Bu shaharga kelgan dastlabki kunimdayoq Bibliyadan baland ovozda qiroat qilib turgan abgor qiyofadagi kishi va uning atrofida to‘plangan kichik bir to‘da e’tiborimni tortdi. Uning oyoqlari yonida yotgan itni – juda xunuk va mumday qop-qora, terdan yunglari namiqib va silliqlanib turgan mahluqni – daf’atan ko‘rmaganimga ajablandim. Itning ko‘zlari xuddi oltingugurtdek sapsariq, dahshatli og‘zini ocharkan, ikkita bo‘ritishi ham shu rangdaligini ko‘rib titrab ketdim, uning butun ko‘rinishi shunday ediki, dunyodagi boshqa birorta jonzotga taqqoslashdan ojiz edim. Bu dahshatli maxluqqa uzoqroq qarab turolmadim va undan ko‘z uzib, yana itning egasiga qaradim. U yirtiq libosli norg‘ul bir kishi edi. Shunga qaramay uning kiyimlari yirtig‘idan ko‘rinib turgan badani toza edi, kambag‘almonand liboslari ham odatdan tashqari tozaligi bilan ajralib turardi. Qo‘lidagi Bibliya esa haqiqiy xazina; muqovasida oltin va brilliantlar jilolanardi. Voizning ovozi keskin va xotirjam, so‘zlari odatdan tashqari aniq bo‘lib, nutqida oddiylik va ishonch hukmron. Yana shuni ham payqadimki, uning nutqida mutlaqo kinoya yo‘q. Bu Bibliyaning xotirjam tarzdagi qiroati bo‘lib, har qanday fanatizmdan xoli, mabodo qanday etib so‘zlarida ishonchsizlik sezilsa, bu oyoqlari ostida yotib, sap-sariq ko‘zlarini tinglovchilardan uzmay qarab turgan itning ta’siri edi. It va uning xo‘jayini bilan bog‘liq g‘alati uyg‘unlik meni o‘ziga rom etib qo‘ydi va butun e’tiborimni shu odamning shaxsiyatini bilib olishga undadi. U shaharda har kuni va’zxonlik qilardi. Biroq o‘z ishi bilan kechgacha shug‘ullansa-da, uning kimligini bilib olish oson kechmadi. Shahar reja asosida aniq va oddiy qurilganiga qaramay, unda adashib qolish hech gap emasdi. Buning ustiga voiz o‘z qarorgohidan ma’lum bir vaqtda chiqmas va umuman, uning xatti-harakatidan nima qilmoqchi ekanligini aytish qiyin edi. Ba’zida u kun bo‘yi bir joyda turib olib betinim suxandonlik qilar, ba’zida esa har chorak soatda joyini o‘zgartirardi. Ulkan qora it hamisha uning yonida yurib, ko‘cha bo‘ylab kuzatib borar va va’zxonlik boshlanishi hamon og‘ir gavdasi bilan yerga o‘mganlardi. Uning va’zlarini tinglovchilar unchalik ko‘p bo‘lmas, gohida yolg‘iz o‘zi turganini ko‘rish mumkin edi. Lekin mening bilishimcha, bunday holdan xijolat tortmasdi ham. Turgan joyidan jilmay qiroatini davom ettiraverardi. Nogoh chog‘roqqina ko‘cha o‘rtasida turib olib, baland ovozda ibodat qila boshlaganini ko‘p marta ko‘rganman. Vaholanki, yaqinginasida uning va’zlaridan bexabar odamlar o‘tib-qaytishayotgan katta ko‘cha bor edi. Uning ortidan sezdirmay kuzatish imkoni bo‘lmagani sababli har doim tasodifiy uchrashuvga umid bog‘ladim va bu odamning qarorgohini izlab topishga harakat qildim, biroq hech kim voizning manzilini ko‘rsatib bera olmadi. Shu bois, bir safar kun bo‘yi uning ortidan yurdim. Bir necha kun shunday o‘tdi. Har doim oqshomga yaqin u izsiz yo‘qolib qolardi, men esa maqsadimni sezdirib qo‘ymaslik uchun uning