o‘zakli, harf esa falon-falon va h.k. Gapning quyilib kelayotganidan hech kim unga yetolmasdi, hatto birinchi soat tugab, dars oxirida: “Demak, bugun o‘tgan yil o‘tilgan dars rejasini qaytardik. Kelasi darsimizda bu yilgi rejada belgilangan mavzudan boshlaymiz”, dedi-da, sinfdan chiqib ketdi. Sinf sukunatda qoldi. Katta yoshdagi o‘quvchilardan biri, keyinchalik biz ularni “gigantlar” deb ataydigan bo‘ldik, – “Birortangiz bir nima tushundingizmi? Bunga nima bo‘lgan? Robotga o‘xshab gapiradi-ya?” degan gaplari jimlikni buzdi.
Hozirgi avlodning baxti bor desa ham bo‘ladi, chunki bizning davrda yangi fanlar yoki harom, yoki bid’at hisoblanardi, yoki maktab shunday fanlar borligi haqida tasavvurga ham ega emas edi. Shuning uchun maktab dasturiga ham kiritilmasdi, shu sababli bizning bilimimiz ota-bobolarimiz qoldirgan to‘g‘ri ilmlardan bo‘lib, harom fanlar jumlasiga kirmagan. Halol-harom masalalari esa goho o‘qitilib, ba’zida turli voqealar asosida darslar mobaynida o‘rganilib borilardi. Bir kuni qo‘limizga turli mamlakatlar ma’lumotnomasi tushib qoldi. Kitob muqovasida arab dunyosining xaritasi ham bor edi. Ahmad nodon ajablanib: “Ustoz, bu nima? Axir rasm chizish harom emasmi,” – deb so‘raganida, o‘sha fan o‘qituvchisi shayx ash-Shanqatiy – “Rasm ikki turga bo‘linadi: biri harom, ikkinchisi ruxsat etilgan. Xaritalar chizish ikkinchi turga mansub”, – deya javob qildi.
Halol va harom o‘rtasidagi farqni ajratish mobaynida yoshlarimizning balog‘atga yetgan dastlabki yillaridagi ba’zi xunuk yashirin odatlaridan voqif bo‘ldik.
12
Sinf zo‘ravonlari bilan kichik yoshdagilar o‘rtasidagi aloqa teng emasdi. Kichiklar kaltaklanar, ularning kitoblari-yu qalamlari o‘g‘irlanar, o‘zlari mazax qilinar, ko‘ylaklari esa tikishga ham, kiyishga ham yaroqsiz qilib yirtib tashlanardi. Kichiklar tarafini olib, kuchlilar bilan olishadigan Ahmad nodondan boshqa hech kim yo‘q edi. Uning ko‘rinishi pahlavonlardek, bilaklari kuchga to‘la yigit bo‘lib, shu tufayli jazavasi tutsa, kichik zaiflarga yordam berib, zo‘ravonlarni urib-tepib tashlardi.
Dushmanlarning burunlarini yerga ishqashni yoqtirar, o‘zi aytmoqchi “ona sutlarini og‘zilariga keltirib” yuborardi. Hatto nimjon mudarrislarning ham o‘sha zo‘ravonlardan qasdlarini olib berardi. Chunki, ba’zi o‘qituvchilarning yoshlari o‘z talabalarining yoshlariga ham yetib bormasdi. Xususan, marhum tarix o‘qituvchimizga bezori talabalardan biri do‘q qilib, maktab biqinidagi tor ko‘chaga chiqishni buyurganida, u: “Agar sen kuchli bo‘lsang, sendan ham kuchli Alloh bor”, – deya javob berishdan u yog‘iga o‘tmagan ekan. O‘sha barzangi o‘quvchi aytgan ko‘cha Abu Rig‘ol tor ko‘chasi bo‘lib, odatda, har kuni maktabdan jo‘nab ketishda o‘sha yerda urush-janjal bo‘lardi. O‘quvchilar o‘zaro bir-birlari bilan ana shu yerda “hisob-kitob” qilardilar. Hech kim va hatto men ham mashhur Abu Rig‘olning bu tor ko‘chaga qanday aloqasi bor ekanini bilmas edim. Makkadagi tor ko‘cha-yu mahallalar unutilganidek, u ham tag-tugi bilan yo‘qolib ketdi.
Maktab o‘qituvchilarimiz ham o‘zlarining talabalari kabi bir xil kiyinmadilar, ba’zilarining ko‘rinishi viqorli bo‘lib, jubba kiyib, salla o‘rashar, yoki xuddi shu narsalarni kiyib salla ustidan ro‘molga o‘xshash narsa tashlab olishardi. Boshqalari ko‘ylak ustidan nimcha, boshiga esa o‘ralgan salla kiyar, yana uchinchi turlari uzunchoq va ohorlangan do‘ppi kiyishni xush ko‘rardi. Yoshlari ham o‘zlarining o‘quvchilari bilan deyarli teng, ayrimlari esa 60-70 yoshlar atrofida bo‘lardi. Hammalarining o‘ziga xos mavqei va obro‘si bor bo‘lib, bir-birlarinikidan ajralib turardi. Lahjalari ham bir-birlaridan farqli edi. Ba’zilari shayx ash-Shanqatiyga o‘xshab adabiy tilda so‘zlashardi. Masalan, har bir aytgan gapini ohangga solib, oxirgi harakatlarini qo‘yib so‘zlar edi. Arab tili grammatikasi bo‘yicha unga teng keladigani yo‘q edi. Ko‘pincha darsning ko‘p qismi talabalarning gaplarini va ifoda etish yo‘llarini tuzatish bilan o‘tib ketardi. Ahmad nodon va shayx o‘rtasida keskin munozaralar bo‘lar, Ahmad shayx xohlagan grammatik yo‘l bilan emas, o‘ziga yoqadigan yo‘l bilan gapirishini so‘rab so‘zida turib olar, ko‘pincha: “Hech narsa tushunmayapmiz, arabcha gapiring,” – deya baqirib qolardi. Arabcha deganda “omma” tilini nazarda tutardi. O‘sha paytdagi fanlar va o‘qitish usuli haqida nimalar deyishmasin, hammasi ham o‘quvchi xotirasini yaxshilash uchun qaratilganligini hech kim inkor etolmaydi. Chunki u davrda ko‘p fanlarni she’riy tarzda yodlashimiz kerak bo‘lgan. Ibn Molikning grammatikaga oid “Alfiya” she’ri va Rahbiyaning “Farzlar” fani va hatto jo‘g‘rofiyaning bir qismi ham nazmiy satrlarda bo‘lgan. Masalan,
Bilmoq ersang sen “Tunis” makonin
Afrika shimoliga boq, ey olim.
Darhaqiqat, ustozlarimizning o‘sha kunlarda dunyoqarashi keng edi (kulmanglar). Buning birinchi dalili shuki, fiqh ilmini bir necha mazhablarga bo‘lib o‘qitilardi va har bir guruh otasining mazhabiga qarab bo‘linardi. Masalan, “Hanafiy fiqhi”, “Shofiiy fiqhi”, “Molikiy fiqhi” va h.k. qilib jadvalga yozilar va sen xohlagan mazhab bo‘yicha darsga kirishing mumkin edi. Shuningdek, mazkur kitoblar kelajakda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan barcha masalalarni yechishda qimmatli fikrlar xazinasi edi. O‘sha kunlari agar daryo Makkadan oqib o‘tsa, daryoning balig‘ini yeyish mumkinligi yoki mumkin emasligi haqida munozaralar borardi. Har bir jamoa o‘z fikrini tasdiqlardi. Aksariyat mudarrislar baliq yeyish harom deb uqtirsalar, aksincha, talabalarning hammasi Makkadan oqib o‘tgan daryo balig‘ini yeyish halol deb hisoblardilar. Bu fikrlarining isboti sifatida, “Makka ahli o‘z yurtini ikir-chikirlarigacha bilgani kabi baliqlarini ham yaxshi biladi”, deya asl makkalik bo‘lmagan, chetdan kelgan o‘qituvchilarga piching qilishardi.
Mavzu “Tahoratning sinishi” bobida edi. “Molikiy fiqhi” bo‘yicha mudarris-ustozimizning keng sharhlari o‘rin olgan kunlarning birida birortamizning xayolimizga kelmagan va biz talabalarning fikr doiramiz torligini ko‘rsatadigan bir savolni o‘rtaga tashladi: “Ikki yo‘l orqali chiqadigan narsalar tahoratni buzar ekan, xo‘sh, bularni ko‘tarib olgan kishining hukmi qanday bo‘ladi? Ya’ni bir idishda najas, bir mesh to‘la yel ko‘targan bo‘lsa, uning tahorati ketadimi?” O‘shanda Ahmad: “E, bo‘ldi! Ko‘ngillar aynib ketdi-yu, ustoz!” deganda, ustozimiz “Shariatda sharm yo‘q,” – deb javob bergan edi.
13
Odatda, odamlar “Falon voqea yoki biror shaxs bilan uchrashuv falonchining hayotida inqilob yasadi” deyishadi, bu bilan o‘sha insonning hayoti, balki dunyoqarashi va fikrini butunlay o‘zgarganligini nazarda tutishadi. Agar inqilobdan-da kuchlirog‘i bo‘ladigan bo‘lsa, xuddi ana shundayi mazkur maktabdagi olti yillik umrim davomida ro‘y berdi. O‘quv dargohini bitirar ekanman, bir insonga butun mamlakat bo‘yicha berilishi mumkin bo‘lgan shahodatnomaning kattasiga ega bo‘ldim. Har qanday inqilob sekin-astalik bilan boshlanib, bora-bora rivojlanish bosqichiga o‘tib, eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilgach, portlash yuz bergani va sekinlik bilan sokinlikka yuz tutgani kabi shunday satrlarni yozgan Muhaysin al-Billiyning hayotida ham xuddi shu o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bir necha haftadan so‘ng yangi maktab va yangi sharoitga moslashgach, odamlar va narsalar borasidagi u-bu ishlar birmuncha oydinlasha boshladi. Falonchi badfe’l, yana boshqasi ochiq ko‘ngil, soddaligini ko‘rsatadigan o‘sha ochiqligi ba’zi ishlarda biroz oshib tushsa ham buning zarari yo‘q, yana biri (xudo undan rozi bo‘lsin) hadis ilmining roviysi bo‘lsa-da, uning aytganlariga ishonqiramay, esarroq edi, deyishardi. O‘qiydigan sinfimizning mana bu yerida, tarix o‘qituvchisi bo‘lsa yaxshi bo‘lardi, mana bunisida arab tili o‘qituvchisi bo‘lsa zo‘r bo‘lardi. Men esa birinchisini nima sababdandir yomon ko‘rardim, ikkinchisini esa yaxshi ko‘rardim, buning ham sababini bilmayman. Maktabdan so‘ng uyga qaytishda Ahmad nodon bilan ketish boshqasi bilan yoki yolg‘iz ketishdan yaxshiroq edi. Kelishda esa maysazor tor ko‘chalardan ko‘ra “Homidiya” ko‘chasi yaxshiroq edi, chunki o‘sha ko‘chada falonchini uchratardim. Uning cho‘ntagi doim “nabaq” mevalari va tariq unidan tayyorlangan qurutlar bilan to‘la bo‘lar va odamgarchilik yuzasidan birga baham ko‘rardi. “Bob ul-Umra”da qilinadigan tushlik to‘liq bir kunlik harajatga ketadigan “qirsh”1 ning bir qismini tejab qolishga imkon berar edi. Shunday qilib, bir kunning har bir vaqtida, dars soatlarining har birida qilishim kerak bo‘lgan ishlar miyamda to‘liq nizomga tushib qoldi. Tabiiyki, bularning barchasi haftalar davomida birinchi o‘quv yilining dastlabki qismida sekin-asta amalga oshdi.
O‘qishning ikkinchi yilida ibn Molikning “Alfiya” deb nomlangan kitobini o‘qiy boshladik. Birortangiz bu kitobni bilasizmi? Shubham bor. Bilmasangiz kerak. Bu juda qimmatli kitob bo‘lib (bundan ajablanmang), undagi bor narsalarning ko‘pini oxirigacha tushunib o‘qiy olsangiz, bilingki, to‘g‘ri yozish va hech qanday kuyga solmay to‘g‘ri o‘qishga qodir bo‘lasiz. Demoqchimanki, o‘qituvchimiz shayx ash-Shanqatiy (qabri nurga to‘lsin) darajasiga yetib qolasiz, lekin u kabi aytganingizni kuyga solishingizga hojat yo‘q.
Birinchi kundanoq she’rning birinchi misrasini o‘qiganimizda:
“Tur degan so‘z gap erur,
Garchi bir so‘z bo‘lsa ham.”
Ayon bo‘ldiki, sinfda o‘tirganlarning har biriga “tur” degan so‘z (bir so‘zdan iborat bo‘lgan gap) tushunarli emasdi va biz shayximizning har bir satr va har bir so‘zini bir necha bor tushuntirib berishini so‘rardik. Toki xudo ba’zilarni yorlaqab, o‘qituvchi elliginchi bor “tushundinglarmi?” deb so‘raganida “ha” deb javob bermagunlarigacha tushuntiraverar edi. Agar ba’zilarimiz “ha” deb javob bersak, vazifamni bajardim, deb hisoblab, “Alfiya”ning ikkinchi baytiga o‘tardi. “Tushundilaringmi” degan savolga “ha” javobini bermaganlarga qarab “Tuya tushunmasa menga nima”2 , der edi. Ehtimol, o‘shanda “tuya” o‘rniga “mol” so‘zini ishlatgandir. “Tuya”larning ko‘pi, ya’ni sinfdoshlarimni nazarda tutyapman, o‘quv yili nihoyasida nafaqat imtihonlardan, balki maktabdan butunlay haydaldilar. Ularning boshida Hasan eshakboqar bo‘lib, quruq gapdan foyda yo‘q deya tirikchilik uchun hunarning boshidan tutdi. Lekin men u bilmagan sababni topdim. U ham bo‘lsa Ibn Molik “Alfiya”sining tilsimini yechish mendan qunt va qat’iyatlikni talab etgani bo‘ldi va bu sekin-astalik bilan o‘qishning uchinchi bosqichida mevasini bera boshladi hamda aynan o‘sha yil men uchun “janozalar yili” bo‘lib qoldi. Uchinchi bosqichda bir kuni ustoz Duho kirib, quyidagi baytni o‘qiy boshladi:
“Zu” o‘sha so‘zlar turkumidan, birikmada ma’no bildirur,
“Og‘iz”dan bir harf tushsa ham tushunarlidur…*
va odatdagiday “kim sharhlab bera oladi”, deb so‘radi. Doimgiday o‘ziga-o‘zi “albatta, hech kim” deya sharhlamoqchi bo‘lib turgan edi hamki o‘quvchilarning biri, ya’ni men kutilmaganda qo‘limni ko‘tarib, o‘sha baytni sharhlab berishimni aytsam, u favqulodda holatdan angrayib qoldi. Ayniqsa, bir qarashda oson bo‘lmagan misralarni sharhlashga o‘zidan boshqa qodir o‘quvchi borligiga ishonqiramay, hayratlangancha jim bo‘lib qoldi. Men esa hammani hayratga solgan holda baytni muvaffaqiyatli sharhladim. Men bunga puxta o‘ylab, yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsam-da, javob berib bo‘lganimda terga pishib ketgan edim. Mening bu muvaffaqiyatim sinf talabalarini jonlantirib yubordi. Ustoz Duho ham “Alloh siru asrorlar sohibi, hatto chumolini ham bejiz yaratmagan,” deya meni olqishlab qo‘ydi. Bu gap o‘shanda qanday ma’noda aytilgani menga qorong‘u bo‘lib, maqtov o‘rnida qabul qildim. Bir necha yildan so‘ng aytishganidek, kamsitish ma’nosidagi maqtov ekanligini bildim. Aytilgan gap maqtov yoki kamsitish bo‘ladimi, baribir, odob yuzasidan kundalik qoida darslariga kirishda davom etdim. Keyinchalik o‘qituvchi tushuntirib bermasdan oldin baytlar mazmunini sharhlaydigan bo‘ldim. Bundan foydalanib, o‘qituvchimiz sharhning birinchi masalalarini tushuntirayotganimda yoki darsga kirish qismi haqida gapirayotganimda sinfning bir chetida dam olib turar yoki biroz bo‘lsa ham ko‘zi ilinardi. Shuningdek, ana shu kundalik faoliyatimga “o‘qituvchi yordamchisi” degan nom qo‘ydim. Hayotda har bir inson boshqa narsaga o‘rganganidek, “Alfiya” baytlarining ham uslubi va yo‘nalishiga anchagina o‘rganib oldim. Hatto ba’zi baytlarini keragidan ortiq ma’nolarini o‘qib tushunadigan bo‘ldim. Ustozimdan baytni sharhlab berishini so‘rardim. Tabiiyki, ustoz ikki sharhdan birini berar, men esa ustozning aytmay ketgan joyini ko‘rsatib, boshqa jihatdan sharhlashga shoshilardim. Grammatikaga bo‘lgan shu qadar qiziqishimni ko‘rgan ustoz biroz ikkilanib turgach, Masjid ul-haramdagi dars paytida “Umm Honi’” eshigi yaqinidagi darslariga qatnashishimni zo‘r-bazo‘r aytdi. Men ham u yerdagi talabalarning yoshi kattaligi, shuningdek, Ibn Molikning “Alfiya” asariga sharh yozgan Ibn Aqil va unga hoshiya yozgan al-Ashmuniyning asari qiyinchilik tug‘dirishidan qo‘rqib ikkilangancha rozi bo‘ldim. Lekin qolish tuyg‘usi, darslarda qatnashishni nazarda tutyapman, menga yangi kuch-g‘ayrat bag‘ishladi va darslarda qatnashishimga sabab bo‘ldi. Bu esa o‘zimni ham hayron qoldirdi.
14
O‘sha yil, yuqorida aytib o‘tganimdek, men uchun “Janozalar yili” bo‘ldi. O‘gay otam vafot etgan kun masjidga keltirilgan mayyitlarga janoza o‘qilgandan so‘ng to Ka’badagi darslarga kelgunimga qadar o‘liklar bilan aloqam qat’iyan uzilgan edi. Baytullohda esa biror kun yo‘q ediki, bir yoki bir necha mayyitlarga janoza o‘qilmasa. Mayyitlarning hammasi keltirilardi. Lekin bir marta o‘zi yo‘q mayyitga janoza o‘qidik. Haligacha uning kimligini bilmayman, nega endi o‘sha kuni yo‘q bo‘lgan? Birinchi navbatda har qanday kishi tushunib yetadigan farqni angladim, u ham bo‘lsa erkak va ayol o‘rtasidagi janozani o‘zaro farqlash uchun ayolning ko‘krak tomoniga qo‘yiladigan o‘sha qafas edi. Shuningdek, mayyitlarning ustiga yopiladigan yashil choyshabidan hojalar va boylar toifasiga tegishli ekanligini va ba’zi janozalar ortidan odamlarning daryoday oqimini, ba’zilari ortidan borayotgan odamlar soni esa bir qo‘lning barmoqlaridan ham kam bo‘lgan holatlarni ko‘rdim.
Janoza namozi o‘qilgandan so‘ng mayyitni “Bob us-Salom”dan chiqib “Muddaiy”gacha, oxiri qabristongacha olib borilardi. O‘liklarga munosabatim shu darajaga yetdiki, biror musulmonning boshqa musulmon oldidagi “Agar birortasi qazo etsa, janozasida qatnashing” degan burchni ado etgan holda har bir mayyitni oxirgi makonigacha olib boradigan bo‘ldim. Shuningdek, o‘sha kunlarda itlarning atrofi o‘ralmagan qabrlarni payhon qilishlarini, yana badavlatlar uchun xos “nurli joy” makonlari borligini, omma uchun alohida joylar, va uchinchi xili – aniq bir qabr va joy so‘ramaydiganlarni – qabristonning kiraverishida dafn etilishini bildim. Eng befahm maxluqotlarni ham takror va tajriba orqali o‘rgatilganidek, men ham bir janozani boshqasidan kelganlarning soni va liboslariga qarab ajrata boshladim. Janoza sohibining aslzodaligini ko‘rib, oldindan “nurli joy”ga va aksincha, faqat to‘rt odam ko‘tarib kelayotgan mayyitni ko‘rsam, “eshik oldi qabrlariga” der edim. Ajib ruhiy amaliyot davomida tiriklarning yuzidan ham sekin-astalik bilan oxir-oqibatlarini bilishga intilib ajrata boshladim. Yaxshi kiyinganlarning uzoq umr ko‘rganlaridan so‘ng o‘zlari kabi aslzodalardek, oldindan tayyorlangan joylarga dafn etilishlarini bilib, “nurli joy sohiblari” deb atardim.
Janozalar jarayoni meni butunlay o‘ziga tortgan edi. Qaysi mayyitga janoza o‘qilmasin, uni oxirgi manziligacha kuzatib qo‘yardim. Xudo meni kechirsin-u, ba’zi murdalar yaqinlaringdek yoqimli, ba’zilari unday emas. Qanday bo‘lmasin, biror mayyitni ustiga tuproq tortmaguncha va qabr og‘ziga o‘tirib oxirgi bor qabriga tushirilishini ko‘rmaguncha ketmas edim. Tabiiyki, qabr atrofida ko‘p o‘qilaverganidan “Yosin” surasi yod bo‘lib ketgan edi. “Barcha narsaning egaligi Allohning O‘z qo‘lidadir, va yolg‘iz Ungagina qaytarilursiz!”
Tiriklarda bo‘lgani kabi, o‘liklarda ham turli voqealar bo‘lib turardi. Masalan, mayyit qo‘yilishi kerak bo‘lgan joy u yoki bu sabablarga ko‘ra dafn uchun yaroqsiz bo‘lishi yoki undan oldingi ko‘milgan mayyitning suyaklari batamom chirimagan bo‘lishi kabi. Bu esa go‘rkovning suyaklarni bir joyga yig‘ib, qabrni yopib, boshqasini kovlashiga sabab bo‘lardi. Mayyitning bu joyda nasibasi yo‘q ekan. “Hech bir jon qayerda o‘lishini bilmaydi”. Shu kabi hayotdan uzilgan yuzlarni ko‘plab ko‘rishim, o‘sha suyak, o‘sha his va qoldiqlarga ko‘p bora duch kelishim va devorlari cho‘kib qolgan ba’zi qabrlardan chiqayotgan hid meni hayotdan juda chetlashtirib yubordi. Maktab hayotidagi uchinchi yili va hayot bilan bo‘lgan har qanday aloqamning uzilishi bir necha oy o‘liklar oldidagi vazifamni bajarganimdan so‘ng ko‘pchilik tiriklar bilan o‘zaro birgalashib qilinadigan vazifani ado etishdagi amaliyot hisoblangan tobutlarni ko‘tarishdan yoki dafn marosimi tugagach, ba’zilarning ko‘nglini olishdan ham bezidim. “To‘xtovsiz ko‘ngil aynish holati” deb atash mumkin bo‘lgan umumiy ruhiy holatga tushib qolgan edim. Bu ko‘ngil aynish faqatgina majoziy ma’noda emas, balki haqiqatda ham bo‘lib o‘tdi. Buning sababini bilmadim-u, onam “Senga aziyat yetkazish maqsadida berilgan biron narsa yeb-ichib qo‘yibsan”, deb gumon qildilar. Boshqacha qilib aytganda, tasavvur qiling, meni ko‘rolmaydigan “ba’zi hasadgo‘ylar tarafidan sehrlanding” deb o‘yladilar. Gumonlarining dalili sifatida hayotimning o‘sha davrida g‘alati tushlarni ko‘rardim. Hammasida u yoki bu hayvon menga tashlanmoqchi bo‘lardi. Tushimda baqirgancha qaltirab, uyg‘onib ketardim, quyuq ter bosardi. Qizig‘i shu ediki, bu hayvonlar shaklan go‘ng qo‘ng‘izlariga o‘xshar, lekin tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada bahaybat edi.
Dardimdan forig‘ bo‘lishim uchun bir necha solih bandalar huzuriga borishimga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birgalikda sof suvning o‘zini emas, balki doimo “shin” siyohli “mahv etuvchi suv”dan1 ko‘p miqdorda ichishga to‘g‘ri keldi. Agarda ruhiy kasalliklar tabibi bo‘lganimda va men kabi bemor huzurimga shikoyat qilib kelganda, uning asli-nasli, turmush sharoiti bilan tanishib chiqqach, quyidagicha maslahat bergan bo‘lardim: “Sening bu ahvolga tushishingga bir necha holatlar sabab bo‘lgan: birinchisi bu yil balog‘atga yetib katta yigit bo‘libsan, avom xalq aytganidek, oyoqlaring orasidan ancha suvlar oqib o‘tib, ko‘p jismoniy va ruhiy o‘zgarishlarga olib kelibdi. Shu bilan birgalikda bo‘yingning balandligi, ovqatlanishning yomonligi, o‘liklar va ularning qoldiqlarini ko‘raverishing, bularning barchasi seni shu ahvolga solibdi. Tushingda ko‘rgan go‘ngqo‘ng‘iz, chayonlar qabrda ko‘rganlaringdan boshqasi emas. Bularning hammasi miyangda saqlanib qolib, tunda ming baravar katta bo‘lib ko‘ringan, xolos.”
Ha, ruhiy kasalliklar tabibi bo‘lganimda, mening oldimga birortasi kelganida shunday degan bo‘lardim. Hamma gap shundaki, men ruhiy tabib emas, balki Muhaysin al-Billiyman va hech kim mening oldimga maslahat so‘rab kelmagan shu soatgacha. Menga o‘shanda nima bo‘lganini bilmayman. Lekin shunisi aniqki, o‘shanda men “shol” dardiga mubtalo bo‘lgan edim. Bu kasallik oyoq yoki qo‘lning sholligi emas, miya sholligi edi. Hayotda bir vaqtning o‘zida ham bor, ham yo‘qdek yuradigan bo‘lib qoldim. Yo‘limdagi qanchadan-qancha odamlarga, shuningdek, Baytulloh ravoqlarida yurganimda, uning ustunlariga o‘zimni ko‘rlardek urib olardim.
Hayotdan chetlashgan bo‘lsam-da, miyamning shol bo‘lmagan yarim qismidagi hamma kataklarini majburlab bo‘lsa ham al-Ashmuniyning “Hoshiya”sini o‘qib-o‘rganishga avvalgidan ham zo‘r berib harakat qildim va “Umm Honi’”dagi darslarga qatnashdim. Bu kitob mashhur grammatikashunos olimlarning u yoki bu fikrlarini o‘z ichiga olgan, ko‘p miqdordagi ajoyib va g‘aroyib hamda qoidalardan istisno bo‘lgan baytlardan tashkil topgan edi. Ularni yod oldim. O‘shanda kufaliklarga qarshi o‘laroq basraliklarning fikri menga ko‘proq yoqardi va shundan kelib chiqib, insonda o‘zi ko‘rmagan joyga nisbatan ham muhabbat yoki uning aksi bo‘lishi mumkinligini bildim. Hozirgacha, ikkala shaharni ko‘rmagan bo‘lsam ham, Basrani Kufadan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘raman. Hozirgi kunlarda Kufa Basradan ko‘ra bir necha marta chiroyli shaharga aylangan bo‘lishi mumkin bo‘lsa ham, Basra shahri menga yoqadi.
Yil oxirida bir tomondan janozalar bilan aloqam uzilgan bo‘lsa, boshqa tomondan haramdagi darslar ko‘payganidan ko‘paydi. Balki men o‘sha mashhur voqeani ko‘rgan sanoqli odamlardan biri bo‘lsam kerak. O‘shanda ularning biri “Yulduzli yo‘llarga ega bo‘lgan osmon bilan qasam” oyatini tafsir qilar ekan, quyidagicha dedi: “Osmon – bu o‘sha osmon” – deya qo‘lini ishora qildi, – “Yulduz yo‘li – bu siz va biz bilmaydigan narsa…” Bu voqeani bir-birlariga aytib berardilar, uzuq-yuluq qilib aytardilar. O‘zini shu ilmga baxsh qilgan o‘sha faqih bilimsiz bo‘lmagan, u shunga qo‘shimcha qilib, “Lekin ulamolar yulduzli yo‘llar haqida bunday-bunday deydilar,” deb qo‘shib, har tomonlama sharhlay ketdi. O‘sha kuni o‘tirganlarning barchasi “Yulduzli yo‘llar” deyish bilan nima nazarda tutilganligini tushunib yetdilar. Eng qiziqarlisi, o‘sha paytlarda arab tili grammatikasi turklar usuli bo‘yicha o‘qitilardi.
Ko‘ngil aynish yilidan keyingi yilning boshlarida bu muammo nihoya topdi. Bu ruhiy rivojlanishni “Bahorning teng kunligi” deb atadim. Onam niyat qilgan nazrlariga vafo qilib, bir qo‘y sotib oldilar. Uning go‘shtini pishirib bir necha bechorahol odamlarni chaqirib, o‘sha paytlarda mashhur bo‘lgan no‘xat va pishirilgan guruchning ajoyib aralashmasidan tayyorlanadigan taom bilan mehmon qildilar.
15
“As-Salluliy” va “Bob Ajyod” o‘rtasidagi tor ko‘chada Sufyonni onda-sonda uchratib turardim. Ko‘chaning torligidan ikki odam bir-biri bilan uchrashib qolsa, jilmayib qo‘yishdan yoki bir-ikki og‘iz so‘z aytishdan yoki o‘zini ko‘rmaganga olib ketishdan boshqa iloji yo‘q edi. Shuning uchun qarshisidagi odamga ochiq chehra bilan qarashga majbur qiladigan, dunyoda bor sanoqli tor ko‘chalardan biri, shu yo‘lak bo‘lsa kerak. Bolalikdagi do‘stim Sufyonni esa u bilan bo‘lgan aloqalarimdagi alamli tajribalarim bo‘lishiga qaramay, ko‘rmaslikka olib o‘tolmasdim. Uchrashuvimiz bir necha daqiqa davom etsa-da, shu vaqt ichida men undan qilgan yoki qiladigan ishlari haqida so‘rardim, u esa u yoki bu eski do‘stlari haqida surishtirardi, so‘ng har birimiz o‘z yo‘limizda davom etardik.
Bir juma kuni ertalab to‘satdan eshik taqillab qoldi. Bir necha yil oldingi bir juma kuni sodir bo‘lgan voqea yodimga tushdi. Allohdan shaytonning yomonligidan panoh so‘radim.
Ko‘p she’riy qasidalarda “Kishilar bo‘yinlarin uzib” deya madh etilsa-da, “Dumalab tushayotgan kallalarni ko‘rishga toqatim yo‘q”, – deya, u bilan bormaslikka qaror qildim. Lekin u “Bu safargisi umuman boshqacha”, – deb ko‘nglimga qiziqish solib qo‘ydi. Allohga tavakkal qilib, u bilan birga uydan chiqdim.
Sufyon oldingi safar olib borgan joyiga boshlamadi, balki, aksincha, uyimizga yaqin bo‘lgan “Jabrat” tor ko‘chasi tomon yo‘l oldik. “Jabrat” deb atalishining sababi o‘sha ko‘chada shu nom bilan ataladigan chorbog‘ bor edi, u haqda “U takruniy bir zinji, onasi jabratiya” deb boshlanadigan mashhur qo‘shiq ham to‘qilgan.
O‘sha tor ko‘cha bo‘ylab bir oz yurgach, qadimiy Yetti qiz tog‘i tomon odimladik, yo‘lning yarmiga yetganimizda, Makkadagi u yoki bu tog‘li joylarning bag‘riga qurilgan binolar qatoridagi bir kichik uy oldida ikki politsiyachi turganini ko‘rdim. O‘zimdan-o‘zim joyimda to‘xtab qolibman va oyoqlarim orqamga tisarila boshladi. Lekin Sufyonning (oyoqlar toyiladigan kunda Alloh uning oyog‘ini mustahkam qilsin) bir o‘tkir qarashi bilan mening oyoqlarimga kuch kirdi. Orqaga yurishdan to‘xtadim va uning izidan yura boshladim. U esa politsiyachilarning o‘ng tomoniga yo‘l oldi, so‘ng bukchayganicha, engashib aylanib o‘tdi. Bir qarashda nega unday qilayotganini tushunmadim. Yana bir bor, lekin uyning boshqa tomonidan ularga yaqin joyga kelib qoldik. Politsiyachilar joylarida turib bizni sezmadilar. Biror gap aytmay, yoki biror narsa tushuntirmay, uy yaqinidagi daraxt shoxiga chiqdi. So‘ng daraxt orqali haligi uyning yuqori derazasidan ichkariga kirdi. Bunday balandlikdan yiqilib tushishdan qo‘rqib, oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmagan holda dag‘-dag‘ titrashiga qaramay, uning qilganlarini bajarishdan boshqa ilojim yo‘q edi. Xayriyatki, yiqilib tushmadim.
Kirgan xonamizda e’tiborni tortadigan deyarli hech nima yo‘q edi. Oddiy xonalardagidek: to‘shalgan sheroz gilamlari, bir necha oromkursi, yerga to‘shalgan ko‘rpachalar va zina. Sufyon o‘sha zina orqali o‘ng tomondagi boshqa xonaga kirdi, men esa, hoynahoy, voqea shu yerda sodir bo‘lgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim. Haqiqatdan ham shunday bo‘lib chiqdi, xonada hamma yoq ag‘dar-to‘ntar, ostin-ustun bo‘lib yotar, ko‘rpachalar, idishlar, stakanlar, va to‘shakni qoplagan katta dog‘ning tabiiy omillar asosida qotgan qonligi ko‘rinib turardi. Odatdagiday, hech nima tushunmay, qo‘lim bilan ko‘rsatib, nima gapligini so‘ramoqchi edim, Sufyon, ko‘rsatkich barmog‘ini og‘ziga qo‘yib, menga jim bo‘lgin deganday ishora qildi. So‘ng avvalgi xonaga, keyin deraza va daraxtga o‘tib, tog‘ yo‘li orqali uyimizga yaqin bo‘lgan joygacha yana birga olib keldi va tilga kirib: “Sen ko‘rgan qon qoldiqlari Baxtiyor amakiniki”, – dedi. “Bob Safo” yonida joylashgan do‘konda sharob sotuvchi Muhammad Ali al-Asxaryutiy uni o‘tgan tunda o‘ldiribdi. Chunki uni al-Asxaryutiy o‘z singlisi bilan birga “ushlab” olgan ekan. Shundan so‘ng Baxtiyor amakini va o‘sha zahoti singlisini ham o‘ldirib, qo‘lida pichoq bilan politsiya mahkamasiga borib o‘zini topshiribdi. Sen ko‘rgan ikki politsiyachi esa, bu ish bo‘yicha tergov tugaguncha o‘sha uyni qo‘riqlab turishar ekan. Bomdoddan oldin ikki jasad olib ketilibdi”. So‘ng, “Muhammad Ali al-Asxaryutiy kelasi juma qasos olinib o‘ldirilar ekan” – deb qo‘shib qo‘ydi. Bu bashorat asrning to‘rtdan uch qismi ham o‘tibdiki, haligacha amalga oshgani yo‘q.
