Chjan Jun. Yovvoyi oqqushlar (hujjatli qissa)

Ushbu kitobning chiqishigacha yashay olmagan buvim va otam xotirasiga bag‘ishlayman.

GENERALNING JORIYaSI
(1909-1933)

Buvim o‘n besh yoshida generalning joriyasi bo‘ldi. General o‘sha paytda Xitoyning liqillab turgan hukumatida politsiya vaziri edi. 1924 yil boshlangan, mamlakatda boshboshdoqlik hukm surardi. Mamlakatning buvim yashagan qariyb barcha hududlarida, Manjuriyani ham qo‘shib hisoblaganda, generallar hokimiyati o‘rnatilgandi. Buvimning unashtirilishi viloyatning Isyan shaharchasida politsiya amaldori bo‘lib ishlagan otasining sa’y-harakatlari tufayli amalga oshirildi. Bu shaharcha Manjuriyaning janubiy g‘arbida, Buyuk Xitoy devoridan yuz ellik kilometr shimolda va Pekindan to‘rt yuz kilometr shimoli-sharqda joylashgan edi.
Xitoyning ko‘pgina shaharlari singari Isyan ham qal’a sifatida qurilgan edi. Shaharchani Tan (618-907 yillar) davrida tiklangan qalinligi o‘n ikki fut, balandligi o‘ttiz fut bo‘lgan kungurador devor o‘rab turardi. Devor ustida, oralig‘i bir xil masofada o‘n olti soqchi minorasi tiklangandi. Minoralar shunaqa keng ediki, uning yuqori qismida bemalol ot choptirsa ham bo‘lardi. Shaharchaga to‘rt darvoza orqali – sharq, g‘arb, janub va shimol tomondan kirilardi. Darvozalarni yana bittadan tashqi darvoza himoya qilardi. Qo‘rg‘on devori atrofi bo‘ylab chuqur choh qazilgandi.
Shaharning eng diqqatga sazovor joylaridan biri—VI asrda jigarrang g‘ishtdan qurilib, chiroyli naqshlar bilan bezatilgan baland minora hisoblanardi. U bu o‘lkalarga buddizm kirib kelgan paytlarda tiklangandi. Kechalari minorada qo‘ng‘iroq tovushlari taralardi. Vaqtni shu tariqa ma’lum qilishardi, ba’zan yong‘in va suv toshqinidan zang chalib ogohlantirishardi. Isyan gullab-yashnayotgan savdo-sotiq shahri edi. Yaqin atrofdagi tekisliklarda paxta, makkajo‘xori, qo‘noq, soya, kunjut, nok, olma va uzum yetishtirilardi. Shaharning g‘arb tomonidagi yaylov va qir-adirlarda dehqonlar qoramol, qo‘y, echki boqishardi.
Buvimning otasi Yan Jushan Xitoy imperatori hali Pekinda yashayotgan paytda, 1894 yilda tug‘ilgan. Hokimiyatni 1644 yili Xitoyni bosib olgan manjurlar boshqarardilar. Bizning ajdodlarimiz xanlar, ya’ni xitoylardan bo‘lib, ular bir vaqtlar yaxshi hayot ilinjida Xitoy devorining shimoliga ko‘chib o‘tishgan ekan.
Yan Jushan oilada yagona o‘g‘il bo‘lgan, shu boisdan ota-onasi uni alohida e’tibor va mehr bilan tarbiyalashgan. Zero, faqat o‘g‘ilgina ajdodlari nomini saqlab qolishi mumkin edi. Buvamni o‘qishi uchun yaxshi maktabga berishgan. Natijada u amaldorlik lavozimi uchun imtihon topshirishi kerak edi. O‘sha paytlarda bu – ko‘pchilik xitoy erkaklarining eng katta orzusi bo‘lgan. Lavozim hokimiyatga yo‘l ochar, hokimiyat esa pul topishga imkon berardi. Hokimiyatsiz va pulsiz amaldorlar zulmidan qutulib bo‘lmasdi. Mamlakatda qonunsizlik hukm surardi: sud adolatsiz, shafqatsizlik odat tusiga kirgan, jabr-zulmning cheki-chegarasi yo‘q edi. Hokimiyatga ega bo‘lgan amaldor qonunni o‘zicha ifodalardi. Faqat mandarin* darajasiga erishgan oddiy oiladan chiqqan odamgina adolatsizlik va qo‘rquv changalidan xalos bo‘lishi mumkin edi. Yanning otasi o‘g‘lining o‘ziga o‘xshab kigiz bosuvchi bo‘lib qolmasligi uchun merosxo‘rini jiddiy tarbiyalashga qaror qildi. Butun oila uyga ish olib, mehnat qildi, yolg‘iz o‘g‘ilni yemay yedirdi, kiymay kiydirdi.
Odatga ko‘ra, buvamning otasini o‘n to‘rt yoshida o‘zidan olti yosh katta ayolga uylantirdilar. Erini tarbiya qilish ayolning majburiyatiga kirardi.
Uning xotini — mening katta buvimning qismati odatiy bir hol edi, chunki o‘sha paytlarda millionlab xitoy ayollari shunday yashashardi. U nomdor ko‘nchilar urug‘idan edi. Ularning oilasi savodsiz, ijtimoiy kelib chiqishi ham pastroq tabaqadan edi, shunday sharoitda tug‘ilgan qiz bechoraga ism ham qo‘yishmagandi. Oilada ikkinchi qiz farzand bo‘lgani uchun uni oddiygina qilib «ikkinchi qiz» deb atashardi. Otasi yoshligida o‘lib ketgani uchun qizcha amakisining uyida katta bo‘ldi. Bir kuni, o‘shanda u olti yoshda edi, amakisi ulfati bilan ovqatlanib o‘tirgan edi; o‘rtog‘ining xotini homilador ekan. Ikki oshna tushlik payti agar homilador ayol o‘g‘il tug‘sa uni jiyaniga — shu suhbat paytida olti yoshga to‘lgan qizchaga uylantirishga ahd qilishdi. To‘yga qadar ikki yosh bir-birini umuman ko‘rmagandi. Sevgi uyat sanalar, oila uchun sharmandalik hisoblanardi. Yo‘q, yo‘q, sevgi taqiqlangani uchun emas, axir, Xitoyda asrlar osha muqaddas romantik muhabbat an’analari davom etib kelardi, balki qiz bilan yigit bir-birini sevib qolish imkoniga ega bo‘lmasdi, nikohgacha uchrashish axloqsizlik hisoblanar, turmush qurishga burch, ikki oila ittifoqi sifatida qaralardi. Yoshlar to‘ydan keyin, agar omad kulib boqsa, sevishishlari mumkin edi.
To‘rt devor ichida o‘sgan katta buvam o‘n to‘rt yoshida hali bola edi. Birinchi nikoh kechasi u chimildiqqa kirishni istamadi, yostiqdoshining to‘shagida yotmadi. Onasining yonida uxlab qoldi. Uni kelinning yotoqxonasiga uyqusida olib kelib yotqizishdi. Garchi u erkalatib yuborilgan, kiyinishni o‘zi eplolmasa ham, xotinining gapiga qaraganda, «bola ekish»ni yaxshi bilardi. To‘ydan bir yil o‘tgach, beshinchi oyning beshinchi kunida, 1909 yil yozining boshlanishida buvim tug‘iladi. Onasiga nisbatan uning omadi chopdi, chunki unga Yuyfan degan ism berishdi. Yuy, ya’ni «Yashma» — chipor tosh — buvimlar avlodining nasl-nasab familiyasi edi, «fan» esa «xushbo‘y» ma’nosini anglatardi.
Yuyfan tug‘ilib, ko‘z ochgan dunyo tahlikali holatda edi, ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmasdi. Xitoyni 260 yildan ortiq vaqt davomida boshqargan manjurlar sulolasi o‘z ta’sirini yo‘qota boshlagandi. XIX asrning 1894-1895 yillarida Yaponiya Xitoyga qaqshatqich zarba berdi va Manjuriyaning bir qismini bosib oldi. 1900 yilda sakkizta xorijiy davlat bokschilarning milliy isyonini* bostirib, o‘z qo‘shinlarining bir qismini Manjuriyada, bir qismini Xitoy devori yonida qoldirganlar. 1904-1905 yillarda Manjuriya kengliklarida Yaponiya bilan Rossiya o‘rtasida shafqatsiz urush bo‘lib o‘tadi. Shu urushda erishilgan g‘alaba Yaponiyani mintaqaning asosiy jangovor kuchiga aylantirdi. 1911 yilda imperator Pu I taxtdan ag‘darildi va Xitoy respublika bo‘ldi. Bu respublikaga qisqa vaqt mobaynida Sun Yatsen boshchilik qildi.
Yangi respublika hukumati tez orada quladi va mamlakat parchalanib ketdi. Manjuriyada, so‘nggi sulola ortida respublikaga qarshi kayfiyat kuchaydi. Xorijiy davlatlar, ayniqsa, Yaponiya, ochiqdan-ochiq Manjuriya yerlariga da’vogarlik qila boshladi. Natijada barcha ijtimoiy tizimlar parokanda bo‘ldi, boshboshdoqlik boshlandi, odamlar axloqiy e’tiqodlarini yo‘qotdilar. Ko‘plar pora yordamida xizmat martabasidan yuqorilashga urindilar — mahalliy amaldorlarga qimmatbaho sovg‘alar: oltin, kumush, zebu ziynatlarini bera boshladilar. Mening katta buvam unchalik boy emasdi, katta shaharda o‘ziga issiqqina joy sotib ololmadi. O‘ttiz yoshlarida o‘zi tug‘ilib o‘sgan ovloq Isyandagi politsiya mahkamasida bir amalga ilingan edi. Lekin uning kelajak uchun katta rejalari bor edi. Ayniqsa, chinakam xazina — qizidan umidi katta edi.
Buvim juda chiroyli edi, yuzi cho‘zinchoq, yonoqlari qirmizi, top-toza terisi nur sochib turgandek edi. Bitta qilib o‘rilgan sochlari beligacha tushib turardi. U o‘zini juda odmi, xotirjam tutardi, lekin o‘ta shiddatli fe’li bor edi. Bo‘yi uncha baland emasdi. Bo‘yni, yelkalari, qomati uni juda nazokatli qilib ko‘rsatardi.
Uning eng katta boyligi jimitdekkina oyoqchalari edi. Bunday nozik oyoqlar Xitoyda juda qadrlanardi. Erta bahorda ko‘kara boshlagan tol kurtaklarini eslatuvchi bunday oyoqchalar sohibasi yurganda shabadada tebranuvchi navniholni eslatardi. Nozik oyoqchalarda sollanib yuruvchi ayol ko‘rinishi esa erkaklarda ehtiros uyg‘otadi, zero, u ayolning nozikligi erkakda uni himoya qilish istagini tug‘dirardi. Buvijonimning oyoqchalarini ikki yoshligidayoq o‘rab-chirmab tashlashdi. Kichkina-kichkina oyoqchalarda pildirab yuradigan uning onasi buvimning oyoqlarini olti metrlik bo‘z tasmasi bilan tang‘ib bog‘ladi. Bosh barmog‘idan tashqari hamma barmoqlarini qayirib tashlab, oyog‘i do‘ngsasiga tosh qo‘shib tang‘idi. Oyog‘i suyagini sindirish uchun ataylab shunday qildi. Og‘riqdan buvim bechora chinqirib yig‘lardi, qiynamang, deb onasiga yalinardi, shunda onasi uning og‘ziga latta tiqardi. Bunday azoblarga chiday olmay bir necha bor hushdan ketgan ekan.
Bu jarayon bir necha yil davom etdi. Oyoqning singan do‘ngsasini kechayu kunduz bog‘lab turish kerak ekan, aks holda suyak o‘sar ekan. Buvim bechora yillar davomida ana shunday og‘riqlardan qiynalib yashagan ekan. Buvim yoshligida bu azoblardan qutulish uchun tang‘ib bog‘langan oyog‘idagi lattalarni yechib tashlashni so‘rab yalinib-yolvorganda, onasi yig‘lab: «Tang‘ib bog‘lanmagan oyoq seni baxtsiz qiladi, bu sening foydang uchun qilinyapti» der ekan.
O‘sha paytlar, qizlar turmushga chiqayotganda, kuyovning oilasi tomonidan kelgan sovchilar, eng avvalo, kelinning oyog‘ini tekshirib ko‘risharkan. Oyog‘i katta qizlar oila sha’niga dog‘ hisoblanarkan. Qaynona kelinning etagini ko‘tarib, oyog‘ini ko‘zdan kechirarkan. Agar bo‘lajak kelinning oyoq do‘ngsasi to‘rt barmoq enligidan uzunroq bo‘lsa, nafrat bilan qizning etagini yirtib, bir chekkaga chiqib turarkan, kelin sho‘rlik kelgan sovchilarning ta’nayu dashnomlari ostida nima qilarini bilmay qolarkan. Ba’zan ona, qiziga rahmi kelib, uning oyoqlaridan lattasini yechib tashlarkan, buning natijasida jamiyatning qahriga uchrab, ko‘ngilchanligi uchun o‘zini ayblar ekan.
Rivoyatlarga qaraganda, oyoqlarni tang‘ib bog‘lash ming yil burun imperator joriyalaridan biri tomonidan joriy etilgan ekan. Gap faqat ayollarning kichkinagina oyoqchada oqsoqlanib yurishi erkaklarga yoqishidagina emas, balki ular doka o‘ralgan oyog‘iga shoyi matodan tikilgan poyabzalda raqsga tushishini juda xush ko‘risharkan. Ayollar ulg‘ayganda ham oyog‘idan doka o‘ramini yechib tashlay olmas ekanlar, chunki oyog‘ining tovon suyagi o‘sarkan. Faqat kechasi doka o‘rami sal bo‘shatilib, yumshoq poshnali tufli kiyib yotilar ekan. Erkaklar ayollar oyog‘ini kamdan-kam ko‘risharkan, ular odatda latta o‘rab yurisharkan, agar oyog‘ini yechsa, yomon hid kelarkan. Men bolaligimdan yaxshi eslayman, buvim og‘riqdan juda azoblanar edilar. Odatda, biz bozor-o‘char qilib qaytgach, buvim darhol oyoqlarini issiqqa solib rohatlanardilar.
Taqdir taqozosi bilan buvimning oyoqlarini tang‘ib bog‘lashganda bu odat unutila boshlagandi. 1917 yilda tug‘ilgan uning singlisi bunday azoblarni ko‘rmadi.
Shunga qaramay, buvim hali yosh qizcha ekan, Isyan singari kichik shaharchada oyog‘i kichik bo‘lmagan qizning omadi chopmaydi deb hisoblashardi. Lekin bu hali boshlanishi edi — otasi qizini oliyhimmat xonim qilib tarbiyalashni o‘ylardi. O‘sha paytda hukm surgan past tabaqadan chiqqan ayol savodli bo‘lishi shart emas, degan aqidaga qaramay, buvimni 1905 yilda ochilgan shahar maktabiga joylashdi. Buvim maktabda xitoy shaxmati, matszyan* va shashka o‘yinlarini o‘rgandi, rasm chizish va kashta tikishdan ham saboqlar oldi.
Buvim shaharda eng chiroyli qizlardan sanalardi. Mahalliy aholi uni «tovuqlar orasidagi turna» deb atardi. 1924 yili u o‘n besh yoshga kirdi, otasi uning yoshi o‘tib ketishidan xavfsirardi. Xuddi shu payt shahrimizda general Syue Chjixen paydo bo‘ldi. U Pekin harbiy hukumatida poytaxt politsiyasining bosh nazoratchisi edi.
Syue Chjixen 1876 yili Lulun uyezdida tug‘ilgan edi. Pekindan yuz ellik kilometr sharqda bo‘lgan bu uyezd Buyuk Xitoy devoridan janubroqda edi. U qishloq o‘qituvchisining to‘rt o‘g‘lidan to‘ng‘ichi edi.
Syue Chjixen qaddi-qomati kelishgan, xushsurat kishi bo‘lib, u bilan uchrashgan har qanday kishida yaxshi taassurot qoldirardi. Bir necha so‘qir bashoratchi uning yuzini paypaslab ko‘rib, baland martabalarga erishuvini aytishgandi. U iqtidorli xattot bo‘lib, juda qadr-lanardi. 1908 yili Lulunga harbiy diktator Van Xuaytsin tashrif buyurdi. U shaharning asosiy qasriga kiraverishda ilib qo‘yilgan ajoyib lavhani ko‘rib, uni yozgan odam bilan uchrashishni istab qoldi. O‘ttiz ikki yoshli Syue diktatorga yoqib qoldi va general uni o‘ziga ad’yutantlikka* oldi.
Syue ajoyib qobiliyatini namoyon qilgach, tez orada intendant* qilib tayinlandi. Xizmat yuzasidan tinimsiz yurar ekan, u yo‘l-yo‘lakay Lulun tevaragida va Buyuk devorning narigi tomoni — Manjuriyada xususiy oziq-ovqat do‘konlari ochdi. Ichki Mongoliyadagi isyonni bostirishda Van ko‘rsatgan yordamidan so‘ng uning obro‘-etibori yanada oshdi. Katta boylik to‘plagach, Lulunda o‘z rejasi bo‘yicha hashamatli qasr tikladi. Muhtasham binoda sakson bitta xona bor edi.
Imperiya inqirozidan keyin o‘tgan o‘n yillar davomida hech qaysi hukumat o‘z ta’sirini mamlakatning butun hududlariga yoya olmadi. G‘arbiy diktatorlar markaziy Pekin hukumati ustidan nazorat o‘rnatish uchun kurash boshladilar. 20-yillarning boshlarida bu hukumatda asosiy rolni general U Peyfu guruhi o‘ynardi. Syue ham ana shu guruhda edi. 1922 yilda Syue Markaziy politsiyada bosh nazoratchi va Pekindagi jamoatchilik ishlari departamenti boshliqlaridan biriga aylandi. Buyuk devorning har ikki tomonidagi yigirmata viloyat hamda o‘n mingdan ziyod otliq va piyoda politsiyachi unga bo‘ysunardi. Politsiyadagi lavozim unga hokimiyatni, jamoatchilik ishlari departamentidagi vazifasi esa oliy homiylikni ta’minlardi.
Biroq o‘sha paytlarda tobelik sadoqati haqida gapirishga hojat yo‘q edi. 1923 yilning may oyida general Syuening guruhi bir yil burun o‘zi hokimiyat tepasiga olib chiqqan prezident Li Yuanxunni ag‘darib tashladi. Syue Fen Yuysyan degan nasroniy general bilan birlashib, o‘n ming kishilik armiyani safarbar etdi va hukumatning asosiy binosini o‘rab olib, askarlarning berilmagan xizmat haqini to‘lashni talab qildi. Bu talabdan asosiy maqsad prezident Lini tahqirlab, uni iste’foga chiqishga majbur etish edi. Prezident bu talabni rad etdi. Shunda Syue o‘z odamlariga prezident saroyiga suv hamda elektr quvvati berishni to‘xtatishni buyurdi. Bir necha kundan so‘ng u yerda yashashning iloji bo‘lmay qoldi, natijada 13 iyun kechasi prezident Li o‘z qarorgohidan 70 kilometr janubi-sharqda joylashgan port shahri Tyantszyanga ko‘chib o‘tdi.
Xitoyda lavozimdagi shaxsning vakolati muhrdan foydalanish huquqidan ajralmas edi. Prezident imzo chekkan har qanday hujjat tegishli muhr bilan tasdiqlanmagan bo‘lmasa haqiqiy hisoblanmasdi. Muhrsiz hech kim prezident bo‘lolmasligini yaxshi bilgan prezident Li muhrlarni o‘sha paytda frantsuz missionerlari tomonidan tashkil etilgan Pekindagi kasalxonada yotgan o‘z joriyalaridan birida yashirib qoldirgandi.
Prezident Li Tyantszyanga yaqinlashganda qurollangan politsiyachilar uning poyezdini to‘xtatishdi va muhrni berishni buyurishdi. Avvaliga u muhrlar qayerda yashirilganini tan olmadi, lekin oradan bir necha soat o‘tgach, aytishga majbur bo‘ldi. Kechasi soat uchda general Syue kasalxonaga borib, muhrlarni oldi.
Shundan so‘ng to‘rt oy davomida Syue va uning politsiyachilari qo‘llaridan kelgan barcha ishni qildilar. Natijada, o‘tkazilgan saylovda uning partiyasi vakili Sao Kun g‘alaba qozondi. Endi parlamentning sakkiz yuz to‘rt deputatini sotib olish kerak edi. Syue bilan general Fen parlament binosiga o‘z soqchilarini qo‘yishdi va «kim to‘g‘ri ovoz bersa» yaxshigina mukofot oladi deb va’dalar qilishdi. Buning oqibatida ko‘plab deputatlar viloyatlardan qaytib kelishdi. Saylov uchun hamma narsa taxt bo‘lgan paytga kelib, parlamentning 555 a’zosi Pekinga qaytishdi. Ovoz berishga to‘rt kun qolganda, uzoq tortishuvdan so‘ng ularning har biri besh ming kumush yuandan olishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu esa kattagina pul edi. 1923 yilning 5 oktya-brida Sao Kun to‘rt yuz sakson ovoz olib, g‘alaba qozondi va Xitoy prezidenti qilib saylandi. Bunga javoban Syue to‘liq general unvoni bilan taqdirlandi. O‘n yettita «alohida maslahatchi» – turli diktator va generallarning o‘ynashlari va joriyalari ham mukofotga sazovor bo‘ldilar. Bu voqea Xitoy tarixida mash’um sahnalashtirilgan saylov sifatida muhrlanib qoldi. Xitoyga demokratiya ziddir, deb hisoblovchilar o‘sha saylovni hamon eslab yurishadi.
Keyingi yilning yoz fasli boshlarida general Syue Isyan shahriga tashrif buyurdi. Chunki shahar kichik bo‘lsa ham muhim strategik ahamiyatga ega edi. Aynan shu shaharda Pekin hukumatining hokimiyati tugadi va qudratli shimoli-sharqiy diktator Chjan Szolin ta’sir doirasi kengaya boshladi. Bu odam Keksa Marshal nomi bilan mashhur edi. Shaharda general Syuening do‘konlari va don omborlari bor edi.
General o‘z tasarrufidagi maskanlarini tekshirish uchun aylanib yurgan chog‘larida katta buvam hamrohlik qildi. Shunda uning qizini generalga uzatish niyati tug‘ildi. Bu borada u xotini bilan maslahatlashmadi ham, xabardor qilib qo‘ydi, xolos. O‘sha paytda odat shunaqa edi, lekin gap faqat odatning o‘zidagina emasdi, katta buvam xotinini mensimasdi. Shuning uchun bu gapni eshitgan buvim yig‘ladi, lekin hech narsa deya olmadi. Eri:- Qizingga bu haqda «g‘ing demaysan», deb buyurdi. Qizning roziligi haqida so‘rab ko‘rish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi. Bunday ishlar «oldi-sotdi» asosida amalga oshirilardi. Qiz bu borada to‘y kuni belgilangandan keyingina xabar topardi.
Katta buvam zimdan ish olib borish kerakligini yaxshi tushunardi. Qizining qo‘lini to‘g‘ridan-to‘g‘ri taklif etish molning narxini tushirib yuborardi, rad javobini olish ham mumkin edi. Shuning uchun general Syuega qanday xazina taklif etilayotganini namoyish qila bilish kerak edi. O‘sha paytlarda nufuzli ayol begona erkak bilan uchrashish imkoniga ega emasdi, shu boisdan Yan o‘z qizini generalga ko‘rsatish uchun nima qilishi kerakligini o‘ylab ko‘rishi lozim edi. Uchrashuv tasodifiy yuz bergandek tasavvur qoldirishi shart edi.
Isyanda to‘qqiz yuz yillik hashamdor Budda ibodatxonasi bo‘lardi. U qimmatbaho yog‘ochdan juda baland qilib qurilgandi. Ibodatxona ajoyib joyda, ikki kvadrat kilometr maydonni egallovchi archazorda qad rostlagandi. Uning ichida chiroyli naqshlar bilan bezatilgan to‘qqiz metrli Budda haykali bor edi. Ibodatxona devorlari uning hayoti haqida hikoya qiluvchi rasmlar bilan bezatilgandi. Yan, albatta, oliy martabali mehmonni bu yerga olib kelmasligi mumkin emasdi. Ibodatxona esa odobli ayollar kamdan-kam yolg‘iz o‘zi bora oladigan joy hisoblanardi.
Belgilangan bir kuni buvimga o‘sha ibodatxonaga borib, ibodat qilib kel, deyishdi. Buvim ham Budda oldida o‘zining olijanobligini namoyish qilish uchun yasanib-tusanib, atir-upalardan sepib, ibodatxonaga bordi. Qasrga kirar ekan, u ulkan Budda haykali oldida tiz cho‘kdi. Unga bir necha bor ta’zim bajo keltirib, tiz cho‘kkanicha, qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, duo o‘qiy boshladi.
Otasi Yan general Syue bilan uni xuddi shu holatda ko‘rdilar. Ular qizga g‘ira-shira yo‘lakdan qarab turardilar. Katta buvamning rejasi amalga oshdi. General Syue qizni yaxshilab tomosha qildi. U qizning kashtali ipak cholvorinigina emas, atlas tufli kiygan oyoqchalarini ham ko‘rdi.
Buvim duo o‘qib bo‘lgach, yerga tekkuday egilib, Buddaga uch bora, ta’zim qildi. O‘rnidan turayotib sal qalqib ketdi. Bu juda tabiiy ko‘rindi – tang‘ib bog‘lab tashlangan oyoqchalarda tik turishning o‘zi bo‘lmaydi, u oqsoch qizning qo‘liga suyandi. Xuddi shu paytda general Syue va buvimning otasi unga qarab yurishdi. Buvim qip-qizarib ketdi, boshini egib, orqaga burildi-da, qochib qolishga urindi. Biroq otasi oldinga bir qadam tashladi-da, qizining yo‘lini to‘sib, uni generalga tanishtirdi. U boshini ko‘tarmasdan ta’zim qildi.
Shunday martabadagi odamga xos holda general bu uchrashuvni Yan bilan muhokama qilib o‘tirmadi, zero uni o‘zining tengi emas, balki oddiy yugurdak deb hisoblardi. Lekin Yan generalning o‘z qiziga maftun bo‘lib qolganini his etdi. Endi gap bo‘sh kelmaslikda qolgandi. Oradan ikki kun o‘tib, Yan katta chiqimlarga qaramay, shahardagi eng yaxshi teatrni ijaraga oldi, opera buyurtma qildi va faxrli mehmon – general Syueni u yerga taklif etdi. Yan teatrda qizini shunday joyga o‘tqazdiki, u generalga yaqqol ko‘rinib turardi. General tomoshaga umuman qaragani yo‘q.
Tomoshadan so‘ng xitoycha an’anaviy o‘yin – fonarlar yordamida topishmoqlar topish boshlandi. Zallarning birida erkaklar, ikkinchisida ayollar o‘ynardi. har bir xonada mohirona yasalgan o‘nlab qog‘oz fonarlar osib qo‘yilgan bo‘lib, ularga she’riy topishmoqlar yopishtirilgandi, topishmoqlarga kim ko‘proq to‘g‘ri javob bersa, o‘sha sovrin sohibi bo‘lardi. Erkaklar orasida, albatta, general Syue yutib chiqqan edi. Ayollar o‘rtasida esa buvim g‘olib bo‘lgandi.
Yan generalga o‘z qizining go‘zalligi va aqlu farosatini baholash imkonini bergandi. Endi iqtidorini namoyish qilish kerak edi. Ikki kundan so‘ng u generalni uyiga taklif qildi. Ajoyib oydin va iliq kecha edi. To‘lin oy yorug‘ida bo‘lib o‘tgan suhbatlar generalning hislarini junbushga keltirdi.
O‘sha oqshom u buvimning qo‘lini so‘radi, o‘zidan emas, albatta, otasidan. General unga uylanishi haqida gapirmadi, balki buvimni o‘ziga jazmanlikka so‘radi. Yan bundan boshqacha taklifni kutmagandi ham. General singari odam o‘ynash tutishiga u shubhalanmasdi. Zero, xotin unga ermak uchun kerakmasdi. Bu maqsadga o‘ynashlar xizmat qilardi. Jazmanlar ham qandaydir hokimiyatga ega bo‘lardilar, albatta. Lekin ularning ijtimoiy maqomi xotin mavqeidan tubdan farq qilardi. Surayyo o‘ziga xos qonuniy o‘ynash bo‘lib, uni istagan paytda olar va tashlab ketishardi.
Buvim bo‘lajak voqea haqida ilk bor unga bir necha kun qolganda onasidan eshitdi. Buvim boshini xam qilganicha yig‘lashga tushdi. Birgina «o‘ynash» degan so‘zning o‘zi unga dahshatli eshitilardi. Lekin otasi shunday qarorga kelgan, ota-onasiga qarshi chiqish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi. Ota-ona qaroriga e’tiroz bildirish «hurmatsizlik» hisoblanar, hurmatsizlik esa xiyonat sanalardi. Rozi bo‘lmaslik, «yo‘q» deyishning yagona yo‘li – o‘zini o‘ldirish edi. Buvim labini tishlaganicha, nafasini ichiga yutib qolaverdi.
Qizining bunchalik kuyunayotganini ko‘rgan onasi: «Bizning ahvolimizda bu eng yaxshi yo‘l, bundan tuzukrog‘ini orzu qilish ham qiyin» deb yupata boshladi. Yan generalning juda qudratli ekanini tushuntira boshladi: «Pekinda aytishlariga qaraganda, general Syue yer tepinsa, butun shahar larzaga kelarmish». Generalning harbiy qiyofasi qizda jiddiy taassurot qoldirgandi. Uni maqtayverishib, sho‘rlik buvimning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirishdi. Shaharda hech kim general Syue bilan tenglasha olmaydi deb qulog‘iga quyishdi. Endi o‘n besh yoshga kirgan buvim o‘ynash haqida hech qanday tasavvurga ega emasdi, shuning uchun ham uning sevgisini qozonib, baxtli bo‘larman degan umid ilinjida edi.
— Qiz Isyanda qolishi mumkin, dedi general, – men uning uchun maxsus uy sotib olaman…
Bu esa qizning oilasiga yaqin joyda yashashini bildirardi. Muhimi, u generalning dang‘illama uyiga ko‘chib bormaydi, demak, uning xotini va boshqa jazmanlariga qaram bo‘lmaydi, chunki maqomiga ko‘ra, ularning hammasi buvimdan yuqori edi. General Syue singari arbobning uyida ayollar asiralarday yashashar, kunlari nuqul urush-janjal bilan o‘tardi. Janjal esa erni o‘ziga og‘dirib olishga urinishdan kelib chiqardi. Shuning uchun alohida uy, buning ustiga general va’da qilgan to‘y marosimi buvim uchun juda muhim edi. Bu, qiz va uning butun oilasi kattagina nufuzga erishishini bildirardi. Nihoyat, qiz otasining ko‘ngli joyiga tushib, onasiga nisbatan yaxshiroq munosabatda bo‘ladi, deb umid qilardi.
Gap shundaki, Yan xonim tutqanoq kasalidan azob chekardi va shu boisdan o‘zini eriga noloyiq deb hisoblardi. Xonim hamisha eriga bo‘ysunardi, Yan esa xotiniga nisbatan yomon munosabatda bo‘lib, uning sog‘lig‘i to‘g‘risida sira qayg‘urmasdi. U ko‘p yillar davomida menga o‘g‘il tug‘ib bermading deb ta’na qilardi. Buvim tug‘ilgandan keyin, katta buvimning ketma-ket bolasi tushgan ekan, 1917 yilda ikkinchi farzandi ham qiz tug‘ildi.
Nihoyat, to‘y kuni juda dabdabali o‘tibdi. Jazman – kelin o‘ziga atab maxsus qurilgan keng va dang‘illama uyga yo‘l olibdi. Uyda uni mahalliy amaldorlar qurshovida general Syue kutib olibdi.
General uch kungacha uydan chiqmabdi. Buvim baxtli ekanlar. Chunki generalni sevaman deb o‘ylarkanlar. U bo‘lsa buvimga qo‘pol munosabatda ekan. Bir haftadan keyin u to‘satdan ketaman deb qolibdi. Qayoqqa borishini aytmabdi. Buvim ham qayoqqaligini so‘rashni lozim topmabdi. U jazmanining qaytib kelishini kutishi kerak edi. Shunday qilib, uni olti yil kutishga to‘g‘ri kelibdi.
1924 yilning sentyabrida Shimoliy Xitoyning ikki asosiy harbiy guruhi o‘rtasida kurash boshlandi. General Syue Pekin garnizoni bosh qo‘mondonining o‘rinbosari bo‘ldi. Lekin oradan bir necha hafta o‘tib, uning avvalgi ittifoqdoshi general Fen, diktator-nasroniy, raqib tomonga o‘tib ketdi. Bir yil oldin generallar Syue bilan Fen prezident taxtiga o‘tqazgan Sao Kun 3 noyabrda iste’fo berishga majbur bo‘ldi. O‘sha kuniyoq Pekin garnizoni, ikki kundan keyin esa, Pekin politsiyasi tarqatib yuborildi. General Syue shoshilinch ravishda poytaxtni tark etdi. U Tyantszinda daxlsizlik maqomiga ega bo‘lgan frantsuz kontsessiyasi hududidagi o‘z uyiga yashirinib oldi. General Syue prezident saroyidan haydab yuborgan prezident Li aynan shu yerga berkingan edi.
Isyanda yashayotgan buvim yangidan avj olgan urush girdobida qoldi. Muxolif diktatorlarning armiyalari shimoli-sharq ustidan nazorat o‘rnatish uchun jang olib borardilar. Bu urushda Isyan singari temir yo‘l bo‘yida joylashgan, ayniqsa, transport uzeliga ega bo‘lgan shaharlar alohida ahamiyat kasb etardi. General Syue ketganidan so‘ng urush shahar darvozalarigacha yetib keldi. Hamma joyda ur-yiqit, talon-taroj boshlandi. Italiyaning qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi firmalaridan biri, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan generallarga qarzlar evaziga «o‘lja olingan qishloqlar»ni qabul qilish istagini bildirdi. Ayollarni zo‘rlash odat tusiga kirdi. Ko‘pgina boshqa ayollar singari buvimning ham yuziga qorakuya surishiga to‘g‘ri keldi. Iflos va badbashara ko‘rinish uchun u shunday qildi. Xayriyatki, bu safar Isyan ancha yengil qutuldi. Janglar asta-sekin janubga surildi va shahar odatiy hayotga qaytdi.
Yosh jazman bo‘lgan buvim juda katta hashamatli uyda yashardi. Shunga qaramay, u o‘zini baxtsiz va yolg‘iz sezardi. Uning xizmatkorlari bor edi: eshik og‘asi – darbon, oshpaz va ikkita oqsoch. Ularning vazifasi faqat uy yumushlarini bajarishdangina iborat bo‘lmay, uy bekasini kuzatib yurish ham edi. Darbonga bekani uydan yolg‘iz chiqarmaslik buyurilgandi. General jo‘nab ketish oldidan o‘ynashiga ogohlantirish tariqasida o‘z jazmani bilan bog‘liq bir voqeani gapirib bergandi. O‘sha o‘ynashining xizmatkori bilan don olishib yurganini bilib qolgan general, ayolini karavotga bog‘lashni va og‘ziga latta tiqishni buyuribdi, keyin o‘sha lattaga suv qo‘shilmagan spirtdan tomiza boshlashibdi. Ayol asta-sekin bo‘g‘ilib, o‘libdi. «Albatta, men unga darhol o‘tmishni ravo ko‘ra olmasdim, qiynalib o‘lishini ma’qul ko‘rdim. Ayol uchun eriga xiyonat qilishdan battar pastkashlik yo‘q,– dedi general. – Erkakni esa otib tashladim». Buvim bu voqea chindan sodir bo‘lganmidi yoki yo‘qmi, bilolmadi. Lekin bunday hikoya o‘n besh yoshli ayolni o‘lguday qo‘rqitib yuborgandi.
O‘sha paytdan boshlab, buvim doimiy qo‘rquvda yashagan, eshikka chiqishga imkoni bo‘lmay, to‘rt devor ichida kun ko‘rardi. U xizmatkorlariga saxiylik bilan sovg‘alar ulashib turardi. Buvim puldan qiynalmasdi. General unga muntazam mablag‘ yuborib turardi. Tuvakda gul o‘stirar, oltin qafasda boqilayotgan mushuk bilan ovunardi. Ba’zida ota-onasinikiga borib kelishga ruxsat tegardi. Otasi general Syue bilan qarindosh bo‘lgani uchun politsiya boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimini egalladi, xususiy yerga ega bo‘ldi. Qizi o‘zining baxtsizligi haqida gap ochsa, otasi uni jerkib tashlardi. Ota qiziga tez-tez: “Agar ering xo‘roz bo‘lsa, xo‘rozga quloq sol, agar ko‘ppakka tekkan bo‘lsang, ko‘ppakni tingla” degan xitoy maqolini eslatib turardi.