ortidan bildirmay borishga urinardim. Mana, nihoyat, bir kuni oqshom pallasi uning shahar ko‘chalaridan biriga, bilishimcha, shaharning eng badavlat kishilari yashaydigan uyga kirib ketayotganini ko‘rib taajjubim oshdi. Shu lahzadan e’tiboran men odatimni o‘zgartirib, endi uning ortidan yashirin ravishda kuzatishni to‘xtatdim. Meni ko‘rsin uchun ataylab uning ro‘parasida turadigan bo‘ldim, bu bilan unga hech ham xalaqit bermasdim, ammo it meni ko‘rishi bilan irillay boshlardi. Shu tarzda bir necha hafta o‘tdi. Nihoyat, yozning oxirlarida Ioann Injili to‘g‘risidagi sharhini tamomlagan voiz mening oldimga kelib, uyiga kuzatib qo‘yishimni so‘radi. Yo‘l davomida og‘iz ochmadi. Uyga yetganimizda borliqqa qorong‘ulik cho‘kkan edi. Biz kirgan katta xonada chiroq yonib turardi. Xona yo‘l sathidan quyida bo‘lgani sababli eshikdan kirarkanmiz, zina bo‘ylab bir necha pog‘ona pastga tushishga to‘g‘ri keldi. Xonada kitob-lar shu qadar ko‘p ediki, devorlar ham ko‘rinmasdi. Osmachiroq ostida archa yog‘ochidan ishlangan katta va oddiy stol bo‘lib, uning yonida to‘q moviyrang ko‘ylakli bir qiz kitob mutolaasi bilan mashg‘ul edi. U bizga e’tibor qilmadi. Xonaning ikkita derazasi bo‘lib, ularga qalin matohdan parda tutilgan, derazalardan birining tagiga odmigina to‘shama tashlab qo‘yilgan, derazaga qarama-qarshi tomondagi devor tagida karavot, stol yonida esa ikkita stul turardi. Eshik yonida pechka. Yaqinlashib borarkanmiz, qiz biz tomonga qaradi va shunda men uning yuzini ko‘rdim. Qiz men bilan qo‘l berib ko‘rishdi-da, stullardan biriga taklif etdi. Bu paytda uy sohibi to‘shagiga uzala tushgan, it esa uning oyoqlari yonidan joy olgandi.
– Bu mening otam, – bayon etdi qiz, – uxlayapti, bizni eshitmaydi. Itning nomi yo‘q. Bir kun oqshom otam ibodat qilayotganda paydo bo‘lib qoldi. Eshik qulflanmagandi. U panjalari bilan tutqichni bosib, eshikni o‘zi ochdi-da, xonaga kirib keldi.
Men qizning ro‘parasida lol bo‘lib turardim, keyin pastroq ovozda otasining kim bo‘lganligini so‘radim.
– U juda badavlat kishi edi. Ko‘plab fabrikalari bo‘lgan, – dedi qiz ko‘zlarini yerga tikib. – Lekin u onamni va akalarimni tashlab chiqib ketgan. Haqiqatni xalqqa yetkazish uchun shunday qilgan.
– Otang qilayotgan va’z-nasihatlar haqiqat deb o‘ylaysanmi? – deb so‘radim.
– Ha, haqiqat, – javob qildi qiz, – buning haqiqat ekanligini avvaldan bilardim. Shu sababli otam bilan mana shu tagxonada yashayapman. Lekin u haqiqatni bayon eta boshlashi bilan itning paydo bo‘lib qolishi sira aqlimga sig‘maydi.
Qiz jimib qoldi va menga shunday qaradiki, go‘yo mendan nimanidir so‘ramoqchi-yu, buni ovoz chiqarib aytishga jur’ati yetmayotganga o‘xshardi.
– Sen bu itni haydab yubor, – degandim, qiz bunga javoban bosh tebratib qo‘ydi.
– Uning nomi yo‘q va shuning uchun ham hech qayoqqa ketmaydi, – dedi qiz shivirlashga yaqin ovozda. So‘ng mening o‘ng‘aysizlanib turganimni payqab, stullardan biriga o‘tirdi, men ham shunday qildim.
–Nima, sen undan qo‘rqasanmi?–deb so‘radim.