O‘sha kuni ertalab ruhiyatim tushgandan tushib ketdi. Nima uchun? Balki bu ko‘ngil ko‘p narsalarni xohlar, ya’ni meni ko‘nglim ko‘rganlarimdan ko‘ra ko‘proq narsadan xabardor bo‘lmoqchidir, qaydam. Balki, faqat qon qoldiqlarini ko‘rishning o‘zi shuncha ovora bo‘lib borishga arzimasdir.
Shunisi aniqki, bo‘lib o‘tgan hodisa mening qalbimda esda qolarli iz qoldirmadi. Hozir eslab turib shu narsalar xayolimdan o‘tadi. Agar biror iz qolganida edi, balki mendan keyingi avlodda yuz yil o‘tib namoyon bo‘lgan bo‘lardi. Menga aytishlaricha, ko‘rgan-kechirganlaring, eshitganlaring, sening foydangga bo‘ladimi yoki ziyoninggami, ixtiyoriy yoki g‘ayriixtiyoriy ravishda ongingda saqlanib qoladi, so‘ng o‘zingga yoki keyingi avlodga tush shaklida yoki miya katakchalarida va irsiyatda ta’siri kuchli bo‘lgan bo‘lsa, uyg‘oqlik holatida zohir bo‘ladi. Shuning uchun erkakmi, ayolmi, balki ming yil o‘tgach, qotgan qon ko‘lida suzishni, yonida Sufyonga o‘xshash yonboshidan shox o‘sib chiqqan va mashhur shaytondek qah-qah otib kulayotgan kimsani tushida ko‘rishi bo‘lishi mumkin bo‘lgan hodisa. Shunday bo‘lishi haqiqatdan yiroq emas, tush ko‘rgan qiz-o‘g‘il nabiralar ruhiy tabib huzuriga borib uni hayron qoldiradilar. Zamonamiz ruhiy tabiblari, hozirgi avlod bolalari, ya’ni biz ko‘rgan qon qoldiqlari yuzasidan ma’qul javob topa bilmaganlaridek, ularning dardlariga ham davo topolmaydilar.
Yaqinda inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkilotining qotillik jinoyatlari va o‘z joniga qasd qilish va shunga o‘xshash voqealar haqida hisobotini o‘qimaganimda, al-Asxaryutiy va boshqalar esimga tushmagan bo‘lardi. Bu hisobot besh yuz sahifadan ortiq kitob bo‘lib, dunyoda mavjud qishloq xo‘jaligi yoki sanoatga ixtisoslashgan jamiyatlar – qora ko‘zlar yoki ko‘k ko‘zlar, iliq sharoitda qishi yomg‘irli yoki yozi issiq-sovuq bo‘ladigan jamiyatlarning hayoti aks ettirilgan. Shuningdek, bu hisobotda turli xil jinoyatlar hamda o‘z joniga qasd qilishning yangicha usullari, oson va samarali yo‘llarini bepul maslahat beradigan jamiyatlar mavjudligi haqida ma’lumotlar bor. Yuqoridagi voqealar shimoliy davlatlarda hamda sanoatlashgan jamiyatlarda ko‘p uchrayotgani haqida ma’lumotlar keltirilgan.
Mening yuqoridagi qimmatli hisobotga zarracha e’tirozim yo‘q, biroq sanoatlashgan so‘zidan so‘ng faqat “sanoatlashmagan” so‘zini ham qo‘shilishini xohlardim. Shunda “sanoatlashgan va sanoatlashmagan jamiyatlar” bo‘lardi. Bunga sabab, birinchisi al-Asxarbutiy va undan so‘ng shu davrgacha men bilgan quyidagi jinoyatlar: al-Malkaniyning qizi qora chiroqning yog‘ini sochiga quyib o‘ziga o‘t yoqib yuborgani, eng kamida ikki kishining “Xandama” tog‘ining eng pastidagi hammom qudug‘iga o‘zlarini tashlagani, yana uchinchi jasadni men bilmagan boshqa jarliklardan topilgani va menga tanish bo‘lgan bir kishining zahar ichib o‘lgani va h.k.
Shunisi ma’lumki, yuqoridagilardan birortasining ham ko‘zi ko‘k emas, shuningdek, o‘sha davrda biz shimolda yashaganimizni eslolmayman. Men taklif etgan oddiygina bir qo‘shimcha bilan bu hisobot keng qamrovli aniq hisobotga aylanadi.
16
Bir kuni Masjid ul-haramdagi darslar tugagach, ustozimiz (eslasam ko‘nglim yorishadi) menga kutilmagan fikrni aytdi. Xufton namozidan keyin uyida grammatikadan boshqa yangi bir kitobni talabalarning kichik bir guruhiga xususiy dars sifatida o‘qitayotganini, ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqimni ko‘rib, meni ham ularning safiga qo‘shilishimni aytib xursand qildi. Misfala mahallasidagi uyini tushuntirgach, biror narsani o‘tkazib yubormasligim uchun darsga kech qolmasligimni qattiq uqtirdi.
Ko‘pchilik odamlar orasidan tanlanishing va qaysidir ish uchun ozchilik tanlab olinganlar ichidan biri bo‘lishing shaksiz hayajonga solib, e’tibor va mamnunlik hissini beradi. Lekin onam bu fikrni qat’iyan man etdilar. Chunki kirishim mumkin bo‘lgan joylar ham hatto sanoqli bo‘lib, ular Asmo xolamning va yon atrofdagi ayrim qo‘shnilarning uylari edi. Xuftondan keyingi vaqt ham men kabilarning yoshiga, shuningdek, kunduz tirikchilik uchun, kechasi orom uchun yaratilgan deb odatlangan avlodimiz uchun ham to‘g‘ri kelmasdi. O‘sha onam xohishimni rad etgan tun ularga nisbatan “fuqarolik isyoni” deb ataladigan ishni o‘zim nomlamagan holda amalga oshirdim, kechki ovqatni yeyishdan bosh tortdim, yana o‘z vaqtida uxlamadim, hovlini yoritib turgan qorachiroq o‘chganidan keyin ham qorong‘ulikka termulgancha uzoq vaqt uyg‘oq o‘tiraverdim. Tun bo‘lgach, onam o‘z fikrlariga ko‘ndirish uchun kelgan edilar hamki, men o‘girilib oldim. Borgim ham kelmay qoldi. Axir qaysarlik qilishimga onam sababchi emasmi? To‘g‘ri, kishining nima o‘qitishini bilmay turib bunchalar boraman deb turib olishi yaxshi emas. Lekin, ertasiga o‘zim va ustozimiz oldidagi xijolatchilik, “onam uyingizga borib talabalar safiga qo‘shilishimga ruxsat bermadilar” deb aytdim. Mana shu ikki sabab tufayli o‘sha yig‘ilishda ishtirok etishim kerak deb turib oldim. Onamning rad etishlari uzoqqa cho‘zilmadi. Tun yarmiga yetmay turib, axiri borishimga rozi bo‘ldilar. Allohga tavakkal qilib, baloyu ofatlardan omonlik so‘rab, yig‘lab-siqtagancha, tor, qorong‘u ko‘chalardan yurmasdan, katta ko‘chaning chetidan emas, o‘rtasidan yurishimni, imkon boricha ko‘zimni kattaroq ochishimni bot-bot tayinladilar. Hamma aytganlarini tafsilotlari bilan eslab qolib, to‘laligicha amalga oshirdim.
Birinchi kechadayoq har birimizga – muallifi nomini osonlik bilan eslab qololmaydigan – “Millatlar va mazhablar” deb nomlangan kitob tarqatishdi. Bu ikki so‘zning ma’nosini tushunmaganim uchun, ayniqsa ikkinchisini, fikrimni bir joyga qo‘yib kitobni zo‘r berib ko‘ra boshladim. Shoyad, sahifalardan chigalliklarni yechadigan biror nima topilib qolsa, qani endi, aqlni qattiq ishga solish natijasida oldimda turgan narsani tushuntirishda yordam beradigan biror nima chiqsa. Bular qiyinchilik tug‘dirgach, u yoki bu chigallikni yechishda ojizlik qiladigan bashar, ya’ni odamlarga doimo yordamga kelgan eng katta fazilat bo‘lmish jimlikka yuz tutdim.
Biz bir necha nafar, aniqrog‘i, yetti nafar edik. O‘sha tungacha ularning birortasini ham tanimas edim, kimligini so‘ramadim ham. O‘sha payt odamlari hozirgidek, tanimagan odamga o‘zimizni tanishtirganimiz kabi ish tutishmas edi. Hozirgi davrdagidek hech kimning tashrif qog‘ozi ham yo‘q edi, ustozimiz ham bizni bir birimizga tanishtirishga befarq qaradilar. Dars uchun tayyorlangan joyga kichik doira shaklida o‘tirdik. Doira – ya’ni halqa haqidagi sir-asrorlar haligacha ochilgani yo‘q. Ovqatlanish stoli atrofida, masjiddagi darslarda ham doira bo‘lib o‘tirardik, Baytullohni ham doira bo‘lib tavof qilar edik, savdo sohasidagilar: oluvchi va sotuvchilar ham doira bo‘lib oladilar. Hozirgi kunda shoirlarimiz ham she’riyat osmonida, bor kuch-g‘ayratlarini sarflab yoki aksincha, muhimi bu emas, doira bo‘lib parvoz qiladilar. Ayollarimizning ham o‘zlariga yarasha doiralari bo‘lgan.
Hech qancha vaqt o‘tmay, ustozimiz muallif, uning tug‘ilgan joyi, hayoti va ijodi, ismining kelib chiqishi, o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i va shu kabilar haqida shunday so‘zladiki, uning hayotiga qiziqib qoldik. O‘zimizni go‘yo o‘sha muallif bilan oldindan mustahkam aloqasi bor tanish odamlardek his eta boshladik.
Birinchi dars nihoyasigacha kitobning nomi – har qanday kitob nomidan boshlab o‘qiladi – barchamizga tushunarli bo‘ldi. Kitob sarlavhasidagi “mazhablar” so‘zining ma’nosini ham tushunib oldik. Barchaning yuzida rizolik alomati zohir bo‘ldi. Kitoblar yig‘ildi va bir to‘p qilib xonaning bir chetiga qo‘yildi.
Kichik yoshdagi, ozg‘ingina bola kelguncha, hammasi maromida ketayotgan edi, balki u xizmatkor bo‘lsa kerak, u bizga kosalarda qizil rangli ichimlik olib keldi. Oldin bunaqasini ko‘rmagandim. Onamning gaplari esimga tushib, kichik kosadagilar nima ekan deya ko‘zlarimni katta-katta ochib qaradim. Lekin u biz odatlangan choy emasdi. Uning rangi choynikidan farq qilardi. Yana choy mehmonga issig‘ida tortilsa, u biroz sovuq edi. Shuning uchun boshqalarning ichishini kutib turdim, ularning yuzlarida ta’mi yoqmaslik alomati sezilmagach, men ham icha boshladim. Biroq yoqmadi, ikkilangancha, mezbon bo‘lmish ustozim bilan ko‘zimiz ko‘zimizga tushmasligi uchun shiftga tikildim. Baribir buni sezgan ustozim: – Ich, Muhaysin, bu “irqsuvs”, qon va asab uchun foydali, – dedi-da, boshqa churq etmadi. Ichimlik va uning nomi menga begona bo‘lib, eshitilishi ham yoqimsiz edi. Ichimlikdan zavqlanayotganimni ko‘rsatishga harakat qilib, hech nima bo‘lmaganday yana bir-ikki ho‘pladim, lekin foydasiz. Fikru xayolim xonada kosa ichidagini to‘kib yuborish uchun xoli joy qidirishda bo‘ldi, go‘yo tasodifan to‘kilib ketganday ko‘rsatib, biroq shu bilan birga xonadagi hech qaysi jihozni iflos qilmasligim kerak edi. Shunday qilmoqchi edim hamki, kuzatuv ostida ekanman, shekilli, ustozimiz meni bu holatdan qutqarib qolishga harakat qildi. Kelib, qo‘limdagi kosani oldi. Xizmatkorga tutar ekan: – Muhaysinga, ichimlikning ta’mi yoqmadi, – dedi. Chuqur-chuqur nafas oldim. Chunki o‘sha payt yengil nafas olish menga odat bo‘lmagandi.
Menimcha, gap irqsuvs deb atalmish ichimlikning ta’mida emas, balki har qanday yangi va men uchun begona bo‘lgan narsalarga nisbatan shak-shubha bilan qarashimda bo‘lsa kerak. Balki bu onamning – ehtiyot bo‘l, begona qo‘ldan hech nima ichma, odamlarning uylarida ovqatlanma, kirma, chiqma va mana shu kabi kundalik ashulalarining natijasi bo‘lsa kerak.
Mening o‘sha ahvolim Misrga borgan jurnalistning holatidan deyarli farq qilmasdi. Bu voqea albatta, mendan keyin sodir bo‘lgan – keltirilgan ichimlikni “aroq ichmayman” deb rad etadi. Misrlik mezbon bu aroq emas, sharqda keng tarqalgan toza yangi “koka-kola” ichimligi deb izoh beradi. Shunda mehmon, nomi o‘zgargani bilan asli o‘zgarib qolmaydi, deb javob qaytarib, mezbonni noqulay ahvolga solib qo‘yadi. Shunda mezbon sahrodan tashrif buyurgan arab shayxining ko‘nglini xotirjam qilish uchun bir piyola qahva buyurgan ekan.
Darslar o‘z maromida, agar to‘xtovsizligini nazarda tutilsa, uzluksiz davom etardi. O‘tilgan darsni tushunib hazm qilish va unga bo‘lgan ishtiyoq borasida esa, menimcha, maromida emasdi. Ba’zilar uchun bu juda ham sekinlik bilan siljishni talab qilardi. Kitobning bir sahifasidan boshqasiga o‘tish hozirda Atlantika okeanining bir sohilidan boshqa bir sohiliga o‘tishdan ham qiyin edi.
Bir necha darslardan so‘ng bunday turli ahvolni tuzatish kerak deya qaror qildim. Ketishga shoshilmasdan, ustoz xoli qolgandan so‘ng, tortinibgina “Millatlar va mazhablar” ni, ya’ni o‘sha kitobni darsga oldindan tayyorlanib kelish uchun o‘zim bilan olib ketishim mumkinmi, deb so‘radim. Shayximiz kitobni kir qilmaslik, muqovasini yoki birorta ham sahifasini yirtmaslik sharti bilan olib ketishimga rozi bo‘ldilar. Shunday qilganim sharoitni yaxshilanishiga yaxshi ta’sir ko‘rsatdi. Nafaqat dars jarayoniga kirishishimning oson bo‘lgani, balki ba’zi savollarni tashlab, u yoki bu jamoa aytgan fikrlari ustida munozara qilishgacha bordim. Shularga qaramay, sayohat oxirgi nuqtasigacha bormadi. Qaysidir somon, ya’ni millatni nazarda tutyapman, otning belini, ya’ni mening belimni sindirdi. Bilolmadim, balki u “Rofida” yoki “Jahmiya” oqimlaridir yoki ikkalasi ham. Muhimi shuki, men ham darslardan o‘zimni torta boshladim. Unda ishchilar zavodlariga xohlab-xohlamay juda sekin kirib boradilar. Bu sekin harakat qilish kun bo‘yi davom etadi, loyiha iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatadigan darajada ishlab chiqarish pasayadi. Bu esa ularning talablarini ko‘rib chiqishga majbur etadi. Shunday bo‘lsa-da, qonun tazyiqi ostida qolganliklari sabab, isyon e’lon qilmaydilar, ularga qilingan taqsimotdan rozi bo‘lmaydilar. Natijada ahvollarini yaxshilash mumkin bo‘lgan fursat o‘tib ketadi.
Bir kuni bir necha daqiqaga kech keldim, kutib turishgan ekan. Ikkinchi marta kechga qoldim, yana kutishdi, lekin tashqi eshik va xona eshigi o‘rtasidagi yo‘lakdan kelayotganimni eshitgan ustozimiz baland ovoz bilan yo‘talib qo‘ydi, go‘yoki u “sabrning ham chegarasi bo‘ladi-da,” deb ogohlantirayotganday edi. Uchinchi marta esa dars tugaganda kelibman. Uyga qaytar ekanman, tor ko‘chalar oralab maqsadsiz daydidim.
O‘sha kuni birinchi marotaba g‘aroyib bir tuyg‘uni his etdim, guyo sen qandaydir bir joyda turibsan-u, boshqalar esa seni boshqa joyda deb o‘ylashadi va sen zamonning buyuk sir-asrorlarini yashirayotgandek, o‘zingcha kulib qo‘yasan. Ustozimga shaxsiy sabablarga ko‘ra darslarga qatnasholmasligimni aytib, kitobini qaytarib berdim. U esa qanday sababligini surishtirib ham o‘tirmadi, so‘rab qolganida nima deyishni ham aslida bilmas edim. Bilganim shu bo‘ldiki, kitob qamrab olgan fikriy chalkashliklar to‘foni menga yoqmadi, ya’ni meni oxirigacha davom etishimga yo‘l qo‘ymadi. Biror-bir mazhab yoki oqimni qo‘llab-quvvatlash uchun aytilgan har bir dalil-hujjat menga mantiqiydek ko‘rinardi.
Shayx esa ularga e’tiroz bildirib, har doimgiday “Agar senga bunday deyilsa, uning javobi quyidagicha” deb davom ettirgancha so‘nggi qarorni chiqarar, so‘ngra yana boshqa dalil-hujjatni sharhlab, shu yo‘sin tanqid etishda davom etardi. Axiri, har bir dalil shunday tanqid ostiga olinaversa, buning nima foydasi bor degan fikrga keldim.
O‘sha kezlarda o‘zim uchun biror foydali narsa oldim deydigan bo‘lsam, u ham bo‘lsa meni qiziqtirgan mavzu ustida keskin tortishuvlar olib borish va shu bilan birga o‘z fikrimni o‘zgalarga o‘tkazish qudratini bir zarra bo‘lsa ham o‘rgandim. Bu iqtidorimni sezgan holda, tabiiyki, bir necha yildan so‘ng, da’vochi, ya’ni hozirgilar aytganidek, advokat bo‘lishni ham o‘ylab ko‘rdim. Har qalay, har qanday muammoni hal qilish va uni himoya qilish qo‘limdan kelishini his etardim. Lekin, bu sohadagi odamlarning bir-biri ustidan tuhmat va bo‘hton yog‘dirishlarini bilgach, advokatlar va shularga o‘xshashlar qatorida bo‘lmaganimga shukrlar qildim.
17
Maktabning yuqori sinflar bosqichiga o‘tganimizda o‘quvchilar soni keskin qisqarib, bir necha nafargina qoldik, ularning bittasi men edim. Ketganlarning birortasiga ham kichik va zaiflarni bezorilardan himoya qilishda soyasining o‘zi kifoya qiladigan Ahmadga achinganchalik kuyunmadim. O‘sha payt oramizda “Hisom askar” degani bo‘lardi. Boshdanoq bir-birimizni yoqtirmasdik, o‘zaro salom-alik qilmasak-da, har kim o‘z ishi bilan o‘zi mashg‘ul bo‘lib, hech ham shu paytgacha san-manga bormagan edik. Balki u ajdodlarimdan birining dushmani bo‘lgan-u, uning surati menga ko‘chganidan yomon ko‘rgandirman. Yoki uni yoqtirmagan yaqinlariga o‘xshashligim sababdir. Xullas, o‘zaro yomonligimiz bo‘lmasa-da, bir-birimizni ko‘rgani ko‘zimiz yo‘q edi. Muhimi, Hisom sharoit tug‘ilgach, menga tashlana boshladi. Talabalar ichida jismonan kichik bo‘lganim uchun yakkama-yakka jangga kim chaqirguday bo‘lsa yengilishim aniq edi. Haqiqatan ham yengildim, bu esa uni yanada kekkaytirib yubordi. “Askarni betaraflash” strategiyasini qo‘llashni boshladim. Strategiyamning birinchi rejasi – dars tugashi bilanoq shippagimni qo‘ltig‘imga olib, qoqilmaslik uchun etagimni shimarib, imkoni boricha tez yugurib mahallamiz hududidagi savdogarlar joylashgan joygacha yetib borib, ularning ro‘parasida turib olish edi. Shu usul bilan bir necha bor omon qoldim. Lekin “askar” ko‘p o‘tmay qilayotgan ishimni sezib qoldi. Mendan oldin ko‘chaga chiqib, janjal, uning ketidan olishuv boshlar edi. Hatto bu hayotimdagi kundalik dasturning bir qismiga aylandi. O‘zimni himoya qilish usullarini rivojlantirdim, ya’ni tishlash va ba’zi nozik joylarini ushlashni qo‘llashga qaramay, har gal yengilar edim. Bu ikkala usul ham o‘sha davr janjalkashlari ta’biricha – “o‘g‘il bola”ning ishi emasdi. Butun xayolim uning yomonliklaridan qutulish bo‘lib qoldi, lekin biror to‘xtamga kelmadim. Kech tushdi.
Xufton namozidan so‘ng Masjid-ul-haramdan uyga qaytayotgandim, eshigimiz oldiga kelganimda, o‘sha yerda odammi yoki arvohmi – bilmadim, nimadir turganini sezdim. U orqasida kattakon yo qop, yoki xalta ko‘tarib olganga o‘xshardi, qopi o‘zidan ko‘ra kattaroq edi. Yuk ko‘tarib poylab turgan sharpaning menga gapirib qolishiga fursat qoldirmaslik uchun eshikni tez ochib, ichkariga kirgan edim hamki, shunda eshik taqillab, u: – “Muhaysin, Muhaysin”, deb past ovozda chaqira boshladi. Eshikni taqillatayotgan Sufyon edi. O‘shaligini bilgach, biror murdanimi yoki jussani orqalab kelganmi, deb o‘ylab, qo‘rquvdan tepa sochim tik bo‘lib ketdi. Lekin u eshikni qoqishda davom etib, “Muhaysin” deb chaqiraverdi. Eshikni qiya ochishdan boshqa choram qolmadi. U esa, “qopni bir necha kunga uylaringdagi dahlizga qo‘yib turay,” deb so‘radi.
Shu lahzada ilhomga o‘xshash bir narsa kelganidan qopning ichidagi narsa va uni uyimizda yashirish oqibatlarini ham o‘ylamay, hech ikkilanmasdan, “faqat bir shart – “Askar” bilan olishasan,” – deb yuboribman. Fikru xayolim faqat Askarni mag‘lub qilish edi. Sufyon ham darhol – “Roziman, lekin urishishim kerak bo‘lgan “Askar” deganing kim o‘zi?” – dedi.
– Hisom, – dedim.
– Kim u Hisom?
– Sinfdoshim.
– Gap yo‘q…
Eshikni ochdim. Sufyon yuki bilan dahliz oxirigacha yurib burilishi kerak bo‘ladigan joy “ko‘mirxona” – odatda, uylarimizda ko‘mir saqlanadigan yergacha bordi, yukini qo‘yib keyin sudragancha janubiy burchakka joylashtirdi. Bu bilan yuk kirgan-chiqqanlarning ko‘zidan pana bo‘ldi. So‘ng eshik tomon yo‘l oldi. Qo‘lim bilan to‘xtatib, “Askar nima bo‘ladi”, – deb so‘rasam, – “Ertaga asrdan oldin maktabdan chiqishlaringni kutib turaman. Meni ko‘rganingda unga ishora qilsang bas, mana ko‘rasan”, – dedi. Haqiqatan ham uni ko‘rib, xursand bo‘lib ketdim. Lekin uning chehrasi ochilmadi. Aksincha, ko‘kragini kerib, vajohatli tarzda turardi. Sekingina “Askar”ga qo‘lim bilan ishora qilishim bilan Sufyon uning oldiga borib, e yo‘q, be yo‘q bir shapaloq qo‘yib yubordi. Zarba Hisomni shunaqangi silkitdiki, hayotida hali bunaqasini ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Muvozanatini butunlay yo‘qotishidan oldin Sufyon Hisomni boshi ustidan ko‘tarib yerga otib yubordi. Keyin ko‘kragiga tizzalab tushirdi-da, musht va tepki mazasini tottira boshladi. U ham kamlik qilganday, boshini yerga burab, peshonasini tuproqqa ishqalay boshladi. So‘ng ikki qo‘li bilan ko‘ylagining yoqasidan ushlab tagigacha yirtib tashladi, natijada uning ko‘ylagi o‘sha zamonda kiyiladigan “jubba”ga o‘xshab qoldi. Menga qarab “Etadimi?” dedi. Boshimni likillatdim. Askarni joyida qoldirib, qo‘limdan tortgancha jo‘nab ketdi.
O‘sha voqeadan so‘ng Hisom bir necha kun maktabga kelmadi. Kelgan kuni esa yangi kiyimda, sochi toza olingan, uning ruhida “taslim bo‘ldim” degan kayfiyat sezilib turardi, bu kayfiyat o‘quv yillari tugagunga qadar davom etdi. Biz ikkalamiz bir-birimizdan uzoqlashib ketdik.
O‘shanda men zaiflar o‘z foydasi uchun kuchlilarni qanday jazolash mumkinligini, buning uchun, qo‘llaridagi bor imkoniyatdan yoki qorong‘u yo‘laklardan ham foydalanish yaxshi ekanligini bilib oldim.
O‘sha tun Sufyon ko‘mirxonada qoldirib ketgan qopda nima borligini ko‘rishim kerak edi. Qo‘rqibgina og‘zini ochib qarasam, eski kavush va oyoq kiyimlardan boshqa hech narsa yo‘q ekan, hayratim oshdi. Bir necha kundan keyin bu ishning tagiga yetdim.
“Bob Ajyad”ning tahoratxonasi yaqinida etikdo‘z-yamoqchi bor edi. Sufyon o‘sha yerga o‘g‘rilikka tushibdi. Usta xufton namoziga kirib ketgach, tagiga solib o‘tiradigan qopni olib bir quloch bo‘lib yotgan oyoq kiyimlari bilan to‘ldiribdi, orqasiga ortib jo‘nab qolibdi.
O‘sha tun Sufyon Shayx Ishoq bashorat qilganidek, xochga qoqilib, fojiali nihoya topib, qushlar boshidan cho‘qisa kerak deb o‘yladim.
Qopdagilarni nima qildi, dersiz. Kunda ikkita yoki uchtasini olib, u yoki bu etikdo‘zga bir necha “halala”ga yoki ishi yurishganda bir necha “qirsh”ga sotib kelardi. Shu zaylda hammasini sotib tugatdi. Aytishiga qaraganda, “Muddaiy” degan joyning “Roquba” torko‘chasidagi etikdo‘z eng yaxshi mijozlaridan ekan.
18
Maktabning yuqori bosqichida o‘qiyotgan davrimizda maktab kutubxonasidan bir yoki bir necha kitobni vaqtinchalik olib o‘qishimiz kerak edi. Maktabning an’analariga ko‘ra bir emas, bir necha o‘qituvchilarning qistoviga qaramay, hech bir o‘quvchi bu ishni o‘z–o‘zidan qilmas edi. Kunlarning birida maktab mudirining xonasiga kitob olish uchun kirdim. U oromkursiga o‘tirib olgan, oldida bir piyola choy, qamishdan yasalgan pashsha o‘ldiradigan bo‘lib, pashshalarni qo‘rib o‘tirardi. To‘plangan pashshalar tarqalar, so‘ng choy quyilgan piyola yoniga yana qaytar, u esa ora-orada choydan ho‘plab-ho‘plab turardi, so‘ng yana pashsha qo‘rishda davom etardi. Meni ko‘rishi bilanoq kirishimning sababini, mening kimligimni surishtirmay, qo‘li bilan “Chiq!” degan ishora qildi. Lekin men, aksincha, u tomonga boraverdim. So‘ng yaqinlashdim-da, “Men Muhaysinman”, – dedim. U esa odat bo‘lmagan holni boshqalar ham ko‘rishini xohlab, u yoq-bu yoqqa qaradi-da: “Muhaysin? Qaysi Muhaysin?” – dedi.
–Muhaysin al-Billiy, yuqori bosqich o‘quvchisi bo‘laman.
–Ha-a-a, kitob olmoqchimisan?
–Ha.
U qo‘lini eski qop ustida bir uyum bo‘lib yotgan kitoblarga uzatib, ichidan bittasini olib berdi va menga qarab:
– Varaqlarini yirtma, ustiga ovqat qo‘yma, kir bo‘ladi, – deb, yana pashsha va choyi bilan ovora bo‘ldi. Men esa o‘z sinfxonamga qaytdim. Bilishimcha, o‘sha mudir maktabimiz homiysi bo‘lmish osiyoliklar hay’ati tomonidan tayinlangan bo‘lib, bu muhim vazifani bajarish uchun o‘sha yerdan jo‘natilgan ekan. Ko‘rib turganingizdek, mudir o‘sha vazifasini va maktab ishlarini o‘sha tongda mening ishimni qanday bajargan bo‘lsa shunday bajaryapti.
O‘sha kitob kam sahifali, she’riy kitob bo‘lib, aslini olganda bir dona qasida ekan. Qaysidir “al–Andalusiy”ning “Davr ustidan hajviya” qasidasi edi. She’r men uchun yangi narsa bo‘lib, faqat yodlash darslarida yod olganimdan boshqasini bilmas edim. E’tiborlisi as–Samualning “Bizning tog‘imiz bor” qasidasi bo‘lib, o‘zimiz shunday nomlagan edik, chunki qasida ichida “Bizning tog‘imiz bor, kimni himoya qilsak, uni o‘sha egallaydi”, – degan satrlari bor edi. Hajviy qasidaning ma’nosini va yo‘nalishini o‘qib tushunishda biroz qiyinchiliklar tug‘ildi. “Davr ustidan hajviya” qasidasini nazarda tutyapman. U yoki bu so‘zning ma’nosi, yoki butun boshli jumla haqida bir necha maktab o‘qituvchilaridan maslahat so‘rar ekanman, kitobni yakunlagach, o‘sha davrga nisbatan achinish hissini tuydim, chunki o‘sha zamon mumkin bo‘lgan eng qabih suratda hajv qilingan edi. Uzoq vaqtgacha bir necha baytlarini yod olib yurdim. So‘ng ikkinchi kitob, uchinchisi, hammasi hajviyalar. Keyinroq maktab mudirining nima sababdan kitob olish uchun kelganlarga bir tartibda shunday kitoblarni majburlab berayotganini sezdim. Balki u “yovuz niyat sohibi”, balki haqiqatan ham voqeiy insondir va kelajak kishilarining hayotning faqat qorong‘u tomonlarini ko‘rishlarini xohlar, chunki ularga boshqa jihati ko‘rinsa, ularning xursandchiliklari ikki baravar bo‘lib ketar edi.
Meningdek o‘sha uch kitobchani o‘qiganlar albatta al–Mutanabbiyning “Ibn at–Turtubba” hajviyasini ham o‘qigan bo‘lishlari kerak. Shoirning aynan mana shu she’ri hayotiga zomin bo‘ldi. O‘ylashimcha, Xuroson yo‘lida o‘sha Ibn at–Turtubba bir necha hamtovoqlari bilan shoir yo‘lini to‘sib qilichlari bilan boshini tanasidan judo qilganlar. Shunday bo‘lishiga qaramay, insonlar qalbida o‘sha go‘zal qasida qoldirgan taassurotni hech bir narsa o‘chira olmaydi.
Maktabimizda hajviyaga oid shu uch kitobdan boshqa kitob yo‘qligiga xudoga shukrlar qilaman! Agar aksi bo‘lganda, qolgan o‘quv yilini odamlarning mavqelari ustidan kulish-u, qonun tazyiqi ostida bo‘lgan narsa va shaxslarni qoralash bilan o‘tkazar edim. So‘nggi ikki yil mobaynida maktabda mavzu jihatdan turli rivoyatlar, tarjima qilingan qissalar, she’riy devonlar va har xil boshqa kitoblarni o‘qidim. Masalan, biri Arastu degan shaxs haqida, uni o‘qib hech nima tushunmaganman, ikkinchisi falakiyot, uchinchisi minerallar kimyosi haqida. Bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan kitoblar. Ularning birortasini ham o‘zim tanlamaganman. Kitob tanlash o‘z ixtiyorimizda bo‘lmay, o‘qish uchun kitobni mudir tanlab berar edi. Kitobxonlar soni ham uch nafar bo‘lib, ulardan biri men edim.
Kitobni, ko‘pincha, chiroqlari ko‘pligi tufayli Masjid–ul–haramda yoki uyimizga yaqin bo‘lgan ko‘cha chirog‘ining nuri tushib turadigan torko‘cha burilishida o‘qir edim. O‘qish jarayoni tik turgan holda davom etib, oyoqlar tolib uvishguday bo‘lsa, u yoq–bu yoqqa borib harakat qilib olar edim. Shaksiz, ko‘rinishim o‘tgan–ketganlarning e’tiborini qaratmasdan qo‘ymasdi. Qanchadan–qancha yo‘lovchilar to‘xtab, ko‘cha muyulishida har tun mixlanib turgan bu telbaga qiziqmadi, deysiz. O‘qiyveradi, o‘qiyveradi. Esi borlar mazza qilib uyida o‘tiribdi. Foydasi nima ekan? Lekin uydagi “shamchiroq” o‘qish uchun yetarlicha yorug‘lik bermaydi. E’tibor qaratganlar ichida, yuqorida aytib o‘tilgan torko‘cha nihoyasida yashovchi “Umar amaki” ham bor edi. Yonimdan o‘tar ekan, bir necha bor to‘xtagan va birinchi marotabasida esa sen “Falon” xonimning o‘g‘lisan-a?” – deb so‘raganda, men – “ha”, javobni bersam, qanday kitob o‘qiyotganimni so‘ragan edi. Kitob nomini aytsam, boshini qimirlatib, yana yo‘lida davom etgandi. Har safar kitobning o‘zgarganini ko‘rsa, savolini qaytarardi, kallasini likillatib yana ketaverardi.