Oradan olti yil o‘tdi. Dastlab bir necha xat keldi, keyin xat-xabar bo‘lmadi. Buvim erini intizorlik bilan kutardi. Garchi u generalning ko‘plab joriyalaridan biri ekanini tushunsa-da, uni juda sog‘inardi. Kunlar haftaga, haftalar oyga, oylar yilga aylanardi. Vaqt o‘tgan sari uning sog‘inchi ham xira tortib borardi. Buvim asta-sekin o‘zining general uchun bir o‘yinchoq ekanini tushuna boshladi. Sho‘rlik alamini kimdan olishni ham bilmay, tishini tishiga bosib yashardi. Lekin ba’zi-ba’zida his-tuyg‘usi jo‘sh urib ketar va u nima qilishini bilmay qolardi. Ba’zan hushidan ketib, o‘zini tashlab yuborardi. Bunday hushdan ketishlar keyinchalik umrining oxirigacha davom etdi.
Kunlarning birida general qaytib keldi. Buvim uni o‘zi o‘ylaganidek cheksiz sog‘inch, bag‘riga otilib emas, oddiygina kutib oldi. Ellik yoshdan oshgan general uning ko‘ziga anchayin yumshoq va bo‘shashgandek ko‘rindi. U xushtoridan qayerda edingiz, muncha uzoq qolib ketdingiz deb so‘ramadi ham.
Aslida esa shuncha vaqt mobaynida general uncha uzoq joyda emasdi. Iste’foga chiqqan boy amaldor sifatida tinch hayot kechirardi. Bo‘sh vaqtlarini goh Tyantszindagi uyida, goh Lulundagi qasrida o‘tkazardi. U hayot gashtini surib, qandini urgan kunlari o‘tmishda qoldi. Xitoyning katta qismi yagona kuch — Chan Kayshi boshchiligidagi Gomindan, ya’ni millatchilar tomonidan boshqarilardi. O‘tmishdagi boshboshdoqlikni tugatib, yangi, barqaror hayot boshlanganini isbotlash uchun Gomindan poytaxtni Pekindan Nankinga ko‘chirdi. 1928 yilda mintaqada ancha faollashib qolgan yaponlar Manjuriya hokimi Chjan Szolin – Keksa Marshalni o‘ldirdilar. Keksa Marshalning o‘g‘li Chjan Syuelyan (u Yosh Marshal nomi bilan ma’lum edi) Gomindanga qo‘shildi va Manjuriyani Xitoyning qolgan qismi bilan birlashtirdi. Aslida Gomindan Manjuriyada hokimiyatni o‘z qo‘liga ololmagandi.
General Syue buvimning uyida uncha uzoq qolgani yo‘q. Xuddi avvalgidek, to‘satdan ketaman deb qoldi. Ketish oldidan kechasi u buvimdan o‘zi bilan Lulunga borishini so‘radi. Buvimning yuragi urishdan to‘xtab qolganday bo‘ldi. Agar borishga majbur qilganida, bu uning xotini va jazmanlari bilan bir uyda hamisha yashashga mahkum etilishini anglatardi. Buvim shoshib qoldi. Uning oyog‘ini uqalar ekan, generaldan o‘zining Isyanda qolishga ruxsat berishini so‘radi. Unga mehribonligi uchun minnatdorchilik bildirib, onasining sog‘ligi yomonlashganini aytdi. Ertasiga u yolg‘iz ketdi.
Tez orada buvim o‘zining homilador ekanini angladi. 1931 yilning bahorida, uchinchi oyning o‘n yettinchi kuni u qiz – mening onamni tug‘di. Bu haqda u general Syuega xat yozdi. Undan qizning ismini Baotsin qo‘y va uni Lulunga olib kel, degan javob oldi.
Buvimning quvonchdan boshi osmonga yetdi, axir endi uning bolasi bor edi. U butun mehri va kuch-quvvatini qiziga bag‘ishladi. Bir yil u juda baxtli yashadi. General Syue bir necha bor Lulunga kel deb xat yozdi. U har safar har xil bahonalar qilib bormaslikka harakat qilardi. Keyin 1932 yilning yozi o‘rtalarida “general Syue qattiq betob, qizchani olib tezda yetib kel” degan mazmunda telegramma oldi. Buvimning Lulunga borishdan boshqa iloji yo‘q edi.
Lulungacha bo‘lgan masofa ikki yuz mildan oshiq edi, hech qayerga borib ko‘rmagan buvim uchun bu juda uzoq yo‘l edi. Oyoqchalari tang‘ib bog‘lab tashlangani qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirardi: buvim yuk ko‘tara olmasdi, buning ustiga qo‘lida chaqalog‘i bor edi. U singlisini o‘zi bilan olib ketishga qaror qildi. Singlisi – o‘n to‘rt yashar Yuylanni oddiygina qilib Lan deb atashardi.
Safar juda xavfli edi. Xitoy yana urush iskanjasida edi. 1931 yilning sentyabrida Yaponiya mintaqada o‘z ta’sir doirasini kengaytira borib, Manjuriyaga hujum qildi va 1932 yilning 6 yanvarida yapon qo‘shinlari Isyanni egalladi. Oradan ikki oy o‘tgach, yaponlar Manjou-go (manjurlar mamlakati) deb atalgan davlat tuzilganini e’lon qildilar. Bu mamlakat Shimoli-sharqiy Xitoyning katta qismini egallar edi: uning hududi Frantsiya bilan Germaniyaga teng edi. Yaponlar Manjou-go mustaqil mamlakat deb ta’kidlashardi, lekin uni aslida Tokiodan turib boshqarishardi. Davlat tepasiga Xitoyning so‘nggi imperatori Pu Ini o‘tqazib qo‘yishdi, bu asli go‘dakligidan taxtdan mahrum etilgan podsho edi. Dastlab u hukumat rahbari deb ataldi. 1934 yilda uni imperator deb e’lon qilindi. Bu voqealarning buvim uchun hech qanday ahamiyati yo‘q edi, zero, tashqi dunyodan uning aloqasi butunlay uzilgan edi. Aholining ko‘pchiligi atrof-tevarakda yuz berayotgan voqealarga taqdir shunday deb ishonar, chunki hech narsani o‘zgartirishga kuchi yetmasdi. Ko‘pchilikning nazarida Pu I qonuniy hukmdor va Osmon Farzandi hisoblanardi. Respublika inqilobidan so‘ng yigirma yil o‘tsa-da, mamlakatda jamiyat shakllanganicha yo‘q edi.
1937 yilning jazirama yoz kunlarining birida buvim, uning sing-lisi va mening onam Isyanda poyezdga o‘tirib, janubga yo‘l olishdi. Buyuk Xitoy devorini ortda qoldirib, Chanli shahriga yetib kelishdi. General Syue undan yigirma milchalik masofadagi Yanxein shaharchasida yashardi. Buvim arava yollab, yo‘lga tushdi. Yanxein bir vaqtlar yirik harbiylar manzilgohi edi va manjur imperatorlari o‘z a’yonlari bilan bu yerda tez-tez bo‘lib turishardi. Shu boisdan unga eltuvchi yo‘l Imperator yo‘li degan ulug‘vor nom bilan atalardi. Yo‘lning ikki chetida teraklar bo‘y cho‘zgan bo‘lib, ularning oq-yashil yaproqlari quyoshda yaltirardi. Undan keyin shaftolizor dalalar boshlandi. Biroq o‘ta charchagan buvim bunday ajoyib manzaradan zavqlana olmasdi.
Ular yetib borgan dang‘illama uy ulug‘vorligi bilan buvimni lol qoldirdi. Ulkan darvoza oldida qurollangan qo‘riqchilar turardi. Qotib turgan sher haykallari binoga alohida salobat bag‘ishlardi. Ot bog‘lash uchun mo‘ljallangan sakkizta ustun turardi: ularning to‘rttasi fil, to‘rttasi maymun shaklida edi. Bu jonivorlarning tanlanishi bejiz emasdi: xitoy tilida «fil» va «oliy lavozim» (syan); «maymun» va «oqsuyak» (xou) so‘zlari bir xil jaranglaydi.
Buvim katta darvozadan kirgach, hovlida quruq devorni ko‘rdi. Devorning narirog‘ida ikkinchi darvoza bor edi. Hovli mumtoz xitoy usulida qurilgandi: devor niqob rolini bajarardi. U begonalarning birovlar hovlisiga mo‘ralashga, dushmanga esa old darvozadan turib o‘q uzishga imkon bermasdi. Buvim ichki darvozadan kirishi bilan uning yonida oqsoch paydo bo‘ldi va chaqaloqni qo‘lidan oldi. Ikkinchi bir xizmatkor ayol buvimni zina orqali yuqoriga olib chiqib, general Syue xotinining mehmonxonasiga boshlab bordi. Xonaga kirgan buvim tiz cho‘kib, boshini yerga tekkazdi-da: «Assalomu alaykum, xonim» dedi. Zero, rusum shuni taqozo etardi. Buvimning singlisini ichkari kiritishmadi, oqsoch singari tashqarida kutib turishini buyurishdi. Buning hayron qolarli joyi yo‘q edi, chunki jazmanning qarindoshlari oila a’zosi hisoblanmasdi. Buvim bir necha bor ta’zim bajo keltirgach, generalning xotini unga o‘rnidan turishga izn berdi. Xonim unga oila aqidasiga ko‘ra, buvimning maqomi kichik surayyo ekanini tushuntirdi. Bu maqom generalning ayolidan ko‘ra, imtiyozli xizmatkorga yaqinroq edi.
Generalning xotini buvimga o‘tirishni amr etdi. Buvim tezda qaror qilishi lozim edi. An’anaviy xitoy uyida har kimning o‘tiradigan joyi uning maqomiga qarab belgilanadi. General Syuening zavjasi xonaning chap tomonida o‘tirardi. Uning yonida stolcha turardi, stolchaning narigi tomonida yana stulcha bor bo‘lib, u ham janubga qaratib qo‘yilgandi. U generalning joyi edi. Devor bo‘ylab qator stullar qo‘yilgan, ular turli maqomdagi kishilarga mo‘ljallangandi. Buvim orqaga burildi-da, eshikka yaqinroq stullardan biriga o‘tirdi. Bu bilan o‘zining bo‘ysunishini bildirmoqchi edi. Shunda xonim unga yaqinroq o‘tirishni ko‘rsatdi. Bu bilan u ham o‘zining olijanobligini namoyish qilmoqchi edi.
Buvim o‘tirgach, xonim:
–Qizing endi generalning qonuniy xotini sifatida mening shaxsiy bolam kabi tarbiyalanadi, – dedi. – Endi u o‘z onasini emas, meni ona deb chaqiradi. Sen esa bolaga kichik surayyo sifatida munosabatda bo‘lasan.
Xizmatkor ayolni chaqirib, bolani olib ketishni buyurishdi. Buvimning yuragi to‘xtab qolganday bo‘ldi. U o‘z xonasiga kirgachgina ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Uni general Syuening ikkinchi surayyosiga olib kirishganida yig‘idan ko‘zlari qizarib ketgandi. Generalning sevimlisi, xo‘jalik boshqaruvchisi bo‘lgan bu ayol juda go‘zal edi. Uning hamdardlik bilan munosabatda bo‘lishi buvimni hayratga soldi. Uning oldida to‘yib-to‘yib yig‘lab olgisi keldi-yu, yana ehtiyot bo‘ldi. Ehtiyotkorlikka ne yetsin…
O‘sha kuniyoq uni «eri» bilan ko‘rishishga olib borishdi. Bolasini ham o‘zi bilan olib borishga ruxsat berishdi. General «kan»da yotardi. Kan-Shimoliy Xitoyda keng tarqalgan balandligi ikki yarim fut keladigan to‘g‘ri to‘rt burchakli g‘ishtli yotoq-karavot bo‘lib ostidan isitilardi. Chalqancha cho‘zilgan generalning atrofida ikkita o‘ynashmi yoki xizmatkormi, tiz cho‘kib uning oyoqlari va qornini uqalashardi. Syuening ko‘zlari yumuq, badani tuproq rangda edi. Buvim kan uzra engashib, uni muloyimgina chaqirdi. U ko‘zini ochib, zo‘rg‘a jilmaydi. Buvim qizchani uning yoniga o‘tqazib:
— Bu Baotsin, – dedi.
General zo‘rma-zo‘raki qizchaning boshini silab:
– Baotsin senga o‘xshaydi. U juda alomat,–dedi va ko‘zlarini yumdi.
Buvim uni chaqirdi, lekin u ko‘zini ochmadi. Buvim uning og‘ir kasal ekanini sezdi, balki o‘layotgandir. U qizchasini qo‘liga oldi-da, mahkam bag‘riga bosdi, lekin bir soniyaga, xolos: sal narida turgan generalning ayoli uning yengidan tortdi. Eshikdan chiqqach, buvimni ogohlantirdi:
— Xo‘jayinni hadeb bezovta qilaverma,- dedi. – Umuman, yoniga kelmasang ham bo‘laveradi. To seni chaqirishmaguncha, o‘z xonangda o‘tirganing ma’qul…
Qo‘rquvdan buvimning yuragi hapriqib ketdi. U o‘ynash edi, uning ham, qizining ham hayotiga katta, ehtimol, o‘lim xavfi soya solib turardi. U hech qanday haq-huquqqa ega emasdi. Agar general o‘lsa, uning taqdiri bosh xotinning irodasiga bog‘liq bo‘ladi. U yashashi kerakmi yoki o‘lishi kerakmi, xonim hal qilardi. O‘sha xonim uni istagan ko‘yga sola olardi. Xohlasa uni biror boy odamga sotib yuborardi, istasa fohishaxonaga. O‘sha paytda bu odat tusiga kirgandi. U holda buvim o‘z qizini umuman ko‘rolmasdi. Imkon bo‘ldi deguncha bolani olib qochib qolishi kerakligini juda yaxshi tushunardi.
Xonasiga qaytib kirgan buvim o‘zini bosib olishga urindi-qochib qolish rejasini tuzishi kerak edi. Fikrini sal bir joyga to‘play desa, boshiga qon quyilib kelardi. Oyog‘i qaltiraganidan mebellarga suyanibgina yura olardi. U chiday olmay yana yig‘lashga tushdi. Taqdir bunchalar beshafqat bo‘lmasa, deya nolirdi u. Bunday vaziyatdan qanday chiqib ketishning yo‘lini topolmagani battar alam qilardi. Eng yomon tomoni shunda ediki, general birdan o‘lib qolishi va uni tuzoq ichida qoldirib ketishi mumkin edi.
U asta-sekin o‘zini qo‘lga oldi, fikrlari tiniqlashdi. Unga tuzoq bo‘lib qolgan bu hashamatli qasrni qadam-baqadam ko‘zdan kechirdi. Bino ko‘plab hovlichalarga bo‘lingan, kattagina maydonni egallab turar, baland devor bilan o‘rab olingan edi. Hatto bog‘ ham bo‘lib-bo‘lib tashlangandi. Did bilan ko‘rinishi uchun emas, balki xavfsizlik nuqtai nazaridan shunday qilingandi, albatta. Bog‘da bir nechta sarv, qayin va olxo‘ri daraxtlari o‘sgandi, lekin hammasi devordan ancha olis edi. Birorta o‘g‘ri yoki qotil yashirinishi mumkin bo‘lmasin deb butalar ham ekilmagandi. Bog‘dan olib chiqadigan ikkita darvozaga osma qulf ilingan, tashqi darvozada tunu kun qurolli qorovullar turardi.
Buvimning to‘sib qo‘yilgan maydondan chiqishga haqqi yo‘q edi. Unga har kuni generalni borib ko‘rishga ruxsat berilardi, lekin boshqa ayollar bilan birga. U navbati bilan erining karavotiga yaqinlashar va zo‘rg‘a eshitilar-eshitilmas: «Assalomu alaykum, janob» derdi.
Vaqt o‘tishi bilan u uydagi vaziyatni yaxshi tushunadigan bo‘lib qoldi. Ayollar orasida generalning xotinidan tashqari ikkinchi surayyo ham ancha nufuzga ega edi. Buvim tushundi: generalning o‘sha ikkinchi o‘ynashi mulozimlarga o‘ziga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lishni tayinladi, natijada uning hayoti juda ham yengillashdi. Bunday uylarda mulozimlarning munosabati ular kimga biriktirib qo‘yilgan bo‘lsa, o‘shaning maqomiga qarab belgilanardi: ular homiysi borlar oldida yaltoqlanishar, g‘azabga uchraganlarga esa mensimay qarashardi. Buning ustiga ikkinchi surayyoning qizi bo‘lib, u onamdan sal kattaroq edi. Xuddi shu narsa ikki ayolni bir-biriga bog‘lab turardi. Bu esa o‘z navbatida general Syuening ikkinchi surayyosiga e’tiborni oshirardi, chunki onamni hisobga olmaganda uning boshqa farzandi yo‘q edi.
Bir oydan so‘ng, bolasi bor ikki ayol dugona bo‘lib olishgach, buvim generalning xotini huzuriga kirib, uyga borishi zarurligini aytdi. Ba’zi kiyimlarini olib kelishi uchun xonim rozilik bildirdi.
Shunda buvim:
— Qizimni olib ketsam, buvasi va buvisi bilan xayrlashib kelardi,–dedi.
Xonim rad etdi.
— Yo‘q, tomirida Syuelar avlodi qoni oqayotgan hech kim bu uyni tark etmaydi,- dedi u.
Shunday qilib, buvim bir o‘zi Chanliga jo‘nab ketdi. U yerda izvoshchi uni stantsiyada qoldirib, o‘zi orqaga qaytib ketdi. Buvim so‘rab-surishtirib ikkita otliq yigitni topdi. Ular buvimga yordam berishga rozi bo‘lishdi. Ular kech kirishini kutib, qorong‘uda yo‘lga tushishdi va qisqa yo‘ldan ot qo‘yib Lulunga qaytib kelishdi. Otliqlardan biri buvimni bedovga mindirib, o‘zi jilovdan yetaklagancha yo‘l bosishdi.
Dang‘illama binoga yetgach, buvim orqadagi darvozaga yaqinlashdi va kelishilgan signalni berdi. Bir necha daqiqadan so‘ng darvoza ochilib, undan buvimning singlisi yugurib chiqdi. Uning qo‘lida mening bo‘lajak onam – buvimning qizi bor edi. Buvim bilan kelishib olgan ikkinchi surayyo panjarani ochiq qoldirgan ekan. Eshikni buzib kirishdi deb o‘ylashsin deya darvozaga bolta bilan bir necha bor urgan ham o‘sha ayol ekan.
Buvim onamni erkalashga ham ulgurmabdi, uyg‘otgisi ham kelmabdi, agar qizcha chinqirib yuborsa, qorovullar e’tiborini tortadi deb o‘ylabdi. Buvim singlisi bilan birga otlarga minibdilar-da, tun qorong‘isida g‘oyib bo‘libdilar. Otliqlarga yaxshigina pul to‘lashibdi, ular arg‘umoqlarni tez haydashibdi. Qochoqlar tong otar mahali Chanliga yetib kelishibdi va katta uyda hali to‘polon boshlanmay turib, poyezdga o‘tirib, shimolga yo‘l olishibdi. Nihoyat, ertasi kun kechqurun poyezd Isyanga yetib kelibdi, buvim o‘zini yerga tashlab uzoq yotibdi, uning qimirlashga ham majoli yo‘q ekan.
Lulundan ikki yuz mil uzoqda u o‘zini ancha xavfsiz deb o‘ylardi. Biroq qizini o‘zi bilan olib qololmadi, chunki xizmatkorlardan hayiqardi. Shu boisdan maktabdosh dugonasidan uni yashirishni iltimos qildi. Dugonasi qaynotnasinikida yashardi. U Sya familiyali manjur do‘xtiri edi. Do‘xtir do‘stlardan jonini ayamaydigan sadoqatli inson sifatida nom qozongan odam edi.
Shu narsa aniq ediki, Syue oilasi oddiy surayyoni ta’qib etish niyatida emasdilar, ularni mening onam — Syuening qizchasi qiziqtirardi. Buvim Lulunga telegramma yuborib, poyezdda chaqaloq shamollab, o‘lib qolganini xabar qildi. Bunga ishongan generalning oilasi buvimni tinch qo‘yishdi. Buvim qizi bilan Isyandagi uyida yashay boshladi. Endi xizmatkorlarga ham e’tibor bermay qo‘ydi, chunki «eri» kelolmasligini yaxshi bilardi. Bir yil davomida Lulundan hech qanday xabar bo‘lmadi. 1933 yilning kuz kunlaridan birida buvim telegramma oldi: «General Syue vafot etdi, dafn marosimida qatnashish uchun Lulunga yetib kel».
General Tyantszinda sentyabr oyida vafot etdi. Uning jasadini laklangan tobutda Lulunga olib kelishdi. Uning yonida yana ikkita tobut bor edi. Ulardan birining ustiga generalning tobuti singari qizil kimxob yopilgan, yog‘ochi laklangandi. Unga general surayyolaridan birining jasadi qo‘yilgandi. Bu ayol «eri»ni u dunyoga kuzatib borish uchun zahar ichgandi. Bu eriga sadoqatning oliy cho‘qqisi hisoblanardi. Keyinchalik general Syuening qasrida o‘sha ayol sha’niga nomi yozilgan lavha o‘rnatildi, o‘ta oddiy ishlangan uchinchi tobutda generalning boshqa bir o‘ynashining xoki qo‘yilgandi. Bu ayol ikki yil burun tif kasalidan o‘lgandi. Odatga ko‘ra, uning qoldiqlarini general Syuening yoniga qo‘yish uchun qabridan kavlab olingandi. Bu ayol xokini oddiy yog‘och tobutga solishgandi, chunki dahshatli kasallikdan o‘lish mudhish taqdir hisoblanardi. Har bir tobutga jasadni chirishdan asrash uchun — simob va pista ko‘mir qo‘yishdi, marhumlar og‘ziga marvaridlar joylangandi.
General Syue va uning surayyolari bitta qabrga dafn etildi. Uning xotini va boshqa surayyolari vaqti bilan shu lahadga ko‘milishi kerak edi. Dafn marosimida marhumning ruhiga iltijolar rusumi uning o‘g‘li tomonidan bajarilishi lozim edi. Generalning o‘g‘li bo‘lmagani uchun uning rafiqasi bu vazifani generalning o‘n yashar jiyani zimmasiga yukladi.
Buvim dafn marosimiga bormadi. Bu haqda xabar olmagandek tutdi o‘zini. Natijada uni pul bilan ta’minlab turadigan g‘azna vakili unikiga qatnamay qo‘ydi. Dafn marosimidan bir hafta o‘tgach, buvimning ota-onasi general Syuening xotinidan xat olishdi. Xatda general buvimga erk bergani aytilgandi.
Yigirma to‘rt yoshida buvim erkka erishdi.
___________
* Mandarin — Xitoyda inqilobdan oldin katta amaldor.
* Bokschilarning milliy isyoni – Bu isyonga ajnabiylar shunday nom berishgan. Iketuan isyoni deb atalgan bu qo‘zg‘alonni bostirishda Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, AQSh, Frantsiya va Avstro-Vengriya qo‘shinlari qatnashganlar.
* Matszyan — qimorning bir turi.
* Ad’yutant — harbiy rahbar yoki muhim topshiriqlarni bajaruvchi zobit.
* Intendant — armiyada moddiy ta’minot xizmatini bajaruvchi harbiy xodim.

