Genrik Ibsen. Arvohlar (uch ko‘rinishli oilaviy drama)

Q A T N A Sh U V Ch I L A R:

E l ye n ye A l v i n g x o n i m — kapitan va kamerger Alvingning bevasi.
O s v a l d A l v i n g — uning o‘g‘li, rassom.
P a s t o r M a n d ye r s.
D u r a d g o r E n g s t r a n.
R ye g i n a E n g s t r a n — Alving xonim uyida yashovchi qiz.

Voqea G‘arbiy Norvegiyadagi ulkan ko‘rfaz sohilida joylashgan Alving xonimning chorbog‘ida o‘tadi.

BIRINChI KO‘RINISh

Boqqa qaragan bag‘ri keng xona: chap devorda bir, o‘ng devorda ikki eshik. Xona o‘rtasida atrofiga stullar qo‘yilgan davra stol. Stol ustida kitob, jurnal va gazetalar. Oldinda deraza, uning yonida divan va ayollar ish stoli. Xona ichkarisi mo‘jaz oynaband gulshan. Gulshan devorining o‘ngida boqqa chiqadigan eshik. Oynaband devordan ezib yog‘ayotgan yomg‘irda so‘nik manzara ko‘zga chalinadi.
Bog‘ eshigi oldida duradgor Engstran ko‘rinadi. Chap oyog‘i nogiron. Etigining tagcharmi ustidan qalin yog‘och kapaki qoqilgan. Qo‘lida bo‘sh leyka ko‘tarib olgan Regina uning yo‘lini to‘sdi.

Re g i n a (ovozini pasaytirib). Sizga nima kerak? Turgan joyingizda tek turing. Hammayog‘ingiz shalabbo.
E n g s t r a n. Xudoning ob-rahmati bu, qizim.
R ye g i n a. Xudomas, shayton yuborgan, shaytonniki!
E n g s t r a n. Yo parvardigor, nimalar deyayotibsan, Regina? (Kalovlanib bir necha qadam oldinga yuradi.) Mana, men senga nima demoqchi edim…
R ye g i n a. Qadamingizni bunaqa to‘qillatib qo‘ymang! Tepada boyvachcha uxlayotibdi.
E n g s t r a n. Uxlayotibdi? Kuppa-kunduzi-ya?
R ye g i n a. Buning sizga daxli yo‘q.
E n g s t r a n. Men kecha kechqurun aysh-ishrat qildim…
R ye g i n a. Ishonsa bo‘ladi.
E n g s t r a n. Ha-da. Insonning mo‘rt joyi shunda, qizim…
R ye g i n a. Nima ham deyish mumkin?
E n g s t r a n. Bilasanmi, dunyoda odamni yo‘ldan uradigan narsalar ko‘p!.. Lekin shunday bo‘lsa ham, men shu bugun soat besh yarimda tangrim buyurganday o‘rnimdan “dik” etib turib, ishga tushib ketdim.
R ye g i n a. Ha, bo‘pti. Qani, tezroq jo‘nang. Siz bilan bunda “bordi-keldi” qilgim yo‘q.
E n g s t r a n. Nima qilging yo‘q?
R ye g i n a. Biror kishi sizni bunda ko‘rmasa, deyman. Qani, yo‘lingizdan qolmang, tuyog‘ingizni shiqillating.
E n g s t r a n (yana unga yaqinlashib). Ha, yo‘q, sen bilan masalani hal qilmasdan turib, ketib bo‘pman! Tushdan keyin, bildingmi, shu yerdan pastlikda maktabdan olgan ishni bitirib, kechasi uyga jo‘nayman, shaharga, paroxodda…
R ye g i n a (kesatib). Oq yo‘l!
E n g s t r a n. Baraka top, qizim! Ertaga bu uyning eshigi ochiladi, demak, ichkiliksiz ish bitmasligi aniq. Tag‘in, Yakob Engstran haqida uni biror kishi kayf-safoga mukkasidan ketgan, deb gapirib yurmasin.
R ye g i n a. Ah-ha!
E n g s t r a n. Ha, inchunun, erta bu yoqqa ozmuncha sersavlat janoblar keladimi, tumonat odam yig‘iladi. Pastor Mandersning ham shahardan kelishini kutadilar.
R ye g i n a. U shu bugun yetib keladi.
E n g s t r a n. Ha, balli! Jin ursin, mening haqimda u haligiday, mayda-chuyda gap qilishini xohlamayman. Tushundingmi?
R ye g i n a. Bundoq deng.
E n g s t r a n. Nima?
R ye g i n a (tik qarab). Bu nimasi, pastor Mandersga tag‘in qanaqa tixirlik qilmoqchisiz?
E n g s t r a n. Tss… tss… esingni yedingmi? Nega pastor Mandersga tixirlik qilarkanman! Bo‘lmagan gap, pastor Manders menga yaxshilik qilsa qildiki, yomonligi yo‘q. Demak, shunday ekan, men shu kecha uyga jo‘nayman. Bu vajdan senga kelgandim.
R ye g i n a. Menga qolsa, bu yerdan qancha tez jo‘nasangiz, shuncha yaxshi.
E n g s t r a n. Ha-da. Seni ham o‘zim bilan olib ketmoqchiman, Regina.
R ye g i n a (hang-mang bo‘lib). Meni? Nimalar deyapsiz?
E n g s t r a n. Seni uyga olib ketmoqchiman, deyayotibman.
R ye g i n a (jirkanish bilan). Aslo! Hech qachon!
E n g s t r a n. Mana ko‘ramiz.
R ye g i n a. Ha, ishonchingiz komil bo‘lsin, ko‘rsak ko‘raveramiz. Men shu kamerger xonim qo‘lida katta bo‘ldim… Bu uy — o‘z uyim, o‘lan to‘shagimday bo‘lib qoldi. Siz bilan birga nega ketarkanman? O‘sha uygami? Tuf!..
E n g s t r a n. Jin ursin seni! O‘z otangga qarshi qo‘l ko‘tarayotganingni bilasanmi, qizi tushmagur?!
R ye g i n a (unga qaramasdan, to‘ng‘illaydi). O‘zingiz necha marta aytgansiz, men sizga qiz bo‘lib qayoqqa bordim…
E n g s t r a n. E-ey! Buni eslab nima qilasan?
R ye g i n a. Necha bor meni so‘kkansiz, haqoratlagansiz…
E n g s t r a n. Yo‘q, bo‘lmagan gap, bunday haqoratomuz so‘zlarni hech qachon aytmaganman!
R ye g i n a. Siz nimalar deganingizni bilaman-ku, axir!
E n g s t r a n. Ha, bunday gaplar faqatgina o‘shanda… Mastligimda bo‘lgan bo‘lishi mumkin… Hm! Eh, dunyoda bunday qilg‘iliq bilan suyagi qotganlar to‘lib-toshib yotibdi-ku, Regina!
R ye g i n a (ensasi qotib). Bas!
E n g s t r a n. Onang ham bir vaqtlar ana shunday bilganidan qolmagan. O‘shanda uni u-bu qilib yo‘lga solish kerak bo‘lib qolgan. Dimog‘idan qurt yog‘ilardi. (Masxaralab.) “Qo‘yib yubor, Engstran! Bas qil! Men roppa-rosa uch yil Rusenvollda, Kamerger Alving xonadonida yumushda bo‘lganman”. (Zaharxanda bilan.) O‘zing kechir, ey xudovandi karim, bu yerda yumush qilib yurganda kapitan kamerger lavozimiga tayinlanganligini bir nafas bo‘lsa ham esidan chiqarishni istamasdi.
R ye g i n a. Sho‘rlik onam… Siz uni qora yerga tiqdingiz.
E n g s t r a n (kalovlanib). Undoq bo‘lsa ham, bundoq bo‘lsa ham, baribir men aybdor!
R ye g i n a (o‘girilib, asta-sekin). Bas!.. Yana bu oyoqqa balo bormi?..
E n g s t r a n. Nimalar deyayotibsan, qizim?
R ye g i n a. Pied de motion!1
E n g s t r a n. Bu nimasi, inglizchasiga olayotibsanmi?
R ye g i n a. Ha.
E n g s t r a n. Ha-da. Seni bu yerda o‘rgatish kerak bo‘lsa, hamma narsaga o‘rgatishgan. Mana endi kunimizga ham yarab qoladi, Regina.
R ye g i n a (biroz jim turib). Men sizga shaharda nimaga kerak bo‘lib qoldim?
E n g s t r a n. Otangning yolg‘iz farzandi bo‘lsang-u, tag‘in undan “sizga nimaga kerak bo‘lib qoldim”, deb so‘rab o‘tirsang, tavba? Men so‘qqabosh bechora emasmanmi?
R ye g i n a. Qo‘ying! Vaysashni bas qiling! Meni siz u yerda boshingizga urasizmi?
E n g s t r a n. Nima desam ekan, men bir ish qilmoqchi bo‘lib yuribman, tesha tegmagan bir narsani o‘ylab qo‘ydim.
R ye g i n a (jerkib). Siz o‘ylagan ishingizning qachon uddasidan chiqqansiz?
E n g s t r a n. Bu gal ko‘rasan, Regina! Jin ursin meni!
R ye g i n a (er tepinib). Jinga balo bormi, tilingizni tiying!
E n g s t r a n. Tss… tss… sen juda haqsan, qizim, juda… Mana men senga nima demoqchi edim: yangi qurib bitkazilgan bu yetimxonada ishlab, uncha-muncha orttirganim bor.
R ye g i n a. Orttirgan bo‘lsangiz orttirgandirsiz! Unday bo‘lsa, ayshingizni surib yuravering!
E n g s t r a n. Uni bu yerda nimaga ham sarf qilaolarding, uvol ketadi.
R ye g i n a. Bu bilan nima demoqchisiz?
E n g s t r a n. Ana o‘sha pulga serdaromad bir narsa qilmoqchiman. Ha-da, dengizchilarga qovoqxona ma’nosida bir narsa olmoqchiman.
R ye g i n a. Tupurdim o‘sha qovoqxonangizga!
E n g s t r a n. Ajoyib bir joy bo‘ladi, tushundingmi? Mastroslar uchun cho‘chqaxonaga o‘xshagan unaqa-munaqa joy deb o‘ylama! Jin ursin, unday emas! Kapitan, shturman, qolaversa, man-man degan janoblar uchun, tushundingmi?!
R ye g i n a. Demak u yerda men…
E n g s t r a n. Senmi? Unaganingda koshkiydi. Faqatgina ko‘rk bo‘lib turarding, xolos, tushundingmi? Hech qanaqa qora ishni, xudo haqi, senga ro‘para qilmasdim, qizim! Qanday xohlasang, shunday yashayverarding.
R ye g i n a. Tushunarlik!
E n g s t r a n. Xotin kishisiz, baribir, ish bitmaydi. Bu narsa, xudo haqqi, ayon. Oqshom mehmonlarning oz-moz bo‘lsa ham ko‘nglini olish, xursand qilish kerak-ku, axir… Xo‘sh, bunda muzika, raqs, o‘yin-kulgi va hokazo. Shuni esingdan chiqarmaki, dengizchilar — ko‘p ish ko‘rgan kishilar. Dengizni o‘z uylariday qilib olganlar… (Unga yanada yaqinlashib.) nodon bo‘lma, qo‘y, o‘z yo‘lingni o‘zing to‘sma, Regina! Sen bu yerda nima baraka topasan? Koshki, sening mulla bo‘lishingga boyvuchcha oyim qilgan sarfdan biror naf bo‘lsa? Eshitdim, sen bunda, yangi yetimxonada churvaqalar ketidan yurishing lozim emish. Nahotki, buni sen o‘zingga ep ko‘rsang? Uch pulga qimmat bolalar uchun o‘zingni o‘tga-cho‘qqa ursang!
R ye g i n a. Yo‘q! Koshkiydi, men o‘ylaganday bo‘lsa, unda… Ehtimol men o‘ylaganday ham bo‘lib chiqar. Ajab emas, shunday bo‘lsa ham…
E n g s t r a n. Nima bo‘lishi mumkin?
R ye g i n a. Bu sizning ishingiz emas, tashvishlanmang… Xo‘sh, jamg‘argan pulingiz ko‘pmi?
E n g s t r a n. Ha, yetti yuz-sakkiz yuz kronga yetib qoladi.
R ye g i n a. Chakki emas.
E n g s t r a n. Ishni boshlashga yetadi, qizim!
R ye g i n a. Menga o‘shandan bir oz chegirib berish ko‘nglingizda bormi?
E n g s t r a n. Yo‘g‘-ey! Rost gapni aytsam, buni hech o‘ylamaganman.
R ye g i n a. Biror marta bo‘lsa ham, menga ko‘ylakli gazmol yuborishni o‘ylamadingizmi?
E n g s t r a n. Men bilan shaharga birga ketsang, hammasi bo‘ladi, ko‘ylak deganing qo‘sh-qo‘sh…
R ye g i n a. Xohlaganimda, sizsiz bir o‘zim ham boraverardim.
E n g s t r a n. Yo‘q, otang panohida yo‘lga chiqsang, adashmaysan, Regina. Endi, bilsang, Kichik Gavana ko‘chasida yaxshigina bir uy mening qo‘limga kiray deb turibdi. Naqd pul ham uncha kerak emas. Ana o‘sha uyni dengizchilar uchun bir joy qilib qo‘ysang, qani…
R ye g i n a. Bilsangiz, sizning uyingizda turgim yo‘q. U yerda nima ham qilaman. Tuyog‘ingizni shiqillating!
E n g s t r a n. Menikida uzoq o‘tirib qolmaysan! Hamma gap shunda. Ikki yilda juda sohibjamol bo‘lib yetilding. O‘z ishingni bilib qilsang bormi…
R ye g i n a. Nima dedingiz?
E n g s t r a n. Uncha ko‘p ham vaqt o‘tmasdan, qarabsanki, allaqanday shturmanni yoki bo‘lmasa, biror kapitanni tuzog‘ingga ilintirasan…
R ye g i n a. Unaqasiga tobim yo‘q. Dengizchilar tabiatida hech qanday savoiv vivre yo‘q!1
E n g s t r a n. Nima deding?
R ye g i n a. Dengizchilarni yaxshi bilaman, dedim. Ular bilan turmush qurib baraka topmaydi hech kim.
E n g s t r a n. Ularga turmushga chiqmasang, chiqma. Busiz ham ishing besh bo‘ladi. (Ovozini pasaytirib, jiddiy holda.) Hov, esingdami, o‘z kemasida kelgan ingliz… Uch yuz dollarni indamasdan tashlab ketdi-ya… Xo‘sh, uning boshini aylantirgan o‘sha qiz sendan chiroylimidi?
R ye g i n a (unga o‘shqirib). Yo‘qoling ko‘zimdan!
E n g s t r a n (tisarilib). Ha, nima, yumma talamoqchimisan?
R ye g i n a. Ha! Yana onam ruhini bezovta qilsangiz, unda o‘zingizdan ko‘ring, tarsaki tortib yuboraman! Ko‘zimdan yo‘qoling, deyayotibman, yo‘qoling! (Uni boqqa qaragan eshikka chekintiradi.) Eshikni qattiq yopmang tag‘in! Boyvachcha…
E n g s t r a n. Bilaman, uxlayotibdi. Boyvachcha atrofida girdikapalak bo‘lishing bejiz emas! (Ovozini pastlab.) Eh-ha!.. Hali biror ish bo‘lib qolgani yo‘qmi, ishqilib…
R ye g i n a. Tuyog‘ingizni shiqillatib qoling tezda! Aynib ketdingiz. Ezma chol!.. Hoy, u yoqdan yurmang. U yoqdan pastor kelayotibdi. Endi orqadagi zinadan chiqib keting!
E n g s t r a n (o‘ngga yurib). Xo‘p, mayli. Sen u bilan gaplashib ham ko‘r. U senga bolalar o‘z otasi bilan qanday muomala qilishlari kerakligini o‘rgatib qo‘yadi… Inchunun, men sening harholda, otang bo‘laman-ku… Cherkov kitobida yozig‘lik, isbotlab beraman. (Regina unga ochib turgan boshqa bir eshik tomon yuradi va chiqib ketishi bilan, darrov eshik qulflanadi.)

Regina birpasda o‘zini oynaga soladi, ro‘mol bilan yelpinadi, bo‘ynidagi galstukni tuzatib qo‘yadi. Keyin gullar oldida o‘ralashadi. Boqqa qaragan eshikdan balkonga pastor Mandars kiradi, egnida palto, qo‘lida zontik, yelkasida yo‘l sumkasi ham bor.
P a s t o r M a n d ye r s. Salom, oyposhsha Engstran!
R ye g i n a (o‘girilib, hayratomuz sevinch bilan qaraydi). Salom-alaykum, pastor janoblari! Paroxod yetib keldimi?
P a s t o r M a n d ye r s. Hozirgina. (Xona ichiga kiradi.) Ammo, shu kunlarda ob-havo o‘lguday bemaza bo‘layotibdi-da…
R ye g i n a (uning ortidan yurib). Qishloq xo‘jalik sohiblariga juda qulay ob-havo, Pastor janoblari!
P a s t o r M a n d ye r s. To‘g‘ri-to‘g‘ri, siz, albatta, haqsiz. Biz shaharliklar bu haqida kam o‘ylaymiz. (Ustidagi paltoni yechmoqchi bo‘ladi.)
R ye g i n a. Ruxsat eting, yordam berayin… ana shunday. Eh, jiqqa ho‘l-a! Hozir olib borib tashqariga ilib qo‘yaman. Zontikni ham… Uni ochib qo‘ygan durust, tezda quriydi. (Narsalarni ko‘tarib, o‘ng tomondagi boshqa eshikka boradi.)

Pastor Manders yelkasidan yo‘l sumkasini oladi va uni shlyapasi bilan stul ustiga qo‘yadi. Regina qaytib kirdi.

P a s t o r M a n d ye r s. Boshpananing sadag‘asi ketsang arziydi… Xo‘sh, qalay turibsizlar bu yerda? O‘ylaymanki, hamma narsa joyida?
R ye g i n a. Ha, shunday. Tashakkur!
P a s t o r M a n d ye r s. Ertagi tantana munosabati bilan juda urinib qolgandirsiz?!
R ye g i n a. Ha, ish ko‘p.
P a s t o r M a n d ye r s. Alving xonim uyda bo‘lsalar kerak, degan umiddaman.
R ye g i n a. Bo‘lmasam-chi, yo parvardigor!.. Yuqori qavatda boyvachchaga shokolad tayyorlayaptilar.
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, aytganday, men pristanda eshitishimga qaraganda Osvald kelganmish-a?
R ye g i n a. Kelganiga uch kun bo‘ldi. Biz esa bugun keladi, deb kutuvdik.
P a s t o r M a n d ye r s. Balo-qazodan xoli degan umiddaman.
R ye g i n a. Ha, tashakkur sizga, yomon emas. Faqat yo‘l azobi go‘r azobi deganday, qattiq charchagan. Parijdan to‘g‘ri hech qayerda to‘xtamay kelgan. Butun masofani, adashmasam, bir poyezdda bosib o‘tgan. Hozir oz-moz mizg‘ib olgani yotdi, shuning uchun sekinroq gaplashsak ham yomon bo‘lmaydi.
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, ha, ohistaroq gaplashamiz.
R ye g i n a (oromkursini stolga yaqin surib). Marhamat, pastor janoblari, o‘zingizga qulay qilib, bemalol o‘tiravering.

Pastor o‘tiradi, Regina uning oyog‘i tagiga kursicha qo‘yadi.

Mana bunday bo‘lsa, yanada qulayroqdir, pastor janoblari?
P a s t o r M a n d ye r s. Tashakkur, tashakkur. Juda soz! (Unga qaraydi.) Sizga aytsam, oyposhsha Engstran, nazdimda, oxirgi marta ko‘rganimdan ancha ulg‘aygansiz.
R ye g i n a. Nahotki? Alving xonimning aytishicha, ancha to‘lishgan emishman.
P a s t o r M a n d ye r s. To‘lishgan emishsiz?.. Ha, ha… uncha-muncha… me’yorida.

Ozgina jimlik.

R ye g i n a. Boyvuchcha oyimga aytaymi?
P a s t o r M a n d ye r s. Yo‘q, rahmat, shoshiladigan ish yo‘q, jon bolam. Qani, menga ayting-chi, azizim Regina, bu yerda dadangizning turish-turmishi qalay?
R ye g i n a. Tashakkur, pastor janoblari, yomon emas.
P a s t o r M a n d ye r s. So‘nggi marta shaharda bo‘lganda u mening oldimga kelgan edi.
R ye g i n a. Shundaymi? Pastor janoblari bilan gaplashish imkoniyatiga ega bo‘lsa, hamisha xursand otajonim.
P a s t o r M a n d ye r s. Siz ham, albatta, bu yerda undan tez-tez xabar olib tursangiz kerak?
R ye g i n a. Menmi? Ha, vaqt bo‘lsa, xabar olib turaman…
P a s t o r M a n d ye r s. Sizning dadangiz oyposhsha Engstran, shaxs sifatida nuqsondan xoli emas, harholda ma’naviy yordamga muhtoj.
R ye g i n a. Ha, darvoqe, shunday.
P a s t o r M a n d ye r s. Unga, endilikda, kimdir o‘z yonida bo‘lishi, kimgadir mehru muhabbat qo‘yishi, kimgadir sig‘inishi kerak bo‘lib qoldi. Men bilan u so‘nggi marta uchrashganda mana shu gaplarni aytib ko‘nglini yozdi.
R ye g i n a. Menga ham shunga o‘xshash bir gapni aytgan edi. Bilmadim, Alving xonim nima derkin, ketishimga ijozat berarmikan… Ayniqsa, hozir yangi yetimxona tashvishi boshlanishi oldida… Men ham uni tashlab ketgim yo‘q, chunki hamisha menga yaxshilik qilgan.
P a s t o r M a n d ye r s. Ammo farzandlik burchingiz ham bor… Lekin, avvalambor, beka oyingizning ijozatini olishingiz shart.
R ye g i n a. Harholda, mening yoshimdagi bir qizchaga yolg‘iz qo‘l erkaklik uyning ro‘zg‘orini tebratish qalay bo‘larkin?
P a s t o r M a n d ye r s. Nima dedingiz? Oppoq qizim, bu yerdagi gap sizning o‘z otangiz haqida borayotibdi-ku!
R ye g i n a. Shunday bo‘lganda ham… Harholda… yo‘q, bordi-yu, yaxshigina bir uyga, chindan ham durust, o‘zini bilgan odam qo‘liga borganimda…
P a s t o r M a n d ye r s. Xo‘sh, azizim Regina…
R ye g i n a. … Unga mehr qo‘yib, hurmat qilganimda, qizi o‘rniga qiz bo‘lganimda…
P a s t o r M a n d ye r s. Xo‘sh-xo‘sh, jon bolam…
R ye g i n a. … Unda jon-jon deb shaharga qaytardim. Bunda kishining yuragi siqiladi, yolg‘izlik… Pastor janoblarining o‘zlari bildilar-ku, yolg‘izlikni. Shuni ham aytishga jur’at qilolamanki, ishni bo‘lsa boplayman, jonini kiritaman. Pastor janoblari men bop joyni bilmaydilarmi?
P a s t o r M a n d ye r s. Menmi? Yo‘q, xudo haqqi, bilmayman.
R ye g i n a. Eh, muhtaram pastor janoblari… Shunday joy chiqib qolsa, meni esda tutishingizni iltimos qilardim…
P a s t o r M a n d ye r s (o‘rnidan turadi). Juda soz, juda soz, oyposhsha Engstran.
R ye g i n a. … Chunki, menga…
P a s t o r M a n d ye r s. Umringiz uzoq bo‘lgur, siz menga Alving xonimni chaqirib berolmaysizmi?
R ye g i n a. Hozir keladi, pastor janoblari!
P a s t o r M a n d ye r s (chap tomonga yurib, ayvonga borib to‘xtaydi va qo‘lini orqasiga qilib, boqqa qaraydi. Yana stolga yaqinlashadi va kitoblardan birini olib, sarlavhasini ko‘zdan kechiradi, hech narsa anglolmaydi va boshqasini olib ko‘radi). Himm! Shunday deng!

