“URAL HIKOYaLARI”DAN
DOKTOR OSOKINNING SOG‘AYIShI
I
Doktor Osokin stakanidagi choyni qoshiqcha bilan uzoq aralashtirib o‘tirdi, so‘ng birmuncha qo‘pol ohangda dedi:
– Matryona, men hozir senga nima demoqchiligimni bilasanmi? O‘lay agar, sen trixinaga shunday o‘xshaysanki…
– Trixinagami?– dedi dil og‘rib Matryona Ivanovna; u sapchib divandan turib ketdi.– Sen, Semyon Pavlich, aqldan ozganga o‘xshaysan… Men trixinaning nima ekanligini juda yaxshi bilaman: anavinaqa… vetchina ga tushadi-ku, oppoq qurt… Trixina deganing ingichka bo‘ladi, bir qara menga, Xudoga shukur…
Matryona Ivanovna gaplarini isbotlash uchun lop etib, butun gavdasi bilan naq doktorning tumshug‘i qarshisida turib oldi va hattoki unga oppoq, do‘mboq, kalta qo‘llarini namoyish qildi, garchand akusher ayol sifatida buning aksi bo‘lishi kerak esa-da, ana shu qo‘llari bilan maqtangan vaqtlari ko‘p bo‘lgan edi. Matryona Ivanovnaning terisi shalvirab qolgan, lo‘ppi yuzi ham yum-yumaloq edi, ana shu yuzda xuddi rangi o‘chib ketgan feruza tosh qo‘yilganga o‘xshash bir juft kichkina moviy ko‘zlari bolalarcha qiziquvchanlik bilan yaltirab turardi.
– Ha, shunday, trixina,– gapida turib oldi doktor qisqa qilib oldirilgan, oqish sochlarini hurpaytirib.– Trixina nima degani? Trixina degani jonivorlarni ichiga kirib olib, o‘z turish-turmushi bilan ularni yeb bitiradigan xavfli parazitdir, sen esang davosiz ezmaliging, tayinsiz gaplaring zahri bilan odamlarni kasal qilasan. Ko‘nglingni ko‘tarish uchun aytib qo‘yay, Matryona, hozir tibbiyotda trixinaga qarshi hech qanaqa chorayu dori topilmadi, bundan kelib chiqadiki, bu qurtlar mutlaqo jazo olmay yashayverishlari mumkin…
– Bo‘ldi-da endi, safsatangni bas qilsang-chi… Yana hamma seni aqlli odam sanaganiga o‘laymi!.. Tuf-ey! O‘rgildim sendaqa donodan!..
– Albatta, donoman, bo‘lmasa-chi!
– Kechirib qo‘yasan, azizim, sendami, Semyon Pavlich, aql degani emas, shundan zig‘irdaygina bor, uyam bo‘lsa, shapaloq tushirishga yetadi… Qari xo‘roz, boshqa nima yo‘q!
Doktor Osokin Matryona Ivanovna qizishib aytgan gaplarini o‘ta xotirjamlik bilan tingladi, aftidan, u bundan mamnun ko‘rindi, uzun trubkasini tortarkan, bir muddat oppoq tutun pardasiga ko‘mildi. U Matryona Ivanovnaning jig‘iga tegishdan huzur qilardi, ba’zan bu ayol bilan ko‘zdan yosh chiqquncha tortishardi. Matryona Ivanovna shunday damlarda ich-ichidan uni yomon ko‘rib ketardi, doktorning butun sin-simbati– keng yelkalari, kuchli, serjun qo‘llarini, ana shu katta, qariyalarga xos donishmandnamo kallasi, yana o‘zidan mamnun, manman ifoda qalqqan basharasini ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Ayol ba’zan qattiq g‘azab ichida uni ahmoq yo la’nati, deb koyir, doktor esa pinagini buzmay, pisand qilmay o‘tiraverar, faqat ahyon-ahyondagina kulimsirab qo‘yar, ha, aynan kulimsirab qo‘yardi, chunki Matryona Ivanovna uning o‘zini bunday tutishi yasamaligini, dono qilib ko‘rsatishi esa maqtanchoq odamning turish-turmishini ko‘z-ko‘z qilayotganligiga amin edi.
– Aqlli odam-a!– Matryona Ivanovna hech tinchlana olmay kalta qo‘llarini silkigancha avjiga chiqdi.– Hamma ayb aqlli, aqlli, deb miyalariga quyib olgan ana shu propadinsklik xonimlarimizda-da. Qozi Berestechkinning xotinini birgina ichki ko‘ylakda qabul qilasan. Bo‘lmasa-chi, uning huzuriga mo‘tabar xonim maslahatga kelarmish-da, bu kishi bo‘lsa, egnilariga, jillaqursa, biror-bir xalat ilib olishni ham ep ko‘rmay pirillab chiqib kelarmishlar… Qoyil-e, so‘z ham hayf senday odamga!
Doktor hozir uy libosida o‘tirardi: egnida xalat, paypoqsiz oyoqlarida tufli, tungi ko‘ylagining yoqalari yelvagay ochiq; bu uning odatiy uy libosi edi. Biroq Matryona Ivanovna doktor kiyinishidagi ana shunday qusurlarga e’tibor berib o‘tirmas, son-sanoqsiz tanish-bilishlariga shunday degani degan edi: “Oh, otaginam, ne-ne qiyofatlarini ko‘rdikki!”
– Fahmi farosatimcha, men o‘z uyimda qanday xohlasam, shunday o‘tiraman, to‘g‘rimi?– gapini to‘g‘riladi doktor,– siqilib yashagim kelmaydi… Faqat bir narsaga hayron qolaman, nega ayrim insonlar menikiga boshlari og‘ib kirib kelaverarkinlar-a? Buning o‘rniga tinchgina uylarida o‘tirib, psaltir o‘qisalar bo‘lmaydimi.
– Qanday ajoyib, Semyon Pavlich… aql bovar qilmaydi!.. Harbiy kotibning cho‘ri xotin oldida aql-zakovatini pesh qilishi…
Biz tavsiflab berayotgan ushbu sahna doktor Osokinga ham qabulxona, ham mehmonxona, nimani istasangiz, shunga xizmat qilajak katta va shiftlari baland xonada kechayotgan edi. Yog‘ochdan yasalgan divan, lomber qartasi stoli va bir nechta kursilarni aytmasa, xona bo‘m-bo‘sh edi. Anchadan buyon oqlanmagan devorlarda islar osilib yotar, polning har-har yerida it iflos panjalaridan iz qoldirib naqsh solgandi, hadeb qo‘l tegaverganidan kir bo‘lib ketgan devorlar kazarmani yodga solardi. Stol ustida ancha vaqtlardan beri yuvilmagan, sirtida yashil dog‘lar qotib qolgan samovar savlat to‘kib turardi va bor idish-tovoq shundan iborat edi.
Matryona Ivanovna o‘ziga choy quyarkan, dumaloq kiftlarini qisdi.
– Shu qadar esi pastligingdan ba’zan hayratga tushaman, Matryona,– gapira turib doktor finjonidagi choyni ichib qo‘ydi.– Favqulodda noyob nusxasan, aslida bari xotinlar ham sendan unchalik farq qilmaydilarku-ya… Bir umr bolalarcha nimkalla es bilan yashash, so‘ngra “paq” etib, qarib, yana bolaga aylanib qolish. Mana, jillaqursa, seni olsak, Matryona, o‘zing bujurday badbasharasan, yana buning ustiga noz-istig‘no qilganingga o‘laymi… O‘zing insof qilib aytgin-chi, bularning turgan-bitgani bema’nilik emasmi?
– Bunisini sen bilishing shart emas, Semyon Pavlich… ha. To‘g‘ri, hozir qarib, kampir bo‘lib qoldim, shuni bilib qo‘yginki, ha, bir mahallar o‘sha sen bilgan erkaklar orqamdan ilashib yurishardi, Matryona Ivanovnaning qo‘llarini o‘pishardi.
– Bo‘lmasa o‘sha orqangdan ilashib yurgan o‘sha galvars erkaklardan bittasiga tegmading? Axir ayol kishining peshonasiga bitilgan vazifasi…
– Erga tegishmi? Men-a?.. Hech qachon! Ko‘rdim o‘sha turmushga chiqqanlarni! Yetarlicha ko‘rdim! O‘sha sening hamjinsing erkak toifasidagilar tufayli oilali ayollar qanday azob chekayotganlarini ko‘rib yuragim orqamga tortadi… Men qiz bolaman, ha!
– Qari qizmi?
– Shunday ham deylik.
– Iso Masihning qaylig‘imi?
– Deylik.
Odatdagiday, ular urishib qoladilar. Matryona Ivanovna, doktor xonadoniga ikkinchi qadamimni bosganim bo‘lsin, endi o‘z qadrimni bilaman, deya e’lon etadi. Marhamat qilib ayting-chi, qanday mashhur shaxs ekan huzuringizdagi janobi oliylari: doktor Osokin emish… xa-xa! Har bir loyxo‘rak o‘z balchig‘ining poshshosi. Ma’lum bo‘lishicha, Matryona Ivanovna poytaxtda yashaydigan, bir tashrifi yuz rubl turadigan haqiqiy mashhur doktorlar bilan tanish ekan. Ha-a, qandaydir tayini yo‘q doktor Osokin o‘zidan buyuk doktor odam yasaydi… Yo‘q, bu chindanam kulgili, agarda Matryona Ivanovna yozishni bilganidami, manavi pandavaqi doktorchaning boplab adabini berardi, ana shunda kunini ko‘rardi…
– Ha, bir narsani aytish esimdan chiqibdi: qari bo‘ydoq… tuf-ey!– va’z o‘qidi Matryona Ivanovna bir necha marta xonadan chiqishga urinib.– Men ayol kishi nima uchun turmushga chiqmasligini tushunaman, ammo erkak…
– Buning qanday yomon tomoni bor ekan?
– Sababi juda oddiy: demak, bu odam qalbsiz yoki haqiqiy erkaklik layoqatini yo‘qotgan.
Doktor oqarib ketgan soqoliga qo‘l yuritdi va o‘ychan iljaydi.
– Men Saratovda harbiy vrach bo‘lib xizmat qilganimda,– deb gap boshladi u o‘chib qolayozgan trubkasini tortib,– men Saratovda xizmat qilganimda bari xonimlar meni qaynoq yurakli, hatto juda qaynoq, deyishardi.
– Maqtangan narsasini qaranglar… Saratovlik xonimlar!.. Men ularni bilaman; bunday ayollar butun Volgaga faqat burga tutishga ustaligi bilan dong chiqargan.
Matryona Ivanovaning bu qilig‘i doktorning kulgisini qistatdi, lekin bir ondan so‘ng kulgani, o‘z ojizligini bildirib qo‘ygani uchun afsus chekdi: Matryona Ivanovna kursiga o‘tirib oldi va hatto shlyapasiga taqilgan sariq gullar bilan bezalgan tasmasini yecha boshladi, bu uning doktornikida yana biror soatlarcha o‘tirish istagini anglatardi.
– Yo‘q, Semyon Pavlich, hamma gapni ochiqchasiga hal qilib olamiz, – deya ayol finjoniga sovuq choydan quyib oldi.– Agarda men shoh bo‘lganimda birinchi navbatda mana shu bari yaramas bo‘ydoqlarni uylantirib qo‘ygan bo‘lardim… ha. Men sen shama qilgan narsani juda yaxshi bilaman-da, iltimos, men bilan bahslashma!.. Seningcha, bo‘yi yetgan qiz nima degani, Semyon Pavlich, a?
– Juda oqilona va ahmoqona savol.
– Bo‘y yetgan qiz – baxtiqaro inson, bilsang. Birinchi, qiz yosh va go‘zal bo‘lishi kerak, shunday qizning husni ayni o‘n oltidan yigirma to‘rt yoshgachadir. Ana undan so‘ng bunday qizning kuni kun bo‘lmaydi, birpasda yoshlik o‘tadi-ketadi, qiz qariydi-qoladi. Shundaymi? Sizlar-chi, erkakzotlar, buni juda yaxshi bilasizlar. Xo‘sh, demak, bo‘yqizning atigi sakkiz yillik ajoyib davri bor ekan, u shu vaqt ichida o‘ziga kelajak qurib olishi kerak, agarda bechora oriyatli va odobli bo‘lsa, ana unda juda qiyin bo‘ladi, ayniqsa, bizning zamonimizda. Aytaylik, ana shu bo‘yqiz yosh yigit bilan jiddiy muloqotda bo‘ldi, atrofda bo‘lsa shivir-shivir avjiga chiqadi: oyimqiz to‘riga qayliq ilintirmoqchi… Oriyatli qiz bo‘lsa, bu gaplarga tupuradi. Axir har bir qiz bolaning o‘ziga yarasha g‘ururi bo‘ladi-da… Undan keyin bizning chekka Propadinsk shahrimizda kuyov zoti ko‘pmikin, axir bunday zot anqoning urug‘i bo‘lsa. Bir qarasang, qizgina so‘lib tamom bo‘ladi, axir u sho‘rlik bundan buyog‘iga qanday yashaydi, yashashi ham kerak-ku. Siz pandavaqilarda ko‘z degani bo‘lsa ekan… Ustomonlari birpasda turmushga chiqadi-ketadi, yoki biror epchil beva bo‘lsa, erkaklar bilan ochiqchasiga don olishib yuraveradi. Men haqiqatni gapiryapman, Semyon Pavlich, bor haqiqatni. Sizlar ana shu ilmning barini o‘tab bo‘lgansizlar, faqatgina burningiz ostida nimalar bo‘layotganligini ko‘rolmaysizlar, xolos. Ko‘pgina yaxshi qizlar oriyati, g‘ururi deb, o‘tirib qoladilar, umrlarini zoye o‘tkazadilar, boshqa birovi bo‘lsa, chidaydi-chidaydi, axiri birinchi duch kelgan muttaham domiga ilinadi…
– Buning menga nima aloqasi bor?