«ShIRIN BULOQ SUVI»
(1933–1938)

… General Syue xotinining maktubida buvimning ota-onasiga «qizingizni qaytarib olib keting» degan iltimos ham bor edi. Garchi iltimos an’anaviy — muloyim ohangda yozilgan bo‘lsa ham, buvim «uyni bo‘shatib qo‘yish» haqida buyruq ekanini yaxshi tushunardi.
Otasi uni istamaygina, noilojlikdan uyga olib ketdi. U bolajon oila sohibi bo‘lib ko‘rinishdan allaqachon voz kechgandi. General Syue bilan qarindosh bo‘lib olgach, birdaniga martabasi ko‘tarildi. Politsiya boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimini egallab, yaxshi aloqalarga ega bo‘lgan kishilar doirasiga kirgach, kattagina boylik ort-tirdi, yer sotib oldi va nashavandlikka berildi.
U yangi joyga tayinlanishi bilanoq bitta surayyo-joriya orttirdi. Mo‘g‘ul ayoli bo‘lgan bu o‘ynashni unga o‘zining boshlig‘i tortiq qildi. Bu xizmat martabasida ko‘tarilib borayotgan hamkasbiga odatdagi bir sovg‘a edi. Mahalliy politsiya boshlig‘i general Syuening himoyasidagi odamning ko‘nglini ko‘tarmoq uchun qildi bu ishni. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, katta buvam yangi surayyo orttirish haqida o‘ylay boshladi. Chunki unaqangi martabadagi odamlar ko‘proq o‘ynash tutishlari kerak edi, zero bu uning oliy maqomidan dalolat berardi. Uzoq izlashga hojat qolmadi: uning mo‘g‘ul surayyosining singlisi bor edi.
Ota-onasining uyidagi vaziyat o‘n yil oldingi ahvoldan keskin farq qilardi. Surayyolardan biri qiz tug‘di, u mening onam bilan tengqur edi. Buvimning singlisi Lan hali erga tegmagandi. Holbuki yoshi «ancha» (o‘n olti yosh )ga borib qolgandi. Bu narsa katta buvamning g‘azabini qo‘zg‘atardi.
Buvim sho‘rlik bir ilon uyasidan qutulib boshqasiga tutildi. Uning o‘zi ham, onasi ham katta buvamning jahlini chiqarardi. Xotinining o‘zi uning g‘ashiga tegardi, yoqimli surayyolar sohibi bo‘lgach, u battar qo‘rslashdi. Surayyolari bilan bir dasturxonda yonma-yon o‘tirib ovqatlanar, xotinini haydab, alohida tamaddi qilishga majbur etardi. Sohibining uyidan qaytib kelgani uchun qizini ham ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi.
Buning ustiga u o‘ziga qizining kasri tegishidan qo‘rqardi. Chunki qizining «eri» o‘lgandi. O‘sha kunlarda beva ayol irimi uni dahshatga solardi: qizini erining o‘limiga javobgar hisoblashardi. Katta buvam qizining unga ko‘zi tegishidan, omadini qochirishidan xavfsirardi, beva qizining bu uydan tezroq gumdon bo‘lishini xohlardi.
Tag‘in surayyolari ham uni qiziga qarshi qayrashardi. Ungacha uyda surayyolar xohlagan ishini qilishardi. Katta buvim yumshoq tabiatli, hatto ojiz ayol edi. Garchi surayyolarga nisbatan uning maqomi rasman yuqori bo‘lsa-da, amalda hamma narsa ularning injiqliklariga bog‘liq edi. 1930 yilda katta buvim o‘g‘il farzand ko‘rdi. Yuylinning dunyoga kelishi surayyolarning hafsalasini pir qildi, ular ertangi kundan umidini uzdilar, Chunki oila boshlig‘ining o‘limidan so‘ng, uning butun mol-mulki o‘g‘liga o‘tardi. Yan o‘z o‘g‘ilchasiga sal-pal muruvvat bilan qarasa ham surayyolarning jahli chiqardi. Yuylin tug‘ilganidan boshlab, katta buvimni uydan chiqarib yuborish uchun zo‘r berib xuruj boshladilar. Eri esa o‘g‘li tug‘ilganidan keyin ham uni qo‘llab-quvvatlamadi.
Buvim fe’l-atvoriga ko‘ra, onasiga nisbatan ancha kuchli edi. O‘n yil ichida ko‘rgan azob-uqubatlari uni tobladi. Undan otasi ham ha-yiqardi. U endi otasiga bo‘ysunmaslikka va o‘zi hamda onasini himoya qilishga ont ichdi. Buvim bor ekan surayyolar o‘zlarini tiyishga majbur edilar.
Mening onam ana shunday bir vaziyatda ikki yoshidan to‘rt yoshigacha yashadi. Bu inson shaxsi shakllanadigan yillar edi. Ayni o‘sha damlar buvim yigirma yoshdan oshgan, navqiron va go‘zal ayol edi. U ko‘pgina fazilatlarga ega edi. Shu bois bir necha odam sovchi qo‘ydi. Lekin u generalga surayyo bo‘lganligi tufayli buvimga uylanishni xohlaganlar kambag‘allar edilar. Bu esa janob Yanni aslo qoniqtirmasdi. Surayyolar dunyosi bilan yaxshi tanish bo‘lgan buvim bunday hayotni aslo xohlamasdi. Uning birdan-bir istagi — tinchgina yashab, qizini tarbiyalash edi.
Otasi, hadeb bo‘ynimda o‘tiraverasanmi, erga teg, deb qistardi. Buvim qayerga bosh urishni bilmasdi. Yashaydigan joyi ham, ishlaydigan yeri ham yo‘q edi. Bu hol uni ruhiy tushkunlikka olib keldi, asablari taranglashib, mazasi qochib qoldi. Do‘xtirni chaqirishdi. Uni ko‘rgani do‘xtir Sya keldi. U buvimning dugonasining qaynotasi edi, general Syue uyidan qochgach, mening onamni o‘shalarning uyida yashirishgan edi. Buvim uning kelini bilan yaqin dugona bo‘lsa-da, do‘xtir Sya uni sira ko‘rmagandi. Uyga kirib, buvimni ko‘rgach, do‘xtir o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, uning go‘zalligidan aqli shoshgandi. U uydan qaytib chiqdi va mazam qochdi deb qo‘ya qoldi. Nihoyat, u o‘ziga keldi va o‘tirib, buvim bilan bamaylixotir gaplashdi. Do‘xtir buvim dard-hasratlarini to‘kib solgan birinchi odam edi. U ham buvimga iliq va samimiy munosabatda bo‘ldi: buvim uni tushunishayotganini ilk bora his etdi. Tez orada ular bir-birini sevib qolishdi va do‘xtir buvimning qo‘lini so‘radi. U yana qo‘shimcha qilib, buvimga rasmiy uylanmoqchi va onamni o‘z qiziday o‘stirmoqchi ekanini ham aytdi. Buvim rozi bo‘lib, quvonchidan yig‘lab yubordi. Otasi ham bu nikohni ma’-qulladi, faqat qiziga qo‘shib sep berolmasligini ta’kidladi.
— Buning ahamiyati yo‘q, — dedi do‘xtir Sya.
Syaning Isyanda yaxshigina obro‘-e’tibori bor edi. U Yan oilasi singari Xitoyning aksariyat aholisi bo‘lgan xan millatiga mansub emasdi. Shu atrofda qadimdan yashab kelayotgan xalq orasidan chiqqan manjur edi. Uning ajdodlari manjur imperatorlari saroylarida tabib bo‘lib xizmat qilishgandi.
Do‘xtir Sya ajoyib shifokor sifatidagina emas, kambag‘allarni bepul davolovchi yaxshi odam sifatida ham shuhrat qozongandi. U gavdali odam edi, bo‘yi olti fut kelardi. Chaqqon va harakatchan edi. Sya an’anaviy uzun kiyim va nimcha kiyib yurardi. Mo‘ylov va soqol qo‘ygan, qo‘y ko‘zlaridan mehribonlik yog‘ilib turardi.
Do‘xtir buvimning qo‘lini so‘raganida ancha yoshga borib qolgandi. U oltmish besh yoshga to‘lgan, uylangan uch o‘g‘li va turmush qurgan bir qizi bor tul erkak edi. O‘g‘illari u bilan birga yashardi. To‘ng‘ich o‘g‘li uyni va oilaviy fermani boshqarardi. O‘rtanchasi do‘xtir bo‘lib otasi bilan ishlardi, kenjasi — buvimning dugonasining eri esa muallimlik qilardi. Uch o‘g‘ilning sakkizta farzandlari bo‘lib, ulardan biri uylangan va bolasi bor edi.
Do‘xtir Sya o‘g‘illarini xonasiga chaqirib, rejasini ma’lum qildi. O‘g‘illar ishonqiramay, bir-birlari bilan ko‘z urishtirib olishdi. Oraga og‘ir jimlik cho‘kdi.
Keyin to‘ng‘ich o‘g‘li:
— Ota, siz uni surayyo qilib olsangiz kerak deb o‘ylayman,— deya so‘radi.
— Yo‘q, — e’tiroz bildirdi do‘xtir, — unga uylanmoqchiman.
Bu katta ahamiyatga ega edi, chunki buvim uning o‘g‘illariga o‘gay ona bo‘lib qolardi va Syaning rafiqasi singari e’tiborga loyiq bo‘lardi.
Oilaning barcha a’zolari yig‘ilib, yuz bergan voqeani muhokama qilarkanlar, qattiq hayajonlandilar. Hatto kelin, buvimning dugonasi ham juda xafa bo‘ldi, chunki qaynotasining uylanishi uning sinfdoshi bilan munosabatlarini tubdan o‘zgartirardi. Kelin bundan buyog‘iga dugonasi bilan bir dasturxonda ovqatlanish u yoqda tursin, birga o‘tirishga ham haqqi bo‘lmay qolardi, u buvimning har bir istagini so‘zsiz bajarishga, unga yergacha egilib ta’zim qilishiga to‘g‘ri kelardi.
Barcha qarindoshlar — o‘g‘illar, kelinlar, nevaralar, hatto evarasi ham navbat bilan do‘xtir huzuriga kirdilar va «yaqinlaringiz tuyg‘ularini qaqshatmang» deb yalindilar. Hammasi uning oldida tiz cho‘kib, ta’zim bajo keltirishib, yig‘ladilar. Ular do‘xtir Syaga yalinib, o‘zining manjur ekanini, qadimiy manjur urf-odatiga ko‘ra, uning mavqeidagi odam xitoy ayoliga uylana olmasligini ta’kidlardilar.
— Bu qoida bekor qilinganiga ancha bo‘ldi, —dedi do‘xtir Sya.
— Agar siz haqiqatan manjur bo‘lsangiz, unga amal qilishingiz kerak, — deyishdi bolalari.
— Axir siz undan qariyb uch barobar kattasiz, — deyishdi unga.
— Qari erkakning yosh xotini boshqa erkakning hasmi bo‘ldi,- deb kesatdi qarindoshlaridan biri.
Farzandlari har qancha urinishmasin do‘xtirni ahdidan qaytara olishmadi.
Do‘xtir Sya badavlat odam edi. Isyan atrofida uning ikki ming akr yeri bor edi, Buyuk Xitoy devori janubidagi ancha-muncha maydonning sohibi edi. Shaharda u bo‘z g‘ishtdan kattagina imorat soldirgandi. Dori-darmon do‘koni bor edi.
Do‘xtirning gapga kirmayotganini ko‘rgan oila a’zolari buvimga tazyiq qilishga o‘tishdi. Bir safar uning huzuriga cholning kelini — buvimning dugonasi tashrif buyurdi. Choy-poy ichib, nari-beridan gaplashib o‘tirganlaridan so‘ng, maktabdosh dugonasi nima maqsadda kelganini aytdi-qo‘ydi. Buvim ko‘ziga yosh olib, dugonasining qo‘llaridan tutdi:
— Mening o‘rnimda sen bo‘lganingda nima qilarding? — deya so‘radi undan.
Dugonasi indamaganini ko‘rib, davom etdi:
— Sen joriya nima ekanligini yaxshi bilasan. O‘zingga shunday taqdirni ravo ko‘rarmiding? Bilasanmi, Konfutsiyda shunday bir hikmatli ibora bor: «Szyan sin bi sin!»* Ba’zan suhbatdoshingni yuksak hissiyotga da’vat etib, ustoz o‘gitini eslatish to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad etishdan yaxshidir.
Dugonasi o‘zini aybdorday his qilib uyiga qaytdi va tashrifi muvaffaqiyatsiz chiqqanini aytdi. Shuningdek, do‘xtir Syaning ikkinchi o‘g‘li Deguy siymosida o‘z maslakdoshini topgan ayolga bosim qilishga urinib ko‘rganini ham ta’kidladi. Deguy otasi bilan birga do‘xtir bo‘lib ishlardi va aka-ukalariga nisbatan otasiga yaqin edi. U bu nikohga xalaqit bermanglar, deb aytdi. Kenja o‘g‘il ham unga yon bosdi. Hammadan ko‘ra, to‘ng‘ich o‘g‘il bilan uning rafiqasi norozi edilar. Boshqalar o‘zlarini orqaga tashlaganlarini ko‘rib, u eriga shunday dedi:
— Albatta, ularga baribir. Ularning hunarlari bor. Bu ayol ular qo‘lidan hunarini tortib ololmaydi. Lekin sizda nima bor? Siz bor-yo‘g‘i cholning mol-mulkini boshqarasiz — bularning hammasi o‘sha ayol va uning qiziga o‘tib ketadi. Men bechora nima qilaman, sho‘rlik bolalarimning ahvoli nima kechadi? Boshimizni qayoqqa uramiz? Balki hammamiz o‘lishimiz kerakdir?! Balki otang shuni xohlayotgandir?! Nima, ular ikkalasi tinch yashashi uchun men o‘zimni o‘ldirishim kerakmi?
U shunday derkan, yig‘lab, dod-voy soldi. Hayajonlanib ketgan eri:
— Menga ertagacha muhlat ber, — dedi.
Ertasi kuni uyqudan uyg‘ongan do‘xtir Sya eshigi oldida butun oilasi — o‘n besh kishini ko‘rdi. Ular orasida Deguy yo‘q edi. Chol tashqari chiqishi bilan to‘ng‘ich o‘g‘li hayqirdi:
— Ta’zim!
Hamma baravariga tiz cho‘kib ta’zim qildi.
O‘g‘li titroq ovozda e’lon qildi:
— Ota, o‘g‘illaringiz va butun oilangiz shu yerda qolib, to o‘lmagunlaricha ta’zimda bo‘ladilar, toki siz biz haqimizda, yaqinlaringiz haqida, hammadan ko‘ra, o‘zingiz haqingizda o‘ylab ko‘rmaguningizcha shunday turaveradilar.
Do‘xtir Sya g‘azabdan titrab ketdi.
— Turinglar o‘rningizdan! —deb baqirdi.
— Yo‘q, ota,— dedi to‘ng‘ich o‘g‘il xitob qilib.— Biz o‘rnimizdan turmaymiz, agar to‘yni to‘xtatmasangiz!
Do‘xtir Sya unga tushuntirishga urinib ko‘rdi, biroq u e’tiroz bildiraverib cholning g‘azabini junbushga keltirdi.
— Sizlar nima haqda o‘ylayotganlaringni men juda yaxshi bilaman, — dedi u nihoyat, — umrim ko‘p qolgani yo‘q. Sizlar bo‘lajak o‘gay onangizdan qo‘rqayapsizlar. Lekin u sizlarga juda yaxshi munosabatda bo‘lishiga shubha qilmayman. Men uning pokligini juda yaxshi bilaman. U o‘ta fazilatli ayol…
«Fazilatli» so‘zini eshitib to‘ng‘ich o‘g‘il pishqirdi:
— Joriyada “fazilat” nima qiladi! Avvalam bor yaxshi ayol joriyalikka borarmidi?!
U shunday deb buvimni haqorat qilaketdi.
Do‘xtir Sya o‘zini tutib turolmadi. Hassasini ko‘tarib, o‘g‘lini savalay ketdi. U umr bo‘yi xotirjamlik va o‘zini tutishning namunasi bo‘lib kelgandi. Bu ahvolni ko‘rgan va hamon tiz cho‘kib turgan oila a’zolari hangu mang bo‘lib qoldilar. Chevara chinqirab yig‘lab yubordi. To‘ng‘ich o‘g‘il bir zumga jim bo‘lib qoldi, so‘ng yana baqirishga tushdi. Endi u faqat og‘riqdangina emas, g‘ururi tah-qirlanganidan ham dag‘dag‘a qila boshladi. Axir, oilasi ko‘z o‘ngida uni kaltaklashdi-ya! Do‘xtir Sya g‘azabdan nafasi qisilib, to‘xtab qoldi. O‘g‘li yana buvimni haqoratlay boshladi. Otasi o‘zini yo‘qotib, «ovozingni o‘chir» deb tayog‘i bilan shunday tushirdiki, hassasi sinib qoldi.
O‘g‘il tahqir va og‘riqdan bir zumga qotib qoldi. Keyin to‘pponchasmni chiqardi-da, otasining yuziga qaradi:
– Sadoqatli fuqaro imperatorga sadoqatini o‘z o‘limi bilan isbotlaydi. Ehtiromli farzand ham otasiga nisbatan shunday qiladi. Men jon beribgina sizni ishontirishim mumkin.
O‘q gumburladi. O‘g‘il bir chayqaldi-yu yerga quladi. U qorniga qarab o‘q uzgandi. Uni darhol yaqin atrofdagi shifoxonaga jo‘natishdi. Ke-yingi kuni u o‘sha yerda jon berdi. Ehtimol u o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘lmagandir, otasining qarshiligini yengish uchun tomosha ko‘rsatmoqchi bo‘lgandir.
O‘g‘lining o‘limi do‘xtir Syani qattiq qayg‘uga soldi. Lekin u xotirjamdek ko‘rinardi. Atrofdagilar uning g‘amdan ich-ichidan zil ketayotganini sezib turishardi. U ma’yus bo‘lib qolgandi.
Isyan qaynardi: odamlar g‘azabga to‘lib-toshdi, bema’ni mish-mishlar tarqaldi. Bo‘lib o‘tgan voqea uchun butun aybni do‘xtir Sya va buvimga qo‘yishardi. Ammo do‘xtir uni hech narsa to‘xtata olmasligini ko‘rsatib, uylanishga qaror qildi. Dafn marosimi o‘tgach, u to‘y kunini belgiladi. U bolalarini bo‘lajak onalariga yetarli darajada ehtirom ko‘rsatishlari kerak deb ogohlantirdi va shaharning e’tiborli kishilariga taklifnoma jo‘natdi. Do‘xtir buvimga to‘y marosimiga yaxshilab tayyorlanishni tayinladi. Buvim esa ayblovlar do‘xtir ikkalasining munosabatlariga ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda edi. Lekin uning asosiy fazilati jur’atliligi edi. U o‘zini aybdor emasligiga ishontirishga urinardi. Shu boisdan tantanali marosimga rozilik berdi. To‘y kuni buvim ota uyini tark etib, taxtiravonda, mug‘anniylar kuzatuvida yo‘lga chiqdi. Manjurlar odatiga ko‘ra, uning oilasi taxtiravon yolladi va kelinni kuyovning uyigacha bo‘lgan yo‘lning yarmiga olib borib qo‘ydi. Kuyov bo‘lsa boshqa taxtiravon yubordi va kelin yo‘lining qolgan qismini unda bosib o‘tishi kerak edi. Kelin ikkinchi taxtiravonga o‘tiradigan joyda uning besh yashar ukasi Yuylin engashib turdi. Bu bilan u onasini do‘xtir Syaning taxtiravoniga yelkasida olib o‘tayotganini ifodaladi. Ular do‘xtirning uyiga yetib kelishganda ham Yuylin shu vaziyatni takrorladi.
Shundan so‘ng kelinning ikkita dugonasi uni marosim o‘tadigan uyga boshlab kirdilar. Do‘xtir Sya qizil kimxob yopilgan stol yonida turardi, stol ustiga Osmon, Yer, Imperator, Ajdodlar va Ustozning ramziy belgilari qo‘yilgan edi. Kuyov manjurlarning an’anaviy kiyimida edi. U tiz cho‘kib, ramziy belgilarga besh marta ta’zim qildi-da, nikoh xonasiga kirdi.
Keyin buvim ikki dugonasi kuzatuvida, besh marta tavoze bilan tiz cho‘kib ta’zim bajo keltirdi. So‘ng do‘xtirning ortidan nikoh xonasiga kirdi. Do‘xtir uning ustidan og‘ir yoping‘ichini yechib oldi. Kelinning dugonalari ularga kadi shaklidagi ko‘ralar taqdim etishdi. Kelin-kuyov bu guldon idishlarni o‘zaro almashishdi, dugonalar chiqib ketishdi. Do‘xtir Sya bilan buvim sukut saqlagancha biroz yonma-yon o‘tirishdi va kuyov qarindoshlari hamda mehmonlar huzuriga chiqdi. Buvim o‘rindiq ustida yolg‘iz bir necha soat qimir etmay o‘tirdi. U qizil qog‘oz bilan yozilib, derazaga yopishtirilgan yirik iyeroglifda bitilgan «Qo‘shaloq baxt» so‘zidan ko‘z uzmasdi. Mehmonlar ketgach, do‘xtir Syaning yosh bir qarindoshi kirib, buvimning yengidan uch marta tortdi. U o‘rnidan endi turishi mumkin edi. Buvim ikki oqsoch ko‘magida kashtali kiyimini yechib, oddiy qizil ko‘ylak va qirmizi lozim kiyib oldi. Qimmatbaho toshlar qadalgan kattakon bosh kiyimini yechib qo‘ydi va sochini halqalar bilan quloqlari orqa-siga turmaklab qo‘ydi.
Shunday qilib, 1935 yilda mening to‘rt yoshli onam va yigirma olti yoshga kirgan buvim do‘xtir Syaning keng va hashamatli uyiga ko‘chib o‘tdilar. Bu uy ulkan me’moriy majmua edi: uning ichki qismida yashaydigan uylar joylashgandi, tashqi tomonda ko‘chaga qarab ambulatoriya va dorixona egallagandi. Odatda, ishi yurishgan shifokorlarning xususiy dori-darmon do‘konlari bo‘lardi. Uyning peshtoqi chiroyli qilib bezatilgandi. Peshtoq markaziga tillarang iyerogliflar bilan yozilgan «Sya xonadoni» degan lavha osilgandi.
O‘g‘li o‘lganidan so‘ng, do‘xtir Sya qarindoshlarining ko‘zlarida ta’na-dashnomlarini his qilib turardi. Lekin buvim bilan gaplashganda, u aslo o‘z dardini aytmasdi: xitoy erkagining shikoyat qilishga haqqi yo‘q edi. Albatta, buvim uning azob chekayotganini bilardi, u bilan birga qayg‘urardi. Unga muloyim munosabatda bo‘lar, uning barcha istagini bajo keltirishga harakat qilardi.
Buvim oila a’zolari bilan to‘qnash kelib qolganda hamisha jilmayardi, ular esa nafratini namoyish qilish-la javob qaytarishardi. Hatto sobiq maktabdoshi bo‘lgan dugonasi ham undan o‘zini olib qochardi. Buvim esa, to‘ng‘ich o‘g‘ilning o‘limida uni aybdor hisoblashayotganidan azoblanardi. Uning butun turmush tarzi manjurchasiga tus oldi. U bir xonada qizi bilan, do‘xtir Sya esa alohida yotardi. Uydagilardan faqat birgina «xayrli tong» degan iborani eshitardi.
Bayram yoki boshqa tantanali marosimlar munosabati bilan butun oila a’zolari unga ta’zim qilib, iltifot ko‘rsatishlari kerak edi. Bunga javoban buvim o‘rnidan turib, stol yonida qad rostlashi lozim bo‘lardi. Bu bilan ularning marhum onalari o‘rnini bo‘shatib berayotganini isbotlardi. Manjur urf-odatlari go‘yo buvim bilan do‘xtir Syani bir-biridan uzoqroqda tutib turish uchun ataylab yaratilgandek edi. Ular hatto birga ovqatlanishlari ham mumkin emasdi. Buvim tamaddi qilayotganda unga xizmat qiluvchi kelinlardan bittasi, albatta, orqasida poylab turardi.
Do‘xtir mening onamga yaxshi munosabatda bo‘ldi va o‘z qiziday o‘stirdi. Onam uni «ota» deb chaqirardi, do‘xtir esa unga o‘z familiyasini berdi. Onam hanuzgacha Sya familiyasi bilan ataladi. Ismini esa Dexun qo‘yishdi. Bu so‘z ikki ramzdan iborat bo‘lib, xun – yovvoyi g‘oz*, de – saxovatli ma’nosini bildirardi.
Do‘xtir Syaning oilasi buvimni oshkora haqorat qilishga botinolmasdi. Bu o‘z «onalari»ga xoinlikday bo‘lardi. Lekin buvimning qizi – boshqa gap. U onasining erkalashlarini yaxshi eslaydi, ayni paytda Sya oilasida bolalarning unga o‘tkazgan zug‘umlarini ham unutgani yo‘q. U yig‘lamaslikka harakat qilar, qizargan va ko‘kargan joylarini ko‘rsatmaslikka urinardi. Lekin buvim nimalar bo‘layotganini yaxshi bilardi. Onam janjal chiqmasin va kayfiyati buzilmasin deb do‘xtirga aytmasdi. Dardini ichiga yutib yurardi.
Onamning eng yaxshi do‘stlari — uy hayvonlari: boyo‘g‘li, bir necha qisqa jumlanigina ayta oladigan chug‘urchiq, lochin, mushuk, oq sichqonlar edi. Odamlardan esa o‘z onasi, ya’ni buvimdan tashqari, do‘xtir Syaning aravakashi — Katta Li onamning eng yaqin odami edi. Baquvvat bu odam Xingan tog‘lari tomonlaridan edi.
Katta Li onamga jonivorlarning qiliqlari to‘g‘risida gapirib berardi. O‘sha paytlar Shimoliy Manjuriya tog‘larida ko‘p uchraydigan yo‘lbarslar yuvosh, agar xavfni sezmasalar, ular odamga tegmaydi. U yo‘lbarslarni yaxshi ko‘rardi. Ayiqlar boshqa gap: ular vahshiy bo‘ladi. Ayiqlardan uzoqroq yurish kerak. Agar ayiqqa duch kelsang, u boshini tushirmaguncha qimir etmay turganing ma’qul. Uning peshonasida yoli bo‘ladi. Boshini egsa yoli ko‘ziga tushib, qarashga xalaqit beradi. Bo‘rini ko‘rib qolsang, burilib qocha ko‘rma, chunki undan qochib qutulishning iloji yo‘q. To‘xtab, go‘yo qo‘rqmayotganday uning ko‘ziga tik qarashing lozim. Keyin asta-sekin chekinishing mumkin. Yillar o‘tib, Katta Lining maslahati onamning hayotini saqlab qolgandi.
Bir safar onam besh yoshdaligida o‘z jonivorlari bilan bog‘da o‘ynab yurgan edi. Do‘xtir Syaning nabiralari onamni o‘rab olishdi, uni turtib, haqorat qilib, keyin u yoqdan-bu yoqqa sudrab ura boshlashdi. Ular onamni bog‘ning bir burchagiga qisib borishdi, u yerda suvi qurigan bir quduq bor edi, uni itarib yuborishdi. Quduq chuqur edi, onam uning tubidagi toshga qattiq urildi. Nihoyat, kimdir onamning chinqirig‘ini eshitib, Katta Lini chaqirdi. U narvon ko‘tarib yugurib keldi. O‘sha paytda o‘zini yo‘qotgancha buvim ham kelib qoldi. Bir necha daqiqalardan so‘ng Katta Li onamni quduqdan hushsiz holda olib chiqdi. Buvim uni uyga olib kirdi, do‘xtir Sya onamni ko‘zdan kechirib, son suyagidan biri singanini aniqladi. Onam sho‘rlik umr bo‘yi oqsoq bo‘lib qoldi.
Do‘xtir Sya «nima bo‘ldi?» deb onamdan so‘raganda, u nabirasi Oltinchi itarib yuborganini aytdi. Do‘xtirning kayfiyatiga juda sezgir bo‘lgan buvim onamning gapini bo‘ldi, chunki Oltinchi uning sevimli nabirasi edi. Do‘xtir xonadan chiqqach, buvim onamga shikoyat qilmaslikni tayinladi, aks holda u kishi xafa bo‘ladi, dedi. Keyin oyog‘i singani tufayli buvim ancha vaqtgacha ko‘chaga chiqolmadi. Qolgan bolalar undan butunlay yuz o‘girishdi.
Ana shu voqeadan so‘ng do‘xtir Sya uyda ko‘rinmay qoldi. U bir necha kunlar kelmay qolardi. Do‘xtir yigirma mil janubda bo‘lgan Szinchjou shahriga qatnab ish qidirardi. Uydagi vaziyat chidab bo‘lmas darajada edi, sal bo‘lmasa onamning o‘lib ketishiga sabab bo‘lay degan voqea esa uni ko‘chib ketish zarurligiga ishontirdi.
Bu juda jiddiy qaror edi. Xitoyda katta oila sohibi bo‘lish buyuk sharaf hisoblanardi. Bir necha avlodning birga yashashi juda e’zozlanardi. Bunday katta oilaning parchalanishi esa fojia sanalardi. Shunga qaramay, do‘xtir Sya bunga jazm etdi. Bu buvimga ham ma’qul edi. Ta’nayu dashnomlar, tahqirlashlar uning joniga tegib ketdi. Buvim yengil nafas olganday bo‘ldi.
Do‘xtir Sya o‘z mulkini qarindoshlariga bo‘lib berdi. Manjur imperatorlari tomonidan ajdodlariga berilgan buyumlarnigina o‘ziga olib qoldi. To‘ng‘ich o‘g‘lining bevasiga yerning hammasini berdi. O‘rtancha o‘g‘il dorixonaga ega bo‘ldi. Kenjasiga uy tegdi. Do‘xtir Katta Li va boshqa xizmatkorlariga ham g‘amxo‘rlik qildi. U buvimdan: «Qashshoqlikdan qo‘rqmaysanmi?» deb so‘raganida:
— Mening baxtim uchun qizim va siz bo‘lsangiz bas, — debdi buvim. — Muhabbat bilan hatto oddiy buloq suvi ham shirin bo‘ladi…
1936 yilning sovuq dekabr kunida butun oila ularni kuzatish uchun markaziy darvoza oldida to‘plandi. Otasining uylanishiga qarshi chiqmagan o‘g‘li Deguydan boshqa hech kimning ko‘zida yosh ko‘rinmasdi. Katta Li ularni stantsiyaga olib chiqdi, onam u bilan yig‘lab xayrlashdi. Biroq poyezdni ko‘rganda judayam quvonib ketdi. Ilk bor u poyezdga bir yoshida chiqqandi, hozir esa vagon oynasidan atrofni zavqlanib kuzatib borardi.
Szinchjou, qariyb o‘n ming aholisi bo‘lgan yirik shahar edi. U mamlakatdagi to‘qqiz viloyatdan biri — Manchjou-choning bosh kenti edi. Shahar dengizdan o‘n mil masofada, Manjuriya Buyuk Xitoy devoriga tutashgan yerda joylashgan. Isyan singari qal’a devori bilan o‘rab olingan bu shahar juda tez o‘sdi va devor tashqarisida ham ancha kengaydi. Shaharda bir necha fabrika, ikkita neftni qayta ishlash zavodi bor edi. U katta temir yo‘l chorrahasida joylashgan, hatto o‘z aeroportiga ham ega edi.
Yaponlar bu shaharni 1932 yilning yanvarida og‘ir janglardan so‘ng egalladilar. Strategiya jihatdan muhim bo‘lgan bu aholi manzilini bosib olish Manjuriyaning yengilishida hal qiluvchi rol o‘ynadi va Yaponiya bilan Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida jiddiy diplomatik nizolar tug‘dirdi. Aynan shu nizolar qator voqealarga sabab bo‘ldi hamda o‘n yildan keyin Pyorl-Xarbor hodisasiga olib keldi.
1931 yilda yaponlar Manjuriyaga hujum boshlaganda, Yosh Marshal Chjan Syuelyan o‘z poytaxti Mukdenni* ularga topshirishga majbur bo‘ldi. U ikki yuz ming kishilik qo‘shin bilan Szinchjou shahriga kirib, o‘zining yangi qarorgohini tashkil etdi. Shaharni osmondan bombardimon qilgan yaponlar, bu, tarixda ilk bombalar hujumidan biri edi, Szinchjouni egalladilar va vahshiylik qila boshladilar.
Oltmish olti yoshga kirgan do‘xtir Syaga aynan shu Szinchjou shahrida hamma narsani yangidan boshlashga to‘g‘ri keldi. Do‘xtirning mablag‘i eng kambag‘al mahallalardan birida loydan yasalgan xarob kulbani sotib olishga zo‘rg‘a yetdi. Daryo suvini to‘sish uchun tiklangan to‘g‘on yonida qurilgan bu kulba atrofi qishda muzlar, yozda chivinlar ko‘zni ochirmasdi. Tez-tez bo‘lib turadigan toshqinlar hayotni battar og‘irlashtirardi. Sovuq odamning et-etidan o‘tib ketardi, na elektr quvvati, na suv quvuri o‘tkazilmagandi.
Shu kulbaning shundoqqina ro‘parasida Quyosh Tangrisiga atab qurilgan naqshinkor ibodatxona bor edi. Ibodat qilgani kelganlar otlarini Sya kulbasi oldiga bog‘lab qo‘yardilar. Havo isigan kunlari do‘xtir Sya kechqurunlari onamni yetaklab daryo sohilida sayr qilar va mumtoz she’rlardan o‘qib berardi. Buvim ular bilan sayrga chiqmasdi: er-xotinning birga yurishini g‘ayritabiiy qabul qilishar, buning ustiga tang‘ib bog‘langan oyoqlar buvimni sayr qilib yurish zavqidan mahrum etgandi.
Ular och-nahor yashashga majbur edilar. Isyanda oilani oziq-ovqat bilan do‘xtir Sya yeri ta’minlardi. Garchi yaponlar ular donining anchasini tortib olgan bo‘lsalar-da, uyda hamisha guruch topilardi. Endi daromad ancha kamaydi, yaponlar esa boj-xiroj ulushini tag‘in oshirdilar. Bu yerda yetishtirilgan ko‘p narsalarni Yaponiyaga olib ketilardi. Ulkan yapon armiyasi Manjuriyada guruch va bug‘doyni butunlay olib qo‘yar, mahalliy aholi makkajo‘xori va boshqa ozuqa ekinlari bilan kun ko‘rardi. Ko‘pincha ular ham yetishmasdi.
Buvim bunaqa kambag‘allikni sira ko‘rmagandi. Lekin, baribir, bu uning hayotidagi eng baxtli damlari edi. Do‘xtir Sya uni jondan yaxshi ko‘rardi, qizi hamisha yonida edi. Og‘ir manjur urf-odatlarini bajarish azobidan qutulgandi. Loysuvoq kulbada tez-tez kulgi jaranglaydigan bo‘lib qoldi. Ba’zan buvim bilan do‘xtir karta o‘ynashardi. Agar do‘xtir yutqazsa, buvim uning peshonasiga uch marta chertardi. Bordi-yu, buvim yutqazsa, do‘xtir uni uchta o‘pish bilan mukofotlardi.
Buvimning qo‘shnilari orasida dugonalari paydo bo‘ldi. Bu ham yangilik edi. Uni kambag‘al bo‘lsa ham do‘xtirning xotini sifatida hurmat qilishardi. Ko‘p yillik tahqirlashlardan so‘ng buvim, nihoyat, o‘zini erkin his eta boshladi.
Ular dugonalari bilan tez-tez tomosha ko‘rsatishardi: eski manjur xalq qo‘shiqlarini kuylashar, raqsga tushishardi. Buvim bunday kechalarni yoqtirardi va ularga oldindan tayyorgarlik ko‘rardi. Doira chalib, qo‘shiq aytardi, uning so‘zlarini ko‘pincha o‘zi to‘qirdi. Lekin atrofdagi hayot og‘ir edi. Har bir kun yashash uchun kurashga aylanib borardi. Guruch va bug‘doyni chayqov bozoridagina topish mumkin edi. Buvim general Syue sovg‘a qilgan qimmatli buyumlarini sota boshladi. Buni sezib qolgan do‘xtir e’tiroz bildirdi.
— Men qarib qoldim, — dedi u, — o‘lib-netib qolsam, seni ana shu qimmatbaho buyumlar boqadi. Ochlikdan o‘lib ketishingga yo‘l qo‘ymaydi…
Do‘xtir boshqa bir shifokorning dori-darmon do‘konida xizmat qilardi. O‘z iste’dodini namoyon qilishga imkoni yo‘q edi. Lekin tinimsiz ishlardi, shu tufayli asta-sekin dong taratdi. Tez orada uni birinchi mijozga chaqirib qolishdi. O‘sha oqshom u quruq qaytmadi:
— Qani topinglar-chi, ushbu tugilgan matoda nima bor? — dedi buvim bilan onamga.
Onam tugunchadan ko‘zini uzolmasdi, u «bo‘g‘irsoq» deb qichqirishga ulgurmay tugunchani yechishga kirishdi. Quvonchdan yonoqlari yonib, boshini ko‘tarib do‘xtirga qaradi. Syaning ko‘zlari porlab turardi. O‘shandan beri ellik yildan oshiq vaqt o‘tdi, lekin onam o‘sha baxtli nigohni hali-hali eslaydi va hanuz: «Umrimda bunaqangi shirin bo‘g‘irsoq yemagandim. Bug‘doy unidan pishirilgan bo‘g‘irsoqlar biram shirin ediki!” – deyishdan charchamaydi.
Do‘xtirni uyga chaqirish Sya uchun juda muhim edi, chunki mijozlar pulni uning xo‘jayiniga emas, o‘ziga to‘lardilar. Agar mijozning ko‘ngli to‘lsa yoki badavlat bo‘lsa, do‘xtir xizmat haqiga yaxshigina bo‘nak olardi. Minnatdor mijozlar unga Yangi yil yoxud bayram kunlari sovg‘a-salomlar ham hadya etishardi. Ana shunday bir necha chaqiriqlardan so‘ng do‘xtirning ishi ancha yurishib ketdi.
Uning dovrug‘i ortib borardi. Bir safar viloyat gubernatorining xotini hushidan ketib qolganda do‘xtir uni hushiga keltirdi. Buni xuddi o‘likni tiriltirishdek qabul qilishdi. Gubernator yorliq buyurtirib, unga o‘z qo‘li bilan: «Odamlarga hayot bag‘ishlovchi do‘xtir Sya» deb yozib qo‘ydi. Keyin o‘sha yorliq lavhani maxsus vakillar kuzatuvida butun shahar bo‘ylab olib o‘tishni amr etdi.
Ko‘p o‘tmay gubernator unga boshqa bir xususda yordam so‘rab murojaat qildi. Uning xotini va o‘n ikki nafar joriyasi bor edi, lekin ularning hech biri tug‘magandi. Gubernator do‘xtir Sya pushtsizlikni davolashga usta ekanini eshitib qolib, uni chaqirtirdi. Do‘xtir gubernatorga va uning o‘n uch ayoliga damlama yozib berdi. Uni ichgan xonimlardan bir nechtasi homilador bo‘ldi. Aslida hamma gap gubernatorning o‘zida edi. Biroq do‘xtir Sya ustomonlik bilan ish tutib, gubernatorni, xotinini va ayollarini birgalikda davolagan edi. Xursandligidan esankirab qolgan gubernator do‘xtir Sya haqida: «Guanin timsoli»* degan yanada kattaroq yorliq yozib berdi. Yangi yorliqni do‘xtirning uyiga katta dabdaba bilan olib borishdi. Shundan keyin do‘xtir huzuriga odamlar to‘rt yuz mil shimolda joylashgan Xarbindan ham kela boshlashdi. Do‘xtir Syaning nomi Manchjou-godagi to‘rt «tibbiy daho»lardan biri sifatida mashhur bo‘lib ketdi.
1937 yilning oxirida Szinchjouga kelganidan bir yil o‘tgach, do‘xtir Sya kengroq uyga ko‘chib o‘tdi. Bu uy shaharning eski darvozasidan tashqarida edi. U daryo bo‘yidagi kulbadan ancha yaxshi edi: paxsadan emas, balki qizil g‘ishtdan tiklangan, bir emas, uchta yotoqxonasi bor edi. Do‘xtir Syada yana amaliyot bilan shug‘ullanish imkoni tug‘ildi. Mijozlarni u o‘z mehmonxonasida qabul qilardi. Turmushlari iziga tushib ketdi. Lekin ular farzand ko‘rishmadi. Buvim yosh bo‘lsalar-da, do‘xtir Sya oltmish beshdan oshgan edi…
___________
* Fut — 30,48 santimetr.
* Akr — 0, 4047 m2 ga teng.
* «Szyan sin bi sin!» – «Tasavvur qil, mening yuragim –seniki!».
* Xitoy folklorida «yovvoyi «g‘oz» atamasi olis yurtdan keluvchi xabarning an’anaviy ramzidir. Muallif yevropalik o‘quvchi ongiga yaqin bo‘lsin degan ma’noda g‘oz emas, balki oqqush obrazidan foydalangan.
* Mukden— hozirgi Shinyan.
* Guanin— xitoyliklar e’tiqodicha, farzand ato etuvchi Budda shafqat ma’budasi.