A l v i n g x o n i m chap yondagi eshikdan chiqadi, uning orqasidan Regina paydo
bo‘ladi va o‘sha xona ichidan o‘tib, o‘ng tomondagi birinchi eshikka kirib ketadi.

A l v i n g x o n i m (Pastorga qo‘l uzatib). Xush kelibsiz, Pastor janoblari!
P a s t o r M a n d ye r s. Assalomu-alaykum, Alving xonim! Mana, men va’daga vafo qilib turibman.
A l v i n g x o n i m. Siz hamisha hamma ishni o‘z vaqtida qilasiz.
P a s t o r M a n d ye r s. Ammo-lekin, ishoning, yo‘lga chiqishim oson bo‘lmadi. Bir yonda xudoning xohishi bilan tuzilgan mana bu komissiya, bir yonda pravleniye — men qatnashayotgan…
A l v i n g x o n i m. O‘z vaqtida kelishingizning o‘zi sizning olijanobligingiz! Endi, siz bilan biz o‘z ishimizni tushki ovqatgacha bitirishimiz mumkin. Xo‘sh, chemadoningiz qayerda?
P a s t o r M a n d ye r s (shoshilib). Men narsalarimni agentlikda qoldirib keldim. O‘sha yerda tunayman.
A l v i n g x o n i m (miyig‘ida kulib). Menikida tunashga bu gal ham jur’at etolmabsiz-da?
P a s t o r M a n d ye r s. Yo‘q-yo‘q, Alving xonim. Juda minnatdorman. Lekin har galgiday o‘sha joyda yotganim ma’qul. U yer ham qulay, ham pristanga yaqin.
A l v i n g x o n i m. Mayli, ixtiyoringiz. Mening nazdimda, umuman, siz bilan menga o‘xshagan yoshini yashab, oshini oshagan kishilarga baribir.
P a s t o r M a n d ye r s. Eh, hazilingiz bor bo‘lsin! Ha-da, bugun bunchalik xushchaqchaq ekanligingiz tushunarli. Birlamchi, ertaga marosim, ikkilamchi, Osvaldni uyingizga olib kelib olganligingiz!
A l v i n g x o n i m. Ha, darvoqe, qanday baxt! Axir, o‘z uyida u ikki yildan ziyod bo‘lmaydi-ku. Endi esa butun qish mavsumini men bilan birga o‘tkazmoqchi.
P a s t o r M a n d ye r s. Shundaymi! Ha-da, bu nihoyatda farzandga xos mehribonlik. Binobarin, Rimda yoki Parijda yashash bu yerda yashashdan ko‘ra ancha-muncha ko‘ngilli bo‘lsa kerak.
A l v i n g x o n i m. Ha, to‘g‘ri, lekin bu yerda onasi bor. Eh, mening suxsur bolaginam, onaizorining mehriboni…
P a s t o r M a n d ye r s. Bordi-yu, judolik, san’at kabi mashg‘ulotlar undagi tabiiy his-tuyg‘ularni so‘ndirsa, juda achinarli bo‘lardi, albatta.
A l v i n g x o n i m. Nima ham deyish mumkin! Bu masalada undan tashvishlanmasa ham bo‘ladi. Shunisi qiziqki, siz uni ko‘rib taniysizmi, yo‘qmi? U hali bu yerga tushadi, hozir yuqorida, divanda dam olayotibdi… O‘tirsangiz-chi, marhamat, muhtaram Pastor.
P a s t o r M a n d ye r s. Tashakkur sizga. Demak, hozirdanoq ishga kirishaveramizmi?
A l v i n g x o n i m. Xuddi shunday. (Stolga yaqin o‘tiradi.)
P a s t o r M a n d ye r s. Juda soz. Mana shunday qilib… (Sumkasi qo‘yilgan stulga boradi va undan qog‘ozlar solingan jildni oladi. Stolning bir tomoniga o‘ltirib, qog‘ozlarni qo‘yishga joy mo‘ljallaydi.) Avvalambor… (Tutoqib.) Xo‘sh, ayting-chi, ushbu kitoblar qanday qilib bu yerga kelib qoldi?
A l v i n g x o n i m. Bu kitoblarmi? Bu, men o‘qiyotgan kitoblar.
P a s t o r M a n d ye r s. Hali, siz shunaqa narsalarni o‘qiysizmi?
A l v i n g x o n i m. Ha, shunday, o‘qiyman.
P a s t o r M a n d ye r s. Bunday kitoblarni o‘qib aqlingizga aql yoki baxtingizga baxt qo‘shilayotganini payqayotibsizmi?
A l v i n g x o n i m. O‘zimni xotirjamday sezayotibman.
P a s t o r M a n d ye r s. Qiziq. Juda qiziq, qanday qilib?..
A l v i n g x o n i m. Ha, men bu kitoblardan xayolimga kelgan juda ko‘p savollarga javob topayotibman. Shunisi qiziqki, pastor Manders, aslini olganda, bu kitoblarda ortiqcha gap yo‘q. Ko‘pchilik ham shunday deb o‘ylaydi, lekin o‘ziga hisob bermaydi yoki shunaqaligini tan olmaydi.
P a s t o r M a n d ye r s. Yo olloh! Qanday qilib, siz bunday kitoblarga ko‘pchilik ishonadi deb, jiddiy o‘ylay olasiz?..
A l v i n g x o n i m. Ha, jiddiy o‘ylaganda qandoq!
P a s t o r M a n d ye r s. Lekin, bizda emas-da? Bu yerda emas, albatta!
A l v i n g x o n i m. Yo‘q, nega bunday deysiz? Bizda ham xuddi shunday.
P a s t o r M a n d ye r s. Mayli, tan olaman!..
A l v i n g x o n i m. Xo‘sh, aslida sizning bunday kitoblarga qanday e’tirozingiz bor?
P a s t o r M a n d ye r s. E’tiroz… Siz meni bunaqangi asarlar bilan shug‘ullanmasligimni bilasiz-ku, axir.
A l v i n g x o n i m. Ya’ni siz, o‘zingiz qoralayotgan kitoblar bilan tanish ham emassiz?
P a s t o r M a n d ye r s. Bunday risolalarni rad etish uchun o‘qiganlarim yetarlik.
A l v i n g x o n i m. O‘zingizning shaxsiy mulohazalaringiz-chi?
P a s t o r M a n d ye r s. Muhtaram Alving xonim! Turmush jarayonida ko‘p masalalar muhokama qilinganda o‘zgalarning fikri bilan hisoblashishga to‘g‘ri keladi. Bu dunyoning ishi shunday, bir qaraganda, shunday ekanligi ham yomon emas. Aks holda jamiyatning holi ne kechardi.
A l v i n g x o n i m. Ha-da. Darvoqe, siz haqsiz.
P a s t o r M a n d ye r s. Mana shu bilan birga, bunday kitoblar kishini o‘ziga jalb etishi mumkinligini inkor qilmoqchi emasman. Shuningdek, bu masalada, ya’ni shu kunning sizda uyg‘otgan zamonaviylik an’anasi, ya’ni zikr etilishicha, o‘z o‘g‘lingizni uzoq muddatga yo‘llagan mislsiz jamiyatdagi tafakkur ila tanishish uchun bo‘lgan ishtiyoqingizda hech qanday qusur ko‘rmayman. Lekin…
A l v i n g x o n i m. Lekin?..
P a s t o r M a n d ye r s (ovozini sekinlatib). Lekin bunday narsalar haqida gapirilmaydi, Alving xonim. O‘zing to‘rt devor ichida o‘qigan, o‘zing fikr qilgan gapni birov yoki jamoat bilishining sira-sira hojati yo‘q.
A l v i n g x o n i m. Albatta. Men ham shunday fikrdaman.
P a s t o r M a n d ye r s. Diniy masalalarga butunlay boshqacha munosabatda bo‘lgan vaqtingizda bu yetimxonani qurishga, barpo etishga kirishganligingizni endi qanday baholashingiz haqida bir o‘ylab ko‘ring. Men esa o‘z navbatida buni qadrlayman, albatta.
A l v i n g x o n i m. Ha-da, fikringizga to‘la-to‘kis qo‘shilaman. Ammo yetimxona haqida biz…
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, biz yetimxona vajidan uchrashdik. Shunday qilib, bu masalada hushyor bo‘ling, muhtarama Alving xonim, endi o‘z ishlarimizga o‘taylik. (Jildni ochib, ichidan qog‘ozlarni oladi.) Mana, ko‘rdingizmi?
A l v i n g x o n i m. Hujjatlarmi?
P a s t o r M a n d ye r s. Hammasi shu yerda. Ish bitdi. Ishonchingiz komil bo‘lsinki, bu ishlarni o‘z vaqtida bajarish hazilakam ish bo‘lmadi. Bunday qarorlarni qabul qilish jarayonida hukmdor doiralar haddan tashqari injiqlik qiladilar. Mana endi hammasi joyida. (Qog‘ozlarni varaqlaydi). Mana bu tikib qo‘yilgan akt Rusenvoll mulkiga qarashli Sulvik chorbog‘ini nazar-niyoz qilganligingiz to‘g‘risida, — binobarin, yangidan qurilgan muhtasham maktab binosi, muallim va qorovullar uchun qurilgan uy. Mana bu qaror esa, mablag‘ ta’sislash va yangi yetimxonaning qonun-qoidasini tasdiqlash haqida, ko‘rdingizmi? (O‘qiydi.) “Kapitan Alving xotirasiga qurilgan bolalar uyining qonun-qoidasi”.
A l v i n g x o n i m (qog‘ozga uzoq tikilib qoladi). Nihoyat, shunday bo‘ldi!
P a s t o r M a n d ye r s. Men kamerger emas, kapitan unvonini ma’qul ko‘rdim. Har holda kapitan ulug‘sifat.
A l v i n g x o n i m. Ha-da, sizga ma’quli bizga ham ma’qul.
P a s t o r M a n d ye r s. Mana, jamg‘arma uchun omonat kassaning daftarchasi. Bundagi yig‘ilgan protsentlar yetimxona xarajatlarini qoplaydi.
A l v i n g x o n i m. Tashakkur. Lekin, baraka topkur, buni o‘zingizda saqlayvering, shu qulay.
P a s t o r M a n d ye r s. Juda soz. Fikrimcha, hozircha pulni omonat kassada saqlab turamiz. Bundan tushadigan daromad uncha ko‘p emas, bor-yo‘g‘i to‘rt protsent, bu ham omonatni yarim yilga qo‘yish sharti bilan. Bordi-yu, keyinchalik shu pulni kattaroq daromad keltiradigan qarzga berish imkoni tug‘ilib qolsa, o‘z-o‘zidan ma’lumki, pul qo‘lga kirishi bilan yana mufassalroq gaplashib olamiz.
A l v i n g x o n i m. Juda to‘g‘ri. Muhtaram Paster Manders, siz bu ishlarni mendan yaxshiroq bilasiz.
P a s t o r M a n d ye r s. Harholda bu ishdan voqif bo‘lib turaman. Lekin, yana bir masala borki, uni siz bilan hal qilib olishimiz kerak.
A l v i n g x o n i m. Qanday masala?
P a s t o r M a n d ye r s. Yangi binoni kafolatga topshirish kerakmi, yo‘qmi?
A l v i n g x o n i m. Shak-shubhasiz.
P a s t o r M a n d ye r s. To‘xtang, sabr qiling, bu masalani yaxshiroq o‘ylab ko‘raylik.
A l v i n g x o n i m. Men hamma narsani kafolatga topshiraman: qurilishni ham, mol-mulkni ham, don-dunni ham, sigir-buzoqni ham…
P a s t o r M a n d ye r s. To‘g‘ri, bu hammasi sizning shaxsiy mulkingiz. Men ham shunday qilaman. O‘z-o‘zidan ma’lum. Lekin bu yerdagi gap boshqa. Bu yetimxonaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi nihoyatda oliy, muqaddas…
A l v i n g x o n i m. Shunday bo‘lganda ham…
P a s t o r M a n d ye r s. Shaxsan men, bunday tadbir-chorani quvvatlayman, binobarin, har qanday tasodiflardan xoli bo‘lamiz.
A l v i n g x o n i m. Menga ham shunday tuyuladi.
P a s t o r M a n d ye r s. … Lekin bu yer ahli bu masalaga qanday qararkin? Siz ularni mendan yaxshiroq bilasiz.
A l v i n g x o n i m. Hm… bu yerliklar…
P a s t o r M a n d ye r s. Bu yer ahli ichidagi ancha-muncha baobro‘ kishilar ushbu ishni qoralashmasmikinlar?
A l v i n g x o n i m. Siz e’tiborli, baobro‘ kishilar deganingizda kimlarni nazarda tutayapsiz?
P a s t o r M a n d ye r s. Men shunday kishilarni nazarda tutayotibmanki, o‘z mansab va lavozimlariga ko‘ra daxlsiz va ta’sirchan bo‘lganliklari tufayli ular bilan hisoblashmaslikka iloj yo‘q.
A l v i n g x o n i m. Ha, shunday deb o‘ylaydigan kishilardan bir nechta topiladi, agar…
P a s t o r M a n d ye r s. Mana ko‘rdingizmi! Shahrimizda bundaylar ko‘p. Muqaddas ishga mukkasidan ketganlarni ko‘z oldingizga keltiring. Bu yo‘lga biz qo‘ygan qadam odamlar nazarida qalbimizdan imkon qochganday, ezgulikdan ixlosimiz qaytganday ko‘rinadi.
A l v i n g x o n i m. Siz, axir, muhtaram Pastor janoblari, bilasiz-ku…
P a s t o r M a n d ye r s. Men-ku, bilaman, bilaman. Shunday bo‘lishiga imonim komil, lekin el og‘ziga elak tutolmaysiz. Bunday bo‘lar-bo‘lmas gaplar muqaddas ishga xalal yetkazishi mumkin…
A l v i n g x o n i m. Ha. Bunday bo‘lsa, unda…
P a s t o r M a n d ye r s. Shuningdek, men o‘zimni noqulay ahvolga tushib qolishligimni e’tiborga olmasdan iloji yo‘q. Shahardagi mansabdor doiralar bu yetimxona taqdiri bilan juda qiziqishayotibdi. U qisman shahar ehtiyojiga xizmat qilishi kerakligi tufayli qashshoqlar masalasi birmuncha yengillashadi. Lekin men sizga maslahatgo‘y bo‘lganligim va ishning amaliy tomonlari bilan shug‘ullanganligim vajidan endi cherkov ixlosmandlarining xurujidan o‘zini ehtiyot qilishim lozim…
A l v i n g x o n i m. Ha, bunday xavf-xatardan o‘zingizni saqlashingiz kerak.
P a s t o r M a n d ye r s. Hali, mashhur gazeta va jurnallardan, shak-shubhasiz, boshimga yog‘iladigan hujum toshlarini hisobga olmaganda…
A l v i n g x o n i m. Bas, yetar, muhtaram pastor Manders. Shu fikrning o‘zi hamma ishni hal qiladi.
P a s t o r M a n d ye r s. Demak, siz kafolatga topshirishni istamaysiz.
A l v i n g x o n i m. Yo‘q. Bundan voz kechamiz.
P a s t o r M a n d ye r s (stulga suyanib). Bordi-yu, birorta baxtsizlik yuz bersa-chi? Buni bilib bo‘ladimi? Zararni siz qoplaysizmi?
A l v i n g x o n i m. Yo‘q, ochig‘ini aytganda, buni bo‘ynimga ololmayman.
P a s t o r M a n d ye r s. Alving xonim, bunday holda, bilsangiz, zimmamizga shunday mas’uliyatni olayotibmizki, odamni o‘ylashga majbur etadi.
A l v i n g x o n i m. Sizningcha, boshqacha yo‘l tutishimiz mumkinmi?
P a s t o r M a n d ye r s. Yo‘q, hamma gap shundaki, ilojimiz yo‘q. Biz o‘z haqimizda bo‘lar-bo‘lmas gaplarga yo‘l qo‘ymasligimiz va duogo‘ylarning nafratiga qolmasligimiz lozim.
A l v i n g x o n i m. Har holda, sizga, pastor bo‘lganligingiz uchun ham, bunday qilish hech to‘g‘ri kelmaydi.
P a s t o r M a n d ye r s. Menga ham bunday muassasani Tangri taolo ixtiyoriga havola qilishdan boshqa choram yo‘qday ko‘rinadi.
A l v i n g x o n i m. Tangriga iltijo qilamiz.
P a s t o r M a n d ye r s. Demak, shunday qoldiramiz.
A l v i n g x o n i m. Ha, shak-shubhasiz.
P a s t o r M a n d ye r s. Juda soz. Mayli, siz aytgancha bo‘lsin! (Yozadi.) Shunday qilib, kafolatga topshirilmaydi.
A l v i n g x o n i m. Qiziq, juda qiziq, kelib-kelib shu bugun gapirdingiz-a…
P a s t o r M a n d ye r s. Men bir necha marta bu haqda siz bilan gaplashmoqchi bo‘lgan edim.
A l v i n g x o n i m. Kuni-kecha bu uyning o‘t olishiga sal qoldi.
P a s t o r M a n d ye r s. Nima dedingiz?
A l v i n g x o n i m. Umuman olganda, hech gapmas, yongan narsa hammasi bo‘lib, duradgordan qolgan payrahalar.
P a s t o r M a n d ye r s. Engstran ishlagan joydan o‘t chiqdimi?
A l v i n g x o n i m. Aytishlaricha, u o‘t-olovga juda beparvo emish.
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, uning kallasi ming xil o‘y, ming xil aysh-ishrat bilan band. Xudoga shukurkim, harholda, endi eshitishimga qaraganda, u turmushini o‘nglab olmoqchiga o‘xshaydi.
A l v i n g x o n i m. Shundaymi? Kimdan eshitdingiz?
P a s t o r M a n d ye r s. Uning o‘zi aytdi. Buning ustiga, zahmatkash.
A l v i n g x o n i m. Ha, ichmaganda…
P a s t o r M a n d ye r s. Eh, bu qilmish-qidirmish! Lekin uning aytishicha, vaqt-bevaqt ichishiga nogiron oyog‘i sababmish. So‘nggi marta shaharga tushganida meni hayratda qoldirdi, bu yerdan unga ish topib berganligimdan, Reginani tez-tez ko‘rib turish imkoniyatiga ega bo‘lganligidan menga chin ko‘ngildan minnatdorchilik bildirdi.
A l v i n g x o n i m. U bilan, menimcha, tez-tez ko‘rishmasa kerak.
P a s t o r M a n d ye r s. Qanday bo‘ldi, u kunda uchrashamiz degandi-ku.
A l v i n g x o n i m. Ha, balki, shundaydir.
P a s t o r M a n d ye r s. U, kimdir yonida hamisha bo‘lishi kerakligini, yomon yo‘ldan qaytarib turishi lozimligini yaxshi biladi. Bu — Yakob Engstranning eng durust fazilati. Sho‘rlik notavon, o‘z qilmishidan o‘zi pushaymon. So‘nggi marta uchrashganimda, menga ochig‘ini aytdi… Quloq soling, Alving xonim, u Reginani o‘z yonida bo‘lishini chin ko‘ngildan istasa…
A l v i n g x o n i m (o‘rnidan “dik” turib). Reginani!
P a s t o r M a n d ye r s. … Siz qarshilik ko‘rsatmasligingiz kerak.
A l v i n g x o n i m. Yo‘q, qarshilik ko‘rsatganda qandoq! Ha, bundan tashqari… Regina yetimxonadan ish oladi.
P a s t o r M a n d ye r s. Lekin, o‘ylab ko‘ring, harholda, u qizga ota-ku.
A l v i n g x o n i m. Ey, men uning qanaqa ota bo‘lganligini yaxshi bilaman. Ha, uni otasi yoniga yubormaslik uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni qilaman.
P a s t o r M a n d ye r s (o‘rnidan turib). Ammo, Alving xonim, ko‘p tashvishlanavermang. Darvoqe, siz duradgor Engstranga bunchalik munosabatda bo‘lishingizning o‘zi kishini achintiradi. Hatto, siz qo‘rqib ketganday ham bo‘ldingiz…
A l v i n g x o n i m (xotirjamlik bilan). Bilmayman, qanday bo‘lmasin Reginani men o‘z uyimga, o‘z ixtiyorimga olganman, endi u hech qayoqqa ketmaydi. (Quloq solib.) Tss… bas, muhtaram pastor Manders, bu haqda boshqa gaplashmaymiz. (Xursandchilikdan kulib.) Eshitayotibsizmi? Osvald zinapoyadan tushib kelayotibdi. Endi faqat u bilan shug‘ullanamiz.

O s v a l d A l v i n g ustida yengil palto, qo‘lida shlyapa, uzun yog‘och trubkani
chekkan holda chap eshikdan kirib keladi.