–Undan hamisha qo‘rqardim, – javob qildi qiz, – bir yil avval meni va otamni uyga qaytarish uchun onam advokat va ukalarim bilan kelishgan edi, ular ham bu nomsiz itdan juda qo‘rqib ketishdi, it bo‘lsa otamning oldida turib olib, ularga qarab irillardi. Men, hatto to‘shakda yotganimda ham undan qo‘rqardim, lekin endi hammasi o‘zgardi, chunki sen kelding va endi men hech narsadan qo‘rqmayman. Sening kelishingni bilardim. Albatta, qiyofangni tasavvur qilolmaganman, ammo kunlardan bir kun otam bilan birga, oqshom cho‘kib chiroqlar yonganda va ko‘chalar tinchib qolganda shunday bo‘lishini va bu oqshom payti ro‘y berishini tasavvur qilardim. Bilardimki, sen kelasan. Mana shu yarmi yer ostida turgan xonada, mening to‘shagimda, mana shu kitoblar oldida meni nikoh tuni bilan siylash uchun kelishingni bilardim. Biz – ayol va erkak shundaygina yonma-yon yotamiz, anavi yerda, o‘z to‘shagi ustida esa otam. U qorong‘uda bir go‘dak yanglig‘ uxlaydi, ulkan qora it esa bizning baxtsiz sevgimizga posbonlik qiladi.
Bu muhabbatni qanday unutay! Deraza, torgina to‘rtburchakday bo‘lib, go‘yo bizning yalang‘och tanlarimiz uzra kengliklarda uchib yurardi. Biz bir-birimizga chirmashib, bir-birimizga qo‘shilib ketgancha yotar, arava sudrab o‘tayotgan ot tuyoqlarining jarangdor tovushi, ko‘cha shovqinlari ehtiroslarga qorishiq ovozimizga qo‘shilib ketgan edi. Ba’zida uyiga qaytayotgan mast odamning qat’iyatsiz qadam tashlashi, ba’zan buzuq ayollarning bedana yurishi, gohida kolonna bo‘lib o‘tayotgan askarlar etigining og‘ir va bir maromdagi gursillashi eshitilardi. Biz tagxonada iliqqina qorong‘ulikka burkanib, boshqa hech narsadan hadiksiramay yotardik, burchakda – xuddi o‘likdek sas chiqarmay o‘z to‘shamasi uzra uxlayotgan uy sohibi yonida – sap-sariq xuddi ikkita sariq oy doirasidek ko‘zlarini bizga qadagancha it yotar, uning ko‘zlari bizning sevgimizni qo‘riqlardi.
Oltinday alangalanib va yallug‘lanib kuz keldi. Keyin avvalgi yillardagi afsonaviy sovuqli qishdan farqli o‘laroq, kechikkan va yumshoqqina qish boshlandi. Do‘stlarim bilan tanishtirish uchun qizni tagxonadan chiqarishga ko‘ndirish, teatrga olib borish (ulug‘vor ishlar pishib yetilayotgan joyga) yoki tepalik bo‘ylab to‘lqinsimon ko‘rinish olgan va shahar ostonasiga qadar bostirib kelgan nimqorong‘u o‘rmonga birga sayr qilishga ko‘ndirishning uddasidan chiqmadim – u uydan chiqmas va toki otasi o‘sha bahaybat it bilan qaytmaguncha, archadan yasalgan stol oldidan jilmas va faqat shundan keyingina sarg‘ish nur sochib turgan derazalar ostidagi to‘shagi tomon meni yetaklardi.
Hali shahardan shilta va kirrati qor arimagan, soya joylarda bir metr qalinlikda qor uyumlari saqlanib turgan erta bahorda, kutilmaganda, qiz xonamga kirib keldi. Derazadan quyoshning nurlari qiyalab tushib turardi. Vaqt kechga tomon og‘gan va men pechkaga tarasha o‘tin qalayotgandim. Xuddi shu lahzada u eshik oldida paydo bo‘ldi; rangi quv uchgan, qaltirab turar, paltosiz, egnidagi o‘zining o‘sha to‘q ko‘k ko‘ylagida sovqotayotganday ko‘rinardi. Faqat oyog‘ida men avval ko‘rmagan qizil mo‘ynali boshmoqchasi bor edi.
– Itni o‘ldir, – dedi qiz eshikdan ko‘rinishi bilan, – hali nafasini ham rostlamay turib. Uning sochlari yoyilgan, ko‘zlari katta-katta ochilgan holatda edi. Qizning butun qiyofasi shu qadar xayoliy ediki, unga qo‘limni tegdirishga ham botinmadim. Javon oldiga borib, revolverimni oldim.