«MANChJOU-GODA YaShASh QANDAY YaXShI»
(1938–1945)

1938 yil kirdi, onam yetti yoshda edi. U aqlli qiz bo‘lib, o‘qishni juda-juda istardi. Ota-onasi yangi o‘quv yili boshlanishi bilan u maktabga boradi, deb hisoblashardi. O‘qish xitoy Yangi yilidan ke-yinoq boshlanardi.
Yaponlar ta’lim sohasini, ayniqsa, maktabda o‘tiladigan tarix va axloq-odob darslarini qattiq nazorat qilardilar. Davlat tili xitoy tili emas, yapon tili edi. Boshlang‘ich maktabning to‘rtinchi sinfidan keyin hamma darslar yapon tilida olib borilardi. O‘qituvchilarning aksariyati yaponlar edi.
1939 yilning o‘n birinchi sentyabrida Szinchjou shahriga Manchjou-go imperatori Pu I rafiqasi bilan keldi. Iperator ayoliga gullar tutishni boshlang‘ich maktabning ikkinchi sinf o‘quvchisi bo‘lgan onamga ishonib topshirishdi. Minbarga Manchjou-goning sariq bayrog‘ini ko‘targan ko‘plab odamlar to‘plangandi. Onamga katta guldasta berdilar. U orkestr va oliy martabali shaxslar yonida mag‘rur turardi. Uning yonida xuddi o‘shanday yoshdagi bola Pu Iga beriladigan guldastani ko‘tarib olgandi. Imperator va uning rafiqasi ko‘rinishi bilan orkestr Manchjou-go madhiyasini chala ketdi. Hamma tik qotib turardi. Onam oldinga chiqdi va ta’zim bajo keltirdi. Imperator xonimi oppoq ko‘ylakda, tirsagigacha oq qo‘lqop kiygandi. Juda go‘zal ekan, deb o‘yladi onam. U ko‘z qiri bilan harbiy kiyimdagi imperator Pu Iga qarab qo‘ydi. Ko‘zoynakning qalin oynasi ortida onam «cho‘chqa» ko‘zlarini his etdi.
Onam a’lo baholarga o‘qirdi, lekin faqat a’lo o‘qigani uchungina hazrati oliyalariga gul tutgani yo‘q. U manjur qizi bo‘lgani uchun ham gul tutdi. Chunki u barcha hujjatlarda o‘zini do‘xtir Syaning qizi deb ko‘rsatardi. O‘sha paytda Manchjou-go manjurlarning mustaqil davlati deb o‘ylashardi. Imperator Pu I yaponlar uchun juda qo‘l kelardi, chunki odamlarning ko‘pchiligi ularni manjur imperatori boshqarayapti deb o‘ylashardi. Do‘xtir Sya o‘zini uning sodiq fuqarosi deb hisoblardi, buvim ham shu fikrga qo‘shilardi.
Maktabda onamni u Manchjou-go mamlakatida yashayapti deb o‘qitishardi. Unga qo‘shni bo‘lgan ikki mamlakatdan biri— dushman, uni Chan Kayshi boshqarardi, ikkinchisi— do‘st, unda Van Szinvey* hukmdor. U tarkibida Manjuriya ham bo‘lgan Xitoyni sira tasavvur qilolmasdi.
Maktab o‘quvchilarini Manchjou-go davlatining fuqarolari sifatida tarbiyalardilar. Onam yodlagan dastlabki qo‘shiqlardan biri shunday edi:
Qip-qizil bolalar, yam-yashil qizlar
Shodon borishmoqda ko‘chalar bo‘ylab.
Manchjou-goda yashash qanday yaxshi,
Deya yurishibdi hammasi so‘ylab.
Kishilar yashaydi osoyishta, shod,
Ishlashar qayg‘udan va g‘amdan ozod…
O‘qituvchilar Manchjou-go — bu yer yuzidagi jannat deb ta’kid-lardilar. Lekin hatto onam ham yosh bo‘lishiga qaramay, agar bu jannat bo‘lsa, faqat yaponlar uchun ekanligini yaxshi tushunardi. Yapon bolalari issiq va yaxshi jihozlangan alohida maktablarga borishardi. Mahalliy bolalar to‘kilay deb turgan maktablarda o‘qishardi. Sinfxonalari isitilmasdi. Qish paytlari o‘quvchilar isinib olish uchun, maktab binosini aylanib chopardilar.
Yapon muallimlari mahalliy o‘quvchilarni tahqirlar, urardilar, qor ustida uzoq vaqt tiz cho‘ktirib jazolardilar. Mahalliy bolalar yaponni ko‘rsa bosh egib ta’zim qilishi, u hatto o‘zidan kichkina bo‘lsa ham yo‘l berishi kerak edi. Hatto kattalar ham yaponlarga egilib ta’zim qilardilar. 1940 yilda Szinchjouda o‘n besh mingga yaqin yapon yashardi. Yaponlar qo‘shni uyda yashashardi, buvim ularga do‘stona munosabatda bo‘lardi. Oila boshlig‘i amaldor edi. Har kuni ertalab o‘z idorasiga rikshada* ketar ekan, xotini va uchta bolasi uni ta’zim bilan kuzatib qolardi.
Yapon ayoli erini qariyb ko‘rmasdi va o‘zini yolg‘iz his etardi. U tez-tez buvimnikiga kirib turar va o‘zi bilan sake* olib kelardi. Buvim gazak uchun u-bu tayyorlardi. Buvim bir oz yaponcha gapirar, yapon xonim esa sal-pal xitoycha. Ular gaplashib o‘tirishar, qo‘shiq aytishar, birgalikda yig‘lashardi. Ba’zi-ba’zida bog‘da bir-biriga ko‘maklashishardi. Onam ham ularning bog‘iga chiqib, o‘ynab turardi.
Lekin yaponlarning qilayotgan ishlari buvimning oilasiga ham yetib kelardi. Shimoliy Manjuriyaning bepoyon kengliklarida yaponlar qishloqlarga o‘t qo‘yar, tirik qolgan odamlarni «strategik joylarga» haydashardi. Aholining oltidan bir qismi, besh milliondan ziyod kishi boshpanasiz qoldi, o‘n minglab odamlar halok bo‘ldilar. Ishchilar shaxtalarda o‘lardilar. Ular Yaponiyaga jo‘natish uchun ko‘mir qazirdilar. Manjuriya yer osti qazilmalariga juda boy edi. Ularda ishlovchilar och-nahor yashashar, kasalga chalinib, qochib ketishga ham majollari yetmasdi.
Do‘xtir Sya ko‘pdan beri: «Imperator yaponlarning shafqatsizligi haqida bilmaydi», deb ta’kidlardi. Chunki uning o‘zini ularning qo‘lida tutqin deb hisoblardi. Lekin Pu I Yaponiyani avvalgiday «do‘stona qo‘shni davlat» deb emas, balki «katta og‘a – davlat», keyin esa «qardosh davlat» atay boshlagach, do‘xtir Sya mushti bilan stolga urib, uni «kaltafahm qo‘rqoq» deya so‘kina boshladi. So‘ngra uning oilasida ikkita qayg‘uli voqea sodir bo‘ldi.
1941 yilning oxirlarida do‘xtir Syaning xonasiga notanish bir kishi kirib keldi. Juldur kiyimdagi bu odam ozib-to‘zib ketgan, qaddini ko‘tarolmasdi. U temir yo‘lda hammol bo‘lib ishlashini, qornida qattiq og‘riq azob berayotganini aytdi. Ishda u yiliga uch yuz oltmish besh kun og‘ir yuk tashirkan. Hammol:
— Agar ishlamasam xotinim bilan yangi tug‘ilgan bolamni qanday boqaman, — deb nolidi.
— Bu odamning me’dasi dag‘al ozuqani hazm qilolmaydi, — deb tushuntirdi do‘xtir.
1939 yilning 1 iyunidan hukumatning qarori bilan guruch zahiralari yaponlarga topshiriladigan bo‘ldi. Aholining ko‘pchiligi eman daraxtining mevasi — cho‘chqayong‘oq va gaolyan* bilan oziqlanardi. Ularni hazm qilib bo‘lmasdi. Do‘xtir Sya o‘sha odamga bepul dori berdi va buvimdan unga bir to‘rvada guruch berib yuborishini tayinladi. Bu guruch ma’murlardan yashirincha, chayqov bozoridan sotib olingan edi.
Ko‘p o‘tmay do‘xtirga haligi odamning kontslagerda o‘lganini xabar qilishdi. Shifoxonadan qaytib kelgan hammol guruch ovqatini yeb, ishga chiqibdi. Ishda u qayt qilibdi. Nazoratchi uning qusug‘ida guruch borligini ko‘rib, hammolni hibsga olib, uni «iqtisodiy jinoyatchi» sifatida lagerga jo‘natibdi. Lagerda u bir necha kungina yashabdi. Erining o‘lganini eshitgan ayoli bolasi bilan o‘zini suvga tashlab halok bo‘libdi.
Bu voqea do‘xtir bilan buvimni qattiq qayg‘uga soldi. Ular hammolning o‘limi uchun o‘zlarini ayblashardi. «Ha, – dedi do‘xtir, — guruch qutqarishi bilan birga o‘ldiradi ham! Kichkina to‘rva uch umrga zomin bo‘ldi!» Pu Ini endi u «Mustabid» deb atay boshladi.
Ko‘p o‘tmay yana bir kulfat yuz berdi. Do‘xtir Syaning kenja o‘g‘li Isyanda o‘qituvchi bo‘lib ishlardi. Manchjou-goning barcha maktablarida bo‘lgani singari direktor – yaponning xonasida Pu Ining kattakon rasmi osig‘liq turardi. Xonaga kiruvchilar rasmga ta’zim bajo keltirishlari shart edi. Bir safar Syaning o‘g‘li ta’zim qilishni esidan chiqardi. Direktor: «Darhol ta’zim qil!» deya baqirdi va uning yuziga shunday urdiki, o‘qituvchi yiqilishiga sal qoldi. U g‘azab bilan:
— Nega men har kuni ikki bukilishim kerak? Qaddimni bir zumga bo‘lsa-da, tik tutishga haqqim yo‘qmi? Ertalabki majlisda unga egilib ta’zim qildim-ku?!» – deb javob berdi.
Direktor unga yana shapaloq tushirdi va to‘ng‘illadi:
— Bu sizning imperatoringiz! Siz, manjurlarni oddiy odob-axloqqa ham o‘rgatish kerak!
— Buni qarang-a! Bu oddiy qog‘oz-ku, axir?
Mahalliy o‘qituvchilardan ikkitasi uni boshqa xatti-harakatidan zo‘rg‘a tutib qolishdi. U sal sergak tortib, ta’zim bajo keltirdi-da chiqib ketdi.
Kechqurun uning uyiga do‘sti kelib, uni «mafkuraviy jinoyatchi» deb e’lon qilishganini aytdi. Demak, unga qamoq yoki o‘lim jazosi xavf solayotgandi. U qochib ketdi, o‘shandan beri oilasi o‘qituvchi haqida hech qanday xabar eshitmadi. Ehtimol, uni ushlab qamab qo‘yishgandir yoki lagerga tashlashgandir va u o‘sha yerda o‘lib ketgandir. Bu voqea do‘xtir Syaga juda og‘ir ta’sir qildi va u o‘sha vaqtdan e’tiboran Manjou-go hamda Pu Ining ashaddiy dushmaniga aylandi.
Ko‘rgiliklar shu bilan tugamadi. Mahalliy gangsterlar* do‘xtirning tirik qolgan yagona o‘g‘li Deguyni ta’qib qila boshladilar. Seni «himoya» qilayapmiz deya pul talab qila boshladilar. U pul berib turdi, lekin ta’magirlar yana ko‘proq talab qila boshlashdi. Nihoyat, u do‘konini sotib, Isyandan ketishga majbur bo‘ldi. U Mukdenga borib, yangi do‘kon ochdi.
Do‘xtir Syaning ishlari yurishib borardi. U mahalliy aholi bilan birga yaponlarni ham davolardi. U oliy martabali yapon ofitserlariga nafrat bilan qarasa-da, hamma mijozlarga birdek munosabatda bo‘lardi. O‘sha paytlarda buvim o‘z onasi—katta buvimni Szinchjouga olib keldi. Buvim do‘xtir Syaga turmushga chiqib, uyni tark etganda, onasi unga nafrat-la qarovchi eri va ikki mo‘g‘ul-joriya bilan qolgandi, ular katta buvimni yomon ko‘rishardi. Unda joriyalar katta buvimni va kichkina Yuylinni zaharlashmoqchi degan shubha tug‘ildi. U hamisha kumush tayoqchalardan foydalanardi, chunki xitoylar kumush zahardan qorayishiga ishonardilar. Shu boisdan u taomni kuchukka yedirib ko‘rmasdan oldin na o‘zi tatib ko‘rardi, na o‘g‘liga yo‘l qo‘yardi. Bir kuni buvim ketganidan keyin kuchuk o‘lib qoldi. Katta buvim birinchi bor eri bilan janjallashdi. Qaynonasi — keksa Yan xonim yordamida Yuylinni ham olib, ijaraga olingan uyga ko‘chib o‘tdi. Keksa Yan xonim o‘g‘lidan shunday g‘azablandiki, kelini bilan ketib qoldi.
Dastlabki uch yil Yan ularga istar-istamas yordam berib turdi. 1939 yilning boshlaridan yordam bermay qo‘ydi. Endi do‘xtir Sya bilan buvim ularning uchalasiga qarashib turishi kerak edi. 1942 yilda keksa Yan xonim vafot etgach, katta buvim Yuylin bilan birga Szinchjouga, do‘xtir Syaning uyiga ko‘chib kelishdi. Buvim ham sevimli singlisi Lanni chaqirib oldi. Isyanda Lan turmushga chiqqan edi. Eri besoqolboz ekan. U xotinini boy amakisiga taklif etdi. O‘zi shu amakisining yog‘ tozalash zavodida ishlardi. To‘ng‘iz qo‘pkur amaki uyi-da bir necha ayolni, shu jumladan, nabirasini ham zo‘rlagan edi. U oilaning boshlig‘i bo‘lgani uchun cheklanmagan hokimiyatga ega edi. Lan qarshilik ko‘rsatishga botina olmadi. Lekin eri uni amakisining korchalon sherigiga tavsiya etganida, Lan chidab turolmadi. Bosh ko‘tardi. Buvim singlisini eridan qaytarib olish uchun pul to‘ladi, chunki ayol kishi ajralish haqida ariza berishga haqqi yo‘q edi. Buvim Lanni Szinchjouga olib keldi va Pey-o degan odamga erga berdi.
Pey-o qamoqxonada nazoratchi bo‘lib xizmat qilardi. Er-xotin buvimnikiga kelib turishardi. Pey-oning gaplarini eshitgan onamning sochlari tikka bo‘lib ketardi. Qamoqxona siyosiy mahbuslar bilan to‘lib ketgandi. Pey-o tez-tez ularning jasorati haqida gapirib berardi. Mahbuslarni qiynoqlarga solishayotganda ham ular mardona turib yaponlarni lan’atlardilar. Qiynoqlar muntazam o‘tkazilib turilardi, mahbuslarni hech kim davolamasdi. Yiring bog‘layotgan yaralarga hech kim e’tibor bermasdi.
Do‘xtir Sya mahbuslarni davolashga rozi bo‘ldi. Qamoqxonaga kasal va yaradorlarni davolash uchun ilk bor borganida Pey-o do‘xtirni do‘sti Dun degan kishiga tanishtirdi. Dun qamoqxonada bo‘g‘uvchi jallod bo‘lib ishlarkan. U jazolanayotgan mahbusni stulga bog‘larkanda, bo‘yniga arqon solib asta-sekin torta boshlarkan. Jazolanovchi juda sekin, qiynalib jon taslim qilarkan.
Do‘xtir bojasidan Dun vijdonan azob chekayotganini bilib olibdi. U odamni bo‘g‘ishdan oldin ichib olarkan. Sya uni uyiga taklif etdi va u-bu narsalar hadya qildi. Gap asnosida do‘xtir Sya jallod Dunga «balki arqonini oxirgacha tortish shart emasdir» deb shipshib qo‘ydi.
— O‘ylab ko‘raman, — dedi Dun.
Odatda qatl etish paytida yapon soqchisi yoki ishonch qozongan kollaboratsionist* hozir bo‘lardi. Lekin, ba’zan jazolanayotgan mahbus unchalik muhim shaxs bo‘lmasa, yaponlar ishtirok etmasdi. Ba’zan esa qatl etiluvchi o‘lib bo‘lmasdan ketib qolishardi. Shunday paytda, deb o‘yladi Dun, bo‘g‘ishni to‘xtatsa ham bo‘ladi.
Qatldan so‘ng mahbusning jasadini yog‘och qutiga solib, aravada olis xarobazorga olib borishardi. Janubiy tepalik deb ataluvchi bu joydagi jarlikda murdalar bilan oziqlanuvchi yovvoyi ko‘ppaklar izg‘ib yurardi. Mazkur jarlikka yangi tug‘ilgan va qarindoshlari tomonidan o‘ldirilgan qiz-chaqaloqlar ham tashlanardi.
Do‘xtir Sya keksa aravakash bilan aloqa bog‘lab, unga pul berdi. Ba’zida aravakash do‘xtirning xonasiga kirib, o‘zicha nimalardir deb ming‘irlardi: keyin qabriston haqida gapirib qolardi: «Men o‘lganlar ruhiga aytdim, bu dunyoni tark etganlaringda mening aybim yo‘q, deb. Sizlarga yaxshilik qilishni istadim, dedim». Ruhlar, keyingi yili yana uchib kelinglar, bir yilliklaringni nishonlashga. Bordi-yu, o‘zlaringga yaxshiroq jasadni tanlab olmoqchi bo‘lsalaring, boshlaring qaratilgan tomonga uchib boringlar. To‘g‘ri yo‘l shu». Dun bilan aravakash nima qilganlari haqida o‘zaro sira gaplashmasdilar. Do‘xtir Sya ular qancha odamni qutqargani haqida bilolmadi ham. Urushdan keyin qutqarilgan «murdalar» pul yig‘ib, Dun uchun tomorqasi bor uy sotib olib berdilar. Bu paytda aravakash hayotdan ko‘z yumgandi.
Hayoti qutqarib qolinganlar orasida buvimning uzoq qarindoshi, qarshilik ko‘rsatish harakatida muhim rol o‘ynagan Xan-chen degan kishi ham bor edi. Szin-chjou shahri Buyuk Xitoy devoridan shimoldagi asosiy temiryo‘l tarmog‘i bo‘lgani uchun yaponlar Xitoyga hujum qilish niyatida qo‘shinlarini shu joyga to‘play boshlagandi. Bu 1937 yilning iyulida ro‘y berdi. Xavfsizlik choralari juda shafqatsiz edi, Xan-chenning tashkilotiga ayg‘oqchi kiritib, butun guruhni hibsga olishdi. Hammani qiynoqqa solishdi. Avvalo, ularning burunlariga qalampir aralashtirilgan suv quyishdi, keyin tagiga mix qadalgan etik bilan yuzlariga tepishdi. Ko‘pchiligini qatl etishdi. Sya uzoq vaqt Xan-chen tirik bo‘lmasa kerak deb o‘ylab yurdi. Bir kuni Pey-o uning tirikligini va tez orada qatl etajaklarini aytdi. Do‘xtir Sya darhol Dun bilan bog‘landi.
Qatl kechasi do‘xtir Sya bilan buvim aravada Janubiy tepalikka borishdi. Ular daraxtlar ortida to‘xtab, kuta boshlashdi. Jarlik atrofida yovvoyi ko‘ppaklar izg‘ib yurishganini ko‘rishdi. Sasigan murdalar hididan ko‘ngil aynirdi. Ana, arava ko‘rindi. Ular aravakashning yog‘och qutilardan jasadlarni ag‘darayotganini ko‘rishdi. Aravakash jo‘nab ketgach, ular jarlik yoniga kelishdi. Murdalar orasidan qidirib Xan-chenning jasadini topishdi, lekin u tirikmi, o‘likmi bilisholmadi. Nihoyat, uning nafas olayotganini sezishdi, lekin u yurolmasdi. Juda qattiq qiynashgan ekan. Bir amallab aravaga ortib, uyga olib kelishdi.
O‘sha paytda onam o‘n uch yoshda edi. Ota-onasi uni ogohlantirmasa ham, Xan-chenning uylarida yashayotganini hech kimga aytmaslik kerakligini onam yaxshi bilardi. U yoshlikdan ehtiyotkorlikka o‘rgangandi. Buvim Xan-chenni davolab oyoqqa turg‘izdi. Uch oydan so‘ng u quvvatga kirib, yo‘lga chiqadigan holga keldi. Xayrlashuv juda hayajonli o‘tdi.
– Katta opa, katta og‘a, — dedi u, — hayotimni saqlab qoldinglar, sizlarni hech qachon unutmayman…
Oradan uch yil o‘tib, u so‘zining ustidan chiqdi.
Onam va uning dugonasi Yaponiyaning harbiy muvaffaqiyatlaridan xabardor bo‘lib turishlari shart edi, bu maktab dasturiga kirardi. Yaponlar o‘z shafqatsizliklaridan or qilmasdilar, aksincha, kishilarga dahshat solishlari bilan faxrlanardilar. Filmlarda yapon askarlari odamlarni ikkiga bo‘lib tashlashlarini, qoziqqa bog‘langan mahbuslarni itlar qanday burdalashlarini namoyish qilishardi.
1942 yilda jabhalari Xitoy, janubi-sharqiy Osiyo va Tinch okean sohili bo‘ylab cho‘zilgan yaponlar ishchi qo‘llari yetishmasligini his qila boshladilar. Onamlarning butun sinfini yapon bolalari bilan birgalikda to‘qimachilik fabrikasida ishlashga jo‘natishdi. Mahalliy aholi qizlari har kuni to‘rt milga yaqin yo‘lni ikki marta piyoda bosib o‘tishlari kerak edi, yapon bolalarini yuk mashinasida olib borishardi…
Yaponlarning kundan-kunga qahri qattiqlashib borardi. Bir kuni onamning dugonasi taqiqlangan xitoy yozuvchisining kitobini topib oldi. Tinchroq joy izlab, kimsasiz sayxonlikka borib qoldi, u yerda qandaydir g‘orga ko‘zi tushdi. Bombadan qochib yashiriniladigan boshpana deb o‘yladi. Devorni paypaslayotganda qo‘li nimagadir tegib ketdi. Qattiq uvullash eshitildi. U sirenani ulab yuborgan ekan. Bu qurol-yarog‘ ombori edi. Qizning oyoqlari qochishga urindi, biroq uch yuz metr-lar chamasi borishga ulgurmay uni yapon askarlari ushlab olishdi.
Oradan ikki kun o‘tgach, maktabning barcha o‘quvchilarini qor bilan qoplangan dalaga haydab chiqishdi. U shaharning g‘arbiy darvozasidan tashqarida, Syaolin daryosi sohilida edi. Mahalliy aholini ham o‘sha yerga haydab borishdi.
— Hozir sizlarga Buyuk Yaponiyaga qo‘l ko‘targan yovuzni qanday jazolashni ko‘rsatamiz, — deyishdi bolalarga.
Onamning ko‘zi birdan dugonasiga tushdi. Yapon qamoqxonachilari uni shundoqqina onamning ro‘parasiga turg‘azib qo‘yishdi. Qizning qo‘l-oyog‘ini kishanlab, sudray boshladilar. Qiynoqlardan so‘ng qizning yuzi shunday shishib ketdiki, uni tanib bo‘lmasdi. Keyin askarlar miltiqlarini ko‘tarib, qizni nishonga oldilar. U esa nimadir demoqchi bo‘ldi, lekin ovoz chiqara olmadi. O‘q ovozlari eshitildi, qiz yerga quladi, qor usti qizil qonga bo‘yaldi. Eshak laqabli yapon direktori g‘azab bilan qon to‘lgan ko‘zlarini o‘quvchilar safiga qadadi.
Onamning qulog‘iga kimningdir ho‘ngrab yig‘lagani chalindi. Yig‘layotgan yosh yapon muallimasi — Tanaka xonim edi. Onam uni juda yaxshi ko‘rardi. Ko‘z ochib-yumguncha Eshak Tanaka xonimga tashlandi. Ketma-ket tushirilgan mushtdan keyin Tanaka xonim yiqildi. Xonim Eshakning etigiga chap berishga urinar, u bo‘lsa, quturib tepkilashda davom etar va:
— Sen yapon millatini sotding,– deb baqirardi Eshak. Nihoyat, u charchab, tepishdan to‘xtadi. Keyin o‘quvchilarga qaradi-da:
— Tarqalinglar, — deb bo‘kirdi.
Onam yerda bukchayib yotgan muallimaga va jonsiz dugonasiga so‘nggi bor qaradi-da, qalbida nafrat alanga ola boshlaganini his etdi.
___________
* Van Szinvey — Xitoyning shimoli-sharqiy viloyatining qo‘g‘irchoq hukmdori.
* Riksha — odam tortadi (haydaydi)gan izvosh.
* Sake — yaponlar arog‘i.
* Gaolyan— manjur qo‘nog‘i.
* Gangsterlar — bosqinchi, qaroqchilar.
* Kollaboratsionist — xoin, dushman tomonga o‘tib ishlayotgan sotqin.