O s v a l d (eshik oldida to‘xtab). Avf etasiz, men idorada bo‘lsangiz kerak deb o‘ylabman. (Yaqinlashib.) Salom-alaykum, pastor janoblari.
P a s t o r M a n d ye r s (hayratlanib). Voajabo!.. Taajjub!
A l v i n g x o n i m. Ha, endi bunga nima deysiz?
P a s t o r M a n d ye r s. Buni qarang-a… Nahotki, rost bo‘lsa?..
O s v a l d. Ha, shunday, pastor janoblari, sizning huzuringizda o‘sha adashgan o‘g‘il.
P a s t o r M a n d ye r s. Lekin, mening navqiron aziz do‘stim…
O s v a l d. O‘z uyiga qaytgan, deb qo‘shib ham qo‘yaylik.
A l v i n g x o n i m. Osvaldning rassom bo‘lishligiga siz qarshilik ko‘rsatgan kunlarga ishora qilayotibdi.
P a s t o r M a n d ye r s. Ancha-muncha narsaga inson ko‘zi shubha bilan qarashi mumkin, ammo keyinchalik… (Osvaldning qo‘lini qisadi.) Ofarin, ofarin! Lekin, aziz Osvald… Sizga shu xilda murojaat qilsam, ko‘nglingizga kelmaydimi?
O s v a l d. Boshqacha bo‘lishi ham mumkinmi?
P a s t o r M a n d ye r s. Juda soz. Shunday qilib, azizim Osvald, sizga aytsam, rassomlar tabaqasini o‘z-o‘zidan tahqirlayapti, deb o‘ylamang. Menimcha, bu doiradagi kishilarning ko‘pchiligi o‘z qalblarini pokiza tutishlari mumkin.
O s v a l d. Shunday deb umid qilamiz.
A l v i n g x o n i m (mamnunlik bilan). Men ham tani, ham dili pokligicha qolgan bir kishini bilaman. Unga nazar tashlang, pastor Manders!
O s v a l d (xona ichida yurib). Qo‘ying, oyi, bu gaplarni!
P a s t o r M a n d ye r s. Haqiqatan, buni inkor etib bo‘lmaydi. Buning ustiga siz shuhrat topayotibsiz. Gazetalar tez-tez nomingizni mamnuniyat bilan tilga olib turganliklarini bilamiz. Lekin, keyingi paytda jimib qolganday.
O s v a l d (gul yonida turib). So‘nggi kunlarda unchalik ko‘p ishlolmadim.
A l v i n g x o n i m. San’atkorga dam kerak.
P a s t o r M a n d ye r s. Tasavvur qila olaman. Harqalay, katta ish qilish uchun hozirlik ko‘rish, shaylanish lozim.
O s v a l d. Ha… Oyi, qachon ovqatlanamiz?
A l v i n g x o n i m. Yarim soatdan keyin. Ishtahasi, xudoga shukur, yomon emas.
P a s t o r M a n d ye r s. Chekishi ham.
O s v a l d. Men yuqorida otamdan qolgan trubkani topib oldim, mana endi…
P a s t o r M a n d ye r s. Mana masala qayerda!
A l v i n g x o n i m. Nima dedingiz?
P a s t o r M a n d ye r s. Osvald trubkani chekib, bu yerga kirganida uning otasi ko‘z oldimda tirik turganday bo‘ldi.
O s v a l d. Chindanmi?
A l v i n g x o n i m. Bunday deyishga qanday jur’at etdingiz? Osvald mening o‘zginam-ku.
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, ammo uning miyig‘idagi taxlar, lablarining allaqayerlari otasining xuddi o‘zginasi, ikki tomchi suvday. Ayniqsa, chekayotganda.
A l v i n g x o n i m. Menga unday ko‘rinmaydi. Aksincha, Osvald miyig‘idagi taxlar pastorlarning miyig‘ini eslatadi.
P a s t o r M a n d ye r s. Ha. Shunday. Darvoqe, hamkasblarim orasida miyig‘i shu xildagilar ko‘p.
A l v i n g x o n i m. Trubkangni qo‘y, bolaginam, bu yerda chekilsa turolmayman.
O s v a l d (itoatkorona). Jonim bilan. Shunchaki, tortib ko‘rayotgan edim, bolalikda bir chekkanimni eslab…
A l v i n g x o n i m. Senmi?
O s v a l d. Ha. Men hali unda bolakay edim. Bir oqshom otam xonasiga kirganim esimda. U juda xushchaqchaq ko‘rinardi…
A l v i n g x o n i m. Ey, u dovur sening yodingda yo‘q.
O s v a l d. Juda yaxshi eslayman. U meni tizzasiga o‘tqazib, trubka chekardi. Chek, o‘g‘lim, yaxshilab chek, dedi. Men jon-jahdim bilan tortdim, toki rangimdan qon qochib, manglayimni ter bosgancha. Shunda u qah-qah urib kuldi.
P a s t o r M a n d ye r s. Hmm… taajjub…
A l v i n g x o n i m. Eh, buni Osvald tushida ko‘rgan.
O s v a l d. Yo‘q, oyi, tushim emas, esingizdan chiqdimi, keyin kelib, meni bolalar xonasiga olib ketdingiz. U yerda mazam qochdi, siz yig‘ladingiz… Otam bunday qiliqlarni tez-tez qilib turarmidi?
P a s t o r M a n d ye r s. U yoshligida juda sho‘x bo‘lgan…
O s v a l d. Shunday bo‘lsa ham, umrida ancha ish qilib ketgan ekan-da. Biri-biridan foydali ishlar. Aslida ko‘p ham yashamagan.
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, siz chinakam zo‘r faoliyatli va baobro‘ nomga vorissiz, azizim Osvald! Alving! Umid qilamizki, uning ruhi sizni qo‘llab-quvvatlaydi…
O s v a l d. Shunday bo‘lishi ehtimol edi. Shunday bo‘lishi kerak edi.
P a s t o r M a n d ye r s. Harqalay, otangiz xotirasini sharaflash kuni uyga qaytib, juda ajoyib ish qilgansiz.
O s v a l d. Otam uchun bundan ko‘ra arzimas biror narsa qilishim mumkinmi?
A l v i n g x o n i m. Hammasidan muhimi menga, bu yerda — yonimda uzoqroq turishga rozilik berganligidir!
P a s t o r M a n d ye r s. Bu yerda qishlab qolasiz deb eshitdim.
O s v a l d. Mening bunda qancha bo‘lishim aniq emas, pastor janoblari… Eh, uyingda bo‘lish qandoq yaxshi!
A l v i n g x o n i m (xursand bo‘lib). Ha, rostdan ham shundaymi?
P a s t o r M a n d ye r s (quvvatlaganday qarab). Siz o‘z oshiyoningizdan juda erta qanot qoqdingiz, azizim Osvald!
O s v a l d. Ha, ba’zan nazdimda haddan ziyod erta ko‘rinadi.
A l v i n g x o n i m. Buni qarang! Baquvvat, sog‘lom bola uchun bu kerak. Ayniqsa, yolg‘iz o‘g‘ilga. Bunday bolani ota-ona qanotida asrashning hojati yo‘q. Boqibeg‘am bo‘lib o‘sadi.
P a s t o r M a n d ye r s. Bu hali hal bo‘lmagan masala, Alving xonim. Ota-ona uyi bola uchun hamisha eng yaxshi istiqomat joyi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.
O s v a l d. Pastor fikriga qo‘shilaman.
P a s t o r M a n d ye r s. Mana, o‘g‘lingizni olaylik. Oldida gapirsak, hechqisi yo‘q… Xo‘sh, o‘z uyidan ketish unga ne foyda berdi? U hozir yigirma olti-yigirma yettiga borib qolgan bo‘lsa ham, haligacha uy-joy nimaligini bilmaydi.
O s v a l d. Avf etasiz, pastor janoblari, bu masalada adashayotibsiz.
P a s t o r M a n d ye r s. Shundaymi? Men sizni deyarli rassomlar doirasida bo‘lgansiz deb o‘ylagandim.
O s v a l d. Ha, shunday.
P a s t o r M a n d ye r s. Ayniqsa yoshlar davrasida.
O s v a l d. Bu ham to‘g‘ri.
P a s t o r M a n d ye r s. Fikrimcha, ularning na uylanishga, na uy-joy qilishga qurbi yetadi?!
O s v a l d. To‘g‘ri, pastor janoblari, ko‘pchiligining uylanish imkoniyati yo‘q.
P a s t o r M a n d ye r s. Men ham shuni aytayotibman-da…
O s v a l d. Lekin bu narsa ularga uy-joy qilishga hech qanday xalaqit bermaydi. Ba’zi birlarining esa shinamgina uy-joylari ham bor.

Alving xonim suhbatni diqqat-e’tibor bilan kuzatarkan,
boshini chayqab qo‘yadi.

P a s t o r M a n d ye r s. Men bo‘ydoqlarga uy-joy haqida gapirayotganim yo‘q. Uy-joy deganimda oila, xotin, bola-chaqani nazarda tutayapman.
O s v a l d. To‘g‘ri, boshqacha qilib aytganda, o‘z bola-chaqasi bilan yoki bola-chaqasining onasi bilan turadi.
P a s t o r M a n d ye r s (qo‘l siltab qaltiraydi). Ey, xudovandi karim!
O s v a l d. Nima bo‘pti?
P a s t o r M a n d ye r s. O‘z bola-chaqasining onasi bilan yasharmish!
O s v a l d. Sizning fikringizcha, o‘z bolalarining onasidan voz kechishi kerakmi?
P a s t o r M a n d ye r s. Demak, siz qonunsiz munosabat haqida gapirayotibsiz? Ya’ni “harom” nikoh to‘g‘risida?
O s v a l d. Er-xotinning bunday turish-turmushida haromlikni sezganim yo‘q.
P a s t o r M a n d ye r s. Lekin, nahotki erkak yoki xotin shunday turish-turmushga rozi bo‘lsa, hammaning ko‘z o‘ngida?
O s v a l d. Ularning nima ham iloji bor? Sho‘rlik yosh rassom, qashshoq qiz… Uylanishga pul kerak. Boshqa nima ham qila olardilar?
P a s t o r M a n d ye r s. Nima ham qila olardilar, deysizmi? Mana men sizga, janob Alving, nima qilishlari kerakligini aytib beraman. Avval-boshdan o‘zlarini bir-birovlaridan olis tutishlari lozim, mana, masala qayerda!
O s v a l d. Siz bunday va’z-nasihatlar bilan oshiq-ma’shuq qalblarni to‘xtatolmaysiz.
A l v i n g x o n i m. To‘xtatolmasligingiz turgan gap.
P a s t o r M a n d ye r s (davom etib). Hayronman, qanday qilib, bunday sharmandalikka hokimi mutloq chidaydi?! Buning ustiga, ochiqdan-ochiq yo‘l qo‘yib qo‘yishgan. (Alving xonim huzurida to‘xtab.) Mana, ko‘rdingizmi, o‘g‘lingiz haqida bekordan-bekorga tashvishlanmagan ekanman-a? Axloqsizlik shunchalik yalang‘och ko‘ringan, hatto odat tusiga kirib ketgan bunday doiralarda…
O s v a l d. Ruxsat eting, pastor janoblari sizga aytsam, men har yakshanba ikki-uch shunday “qing‘ir” oilalarda bo‘lganman.
P a s t o r M a n d ye r s. Yana yakshanba kunlari-ya!
O s v a l d. Bo‘lmasa qaysi kuni? Ammo u oilalarda axloqsizlik u yoqda tursin, hatto bir og‘iz ham noma’qul gap eshitganim yo‘q. Bilasizmi, men rassomlarning qaysi doiralarida axloqsizlikning guvohi bo‘ldim?
P a s t o r M a n d ye r s. Yo‘q, xudoga shukur, bilmayman.
O s v a l d. Sizga shu narsani aytishga jur’at eta olaman. Bunday axloqsizlikni biz rassomlarga hurmat bildirib, g‘arib qovoqxonalarimizga biror sersavlat hamshaharlarimizdan, timsol bo‘la oladigan erlardan, oilaboshi otalardan kelishganda ko‘rganman. Ana o‘shanda xo‘p eshitganmiz! Bu janoblar bizga shunday gaplarni aytib berishganki, yetti uxlab tushimizga ham kirmagan.
P a s t o r M a n d ye r s. Nima deyapsiz? Siz o‘sha sersavlat hamshaharlarimizni shunaqa kishilar deb…
O s v a l d. Siz chet ellarga borib kelgan o‘sha odamlardan u yoqlarda axloqsizlik avj olib ketayotganligini eshitmaganmisiz?
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, endi…
A l v i n g x o n i m. Men ham eshitganman.
O s v a l d. Eshitgan bo‘lsangiz, bemalol ishonavering. Ularning ichida uchiga chiqqanlari ham bor. (Boshini ushlab.) Eh! Yana shunday gaplardan keyin, go‘zal, munavvar, erkin hayot yuziga loy chaplash mumkinmi!
A l v i n g x o n i m. Bunchalik hayajonlanma, Osvald, senga mumkin emas.
O s v a l d. Siz haqsiz. Mumkin emas… Bu hammasi la’nati charchash oqibati, bilasan. Men ketdim, ovqatgacha bir aylanib kelaman. Avf eting, pastor janoblari, mendan xafa bo‘lmang, birdan tutoqib ketdim. (O‘ngdagi ikkinchi eshikdan chiqib ketadi.)
A l v i n g x o n i m. Sho‘rlik bolaginam!..
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, nima desa ham bo‘ladi. Mana masala qayerga borib yetgan!
Alving xonim unga tikilib qoladi. Dam oldinga, dam orqaga yuradi.
— U o‘zini adashgan o‘g‘il deb atadi. Shunday, evoh! Evoh!

Alving xonim avvalgiday jimgina unga tikiladi.

— Xo‘sh, siz bu gapga nima deysiz?
A l v i n g x o n i m. Osvaldning hamma gapi to‘g‘ri.
P a s t o r M a n d ye r s (to‘xtab). To‘g‘ri! To‘g‘ri!.. Shunday fikrda bo‘laturib, haqmi?
A l v i n g x o n i m. Tanholigimda men ham shunday fikrga kelganman, pastor janoblari, lekin bunday mavzularga yondoshishga jur’at etolmagan edim. Mana, endi, o‘g‘lim men uchun gapirishga haqli.
P a s t o r M a n d ye r s. Ahvolingizga achinsa bo‘ladi, Alving xonim. Endi, sizni jiddiy ogohlantirib qo‘yishim kerak. Endilikda meni huzuringizdagi maslahatgo‘y va ishonchli kishigina emas, sizning va eringizning eski do‘sti ham emas, balki o‘z umringizning eng dahshatli haqiqatlarida turib bergan ma’naviy otangiz, deb bilgaysiz.
A l v i n g x o n i m. Xo‘sh, ma’naviy otam menga nima demoqchi ekanlar?
P a s t o r M a n d ye r s. Avvalambor, xotirangizga ravshanlik kiritmoqchiman. Hozir eng qulay payt. Ertaga eringiz o‘lganiga o‘n yil bo‘ladi, marhum xotirasiga obida qo‘yiladi. Men xaloyiq oldida chiqib gapiraman… Bugungi so‘zimni o‘zingizgagina bag‘ishlayman.
A l v i n g x o n i m. Yaxshi, pastor janoblari, gapiravering.
P a s t o r M a n d ye r s. Esingizdami, nikoh to‘yingizdan keyin bir yil o‘tar-o‘tmas, jar yoqasiga borib qoldingiz? Uy-joy, oilangizni tashlab, eringizdan qochib ketdingiz… Shunday, Alving xonim, qochib ketgansiz, ha, qochgansiz, uning yolborishlariga qaramasdan qaytishdan voz kechgansiz!
A l v i n g x o n i m. Erga tekkan yilim nechog‘lik baxtiqaro bo‘lganligim yodingizdan ko‘tarildimi?
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, ana shu-da, bu dunyoda baxtga hirs qo‘yishning o‘zi isyonkor ruh bilan sug‘orilgan! Biz, odamlar, baxt da’vo qilishga qanday haqqimiz bor? Yo‘q, Alving xonim, biz o‘z burchimizni ado etishimiz kerak. Shuningdek, sizning burchingiz — bir umrga o‘zingiz tanlagan va Tangri taolo boshingizni qovushtirgan kishiga hamisha vafodor bo‘lmoqni taqozo etardi.
A l v i n g x o n i m. Siz, Alving, o‘sha vaqtlarda nechog‘lik aysh-ishratga berilganligingizni bilarmidingiz?
P a s t o r M a n d ye r s. U haqida shunday gaplar bo‘lganligidan xabarim bor. Agar o‘sha gap-so‘zlarga ishonish kerak bo‘lsa, men uning yoshligidagi xulq-atvorini hammadan ko‘ra ko‘proq qoralayman. Lekin, xotin kishi o‘z eriga qozilikka qo‘yilmagan. Sizning vazifangiz parvardigorning irodasi bilan zimmangizga yuklangan burchni bo‘yin tovlamay ado etishdan boshqa gap emas edi. Siz esa fig‘oningiz falakka chiqib, ushbu burchni tark etdingiz, toygan kishiga suyanchiq bo‘lish o‘rniga, uni tashlab ketdingiz, shunday qilib, o‘z sha’ningizga gap tegizdingiz, o‘zgalarning sha’nini ham bulg‘ashingizga sal qoldi.
A l v i n g x o n i m. O‘zgalarni? O‘zgani demoqchisiz?
P a s t o r M a n d ye r s. Mening uyimdan o‘zingizga panoh izlaganingiz nihoyatda bema’nilik bo‘lgan.
A l v i n g x o n i m. Ma’naviy otamizning uyidan-a? Oilamizning do‘stinikidan qidirganim-a?
P a s t o r M a n d ye r s. Shuning uchun tangriga shukur qilingki, irodam shunchalik mustahkam ekan… Sizni buzuq niyatlaringizdan xalos etib, Tangri taoloning qudrati ila to‘g‘ri yo‘lga solib, o‘z uyingizga, o‘z eringizga qaytara oldim.
A l v i n g x o n i m. Ha, pastor Manders, bu, shak-shubhasiz, sizning xizmatingiz.
P a s t o r M a n d ye r s. Men bu masalada xudovandi karimning ixtiyoridagi bir bandai mo‘minman, xolos. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, nimaiki qilgan bo‘lsam, bari sizning sha’ningizga, kelajak umringizga foydali bo‘lmadimi? Aytganlarim kelmadimi? Alving adashgan yo‘lidan yuz o‘girmadimi, tavbasiga tayanmadimi? Xullas, o‘shandan keyin to umrining oxirigacha siz bilan o‘tgan kunlari tinch-totuv va mehru muhabbatli bo‘lmadimi? O‘z yurtining saxovatli kishisi bo‘lib tanilmadimi, sizni o‘z korxonalarining hammasida o‘ziga ko‘makdosh bilib, nomingizni ulug‘lamadimi? Maqtasa maqtaguday ishbilarmon ko‘makchi — ha, bu menga ma’lum, Alving xonim. Men buning uchun tasanno deyishim kerak. Mana, endi men umringizda ikkinchi marta ro‘y berib turgan xatolikning guvohi bo‘lib turibman.
A l v i n g x o n i m. Bu bilan nima demoqchisiz?
P a s t o r M a n d ye r s. Bir vaqt jufti halollikdan bosh tortganday, keyinchalik onalik burchingizdan ham yuz o‘girdingiz.
A l v i n g x o n i m. Nima-nima?..
P a s t o r M a n d ye r s. Siz o‘z irodangizning mash’um ruhiga hamisha qul bo‘lib keldingiz, hamisha bebosh, qonun-qoidasiz hayotga xayrixohlik ko‘rsatdingiz. Siz burchga hamisha sabru toqatsizlik bilan qaradingiz. Hech narsadan andisha qilmay, vijdoningiz oldida xijolat chekmay, zimmangizdagi yukni ko‘tarish-ko‘tarmaslik xuddi o‘zingizga bog‘liq bo‘lganday uni yelkangizdan irg‘itib tashlamoqchi bo‘ldingiz. Sizga jufti halollik burchi malol kelib qolganligidan undan qo‘l siltadingiz, onalik burchi og‘irlik qilganday o‘z o‘g‘lingizni begona kishilar ixtiyoriga topshirdingiz.
A l v i n g x o n i m. To‘g‘ri, shunday qilganman.
P a s t o r M a n d ye r s. Shuning uchun ham o‘z o‘g‘lingizga begona bo‘lib qolgansiz.
A l v i n g x o n i m. Yo‘q, yo‘q, unday emas.
P a s t o r M a n d ye r s. Shunday. Shunday ham bo‘lishi kerak edi. Siz uni qanday topdingiz? O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Alving xonim, siz eringiz oldida, darhaqiqat, gunohkorsiz, uning xotirasiga obida qo‘yish bilan gunohingizga iqror bo‘layotibsiz. O‘g‘lingiz oldidagi gunohlaringizni ham tan oling. Balki, uni hali haqqi halol yo‘lga qaytarishga vaqt bordir. Bu masalada o‘zingiz bosh qotirib, uni qolgan-qutgan xatolardan saqlab qoling. Ha-da, (ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘tarib). Xudo haqqi, osiy volidasiz, Alving xonim! Sizga buni aytib qo‘yishni burchim deb bilaman.

Sukunat.

A l v i n g x o n i m (sekin-asta, o‘zini tutib olib). Shunday qilib, hozir ko‘nglingizdagi gaplarni aytib oldingiz, ertaga erim xotirasiga bag‘ishlab xaloyiq oldida va’z so‘zlaysiz. Men esa ertaga gapirmayman. Ammo, endilikda, men ham siz bilan xuddi siz men bilan gaplashganday gaplashib olmoqchiman.
P a s t o r M a n d ye r s. O‘z-o‘zidan ma’lumki, o‘zingizni oqlamoqchi bo‘lasiz…
A l v i n g x o n i m. Yo‘q. Unday emas, bor gapni aytmoqchiman, xolos.
P a s t o r M a n d ye r s. Xo‘sh?
A l v i n g x o n i m. Siz hozir aytgan hamma gaplaringizni, ya’ni aytishingizcha, meni egri yo‘ldan to‘g‘ri yo‘lga solganingizdan keyingi erim haqida, bizning turmushimiz haqida aytgan gaplaringizni… o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rganingiz yo‘q. O‘shandan keyin siz bizning do‘stimiz va hamisha aziz mehmonimiz bo‘laturib, xonadonimizga kelmay qo‘ydingiz.
P a s t o r M a n d ye r s. Shu gaplardan keyinoq sizlar shahardan ko‘chib ketdingizlar-da.
A l v i n g x o n i m. Ha, lekin siz hali erim ko‘zi tirikligida bu joyimizga biror marta bo‘lsa ham kelganingiz yo‘q. Sizning kelishingizga zimmangizga olgan mana shu ishlar — yetimxona qurilishi sabab bo‘ldi.
P a s t o r M a n d ye r s (sekin, hadiksirab). Elena… Bordi-yu, gina qilayotgan bo‘lsangiz, iltimos qilardimki, ba’zi bir hollarni e’tiborga…
A l v i n g x o n i m. … Lavozimingizni, unvoningizni olishimni… Ha. Buning ustiga men o‘z erimni tashlab qochgan xotin edim. Bunday tentak xotinlardan iloji boricha nariroq turish kerak edi-da, axir.
P a s t o r M a n d ye r s. Azizim… Alving xonim, siz haddan tashqari mubolag‘a qilib yubordingiz…
A l v i n g x o n i m. Ha, shunday bo‘lsa, bo‘la qolsin, aytmoqchi bo‘lgan gapim shuki, mening oilaviy hayotim haqida, o‘ylamay-netmay, ko‘cha-ko‘ydagi gaplarga ishonib fikr yuritayotibsiz.
P a s t o r M a n d ye r s. Bordi-yu, shunday bo‘lsa, nima bo‘pti?
A l v i n g x o n i m. Men sizga hozir bo‘lgan gapni aytib beraman, Manders. Buni sizning o‘zingizga, yolg‘iz o‘zingizga qachondir aytib berish uchun ont ichganman.
P a s t o r M a n d ye r s. Xo‘sh, bo‘lgan gap nimadan iborat ekan?
A l v i n g x o n i m. Shundan iboratki, erim bu dunyoda qanchalik rasvo bo‘lgan bo‘lsa, u dunyoga ham o‘shanday ketdi.
P a s t o r M a n d ye r s (stul suyanchig‘ini ushlab turib). Nimalar deyapsiz?
A l v i n g x o n i m. O‘n to‘qqiz yil turmush qilganimizdan keyin ham, siz bizni nikohlashingizdan avval qanday buzuqbosh yoki o‘z ehtiroslarining quli bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shundayligicha o‘lib ketdi.
P a s t o r M a n d ye r s. Demak, siz yoshlik xatolarini, ba’zi bir yo‘ldan toyishlarini… Boring-chi, aysh-ishratlarini buzuqboshlik demoqchi bo‘lasizmi!
A l v i n g x o n i m. Xonadonimiz vrachi shunday deb atardi.
P a s t o r M a n d ye r s. Sizni hech tushunolmayapman.
A l v i n g x o n i m. Tushunishning hojati ham yo‘q.
P a s t o r M a n d ye r s. Boshim qotdi. Demak, sizning er-xotinligingiz, bir yostiqqa bosh qo‘yib, ko‘rgan uzoq umringiz jahannamning, xaspo‘shlagan jahannamning o‘zginasi ekan-da?
A l v i n g x o n i m. Xuddi shunday. Endi sizga ma’lum.
P a s t o r M a n d ye r s. Bunga… bunga tezda ko‘nikishim qiyin. Hazm qilolmayman… Nahotki, shunday bo‘lishi mumkin?.. Qanday qilib, el ko‘zidan yashirinib qoldi ekan?..
A l v i n g x o n i m. Oshkor bo‘lmasligi uchun men kechayu kunduz tinmasdan kurashdim. Osvald tug‘ilganda Alving biroz yuvvosh tortganday bo‘ldi. Bu ko‘pga bormadi. Men esa o‘g‘limning otasi kim va qanaqaligini hech kim, hech qachon bilmasligi uchun yanada battarroq kurashdim. Buning ustiga, erimning yoqimtoyligini, hammaga yoqishligini bilardingiz-ku, u haqda yomon fikrda bo‘lish kimning xayoliga kelibdi? U shunday odamlardan ediki, qanday noma’qulchilik qilsa ham, xaloyiq oldida boyagiday o‘z obro‘sida qolaverardi. Mana endi Manders, bu yog‘ini ham bilib qo‘ying… Oxiri shunday bo‘ldiki, ish razillikka borib yetdi.
P a s t o r M a n d ye r s. Ilgarigisi holva bo‘lib qoldi deng?
A l v i n g x o n i m. Avval boshda bunga unchalik e’tibor bermadim. Holbuki, ko‘cha-ko‘yda mendan yashirib qilib yurgan ishlarini juda yaxshi bilardim. Bunday sharmandalik uyimizga kirib kelganda…
P a s t o r M a n d ye r s. Nima, nima? Shu yerda deysizmi?
A l v i n g x o n i m. Ha, xuddi shu joyda, o‘z uyimizda. Ana unda (barmog‘i bilan o‘ng qo‘ldagi birinchi eshikni ko‘rsatib). Yemakxonada bu gapdan birinchi xabar topdim. Nima bo‘ldi-yu, men o‘sha tomonga o‘tdim, lekin eshikni zich yopmagan ekanman. Bir vaqt, quloq solsam, uy cho‘rimiz chorbog‘dan ayvonga chiqib gullarga suv sepayotibdi…
P a s t o r M a n d ye r s. Xo‘sh, xo‘sh?
A l v i n g x o n i m. Ko‘p fursat o‘tmasdan Alving kirdi va unga shivirlab allanimalar dedi-da, birdan… (Asabiy kulib.) Oh, bu eshitgan so‘zlarim hamon qulog‘imda allaqanday yangraydi, eslasam, qaltirab ketaman, aql bovar qilmaydi ham!.. Mening cho‘rim unga pichirlab: “Qo‘yib yuboring, janob kamerger, qo‘yib yuboring!” deganini o‘z qulog‘im bilan eshitganman.
P a s t o r M a n d ye r s. Qanday yarashmagan, bema’nilik! Lekin bu gaplarning hammasi bema’nilikdan bo‘lak narsa emas, Alving xonim. Ha, ishonavering!
A l v i n g x o n i m. Nimaga ishonishim kerakligini bilib oldim. Kamerger o‘sha qizdan shunday narsa orttirdiki… Keyinchalik bu munosabat ko‘rsatadiganini ko‘rsatdi, pastor Manders.
P a s t o r M a n d ye r s (hushi uchib). Hamma ish shu uyda bo‘ldi deng! Shu uyda!
A l v i n g x o n i m. Men bu uyda ko‘p narsaga chidadim. Uni oqshomlari, kechalari ham, shu uyda olib qolish uchun ulfatchilik qildim, yuqorida yotib olib ichgan kunlari unga sherik bo‘ldim… U bilan o‘ltirardim, urishtirib ichardim, poyma-poy gaplariga, aljirashlariga quloq solardim, keyin o‘rniga olib borib yotqizish uchun mushtlashishimizga sal qolardi…
P a s t o r M a n d ye r s (hangu-mang bo‘lib). Siz shularning hammasiga chidarmidingiz, hammasiga-ya!
A l v i n g x o n i m. Birgina o‘g‘lim tufayli hammasiga chidardim. Ammo, oxirgi marta oyog‘osti qilganda o‘z cho‘rim bilan… Men o‘z-o‘zimga qasamyod qildimki, bu ishga endi barham berish kerak! Shunday qilib hukmi oliyni o‘z qo‘limga oldim, uyda aytgani-aytgan, degani-degan beka bo‘lib qoldim, uning o‘ziga ham, boshqalarga ham so‘zim o‘tardi… Endi mening qo‘limda unga qarshi qurol paydo bo‘ldi, g‘iring deyolmas edi. Mana o‘shanday bir paytda Osvaldni jo‘natdim. U yetti yoshga qadam qo‘yib, uncha-muncha narsani payqaydigan, hamma bolalarga o‘xshash savol beradigan bo‘lib qolgan edi. Men bunga chidolmadim, Manders. Mening nazdimda, bola bu uyda nafas olganda havo bilan birga mikroblarni ham qo‘shib yutayotganday ko‘rinardi. Mana, nima uchun men uni jo‘natib yubordim. Endi siz ham, menga otasining ko‘zi tirikligida o‘z uyining ostonasini bir marta bo‘lsa ham bosmaganligini tushungandirsiz. Men chekkan bu azoblarni hech kim bilmaydi.
P a s t o r M a n d ye r s. Xudo haqqi, juda ko‘p azob-uqubat chekkansiz!
A l v i n g x o n i m. Agar yumush bilan band bo‘lmaganimda bunga bardosh berolmasdim. Ha, jur’at bilan aytolamanki, mehnat qildim. Mana, bu yer maydonlarini kengaytirilganligi, yaxshilanganligi, parvarish topganligi, foydali yangi qo‘llanmalarni joriy etilganligi tufayli Alvingni maqtab, ko‘klarga ko‘tardilar, o‘ylaysizki, uning bunga g‘ayrat-shijoati yetarmidi? Xudoning bergan kuni u divanga cho‘zilib, eski-tuski adras-taqvimlarni varaqlardi! Yo‘q, endi men sizga hamma gapni aytib beraman. Uning ishi o‘ngidan kelgan kunlari bunday sharoitni unga men o‘zim yaratib berganman, jinnisi tutib, yana ichib rasvoi raddi ma’raka bo‘lgan kezlari butun og‘irlikni o‘z yelkamga olganman, u bo‘lsa tarala bedod!..
P a s t o r M a n d ye r s. Hali siz shunday kishiga haykal qo‘ymoqchimisiz?
A l v i n g x o n i m. Mening nopok vijdonim ana shuni da’vat qilayotibdi.
P a s t o r M a n d ye r s. Nopok… bu qanday bo‘ldi?
A l v i n g x o n i m. Menga hech qachon haqiqat yuzaga chiqmasdan iloji yo‘qday tuyulardi. Shunday qilib, mana bu yetimxona hamma gap-so‘zlarni shak-shubhalarning ustini xaspo‘shlaydiganday tuyulardi.
P a s t o r M a n d ye r s. Siz, albatta, o‘z hisob-kitobingizda adashganingiz yo‘q.
A l v i n g x o n i m. Menda bunga yana boshqa sabab bor edi. Lekin mening o‘g‘lim Osvald o‘z otasining biror narsasiga merosxo‘r bo‘lishini xohlamadim.
P a s t o r M a n d ye r s. Alvingning puliga-ya?
A l v i n g x o n i m. Ha. Men har yili bu yetimxona uchun daromadning bir qismini yig‘ib bordim, toki leytenant Alving uylangungacha uning qo‘lida qancha pul bo‘lgan bo‘lsa, shuncha bo‘ldi.
P a s t o r M a n d ye r s. Gaplaringizni tushunib turibman.
A l v i n g x o n i m. Menga qancha pul sarflagan bo‘lsa, shuncha pul to‘pladim. Men bu pulning Osvaldga o‘tishini sira istamayman. Mening o‘g‘lim kerak bo‘lgan butun dov-dastakni mendan qabul qilib olishi kerak.