– Sengami? Mana, bariga sen aybdorsan, bariga… Shuning uchun ham senga gapiryapman-da, azizim Semyon Pavlich. Axir sizlar o‘qimishli odamsizlar-ku, birinchi ehtiyojmand o‘zingiz bo‘lasiz. Sochingiz to oqarib bitguncha o‘qiysizlar-ku. Sizlar qanday erkaksizlar o‘zi? Shamolday uyoqdan-buyoqqa esib yuraver, hech kim mushugingni “pisht” demaydi. Mana, sen gimnaziyada ham o‘qigansan, kerak bo‘lsa, qizlar o‘qiydigan tomonlarga ham o‘tib yurgansan: gapga ko‘nadigan, muloyim oyimtillani tuzog‘ingga ilintirding, so‘ng bir xushro‘ygina cho‘ri qizga ko‘ngling ketadi, kech tushdi, lazzatli tomonlarga jo‘naysan. Barini xo‘p va ko‘p ko‘rasan, axir bir kun to‘yasan, keyin bular naq hiqildog‘ingga keladi… (Matryona Ivanovna qo‘lini kalta bo‘yniga arra qildi.) Men poytaxtga borib, qanday qilib oliy ma’lumotli bo‘lganligingizni bilaman: bittasi uyiga qaytib kelib, ko‘nglini ro‘kach qiladi. Xo‘p, bilim olibsan, xizmat qilaman, deb ishga joylanibsan, keyin qiz tanlashga o‘tasan: u qiz yaxshi, bunisi bo‘lmaydi, ana unisi yaxshi-ku, sepsiz, uchinchisi sepli ham, husni ham bor, ammo ma’lumoti yo‘q, siz o‘qimishlilar bilan suhbatingizga qo‘shila olmaydi, erkin gaplasha olmaydi. Tayyor yemishni obdan ko‘rib, titaverasan: oyimqizlar yonida maza qilasan, yana qanaqadir ish yurituvchi bekani topasan, arfa chaluvchi qiznikiga borib, qo‘shig‘ini eshitib kelasan. O‘zini bilgan odobli qiz bo‘lsa, ko‘shkida so‘lib o‘tiraveradi, sen to‘ng‘iz bo‘lsang, to‘ng‘iz kabi yashaysan, yana o‘zingni vijdonli, halol odam sanaganingga o‘laymi. “Men, hayotga falsafiy yondashaman” emish. Albatta, oilaviy hayot gigiyena tarafidan olganda, juda a’lo, ammo turmush tashvishlari, ikir-chikirlari ham bo‘ladiki, bulardan bosh ko‘tarib, ilm qilib bo‘psan. Buni senga o‘z to‘ng‘izliging aytib turibdi, Semyon Pavlich, ilm-fan emas. Xo‘p, shunday turish-turmushing bilan yurib-yurib ellikka ham borib qolasan, undan keyin itday qarib, o‘lib ketasan.
– Tilingni zaharligini, Matryona… Mayli, men qari bo‘ydoq bo‘la qolay, bu bilan hech kimning ishi bo‘lmasin. Sen aytgan o‘sha oriyatli bo‘yqizingga qaytanga yaxshi bo‘ladi, men uni aldamoqchi emasman.
– Voy, sen qanday tentak odamsan-a, Semyon Pavlich!.. Bolalar-chi, farishtalar-chi? Bu nimasi axir? Qovoqxonami, itxonami, oti nima bu yerning (Matryona obdan xonaga tantanavor nazar solib chiqdi)… Bo‘m-bo‘sh, kir-chir, iflos. Mana bu yer ish kabineting, u yerda yotog‘ing bor, anavi xonada-chi… anavi xonada, chap tarafda nima bor, esimdan chiqibdi?
– U xonada itlarim yashaydi.
– Ha, ha… itlaring! Tuf-ey senga, itxona qilmay har narsa bo‘l, nima balo, shayton bolalaganmi ichingda? Xonamish-a…
Matryona Ivanovna so‘l tomondagi xonaga yo‘naldi, eshikni ochdi va boshini sarak-sarak qilganicha ostonada uzoq turib qoldi. Bu xonaning ikki derazasi to‘g‘riga, bog‘ tomonga qaragan va bo‘m-bo‘sh edi, faqat yerga to‘shalgan poxolda qulog‘i kar bo‘lib qolgan qanjiq it Joyka yotardi.
– Oh-ho, yaxshigina xona ekan!– xo‘rsindi Matryona Ivanovna.– Mana shu xonada katta qizing yashasa bo‘lmasmidi. Devor tomonga karavotini qo‘yarding, burchakda kitob javoni, manavi yerda komod, yozuv stoli joylashardi,– zo‘r xona chiqardi ammo. Shunday xizmatdan kelgach, quloq tutarding, Sasha qizim hozir nima qilayotgan ekan, deb. Qara, hayotingda mazmun ham bo‘lardi, bunday to‘ng‘iz bo‘lib yashamasmiding. Goh Sashaga yangi boshmoq olishim kerak, goh Sashaning tobi qochib qolgan, goh Sasha aqlli kitoblardan o‘qishi kerak, unga tushuntirish, ko‘rsatish, o‘rgatish kerak, degan tashvishda yurarding… Sasha-chi, otasiga erkalanarmidi, shunday epkinday, ilk bahor maysasiday sof, beg‘ubor… Nimalar deyapman o‘zi?
Doktor suhbatdoshining gaplarini anchadan buyon tinglamayotgan edi, boshini egib o‘tirardi. Trubkasi o‘chib qolgandi, choy anchadan beri turganidan sovib qoldi, xonaga g‘ira-shira qorong‘i tushdi.
– Ezmalanib o‘tirib qoldim senikida,– birdan esiga tushib qolib sapchib kursidan turdi Matryona Ivanovna.– Kech bo‘ldi, qari bo‘ydoqnikida o‘tirishimni qara. Yaxshi qol, Semyon Pavlich.
– Xayr, trixina.
– Qari xo‘roz!
Doktor yolg‘iz o‘zi qolib, qorong‘ida uzoq o‘tirdi. U trubka chekkisi keldi, biroq negadir buni unutib, yana o‘yga cho‘mdi. Ko‘chada fonarlar yondi; qayerdadir ko‘prik tomondami, toshyo‘lni zirillatib fayton o‘tdi. Xonaga doktorning sevimli, irlandlarning setter zotli iti Naxal kirib keldi; xo‘jasining qo‘lini sovuq tumshug‘i bilan turtdi, dumini likillatib turdi, odatdagi erkalashni kutib o‘tirmay o‘lasi yotgan Joykaning xonasiga jo‘nadi.
– Ha-ya, katta qizimning xonasi,– itning qadam tovushlariga quloq tutib, esladi doktor va achchiq kuldi.
Doktor oqshom uzoq vaqtgacha uxlagani yotmadi, qo‘lida sham bilan uyni aylanib chiqdi, xonadan-xonaga o‘tdi, o‘zining bo‘ydoqlarcha tartibsiz hayotini e’tibor bilan kuzatdi, go‘yo u bu manzarani birinchi marta ko‘rib turganday bo‘ldi. Bexosdan doktor ushbu manzaradan dahshatga tushdi: uyning har bir burchagidan unga o‘z yolg‘izligi, boya Matryona Ivanovna aytganiday, to‘ng‘izlarcha bo‘ydoqligi tikilib qarab turganga o‘xshadi. Uydagi yashaydigan joy isi kelgan yagona xona doktorning ish kabineti edi,– kitob javoni, tibbiy asbob-uskunalar, turli asboblar, kitoblar, qog‘ozlar qalashib yotgan ham chang va tamaki kullari qoplagan yozuv stoli. Yotoq butunlay bo‘sh, o‘rtasiga karavot qo‘yilgan xonadan iborat edi. Doktor to‘shak o‘rnida xashak ustida yotar, uni har kuni almashtirib turardi. Doktor Joykaning xonasida uzoq qolib ketdi. Bu ko‘zlari xantal tusidagi ajoyib qahvarang poynter edi: Joyka qarib, kuch-quvvatdan qolgan, o‘sal bo‘lib yotardi, buning yagona davosi– o‘lim edi. Aqlli it emasmi, aftidan, o‘z ahvolini anglab yotardi va negadir xo‘jasiga yoshlangan ko‘zlari bilan aybdorlarcha mo‘ltirab qaradi.
– Ishlar chatoq, Joyka,– dedi doktor itning qup-quruq tumshug‘iga qo‘l tegizib.
Joyka arang orqa oyoqlarini poxolga tirab turishga urindi, bir oz cho‘zilib, bir necha odim otmoqchi bo‘ldi, biroq bo‘lmadi, holi kelmadi, faqat dumini qayg‘uli likillatib qo‘ydi, xolos. Naxal yoshligiga borib, hozir ko‘rayotgan sahnasini xudbinlarcha tushungisi kelmay, doktorga tiqildi, mallarang mayin junli boshi bilan doktorning tizzasiga suykaldi.
– Bu Matryona deganlari shunday tentakki!– dedi ovoz chiqarib doktor Naxalni erkalatarkan.– Insonning yagona do‘sti bu– it. To‘g‘rimi, Joyka?
II
Uezd shahri Propadinsk, Matryona Ivanovna tilga olganiday, unchalik chekkadagi ovloq joy emasdi; aksincha, ozodagina va yigirma ming kishilik aholisi bor, sanoati taraqqiy etgan va ayni turmush tarziing qizg‘inligi bilan farq qiladigan barcha Sibir shaharlari kabi jo‘shqin hayot qaynagan shaharcha edi. Tik ketgan, keng ko‘chalar, tosh va yog‘ochdan yasalgan binolar mo‘jaz tog‘ daryosi Propadinka oqimiga mutanosib solingan edi. Olislardan shahar manzarasi juda go‘zal ko‘rinardi: imoratlar, bog‘lar, cherkovlar, ma’muriy binolar, chorbog‘lar, yer-joylar hammasi rang-barang va jamuljam bo‘lib, bir to‘pni hosil qilardi va bularda qandaydir nashida bor, ularning o‘ziga xosligi sezilib turardi. Aslida shaharning qayerda poyoniga yetishini bilib bo‘lmay qolgan edi, chunki yer-joylar va chorbog‘lar naq shahar chegarasiga kelib qolgan, so‘ngra deyarli markazda xuddi ilib qo‘yilgan yashil qalpoqni eslatadigan, jamoat uchun sayilgoh bo‘lib xizmat qiladigan serdaraxt tepalik bor edi. Ana shu umumiy ko‘rinishda to‘rtta shahar maydoni va marhamatli Aleksandr zamoni me’morchiligiga mansub kazarma tipidagi qator mahobatli toshdan yasalgan imoratlar olisdan kattakon yamoqqa o‘xshab turardi.
Bu turli-tuman zavod egalari va oltin konlari xo‘jayinlari palatalari edi. Ushbu saroylarning yarmi bo‘sh va asta-sekin nuramoqda edi, chunki bu joylar egalari yoki singan, yoki o‘lib ketgan, yo poytaxt, yo xorijda yashamoqda edilar.
Propadinsk bunyod etilgach, eng gullab-yashnagan davri oltin konlari, zavod egalari va tog‘-kon injenerlarining faoliyati juda taraqqiy etgan, ishlar qizg‘in avj olgan qirqinchi yillarga to‘g‘ri kelardi. Ayniqsa, oltin konlari xo‘jayinlari butun Rossiyaga dong‘i ketgan Guskovlar va Yefimovlar, ulardan keyin ko‘pas–savdogarlar Svetlyakovlar, ijarador Xlizdin, aroq zavodlari egalari Barch-Grjelyaxovskiylar va boshqa boylar nomlari dovruq qozondi. Propadinsk dadil va tez quloch yoydi, hamma to‘q, farovon yashay boshladi, faqat Sibirdagina ana shunday ertasini o‘ylamay boqibeg‘am yashash mumkin, so‘ngra esa birdan oltin nari “chekinadi”, hayot o‘zining odatiy iziga tushib qoladi. Yovvoyi millionlar o‘rniga sahnaga bazo‘r qo‘lga kiritilgan sarmoyalar, sanoatchilar va yangi fe’l-atvorli tadbirkorlar chiqadi.
– Nimasini aytasan, baribir yomon emas, yaxshi yashadik… nimalar o‘tmadi!– derdi Propadinsk to‘q hayotining eng barbod bo‘lish davrini haligacha eslab yurguvchi Matryona Ivanovna.– Guskov-chi, Mixaylo Platonich, judayam o‘zini ko‘rsatishni bilardi: millionlarining bahridan o‘tdi-ya, bulardan ozginasi merosxo‘rlariga qolgan bo‘lsayam xo‘p gap… Bo‘lmasa-chi, o‘zining teatri bor edi, cholg‘uchilari to‘liq rasmana orkestri bor edi, hattoki Italiyadan haqiqiy tsirkni yozdirib olib kelmoqchi ham bo‘luvdi, ko‘p o‘tmay o‘lib qoldi-da. Anuv birinchi xotinidan tug‘ilgan ikkinchi qizi bor-ku, Yevlampiya Mixaylovnani erga berganida-chi, birgina mushakbozlikning o‘zi besh mingga tushgan, to‘yda qanchadan-qancha idish-tovoqlar sinmadi, mehmonlarning ne-ne ko‘ylaklari tarra-burra qilinmadi– sanab, sanog‘iga yetib bo‘lmaydi.
– To‘yda nima uchun ko‘ylaklarni yirtishgan, Matryona Ivanovna?
– Xursandchilikdan-da, farishtam, xursandchilikdan. Ko‘paslarning shunday g‘alati odati bor edi-da: agar kelinning ishlari joyida bo‘lsa, bari nima parcha-parcha qilib yirtiladi. Men o‘sha to‘yda bo‘lganman, kiyimlarimni uvadasi chiqib ketgandi, barini yirtib tashlashgan edi. Hattoki ish shunday sharmandagarchilikka borib yetadiki, Mixaylo Platonich qandaydir xonim oldiga yugurib keladi-da, uning ko‘ylagini yoqasidan etagigacha sharillatib yirtadi, yana egnidagi bor kiyimini qoldirmay yirtib chiqadi, o‘zi bo‘lsa, quvonchdan ho‘ng-ho‘ng yig‘laydi deng…
Matryona Ivanovnaning sinib, tamom bo‘lgan boy-badavlat Yefimovlarning huvillab yotgan ko‘shklari yonidan joy olgan Sobornaya ko‘chasida o‘z uyi bor edi; uning bor-yo‘g‘i uchta mo‘jazgina derazalari ko‘chaga qaragan va kiraverishdagi kulrang bo‘yoqqa bo‘yalgan yog‘och eshikka “Sinovdan o‘tgan doya xotin (Sage-femme) M. I. Pupishkina” yozuvli lavha, katta harflar bilan ko‘k rangda taxtachaga bitilib, ilib qo‘yilgandi. Uy eskirib ketgan edi, aftidan, uni faqatgina yog‘och qoplamasi ushlab turardi. Matryona Ivanovna uyini ta’mirlashni ham, yangisini ham qurishga xohishi yo‘q, “qolgan umrimga shuyam yetib ortadi, buni uyoqqa ko‘tarib opketib bo‘lmasa”, derdi. Matryona Ivanovnaning ana shu uyi to shiftgacha turli-tuman ko‘hna mebellarga to‘ldirib tashlangan uchta qutiday kichik xonalardan iborat bo‘lib, xuddi eski-tuski lash-lushlar do‘konini eslatardi.