VATANI YO‘Q QULLAR
(1945–1947)

O‘n besh yoshga chiqqan onam bo‘yi yetib qolgan qiz edi. Tashqi ko‘rinishi yoqimli, istarasi issiq, maktabda eng yaxshi o‘quvchilardan biri edi. Hatto bir necha zobit uning qo‘lini so‘rashgandi. Lekin ota-onasiga ulardan hech qaysi biri o‘ziga yoqmasligini aytdi. Unga sovchi qo‘ygan yigitlardan biri – shtab boshlig‘i:
— Agar faxrli taklifimni rad etsangizlar, joriya singari unga taxtiravon yuboraman, — deb do‘q qildi. Eshik orqasida bunday tahdidni eshitib turgan onam, xonaga otilib kirdi-da:
— Agar shunday qilsangiz, o‘sha taxtiravonda o‘zimni o‘ldiraman, — dedi.
Yaxshiyamki, o‘sha zobit ko‘p o‘tmay shaharni tark etish haqida buyruq oldi.
Onam erni o‘zi tanlashga qaror qildi. U joriyachilik udumidan nafratlanardi. Ota-onasi ham uning bu fikrini ma’qullardi, lekin zobitlardan xavfsirab, kuyovlarni g‘azablantirmaslik uchun qizning qo‘lini so‘raganlarga ustomonlik bilan bahona qilib «yo‘q» demaslikka harakat qilishardi.
Lyu familiyali muallima onamni juda samimiy sevardi. Xitoyda sizni yoqtirgan kishi, albatta, qarindosh bo‘lishga harakat qiladi. O‘sha kunlarda yigitlar bilan qizlar orasida baland devor bo‘lmasa-da, o‘zaro muloqot uchun imkoniyat juda kam uchrardi. Shuning uchun o‘zini ota-onasi unashtirishni istamagan yoshlar dugonasi yoki do‘stining akasi yoxud singlisi bilan tanishishga harakat qilardi. Bu — o‘ziga juft topishning bir usuli edi. Muallima Lyu onamni o‘zining ukasi bilan tanishtirdi. Ammo ularning tanishuvini birinchi galda janob va xonim Lyular ma’qullashi kerak edi.
1946 yilda xitoycha Yangi yilni kutib olish uchun onamni Lyular xonadonining muhtasham uyiga taklif qilishdi. Janob Lyu Szin-chjoudagi do‘konlarning eng yirik sohiblaridan biri edi. Uning o‘n to‘qqiz yashar o‘g‘li kishilarda oqsuyaklarga xos taassurot qoldirardi. U qora yashil kostyum kiyib, ko‘krak cho‘ntagiga dastro‘mol solib yurardi. Yosh Lyu Pekin universitetlaridan birida rus tili va adabiyotidan tahsil olardi. U onamda katta taassurot qoldirdi, onam ham uning oilasiga ma’qul tushdi. Tez orada ular do‘xtir Syaga sovchi yuborishdi, qiz haqida hech nima deyishmadi.
Ko‘pchilik erkaklar nisbatan ancha liberal bo‘lgan do‘xtir Sya, onamning fikrini so‘radi. Onam yosh janob Lyuning «do‘sti» bo‘lishga rozilik berdi. O‘sha yillarda yigit va qiz odamlar orasida bir-biri bilan gaplashishlari uchun hech bo‘lmaganda nikohlangan bo‘lishlari shart edi. Onam bo‘lsa xursandchilik va erkka tashna edi, erkaklar bilan o‘ziga nikoh majburiyatini olmasdan muloqotda bo‘lishni xohlardi. Onamning bu fe’lini bilgan do‘xtir Sya va buvim Lyularga ehtiyotkorona muomala qildilar, ular yuborgan sovg‘alarni rad etdilar. Xitoy an’analariga binoan, kelinning oilasi nikoh taklifiga darhol rozi bo‘lmasdi. Qizlarini berishdan manfaatdor ekanlar deb o‘ylashmasliklari uchun shunday qilishardi. Sovg‘ani qabul qilish rozilikni bildirardi. Do‘xtir Sya va buvim anglashilmovchilik yuz berishidan xavfsirardilar.
Onam ma’lum muddat yosh Lyu bilan uchrashib yurdi. Unga yigitning yaxshi xulqi yoqardi. Barcha qarindoshlar, tanish-bilishlar, qo‘shnilar yigit qizga munosib der edilar. Do‘xtir Sya bilan buvim ikkovi juda munosib juftlik deb o‘ylashar, o‘zlaricha yigitni o‘z kuyovlari hisoblashardi. Lekin onam yigitning yuzaki tiynat sohibi ekanini his qilardi. Onam uning Pekinga sira bormasligini, shaharda sanqib yurishini, ishining tayini yo‘q odamdek tarala-bedod, hoyu havasga berilganligini sezdi. Bir safar u yigitning XVIII asrning mashhur mumtoz xitoy romani «Qizil ko‘shkdagi tush»ni ham o‘qimaganini bilib qoldi. Axir, bu roman har qanday savodli odamga ma’lum edi-ku! Onam undan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi, yigit bo‘lsa parvo qilmay, xitoy mumtoz adabiyotini xush ko‘rmasligini, unga ko‘proq xorijiy adabiyot yoqishini aytdi. U o‘zining ustunligini namoyish qilish uchun qo‘shib qo‘ydi:
— Sen «Bovari xonim»ni o‘qiganmisan? Bu — men sevgan eng yaxshi kitob. Menimcha, Mopassan yozgan asarlar ichida eng zo‘ri shu.
Onam «Bovari xonim»ni o‘qigan edi. Uni Mopassan emas, Flober yozganini bilardi. Uning o‘zbilarmonligi onamning g‘ashiga tegdi. Lekin indamay qo‘yaqoldi.
Lyu ko‘ngilochar, qimor o‘yinlarini yaxshi ko‘rardi. Bunday o‘yinlar onamni zeriktirardi. Bir oqshom, yuqoridagi suhbatdan keyin, o‘yin chog‘i bir oqsoch kirdi-da:
— Janoblarga karavotda qaysi qiz xizmat qiladi? —deb so‘radi.
U beparvogina:
— Falonchi…— deb qo‘yaqoldi.
Onam uyatdan titrab ketdi, lekin Lyu qoshini chimirib, unga hayrat bilan qaradi. Keyin kalondimog‘lik bilan:
— Bu keng tarqalgan yaponcha odat,— dedi.— Hamma shunday qiladi. Bu si-tsin, ya’ni «xizmatli karavot» deyiladi.
U onamni o‘zini rashkchi qishloqidek his etishga majbur qilishga urindi. Rashk esa Xitoyda ayolning eng yomon aybi sanalardi — er bunday xotindan voz kechishga haqli edi. Onam yana indamadi. Holbuki, qalbi g‘azabdan alanga olgandi.
U yostiqdoshi bilan baxtli bo‘lmasligini yaxshi tushundi. Chunki bo‘lajak er kayf-safo va nikohsiz shahvatni «haqiqiy erkak» hayotining tabiiy ehtiyoji deb hisoblardi. Onam o‘zini sevadigan, bema’ni qiliqlar bilan ozor bermaydigan odamni uchratishni orzu qilardi. U kuyov bilan aloqani uzdi.
Bir necha kundan keyin janob Lyu-katta to‘satdan o‘lib qoldi. O‘sha kunlarda dabdabali dafn marosimiga, ayniqsa, marhum oila boshlig‘i bo‘lsa, katta e’tibor berilardi. Agar dafn marosimi qarindosh-urug‘lar hamda jamiyat kutganidek o‘tkazilmasa, marhumning yaqinlariga dog‘ tushardi. Lyu xonadoni dafn marosimini barcha tartib-qoidalari bilan, juda dabdabali qilib o‘tkazishni xohlardi. Shunday o‘tkazildi ham.
Lyu vafotining qirq ikkinchi kuni nozik o‘yma naqsh tushirilgan sandal tobut hovlida tiklangan chodirga qo‘yildi. Dafn etishgacha, davom etadigan yetti kechaning har birida marhum u dunyoda baland toqqa ko‘tarilib, o‘z oilasiga nazar tashlaydi; agar uning hamma yaqinlari joyida bo‘lsa quvonadi. Aks holda u hech qayerda orom topolmas ekan. Uning oilasi onamning kelin sifatida dafn marosimida qatnashishini istadi.
Lekin u rad etdi. Keksa janob Lyuga onam har qancha achinmasin, marosimda ishtirok etolmasdi. Agar qatnashsa marhumning o‘g‘liga tegishi kerak bo‘lardi. Syaning uyiga Lyu oilasidan elchilar kela boshladi.
– Shunday daqiqalarda nikohni buzish janob Lyu-katta ruhiga hurmatsizlikdir, — dedi do‘xtir Sya onamga. — Bu esa axloqsizlikdir…
Buvim qizining fikriga qo‘shilardi. Biroq gomindan zobitlari sovchi yuboraverib uni tinch qo‘ymasliklaridan cho‘chirdi.
— Bu sovchi yuborganlarning bittasiga, ikkitasiga rad javobi berishimiz mumkin, — dedi buvim onamga, — lekin hammasiga emas. Lyuga chiqmasang, baribir, Chjanga tegishingga to‘g‘ri keladi. Yaxshilab o‘ylab ko‘r, axir Lyu boshqalarga nisbatan ancha yaxshi emasmi? Agar sen uning xotini bo‘lsang, hech bir zobit seni bezovta qilolmaydi. Ertayu kech sen haqingda o‘ylayman. Biror narsa bo‘lmasaydi deb qo‘rqaman. Birortasiga tegib, uyni tark etmaguningcha xotirjam yasholmayman…
— Menga baxt va muhabbat berolmaydigan kishiga erga tekkanimdan ko‘ra o‘lganim afzal, — dedi onam.
— Sya nomiga dog‘ tushirding, — dedi do‘xtir, — sharmanda qilding… Bunday qizning menga keragi yo‘q!
— Juda soz! — dedi onam unga tik qarab. — Demak, sizning unday qizingiz bo‘lmaydi. Men ketaman…
U shunday dedi-da, o‘rnidan turib xonadan otilib chiqdi. Buyumlarini yig‘ishtirdi-da, uyni tark etdi.
Onam o‘qigan maktabda pedagogika bo‘limi ham bor edi. Bo‘lim ushbu maktabda kamida uch sinfni bitirgan qizlarni qabul qilar, bepul boshpana bilan ta’minlar, o‘qitardi. Unga qabul qilinuvchilarga kirish imtihonidan tashqari bitta shart qo‘yilardi: bitiruvchilar o‘qituvchi bo‘lishlari kerak edi. Onam shu bo‘limga o‘qishga kirdi. U a’lochi o‘quvchi bo‘lgani uchun jon-jon deb qabul qilishdi. Buni eshitib buvim yugurib keldi, uyga qayt, deb yalindi. Onam yarashishganidan xursand edi.
— Uyga tez-tez borib turaman, yotishga ham qolaman, — dedi.
Shu maktabda Kan degan yosh o‘qituvchi bor edi. U xitoy adabiyotidan dars berardi. O‘qituvchi aqlliligi, bilim doirasining kengligi bilan ajralib turardi. Onam unga katta hurmat bilan qarardi. U onamga va yana ikkita qizga Xitoyning janubiy g‘arbidagi Kunmin shahrida gomindanlarga qarshi harakatda qatnashganini so‘zlab berdi. Namoyish paytida granata portlashidan uning do‘sti halok bo‘lgan ekan. Uning komunistik ruhdagi ma’ruzalari onamda katta taassurot qoldirardi.
1947 yil boshlarida bir kuni ertalab maktab darvozasi oldida onamni keksa nazoratchi to‘xtatdi. U onamga bir nima tutqazib, Kan ketganligini aytdi. Gomindan razvedkasining ayrim ayg‘oqchilari kommunistlarga ishlardilar — ular Kanni xavfdan ogoh etgandilar. Buni onam bilmasdi. O‘sha paytda onam kommunistlar haqida tasavvurga ega emasdi. Kan o‘shalardan biri ekanligi uning xayoliga ham kelmasdi. Uning sevimli ustozi hibsga olinmasligi uchun yashiringanini tushundi, xolos. U qoldirgan nomada birgina so‘z yozilgandi: «Sukut saqlash». Bu paytda onam o‘quvchilar orasida ancha obro‘ qozongandi. Nomani olgan kuni maktabga yangi direktor xonimni yuborishgani ma’lum bo‘ldi. U Gomindan milliy s’ezdining delegati edi. Aytishlaricha, u maxfiy xizmat bilan bog‘liq ekan. Direktor xonim o‘zi bilan razvedka xizmati xodimlari guruhini ham olib keldi. Ular orasida Yaoxan ham bor edi. Maktabning siyosiy rahbari bo‘lgan bu shaxs talabalar ortidan poyloqchilik qilish bilan ham shug‘ullanardi.
Onamning eng yaqin do‘stlaridan biri uzoq qarindoshi edi. Onam uni Aka Xu deb chaqirardi. Uning otasi Szinchjou, Mukden va Xarbindagi bir qancha do‘konlarning sohibi edi. Uning xotini, ikkita joriyasi bor edi. Xotini unga o‘g‘il tug‘ib berdi. Joriyalarining esa farzandi yo‘q edi. Shu boisdan ular sohibning xotinini ko‘rolmasdilar. Bir kuni erlarining yo‘qligida joriyalar bekaning ovqatiga allaqanday o‘simlik damlamasi aralashtirdilar. Yosh qarolning yemagiga ham o‘sha damlamadan qo‘shdilar. Ular hushlaridan ketgach, ikkovini bir karavotga yotqizib qo‘ydilar. Janob Xu ishdan qaytgach, xotini bilan qarolini birga yotganini ko‘rdi. G‘azabidan es-hushini yo‘qotgan Xu xotinini uyning bir burchagidagi xilvat xonaga qamab qo‘ydi. O‘g‘liga onasi bilan ko‘rishishni taqiqladi. Unda bu ishni joriyalar uyushtirgan degan shubha bor edi. Shu bois xotinidan voz kechmadi va ko‘chaga haydab yubormadi. U joriyalar o‘g‘liga ham zarar yetkazishlaridan qo‘rqib, uni Szinchjoudagi pansionga jo‘natdi. Onam Aka Xu bilan o‘sha yerda tanishdi. O‘shanda onam yettida, u o‘n ikki yoshda edi. Aka Xuning onasi tez orada aqldan ozdi.
Aka Xu ulg‘aydi va kamgap, hissiyotli o‘smir bo‘lib yetishdi. U yuz bergan voqeadan sira o‘ziga kelolmasdi va bu haqda onamga gapirib berardi. Bu voqea onamga uning o‘z oilasidagi barbod qilingan ayollar taqdirini, onalar, qizlar, xotinlar va joriyalarning fojialarini eslatdi. Ayollarning huquqsizligi, asriy odatlarning vahshiyligi uning g‘azabini qo‘zg‘ardi. Yaxshilik tomon sal-pal o‘zgarishlar ham haddan tashqari kuchayib ketgan xurofotlar soyasida qolib ketardi. Onam yanada qat’iyroq o‘zgarishlar bo‘lishini kutardi.
U hayotini tubdan o‘zgartirish haqida faqat bitta siyosiy kuch — kommunistlar va’da berishayotganini maktabda eshitdi. Buni onamning yaqin dugonasi, o‘n sakkiz yashar Shu aytdi. Shu oilasidan voz kechib, maktabda yashardi. Chunki otasi uni o‘n ikki yashar bolaga turmushga chiqishga majburladi. Bir kuni Shu onam bilan xayrlashibdi. Sevgan yigiti bilan kommunistlarcha qochib ketibdi. Qizning xayrlashuv so‘zi: «Ular — bizning umidimiz» degan nido bo‘libdi.
Taxminan o‘sha paytlarda onam Aka Xu bilan juda yaqinlashgan ekan. Xu qizni yosh Lyuga rashk qilib, uni sevishini tushunibdi. Onamning kuyov bola bilan orani ochiq qilganidan sevinibdi. Uni ko‘rgani tez-tez keladigan bo‘libdi.
1947 yilning martida birgalikda kinoga borishibdi. Kinoteatrda ikki xil chipta bo‘lardi: biri o‘tirib ko‘rishga, ikkinchisi tik turib ko‘rishga. Aka Xu onamga o‘rinli chipta olibdi, o‘ziga esa tik turib ko‘rishga. Buni u pulim yetmay qoldi deb tushuntiribdi. Bu narsa onamga g‘alati tuyulibdi, vaqt-vaqti bilan u tomonga qarab qo‘ya boshlabdi. Taxminan filmning o‘rtalariga yetganda, onam yaxshigina kiyingan yosh ayolning Xu tomonga borayotganini sezib qolibdi. Ayol uning yonidan o‘tayotganda ikkalasining qo‘li bir zumga tutashibdi. Onam shu zahoti o‘rnidan turib:
— Bu yerda bir daqiqa ham qololmayman, —debdi.
Ular ko‘chaga chiqqach, onam nega bunday bo‘lganini tushuntirib berishni so‘rabdi. Avvaliga Aka Xu hammasini rad etishga urinibdi.
— Bu gaplaringizga ishonmayman, — debdi onam.
— Keyin hammasini tushuntirib beraman, — debdi Xu. — Ba’zi narsalarni tushunishga hali yoshsiz…
Ular onamning uyiga yaqinlashganda u yigitni kiritmadi. U bir necha kun kelishda davom etdi, lekin onam uchrashuvga chiqmadi.
Oradan bir oz vaqt o‘tgach, onam uning kechirimini qabul qilishga, yuz bergan voqeani unutishga tayyor edi. U darvoza oldida ko‘rinmayatimikin, deb qarab qo‘yardi. Qattiq qor yoqqan kunlarning birida onam uning allakim bilan hovliga kirganini ko‘ribdi. Lekin yigit unga tomon emas, shu hovlida yashovchi Yuy-uning eshigiga qarab yuribdi. O‘sha zahoti qaytib chiqib, tez odimlab uning yo‘lagiga kiribdi. Xonaga kiribdi-da, shoshgancha:
— Men Szinchjoudan darhol chiqib ketishim kerak, — debdi. — Chunki izimdan politsiya quvib kelayapti.
— Nega?
— Men kommunistman, — dedi u va tungi bo‘ronda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Shunda uning miyasida birdan: «Aka Xu, balki maxfiy topshiriqni bajargandir» degan fikr yalt etdi. Yuragi hapriqib ketdi, lekin vaqt o‘tgandi. Ularning uyida yashovchi Yuy-u ham kommunist ekanini shunda tushundi. Shu oqshomgacha bu ikki erkakning uchrashganini sira ko‘rmagandi. Ular uchrashishgach, Xuning bu yerda qolishi mumkin emasligini tushunishdi. Chunki onam bilan Xuning munosabatlarini hamma bilardi. Uni bu yerda qidirayotib, Yuy-uni ham qo‘lga olishlari mumkin edi. O‘sha kechasi Aka Xu kommunistlar nazorat qilib turgan tumanga o‘tib olishga urindi. U yer shahardan yigirma milcha narida edi. Oradan bir oz vaqt o‘tib, daraxtlar kurtak yozganda, Yuy-u: «Yo‘lda Xuni ushlab olishdi, kuzatib boruvchini esa otib tashlashdi» degan xabar oldi. Keyinchalik uni «qatl etishdi» degan gap tarqaldi.
Onamda Gomindanga nisbatan cheksiz nafrat uyg‘ondi. U kommunist bo‘lishga qaror qildi.

«SEVGI HAQIDA SUHBAT» – INQILOBIY NIKOH
(1948–1949)