Umar amaki ajoyib tengi yo‘q shaxs edi. U butun mahalladagi xususiy va boshlang‘ich maktab kitoblaridan tashqari, boshqa kitoblarni ham mutolaa qilgan yagona shaxs edi. Balki u hukumat idorasida ishlayotgan yagona odamdir. Balki oldin hamma qatori jubba kiyib, so‘ng saudiylar davrida mas’ul xodim vazifasida ishlayotganda, hozirgi plashsifat rasmiy “mishlax” kiyganlarning birinchisidir. Shuningdek, yangi chiqqan narsalar bo‘yicha ham mahallaning birinchisi edi – radio ixtiro qilingach, birinchi bo‘lib radio olgan, birinchi bo‘lib tibbiy ko‘zoynak taqqan. Mashinalar chiqa boshlagach, yaqin kunlarda birinchi bo‘lib sotib olgan, shuningdek, hijozliklardan emas, boshqa joydan bo‘lgan xizmatkor ishlatgan odam, yana…yana… Shu kabi behisob yangiliklarni u bilan bo‘lgan aloqamiz chuqurlashgan sari vaqt o‘tishi bilan bilib boraverdim.
Bir necha oy o‘tgach, o‘qish makoni bo‘lib qolgan o‘sha torko‘cha burchagida turganimda, shayx Umar to‘xtab, unda bir qancha kitob borligini, xohlaganimni olib o‘qib tursam, xursand bo‘lishini, men faqat biror kun asr paytida uning uyiga borib, kitoblarini ko‘rishim va xohlaganimni olishim mumkinligini aytdi. Men unga tashakkur bildirdim, u esa yo‘lida davom etdi.
Ertasi kuni kechagi gap haqida so‘z ochmay, uzoqdan salom–alik qilib o‘tdi. Va u bir necha kun mana shunday qildi. Yana bir kuni kechasi:
– Haligi aytgan taklifim yodingdan chiqdimi? – dedi va turgan joyida – agar xohlasang, ba’zi kitoblarimni shu yerga olib kelishim mumkin, – dedi.
O‘shanda o‘zimdan xijolat bo‘lib ketdim va:
– Yo‘q, bunga hojat yo‘q… Bormayotganimning sababi hozir qo‘limda o‘qiyotgan kitobim bor – tugatib maktabga topshiray, so‘ng siznikiga boraman, – dedim.
O‘sha kecha uning taklifini aytib, onamdan maslahat so‘radim. Onam bir necha daqiqa sukut saqlab qoldilar. Balki, xususiy darslarga borishimni man etgan tunni o‘ylagandirlar. Shuning uchun javob bermay, uzoq jim turdilar, men yana takror so‘raganimda:
– Sening yo‘lingni to‘sishni xohlamayman, lekin ishning oqibati nima bilan tugashini o‘ylamay turib, senga rozilik berolmayman. O‘sha shayx Umar “masonchi”, buni hamma mahalladagilar biladi. Nasroniylar yurtiga boradi, musulmonlarning tilidan boshqa tilda gaplasha oldi va hech kim bilmaydigan katta kitoblarni o‘qiydi, – dedilar, so‘ng: – Agar boraman deb turib olsang, na iloj, birinchi marotaba sen bilan birga boraman. Uning onasini taniyman. Yoshi bir joyga borgan bo‘lsa ham, yaxshi ayol. Odam tanimay qolgan bo‘lsa ham, uni ko‘rib kelaman, sen kitobingni olasan va birga qaytamiz, – deb qo‘shib qo‘ydilar.
Balki, o‘sha payt shayx Umar “masonchi” bo‘lgandir. Balki undan ham battarroqdir. Lekin, uyiga kirganimda, birinchi bor ko‘zim tushgan narsa bir soqolli cholning – otasidir yoki buvasi – kattakon surati edi. O‘sha davrda surat chizish katta gunohlar qatorida hisoblanardi. Nafaqat mahallada, balki butun Makkada biron-bir suratxona, surat bosiladigan bosmaxona, na kattalashtiradigan joy bor edi. Hech kim devorga surat osish u yoqda tursin, bunday katta hajmdagi suratni uyiga olib kirishga jur’at etishni xayoliga ham keltira olmasdi. Yo tavba, qayerdan olib kelgan ekan–a?!
Suratga angrayganimcha, ostona hatlamay joyimda turib qoldim. Nima ham qila olardim – surat osilgan joydan farishtalar chiqib, shaytonu jinlar kirib olmaydimi?! Ikkilanayotganimni sezib, shayx men tomonga kelib qo‘lini uzatdi. Birinchi marotaba qo‘l berib ko‘rishishim. Uzatilgan qo‘lning shubhalanarli joyi yo‘q edi. Men ham ikki qo‘llab ko‘rishdim. U kulib: – Bu otamning surati. Bir necha yil avval Londonga safar qilganimda oldirgan edim!.. Ajab?! Onam to‘g‘ri aytgan ekanlar, ehtiyot bo‘lishim kerak.
O‘sha kuni shaytonlar maskan qilib olgan xonada o‘tirmasdan, uchta kitob olib chiqdim. Aftidan, u hech nima sezmaganday edi. Chiqib ketayotganimda esa – “Kitoblarni har birini o‘qib chiqqach, bitta–bitta olib kelasan, faqat kuttirmasdan”,– dedi. Aytganiday qildim.
O‘qib bo‘lgan kitobni topshirgani borganimda, biror marta ham qolishimni yoki o‘tirishimni so‘ramadi. Salom-alikdan so‘ng kitobni berib ketaverardim. Biroq, uchinchi kitobni tugatib olib borsam, birpas o‘tirishimni so‘rab, boshqa kitoblarini ko‘rsatdi va xohlaganimni tanlab olishimni aytdi. O‘sha kuni u bilan bir piyola choy ichib, bir necha daqiqa suhbat qurishga majbur bo‘ldim. Men shunday qilishga oldindan tayyor edim. Lekin u jilmayishdan u yog‘iga o‘tmasdi. Uning bu jilmayishiga vaqt o‘tishi bilan o‘rganib qoldim. Ba’zida yoqqan bo‘lsa, ba’zan esa undan nafratlanardim, chunki bu jilmayish ko‘pincha o‘sha – “Tuya tushunmasa, menga nima” iborasiga teng kelardi.
Kunlarning birida o‘qib chiqilgan kitoblar haqidagi fikrimni va ulardan birining qisqacha mazmunini aytib berishimni so‘radi. Men bir tarjima qilingan romanni qisqacha gapirib berdim. Xursand bo‘lib ketganidan yuzidagi o‘sha jilmayish yo‘qolib, ko‘zlari yonib ketayozdi.
O‘sha suhbat nihoyasida u meni ichkaridagi boshqa xonaga boshlab kirdi. Ha, inson xayoliga kelmaydigan narsa. Yuzlab nafis jildli kitoblar yog‘och tokchalarga ajib tartibda ustma-ust terilgan. E, qoyil-e, “masonchi”!
Qo‘li bilan bir qator kitoblarga ishora qilar ekan:
– Bu qadimgi she’riy devon, mana bunisi muhojirlarning she’rlaridan – muhojirlar so‘zining ma’nosini albatta tushunmaganman. – Bu kitoblar falsafaga, bunisi riyoziyotga oid, mana bular tarjima qilingan roman va hikoyalar. Lekin, negadir kitoblarning kattagina qismiga izoh bermasdan o‘tdi. Men ham indamadim. Shu paytgacha bu qadar ko‘p sonli kitoblarning bir joyda jamlanganiga ko‘zim tushmagan edi. Hatto maktab kutubxonasida bu yerda ko‘rganimning arzimas qismi ham yo‘q. Uyimizda esa aqalli birorta ham kitob yo‘q. Nima qilishimni bilmay ikkilanib turgan edim hamki, u:
– Shu kitoblar ichidan xohlaganingni olib o‘qishing mumkin, tugatgach, joyiga qaytarib, yana boshqasini olishing mumkin, dedi. Churq etmay joyimda qimirlamay turar edim, u esa qo‘lini cho‘zib, kitoblarning birini oldi–da, menga uzatib:
– Mana buni o‘qi,– dedi…
Kundan–kunga o‘sha “masonchi”ga nisbatan bo‘lgan qiziqishim ortib bordi. Tavba qildim-u, u bilan uning maxsus xonasida birga o‘tira boshladim, bir piyola choy ustida u yoki bu kitob haqida gaplashar edik. Eng qizig‘i, devordagi o‘sha katta surat meni bezovta qilmay qo‘ydi. Shunga qaramay, kunlarning birida undan harom bo‘lgan narsani qanday qilib ilib qo‘ygani haqida so‘radim. To‘g‘ridan-to‘g‘ri savolimga javob berish o‘rniga mendan “shu suratga ibodat qilish haqida biror marta o‘ylaganmisan?” deb so‘radi. So‘ng sukunatga botdi, Har safar shunday qilardi. Ko‘plab savol bergan kezlarim to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berish o‘rniga savol bilan murojaat qilar va o‘sha g‘aroyib jilmayishini qo‘ymasdi.
Kunlarning birida u menga:
– Meni shayx Umar emas, ustoz Umar deb chaqirgin, – dedi. Keyinchalik unga faqat ustoz deb murojaat qiladigan bo‘ldim. O‘sha kundan boshlab, bir necha yillar davomida men ustoz deb chaqiradigan yagona inson o‘sha kishi edi. Men uni haqiqatan ustoz deb bilardim.
Undan qancha kitob olganimni hozir eslolmayman, ular juda ko‘p edi. Hammasini ham o‘qimasdim, boshidan bir necha varaq mutolaa qilib ko‘rar edim, mabodo yoqsa, davom etardim, aksi bo‘lsa, qaytarib, boshqasini olardim.
U bunga qarshilik ko‘rsatmas, balki nimani xohlashimga qarab, kitob tanlashib yuborardi. Oldi-berdilar davomida ko‘p suhbatlashardik. Ayniqsa, maktabda eshitganlarim, harom-halol masalalari, shuningdek, nima joizu nima nojoizligi haqida fikrini so‘rardim. U ko‘p gapirmasdan lo‘nda qilib javob berardi. Bir kuni sinfda bo‘lib o‘tgan tortishuvli muammoning yechimi haqidagi fikrini bilmoqchi bo‘ldim. U menga biror fikr berish o‘rniga quyidagicha javob qaytardi:
– Sen bilmoqchi bo‘lgan ko‘p ishlar, inson aqlining naqadar chegaralanganligiga dalolatdir, – dedi–da, jim bo‘ldi. Nima demoqchiligini men ham tushunmadim, u ham sukut saqlagancha, boshqa lom–mim demadi.
O‘sha vaqtda, ya’ni o‘qishni bitirayotgan yilim, ozmi–ko‘pmi ijodimni qog‘ozga bita boshladim. Bilmadim, uni she’r desa bo‘ladimi, nasrmi yoki rivoyatmi? Lekin birortasi ham o‘zimga yoqmagach, yirtib tashladim. So‘ng mashhur maqol–matallar qolipida o‘zim shunga o‘xshashlarini yoza boshladim. Hatto ancha–munchasi qo‘limda to‘planib qoldi. Lekin ba’zi bir “Karvondan qolgan kerakli joyga ham bora olmaydi, yuk ortilgan yelkanni ham ayamaydi” kabi ma’nosiga tushunib yetmagan maqollarga o‘xshashini yoza olmadim.
Quyidagi iboralarni yozganimni eslayman. Masalan: “Garchi tiling kalta bo‘lsa ham u seniki” shaklida “Burning kesilgan bo‘lsa ham u seniki” ga o‘xshash, yana “Na u yog‘limas, na bu yog‘li” ga monand: “Na kitobda va na ko‘chada”, ya’ni shaxsiy hayotda va maktabda ishi yurishmaydigan odamga nisbatan aytiladi. Shu darajaga yetdimki, cho‘ntagimning biri oq varaqlar bilan to‘la bo‘lsa, ikkinchisi misol–matallar bilan liq bo‘lardi. Kezi kelganda doimiy qaytarib yurishim uchun yoki yangi fikr kelsa darhol yozib qo‘yish uchun hamisha yonimda olib yurardim. Katta–katta ijodkorlar kabi, Alloh dilimga solgan, tunda ham kelgan fikrni yozib qo‘yish uchun qog‘oz bilan chiroq axtarib, kechqurun tunaydigan pashshaxonamni ham tark etardim. O‘z ishimga shu darajada kirishib ketgan edimki, men yozgan har qanday holatda aytilgan va aytilishi mumkin bo‘lgan aynan o‘shanday maqol–matallar to‘plami yuztagacha yetib boray dedi. Lekin buni birov ko‘rmaganidan men xursand edim. O‘zim esa ijod asiriga aylanib qolgandim; ko‘nglim g‘ururga to‘la, cho‘ntaklarim qappaygan, o‘zimga–o‘zim: “qaniydi bilsalaring”– deb qo‘yardim. Bu yozganlarimni tuzatish – qo‘shish, olib tashlash, to‘g‘rilash amaliyotlari yo‘q deganda kunda bir marotaba bo‘lsa ham bajarilardi. Hatto, kunlarning birida ijodiy adabiy ishim qoniqarli darajaga yetganligidan qanoat hosil qilib, namunalarimni olgancha, u yerga – ustoznikiga yo‘l oldim. Faxru g‘ururdan ichim to‘lib otilib ketay deyayotgan bo‘lsa–da, ustozga tavoze va xijolatda yozganlarimni ko‘rsatdim. Bir lahzadayoq o‘qib, tabiiyki, meni maqtov ummoniga ko‘mib tashlashini kutgan edim. Lekin u bir chetga qo‘yib indamadi. Bu ishidan ko‘nglim u qadar og‘rimasa–da: “Qanday qilib inson bu nafis ijodni chetga surib, ko‘rishni kechiktirishi mumkin?”– degan savol meni qiynardi. Lekin u shunday qildi.
Ertasi kuni ustoz bilan ko‘rishish hayotimdagi kundalik dasturning bir qismiga aylanib qolgan odatim bo‘yicha ustoznikiga bordim. U qog‘ozlarimni lom–mim demay, hech bo‘lmaganda biror so‘z aytmay qaytarib berdi. Biroz kutdim, lekin foydasiz, jo‘nash oldidan baribir fikrini bilmoqchi bo‘lib:
– Yozganlarim sizga yoqdimi? – dedim.
Menga uzoq tikilib:
– Originallik yo‘q. Hammasi mashhur maqollardan ko‘chirma. O‘zingdan kelib chiqqan holda yozishga harakat qil.
Bu kutganimning oxiri edi. Shuncha kunu tunlar sahifa ketidan sahifa qoralab eshitganim – “Yozganlaringda originallik yo‘q!” – degan gap bo‘ldi. Nafratim oshganidan – “Qani ko‘chirma bo‘lsa ham o‘zingiz yozganingizning birortasini ko‘rsating–chi!” deb yuboray dedim, lekin bunday qilmadim. Eng yomoni shuki, u vaziyatni yumshatish yoki baxtsizlikni bartaraf etishga harakat ham qilmadi. Toshdek turgan joyda qotib turaverdi. Asablarim taranglashganidan ter bosib, panjalarimni birin–ketin qarsillata boshladim. Ortiq tura olmadim. Qog‘ozlarimni olib, tezda eshik tomon yo‘l oldim. Shunday bo‘lsa–da, u hamon joyida qimirlamay turardi. O‘sha kuni uni qanchalar yomon ko‘rib ketdim! Qilgan qilmishiga yarasha jazo sifatida insonga yetishi mumkin bo‘lgan barcha aziyatlarga duchor bo‘lishini xohlardim. O‘zimga o‘zim: “Bu faqat “masonchi”ning qo‘lidan keladi! Boshidanoq u bilan onamning nasihatlariga quloq solib aloqa qilmasligim kerak edi”, derdim. O‘sha kuni kechqurun, avzoyim buzuq, dilim yaralangan, kimga dardimni aytishimni bilmasdim. Onam o‘nlab xalq iboralari va maqollarini yoddan bilsalar–da, ijodkorlik borasida hech narsani tushunmas edilar. O‘sha tun uyqusiz o‘tkazgan sanoqli tunlarimning biri edi. Aslini olganda o‘zim uyquchiman, boshim yostiqqa tegishi bilanoq o‘tgan kechasi ko‘rgan tushimni ko‘rishni davom ettiraman. Lekin bu tunning katta qismini ichimda u bilan janjallashib o‘tkazdim. Uchratganda aytadigan gaplarimni ko‘nglimga tugdim, lekin lablaridagi o‘sha g‘alati jilmayishi ko‘z oldimga kelib, tuzgan rejalarim barbod bo‘lar edi. Yana boshidan boshlar edim. Bunday adovatli munosabatning sababini qidirishga urinardim. Biroq biror gap yoki biror ish bilan ko‘nglini og‘ritganimni eslay olmadim.
Tabiiy holki, o‘shanda uning haqligi xayolimga ham kelmagan ekan. Bu esa inson xayoliga keladigan oxirgi fikrdir. O‘ylab–o‘ylab, oxiri “Bu “masonchi” qilgan ishimga hasad qilayapti, shuning uchun o‘zining ko‘rolmasligini tengsiz ijodimni kamsitish orqali ifoda etishni xohladi”, degan fikrga keldim. Bu fikr bir oz bo‘lsa ham ko‘nglimga taskin berganday bo‘ldi, lekin asablar tarangligini butunlay yozib yubormadi.
Kunlar ketidan kunlar o‘tib men his qilgan qayg‘u yengillasha boshladi. Bir necha kun tashlab qo‘ygan iboralarimni – o‘sha boyliklarimni yana cho‘ntagimdan olib, to‘g‘rilash, yaxshilash, qo‘shish, olish kabi ishlarni hech narsa bo‘lmaganday davom ettirdim.
Tabiiyki, uning uyiga borib, kitob olmay qo‘ydim. Oxirgi olgan kitobni onamdan berib yubordim. Aloqani uzganim ularga yoqib tushganday ko‘rindi. Lekin ularning xursandliklari o‘sha paytda nima sababdandir mening ko‘nglimni og‘ritganini bilmayman. O‘qish uchun u har kuni o‘tadigan o‘sha tor ko‘chaning muyulishidan boshqa joyni topishim kerak edi. Ko‘p o‘ylab, onamdan o‘sha torko‘cha va devorlar oralab o‘qishda davom etmasligim uchun, uyimizda boridan kattaroq shamchiroq yoki qorachiroq olib berishlarini iltimos qildim. Olib berdilar ham.
19
Mahallamizda – dunyoning bor mahallalarida bo‘lgani kabi – bir to‘da tentaklar borligi bilan u Gamburgning “Riberban” yoki Parijning “Mon Parnas” kvartallaridan deyarli farq qilmasdi. Faqat nomlanishlarida biroz farq bo‘lib, Parijda ularni ko‘pincha “ijodkorlar” deb atashsa, bizda “ahmoqlar” yoki yumshoqqina qilib “kasallar” deb atashardi. Bundan boshqa ko‘pgina fe’l-atvorlari ham o‘xshab ketadi, shuningdek, kiyim-kechaklari ham ko‘pi yamoqli. Parijda eng so‘nggi zamonaviy kiyimlar modasiga muvofiq ravishda ular yangi kiyimlarga turli rangdagi eski kiyim bo‘laklaridan yamoq solishar edi. Bu esa oldingi – yamoq bir kun kelib asrimiz belgisiga aylanadi degan bashoratimni ta’kidladi. Ana shu bezorilarning ba’zilari, tabiiyki, bizning mahallada rasm solishni xush ko‘rardilar. Jamiyat ularni rag‘batlantirish borasidagi o‘z vazifasini bajarmagach, ular tijorat maqsadida keltirilgan ko‘mir parchalari bilan devorlarga rasm chiza boshladilar. Talabdan ko‘ra taklif ko‘pligi ularning ishlarini hayron qolarli darajada oson etardi. Rasmlariga nazar solgan kishi hayratdan yoqa ushlardi. Chizilgan suratlarni “yangi borliq” deb nomlasa bo‘ladi, chunki ko‘pincha ular yalang‘och odamlar bo‘lib, ovratlari hatto o‘sha mashhur tut bargi bilan ham berkitilmagan. O‘sha tentaklar chizgan ba’zi suratlarni “ifoda etish san’ati” deb ham atash mumkin, chunki ular o‘zlari chizayotgan mavjudotlar jismining u yoki bu a’zosini kattalashtirib chizardilar. Ijodiy jarayonlari tugagach, biror maktab o‘quvchisiga u yoki bu rasm ostiga boshqa bezori birodarining ismini yozib qo‘yishni buyurardilar va bu yaramaslar o‘sha ism o‘rniga ko‘pincha boshqasini almashtirib qo‘yardi. Natijada o‘sha ijodkor va rasm yoniga ismi yozilgan bezori o‘rtasida janjallar chiqardi. Bu janjal aksariyat hollarda ism sohibi ijodkordan ismini o‘chirib tashlashni talab qilishi, ijodkor esa – bu sening isming emas, boshqasining ismi,– deya o‘jarlik qilib turib olishi bilan tugar edi. “O‘qishni bilmaysanmi? Jinni–pinni emasmisan?” – deb do‘q ham urib qo‘yardi. Eng katta janjal eng quvnoq, tabiiyki, eng tentak va e’tiborni qaratadigan darajadagi eng barzangi bezori o‘rtasida sodir bo‘ldi. Go‘yo u boshqa sayyora maxluqi–yu, bir necha yil avval bu olamni bosib olishni boshlaganday edi. Mazkur tentak ikki odamni behayolarcha yonma–yon turganini chizgan. Odatdagiday yaramas maktab o‘quvchilarining biriga boshqa bir bezorining ismini rasmning ostiga yozdirgan. O‘sha yaramas uning aytganini qilib, mahalladagi janjalkash va zo‘ravonlarning kattasining ismini yozadi. Ism sohibi ko‘riboq, chizgan bezorining sochidan ushlab tili bilan yalab o‘chirmaguncha qo‘ymayman deya qasam ichadi. U bezori “qilmayman” deb turib oladi va qattiq qarshilik ko‘rsatadi. Odamlar, bolalar to‘planadi. Ba’zilari o‘sha bezorini dushmanini urishga undasalar, ba’zilari ikkinchisiga dalda berib turishardi. Mahallaning aksar aqllilari – ular ko‘p emasdilar – “la havla va la quvvata”ni aytib, ikki bezoriga: – “Aqllaringni yig‘inglar!” – deb nasihat qilib o‘tirishardi.
Bezori qanday qilib aqlini yig‘sin?!
Va nihoyat, muammo bezori rassom o‘sha yozuvni agar ism sohibi unga ikki halala* bersagina, yalab o‘chirishini aytishi bilan hal bo‘lardi. O‘sha davrda ikki halalaga bir stakan uzum sharbati kelardi. Gazli ichimlik zavodlari ixtiro qilinishidan oldin rohatbaxsh ichimlik sifatida sotilardi.
O‘sha paytlar bir vaqtning o‘zida ikki xislat – ham tentaklik, ham ko‘rlikni o‘zida jam qilgan “raketa” laqabli mahallaning eng mashhur zo‘ravoni bo‘lardi. U davrlar raketa nima ekanligini bilishmasa-da, ko‘r bo‘lishiga qaramay haddan tashqari tez yurishi sababli u shunday nom bilan tanilgan edi. Hassasini oldiga o‘tkazib olib, yo‘lida to‘g‘ri kelganga – odammi, hayvonmi – baribir urilib ketaverardi. Ayniqsa, at-Tafaron yalangligidagi bir saf bo‘lib mollarini sotayotgan savdogarlarga urilar edi. Biror odam yoki narsaga to‘qnashib ketgach, baland ovozda: “Nima balo, ko‘rmisan!” – deb baqirardi. Yuqoridagi gapi insonlar, hayvonlar va narsalarga nisbatan ham bir xil qo‘llanaverar, so‘ngra to‘qnashuv holatiga qarab o‘ng yoki chap tomonga burilib, yo‘lida davom etardi. Yuqoridagi hodisalar sodir bo‘lgani sabab qanchadan-qancha jarohatlar–u zarbalar olganiga qaramay, baribir insonlar va jonivorlarga nisbatan muomalasini o‘zgartirmadi. Balki bularning hammasiga uning boshida Alloh yaratgan insonlar miyasida mavjud bo‘lgan oldindan ogohlantiruvchi jihozning yetishmasligi sababdir. Mahallamiz kattalaridan birining eshagi bilan bo‘lib o‘tgan to‘qnashuv uning ko‘rinmay ketishiga sabab bo‘ldi. Aynan o‘sha to‘qnashuv emas, balki undan keyingi bo‘lgan voqea uning ko‘rinmay ketishiga sabab bo‘ldi. O‘sha to‘qnashuv natijasida eshak tentakka tixirlik qiladi. Zo‘ravon ham eshakning qulog‘ini chunonam tishlaydiki, natijada uzilib tushishiga sal qoladi. Bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng eshak egasi politsiyachiga shikoyat qiladi, u ko‘rni jinnixonaga olib borib topshiradi. O‘sha–o‘sha u haqda biror xabar yo‘q.
Bordi–yu, o‘shanda bizda ham axborot yoki jurnalistikaga oid universitet bo‘lganida edi, bu hayotiy voqea eslashga arziydigan jurnalistika xabari sifatida o‘qitilgan bo‘lardi. Inson eshakni tishlab olishi haqidagi xabar har kuni ham uchrayvermaydi. Bu bilan chetdan kirib kelayotgan fikrlar aks ettiradigan misollarga hojat qolmasdi. Masalan, bir ruhoniyning itni tishlab olgani haqida, bu ham jurnalistning bergan xabari, aksincha, it ruhoniyni tishlab olganda nima bo‘lardi?
Vaqti–vaqti bilan bo‘lib o‘tadigan bu kabi ba’zi voqealar mahalla kundalik rejasining ajralmas qismini tashkil etgan va mahalla ahli bilan ancha do‘stona aloqada bo‘lgan “xudo yarlaqaganlar” fe’l–atvorining natijasidir, albatta. Ba’zilari esa mahallaga vaqtichog‘lik onlarini taqdim etadilar. Mahallamizda birinchi bo‘lib musiqiy guruh tuzganlar ham ana o‘shalar. Bir nechtasi to‘planib, mazkur guruhni tuzishga qaror qiladilar. Bo‘shab qolgan bochkalar yoki chetdan ichimlik olib kelingan tunuka bankalar ular uchun musiqa asbobi vazifasini o‘taydi. Har kuni asr paytida o‘sha yalanglikda turib olib, “bochka”larni kaltaklar bilan chalardilar.
Har xillik kiritish kerakligini sezishgach, uchovlari – ular uchta edi – “tsirk” gruppasini tashkil qildilar va turli–tuman o‘yinlar – harakatlar namoyish eta boshladilar: bir–birlarini ustma–ust ko‘tarardilar, uchinchisi ham bo‘y–bastini rostlagach, “Alloh madad bersin” – deb baqirardi, bu gapni nima maqsadda aytayotganini hech kim bilmasdi. Eng kulgilisi shuki, – agar shu kulgili bo‘lsa, – bu ko‘tarish amaliyoti mantiqiy kechmas, ya’ni to‘ladan kelgani qolganlarini ko‘tarishi o‘rniga aksi bo‘lardi. Bular tentaklar emasmi?! Va nihoyat, namoyish tugagach, ko‘tarib turgani yelkasiga mingan “jinnilar”ga tahdid qilib, baland ovozda baqirardi.
Jamoa namoyishidan tashqari alohida dasturlarda tentakning u yoki bu o‘rtog‘ini ko‘tarib yurishidan ich–ichidan rohatlangani ko‘rinardi. Shuning uchun ko‘pincha, ularni birma–bir ko‘tarib yalanglikdan quduqqacha yuz metr chamasi keladigan joyga teskarilab yugurishga harakat qilib borardi. Shu holatda to‘g‘ri, ya’ni qaddi bukilmay yetib borsa, marra uniki, aks holda minib olganning yutug‘i bo‘lardi. Bu jinnilarning ishlari ajoyib-da!
Ularning mahallaga qilgan xizmatlari maqtovga loyiq. Mahallamizda biror insonning nazriga vafo qilmagan holati bo‘lmagan, chunki ular mana shunday marosimlarda doimo hoziru nozir bo‘lardilar. Fitr-sadaqasini olardilar, to‘y va motam dasturxonidagi qolgan–qutgan narsalarni ham paqqos tushirardilar. Mahalla ko‘tarish zarur bo‘lib qolgan u-bu narsalar: qopdagi guruch, bir sandiq choy va shunga o‘xshash narsalarni ularga ko‘tartirar edi. Birgina qo‘rqib yoki ulardan xavfsirab ko‘tarishga ruxsat bermagan narsalari to‘y jihozlari edi. Shuningdek, savdogarlar o‘zaro axborot almashishda ulardan foydalanardilar: Mendan ko‘ra falonchining xaridori ko‘pmi, yoki uning molidan u-bu narsa qolibdimi, yo‘qmi? Shuningdek, ularni ba’zi buzg‘unchilik ishlariga ham jalb etardilar. Bu esa xalqaro terrorizm va buzg‘unchilik ba’zi insonlarning asl tabiatidan ekanligiga dalolat edi.
Ikki buzg‘unchilik amaliyoti bizning davrimizda bo‘lib o‘tgan. Mahallamizga boshqa mahalladan ikki yangi sotuvchi keladi va mahalliy sotuvchilarga raqobat xavfi tug‘iladi. Mahalliy sotuvchilar bu xatarni bartaraf etishda ikki zo‘ravonni ishga soladilar. Ulardan biri qatiq va qaymoq to‘la savat ko‘tarib olgan sotuvchining izidan boradi, sotuvchi va tentak Safo ayvonining eng qorong‘u va tor ichkarisiga yetib kelganlarida, tentak sotuvchining biqiniga chunonam uradiki, muvozanatini yo‘qotgan sotuvchi qo‘lidagi qatiq va qaymoq solingan savatini tushirib yuboradi. Natijada molidan zarar ko‘radi. Bezori esa uch-to‘rt qadam narida turib olib “la havla va la quvvata”ni aytar ekan, uni bu mahallaga – jin va ajinalar makoniga – qaytib kelmasligini uqtiradi.
Ikkinchisi esa, makkaliklar kechki ovqatda sevib iste’mol qiladigan taom – “maqliya”ni pishirish uchun tayyorlab qo‘yilgan, ichida dog‘langan yog‘i bo‘lgan tovaga bir chelak iflos suvni quyib yuboradi.
O‘shanda birinchi marta yoshi bir joyga borgan soqolli insonning yig‘layotganini ko‘rishim edi, u, ehtimol, sarmoyasining nafaqat bir qismidan, balki hammasidan ayrilganidan kuyunib yig‘lardi.
Tabiiyki, o‘sha voqeadan so‘ng bu ikki sotuvchidan biri ikkinchisini yakka qoldirgan holda o‘zining oldingi mahallasiga qaytib ketadi. Natijada mahalla sotuvchilar o‘rtasidagi raqobatning foydali tomonlaridan bahramand bo‘lolmaydi. “Otlar o‘zaro chopishsa, otliqlar xursand bo‘ladi” deydilar-ku.
20
Yaqin orada ixtiro qilingan narsalar qatori, ruhiy muammolar hali ixtiro qilinmagan edi. Shuning uchun o‘sha tentaklarni u yoki bu ruhiy muammolarga taalluqli deb baho ham berolmaymiz. Lekin, gap ular haqida borar ekan, har bir narsaning sababi bo‘lgani kabi, ularning bunday holatga tushishlarining haqiqiy sabablarini axtarib ko‘ramiz. Shunisi oydin bo‘ladiki, ularning bu holatga tushishlariga kambag‘allik sabab bo‘lgan.
Ana shunday holatlardan biri “ro‘shon”* –“balkon” dardiga mubtalo bo‘lgan shoirtabiat, ashulayu qo‘shiq xirgoyi qilib yuruvchi tentak bo‘lardi. U quyidagi qo‘shiqni ko‘p kuylar, odamlarning yuragini ezib yuborardi:
Gar qazo qilsam, ayo do‘stlar,
Ko‘mingiz meni o‘sha burchagi “Ro‘shon”ga.
“Ro‘shon” esa boylik va mansab ramzi bo‘lib, baland–baland binolar qad ko‘targani sari, “ro‘shon”lar ham ko‘payar, bechora tentaklarning esa hasadlari yanada oshardi. Ma’lumki, kambag‘al nochorlar faqat bir qavatli, bir yoki ko‘pi bilan ikki xonali kamtar uylarda istiqomat qiladilar. Uy ichida bo‘lsa bir yoki ikkita kursi, bo‘lmasa u ham yo‘q. Shunday ruhiy holatning yuzaga kelishida “ro‘shon”ning orqasidagilar sababmi yoki “ro‘shon”ning o‘zi – yog‘ochlari, naqshlari va hamma narsalar qatori yo‘q bo‘ladigan o‘tkinchi buyukligi sababmi buni hech kim aytib bera olmaydi.
“Ful”2 ko‘pchilikning, balki hammaning, sevimli nonushtasi bo‘lishiga qaramay, ful muammosini o‘sha mahallada uchratdim. Yosh, kuchga to‘la bo‘lgan tentak “ful jinnisi” har kuni ertalab mahalladagi ful sotuvchisining oldiga kelar, do‘kon tashqarisida esa uzun xontaxta qo‘yilgan bo‘lib, bir necha pastakkina yerga tegay deb turgan o‘rindiqlar ham bor edi. Xo‘randalar ularga birin–ketin o‘tirardilar. Ular yig‘ilib, o‘rindiqlar to‘lay deganda haligi tentak ham qo‘ltig‘iga har doim biror nonvoy ehson qilgan issiq nonni qistirib kelib qolardi. Ishtaha qitiqlaydigan o‘sha taomlarning hidi taralayotgan dasturxon oldiga yetar–etmas nonidan bir tishlam uzib, har bir xo‘randaning oldidan bir metr yoki undan ko‘proq balanddan o‘tar ekan, birinchi xo‘randa tovog‘idan, so‘ng ikkinchi non bo‘lagi bilan ikkinchi tovoqdan havoda tekkiza boshlar edi. Bu kabi havodan bo‘ladigan sheriklikdan hech kim moddiy zarar ko‘rmasa–da, lekin ko‘pchilik xo‘randalar uni – tentakni nazarda tutyapman – sig‘dirmasdilar va baqir–chaqir boshlanardi. Tentak esa:
– “Xudo yo‘lida, faqat bir luqmagina ehson qil”,– deya o‘zinikida turib olardi. Ko‘rinadiki, mana shunday havo yo‘li orqali “hid” bilan ovqatlanish unga huzur baxsh etar va to‘xtovsiz har kuni shu ishini mohirona bajarardi.