– Qachon bo‘lmasin mendan shunday qilishimni so‘rashingni bilardim. Shuning uchun qurol sotib olgandim. Buni qachon bajarishim kerak?
– Hozir, paysalga solmay, – javob berdi u. – Otam ham undan qo‘rqadi. U itdan azaldan qo‘rqarkan, buni endi angladim.
Men revolverimni ko‘zdan kechirdim-da, paltomni kiydim.
–Ular tagxonada, – ma’lum qildi qiz nigohini yerga tikkanicha. – Otam o‘zining to‘shagida qimirlashga jur’at qilolmay yotibdi. Chunki itdan qo‘rqadi. Hatto ibodat ham qilolmaydi, it bo‘lsa eshik oldida yotib olgan.
Biz daryo tomonga endik, tosh ko‘prikdan o‘tdik. Osmon xuddi yong‘in paytidagiday qo‘ng‘ir-qizil rangda. Quyosh endigina bota boshlagan. Shahar odatdagidan gavjum, ko‘chalarda odamlar va mashinalar. Ular go‘yoki qandaydir qonli dengiz qobig‘i bo‘ylab borayotganday, chunki devorlar va derazalarda botayotgan quyosh shafaqlari hali-hamon akslanib turardi. Biz olomon ichiga o‘zimizni urdik. Harakat borgan sari kuchayardi. Qator bo‘lib o‘tayotgan mashinalar, silkinib turgan, zulmkor sutrang shisha ko‘zli bahaybat mahluqlarga o‘xshash omnibuslar, qo‘llari bilan ishorat qilib turgan kulrang shlyomli politsiyachilar oldidan yugurgilagancha o‘tib borardik. Men shunchalik qat’iyat bilan olg‘a intilardimki, qiz ancha uzoqda qolib ketdi. Nihoyat, paltoning tugmalari yechib qo‘yilganiga qaramay, quyuqlashib borayotgan siyohrang oqshom chog‘ida hansiragancha yuqoriga, kerakli ko‘cha tomonga o‘tib olgandim. Lekin juda kechikkan edim. O‘sha lahzada revolverni mahkam ushlab, eshikni oyog‘im bilan bir tepib ochgancha, chaqqonlik bilan yerto‘laga tusharkanman, o‘zini derazaga otib uni sindirgancha ko‘chaga sakrayotgan mahluqning bahaybat soyasini ko‘rib qoldim.
Erda esa it tanib bo‘lmas darajada burdalab tashlagan uy sohibining oppoq gavdasi qon halqobida yotardi.
***
Men butun vujudim bilan titrab, kitoblarga ko‘milgancha devorga suyanib turarkanman, mashina signali eshitildi. Zambil ko‘targan odamlar kirib kelishdi. Marhumning jasadi oldida turgan vrach menga g‘ira-shira ko‘rinardi. Rangi uchgan, tish-tirnog‘igacha qurollangan politsiyachilar ham jasad oldida turishardi. Atrof to‘la odam. Baralla ovoz bilan qizni chorlagancha o‘zimni shahar bag‘riga otdim. Ko‘prikdan o‘tib uyimga yetib oldim. Lekin qiz u yerda yo‘q edi. Men jon achchig‘ida, uyqusiz, yeyish-ichishni, dam olishni unutib, uni izladim. Politsiya ham oyoqqa turgan edi. Bahaybat maxluqsimon it hammaning yuragini vahimaga to‘ldirgan. Qizni qidirayotganlarga yordam sifatida safarbar etilgan mahalliy garnizon askarlari zanjir halqalariday tizilishib, atrofdagi o‘rmonning titi-pitisini chiqarishdi. Sarg‘ish iflos suvli daryoda qayiqlar suzar, qo‘lida uzun xoda tutgan kishilar daryo tubini titkilashardi. Shahar va uning atrofida bahorning iliq yomg‘iri to‘xtovsiz yog‘ib turgani sababli qidiruv ishini toshkonlarning g‘orlarida olib borishardi. Ular yonib turgan mash’alalarni bosh uzra ko‘tarib, qizning nomini aytib baland ovozda chaqirishardi. Uni kanalizatsiya tunellaridan, hatto mahalliy kafedral cherkov tomlaridan ham izlashdi. Lekin u suv ostiga cho‘kkanday dom-daraksiz ketgan, it ham g‘oyib bo‘lgandi.