(Ko‘p o‘tmay Sya Dexun — yozuvchining onasi —talabalarning norozilik namoyishini uyushtirdi va qamoqqa tushdi. U qo‘rqitishlar, do‘q-po‘pisalardan hayiqmadi, o‘zining yashirin aloqalarini oshkor qilmadi va ko‘p o‘tmay kommunistlar va do‘xtir Syaning sa’y-harakatlari bilan ozodlikka chiqdi. So‘ngra uni sevib qolgan yosh gomindan zobiti Xueyganing beixtiyor yordami tufayli qurol-yarog‘ omborini portlatishga muvaffaq bo‘ldi. 1948 yilning oktyabrida kommunistlar Szinchjou shahrini egalladilar. Partiya Sya Dexunni o‘rtoq Van Yu bilan uchrashishga yo‘lladi. Van Yu Szinchjouda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul edi).
Ozg‘in, orzumand bu odamni onam o‘sha oktyabr tongida tish tozalayotganida uchratdi. Partizanlar orasida u «tozavoy» laqabi bilan mash-hur edi. U har kuni tishini tozalardi. Tozalikka haddan tashqari e’tibor berardi. Bilimdonligi bilan tanilgan bu odam mumtoz she’riyatning bir necha tomini hamisha yonida olib yurardi.
Onam «qidirilmoqda» degan e’lonni birinchi bor o‘qiganida va qarindoshlaridan bu xavfli «kallakesar» haqida eshitganida undan faxrlanishlarini ham, ayni paytda qo‘rqishlarini ham tushungan edi. Mana, hozir o‘sha afsonaviy partizan unchalik jangari emasligini ko‘rib, ajablanmadi ham.
U onamning jasurligi haqida eshitgandi, o‘n yetti yashar bu qizning erkaklarga buyruq qilayotganidan xabardor edi. U onamning tahsinga loyiq, hur fikrli ayol va albatta, qo‘pol kimsa sifatida tasavvur qilardi. Buni qarangki, u yaxshigina, nazokatli, hatto noz-karashmali bo‘lib chiqdi. U xotirjam, ishonch bilan va xitoylar uchun juda kam uchraydigan hol — aniq gapirardi. Onamning bu fazilatini otam juda qadrlardi.
Sya Dexun shuni sezdiki, partizanlikda suyagi qotgan bu odam ko‘p kularkan, tishlari oppoq, yaltirab turibdi. Ko‘pchilik partizanlarnikiga o‘xshab sarg‘ayib, chirib ketgan emas. U kishida ma’lumotli odam sifatida taassurot qoldirardi. Flober bilan Mopassanni chalkashtiradigan odamga sira o‘xshamaydi.
Onam talabalar uyushmasining ishi haqida axborot bergani kelganini aytganda u yoshlar qanaqa kitoblarni o‘qiyotganini surishtirdi. Onam kattagina ro‘yxatni o‘qib berdi, so‘ngra markscha falsafa va tarixdan ma’ruzalar qila olasizmi, deb so‘radi. U rozi bo‘ldi, keyin uning maktabida qancha odam o‘qishi hamda o‘quvchilarning qanchasi uni qo‘llab-quvvatlashi bilan qiziqdi.
Bir necha kundan keyin u birinchi ma’ruza o‘qigani keldi. U Maoning ishlari haqida qisqagina gapirib berdi. Tinglovchilarga uning ta’limotining asosiy yo‘nalishlarini tushuntirdi. Otam ajo-yib notiq edi, darhol qizlarning, shu jumladan, onamning ham yuragidan urdi.
Bir kuni u tinglovchilarga partiya Manjuriya shimolidagi kommunistlarning muvaqqat poytaxti Xarbinga sayohat tashkil qilayotganini ma’lum qildi. Xarbin asosan ruslar tomonidan qurilgan bo‘lib, keng xiyobonlari, shinam uylari, hashamatli do‘konlari va Yevropa ta’bidagi qahvaxonalari tufayli uni «Sharq Pariji» deb atashardi. Sayohat uchun saralangan yuz yetmish kishi orasida onam va uning bir necha tanishlari ham bor edi.
Noyabrning oxirlarida onam poyezdga o‘tirib shimolga yo‘l oldi. Uning qalbi yorqin umidlarga to‘la edi. Ota-onam Xarbinda bir-birini sevib qolishibdi. Otam oyijonimga atab ajoyib she’rlar yozardi. U onam va dugonasini Yangi yilni kutish uchun o‘zi turgan mehmonxonaga taklif qildi. Bungacha onamning sinfdoshlari uning ishqiy sarguzashtlaridan xabardor edilar. Talabalar tashkilotini boshqarayotgan onam uzundan-uzoq axborotlar bergani otamning oldiga tez-tez borib turar va juda kech qaytardi. Nihoyat, otam yuqori partiya tashkilotidan uylanishga rozilik so‘radi. Onam ham uydagilarga xat yozib turmush qurishdan xabardor qildi. Partiya otamga onam bilan «sevgi haqida suhbat» qurishga haqqi borligini bildirdi…
Ular Szinchjouga qaytdilar. Otamni Szinchjou targ‘ibot bo‘limining boshlig‘i etib tayinlashdi. Bir necha kundan keyin onam oiladagilar bilan tanishtirgani otamni uyga boshlab keldi. U uyga kirganida buvim salomiga alik olmay teskari o‘girildi. Otam bug‘doyrang, juda ozg‘in edi, qirq yoshdan oshgandek ko‘rindi. Buvim uning allaqachon uylangan bo‘lishi kerakligiga sira shubhalanmasdi. Do‘xtir Sya o‘zini muloyim, lekin sipo tutib turardi.
Otam tezda ketdi. Shunda buvim ko‘z yoshlariga erk berdi.
— Amaldordan nima yaxshilik kutish mumkin, — deb yig‘lardi buvim.
Biroq do‘xtir Sya otamning xatti-harakati va onamning so‘zlariga qarab, kommunistlar o‘z odamlarini juda qattiq nazorat qilishlarini va shunday lavozimdagi kishi alday olmasligini yaxshi tushundi. Buvimni bu narsa unchalik ishontira olmadi:
— Axir, u Sichuandan ekan, — derdi buvim. — Shunday olis joydan kelgan bu odamni kommunistlar qayoqdan biladi!
Buvim sira xotirjam bo‘lolmadi va hadeb shubha bildiraverdi, lekin oilaning boshqa a’zolari otamga yaxshi munosabatda bo‘ldilar. Do‘xtir Sya u bilan til topishib ketdi, soatlab gaplashib o‘tirishardi. Yuylin bilan xotini ham uni yoqtirib qolishdi. Yuylinning rafiqasi juda kambag‘al va baxtsiz oiladan edi. Uning onasini buvasi kartada yutqazgan odamga zo‘rlab berishgandi. Akasi yaponlar qo‘liga tushib, uch yil qiynab ishlatildi va sog‘ligini yo‘qotdi. Yuylinga turmushga chiqqach, kelin har kuni ertalab soat uchda turib, yegulik tayyorlardi. Uydagi hamma ishni buvim boshqarardi. Yuylinning xotini u bilan bir avlod vakili bo‘lsa-da, o‘zini buvimdan past tutardi. Chunki u eri bilan o‘zini Sya oilasiga qaram deb hisoblardi. Otam unga o‘zi bilan tengday murojaat qilgan birinchi odam bo‘ldi. Bu esa xitoy an’analariga butunlay zid edi. U bir necha bor er-xotinga kinoga chipta hadya qildi, bu ularga hayotida kamdan-kam uchraydigan xursandchilik bag‘ishlardi. Ular umrlarida o‘zini kalondimog‘ tutmagan amaldorni birinchi marta ko‘rdilar. Yuylinning xotini esa kommunistlar avvalgi barcha amaldorlardan ming chandon yaxshi deb hisoblardi.
Xarbindan qaytganlaridan so‘ng oradan ikki oy o‘tgach, ota-onam nikohdan o‘tishga ariza berdilar. An’ana nuqtai nazaridan, nikoh ikki oila o‘rtasidagi shartnomadan iborat edi— na fuqarolik ro‘yxatidan o‘tish, na nikoh haqida guvohnoma mavjud emasdi. Lekin endilikda «inqilobda ishtirok etganlar» uchun partiya oila boshlig‘i rolini bajarardi. Partiya tomonidan o‘rnatilgan qoida: «28-7 polk-1» ko‘rinishda edi. Bu erkak 28 yoshdan kam bo‘lmasligi kerak, partiya safida kamida 7 yil xizmat qilgan, kamida polkovnik unvoniga ega bo‘lishi lozim; bir raqami esa ayolga bo‘lgan yagona talabni bildirardi. Demak ayol partiya foydasiga kamida bir yil ishlagan bo‘lishi kerak edi. Otam yigirma sakkiz yoshda edi. Partiya safiga kirganiga o‘n yildan oshyapti. Lavozimi esa komandir o‘rinbosariga mos kelardi. Onam partiya a’zosi bo‘lmasa ham uning yashirin ishlaridagi faoliyatini hisobga olishdi. Xarbindan qaytgach esa, Xotin-qizlar federatsiyasida ishladi. Bu tashkilotda onam joriyalarni ozod qilish, fohishaxonalarni yopish bilan shug‘ullandi; ayollarni armiya uchun kiyim-kechak tikishga, o‘qishga va ishga joylashishga da’vat etdi.
Endi Xotin-qizlar federatsiyasi onamning ish joyi hisoblanardi. Partiya ana shu tashkilot orqali aholi ustidan to‘la nazorat o‘rnatgandi. Shaharliklarni shunday tashkilotlarga biriktirardilar. Ular xuddi armiyadagi singari har bir xizmatchining hayotini yo‘naltirib turardi. Onam federatsiya hududida yashardi va nikoh uchun undan ruxsat olishi kerak edi. Federatsiya bu masalani otamning rahbariyatiga qoldirdi. Chunki otam ancha yuqori lavozimda edi. Szinchjou shahar qo‘mitasi darhol yozma ravishda ijozat berdi. Lekin otamning lavozimi tufayli G‘arbiy Lyaonin viloyatining partiya qo‘mitasidan ijozat tasdiqlanishi shart edi. Ota-onam boshqa to‘siqlar bo‘lmasa kerak deb hisoblab, to‘yni 4 mayga, onamning o‘n sakkiz yoshga to‘lish kuniga belgilashdi.
Onam bo‘lajak erining, ya’ni otamning uyiga ko‘chib o‘tish uchun kiyim-kechagini choyshabga tugdi. Yaxshi ko‘rgan oqish-zangori ko‘ylagini kiyib, oq ipak sharfini o‘radi. Buni ko‘rib, buvimning tepa sochi tikka bo‘lib ketdi.
— Bu nima degan gap, kelin kuyovning uyiga o‘z oyog‘i bilan boradimi?!
Aslida kuyov uni olib kelish uchun taxtiravon yuborishi kerak edi. Agar kelin o‘z oyog‘i bilan boradigan bo‘lsa, bu kuyov uni qadrlamasligini bildirardi, demak, kelinga ehtyoji yo‘q.
— Bu bema’ni narsani hozir kim o‘ylab o‘tiribdi, — dedi onam bo‘g‘chasini tugarkan.
Lekin «nahotki qizim an’anaviy tantanali to‘ysiz uzatilsa», degan o‘y buvimga tinchlik bermasdi. Qiz bola tug‘ilganidan boshlab har bir ona unga sep yig‘a boshlaydi. Biroq an’anaviy urf-odatlar yoshlarga eskilik sarqiti bo‘lib tuyulardi. Ikki inqilobchi uchun eng muhimi muhabbat edi.
Onam bo‘g‘chasini yelkasiga tashlab, otamning uyiga yo‘l oldi. Barcha partiya xizmatchilari singari otam ish joyida, ya’ni shahar partiya qo‘mitasi hududida yashardi. Qorong‘i tushib, kelin-kuyov endi ko‘rpaga kirganlarida eshik taqillab qoldi. Tashqarida turgan odam viloyat partiya qo‘mitasidan xat olib kelgandi. Xatda ular hozircha nikohdan o‘tishlari mumkin emasligi aytilgandi. Onamning qimtinib turgan lablaridan uning naqadar baxtsiz ekanini tushunish mumkin edi. U bosh irg‘adi, narsalarni yig‘ishtirdi-da, «Xayr» deb, jo‘nab qoldi. Na ko‘z yoshi, na e’tirozlar. Bu manzara otamning xotirasiga bir umrga muhrlanib qoldi. Men bolaligimda otamdan: «Zamon qanchalar o‘zgarib ketdi? Sen onangga sira o‘xshamaysan! Sen hech bunaqa qilmasding, tiz cho‘kib erkakning poyabzalini yechmasding!» — degan gaplarni ko‘p eshitardim.
May oyining oxirlarida nikohga ruxsat keldi. Onam o‘sha kuni Xotin-qizlar federatsiyasi majlisida o‘tirgandi. Birdan kimdir uning qo‘liga shahar qo‘mitasi raisi Lin Syaosyaning xatini tutqazdi. U oliy bosh qo‘mondon Lin Byaoning jiyani edi. Aynan shu oliy bosh qo‘mondon Manjuriyani qo‘lga kiritgandi. Nomada: «Viloyat boshlig‘i rozilik berdi. Majlisda unchalik o‘tirgingiz kelmayotgandir. Tezroq borib nikohdan o‘tinglar!» deb yozilgandi. Onam shoshilmasdan majlisga raislik qiluvchining oldiga bordi va xatni ko‘rsatdi. U bosh irg‘ib qo‘ydi va unga javob berdi. Onam otamning uyigacha yugurib bordi. Eshikni ochsa uning xonasida Lin Syaosya va boshqa partiya rahbarlari, shaxsiy soqchilari bilan to‘planib turishibdi.
— Do‘xtir Syaga ulov yubordim,— dedi otam.
— Qaynonang-chi? — so‘radi Lin.
—Otam indamadi.
— Bunaqasi ketmaydi, — dedi Lin va buvimga ham ulov yuborishni buyurdi. Shu tariqa otam bilan onamning to‘yi oddiygina o‘tdi. Unda bir necha kishigina qatnashdi. Keyin do‘xtir Sya ham keldi. Shahar qo‘mitasi yangi ovlab kelingan krab tortiq etdi — o‘shani tanovul qilishdi. Kommunistlar to‘yni arzonroq o‘tkazishga intilishardi, chunki an’ana bo‘yicha unga ko‘p pul sarflanardi. Katta to‘y bergan oilalar tez-tez xonavayron bo‘lib turishardi.
Na buvim, na do‘xtir Sya ularni to‘yga chaqirishganini bilishmasdi. Buni keyin sezib qolishdi. Ular kelishi bilan Xotin-qizlar federatsiyasidan kelgan ayollar orqa eshikdan chiqib ketishdi. Otam — kuyov ham jo‘nab qoldi. Buvimning qahri keldi, yig‘lab yuborishiga sal qoldi.
Onam kommunistlarning to‘yga munosabatini yashirib, «kuyov ishga ketdi», deb qo‘ya qoldi.
— Kommunistlarda nikohdan yangi o‘tganlar ishdan ozod qilinmaydilar, — dedi onam. — Men ham hademay federatsiyaga ketaman…
Kommunistlarning to‘y singari muhim marosimga bunaqangi munosabati buvimni hayron qoldirdi. “Ular juda ko‘p an’analarni buzdilar, balki hayron qolishning hojati ham yo‘qdir», o‘yladi u.
O‘sha paytlarda onamning majburiyatiga to‘qimachilik fabrikasidagi ishchilarni o‘qitish va yozishni o‘rgatish kirardi. U ayollar va erkaklar teng huquqli ekani haqida tashviqot olib borishi kerak edi. Fabrika hali xususiy edi va ustalardan biri ayollarni kaltaklardi, onam uni ishdan bo‘shatishga erishdi va ishchilarga o‘zlariga ayollardan birini usta qilib saylashlariga erishdi. Lekin bu ishi uchun u Federatsiyadan hech qanday maqtov eshitmadi.
Gap shundaki, xotin-qizlar federatsiyasining eng muhim vazifasi shippaklar tikishdan iborat edi. Onam shippak tikishni bilmasdi va bu ishni onasi va xolalariga topshirardi. Chunki ularni bu ishga yoshlikdan o‘rgatishgandi. Onam Federatsiyaga olib kelgan shippaklar mo‘ljaldagidan ancha ko‘p edi, shunga qaramay, uni maqtash o‘rniga, yosh qizchaday tanbeh berishdi. Federatsiyadagilar dehqon ayollar orasida shippak tikolmaydigan ayol borligini tasavvur qilolmasdilar. Ular uchun bu «men ovqat yeyishni bilmayman» deganday gap edi. Majlisda uni «burjuacha inqiroz» uchun tanqid qilishdi.
Onamning ayrim boshliq ayollar bilan munosabatlari ham uncha yaxshi emasdi. Bu dehqon ayollarning yoshlari kattaroq, ancha konservativ edilar, yillab partizan otryadlarida kurashgandilar, shu bois xushro‘y, savodli shahar qizlarini xush ko‘rmasdilar, kommunist erkaklarni bir zumda o‘zlariga og‘dirib oladigan bunday sohibjamollar ularning g‘ashini keltirardi. Onam partiya safiga kirish uchun ariza berdi, lekin loyiq emas, deb rad etishdi.
Onam uyga ketayotganda, har safar uni tanqid qilishardi. Uni «oilasiga haddan tashqari bog‘lanib qolgan», bu «burjuaziyaga xos odat» deb ayblashar va tanbeh berishardi, natijada u onasini borgan sari kamroq ko‘radigan bo‘lib borardi.
O‘sha paytlarda yozilmagan bir qoida bor edi. Ana shu tartibga binoan, inqilobchining ish joyini tashlab ketishga haqqi yo‘q edi. Faqat shanba kunigina ruxsatnoma berishardi. Onamning karavoti Xotin-qizlar federatsiyasi binosida edi, uni otam yashaydigan uydan pastakkina paxsa devor ajratib turardi. Onam kechasi o‘sha devordan oshib tushardi-da, kichik bog‘dan o‘tib, otamning xonasiga kirib borardi. Sahar payti o‘z xonasiga qaytib kelardi. Tez orada buni sezib qolishdi-da, otam ikkovini firqa majlisida rosa tanqid qilishdi. Kommunistlar faqat ijtimoiy tartibni emas, kishilarning shaxsiy xayotini, ayniqsa, «inqilob ishtirokchilari» hayotini o‘zgartirishga urinardilar. «Shaxsiy ish — siyosiy ish» hisoblanardi, aslida esa shaxsiy hayot yo‘qqa chiqarilardi. Har qanday mayda-chuyda gapni «siyosiy onglilik» bilan bog‘lab, majlislarda kommunistlarni «do‘pposlashardi».
Otam o‘zini og‘zaki, onam esa yozma tanqid qilishlariga to‘g‘ri keldi. Onamni «sevgini birinchi o‘ringa qo‘yganlikda» ayblashdi. Holbuki, ustuvorlikni inqilobga berish kerak edi. Onam o‘zini adolatsiz xafa qilishdi deb his etdi. U kechani o‘z eri bilan o‘tkazgan bo‘lsa, bundan inqilobga qanday zarar yetadi? Atrofda partizanlar urushi ketayotgan bo‘lsa ham mayli edi, hozir buning nima zarurati bor edi? Onam o‘zini tanqid qilib yozishni istamadi va bu haqda eriga aytdi. Lekin eri urishib berdi.
— Inqilob hali g‘alaba qilgani yo‘q, — dedi u. — Urush davom etayapti. Biz qoidani buzdik va o‘z xatoimizni tan olishimiz lozim. Inqilob temir intizomni talab qiladi. Sen partiyaga bo‘ysunishing kerak. Uning qarorini tushunmasang yoki unga rozi bo‘lmasang ham shunday qilishing shart.
Tez orada baxtsizlik yuz berdi. Byan degan shoir o‘z joniga qasd qilishga urindi. U Xarbinga borgan edi va onam bilan yaxshi tanish bo‘lib qolgandi. Byan «Yangi chiqqan oy» she’riy maktabining izdoshi edi. Maktabni Gomindan hukmronligi paytida AQShda elchi bo‘lgan Xu Shi boshqarardi. Mazkur adabiy oqimda shakl nafosatiga alohida e’tibor beriladi. Unda Kitsning ta’siri sezilib turardi. Urush paytida Byan kommunistlar firqasiga kirdi, lekin uning she’riyatini o‘rinsiz deb hisoblashayotganini sezib qoldi: inqilob shoirning o‘z g‘oyasini ifodalashini emas, tashviqotni talab qilardi. Bundan cheksiz iztirobga tushgan shoir o‘zini o‘ldirishga uringandi.
Uning o‘z joniga suiqasd qilishga urinishi firqani larzaga soldi. Maktab partiya tashkiloti tergov ishlari olib bordi-da, kutilmagan xulosa chiqardi, go‘yo shoir Byan onamga bo‘lgan baxtsiz muhabbati tufayli o‘z joniga qasd qilgan emish. Majlisda federatsiyaning xotin-qizlari onamni ayblashdi. Nedirki, onam shoirni umidvor qilib, otamga tekkan emish… Onam isbot talab qildi. Afsuski, dalillar keltirilmadi.
Bu voqeada otam onamning yonini oldi. Xarbinga borganlarida u onamning shoir bilan uchrashib, she’rlarni tinglaganidan xabari bor edi. Uchrashuvga o‘zi bilan chiqqanini ham bilardi. Lekin na otam, na onam g‘iybatlarni to‘xtata olmasdilar. Ayniqsa, Federatsiyadagi ayollar tilga erk berardilar.
Onam endigina o‘n sakkizga to‘lgan, endigina turmush qurgan, yangi hayotdan umidvor bo‘lib yashar edi. Lekin negadir o‘zini yo‘qotib qo‘ygandek, yolg‘izdek his qilardi. U partiyani ham, inqilobni ham ayblay olmasdi. Federatsiyadagi ayollarni ham ayblay olmasdi. Chunki ular onamning dugonalari edilar, partiya siyosatini to‘g‘ri olib bordilar. Onamning butun nafrati eriga qaratildi. Chunki onam kundalik turmushida shaxsiy hayot uchun ham o‘rin qoldirgandi, otam esa — yo‘q. Szinchjoudagi muhit onam uchun chidab bo‘lmas darajaga yetdi. U eriga bu yerdan tezda ketish kerak deb aytdi. U rozi bo‘ldi, holbuki, martabasining oshishini kutayotgandi. Shunga qaramay, shahar qo‘mitasiga murojaat qildi. Ona shahri Ibinga ketgisi kelayotganini bahona qildi. Qo‘mitadagilar hayron bo‘lishdi, chunki u yaqindagina aynan o‘sha yerda ishlashni xohlamayman degandi.
1949 yilning yozida kommunistlar Janubga shiddatli yurish boshladilar. Ular Chan Kayshining poytaxti Nankinni egalladilar, erta-indin Sichuanga kiradiganday bo‘lib qoldilar. Partiya otamning yangi joyga o‘tkazilishini tasdiqladi. To‘ydan so‘ng ikki oy o‘tgach, ota-onam Szinchjouni tark etdilar.

ONAMNING BUYuK YuRIShI
(1949–1950)

Szinchjoudan jo‘nab ketish oldidan onamni vaqtincha sinov muddati bilan partiyaga qabul qildilar. Shahar qo‘mitasidagilar yangi ish joyida bu unga asqotadi degan qarorga keldilar.
Ota-onam boshqa kommunistlar bilan birga — yuzdan oshiqroq odam — Sichuanga qarab yurdilar. Bu guruhning erkaklarini asosan janubiy g‘arbda tug‘ilgan kommunist- rahbarlar tashkil qilardi. Ayollar ozchilik – asosan sichuanliklarga erga tekkan manjuriya aholisi edi. Yo‘lda ularni otryadlarga bo‘ldilar va yashil armiya kiyimi berdilar. Bu guruhlar fuqarolar urushi qizib turgan hududni kesib o‘tishlari kerak edi. Sichuan hamon Gomindan qo‘lida edi. Onam o‘zini qafasdan qutulgan qushdek ozod sezsa-da, aziz yurtidan, onasidan uzoqlashib ketayotganidan yuragi g‘ash edi. Unga eri dalda berib turdi. Bardam bo‘lish, har qanday qiyinchiliklarga, sinovlarga bardosh berish kerakligini uqtirardi otam.
Tyantszinda, taxminan ikki yuz ellik kilometr janubi g‘arbda poyezd to‘xtadi — temir yo‘l shu yerda tugardi… Bu yog‘iga piyoda yurishga to‘g‘ri kelardi.
Bir safar tog‘ dovonidan oshib o‘tishgach, ular bir necha chuqur va tez oqar soylarga ro‘para kelib qoldilar. Suv onamning belidan kelardi, u oyog‘ida zo‘rg‘a turardi. Daryochaning o‘rtasiga borganida oyog‘i sirg‘anib ketdi, agar yonidagi erkak uni ushlab qolmaganida onamni suv oqizib ketishi hech gap emasdi. Onam yig‘lab yuborishiga sal qoldi. Ayniqsa, boshqa bir ayolning eri uni suvdan qutqarib o‘tayotganini ko‘rganda, unga alam qildi. Haligi erkak, garchi yuqori lavozimda, mashinada yurishga haqqi bo‘lsa-da, xotini bilan birga yurish uchun bu imtiyozlardan voz kechgandi.
Otam esa onamni ko‘tarib olmagandi. Uni jipda shaxsiy soqchisi bilan birga olib yurishardi. Otamning lavozimi uning jip-mashinada yoki otda yurishiga imkon berardi. Onam eri uni yoniga olar, hech bo‘lmasa yukini mashinaga ortar deb umid qilardi. Lekin umidlari puchga chiqdi. Onam daryoga cho‘kib ketishiga sal qolgan o‘sha kuni kechqurun otam bilan munosabatlarini aniqlik kiritishga jazm etdi. Bu juda rasvo kun edi. Shuncha qiyinchiliklardan tashqari, onamning hadeb qusgisi kelaverardi. Nahotki, ba’zida u xotinini mashinaga chiqarmasa?
— Yo‘q, — dedi u qat’iy. — Axir mashinaga haqqing yo‘q.
Otam qarindoshlarga homiylik qilishdek asriy xitoy an’anasiga qarshi kurashishga qaror qilgandi. Buning ustiga onam bu qiyinchiliklarni yengib o‘tishi kerak edi. Onam, uning dugonasini suvdan eri qo‘lda ko‘tarib o‘tganini aytib e’tiroz bildirgandi.
— Bu butunlay boshqa narsa, — dedi otam.
— Axir, dugonang eski kommunistlardan. 30-yillarda u keyinchalik Shimoliy Koreyaga boshchilik qilgan va shimoli sharqda yaponlarga qarshi kurashgan Kim Ir Sen bilan partizanlar otryadiga komandir edi. Bu kurashda u juda ko‘p narsa yo‘qotgan. Birinchi eridan judo bo‘lgan. Uni Stalinning amri bilan qatl etishgan. Sen yosh talaba bo‘lsang, nega o‘zingni bu ayol bilan tenglashtirasan? Agar atrofdagilar senga yordam berayotganimni ko‘rishsa, baloga qolasan. Bu senga foyda emas, zarar keltiradi. Partiyaga hali doimiy a’zo qilib olinganing yo‘q. Tanlab ol: yo mashinaga o‘tirasan, yoki partiyaga kirasan…
Bir kuni onam boshchilik qilayotgan guruh yelkasida butun ashqol-dashqoli bilan bir necha mil — respublika asoschisi Sun Yatsen qabrigacha chopib borishi kerak edi. Yugurib borib qaytib kelgach, onam qornining pastida og‘riq seza boshladi. O‘sha kuni kechqurun shaharning qarama-qarshi tomonida Pekin operasi qo‘yilayotgan edi, bosh rolda xitoy yulduzlaridan biri o‘ynardi. Pekin operasiga ehtirosni buvimdan meros qilib olgan onam spektaklni sabrsizlik bilan kutardi.
Kechqurun onam o‘rtoqlari bilan opera qo‘yiladigan yerga besh mil masofani bosib o‘tdi. Otam avtomobilda bordi. Yo‘lda onamning og‘rig‘i zo‘raydi va u orqasiga qaytmoqchi ham bo‘ldi. Lekin yo‘lning oxirigacha chidadi. Spektaklning o‘rtalarida onamning ahvoli og‘irlashdi. U otamdan mashinada uyga olib borib qo‘yishni iltimos qildi. To‘g‘ri, u o‘zining ahvoli to‘g‘risida unga hech nima demadi. Otam og‘zi ochilganicha opera tomosha qilayotgan haydovchisini ko‘rsatib, dedi:
— Ko‘rayapsanmi, shunday zavq bilan spektakl tomosha qilayotgan odamga nega xalaqit berishim kerak? Xotinim ketgisi kelib qolgani uchunmi?!
Onam unga dardini tushuntirib o‘tirmadi, shartta orqasiga burildi-da, jo‘nab qoldi.
U tunaydigan joylariga zo‘rg‘a, bir amallab yetib oldi. Yo‘l judayam cho‘zilib ketdi, sira tugamaydiganga o‘xshardi. Goh yurib, goh sudralib keldi. Zo‘r-bazo‘r uyga kirib bordi. Soqchilardan boshqa hech kim yo‘q, hamma opera tomosha qilgani ketgandi. Bir amallab karavotiga yetib oldi. Chiroq yorug‘ida o‘ziga qarardi, ne ko‘z bilan qarasinki, ishtoni qon… U hushidan ketdi… U birinchi bolasini shunday yo‘qotdi.
Bir oz keyinroq eri paydo bo‘ldi. Mashinada kazarmaga u birinchilardan bo‘lib yetib keldi. Xotinining karavotda cho‘zilib yotganini ko‘rib, toliqqan bo‘lsa kerak deb o‘yladi. Qonga ko‘zi tushgach esa, xotini hushsiz yotganini tushundi. Shoshilib do‘xtirga yugurdi.
Onamning o‘lishiga bir bahya qolgandi. Unga qon quyishdi, tibbiy yordam ko‘rsatishdi. Amaliyotdan so‘ng, ko‘zini ochgan onam yonida erini ko‘rdi. Onamning birinchi gapi: «Men ajralishni istayman» degan so‘zi bo‘ldi. Otam rosa yalindi, kechirim so‘radi. U xotini homilador ekanini xayoliga ham keltirmagandi, buni onamning o‘zi ham bilmasdi. Otam o‘zi tan olganidek, bola tushishi nimaligini bilmasdi. U xotiniga munosabatini o‘zgartirish haqida va’da berdi, sevaman deb qayta-qayta ont ichdi.
Onam hali o‘rnidan turolmas ekan, otam uning qon tekkan ki-yimlarini yuvdi. Xitoy erkagi uchun bu juda g‘ayrioddiy ish edi. Vaqt o‘tishi bilan onam ajrim talab qilmay qo‘ydi, lekin Manjuriyaga qaytaman, deb turib oldi.
— Borib tabobat bilan shug‘ullanaman, — dedi onam. — Axir, har qancha urinib ko‘rmayin, inqilob talabiga mos tusholmayman. Shuning uchun bo‘lsa kerak, har bir qadamim tanqidga uchramoqda. Yaxshisi, chetga chiqib turganim ma’qul.
— Aslo bunday qila ko‘rma, — e’tiroz bildirdi otam.— Bu qiyinchiliklar oldida esankirash, dahshatga tushish deb talqin qilinishi mumkin. Seni qochoq deb atashadi, kelajaging barbod bo‘ladi. Bordi-yu, seni universitetga qabul qilishsa ham yaxshi ish berishmaydi…
1 oktyabrda radio orqali juda muhim xabar eshittiriladi, deb hammani ogohlantirishganda onam kasalxonada yotardi. U radiodan eshitdi. Mao Samoviy Xotirjamlik darvozasi (Tyananmen) maydonida Xitoy Xalq Respublikasiga aylanganligini e’lon qildi. Onam bolalarga o‘xshab yig‘lab yubordi. Nihoyat, u orzu qilgan va kurashgan Xitoy tashkil topdi. Bu mamlakat uchun u jonini fido qilishga tayyor edi.
3 oktyabr kuni otryad shaharni tark etdi. Kommunistlarning kuchlari Sichuanga yaqinlashib kelardi. Onamni yana bir oyga kasalxonada qoldirishdi. Keyin bir oz tuzalgach, uni Gomindanning sobiq bosh g‘aznachisi X.X. Kun (Kun Syansi)ga tegishli bo‘lgan hashamdor binoga joylashtirishdi. X.X. Kun Chan Kayshining bojasi edi. Yanvarning oxirida onamga kasalligi tufayli shaharda qolganlar uchun paroxodda joy borligini ma’lum qilishdi.
Paroxodda Yantszining uch darasi degan, daryo ancha toraygan va Sichuan boshlangan yergacha suzib borgach, ikkita kichik kemachaga o‘tirishdi. Kemalarning biriga harbiy yuklarni ortib, soqchilar qo‘yishdi, ikkinchisiga yo‘lovchilarni o‘tqazishdi.
Yantszi darasini «Jahannam darvozasi» deb atashardi. Daryoning ikki sohilidagi qoyalar dahshatli ko‘rinardi. Xuddi hozir kemani bosib tushadiganga o‘xshardi. Lekin manzarasi shunaqa chiroyli ediki, onamning ko‘zlari yayrab, yuragi hapriqib ketdi. O‘sha kuni xitoy yangi yili arafasida ular Ibin shahriga yetib kelishdi. Kema to‘xtash joyiga yaqinlashganda onam ko‘zlari bilan otamni qidira boshladi. Nihoyat ko‘rdi, ana u, yoqasi ochiq harbiy paltoda, orqasida qo‘riqchisi.
Kema sohilga yondashib to‘xtadi. Harbiy xizmatchi ko‘prikni uladi. Shunda otamning shaxsiy soqchisi kelib onamning qo‘lidan yuklarini oldi. Onam ko‘prikchadan o‘tayotganda otam unga qo‘lini cho‘zdi. Onam o‘zini baxtiyor his etdi.

UYGA QAYTISh
(1949–1952)