Bizning zamonamizda ham hozirgidek joylarda tadqiqot olib boruvchi ilmiy xodimlarning o‘ndan biri bo‘lganida edi, ular o‘tmish xotiraga aylanmay, “xudo yarlaqagurlar”ni bir joyga to‘plab, odamlarni ular bilan yashash, shuningdek, ulardan foydalanishdek imkoniyatdan mahrum etishlaridan oldin o‘shanda keng tarqalgan kambag‘allik muammosining turli ko‘rinishlarini qayd eta olgan bo‘lardilar.
Insonning eng oliy quvvatidagi u yoki bu tartibsizliklar shakl va ranglarda o‘zgarish sodir bo‘lganidek, insonning ashyolar o‘rtasidagi aloqasining o‘zgarishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi kerak. Shuning uchun, bu toifa odamlar narsalar va shaxslardagi boshqalar ko‘ra olmaydigan jihatlarni ko‘rishadi, shunday ekan, ularning atrofga bo‘lgan munosabatlari, biznikidan farq qiladi.
Mahallada keksa, so‘lib qolgan, tishlari so‘yloq bir xabash kampir bo‘lardi. Tentaklar oldidan o‘tib qolguday bo‘lsa, ularning biri:
– “Voy qizil yanoqlaringdan, munchayam muloyim, munchayam chiroyli bo‘lmasang”,– deb baqirib qolardi.
Kim biladi, tentakning zamonni his etishi biznikidan boshqachadir? Balki, ular zamon kengligidagi biz ko‘radigan bir lahzadagi muddat ichida bizdan ko‘ra ko‘proq ashyolarni ko‘rishga qodirdirlar? Balki, o‘sha kampirga nisbatan aytilgan “qizil yanoqlar”, “go‘zallik” ellik yil oldingi yoshligidagi go‘zalligiga mos kelar? Bizning nazarimizda hamma narsa o‘chib ketgan bo‘lsa ham, tentaklar uchun hammasi o‘z o‘rnida qolgan va buni faqat ulargina ko‘ra oladilar.
Balki, ilgari bundan yuz yillar oldin va hozirda ellik–oltmish yillar oldin sog‘u nosog‘ni, tasavvuf bilan jazavaga tushishni aralashtirib yuborganimizning sababi shudir. Ba’zi tentaklarga ular “Allohga yaqinlar” deb muomala qildik. Ulardan xayr–baraka qidirdik, shuningdek, u yoki bu sabab bilan bizni duo qilishlarini so‘radik.
O‘zim sezmagan holda qalbimda o‘sa boshlagan va birinchi bor o‘sha qimmatli maqol–matallarni meva qilib bergan ijod urug‘i yana o‘zim sezmagan holda jimgina rivojlana borgan bo‘lishi kerak. Natijada meni qissa yoki ba’zilar atagandek roman yozish fikriga undadi. O‘zim o‘qigan, tarjima qilingan romanlar qolipida. Lekin nima haqida yozaman? O‘qigan romanlarimning har birida bir yoki undan ko‘proq erkak va ayol qahramonlar bo‘lardi. Ayollarga kelsak, hayotimda biror begona ayolni ko‘rmagan bo‘lsam. Onam va xolam men uchun ayol emas. Shunday ekan, ayollarning fikrlashlari–yu, yurish–turishlarini men qaydan bilay? Ayol so‘zini “a” harfi bilan boshlanishini, bu so‘zning turlanishini yaxshi bilishim ularni yaqindan bilishimga dalolat emas. Ko‘p o‘ylagach, qissa mavzusi va qahramonlaridan oldin uning nomini qo‘yishga qaror qildim. Hayotimdagi aksariyat soat va lahzalarni uyning tomida, sokin tun, porloq yulduzlar suhbatida osuda va shoirona o‘tkazishimni e’tiborga olib “Tomdagi tunlar” deb nazarimda nihoyatda mos ko‘ringan nom tanladim. Bora–bora miyamda xamirturush – asar qahramoni shakllana bordi, so‘ng uni qog‘ozga tushirdim. Qahramonim yosh, o‘ta hissiyotli o‘smir bo‘lib, hatto oy nuridan ham ta’sirlanadigan bo‘ladi. U “Oy jinnilari” kasalligiga yo‘liqqanlar asari misolida bo‘lib, o‘sha kunlarda men ular haqida o‘qigan edim. Voqealar shunday rivojlandiki, o‘zim ham hayron qoladigan darajada juda ko‘p sahifalar qoraladim. O‘sha yigitning iztirobu kechinmalari qayerdan keldi? Uning hayotini yozishni boshlashimdan oldin xayolimga ham kelmagan bu kabi tartibli yozishimga qanday imkon bo‘ldi? Shunday qilib kitobning birinchi bobi nihoyasiga yetdi. She’riyatning eng go‘zali uning eng yolg‘oni degan fikr boshqa janrlarga ham mos kelishi mumkinligiga imonim komil bo‘ldi.
Birinchi bobdan keyin “Shayxning eshagi tog‘li yo‘lga kelib, taqqa–taq to‘xtadi”. Yozuvchilik hayotida ikkinchi saboqni oldim. Kitob bu sen xohlagan vaqtingda yozadigan narsa emas, balki yozuvchilik shaytonlari senga muvaffaqiyatli yo‘ldosh bo‘lsagina yoza olasan. Baxtga qarshi yillar o‘tibdiki, bu ish amalga oshmadi.
O‘qiganlarim o‘zimga yoqqach, ijod mahsulimni ustoz bilan orani tiklash maqsadida, menga qanday fikr bildirishidan qat’i nazar, uning oldiga olib borishga qaror qildim. Har holda bu safar “originallik yo‘q” deb aytmasa kerak, aytadigan boshqa gap topar, ko‘ramiz.
Bir necha kundan so‘ng, eng yomon gap eshitishga ham tayyor bo‘lib borgan edim, lekin u meni kulib, iliq qarshi oldi. Lablaridagi oldingi yoqimsiz jilmayish o‘rnini iliq tabassum egallagan edi. Meni ko‘riboq – ilgari hech qilmagan ish – men tomon yura boshladi. Qog‘ozlarimni qaytib berar ekan, meni rag‘batlantiruvchi gaplar aytib, ko‘nglimni oldi va yoniga bir kitob qo‘shib berdi. Unda “yosh, umidli Muhaysinga birinchi ijod mahsuli uchun munosib sovg‘a” deb yozilgan edi. O‘sha kun men uchun kutilmagan hol yuz berdi. Ko‘pi bilan varaqlarimni tanqid ostiga olib qaytarishini kutgan edim. Lekin aksi bo‘lib chiqdi – qabul qildi, maqtadi, yoniga o‘zining ismi yozilgan qimmatbaho bir kitobni ham qo‘shib berganiga nima deysiz?!
Qissani u yoki bu yo‘nalishda tugatish uchun birinchi bobga bir necha boblar qo‘shish yo‘lida ko‘p harakat qildim, lekin foydasiz. Xo‘rozning tuxumi na ukasi, na singlisi bor, yagona tuxum bo‘lib chiqdi. Har safar ustozni uchratsam:
– Qolgani qani? – deb so‘rardi. Men esa jilmayib:
– Yo‘lda, – derdim. Qanchalar uzoq ekan o‘sha yo‘l!
Bir necha haftadan so‘ng “Tomdagi tunlar” ham esdan chiqdi. Bashorat qilingan umidli yosh Muhaysin adib bo‘lolmadi.
Ustoz bilan aloqani uzmadim. O‘qishning oxirgi yili edi. U bilan birga o‘tadigan bir necha daqiqam kunimning eng go‘zal onlariga aylandi.
Mana shunday ziyoratlarning birida u o‘g‘li Jamilni arab tiliga o‘qitib berishimni aytdi. Men ham o‘zim kutmagan holda: “Siz esa menga ingliz tilini o‘rgatasiz”,– dedim.
Bu fikr menga qayerdan keldi, hisoblash mashinasidan ham ko‘ra tez sur’atda bu kabi javobni qanday berdim, o‘zim ham bilmayman. Aytishlaricha, insonning aqli ikkita bo‘lsa kerak – biri bizning xohish–istaklarimizni tasarruf qilsa, boshqasi o‘zinikini tasarruf qiladi. Xalqning bir gapi bor “Falonchi ikki aql egasi”, ya’ni odatda boshqalarning xayoliga kelmagan ishlarni va gaplarni gapiradigan odamga nisbatan aytiladi.
Ustozning o‘zi bilmagan holda og‘zi ochilib qoldi. Ichimga sevinch kirdi. Balki, u meni tavoze bilan uzr so‘rashimni kutgandir, so‘ng yana qistashini, yana uzr so‘rashimni, yana o‘qit deya so‘rashini, men esa “roziman–u, lekin natijasiga kafolat bermayman, shunday bo‘lsa ham harakat qilaman” deyishimni kutgandir. Balki, meni indamasligimni, u esa har oyda bir majidiy beraman deyishini o‘ylagandir.
Turli ehtimollarni o‘ylab, o‘zini turli xil o‘nlab savollarga javob berishga tayyorlagandir, nima bo‘lganda ham, men aytgan gapni kutmaganligi aniq. Dunyoda ingliz tili deb ataladigan til borligini biladiganlar soni mahallamizda nol dona bo‘lsa kerak. Chunki o‘sha nol sonlilar bu tilni o‘rganishga intilish bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsa kabi qaramasdilar. Sabab: birinchidan bu til nasroniylarning tili, ikkinchidan bu tildan foyda yo‘q, agar foydasi bo‘lganda edi, turli tillarni o‘rganishga iqtidori bilan mashhur bo‘lgan Makka ahli, ular qatorida men ham, o‘rgangan bo‘lardi. Men ham hojilarning tillaridan bir necha tilda ba’zi so‘zlarni yaxshi bilardim. Hozir ham Nigeriya xalqining “xausa” tilida “daya, bayu, akku, qo‘ma, shishidda”1 deb sanashni bilaman. O‘zimni hayratga solgan qilmishimdan lol qolib, unga tikilib turardim. Bir narsa deyishga qaror qilgandek bo‘ldi–yu, lekin to‘xtalib qoldi. Bu esa mening unga nisbatan katta g‘alabam edi. Va nihoyat bir so‘z:
– Roziman, – dedi. Men esa:
– Bir kun-bir kundan, ya’ni haftada uch kun men o‘qitaman, uch kun siz, juma ikkalamiz uchun dam olish kuni. U boshini likillatdi. Shu tarzda ishni boshladik.
O‘g‘li Jamil bilan mahalla maktabida birga o‘qiganmiz. Aynan o‘sha Jamil Sufyonning Safodagi politsiya mahkamasiga majburan olib borilishiga va o‘sha mashhur “tuflash”ga yo‘liqishiga sababchi bo‘lgan edi. Ha, u mening sinfdoshim edi, lekin u daxr qo‘llarini qulog‘iga qo‘yishga majbur qiladigan shovqin tugul, dunyoda pichirlashchalik biron narsa qoldirishga qodir emas. Rostini aytganda, dunyoning o‘zi uning mavjudligini bilmas edi. Agar ustoz narigi dunyoga ketmaganda edi, bu gapni aytishga jur’at etmagan bo‘lardim. Ha, aytish joiz bo‘lsa, Jamil “go‘lcha”, ya’ni kichkina go‘l edi. Lekin ustozdek odamdan qanday qilib Jamildek farzand tug‘ilishini hech kim bilmaydi. Balki Jamilning biror tomiri uzilib qolgandir. Sariq tuyalardan qora tuyalar tug‘ilgandek yoki markazga intilishi qoidasiga muvofiq yuz bergandir. Ruhshunos olimlar ta’kidlashganidek, ikkita aqlli insonlar orasida nikoh tuzilsa, tug‘ilajak bola ulardan ko‘ra aqlliroq bo‘lish o‘rniga aksi, aqli kamroq bo‘lib tug‘ilar ekan. Agar shularni sabab deb ko‘radigan bo‘lsak, Jamil ham markazga orqaga intilish moyilligi bilan qaytgan ko‘rinadi.
Tabiiyki, unga Ibn Molikning “Alfiya”sini o‘qitmadim. Axir qanday qilib o‘qitay, u ot bilan fe’lning farqiga bormasa. Nihoyat, dunyoda fe’l, ism kabi so‘z turkumlari borligini bilgach, “Bola shoshiluvchidir” jumlasida shoshiluvchi so‘zi fe’l, gapning egasi yashiringan, deb gapida turib oldi. Na men, na ustoz, na shovqinimizni eshitib, yopinib kelgan Jamilning onasi fikrining noto‘g‘ri ekanligini uqtira olmadik. Bu holatdan ustozning quloqlari qizarib ketdi. Jamilning onasi o‘g‘lining fikrini hozircha murosa uchun qabul qilishimizni va kelasi darsdan Jamil albatta bizning fikrimizga qo‘shilishini ta’kidlab, iltimos qildi. Ismning ism, fe’lning fe’l ekanini, bu borada aslo murosasozlikka yo‘l qo‘ymaslik kerakligini tushuntirib olgunimcha quloqlarim qizarib ketdi. Shunda onasi:
– Hammasi Allohdan,– dedi.
Shuncha harakat zoye ketdi. Ustoz esa oldindan ham ko‘ra tarang tugunni yechish uchun yolg‘iz o‘zimni qoldirib, xonasiga kirib ketdi.
Bir necha haftadan so‘ng kelishuvimizdan o‘zaro aldanganimizni har birimiz his qildik. Ustoz esa majburlikdan meni o‘qitishni o‘ziga lozim deb topdi. Yodlagan so‘z va jumlalarim soni u kutgandan ham ziyoda bo‘ldi. Jamil esa o‘sha–o‘sha, bugun yodlagan narsasini ertasiga esidan chiqarardi. Onasi uning qobiliyatiga yarasha o‘qitmayotganimni ta’kidlab “la havla va la quvvata”ni aytardi. Jamil bo‘lsa, qaysarligini kundan-kunga oshirardi. Bir kun “da” qo‘shimchasini yuklama desa, boshqa kuni “ot” deb turib olardi. Ustoz uyidan chiqar ekanman, bosh aylanishga o‘xshagan narsani sezsam ham, dars qoldirmaslikka harakat qildim. Albatta, buning sababi ilmni yoyishga bo‘lgan intilish emas, balki kelajakda mahallada ustoz va mendan boshqa hech kim bilmaydigan tilni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish edi.
Boshqa berilmas fursatni qo‘ldan boy berishdan qo‘rqib, tez sur’atlarda odimlardim. Jamil esa, ikki yo‘nalishda qadam tashlardi: bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga. Biroq bir necha oy deganda Jamil borasida muvaffaqiyat qozondim. Bir necha so‘zlarni ism, fe’l, harf turkumiga ajratishda o‘zaro kelishadigan bo‘ldik. Lekin ba’zi–ba’zida o‘zinikiga qaytib, gapirayotganimni “to‘g‘ri emas”, – deya men bilan tortishardi. Ehtiyot choralarini ko‘rganligim sabab, o‘z qo‘llari bilan yozib, so‘nggi qaror sifatida belgilab qo‘ygan o‘sha so‘zlarni daftaridan topib ko‘rsatardim. O‘zi qilgan qaroridan esa qaytish yo‘q.
Tuzgan shartnomamizni ustoz bekor qilmoqchi bo‘lganini sezgach, qarama–qarshi strategik yo‘l tuta boshladim. Turlanadigan so‘zlarni Jamil bilan kelishgan holda birga qaytarib ustoz huzurida amaliy ish qilishga chaqirardim. U yoki bu so‘zlarni so‘rar ekanman, ichimda “ishqilib “masonchi” doimo tortishuvga sabab bo‘layotgan birorta so‘z so‘rab qolmasin”,– deya xudodan so‘rardim. Lekin hammasi o‘z maromida o‘tdi. Jamilga darsxonamizga qaytishini aytib, o‘zim esa ustozdan o‘g‘li haqidagi fikrini bilish uchun qoldim. Ustoz boshini ko‘tarar ekan:
– Hech kim Jamilni o‘z fikriga ko‘ndira oladi deb o‘ylamagandim. Mana sen buning uddasidan chiqding, – dedi. Birozdan so‘ng yana qo‘shib qo‘ydi: – O‘zim bu ishni eplay olmagach, senga murojaat qilgan edim. Balki, tengdoshliklaring sabab shunday bo‘lgandir.
Ustozning muvaffaqiyatsizligi o‘g‘li va o‘zining o‘rtasidagi yoshga bog‘liq bo‘ladimi yo‘qmi, men yana bir necha oy o‘qitish va o‘qishga qaror qildim.
22
O‘sha yil nihoyasida talaba Muhaysinning, ya’ni mening maktab bilan bo‘lgan aloqam nihoyasiga yetdi, yoki menga shunday tuyuldi. Hijriy XIV asr boshlarida insonga berilishi mumkin bo‘lgan eng oliy shahodatnoma bilan maktabni yakunladim. Maktab tantanasi o‘tkazilib, odatdagiday, a’lochilarga hadyalar, bitiruvchilarga kelasi ishlarida muvaffaqiyatlar tilab, shahodatnomalar topshirildi. Yig‘ilishda ko‘pgina so‘zlar gapirildi, ilm va jaholat o‘rtasidagi munozaralaridan iborat spektakl qo‘yildi.
Munozara jaholat fazilati sifatida johillar o‘z aqllariga dam berib, rohat qilib, hayotdan lazzatlanayotganliklari haqida ko‘plab misollar keltirilgani, aksincha, ilm ahli o‘z ilmi bilan mashaqqatli mehnat qilayotgani va h.k.larga qaramay, ilmning afzalligi va jaholatning ustidan g‘alabasi bilan yakunlandi. Spektakl “Biladigan zotlar bilan bilmaydigan kimsalar barobar bo‘lurmi?”1 – degan oyat bilan yakunlandi. Jaholat o‘z fikrini isbotlaydigan birorta oyat topolmaganligi sababli og‘zini ocholmadi.
O‘sha kun hayotimning to‘liq olti yili o‘tgan mazkur maktabni so‘nggi bor ko‘ryapman deb o‘ylagandim. Hayhot, bunday bo‘lmadi. Tantana tugab, yig‘ilganlar zalni, ya’ni xonani bo‘shatar–bo‘shatmas maktab mudiri qo‘lini men tomon ishora qilib, oldimga kela boshladi.
– Ey bola, hoy bola.
U boshqasini chaqirayotgandir deb o‘yladim. Axir qanday qilib yil bitiruvchilariga sha’niga aytilgan shuncha gaplardan keyin ham o‘zimni boladay tasavvur qilay? Lekin u ishorasida davom etavergach, oldiga borishdan boshqa choram qolmadi. Yaqinlashganimda esa:
– Sen bilan senga tegishli bo‘lgan masala haqida gaplashmoqchiman, ertaga ertalab idoramga kirgin, – dedi.
Mudir aytgan o‘sha ertangi kun men uchun ozodlik lazzatini his etgan holda, muayyan vaqtda turishga majbur qilmaydigan va maktab qorovuli eshikni berkitib qo‘yishidan oldin shoshilib borishdan qutulgan birinchi tong edi. Onam meni tantanali tabriklash maqsadida o‘zlari “arika”* tayyorlab yoqqa botirdilar. Shuningdek, tutatqichda cho‘g‘ qilib, yoqimli “baxur”* tutatdilar. O‘sha kunni eslasam hali ham baxur isi dimog‘imga uriladi. Tong yorishgach, mudir oldiga jo‘nashimdan oldin kichkinagina o‘ralgan tugunni – uning nimaligini bilmayman – cho‘ntagimga solar ekanlar:
– Alloh seni yomon ko‘zlardan asrasin,– deya duo qildilar.
Idoraga chaqirilgan bola, ya’ni men kirib keldim va mudir tomon bordim. U qo‘li bilan o‘tirishga ishora qildi. Bir piyola choy uzatgach:
– Maktabda o‘qituvchilik uchun bitta bo‘sh o‘rin bor, – deb, dars bera olishimni hisobga olib, meni shu o‘ringa tayinlashga qaror qilganini aytdi va, – o‘qituvchining ish haqi oyiga o‘n majidiy, – deb qo‘shib qo‘ydi. So‘ng sukut saqladi.
Yillar mobaynida yopiq ko‘zlarini birinchi bora ochgan odamday unga va qo‘limdagi piyolaga uzoq tikilib qoldim. Shunisi qiziqki, bu banda, ya’ni men o‘tgan yillar davomida o‘qishni tugatib bo‘lib, nima qilarkanman deb biror marta o‘ylab ham, qiziqib ham ko‘rmagan ekanman. Nega ham qiziqay? Bunga sabab onamning talablarimning ko‘pini so‘zsiz bajarishlaridir. Hayitda ikki yangi ko‘ylak va bir poyafzal, maktab uchun daftar va kundalik xarajatlar. Bularning barchasini o‘z vaqtida onam hoziru nozir qilardilar. Nonushtam, kechki ovqatim doimo tayyor, shunday ekan, qaysi odam ertasi kuni haqida bosh qotiradi?
– Senga nima bo‘ldi, churq etmaysan?
Men bo‘lsam bir nuqtaga tikilib turib, “Avval onamdan ruxsat so‘rab ko‘ray” deb yuborishimga sal qoldi. Lekin bunday demadim.
Mudir esa:
– Gapir, gapirsang–chi. Yoki soqovmisan? – dedi. Men esa o‘ylab–netmay:
– Men bola emasman, iltimos, meni bunday chaqirmang, – dedim.
U oldingi safargiday o‘ng va chap yoniga qarab:
– Men bog‘dan kelsam, sen tog‘dan kelasan–a, – dedi.
– Iltimos, boshqa o‘qituvchilarni “bola” deb chaqirmaysiz–ku. “Ustoz”, yoki “shayx”, yoki “falonchi”, yo bo‘lmasa “mavlono” deb murojaat qilasiz. Nima, men Allohning yaratganlaridan emasmanmi? Hammaning oldida “bola” deb chaqirasiz?
U esa kaftini kaftiga urib:
– La havla va la quvvata illo–billo, hozirgi zamon bolalari, – deya gapida davom etdi, – Muhaysin, o‘g‘lim, sen axir bolalarimdan ham kichkinasan.
Shunda men:
– O‘g‘lim deb chaqirsangiz–ku, mayli, ammo bola deb…
– Yaxshi, o‘g‘lim, kel, mavzuga qaytaylik. Senga taklif qilgan ishim ma’qulmi?
Men:
– Shu kungacha xayolimga kelmagan narsani aytdingiz, ertadan so‘ng bu xonani aslo ko‘rmayman deb o‘ylagandim. Mana o‘zingiz uni yana menga bog‘lab qo‘ydingiz. Keling, bu yangi vazifada o‘zimni tasavvur qilib ko‘rishga vaqt bering.
U hech nima tushunmaganday:
– O‘zingni tassavvur qilib ko‘rasan? Bu nima deganing? O‘qituvchilar jamoasiga qo‘shil, desam–u, boshimni o‘pib, rahmat aytish o‘rniga “o‘zimni tasavvur qilib ko‘ray” deganing nimasi?
Bu tortishuvdan foyda yo‘qligini sezib:
– Roziman, – dedim. U esa yana u yoq-bu yog‘iga qarab:
– Roziman? “Rahmat” degin. “Xudo xayringizni bersin”, degin. Roziman deganing nimasi? Men sendan rozimisan, yo‘qmisan deb so‘radimmi?
Shunda men:
– Iltifotingiz uchun tashakkur, – dedim.
– Va nihoyat, tilga kirding, – der ekan, piyolaga ikkinchi bor choy quyib uzatdi va:
– Maktab eshiklari ertadan boshlab berkiladi va ikkinchi tur imtihon belgilangan vaqtga qadar ochilmaydi. Sen esa o‘zingga salla va jubba sotib olishing va har kuni asr namozidan so‘ng “muovinim”, ya’ni yordamchimga uchrashishing kerak. U senga o‘qitish yo‘llari va talabalar bilan o‘zaro muomala masalalarida ba’zi ko‘rsatma va tavsiyalarini beradi. Mana bu kitobni ham ko‘rib chiqishing kerak, – deya qo‘lidagi kitobni menga berdi va gapida davom etib, – chunki sen grammatika va o‘qish bo‘yicha dars berasan, sen uchun amaliy tayyorgarlik bo‘ladi. Imtihondan o‘tolmagan ba’zi talabalarning otalari bilan sening ularga qo‘shimcha dars berishing haqida ham kelishib qo‘ydim. “Bab ad–Doriba” oldida to‘planishadi. U yerda o‘sha otalardan biriga tegishli qiroatxona bor ekan. Shomni o‘qib bo‘lgach, o‘sha yerga borasan–da, indindan ishni boshlaysan. Va … va… degancha, men uchun ajratilgan reja haqida uzoq vaqt tushuntirdi. So‘ng:
– Bir oyda bir majidiy berishadi, agar muvaffaqiyatli o‘tib olishsa, har bir ota qo‘shimcha ravishda yana bir majidiydan beradi. O‘qitishni, xudo xohlasa, ramazondan so‘ng boshlaysan. Uyimga kelsang, o‘qitadigan faningdan seni bir imtihon qilib ko‘raman. Shuni doim yodda tut, Muhaysin, talabalar uch turli bo‘ladi, – deya so‘zida davom etib, to‘liq bir soat mobaynida talabalar va ularning muammolari, o‘qituvchilar va ularning o‘ziga yarasha muammolari, shuningdek, maktab idorasi muammolari haqida gapira ketdi. Mudir bilan suhbatlashar ekanman, unga nisbatan bo‘lgan fikrim birdan o‘zgardi. U men o‘ylaganchalik sodda ham emas, menga ko‘ringanchalik kaltafahm, qo‘pol ham emasdi.
Suhbat so‘nggida o‘zi istaganidek peshonasidan o‘pib qo‘ydim. Chehrasi ochilib:
– Bugun mening to‘rtinchi o‘g‘lim tug‘ildi, – deb qo‘ydi.
23
“Ajyad” mahallasidagi otamdan meros qolgan uyimiz pastakkina bo‘lib, e’tibor tortadigan narsasi yo‘q edi. Lekin biz uchun dunyoda “boru yo‘g‘imiz” hisoblanardi. Uyimizda, to‘g‘rirog‘i, uning bir qismidagina yashardik. Ko‘prog‘ini esa Haj mavsumida ijaraga berardik. Onam va men yil bo‘yi ijaradan tushgan mablag‘ hisobiga bemalol yashardik. O‘tgan yillar mobaynida biror marta ham boshqa odamga muhtoj bo‘lmaganmiz. Ortig‘iga ham ehtiyoj sezmaganmiz.
Uyimiz bir necha xonadan iborat bo‘lib, joylashishini tushuntirish biroz qiyinchilik tug‘diradi. Balki bu yerning shakliga bog‘liq bo‘lsa kerak. Bizning yerimiz ham boshqa yerlardan farq qilmagani holda to‘g‘ri to‘rtburchak hovlidan iborat edi. Ko‘chaga qaragan darvoza tomonning eni olti metrdan oshmasdi, lekin ichkari tomon esa o‘ttiz va undan ham ortiqroq metr bo‘lib, uy ichiga kirsangiz, birinchi bo‘lib uzun va qorong‘u dahlizni ko‘rasiz. Bir necha metr yurgach, chap tomondagi eshik mehmonxonaga olib kiradi. Mehmonxona kattaligi to‘rtga to‘rt metr uzunlikda, to‘rtburchak shaklida bo‘lib, yonida hojatxona, tahoratxona va kichik zal, u yerda esa mag‘ribning kattakon suv ko‘zasi qo‘yilgan. Uyimizning eng aziz va ko‘proq foydali narsasi ham ana o‘sha ko‘za edi. Dahlizdan yana bir necha metr yurishda davom etsangiz, boshqa eshikni ko‘rasiz. U aytib o‘tilgan mehmonxona va ovqatlanish xonasi, oshxonani, shuningdek, omborxonani o‘zaro bog‘lovchi yana bitta xonaning eshigi. O‘sha zaldan ochiq ayvonga chiqsangiz, asosiy xona – uxlash xonasini ko‘rasiz. Hozirgi kunga solishtiradigan bo‘lsak, uning shakli ajoyib bo‘lib, na devori va na shifti bor. Bor-yo‘g‘i uchta supadan iborat bo‘lib, kunduzi usti ochiq, kechasi esa yopinchiqlar bilan to‘shalar edi. Tong yorishishi bilan yopinchiqlarni yig‘ib, tunuka soyabonli burchakka qo‘yar edik. Yana shunga qo‘shimcha qilgan ravishda to‘rtta burchakka to‘rtta mix qoqilganini aytib o‘tish lozim. Hozirgi zamonda yo‘q bo‘lib ketgan pashshaxona iplarini o‘sha mixlar o‘zaro bog‘lab turardi. Pashshaxona esa tun bo‘yi g‘o‘ng‘illab yopirilgancha kelayotan iskabtoparlar qo‘shinidan bizni himoya qilardi.
Deyarli yil bo‘yi uyimizning mana shu qismida yashardik. Hojilar kelishgach, o‘sha keng uyning boshqa joyiga o‘tib, ijaraga berardik. Agar yana dahlizdan ikki metr yursangiz, quyosh nurini ko‘rasiz, chunki o‘sha joyning tomi yo‘q. Yana davom etsangiz, dahlizning qolgan joyi, ko‘mirxona, yana bir kichik zal va quyon boqiladigan ikkinchi joy bor. Uyimiz ijaraga berilganda mana shu yerda yashardik. Uyimizning uchinchi va eng oxirgi qismi baland joy bo‘lib, uyning so‘nggi qismida joylashgan. Dahlizning oxiriga yetgandagina o‘sha yerga chiqardik. U yerda yorug‘ xona, ayvon, hojatxona (tahoratxona deb atashardi) bor. Uning orqasida kichik yalanglik bo‘lib, agar o‘sha yerga chiqsangiz, sochilib yotgan uylarni etagida joylashtirgan baland “Etti qiz” tog‘i sizni o‘z quchog‘iga oladi.
O‘sha yalanglikda tovuq boqar edik. Tunda qafasga hujum qilish niyatida tog‘dan tushib kelgan va panjasining biri sig‘adigan chuqur kovlaydigan “Abul Husayn”, ya’ni tulki bilan kurash olib borar edik. U changaliga ilingan birinchi tovuqni tilka–pora qilardi. Tovuqlar orasida bir necha bor tovuq qoldiqlarini topib olganmiz. Kelasi tunda ham ular qurbonlikka nomzod bo‘lishlariga qaramay, o‘tgan tunda bo‘lgan voqeaga e’tibor qilmagan ko‘rinardilar.
Bu “makkor” ustidan g‘alaba qozonishimiz biroz vaqt oldi, va nihoyat, uning yomonligiga nuqta qo‘ydik. Bosqinchiliklari tamom bo‘ldi. Bu esa onamning bir necha rejalari barbod bo‘lgach, umumiy, shuningdek, tafsilotlari bilan ishlab chiqqan rejalarining natijasidir. Hozirgi kunda ham tulkilarni yo‘q qilishda bu usuldan foydalanishni xohlovchilar uchun rejaning qisqacha tafsiloti quyidagidan iborat – aylanasi yigirma santimetr, chuqurligi o‘ttiz santimetrlar atrofida chuqur kavladilar. Ichini suvga to‘ldirib, ustini yupqa faner bilan yopdilar. Tulki umuman sezmasligi uchun faner ustidan yupqa tuproq yotqizdilar.
Kavlangan chuqur tulkining qafas tomon borishga odatlangan yo‘liga juda yaqin bo‘lib, maqsad, tabiiyki, o‘sha mal’unni o‘ljasi tomon ketayotganda chuqurga tushirish edi. Albatta, shunday bo‘ldi ham. Ertasi kuni ertalab uni chuqurdagi suvga g‘arq bo‘lganini ko‘rdik va yomonliklari tugadi. Shunday qilib, tovuqlarimiz, shuningdek, “yaxshi ovoz sohibi” xo‘rozlarining tadrijiy kamayishi barham topdi. Lekin bu kamayish oxirgisi bo‘lmadi. Milliy boyligimizga tahdid soluvchi vabo epidemiyasining ofati odamlarni hayotdan olib ketgani kabi, tovuqlarimizning ham ko‘pining hayotiga zomin bo‘ldi. Lekin bu kasallikning oldini olish yoki ba’zi jismonan baquvvat qurbonlarni davolash usullari ham bor edi. Biroq nimjonlari esa “zaiflarga o‘lim” qoidasiga asosan birinchi o‘rinda kasallik tufayli nobud bo‘lar edi.
Epidemiya davomida tovuqlardan birining baland va cho‘ziq ovozda qichqirib, egasiga jonini taslim etayotganini eshitasiz. Darhol o‘ligi torko‘chaga olib chiqib tashlanadi, mushuk va itlarga yem bo‘ladi. Bu holat ko‘pincha bir necha o‘n kun davom etadi va tugashidan oldin ko‘plab jonivorlarning boshiga yetadi.