Oradan uch kun o‘tib, tunda uyimga qaytdim-da, horigan, bo‘shashgan bir holatda kiyimlarimni ham yechmasdan o‘zimni karavotga tashlarkanman, xuddi shu lahzada pastda, ko‘cha tomonda, qadam tovushlari eshitildi. Yugurgancha deraza oldiga bordim, uni ochib yubordim va derazadan boshimni chiqarib qaradim. Yarim tungacha quygan yomg‘irdan ho‘l bo‘lgan yo‘l qora tasmaga o‘xshardi. Ho‘l asfaltda ko‘cha chiroqlarining nuri notekis bir tarzda oltin rangda jimirlardi, ko‘chadan qator daraxtlar bo‘ylab, egnida qora ko‘ylak, oyog‘ida qizil boshmoqchasi, uzun sochining tolalari ko‘kimtir ranglarga yo‘g‘rilib odimlardi qiz. Uning yonida esa tunday qop-qora, sariq dumaloq, yaltiroq ko‘zli o‘sha it go‘yo begunoh qo‘zichoqdek yengil va sharpasiz yugurgilab kelardi.
Ruschadan Ne’mat Arslon tarjimasi
* * * * * * * * * * * *
IT
Bu shaharga kelganimning ilk kunlaridayoq Bibliya qiroat qilayotgan juldur kiyimdagi kishi atrofida to‘planib turgan olomon diqqatimni tortdi. Va’zxonning oyoqlari tagida yotgan itni bir qarashda payqamabman, terchiragan va sip-silliq jun qoplagan, zulukdek qop-qora, bahaybat va xunukdan-xunuk bu ko‘ppakni darhol ko‘rmaganimga hayron qoldim. Ko‘ppakning ko‘zlari oltingugurtdek sap-sariq, jag‘larini yirib ochganda esa yirik-yirik so‘yloqlarga ko‘zim tushdi, o‘zi umuman turq-afti shunday vahimali ediki, uni biron tirik jonzotga mengzay olmasdim. Bu ulkan maxluqqa uzoq tikilib turolmay, nigohimni uning egasi – juldurvoqi kaltabaqayga burdim. Kiyimining ilma-teshikaridan ko‘rinib turgan terisi toza, faqirona libosi pokizaligi bilan boshqalarnikidan ajralib turar, qo‘lidagi Bibliya esa chinakam xazina edi: tilla va olmos suvi yugurtirilgan jildi yalt-yult qiladi. Ovozi o‘ktam, sokin. So‘zlari aniq-tiniq, nutqi sodda-keskin; kinoyayu qochirimlardan yiroqligi shundoqqina bilinib turibdi. U zig‘ircha mutaassiblikdan holi ravishda Bibliyadan hikoya keltirar, mabodo birorta gap-so‘zi ishonchsiz chiqsa, bu, shubhasiz, oyog‘i ostida yotib, tinglovchilardan sarg‘ish ko‘zlarini uzmayotgan itning dastidan edi. Xo‘jayin va ko‘ppakning aynan mana shu tajassumi meni asir etdi va butun diqqat-e’tiborim bu odamning kimligini aniqlashga qaratildi. U Xudoning bergan kuni shaharda pand-nasihatlarini o‘qishni kanda qilmasdi. Garchi o‘z ishi bilan tun pardasi yoyilguncha mashg‘ul bo‘lsa-da, har safar uni topish amri mahol kechardi. Shahar aniq va oddiy chizma asosiga qurilgan esa-da, adashib qolish hech gap emasdi. Va’zxon makonini turli vaqtda tark etar, umuman aytganda, uning xatti-harakatlarida ketma-ketlik ko‘rinmasdi. Gohida u uzzukun bir maydondan siljimasdan tinimsiz so‘ylar, gohida joyini har chorak soatda almashtirardi. Qachon qarama qora va ulkan it uning ketidan qolmas, yurganda-turganda yonida bo‘lar, va’zxonlikni boshlashi bilan to‘shama yo‘lga yotib olardi. Tinglovchilar hadeganda topilavermas, ko‘pincha bir o‘zi qaqqayib turaverardi. Fahmimcha, u bundan zarracha xijolat tortmasdan, joyidan jilmay javrayverardi. Ko‘pincha uni kichikroq ko‘cha o‘rtasida taqqa to‘xtab, baland ovozda