Yananda boshqa ko‘plar qatori otam ham o‘ziga harbiy taxallus oldi. Uni Van Yuy deb chaqirishardi. Bu — «haddan tashqari beg‘araz» degani. Ona shahriga kelgach, haqiqiy familiyasi Chjanni qo‘llay boshladi. Lekin o‘z ismiga taxallusini ham qo‘shib Chjan Shouyuy deb atala boshladi. U o‘n yil muqaddam uyini kambag‘al, qashshoq ishchi holda tashlab ketgandi. Endi bo‘lsa, hali o‘ttiz yoshga ham to‘lmasdan, qudratli bir kishi bo‘lib qaytib keldi. Oiladagilari u bilan faxrlanardilar.
Otamning onasi shaharning bir chekkasida marhum eridan qolgan eski uyda yashardi. Bu uy onamga juda yoqib qoldi. Bu juda muhim voqea edi. Xitoy an’anasiga ko‘ra, erga tekkan ayol butunlay qaynonasiga bo‘ysunardi. U qaynona bo‘lgach, o‘zi ham keliniga shunday zug‘um o‘tkazardi. Ayollarga erk berish – kommunistlar siyosatining muhim yo‘nalishi hisoblarnardi. Kommunist kelinlar — qaynonalarga azob beruvchi «yovuz furiya»dir* degan gap yurardi. Otamning oilasidagilari yosh kelin o‘zini qanday tutishini sabrsizlik bilan kutardilar.
O‘sha kuni katta oila a’zolarining hammasi uyga to‘planishdi. Onam hovli panjarasiga yaqinlashishi bilan: «Kelayapti, kelayapti» degan shivir-shivir boshlandi. Kattalar bolalarni tinchitishga urinar, shumtakalar bo‘lsa olis shimoldan kelgan bu g‘alati kommunist kelinni bir ko‘rib qolaylik, deb sakrashar edi.
Onam otam bilan mehmonlar kutiladigan xonaga kirganida, qaynonasi eng to‘rda o‘tirardi. Er-xotin uning huzuriga yaqinlashdilar. Qaynonaning yuzi juda xotirjam edi. U o‘tirgan stul oldida ular to‘xtab qolishdi. Shunda onam tiz cho‘kdi va boshini uch marta yerga tekkazdi. Udumga ko‘ra, kelin aynan shunday qilishi kerak edi.
To‘planganlarning hammasi yengil tortdi. Qarindoshlar xursand bo‘lib ketgan bekasiga shivirlab qolishdi:
— Qanday ajoyib kelin! Shunday olijanob, go‘zal, ehtiromli! Oyijon, rosa omadingiz bor ekan!
Onam o‘zining kichkinagina g‘alabasidan faxrlanib ketdi. Ular otam bilan nima qilish kerakligi to‘g‘risida uzoq gaplashdilar. Kommunistlar ta’zim qilib yerga bosh urish odatini yo‘qotishga da’vat etardilar, chunki buni inson qadrini yerga urish deb hisoblardilar. Onam bu safar istisno tariqasida shunday qilgisi keldi. Otam rozi bo‘ldi. U onasini ham, xotinini ham xafa qilgisi kelmadi. Lekin o‘zi shunday qilishini kutishlariga qaramay ta’zim etmadi…
Tez orada onamga ish berishdi. U Ibin uyezdi hukumati ma’muriyatining tashviqot bo‘limida xizmat qila boshladi. U ish joyida kam o‘tirardi. Asosiy vazifasi aholini to‘ydirishi kerak edi. Bu esa borgan sari mushkullashib borardi. Kommunistlar qishloqlarga qurollangan oziq-ovqat otryadlari jo‘natishdi. Otryadlar xizmatchilar va harbiylardan tashkil topgandi. Qariyb hammani safarbar qilishdi. Ma’muriyat binosida ikkitagina ayol qolgandi, bittasi qabulxonada o‘tirar, ikkinchisi endigina farzand ko‘rgandi.
Uchinchi ekspeditsiya paytida onam o‘zini yomon his qila boshladi. Qusgisi kelar, boshi aylanardi. U homilador bo‘lib qolgandi, Ibinga holdan toygan tarzda qaytdi. Lekin dam olishga imkoni yo‘q, darhol yangi yurishga borishi kerak edi. u bilan birga yana bir homilador ayol ekspeditsiyaga otlandi. Ekpeditsiya paytida ular bir tashlandiq hovlida tushlik qilmoqchi bo‘lishdi. Oshpaz guruch qaynatayotgan paytda ostonada o‘rta yashar erkak paydo bo‘ldi. Ko‘rinishidan u dehqonga o‘xshardi.
— Ehtiyot bo‘linglar, — dedi u. — Izingizdan kallakesarlar to‘dasi quvib kelayapti. Ular orangizdagi ikki ayolni qo‘lga olishmoqchi. Ular yuqori martabali kommunist boshliqlarning ayollari…
Kelgan odam oddiy dehqon emasdi. Gomindan hukmronligi paytida u bir necha qishloqni birlashtirib viloyatning oqsoqoli bo‘lib xizmat qilardi. Hozir otryad ana shu qishloqlarning birida joylashgandi. To‘da sobiq oqsoqolning ko‘magidan foydalanmoqchi bo‘ldi. Oqsoqol bo‘lsa to‘da a’zolariga yordam berish niqobi ostida o‘zini himoya qilishni ham unutmadi. Shuning uchun u bo‘lajak hujumdan kommunistlarni ogohlantirib, qochib yashirinishni maslahat berdi.
Otryaddagi kommunistlar darhol qochib qolishdi. Lekin onam bilan ikkinchi homilador ayol qochisha olmadi. Shuning uchun oqsoqol ularni devordagi tuynuk orqali olib chiqib, yaqinroqdagi pichan g‘aramida yashirinishlariga yordamlashdi. Oshpaz o‘choqboshida narsalarini yig‘ishtiraman deb ushlanib qoldi. Ikkita askar unga yordamlashgani oshxonada qoldi. Lekin ular qochishga ulgurishmadi. Eshikdan bostirib kirgan kallakesarlar to‘dasi ularni quvib yetib, pichoqlar bilan chavaqlab tashlashdi. Pichan g‘aramiga yashiringanlarni esa sezmay qolishdi.
Tez orada to‘dani qo‘lga olishdi. Oqsoqolni ham ushlashdi. Uning to‘da yetakchilaridan biri ekani ma’lum bo‘ldi. O‘sha davr qonuniga ko‘ra, unga o‘lim jazosi berilishi kerak edi. Lekin aynan o‘sha odam oziq-ovqat otryadini xavfdan ogoh qildi va ikki ayolni o‘limdan saqlab qoldi. O‘sha paytlar o‘lim jazosi uchlikning qarori bilan tasdiqlanardi. Buni qarangki, o‘sha uchlikning boshlig‘i otam, a’zolaridan biri haligi qutqarilgan homilador ayolning eri, uchinchisi mahalliy politsiya boshlig‘i edi.
Tribunal: ikkitaga qarshi bitta bo‘lib qoldi. Onamning tanishining eri oqsoqolning hayotini saqlab qolishga ovoz berdi. Otam bilan politsiya boshlig‘i uni o‘limga hukm etishni yoqlab chiqishdi. Onam ularga rosa yalindi, lekin otam so‘zida qattiq turib oldi. Oqsoqolni qatl etishdi. Bu qilmishi uchun onam otamni sira kechira olmasdi. Shuncha odam hayotini qutqarib qolgan kishini qanday qilib qatl etish mumkin? Otam uni avval ham qattiq ranjitgan edi. Demak, u onamni sira qadrlamas ekan-da!
Bu paytda buvim Szinchjouda qizi uchun tashvishda edi. Qizidan Ibinga yetib borishgani haqida xat olishi bilan, buvim o‘sha yoqqa yo‘l olishga va qizining ahvoli qanday ekanligini ko‘rishga qaror qildi. 1950 yil mart oyida u o‘zining shaxsiy «buyuk yurishi»ga yolg‘iz otlandi.
U ulkan mamlakatning olis yerlari haqida hech narsa bilmasdi. Buvim, Sichuanni Xitoyning qolgan qismi bilan tog‘lar ajratib turadigina emas, balki u yerda hayot uchun zarur narsaning o‘zi yo‘q deb tasavvur qilardi. U o‘zi bilan eng zarur narsalardan ko‘proq olmoqchi bo‘ldi. Lekin hamma joyda urush ketardi. Buvim bu narsalarni o‘zi ko‘tarishi va uzoq piyoda yurishga to‘g‘ri kelishini yaxshi tushunardi. Oyog‘i doka bilan o‘rab tortilgan ayol uchun bu juda og‘ir edi. Nihoyat, kichik bir tuguncha olib ketishga majbur bo‘ldi.
U do‘xtir Syaga turmushga chiqqandan beri oyoqlari ancha o‘sdi. An’anaga ko‘ra, manjur ayollari oyog‘ini o‘rab yurishmasdi. Shuning uchun buvim dokalarni yechib tashladi. Lekin yurganda baribir oyoqlari og‘rirdi. Singan suyaklari, albatta, bitib ketmasdi. Oyoqlari to‘g‘ri ko‘rinishi uchun u tuflisiga paxta tiqib olgandi.
Buvim yo‘lga chiqishdan oldin uni otam bilan onamning to‘yiga olib kelgan Lin Syaosya degan kishi qog‘oz yozib berdi. Bu qog‘ozda buvim inqilobchining onasi ekanligi aytilgandi. Ana shu qog‘oz tufayli partiya tashkilotlari uni safari davomida oziq-ovqat, boshpana va pul bilan ta’minlashlari shart edi. Buvim ham ota-onam yurgan yo‘l bilan bordi. Unga poyezdda, mashinada, piyoda yurishga to‘g‘ri keldi. Bir safar u ochiq yuk mashinasida borardi, yonida kommunistlar oilasidan bo‘lgan ayollar va bolalar bor edi. Kichkintoylarning yozilgisi kelib qoldi, mashina to‘xtar-to‘xtamas, uni o‘qqa tutib qolishdi. Buvim daraxtlar orasiga ichkariroq kirib, o‘tirib oldi. Uning tepasidan o‘qlar chiyillab o‘tdi. Mashinadagilarni qo‘riqlab borayotgan harbiylar pulemyotdan javob o‘ti ochishdi. Hujum qiluvchilarning ovozi o‘chdi. Bular gomindanchilar qo‘shinlarining qoldiqlari edi. Buvimga hech narsa qilmadi, lekin bir necha bola va qo‘riqchilar halok bo‘ldi.
Buvim yo‘lning uchdan ikki qismini bosib o‘tib, Markaziy Xitoydagi katta shahar Uxanga yetganida, unga yo‘lning qolgan qismi — Yantszi bo‘ylab yuqoriga suzish ham ancha xavfli ekanini aytishdi. Vaziyat sal osoyishta bo‘lishini poylab bir oy kutishdi. Shunga qaramay, kemani bir necha bor qirg‘oqdan turib o‘qqa tutishdi.
Ichandan u kichikroq kemaga o‘tirdi. Uch darani bosib o‘tgach, xurmo barglari bilan yopilgan qayiqqa minib, Ibinga qarab suzdi. Manzilga mayning o‘rtalarida yetib keldi. Sayohat ikki oydan ko‘proq vaqtni oldi. O‘zini yomon his etayotgan onam buvimni ko‘rib judayam suyundi. Otam unchalik xursand emasdi. Ibinda u ilk bor xotini bilan nisbatan tinch vaziyatda yashadi. U o‘zi bilan rafiqasi o‘rtasidagi rishta ona bilan qiz o‘rtasidagi rishtadan ancha mahkam ekanini yaxshi tushunardi. Buvim onamning ko‘zi yorishigacha qolish niyatida edi. Onam ham shuni umid qilardi. Lekin otam bunga e’tiroz bildirdi. Onam qattiq xafa bo‘ldi:
— U men haqimda o‘ylamaydi, meni sevmaydi, — dedi nihoyat. Buvim jo‘nab ketdi. Onam esa buning uchun erini kechirolmadi.
Hamisha ishda band bo‘lgan otam safardaligida 8 noyabrda xotini unga birinchi farzand — qiz tug‘ib berdi. Do‘xtir Sya onamga Dexun deb ism qo‘ygandi. U ikki iyeroglif — yovvoyi oqqush (xun) va avlodlar nomi axloq (de) dan tashkil topgandi. Otam qizining ismini Syaoxun qo‘ydi. Bu onasiga o‘xshadi (syao) degan ma’noni anglatardi. Syaoxun tug‘ilganidan yetti kun o‘tgach, ammasi Szyunin ikkita hammolni yollab, uni va chaqalog‘ini bambuk zambilda kasalxonadan Chjanlar uyiga olib keltirdi. Bir necha haftadan so‘ng uyga kelgan otam:
— Kommunist sifatida buni o‘zingga ep ko‘rmasliging kerak edi, — dedi onamga.
Ichki tuyg‘ulari larzaga kelgan onam partiyada qolishni ham, chiqib ketishni ham bilolmay qoldi. O‘z g‘azabini na partiyaga, na otamga sochish imkoniyati bo‘lmagan onam, o‘z baxtsizligi uchun yangi tug‘ilgan qizchasini ayblay boshladi. Kasalxonadan chiqqanlaridan so‘ng singilcham to‘rt kechayu to‘rt kunduz tinimsiz yig‘ladi. Onamning sabr-bardoshi tugadi, chaqaloqqa baqirdi va urdi. Qo‘shni xonada yotgan Szyunin ammam yugurib chiqdi.
— Sen judayam charchading, — dedi, — endi unga men qarab turaman.
Shundan so‘ng onamga ammam qaraydigan bo‘ldi. Bir necha haftadan so‘ng onam ishga chiqqach, opam Dexun Szyunin ammamlarning uyida qoldi.
Hali hanuzgacha onam o‘sha kunlarni alam bilan eslaydi. Keyinchalik onam uni ko‘rgani borganda, qizaloq yashirinadigan bo‘ldi. Shundan so‘ng u qizi Syaoxunga o‘zini ona deb atashga ruxsat bermadi.
Ammam qizcha uchun emizuvchi enaga topdi. Har bir xizmatchi uchun yollangan enagaga davlat pul to‘lardi. U muntazam tibbiy ko‘rik bilan ta’minlanardi. Enaga ham davlat xizmatchisi hisoblanardi. Ular xizmatkor emas, hatto chaqaloqning tagliklarini ham yuvmasdi. Davlat bunday katta xarajatlarga rozi edi, chunki partiyaning «inqilobchilar»ga doir qoidasiga binoan, nikohdan o‘tishga yuqori lavozimdagilargagina izn berardi, bunday oilalarda farzand kam tug‘ilardi.
Enaga endigina yigirma yoshga kirgandi, o‘zining bolasi o‘lik tug‘ilgan edi. U yer egasining o‘g‘liga erga tekkandi. Ular esa yerdan olinadigan daromaddan ayrilishdi. Ayol dalada ishlashni xohlamadi, u shaharda yashashni istardi, chunki eri shu yerda o‘qituvchilik qilardi. U tanish-bilishlar orqali ammamni topdi va eri ikkalasi Chjanlar uyiga joylashishdi.
Onam asta-sekin o‘ziga kela boshladi. Tuqqanidan so‘ng o‘ttiz kunlik ta’til oldi va vaqtini qaynonasinikida va Szyunin ammamnikida o‘tkazdi. Xizmatga qaytgach esa, rayon qayta tuzilgani uchun komsomol ishiga o‘tdi. Yetti yarim ming kvadrat mil maydonga ega bo‘lgan Ibin rayonida ikki milliondan ziyoda aholi yashardi, uning tarkibida shahardan tashqari to‘qqizta qishloq uyezdi ham bor edi. Otam butun rayonni boshqaruvchi, to‘rt kishidan iborat qo‘mita a’zosi hamda rayon tashviqot bo‘limining boshlig‘i bo‘ldi.
Onamning boshlig‘i Chjan Sitin degan ayol edi. Ular eri bilan 1950 yilda Tibetni olish uchun yuborilgan harbiy qismlarda xizmat qilishardi. Sichuan Tibetga borish yo‘lidagi asosiy qo‘nalg‘a edi. Er-xotin armiyadan bo‘shatishlarini so‘rashganda ularni Ibinga yuborishdi. Erining ismi Lyu Szetin. U eski ismini Szetin (“Tin bilan bog‘liq”) deb o‘zgartirdi. Bu bilan u rafiqasini qanchalik qadrlashini ko‘rsatmoqchi edi. Shundan so‘ng er-xotinni «ikki tin» deb atay boshlashdi.
Bahorda onam komsomol qo‘mitasining boshlig‘i bo‘ldi. Bu hali yigirma yoshga to‘lmagan ayol uchun juda katta lavozim edi. U yana avvalgi kuch-qudrat bilan ishlay boshladi. 1951 yilning iyunida menga hayot ato etilgandi.
___________
* Furiya — Rim mifologiyasida qasos oluvchi ma’budalardan biri.

HOKIMNING OShIG‘I OLChI BO‘LDI
(1951–1953)

Onamning asosiy vazifalaridan biri fabrika ishchilari orasida yangi hukumatni qo‘llab-quvvatlashni ta’minlash edi. 1951 yilning boshlarida u fabrikalarga qatnar, nutq so‘zlar, ishchilarning shikoyatlarini tinglar, turli-tuman masalalarni hal qilardi. Yosh ishchilarga kommunizm nimaligini tushuntirib berish, ularni komsomol va partiyaga da’vat etish ham uning vazifasiga kirardi. U goh bir fabrikada, goh ikkinchisida uzoq yashab qolardi: onam kommunistlar «ishchi va dehqonlar orasida yashashi kerak» degan qoidaga qattiq amal qilardi. Ana shu jarayonda u og‘ir sil kasalligini boshidan kechirdi…
Men 1952 yilning 25 martida tug‘ildim. Bu xabarni eshitgan do‘xtir Sya:
— Mana, yana bitta yovvoyi oqqush tug‘ildi! — dedi quvonib.
Mening ismimni Erxun deb atashdi. Bu «ikkinchi yovvoyi oqqush» degani. Menga shu ismni bergan do‘xtir Sya o‘z hayotidagi so‘nggi ishni bajo keltirdi. U sakson to‘rt yoshida vafot etdi. Karavotda o‘tirib sut ichayotgan joyida finjoni qo‘lidan tushib ketdi. Uning ko‘zlari abadiy yumilgan edi.
Do‘xtir Syani Ibinning bir chekkasida, Yantszi daryosi sohilidagi qabristonga dafn etishdi. Uning mozori uzra sershox qarag‘ay, sarv daraxtlari o‘sardi. U Ibinda uncha uzoq yashamagan bo‘lsa-da, katta obro‘-e’tibor qozongandi.

OTA AZIZ, ONA AZIZ, RAIS MAO AZIZROQ
(1964–1965)

1964 yilning kuzidan o‘rta bosqich maktabiga qatnay boshladim. Shundan e’tiboran siyosat mening hayotimga singiy boshladi. Maktabga borganimizning birinchi kuniyoq, Rais Mao tufayli bizni o‘qishga olishganini aytishdi. Chunki bizni tanlashda «sinfiy yondashishibdi». Mao maktablar va universitetlarni ko‘plab burjua bolalarini o‘qishga qabul qilishda aybladi. Endi, — deb ta’lim berdi u,— kelib chiqishi yaxshi bo‘lgan bolalarga imtiyoz berilishi kerak. Bu — otasi ishchi, dehqon, askar yoki partiya xodimi bo‘lgan bolalar o‘qishga olinishi kerak degan ma’noni bildirardi. Ziyolilar «ishonch-siz unsur» bo‘lgani uchun ularning bolalarini olishdan ko‘ra, partiya xodimlarining farzandlarini qabul qilishardi. Mening sinfimdagi bolalarning yarmi ana shunday bolalar edi.
Men borgan Markaziy 4-o‘rta maktab butun Sichuandan kirish imtihonlarida eng yaxshi natijalarga erishgan o‘quvchilarni qabul qilgandi. Avvallari faqat baholar hisobga olinardi. Lekin men kirgan yildan boshlab imtihon natijalari va qanday oiladan ekanligi ham birdek muhim edi. Maktab eramizdan oldingi 141 yildan buyon mavjud edi. U Xitoyda birinchi o‘quv yurti hisoblanardi. Maktabning qadimiy va ulug‘vor binosi ham, o‘qituvchilariyu undagi muhit ham juda ajoyib edi. Men unga maftun bo‘lib qolgandim.
Ammo maktabimizda borgan sari siyosiy tashviqot kuchayib borardi. Ertalablari saf torttirib, o‘quvchilarga Mao ta’limotidan saboq berishardi. Maxsus yig‘ilishlar o‘tkazilib, partiya hujjatlari o‘rgatilardi. Endi bizning xitoy tili darsliklarimizda mumtoz adabiyotdan ko‘ra, targ‘ibot matnlar ko‘proq bo‘lardi. Siyosiy matnlar, asosan Maoning yozganlari o‘quv dasturining tarkibiy qismiga aylandi.
Amalda har qanday faoliyat siyosiy ahamiyat kasb etdi. Bir kuni ertalab saflanganimizda, direktor ko‘z uchun mashqlar o‘tkazishimizni aytdi. Uning gapiga qaraganda, Rais Mao ko‘plab o‘quvchilar ko‘zoynak taqib yurganini payqab qolibdi. Bolalar ko‘zlarini charchatib qo‘yayotgan emish. Rais Mao darhol bu ahvolni tuzatishga amr qilibdilar. Biz uning g‘amxo‘rligidan judayam ta’sirlanib ketdik. Ba’zi bolalar bunday mehribonlikdan minnatdor bo‘lib ko‘z yoshi qildilar. Biz har kuni ertalab ko‘zning charchamasligi uchun o‘n besh daqiqalik mashq o‘tkaza boshladik. Tibbiyot xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan harakatlar musiqa sadolari ostida o‘tkazilardi. Avvalo ko‘zlarimiz atrofini uqalab chiqardik, keyin sinf derazasi ortidagi teraklarga tikilib o‘tirardik — yashil rang orom beradi, deb hisoblanardi. Mashqlar qilish va yashil yaproqlardan zavqlanib o‘tirarkanman, Mao haqida o‘ylardim va o‘zimcha unga qasamyod qilardim.
Hamma narsadan ko‘ra, biz Xitoyga rangini o‘zgartirishga yo‘l qo‘yaolmasligimiz, ya’ni kommunizmdan kapitalizmga o‘taolmasligimiz haqida gapirilardi. Xitoy bilan Sovet Ittifoqi o‘rtasidagi ajralish haqida avvaliga indalmay kelindi. Lekin 1963 yilda bu sir oshkor bo‘lib qoldi. Bizlarga 1953 yili Stalin o‘lganidan so‘ng hokimiyat tepasiga Xrushchyov kelgach, Sovet Ittifoqi xalqaro kapitalizm iskanjasiga tushib qoldi, endi rus bolalari ham Gomindan paytidagi xitoy bolalari kabi qashshoqlikda azob chekmoqdalar, deb tushuntirishardi. Bir kuni mafkura bo‘yicha o‘qituvchimiz sovet yo‘lining xavfli ekanidan bizni yigirma beshinchi marta ogohlantirib:
— Agar ehtiyot bo‘lmasanglar, mamlakatimiz asta-sekin rangini o‘zgartiradi, — deb aytdi. — Avvaliga to‘q-qizildan och-qizilga, so‘ng kul rangga, keyin esa qoraga aylanadi.
Tasodifni qarangki, Sichuancha och-qizil ifodasi (er-xun) da xuddi mening ismimdek jaranglaydi. Bu so‘zdan sinfdoshlarim piqirlab kulib yuborishdi va menga qarashdi. Men darhol bu ismdan voz kechishga qaror qildim. Bir kuni kechqurun otamdan menga boshqa ism qo‘yishni so‘radim. U Chjan ismini taklif qildi. Bu so‘z «nasr» va «erta pishar» ma’nolarini anglatadi. Shu bilan u yoshligimdanoq yaxshi umid bildirdi. Lekin bu nom menga yoqmadi.
— Yo‘q, harbiycha jaranglashini xohlayman,— dedim.
Shunday qilib, mening ismim uncha ma’lum bo‘lmagan qadimiy, «harbiy» ma’nosini anglatuvchi «Jun» bo‘ldi. Maktabga borib yangi ismimni aytganimda, ayrim o‘qituvchilar bu so‘zga tegishli iyeroglifni bilmasliklarini aytib, meni hayron qoldirishdi. Bu yerda otamning mumtoz adabiyotini yaxshi bilishligi qo‘l keldi.

MEN QALBIMNI SOTMAYMAN
(1967–1968)

(1966 yilda «madaniy inqilob» boshlandi. Muallifning otasi Chjan Shouyuy qaltis ishga qo‘l urayotganini bilsa ham, Maoga xat yozib, «madaniy inqilob»ni tanqid qildi.)

Otam Maoga xat jo‘natganining uchinchi kuni uyimiz eshigini taqillatishdi. Eshikni onam ochdi. Ko‘k kiyimdagi uchta erkak kirib keldi. Xitoyda hamma shu rangdagi kiyimda yurardi. Otam ulardan birini tanirdi: u otamning bo‘limida farrosh bo‘lib ishlardi. U ashaddiy jangari — tszaofanlardan* biri edi. Kelgan baland bo‘yli odam ozg‘in yuzida g‘azab bilan:
— Biz politsiyadagi tszaofanlarmiz,— dedi. — Rais Mao joniga va «madaniy inqilob»ga suiqasd qilgan aksilinqilobchini hibsga olishga keldik…
— Qani, yur-chi! — dedi ulardan biri otamning qo‘lidan ushlab.
Ular na guvohnoma ko‘rsatishdi, na hibsga olish uchun buyruqnoma. Ularning vakolatini otamning bo‘limidagi unga tanish tszaofan tasdiqlar edi.
Garchi ular xat to‘g‘risida eslatmasalar ham, otam uni yo‘ldayoq qo‘lga tushirganlarini yaxshi tushundi. U o‘zini hibsga olishlarini kutardi, yo‘q, faqat Janobi Oliylarini xat orqali harakat qilgani uchungina emas, balki hokimiyat tepasida er-xotin Tinlar turishardi. Hibsga olishga ular ruxsat berishgan. Chunki Tin xonim otamni yo‘ldan urmoqchi bo‘lganda, oilamiz Chendu shahriga ko‘chib o‘tgandi. Otamni hibsga olishayotganda hech narsa demadi. Lekin asabi taranglashgani sezilib turardi. Eshikdan chiqayotib onamga tayinladi:
— Partiyamizga kek saqlama. Ishon, ular o‘z xatolarini tuzatadilar. Mendan ajrash. Bolalarimga ayt, men ularni yaxshi ko‘raman. Ularni qo‘rqitma…
O‘sha kuni maktabdan qaytganimda ota-onam uyda yo‘q edi.
— Onang Pekinga ketdi, — dedi buvim. — Otangning bo‘limidagi tszaofanlar kelib uni olib ketishgandi. Onang nega olib ketishganini surishtirish uchun ketdi.
Buvim «politsiya» so‘zini ishlatmadi, zero bu so‘z umidni butunlay so‘ndirardi.
Onam Pekinga ikkinchi da’fa borishi edi. Birinchi bor hech qanday natija chiqmagach, Chjou Enlayga murojaat qilish xayoliga bordi. Boshqa hech kim yordam berolmaydi. Boshqa rahbarlar bilan uchrashish otam halokatini tezlashtirardi, uning o‘ziga, yaqinlariga xavf tug‘dirardi, xolos. Lekin uning qabulida bo‘lish Oq uyga borish yoki Rim papasi huzuriga kirish bilan barobar edi. Nima qilishni bilmay, boshi qotib turgan onamning ko‘zi birdan katta lavhaga tushib qoldi. Unda: «Qizil Chendu hay’ati talabnoma bilan Pekinga borayapti», degan so‘zlar yozilgandi. Uning atrofida ikki yuzdan ziyod odam to‘plangandi. Hammasi yigirma yosh atrofidagi yoshlar edi. Poyezd jo‘nashga shay turardi. Onam bir amallab chipta oldi-da, vagonga yopishdi. Lekin ichkari kirayotganda uni to‘xtatishdi.
— Siz kimsiz? — deb baqirdi talabalardan biri.— O‘ttiz beshdan oshgan onam talabaga uncha o‘xshamasdi. — Siz bizning guruhdan emassiz. Tushing pastga!
Onam bor kuchi bilan eshik dastasiga yopishdi:
— Men ham er-xotin Tinlar ustidan shikoyat qilib Pekinga ketayapman,— baqirdi onam.— Men ularni ko‘pdan beri bilaman.
Talaba onamga ishonqiramay qaradi. Orqada turgan yigit bilan qiz talabaga o‘shqirishdi:
— Qo‘yib yubor uni! Eshitaylik-chi, nima derkin!
Onam odam tiqilib ketgan kupega suqilib kirib oldi-da, erkak bilan ayolning o‘rtasiga o‘tirdi. Ular «Qizil Chendu» qarorgohi zobitlari ekanliklarini aytishdi. Erkakning ismi — Yun, ayolniki — Yan ekan.
Ularning gaplaridan onam shuni tushundiki, talabalar er-xotin Tinlar haqida uncha yaxshi bilishmas ekan. U Ibinda «madaniy inqilob»gacha ham odamlarni qanday ta’qib qilishgani haqida gapirib berdi. Er-xotin Tinlar otamni hibsga olishga buyruq berishganini tan oldi.
— Chunki, — dedi u, — otam Rais Maoga xat yozib, Sichuanda bunaqalarning rahbarlik qilishiga ishonib bo‘lmasligini aytgandi.
Yan bilan Yun onamga uni Chjou Enlay bilan uchrashuvga olib borishga va’da berishdi. Vokzalda ularni bosh vazir kutib oldi. Hammani hukumat mehmonxonasiga olib borishdi va Chjou ularni ertaga kechqurun qabul qiladi deb ogohlantirishdi. Ertasi kuni talabalarning yo‘qligidan foydalangan onam Chjouga murojaatnoma yozdi. U bilan gaplasha oladimi, yo‘qmi, hech bo‘lmasa xatni tutqazib yuborishi mumkin-ku. Kechqurun soat to‘qqizda onam talabalar bilan birga Tyananmen maydonining Xalq majlisi uyiga keldi. Uchrashuv Sichuan zalida o‘tdi. Bu zalni bezashda 1959 yilda otam ham qatnashgan edi. Talabalar boshqa vazir oldida yarim davra qurib o‘tirardilar. Joy yetishmasdi, ayrimlar yerda, gilam ustida chordona qurdilar. Onam orqa qatorda o‘tirardi.
Bosh vazir gapirmay, talabalarning gaplarini tinglab o‘tirardi. Ularning fikriga qo‘shilmasdi ham, rad etmasdi ham. Har zamon, har zamonda:
— Rais Maoning izidan borish kerak, jipslashish zarur,— deb qo‘yardi. Nihoyat, u, — Yana qanday gaplar bor?— dedi so‘zini yakunlayotganday.
Onam shoshilib qoldi. Boshqa imkon bo‘lmaydi, deb sapchib o‘rnidan turdi:
— Bosh vazir, mening gapim bor…
Referent gaplarni yozib borardi.
Chjou onamga qaradi. Uning talaba emasligi ko‘rinib turardi.
— Siz kimsiz? — so‘radi bosh vazir.
Onam o‘z ismini va lavozimini aytdi va darhol so‘zini ulab ketdi:
— Erimni aksilinqilobchi deb hibsga olishdi. Men bu yerga adolat izlab keldim…
Shundan so‘ng otamning ismi va lavozimini aytdi.
Chjou onamga diqqat bilan qaradi. Otam muhim lavozimda edi.
— Talabalar ketishi mumkin, — dedi u, — Siz bilan esa alohida gaplashaman.
— Bosh vazir, talabalarga shu yerda qolib, mening guvohlarim bo‘lishiga ijozat berasizmi? — Shuni so‘rarkan onam murojaatnomani oldinda turgan talabaga cho‘zdi, u Chjouga uzatdi.
Bosh vazir bosh irg‘adi:
— Mayli, davom eting.
— Erim, Rais Maoga xat yozgani uchun uni qamoqqa olishdi,— deya tez-tez gapira boshladi onam. – O‘sha xatda Chjan Shouyuy er-xotin Tinlarning Sichuanga yangi rahbar bo‘lib tayinlanganlariga rozi emasligini yozgan edi. Chunki Ibinda ular qilgan suiiste’mollardan xabardor edi. Xatda «madaniy inqilob»ga noto‘g‘ri baho ham o‘z ifodasini topgandi. Mening erim ayrim masalalarda adashsa-da, o‘z nuqtai nazarini sira oshkora aytmasdi. Kompartiya nizomiga qat’iy amal qilib, o‘z fikrlarini Rais Mao bilan o‘rtoqlashgani yozgan edi. Nizomga binoan, bu firqa a’zosining daxlsiz huquqidir. Xat uni hibsga olish uchun sabab bo‘lolmaydi. Men bu yerga adolat izlab keldim…
Onam Chjou Enlayning ko‘zlaridan «tushundim» degan ma’noni angladi. U shikoyatnomani ko‘rdi-da, orqada o‘tirgan referentga engashib nimanidir shivirladi. Zal jimjit edi. Hammaning ko‘zi bosh vazirga qadalgandi.
Referent Chjouga Davlat kengashi tamg‘ali bir necha varaq qog‘oz uzatdi. Chjou zo‘rg‘a yoza boshladi — ko‘p yillar burun Yananda otdan yiqilib, qo‘lini sindirgandi. Yozuvni tugatib, qog‘ozni referentga qaytardi. U ovoz chiqarib o‘qiy boshladi:
«Birinchi: kommunistlar firqasining a’zosi sifatida Chjan Shouyuyning partiya rahbariyatiga yozishga haqqi bor. Uning xatida har qanday jiddiy xato mavjud bo‘lmasin, bu uni aksilinqilobiy faoliyatda ayblanishiga asos bo‘lmaydi. Ikkinchi: tergov o‘tkazilishi shart va Sichuan viloyati propaganda bo‘limi mudirining o‘rinbosari sifatida Chjan Shouyuyni xalq ommasi tanqid qilishi kerak. Uchinchi: Chjan Shouyuy xususida yakunlovchi qaror «madaniy inqilob» tugagandan keyingina qabul qilinishi mumkin. Chjou Enlay».
Quvonchidan onamning tili kalimaga kelmay qoldi. Tilxat Sichuanning yangi xo‘jayinlari nomiga bitilmagandi, shu boisdan, uni kimgadir berishi shart emasdi. Demak, Chjou onam xatni saqlab yurishi va lozim ko‘rgan odamgagina ko‘rsatishini xohlagandi.
Vaqt o‘tib borardi. Aprelda otam uyga qaytdi. Qalbim yengil tortdi, quvonib ketdim. Lekin ko‘p o‘tmay bu quvonch qo‘rquvga aylandi. Otamning ko‘zlari g‘alati chaqnab turardi. U qayerda bo‘lgani haqida hech nima demasdi, agar biror narsa gapirsa ham so‘ziga sira tushunmasdim. U kechasi bilan uxlamas, tuni bilan xonada yurib chiqar, o‘zi bilan gaplashardi. Bir kuni u hammamizni uydan tashqariga — qattiq jala ostiga haydadi, «inqilobiy bo‘rondan o‘tish kerak» deb ta’kidlardi. Boshqa safar maoshi joylangan xat jildini olib olovga tashladi.
— Xususiy mulkdan bosh tortaman,— dedi u gezarib.
Achchiq haqiqat: u aqldan ozgan edi. Bu telbalikning tig‘i onam sho‘rlikka qaratilgandi: u onamga tashlanar, «uyatsiz», «qo‘rqoq» deb xo‘rlardi, uni xoinlikda ayblardi.
Qaytib kelgan birinchi kuniyoq, onamga shubha bilan qarab:
—Shuncha vaqtdan beri nima ish qilding, — deb so‘radi.
—Onam Pekinga borib, uni ozod qilishlari uchun yelib-yugurganini aytdi. Otam ishonqiramay, boshini sarak-sarak qildi-da, «dalili qani, ko‘rsat» deb talab etdi. Onam Chjou Enlayning xatini ko‘rsatmaslikka qaror qildi. Uning o‘zida emasligini ko‘rib turar, xatni bersam, tinlarning qo‘liga tutqazib qo‘yishi mumkin deb o‘ylardi.
Otam qayta-qayta shu mavzuga qaytaverardi. Onamni har kuni so‘roq qilardi. Ba’zan qo‘l ko‘tarishgacha borib yetardi.
Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, qamoqxonada tergovchilar «agar aybingga iqror bo‘lib, imzo chekmasang xotining va bolalaring sendan voz kechadilar» deb tahdid qilaverishibdi. Lekin otam men iqror bo‘ladigan narsam yo‘q va hech narsaga qo‘l qo‘ymayman deb rad etibdi. Shundan so‘ng tergovchilar xotining sendan voz kechdi deyishibdi. U bilan ko‘rishishga ham imkon berishmabdi. Qamoqdan ozod qilinganda, tergovchilardan biri: «Uyda seni xotining nazorat qiladi”. Partiya seni kuzatib yurishni unga topshirdi. Endi uying ikkinchi qamoqxona bo‘ldi», debdi. U o‘zining birdaniga ozod qilinishining sababini bilmasdi. Onam ham qamoqxonada uni nima qilishganini bilmasdi.
Otam: «Meni nega qo‘yib yuborishdi?» — deb so‘raganida onam nima deyishni bilmasdi. Onam unga Chjou Enlayning xati to‘g‘risida bir narsa deyishga botinolmasdi. Er-xotin Tinlarning o‘ng qo‘li bo‘lgan Chen Mo huzuriga borganini ham aytolmasdi. Tinlardan biror ilinj kutganini eshitsa, otam chiday olmasdi.
Onam uni davolashga urindi. Viloyatning sobiq boshqarmasi qoshidagi klinikaga, keyin ruhiy kasalliklar shifoxonasiga murojaat qildi. Otamning nomini eshitishlari bilan rad etishdi. Ma’murlarning ruxsatisiz qabul qilolmaymiz deyishdi.
Bir kuni onam yotoqxonasida dam olardi, otam o‘z xonasida sevimli bambuk oromkursisida o‘tirardi. Birdan u o‘rnidan sakrab turdi-da, yugurib onamning xonasiga kirdi. Shovqinni eshitib, biz ham uning orqasidan yugurib kirdik. Qarasak, onamning tomog‘iga yopishib bo‘g‘ayapti. Zo‘rg‘a ajratib oldik. U onamni siltab tashlab, chiqib ketdi. Ag‘darilib tushgan onam zo‘rg‘a o‘rniga o‘tirdi. Rangi bo‘zarib ketgan edi. Chap qo‘li bilan qulog‘ini ushlab turardi. Otam uning chakkasiga musht tushirib uyg‘otgan ekan. U ho‘ngrab yig‘layotgan buvimga o‘girilib, xotirjamgina:
— Vahima qilmanglar, hech narsa bo‘lgani yo‘q…— dedi.
Keyin bizlarga murojaat qildi:
— Otanglardan xabar olinglar, so‘ngra xonalaringga kiringlar…
Buvim ertalabgacha ularning eshiklari oldida o‘tirib chiqdi. Men ham ertalabgacha uxlay olmadim.
Onamning chap qulog‘i eshitmaydigan bo‘lib qoldi. U uyda qolish xavfli ekanini his qilib, ertasigayoq bo‘limiga borib, yotishga boshpana so‘radi. Szaofanlar uni yaxshi kutib olishdi. Kichkinagina joy ajratib berishdi. Bu bog‘ning ichkarisidagi mo‘jazgina xona edi. Unga stol bilan karavot zo‘rg‘a sig‘di. O‘sha kechasi biz haligi katalakda, onam, buvim, Syaofan — hammamiz bitta karavotda yotib chiqdik.
Keyingi bir necha kunlar davomida ukam Szinmin otam bilan qoldi. Men onam yonida yashab, uni parvarishlashda buvimga ko‘maklashdim. Qo‘shni xonada onam ishlaydigan joydagi tszaofanlarning yosh sardori yashardi. Men unga salom bermasdim — balki «kapitalizm hamrohi» oilasining a’zosi unga murojaat qilishni xohlamas deb o‘ylardim. Lekin u bizlar bilan odatdagiday salomlashganidan hayron bo‘ldim. Onam bilan juda nazokatli muomalada bo‘lardi.
Bir kuni ertalab onam eshik oldida yuvinayotganda — uyda joy yetishmasdi, qo‘shnimiz onamni chaqirib, xonalarimizni alishmaymizmi, deb so‘radi. Uning xonasi biznikidan ikki baravar katta edi. Biz o‘sha kuniyoq uning xonasiga ko‘chib o‘tdik. U ikkinchi karavot topishga yordamlashdi. Endi biz ancha qulayliklarga ega bo‘lib, bemalol uxladik. Uning g‘amxo‘rligidan juda minnatdor edik.
Ko‘zi g‘ilay bo‘lgan bu yosh yigitning chiroyli hamrohi bor edi. Bu qiz kechasi unikida yotib qolardi (o‘sha paytlarda bunga ishonish qiyin edi). Ular bizdan tortinmasdilar. Ertalablari quyuq salomlashardilar. Baxtli ekanliklari ko‘rinib turardi. Men odamlar baxtli bo‘lsa, mehribon bo‘lishlarini shunda tushunib yetdim.
Onam o‘zini yaxshi his qila boshladi, men otamning yoniga qaytdim. Uning xonasi ayanchli bir ahvolda edi: deraza oynalari sindirilgan, yongan mebellarning parchalari, kiyim-kechakning qoldiqlari sochilib yotibdi. Otam mening uydaligimga parvo qilmasdi, aylangani-aylangan edi. Kechasi xonamni berkitib yotardim, chunki u uxlamas, uzundan-uzoq suhbatlari bilan boshimni qotirardi. Uning yonida yashash azob edi. Bir necha bor onamning yoniga qochib bormoqchi ham bo‘ldim, lekin uni qoldirib ketishga vijdonim qiynalardi.
Bir necha bor menga tashlanib, urdi ham; keyin qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Qo‘rqib ketib, uydan yugurib chiqdim. Yo‘lda yuqori qavatda yashovchi qo‘shnini uchratib qoldim:
— Otang tomning ustiga chiqishga urinayotganini ko‘rdim, — dedi u.
Uy besh qavatli edi, zina bilan tepaga qarab yugurdim. Zinapoya maydonining ustida, chap tomonda kichik tuynuk bor edi, u to‘rt qavatli qo‘shni uyning tomiga olib chiqardi. Tomning ustiga pastakkina to‘siq panjara o‘rnatilgandi. Tuynukdan qarasam, otam cherepitsali tomning chekkasida turibdi. Menga u chap oyog‘ini to‘siqdan oshirayotganday bo‘lib ko‘rindi.
— Dada, — dedim titroq ovozda. U qo‘rqib ketmasin deb xotirjam ohangda gapirishga urindim. Otam joyida qotib qoldi, keyin menga o‘girildi.
— Bu yerda nima qilayapsiz?
— Darvozadan o‘tishimga yordam berib yubor.
Bir amallab uning qo‘lidan ushlab oldim-da, zinapoya maydonchasiga o‘tkazdim. U meni pastga olib tushdi, hatto sochiqni olib ko‘z yoshlarimni artdi. Lekin birdan yana jini qo‘zidi, menga qo‘l ko‘tardi.
Szaofanlar otamning davolanishiga imkon berish o‘rniga, uni kalaka qilar, jinniligi ustidan kulardilar. Ular «Chjan jinnining haqiqiy tarixi» degan mavzuda davomli «datszibao»* chiqarar edilar. Unda o‘zlarining sobiq xodimlarini tanqid qilardilar. Bu esa menda nafrat uyg‘otardi.
Odamlarni maxluqqa aylantirgan nima? Bunchalik shafqatsizlik nimaga kerak edi? Xuddi ana shunda mening Maoga bo‘lgan e’tiqodim darz ketdi. Avvallari, boshqalarni ta’qib qilishayotganini ko‘rganimda ularning to‘la aybsiz ekanliklariga uncha ishonmasdim. Lekin men o‘z ota-onamni yaxshi bilardim. Qalbimda qandaydir shub-ha uyg‘ona boshladi. Buning uchun men ko‘plab boshqalar qatori uning rafiqasini va «madaniy inqilob» ishlari bo‘yicha guruhni ayblar edim. Maoning o‘zi esa tengsiz imperator sifatida shubha-gumonlardan ustun bo‘lib ko‘rinardi.
Otam kundan-kunga ruhan va jismonan so‘nib borardi. Onam yana Chen Maoga murojaat qildi. U yordam qilishga va’da berdi. Lekin vaqt o‘tib borar, yordamdan darak yo‘q edi. Demak, Tinlardan davolash uchun ruxsat tegmagan. Nima qilishini bilmay qolgan onam jahl ustida «Qizil Chendu» qarorgohi — Yan va Yun huzuriga bordi.
Sichuan tibbiyot institutida yetakchi mavqe «Qizil Chendu» guruhi qo‘lida edi. Institut qoshida ruhiy kasallar shifoxonasi bor edi. Agar «Qizil Chendu» bir og‘iz shipshitib qo‘ysa bo‘ldi, otamni shifoxonaga yotqizishardi. Yan va Yun onamning iltimosiga hamdardlik bilan qarashdi, lekin buning uchun o‘rtoqlarining madadi kerakligini aytishdi.
Mao insonparvarlikni «burjuaziya munofiqligi» deb e’lon qildi. «Sinfiy dushman»ga nisbatan hamdardlik haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Buni kechirib bo‘lmas ojizlik hisoblashardi. Yan bilan Yun otamni davolash zarurligini siyosiy jihatdan asoslab berishlari shart edi. Bunday asos topildi: u er-xotin Tinlar ta’qibining qurboni edi. «Qizil Chendu» qo‘lida shunday qurol paydo bo‘ldiki, bu qurol yordamida ularni ag‘darib tashlash ham mumkin edi. bu esa o‘z navbatida «yigirma oltinchi avgust»* ustidan g‘alabani ta’minlashi mumkin edi.
Boshqa bir sabab ham bor edi. Mao yangi inqilobiy qo‘mitalar tszaofanlar va harbiylar bilan birga «inqilobiy kadrlar» tarkibiga kirishga chaqirardi. «Qizil Chendu» ham, «Yigirma oltinchi avgust» ham Sichuan inqilobiy qo‘mitasida ularning vakili bo‘la oladigan amaldorlarni qidirardilar. Ularga tajribali siyosatchi-maslahatchilar kerak edi. «Qizil Chendu»da otamni eng munosib nomzod deb hisoblardilar va davolanishga rozilik berdilar.