Osvald Alving o‘ng tomondagi eshikdan kiradi, na boshida shlyapa,
na egnida palto bor. Alving xonim unga yuzma-yuz boradi.

Darrov qaytib keldingmi, bolaginam?
O s v a l d. Iloji yo‘q. Sayr etib bo‘lmaydi, yomg‘ir sharros quyayotibdi. Eshitishimcha, hozir dasturxonga o‘tirishimiz kerak, shundaymi? Ko‘ngildagi ish!
R ye g i n a (qo‘lida paket bilan yemakxonadan chiqib keladi). Bu maktub sizga, beka oyim. (Uzatadi.)
A l v i n g x o n i m (pastorga qaraydi). Ehtimol, ertangi bo‘ladigan marosim ochilishiga debochadir.
P a s t o r M a n d ye r s. Himm…
R ye g i n a. Dasturxon tayyor.
A l v i n g x o n i m. Juda soz. Hozir boramiz. Men faqat bir narsani istardim… (paketni ochadi).
R ye g i n a (Osvalddan). Ko‘ngillari qizil yoki oq portveynni tusaydimi, janob Alving?
O s v a l d. Uni ham, buni ham, oyposhsha Engstran.
R ye g i n a. Bien!1 xo‘p bo‘ladi janob Alving. (Emakxonaga kirib ketadi.)
O s v a l d. Shishalarni ochishga yordamlashish kerak… (Uning ortidan boradi, eshikni qattiq yopmaydi.)
A l v i n g x o n i m (paketni ochib). Ha, shunday deb o‘ylagan edim. Ertangi marosimga debocha, pastor Manders.
P a s t o r M a n d ye r s (qo‘llarini qovushtirib). Ertaga nutq so‘zlashga menda jur’at yetarmikin?
A l v i n g x o n i m. Qanday bo‘lmasin, bir amallaysiz-da!
P a s t o r M a n d ye r s (emakxonadagilar eshitmasligi uchun sekin gapiradi). Ha, kishilarning yuragiga o‘t yoqmaslik kerak-ku, axir!
A l v i n g x o n i m (ovozini pastlab, qatiyat bilan). Ha, shunday. Ammo bundan keyin tamom-vassalom. Uzoq cho‘zilgan azob-uqubatli komediya tugaydi. Erta o‘tib indinga men uchun marhum yo‘q, go‘yoki hech qachon bu uyda u yashamaganday. Bu yerda faqat mening o‘g‘lim o‘z onasi bilan qoladi, xolos.

Emakxonada shovqin-suron ko‘tariladi, stul ag‘anagani eshitiladi va
Reginaning keskin shivirlashi quloqqa uriladi.

“Osvald! Esingni yedingmi? Qo‘yib yubor meni!” (Alving xonim qaltirab ketadi.) Nima! (Qiya ochiq qolgan eshikdan esdan oqqanday qaraydi.)

Emakxonadan avval Osvaldning yo‘tal tovushi keladi, so‘ng allaqanday qo‘shiqni xirgoyi qilgani va nihoyat shishalarning og‘zini ochganligi eshitiladi.

P a s t o r M a n d ye r s (jirkanib). Bu qanday bema’nilik? Qanday gap bu, Alving xonim?
A l v i n g x o n i m (xirillab). Arvohlar! Ayvondagi oshiq-ma’shuqlar… U dunyo kelgindilari…
P a s t o r M a n d ye r s. Nimalar deyayotibsiz? Regina? Demak, u?…
A l v i n g x o n i m. Ha, shunday, qani ketdik. Tuya ko‘rdingmi — yo‘q!.. (Pastorning qo‘lidan ushlab, aldam-qaldam oyoq bosib, u bilan yemakxonaga kirib ketadilar).

P a r d a.

IKKINChI KO‘RINISh

O‘sha xona. Tashqarida hamon quyuq tuman qoplagan manzara. P a s t o r M a n d ye r s bilan A l v i n g x o n i m yemakxonadan chiqib kelishadi.

A l v i n g x o n i m (ostonaga yetar-etmas). Osh bo‘lsin, janob pastor. (Oshxona tomonga o‘girilib.) Osvald, sen biz bilan birga yurmaysanmi?
O s v a l d (emakxonada turib). Yo‘q, takliflaringiz uchun tashakkur, picha aylanib kelsam, deb turibman.
A l v i n g x o n i m. Bora qol, bora qol. Yomg‘ir ham to‘xtadi. (Emakxonaning eshigini yopib, dahliz eshigiga yaqinlashadi.) Regina!
R ye g i n a (kiraverish xonadan turib). Labbay?
A l v i n g x o n i m. Dazmollaydigan xonaga borib, gulchambarlar tayyorlashga yordamlashib yubor.
R ye g i n a. Xo‘p bo‘ladi, beka oyim.

Alving xonim Reginaning chiqib ketganligiga qanoat hosil qilgach,
eshikni yopib orqaga qaytadi.
P a s t o r M a n d ye r s. Bu yerdagi gap o‘g‘lingizga eshitilmas-a?
A l v i n g x o n i m. Yo‘q, eshik yopib qo‘yilsa, eshitilmaydi. Darvoqe, u hozir chiqib ketadi.
P a s t o r M a n d ye r s. Men hamon o‘zimga kela olmayapman. Taomlaringiz qanchalik lazzatli bo‘lmasin, tomog‘imdan o‘tmaganiga hayronman.
A l v i n g x o n i m (hayajonini bosish uchun u yoqdan-bu yoqqa yurib). Men ham gangib qoldim. Endi nima qilamiz?
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, nima qilish kerak? Rostini aytsam, aqlim bovar qilmayapti. Bunaqa ishlarda mening hech qanaqa tajribam yo‘q.
A l v i n g x o n i m. Men aminmanki, hali masala ishkal bo‘lishga yetganicha yo‘q.
P a s t o r M a n d ye r s. Yo‘q, xudo asrasin! Ammo, har qalay, nojo‘ya ishning boshlangani aniq.
A l v i n g x o n i m. Xotiringiz jam bo‘lsin, bu Osvaldning shunchaki sho‘xligidan bo‘lak narsa emas.
P a s t o r M a n d ye r s. Takror aytaman, bunaqa ishlarga mening aqlim yetmaydi, shunday bo‘lsa ham nazarimda…
A l v i n g x o n i m. Reginani bu yerdan uzoqlashtirish kerak, albatta. Buni iloji boricha tezroq amalga oshirish kerak. Bu o‘z-o‘zidan ma’lum…
P a s t o r M a n d ye r s. Boshqa iloji yo‘q.
A l v i n g x o n i m. Lekin, qayoqqa? Axir biz uni…
P a s t o r M a n d ye r s. Qayoqqa bo‘lardi? Uyiga, otasining oldiga.
A l v i n g x o n i m. Qayoqqa dedingiz?
P a s t o r M a n d ye r s. Otasinikiga… Darvoqe, Engstran uning… Yo parvardigor, nahotki, bu to‘g‘ri bo‘lsa? Harqalay, siz yanglishmayapsizmi?
A l v i n g x o n i m. Afsuski, men hech narsada yanglishganim yo‘q. Ioxanna hammasini tan oldi. Alving ham iqror bo‘ldi. Shundan keyin bu ishni imi-jimida bostirib yuborishdan boshqa chora qolmadi.
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, darvoqe, boshqa nima ham qilib bo‘lardi?
A l v i n g x o n i m. Cho‘rimizni, ya’ni Ioxannani o‘sha zahotiyoq jo‘natib yubordik. Hech kimga og‘iz ochmaysan, deb mo‘maygina pul ham berdik. Qolganini o‘zi eplashtiribdi: shaharga borib, duradgor Engstran bilan eski oshnachiligini tiklabdi. O‘zining tuzukkina mablag‘ orttirganligini ma’lum qilib, go‘yo bu yerga yozda kemada kelgan allaqanday muhojir haqida latifa to‘qigan bo‘lsa kerak. Shundan keyin ular tezlikda nikohdan o‘tishgan. Aytgandek, ularni siz o‘zingiz nikohlagansiz-ku.
P a s t o r M a n d ye r s. Buni qanday baholash kerak… Engstran, nikoh o‘qib qo‘ysangiz, deb yalinib kelganda uning qanchalik xafa ko‘ringani, kelin bilan qilib qo‘ygan yengiltakliklari uchun o‘kinib tavba-tazarru etgani… hanuz ko‘z oldimda.
A l v i n g x o n i m. Aybni o‘z bo‘yniga olishga to‘g‘ri kelgan-da.
P a s t o r M a n d ye r s. Mug‘ambirlik ham evi bilan-da! Yana mening huzurimda-ya! Yakob Engstrandan buni hech qachon kutmagan edim. Uning shunaqa ta’zirini berayki! Bilib qo‘ysin!.. Bunaqa axloqsizlik… Pul uchun-a!.. Juvonning yonida qancha pul bo‘lgan?
A l v i n g x o n i m. Uch yuz spetsiy-daller.
P a s t o r M a n d ye r s. Buni qarang-a, allaqanday uch yuz daller uchun yaramas bir xotinni o‘z nikohiga olish!
A l v i n g x o n i m. Men haqimda nima deysiz? Axir men ham shunaqa tuban erkakning nikohiga o‘tganman-ku.
P a s t o r M a n d ye r s. Xudo asrasin! Nimalar deyapsiz?! Tuban erkak bilan deysizmi?..
A l v i n g x o n i m. Yoki, sizningcha, men Alving bilan nikoh tojini kiyganimda uning gunohi Ioxannanikidan kamroq bo‘lganmi?
P a s t o r M a n d ye r s. Bularning o‘rtasida taqqoslab bo‘lmaydigan tafovut bor…
A l v i n g x o n i m. Yo‘q, bunchalikmas. To‘g‘rirog‘i, farqi faqat narxida edi. Arzimagan uch yuz daller va bir umrga yetgulik boylik.
P a s t o r M a n d ye r s. Yo‘q, bu mutlaqo bir-biriga qovushmaydigan narsalar. Axir, siz o‘z qalbingiz amriga va yaqin kishilaringiz maslahatiga bo‘ysungansiz.
A l v i n g x o n i m (unga qaramasdan). Siz qalb amri, deb aytgan narsa o‘sha paytda meni qayoqqa chorlaganini anglagandirsiz, deb o‘ylagan edim.
P a s t o r M a n d ye r s (sovuqqonlik bilan). Agar biror narsani fahmlamaganimda bormi, eringizning har kuni mehmoni bo‘lmagan bo‘lardim.
A l v i n g x o n i m. Harqalay, shu narsa shubhasizki, o‘sha paytda men o‘zim bilan yaxshiroq kengashib ko‘rmaganman.
P a s t o r M a n d ye r s. Lekin yaqin kishilaringiz: onangiz va ikkala xolangiz bilan maslahatlashgansiz, shunday bo‘lishi ham kerak edi.
A l v i n g x o n i m. Bu to‘g‘ri. Ular uchovlashib men uchun qaror qilishgan. Bunaqa taklifni rad etish — borib turgan befarosatlikning o‘zginasi, degan fikrga tez va osongina ko‘nib qo‘ya qolishganiga hech aqlim bovar qilmaydi. Bu ajoyib nikoh-qovushuvining oqibati nima bo‘lganligini onam go‘ridan chiqib bir ko‘rsa edi!
P a s t o r M a n d ye r s. Oqibat nima bo‘lishligini hech kim oldindan aytib bera olmaydi. Harqalay sizlarning nikohlaringiz qonuniy tartibda bo‘lganligi shubhasiz.
A l v i n g x o n i m (deraza oldiga borib). Ha, bu qonun va tartib! Yer yuzidagi barcha baxtsizliklarning sababchisi ham shu qonun va shu tartib bo‘lsa kerak, degan fikr tez-tez xayolimga keladigan bo‘lib qoldi.
P a s t o r M a n d ye r s. Alving xonim, osiylik qilyapsiz.
A l v i n g x o n i m. Ehtimol. Lekin odamning qo‘l-oyoqlarini ipsiz bog‘lab qo‘yadigan bu shartli narsalar bilan ortiqcha hisoblasha olmayman. Men ozodlik istayman.
P a s t o r M a n d ye r s. Bu bilan nima demoqchisiz?
A l v i n g x o n i m (deraza rahini chertib). Alvingning qanday hayot kechirganligiga parda yopmasligim kerak edi. Ammo o‘sha vaqtda men hadiksirash tufayli boshqacha yo‘l tutmaganman. Aytgandek, o‘zimning shaxsiy mulohazalarim tufayli shunday qilganman. Shunaqa qo‘rqoq edim.
P a s t o r M a n d ye r s. Qo‘rqoq edim deysizmi?
A l v i n g x o n i m. Uning qilmishlari odamlarning qulog‘iga yetsa, ular meni ayblashardi. “Bechora! Xotini shunaqa bo‘lgandan keyin alamidan maishatga berilgan-da! Axir, xotini uni bir marta tashlab ketgan-ku!” deyishlari turgan gap edi.
P a s t o r M a n d ye r s. Shunday deyishga ma’lum darajada haqlari ham bor edi-da.
A l v i n g x o n i m (unga tik qarab). Agar men hadiksiramaganimda Osvaldni yonimga chaqirib olardim-da, “O‘g‘lim, qulog‘ingga quyib ol, sening otang buzuqbosh bo‘lib o‘tgan” degan bo‘lar edim…
P a s t o r M a n d ye r s. Yo tavba…
A l v i n g x o n i m. … So‘ng unga, hozir sizga gapirganimdek, hammasini birma-bir aytib bergan bo‘lardim.
P a s t o r M a n d ye r s. Xonim, bu gaplaringizdan jahlim chiqishi mumkin.
A l v i n g x o n i m. Bilaman, bilaman. Bu fikrlar mening o‘zimni ham g‘azablantiradi. (Deraza oldidan nari ketib.) Men mana shunaqa qo‘rqoqman.
P a s t o r M a n d ye r s. Demak, siz burchingiz, vazifangiz bo‘lgan narsani qo‘rqoqlik deb atayapsiz! Bolalar o‘z ota-onalarini yaxshi ko‘rishlari, hurmat qilishlari lozimligini unutib qo‘ydingizmi?
A l v i n g x o n i m. Bahslashib o‘tirmaylik. O‘zimizga shunday bir savol beraylik: Osvald kamerger Alvingni yaxshi ko‘rishi va hurmat qilishi kerakmi?
P a s t o r M a n d ye r s. Nahotki, onalik qalbingiz o‘g‘lingizning otasiga bo‘lgan mehr va e’tiqodini barbod etishni da’vat qilsa?
A l v i n g x o n i m. Haqiqat-chi, uni nima qilasiz?
P a s t o r M a n d ye r s. E’tiqod-chi?
A l v i n g x o n i m. E’tiqod, e’tiqod! Agar, men bunaqa qo‘rqoq bo‘lmaganimda…
P a s t o r M a n d ye r s. Alving xonim, e’tiqod va ezgulikni rad etmang. Bu og‘ir musibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, gap Osvald haqida ketayotgan bir paytda bunday qilishingiz yaramaydi. Ammo shuni aytishim mumkinki, Osvaldning nazarida, otasi — uning uchun ibrat.
A l v i n g x o n i m. Bu masalada haqsiz.
P a s t o r M a n d ye r s. Uning xayolidagi bunday tasavvurni o‘zingiz yaratgansiz hamda maktublaringiz bilan tobora mustahkamlab borgansiz.
A l v i n g x o n i m. Ha, men burch va har xil mulohazalar andishasiga borganman. Shuning uchun ham o‘g‘limga yolg‘on gapirganman, bir umr aldab kelganman. Oh, naqadar qo‘rqoqlik, naqadar qo‘rqoqlik.
P a s t o r M a n d ye r s. Siz o‘g‘lingiz qalbida ezgu xayol yaratgansiz, Alving xonim… Buning ahamiyatini kamsitmang…
A l v i n g x o n i m. Him, kim bilsin, aslini olganda bu yaxshimi, yo‘qmi?!! Lekin har qanday bo‘lganda ham Regina bilan o‘g‘limning o‘rtasida biron narsaning bo‘lishiga sira yo‘l qo‘ymayman. Bechora qizni baxtsiz qildirmasligim lozim.
P a s t o r M a n d ye r s. Yo‘q, xudo asrasin! Bu dahshat bo‘lur edi!
A l v i n g x o n i m. Agar u bunga jiddiy qarayotganligini, Regina bilan baxtiyor bo‘lishligini bilsam…
P a s t o r M a n d ye r s. Nima? Qanday qilib?
A l v i n g x o n i m. Lekin buning bo‘lishi amri mahol. Afsuski, Regina unaqa emas.
P a s t o r M a n d ye r s. Bordi-yu… Nima demoqchi edingiz?
A l v i n g x o n i m. Agar bunaqa ayanchli qo‘rqoq bo‘lmaganimda o‘g‘limga, Reginaga uylan yoki o‘z turmushlaringni qanday xohlasanglar shunday quraveringlar, faqat yolg‘onu xiyonat aralashmasin, degan bo‘lardim.
P a s t o r M a n d ye r s. Yo tavba!.. Ularni qonuniy nikohlash! Axir bu, quloq eshitmagan bir dahshat-ku!..
A l v i n g x o n i m. Quloq eshitmagan dedingizmi? Pastor Manders, o‘zingiz yaxshilab bir o‘ylab ko‘ring-chi, atrofimizda ana shunday bir-biriga yaqin qarindosh bo‘lgan er-xotinlar ozmi?
P a s t o r M a n d ye r s. Men sizni sira tushunmayapman.
A l v i n g x o n i m. Tushunayapsiz ham deylik.
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, albatta, siz sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan hollarni nazarda tutayapsiz, ya’ni… To‘g‘ri, baxtga qarshi oilaviy turmush hamisha ham o‘zining sofligi bilan ajralib turmaydi. Lekin siz ishora qilayotgan hodisalar haqida hech kimga hech narsa ma’lum emas, har qalay aniq bir narsa bilishmaydi. Hozirgi holda esa, aksincha… Siz ona bo‘la turib o‘g‘lingizning…
A l v i n g x o n i m. Men-ku buni istamayman. Bunday bo‘lishiga sira yo‘l qo‘ygim yo‘q! Hech qachon! Axir, men shu haqida qayg‘uryapman-ku.
P a s t o r M a n d ye r s. Ha-ha, o‘zingiz aytgandek, qo‘rqoqligingiz uchun. Bordi-yu, qo‘rqoqlik qilmasangiz-chi?.. Yo rabbiy, o‘ta qabih bir nikoh bo‘lur edi!
A l v i n g x o n i m. Axir hammamiz ham, aytishlariga qaraganda, ana shunaqa nikoh oqibatida yaralganmiz-ku, olamda bunaqa tartibni kim o‘rnatgan o‘zi, pastor Manders?
P a s t o r M a n d ye r s. Bunaqa masalalarni siz bilan muhokama qilib o‘tirmaymiz. Sizdagi ruh bu haqda fikr yuritishga ojizlik qiladi. Lekin, bu sizdagi qo‘rqoqlikninggina alomati, deb qanday ayta olasiz?..
A l v i n g x o n i m. Bu haqda men mana qanday fikrdaman: mening vujudimda arvohnamo bir narsa mavjudki, men undan hech qutula olmayapman. Shuning uchun ham qo‘rqoqman.
P a s t o r M a n d ye r s. Siz uni nima deb atadingiz?
A l v i n g x o n i m. Arvohnamo bir narsa. Hali yemakxonada Regina bilan Osvaldning gaplarini eshitganimda, — nazdimda narigi dunyodan chiqib kelganlar turgandek bo‘lib tuyuldi. Lekin, hammamiz ham o‘sha yoqdan chiqib kelganmiz, deb o‘ylashga ham tayyorman, pastor Manders. Ota-onalarimizdan meros qolgan odatlargina emas, balki allaqachon o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, lekin hamon yashab kelayotgan eski tushunchalar, aqidalar va boshqa shu singari narsalarning ta’siri ham bizda kuchli. Bularning hammasi endilikda vujudimizda yashamayotgan bo‘lsa-da, lekin shunaqa qattiq o‘rnashib olganki, ulardan qutulib bo‘lmaydi. Qo‘limga gazeta oldimmi, bas, o‘sha go‘rdan chiqib kelganlar satrlar orasidan menga ko‘rinaveradi. Ha, butun mamlakatni ana shunaqa arvohlar bosib ketgan bo‘lsa kerak. Ular xuddi dengiz ostidagi qumdek behisob… Biz esa notavon qo‘rqoqlar, yorug‘likdan qo‘rqamiz!..
P a s t o r M a n d ye r s. Mana, bu o‘qigan kitoblaringizning oqibati!.. Ajoyib samara! Eh, o‘sha jin urgur talvasali, erkin fikrli qissayu bayonlar!
A l v i n g x o n i m. Siz yanglishyapsiz, muhtaram pastor. Menda fikr uyg‘otgan o‘zingizsiz… Sizga shon-sharaflar bo‘lsin.
P a s t o r M a n d ye r s. Menga?!
A l v i n g x o n i m. Ha, siz aytgan burch va majburiyatga meni bo‘ysunishga majbur qilgan o‘zingizsiz. Butun vujudim qaqshab qarshilik ko‘rsatgan narsalarni ko‘klarga ko‘tarib maqtagan sizsiz. Mana, nihoyat sizning ta’limingizni tahlil qila boshladim. Men faqat bitta tugunni yechmoqchi bo‘lgan edim. Lekin o‘sha tugunni yechishim hamon hammasi chok-chokidan so‘kilib ketdi. Uning shunchaki yo‘rmalab qo‘yilgan chok ekanligini shundagina bildim.
P a s t o r M a n d ye r s (hayajonlanib, sekin). Nahotki, butun umrimni baxshida qilganim bu og‘ir kurash natijasida erishgan yutuqlarim shu bo‘lsa…
A l v i n g x o n i m. Buni, yaxshisi, o‘zingizning eng ayanchli mag‘lubiyatingiz, deb qo‘ya qoling.
P a s t o r M a n d ye r s. Bu mening hayotimdagi eng ulkan g‘alaba edi, Elena. O‘z ustimdan o‘zimning g‘alaba qilishim edi bu.
A l v i n g x o n i m. Bu ikkimizga qarshi qaratilgan jinoyat edi.
P a s t o r M a n d ye r s. Jinoyat! “Mana men, ixtiyoringdaman!” deya telbalarcha qichqirib huzurimga kirib kelganingizda, qonuniy eringizga qayting, deganim jinoyatmidi? Nahotki, bu jinoyat bo‘lsa?
A l v i n g x o n i m. Ha, menga shunday tuyuladi.
P a s t o r M a n d ye r s. Biz bir-birimizni tushunmayapmiz.
A l v i n g x o n i m. Harqalay, tushunmaydigan bo‘lib qoldik.
P a s t o r M a n d ye r s. Hech qachon… hech qachon, hatto, o‘zimning eng sirli xayollarimda ham sizga do‘stimning rafiqasidan bo‘lak munosabatda bo‘lmaganman.
A l v i n g x o n i m. Rostdan-a?
P a s t o r M a n d ye r s. Elena!..
A l v i n g x o n i m. Odam osongina esidan chiqarar ekan.
P a s t o r M a n d ye r s. Men emas. Men hamisha qandoq bo‘lgan bo‘lsam, hozir ham o‘shaning o‘ziman.
A l v i n g x o n i m (gap ohangini o‘zgartirib). Ha-ha-ha, o‘tmish haqida boshqa gaplashmaymiz. Hozir siz o‘z komissiya va majlislaringizga butun boshingiz bilan sho‘ng‘ib ketgansiz, men esa bu yerda nimalardir deb aljib o‘ltiribman, u dunyo bu dunyo arvohlari bilan kurashmoqdaman.
P a s t o r M a n d ye r s. Bu dunyodagilaridan qutulishingizda sizga ko‘maklashaman. Sizdan eshitgan dahshatli xabarlardan keyin, tajribasiz bir qizni sizning uyingizda qoldirishga vijdonim yo‘l qo‘ymaydi.
A l v i n g x o n i m. Uni biron yerga joylashtirib qo‘yganimiz ma’qul bo‘lmasmikin? Ya’ni biron yaxshi kishiga erga bersak.
P a s t o r M a n d ye r s. Shak-shubhasiz. O‘ylaymanki, bu tadbir uning uchun har tomonlama ayni muddao bo‘lur edi. Regina ayni shunaqa yoshdaki… To‘g‘rirog‘i, men bunaqa ishlardan mutlaqo bexabarman, lekin…
A l v i n g x o n i m. Regina erta yetildi.
P a s t o r M a n d ye r s. Shunaqami? Esimda, uni konfirmatsiyaga tayyorlagan vaqtimdayoq balog‘atga yetib qolgan edi. Lekin hozircha uni uyiga, otasining nazorati ostiga yuborib turish kerak… Ha, aytgandek, Engstran uning… Nahot, u meni shunchalar aldasa!