munojot qilayotgan holda ko‘rardim. Nariroqda, kengroq ko‘chada esa o‘tgan-ketganlar unga qiyo boqib qo‘yishmaydi. Uni zimdan kuzatishning evini qilolmadim, har gal tasodifga tayanardim – shu bois uning kulbasini izlashga tushdim, biroq hech kim uyini ko‘rsatib berolmadi. Bir gal kun bo‘yi ortidan izma-iz boraverdim. Bir necha kun urinishlarim zoye ketdi, qanchalik niyatimni yashirishga tirishib, kishibilmas ta’qib qilmay, oqshomga borib izsiz g‘oyib bo‘lardi. Nihoyat, bir oqshom ko‘chalardan biridagi uyga lip etib kirib keganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, bilishimcha, bu ko‘chada shaharning boyvachchalari istiqomat qiladi, bundan ozmuncha lolu hayron bo‘lmadim. O‘shandan keyin yurish-turishimni o‘zgartirdim, yashirinishni bas qilib, uning yon-verida o‘ralashaverdim; men unga sira xalal bermasdim, ammo yaqinlashishim bilan it irillashga tushardi. Shu tariqa bir necha hafta o‘tib ketdi. Yozning oxirgi kunlaridan birida u Yuhanno bayon etgan Kalomni tamomlab, qoshimga keldi va uyigacha kuzatib qo‘yishimni so‘radi. Yo‘l bo‘yi miq etmadi. Uyga kirganimizda, shunchalik qorong‘u ediki, uy sohibi kaminani manzirat etmish kattakon xonada moychiroq yonib turardi. Xona ko‘cha sathidan quyida ekan, eshikdan ichkarilashimiz bilanoq bir necha pillapoyadan pastladik. Shunchalik ko‘p kitob terib tashlanganidan devor ko‘rinmasdi. Moychiroq tagida – qoraqarag‘ay taxtasidan yasalgan katta, jo‘n stol, yonida tim-ko‘k ko‘ylakda bir qiz kitob o‘qib turibdi. Qilt etmadi. Xonada ikkita deraza bo‘lib, qalin pardalar osilgan, bitta derazaning ostiga oddiy to‘shak yozilgan, uning to‘g‘risidagi devor tagida karavot, stol yonida – ikkita stul. Eshik tagida esa pechka. Yaqinlashganimiz zamon qiz o‘girildi va men uning yuzini ko‘rdim. U menga qo‘l uzatib, stulga o‘tirishga iltifot qildi, shunda men uy sohibi to‘shakka joylashgani, it esa uning oyoqlariga bosh qo‘yib yotganiga ko‘zim tushdi.
– Mening otam, – dedi qiz, – u allaqachon uxlab qoldi, bizni eshitmaydi. Itning laqabi yo‘q. Bir kuni kechasi otam va’z aytayotganida, e yo‘q-be yo‘q uyimizda paydo bo‘lib qoldi. Eshik yopiq edi. It panjasi bilan tutqichni itarib, ichkariga kiribdi.
Qizning qarshisida garangsib turaverdim, keyin asta otasi kim bo‘lganini so‘radim.
– Otam juda boy bo‘lgan, bir qancha fabrikalari bor edi, – dedi qiz ko‘zini yerga qadab, – lekin u odamlarga haqiqatni yetkazish uchun onam va aka-ukalarimni tashlab ketgan.
– Otang targ‘ib qilayotganlarining barchasi haqiqat deb o‘ylaysanmi? – deb so‘radim.
– Ha, shunday, – deb javob qildi qiz, – bunga hamisha ishonib kelganman, shuning uchun ham otam bilan shu yerto‘laga kelib yashayapman. Ammo haqiqatni oshkor qilishlari bilan it ham paydo bo‘lishini bilmagandim.
Qiz jimib, xuddi mendan nimanidir yurak yutib so‘rolmayotganday mo‘ltiradi.
– Ko‘ppakni haydab yubor, – dedim, lekin qiz bosh chayqadi.
– Uning laqabi yo‘q, shunga hech qayoqqa ketmaydi, – dedi qiz shivirlab. U esankirayotganimni ko‘rib, stulga o‘tirdi. Men ham cho‘kdim.
– Nima, qo‘rqasanmi? – deb so‘radim.