– Bularning barini menga bemorlarim hadya qilgan, – izoh berardi Matryona Ivanovna qiziquvchilarga. – Mabodo o‘zlariga mebellardan birortasi yoqmay, jonlariga tegsa, Matryona Ivanovnaga sovg‘a qiladilar. Men bergan narsalarini yo‘q, demay olaveraman, yaxshi odamlarni xafa qilib bo‘ladimi? Albatta, balki bular keraksiz eski-tuskilardir, lekin men o‘lsam noshukur jiyanlarim bularni qayerga joylashni bilishadi.
Mehmonlar qabul qilinadigan xonaga Kareliya qayinidan yasalgan divan qo‘yilgandi, devorda burchlari zarhaldan jimjimador qilib o‘yib bezak berilgan, qizil og‘ochdan yasalgan og‘ir romga solingan beso‘naqay ko‘zgu osilgan edi, divan oldida yumaloq cho‘yan stol savlat to‘kib turardi, divan yonboshlarida marmarsimon qilib bo‘yalgan ikkita g‘ayritabiiy tagkursi joylashgandi; qorindor yong‘oq og‘ochidan komod, ikkita qutisisiz byuro , bir nechta ko‘hna kreslo va kursilar bu manzarani boyitib turardi. Albatta, polga gilam ham to‘shalgandi, divanda jun ipdan tikilgan, munchoq qadalgan yostiq qo‘yilgandi; stollar, komod, tagkursilar, kreslo suyanchig‘i va divanga “file” namunasidagi to‘rsimon to‘qima gilamchalar va qo‘lsochiqlar ilib tashlangan edi. Haqiga ko‘chganda, Matryona Ivanovna orqadagi xonada faqat uxlardi, xolos, bu yerda uning xilma-xil matohlarga to‘la sandiqlari, keyin, aftidan, shaddod kampirning bor boyligi saqlanadigan kattakon idish-tovoq javoni ham bor edi.
– Qariganimda, nimani qayerdan topishni bilmay o‘tirmay tag‘in,– tanishlaridan birortasi uni xasis, deb o‘pkalasa, shunday deb javob qaytarardi Matryona Ivanovna. – Axir o‘zim sag‘ir bo‘lsam; yaxshi odamlar oldida yursang, sovuqni ham, ochlikni ham yengasan, mana, men yana Polenkani ham o‘ylashim kerak.
Matryona Ivanovnani uyining yerto‘la qavatidagi hujrada bir paytlar Propadinskning shuhrat qozongan sobiq yulduzi – Polenka Edemova istiqomat qilardi. Ha, bir vaqtlar butun shaharning aqlini olgan, primadonna va oldi sohibjamolning endi qari boshini suqadigan bir parchagina boshpanasi yo‘q edi, agarda Matryona Ivanovna bo‘lmaganida, sobiq teatr yulduzi ko‘chada kimsasiz jon berishi tayin edi. Polenka oltmish yoshni qoralab bormoqda edi; u egniga to‘qrang ko‘ylak kiygan, bo‘ynida to‘qilgan durracha, boshiga ajabtovur to‘qa taqib olgan edi. Garchand ko‘zlari hamon nurli, bari tishlari butun bo‘lishiga qaramay, Polenkaning to‘la, xomsemiz yuzi uni o‘z yoshidan katta ko‘rsatardi; ayol sochlarini qanaqadir tugma bilan naq ensasiga chandib olgan edi. Polenka qomatini to‘g‘ri tutolmasdi, bunga Matryona Ivanovnaning achchig‘i chiqar, unga javragani javragan edi. Ko‘pincha, Matryona Ivanovna ayolga qarab turib, ichida ajablanardi, bu Polenka g‘alati-da, mundoq qarasang, kamsuqumgina va yoqimtoy bo‘lib qolar, lekin birdan ichidan g‘ururdanmi, orlanganidanmi, qandaydir bir faryod otilib chiqardi-da, injiqlanib jazavaga tusha boshlardi, bu hol uni yasama va yoqimsiz kimsaga aylantirib qo‘yardi. Odatda u begonalar huzurida shunday jazavaga tushardi. “Bo‘ldi, Polenkamizga jin tegdi!– deya qo‘l siltardi shunday paytlar Matryona Ivanovna. – Axir qarib qolding, bo‘ldi-da, odamlar oldida tomosha ko‘rsatishing nimasi?” Matryona Ivanovna bu tariqa shuhratparastlik, xususan, uning izidan izzattalablikni boshidan kechirish jazavasini tushunishni istamas edi: har safar Polenka qiyofasida qachonlardir muxlislar qo‘llarida ko‘tarib yurgan mashhur aktrisa azob bilan jon berardi, haqiga ko‘chganda, aslida u go‘zal bo‘lishga intilgan malohatli ayol edi. Bu haqiqiy fojia edi, Polenka har safar odatdagi injiqlik xurujidan so‘ng mazasi qochib qolardi. Ayol odatda bir necha kungacha kulbasiga qamalib olar, hech kimni, hatto Matryona Ivanovnani ham ichkariga kiritmas edi. Xonasi kichikkina va yagona derazasi hovliga qaragan edi. Buning ustiga Polenkaning qizil og‘ochdan yasalgan, ayni shuhrat cho‘qqisiga chiqqan paytlari Mixaylo Platonich Guskovning shaxsan o‘zlari hadya qilgan g‘aroyib karavotidan bo‘lak hech vaqosi qolmagan edi; ana shu karavotning o‘zini butun boshli me’moriy inshoot desa bo‘lardi. G‘ayrioddiy, pastakkina va keng-mo‘l ushbu karavot suyanchiqlariga ajabtovur, jimjimador qilib o‘yib bezak berilgan edi. Suyanchiqlar burchlarida bir-biriga o‘q uzishga shaylangan zarhal amur lar o‘tirardi. Polenka boradigan, bosh suqadigan eshigi bo‘lmagan vaziyatlarda ham shu karavotni saqlab qola olgan va uning istagi ana shu to‘shakda jon bermoq edi. Polenka umidsizlik, tushkunlikka tushgan qayg‘uli onlarida ham karavotni berkitib, zanjirlab, kattakon qutiga solib, sudrab yurdi va anchagacha yuklagan buyumi shunda turdi. Teatrda orttirgan butun shon-shuhrat chiqindisi va kul-kukuni ana shu qutiga jam bo‘lgan edi; quti ichida qurib qolgan guldastalar, gulchambardan uzib olingan gullar, turli yozuvlarga to‘la enli ipak tasmalar, sarg‘ayib va o‘ngib ketgan portretlar, taxlam-taxlam she’rlar, dasta-dasta maktublar, ehtiros to‘la qizg‘in nomalar, nazokat bilan bitilgan sevgi izhorlari va shunchaki inson faqat ko‘nglidan chiqarib muhabbat bilan yozib, anglay olishi mumkin bo‘lgan telbalarcha safsatalar… bari-bari shu qutida jamuljam edi. Xonaning bor burchini qimmatbaho sovg‘alar g‘ilof-tiqinlari band etgan edi va Polenka aynan ana shu g‘iloflar, qutilarni qadrlardi; idish ichidagi qimmatli buyum allaqachonlar har xil olg‘ir, changali o‘tkir garovgirlar qo‘liga o‘tib ketgan edi, ammo endi, jillaqursa, ana shu g‘iloflar ustidagi qorayib ketgan zar bilan bitilgan yozuvlarni o‘qib taskin olish mumkin edi. Shunday, qimmatbaho tosh – ko‘kish safsar marjon tiqini sirtiga shunday so‘zlar yozilgan edi: Propadinsk shahridan Yagona xonimga; fermuar – ilgakli marjon shodasi g‘ilofiga: Mag‘lub bo‘lganlardan G‘oliba ayolga; gavhar toshli to‘g‘nag‘ich idishiga: Guskovdan Maftunkor xonimga; so‘ngra: Ishboshilar klubidan Mislsiz go‘zallik sohibasiga; mayor Perederindan Mening ma’budamga, go‘zallikdan ko‘zlari qamashgan tog‘-kon injenerlaridan va h.k, va h.k. Bu sovg‘alar ijtimoiy tabiat kasb etgan edi, ularda ko‘proq g‘iloflarga zeb berilgan bo‘lib, eng qimmatli buyumlarga esa ba’zan birgina harf bilan, sana yoki yil qayd etilgan edi. Oltin koni egasi Guskov va ijarador Xlizdin Polenka Edemovaga qimmatbaho hadyalar qilishda bir-birlari bilan go‘yo kimo‘zarga chiqqandilar va ikkalasi ham ko‘ngillarida komil ishonch bilan aynan Polenka Edemova uni, yagona o‘zini sevishiga amin edilar.
“Xudoyim, bularning bari qayoqqa g‘oyib bo‘ldi? – g‘alati dahshat ichra Polenka o‘tmish xotiralarini birma-bir yodga olarkan.– Guskov sinib, allaqachon o‘lib ketdi, Xlizdin ham, Yefimov aqldan ozdi… Boshqalar hammasi: kimdir o‘ldi, kimdir eski gunohlaridan tavba qilib, Xudoga istig‘for aytib o‘tiribdi, yana kimdir qarigan chog‘ida so‘nggi vijdoniniyam yutgan”.
Polenka ba’zan o‘zini o‘zining soyasi deb his qilar va hayoti unga aloq-chaloq tush bo‘lib tuyulardi. To‘g‘ri, o‘tmish xususida gap qo‘zg‘alganida, Polenka, nochor-noiloj, butun Propadinskni besh panjasiday biladigan mana shu Matryona bilan ko‘nglini bo‘shatgan chog‘lari jonlanib qolardi.
– Bularning bari qayoqqa g‘oyib bo‘lganini sira aqlimga sig‘dirolmayman,– derdi Polenka bilan qahva ichib, mulohaza yuritarkan Matryona Ivanova. – Ilgarilari, ilgarilari, masalan, qanday qizlar bo‘lardi-ya!..
– Menam shuni aytaman-da, – uning gapini ma’qullardi Polenka,– negadir hozir men bunday qizlarni ko‘rmayapman, balki yoshlar ichidan chiqib qolar.
– Yo‘q, ilgarilari: Guskovlarning Yevlampiyasi, Xlizdinning qaynsinglisi Yevpraksiya, Yefimovlarning Lidochka va Kapochkalari, protopop Katonovning gumgursday uch qizi, generalning xotini Otmetisheva, maslahatchining xotini Golubkovalar… Bir-biridan chiroyli, biri biridan o‘zaman derdi!.. Esingdami, protopop qizlarining gitara chalgani, maslahatchining xotini Golubkova bo‘lsa, ruscha shalvorlarda, shohi ko‘ylakda qanday o‘ynagandi?.. Menga hammadan ham Yevlampiya Guskova yoqqandi: xuddi qoshlari suvsarday quyuq, ko‘zlari chaqnab turadi, ko‘kraklari ma’budalarkinikiday, qo‘llari-chi, qo‘llari qanday edi!.. Xuddi yamshchik day uch otli izvoshni haydagani, voy, qo‘llari to kiftigacha yo‘nib qo‘yilganga o‘xshardi!
U o‘shandan so‘ng ichkilikka berildi… Oh-ho! Bari eskida qolib ketdi, endi noliganlari noligan, ingraydilar, yo‘taladilar… Birgina biz, sen bilan, Polenka, omon qoldik! To‘g‘ri, agarda yoshlar bilan solishtirganda, biz hali, ehtimol…
– Mashenka Svetlyakova, Emmochka Bodman, aytishlaricha, go‘zalmishlar?– o‘zicha dedi Polenka.
– Mashenka Svetlyakovami? Emmochka deysanmi? Xa-xa!.. Chiroylimishlar!.. Nemis movuti degin: Emmochkaning beli juda uzun, Svetlyakovaning qomati xuddi sterlyad baliqqa o‘xshaydi… Ularning hammasini bilaman!.. Mana endi ko‘p qozi, injenerlar, ko‘paslarning xotinlari, – aftlari odamga o‘xshaydi, ularning ichida bittayam chindan chiroylisi yo‘q, bittayam! Men ularni dudlangan mayda baliq deyman, hammasi… ha, turgan-bitganlari dudlangan mayda baliq. Mana, masalan, seni olaylik: Polenka, yoshing bir joyga borgan bo‘lsa ham, eski qo‘ziqorin bo‘lsang ham, Xudo haqqi, ana shu go‘zallarning hammasini bir joyga to‘plaganda ular birgina oyog‘ingga arzimaydi. Oh, sening oyoqlaring qanday chiroyli edi, Polenka, qanday edi!.. Bekorga Xlizdin shampan vinosi bilan mana shu oyoqlaringni yuvib, keyin shu shampan yuvindisi bilan mehmonlarni siylamagandi.
Polenka bu maqtovlarni eshitgach, keksalarga xos yuzlari qizarib, uyalib ko‘zlarini yerga qadardi.
– Axir men senga tilyog‘lamalik qilmayman-ku, onaginam, – qo‘ya qolmasdi Matryona Ivanovna, – men doim to‘g‘ri gapni aytaman… Faqat o‘zing qadringni bilmading, behudaga ana shu razil erkakzotlarga ishonding. Men nega shunday deyapman?.. To‘g‘ri, Xudoyim meni hech bir husn bilan siylamadi, lekin men bir narsa uchun Yaratganga shukur qilaman: hech bir zamon hech bir erkakka ishonmadim, bo‘lmasa, bo‘ynimga to‘rva-xalta ilib, har joyda sarson-sargardon yurarmidim.
– Yo‘q, bunga men o‘zim aybdorman, Matryona Ivanovna…
– Og‘zingni ochma!.. Yana o‘sha peslarni himoya qiladi-ya… Aftidan, mening qaylig‘imni tortib olganingni unutganga o‘xshaysan?.. Qarib qoldim-da, bo‘lmasa, sen bilan qanday hisob-kitob qilishni bilardim… Qani, vijdoningni o‘rtaga qo‘yib aytgin-chi, men kimning aybi bilan qari qiz bo‘lib o‘tyapman?
– Matryona Ivanovna… qo‘ying… – bo‘g‘iq ovozda shivirladi Polenka yuzlarini qo‘llari bilan yashirib. – Yaxshisi, meni quvib yuboring, lekin bunday qiynamang.