Eshik taqillaydi.

A l v i n g x o n i m. Kim bo‘ldi ekan? Kiravering!
E n g s t r a n (yasangan-tusangan holda, eshik oldida paydo bo‘ladi). Avf etgaysiz, lekin…
P a s t o r M a n d ye r s. Ha-ha! Him!
A l v i n g x o n i m. E, bu sizmi, Engstran?
E n g s t r a n. Bu yoqda xizmatkorlardan hech kim yo‘q ekan, shuning uchun ham eshigingizni taqillatishga jur’at etdim.
A l v i n g x o n i m. Qani-qani, kiravering. Menda ishingiz bormidi?
E n g s t r a n (kira turib). Yo‘q, minnatdorman. Pastor janoblariga bir og‘iz so‘zim bor, xolos.
P a s t o r M a n d ye r s (u yoq-bu yoqqa yurib). Hm, shunaqami? Men bilan gaplashmoqchimisiz? A?
E n g s t r a n. Ha, siz bilan gaplashishni juda istardim.
P a s t o r M a n d ye r s (uning oldiga borib to‘xtaydi). Xo‘sh, nima gapingiz bor edi, qulog‘im sizda.
E n g s t r a n. Men sizga aytsam, pastor janoblari, hozir bizda u yoqda hisob-kitob qilinyapti… Sizdan g‘oyat minnatdormiz, beka oyim!.. Men sizga aytsam, biz hammasini tugalladik. Men sizga aytsam, endi bizlar, — axir biz hammamiz juda yaxshi ishladik, — endi bizlar xayrlashish oldidan birgalikda toat-ibodat qilib olsak, degan edik.
P a s t o r M a n d ye r s. Toat-ibodat? Yetimxonadami?
E n g s t r a n. Yoki, pastor janoblari, bu unchalik ma’qul emasmi?
P a s t o r M a n d ye r s. Yo‘q, nega, mumkin, albatta, ammo… hmm…
E n g s t r a n. Men o‘zim bu yerda kechqurunlari toat-ibodat haqida suhbatlar o‘tkazib turgan edim…
P a s t o r M a n d ye r s. Shunaqami?
E n g s t r a n. Ha, ba’zi-ba’zida… Haligi, ruhni salomat asrash yo‘sinida deganlaridek. Faqat men oddiy kishiman, bilimsizman, — e, xudo, o‘zing madad bergaysan, — omi kishi bo‘lsam ham, har qalay yo‘lini qilib turdim… Men sizga aytsam, endi pastor janoblari o‘zlari shu yerda ekanlar, endi…
P a s t o r M a n d ye r s. Bilasizmi, Engstran, avval sizga bitta savol berishim kerak. Shunday ibodatga tayyormisiz? Vijdoningiz sof va salomatmi?
E n g s t r a n. Eh xudo, gunohkor bandangni o‘zing asra! Vijdon haqida gapirishga yo‘l bo‘lsin bizga, pastor janoblari!
P a s t o r M a n d ye r s. Yo‘q, xuddi shu vijdon haqida gapirishingizga to‘g‘ri keladi. Qani, nima javob berasiz?
E n g s t r a n. Endi, vijdon degani, haligi, albatta begunoh emas.
P a s t o r M a n d ye r s. Harqalay iqror bo‘lyapsiz! Xo‘sh, Regina haqidagi gaplarga nima deysiz? Menga hammasini ro‘yirost aytib berasiz degan umiddaman.
A l v i n g x o n i m (shoshilinch). Pastor Manders!
P a s t o r M a n d ye r s (tinchlantiruvchi ohangda). Menga qo‘yib bering!
E n g s t r a n. Regina haqida? Yo hazratim Iso! O‘takamni yordingiz-ku! (Alving xonimga qarab.) Unga biror narsa bo‘lgani yo‘qmi, ishqilib?
P a s t o r M a n d ye r s. Umid qilamizki, hech narsa bo‘lgani yo‘q. Regina sizga kim bo‘ladi, deb so‘rayapman. Sizni uning otasi deyishadi… Xo‘sh?
E n g s t r a n (ishonchsizlik bilan). Ha… hm… marhum Iohanna bilan bizning qanday topishganligimiz pastor janoblariga ma’lummi?
P a s t o r M a n d ye r s. Endi hech qanaqa chap berishlar ketmaydi! Bor gapni aytavering! Marhum xotiningiz bu yerdan ketishdan oldin Alving xonimga barcha gunohlariga iqror bo‘lgan.
E n g s t r a n. Eh… Demak?
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, siz fosh qildingiz, Engstran.
E n g s t r a n. U esa qasam ichib, o‘zini la’natlagan edi…
P a s t o r M a n d ye r s. La’natlagan edi?
E n g s t r a n. Yo‘q, u faqat butun vujudi bilan qasam ichgan edi.
P a s t o r M a n d ye r s. Demak, shuncha yillar mobaynida siz mendan haqiqatni yashirib kelgansiz? Sizga so‘zsiz ishonib kelgan mendek bir odamdan yashirgansiz!
E n g s t r a n. Ha, shunaqa bo‘ldi, endi iloj qancha.
P a s t o r M a n d ye r s. Men bunga loyiqmanmi, Engstran? Axir men sizni yaxshi so‘z bilan ham, ish bilan ham doim imkoniyatim boricha qo‘llab-quvvatlab kelmaganmidim? Javob bering. Shundaymi?
E n g s t r a n. Bu gapingiz haq. Agar pastor Manders bo‘lmaganida ahvolim bir emas, bir necha marta juda tang kelgan bo‘lardi.
P a s t o r M a n d ye r s. Sizning minnatdorchiligingiz shu bo‘ldimi? Cherkov kitobiga noloyiq bo‘lgan nikohni qayd qilishga meni majbur qilibsiz-a! Shuncha yillar mobaynida asl haqiqatni mendan yashirib kelish! Sizning bu qilmishingizni kechirib bo‘lmaydi, Engstran, bundan buyon bizning o‘rtamizda hech qanaqa munosabatning bo‘lishi mumkin emas!
E n g s t r a n (uh tortib). Ha, albatta, shunday bo‘ladiganga o‘xshaydi.
P a s t o r M a n d ye r s. Yoki o‘zingizni oqlash uchun biron gap ayta olasizmi?
E n g s t r a n. Axir Ioxannaning sizni huzuringizga borib, o‘z aybiga iqror bo‘lishi-yu, o‘zini o‘zi sharmanda qilishining nima keragi bor edi? Tasavvur qilib ko‘ring-a, janob pastor… Marhum Ioxanna kabi sizning boshingizga ham shunaqa ish tushgan bo‘lsa…
P a s t o r M a n d ye r s. Mening boshimga!
E n g s t r a n. Yo hazrati Iso! Xuddi shunaqa deyayotganim yo‘q! Men demoqchimanki, agar pastorning boshiga ham shunaqa, haligi odamlarning ko‘ziga badnom qilib ko‘rsatadigan biron kulfat tushsa… Biz oddiy fuqarolar bechora ayolni unchalik qoralab tahqirlashni lozim topmaymiz.
P a s t o r M a n d ye r s. Men uni tahqirlayotganim yo‘q. Men sizga ta’na qilyapman.
E n g s t r a n. Pastor janoblariga bitta savol berishga ijozat bo‘larmikin.
P a s t o r M a n d ye r s. So‘rayvering.
E n g s t r a n. Inson yiqilgan kishini turg‘azib qo‘yishi lozimmi?
P a s t o r M a n d ye r s. Albatta.
E n g s t r a n. Inson birovga so‘z bersa, o‘z so‘zida turishi lozimmi?
P a s t o r M a n d ye r s. Albatta, lekin…
E n g s t r a n. Ioxannani o‘sha ingliz, balki amerikalik yoki rusdir kim aniqlab o‘tiribdi deysiz, — xullas, o‘sha odam tufayli shaharga ketishga majbur bo‘lgan. Bechora dastlab meni mensimay yurdi, bir necha marta rad etdi. Qaddi-qomati kelishgan kishini orzu qilgan bo‘lsa kerak-da. Men esa bir oyog‘im mayib. Janob pastorning xabarlari bor: bir marta dengizchilar maishat qiladigan, halidaqangi, aysh-ishratxonaga kirib, nasihat qilib, ularni to‘g‘ri yo‘lga solmoqchi bo‘lganimda…
A l v i n g x o n i m (deraza oldida turganicha). Hm…
P a s t o r M a n d ye r s. Bilaman, Engstran. U bezorilar sizni zinadan uloqtirib yuborishgan. Bu haqda gapirib bergan edingiz. Mayiblik sizni ulug‘laydi, xolos.
E n g s t r a n. Men-ku, bu bilan o‘zimni ulug‘lamoqchi emasman, pastor janoblari, men shuni aytmoqchimanki, Ioxanna huzurimga kelib, yum-yum yig‘lab, hammasiga iqror bo‘ldi. Aytishim lozimki, bechoraga juda rahmim keldi.
P a s t o r M a n d ye r s. Nahot shunaqa bo‘lgan bo‘lsa, Engstran? Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi?
E n g s t r a n. Men unga dedim: u amerikaliging ayshini surib qayerlarda yurganini xudo bilsin. Sen esa, Ioxanna, sharmanda bo‘libsan, o‘zingni yo‘qotib qo‘yibsan. Lekin, Yakob Engstran imoni mustahkamlardan, dedim. Men sizga aytsam, u bilan masal tilida gaplashdim-da, janob pastor.
P a s t o r M a n d ye r s. Tushunyapman. Davom eting, gapiravering.
E n g s t r a n. Shunday qilib, men uni turg‘azib qo‘ydim va odamlar Ioxannaning allaqanday muhojirlar bilan o‘ralashib yurganligini bilmay qo‘ya qolsin, deb u bilan qonuniy nikohdan o‘tdim. Bo‘lgan gap shu.
P a s t o r M a n d ye r s. Bu ma’noda siz juda ulug‘vor ish tutgansiz. Faqat bu ishingiz uchun pul olishga rozi bo‘lganligingiznigina ma’qullay olmayman…
E n g s t r a n. Pul? Men-a? Yo‘q, bir miri ham olgan emasman.
P a s t o r M a n d ye r s (Alving xonimga savol nazari bilan qarab). Lekin aytishlariga qaraganda…
E n g s t r a n. Ha, aytgandek, shoshmang, esladim. Rostdan ham Ioxannaning birmuncha puli bo‘lgan ekan. Ammo, men bu pullar haqida eshitishni ham istamaganman. Men, bu jirkanch oltinlar… yoki qog‘oz pullar — qanaqaligini bilmayman… Harqalay buni tamagirlik, yuz bergan gunoh haqi, dedim. Biz bu pullarni o‘sha amerikalikning basharasiga otmoqchi edik, janob pastor, lekin u daf bo‘lgan, dengiz osha g‘oyib bo‘lgan edi.
P a s t o r M a n d ye r s. Bunga ishonchingiz komilmi, mening mo‘min-qobil Engstranim?
E n g s t r a n. Bo‘lmasam-chi! Shundan keyin biz Ioxanna bilan bu pullarni Reginaning tarbiyasiga sarflamoqchi bo‘ldik. Shunday qildik ham. Bir mirini ham boshqa narsaga sarflaganimiz yo‘q.
P a s t o r M a n d ye r s. Mana bu boshqa gap.
E n g s t r a n. Aslida ana shunaqa bo‘lgan, janob pastor. Yana shuni aytishim lozimki, men Reginaga haqiqiy otalik qildim, — qurbim kelganicha, albatta… Axir, men ko‘ngilchan odamman.
P a s t o r M a n d ye r s. Tushunarli, azizim Engstran…
E n g s t r a n. Lekin, yana shuni aytishga jur’at etamanki, qizaloqni mehr bilan tarbiyaladim, marhuma Ioxanna bilan yaxshi, totuv yashadim, uni muqaddas kitoblarda aytilganidek, o‘zimga bo‘ysundirib, izmimdan chiqarmadim, to‘g‘ri yo‘ldan boshladim. Ammo pastorning huzuriga borib, mana, men ham hayotimda bitta xayrli ish qildim, deb maqtanish biron marta xayolimga ham kelgan emas. Yo‘q, Yakob Engstran bir ish qiladigan bo‘lsa, uni ovoza qilib o‘tirmaydi. Darvoqe, Yakob Engstranning savobli ishlari unchalik ko‘p ham emas. Pastorning huzuriga borganingda esa u bilan o‘z gunohlaring haqida gaplashasan. Xullas, hali aytganimdek, vijdonim gunohlardan xoli emas.
P a s t o r M a n d ye r s. Qo‘lingizni bering, Yakob Engstran.
E n g s t r a n. Yo hazrati Iso, janob Pastor?..
P a s t o r M a n d ye r s. Izoh uchun hojat yo‘q. (Engstranning qo‘lini qattiq qisib.) Mana bundoq!
E n g s t r a n. Endi pastor janoblaridan kechirim so‘rasam…
P a s t o r M a n d ye r s. Sizmi? Aksincha, men sizdan kechirim so‘rashim kerak…
E n g s t r a n. Yo‘g‘-e, xudo asrasin!
P a s t o r M a n d ye r s. Ha-ha, shunday. Chin ko‘ngildan kechirim so‘rayman. Sizni nohaq qoralaganim uchun avf eting. Sizga bo‘lgan hurmatimni va g‘oyat afsuslanganligimni izhor etmoq uchun biron qulay fursat bo‘lib qolishini Tangri taoladan tilayman.
E n g s t r a n. Janob pastor, rostdan ham menga biron yaxshilik qilish niyatidamilar?
P a s t o r M a n d ye r s. Bajonidil.
E n g s t r a n. Bo‘lmasa, ayni muddao. Men bu yerda ishlab topgan halol pullarim evaziga shaharda dengizchilar uchun kichik bir boshpana tashkil etishni ko‘nglimga tugib qo‘ygan edim.
A l v i n g x o n i m. Shunaqami?
E n g s t r a n. Ha, men sizga aytsam, musofirxonaga o‘xshagan bir narsa. Dengizchi qirg‘oqqa chiqdimi, bas, u bechorani yo‘ldan ozdiradigan, vasvasaga soladigan qanchadan-qancha yaramas ermak kutib turadi. Mening musofirxonamda esa, u o‘z otasining uyidagidek nazorat ostida bo‘lardi.
P a s t o r M a n d ye r s. Bu haqda siz nima deysiz, Alving xonim?
E n g s t r a n. To‘g‘ri, bu ishni ko‘ngildagidek yo‘lga qo‘yish uchun faqat mablag‘am hali juda oz, lekin xudoning karami keng! Agar o‘zingizning najot qo‘lingizni cho‘zsangiz edi…
P a s t o r M a n d ye r s. Ha-ha, bu haqda hali gaplashamiz, atroflicha fikr yuritib ko‘ramiz. Rejangiz menga g‘oyat ma’qul. Endi sizga ijozat, borib, lozim bo‘lgan narsalarni hozirlab qo‘ying, shamlarni yoqing, toki tantanali bo‘lsin. Suhbatlashib, birgalikda toat-ibodat qilamiz, azizim Engstran. Ishonchim komilki, endi siz toat-ibodat uchun ayni munosib holatdasiz.
E n g s t r a n. Men ham xuddi shunday fikrdaman. Xayr, beka oyim, salomat bo‘ling. Iltimos, Reginani ehtiyot qiling. (Ko‘z yoshlarini artib.) Marhuma Ioxannaning qizi bo‘lsa ham, o‘zimning qizimdek bag‘rimga bosib qolganman. Ha, shunaqa bo‘lar ekan. (Ta’zim qilib chiqib ketadi.)
P a s t o r M a n d ye r s. Xo‘sh, nima deysiz, Alving xonim? Bu ish batamom boshqacha bo‘lib chiqdi-ku.
A l v i n g x o n i m. Ha, haqiqatan ham.
P a s t o r M a n d ye r s. Ko‘ryapsizmi, yaqin kishingiz haqida juda ehtiyot bo‘lib fikr yuritish kerak ekan. Lekin kishi o‘z xatosiga iqror bo‘lishi ham quvonchli. Nima deysiz?
A l v i n g x o n i m. Men sizga aytsam, Manders, soqolingiz ko‘ksingizga tushsa ham bolakayligingizcha qolgansiz.
P a s t o r M a n d ye r s. Men-a?
A l v i n g x o n i m (qo‘llarini uning kaftiga qo‘yib). Yana demoqchimanki, sizni astoydil quchgim kelyapti.
P a s t o r M a n d ye r s (orqaga chekinib). Yo‘q-yo‘q, xudo xayringizni bersin… bunaqa istaklar…
A l v i n g x o n i m (jilmayib). Yo‘q, qo‘rqmang.
P a s t o r M a n d ye r s (stol oldiga borib). Bilaman, ba’zan haddan tashqari ochilib ketishingiz bor. Endi men, avvalambor, hamma qog‘ozlarni yig‘ishtirib, sumkaga solib qo‘yishim kerak. (Qog‘ozlarni yig‘ishtira boshlaydi). Mana bundoq. Endi, hozircha xayr. Osvald qaytgach, ko‘z-quloq bo‘lib turing. Hali yana bir kirib ketaman. (Shlyapasini olib, oldingi xonaga o‘tadi).
A l v i n g x o n i m (xo‘rsinib qo‘yadi, deraza oldiga borib, tashqariga qaraydi, xonadagi u-bu narsalarni yig‘ishtirgan bo‘ladi, so‘ng yemakxonaning eshigini ochib, u yerga kirmoqchi bo‘ladi, ammo tushkun bir ovozda qichqirib, ostonada to‘xtab qoladi). Osvald, sen hali ham shu yerdamisan?
O s v a l d (emakxonadan). Sigara chekayapman.
A l v i n g x o n i m. Men seni allaqachon sayr qilgani chiqib ketgansan, debman.
O s v a l d. Shunaqa ob-havoda-ya?

Stakanlarning jiringlagani eshitiladi. Alving xonim eshikni ochiq
qoldiradi-da, qo‘liga ish olib divanga o‘tiradi.

O s v a l d (emakxonadan). Hozir chiqib ketgan pastor Manders edimi?
A l v i n g x o n i m. Ha, yetimxonaga ketdi.
O s v a l d. Hm…

Yana stakanning grafinga urilib jiringlagani eshitiladi.