O‘sha kunlar davomida tovuqlar sonini asl holatiga qaytarish uchun qayerdan pul topish va yangi ko‘paytirish usullaridan foydalanishni o‘rgandik. U ikki xil bo‘lib, tabiiy va sun’iy ravishda bajariladi. Birinchisi, tovuqlarning birini “kurk” bo‘lganini, ya’ni tuxum bosishga rag‘batini ko‘rgach, bir necha tuxumni qo‘yib, uning ixtiyoriga topshirdik. Tovuq ularni isitadi, vaqti–soati yetgach, jo‘jalarining tuxumni yorib chiqishiga yordamlashadi. Qarabsizki, ko‘zni quvontiruvchi jajji jo‘jalar dunyoga keladi. Sun’iy ko‘paytirishda yetishib kelayotgan biron avlod ko‘rmagan va eshitmagan yo‘l – bir necha tuxumlarni kepakka ko‘mish usulidan foydalaniladi. Kepak yangi avlod dunyoga kelib, birinchi nafasini olgunga qadar kurk tovuqning vazifasini bajaradi. Bir necha haftadan so‘ng erkagidan urg‘ochisini ajratish amaliyoti boshlanadi. Yangi avlod orasida bitta xo‘rozning bo‘lishi kifoya. Qolganlarini esa tuxum sotiladigan torko‘chada sotib yuboriladi yoki bitta–bittadan pishirish uchun onamning ixtiyoriga qoldiriladi. Albatta, onam ularni oyoqlari kuchga to‘lib “jo‘ja” o‘rniga “jo‘jaxo‘roz” bo‘lganida pishirardilar. Bu jo‘jalar xo‘rozlarning o‘smirlik davri bo‘lib, o‘zboshimchaliklari odamzot bolalarinikiga o‘xshaydi. Erkaklarini urg‘ochilaridan ajratish bir necha yo‘l bilan amalga oshiriladi. Biri “xo‘roz”ning qichqirishi, ya’ni erkaklari katta xo‘rozlarga o‘xshab qichqirishga harakat qilishadi va ular orasidagi farq yaqqol ajralib turadi. Ikkinchisi boshlaridagi tojning ko‘rinishidan va uchinchisi jo‘jaxo‘rozning makiyonni bosishga harakat qilishidan yoki tumshug‘idan ushlab ko‘targanda qattiqroq qanot qoqsa erkak, aksi bo‘lsa urg‘ochi.
Shu kunlardagi fanlar tovuqning go‘sht, tuxum va pat berishidagi foydalarini hisoblasa, bizning tovuqlar esa yana shunga qo‘shimcha ravishda qatlama patirlar, kilolab tariq ham berardi.
Iqtisod tomonidan esa tovuq biz uchun tabiiy boylik manbalaridan biri edi. Qanday qilib bizga yuqoridagilarni beradi deysizmi? Buning yo‘li juda oson.
Tovuqlarimiz soni, xo‘rozdan tashqari, yigirmataga yetardi. Oldingi va hozirgi raqamlar shuni isbotlaydiki, har bir tovuq bir yilda o‘rtacha ikki yuz-uch yuztagacha tuxum beradi. Biz esa faqat ikki kishi ekanligimizni hisobga olib, bir jihatdan Balaqaf va boshqa jihatdan al–Asmuniy amaki o‘rtasida doimiy mahsulot ayirboshlash amaliyoti olib borar edik. Birinchisi bilan har yigirma dona tuxum evaziga bir kilogramm tariq, ikkinchisi bilan esa o‘n besh dona tuxum evaziga ikkita sabzavotli va go‘shtli patir, biri shirin, boshqasi tuzli bo‘lar edi. Keyingi amaliyot mahalladagilarning har biri uchun yaxshi tanish bo‘lgan o‘sha patirlarga bo‘lgan ishtiyoqimizning kuchi yoki tuxumlarning oz–ko‘pligiga qarab, bir yoki ikki haftada bir marotaba qilinardi.
24
O‘qituvchi lavozimiga tayinlangan kunim uyga qaytganimda onam xuddi kuyovlarni kutganday, tantana bilan kutib oldilar. Tezdan og‘zilariga suv ho‘plab, menga purkab yubordilar. O‘sha paytdagi odatga ko‘ra, u yoki bu sabab tufayli biror kimsaga ko‘z tegmasin deyilsa, shunday qilinar edi. Birozdan so‘ng onam shu munosabat bilan men uchun kichik ziyofat hozirlab qo‘yishlarini, Asmo xolani, go‘rkovning uyida yashaydigan men uchun ismi noma’lum bo‘lgan bir xonimni tushlikka aytib kelishimni, so‘ngra dasturxon tuzalguncha masjidga borib, peshin va ikki rakaat shukr namozini o‘qishimni tayinladilar.
O‘sha kuni biz to‘rtovimiz uyimizdagi asosiy xona – mehmonxonada tushlik qildik. Men uchun kutilmagan yagona narsa, go‘rkovning uyida yashaydigan o‘sha ayolning ovqat paytida yopinib o‘tirishi edi. Mosholloh, men ham balog‘atga yetib qolibman, Asmo xolaning bundan g‘ashi kelib, baqira ketdi:
– Bu nima qilganing, u hali ham bola. Bolalaringning eng kichkinasidan ham kichkina,–dedi. Lekin u ayolning o‘z fikrida turib olgani biroz o‘ng‘aysizlikka sabab bo‘ldi. O‘zimni uch ayol ichida noqulay his qila boshladim.
O‘qituvchi sifatida o‘tkazgan birinchi kunlarim, kutilmaganda, men uchun asabiy va mashaqqatli kechdi. Har tong mana shu salla va jubbani kiyib yurishim hatto o‘zim uchun ham g‘alati tuyulardi. Ayni paytda, har kuni oynaga qaraganimda qarshimda turgan inson, ya’ni o‘zimning ko‘rinishim o‘zimga g‘alati ko‘rinar, men har kuni sallani boshimning u yoki bu yog‘iga qo‘ndirish uchun bir necha daqiqa sarflar edim. Onam esa shu yangi kiyimda otamga o‘xshab qolganimni ta’kidlaganlari sari hozirgi ko‘rinishim o‘zimga o‘xshamay qolganini va oldimda menga ko‘rinayotganning albatta, meni xursand qilmasligini bilardim.
Buning ustiga bir guruh talabalar oldida turish, agar xohlasangiz, o‘tirish men uchun qulaylik tug‘dirmas edi, ich-ichimdan hali ham talaba edim. Fikrlashim ham o‘quvchilarnikidan o‘qituvchilarnikiga o‘xshab darrov o‘zgarib qolgani yo‘q. Eng yomoni maktab mudirining birinchi kunlariyoq, dars berishga layoqatim borligidan ishonch hosil qilish uchun, darsingni kuzataman deb turib olgani bo‘ldi. Xonaning oxirida yerga o‘tirib olgancha, har bir aytayotgan gapimni diqqat bilan eshitar, men tomondan o‘tkazilgan xatolarni, qoidaga rioya qilmay bexos aytib yuborgan so‘zlarni tuzatish uchun qo‘li bilan bir necha bor ishora qilishga urinardi. Uning darsimni kuzatishidagi men uchun foydali bo‘lgan yagona narsa sinfdagi jimlikning saqlanishi bo‘lib, hech kim ovozini ko‘tarmas, yonidagisiga ozor bermas yoki sinf tartibini buza olmas edi. Dars soatlari davomida shum Sufyonning surati ko‘z oldimda gavdalanar, lahzalar o‘tar ekan, sinfning “Sufyoni” kim ekan, menga va yo boshqa talabalarga qachon “nabaq”ning danaklari uchib kelar ekan deb kutardim. Biroq mudirning darsda qatnashishi bu kabi hodisalar ro‘y berishining oldini olardi. O‘qituvchilar xonasida o‘tirishim, dars xonasida o‘tirishimga nisbatan xotirjamligimni anglatmas edi. Chunki hamma o‘qituvchilar men uchun ustoz hisoblanib, ular bilan o‘tirishga va suhbat qurishga odatlanmagan edim. Shuning uchun uzoq vaqt indamay yurdim. Keyingi darsga nozir qo‘ng‘iroq chalishi bilanoq birinchilardan bo‘lib sinfga shoshilardim. Shuning uchun kunim sinfga shoshilish yo u yerdan o‘sha suratda chiqish bilan o‘tar, yoki men uchun ajoyib tuyulgan mana shu kiyimda yurganimni hech kim ko‘rib qolmasligi uchun, mahalladagi eski do‘stlarimning shumlaridan biri har lahzada uchrab qolishini e’tiborga olib, ko‘rinishimdan baland ovozda qahqaha otishini yoki ustimdan ayovsiz masxara qilib kulishidan hadiksiragan holda tez uyga shoshilardim.
Kunlarning birida bir o‘quvchi sekingina ko‘ylagim cho‘ntagiga o‘ralgan qog‘oz solib qo‘ydi. Uyga yetib olgunimcha ichida nima borligini bilmadim. Uyga kelgach, unda kutilmagan narsani topdim. She’rdan faqatgina bir bayt yozilgan edi. U quyidagicha edi:
“Salla kiysa aylanur maymunga,
Sallasin yechsa, o‘xshar to‘ng‘izga.”
Uyimizdagi hojatxonaga kirib xo‘rlikdan rosa yig‘ladim. Avvaliga ichimda, so‘ng baland ovozda tinmay yig‘lardim. Hatto onam vahimaga tushib, nima bo‘lganini bilish maqsadida men tomon chopib keldilar. Darhaqiqat, ko‘rinishim g‘alati edi. Odamlar hojatini chiqarish uchun o‘tiradigan burchakda bor bo‘y-bastim, kiyimlarim bilan ho‘ngrab yig‘lagancha turardim. Onam esa meni yupatish maqsadida yelkamga qoqishlarining foydasi bo‘lmagach, sallam, so‘ng jubbamni yechib, o‘zimni toza havoga olib chiqar ekanlar, og‘zilaridan “la havla va la quvvata” va “auzubilloh” tushmas va ketma-ket “nima bo‘ldi” deya so‘rardilar. Men esa yig‘lashda davom etib, axiri yig‘i-sig‘idan to‘xtadim va o‘zimdan, shuningdek, onamdan uyalib ketdim. Ularga nima deyman? Onam mendan va qanday odam bo‘lganimdan faxrlanib turgan bir paytlarida dardlarimni qanday aytaman.
Har doimgiday so‘nggi panohim bo‘lmish Masjid–ul–haram tomon yugurishdan boshqa iloj qolmadi. Ka’ba atrofini tinmay tavof etdim, hatto yettitadan necha marotaba tavof qilganimni bilmasdim. Va nihoyat zam–zam qudug‘ining chelagidan iliqqina suv ichish bilan amalimni to‘xtatdim. Shu qadar ko‘p ichganimdan qovurg‘alarim otilib ketay dedi. Shundagina ko‘nglimda xotirjamlik, tinchlik his eta boshladim. Onamni tinchlantirib, hamma narsa o‘z joyiga qaytganini aytish uchun uyga shoshildim. Ayni paytda bo‘lib o‘tgan hodisani va cho‘ntagimga o‘sha varaqchani kim solishi mumkinligini xotirjam fikr-mulohaza qilishga harakat qildim. Oxirgi darsdan so‘ng chiqayotgan paytimni bir necha bor tasavvur qildim. Eshik oldidagi tiqilinch, o‘quvchilar manzarasi va nihoyat, ko‘z oldimda boshqa o‘quvchilarni surib–itarib men tomon oshiqayotgan bir o‘quvchining surati keldi. Ha, xuddi o‘sha. Oldimda uning turganini sezgandim, keyin bir qo‘l men tomonga cho‘zilganini va ushlab turgan narsani tashlab, keyin u qo‘lning tortilganini ham sezganday bo‘lgandim, o‘sha bo‘lishi kerak, boshqasi emas. Lekin nima uchun?
Maktabda o‘tgan olti yillik davrni yozib olingan uzun magnit tasmasi sifatida ko‘z o‘ngimdan o‘tkazdim. O‘sha bola bilan birinchi yili birga o‘qiganimiz yodimga tushdi. Lekin u sinfda qolib, men o‘quv yilining ikkinchi sanasiga o‘tganimda u yana o‘sha sinfda qayta o‘qishni boshladi. Uni o‘shandan beri ko‘rmagandim. Mana endi ko‘rindi, hozir nechanchi sinfda ekan? Men uni qidirib topishim kerak. Lekin savolga javob topishdan oldin ertaga nima qilishni o‘ylab ko‘rishim kerak. Uni yana uchratishim aniq. Mudirga shikoyat qilsammikan? Yoki o‘qituvchilar xonasiga chaqirib, nima ish qilganini so‘rab, tanbeh bersammikan va bu ish mening qo‘limdan kelarmikan? Undan qo‘rqib qaltirashimni ko‘z oldimga keltiryapman. Boshqa o‘qituvchilarga kelsak, haqiqatni bilishgach, o‘sha baytni o‘qib berishimga to‘g‘ri keladi. To‘satdan, birortasi o‘quvchi oldida kulib yuborsa, bu meni battar o‘ksitadi. Yo‘q, albatta bunday qilmayman. “Tuya sug‘orishning ham o‘z yo‘li bor” degan ekanlar. Men o‘z ichimda puxta pishgan yo‘l, u ham bo‘lsa strategiyalar va rejalar yo‘lini qo‘llashim kerak. Strategiyaning birinchi tamoyilini hayotimdagi uzoq yillar davomida o‘rganganman. U ham bo‘lsa, haqiqatda amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishni yashirib, o‘zini boshqa narsa qilayotganday qilib ko‘rsatish. Ertasi kuni o‘sha yigitni tanaffus paytida uchratdim va xohlamaygina iliq tabassum qilib, uning mendan yoshi ham, jussasi ham katta bo‘lishiga qaramay, tajribali kattalar kichiklarni qanday qilsalar, men ham shunday qilib, uning yelkasiga bir-ikki qoqib qo‘ydim. Otalar shum bolalarning quloqlaridan tortgani kabi, men ham uning qulog‘idan ushlab:
– Hali ham yomonligingni qo‘ymabsan-da? – dedim, so‘ng undan do‘stona ohangda: Necha yillardan buyon ko‘rinmaysan, hozir nechanchi bosqichdasan? – deb so‘radim.
U esa:
– Ikkinchi oliy bosqichdaman,– deb javob berdi.
– Juda soz. Kelasi yil bitirganingdan keyin seni muallim qilib tayinlashga tavsiya qilaman. Ana o‘shanda cho‘ntagingga mana bu qog‘ozni solib qo‘yaman, – deb aytdim. U uyalgancha boshini egdi. Men esa yo‘limda davom etdim.
O‘sha lahzalar men bor kuchimni ishlatdim. O‘qituvchilar xonasiga kirganimda esa, go‘yo biror vahshiy yoki bahaybat odam bilan qo‘lma-qo‘l olishganday o‘zimni his etardim…
Talabalarga dars berayotganimda sinfga mudir kirmay qo‘ydi. Natijada sinfda tartibsizlik, o‘quvchilarning baqirib-chaqirishlari, bir-birini haqoratlashlar boshlandi. Har kuni yangidan–yangi muammolarga yo‘liqar edim. Shu davr mobaynida o‘qituvchilikka tayinlanganimda mudirning menga bergan maslahatlariga tayanishga harakat qilardim va “Talabalar uch xil bo‘ladi”, – degan taqsimotiga ko‘ra ularni tasnif etishga urinar edim. Eng yomoni esa, o‘qituvchilar bilan aloqamning yo‘qligi edi. O‘qituvchilik qilayotgan bo‘lsam-da, ularga qo‘shila olmadim. Bir necha kundan so‘ng vaziyat menga nisbatan chidab bo‘lmas darajaga yetdi. Mudir oldiga kirib, o‘qituvchilikdan birorta idora ishiga o‘tkazib qo‘yishini iltimos qildim. U esa:
– Maktabning idora xodimlari yetarli, boshqasiga hojat yo‘q, – deya rad etdi va: – Nima bo‘ldi? Nima seni qiynayapti? Ayt, qo‘limdan kelgancha yordam beraman,– dedi. Men bo‘lsa:
– O‘qituvchilar… Men o‘zimni o‘shalarning biri deb his etolmayapman,–dedim.
– Boshlanishda bu tabiiy holat, – dedi–da, gapida davom etdi: – Vaqti-vaqti bilan o‘qituvchilarning “o‘tirishi” bo‘lib turadi, navbati yetgan o‘qituvchi tush paytida uyiga mehmonga chaqiradi. Kelasi hafta ana shunday o‘tirishga meni chaqirishadi. Maktab muhitidan tashqarida seni ularga qo‘shishga harakat qilaman.
Shunday ham bo‘ldi. Uning katta hayot tajribasiga ega ekanligi yana bir bor isbotlandi.
Men o‘sha kuni bir insonning boshiga salla o‘ragan payti bilan boshidagi sallasini yechgan paytida farq borligini kashf etdim. Ana shu nazariya uzoq yillar o‘tishi bilan amaliy jihatdan isbotlandi va umumiy qoidaga aylandi. Boshga salla o‘raganmi yoki tarbush kiyganmi, yo “xo‘ja”larning shlyapasidan kiyganmi, buning farqi yo‘q. Ha, bu bir necha dalillar bilan isbotlandi. Ana shu boshyalang va salla o‘ragan ustozlar ulardan oldingi va keyingi boshqa insonlarning qalblari ko‘r bo‘lib, na o‘zlarini erkin tuta ololmaganlari va na jilmaya ololmaganlari kabi bo‘lib qolmaslik uchun o‘zaro bir-birlari bilan nafaqat hazil-mutoyiba qilib latifalar ayta boshladilar, balki ko‘ngillarini yozish va qalblari o‘tmaslashib, ko‘rmas bo‘lib qolmasligi uchun bo‘lib o‘tgan turli voqeiy va o‘ylab to‘qilgan hikoyalarni so‘zlab, o‘zaro hazillasha boshladilar.
Taom keltirilgach, guruch ustidagi qo‘zi go‘shtining ba’zi joylaridan uzib, bir-birlariga bir necha marta otdilar, so‘ng bir–birlarining oldilaridagi guruch uyumi ostiga go‘sht parchalarini berkitish boshlandi.
Birgina bu o‘yinda qatnashmagan odam oramizda faqat “Mavlono” deb chaqiriladigan o‘qituvchi edi. Mavlono uzun bo‘yli, savlatli odam bo‘lib, haqiqatan ham viqorli edi. Ko‘rinishi shu darajada jiddiy ediki, hatto unga qaray ham olmasding. Yuqoridagiday qiziq o‘yinda ham ishtirok etmadi, lekin boshqalar kabi sallasini yechib o‘tirdi va uning yuzi bu ko‘rinishda yumshoqroq, insoniyroq bo‘lib ko‘rindi.
Ha, o‘sha kuni makkaliklarning kichik yig‘ilishidagi xursandchiligida men ham ishtirok eta oldim. U yoki bu kishiga mos qiziq hikoya yoki qilmishiga o‘xshash boshqa bir voqeani aytib hazillashishdan tortinmadim, balki o‘sha ziyofatda qo‘yning tilini kesib, katta bo‘lagini mazkur “Mavlono”ning oldiga qo‘ydim. U ham menga qarab bir jilmaydi–da, hech nima bo‘lmaganday tilni tanovul qila boshladi.
Bosh kiyim yoki umuman kiyimlar inson a’zosini yopish bilan birgalikda uning o‘zining ko‘p jihatlarini yashiradiganday ko‘rinadi. Kiyimlar turi va unga solingan kraxmal miqdori insonning ochish kerak bo‘lgan jihatlarini ochib, yashirish kerak bo‘lgan tomonlarini berkitishda ishtirok etadi. Balki qadim xitoyliklarning bundan ming yillar avval aytgan mashhur hikmatlarining ham sababi shundadir. “Agar insonning qandayligini bilmoqchi bo‘lsang, u bilan yotoqxonasida gaplash”, ya’ni pijamadaligida, chunki u o‘sha paytda to‘liq kiyim–kechagini kiymay turib o‘zligiga yaqin, shuningdek, ko‘zbo‘yamachilikdan yiroq bo‘ladi. Kiyimda esa u oynaga qarar ekan, o‘zidan g‘ururlanib so‘ngra ijtimoiy o‘rni va mol–dunyosini o‘ylaydi. So‘ng o‘zini qanday his qilsa shunday emas, balki yuqoridagi ikki omil asosida ish tutadi.
Bu borada yevropaliklar, ayniqsa, shimolliklar, pijama qoidasi borasida bir qadam oldinga yoki orqaga odim tashladilar. Odamlar nafaqat bosh kiyimi, balki ich kiyimlaridan boshqa hamma narsalarini yechadigan “sauna” xonalarini ixtiro qilib, aloqa o‘rnatish va bitimga kelishishning eng yaxshi yo‘lini kashf etdilar. Ba’zan rasmiyatchilar sochiqni bellariga o‘rab olsalar, ba’zilarini esa xona bilan to‘la bo‘lgan suv bug‘i o‘rab turadi.
Yana bosh va bosh kiyimi muammosiga qaytadigan bo‘lsak, xalqda bunday gap bor: “Falonchi boshini ochibdi”, bu bilan o‘sha odam ichidagi bor gapning mohiyatini aytishini nazarda tutishgan. Ko‘pincha esa, muomala va o‘zini tutishning hamma jihatlarini yo‘qotgan kishiga nisbatan ham qo‘llaniladi. Shuningdek, ayollarning ko‘rsatilishi kutilmagan xohish–istaklarini namoyon etganlarida, masalan, yopinchiqlarini tashlaganlarida ham shu gap ishlatiladi. Albatta, o‘sha davr xonimlari salla emas, “burqu’”1 kiyganlar. Hozirgi paytda yevropaliklar biror xonimni ko‘rsalar, unga bo‘lgan ehtirom yoki undan ham ko‘proq tuyg‘uning izhori sifatida shlyapalarini ko‘taradilar. Shuningdek, boshqa xonadonga ziyorat uchun borsalar, kirgandan so‘ng birinchi bo‘lib qiladigan ishlari boshlaridagi shlyapani yechish bo‘ladi. Go‘yo xonadon egasiga: “Mana, hech qanday yopinchiqsiz, haqiqiy ko‘rinishim” deyayotganday.
Xalqning esa “Kallani uzsang ham, sallani buzma” degan gapi bo‘lardi, nimaga? Chunki sallaning buzilishi salla egasining amalidan ayrilishi–yu, shuningdek, u ham odamzod naslidan ekanligi butun mohiyati bilan namoyon bo‘lishi demakdir. O‘sha kuni mehmondorchilik, hamkasblarni yalangbosh, ya’ni norasmiy holda ko‘rishim natijasida men o‘zim va hamkasb o‘qituvchilarim o‘rtasidagi aloqalarda yuz bergan bunday o‘zgarishdan shu qadar ilhomlanib ketdimki, hatto mudir janoblariga hamkasblarimni kelasi juma kuni biznikiga chaqirishni taklif qilib yubordim. U esa: “Shoshilma, avvalo hammaning uyida mehmon bo‘lmaguningcha hech kimni chaqirmaysan. Ana undan keyin navbating keladi”. Tabiiyki, uning gapiga quloq soldim va aytgan gapining naqadar to‘g‘riligiga amin bo‘ldim. Qolganlar esa: “Kelasi jumami yoki keyingisidami, o‘zing qilaqol,”– deyishardi. Men bo‘lsam: “Kim shanba kuni mehmonga chaqirsa, uni yakshanba kuni chaqirishadi, ko‘pchiligingiz hali na shanba va na juma kuni mehmonga chaqirganingiz yo‘q. Talab qilishga nima haqlaring bor,” – der edim.
26
Maktabdan olayotgan kattagina maoshim men uchun ancha–muncha iqtisodiy muammoni keltirib chiqardi. Pulning ko‘pligi yoki boshqacha qilib aytganda, bu darajadagi katta maosh olish to‘lovlar balansining izdan chiqishiga, maoshni yoki uning bir qismini qanday sarf qilish haqida tinimsiz o‘ylashimga sabab bo‘ldi. O‘shanda menga o‘xshab, kutilmaganda birdaniga daromadi ko‘payganlarning dovdirashi aniq. Shunday ekan, o‘shanda har oy oxirida maoshni olar ekanman, buni nima qilaman deb o‘ylar edim. Qayerga qo‘yaman? Qanday yashiraman? Tabiiyki, onam bunday ishlar bo‘yicha oila murojaat etishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy mutaxassis edilar. O‘n riyolni indamay qo‘llariga tutqazar ekanman, tezlik bilan kaftlarini yopib, uzoqdagi xonaga yugurgancha, qo‘yish kerak bo‘lgan joyga borib joylab kelardilar. Pulni joylash asnosida uyimizdagi sharoitni yaxshilash yo‘llarini o‘ylardilar. Birinchi bo‘lib qilgan ishlari ko‘chada: “Idish yuvamiz, zinalarni supuramiz”, – deya baqirib yuradigan “afrika” ayollari xizmatidan foydalanish bo‘ldi. Ehtiyojga qarab kunda yoki haftada bir marotaba ularning biri bilan bu ishlarni qilishni kelishib oldilar. Natijada dahliz top-toza bo‘ldi. Shuningdek, avvalgidan farqli o‘laroq, uyning yuqori qismi – “mehmonxona” hojilar kelishiga doim tayyor bo‘ladigan bo‘ldi. Keyinchalik, o‘sha tirishqoq ishchi ayollarga boshqa ishlar: har seshanba kir yuvishni yukladilar. Chunki bu kun makkaliklar tomonidan kir yuvish uchun tanlangan kun edi. Ular orasida keng tarqalgan rivoyatlarga ko‘ra, o‘sha kuni tog‘lar yaratilgan ekan. “Faqiha“ni – o‘sha davrda har bir afrika ayolini “faqiha“ deb chaqirishar edi – onam quyidagicha ishlatar edilar: kir tog‘orani onam o‘zlari tayyorlab berardilar. Tog‘oraga ko‘pgina kul solib, qolgan qismini suv bilan to‘ldirardilar, biroz tinar edi. O‘sha paytlarida hozirgi kimyoviy kir yuvish vositalari hali ma’lum emas edi. Ishqor esa dog‘ va kir ketkizuvchi faol vosita edi. Faqiha kir yuvishdagi eng qiyin ish, ya’ni kirlarni ikki bora yuvar, onam esa birinchi va ikkinchi martasidan osonroq bo‘lgan uchinchi marta yuvishni, kerakli miqdorda kraxmal yoki sinka qo‘shib chayqashni o‘zlari qilar edilar.
Hech kim oilalarning ana shu faqihalar bilan aloqasi faqat o‘sha paytda boshlangan deb o‘ylamasa kerak. To‘g‘risi, har bir oilaning ular bilan bo‘lgan aloqasi qadimdan chuqur tomir otgan, balki yuzlab yillar oldin boshlangan bo‘lsa kerak. Illo, agar bunday bo‘lmasa, ramazon oyida Makka ahlining asosiy taomi “bug‘doy sho‘rva”ning bug‘doyini kim tuyib berardi. Ha, bu yilda bir marotaba, albatta, sha’bon oyining ikkinchi yarmida bo‘lardi. Ular ko‘chada uzunligi bir metr bo‘ladigan yog‘och kelilarini ko‘tarib olib, baland ovozda “bug‘doy tuyamiz” deya chaqirib yurishardi. Buni eshitgan mahalla xonimlari ular tomon kim o‘zarga shoshilishar, qilinajak ish borasida kelishib olishar edi. Bu ishlarning hammasi o‘sha kunlarda ko‘p tarqalgan bir gap, ya’ni afrika ayollarining “nam–nam”, ya’ni odam go‘shtini yeydiganlar tabaqasiga tegishli ekanliklariga qaramasdan, bir maromda bo‘lardi. Keyinchalik bu tuhmatni bir necha asrlardan so‘ng imperator “Inkasa” amaliy yo‘l bilan isbotladi, ya’ni kechki dasturxonda muhtaram imperator janoblari bilan birga bo‘ladigan vazirlardan birini pishirib tushlik qilgan.
Onam yuqoridagi xizmatlardan foydalanishlari natijasida anchagina bo‘sh vaqtga ega bo‘ldilar va uni nima bilandir band qilish kerak edi. Shu sababli soatlab chevarchilik bilan shug‘ullana boshladilar. O‘sha davrning kattalari qilgani kabi, hijoblari yoki mening ro‘molchalarim, ishtonlarimizni bezardilar. Shu bilan birgalikda ovqat tayyorlashga ham bor kuchlarini sarf etdilar. Bu harakat nafaqat ovqatlarning mazasida, balki turli-tumanligida va miqdorining ko‘payishida o‘z aksini topdi. Natijada ikkalamiz ham to‘lishib, avvallari keng bo‘lgan ko‘ylaklarimiz o‘zimizga loyiq bo‘lib qoldi.
Xo‘jalik ishlari bularning hammasidan o‘tib tushdi. Uyimiz uchun kerak bo‘ladigan idish tovoqlar, jihoz, uy–anjomlarini sotib ola boshladilar. Cho‘ntakda borini onamning qo‘llari ma’lum qilib “egan” sari g‘oyibdan kelaverardi.
Uzoq yillar davomida mening xursandchiligimga sabab bo‘lgan narsa xonadon uchun mo‘ljallangan “muzqaymoq” qiladigan asbob edi. U juda ham foydali bo‘lib, tashqi tomoniga bir bo‘lak muz, ichki qismiga esa bir yoki ikki stakan mahalliy limon sharbatidan quyib, to qotguncha qo‘lda aylantirilardi. Qarabsizki, muzqaymoq iste’mol qilishga tayyor bo‘lardi.
Onam haqida bir narsani aytsam oilaviy sirni ochgan bo‘laman deb o‘ylamayman. Ular qo‘shiq shaydosi bo‘lib, kun bo‘yi past ovozda xirgoyi qilib yurardilar. Eng yoqtirgan ashulalari Suriyaning
“Silkin, silkin, ey anjir,
Shom olmasi lazzatli, shirin,” –
ashulasi edi. Lekin ochishni xohlamayotgan sirim onam kunlarning birida qadimdan qo‘llanib kelayotgan kuy sandig‘i – patefon deb ataladigan sandiqning birini sotib olganlari edi. Qanday yo‘l bilan, kimdan olganlarini hech kimga aytmaganlar. Bu sir. O‘sha sandiqni ichkari xonalarning biriga qo‘yib, uning ovozini qo‘shnilar eshitib qolmasligi va mumkin bo‘lmagan narsa uyimizda mavjudligini bilib qolmasliklari uchun atrofini ba’zi latta-luttalar bilan o‘rab qo‘ydilar. O‘sha hodisa ota–onalarning tasarruflari shubhalardan xoli emasligini men uchun isbotladi. Onamning o‘sha sandiqni sotib olishlaridan asosiy maqsad uyda ko‘tarinki kayfiyatni hosil qilish edi. Lekin o‘sha sandiq, maktabdagilar bu ishdan xabar topib qolmasliklaridan qo‘rqib, meni ko‘pincha tajang yurishimga sabab bo‘ldi. Birgina ustozimning nasihati g‘amimni sal yengillashtirganday bo‘ldi. “Parvo qilma, uylaringda bu kabi sandiqning borligi hayoning yo‘qolishi yoki fe’l–atvorning buzilishi degani emas.” U ham o‘shanga o‘xshash sandiqdan saqlashini va bundan hech qanday muammo yo‘qligini aytdi. Eng dahshatlisi, u o‘zida bor ba’zi plastinkalarni eshitish uchun olib turishimizni, bo‘shagach, qaytarib berishimizni aytgani bo‘ldi. Bu bilan o‘sha “masonchi” va mana bu hayoli ayol bir qatorda bo‘lib qoldi. Yo, ajabo!
27
Jamilni grammatikaga o‘qitishda davom etdim, lekin darslarga ba’zi o‘zgartirishlar kiritishim ularni avvalgiday quruq bo‘lib qolishini kamaytirdi. Tabiiyki bu borada ustozimdan ruxsat so‘radim:
– Jamilni o‘qishga bo‘lgan salohiyatini yaxshilashimiz kerak deb o‘ylayman. So‘zlarni o‘z o‘rnida qo‘llashni bilmasa, qoida bilganning nima foydasi bor?
Ustoz taklifimga rozi bo‘ldi. O‘qishga bo‘lgan qiziqishini orttirish uchun eng yaxshi yo‘l – uning uchun sodda hikoya va ertaklarni yozish edi. Bu borada, hovlida va pashshaxona devorlari orasida iskaptoparlarning g‘o‘ng‘illashi kuchayganda, onam aytib bergan va esimda qolgan ba’zi hikoya va ertaklardan foydalandim. Bu yo‘l bilan go‘yo avloddan avlodga o‘tib kelayotgan xalqimizning merosini, hammasini bo‘lmasa–da, bir qismini Jamilga so‘zlab berayotganday edim. Yagona farq shuki, bu meros odat bo‘yicha ayol og‘zidan emas, erkak og‘zidan so‘zlandi. Jamil esa kundan-kunga hikoyalardagi “voqea”lardan ta’sirlanib, hayratini yashira olmas, hatto joni chiqqan odamday pastki jag‘i osilib qolardi. “Go‘llik” darajasidan asta-sekin “soddalik” darajasiga yaqinlashib borardi. Bu esa oldingisidan ko‘ra yaxshiroq.
Kunlarning birida onamning hikoyalari tugagach, o‘zim unga “quyonlar o‘rmoni” nomli ertak to‘qib, daftariga yozib berdim. Ertagim unga shunchalik ta’sir qilganidan ko‘zlari xursandchilikdan yashnab ketdi. To‘qilgan ertak soddagina bo‘lib, o‘rmonda tinch–xotirjam yashaydigan quyonlar to‘dasi haqida edi. Nima bo‘ldi-yu, ularning tinchi buzildi. Bir kulrang quyon – qizil ham bo‘lishi mumkin – ular o‘rtasiga adovat urug‘ini sochib, quyonlarni bir-biri bilan urishtirib qo‘ydi. Natijada bir–birlarini o‘ldirib, go‘shtlarini g‘ajib, yeya boshladilar. Oxir-oqibat faqat bir quyon tirik qoldi. O‘sha quyon o‘rtoqlarini yegani uchun shu darajada katta bo‘lib ketdiki, aslo o‘ziga, ya’ni quyonga o‘xshamay qoldi. Dunyodagi barcha mavjud ho‘kizlar ana o‘sha quyonning zurriyoti ekan, deya ertakni yakunladim. Ajdodlari o‘txo‘r bo‘lgani sabab, ho‘kizlar ham o‘t yeyishni yaxshi ko‘radilar.
Jamilga ertak tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada yoqdiki, hatto o‘qiyverib-o‘qiyverib, yodlab oldi, o‘sha “ho‘kiz-quyonga” bo‘lgan ishtiyoqidan foydalanib, u yoki bu so‘zni turlab berishini, “ho‘kiz”ning aniq yoki noaniqligini, quyonning “muannas” yoki “muzakkar”1 ligini so‘rardim. O‘ylaymanki, o‘sha kunlarda u grammatik qoidalarni butun oldingi kunlarga nisbatan ko‘proq bilib oldi. Ertakdagi quyonga shu darajada qiziqqanidan, har bir jumlani so‘zma–so‘z tahlil qilishga urinar edi.