– Men undan har doim qo‘rqqanman, – javob qildi qiz. – Bir yil burun onam aka-ukalarim va advokat bilan kelib, otam ikkovimizni uyga qaytarmoqchi bo‘lishganda, ular ham itdan o‘lgudek vahimaga tushishgan. Kechasi o‘rnimda yotganimdayam undan cho‘chiyman, lekin endi hammasi boshqacha tus oldi. Mana, sen kelding, endi hech balodan qo‘rqmayman. Kelishingni bilardim. Albatta, qanday ko‘rinishingni tasavvur qilib ko‘rmaganman-u, ammo-lekin bir kun emas, bir kun moychiroq yoqilib, ko‘chada shovqin tinganda, otam bilan kirib kelishingga ishonardim. Yarmi yerga botgan mana shu xonada, karavotimda, kitoblar yonida menga nikoh kechasini hadya etish uchun kelishingni bilardim. Biz, erkak va ayol, ana shunday yonma-yon yotamiz, anavi yerda, to‘shakda otam uxlaydi. Otam qorong‘uda go‘dak misol uxlab qoladi, bahaybat qora it bo‘lsa, baxtiqaro ishqimizga soqchilik qiladi.
* * *
Sevgi qissamizni qanday unutay! Uyiga qaytayotgan mast-alastlarning aldam-qaldam qadam tovushlari, goh o‘rin almashayotgan fohishalarning sallolanib odim otishlari, gohida esa saf tortib ketayotgan askar etiklarining gurs-gursi, undan so‘ng jarangdor ot tuyoqlarining taq-taqi, fayton g‘ildiraklarining g‘ichir-g‘ichiri bizgacha yetib kelardi. Biz iliq zimistonga chulg‘angan yer ostida hech narsadan qo‘rqmay-cho‘chimay yotardik, bir burchakda, to‘shakda sassiz o‘likday dong qotib uy sohibi uxlar, it oyning sariq gardishi misol ikki ko‘zini bizdan uzmay poyloqchilik qilardi.
* * *
Lovullab-qizarib oltin kuz keldi, undan so‘ng bulturgi misli ko‘rilmagan ayozsiz, sassiz, mo‘tadil qish keldi. Oshna-og‘aynilarim bilan tanishtirib, teatrga (qaysiki buyuk ishlar amalga oshirilayotgan) birga borish yoki oqshom cho‘kayotgan mahal shaharga tutashib ketmish to‘lqinsimon tepaliklarda yastanib yotgan o‘rmonda sayr qilish uchun qizni biron marta yerto‘ladan aldab-suldab olib chiqolmadim – u doim, qoraqarag‘aydan yasalgan stulga qapishgancha, uyda qolar, otasi bahaybat it bilan qaytib kelganda, derazalardan tushib turgan sarg‘imtil nurlar ostida meni to‘shakka tortardi. Ittifoqo, ko‘chalari chilp-chilp loy shaharda qor erib ulgurmagan erta ko‘klam chog‘i qiz xonamda paydo bo‘ldi. Derazadan quyoshning siniq nurlari tushib turibdi. Shom yaqinlashyapti, pechkaga bir-ikki go‘la tashlagan bo‘ldim. Shu dam ostonada bo‘zdek oqarib, titrab-qaqshab qiz paydo bo‘ldi, aftidan muzlab qolgandi, egnida paltosi yo‘q, birgina tim-ko‘k ko‘ylagida. Oyoqlarida, huv, o‘shanda, uni ilk bor uchratganimdagi qizil mo‘ynali tuflisi.
– Itni o‘ldir, – dedi qiz nafasi bo‘g‘ziga tiqilib. Sochlari yoyilgan, ko‘zlari ola-kula. Arvohning o‘zginasi. Shkafni ochib, to‘pponchani oldim.
– Bir kun kelib mendan shu narsani so‘rashingni bilgandim, – dedim, – shunga atab qurol sotib olganman. Buni qachon qilishim kerak?
– Hoziroq, – dedi qiz astagina. – Otam ham itdan qo‘rqyapti, avvallari ham qo‘rqqan ekan, endi tushundim.
To‘pponchani tekshirib, paltomni kiydim.
– Ular yerto‘lada, – dedi qiz yerga qarab. – Otam kuni bo‘yi to‘shagida qimir etmay yotibdi, turishga qo‘rqyapti. Hatto ibodat ham qilolmayapti, it esa eshik tagiga yotib olgan.