A l v i n g x o n i m (emakxona tomonga tashvishli nazar tashlab). Jon bolam, Osvald, bu likerni ko‘p ichaverma, ehtiyot bo‘l. Juda o‘tkir.
O s v a l d. Bunaqa namgarchilikda o‘tkir bo‘lgani ma’qul.
A l v i n g x o n i m. Yaxshisi, bu yoqqa yonimga chiqmaysanmi?
O s v a l d. U yerda chekib bo‘lmaydi-da.
A l v i n g x o n i m. Bilsang, sigara mumkin.
O s v a l d. Unday bo‘lsa, hozir chiqaman. Bir qultum ichib olay… Mana, bo‘ldi. (Qo‘lida sigarasi bilan kiradi va eshikni berkitib qo‘yadi. Qisqa pauza.) Pastor qani?
A l v i n g x o n i m. Hozir aytdim-ku, yetimxonaga chiqib ketdi, deb.
O s v a l d. Ha, aytganday.
A l v i n g x o n i m. Osvald, dasturxon oldida ko‘p o‘tirmaganing ma’qul.
O s v a l d. O‘tirgim kelsa-chi? (Onasini erkalab, sochlarini silaydi.) Uyga qaytgach, oyiginamning dasturxonida o‘tirib olib, mazali taomlarni rohat qilib yeyish — menga naqadar huzurligini bilsangiz edi!
A l v i n g x o n i m. Azizim, o‘zimning bolaginam!
O s v a l d (sigara chekib, bir muncha asabiylashgan holda xonada u yoqdan-bu yoqqa yuradi). Bu yerda boshqa nima ham qilish mumkin? Ishlash mumkin emas…
A l v i n g x o n i m. Mumkinmasmi?
O s v a l d. Havoning qovog‘i osilib turgan paytda-ya? Oftob kun bo‘yi bir marta ham ko‘rinmadi. (U yoqdan-bu yoqqa yurib.) Bunaqa bekorchi bo‘lib o‘tirishdan yomon narsa yo‘q!
A l v i n g x o n i m. Nazarimda, uyga qaytishni ertaroq hal qilganga o‘xshaysan.
O s v a l d. Yo‘q, oyi, shunday qilish kerak edi.
A l v i n g x o n i m. Seni bunday holatda ko‘rgandan ko‘ra… bu uchrashuv baxtidan voz kechishga ming marta roziydim…
O s v a l d (uning oldida to‘xtab). Oyi, ayting-chi, meni bu yerda ko‘rish sizga chindan ham katta baxtmi?
A l v i n g x o n i m. Men uchun bu baxtgina emas!
O s v a l d (gazetani g‘ijimlab). Mening nazarimda esa, men bu dunyoda bormanmi, yo‘qmanmi — siz uchun baribirdek.
A l v i n g x o n i m. Onangga shunaqa degani qanday jur’at etding, Osvald?
O s v a l d. Axir ilgarilari mensiz ham yaxshigina yashab kelgansiz-ku.
A l v i n g x o n i m. Ha, bu gaping to‘g‘ri.

Jim bo‘lib qolishadi. Asta-sekin qorong‘ulik tusha boshlaydi. Osvald u
yoqdan-bu yoqqa yurishda davom etadi. Sigarani esa qo‘yib qo‘yadi.

O s v a l d (onasining oldida to‘xtab). Oyi, yoningizga, divanga o‘tirsam, maylimi?
A l v i n g x o n i m (yonidan joy berib). O‘tiraqol, kel, o‘tir, bolaginam.
O s v a l d (o‘tirib). Oyi, men sizga bir narsa aytmoqchiman.
A l v i n g x o n i m (xavotirlanib). Xo‘sh? Xo‘sh?
O s v a l d (bo‘shliqqa tikilib). Bu dardimni ortiq ichimda saqlay olmayman.
A l v i n g x o n i m. Nima ekan? Senga nima bo‘ldi o‘zi?
O s v a l d (hayajon bilan). Bu haqda sizga yozishga hech jur’at qila olmadim, kelganimdan keyin esa…
A l v i n g x o n i m (uning qo‘lidan tutib). Osvald, nima gap o‘zi?
O s v a l d. Kecha ham, bugun ham bu fikrni nariga surishga, e’tibor bermaslikka harakat qilib ko‘rdim. Lekin hech iloji bo‘lmadi.
A l v i n g x o n i m (o‘rnidan turib). Endi hammasini aytib berishing kerak, Osvald!
O s v a l d (onasini yana divanga tortib). Yo‘q, o‘tiring, o‘tiring, aytishga harakat qilib ko‘raman… Hozirgina yo‘lda charchaganimdan shikoyat qilgan edim…
A l v i n g x o n i m. Ha. Xo‘sh, nima bo‘pti?
O s v a l d. Lekin buning uchunmas. Oddiy charchash emas.
A l v i n g x o n i m (o‘rnidan turib ketgudek bo‘lib). Betobmasmisan, ishqilib, Osvald?
O s v a l d (onasini yana yoniga tortib). Oyi, o‘tiring va men aytgan gaplarga o‘zingizni bosib, vazminlik bilan quloq soling. Men umuman kasal degan ma’nodagi kasallardan emasman. (Qo‘llarini boshining orqasiga ko‘tarib, barmoqlarini ezg‘ilab). Oyi, men barbod bo‘lganman, ruhan singanman… Men endi ishga yaramayman, oyi, hech qachon tushunyapsizmi?! (Qo‘llari bilan yuzini berkitib, boshini onasining tizzasiga qo‘yib, ho‘ngrab yuboradi.)
A l v i n g x o n i m (rangi oqarib, qaltirab). Osvald! Menga qara. Yo‘q, yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas.
O s v a l d (onasiga umidsizlik bilan boqadi). Endi hech qachon ishga yaramayman. Hech qachon!.. Hech qachon!.. Tirik murda bo‘lib qolaman! Oyi, bunaqa dahshatni tasavvur qila olasizmi?
A l v i n g x o n i m. Baxtsiz bolaginam! Qayoqdan kelib qola qoldi bu dahshat?
O s v a l d (qaddini tiklab o‘tiradi). Bunga mening ham hech aqlim yetmayapti. Men hech qachon ortiqcha bema’niliklarga yo‘l qo‘ygan emasman. Har qanaqa ma’noda ham. Xayolingizga hech narsa kelmasin, oyi. Hech qachon bunaqa qilgan emasman.
A l v i n g x o n i m. Bunaqa deb o‘ylayotganim yo‘q, Osvald.
O s v a l d. Shunday bo‘lsa ham, boshimga mudhish bir baxtsizlik tushib qoldi.
A l v i n g x o n i m. Bu o‘tib ketadi, mening aziz, ardoqli o‘g‘ilginam. Bu shunchaki charchaganligingdan, o‘zga narsa emas. Menga ishon.
O s v a l d (g‘amgin). Dastlab o‘zim ham shunaqa deb o‘ylagan edim. Lekin, bu batamom boshqa narsa ekan.
A l v i n g x o n i m. Bir boshdan hammasini gapirib ber, hamma-hammasini.
O s v a l d. O‘zim ham shunday qilmoqchiman.
A l v i n g x o n i m. Buni sen qachon seza boshlading?
O s v a l d. Bu yerga oxirgi marta kelib ketganimdan so‘ng, Parijga borgach. Dastlab boshim, ayniqsa miyam qattiq og‘riy boshladi. Go‘yo boshimga temir chambarak kiydirib, uni orqadan kimdir qisayotgandek bo‘lardi.
A l v i n g x o n i m. Keyin-chi?
O s v a l d. Avval oddiy bosh og‘riq deb o‘yladim.
A l v i n g x o n i m. Ha, ha…
O s v a l d. Lekin tezda bu batamom boshqa narsa ekanligini seza boshladi. Endi mutlaqo ishlay olmaydigan bo‘lib qoldim. Yangi katta suvratni boshlamoqchi edim. Lekin qayoqda deysan, butun qobiliyatlarim menga chap bera boshladi, go‘yo butun kuch-qudratim tugagandek, fikrlarimni ham bir yerga jamlay olmadim… hamma narsa kallamda aralash-quralash bo‘lib ketaverdi. Oh, bu o‘ta dahshatli bir holat edi! Nihoyat doktorga odam yubordim. Nimaligini shundan keyin bildim.
A l v i n g x o n i m. Ya’ni?
O s v a l d. Eng zo‘r mahalliy doktorlardan biri edi u. Men unga o‘zimni qanday his qilayotganligimni batafsil gapirib berdim. So‘ng u menga qator savollar berdi. Bu savollar dastlab menga go‘yo mutlaqo ahamiyati yo‘qdek tuyuldi. Nima maqsadda bunaqa qilyapti — tushunmasdim.
A l v i n g x o n i m. Xo‘sh?
O s v a l d. Nihoyat u, sizni tug‘ilmasingizdan oldinroq qurt yeya boshlagan, dedi. Ha, u menga xuddi shunaqa dedi: “Ver moulu”
A l v i n g x o n i m. Bu bilan nima demoqchi bo‘lgan?
O s v a l d. Men ham tushunmadim va aniqroq qilib aytishni iltimos qildim. Ana shundan keyin u qari surbet aytdiki… (Mushtum¬larini tugib.) O!..
A l v i n g x o n i m. Nima dedi?
O s v a l d. “Otalarning gunohi bolalarga tushadi!” dedi.
A l v i n g x o n i m (sekin o‘rnidan turadi). Otalarning gunohi…
O s v a l d. Uning yuziga tarsaki urib yuborishimga sal qoldi.
A l v i n g x o n i m (bir chekkaga borib). Otalarning gunohi…
O s v a l d (horg‘in jilmayib). Ha, shunaqa deydi-ya! Men, albatta, uni bu haqda hatto gap bo‘lishi ham mumkin emas, deya ishontirishga harakat qildim. U taslim bo‘ldi, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, o‘z gapida turib oldi. Faqat sizning xatlaringizni ko‘rsatib, otamga doir yozganlaringizni tarjima qilib berganimdan keyingina…
A l v i n g x o n i m. Xo‘sh?
O s v a l d. Ana shundan keyingina, yanglishibman, deya tan olishga majbur bo‘ldi. So‘ng asl haqiqatni, aqlim bovar qilmaydigan haqiqatni bilib oldim. O‘rtoqlarim bilan birgalikda unaqa, quvnoq, beg‘am hayot kechirmasligim kerak ekan. Bunaqa hayot men uchun yaramas ekan, jismoniy jihatdan juda zaif ekanman. Shunday qilib, o‘zim aybdorman!
A l v i n g x o n i m. Osvald! Yo‘q! Bunga ishonma!
O s v a l d. Boshqacha izohning bo‘lishi mumkin emas, dedi u. Mana shunisi dahshat. Yengiltakliging tufayli o‘z-o‘zingni qaytarib bo‘lmaydigan darajada bir umrga xarob qilsang. Barcha rejalaringgu, o‘z oldingga qo‘ygan maqsading… Bular haqida hatto o‘ylay ham olmasang — chunki o‘ylashga qodir bo‘lmasang! O, qani edi, bo‘lib o‘tgan hamma narsalarni, hatto izini ham qoldirmasdan, o‘chirib tashlab, qaytadan yashash mumkin bo‘lsa! (O‘zini divanga yuztuban tashlaydi).
Alving xonim barmoqlarini ezg‘ilab, o‘zi bilan o‘zi kurashib, xonada so‘zsiz u yoqdan-bu yoqqa yuradi. Birozdan keyin Osvald tirsaklariga tayanib
qaddini ko‘taradi, onasiga qaraydi.

Bu nasl tufayli bo‘lganda ham alam qilmasdi, chunki boshqa ilojim yo‘q edi. Axir bu!.. Bunaqa bema’ni, sharmandalarcha yengiltaklik bilan o‘z baxtingni, o‘z salomatligingni xarob qilish, butun kelajagingni, butun umringni barbod etish!..

A l v i n g x o n i m. Yo‘q, yo‘q, aziz o‘g‘ilginam, yolg‘izim! Bu mumkin emas! (Unga ergashib.) Ahvoling, o‘zing o‘ylagandek, ilojsiz emas.
O s v a l d. Axir siz bilmaysiz… (O‘rnidan sapchib turib.) Yana buning ustiga, sizning boshingizga shuncha g‘am-tashvish orttirish! Necha bor, siz menga aslida unchalik muhtoj emassiz, degan istak va umidga borgan edim.
A l v i n g x o n i m. Men-a! Osvald? Axir sen mening yagona o‘g‘limsan-ku… mening yagona boyligim, quvonchim… Bu dunyoda faqat seni deb yashab kelyapman-ku!..
O s v a l d (onasining qo‘llarini ushlab o‘pa boshlaydi). Ha-ha, men buni ko‘rib turibman. Bu men uchun yana-da og‘ir. Endi baridan boxabarsiz. Endi bu haqda bugun boshqa gaplashmaymiz. Bu haqda uzoq o‘ylay olmayman… (Bir chekkaga borib.) Oyi, ichadigan biron narsa bering menga.
A l v i n g x o n i m. Ichadigan narsa? Nima istaysan?
O s v a l d. Baribir. Muzdakkina punsh topib bera olasizmi?
A l v i n g x o n i m. Buning nimasi, Osvald?
O s v a l d. Oyi, tortishmang. Iltimos, axir butun vujudimni kemirayotgan bu o‘ylarni nima bilandir bosishim kerak-ku. (Oynavand ayvonga chiqib.) Yana ustiga-ustak, zulmat!

Alving xonim xizmatkorini chorlaydigan qo‘ng‘iroqning ipini tortadi.

Mana bu betinim yomg‘ir. Bu haftalab, oylab davom etishi mumkin. Quyosh nuridan darak yo‘q. Necha marta kelib-ketgan bo‘lsam, aqalli biron marta quyosh chiqqanini ko‘rganim yo‘q.
A l v i n g x o n i m. Osvald… sen meni tashlab ketmoqchimisan?
O s v a l d. Hm… (O‘zini zo‘rg‘a bosib olib.) Men hech narsa haqida o‘ylayotganim yo‘q. Hech narsa haqida o‘ylay olmayman. (O‘zicha.) Vasiylik qilishni vaqtincha to‘xtatib turishga to‘g‘ri keldi.
R ye g i n a (emakxonadan chiqaturib). Chaqirdingizmi, bek oyim?
A l v i n g x o n i m. Ha, bu yerga chiroq olib kir!
R ye g i n a. Hozir. Yoqib qo‘yganman. (Chiqib ketadi.)
A l v i n g x o n i m (Osvaldga yaqinlashib). Osvald, mendan hech narsani yashirma.
O s v a l d. Oyi, haliyam yashirayotganim yo‘q. (Stol yoniga borib.) Yetarlicha gapirib berdim nazarimda.

Regina yoqilgan chiroqni olib kirib, stol ustiga qo‘yadi.

A l v i n g x o n i m. Regina, bizga yarim shishagina shampan sharobidan olib kirib bergin.
R ye g i n a. Xo‘p bo‘ladi, bey oyim. (Chiqib ketadi.)
O s v a l d (onasining boshini quchib). Bu boshqa gap. Onam meni chanqatib qo‘ymasligini bilardim.
A l v i n g x o n i m. Ha, mening aziz, bechora bolaginam. Axir senga biror narsani rad eta olarmidim?
O s v a l d (jonlanib). Shu gapingiz rostmi, oyi? Jiddiy gapiryapsizmi?
A l v i n g x o n i m. O‘zing nimani so‘rayapsan?
O s v a l d. Menga, hech narsani rad eta olmayman, dedingiz-ku.
A l v i n g x o n i m. Azizim Osvald, axir…
O s v a l d. Jim!
R ye g i n a (barkashda yarim shisha shampan sharobi bilan ikkita qadah olib kirib, stolga qo‘yadi). Ochaymi?
O s v a l d. Yo‘q, rahmat, men o‘zim.

R ye g i n a chiqib ketadi.

A l v i n g x o n i m (stol yoniga o‘tirib). Senga hech narsani rad etolmasligim haqida so‘raganingda nimani nazarda tutgan eding?
O s v a l d (shishani ocha turib). Avval bir-ikki qadah ichib olaylik. (Shishaning po‘kagi paqillab otiladi. Bir qadahga to‘ldiradi, ikkinchisiga quymoqchi bo‘ladi.)
A l v i n g x o n i m (qadahni qo‘li bilan to‘sib). Yo‘q, menga kerak emas.
O s v a l d. Unday bo‘lsa, men o‘zimga yana quyib olay. (Qadahdagini ichib tamomlab, qayta quyadi, uni oxirigacha ichadi, so‘ng stol oldiga o‘tiradi).
A l v i n g x o n i m (toqatsizlanib). Xo‘sh?
O s v a l d (onasiga qaramasdan). Bilasizmi, yemakxonada o‘tirganimizda pastor ham, siz ham juda g‘alati… haligi… indamaslikka so‘z bergan odamlarga o‘xshab ko‘rindingizlar.
A l v i n g x o n i m. Sen buni payqadingmi?
O s v a l d (qisqa pauzadan so‘ng). Ha… Hm… Ayting-chi, Regina sizga yoqadimi?
A l v i n g x o n i m. Mengami?
O s v a l d. Ha. Ajoyib qiz, to‘g‘rimi?
A l v i n g x o n i m. Jon bolam, sen uni menchalik bilmaysan…
O s v a l d. Nima demoqchisiz?
A l v i n g x o n i m. Regina, afsuski, o‘z ota-onasinikida uzoq vaqt yashagan. Men uni vaqtliroq olib kelsam bo‘larkan.
O s v a l d. Ha, lekin u dilbar qiz, shundaymi? (O‘ziga shampan sharobi quyadi.)
A l v i n g x o n i m. Reginaning ancha-muncha nuqsonlari bor, kattagina nuqsonlari…
O s v a l d. Nima bo‘pti? (Ichadi.)
A l v i n g x o n i m. Shunday bo‘lsa-da, uni yaxshi ko‘raman. Uning uchun javob beraman. Uning boshiga biron kulfat tushishini sira-sira istamayman.
O s v a l d (o‘rnidan sapchib turib). Oyi, mening xaloskorim — birgina Regina!
A l v i n g x o n i m (o‘rnidan turib). Qaysi ma’noda?
O s v a l d. Bu azoblarga yakka o‘zim bardosh bera olmayman, bunga qodir emasman!
A l v i n g x o n i m. Onang-chi? Onang yordam bera olmaydimi?
O s v a l d. O‘zim ham dastlab shunaqa deb o‘ylagan edim. Shuning uchun ham yoningizga qaytib keldim. Lekin bo‘lmayapti, mumkin emas. Sezib turibman — men bu yerda bardosh berolmayman.
A l v i n g x o n i m. Osvald!
O s v a l d. Oyi, menga boshqacha hayot kerak. Shuning uchun ham huzuringizdan ketishim lozim. Men uchun azob chekishingizni istamayman.
A l v i n g x o n i m. Baxtsiz bolaginam! O! Aqalli bunaqa betob paytingda…
O s v a l d. Birgina bu kasallik bo‘lsa koshki edi, yoningizda qolar edim. Axir siz mening bu dunyodagi yagona do‘stimsiz.
A l v i n g x o n i m. Rost aytasan, Osvald!
O s v a l d (xonada notinch kezib). Bu azoblar — vijdon qiynog‘i, afsuslar… va haligi cheksiz, dahshatli vahima… Bu toqat qilib bo‘lmaydigan dahshat…
A l v i n g x o n i m (o‘g‘lining orqasidan yurib). Dahshat? Qanaqa dahshat? Nimalar deyapsan?
O s v a l d. So‘rab o‘tirmang. O‘zim ham bilmayman. Izohlab bera olmayman.

Alving xonim o‘ng tomonga borib qo‘ng‘iroqni chaladi.
Nima qilmoqchisiz?
A l v i n g x o n i m. O‘g‘limning quvnab-yayrashini istayman. O‘zining noxush o‘ylari bilan alahsiramasin, deyman. (Eshikdan kirib kelgan Reginaga.) Yana shampan sharobidan keltir. Butun shishasini keltir.

R ye g i n a chiqib ketadi.

O s v a l d. Oyi!
A l v i n g x o n i m. Bizni bu yerda, qishloqda yashashni bilmaydilar, deb o‘ylaysizmi?
O s v a l d. Regina rostakam zebo emasmi? Qaddi-qomatiga qarang! Oyog‘ining tagidan o‘t chaqnaydi-ya…
A l v i n g x o n i m (stol yoniga o‘tib). O‘tir, Osvald, osoyishta gaplashib olaylik.
O s v a l d (stol yoniga o‘tirib). Oyi, siz mening Regina oldida gunohkor ekanligimni bilmaysiz, shekilli? Endi ana shu gunohimni yuvishim kerak.
A l v i n g x o n i m. Sen?
O s v a l d. Yoki o‘ylamay ish tutganligim desammikin. Umuman, hech qanaqa aybli ishmas. Uyga oxirgi marta kelganimda…
A l v i n g x o n i m. Shunaqami?
O s v a l d. U Parij to‘g‘risida so‘rayvergach, u-bu haqda gapirib bergan edim. Bir marta “Parijda bo‘lishni istarmiding?” deb so‘rab qoldim.
A l v i n g x o n i m. Xo‘sh?
O s v a l d. U hayajonlanib ketib, albatta, juda-juda istar edim, dedi. Men esa, bir vaqti kelib seni Parijga olib boraman, degan ma’noda va’da qilganim esimda.
A l v i n g x o n i m. Keyin-chi?
O s v a l d. Keyin, albatta, bu va’damni mutlaqo unutib yubordim. Bu yerga kelganimning uchinchi kuni esa undan, mening bu yerga uzoq muddatga kelganimdan xursandmisan, deb so‘radim.
A l v i n g x o n i m. Xo‘sh?
O s v a l d. U menga bir g‘alati qilib qarab oldi-da, “Mening Parijga borishim nima bo‘ladi?” deb so‘rab qolsa bo‘ladimi.
A l v i n g x o n i m. Parijga borish!
O s v a l d. Uni qistoqqa olib so‘raganimdan keyingina bildimki, u o‘sha gapimni jiddiy deb tushungan va men haqimda orzu-xayol qiladigan bo‘lib qolgan. Hatto frantsuzcha gaplashishni ham o‘rgana boshlabdi…
A l v i n g x o n i m. Mana nima uchun ekan…
O s v a l d. Oyi, men bu ajoyib, go‘zal, durkun qizga ilgari negadir e’tibor bermagan ekanman, go‘yo menga quchog‘ini ochishga hozirdek, qarshimda turgan bu qizni ko‘rdim-u…
A l v i n g x o n i m. Osvald!
O s v a l d. … sening xaloskoring shu, deya o‘z-o‘zimga xitob qildim. Chunki men unda bir olam hayotbaxsh quvnoqlikni ko‘ra oldim.
A l v i n g x o n i m (hayratlanib). Hayotbaxsh quvnoqlik!.. Balki rostdan ham xaloskorimiz shudir?
R ye g i n a (bir shisha shampan sharobi ko‘tarib kiradi). Hayallab qolganim uchun avf etasizlar: yerto‘laga tushishga to‘g‘ri keldi. (Shishani stolga qo‘yadi.)
O s v a l d. Yana bitta qadah ham keltir.
R ye g i n a (unga hayratlanib qarab). Bu yerda beka oyimga ham qadah bor-ku, janob Alving.
O s v a l d. Ha, o‘zing uchun ham olib kel, Regina.

Regina seskanib tushadi va qo‘rqib Alving xonimga qaraydi.

Qani?
R ye g i n a (sekin, tutilib). Bekoyimga manzur bo‘larmikan?
A l v i n g x o n i m. Qadah olib kel, Regina.
R ye g i n a yemakxonaga chiqib ketadi.

O s v a l d (uning orqasidan qarab turib). Uning yurishlariga e’tibor berdingizmi? Qanaqa o‘ktam va sho‘x qadam tashlaydi!
A l v i n g x o n i m. Bu gap hech qachon bo‘lmaydi, Osvald!
O s v a l d. Bu hal bo‘lgan. O‘zingiz ko‘rib turibsiz-ku. Bahslashishning hojati yo‘q.