Lekin ertak to‘qiyotganimda bir narsaga e’tibor bermagan ekanman. Kunlarning birida Jamil kutilmaganda g‘alati savol berib qoldi: “Quyonlar o‘sha jang mobaynida qirilib ketgan ekan, hozirgi kunimizdagi quyonlar qayerdan kelib qoldi?” Bu savol biroz o‘ylashga majbur etdi. So‘ng: “Hozirgi quyonlar ocharchilikka, qo‘llar qisqarishiga yo‘liqqan bo‘lib, buning natijasida jussalari kichiklashib ketgan va hozir ko‘rib turganimizdek bo‘lib qolishgan”, – dedim. Men aytgan “voqea”larning so‘nggi rivojlanishini eshitib, uning o‘sha ertakka bo‘lgan hayrati yanada oshdi.
Ustoz o‘g‘li Jamilning erishayotgan muvaffaqiyatlaridan g‘oyat baxtiyor edi va tinmay minnatdorchilik izhor etardi. Lekin o‘g‘li quyonlar haqidagi ertakni o‘qib bergach, yuzini bulut qopladi. Och qolgan xo‘kizlarning o‘z holiga, ya’ni quyonga aylanganini og‘zaki aytib berganda esa, haligi bulut yanada qorayib ketdi. Bu bilan Jamilning aqlan normal inson emasligi oydinlashdi. Uni har qancha o‘qitsam ham yoki har qanday o‘qituvchi bo‘lmasin bor sa’y-harakatini sarflashi mumkin bo‘lsa ham uning harakati bu sodda insonning aql saviyasini oshirmaydi yoki Allohning qolgan bandalari singari bo‘lishiga yordam bermaydi. Shunga qaramay, ustoz o‘qitishni davom ettirishimga undab: “O‘qitaver, shoyad bir kun kelib kutubxonamdagi ba’zi kitoblarni o‘qiy olsa. Allohning boshqa bandalari kabi hayotda o‘z o‘rnini topib olar, hech bo‘lmasa yarim normal hayot kechirar”, – dedi.
Kunlarning birida darsxonasidan chiqib, eshik tomon ketayotsam, ustoz to‘xtatib, u bilan bir necha daqiqa o‘tirib, bir piyola choy ichishimni so‘radi. Rozi bo‘ldim. O‘sha kuni u kutilmaganda menga “Ingliz tilida ko‘p qo‘llaniladigan iboralar” nomli kitobchani berdi. Minnatdorchilik bildirib, ketishga otlandim. Ostonada turar ekanmiz u shunday dedi:
– Jamilaning o‘g‘il bola bo‘lishini xohlar edim. Uni o‘qitishni senga topshirardim. Ehtimol, samarali bo‘lar edi. U shu darajada ziyrakki, o‘z nasibasini ham, akasining nasibasini ham o‘ziga olganmikan, degan xayolga borasan.
Jamilni o‘qitishdagi qiyinchiliklarimga bo‘lgan e’tiboriga, shuningdek, samarasi oz bo‘lsa-da, ko‘p sa’y-harakat qilishimga bo‘lgan tashakkuri uchun rahmat aytib chiqib ketdim. Bu aytilgan gap haqida boshqacha o‘ylamadim. Buni menga bo‘lgan minnatdorchilik belgisi deb tushundim. Ko‘p o‘ylashga hojat yo‘q edi. Men Jamilga berayotgan darslardan qandaydir darajada huzurlanardim.
Jamila hikoyasi shu tariqa nihoyalanmadi. Boshqa safar ustoz:
– Baxtga qarshi qizlar maktabi ham yo‘q. Shuning uchun Jamila ta’lim olishdan mahrum bo‘ldi, vaholangki, u bunga munosib, – dedi-da, sukut saqladi. Men:
– Nima uchun “Al-Kabariti” qizlar maktabiga bermadingiz? Hech bo‘lmasa “Amma” porasini o‘qiy oladigan darajada Qur’oni karimdan biron nima bilib, namozida tilovat qila olardi, – dedim.
– Aytganingdek qildim. Bir poradan ortiqrog‘ini ham yodladi, lekin bu kifoya emas. Jamila bundan ko‘ra ko‘proq bilim olishga qodir,– dedi-da, jim bo‘ldi. Men ham nima deyishga hayron bo‘lib jim turgan edim, u gapida davom etdi:
– Odatlarimiz yo‘l qo‘yganda edi, Jamilani ham o‘qitishni senga topshirar edim, – deb yana jim bo‘lib qoldi. So‘ng meni o‘z holimga qoldirdi, men uyga yo‘l oldim. Uylarimiz orasidagi bir necha daqiqali fursat ichida ustozning gaplarini birma–bir o‘yladim. Bu “masonchi” qizlar maktabi bo‘lishidan tashqari, yanada chuqurroq narsani ko‘zlayotganini his etdim. O‘ylaganimday bo‘lib chiqdi. Bir necha kun o‘tgach, u yana mavzuga qaytib:
– “Ilm olish har bir musulmon erkak va ayol uchun farz” deyilgan, shunday emasmi?
– Albatta.
– Bu farzni qanday ado etsa bo‘ladi?
Savolga javob bermasimdan oldin menda shak–shubha qoldirmasdan ochiq–oydin ko‘zlayotgan maqsadiga ko‘chdi:
– Jamilni o‘qitganing kabi, qizim Jamilani ham o‘qitishga rozimisan?
– Lekin…
– Qizim bilan birga buvisi ham birga o‘tiradi, tabiiyki, Jamil ham. Dars soatini ikkiga bo‘lishadi.
Kutilmagan fojiadan titrardim. Ichimdagi gapni aytgani ham qo‘ymay u:
– Albatta, u hijobda bo‘ladi. Birinchi darslarda o‘zi ishtirok etmay kuzatadi. Keyingi safardan boshlaydi. Ha, aytganday, Jamilga yozib bergan o‘sha hikoya va qissalaringdan foydalansang bo‘ladi, to o‘qishi yaxshi bo‘lib olguncha. Keyin esa tayyorlov maktabida o‘qigan “O‘qish kitobi”ga o‘tsalaring bo‘ladi, – u gapida davom etib: – o‘qishga qodir ekanligini bila turib, uni bilimsiz qoldirib qo‘yish uning haqqini ado etmaslikdir, – dedi.
Jamila mendan va akasi Jamildan ikki yoki uch yosh kichik edi. Besh–olti yashar qizligida ko‘rganimcha, mana yillar o‘tibdiki, boshqa ko‘rganim yo‘q edi. So‘ng yopinchiq o‘ray boshlagandan keyin u haqda hech nima bilmas edim. Nafaqat bilmas edim, balki otasi u haqda gap boshlashidan avval bor–yo‘qligini ham unutib yuborgan ekanman.
Bajarilishi kerak bo‘lgan “qoida” bo‘yicha birinchi darsga qari buvisi bilan keldi. Ularning darsda ishtirok etishlari Jamilni va meni barobar darajada kuchli hayajonga soldi. “Bizni bu holatda hech kim ko‘rib qolmasmikan”, – deya u yoq–bu yoqqa qarab qo‘yardim. Jamilning: “Qiz bola, qiz bola? Qanday qilib? Biz bilan bir joyda o‘tiradimi?” – deb baqirib yuborishi qo‘limdagi jilovni chiqib ketishiga sabab bo‘ldi. Buvisi esa eshitarli ovozda istig‘for aytar, aftidan, u ham bu ishga noroziday, lekin qattiqqo‘l “masonchi”ning buyrug‘i ostida bu ishni Allohga tavakkal qildi.
Jamila o‘sha davrda keng tarqalgan ayollar kiyimi “joma” o‘rab olgani uchun hech qayeri ko‘rinmas, go‘yo qandaydir bir uyumga o‘xshardi. Joma sohibasi dunyoni ko‘rish uchun birgina deraza – ko‘zlari atrofidagi ikki tirqishdan qarardi.
Jussasi Jamil va menikidan farqli o‘laroq ancha kichkina va nozik bo‘lib, birinchi kuni muhtarama buvisi bilan bir burchakda o‘tirdi. Dars tugaguncha biror marta ham qimirlab qo‘ymadi. Xonadan chiqib ketar ekan, buvisi ham hech narsa demay, xayr–ma’zurni nasiya qilib orqasidan ergashdi.
Jamila darsda amaliy ishtirok etishi kerak bo‘lgan vaqt yetib kelgach, ustoz o‘zi ham kirdi. Orqasidan uydagi xizmatkor bola bir patnisda choy, bir likopda to‘la asosan haj mavsumida uy bekalari pishiradigan shirinlik olib keldi. Ustoz dars mobaynida biror so‘z aytmagan bo‘lsa ham, ishtirok etishining o‘zi o‘tirganlarda xotirjamlik va ishonch hissini yuzaga keltirdi. Kelasi dars soatlarida ham ishtirok etishini iltimos qildim. Lekin muntazam ishtirok etmadi. Biz bilan qolishni istamasa, dars davomida bir–ikki bor tashqariga chiqib kelardi. Bir necha darslardan so‘ng buvisi – oldin hech uchramagan ish – qilayotgan ishimiz, aytishicha, hech qanday chegaradan o‘tmayotganiga ishonch hosil qildi. Bu ishonch har safar darsga kelganda menga “assalomu alaykum” deyishida ko‘rindi. Chunki oldin indamay kirib kelar edi. Keyinchalik salom bera boshladi. Bir necha haftadan keyin salom oxiriga “o‘g‘lim” so‘zi qo‘shildi. Keyingi haftalarda bir–ikki og‘iz gapirib, onam haqida so‘raydigan bo‘ldi. Jubba va salladagi ko‘rinishim unga yoqqani ko‘rinib turardi. “Yomon ko‘zlardan asrasin” degan duo olishgacha bordim. Duo borasida yana bir qadam siljish – “Nevaralarimga berayotgan darslaringiz uchun Alloh o‘zi ajru savob bersin”, – degan tilaklar bildirardi.
Shu darajaga yetib borish butun oila roziligini qozonganimdan dalolat edi. Gapimning katta dalili sifatida shuni aytishim mumkin, hatto ustozning xotini eng kamida bir marta darsda ishtirok etib, Jamilga yozib bergan hikoyalarimdan birini qizi o‘qiyotganini diqqat bilan eshitdi.
Bu vaqtda buvida ro‘y berayotgan ruhiy o‘zgarish bilan bir qatorda yana boshqa ikki o‘zgarish yonma–yon yoki ketma–ket amalga oshib borardi. Jamila esa ustoz aytganday va lekin men kutmagan darajada ziyrak bo‘lib chiqdi. Hikoyalarni o‘qishni birin–ketin tez o‘zlashtirar edi. Men bilan bir yoki ikki bora o‘qigach, kunduzi bir necha soat qaytarib, yodlab olar, kelasi safar hech qanday xato va kamchiliksiz, qoidalarni bilgan holda aytib berardi.
Ikkinchi o‘zgarish mening o‘zimda, ichimda kechdi. O‘sha muloyim, shirali, past ovozga o‘rgana boshladim. Shu darajada ko‘nikdimki, tong chog‘lari uning ovozini qo‘msab, eslashga harakat qilardim. O‘ranib olganidan eslaydigan shu yoqimli ovozidan boshqa eslash mumkin bo‘lgan hech narsa ham yo‘q edi. Jamila esa hali ham tushunarsiz uyum, kimligini bilmayman. Vaqtning o‘tishi va menga bo‘lgan ishonchning kuchayishi natijasida Jamila ham ovozini asta–sekinlik bilan ko‘tara boshladi.
O‘sha kunlargacha “Ko‘rlar sevgisi” romanini o‘qimagan ekanman. Bu roman bir ko‘r bilan boshqa bir banda o‘rtasida avvalo ovoz, keyin esa paypaslash yo‘li bilan rivojlangan o‘zaro insoniy va hissiy aloqalar haqida so‘zlaydi. Romanni oldin o‘qimagan bo‘lsam ham undagi voqealarni ko‘rlar kabi tabiiy va notabiiy holda boshimdan kechirib bo‘ldim. Ovozga ko‘nikkach, u tomon intila boshladim. Ovoz sohibasini bilmagan holda unga bog‘lanib qoldim. Kutilmaganda “Layli va Majnun” devonini o‘qiyotganimni ko‘rasiz. Agar o‘zim xoli bo‘lsam, uning ko‘zlarini ko‘rmagan bo‘lsam ham, quyidagi baytni xirgoyi qilib yurardim:
Sening ko‘zing uning ko‘zi,
Sening bo‘yning uning bo‘yni.
Faqat bir necha yillardan keyingina o‘sha ko‘zlarni ko‘rish nasib etdi. O‘shanda kishi qanday qilib bir narsaga emas, balki narsalarga va odamlarga faqat takror va odat orqaligina ko‘nikishidan hayratda qoldim.
Bu ruhiy o‘zgarish yanada boshqacha tus oldi. Men o‘sha notanish “uyum”ni uch kishiga – buvisi, ustoz, Jamilga – tayanib, xayolimda tasavvur etib, suratini chiza boshladim. Uning burnini boshqasining peshonasiga, Jamilning jussasini o‘zgartirib, kichraytirib, hosil bo‘lgan chehrani qo‘yib ko‘rardim. Natijada oldimda “o‘tirgan”ning, mendan “berkilgan”ning ilk chizgilari namoyon bo‘lardi.
Jamilani ovozi bilan bo‘lgan aloqamning chuqurlashuvida buvisi amaliy tarzda yordam berardi. Necha bor o‘qishini eshitmayotganimdan shikoyat qilsam, u:
– Ovozingni ko‘tar, Muhaysin eshitsin, – yana boshqa safar: – o‘qituvchi eshitsin, u ham akang singari va akang tengi,– der edi.
Biroq bir necha oy davomida har qanday gap o‘qituvchi va uning o‘quvchisi orasidagi munosabat doirasida davom etdi. Lekin Jamilaning muvaffaqiyati unga berilajak ilm doirasini kengaytirishni va bu borada ustoz bilan maslahatlashishni taqozo etdi. Natijada matematika va grammatika ilmlari qo‘shildi. Bularning barchasi o‘zaro gaplashishni, “Salom bersang, alik olasan” qoidasi bo‘yicha munozara va savol–javob qilishni taqozo etdi, chegaradan chiqmagan holda, albatta.
Jamil qizning ishtirok etishidan norozi bo‘lmay qo‘ydi. Birinchidan, dars vaqti ikkiga bo‘linganligi sabab, unga yuklatilgan bosim ham ikkiga bo‘lindi, ikkinchidan singlisi bilan bo‘layotgan savol–javoblardan foydalanar, gohida o‘ziga berilmagan savolga javob berish istagini ham bildirardi. Singlisidan o‘zishni juda xohlayotgan Jamilning harakatidan foydalanib, sal bo‘lsa ham faollashib qolgan miyasining kataklarini to‘ldirishga shoshildim.
28
O‘sha salla va jubbani kiyish bilan bolalik, o‘smirlikdan tortib to ixtiyorim bo‘lmagani holda yoshim ulg‘ayganlar va viqorlilar qatoriga o‘tdim. Go‘yo Shteynbekning “Odamlar va sichqonlar” hikoyasi qahramonlari ibtidoiylikdan inqirozga bosib o‘tishi kerak bo‘lgan taraqqiyotni chetlab o‘tganlaridek. Taraqqiyot esa bu ikkala bosqich o‘rtasida.
Mazkur kiyimlarni kiymay turib, men ham o‘sha davr yigitlari kabi har xil o‘yinlardan “u yoki bu narsadan qo‘rqib yoki men to‘g‘rimda u–bu deyishmasin… o‘ylashmasin…” degan sabablar bilan zavqlanmaganman. Biroq men hech bo‘lmaganda atrofimda bo‘layotgan voqealarni kuzatuvchi rolini bajarardim. Ha, bir necha bor “Sad’” ko‘chasi nihoyasida yastanib yotgan “Xandama” tepaligiga chiqqanman. Mahalla bolalarining hushtak chalish o‘yinlarini, ayovsiz bekinmachoq o‘yinlarini, ba’zan olishuvlarini yoki ko‘pincha avjga chiqib, majoziy ma’noda emas, haqiqiy ma’noda oxiri qon bilan yakunlanadigan janjallarning guvohi bo‘lganman. O‘sha manzaralar eng kamida men bu ishga haqiqatan ham aralashmasam–da, hech bo‘lmasa, atrofimda aylanayotgan hayotning bir tarafi ekanligimni his ettirardi. Men bularning barchasidan batamom mahrum bo‘ldim. Axir, tolibi ilm o‘z vaqtini zoye ketkazib, bu kabi o‘yinlarni tomosha qilib yurishi to‘g‘ri bo‘ladimi? Biroq ana shu ilm tolibi ruhan hali ham bola, hali ham o‘smir edi, zavqlangisi va o‘zi ishtirok etgisi kelardi.
Yana mahrum bo‘lgan narsalarimdan biri mahallamiz va qo‘shni “Misfala” mahallasi yigitlari o‘rtasida kelib chiqqan beshafqat urishishlarni tomosha qilish edi. O‘sha mahallada “Misyol” nomli joy bo‘lib, undan keyin ruhiy kasallar shifoxonasi kelar edi. Makka ahli mazkur shifoxona va uning mudiri Sayyid Husaynni tanishardi. Makkani, uning mahallalari va ular o‘rtasidagi aloqalarni bilmaydiganlarga shuni aytish joiz-ki, Makka mahallalari o‘rtasidagi munosabat doimo do‘stona emas, balki uning aksi edi. “Shomiya” mahallasi “Misfala”ning tarafkashi bo‘lsa, “Ajyod” mahallasi “Shabika” mahallasiga tarafkashlik qilardi va bu ikki mahalla yuqoridagi ikkitasiga o‘zlaridan avvalgi qabilalarning ikki ming yildan buyon ichida-yu tashida davom etib kelayotgan dushmanligi kabi ashaddiy dushman edi. Makkaning quyi qismida yoyilgan maysazor bog‘larni tomosha qilish uchun yo‘l olgan mahallamiz ahli Misyol hududidan o‘tayotib, qanchadan-qancha qiyinchiliklarga duch kelishardi. Ularning yo‘llarini ko‘pincha misfalaliklar to‘sar, o‘tayotgan odam agar Ajyod mahallasidan emasligini aytsa – bu esa uni g‘urur va obro‘dan yuz o‘girishga olib kelardi – qo‘yib yuborishardi. Mahallamiz ahli ham bo‘sh kelmay, Misfalaning ko‘p yigitlarini o‘z mahallalarida ishlashga qo‘ymasdilar, birga ikki qilib qaytarishardi. Ayniqsa, “Xandama” tog‘idan eshak–xachirlarga tosh ortib, shaharning boshqa tomonlariga olib o‘tadigan tosh tashuvchilarga kun berishmasdi. Bu kabi urushishlarning ham o‘ziga yarasha usul va qoidalari bo‘lar, avvalambor mahalladan o‘tayotgan notanishdan do‘st yoki dushmanligi so‘ralar, dushman bo‘lsa kelgan joyiga qaytib ketishi talab qilinardi, yo‘lovchi rad etsa “endi o‘zingdan ko‘r” deb, birga-bir jang boshlanardi. Kam hollarda bir dushmanga bittadan ko‘proq bo‘lib chiqishardi. Mana shular mahalla ahlining qoidasi va jang usullari edi. Olishuv urishayotganlardan birining tuproqqa bulanishi, kiyim-boshining yirtilishi, balki boshiga kaltak bilan tushirish bilan tugardi. Agar shunday janjallar hozirgi katta yoshdagi avlodlarimiz o‘rtasida bo‘lib o‘tganda edi, balki tomonlardan birining qorniga pichoq urib, ichak–chavog‘ini chiqarish bilan tugagan bo‘lardi. Ko‘pincha, ishning kutilmagan bosqinchiliklar shaklida tus olishi, bunda bir necha bosqinchilar to‘planib boshqa mahalla bilan qo‘rqitish, ya’ni chegarasiz guruh–guruh bo‘lib jang olib borishga qaror qilardilar. Bu turdagisi ko‘pincha jarohatlar yoki o‘lim, yo bo‘lmasa har ikkalasi bilan nihoya topardi. So‘ng ishning aslini berkitishga o‘tardilar, o‘lganni jimgina ko‘mardilar, natijada qotillik qilgan mahalladan qasos olish uchun rejalar tuziladi va qasos olinadi. Bir kun undoq bo‘lsa, bir kun bundoq, vaholanki, boshlagan kishi ko‘proq zulm qilgan hisoblanadi.
Bunday qissaning eng g‘aroyibi hech kim eshitmagan “gullagan davr” degan pallada ro‘y bergan. “Muobida” mahallasidagi bir tentakdan qasos olish voqeasi edi bu. Jussasining shu qadar kattaligi va baquvvatligidan u “xo‘kiz” laqabini olgan bo‘lib, haqiqiy ismini hech kim bilmasdi. O‘sha “xo‘kiz“ ko‘pgina mahalla bolalarini nafaqat urib–so‘kib, balki o‘ldirishgacha borib yetgan ekan. Natijada qasos olishni jamoaviy tarzda amalga oshirishga to‘g‘ri kelgan. “Sha’b Omir” ahlidan uch kishi o‘zaro kelishib, juma kuni shom paytida unga tashlanmoqchi bo‘lishadi. Asr namozini birga o‘qigach, – “Birortamiz ham orqaga chekinmaymiz. Olishuv nima bilan tugashidan qat’i nazar, bir–birimizni sotib qo‘yish yoki haqiqatni e’tirof etish yo‘q”, – deya o‘zaro til biriktirishadi. Keyin dushmanlari “xo‘kiz”ni o‘liklar qatorida hisoblab, uning ruhiga fotiha surasini tilovat qilishadi. Voqea quyidagicha sodir bo‘lgan ekan: ular ulovlariga minib, Makkaning yuqori qismi – Minoning boshlanishidagi “Majr al–Kabsh”ga yetgach, o‘sha yerdagi xarsangtoshlarga ulovlari arqonini bog‘lab, o‘zlari “xo‘kiz”ning kundalik saylidan qaytishini quyosh botguncha yashirinib kutishgan. Kutilmaganda qoyalar orasidan qo‘llarida kaltaklari bilan unga tashlanishgan. Hech qanday gap-so‘zsiz yigitlarning biri uning boshiga chunonam urganidan u muvozanatini yo‘qotib eshagi ustidan qulab tushgan ekan. Fursatdan foydalanib qolgan ikkisi ustiga minib, xuddi hayvonning qornini chavaqlaganday chavaqlab tashlashadi. O‘lganiga ishonch hosil qilgach, pichoqlarini ko‘ylagiga artishib, ulovlariga minib, “Hech kim hech narsa ko‘rmadi, hech kim hech narsa eshitmadi” zaylida Makkaga qaytib kelishadi. Shunday qilib, Makka kekkayish va bosqinchilik timsoli bo‘lgan bir zo‘ravondan qutuladi. Lekin hech kim uni kim yo‘q qilganini bilmasdi. Shuningdek, hech kim “bu ishni men qildim” deb aytmadi. Shunday qilib, “bu ish noma’lum shaxs tomonidan qilindi” deb qayd etildi.
Hayotning bu kabi zavqli tomonlaridan mahrum bo‘lsam–da, jamiyatdagi tabaqalarning boshqa bir tabaqasiga o‘tganimdan va uning boshqa jihatlaridan rohatlana boshladim. Mahallada bo‘ladigan nikoh to‘ylariga chaqirishardi. Bu esa hadya sifatida qopda shakar yoki guruch jo‘natishda ishtirok etishimni taqozo qildi. “Kim shanba kuni xayr–ehson qilsa, yakshanba kuni xayr–ehson oladi” qoidasiga binoan, o‘sha davrda mahalla ahlining qilgan to‘yonasi to‘y xarajatini to‘liq ko‘tarar edi. Bunday yaxshi odat natijasida yangi to‘ydan chiqqanlar uzoq muddat to‘yonalar hisobiga tirikchilik qilishardi. To‘yonalar aksari bir–ikki yilgacha buzilmasdan saqlanishi mumkin bo‘lgan oziq–ovqat mahsulotlari bo‘lardi.
Yana to‘y egasi to‘yona bergan kimsaga udum bo‘yicha to‘y taomlaridan va shirinliklaridan “nasiba” jo‘natishi odat edi. O‘sha kunlarda “nasiba” hadya qilingan uy ahli uchun taom bo‘lardi. Agar “nasiba”ni olib borishda o‘sha uy ahliga biror yaramas aralashib qolsa, ularning holiga voy: nasibani umuman boshqa joyga olib borar va o‘zi paqqos tushirardi. Albatta, bundan yomoni yo‘q. To‘yona berganlar esa bundan bexabar to‘y sohibini odatga amal qilmagani va befarosatligidan nolishar, qarg‘ashar edi.
O‘zaro kelishmovchiliklarni hal qilish qo‘mitasi a’zosiga ham aylandim. Birovning uyini sel olgan, boshqasinikiga o‘t tushgan, shu kabi masalalarni hal qilardik. Ovqatning serobligi–yu, harakatning kamligi natijasida umumiy ko‘rinishimda sodir bo‘lgan tadrijiy kattalashish ana shu rolni bajarishimga yordam berardi.
Ruhiy ilhomlanish qoidasiga binoan (bu borada usta edim), men nafaqat mahallada, balki hayotda ham kerakli inson ekanligim xayolimdan o‘tdi. Bundan onamning boshi ko‘kka yetdi. Ko‘pincha uyga kelganimni ko‘riboq, suv purkab yuborardilar va hasadgo‘ylarning, shuningdek, Muhammad payg‘ambarga salavot aytmaydigan kimsalarning ko‘zidan Alloh saqlasin deya duo qilishga o‘tardilar.
29
Masjid–ul–haramda yoki makkaliklar ta’biri bo‘yicha “Haram”da bomdod namozi o‘qilayotgan edi. Juma tongi o‘sha davr men va aksariyat makkaliklar uchun o‘ziga xos ruhiy go‘sha edi. Balki u yerda qolgan Makka ahli uchun hozir ham shunday bo‘lib qolgandir. Eng zo‘ri, haramga azongacha bir yoki ikki soat oldin kelib, joynamozni birinchi saf, ya’ni Ka’baning oldiga solgach, azon aytilguncha tahajjud namozi o‘qish yoki tavof qilish, bularning barchasi tabiiy holda kechar, otalardan bolalarga meros qolgan odat edi. Chunki otalar bolalarini balog‘atga yetgunga qadar o‘zlari bilan olib keladilar, natijada otalariga odat bo‘lgan narsalarga odatlanadilar. Shu tarzda o‘zlaridan keyingi avlodni shu odatga o‘rgatadilar.
Mana shunday kunlarning birida bomdoddan oldin “Mavlono”ning haram ravoqlari ostida yolg‘iz o‘zi tahajjud namozini uzoq qiroat qilib o‘qiyotganini ko‘rib qoldim. Qiroati shu darajada ediki, go‘yo u ruku’ qilmayotganday tuyulardi. Uzoqdan uni kuzatib turdim. Namozini tugatgach, men to‘satdan uni ko‘rib qolgan kishiday oldiga yaqinlashdim. U salomlashishga majbur bo‘ldi. Tabiiyki, men ham salom berib o‘tirdim. So‘ng namoz o‘qishga odatlangan joyimga o‘tib oldim. Bu ish esimdan chiqdi. Lekin u buni unutmagan ko‘rinadi. Uni bilmagan kishilarga va qo‘l ostida o‘qimaganlarga shuni aytish kerakki, u “Usul” ilmlaridan dars berardi: tafsir va fiqh usullari, bularga qo‘shimcha ravishda, til asoslari, ya’ni “til fiqhi” ilmi borasida unga teng keladigani topilmasdi. Ajablanarlisi, u suryoniya tilidan ham ozmuncha xabari bo‘lib, taqvoli va to‘g‘ri inson edi. Aytishlariga qaraganda, u so‘fiy ham edi. Nafaqat bu, balki tasavvuf tariqatining sohibi bo‘lib, unga ergashganlar bo‘lgan. Ayniqsa, Afrikaning shimolida. Bundan tashqari u “futuvot” ahlidan ham ekan, va h.k., va h.k… Agar shu kunlargacha yashaganda edi, u haqidagi haqiqatni bilish lozim bo‘lar edi. Agar u hayot bo‘lsa, yuzdan oshgan bo‘lardi. Tirik bo‘lishi ham mumkin. Lol qolarli darajada baquvvat va jussasi katta edi.
Muhimi, o‘sha tonggi uchrashuvdan so‘ng “Mavlono” odatdagi ko‘pchilik qatnashadigan “o‘tirish”imizdan tashqari o‘z uyiga kechki ovqatga taklif qildi. Hayron bo‘ldim. Kechki ovqat g‘oyatda qiyin o‘tdi. Chunki “Mavlono” bilan yakkama–yakka bo‘lish nihoyatda qiyin ish. Chunki u bilan gaplashish kerak bo‘lgan mavzularni topishda qiyinchilik yuzaga keladi. Shuning uchun to uning o‘zi gap boshlaguncha yoki savollar yog‘dirguncha kutib o‘tirishing kerak bo‘ladi. Men uning qabul imtihonidan o‘tdim, shekilli, u ikkinchi va uchinchi bor yana sababsiz mehmondorchilikka chaqirdi. To‘rtinchi martasida: “Eb o‘tirgan ovqatimizni Amina tayyorladi”, – deya gap ochdi. Sekin–sekin u qizning taqvosi, Qur’onni yodlaganligi va hokazolar haqida ta’sirchan qilib ta’rifladi. Men esa hayrat bilan qiyin vaziyatga tushgan tentaklar tabassum qilganidek jilmayib turaverdim. Bir necha piyola ko‘k choy ichish nihoyasida Amina uning qizi ekanligi va meni o‘ziga kuyov qilmoqchiligini sezdim. Garchand buni ochiq–oydin aytmagan bo‘lsa–da, bir necha bor ishora qilishidan bilib oldim. Shu darajadaki, “Qo‘lingni ber, mana bu qizim, senga nikohladim, qabul qildim degin”, – deyishidan qo‘rqib turardim. O‘sha davr odamlari shunday qilishar edi. Lekin u bunday qilmadi. Balki, u:
– Kelasi safar Aminani ko‘rasan, uylanishdan oldin ayol yuziga qarash nafaqat talab qilingan, balki buyurilgan, – dedi.
Bu taklif men uchun ko‘ra olmaydigan inson ustidan qilinadigan jarrohlik amaliyotiga o‘xshardi. Undan so‘ng narsa va odamlarni ko‘rish mumkin bo‘lgani kabi, shu paytgacha men ham er bo‘lishim yoki turmush o‘rtog‘im kim bo‘lar ekan deb o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Barcha ishlarimiz qo‘mondoni onam rahmatli ham bu borada gap ochmagan va bunga hatto ishora ham qilmagan ekanlar.
Uyga ketayotib otasi tasvirlab berganday, Aminaning surati ko‘z oldimda gavdalana boshladi. Uning yonida esa noma’lum sababga ko‘ra Jamilaning surati paydo bo‘ldi. Birinchisi chiroyli, kelishgan, uzun bo‘yli, aytganidek, to‘ladan kelgan, oppoq qiz bo‘lib gavdalandi. Ikkinchisi bo‘yi sal pastroq, o‘sha davr ko‘pchilik Makka qizlaridek, qotma, bug‘doyrang qizning surati chizildi. Uyimizgacha bo‘lgan masofani bosib o‘tishga ketadigan bir necha daqiqalar o‘tgach, ko‘z o‘ngimda shunday manzara oydinlasha boshladi. Aminaning sharpasi qorong‘u Makka ko‘chalarida go‘yo yonimda ketayotganday, uni qo‘llarim bilan ushlashga oz qolganday edi. Lekin u sharpa menga nisbatan yumshoq yoki yoqimli bo‘lib ko‘rinmadi. Aksincha, “Mavlono”day qattiqqo‘l, ko‘proq badjahl, kekkaygan bo‘lib ko‘rindi. Uyga yetib olgunimcha o‘sha sharpa haqiqatga aylanib, men bilan bir umr yashashi mumkinligi haqidagi o‘ylar meni qamrab oldi.
Kutilmagan yangilikdan onam hayratlanmadilar, o‘sha sharpadan hayiqqanday ham ko‘rinmadilar. Balki:
– Nima bo‘libdi, oppoq, bo‘ylari uzun, bo‘liqqina, har bir erkakning orzusi–ku, bu! – dedilar.
– Lekin men xohlamayman.
– Hali ko‘rmay turib, qanday qilib qaror chiqarasan?
– Ko‘rdimmi–ko‘rmadimmi, farqi yo‘q. Uning yonimda turganini o‘ylashimning o‘zi meni cho‘chitib yuboryapti.
– Alloh senga bergan ne’matdan yuz o‘girma.
– Siz qanday ne’mat haqida gapiryapsiz?
– Bola bo‘lma. Mavlonodek hurmatli shayx senga qizini taqdim etsa–yu, xursand bo‘lish o‘rniga qo‘rquvdan titraysan.
– Shu kungacha o‘zim va faqat siz bilan yashab kelganman. Qanday qilib o‘sha Amina degani bilan yashayman?
– Hamma erkaklar boshida shunday deyishadi. Asaldan biroz yalagach, ishtahalari ochilib, yanada ko‘proq bo‘lishini xohlab qoladilar.
– Asalmi yo asal emasmi, muhimi bu emas. Shu paytgacha uylanishni o‘ylamaganman. Siz ham bu borada biror narsa demagansiz.
– Indamagimning sababi seni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqqan edim. Bilasan, dunyoda yolg‘izman. Lekin nasibang shu ekan qochib qutulishning iloji yo‘q.
– Agar nasibam bo‘ladigan bo‘lsa, faqat Aminadan boshqasi bo‘lishini xohlayman.
Onam hayron bo‘lib:
– Boshqasi haqida o‘ylaysanmi? – dedilar.
– Balki…
Onam bilan mening o‘rtamizdagi tortishuv ikki “kar”ning suhbati kabi uzoq davom etgani jonimga tegib ketdi. Bu asnoda oldin ayon bo‘lmagan narsa oydinlashdi. “Nasiba” bo‘ladigan bo‘lsa, Jamila bo‘la qolsin – o‘sha mening nasibam. U ko‘z o‘ngimda gavdalanganda, yonida bahaybat shayx turar, yuragim orqaga tortib, o‘sha men ko‘rmagan ulkan odam oldida jonim chiqib ketardi. Va nihoyat, onam quyidagi qarorga keldilar:
– Uylanish qismati boshingda bor, bolam. Mavlononing oldiga bor, qizini senga ko‘rsatsin. Xohlamasang, hech kim seni majbur qilmaydi. Borishdan oldin Allohdan baxtingni tilab, “istixora”1 namozini o‘qigin.