– Sening oyoqlaring haqqi, yaxshilik qilgim keldi, – kulib derdi Matryona Ivanovna.– Bo‘lmasa sening emas, mening kallam joyida emasdi. Men o‘shanda aql bilan ish qilmagan bo‘lardim…
Ushbu eski hisob-kitoblar hikoyasi quyidagiday tarzda kechgan edi, Matryona Ivanovnaning qaylig‘i bo‘lgan, u qandaydir muallim Gogoritskiymi edi, Polenka Edemova bo‘lsa, o‘sha vaqtlar shon-shuhrat cho‘qqisida bo‘lib, qanaqadir shum garov tufayli endigina baxtli bo‘lish arafasida turgan yoshlar orasiga nifoq soladi, aktrisa ko‘rimsiz doyadan uning qaylig‘ini tortib oladi. Gogoritskiy zum o‘tmay qarmoqqa tushadi. Polenka bir necha kun u bilan vaqtichog‘lik qiladi-qiladi, keyin muallimning pattasini qo‘liga beradi; yigit alamidan ichkilikka ruju qo‘yadi va tez orada narigi dunyoga ravona bo‘ladi, Matryona Ivanovna bo‘lsa, vestalka bo‘lib qolaveradi.
– Men bir narsaga hayron qolaman, – fikr yuritdi Matryona Ivanovna o‘ychanlik bilan, – insonda bu qadar vahshiylik qayerdan paydo bo‘larkin-a? Ikki insonni birdaniga tamom qilasan-da, achinmaysan ham… Senga malomat toshini otmayapman, Polenka, shunchaki misol uchun gapiryapman.
– Sening o‘sha Gogoritskiying rosa kabob bo‘lgandi-da o‘ziyam! – to‘lqinlanib dedi Polenka xotiralarga berilarkan. – Esingdami, tog‘-kon injeneri Blyudechkin meni deb o‘zini otgani?.. U oldin meni, keyin o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lgandi…
– Shuncha tentak… barini sanab, sanog‘iga yetib bo‘larmidi… Dunyoda ne-ne odamlarni ado qilding, Polenka, qanchadan-qancha erli xotinlar seni deb ko‘zyosh to‘kdilar, ko‘zlarini ko‘kartirib yurdilar. Menmi, yo‘q, jahlim chiqmayapti… Qana, o‘sha qo‘shiqni ayt-chi, esingdami?.. Xudoyim-ey, Polenka, axir sen romans kuylayotgan mahal teatrda nimalar bo‘lgan edi-ya…
Matryona Ivanovna protopop Katonovning qizlaridan biri sovg‘a qilgan gitarani saqlab yurardi, ba’zida u kechmish eski vaqtlarni eslab ushbu cholg‘uni chalishni yaxshi ko‘rardi. Odatda Matryona Ivanovna gitara chalib jo‘r bo‘lar, Polenka titroq, keksayib qolgan ovozi bilan kuylardi. Ikki kampir uchun eng yoqimli xotira bu ko‘hna: “Mening vafodor itim” romansi edi. Polenka shu romansni aytganida, Matryona Ivanovna achchiq-achchiq yig‘lardi. Polenka Matryona Ivanovnaning ko‘nglini ko‘tarish uchun “Mo‘ri tozalovchi Vanyusha” haqidagi urf bo‘lgan qo‘shiqni aytib berardi, xususan, qo‘shiqda “yuzim qora bo‘lsa-da, qalbim top-toza”, deya kuylanardi.
Matryona Ivanovna doktornikiga oxirgi marta borib kelgach, to‘shagida uyoqdan-buyoqqa ag‘darilganicha ancha vaqtgacha uxlolmadi, so‘ngra chidayolmay karavotida chiroq yorug‘ida sun’iy gullar uchun qog‘ozdan yaproq kesib o‘tirgan Polenkaning oldiga tushdi. Sobiq yulduz bu yumushni yaxshi ko‘rardi, bu ish uning o‘ylashiga xalaqit qilmas, ayni vaqtda unga xush kayfiyat bag‘ishlar va yana picha bo‘lsa-da, pul ishlab olishi mumkin edi.
– Men anuv ayiqnikiga boruvdim, – deya Matryona Ivanovna Polenkaning karavotiga chiqib, oyoqlarini chalishtirib o‘tirarkan.
– Qaysi ayiqnikiga? – beparvolik bilan so‘radi Polenka hozirgina yasagan qaymoqrang atirguliga sirtdan razm solarkan. – Chiroyli chiqdi-ya, to‘g‘rimi?
– Birpas bas qilsang-chi shu tentakligingni… To‘g‘risi, uning shunday ahvolga tushib qolgani judayam achinarli!
– Kimga achinding? – dedi Polenka hamon yaratgan asariga to‘ymasdan qarab o‘sha-o‘sha loqaydlik bilan.
– Qanaqa befahmsan, Polenka! – tutaqib dedi Matryona Ivanovna uning e’tiborsizligidan. – Axir men senga Semyon Pavlich haqida gapiryapman-ku.
– Ha… shunday demaysanmi. Yana urishib qoldinglarmi?
– Menga qara, sen avval menga qulog‘ingni tut. Avvaliga rosa tortishdik, so‘ngra men uni gap bilan bopladim, doktor bo‘lsa tilini tishlab qoldi. Bir qarasang, qo‘rs odam, lekin birdan indamay qoldi… Bilasanmi, Polenka, nazarimda, doktor judayam baxtsiz, juda, judayam baxtsiz!
– Bo‘lishi mumkin… men bilmayman…
Matryona Ivanovna zimdan Polenkaga nazar tashladi va beixtiyor shu o‘y xayoliga kelib qoldi: “Manavi tovuqmiyani o‘tirishini qara. Borib turgan to‘nka!” Polenka bolalarga o‘xshab o‘zi yasagan guldan o‘zi zavq olib o‘tiraverdi, keyin Matryona Ivanovnani xafa qilmaslik uchun o‘zini eshitayotganga solishga urindi.
– Ha, men sendan so‘ramoqchi bo‘lganim,– so‘zida davom etdi Matryona Ivanovna samimiy.– Axir sen Semyon Pavlichni yaxshi eslaysan-a, u yosh yigit bo‘lib Propadinskka kelganini?
– Doktor Osokinnimi?– shunchaki arzimas narsani gapirayotganday qayta so‘radi Polenka.– Bo‘lmasa-chi, esimda… U qachonlardir orqamdan yurgan edi, ahmoqona qiliqlari bilan jonimga tegib ketgan edi.
– Qanday ahmoqliklari?
– Har xil. O‘shanda unga qaragim ham kelmas, vaqtim ham yo‘q edi: bir tarafdan Guskov, bir tarafdan Xlizdin shilqimlik qilib yopishib olishgandi, yana bu doktor yetishmay turuvdi. Qariyalar degin juda aqldan ozgandi: meni doktordan qizg‘anishar, men bo‘lsam, ulardan qanday qutulishni bilmasdim.
– Sen bu gaping bilan Semyon Pavlich ham menga oshiq bo‘lgan demoqchimisan?
– Shubham yo‘q, shunga o‘xshash gap bo‘lgan edi.
Matryona Ivanovna qanchalik ijikilab so‘roqqa tutmasin, Polenka aniq-tiniq doktor bilan oralarida nimalar bo‘lganini eslay olmadi,– keksa aktrisaning xotirasi pand berdi.
III
Doktor Osokin Propadinskda g‘alati inson degan nom bilan dovruq qozongan edi. Hamma doktor Osokinni aqlli odam, juda aqlli, degan fikrda edi, u birdan favqulodda jazavasi tutib, tentaklik qila boshlardi: goh bemorni urishar, goh biror oyimqizning asabiga tegib, yig‘lamoqdan beri qilar, goh kutilmaganda nayrang ko‘rsatar va hammaning hayratdan og‘zi ochilib qolardi. Shuni ham aytish kerakki, bir vaqtlar shunday voqealar ham bo‘lgandiki, dono deb dovruq qozongisi kelgan biror viloyatlik albatta biror xurmacha qiliq chiqarar va shu sabab o‘laroq, ba’zan qip-qizil tentaklar ham to o‘la-o‘lgunlariga qadar aqlli odam, degan sharaf bilan umr kechirib o‘tardilar. Doktor Osokinning ajab qiliqlari ikki turga bo‘linar edi: doimiy va tasodifiy g‘alatiliklar. Birinchisi, doktor gigiyena maqsadida bo‘lsa kerak, doimo faqat yangi xashak ustida yotar, faqat qaynatilgan suv ichar, faqat allaqanday o‘zgacha usulda o‘zi uchun maxsus pishiriladigan sabzi pirogini tanavvul qilar, qishda yozgi furajka, yozda esa qishki telpak kiyib yurardi, bo‘yinbog‘larni tan olmas, o‘ziga birgina ishni ravo ko‘rardi va u bundan rohatlanardi – hovliga chiqib, taxlangan sarjinlarni sochib tashlardi.
– Shunday qilsam, musiqa eshitganday bo‘laman,– deya izohlardi doktor bu qilig‘ini o‘zicha.
Garchand doktor Osokin, imkon qadar, hamisha shaxsiy amaliyotdan qochsa-da, shaharda katta e’tibor qozongan edi, u bemorlariga o‘ta qo‘pol muomala qilar, ayni shu harakati so‘ngida aks samara bergandi; eng asabiy va noziktabiat insonlar ham doktor Osokindan boshqasiga ishonmay qo‘ygandi. Ular sabr-toqat bilan doktorning o‘taketgan qo‘polliklarini ko‘tarar, yig‘lar, bunday vaziyatlarda zarur spirtni hidlar, shu qo‘rsga aslo ko‘rinmaganim bo‘lsin, deya qasam ichar va favqulodda biror hodisa yuz berguday bo‘lsa, birinchi eslariga doktor Osokin kelar va uni chaqirtirar edilar. Hikoya qilishlaricha, doktorning chin muxlisi, uning g‘alati fe’l-atvoridan hayratlanib, qoyil bo‘lib yurgan bemorini naq uyidan quvib chiqaradi, m-me Berestechkinani esa birgina ichkiyimda qabul qiladi.
Doktor Propadinskda o‘ttiz yildan ortiq va hamisha mutlaq yolg‘iz yashab kelmoqda edi. Doktor xonadoni tartibsizliklar va yashash uchun hech qanday qulayliklar yo‘qligiga nodir misol sifatida tillarda doston edi va bu o‘zi haqda afsona-rivoyatlar to‘qilishiga asos bo‘lib xizmat qilardi. Gap shundaki, doktor bu yerda o‘ttiz yildan ziyod yashab kelayotgani boisdir, aftidan, shahardan ko‘chib ketishni umuman xayoliga keltirmas edi. Doktorning bittagina xizmatkori bor edi: u ham bo‘lsa, o‘ta ahmoq, esi past qarol Avel bo‘lib, doktor uni dunyoda birinchi inson deb atash uchun ham ushlab turardi va yana faqatgina sabzi pirogidan boshqa taom pishirishning uddasidan chiqmaydigan qari oshpaz ayol Taisya bor edi. Doktor ot boqmas, chunki kishiga ulov bo‘lmish ana shu ot tufayli, shahar bo‘ylab piyoda yurishday ajoyib rohat-farog‘atdan o‘zini mahrum qilishni istamas edi.
– Men piyoda yurishni go‘zal manzara asarni tomosha qilishga o‘xshataman, – deya izohlardi doktor unga ot boqishni maslahat qiluvchilarga. – Meni afv etingu, otda yurish – bu o‘taketgan telbalik va majburan to‘g‘ri o‘z ajali tomon eltuvchi oson yo‘ldir, men esam buni istamayman va yuz yoshgacha yashashimga umid qilaman.
Doktor Propadinsk ahli jamoati bilan uncha chiqishmas va umuman, hech kimnikiga bormas edi; unikiga ham mehmonlar kamdan-kam kelar va Matryona Ivanovnaning tashrif buyurib turishi esa baxtli istisno edi. Ular qanday tanish-bilish bo‘lib qolganlar va bunga nima sabab bo‘lgan, uyog‘ini aytish mushkul edi, yana bir narsani ham qayd etish joizki, doktor xotinlarning ashaddiy dushmani edi. Biroq Matryona Ivanovna deyarli har hafta doktornikiga borib turar va hattoki o‘zining son-sanoqsiz tanishlarini doktor Osokin mensiz zerikib qoladi, deya ishontirar edi.
– Siz unikida nima qilasiz, Matryona Ivanovna? – qo‘ymay so‘rab-surishtirardi go‘l xotinlar.
– Nima qilardim? Choy ichaman… Mabodo deylik, oradan ikki hafta o‘tib ketdi, har safar: “Nima bo‘ldi, Matryona, men seni o‘lib qoldingmi, deb o‘ylabman”, deydi. Men ham uni pirog bilan siylab o‘tirmayman-ku. Baribir aqlli odam bilan gurunglashish yaxshi-da, xuddi aqling bir sarjinga o‘sganday sezasan o‘zingni. Ba’zan ikki soatlarcha suhbatlashamiz.
– Azizam Matryona Ivanovna, aytishlaricha, doktor yigirma yildan beri allaqanday ilmiy ish yozayotgan emish, to‘g‘rimi?
– Aldab nima qilaman, men ilmiy ish haqida hech nimani bilmayman. Kitoblarni so‘rasangiz, chindan ham juda ko‘p, asosan o‘zimizning tibbiyot sohamizga doir. Endi, har xil asboblar ham bor, bankalar, shisha idishlar… Ularni nima qiladi – Xudo biladi. Shunchaki o‘zini aqlli odam sifatida ko‘rsatadi-da… Ba’zan shunaqasi ham bo‘ladi, kasallik bor-ku, faqat otini unutdim, lotinchasi nima edi-ya.
Butun Propadinsk doktor Osokinning favqulodda allaqanday ilmiy ish ustida ishlayotganiga amin edi, chunki kabinetida chiroq tun qoq yarmidan o‘tib ketsa-da, o‘chmas edi. Biroq doktorning nima bilan shug‘ullanishi – sir edi, garchand bu haqda yaxshimi yomonmi, har xil taxminlar yurardi: ayrimlar doktor “falsafiy asar” yozyapti, desa, boshqa birovlar vivisektsiya yoki spiritizm bilan shug‘ullanadi, yana ba’zilari esa – doktor hech qanday ish qilmaydi, nari borsa, feldfebelchasiga otib turadi , derdilar. Doktorning nima ishlar bilan shug‘ullanishiga yagona shohid– Osokinning itlari edi, lekin ular xuddi uning xizmatkori singari birovga ko‘rganlarini gapirib bera olmasdilar.
– To‘ramizning nima ishi bor deysizmi? Odati, tong yorishguncha u burchakdan-bu burchakka borib kelaveradi, ishi shu, – ters javob qaytarardi Avel qiziquvchilarning so‘roqlariga. – Oldiniga kitobini o‘qiydi, so‘ng mayoqqa o‘xshab borib kelaveradi-borib kelaveradi… Keyin nima bo‘lishini o‘ylasang qo‘rqib ketasan: uning kallasida nima bor, Xudo biladi.