Bo‘sh qadah ko‘tarib R ye g i n a qaytib kiradi.

O‘tir, Regina.

Regina savol nazari bilan Alving xonimga qaraydi.

A l v i n g x o n i m. O‘tir.

Regina bo‘sh qadahni qo‘lida tutganicha yemakxonaga chiqadigan eshik
yonidagi stulga o‘tiradi.

Shunday qilib Osvald, hayotbaxsh quvnoqlik haqida nima demoqchi eding?
O s v a l d. Ha, hayot shodiyonasi, oyi, — uni bu yerda biznikilar deyarli bilishmaydi. Bu yerda men uni negadir hech qachon sezmayman.
A l v i n g x o n i m. Yo‘q-yo‘q, nazarimda men uni tushuna boshladim… endi…
O s v a l d. Hayot shodiyonasi va mehnat shodiyonasi. Umuman olganda bularning ma’nosi bor. Lekin bu yerdagilar buni ham bilishmaydi.
A l v i n g x o n i m. Gaping to‘g‘riga o‘xshaydi, Osvald. Xo‘sh, gapir, gapiraver. Yuragingga tugib qo‘yganlaringni yaxshilab aytib ol.
O s v a l d. Bu yerda odamlarni mehnatga gunohlari uchun jazo va qusur sifatida, hayotga esa g‘am-g‘ussalardan iborat qismat sifatida qarashga o‘rgatishadi. Hayotdan qanchalik tez xalos bo‘lsang, shunchalik yaxshi.
A l v i n g x o n i m. Ha, alam qismati. Har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, uni ana shunday qismatga aylantirishga harakat qilamiz.
O s v a l d. U yoqda esa odamlar buni mutlaqo tan olishmaydi, bilishni ham istamaydilar. Bu xildagi pand-nasihatlarga endi hech kim ishonmaydi. U yerdagilar hayotdan zavq olishadi. Yashashni, umr kechirishni rohat-farog‘at deb bilishadi. Oyi, e’tibor berganmisiz, men chizgan suvratlarning hammasi mana shu mavzuda. Hammasi hayot shodiyonasi haqida hikoya qiladi. Ularda yorug‘lik, oftob va bayram kayfiyati — hamda quvnoq, baxtiyor kishilar siymosi. Shu sababdan ham bu yerda qolish men uchun dahshat.
A l v i n g x o n i m. Dahshat? Bu yerda nimadan qo‘rqasan?
O s v a l d. Vujudimda bor narsalarning hammasi bu yerda bema’nilikka aylanadi, deb qo‘rqaman.
A l v i n g x o n i m (unga tik qarab). Shunaqa bo‘lishi mumkin deb o‘ylaysanmi?
O s v a l d. Ishonchim komil bunga. Agar bu yerda u yoqdagidek hayot kechiradigan bo‘lsam, bu boshqacha hayot bo‘ladi.
A l v i n g x o n i m (diqqat va hayajon bilan tinglab turib, hayratlangan bir holatda, chuqur o‘yga botadi). Mana, bularning hammasi qayerdan kelib chiqqan ekan. Endi tushundim.
O s v a l d. Nimani tushunding?
A l v i n g x o n i m. Hayotimda birinchi marta tushunyapman, aqlim peshlandi. Gapirib ham berishim mumkin.
O s v a l d (o‘rnidan turib). Oyi, men sizni tushunmayapman.
R ye g i n a (u ham o‘rnidan turib). Men chiqib tursammikin?
A l v i n g x o n i m. Yo‘q, o‘tiraver. Endi men gapirishim mumkin. Endi, o‘g‘lim, hammasini bilib olasan. So‘ng xohlaganingni tanlab olaver!.. Osvald, Regina…
O s v a l d. Tss!.. Pastor!..
P a s t o r M a n d ye r s (kiradi). Mana, sidqidildan miriqib suhbatlashib oldik.
O s v a l d. Bizlar ham.
P a s t o r M a n d ye r s. Dengizchilarga musofirxona tashkil etishda Engstranga qarashish kerak. Regina yordamlashgani unikiga ko‘chib borsin.
R ye g i n a. Yo‘q, afu etasiz, janob pastor.
P a s t o r M a n d ye r s (Reginani endigina payqab). Nima?.. Bu yerda o‘tirgani nimasi, yana qo‘lida qadah bilan!
R ye g i n a (qadahni stolga qo‘yib). Pardon!
O s v a l d. Regina men bilan birga ketyapti, pastor janoblari!
P a s t o r M a n d ye r s. Ketyapti! Siz bilan birga-ya?
O s v a l d. Ha, xotinim sifatida — agar buni istasa.
P a s t o r M a n d ye r s. Yo parvardigor, axir bu…
R ye g i n a. Bu mening irodam bilan bo‘layotgani yo‘q, janob pastor.
O s v a l d. Yoki bu yerda qoladi, agar men qoladigan bo‘lsam.
R ye g i n a (beixtiyor). Bu yerda?
P a s t o r M a n d ye r s. O‘z quloqlarimga ishonmayapman, Alving xonim!
A l v i n g x o n i m. Unisi ham, bunisi ham bo‘lmaydi. Endi butun haqiqatni aytib berishim mumkin.
P a s t o r M a n d ye r s. Nahot, siz… yo‘q, yo‘q, yo‘q!
A l v i n g x o n i m. Ha! Shunday qilaman, shunday qilishni istayman. Bundan e’tiqodga hech qanday putur yetmaydi.
O s v a l d. Oyi, sizlar mendan nimani yashiryapsizlar?
R ye g i n a (tashqariga quloq solib). Beka oyim! Eshityapsizmi? Odamlar qichqirishyapti! (Oynavand ayvonga borib, derazadan tashqariga qaraydi).
O s v a l d (chap tomondagi deraza yoniga borib). Nima bo‘pti? Bu shu’la qayoqdan kelyapti?
R ye g i n a (qichqirib). Yetimxona yonyapti!
A l v i n g x o n i m (deraza tomonga chopib). Yonyapti?!
P a s t o r M a n d ye r s. Yonyapti? Mumkin emas! Men hozirgina o‘sha yoqdan keldim-ku.
O s v a l d. Shlyapam qani? Mayli, kerak emas… Dadamning yetimxonasi!.. (Ayvondan boqqa tushib ketadi.)
A l v i n g x o n i m. Ro‘molimni ber, Regina! Butun binoni alanga olibdi!..
P a s t o r M a n d ye r s. Dahshat!.. Alving xonim, bu nizo va fitnalar uyi ustidan qasos demoqdir!
A l v i n g x o n i m. Ha, ha, albatta. Yur, Regina. (Regina bilan chiqib ketadi.)
P a s t o r M a n d ye r s (afsuslanib, kaftlarini bir-biriga urib). Kafolatga ham berilmagan edi! (Ularning orqasidan shoshib chiqib ketadi.)

P a r d a.

UChINChI KO‘RINISh

Avvalgi xona. Hamma eshiklar ochiq. Chiroq stol ustida yongancha turibdi. Tashqarida zulmat, faqat chap tomonda uzoqdan so‘nayotgan o‘t shu’lasi yallig‘lanadi.
A l v i n g x o n i m boshiga ro‘mol tashlagan holda ayvondan boqqa qarab turadi.
R ye g i n a ham ro‘mol o‘ragan, undan sal nariroqda…

A l v i n g x o n i m. Hammasi yonib, kul bo‘ldi. Adoyi tamom bo‘ldi.
R ye g i n a. Hali tagxonadagi narsalar yonib bo‘lganicha yo‘q.
A l v i n g x o n i m. Osvald kelmayotibdi. Uning u yerda turganidan endi foyda yo‘q.
R ye g i n a. Shlyapasini olib borib beraymi?
A l v i n g x o n i m. Hali u boshyalangmi?
R ye g i n a (dahlizni ko‘rsatib). Ana, shlyapasi osig‘liq turibdi.
A l v i n g x o n i m. Bo‘lar ish bo‘ldi. U endi kelib qoladi. Men borib qaray-chi. (Ayvondan chiqib ketadi.)
P a s t o r M a n d ye r s. (Dahlizdan kiradi.) Alving xonim bu yerda yo‘qmilar?
R ye g i n a. Hozirgina boqqa chiqib ketdilar.
P a s t o r M a n d ye r s. Men bunday dahshatli kechani umrimda ko‘rmaganman.
R ye g i n a. Ha, shunday! Baxtsizlik bo‘lganda ham juda dahshat, janob pastor.
P a s t o r M a n d ye r s. Eh, nimasini aytasan. Buni xayol qilishning o‘zi bir dahshat!
R ye g i n a. Qanday qilib bu voqea ro‘y berdi ekan-a?
P a s t o r M a n d ye r s. Buni siz mendan so‘ramang, oyposhsha Engstran. Men buni qayerdan bilay? Siz o‘zingiz ham?.. Buning ustiga, otangiz bo‘lsa…
R ye g i n a. Ha, otamga nima bo‘pti?
P a s t o r M a n d ye r s. U meni rasvo qildi.
E n g s t r a n (dahlizdan kiradi). Pastor janoblari…
P a s t o r M a n d ye r s (cho‘chib, unga qaraydi). Bunda ham orqamdan yuribsizmi?
E n g s t r a n. Xudo meni olsin, buni qarang-a!.. O‘zing madadkor bo‘l, Iso payg‘ambar! Shunchalik nahs bosdi, pastor janoblari.
P a s t o r M a n d ye r s (bir oldinga, bir orqaga yurib). Evoh! Evoh!
R ye g i n a. Nima bo‘ldi o‘zi?
E n g s t r a n. Buning hammasi bizning qilgan toat-ibodatimiz evaziga. (Qiziga shivirlab.) Endi, sen bilan mening boshimga humo qushi qo‘nadi, qizim. (Eshittirib.) Men tufayli, pastor janoblari, bunday kulfatlar yuz berishiga bois bo‘ldilar.
P a s t o r M a n d ye r s. Xudo saqlasin, Engstran…
E n g s t r a n. Unday bo‘lsa, pastor janoblaridan boshqa kim sham yoqib, bu yerda yurgan?
P a s t o r M a n d ye r s (to‘xtab). Shu gaplarni siz aytayotibsizmi? Men, esa, darvoqe, qo‘limda sham bormidi-yo‘qmidi, bilmayman.
E n g s t r a n. Men hozir ko‘z oldimga keltirsam: pastor janoblari shamni qo‘llariga olib, uning uchidagi qurumlarni barmoqlari bilan uqalab, payraxalar ustiga tashlaganlar.
P a s t o r M a n d ye r s. Buni siz o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingizmi?
E n g s t r a n. Ha, o‘z ko‘zim bilan…
P a s t o r M a n d ye r s. Tushunolmadim. Menda bunday odat — sham qurumlarini barmoqlarim bilan olib tashlash odatim yo‘q.
E n g s t r a n. Yana qanday deng, juda befarq olib tashladingiz, gapning ochig‘i, ish bundan ham battar bo‘lishi mumkin edi, pastor janoblari, shundaymi?
P a s t o r M a n d ye r s (hayajondan odimlaydi). Buni so‘ramay ham qo‘yaqoling!
E n g s t r a n (ketidan yurib). Pastor janoblari, kafolatga qo‘yganmidi?
P a s t o r M a n d ye r s (yurishda davom etib). Yo‘q, yo‘q, yo‘q, — sizga aytdim-ku, axir!
E n g s t r a n (uning orqasidan yurib). Avvalambor, kafolatga qo‘ymagansiz. So‘ng o‘zingiz o‘t qo‘ygansiz. Yo parvardigor! Baxtsizlikni qarang!
P a s t o r M a n d ye r s (peshonasidagi terni artib). Ha, buni tan olaman.
E n g s t r a n. Butun bir shahar, butun bir tevarak-atrof bahramand bo‘lishi uchun umid ko‘zini tikib turgan ana shunday ezgu bir binoning boshiga kulfat toshi yog‘ilganini qarang-a! Gazetalar pastor janoblarini avf etolmaydi.
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, shunday! Rahmu shafqat qilishmaydi. O‘zim ham ana shu haqda o‘ylab turibmaan. Bu hammasidan oshib tushdi. Buning oldida nayranglar, pand berishlar — hamma-hammasi hech gap bo‘lmasdan qoldi. O‘ylasam, yuragim orqamga tortadi.
A l v i n g x o n i m (bog‘dan chiqib). Osvaldni u yerdan olib ketib bo‘lmaydi. O‘chirishga hamon ko‘maklashayotibdi.
P a s t o r M a n d ye r s. Ey, bu sizmisiz, Alving xonim?
A l v i n g x o n i m. Mana endi siz, pastor Manders, tantanali nutqdan ham qutulib qoldingiz.
P a s t o r M a n d ye r s. Eh, men bo‘lsam qanday xushnudlik bilan…
A l v i n g x o n i m (ovozini pastlab). Bunday voqeani yuz bergani yaxshilikka, albatta. Bu binoda savob ish bo‘lishidan, bo‘lmasi ko‘p edi.
P a s t o r M a n d ye r s. Siz shunday deb o‘ylaysizmi?
A l v i n g x o n i m. Siz-chi?
P a s t o r M a n d ye r s. Harholda bu o‘taketgan baxtsizlik.
A l v i n g x o n i m. Bunga, mayli, ochiqdan-ochiq ish nuqtai nazaridan qaraylik. Engstran, sizning pastorda gapingiz bormi?
E n g s t r a n (dahliz eshigi oldida turib). Xuddi shunday!
A l v i n g x o n i m. Birpas o‘tiraturing.
E n g s t r a n. Tashakkur, turaturaman.
A l v i n g x o n i m (pastorga). Siz, ehtimol, paraxodda ketarsiz.
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, bu bir soatdan so‘ng jo‘naydi.
A l v i n g x o n i m. Sizdan iltimos, hamma xat-patlarni o‘zingiz bilib olib keting. Bu masalani bundan keyin eshitishni ham istamayman, endi, boshqa tashvishlarim ham bor.
P a s t o r M a n d ye r s. Alving xonim…
A l v i n g x o n i m. Keyinchalik sizga to‘la-to‘kis ishonchnoma yozib yuboraman. O‘zingiz xohlagancha, bu masalani hal qilavering.
P a s t o r M a n d ye r s. Chin ko‘ngildan bu narsani o‘z zimmamga olishga tayyorman. Avvalgi savdoi merosning vazifasi endi, evoh, o‘zgarishi kerak, albatta!
A l v i n g x o n i m. O‘z-o‘zidan ayon bu.
P a s t o r M a n d ye r s. Men hozircha shunday qilmoqchiman. Sulvik chorbog‘i shu yerdagi jamoa ixtiyoriga o‘tadi. Yer, harholda, bir narsa degan gap. Ehtimol, bunga bo‘lmasa, boshqa biror narsaga yarab qoladi. Omonat kassaga qo‘yilgan sarmoya foizi hisobiga shaharga nafi tegadigan bironta muassasani saqlab turish yaxshi bo‘lar degan fikrdaman.
A l v i n g x o n i m. Siz nimani istasangiz, shunday qilavering, menga baribir.
E n g s t r a n. Dengizchilar uchun mo‘ljallangan qo‘nalg‘amni esingizdan chaqirmang, pastor janoblari!
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, ha, bu yaxshi fikr. Lekin yana o‘ylab ko‘rish kerak.
E n g s t r a n. O‘ylashning nima hojati bor… Yo Iso payg‘ambar!
P a s t o r M a n d ye r s (entikib). Hayhot! Hali bu ishlar bilan yana qancha vaqt band bo‘laman, kim bilsin. Balki, afkor omma fikri meni bu xatti-harakatdan voz kechishimga majbur etishi mumkin. Hamma narsa yong‘inning kelib chiqishi yuzasidan olib boriladigan tergov natijalariga bog‘liq.
A l v i n g x o n i m. Nimalar deyayotibsiz?
P a s t o r M a n d ye r s. Natijani oldindan bilish qiyin.
E n g s t r a n (yaqinlashib). Bu gap qanday bo‘ldi? Yakob Engstranning o‘zi shu yerda ekanligi yetmaydimi?
P a s t o r M a n d ye r s. Ha, ha, ammo…
E n g s t r a n (ovozini pastlab). Yakob Engstran unaqangi odamlardan emas, boshiga kulfat tushganda oshnasini sotib ketadigan…
P a s t o r M a n d ye r s. Ammo, azizim, qanday qilib…
E n g s t r a n. Yakob Engstran, aytgancha, xuddi farishtaning o‘zginasi…
P a s t o r M a n d ye r s. Yo‘q-yo‘q. Menga, rostini aytsam, bunday gaplar ortiqcha.
E n g s t r a n. Yo‘q, modomiki, shunday ekan, aytganim bo‘lishi kerak. Men bir odamni bilaman, u o‘ziga daxli yo‘q aybni bo‘yniga olgach…
P a s t o r M a n d ye r s (uning qo‘lini qisib). Yakob! Siz noyob kishisiz. Shuning uchun ham sizga boshpanangiz masalasida yordam beriladi. Menga ishonishingiz mumkin.

Engstran minnatdorchilik izhor etmoqchi bo‘ldi-yu, ammo hayajondan
o‘zini bosolmaydi.
(Sumkasini yelkasiga tashlab.) Qani, yo‘lga tushdik.
E n g s t r a n (emakxona eshigi oldida Reginaga asta-sekin). Men bilan birga ketaver, qizaloq. Yeganing oldingda, yemaganing ketingda bo‘ladi.
R ye g i n a (boshini qimirlatib). Mersi1 (Oldingi xonaga chiqadi va pastorning paltosini keltirib beradi).
P a s t o r M a n d ye r s. Yaxshi qoling, Alving xonim. Bu xonadonda tartib va qonuniyat barq urishi uchun xudo yor bo‘lsin!
A l v i n g x o n i m. Xush ko‘rdik, Manders. (Ayvonga o‘tib, bog‘dan chiqib kelayotgan Osvald oldiga boradi.)
E n g s t r a n (pastorga paltoni kiydirishda Reginaga yordam bera turib). Xayr, qizim, boshingga biror ish tushsa, Yakob Engstranni qayerdan topishing mumkinligini unutma. (Shivirlaydi.) Kichik Gavana… tss!! (Alving xonimga va Osvaldga murojaat qilib.) Darbadar dengizchilar mo‘ljallangan qo‘nalg‘ani “Kamerger Alving uyi” deb ataymiz. Hammasi men o‘ylagancha bo‘ladi, ayniqsa, marhum kamerger nomiga munosib bo‘lishiga kafilman.
P a s t o r M a n d ye r s (eshik oldida). Tss! Tss!.. Qani, yuring muhtaram Engstran, xayr, xayr! (Engstran bilan dahlizga chiqib ketadilar.)
O s v a l d (stolga yaqinlashib). U qaysi uy haqida gapirayotibdi?
A l v i n g x o n i m. Pastor bilan hamkorlikda qurishi kerak bo‘lgan allaqanday qo‘nalg‘a to‘g‘risida.
O s v a l d. Unga ham o‘t tushadi, bu yerdagiga o‘xshab…
A l v i n g x o n i m. Bu gap boshingga qayerdan keldi?
O s v a l d. Hammasi yonib bitadi. Dadam haqida hech qanday xotira qolmaydi. Men ham bunda kuyib kul bo‘laman.

Regina hayrat bilan unga qaraydi.

A l v i n g x o n i m. Osvald, sho‘rlik bolam! Sen u yerda bunchalik uzoq qolmasliging kerak edi.
O s v a l d (stol yoniga o‘tirib). Darvoqe, shunday.
A l v i n g x o n i m. Qani, menga qara, yuzlaringni artib qo‘yay. Terlab ketibsan. (Uning yuzlarini o‘z dastro‘molchasi bilan artadi.)
O s v a l d (loqayd qarab). Rahmat, oyi.
A l v i n g x o n i m. Toliqqansan, Osvald, bir uxlab olmaysanmi?
O s v a l d (bezovtalanib). Yo‘q-yo‘q… uyqu qayoqda deysiz? Men hech qachon uxlamayman. Faqat xayol qilaman, xolos. (Do‘ng‘illab.) Uxlaydigan vaqt ham keladi.
A l v i n g x o n i m (tashvishlanib, unga qaraydi). Ha, sen chindan ham betobsan, azizim.
R ye g i n a (iztirob chekib). Janob Alving betobmi?
O s v a l d (asabiylashib). Hamma eshiklarni yoping. Bu o‘limdan battar dahshat!
A l v i n g x o n i m. Eshiklarni yopa qol, Regina.

Regina eshiklarni yopadi va oldingi xona eshigi qarshisida to‘xtaydi. Alving xonim ustidagi ro‘molni olib itqitadi, Regina ham shunday qiladi. Alving xonim stulni surib, Osvald yoniga o‘tiradi.

Mana, men yoningda, sen bilan o‘tiraman…
O s v a l d. Ha, o‘tir. Regina ham shu yerda bo‘lsin. Regina hamisha men bilan birga bo‘lsa koshkiydi. Sen, menga yordam qo‘lingni uzatasanmi, Regina? Shundaymi?
R ye g i n a. Men bu gaplaringizni tushunolmayapman.
A l v i n g x o n i m. Yordam qo‘lingni?
O s v a l d. Ha, zururiyat paydo bo‘lsa…
A l v i n g x o n i m. Osvald, sening onang bor-ku. U senga ko‘makdosh.
O s v a l d. Sizmi? (Kulimsirab.) Yo‘q, oyi, bunday yordamni siz uddalay olmaysiz. (Zaharxanda bilan.) Siz! Ha-ha! (Unga jiddiy qaraydi.) Gapning lo‘ndasini aytganda, darhaqiqat, hammadan ham sizga yaqin bo‘lishim kerak edi. (Qizishib.) Nega sen men bilan “sen”lashib gaplashmaysan, Regina? Nega, meni Osvald deb aytib qo‘yaqolmaysan?
R ye g i n a (sekin-asta). Men bilmayman, bu beka oyimga ma’qul tushadimi, yo‘qmi?
A l v i n g x o n i m. Sabr qil, hademay senga uni shunday atashlikka ijozat ham tegadi. Qani, yonimizga o‘tir-chi.

Regina tortinib, hadiksirab, stolning narigi tomonida o‘tiradi.