– Agar qo‘lini cho‘zib, “Seni bunga uylantirdim” deb qolsa, nima deyman?
– Agar shunday bo‘lsa ayt, “shoshilishga hojat yo‘q, Mavlono, avval oilam bilan maslahatlashib olay”, deysan.
Maqomi Ibrohim orqasida istixora namozini o‘qir ekanman, Aminani men uchun tanlashini emas, balki uni mendan uzoqlashtirishini so‘rab duo qildim.
Odatdagidek, kechki ovqat “Mavlono”nikida bo‘ldi. Har doimgiday ziyofat uyimizdagi “quruq ovqat”ga qaraganda ancha “yog‘li” bo‘ldi. Suhbat har doimgiday davom etar, uzoqmi, yaqindanmi bo‘lsa ham Aminaga yoki o‘tgan galgi suhbatga ishora qilinmas edi. Ovqatni tanovul qilib bo‘lganimizdan so‘ng xizmatkor bola idishni olib ketdi. So‘ng Amina patnisda choynak-piyolalarni olib kirib keldi. Orqasidan haligi xizmatkor bola qolgan-qutgan narsalar: samovar va idish qo‘yiladigan kichik xontaxtani olib kirdi. Amina baland ovozda urg‘u bilan tortinmasdan, xijolatsiz “Assalomu alaykum”, dedi-da, o‘tirib nafis piyolalarga choy quya boshladi. Quyib bo‘lgach, choynakni samovar ustiga qo‘ydi. Ikkita piyolani kumush suvi yuritilgan patnis ustiga qo‘yib, qaddini rostlagancha biz tomon kela boshladi. Otasi oldiga kelib, chap qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha engashib, o‘ng qo‘li bilan choyni uzatdi:
– Marhamat, otajon.
Keyin mening oldimga yaqinlashdi. So‘ng xona burchagidagi joyga borib o‘tirdi, bo‘layotgan narsaga beparvoday o‘zi ham choydan ho‘play boshladi. Ko‘rib qolmasin deb o‘g‘rincha unga nazar tashladim. U ham men haqimda fikr hosil qilish uchun meni ko‘rishga harakat qilayotganini bir-ikki bor sezdim. Men tasavvur qilganchalik yomon emasdi. Uzun bo‘yli, do‘mboqqina bo‘lsa-da, yoqimtoy, ko‘zlari yorqin, nozik harakatli, kelishgan qiz edi.
Mavlono ovqatlanish oldidan boshlagan gapini davom ettirib, Allohning u yoki bu solih bandalari haqida qissa ketidan qissa so‘zlay boshladi. Qiyinchilik paytida Alloh tomonidan solih bandalarga yuborilgan “madad” haqidagi qissalardan, u yoq-bu yoqdan iqtiboslar keltirardi. Solih bandalar deganda faqat Muhammad ummatlarini tushunmaslik kerak, zero, unga qadar ham Nuh, Ibrohim, Muso kabi payg‘ambarlar va ularning ummatlari o‘tishgan va ular haqida juda ko‘p qissalar mavjud. Bir marta qoshini kerib, qiziga qarata “Falon at-Tanuhiy”ning kitobini so‘radi. Bu bilan qizining o‘qishni biladigan ziyoli ekanligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldimi yoki haqiqatan ham muallifning nomini esdan chiqarib, qizining yosh xotirasidan yordam so‘radimi, bunisi menga qorong‘u.
O‘sha kungi mehmondorchilik odatdagidan ko‘ra ko‘proq cho‘zildi. Ketish uchun izn so‘rash menga juda noqulay edi. Shuning uchun bir safar chordona qurib, boshqa safar oyog‘im ustida o‘tirib, har bir holatda menga tushayotgan bosimni yengillatish maqsadida panjalarimni qirsillatishga harakat qilardim. O‘sha kecha xijolatdagi odam Amina emas, men bo‘ldim. Go‘yo u emas, men uning roziligi uchun ko‘rsatilayotganday his etdim o‘zimni. Juda qiyin ahvolda qolgan edim. U esa o‘ziga ishongan, tinch, xotirjam edi.
Qiz choynak-piyolalarni olib ketgach, Mavlononing ko‘ziga qaramay, ketishga izn so‘radim.
Uyga yetib olguncha fikrlarimni jamlashga harakat qildim. Onam tayyorlab qo‘ygan savollar to‘foniga javob qidira boshladim. Bir necha bor unisi yoki bunisida to‘xtash uchun har qanday bahona qidirib yo‘limda to‘xtab ham qoldim. O‘zimga-o‘zim savol berdim:
– Muhaysin, nima deysan, “ha” yoki “yo‘q”?
Rad javobi berish qiyinligini tushungach, uyga tomon shoshildim. Aytganimday, onam tik turardilar. Balki u yoqdan-bu yoqqa borib kelaverib, uyimizni o‘lchab ham qo‘ygandirlar. Nafasimni rostlashimga qo‘ymay, men tomon shoshilib, hal qiluvchi uchrashuv natijasini bilib olish uchun so‘rashdi:
– Nima bo‘ldi, ranglaring oqarib ketibdi? Biror noxush ish bo‘ldimi?
Savollariga javob ololmagach, yana takror so‘radilar. Shunda men:
– To‘xtab turing, o‘zimga kelib olay, – dedim.
– Nima bo‘ldi? Chiroyli ekanmi, yoqdimi ishqilib?
– Bilmadim.
– Bilmaysan? Qanday qilib?
– Bilmayman dedim-ku, sizga.
– Qiziq, nega bilmaysan? Axir ko‘rinishi qanday ekan? Otasi aytganday bo‘ylari uzun, oppoqqina ekanmi?
– Ha, u oppoq, bo‘ylari uzun.
– Bo‘lmasa, yoqibdi-da.
– Men bunday deganim yo‘q.
– Nimaga endi, novchagina, oppoqqina bo‘lsa. Demak, chiroyli bo‘lishi kerak.
– Hamma novchalar, oppoqlar ham chiroyli bo‘lavermaydi.
– Demak, xunuk ekan-da, yuzida biror nuqson ko‘rdingmi?
– Yo‘q, hech qanday nuqson yo‘q.
– Sening ishing qiziq-ku!
– Onajon, menga ishoning. O‘sha qizga nisbatan nima his etayotganimni o‘zim ham bilolmayapman. Balki tuyg‘ularimni aniqlash uchun yana bir bor ko‘rarman. Ish siz o‘ylaganchalik oson emasdir. Balki men emas, u qaror qilishi kerakdir, – dedim.
– Hayotimda birinchi bor bunday gapni eshitishim. Ayol emas, erkak kishi hal qiladi bunday masalani. Qaror qilsa ham nima bo‘pti? Sening ham aybli joying yo‘q. Qaysi qiz senga xotin bo‘lishni xohlamaydi, deysan?
– Ko‘ramiz, – dedim-da, suhbatni tugatish maqsadida zina tomon yo‘l oldim.
Mavlono huzuridagi navbatdagi mehmondorchilikkacha bo‘lgan kunlar ham o‘tib borardi. Men bo‘lsam boshi berk ko‘chaga kirib qolganday edim. Nima qilishni ham bilmasdim. Biror narsani ifodalarmi ekan, deb yuzidagi o‘zgarishdan payqashga harakat qilaman. O‘zimga–o‘zim “Qachon kutilmagan savolni berar ekan”, – deya kutaman. Yoki o‘zim so‘z ochsammikan? Gapirganda ham nima derdim? Aytadigan gapimning o‘zi bo‘lmasa. Hayronman. Uylanish shunchalar qiyinmi, a? Shunday ekan, nega bunday tashvishlarsiz biror qaror qabul qilgunimcha to‘xtab turmayman? Navbatdagi mehmondorchilik belgilangan vaqt yetib keldi va Mavlono menga unutmasligimni eslatdi. Tabiiyki, unutmaganman.
U yuzimga oldin men ko‘rmagan tarzda tikildi. O‘sha oqshomdagi gaplari odatdan tashqari tarzda uzuq–yuluq edi. Balki u qo‘lini fotiha uchun ochib, “Aminani xotinlikka qabul qildingmi?” deydigan fursatni kutayotgandir? “Ha” desam bas, darhol xotinimga aylanadi. Xotinim bo‘lgach, balki o‘zim bilan uyimga olib ketishimni so‘rar. Ishning shu zaylda davom etib, deyarli majburan uylanayotganimni tasavvur etar ekanman, baqirib yuborishimga sal qoldi. Lekin nima uchun Aminaga uylanmayman? Uning aybi nima? Otasi meni qabul qilib, qizini hadya qilib tursa? Birdan hech qanday “kirish so‘zlari”siz uning salobatli ovozini eshitdim.
– Muhaysin, o‘g‘lim, kitoblarda: “Kimniki din va diyonatining yaxshiligini ko‘rsalaringiz, ana o‘shalarga qiz bering, kuyov qiling” deyilgan. Men seni diyonatli, taqvodor yigit deb bilaman, – deb biroz sukut saqladi–da, so‘ng: – Uylanish Allohning belgilagan taqdiri va izni bilan bo‘ladi. Biz biror narsani xohlaganimiz bilan, Alloh xohlaganini qiladi. Menga qolsa, seni darhol kuyov qilgan bo‘lardim, biroq tanlash yoki bo‘lmasa men tanlagan kimsaga turmushga chiqishga rozi bo‘lish Aminaning ixtiyorida, u hozirgacha rozilik bildirgani yo‘q, – deya yana sukut saqladi. So‘ng mening unga qarab turganimni sezdi. Lekin men uni ko‘rmayotgan edim.
– Xafa bo‘lma, balki Alloh sen uchun undan yaxshisini saqlab qo‘ygandir, balki Aminaning peshonasiga sendan boshqasi yozilgandir. Allohning irodasi bu, – deya mana shunday qiyin, kutilmagan vaziyatlarni yengillashtirish uchun aytiladigan bir necha bayt o‘qib berdi. Hislarimni bir yerga to‘plashga harakat qilib:
– Menga turmushga chiqishni rad etdi demoqchimisiz? – dedim.
– U rozi bo‘lmadi, – deb javob berdi.
Uyga ketayotib bo‘lgan voqealarni yana bir bor mulohaza qilish uchun qadamimni sekinlatdim. Shu daqiqalar mobaynida men uchun inson zotining, ya’ni mening misolimdagi inson zotining, naqadar ajoyib ekanligi oydinlashdi. Men Allohga iltijo qilib, Aminani mendan uzoqlashtirishini chin dildan so‘rab duo qilgan edim. Duo ijobat bo‘lib, aytganim bo‘lgach, Allohga shukr aytmadim, aksincha, tushkunlikka tushib ketdim. Nega? Nega axir? Balki rad etilganimda kamsitish va xorlik tuyg‘ularini his etgandirman. Vaholanki, o‘zim u qizning his-tuyg‘ularini yoki kamsitilganlik va umidsizlik holatini his etishini o‘ylamagan holda uni rad etishga tayyor edim.
Odatdagiday, onam eshik oldida meni kutib turar edilar.
– Ha, bolam, fotiha kunini belgiladilaringmi, to‘y kunini tayin qildimi? Tag‘in u menikida yashaydi deb o‘ylab yurgan bo‘lmasin!!
Men oddiy qilib:
– Qizini yana biroz voyaga yetib olishi uchun bu mavzuni keyinga qoldirishga kelishdik, – deb javob berdim.
Hatto o‘z onamga ham rad etgan men emas, balki men rad etilganimni aytishga qodir bo‘lmadim. Onam bo‘lsa hayron bo‘lib:
– Balki shunday bo‘lgani ham yaxshidir, – dedilar.
Nega? Nima uchun – bilmadim.
Bir necha kun o‘tgach, bu mavzu butunlay fikru xayolimdan boshqa joyga o‘tdi, ya’ni unut bo‘ldi. Biroq Mavlono haqiqiy inson ekanligini isbotladi. Hech nima bo‘lmaganday, aloqani davom ettirib, kechki ovqatga taklif qildi. Iliq kutib olishlar, hatto onamning hol-ahvollari haqida so‘rashi boshimni osmonga yetkazdi. Bir paytlar uning uyida eng yaqin kishisi tomonidan xorlanganim ham esimdan chiqib ketdi.
30
O‘sha kunlar Makka ahlidan birortasi va Makkadagi birorta oila yo‘q ediki, haj qilmagan bo‘lsa. Yildan yilga ularning hammalari ko‘pincha haj va hojilar bilan yo‘lboshchilar yoki savdogarlar sifatida aloqador bo‘lishar edi. Yo bo‘lmasa o‘zlari haj qilish maqsadida hajda bo‘lardilar. O‘sha zamonda bundan osoni yo‘q edi. Haramda u yoki bu farzni o‘qidingizmi, “Muddaiy” tomonga yo‘l olasiz. U yerda baqir-chaqir qilib odamlarni kutib turgan karvoniga chorlayotganlarni ko‘rasiz. Arafotdagi to‘qqizinchi kunga kech qolayotgan bo‘lsangiz, yoki agar payg‘ambar hajini qilayotgan bo‘lsangiz, Minoga borish uchun bir necha qirsh evaziga bir o‘zingiz yoki xohlasangiz ikki kishi bo‘lib borishingiz mumkin bo‘ladi. Arafotdagi yig‘ilish paytida, ya’ni zul-hijja oyining to‘qqizinchi kunida Makkada erkak zoti deyarli qolmaydi. Soqchilar va “Xalif o‘g‘rilari” (o‘sha davrda ularni shunday deb atashardi) bundan mustasno. Bu o‘g‘rilar “haj o‘g‘rilari”ga nisbatan ahamiyati kamroq va ko‘proq bo‘ysinuvchan ko‘rinadi. Haj o‘g‘rilari tarviya1 kuni kechasi hojilar chodiriga tushishga odatlanganlar. Arafotda o‘tkazilgan tunning oxirgi qismida barcha hojilar chodirlariga qaytgandan so‘ng ahyon–ahyonda u yer–bu yerdan “o‘g‘ri-o‘g‘ri” degan baqir–chaqirni eshitib qolasiz. So‘ng yo‘lboshchi xizmatchilarining sharpasini, qo‘llarida mash’ala bilan o‘ngga yoki chapga yurdimi deya gumon qilib, yetib olishga harakat qilayotgan, u yoki bu tomonga yugurayotganlarini ko‘rasiz. Lekin hech kim o‘g‘rining kimligini va qaysi tomonga ketganligini aniq bilmasdi. Tun esa zulmatli, hurmatli “elektr–xonim” haqida hali hech kim eshitmagan edi. Mash’ala, fonar chiroq esa o‘z atrofini zo‘rg‘a yoritar edi.
U yoki bu sabablar bilan hajga bora olmagan erkaklar yoki ayollar o‘sha tunlari mahallaning u yer–bu yeridagi kenglikda, xususan, “Utaybiyya” mahallasida “Qays kechasi”ni o‘tkazish uchun to‘planishga odat qilgan edilar. Kech tungacha faqat bir to‘da ayollarning bor ovozda kuylayotganlarini eshitasiz:
“Ayo ey Qays, tashrif etgin xonamizga,
Biz senga sharbatlar quyaylik,
Xalos etgin bizni ofat balolardan…”
Ota-bobolarimizning ko‘plab bid’atlari yo‘q bo‘lgani kabi, yuqoridagi bid’atdan ham Alloh bizni xalos etdi. Biroq o‘tgan asr boshlarida ayollar qo‘shiq kuylab, Makkada o‘zlari qolganlari sabab, yolg‘izlik hissini ketkazishda ishtirok etish uchun, “Qays kechasi”ning kelishini intizorlik bilan kutar edilar. Yoshligimda men ham tabiiyki, shunday kechalardan bir nechasining guvohi bo‘lganman. Shuningdek, oldilarida mash’al ko‘tarib yurish ham nasib etgan. Ular esa qo‘llaridagi yog‘och qilichlari bilan orqada raqs tushishardi. Ammo onam bu ishlarda ishtirok etmay, faqat nima bo‘layotganini tomosha qilardilar. Qo‘llarida shirinlik to‘la xalta bo‘lib, uning ichidagi narsalardan olib, jag‘lari tinmay chaynar edilar. Negadir o‘sha manzara, oxirgi “Qays”ni ko‘rganimga ko‘p yillar bo‘lishiga qaramay, tushunarsiz manzaralarning biri sifatida hali ham xotiramdan chiqmagan. Bunday ayollar yig‘ilishi, odatda, biror voqea-hodisasiz yoki u haqda to‘qilgan va to‘qiladigan afsonalarsiz o‘tmas edi. Bularning barchasi ayollar qanday qilib ular kabi kiyinib olgan va qo‘lida qilichini ko‘tarib olib, sirim ochilmaydi deya o‘ylab, oralariga bildirmay qo‘shilib olgan erkaklarni sezib qolganliklari haqida bo‘lardi. Lekin aksincha, u va shunga o‘xshash erkaklarning doimo sirlari ochilib qolardi. Ayollar shapaloq tortib, qo‘llaridagi yog‘och qilichlar bilan ularning jazolarini berishardi. Hayitdan so‘ng qilgan ishlari ochiq-oydin oshkora bo‘lgach, qarindosh-urug‘ va yaqinlari orasida izza bo‘lardilar. Keyin mahalla oqsoqoli yoniga chaqirib tanbeh berar, kulgi ostiga olar, nihoyat, uylangan bo‘lsa, bu qilig‘ini qayta qilmaslik uchun taloq bilan qasam ichirardi.
Ishim ko‘payib ketganligi sababli, balki undan ham bir yoki ikki yil oldin bo‘lsa kerak, “Qays”ga bo‘lgan qiziqishim so‘ndi. Boshqa tomondan uning o‘rnini haj bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa qiziqishlar egalladi. Natijada ishga ko‘milib ketdim. Men va men kabilarga mo‘ljallangan yaxshi ishlarning biri haramda “tavof” qildirish bo‘lib, bu ish bilan mening yoshimdagi o‘nlab yoshlar yoki yo‘lboshchilarning shogirdlari bo‘lib, yoki ziyorat uchun kelgan yo‘lboshchisi yo‘q ko‘chmanchi arablarni “ovlab” mustaqil tavof qildiruvchilar bo‘lib ishlar edilar. Shuningdek, yo‘lboshchilari tomonidan belgilangan vaqtdan tashqari ko‘proq tavof qilishni xohlovchilar ham ana shundaylarga tayanar edilar. Bu hunar anchagina taniqli bo‘lib, mavsumda ko‘pchilik shu ish bilan shug‘ullanar va yilning “bisora” deb nomlanuvchi qolgan oylari uchun yashashga yegulik to‘plashardi. Hatto o‘qituvchilarning o‘zlari ham bu ishda ishtirok etishib biron-bir yo‘lboshchining qo‘lida ishlashardi. Odamlar haramning ko‘pgina eshiklari ostonasida turib olib, haj va umraga kelayotganlarni “ovlaydigan” nafsu havosiga berilganlardan ko‘ra, ana o‘sha yo‘lboshchilarni ko‘proq hurmat qilishardi.
Ishning har tomonlarini o‘ylab, haj mavsumiga bog‘liq bo‘lsa-da, boshqacha yo‘l tutishga qaror qildim. Mahallamizda ko‘zga ko‘ringan haj ishlarining “boshqaruvchisi” qo‘lida kirim-chiqimlar kotibi lavozimida ishlay boshladim. Daftarga hojilarning ismlari, kemalari, qoldiradigan omonatlari, shuningdek, hajbadal hujjatlarining soni va hajbadal qilib beradiganlarning nomlari, ajratilgan mablag‘ning qurbonlikka kifoya qilish-qilmasligi, yana ijaraga olinadigan uylar, taxtiravonlar, chodirlar, Minodagi joylardan tortib, hojilar uchun Jiddadan yetib kelishlari sharafiga maxsus beriladigan ziyofatlar, shuningdek, haj mavsumi davomida kunduzi va kechqurun beriladigan ziyofatlar, ketish oldidan har bir jamoaning vidolashuv tavofidan keyin beriladigan ziyofatlar qayd qilinar edi. Hajbadal mablag‘lari boshqaruvchilar uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘lib, uning ko‘p va kam bo‘lishi boshqaruvchi vijdoniga havola edi. Ba’zilari qo‘liga tushgan bu mablag‘ temir sandiqlarga tushgach, qayta nur ko‘rmasdi. Boshqalari esa hujjatlarning ba’zilarini tanlab olardilar, ayniqsa, narxi balandlarini, o‘zlariga, qarindosh–uruqqa, qo‘l ostidagi ishchilarga, qolganini bo‘lsa shogirdlarga, qo‘shnilarga va mahalla–ko‘yga ehson qilardilar. Ba’zi hajbadal hujjatlari belgilangan narxdan kamrog‘iga bitar edi. Bu esa boshqaruvchining foydasiga qolardi. Haj qilishga qodir bo‘lmagan hojining ismi bilan haj amallari bajarilar ekan, hajbadal qilish shar’iy ish hisoblanadi va malomat qilishga o‘rin yo‘q. Haj qilishni orzu qilib, niyatiga yetolmay ketganlarning merosxo‘rlariga uning o‘rniga haj qilish yoki o‘sha odamlarni niyat qilib amallarni bajaradigan odamni topishlari kerak bo‘ladi.
Tabiiyki, o‘sha yili birortasi uchun hajbadal qilmadim. Chunki fiqh kitoblarida “kimki, o‘zi uchun haj farzini ado etmagan bo‘lsa, hajbadal, ya’ni boshqalar uchun haj qilmaydi” degan hukmlarni o‘qigan edim. Shunday bo‘lsa–da, bu hukm hajbadallarning birini karvonda – boshqaruvchining karvonida – borishga qaror qilgan onamning nomiga olib berishimni man’ etmasdi. O‘sha kunlari soddaligimdan hajbadallarning birini ustozga yaxshilik qilishni xohlab, uning oldiga olib bordim va “Agar istasangiz…” – deya ko‘rsatdim. U menga uzoq tikilib, so‘ng nigohini burib, yoqmaganday:
– Men birovning o‘rniga haj qilmayman, bunga ehtiyojim ham yo‘q, – dedi.
Qayoqdan ham menga bu hajbadallarni kim olar ekan, degan fikr keldi. Axir bu hajbadallarni bajarib beruvchilar Allohning oddiy, bechorahol bandalari bo‘lsalar. Ular faylasuf ham emaslar, o‘zlariga to‘q ham emaslar…
Minoga chiqish kuni haqiqatan ham odamlar bilan gavjum edi. Go‘yo harbiy yurish tayyorgarligida ishlatiladigan tartiblar singari u yerda ham qat’iy tartibga rioya qilinardi. Bu tartiblar ming yillardan ko‘proq vaqt ichidagi reja va tafsilotlari bilan ishlab chiqilgan edi. Biz o‘zimizni “aholi” yoki “boshqaruvchi oilasi” deb ham atardik va karvonning boshida borar edik. “Oila” mingan tuyalar soni to‘rtta bo‘lib, ular ichida mening oilam ham bor edi. “Aholi”ning taxtiravonlari qolgan hojilarning taxtiravonlaridan ajralib turar, avvalgisi yorqin matolar bilan o‘ralib, atroflari ziynatlangan bo‘lsa, hojilarniki dag‘al kanop qop matosi bilan o‘ralgan bo‘lib, taxtalari ko‘rinib turar, na chiroyi va na didi bor edi. Hatto “aholi“ uchun tanlangan tuyalar ham boshqa hojilarnikidan baquvvat va serviqor bo‘lib ko‘rinardi.
Taxtiravonlar mahkam o‘rnatilgach, hojilarning tuyalari uzun saf qilib terildi. Sarbonlar ham strategik ravishda joylashdilar. Sarbonlarning yoshi kattasi, ko‘proq tajribaga ega bo‘lgani birinchi tuyaning no‘xtasidan ushladi. Qolganlari karvon yonida, ya’ni bir necha tuyalar oralig‘ida bittadan bo‘lib tarqaldilar. Karvon ortidan esa yana ikkitasi yuradigan bo‘ldi. Karvon misrlik hojilarniki bo‘lgani sababli, tuyalar yurishni boshlashi bilanoq, u yoq–bu yoqdan sevinch hayqiriqlari eshitildi. Karvon bir maromda yo‘lida davom etar ekan, Makkadagi uylarni tark etib, sharq tomon ziyorat qilinadigan joylarga qarab jo‘nadik.
Qaroqchilarning qatnovi haddan ziyod tirband bo‘lganda, karvonning bir qismini qolganidan ajratib yuborishidan xavfsiragan sarbonlar yuqoridagidek joylashgan ekanlar. Qaroqchilar tuyalarning birini oldingisi bilan bog‘lab turgan arqonni yechib yuborar ekanlar. Natijada karvonning bir qismi oldingisidan ajralib qoladi. Keyin ular bir necha soatlab, balki bir necha kunlab adashib qoladilar–da, ularga nima bo‘lganini hech kim bilmaydi. Bunday hollar ko‘p bo‘lgan. Biroq o‘sha tajribali sarbon “qaroqchi, ey sarbon, qaroqchi”, deb baqirayotgan odamni payqasa, karvonidan uzilib qolganlarni qo‘shib olish uchun orqaga qaytadi.
Boshqaruvchi “amaki” qo‘l ostidagilari qatori men ham o‘sha kuni qurollanib oldim: men ham hozirgi zamon ishbilarmonlari olib yuradigan qulay jomadon o‘rnini bosadigan badaviylarning to‘rva xaltasini, yelkamga osib, “izor”im* ustidan kamarni bog‘lab oldim. Har ehtimolga qarshi boshqaruvchi tarqatgan panshaxasifat qurolni ham o‘zim bilan oldim.
Mino va Arafot yo‘llarining katta qismini piyoda yurgan bo‘lsam–da, zo‘r qiziqish, uzoq yo‘l charchog‘ini unuttirardi. Ora–orada onamning: “O‘g‘lim, yuqoriga chiq, damingni ol, sen sarbonmiding, yurasan”, – deb chaqirishlariga qaramay o‘zimnikida turib olardim. To‘g‘ri, men sarbon emasman. Lekin sarbonlar va xizmatchilar bilan yurishimdan zavqlanardim. Bosh sarbondan ado etgan hajbadallarining soni, boshdan o‘tgan voqealar haqida so‘rardim. U ham xotirasi kuchli, juda quv inson bo‘lib, ziyoratda bo‘ladimi yoki hajdami, o‘zi va hojilar bilan bog‘liq bo‘lgan dahshatli voqealarning ko‘pini bilardi. So‘zlaganlari ichida eng ajoyibi ba’zi sarbonlar qaroqchilar bilan olishish o‘rniga ular bilan o‘zaro til biriktirganlari haqidagisi edi. Bir sarbon mana shunday yo‘lto‘sarlar hamlalarining birida o‘g‘lini yo‘qotgani, Madina yo‘lidagi karvonsaroylarning birida ziyoratchi hojilar – “Taslim bo‘lmaymiz”, – deya qo‘llariga kaltak, tosh va nima tushsa o‘sha bilan bosqinchilarga qarshi kurashganlari, o‘g‘rilar yengilib qochgani, biroq ulardan ikki murda qolgani, biri uning o‘g‘li bo‘lgani haqida so‘zlab berdi. O‘shandan so‘ng qattiq tavba qilgani, karvoni bilan ochko‘z, qattol badaviylarga taslim bo‘lish o‘rniga lozim bo‘lgan ish–himoya qilishga kirishganini aytib berdi.
Karvonboshining to‘xtamay gapirish xususiyati bo‘lib, go‘yo oldindan tayyorlab qo‘yilgan magnit tasmasiga yo kitob o‘qiyotganga o‘xshardi. Hikoya ketidan hikoya uzilmasdi. Balki umri bo‘yi men kabi tinglovchini endi topgandir. Shuning uchun tinmay, charchoq nimaligini bilmasdan so‘zlayotgandir. Vaqti–vaqti bilan tuyalar va ustidagilarni ko‘rib chiqish uchun orqada qolar, qolgan sarbonlarga maslahatlar berar, “Bu tuya juda qo‘rs, bunisi kasal, muloyim bo‘ling”, – deya yana tuyalarning sanog‘ini olar, hammasi joyidaligidan ko‘ngli tinchib, karvonning boshiga kelar va gapini qolgan joyidan davom ettirardi. Har safar gap boshlasa, “Bir marta ziyoratga ketayotganimizda…” yoki “Bir marta hajga ketayotganimizda…” kabi o‘zgarmas jumlalar bilan boshlar, so‘ng davom etardi. Agar o‘sha payt biror yozib olish vositasi bo‘lganda edi, hamma hikoyalarini yozib olib, to‘laligicha nashr qilgan bo‘lardim. Sababi, hikoyalarida ham kulgi, ham qo‘rqinch, shu bilan birga tuyalar borasida to‘plangan tajribalar – ularning kasali, davosi, yoshlari – yo‘ldagi suvi bor yoki yo‘q karvonsaroylar, yana chanqoqdan halok bo‘lganlar hodisalari bayon etilardi. Madina yo‘lidagi “Safro” va “Furaysh”ning tinimsiz urushlari, karvonlarga ko‘z olaytiradigan taniqli qabilalar, o‘z davridagi shijoatli mashhur karvonboshilar haqidagi ma’lumotlar mujassam edi.
Hikoyalar eshitish davomida tilamchilarning uchiga suyuqlikdan bo‘shagan idish o‘rnatilgan yog‘ochlarini u yoki bu tuya ustidagilarga ko‘tarib “haj qabul” degan qichqiriqlari chalinardi. Ora–orada ko‘tarilgan idishga tushgan temir tanganing jiringlagan ovozi eshitilar, tilamchi esa bir tuyadan ikkinchisiga, ikkinchisidan uchinchisiga o‘tib yurishda davom etardi.
Onam Qurbon hayiti kuni yosh bolalarga qilinadigan ishni senga qilaman deb turib oldilar. Chodirlardagi mavjud bir nechta bolalarni to‘pladilar. Bir xalta to‘la yong‘oq olib kelib ustimdan – “Ha, hoji-yu… qani-qani”, – deya xursand bo‘lib socha boshladilar. Bolalar esa otilgan yong‘oqlarni ustimdan, atrofimdan shoshilgancha terib olishar, boshqaruvchi va uning oilasi bu tengi yo‘q holatdan maza qilib kulishar, baqir-chaqir qilishardi. Bularning barchasi bo‘ynimga bir tizim xurmo ilish bilan tugadi, ya’ni aynan haj mavsumida sotish uchun tayyorlangan va yuqoridagi maqsadda ishlatiladigan quritilgan xurmo tizimi edi. Yana Ramazon hayitidan oldin ham “Dibyaza” degani bo‘lardi. Qanday bo‘lishini hozir sharhlashga hojat yo‘q. Makkaliklar va ba’zi jiddalik oilalar hozirgi avlodning qarshiliklariga qaramay, o‘sha eski odatlarini haligacha maromiga yetkazib bajarib kelmoqdalar.
Minodagi kechalar haqiqatan ham quvonchli kechalar edi. “Arablar bozori”dagi sayr, “nafaqat savob uchun, balki shunchaki haj qilayotgan, o‘tgan-ketgan ayollar”u* – erkaklarni ko‘rish inson ruhiga shu qadar ko‘tarinkilik bag‘ishlaydiki, bular tungi tantanalar nash’asidek edi. Ba’zan yo‘lboshchining supasida o‘tirgan qori atrofini o‘rab olishar yoki to‘ydagidek raqs tushib, baqir-chaqir qilayotgan badaviylar atrofida yig‘ilishar edi. Bularning barchasi Minodagi manzaralarning asosiy qismini tashkil qilardi.
31
Omma tilida aytganda, “daroz yigit” bo‘lgunimcha, bolalik davrimda onam menga ertaklar so‘zlab berardilar. O‘sha kecha ertakning qahramoni tug‘iladi. “Chaqqon Hasan” bo‘ladimi yoki boshqasimi, birinchi tunda ertak boshlanadi. Ikkinchi kechada orzusidagi qizni uchratib, otining orqasiga o‘tqazgancha olib qochar, u yoki bu bulut ustida yoki sehrli qasrda o‘sha qiz bilan baxtli hayot kechirardi. Uchinchi kechada lazzatlarni vayron qiluvchi bir buzg‘unchi kelib qahramonlarimizni bir-biridan ayirib tashlardi. Voqealar rivoji uzluksiz, tabiiy tarzda davom etar, zero, usiz ertak ertakdek chiqmasdi. Ba’zan esa bir kechaning o‘zida bir qahramon tug‘ilib, uylanar yoki uylanmas, muhimi bu emas, so‘ng dunyodan ko‘z yumardi. Men uchun eng qiziqarlisi, ertakning ikkinchi kechasi bo‘lib, qahramon orzusidagi qizga erishish uchun janglar va ajoyib sarguzashtlarni boshidan kechirardi. Yigit qizning sevgisi yo‘lida, albatta qiz ham uni sevsa, unga talpinsa, hech qanday yo‘ldan qaytmas, sehrgar va shum kampirlarni ishga solib bo‘lsa-da, maqsadiga yetishardi. Tug‘ilish, uylanish, so‘ng boqiy dunyoga rihlat qilish uzog‘i bilan uch kechadan oshmas, shuningdek, inson qalbida chuqur joy egallardi. “Ertak bolalari” tez katta bo‘lib, tez o‘ladilar. Oylar, yillar o‘tar ekan, mana shu hayot ham o‘sha tunlar kabi tez o‘tishini xayolimga ham keltirmagan ekanman. To‘satdan qahramon – xudoga shukr, hammamiz qahramonmiz – ikkinchi kecha ketidan uchinchi kecha ko‘z ochib yumguncha yoki undan ham tez sur’atda kirib kelishini his qiladi. Agar unday bo‘lmasa, to‘satdan kashf qilganim – maktab mudirining keksayib pensiyaga chiqishi, hammaga kelgani kabi, dunyo lazzatlarini barbod qiluvchi farishta – Azroilning kelishi, shuningdek, qabri yoqasida o‘tirib, “Agar ikki farishta kelib, sendan rabbing kim deb so‘rasa…?” kabilarni qanday izohlayman? Yoki mana shu yillar davomida maktab hayotida avval o‘qituvchi, keyin nazoratchi, so‘ng mudir muovini bo‘lib ishlaganimni-chi? Yoki Jamilaning ko‘z o‘ngimda barkamol, kelishgan qiz bo‘lib katta bo‘lishi, har safar uzluksiz, uzoq davom etadigan darsga kelganida undan balog‘atga yetgan qizlik latofati ufurib turganidan, hatto o‘qitadigan ilmlar yoki kitoblar tanlashda ojizlik qilganimni–chi? Jamila men bergan darslarimni Toif bo‘stonlariga qiron keltirgan ochko‘z chigirtkalar kabi tez o‘zlashtirardi.