Doktor Osokin itlar bilan muloqotini insonlar muloqotidan afzal ko‘rardi va hordiq chiqarmoqchi yoki ko‘nglini chog‘ qilmoqchi bo‘lgan kezlari bo‘sh vaqtini itlari bilan birga o‘tkazardi. U itlariga o‘z qo‘llari bilan yemak berishni yaxshi ko‘rardi, har kuni ular bilan shaharni ikki soatlarcha sayr qilardi. Shaharda doktor itlarining g‘ayritabiiy aqliga misol bo‘lmish haqiqiy mo‘jiza haqida mishmishlar yurardi, ular hattoki boshqa itlar bilan o‘ynamasmish, aniq, o‘zlarining ahmoqona it zotiga mansub ekanligidan uyaladilar.
Aslida ish, aytganlariday, unchalik sirli emas, jo‘ngina edi. Doktor Osokin haqiqatan ilm bilan mashg‘ul edi, juda tirishqoqlik ilm-fan bilan shug‘ullanardi, o‘z mashg‘ulotlariga qanchalik uzoq ko‘milsa, shunchalik unga zavq-shavq bilan berilib ketardi. Olislab ketgan yoshligida ko‘ngli tusagan ishlarni qilgan ham: rohat-farog‘atdan mahrum bo‘lmagan, klublarda bo‘lgan, havaskorlik spektakllarida ishtirok etgan, barno-barno ayollarning ko‘nglini ovlagan ham, keyin birdaniga hammasini tashlab yuboradi va uyida o‘tirib qoladi. Sharoblar, qartalar, g‘iybatlar atrofida kechadigan viloyat hayoti chindan ham doktorni qiziqtirmasdi va u bajonidil ana shu turmushni “ilm-fanning tengsiz bebaho noni”ga almashgan edi. Doktor Osokin ayni kuch-g‘ayratga to‘lgan chog‘ida bir qiziqarli mavzuga kirishib ketdi va uni favqulodda qunt, matonat bilan ishlab chiqdi.
Doktorning hayoti besamar ketmadi va u faxr-iftixor bilan ish stoli va qo‘lyozmalariga qaradi. Aslini olganda, boshqalar viloyat hayotining mayda-chuydalariga o‘ralashib, umrlarini behuda sovurib yurganida, u, doktor Osokin buyuk g‘oyalar, nazariyalar, gipotezalar va olamshumul tuyg‘ular olamida g‘arq edi. Uning o‘z g‘oyasi bor edi va doktor buni insoniyat bilimlarining umum xazinasiga qo‘shilishini, ishtirok etishini istar edi. Biroq bor ilhomini namoyon etgan fath etguvchi, fotih olim qiyofasida uning iftixori va shoirona hayratlari ko‘pincha apatiya–tushkunlik, shubhalar va hattoki umidsizlik daqiqalari bilan almashib turardi. Bu haqiqatan to‘lg‘oq azobi edi, doktor faqat bir narsadan cho‘chir edi: axir o‘lik bola tuqqan onalar qanchalar qattiq azob chekadilar, shu singari uning yigirma yillik sermashaqqat mehnati o‘rtaga chiqishi bilanoq kamalak ranglari aro singib ketgan sovun ko‘pigi misol havoga uchib ketajak ta’limotlardan biri bo‘lib qolishi ham mumkin edi. Odatda unda ana shu umidsizlik ortidan yaratguvchi tafakkurgagina xos ko‘tarinki ruh, ya’ni juda tetik kayfiyat paydo bo‘lardiki, doktor kallasida o‘z-o‘zidan quvonchli birikmalar, mantiqiy umumlashmalar, kutilmaganda yakuniy fikrlar va mutlaq yangi dalillar yuzaga kela boshlardi.
Doktor Osokinning turmush tarzi va mashg‘ulotlari haqida bahs ketganda, uning Matryona Ivanovnaga munosabati anglashilib qolardi: axir tinimsiz faoliyatda bo‘lgan olimning ongi dam olishi ham kerak-ku, ilm-fan cho‘qqilaridan tushib, kichkina odamchalarning haqiqiy tor dunyosi, mayda manfaatlari, mayda izzattalabliklari va o‘zaro munosabatlarida tasavvur qilib bo‘lmaydigan chalkashliklarni ko‘rib, maza qilishi ham kerak-ku axir. Matryona Ivanovna mayda odamning eng yaxshi timsoli, namunasi bo‘la olardi, u ayolni o‘ziga xos patologik holatni o‘rgangani singari o‘rganib chiqdi. Ayol olimni hamisha taajjubga solardi, doktor, ko‘zlarini qisganicha, unga uzoq tikilib qolardi.
– Ha, namuncha menga tikilib qolding? – derdi achchiqlanganidan Matryona Ivanovna o‘zini noqulay sezib.
– Qani sen ham kimgadir ko‘zingni qisib, qarab ko‘rgin-chi: o‘sha qaragan odaming tobora maydalashib-maydalashib boraveradi… so‘ngra bir qurt-qumursqaga aylanib qoladi.
Biz ushbularni bayon etayotgan mahal doktor o‘z ishining poyonini oldindan ko‘rib bo‘lgan edi: qachonlardan buyon intilib kelgani, nihoyat o‘z mehnatini jamoat e’tiboriga havola etishi va o‘z g‘oyalarini yangitdan uyg‘un ravishda muomalaga qo‘yib yuborishi mumkin bo‘lgan ardoqli va lazzatli onlar yetib kelayozgan edi. G‘alaba nashidasi va tantanasi haqidagi o‘y doktor nafasini siqib qo‘yayozgan va endi u ishimning arzimas tomonlarini tugatmasdan birdan o‘lib qolsam-a, deya qo‘rqa boshlagandi. Allaqanday puch tasodif yuz beradi-yu, butun umri mobaynida chekkan mehnatu zahmatlari poyoniga yetmay qolishi mumkin ediki, bu unga o‘lim bilan barobar edi.
“Mabodo aqldan ozmayapmanmi? – derdi u ba’zan es-hushini yo‘qotgandek allaqanday chizmalar va matematik formulalar bilan to‘ldirib bijir-bijir yozib tashlangan asosiy qo‘lyozmasini varaqlarkan, o‘ylanib. – Yana biror yarim yil o‘tgach, bari bitadi”.
Doktor shunday deya chamaladi, biroq ish butunlay boshqacha kechdi, kulfat u mutlaqo xayoliga keltirmagan tomondan keldi: falokat doktorning naq oq sochli boshiga Matryona Ivanovnaning tilidan kelib tushdi. Ha, ana shu hech tuzalmas, tuturiqsiz xotin doktor Osokinning butun bir haftasini harom qildi, hayotini puchga chiqardi, miyasiga Matryona Ivanovna, albatta, mutlaqo ongsizlik bilan, behosdan aytib qo‘ygan iborasi taqillatib uraverdi. Doktor kabinetida uyoqdan-buyoqqa yurarkan, hadeb shu so‘zlarni takrorlayverdi: “Katta qizimning xonasi!.. Katta qizimning xonasi!” Matryona Ivanovna aynan shunday dedi va ajablanarlisi shundaki, hammasi shu iborada mujassam edi: nega o‘g‘il emas, qiz, yana albatta kattasi?
– Axir men hayotimning butun boshli bobini ko‘rib chiqdim-ku! – taajjublanardi doktor ovozini chiqarib. – Baxtli g‘oya: imkoniyatga qarab yashash. Ha, aynan shu narsa menga yetishmagan edi! Ba’zi qoidalar butunlay yangitdan yoritiladi.
Sof ilmiy o‘y-mulohazalar bilan baravar fikrlar o‘zga o‘zanda kecha boshladi: doktor o‘zi to‘g‘risida o‘yladi va beixtiyor tevarak-atrofiga nazar sola boshladi. Yana shunisi ajablanarli ediki, doktor hammadan ham qachonlardir qari bo‘ydoq bo‘lib, ya’ni dunyodan toq o‘taman, deb xayoliga keltirmagan ham edi, haqiqatda esa shunday bo‘lib chiqdi. Hayotning o‘z mantig‘i bor, ammo bu g‘irt bema’ni mantiq edi. Doktor qanchalik ko‘p o‘ylagani sayin, shunchalik miyasiga hayratomuz o‘ylar kela boshladi, hammadan hayratlanarlisi shunda ediki, shu fikrlarning bari Matryona Ivanovnaning o‘sha mash’um iborasi atrofida aylana boshladi.
Ana shu ko‘ngil kechinmalarining oqibati o‘laroq, ajab nojo‘ya ish amalga oshdi.
Doktor “ajoyib tong”larning birida uyidan chiqdi va odaticha, shahar chekkasi tomon emas, balki Prolomnaya ko‘chasidan shahar markazi tomon qarab yurdi. Kuz kirgan, har yer-har yerda shahar ko‘chalari butunlay loy-balchiqqa botgan edi, biroq doktor o‘tiladigan yo‘llardan olg‘a qadam tashlab o‘tdi va yo‘lida duch kelgan tanishlariga qo‘lini eski telpagiga qo‘yganicha alohida e’tibor bilan ta’zim qildi. U Prolomnaya ko‘chasidan o‘tib, loy-balchiqqa botib yotgan Chayqov bozoriga chiqdi, so‘ng un do‘konlari mo‘l, dehqonlar aravalari va gurra kaptarlar galasi donlagan torgina Muchnaya ko‘chasiga qayrildi. Nihoyat, doktor shahar markaziga ko‘hna rastalar bilan band Sobornaya maydoniga kelib qoldi. Doktor binolar tepasiga osilgan lavhalarga ko‘z yugurtirarkan, g‘o‘ldiradi: “Yo‘q, bu yer emas…” Attorlik mollari rastalari, kolonial do‘konlar, qizil gazmollar rastalari, sarrojlik do‘konlari– bularning doktorga keragi yo‘q edi.
– A-ha, mana bu yerda ekan,– doktor ovozini chiqarib dedi, Sobornaya maydoniga chiqadigan bino burchiga osilgan lavhani o‘qirkan. – “M-me Raskepovaning moda va ko‘ylaklari”. Mana… shu yerda…
Doktor butun boshli Sobornaya maydonidan osongina o‘tib olib, to‘g‘ri moda do‘koniga yo‘naldi va faqat bir oz nafas rostlab olish uchun pillapoya yonida to‘xtadi. So‘ngra salmoqlanib, tosh zinalarni hatlab, ikkinchi qavatga chiqdi, shisha fonardan siqilib o‘tdi va nihoyat do‘konga kirib keldi. Doktor Osokin hech qachon bunday joylarda bo‘lmagandi, u uchala oynasi maydonga qaragan uzun xonaga birma-bir nazar solib chiqdi. Devorga yaqinroqda tayyor ko‘ylaklar javoni turardi; ushbu javonlar o‘rtasida ko‘krang kartonlarga liq to‘la tasmalar, to‘rlar va rang-barang kashtalar namunalari uchlari chiqarib ko‘rgazma qilib qo‘yilgan, uzunasiga loklangan yog‘och raflar cho‘zilib ketgandi. Alohida oynalarda, enligina peshtaxtalarda doktor vazifasi nima ekanligini bazo‘r fahmlashi mumkin bo‘lgan quyidagi buyumlar chiroyli qilib terib qo‘yilgan edi: to‘qa to‘rbezaklar, tasma parchalari, kapalaknusxa bezaklar, qiyiq durralar, sharflar, bo‘yalgan patlar, turfa rangli naychasimon shisha munchoqlar, qanaqadir birinjdan yasalgan shaqildoqlar va h.k. Mo‘jazgina yarim doira shaklidagi ark, polga turli-tuman gazmollar o‘rami uyib tashlanib, band etgan keyingi xonani birlashtirib turardi. Ana shu rango-rang tutun pardasi orasidan yoshgina tikuvchi qizlarning shaddodgina ko‘zlari qiziqqonlik bilan doktorga tikildi.
– Nima xizmat, doktor? – yoqimli ovozda so‘radi m-me Raskepova arkda paydo bo‘lib. – Siz huzurimga birinchi marta kelishingiz shekilli… Marhamat, o‘tiring.
– Ha, mening sizda jiddiy ishim bor, – so‘z boshladi doktor telpagini behuda karton qog‘ozlar orasiga tiqishga urinib. – Nima desamikin, menga bir yosh qizga kerakli anjomlar kerak, hammasi… Oti nimaydi, kechirasiz, shunday so‘z bor-ku…
– Sep.
– Ha, ha, aynan sep, – yengil tortib dedi doktor va qo‘llarini oq sochlariga olib borib, taradi. – Diqqat qiling, sep yoshgina xonimga kerak.
M-me Raskepova iltifot bilan kuldi:
– Sep keksa ayollarga qilinmaydi-ku.
Qo‘shni xonada yosh tikuvchilar kalaka qilganday kuldilar va hattoki maneken o‘rnida xona o‘rtasida turgan rangpar, ozg‘in qiz ham iljayib qo‘ydi; tikuvchilarning onaboshi tikuvchisi, ko‘zlari jahldor, sarg‘ish ayol kula olmadi, chunki og‘zi ninato‘g‘nag‘ichlarga to‘la edi, u manekenga ko‘ylakni kiydirib ko‘rayotganida shu ninalar qadash uchun kerak bo‘lardi.
– Doktor, jiyaningiznimi yoki kambag‘al qarindoshingizni turmushga beryapsizmi deyman? – so‘z qistirdi m-me Raskepova.
– Y-yo‘q… unday emas,– dedi xijolat tortib doktor va hattoki telpagi bilan bir nechta karton qog‘ozni tushirib yubordi. – Bir yoshgina xonim bor, menga juda yaqin…
M-me Raskepovaning yuzi jiddiy tortdi, pistaday kichkina lablarini qattiq yumdi-da, doktorga qisqacha qilib, “yoshgina xonimga” nimalar kerakligini aytdi. Xonimning bo‘yi masalasida qiyinchilik yuzaga keldi, biroq doktor uning o‘lchamini keltirishni va’da qildi.
– O‘zingiz bir tasavvur qiling-a, madame, bu xonimning qat’iyan hech vaqosi yo‘q, – deya izoh berdi doktor oqish qoshlarini ko‘tarib.
– Yana, ish bo‘lmasa, o‘sha yosh xonim taqadigan qo‘lqopi nechanchi ekanligini bilib keling, keyin nechanchi poyabzal kiyishiniyam, – quruqqina qilib tushuntirdi m-me Raskepova tundlik bilan jiddiy ohangda.– Bizning vazifamiz har qanday buyurtmani o‘z vaqtida va vijdonan bajarish.