Mana, shunday, sho‘rlik, azob-uqubatda qolgan bolam. Dardingga sherikman, uni yurak-bag‘ringdan sug‘urib olay…
O s v a l d. Sizmi, oyi?
A l v i n g x o n i m. Men seni jamiki, vijdon azoblaridan, tavba-tazarrulardan, ta’na-tashvishlardan xoli etmoqchiman…
O s v a l d. Siz o‘zingizni bunga qodir deb o‘ylaysizmi?
A l v i n g x o n i m. Ha, endi qo‘limdan keladi, Osvald. Mana sen hayot xushnudligi haqida so‘ylab, mening umrimda yuz bergan, menga tamom boshqacha ko‘ringan, qorong‘ulik chulg‘agan ufqlarni yoritib yubording.
O s v a l d (boshini qimirlatib). Hech narsa anglolmayapman.
A l v i n g x o n i m. Sen dadangni, hali u yosh leytenant bo‘lib yurgan vaqtlarda ko‘rganingda edi! Uning qalbida quvonch qulf urardi.
O s v a l d. Bilaman.
A l v i n g x o n i m. Unga bir boqishning o‘zi kifoya edi — kishi ko‘ngli yayrab ketardi. Buning ustiga, tanasiga sig‘mas kuch, benihoya g‘ayrat.
O s v a l d. Xo‘sh, xo‘sh?..
A l v i n g x o n i m. Mana shunday xushchaqchaq bolakay — ha, darhaqiqat, o‘sha vaqtda xuddi bolaga o‘xshardi, — kichkinagina ushbu shaharchada telbai benavoday o‘zini his etib, hech qanday quvnoqlik ko‘rmadi, ko‘rgani faqat ishrat bo‘ldi, xolos. Hech qanday jiddiy burch, hayotida bir maqsad bo‘lmadi, bo‘lgani zimmasidagi harbiy xizmat! Hech qanday ish bo‘lmadiki, uni jon dili bilan ado etsa bo‘lgani, bilgani bir “ish!”. Uning yonida yashash ma’nosini, shukuhini anglay olishga qobil birorta o‘rtog‘i ham bo‘lmadi, borlari faqat bema’ni, shisha ulfatlari!
O s v a l d. Oyi?..
A l v i n g x o n i m. Shunday qilib, bo‘lar ish bo‘ldi!
O s v a l d. Nima bo‘lishi kerak edi?
A l v i n g x o n i m. Sen o‘zing hali kechqurun shu yerda qolsang, nima bo‘lishini menga aytding-ku.
O s v a l d. Siz aytmoqchisizki, mening dadam…
A l v i n g x o n i m. Sening dadangday haddan tashqari xushchaqchaq kishi uchun bu yerda bundan bo‘lak yo‘l ham yo‘q edi. Men esa uning xonadoniga na nur, na surur keltirolmadim.
O s v a l d. Siz ham?
A l v i n g x o n i m. Mening qulog‘imga bolaligimdan burch va vazifalarni o‘tash haqidagi pand-nasihatlar quyilgan edi, xolos. Men esa o‘sha o‘gitlardan nariga o‘tolganim yo‘q. Biz uchrashganimizda uning va mening zimmamdagi burch-vazifalar haqida gaplashardik… Aytishga ham qo‘rqaman — uyimiz otang ko‘ziga balo bo‘lib ko‘rinadigan bo‘lib qolgan edi. Osvald, bunga men aybliman.
O s v a l d. Nega siz bu haqda bir og‘iz ham xatingizda yozmagansiz?
A l v i n g x o n i m. Umrimda hech qachon bunday narsani ko‘rmaganimdan bu haqda sen bilan, uning o‘g‘li bilan dardlashishga jur’at etolmadim.
O s v a l d. Siz bunday ahvolga qaysi ko‘z bilan qaradingiz?
A l v i n g x o n i m (asta-sekin). Men bir narsani ko‘rib turardim — dadang hali sen dunyoga kelmagan kunlardayoq halokatga yuz o‘girgan edi…
O s v a l d (bo‘g‘iq ovoz bilan). Nima dedingiz. (O‘rnidan turadi va deraza yoniga boradi.)
A l v i n g x o n i m. Yana bir fikr boshimdan ketmas edi, ochig‘ini aytsam, Regina menga xuddi o‘z farzandimday yaqin bo‘lib qolgandi.
O s v a l d (darhol unga qaraydi). Regina?
R ye g i n a (sakrab turib). Men?..
A l v i n g x o n i m. Ha, endi ikkovingiz ham buni bilasiz.
O s v a l d. Regina!
R ye g i n a (o‘zi-o‘ziga). Demak, oyim haligiday ekan-da.
A l v i n g x o n i m. Sening oying ancha-muncha yaxshi xotin edi, Regina.
R ye g i n a. Harholda haligidaqalardan ekan-da. Men hech qachon bunday deb o‘ylamagandim. Lekin… Ha, mayli… Beka oyim, menga hozirning o‘zida jo‘nab ketishga ijozat bering.
A l v i n g x o n i m. Jiddiy gapirayotibsanmi, Regina?
R ye g i n a. Ha-ha, yolg‘oni ham bormi?
A l v i n g x o n i m. Masala hal, ketishing mumkin, ammo…
O s v a l d (Reginaga yaqinlashadi). Jo‘nab ketasanmi? Sen o‘z uyingdasan-ku.
R ye g i n a. Mersi, janob Alving… Ha, endi men sizni Osvald deb atasam bo‘ladi. Lekin men o‘ylaganday bo‘lib chiqmadi.
A l v i n g x o n i m. Regina, men sen bilan ochiq gaplasholmadim…
R ye g i n a. Endi bu haqda og‘iz ochishning o‘zi ayb! Buning ustiga Osvald betob… Endilikda bizning oramizda biror jiddiy ish bo‘lishi mumkinmi? Yo‘q, men qishloq joyda qolib ketolmayman, yoshligimning esa bir kunini ham xasta yonida o‘tkazib, juvonmarg qilishni xohlamayman.
O s v a l d. Hatto shunday yaqin bir kishi bilan ham o‘tkazishni istamaysanmi?
R ye g i n a. Yo‘q endi, o‘zingiz bilishingiz kerak. Bechora qizga yoshlik g‘animat. Bir ko‘z ochib-yumguncha o‘tadi-ketadi, boshingda soching, og‘zingda tishing qolmaganini bilmaysan? Siz aytgan quvnoqlik menda ham bor, beka oyim!
A l v i n g x o n i m. Ha, evoh!.. O‘zingni mayib qilma, Regina!
R ye g i n a. Harqalay taqdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Osvald dadasining yo‘lidan ketgan bo‘lsa, men oyimning yo‘lidan… So‘rashga ruxsat eting, beka oyim, pastor bu gaplardan xabardormi?
A l v i n g x o n i m. Pastor Manders hammasini biladi.
R ye g i n a (ro‘molini asta-sekin yelkasiga tashlab). Men narsalarimni tezroq yig‘ishtirishim kerak bo‘lib qoldi, yo‘qsa poroxodga ulgurolmayman. Pastor bu masalada durust odam, u bilan til topsa bo‘ladi. Mening nazarimda xudo urgan duradgor singari menga ham xarom pullardan manfaatdor bo‘lishga to‘g‘ri keladi.
A l v i n g x o n i m. Ilohim, ishing o‘ngidan kelsin!
R ye g i n a (unga tikilib). Gap bunaqangi ekan, beka oyim, meni baobro‘ kishilar qiziday tarbiya etganingizda haqqingiz ketmasdi. Bunisi menga ko‘proq yarashardi. (Boshini ko‘tarib.) Endi hammasiga tupurish kerak! (Og‘zi ochilmagan shishaga tegib o‘tib.) Darvoqe, hali menga mo‘tabar janoblar bilan shampan ichishga ham to‘g‘ri keladi.
A l v i n g x o n i m. O‘z uyingga qaytish uchun zarurat tug‘ilsa, Regina, bemalol kelaver.
R ye g i n a. Yo‘q, ta’zim ila tashakkur! Pastor Manders menga g‘amxo‘rlik qilsa kerak. Lekin undan ro‘shnolik ko‘rmasam, endi men uchun eshigi ochiq uy borligini bilaman.
A l v i n g x o n i m. Qaysi uy haqida gapirayotibsan?
R ye g i n a. Kamerger Alving mehmonxonasi haqida.
A l v i n g x o n i m. Regina, ko‘rib turibmanki, sen halokatga uchraysan.
R ye g i n a. Bo‘lgancha bo‘ldi! Adieu! (ta’zim ila oldingi xonaga o‘tib, undan chiqib ketadi.)
O s v a l d (derazadan qarab). Ketdi!
A l v i n g x o n i m. Shunday!
O s v a l d (do‘ng‘illab). Juda yomon bo‘ldi.
A l v i n g x o n i m (unga yaqinlashib, har ikki qo‘lini uning yelkasiga qo‘yib). Osvald, azizim, bu voqea seni larzaga solib qo‘ydi, shekilli?
O s v a l d (unga o‘girilib qarab). Otam haqidagi gaplarmi?
A l v i n g x o n i m. Ha, sening o‘sha baxtsiz otang haqidagi gaplar. Sening qalbingni larzaga solib qo‘yganidan qo‘rqaman.
O s v a l d. Nega bunday o‘ylayapsiz? Shak-shubhasiz, bu meni garang qilib qo‘ydi. Lekin, bundoq qaraganda, men uchun ahamiyati yo‘q.
A l v i n g x o n i m (qo‘lini yelkadan olib). Dadangning shunchalik badbaxtligi sen uchun ahamiyatsizmi?
O s v a l d. Shubhasiz, men unga achinaman, xuddi boshqalarga achinganimdek, ammo…
A l v i n g x o n i m. Shuginami? Axir o‘z otang-ku!
O s v a l d (asabiylashib). Eh, otam… otam! Men uni sira-sira bilmaganman-ku. Faqat uning marhamati tufayli bir kun o‘xchiganim esimda bor, xolos.
A l v i n g x o n i m. Bu haqda o‘ylashning o‘zi dahshat. Nahotki, bola o‘z otasiga mehr-muhabbat qo‘ymasa?
O s v a l d. Bordi-yu, u o‘z otasiga minnatdorchilik bildirish uchun arzigulik bahona topolmasa-chi? Hatto u o‘z otasini bilmasa-chi. Yoki sen, darhaqiqat, eski urf-odatlarga ortiq itoatkormisan, sen shunchalik bilimdon, ma’rifatli bo‘laturib?
A l v i n g x o n i m. Buni sen faqat birgina urf-odat deb bilasanmi!
O s v a l d. Sening o‘zing yaxshi anglashing kerak, oyi. Bular hammasi shunchaki og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan gaplar… Bu ham o‘sha oldi-qochdilarning biri, zotan, keyinchalik…
A l v i n g x o n i m (darg‘azab). Arvoh bo‘lib ko‘rinadi.
O s v a l d. Ha, arvoh desang deya qol, mayli!
A l v i n g x o n i m (to‘satdan). Osvald… Shunday qilib, sen meni yaxshi ko‘rmaysanmi?
O s v a l d. Sizni, harholda bilaman…
A l v i n g x o n i m. Ha, bilasan, shuning o‘zi kifoyami?
O s v a l d. Siz meni yurakdan sevishingizni bilaman, buning uchun, albatta, sizga qulluq qilishim kerak. Buning ustiga, betob kunlarimda menga benihoya nafingiz tegishi mumkin.
A l v i n g x o n i m. Ha, shunday Osvald. To‘g‘rimi? Men senga yopishgan dardga “ofarin” aytishga tayyormanki, zotan u seni menga keltirib berdi. Endilikda ko‘rib turibmanki, sen hali meniki bo‘lganingcha yo‘q, seni zabt etishim kerak.
O s v a l d (iztirob chekib). Ha, ha, shunday, bular hammasi gap! Siz mening xastaligimni unutmang, oyi. O‘zim haqimda o‘ylashim kerak, o‘zgalar haqida uzoq o‘ylashga qurbim yetmaydi.
A l v i n g x o n i m (hazin tovush bilan). Men hammasiga roziman, hammasiga chidayman, Osvald.
O s v a l d. Xafa bo‘lmang, oyi!
A l v i n g x o n i m. Ha, shunday, bolaginam, sen haqsan (unga yaqinlashib). Harholda men ta’na toshlaridan va vijdon azoblaridan xoli qiloldimmi?
O s v a l d. Ha, lekin dahshat yukidan kim xoli qiladi?
A l v i n g x o n i m. Dahshat?
O s v a l d (xonada yurib). Reginaning iltimos qilishiga to‘g‘ri keladi.
A l v i n g x o n i m. Anglolmayman. Qanday bog‘liqlik bor dahshat bilan Regina o‘rtasida?
O s v a l d. Juda kech, endi, oyi.
A l v i n g x o n i m. Erta tong. (Derazadan ayvonga qaraydi.) Ufqlarda tong otayotir. Havo ham ochiq bo‘ladi, Osvald, hademay quyosh ko‘rasan.
O s v a l d. Benihoya xursandman. Ehe, hali mening hayotimda allaqanday xurramlik yuz berishi mumkin. — Yashasang arziydi…
A l v i n g x o n i m. Yashaganda qanday!
O s v a l d. Bordi-yu, men ishga yaroqsiz bo‘lsam ham…
A l v i n g x o n i m. Eh, hali yana tez kunda ishga yarab qolasan, aziz bolaginam. Endi sen qalbingni qiymalab yotgan butun mashaqqat va shubhalarni itqitib tashlading.
O s v a l d. Ha, durust, sen meni bo‘lmag‘ur bu gaplardan xalos etding. Endi yana bir narsadan qutulolsam koshkiydi. (Divanga borib o‘tiradi.) Keling, oyi, dardlashaylik.
A l v i n g x o n i m. Kela qol, kel! (Divanga oromkursini surib, Osvaldga yaqin o‘tiradi.)
O s v a l d. Bu orada quyosh ham ko‘tariladi… Sizga hamma narsa ayon bo‘ladi. Men esa bu dahshatdan qutulaman!
A l v i n g x o n i m. Nima deding? Nima ayon bo‘ldi?
O s v a l d (uning gapiga quloq solmasdan). Siz o‘zingiz kechqurun aytdingiz-ku, oyi, men sizdan nimaniki, iltimos qilmay, rad etmaysiz.
A l v i n g x o n i m. Ha, shunday deganman.
O s v a l d. O‘z gapingizda turasizmi?
A l v i n g x o n i m. Sen menga ishonaversang bo‘ladi, azizim, yolg‘izim! Ko‘rib turibsan-ku, birgina sen uchun bu dunyoda yashayotibman.
O s v a l d. Ha, shunday, quloq sol… Oyi, sizning ruhan baquvvat ekanligingizni bilaman. Faqat iltimos, mening og‘zimdan chiqqan gaplarni eshitganingizda, joyingizdan qo‘zg‘almasdan o‘tirishingiz shart.
A l v i n g x o n i m. Bu nima deganing bo‘ldi? Allaqanday mudhishlikning hidi kelayotibdi-ku?
O s v a l d. Baqirmang. Eshitdingizmi? Men bilan bu haqda bamaylixotir, tinchgina gaplashishga so‘z berasizmi? Va’dangizning ustidan chiqasizmi, oyi?
A l v i n g x o n i m. Ha, ha. Qani, gapir, so‘zim — so‘z!
O s v a l d. Bilsangiz edi, tinkam quridi, hali ishga yaraymanmi, yo‘qmi, bu haqda o‘ylashning ham hojati yo‘q, dard unda emas.
A l v i n g x o n i m. Ha, bo‘lmasa, dard nimada?
O s v a l d. Bu dard menga suyak surib o‘tgan… (Qo‘li bilan peshonasini ko‘rsatib, eshitilar-eshitilmas). Mana, bu yerga joylashib olgan.
A l v i n g x o n i m (tildan qolguday bo‘lib). Osvald!.. Yo‘q, yo‘q!
O s v a l d. Baqirmang, shovqinni ko‘tarolmayman. Ha, mana shu yerga joylashib olgan, payt poylayotibdi. Kezi kelsa, tashqariga yorib chiqishi ham hech gapmas!
A l v i n g x o n i m. Oh, qanday dahshat!
O s v a l d. Faqat o‘zingizni bosing! Mana, mening ahvolim qanday…
A l v i n g x o n i m (o‘rnidan sakrab turib). Yo‘q, bu yolg‘on, Osvald! Ishon¬¬mayman, bunday bo‘lishi mumkin emas. Yo‘q, yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas!
O s v a l d. Menda bunday tutqanoq bir marta yuz berdi-yu, zudlik bilan o‘tib ketdi. Ammo buning nima ekanligini bilganimda, boshimdan oyog‘imgacha dahshat bosdi — mudhish, toqat qilib bo‘lmaydigan dahshat! O‘sha dahshat meni quvib soldi, sizning huzuringizga.
A l v i n g x o n i m. Demak, shunday, dahshat!..
O s v a l d. Ha, buni aytish qiyin, mudhish! Eh koshkiydi, bu shunchaki joningni olib qo‘yaqoladigan dard bo‘lsa… Men o‘limdan qo‘rqmayman, holbuki, yana jon-jon deb yashagim kelsa ham…
A l v i n g x o n i m. Ha, shunday, Osvald, hali sen yashaysan!
O s v a l d. Endilikda bu shunday jirkanch! Yana noshud bir bolakay ahvoliga tushish, o‘z ovqatingni o‘zing yeyolmasang… yo‘q, bu — aytishga oson!
A l v i n g x o n i m. Bolani ona parvarish qiladi.
O s v a l d (irg‘ib). Yo‘q, bunday bo‘lishi sira mumkin emas. Xuddi ona shunday bo‘lishini istayman. Men bunday yo‘sinda uzoq yashashimni ko‘z oldimga keltirolmayman — qarib ketaman, oqarmagan tukim qolmaydi. Bu vaqt ichida siz ham o‘lib ketishingiz hech gapmas! (Onasining oromkursidagi qo‘liga o‘tirib.) Doktor bu dardning oqibati o‘lim ekanini aytdi-ku. U bu kasallikning miyaning suyilishiday bir narsa dedi… yoki shunga o‘xshash boshqa narsa. (Ko‘ngilsiz tabassum bilan.) Nomi yomon emas, menimcha, eshitishga chiroyli. Mening nazarimda, o‘shanday paytda to‘qqizil baxmaldan tikilgan darpardani silagim keladi, ha, shunday…
A l v i n g x o n i m (o‘rnidan irg‘ib turib). Osvald!
O s v a l d (sakrab turadi, xonaning u yog‘idan-bu yog‘iga yurib). Buning ustiga siz mendan Reginani ham tortib oldingiz. U mening yonimda bo‘lganida, dardimga darmon bo‘lardi.
A l v i n g x o n i m (unga yaqinlashib). Bu bilan sen nima demoqchisan, azizim? Shu yorug‘ dunyoda senga men ravo ko‘rmagan biror ko‘mak bormi?
O s v a l d. Men bu tutqanoq dardidan bir marta omon qolganimda, doktor yana shu tutqanoq takrorlansa, takrorlanishi ham mumkin, unda bor umidni uzaverish kerak, dedi.
A l v i n g x o n i m. Nahotki, shunchalik bag‘ri tosh ekan!
O s v a l d. Undan men o‘zim nima qilishim kerakligini so‘radim… (mug‘ambirona kulimsirab). Ha, shunday! (Ichki cho‘ntagidan bir quticha olib). Ko‘rdingizmi, oyi?
A l v i n g x o n i m. Nima, nima bu?
O s v a l d. Kuchala.
A l v i n g x o n i m (ko‘zlari chaqchayib, unga qaraydi). Osvald, bolaginam…
O s v a l d. Men o‘n ikki otimlik yig‘dim…
A l v i n g x o n i m (qo‘lidan tortib olmoqchi bo‘lib). Ber buni menga, Osvald!
O s v a l d. Hali vaqt bor, oyi. (Yoniga solib qo‘yadi.)
A l v i n g x o n i m. Men bu dahshatni yengolmayman.
O s v a l d. Yengish kerak. Agar Regina bu yerda mening yonimda bo‘lganda, men unga dardimni aytardim… xullas, so‘nggi xizmatini mendan ayamasligini iltimos qilardim: u esa yo‘q demas edi, bunga ishonchim komil.
A l v i n g x o n i m. Aslo!
O s v a l d. Mana bu dahshat meni — oyoq-qo‘limni chambarchas bog‘lab olganligini bir burda go‘dakday hech narsaga yaramasdan yotganimni, mendan qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urilganligini, meni halokat kutayotganini ko‘rganida…
A l v i n g x o n i m. Regina hech qachon sen o‘ylagan ishni qilmagan bo‘lardi!
O s v a l d. Regina buni qilardi. U hamma narsani birpasda osonlikcha hal qilardi. Ammo tez orada menga o‘xshagan bunday xasta bilan muomalada bo‘lish joniga tegardi, albatta.
A l v i n g x o n i m. Xudoga shukurki, u bu yerda emas.
O s v a l d. Demak, endi siz o‘zingiz, oyi, bu xizmatni o‘tashingizga to‘g‘ri keladi.
A l v i n g x o n i m (qattiq baqirib). Men?
O s v a l d. Siz bo‘lmasangiz, bu ishni kim qiladi?
A l v i n g x o n i m. Men! Sening onang!
O s v a l d. Ha, xuddi shunday!
A l v i n g x o n i m. Men, seni tuqqan, seni hayotga yo‘llagan o‘z onang?!
O s v a l d. Men sizdan hayot haqida hech narsa so‘raganim yo‘q! Siz menga qanaqangi hayot berdingiz? Menga bunday hayot kerak emas! Qaytarib oling!
A l v i n g x o n i m. Yordam bering, yordam! (Tashqariga qochib chiqadi.)
O s v a l d (uni quvlab). Mendan qochmang, qayoqqa borasiz?
A l v i n g x o n i m (tashqarida). Senga doktor olib kelish uchun, Osvald. Qo‘yib yubor meni.
O s v a l d (o‘sha joyda). Qo‘yib yubormayman. Bu yerga hech kim ham kirmaydi. (Qulfning shiqirlagan tovushi eshitiladi.)
A l v i n g x o n i m (orqasiga qaytib). Osvald!.. Osvald! Bolaginam.
O s v a l d (uning ortidan). Agar ko‘ksingizda urib turgan qalb — ona qalbi bo‘lsa, men chekayotgan azob-uqubatlar — naqadar chidab bo‘lmaydigan dahshat ekanligini ko‘ra olsangiz, koshkiydi?..
A l v i n g x o n i m (bir nafas sukutdan keyin, qat’iy). Mana senga mening qo‘llarim.
O s v a l d. Rozimisiz?..
A l v i n g x o n i m . Nihoyatda, senga nafi bo‘lsa agar. Ammo bu narsa bo‘lmaydi. Yo‘q, yo‘q, aslo! Bo‘lishi mumkin emas!
O s v a l d. Umid qilamiz. Iloji boricha, birga yashab, birgalikda uzoq umr ko‘rishga tirishamiz. Rahmat, oyi. (Alving xonim divanga yaqin surilgan oromkursiga o‘tiradi.)

Kun yorishadi, chiroq esa stol ustida hamon yoniq turibdi.

A l v i n g x o n i m (asta-sekin Osvaldga yaqinlashib). Endi tinchidingmi?
O s v a l d. Ha.
A l v i n g x o n i m (unga engashib). Sen butun bir dahshatni o‘zing o‘z tasavvuringda yaratding, xolos, Osvald. Buning hammasi faqat bir xayol. Sen hayajon nimaligini bilmading. Ammo endi dam olasan o‘z uyingda, o‘z onang bag‘rida, notavon bolam. Ko‘ngling nimani tusasa, xuddi bolaligingdagidek o‘sha narsa muhayyo bo‘ladi. Mana, ko‘rdingmi, tutqanoq o‘tdi-ketdi. Ko‘rdingmi, hammasi osongina o‘tdi. Eh, koshki, men buni bilgan bo‘lsam!.. Ana, Osvald, qara, naqadar ajoyib kun yorishayotibdi. Munavvar oftob. Endi sen o‘z yurtingni haqiqiy nur qo‘ynida ko‘rasan. (Stol yoniga borib, chiroqni o‘chiradi.)

Quyosh ko‘tariladi. Muzlik va qoya cho‘qqilari lojuvard osmon tubida ertalabki quyoshning zarrin shu’lalaridan yarqiraydi.

O s v a l d (ayvonga teskari qaratib qo‘yilgan oromkursida qimir etmasdan o‘tiradi va birdan gapiradi). Oyi, menga quyoshni olib bering.
A l v i n g x o n i m (stol yonida, esi og‘ib). Nimalar deyayotibsan?
O s v a l d (nafasi chiqmasdan takrorlaydi). Quyoshni… Quyoshni…
A l v i n g x o n i m (unga tashlanib). Osvald, senga nima bo‘ldi?

Osvald oromkursiga butunlay tashlanadi, badani, qo‘l-oyoqlari bo‘shashadi, yuzlari bema’no, so‘niq nigohi uzoqlarga tikilgancha qotib qoldi.

(Dahshatdan qaltirab.) Nima bo‘ldi? (Baqirib.) Osvald! Senga nima bo‘ldi? (Oyoqlari ostiga tashlanadi va uni silkitadi). Osvald! Osvald! Menga qara! Meni tanimayotibsanmi?
O s v a l d (ilgarigidek nafasi chiqmasdan). Quyoshni… Quyosh…
A l v i n g x o n i m (darg‘azab o‘rnidan turadi. Sochlarini yulib, baqiradi). Bunday dahshatni yengishga qurbim yetmaydi! (Qo‘rqinchdan oqargan yuzlarini surtib, shivirlaydi.) Qurbim yetmaydi! Aslo! (Birdan.) Boyagi narsa uning qayerida? (Tipirchilanib, uning ko‘kragini titkilaydi.) Mana u! (Bir necha qadam tisariladi va qichqiradi.) Yo‘q! Yo‘q!.. Ha, shunday!.. Yo‘q! Yo‘q! (O‘g‘lidan ikki qadam narida turib, qo‘llari bilan sochini yuladi va dahshatdan hangu mang unga tikiladi.)
O s v a l d (o‘tirgan joyida qimirlamasdan takrorlaydi). Quyosh… Quyosh…

P a r d a.

Tamom.

Ruschadan Ramz Bobojon tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2006 yil, 10-son