Shuncha voqea bo‘libdi-yu, lekin vaqtning bu qadar hayratlanarli tezlikda o‘tib ketayotganiga e’tibor bermagan ekanman. Balki vaqt yarim asr davomida yer yuzida bor narsalarni yo‘q qiladigan borliqning siridir. Yarim asr esa o‘sha kunlardagi insonlar umrining eng yuqori ko‘rsatkichidir. Ularning o‘rnini boshqalar egallaydi, hayot yoshlari yangilanadi va u o‘zining ajib aylanishida davom etadi.
Mana shularni kashf etganimda chamamda o‘ttizdan oshgan edim. Chunki tug‘ilgan kunim hali ham sir yoki noma’lumligicha biror kitobga qayd qilinmay qolgan edi, buni hech kim aniq eslolmasdi ham. Yuqoridagilarni men Toifdaligimizda his etdim. Quraysh sayohatchilari-yu, Makka Makka bo‘lishidan avval uning aholisi doimiy ravishda yozni o‘sha yerda o‘tkazganlari kabi, u yerga chiqish bizning yillik rejamizning bir qismiga aylangan edi. O‘sha tuni mashhur “Bab ur-Ri’” tepaligida joylashgan manzilga qaytdim. Kechki ovqatni tanovul qilish payti kelguncha g‘ayrioddiy narsa sezmadim. Odatdagiday onam dasturxonga ovqatlangani kelmagach, nimadir bo‘layotganini payqadim. Onam bu kecha ovqat yeyishga ishtahalari yo‘qligi sabab kelmagan ekanlar. Zo‘rlaganimdan keyingina dasturxonga o‘tirdilar va ishtahasiz tanovul qila boshladilar. Biroq har bir luqma orasida bir ho‘plam suv ichardilar. Yeb bo‘lgach, biron so‘z aytmay, ovqat qo‘yilgan dasturxonning bir chetini qayirib turib ketdilar. Kunlar o‘tishi bilan ishtahalari battar kamayib, kamovqat bo‘lib qoldilar. Xavotir ola boshladim. Bo‘lib o‘tgan voqeadan so‘ng bilganim biror luqmani suvsiz yuta olmaganlari bo‘ldi. Shunga qaramay, shikoyat qilmasdilar, lekin so‘lib borardilar. O‘sha yili yoz tugay deb qolganida, “Vardiya”ni kutmasdan Makkaga qaytdik. Bu payt yozning oxiri, kuzning boshlanishida bo‘lib, yozlik dam oladigan joy mumkin bo‘lgan eng go‘zal joyga aylanardi. Sovuq havoning chaqishi boshlanar va borliqni to‘ldirib yozlashga kelganlarning yonog‘ini qizartirar, ba’zi boshqalarning tukini to‘kar, lablari va chakkalari taram–taram bo‘lib yorilib ketar, bu esa yozlash joylarini o‘zining sovuq va quruq havosiga o‘rgangan Toif ahliga tashlab, jo‘nash payti kelganidan ogoh etardi. Ha, biz ana o‘sha “vardiya”ni kutmay, shuningdek, Toifga kelishdek baxtga muyassar bo‘lolmagan do‘stu–yorlarga, odatdagiday, qopda anor, uzum, behi olmay Makkaga qaytdik.
Makkada bu narsaga boshqacha ko‘z bilan qaray boshladik. “Onam kasallar” – bu men uchun g‘alati hodisa edi. Ilgarilari bu kabi og‘rimagan edilar. To‘g‘ri, vaqti–vaqti bilan shamollab turardilar. Lekin o‘nlab dorivor giyohlar bilan liq to‘la turadigan kichik qutichadan u yoki bunisini olib o‘zlari o‘zlarini davolardilar. Ba’zan boshlari og‘rir edi. Shu sabab “nashatir” shishasi doimo bo‘lar, bir ikki hidlaganlaridan so‘ng og‘riq o‘tib ketardi. Ba’zan bel va qorin og‘rig‘idan ham shikoyat qilib turardilar. “Karbosh surtmasi” yoki issiq kompressdan so‘ng hammasi o‘tib ketardi. Bularning hammasi e’tiborni jalb qilmay, tabiiy muolajalardan so‘ng tugardi. Boshlari qattiq og‘riganda, bog‘lab olishlari odatiy hol bo‘lib, Makka ayollarining barchasi bosh og‘riganda mana shunday qilardilar. Lekin hozirgisi umuman boshqacha. Oldin og‘rimagan kasallik bilan og‘rir edilar. Bir kun kelib shunday ahvolga tushishimni hech o‘ylamagan ekanman. Nima qilsam bo‘ladi? Birinchi navbatda qo‘shnilardan maslahat so‘rashim kerak. Ular orasida Umar amakining xotini ham bor. Turli fikrlar aytildi. Ular ichida onam eng to‘g‘ri deganlarini tanlandi. Ularning biri: “Ovqatning qiyinchilik bilan yutayotganingiz, so‘ng oshqozonga borgandan keyingi og‘riq, bularning barchasiga ovqat yeb turgan paytingizda payg‘ambarimizga salavot aytmaydigan hasadli bir ko‘zning hasad o‘qi bilan nazar tashlaganidir. Natijada luqma ko‘kragingizda turib olib, ovqatning o‘tishiga xalal beryapti. Nima qilish kerak? Yagona yo‘l “Muobida”da yashovchi falonchi mohir, tiqilib qolgan luqmani olishda shuhrat qozongan odam bor, ana o‘shanga murojaat qilish kerak”, – dedi. “Shunday bo‘la qolsin”, – dedim. Onam, men va qo‘shni ayol ot–aravada asr payti Muobidaga yetib bordik. Onam va qo‘shni xotin yog‘och aravada, men bo‘lsam aravakash yonida o‘tirardim. Aytganlariday, o‘sha mohir tabib, luqmani chiqarib tashladi va bizga noxush is taratayotgan nam paxta bo‘lagini ko‘rsatdi va: “Mana o‘sha hasadli ochko‘z odamning nazari tushgan luqma, yegisi kelib qaragani sabab ko‘kragida turib qolgan”. Ovqat yeyayotganlarida qaragan va luqmani onamning ko‘kraklarida to‘xtatib qo‘ygan o‘sha hasadgo‘y ko‘z kim bo‘lishi mumkin, deb eslashga harakat qildim. Axtarib, izlab bo‘lgach, shunisi ayon bo‘ldi: “Balki “Qazzoz” bozorchasidan yegulik sotib olayotganimda, birortasi hasad yoylarini olayotgan narsamga otgan bo‘lsa, o‘sha ishtahali taomga ko‘z tekkan. Onam yeganlarida esa kasal bo‘lib qolgan bo‘lishlari mumkin. Balki… “Hasad qiluvchining yomonligidan o‘zing asra”.*
Luqmaning chiqarilgani bilan onam yaxshi bo‘lmadilar. Bir-ikki kun o‘tgach, ovqatni suv yordamisiz yeb yuta olyaptilar deb o‘ylagan edik. Suv miqdori asta–sekinlik bilan kamayib, onam asl holatlariga qaytadilar deb umid qilgan edik, lekin unday bo‘lmadi.
Yana yangidan bashoratchi tabibalardan maslahat so‘ray boshladik. Ular ham bir necha davo uslublarini taklif etishdi: qanday giyohlarni qaynatishni yoki ularni kukun qilib tuyushni, yo bo‘lmasa kichik to‘pcha shaklida ulardan xamir qorilishini aytishdi. Xalqumlarining torligiga nisbatan to‘pchalar katta bo‘lsa ham ularni yutishlari kerak edi. Lekin onam sabr-bardoshli edilar. Kukunni ertalab, o‘sha kichik to‘pchalarni kechki payt iste’mol qilardilar. Biroq bir necha marta bo‘g‘ilib qolishlariga oz qoldi. Shunga qaramay, sabr va matonatli bo‘lishda davom etdilar. Uch haftadan so‘ng dorilar oz bo‘lsa ham foydasini ko‘rsatganday bo‘ldi. Qiyinchilik oz bo‘lsa-da ortda qoldi. Ovqat iste’mol qilishlari qandaydir vaqtgacha oldingiga nisbatan ancha yengillashganday bo‘ldi. Lekin bu uzoqqa cho‘zilmadi. “Eski tos, eski hammom” deganlariday, xalqumlari yana torayib, ovqatning o‘tishi deyarli mumkin bo‘lmay qoldi. Natijada ovqat xilini butunlay o‘zgartirdilar. Ozuqalari sho‘rvaning suvi yoki “harira” deyiladigan atala bo‘lib qoldi. Ertalab echkimiz “Umm ul–xayr” sutidan bir necha qultum ichardilar. Biroz vaqt o‘tgach, yana boshqa davo yo‘llarini qidira boshladik. Falonchi domlaning “afsun” yozishi va o‘shanga murojaat etishimizni tavsiya etishdi. Afsun sopol idishlarga yoziladigan Qur’on oyatlari bo‘lib, kasal unga suv yoki zam–zamdan quyishi, “shin” siyohi bilan yozilgan oyatlarni o‘chirishi, so‘ng o‘sha aralashmani ichishi kerak bo‘ladi. Odatda uning mazasi yomon bo‘lib, nordon, yoqimsiz edi. Kundan–kunga mana shunday o‘nlab “idish”larni ichdilar, biroq foyda bermadi. Shunda o‘sha falonchi domla “o‘rab qo‘yish kerak”, – deya ko‘rsatma berdi. “Etti kungacha hech kim ko‘rishi mumkin emas”, deb yotoqlari atrofiga oq parda ilib qo‘ydi. U ham foyda bermagach, bo‘yinlarining o‘ziga bog‘ich bog‘lab qo‘yishdi. So‘ng o‘z ishining tajribali tabibini bir necha kun davomida atroflarida o‘z guruhidagi odamlari bilan birga “Yosin” surasini qayta–qayta o‘qish uchun olib kelishdi. Yana… yana… Men hamma narsaga ko‘ndim. Bo‘yin ekkan holda nimaniki eshitsam, mantiqqa to‘g‘ri keladimi–yo‘qmi, o‘shani qilaverdim. Xudo rahmatiga olsin, onamning tuzalib ketishlari uchun ularga qilingan yoki dori sifatida berilgan narsalarga rozi bo‘lganimni eslasam, hozir aytishga uyalaman. Lekin tuzalib ketishlari uchun ko‘rlarcha ish tutdim. Natijada mana shu ahvolda bir necha oylarni o‘tkazdilar. Va nihoyat, Makkadagi “Takiya” deb ataluvchi yagona shifoxonadan doktor olib kelishni o‘yladim. Doktor ham meni uzoq tekshirib, kasalni ko‘rib, dori yozib berishi uchun to‘lashim kerak bo‘lgan to‘liq bir riyolim borligini anglagandan keyin men bilan borishga rozi bo‘ldi. Tibbiy sandiqchasini ko‘tarib men oldinda, u esa orqada shahdam qadamlar tashlab kelardi. Kasalni ko‘rish bir necha daqiqalargina davom etdi. Onamning tomoqlari, ehtimol, qizilo‘ngachlari ham rak kasaliga chalinibdi. Hayotda birinchi marta “rak” degan kasallik borligini eshitishim edi, shuning uchun hech narsa tushunmadim. “Doktor, nima qilish kerak?” – dedim. Ha, shunday deb so‘radim.
– Kasallari juda rivojlanib ketibdi, umumiy ahvollari juda yomon.
Shunga qaramay, bir varaqqa dori yozib qo‘limga berdi. O‘sha kunlarning odati bo‘yicha dorini “Takiya” dorixonasida tayyorlab berishgach, oldilariga o‘zimni yo‘qotganimcha, oldingidan ham ko‘ra ko‘proq umidsiz bo‘lib qaytdim. Bir necha kun dori ichdilar. Biroq hech qanday natija bermadi. Men yana o‘sha doktorning oldiga bordim. Lekin u borishdan bosh tortib:
– Pulingni bekorga olishni istamayman, onangning ahvoli og‘ir, hayotdagi so‘nggi kunlarini o‘tkazyapti. Hammaning boshida o‘lim bor, o‘zingni qo‘lga ol. Erkak bo‘l, – dedi.
Mana shunday og‘ir kunlarimda Umar amakining oilasi menga ham oila, ham oziq–ovqatim bo‘ldi. Eng kamida asosiy taom – tushlikni xizmatkor bola yoki Jamilning o‘zi bir necha qavatli patnisda uylaridan ko‘tarib kelardi. Umar amakining xotini ertalablari yoki undan ko‘proq vaqt biznikida bo‘lar, peshin yaqinlashguncha onam bilan suhbatlashib, keyin ovqat pishirish uchun men maktabdan qaytgunimcha o‘rniga Jamilani tashlab ketardi. Men kelgach, Jamila ovqatni yuborish uchun uylariga ketardi.
Kundan-kunga ularga bog‘liqligim ortib borar, har kuni asrda uylariga borganimda, Umar amaki o‘zlarining daldalari, madadlari bilan ko‘nglimga xotirjamlik kiritardilar. Har doimgidek kamgap va “la havla va la quvvata”ni ko‘p aytar edilar. Onamni davolatish yo‘lidagi turli usul va nayranglarni eshitib, yanada kamgap bo‘lib qoldilar. Lekin men o‘zim nima ekanligini bilmaydigan “rak” muammosini aytganimda, hayratlari oshib, yuzlari burishib ketdi. Ammo bir necha kundan so‘ng jahon urushi davrida (birinchi jahon urushi bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman) yangi “penitsillin” degan dori kashf etilgani va u juda noyobligi, Jiddadagi konsulxonalarning biridagi doktorda oz miqdorda shu doridan borligi, lekin u nasroniy bo‘lgani uchun Makkaga kira olmasligini aytdi. Onamni ham Jiddaga olib borishning imkoniyati yo‘q. Shuning uchun agar men uning fikriga qo‘shilsam, o‘zi penitsillinni olib kelib, “Takiya” doktoriga berishi, u esa onamga bir necha soat oralatib ukol qilishini aytdi. Agar men uning fikriga qo‘shilsam… O‘zim anglamagan holda xayolimda bir narsa aylanardi. “Nasroniy tabib, konsullik, jahon urushida kashf etilgan o‘sha ajoyib penitsillin…” Nega ham yo‘q derdim? Axir hamma narsani sinab ko‘rdik. Hatto ikki yonlari va ko‘kraklaridan qon ketishiga sabab bo‘lgan “kuydirish”dan ham foydalandik. Mayli, shunday bo‘la qolsin.
Sehr o‘z kuchini ko‘rsatgani kabi penitsillin ham o‘z kuchini ko‘rsatdi. Bir necha kun o‘tgach, ahvollari ancha yengillashdi. Karavotlarida birinchi marotaba o‘tirib, ovqatlarini o‘zlari qaltiragan qo‘llari bilan icha boshladilar. Shifo topyaptilar degan fikrga bordim. Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, mana shu o‘nglanishdan so‘ng kutilmaganda oldingidan ham yomonroq ahvolga tushib qoldilar. Qattiq dard tortayotganlari ko‘rinib turardi. Shu sabab tinmay ingrab chiqardilar. Bir necha tun davomida sanoqli lahzalargina orom olganlarini bilaman. Yonlarida tizzalab uyg‘oq o‘tirar ekanman, bedorligim onamning hayot qolishlariga yordam beradi, deya tasavvur qilardim.
Bir kun ertalab ko‘zlarini yumgancha, ko‘z o‘ngimda qayta ochmadilar.
32
Qabristongacha birga kelganlar ketishganidan so‘ng nam tortgan qabr yoqasida o‘tirar ekanman, go‘rkov kavlagan qabr ustiga qo‘yilgan mana shu toshlar ostida men uchun aziz bo‘lgan inson yotganiga ishongim kelmasdi. Buni o‘ylamagan ham ekanman. Atrofimda biror narsa bo‘layaptimi yoki bo‘lmayaptimi – anglamasdim. Es–hushimni bir joyga to‘plagach, “Yosin” surasi yodimga tushdi. Takror va takror o‘qidim. Hatto tomog‘im qurib, tun o‘z zulmatini olam uzra yoydi. Qabriston qorovuli bunday paytda qabrlar yonida birovning qolishi man’ qilinganligini ogohlantirdi. Asosiy eshik tomon hushsizlardek yura boshladim. Qabriston meni tashqariga otib chiqargach, “as–Sayyid” qahvaxonasi oldida qayerga borishimni bilmay, hayron bo‘lib turib qoldim. Hisoblash mashinasi tugmasini bosganingizda oldingizda bir necha nuqtalar yorishgani kabi, miyamda ham bir qancha borishim mumkin bo‘lgan joylar o‘ta boshladi. “Jinlar hibsxonasi”dagi qahvaxona, haram, uy, bolaligimdan beri qatnayotgan maktabim, sanoqsiz joylar. Ba’zilariga, tabiiyki, borishning iloji yo‘q, ba’zilari yo‘q bo‘lib ketgan, ba’zilarini yillab ko‘rmaganman. Bularning birortasi ham menga yoqmagach, munosib deb bilgan qarorni qabul qilish uchun oyoqlarimga ixtiyor berdim. U esa onamning jasadlarini olib kelgan yo‘l tomon meni boshladi. “Maqrot ul–Fotiha”, “Muddaiy”, “Mas’a”, keyin “Safo” tepaligiga burildi, so‘ng, odatda, tun qorong‘uligida odamlar undan o‘zlarini olib qochadigan “Safo ayvoni”ga yetib keldi. Lekin men na tunni va na zulmatni his qilardim. Ayvon ostida yurib borar ekanman, ajib bir his meni chulg‘ab oldi. “Qani edi onamning qornida qayta bo‘lib qolsam”. Qanday qilib inson bu kabi tuyg‘ularni his etadi? Oldin sinab ko‘rmagan bo‘lsa. Shuningdek, undan boshqasi ham hech qachon sinamagan. Ayvon so‘ngida ko‘cha chirog‘idan taralayotgan nurning yorug‘ligi ko‘ringach, yana o‘sha yerga qaytib ketay dedim. Lekin unday qilmadim.
Nimadir menga e’tibor qaratayotganday ko‘rindi. Qay bir chiroq yoki fonar yonidan o‘tmay, hamma menga bir xil – boshimning yuqori qismidan tortib, oyog‘imgacha tikilib qarardi. Nega? Ehtimol, oyoq kiyimimni va sallamni yo‘qotgan bo‘lsam kerak. Qanday qilib inson kiyib yurgan narsasini yo‘qotishi mumkin? Ha, o‘sha aziz chehrani qorong‘u qabrga qo‘yayotganimda, shippagimni ham, sallamni ham tushirib qoldirgan bo‘lsam kerak. Ha, shunday bo‘lgan bo‘lishi kerak. Balki men uchratgan aksariyat odamlar menga tasalli bermoqchi bo‘lib, qo‘limdan mahkam ushlab, bag‘rilariga bosmoqchi bo‘lishgandir. Shunday bo‘lsa kerak yoki o‘sha qaro tundan so‘ng tush ko‘rgandirman. Menga aytilgan ba’zi so‘zlarni eslashda davom etardim-u, lekin inson qanday qilib unga aytilmagan so‘zlarni eslashi mumkin.
Uyga yetgach, tabiiyki, to‘g‘ri onamning yotoqlariga kirdim. Nimaga ham kirmay? Kishi uxlashidan oldin betob onasini ko‘rib xotirjam bo‘lmaydimi? Lekin xona to‘g‘risidagi bu chiroq va anavi kutib o‘tirganlar kim bo‘ldi? Oh! Umar amaki va uning oilasidagi hammalari–ku. Ularga qaraganimda, Umar amaki men tomon kelib, quchoqlagancha baland ovozda yig‘lay boshladi. Nega endi? Xotini esa peshona va yuzlarimdan o‘pib qo‘ydi. Bu odamlarning ishlari ajoyib–da. Shu on bir kuni menga “u masonchi” deganlari yodimga tushdi, shuningdek, mahallada u haqda “ingliz josusi” degan gap ham yurardi. Ajib yo‘l bilan ular go‘yo atrofimni o‘rab olib, avval eshikka, keyin ko‘chaga muloyimlik bilan itarib chiqayotganday tuyuldi menga. Nega endi? Ular biron so‘z demas, men ham indamay uydan boshqa yoqqa qarab suzayotganday edim. Suzyapmanmi yoki birov ko‘tarib olganmi, bilmas edim.
Birinchi bor insonni uxlagan holda “Ro‘shon”da qo‘lida piyola ushlab o‘tirishi mumkinligini kashf etdim. Mana men uyg‘onyapman–u, o‘zimni shunday holatda sezdim. Uxladimmi o‘zi yoki ko‘rish qobiliyatimni yo‘qotdim–u, so‘ng u kutilmagan sergaklik bilan birga qaytdimi. O‘zimni “Oh, onajon” deya baland ovozda baqirayotganimni angladim. O‘sha qichqiriq dahshatidan Umar amaki qattiq qaltirab ketdi. Xotini yugurgancha kelib, shoshib meni bag‘riga bosdi, silab–siypalar ekan, og‘zidan “Bismilloh” bilan “la havla va la quvvata” tushmas edi. Men esa noma’lum sababga ko‘ra baqirishda davom etardim. Birozdan so‘ng:
– Xotirasi o‘ziga kela boshlayapti, tek qo‘y, yig‘lab baqirib olsin. Bo‘lgan voqealarni aqli rad etgandan keyin hissiyotlari o‘ziga qayta boshlaydi, yaxshi bo‘lib ketadi, – deganini eshitdim.
“Kim yaxshi bo‘lib ketadi?” Yana bir payt o‘zimga kelganimda kimdir menga “Yolg‘on gapiryapti deb o‘ylayapsanmi?” – der edi. “Ikki haftadan buyon hushingni to‘liq yo‘qotgan eding. Mana, xudoga shukr…”
33
Boshqa uyimga qaytib bormadim. O‘sha “yotoqni” qayta ko‘rmadim. Na xona burchagidagi chiroqqa nima bo‘lgani, na echkimiz “Umm ul–Xayr”ni kim sog‘ishi va na qafasdagi quyonlar ham joyidami, yo‘qmi – bilmasdim. Lekin shunisi aniqki, Umar amakinikiga – hozir turgan joyimga – kimdir kiyimlarimni olib kelib beribdi. Oldin kiyib yurgan kiyimlarimni hali ham kiyishim bundan dalolat berardi.
Uyimga qaytmasam ham, maktabga qaytdim. Bunga Umar amaki ko‘ndirdi. U:
– Uyda bunchalar ko‘p qolib ketishing mumkin emas, maktab mudiri ham bir necha bor so‘radi. Hamma o‘qituvchilar seni ko‘rishga kelmoqchi bo‘lishdi. Lekin o‘zingga kelib olguningga qadar to‘xtab turishlarini va sen o‘zing ularning oldiga qaytishingni aytdim. Bu to‘rt devor orasidan chiqishing va odamlarga qo‘shilishing kerak, – dedi.
Mana shu qistovlar ostida maktabga qaytdim. Maktab devorlari va yarim uyqu o‘rtasida asir kabi yursam–da, ishga qaytishim bilan ahvolim ancha yengillashganday bo‘ldi. Agar o‘sha kunlari ichki kechinmalarim haqida yozib berishimni so‘rashsa, varaqni oqligicha topshirgan bo‘lardim. Shunga qaramay, dars o‘tardim. Talabalar bilan munozara o‘tkazardim. Daftarlarini tekshirardim. Bularning barchasi tugar–tugamas, yana eski holatimga qaytib toshdek qotardim. Ichimdagi kechinmalarim tufayli qilayotgan qiliqlarim uchun hech kim meni malomat qilmadi. Vazifalarimni bajarardim–da, uyga jo‘nardim.
Nazarimda men Umar amakinikida uzoq vaqt qolganday edim. Qabriston meni otib chiqargan tunda qanday qilib ularnikiga borib qolganimni hozirgacha eslolmayman. Biroq kutubxona yonidagi men uchun ajratilgan xonada doimiy bo‘lishim, kunda asr paytida “ro‘shon” ortida o‘tirishim, bu yerda choy ichishlarim – shularning barchasi qanday qilib bo‘lsa ham ular bilan birga yashash uchun kelganimni ta’kidlardi. Lekin “Qachongacha bu yerda qolaman”, – deb o‘zimdan o‘zim so‘ramasdim. Ularga og‘irligim tushmayaptimikan? Qanday qilib bu uydan ketaman? Ketgan taqdirimda ham qayerga boraman? Shu kabi savollarning birortasini ham o‘zimga bermabman. Hech kim bunga ishora ham qilmabdi. Ularnikida bo‘lishim ko‘proq tabiiydek ko‘rindi, menga. Bunga hech kim, bilishimcha, hech qanday e’tiroz bildirmadi. Balki uzoq vaqt izzat–ikromda bo‘ldim. Shunga qaramay, bir ishda g‘alatilik bor edi. Men ular va Umar amaki bilan suhbatlashganimda “so‘zga so‘z bilan javob” qoidasi bo‘yicha gaplashardik. Na u ko‘p gapirmas va na men ortiqcha so‘zlamas edim. Bir kuni asr paytida, oradan bir necha oylar o‘tgan bo‘lishi kerak, birga o‘tirgan edik. Umar amaki g‘ayrioddiy nimanidir aytishga shaylanayotganday biroz ikkilanib:
– Muhaysin, ko‘nglingdagi bu iztirobni ketkazish uchun senga yupanchiq bo‘la oladigan inson kerak, – dedi–da, jim bo‘ldi. Birozdan so‘ng yana: – Ko‘ngildagi yolg‘izlik dardini faqat soliha ayol – turmush o‘rtog‘igina davolay oladi, inson unga suyanib yashaydi, – deya yana sukut girdobiga g‘arq bo‘ldi. Go‘yo aytmoqchi bo‘lgan gapini zo‘r bersa ham ayta olmayotganday edi… So‘ng to‘satdan suhbatlashish yo‘lini o‘zgartirib, savol berishga o‘tdi:
– Uylanish haqida o‘ylab ko‘rmaganmisan?
– Bir marta bo‘lgan edi.
– Demak, uylanish fikriga qarshi emassan.
– Uylanish fikri bilan mening o‘rtamda hech qanday adovat yo‘q.
– Yaxshi, men senga qizim Jamilani bermoqchiman. Qabul qilasanmi?
Elkasidan tog‘ ag‘anagandek birinchi bor chuqur nafas olgandi go‘yo… Menda esa dafn kechasidagi avvalgi holat qaytarildi: ko‘z oldimda jilvalanayotgan nuqtalarning ba’zilari yorug‘, yana boshqalari xira bo‘lib, “la havla va la quvvata”ni aytgancha turardim. Miyamda esa bir–biriga o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan so‘zlar, joylar, ismlar aylanardi. Sukunatim cho‘zilgach, u yana:
– Nima deysan? – deb so‘radi.
– Hech nima, – dedim.
– Biror nima deyishni xohlamaysanmi?
Men o‘ylamasdan:
– Doimo ikkinchi tun uchinchi tundan oldin keladi, – deb yubordim.
Umar amaki chuqur dengizga sho‘ng‘igandek, gapimdan ma’no axtarib, peshonasini qattiq ishqaladi. Bir muddatdan so‘ng ma’no topdi, shekilli:
– Hayot hech qanday tafsilotlarsiz umumiy tarzda davom etaveradi. Tiriklik va o‘lim doimo yonma–yon, qay biri oldin, tunmi yoki kunmi, buni hech kim bilmaydi, – dedi.
Javob qaytarolmadim. Lekin ko‘z oldimdagi boyagi lavhaning nurlari jilolanishda davom etardi. Har kim o‘z ishida ketdi…
34
– Ismlarning yaxshisi, maqtalgani1 va uzoq yashaydigan ismdir2 ,– deya o‘sha kecha gapini boshladi Umar. Yuqoridagi matalni o‘zgartirganligi, shuningdek, o‘g‘limga o‘zining ismini qo‘yish maqsadi borligi tushunarli edi. Men:
– O‘g‘limning ismini “Muhaysin Muhaysin” qo‘ymoqchiman, – dedim.
– Muhaysin qo‘ymoqchisan? Muhaysin o‘g‘li Muhaysin bo‘ladi demoqchisan–da? – deb so‘radi.
– Men “Muhaysin Muhaysin” qo‘ymoqchiman. Esingizdami kutubxonangizda birinchi romanni o‘qiganim?
– Ha.
– Qahramonning ismi “Jon III” edi.
– Esimda.
– Nega unday ekanligini so‘raganimda, “Qahramonning ismi Jon, otasiniki ham Jon, bobosiniki ham Jon. Shuning uchun Jon III, ya’ni uchinchi Jon bo‘lgan”, deb javob bergan edingiz.
– Yodimga tushdi.
– O‘g‘lim Muhaysin ham o‘g‘lining ismini Muhaysin qo‘yishiga ishonchim komil emas, shuning uchun uning ismini Muhaysin Muhaysin qo‘ymoqchiman. Shunda Muhaysin o‘g‘li Muhaysin Muhaysin deb yozishga majbur bo‘ladi.
Nazarini boshqa tomonga qaratar ekan, meni eshitmayapti deb o‘ylab, past ovozda pichirladi:
– Tentaklik ham san’at!
Arab tilidan Murtazo Saydumarov tarjimasi.
IZOHLAR
1 Tarkibida “hamd“ bo‘lgan Muhammad, Ahmad, Mahmud kabi ismlar. (Tarjimon izohi.)
2 Bir gallon 4,5 litrga teng. (Tarjimon izohi.)
3 “Zu-r-Rumma” – G‘aylan ibn Uqba (696-735 y.y.), o‘rta asr mashhur arab badaviy shoirlaridan, taqlidiy she’riy an’analar asosida qasidalar yozgan, “Zu-r-Rumma” – “Ipli”, “Ipi bor” laqabini doimo bo‘ynida ipga bog‘langan tumor osib yurganligi sababli olgan. (Tarjimon izohi.)
4 Al-A’rof surasi, 176-oyat. (Tarjimon izohi.)
5 Mashhur arab shoiri Ali ibn al-Jahm (188-249 h.y.) Xalifa Horun ar-Rashidga bag‘ishlab yozgan madhiya qasidasida ushbu baytlarni yozgan edi: “Sen it kabisan do‘stlikka sadoqatda, Sen takadeksan jangda, shijoatda…” (Tarjimon izohi.)
6 Ba’daviylar boshidagi ro‘moli ustidan tashlab oladigan chambarak. (Tarjimon izohi.)
7 Qirsh – kichik pul birligi, bir riyol yigirma qirshdan iborat, bir qirsh – besh halala. (Tarjimon izohi.)
8 O‘rta asr arab shoiri Farazdaq (641-732) o‘z qasidalaridan birida “Mol tushunmasa menga nima?” degan baytni yozgan edi. (Tarjimon izohi.)
9 Arab tilida “Zu” so‘zi boshqa so‘zlar bilan birikmada kelgan “egasi”, “…li” ma’nosini anglatadi. Masalan: “Zulqarnayn” – “ikki shohli”, “ikki shoh egasi”, “Zulxumor” – “yopinchig‘li”. Bu so‘z maxsus turlanishga ega bo‘lgan “beshta so‘z” majmuasiga kiradi. Arabcha “og‘iz” (“fam”) so‘zidan “m” (“mim”) tushib qolsa, u “fu”ga aylanadi va u ham “og‘iz” ma’nosini anglatadi. (Tarjimon izohi.)
10 “Agar birortasi qazo etsa, janozasida qatnashing” – Hadisi sharifdan. (Tarjimon izohi.)
11 “Yosin” surasi, 83-oyat. (Tarjimon izohi.)
12 “Luqmon” surasi, 34-oyat. (Tarjimon izohi.)
13 Qog‘ozga yozilgan afsun, ezib ichki. (Tarjimon izohi.)
14 “Az-Zoriyat” surasi, 7-oyat. (Tarjimon izohi.)
15 Halala – saudiya pul birligi, bir riyol yuz halaladan iborat. (Tarjimon izohi.)
16 “Ro‘shon” baland imoratlarning balkoni, bu balkonlar to‘silgan bo‘lib, uning kichik-kichik tirqishlaridan balkon ortidagilar tashqarini ko‘rishi mumkin, lekin tashqaridagilar ularni ko‘ra olmaydi. (Tarjimon izohi.)
17 “Ful” – loviyaga o‘xshash don mahsuloti, shu mahsulotdan tayyorlanadigan taom. (Tarjimon izohi.)
18 “Daya, bayu, akku, qo‘ma, shishidda” – Xausa tilida “bir, ikki, uch, to‘rt, besh”. (Tarjimon izohi)
19 “Zumar” surasi , 9-oyat. (Tarjimon izohi.)
20 “Arika” – milliy taom turi. (Tarjimon izohi.)
21 “Baxur” – tutatiladigan, xushbo‘y hid tarqatuvchi yog‘och parchasi, kukun va aralashma shaklidagi modda. (Tarjimon izohi.)
22 “burqu’” – ayollarning faqat ko‘zlarini ochiq qoldiradigan, yuzlarini to‘sadigan yopinchig‘. (Tarjimon izohi.)
23 So‘zlarning grammatik jinsi. (Tarjimon izohi.)
24 “Istixora” namozi – biror yaxshi, xayrli niyat qilsangiz, qilgan niyatingizning amalga oshishini Allohdan so‘rab o‘qiladigan namoz. (Tarjimon izohi.)
25 “Tarviya” kuni – Zul-hijja oyining 8-kuni. (Tarjimon izohi.)
26 Ihromning pastki qismi. (Tarjimon izohi.)
27 Umar ibn Abi Rabia (644-712) ning qasidasidan. (Tarjimon izohi.)
28 “Falaq” surasi , 5- oyat. (Tarjimon izohi.)
29 Tarkibida “hamd” ishtirok etgan Muhammad, Ahmad, Mahmud kabi ismlar. (Tarjimon izohi.)
30 “Umar” degan ism yoki tarkibida “umar” ishtirok etgan ismlar Saidumar, Muhammadumar kabi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 8-9-sonlar