Doktor m-me Raskepova oxirgi jumlani qanday ta’kidlaganini umuman payqamadi; u to‘qrang sochlari silliq taralgan to‘lagina sipo xonimga ishonuvchan nigoh bilan jilmayib qaradi, mana shu do‘kon, tasmalar, yerda sochilib yotgan matolar, sho‘x-shaddod qizlarning kulib turgan yuzlari kabi bu ayol ham unga yoqib qolgan edi. Bularning bari uning uchun yangilik edi va shuningdek, aynan uning talablariga javob berardi: o‘ziga kerakli hamma-hamma narsa shu yerda hozir edi. M-me Raskepova doktor qachon ketar ekan, deya sabr bilan kutdi, u esa do‘konning butun anjomu jihozlarini bir boshdan sinchiklab ko‘rishda davom etdi.
– Axir bu juda qiziq, juda…– g‘o‘ldiradi u.
– Nima?
– Ha… Siz, madame, ehtimol jonivorlarning sevgi faslida ranglarini o‘zgartirishi, ya’ni o‘z muhitidan ajratib bo‘lmaydigan tusi haqida, keyin qushlarning juftlashish davrida qanday go‘zal patlar chiqarishi to‘g‘risida eshitgandirsiz? Xuddi shu narsa sizning sohangizga kiradi va hatto amaliy jihatdan ayrim yo‘llanmalar uchun juda foydali manba bo‘lishi mumkin. Hayvonlarning o‘z muhitidan ajratib bo‘lmaydigan shakli va tusi– bu umumiy ilmiy atama, garchand bu faqatgina alohida tur vakillarini muhofaza qilish ma’nosida anglashilsa-da, juftlashish davrida chiroyli patlarning hosil bo‘lishi kelgusida shu turni davom ettirish maqsadlari uchun xizmat qiladi. Garchand bu holatda o‘simliklar roli passiv bo‘lsa-da, shu o‘rinda ranglar o‘zgarishi fahmlanadi: ya’ni urug‘lantiruvchi gullarni changlatadigan o‘sha hasharotlar e’tiborga olinadi. Faqat, bilasizmi, bir jihati bor: jonivorlar turni davom ettirish chog‘i ularning nari tusini o‘zgartiradi, xolos, insonlarda esa aksincha.
– Kechirasiz, doktor, mening vaqtim yo‘qroq edi, – dedi ensasi qotganidan sovuqqonlik bilan gapni kesib m-me Raskepova.
– Aybdorman, yana bir savol: umid qilamanki, ishingiz yaxshi ketyapti?
– Har qalay yomon emas, shikoyatim yo‘q.
– Kiyim-kechakka ayniqsa qachon talab kuchayadi, yilning qaysi fasli, kuzatganmisiz?
– Albatta, qishda, doktor… Ballar, oilaviy tadbir kechalari, teatr, umuman, biz bu vaqtda, ayniqsa katta bayramlar oldi ishga ko‘milib ketamiz.
– Qiziq… Yana bu yerda maxsus inson xususiyati ko‘zga tashlanadi. Ammo bu tushunarli hol, chunki inson iqlim sharoitlariga azaliy qaramlikdan ozod bo‘ladi va hayotning sun’iy shaklini bunyodga keltiradi.
– Kechirasiz, doktor…
– Bo‘ldi, ketyapman, ketyapman… Biz yana siz bilan biror vaqt bu haqda bafurja suhbatlashamiz.
– Menga bari o‘lchamlarni jo‘natishni unutmang.
– Albatta, – g‘o‘ldiradi doktor telpagini oq sochli boshiga bostirib kiyib.
Hali doktor ketidan eshikni yopar-yopmas, butun do‘kon kulgidan zirillab ketdi: m-me Raskepovaning o‘zi ikkala qo‘llarini silkinib turgan bo‘liq ko‘kraklariga qo‘yganicha kulgandan-kulardi, hatto tikuvchilar onaboshisining o‘zi ham hihilab kulayotgan maneken oldida azbaroyi kulaverib bukchayib qolgandi; hamma chevarlar, tikuvchilar hamda dazmol bosayotgan va turli yumushlarni bajaruvchi kichkina yugurdak qizlar ham ko‘zlari yoshlanguncha kulmoqda edilar.
– Bir qarang-a: umuman hech vaqosi yo‘q yoshgina xonim…– takrorlardi m-me Raskepova go‘shtdor kiftlarini ko‘tarib.– Bu xonimlarni bilamiz!.. Xa-xa…
M-me Raskepova bilan birga, aftidan, bari ana shu to‘r, kartonlar, tasmalar, kashtalar, kapalaknusxa bezaklar kulardi, xaridorlarga namoyish qilish uchun osilgan tayyor ko‘ylaklarning bo‘m-bo‘sh yenglari shalpayib, qayg‘uli tarzda yelka qisib turardi.
IV
Butun Propadinsk doktor Osokinning ko‘rsatgan hunari haqida gapirardi, chunki m-me Raskepova bu haqda hikoya qilganda mubolag‘ayu tashbehlarni tejab o‘tirmadi, so‘zda xasislik qilmadi va o‘zicha “predmetni yoritdi”. Xonimlar dahshatga tushdilar va bo‘lib o‘tgan voqeani aqldan ozgan doktorning qarilik telbaligiga yo‘ydilar. Ko‘plar shunday bo‘lganligiga achindilar, ba’zilarning achchig‘i keldi, qolganlar yelkalarini qisib qo‘ya qoldilar yoki ma’noli qilib tomoq qirdilar.
– Axloqsizligimni pardalashim kerakdir, deb ham hisoblamagan, – derdi jahllari chiqqanidan xonimlar. – Bir xil erkaklarga o‘ynashini ta’minlashini boshqalar orqali qilsayam bo‘lardi-ku. Bo‘lmasa-chi, kuppa-kunduz kuni to‘g‘ri do‘konga kirib keladilar-da, deydilar: “Uning hech vaqosi yo‘q…” Ajab bo‘pti!
– Qizlarim oldida juda yomon ahvolga tushdim, – deya m-me Raskepova buyurtmachilariga uqtirardi.– Meni afv etingu, o‘zining borib turgan sharmandagarchiligini shunday andishasizlik bilan izohlashidan yoqa ushlaysan… Qarang-a, doktor hamma ayollarni parrandalar, erkaklarni esa hayvonlar deydi. U buni shunday g‘alati qilib aytadiki.
Hammaning xayolini bir xilda yagona savol band etdi: kim ekan doktorning ko‘ngliga shunchalik yaqin bo‘lgan, hech vaqosi yo‘q o‘sha sirli yoshgina xonim? E’tiborli xonadonlarda onalar yosh qizlar huzurida doktordan gap ochilguday bo‘lsa, ko‘zlari mo‘ltiray boshlardi; uning nomi yuqumli marazga o‘xshab qolgandi. Umuman, shahar ahlining eng pokiza tuyg‘ulariga til tekkan, rasvo bo‘lgan va haqorat etilgan edi va shunda tabiiyki, hamma nigohlar doktor xonadoniga borib turadigan yagona inson Matryona Ivanovnaga qadaldi.
– Xo‘p ajoyib do‘stingiz bor ekan-da o‘ziyam, – deya hujum qildi xonimlar Matryona Ivanovnaga. – O‘zingiz o‘ylang, har bir oilada bo‘yi yetgan qizlar bor, buyoqda esa birdan shunday sharmandalik, mojaro chiqib tursa… Yana, ustiga-ustak, ahli jamoat odob-axloqi, jamiyat fikriga tupurib, ochiq-oydin shunaqa ish qilib tursa.
– Qariganda chol yomon qaytibdi, esini yeb qo‘yibdi, – Matryona Ivanovna ularning fikriga qo‘shilar, boshini chayqardi. – Oxirgi safar uyiga borganimda men ham payqagandim buni, o‘shanda tikka turib, betiga shartta aytib tashlaganman.
– Siz o‘zingiz doktornikida o‘sha yoshgina ayolni ko‘rganmisiz?
– Hay-hay, nimalar deyapsiz, bekam, hozir haddingizdan oshdingiz; men qizman va bunday narsalarni tushunmayman, ha. Shunaqa ishdan so‘ng agarda ko‘chada Semyon Pavlichni ko‘rib qolguday bo‘lsam, men uni tanimayman, ha… Kechirasiz, uni deb, meni birorta tuzukroq xonadonga kiritishmaydi endi!
Bir so‘z bilan aytganda, Matryona Ivanovna doktordan qat’iyan voz kechdi va hattoki unikiga choy ichgani borganidan ham tona boshladi.
– Atigi, balki ikki martacha borgandirman doktornikiga, yana tibbiyot masalasida, nega desangiz, axir sohamdagi muammoni men kim bilan maslahatlashaman bo‘lmasa?
Biroq ba’zi xonimlarning taxminlaru farazlaridan osonlikcha qutulib bo‘lmadi.
– Bu yerda ishqiy sahnalar yashirin bo‘lganligi muqarrar,– bir ovozdan takrorlardi ular.– Axir siz doktorni anchadan buyon bilasiz, Matryona Ivanovna; ehtimol ilgari shunday ishlar ham bo‘lgandir…
– Ishq?.. – deydi Matryona Ivanovna o‘zini tushunmaganga olib sodda-mug‘ambirlik bilan; yumaloq boshini yo‘q, deya chayqaydi. – Yo‘q, ishqiy sarguzashtga o‘xshash hech bir voqea bo‘lmagan. Doktor bir to‘ng‘izday bo‘ydoqligicha kun kechirayapti, bo‘lgani shu. Endi u kim bilan oshiq-ma’shuq o‘ynasin?.. Ilgarilari u, albatta, hamma joyga: Guskovlarnikiga, Yefimovlarnikiga, protopop Katonovlarnikiga, maslahatchi Golubkovlarnikiga borib turardi. Hammayoqda bo‘yqizlar va xonimlar bo‘lardi, lekin hech qanday ishqiy munosabatlar bo‘lmagan va bo‘lishi ham mumkin emasdi. Bunisini men yaxshi bilaman va boshimni kundaga qo‘yib aytishim mumkin. Ko‘zlaringizga darrov ishq sahnalari keladi-qoladi-ya, e-he, ilgari bunaqa ishlarga qattiq turilardi… Albatta, o‘taketgan suyug‘oyoq ayollar ham bor edi, ular erkaklar bilan erkin muomalada bo‘laverardi.
Matryona Ivanovna qanchalik dadillik bilan hujumni qaytarmasin, baribir xonimlar uni shu darajaga olib kelishdiki, axiyri boobro‘ onaxon xastalanib qoldi: isitmasi chiqib, yotib qoldi. Matryona Ivanovna to‘shaqda naq uch kun yotdi, bu bilan Polenka Edemovaga ancha-muncha tashvish orttirdi: u Matryona Ivanovnaga to‘g‘ri kelgan malhamlardan surtdi, jo‘ka guli damlamasini ichirdi va hattoki yonib turgan lahcha cho‘g‘ ko‘mirdan unga suv purkadi. To‘rtinchi kun deganda Matryona Ivanovna to‘shakdan turib, o‘zi sevgan joy – deraza oldiga qo‘yilgan ijarador Xlizdin hadya qilgan chuqur ko‘hna kresloga o‘tirdi.
– Xuddi qahva meni to‘yib ichgin deb, deb imlayotganga o‘xshaydi, – o‘ychan dedi Matryona Ivanovna ko‘chaga qarab. – Kunim bitganga o‘xshaydi, Polenka. Ko‘zimga anavi la’nati doktor ko‘rinyapti…
Polenka uychasida qahva qaynatish bilan ovora bo‘larkan, Matryona Ivanovna biror tanish o‘tib qolarmikin, degan qiziqishda ko‘chaga qarab o‘tirardi. Matryona Ivanovna ko‘chaga qararkan, birdan yuragi “shuv” etib ketdi: yo‘lkadan doktor Osokin telpagida to‘g‘ri uning uyi tomonga kelmoqda edi. Matryona Ivanovna qichqiray dedi, ammo qo‘rquvdan nafasi ichiga tushib ketdi, faqat u go‘yo oshpaz ustida pichog‘ini o‘ynatgan tovuq misol ko‘zlarini chirt yumib oldi. Biroq Matryona Ivanovna behuda xavotirga tushibdi: doktor telpagi eson-omon uning derazasi yonidan o‘tib ketdi, so‘ngra darvoza tomonda g‘oyib bo‘ldi. Polenka doktor uychasiga kirib kelganida finjonga qahva quyayotgan edi; eski aktrisa zaif ovozda qichqirib yubordi, Matryona Ivanovnaning sevimli chinni finjoni polga tushib ketdi.
– Men sizni olib ketgani keldim, – muloyim dedi doktor Osokin eshik oldida to‘xtab, endi Polenka bu telba odamdan qochib ketishi uchun hech qanday imkon qolmagandi. – Boring, kiyining, ketamiz, men sizga bir narsalarni…
– Nega endi?.. Bilmayman, keyin borsam bo‘lmaydimi! – Polenka o‘zini butunlay yo‘qotib qo‘yganidan poyintar-soyintar gapira ketdi bo‘ynini yupqa durra bilan yashirganicha.
– Yo‘q, hozir, – so‘zida turib oldi doktor. – Men sizni kiyinib chiqquningizcha shu yerda, dahlizda kutib turaman.
Avvaliga Polenka qo‘rqib, vahimaga tushdi va hatto lip etib derazadan tushib qochib ketmoqchi ham bo‘ldi, lekin so‘ng o‘zini tutib oldi. Haqiqatan nega endi doktordan qo‘rqishi kerak, axir ular hozir tashqariga chiqadilar, ko‘chada esa, tabiiy, odamlar bo‘ladi, hech bo‘lmasa, qorovul, deb qichqirishi ham mumkin-ku. U shosha-pisha qayta bo‘yalgan shohi ko‘ylagini, tuyaqush pati qadalgan eski shlyapasini kiydi, ustiga eskib ketgan burnus – mursagini tashladi va doktor zim-ziyo dahlizda sabrsizlik bilan uyoqdan-buyoqqa yurib turgan dahlizga chiqdi.
– Doktor, izn bersangiz, Matryona Ivanovnaning oldiga kirib, ketayotganimni aytib qo‘yay?
– Unga shunchalik hurmatingiz balandmi? Bekorchi gapni qo‘ying.
– U betob…
– O‘lib qolmaydi.
Polenkaning doktor izidan itoat bilan ergashishdan boshqa iloji qolmadi. Doktor Polenka taxmin qilganiday, shaharning u burchidagi uyiga ergashtirib jo‘nadi. Doktor nazokatli kavaler singari yonidagi xonim orqasidan yurdi va faqat chorrahaga kelganlarida qisqa qilib qachon burilishlari kerakligini aytdi. Shunday qilib, ular doktor uyiga eson-omon yetib keldilar, Osokin shunchalik iltifotli ediki, hattoki o‘zi eshikni ochib, ayolga yo‘l berdi va uning burnusini yechishiga yordam qildi.