* * *
Daryo tomon tushib, tosh ko‘prikdan o‘tdik. Samo alanga olayotganday to‘q-qizil tusda. Boyagina quyosh botdi. Shahar odatdagidan ko‘ra jonlangan. Ko‘chalarda odamlar va mashinalar zuv-zuv qatnaydi. Ular go‘yo allatovur qonli dengiz aro suzishardi, negaki deraza va devorlarda qip-qizil shafaq nurlari jilvalanardi. Biz olomonga qo‘shilib ketdik. G‘ala-g‘ovur, zuv-zuv avoz battar avj olardi. Biz qattiq tormoz bergan avtomobillar va ko‘zlari nursiz o‘t sochib turgan kattakon maxluq misol chayqalib ketayotgan omnibuslar orasidan o‘tib, zo‘r berib imo-ishoralar qilayotgan kulrang dubulg‘ali politsiyachilar yonidan shoshib bordik. Men shunday shiddat ila olg‘a intildimki, qiz anchagina ortda qoldi; nihoyat harsillab, paltom tugmalari yechilib, quyuqlashayotgan binafsharang oqshomni qarshi olib, yuqorilab, kerakli ko‘chaga kirib bordim. Hayhot, kech qolibman. Qo‘limda to‘pponcha bilan shitob-la yerto‘laga sakrab, eshikni zarb bilan tepib ochib kirganimda, oynani sindirib, ko‘chaga otilgan qo‘rqinchli mahluqning ulkan soyasini ko‘rib qoldim. Polda it tanib bo‘lmas darajada g‘ajib tashlagan uy sohibi og‘zidan ko‘pigi kelib, qora qonga belanib yotardi.
* * *
Qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrab, devorga suyangancha, kitoblarga ko‘milib turganimda, ko‘chada mashinalar signali yangradi. Zambil ko‘targan odamlar kirib kelishdi. Keyin jasad tepasida turgan vrachning g‘ira-shira qiyofasini, tish-tirnog‘igacha qurollangan bo‘zdek oqargan politsiyachilarni ko‘rdim. Hammayoqni olomon bosdi. Ovozim boricha qizni chaqirdim. Shahar ichiga otildim, tag‘in ko‘prikdan o‘tib, uyimga keldim. Qiz yo‘q. Ruhim tushib, uyqu, tin olishni bilmay, yeb-ichishni-da unutib, qizni har yerdan qidirdim. Politsiya oyoqqa turdi. O‘sha bahaybat itdan hamma qo‘rqarkan, qidiruvga mahalliy garnizon askarlari ham jalb qilindi, ular zanjir bo‘lgancha atrofdagi o‘rmonlarning tit-pitini chiqarib oralab chiqishdi. Loyqa daryoda tinmay qayiqlar oqib turdi, uzun-uzun xodalar bilan daryo tubini tekshirishdi.
Shahar va tevarak-javonibga ko‘kning iliq ko‘z yoshlarini to‘kkancha ko‘klam keldi. Qidiruv ishlari tosh konidagi g‘orlarga ko‘chdi. Qo‘llarda mash’ala bilan qizni baqirib chaqirishdi. Uni kanalizatsiya tunnellarida, hatto mahalliy cherkov tomi ostlaridan ham izlashdi. Shundan keyin qiz bilan itni qaytib hech kim ko‘rmadi.
Oradan uch kun o‘tib, qoq yarim tunda uyga qaytdim. Bor umidimni uzib, yechinib-netmasdan, o‘zimni karavotga tappa tashladim va shu asnoda ko‘chadan qadam tovushlari eshitildi. Chopib borib, derazani lang ochdim-u, tun bag‘riga ko‘z tikdim. Pastda hali yomg‘ir suvi qurib ulgurmagan qop-qorong‘u ko‘cha ichakday cho‘zilib yotibdi. Ho‘l asfaltda ko‘cha chiroqlarining nurlari notekis zarrin dog‘day akslanib turibdi, ko‘cha bo‘ylab daraxtlar yonidan qoramtir ko‘ylak va qizil tuflida qiz ketib borardi, taram-taram uzun sochlari ko‘kish tovlanadi, uning yonida muloyim-yuvoshgina bo‘lib, sarg‘ish ko‘zlari yiltillab, qaro tunday qop-qora it lakillab borardi.
Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 6-son