Kiraverish qabul xonasida mehmonni stolda qaynab turgan samovar, qoq nonli savat va bir quti konfet kutib turardi. Polenkaning ko‘ngliga batamom g‘ulg‘ula tushdi va agarda qochish fursati tug‘ilsa, har ehtimolga qarshi chiqadigan eshikni eslab qoldi, doktor esa indamay unga bo‘sh choynakni ishora qildi. Polenka titrab turgan qo‘llari bilan choy damlarkan, doktor og‘ir qadamlar bilan xona bo‘ylab uyoqdan-buyoqqa yura boshladi va vaqt-vaqti bilan ayolga qarab-qarab qo‘ydi. Polenka butun vujudida doktorning og‘ir nazarini his qildi va bundan o‘zini battar noqulay his qildi. Doktor egniga eski harbiy mundir va hatto kraxmallangan ko‘ylak kiyib olgan, aftidan, shu libos badanini qisayotgan edi.
– Choyni achchiq ichasizmi yoki uncha emasmi?– nihoyat Polenka o‘rtadagi og‘ir sukunatni buzdi.
– Achchiq.
Doktor choyni olib, Polenkaga tikilib qaradi va dona-dona qilib so‘zladi:
– Siz, muhtojlikda, juda qashshoq yashayapsiz shekilli, xonim… Ha, o‘ylaganimdek bo‘lib chiqdi va bunga zarracha shubham yo‘q…
Polenka birdan lovullab ketdi, e’tiroz bildiray, deb og‘iz juftlagan edi hamki, doktor uni qo‘lidan ushlab tortdi va Joykaning xonasi tomon sudradi. Doktor borib eshikni lang ochdi, mehmoniga yo‘l berdi va yaqindagina jihozlab yasatilgan xona ko‘rinishiga qandaydir bezovtalik bilan nazar solib chiqdi. Xona yangitdan pardozdan chiqarilgan edi: devorlarga pushtirang gulqog‘ozlar yopishtirilgan, oynalarga ipak darpardalar ilingan, polga Eron gilami to‘shalgan, devorning bir tomonida ipak parda ostida oppoq choyshab solingan chiroyli temir karavot turardi, ikki deraza o‘rtasiga ayollarning yozuv stoli joylashgan, burchakda kitoblar taxlangan ochiq kitob javoni, deraza yonida ayollar ish stoli qo‘yilgan edi; komod, garderob va yuz-qo‘l yuvgich xonaning boshqa burchagini egallagan va bular kaltagina parda bilan berkitilgan edi. Har yerda qat’iy tartibda qizlarning kundalik turmushida asqotguvchi rang-barang buyumlar tizilgan edi: pardoz-andoz vositalari, albomlar, tikuvi boshlab qo‘yilgan kashtalar, deraza tokchasida unutib qoldirilgan poxol shlyapa va h.k.
– Bu yerda kimingiz turadi? – ajablandi Polenka xonaga qiziquvchanlik bilan nazar solarkan.
– Kim turadi deysizmi?.. Bu bizni katta qizimizning xonasi.
Polenka hammasini tushundi. Uning rangi dokaday oqarib ketdi va choy ichiladigan stol atrofidagi kursisiga bazo‘r yetib keldi. Doktor yana xona bo‘ylab yura boshladi, uning qanday og‘ir nafas olayotganini eshitish mumkin edi.
– Polenka, esingizdami, siz bundan o‘ttiz yillarcha muqaddam “Oq xonim”da o‘ynagandingiz? – deya so‘z boshladi doktor o‘z o‘rniga, sovib qolgan choyiga yaqin kelib o‘tirarkan.
Polenka boshini quyi egganicha indamay qoldi; uning yuziga mayda-mayda keksalik ko‘zyoshlari toma boshladi.
– Bu voqea ancha oldin, ancha ilgari bo‘lib o‘tgan edi, – so‘zida davom etdi doktor bir oz tin olgach. – Men o‘shanda sizni birinchi marta ko‘rgan edim. Egningizda oddiygina oppoq ko‘ylak edi, sochlaringizga oppoq choygul taqqan edingiz… O, men bularning barini juda yaxshi eslab qolgan edim!.. Siz o‘shanda shunday ta’sirli, ajoyib kuylagan edingiz, men esam yosh yigit edim… Albatta, bularning bari qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lganligini anglayapsizmi?
– Doktor, esimda… lekin men o‘shanda shunday g‘o‘r, tentak edimki… Siz mening ko‘nglimni olmoqchi bo‘lib, iltifot qilib yurardingiz, lekin axir o‘shanda butun shahar mening ijroimdan aqllarini yo‘qotayozgandi. Albatta, bu voqealar bo‘lib o‘tganiga shuncha uzoq vaqtlar bo‘ldiki, undan keyin kim o‘ylabdi shunday bo‘lishini… Siz menga shunga o‘xshash nimalardir degan edingiz, biroq men hali juda yosh, g‘o‘r…
– Hm…ha. Men ham yosh edim va ikki yosh birgalikda binoyiday yashasak kerak, deya go‘llarcha fikr qilibman. Bu men uchun xuddi yorug‘ kun singari ravshan edi, chunki… chunki men sizni juda sevardim. Ha, mana endi ko‘zlaringizga qarab shuni aytishim mumkinki, siz o‘shanda meni tushunishni istamagansiz… Bizni sizning teatrda erishgan yutuqlaringiz, boshingizni aylantirgan mast qiluvchi shon-shuhrat pardasi bir-birimizdan ayirdi. Buni tushunish juda oson: men kambag‘al edim, sizning atrofingizni esa boy-badavlat odamlar o‘rab olgandilar. Sizning o‘rningizda bo‘lgan har qanday ayol xuddi sizday yo‘l tutardi… Bizning tuzatib bo‘lmas xatomiz shundan iboratki, ikkimiz ham faqat o‘zimiz to‘g‘rimizda o‘ylaganmiz… Men boshqa seva olmadim, siz bo‘lsangiz, o‘z yoshligingizni arzimagan sariq chaqaga almashtirdingiz.
Doktor yuzini qo‘llari bilan yashirdi, Polenkaning nazarida, qariya unsiz yig‘laganday tuyuldi.
– Doktor, meni afv eting,– shivirladi Polenka, xuddi “Olijanob otalar” sahnasidagi kabi ko‘zlariga oq ro‘molchasini bosib.– Kechiring, doktor.
Bu jumla doktorni o‘rnidan sapchib turib ketishga majbur qildi. U Polenkaga g‘alati qaradi, qo‘lini siltadi va ingrab yubordi– uning ko‘zlari to‘la yosh edi.
– Biz mana shu yerda yashashi kerak bo‘lgan qizimizdan uzr so‘rashimiz kerak, – dedi bo‘g‘iq ovozda doktor “to‘ng‘ich qizining xonasi”ni ko‘rsatib. – Biz o‘z bolalarimizni o‘ldirdik… Bu yuvib bo‘lmaydigan dahshatli gunohdir. Menga ana shu olrang bolalar yuzlari tinchlik bermayapti… ular ko‘zlarim oldida tirikday turibdi… O, o‘ylasam, aqldan ozaman!..
Doktor ho‘ngrab yig‘lab yubordi va deraza tomonga teskari o‘girildi. Polenka yig‘lamadi, biroq vaqt-vaqti bilan xuddi shikoyat qilganday shing‘illab turgan, o‘chib qolayozgan samovarga ma’nosiz boqdi; u o‘zini ana shu dahshatli sahna ostida ezilib, yanchilib jon berayotganday his etdi.
Kech kirgan, qorong‘i tushgandi, shunda Polenkaning uyiga qaytishi kerakligi esiga tushdi. Doktor uni kuzatib qo‘ymoqchi bo‘lib otlandi, u shunchalik xushmuomala ediki, hatto Polenkaga qo‘lini uzatdi. Ular butun yo‘l bo‘yi jim ketdilar, faqat doktor Matryona Ivanovnaning uyiga yaqin qolganda dedi:
– Siz bugungi mojaroga unchalik e’tiboringizni qaratmaysiz, deb umid qilaman… Hayotga falsafiy nuqtai nazardan qarash kerak. Biz hammamiz tabiatning ko‘r qonunlari qo‘lida faqatgina material hisoblanamiz, xolos.
Polenka hech nima deb javob qaytarmadi, doktorning qo‘lini indamay qisib qo‘ydi-da, indamay xonasiga kirib, g‘oyib bo‘ldi. Doktor bir oz vaqt yo‘lkada turdi, so‘ng dedi:
– U haliyam o‘sha-o‘sha befarosat tentak.
Doktor avvaliga ixtiyorsiz ravishda uyga yo‘l oldi, biroq uyiga ko‘zi tushgach, uni qandaydir kuch itardi: bu yerda nima qiladi? Nimadir ko‘kragidan bosib turganday bo‘ldi, shunda u xonasida bo‘g‘ilib, nafasi qaytganday bo‘ldi. Unga havo, imkon qadar ko‘proq havo kerak edi. Doktor keyinchalik bu kechani qanday o‘tkazganini yaxshi eslayolmadi; u Propadinskning loy-balchiq ko‘chalarida to tong otgunga qadar yurib vaqtini o‘tkazdi va juda tushkun, xarob ahvolda: balchiqqa botib, tinka-madori qurib, holdan toyib, telpaksiz uyiga qaytdi. Hatto Avel xo‘jasini bunaqa umidsiz, tushkun kepatada ko‘rib qo‘rqib ketdi.
Ana shu mash’um tunda doktor yana bir karra o‘z hayotini boshdan kechirdi. U azob-iztirob bilan o‘zi Propadinskka yosh vrach bo‘lib kelgan uzoq o‘tmishini aniq-ravshan ko‘rdi. O‘shanda yaqindagina shaharda birinchi teatr tashkil bo‘lgan, truppa xarajatlarini oltin koni xo‘jayini Guskov o‘z hisobidan ko‘targan edi. Har qanday yangilik kabi teatr ham ommani o‘ziga jalb qilgan, ana shu jamoat uzra malla sochli, ajib ko‘zlari chaqnoq Polenka Edemova davru davron surardi. Polenka xavfli yo‘ldan ketayotgan edi, chunki tevaragini o‘ragan bari tuturiqsiz sayoqlaru va haddini bilmaydigan boyvachchalarga o‘ta ko‘ngilchanlik bilan munosabatda bo‘lardi. Qizda muvaffaqiyati garovi ehtimoli hisoblanmish o‘sha soddalik va yoshlikning g‘o‘rligi, beg‘uborligi bor edi. Polenkaga izidan yigitlarning ilakishib yurishi, unga iltifot qilib, ko‘nglini ovlashi yoqardi va qiz xushtorlarining bariga, jumladan, doktorga ham o‘z tabassumini ayamay ulashaverardi.
Doktor endi xotirlasa, yomon teatr, didsizlarcha bo‘yalgan yomon parda, yomon orkestr va yuragini hovuchlab sezdirmay o‘tib boradigan joy isqirt sahna ekan. Polenkaning pardozxonasi sahnaning o‘ng tomonida bo‘lib, allaqanday yog‘och tagsupadan uch pog‘onacha chiqib borish kerak edi. Bu yerda hamisha yangi bo‘yoq, yonib bitgan sham, navqiron daraxt va yana faqatgina viloyat teatrlari kulislari ortidan anqiydigan hid anqib turardi. Doktor pardozxonaga kirib kelgan mahal Polenka bu yerda yolg‘iz bo‘lib, sahnaga chiqishga shay bo‘lib turardi.
– Mazangiz yo‘qmi? – so‘radi Polenka doktorga qarab.
– Ha, men siz bilan gaplashib olishim kerak, – deb gap boshladi doktor jiddiy ohangda. – Besh daqiqa bo‘sh vaqtingiz bormi?
– Gapiravering, faqat tezroq… hozir parda ochiladi.
Doktor, so‘zlarni shoshilib tanlab, odatda har bir san’at dargohida bo‘lgani kabi teatrda ham mashhur kishilarni o‘rab turgan xavf-xatar haqida, ana shu shon-shuhrat, muvaffaqiyatlarga qayg‘uli va ayanchli kelajagi evaziga erishilajagi haqidagi muqaddima so‘zlarini irod etgach, u aktrisaga o‘z qo‘li va yuragini taklif etdi.
Polenka, aniq, qo‘rqdi va rangi oqarib ketdi. U bir necha lahza doktorga jim qarab turdi-da, so‘ng chiroyli mallasoch boshini orqaga tashlagancha dedi:
– Doktor, mening sira vaqtim yo‘q, parda…
– Bu javob emas.
– Men sizni ranjitganimdan afsusdaman, doktor, biroq men… men… xullas, siz meni tanlab, yanglishdingiz.
Alam va umidsizlikdan, bunday ahmoqona vaziyatga tushgan aksariyat boshqa yigitlar kabi doktor ham butun vujudi bilan ilm-fanga sho‘ng‘ib ketdi. U tanish-bilishchilikni yig‘ishtirdi, ijtimoiy hayotdan voz kechdi va o‘zini uyining to‘rt devori orasiga mahkum etdi, uydan faqat ishlayotgani tibbiyot ixtisosligi ishlariga taalluqli hollardagina chiqdi.
Doktor Polenkadan voz kecharkan, oilaviy hayotni butunlay rad etaman, deb mutlaqo xayoliga keltirmagan edi va vaqti kelib, pok qalbli biror mehribon qizga uylanish va turmush qurish uchun faqat Polenkaga bo‘lgan tuyg‘ulari so‘nishini kutdi. Yillar ketidan yillar o‘tdi, doktorning qalbi esa ayollarga nisbatan alam-nafratga to‘lib toshdi. Ayollarda biror-bir nuqson topguday bo‘lsa, u terisiga sig‘may quvonib ketadigan bo‘ldi. Albatta, erkaklarga solishtirganda, ayol eng past jonzot va bu jins vakilasi bo‘lmish ayol hech qachon bolalik holatidan, ko‘zi ochilmagan ushbu zulmatdan chiqa olmaydi. Erkak odamning sevgilisiga bo‘lgan muhabbati aynan bolalarga bo‘lgani kabi, xuddi shunday erkaklar o‘rtasidagi munosabatlarda haqorat hisoblanmish alamli shafqat hissi anglashiladi. Ayollardagi ana shu tentakona bolalik to‘g‘ri keksalikka o‘tadi, o‘tganda ham samarasiz afsus-nadomatlar, mizantropiya – odamovilik va riyokorlik bilan birga o‘tadi. Tentak ayollar ana shu besh-olti yillik bolalik baxtini qolgan butun tussiz umriga almashadilar. Erkak kishi esa hali hayot shavqiga to‘la, ayni kuch-quvvatga to‘lgan paytda bo‘ladi va ayol kishi bunday hayotga ko‘nikkanligi sabab yashashda davom etayotganida, o‘zining yarim ongsiz mavjudligi holatida joni uzilayotgan mahal erkak olg‘a intilib boraveradi.
Bir so‘z bilan aytganda, doktor mizantropiyaga tushib qolgan, ya’ni odam iqini suymaydigan bo‘lib qolgandi va u o‘zini dunyodagi bari ayollarga qarshi nojo‘ya xatti harakatlari bilan ovutardi.
V
Polenka doktornikidan qaytgach, qattiq tobi qochib qoldi. Endi unga qarash gali Matryona Ivanovnaga keldi. Yana o‘rtada sirli malhamlar va jo‘ka guli paydo bo‘ldi. Polenka ba’zan bildirmaygina yig‘lardi, lekin Matryona Ivanovna uning yig‘lagan ko‘zlarini ko‘rib, g‘azablanardi.
– Shoshmay tur hali, o‘sha yaramasning dodini bermasammi hali, – do‘q qilardi Matryona Ivanovna doktorning otini atamay.
– Yo‘q, u juda yaxshi odam, – deya Polenka doktorni himoya qilardi.
– Yaxshi, judayam yaxshi!
Matryona Ivanovna, Polenka unga hammasini, unga nima bo‘lganini aytib berishini kutishga to‘la haqli edi, biroq Polenka o‘jarlik bilan sukut saqlardi va faqatgina og‘ir xo‘rsinardi, xolos. Albatta, Matryona Ivanovnaning o‘rnida bo‘lgan har qanday odam Polenkadan nima bo‘ldi, qani, ayt, deb to‘g‘ri so‘rayverardi, biroq Matryona Ivanovna, avvalo, mag‘rur ayol edi va begona odamning ko‘ngliga suqilib kirishni umuman xohlamasdi. Bundan tashqari, Matryona Ivanovnaga ularning o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan voqeaning yarmi butunlay ravshan edi: hammasiga aybdor doktor Osokin va u o‘sha nusxaning qanday ta’zirini berishni biladi.
Polenka picha tuzalib, birovning yordamisiz yura oladigan bo‘lgach, Matryona Ivanovna mo‘ljallagan birinchi navbatdagi ishini amalga oshirdi, oldindan ana shu inson zotiga mansub gazanda bilan hisoblashish intiqomi lazzati ta’mini tuyib, doktornikiga jo‘nadi. Matryona Ivanovna o‘y-xayollari bilan band, doktorning uyiga qanday kelib qolganini bilmay qoldi. Eshik qulf emas ekan, Matryona Ivanovna, doimgiday, doktor qabul xonasiga bemalol kirib keldi. Dastlab uni hayratda qoldirgan narsa anchadan buyon uyning isitilmaganligi va bo‘m-bo‘shligi bo‘ldi.
– Hoy, Semyon Pavlich, qayerdasan? – chaqirdi Matryona Ivanovna tevaragiga alanglab.
– Bu yerdaman, – kabinetdan bo‘g‘iq ovoz eshitildi.
Doktor egnida eski harbiy shinel va boshida yozgi furajka, kleyonka qoplangan ko‘hna divanda yotardi. Matryona Ivanovna uni xasta holatda ko‘rib joyida qotib qoldi: bu boshqa birov, sap-sariq, so‘lg‘in, ko‘zlari osti qovoqlari qorayib ketgan, nigohlari bezovta begona odam edi.
– Nimasi bu, qari xo‘roz, suvaraklarni muzlatib qirmoqchimisan? – deya unga tashlanib qoldi Matryona Ivanovna.
Doktor divandan turib ketdi va negadir cho‘chib ikkala qo‘llarini silkitdi.
– Jim, jim… sh-sh-sh! – shivirladi u xuddi g‘ozlarni qo‘riqlayotganday. – U haliyam uxlayapti…
– Senikidat kimning uxlayotganligi menga judayam qiziq-da… biror suyug‘oyoq ayoldir-da.
– Xudo haqqi, jim, – yolvordi doktor. – U kech turadi.
Doktor oyoq uchida qabul xonasiga chiqdi, ardoqli xona eshigiga xavotirlanib qaradi va Matryona Ivanovnani imo qilib chaqirdi. U eshikni sal qiya ochdi-da, ko‘zlari bilan xonani ko‘rsatdi. Karavotda Joyka yotar va momiq dumini gunohkorona likillatardi. Matryona Ivanovna kimga qarashini bilmay qoldi: xonagami, itgami yoki doktorgami.
– Bu – katta qizimning xonasi, – dedi doktor jiddiy tusda.
– Bo‘ldi-da endi, Semyon Pavlich, ko‘ngli toza, yaxshi odamlarning boshini qotirmasang-chi…
– Agar ishonmasang, borib, Polenkadan so‘ra: bu bizning qizimiz.
Matryona Ivanovna birdan qo‘rqib ketdi, doktor so‘zlaridagi osoyishta ohangdan qo‘rqib ketdi. Matryona Ivanovnaning miyasiga yalt etib dahshatli fikr kelib qoldi, shunda u, o‘zini-o‘zi tinchlantirish uchun jo‘rttaga qattiq ovozda so‘radi:
– Shundaymi… Qani Avel, xizmatkoring?
– Avelmi?.. Ketib qoldi… U pullarimni o‘g‘irlab, ketib qoldi.
– To‘xtab tur, menga qara, Xudo haqqi… sabzi pirogini yeyaverib aqling kirali-chiqali bo‘lib qolibdi. Agar Avel pullaringni o‘g‘irlab ketgan bo‘lsa, nega politsiyaga aytmading?
– Politsiyaga borishning nima keragi bor? Men kecha divanda yotuvdim, Avel kabinetimga kirdi-da, stoldan pullarni olib, ketdi… Men undan ko‘zimni uzmay yotaverdim. U ishini ustomonlik bilan puxta qildi, meni uxlab qolgan deb o‘yladi shekilli. Menimcha, unga pullar juda zarur bo‘lsa kerak-da.
– Yo‘q, otaginam, sen aqldan ozibsan… mutlaqo esdan ayrilibsan. Qancha edi o‘sha pul?
– Ikki ming edi.
– Oh, Xudoyim, Xudoyim-ey!
Doktor, aftidan, hech nimani tushunishni istamadi va faqat bir necha marta boshini ushlab-ushlab ko‘rdi, kallasining o‘z joyida turgan-turmaganligidan aniq shubhalandi.
– Esdan og‘ibdi, butunlay esidan ayrilibdi, – deya o‘yladi Matryona Ivanovna va endi nima qilarini bilmay tamomila sarosimaga tushib qoldi.
– Kabinetga kiraylik, men senga bir nima ko‘rsataman, – dedi doktor.
Doktor yozuv stolidagi qog‘ozlarni uzoq titkiladi va nihoyat, katta qalin daftarni qidirib topdi. Matryona Ivanovna undan ko‘zini uzmay kuzatib turdi. Ayol doktorning aqldan ozganligiga endi shubhalanmay qo‘ydi. Nega bu odam aqldan ozgan ekan-a?
– Mana bunga, – dedi doktor qo‘llarini daftarga urib. – Yigirma yillik mehnatim sarflangan… ha. Aytishim mumkinki, qat’iyan matematik yo‘l bilan kuch va materiyaning yo‘q qilib bo‘lmaslik haqiqatini isbot qildim. Matryona, faqat birgina aniq fan bor, u ham bo‘lsa, bu matematika, mana, men undan foydalandim.
– Qani, qani, bu yerda nima yozilgan, o‘qi-chi.
– “Hayotni tugatib bo‘lmaslik qonuni”,– doktor qo‘lyozmada yozilgan sarlavhani o‘qidi. – Sen biror narsani tushunasanmi o‘zi?
– Tushunaman, tushunaman… o‘qiyver.
– Men senga faqat oxirini o‘qib beraman. Yaqindagina tugata oldim buni… “Kuch va materiyani yo‘q qilib bo‘lmaslik ilmiy belgilab qo‘yilgan haqiqat,– o‘qiy boshladi doktor, – garchand bu nizom dalillari tashqi olamning o‘ta qo‘pol ko‘rinishlar doirasida aylansa-da, bu nufuzdan to‘la foydalanadi. Menga, birinchidan, oliy matematika yordamida, ana shu qo‘pol empirik haqiqatni qat’iyan ilmiy yo‘l bilan isbot qilish baxti nasib etdi. Olingan formula keng miqyosda shunday ifodalanadi: koinotda kuch va materiyaning aylanuvchan va o‘zaro uyg‘un birikmalarini haqiqiy zaxirasi plyus organik hayotning butun zaxirasi, dunyo yaralishi ibtidosi va ayrim holatlarning cheksiz bepoyonlikdagi rang-barang amalgamasidan tuzilgan kuch va materiyasining butun zaxirasiga tenglashadi. Kuch va materiya zaxirasi xuddi o‘shanday qolaveradi, biroq ana shu asrlar bo‘yi ko‘z ilg‘amas bepoyonlikda uzayib ketgan “plyus o‘sib borayotgan organik hayot” qismat kuchi ila kuch va materiyaning o‘zgarmas doira bo‘ylab tilsimli doirasini yorib o‘tadi; almashib borayotgan o‘zaro uyg‘un birikmalar, ya’ni kombinatsiyalar va differentsiyalanishga qodirligi olg‘a intilib almashganida emas, balki taraqqiyot aynan ana shu o‘sib borayotgan organik hayot chegaralarida hisoblanadi. Ushbu plyus, qo‘shuv o‘zining poyonsiz ravishda takrorlanishida, nihoyat, ko‘paytiruv belgisiga aylanadi. Shu tariqa, tashqi olam ortidan abadiy kuch va materiyaning tarkibiy va buzuvchi ta’siri kuch va materiyaning yo‘q bo‘luvchanligi chegaralarida ortidan esa uzoqqa siljiydigan faoliyatning eng murakkab va ko‘z ilg‘amas katta ichki olamining ko‘rinishlari o‘sib boraveradi”.
Doktor qo‘lyozmani stolga qo‘yarkan, og‘ir tin oldi. Matryona Ivanovna xijolat tortganidan burchaklarga qaradi va qo‘llari bilan ko‘ylagi burmalarini o‘ynay boshladi.
– Ha, Matryona, qaysi birimiz jinni ekanmiz?– so‘radi doktor papirosini tutatib…– O‘qiyveraymi?
– O‘qi, Semyon Pavlich.
– Yaxshi… Faqat senga foydasi kamroq bo‘ladi.
– Mayli, hali urishishga ulguramiz.
Doktor papirosini chekib bo‘ldi va yo‘talib oldi-da, qo‘lyozmasini o‘qishda davom etdi. “Shuhratning achishtiruvchi nafsi”-chi, ibodatning ruhlantiruvchi harorati, birinchi muhabbatning sof zavqi, izzat-nafs tahqirlanishi azoblari, qoniqarsiz hayotning umrbod iztirobga o‘ta tashnaligi, inson tabiatining qonuniy talablarini majburan bo‘g‘ish, bu nima degani? Inson qayg‘u-alamlari, azob-uqubatlarining ana shu cheksiz-chegarasiz okeanida xuddi ummonda cho‘kib ketayotgan inson kabi mittigina insoniy quvonch yo‘q bo‘lib ketsa, o‘sha matematik teng ta’sir etuvchi kuchni qayerdan izlaymiz? Nahotki eng aniq va buyuk matematik formula g‘arib-kambag‘al kishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri azobu uqubatlardan, jamiyatni ma’naviy nifoq-ixtiloflardan qutqara olsa?”
– Biroq shu yerda, – deya gap boshladi doktor qo‘lyozmani bir tomonga olib qo‘yib,– yangi fikr paydo bo‘ldi. Hozirgacha gap bor narsalar haqidagi faktlar va borliq ko‘rinishlari haqida ketdi, voqelik, mavjudot nazarda tutildi, lekin qator hayotiy voqea-hodisalar ham borki, unda bu hayot yashirin va jonsiz, karaxt shaklga kirgan bo‘ladi. Aksariyat hollarda aynan shu yerda to‘p bo‘lgan hayot uchqunlari gurillab yonish uchun, yangi mavjudotning serhasham shakli quloch yoyishi uchun pichagina, arzimas narsalar, qandaydir tasodiflar yetishmaydi,– bu g‘aflatda yotgan kuchlarni, imkoniyatga qarab yashash deb bo‘ladimi? Vaholanki bularni hisobga olmasdan bo‘lmaydi, chunki ularga ulkan kuch-quvvat sarflangan, ehtimol shularda mavjud bo‘lishning yuksak ko‘rinishlari namoyon bo‘lishi mumkindir.
Matryona Ivanovna boshini chayqadi va o‘zini doktorning gaplarini tushunayotganday tutdi.
– Mana, masalan, mening oilam bor, imkonimga ko‘ra qizim… Men uni, ha, uni, qizimni ko‘rib turibman; u shu yerga keladi, men bilan gaplashadi… Men nega ilgari shu narsani payqamaganimga taajjublanyapman: axir qizim hammavaqt men bilan yashagan, mening ichimda… Menga qanday yaxshi, qanday oson… Insonga ato etilgan, aynan takroriy hayotda yashash, ikkinchi marotaba yosh bo‘lish va ayni sen o‘lmaysan, faqat yangitdan, yaxshiroq yashay boshlaganingni his qilish qanday oliy baxt.
Doktorning alahlab aytgan gaplarini tinglarkan, Matryona Ivanovna yig‘lab yubordi.
Doktor Osokin asta-sekin aqldan oza boshlagan edi, bu xastalik psixiatriyada idée fixe nomi bilan mashhur. Albatta, qariya endi xususiy amaliyot bilan shug‘ullanolmasdi, yana ustiga-ustak, yashash uchun hech vaqosi qolmagan edi. Matryona Ivanovna butun Rossiya bo‘ylab doktorning qarindosh-urug‘larini izladi va qidiruv ishini uni o‘z uyida olib qolish bilan tamom qildi.
– Endi men bir yo‘la ikkalasiga qarashimga to‘g‘ri keladi,– dedi Matryona Ivanovna.– Har holda uyda erkak kishining bo‘lgani yaxshi…
Quyosh chiqib turgan havo ochiq kunlari ko‘pincha ko‘chada telpak kiyib olgan va yo‘lka bo‘ylab o‘ychan va ovoz chiqarib o‘zi bilan o‘zi gaplashib ketayotgan telba doktorni uchratish mumkin edi.
1885.
Rus tilidan Ma’suma Ahmedova tarjimasi