«Qizil Chendu»dagilar otamni Maoni va «madaniy inqilob»ga tuhmat qilishda ayblayotganlarini hamda Mao xonimning o‘zi qoralaganini yaxshi bilishardi. Biroq bu ayblovlarning bari datszibaolarda olg‘a surilardi va bunday varaqa shiorlarida haqiqat ko‘pincha yolg‘on bilan aralashtirilgan bo‘lardi. Tabiiyki, ularni tan olmaslik ham mumkin edi.
Otamni Sichuan tibbiyot instituti qoshidagi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizishdi. U Chendu shahrida joylashgandi. U yerga kirib borishning o‘zi amri mahol edi. Otamni olib ketish uchun kelgan ikki sanitar (ular oq xalat kiyishmagandi), uni navbatdagi «kurash mitingi»ga olib boramiz, deyishdi. Kasalxonaga yetib borishganda, otam ularning qo‘lidan qutulib chiqishga urindi. Ular otamni bo‘sh xonaga sudrab kirishdi va ichidan berkitib olishdi. Unga zo‘rlab tinchlantiruvchi ko‘ylak kiydirayotganlarini onam bilan men ko‘rmasligimiz uchun shunday qilishdi. Unga qanday qo‘pol muomalada bo‘lishayotganini ko‘rib yuragim hapqirib ketdi, lekin nima qilay, bu uning foydasi uchun qilinayotganini tushunardim.
Ruhshunos do‘xtir Su, unga tashxis qo‘yish uchun bir hafta uning xatti-harakatini kuzatishim kerak, dedi. Haftaning oxirida shizofreniya degan xulosaga keldi. Otamni elektr tepkisi va insulin emlash bilan davolardilar. Buning uchun uni karavotga bog‘lab qo‘yardilar. Bir necha kundan keyin uning hushi o‘ziga kela boshladi. Otam ko‘zlarida yosh bilan onamga yalinar, do‘xtirdan davolash usulini o‘zgartirishini so‘rashini iltimos qilardi.
— Shunaqa og‘riydiki, — derdi titrab-qaqshab, — bundan ko‘ra o‘lganim yaxshi.
— Bu kasalni davolashning boshqa usuli bo‘lmasa nima qilaylik?! — derdi do‘xtir.
Men keyingi safar kelganimda, otam karavotda onam bilan gaplashib o‘tirardi. Yonlarida Yan va Yun ham bor edi. Hammasi jilmayishar, otam hatto kulib qo‘yardi. Ko‘rinishi avvalgidan ancha yaxshi edi. Buni ko‘rib yig‘lab yubordim.
«Qizil Chendu» rahbarlarining buyrug‘i bilan otamga alohida ovqat berardilar, yonida kecha-kunduz hamshira navbatchilik qilardi. Yan hamda Yun otamning bo‘limidagi boshqa xodimlar bilan uni ko‘rgani borib turishardi. Ular otamga hamdardlik bildirgani uchun o‘rtoq Shao guruhining ta’qibiga uchradilar. Otam Yan bilan Yunga yaxshi munosabatda edi.
Davolash qirq kunga yaqin davom etdi. Iyulning o‘rtalarida otam ancha tuzaldi va uni shifoxonadan chiqarishdi. Otam bilan onamga Chendu universiteti hovlisidan uy berishdi. Ularning eshigida qo‘riqchi talabalar turardi. Otamga taxallus berishdi va o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun hovlidan chiqmaslikni tayinlashdi. Kech kirib, qoron-g‘i tushishi bilan otam ikkimiz sayrga chiqishga muyassar bo‘lardik.

Bir kuni, 1967 yilning sentyabr oyi oxirlarida kechasi otam bilan onamni uyga olib kelib qo‘yishdi. Yan bilan Yun uni boshqa himoya qila olishmasdi, eshikkacha kuzatib qo‘yishdi-da, xayrlashishdi.
Ota-onam darhol er-xotin Tinlar va Shao guruhining changaliga tushdilar. Tinlar xatti-harakatlari bilan shuni ma’lum qildilarki, xodimlarning kelajagi ular endi otamga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishlariga bog‘liq bo‘ladi. O‘rtoq Shaoga yangi tashkil qilingan Sichuan inqilobiy qo‘mitasida otamning lavozimiga o‘xshash o‘rin va’da qilishdi. Buning uchun u otamning «boplab adabini berishi» kerak edi. Otamga hamdardlik bildirganlarning o‘zi endi hujumga duchor bo‘lar edilar.
Bir kuni Shao guruhidan ikkita erkak kelib, otamni «miting»ga olib ketishdi. Ancha vaqt o‘tganidan so‘ng ular qaytib kelib, borib otamni uyga olib kelishni buyurishdi. Otam o‘z bo‘limi hovlisida devorga suyanib yotardi, o‘rnidan turishga uringani ko‘rinib turardi. Yuzi kaltakdan ko‘karib ketgandi, boshidan sochining yarmi qirqib tashlangandi.
Aslida hech qanday miting bo‘lmagandi. Otam borishi bilan uni bir xonaga qamab, beshtacha barzangi rosa kaltaklabdi. Otam hushini yo‘qotibdi. U o‘ziga kelganda do‘pposlovchilar g‘oyib bo‘lgan ekan. Uni tashnalik qiynar ekan, emaklab hovliga chiqibdi. O‘rnidan turishga urinib ko‘ribdi, lekin oyoqqa turolmabdi. Hovlida o‘rtoq Shaoning guruhi odamlari yurishgan ekan, lekin unga hech kim yordam bermabdi.
«Zo‘ravonlar» Chuntsindagi «Yigirma oltinchi avgust» guruhidan ekan. Bu shahar Chendudan yuz ellik mil olisda edi. U yerda shiddatli janglar ketardi. Yantszi daryosi orqali zambarak o‘qlari uchib o‘tardi. «Yigirma oltinchi avgust»chilarni shahardan siqib chiqarishgandan so‘ng, bu tashkilotning ko‘pchilik a’zolari Chenduga qochib keldilar, ularning ayrimlari bizning binoga joylashdilar. Ular bekorchilikdan zerikib, o‘rtoq Shaoga nolib qoldilar:
— Qo‘limiz qichishayapti, — deyishdi ular,— bekor o‘tiraveramizmi? Hadeb sabzavot, ko‘kat yeyaveramizmi? Qon va go‘shtdan ham tatib ko‘rishimiz kerak. Ularga otamni biryoqli qilishni taklif etishdi.
Shu paytgacha har qanday kaltak va qiynoqlarga ham ingramay, chidab kelgan otam o‘sha kechasi o‘kirib yig‘ladi. Ertalab o‘n to‘rt yoshli ukam Szinmin yugurib keldi: «Otamni kasalxonaga olib borish uchun zambil berib turinglar», dedi. O‘n uch yoshli Syaoxey bo‘lsa, ustara sotib olib, otamning qolgan sochlarini qirib tashladi. Ko‘zgudan o‘zining qirtishlangan boshini ko‘rib otam tirjaydi:
— Bu juda yaxshi bo‘ldi. Navbatdagi mitingda sochimdan tortib, sudrab yurishmaydi…
Otamni zambilga ortib, yaqin atrofdagi travmatologiya kasalxonasiga olib bordik. Uni yaxshi qabul qilishdi. Dabdalasi chiqqan badanini ko‘rib, «dod» deb yuborgim keldi, tomog‘imga allanima tiqilib, ovozim ham chiqmadi.

1967 yilning oxiridan 1969 yilning oktyabrigacha onamni bir necha bor qamab, bir necha bor qo‘yib yuborishdi. Qamoqda onamga har xil munosabatda bo‘lishardi. Ayrim nazoratchilar uni ayashar, qo‘llaridan kelgancha (ularni hech kim ko‘rmagan paytda, yashirincha) yordam berishardi. Ulardan biri — harbiy xizmatchining ayoli dori-darmon topib berardi. Erining xizmat haqidan haftada bir marta tuxum, sut va tovuq go‘shti keltirib berardi.
Saxovatli nazoratchining iltifoti tufayli onamni bir necha bor uyga qo‘yib yuborishdi. Er-xotin Tinlar buni bilib qolib, nazoratchini boshqasi bilan almashtirishdi. Yangi kelgan nazoratchi ayol odamlarni qiynashdan zavqlanardi. U onamni hovlida soatlab bukilib turishga majbur qilardi. Qish payti onam muzdek suvda tiz cho‘kib turardi, ba’zan hushidan ketib qolardi. Qahri qattiq bu ayol onamni ikki marta «yo‘lbars kursisi»da qiynoqqa soldi. Bunda jazolanuvchi tor kursiga o‘tirib, oyoqlarini oldinga uzatishi kerak edi. Uning tanasini ustunga, sonlarini kursiga shunday bog‘lashardiki, mahbus qimirlay olmasdi. Tovonlari tagiga g‘isht qo‘yishardi. Bu tizza kosasini yoki son suyagini sindirish uchun qo‘llanilardi. Yigirma yil burun onamni Gomindan qamoqxonasida ham shu usulda qiynagandilar. Bu safar «yo‘lbars kursisi» qiynog‘ini oxiriga yetkazisholmadi. Chunki onamning tovonlari ustiga kerakli miqdordagi g‘ishtni qo‘yishga nazoratchi ayolning kuchi yetmadi, erkaklar esa unga yordam berishdan bosh tortdilar. Keyinchalik o‘sha nazoratchiga «aqldan ozgan» degan tashhis qo‘yishib, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga jo‘natishdi.
Onam ko‘p martalab «kapitalistik taraqqiyot yo‘li»ni yoqlashini «tan olib» iqrornomaga qo‘l qo‘yib berdi, lekin otamni hech qachon sotgani yo‘q, «josuslik»da ayblovlarning barchasini rad etdi.
Onam qamoqdaligida biz bolalarga u bilan ko‘rishishga ruxsat berishmasdi, hatto uning qayerdaligini ham aytishmasdi. Men u qamoqda bo‘lishi mumkin deb o‘ylagan joylarni aylanib, onamni ko‘rib qolish ilinjida edim.
Bir paytlar onamni shaharning bosh savdo ko‘chasidagi tashlandiq kinoteatr binosida saqlashardi. Ba’zan nazoratchi orqali unga u-bu narsa berib yuborishga muvaffaq bo‘lardik, gohida onamni ko‘rib ham qolardik. 1968 yilning kuzida men onamga yegulik olib borganimni eslayman. Uni qabul qilishmadi. Endi hech narsa olib kelmanglar, deyishdi. Buni eshitib buvim hushidan ketib qoldi, u qizim o‘libdi, deb o‘ylagan ekan.
Nima qilishni bilmay garang edik. Chiday olmay, ukamning qo‘lidan yetakladim-da, kinoteatrga bordim. Ukam Syaofan bilan u yoqdan-bu yoqqa yurib, ikkinchi qavat derazalaridan ko‘z uzmasdik, «oyi, oyijon» deb chaqirardik. Uni judayam ko‘rgim kelardi. Ukam yig‘lardi. Lekin onam javob bermasdi.
Yillar o‘tib, onam o‘shanda bizni eshitganini aytdi. «Tomi ketgan» haligi nazoratchi, «bolalarining ovozi qattiqroq eshitilsin, battar qiynalsin» deb derazani ochib qo‘ygan ekan.
O‘shanda:
— Agar eringni sotsang, o‘zing Gomindan josusi ekaningni tan olsang, bolalaringni ichkari kiritamiz, — deb shart qo‘ygan ekan. — Aks holda sen bu yerdan hech qachon chiqib ketmaysan…
— Yo‘q, — debdilar onam va yig‘lab yubormaslik uchun mushtumini shunday qisibdilarki, tirnoqlari kaftiga kirib ketibdi.

* * *

Buvim oltmish yoshga qarab borardi. Oxir-oqibat og‘riqlar uning bardoshidan ustun keldi. Butun badani zirqirab og‘rirdi, ayniqsa, quloqlari azob berardi. Men uni Meteorit* ko‘chasidagi kasalxonaga olib bordim.
Shaxsiy haydovchisi bo‘lgan avtomobillarda yurgan hayotning yangi xo‘jayinlari oddiy odamlar tashvishi bilan qiziqmasdilar. Chenduga avtobuslar yurmasdi, inqilob uchun bu muhim emasdi; odamni odam ezmasligi uchun velorikshalarni taqiqlab qo‘ydilar. Buvim yurolmasdi, uni velosipedga mingashtirib olib borishga to‘g‘ri kelardi. O‘sha kasalxonada «kurash mitinglar»da mayib-majruh qilingan ko‘plab ishtirokchilarni ko‘rgan edim.
Nihoyat, buvim tuzaldi va biz uni bir amallab uyga olib ketdik.

* * *

Onam hamon qamoqda edi. Buvimning dardi og‘irlashib borardi. Bir kuni u karavotdan turolmadi. Do‘xtirni uyga chaqirishning imkoni yo‘q edi. Buvimni opamning yigiti orqalab kasalxonaga olib bordi. Bir necha bor shunday qilishga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, uning kasalini topisha olmayotganini aytishdi:
— Unga yordam berolmaymiz,— deyishdi.
U karavotda yotganicha o‘limini kutardi. Uning hayot shami asta-sekin so‘nib borardi. Opam, ukalarim bir necha bor onamning qamoqxonasiga borishdi, uni uyga qo‘yishni so‘rab yolvorishdi, lekin har safar quruq qaytib kelishardi. Buvim qimir etmas, lekin ko‘zi ochiq yotardi.
Nihoyat, onamni qo‘yib yuborishdi. Onam ikki kun buvim to‘shagi yonidan jilmadi. Buvim uning qulog‘iga allanimalarni pichirlardi. U onamga nega kasal bo‘lib qolganini aytib berayotgan ekan.
O‘rtoq Shaoning guruhiga kiruvchi qo‘shnilar hovlida buvimga qarshi «kurash mitingi» o‘tkazishibdi. Qandaydir xunveybinlar uyga tintuv o‘tkazishga kelib, Koreyadagi urush yillarida davlatga topshirgan qimmatbaho buyumlari uchun berilgan guvohnomani musodara qilishibdi. Buvimni «ekspluatator sinfning sassiq vakili» deb aytishibdi, bo‘lmasa qimmatbaho buyumlarni qayerdan olarmish. Keyin uni stolchaga o‘tqazib qo‘yishibdi. Yer notekis ekan, stolcha liqillarmish, boshi aylanar, qo‘shnilar esa baqirisharmish. Ukam Syaofanning qizini zo‘rlaganlikda ayblayotgan ayol qo‘lidagi tayoq bilan stolning bir oyog‘iga qattiq uribdi. Muvozanatni yo‘qotgan buvim yerga yiqilib tushibdi. O‘shanda yerga qattiq urilgan belida paydo bo‘lgan keskin og‘riq hamon davom etardi.
Oradan uch kun o‘tib, buvim vafot etdi. Onam yana qamoqxonaga qaytdi.
O‘shandan beri buvimni ko‘zimda yosh bilan xotirlayman. Juda ajo-yib inson edilar buvim — harakatchan, iste’dodli, aqlli. Afsuski, uning qobiliyatidan foydalanilmadi. Kichik bir shaharning manman degan politsiyachisining qizi, generalning joriyasi, katta oilaning o‘gay onasi, ikki amaldor kommunistning ona va qaynonasi hech qanday baxt ko‘rmay yashab o‘tdi. Uning do‘xtir Sya bilan turmushiga o‘tmish soya tashlab turardi. Er-xotin juda qashshoq yashashdi, yaponlar bosqinini, fuqarolar urushini boshdan kechirishdi. Buvim hayotining asosiy qismini qo‘rquvda o‘tkazdi, bir necha bor o‘lim bilan yuzma-yuz keldi. U kuchli ayol edi, lekin boshiga tushgan baxtsizliklar, ig‘vo va tuhmat toshlari uning irodasini bukdi. Qizi chekkan azoblar, ayniqsa, uni adoyi tamom qildi. G‘am-anduh, dard-alamdan o‘lib ketdi bechora buvim.
Albatta, boshqa oddiy sabablar ham bor edi, tibbiy yordamning yo‘qligi, qizini bir ko‘rishga zorligi uni holdan toydirdi. Buning bariga sabab «madaniy inqilob» edi. Odamlarga shunchalik azob-uqubat keltirgan inqilobning nimasi yaxshi? — so‘rardim o‘zimdan. «Madaniy inqilob»ni ko‘rgani ko‘zim yo‘q, nafratlanaman, derdim qayta-qayta. Lekin hech narsa qilolmaganimdan, qo‘limdan hech narsa kelmaganidan jig‘ibiyron bo‘lardim.
Men buvimga yaxshi qaray olmadim deb o‘zimni koyirdim. Buvim kasalxonada yotgan ayni paytda men Bin va Ven bilan tanishgan edim; ular bilan do‘stligim, meni buvimdan uzoqlashtirdi, unga beparvo bo‘lib qoldim, uning iztiroblarini tushunmadim. Buvim o‘lim to‘shagida yotsa-yu, men quvonchlarga g‘arq bo‘lib yursam… O‘zimga alam qilib ketdi. Sevilmaslikka qaror qildim. Shu yo‘l bilan gunohimni yuvmoqchi bo‘ldim.
Keyingi ikki oyni men Chenduda, dugonam Nana hamda singlim bilan o‘tkazdim. Zo‘r berib bizni kommunaga olishga rozi bo‘ladigan biror «qarindosh»ni topishga urindik. Daladan hosil yig‘ishtirib bo‘linmasdan shunday odamni topib ulgurish kerak edi. Chunki paylar shu paytda tarqatilar edi, agar ulgurmasak, kelasi yilga yeydigan hech narsamiz bo‘lmasdi. Chunki davlat beradigan yordam yanvardayoq tugagan edi.
Bin meni ko‘rgani kelganda, uni sovuq kutib oldim va boshqa kelmagin deb iltimos qildim. U xat yozib turardi, men ularni o‘tga tashlardim. Ninnandan Ven kelib qoldi. Men ko‘rishishdan bosh tortdim. U Ninnanga qaytib ketdi. 1970 yilning yozida u yashagan qishloq yonidagi o‘rmonda yong‘in boshlandi. U do‘sti bilan supurgi olib o‘tni o‘chirishga urinishibdi. Qattiq shamol ularga olov purkabdi. Aft-basharalari tanib bo‘lmas darajada kuyib ketibdi. Ularning ikkalasi ham Ninnandan partizanlar urushi davom etayotgan Laosga qochib ketishibdi. O‘sha paytlarda ko‘plab yirik amaldorlarning bolalari yashirincha Laos va Vetnamga o‘tib ketardilar. Hukumatning taqiqlashlariga qaramay, ular amerikaliklar bilan jang qilgani borardilar. Bunday navqiron yigitlar «amerika imperializmi» bilan urushib, o‘zlariga yoshlik g‘ururini qaytarib olish mumkin deb o‘ylardilar.
Bir kuni, Laosdaligida, Ven amerika samolyotlarining hujumi to‘g‘risidagi ogohlantirish sirenasini eshitib, qo‘lidagi avtomat bilan oldinga tashlanadi, biroq tajribasizligi tufayli, o‘zining o‘rtoqlari qo‘yib ketgan minani bosib oladi. Kuchli portlash uni tilka-pora qilib tashlaydi. Undan menda xotira bo‘lib, Chendu ko‘chasidagi so‘nggi uchrashuv — alamli boqishi qoldi.
Deyanda* bir yil yashaganimdan so‘ng, o‘zgarish yuz berdi. Shifokorlar safiga kirdim. Men yashayotgan qishloq safarbar qilingan qishloq xo‘jalik brigadasi o‘z poliklinikasiga ega edi. Uncha murakkab bo‘lmagan kasalliklar shu yerda davolanardi. Poliklinikani qishloq bilan birga brigada ta’minlardi. Oddiy davolashlar uchun poliklinikaga pul to‘lanmasdi. Mazkur poliklinikada ikkita shifokor ishlardi. Ulardan biri elliginchi yillari Deyan uyezdidagi tibbiyot institutini bitirib, o‘z qishlog‘iga qaytib kelgan yigit edi. Ikkinchisi o‘rta yashar soqolli kishi bo‘lib, an’anaviy xitoy tabobatidan yaxshi xabardor kishi edi. 1964 yili kommuna uni malaka oshirish uchun shu poliklinikaga yuborgandi.
1971 yil boshlarida kommuna rahbariyati poliklinikaga ishga «yalangoyoq shifokor»ni olishga qaror qildi. Bu so‘z shifokor dehqon-lar yashaydigan yerda istiqomat qilishi kerak degan ma’noni bildirardi. Chunki qishloqdagi dehqonlar poyabzalni ayab, dalada ishlayotganda kiyishmasdi. O‘sha paytlarda «Yalangoyoq shifokor» shiori «madaniy inqilob»ning kashfiyoti sifatida keng tashviqot qilinardi. Qishlog‘imdagilar mendan qutulish uchun ana shu shiorga yopishib oldilar: agar men poliklinikada ishlasam yeyish, ichish, kiyinishim uchun qishloq emas, balki brigada pul to‘laydigan bo‘lardi.
Men esa shifokor bo‘lishni orzu qilardim. Yaqinlarimning kasalga chalinishi, ayniqsa, buvimning o‘limi bu kasbning muhimligiga meni ishontirdi. Deyanga kelishdan oldin dugonamdan nina bilan davolashni o‘rganib oldim. Bundan tashqari «yalangoyoq shifokorga qo‘llanma» kitobini yodlab oldim.
«Yalangoyoq shifokor»ni targ‘ib qilish Maoning siyosiy o‘yinlaridan biri edi. U «madaniy inqilob»gacha bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligini dehqonlar salomatligi haqida qayg‘urmay, faqat shaharliklar, ayniqsa, partiya xodimlariga g‘amxo‘rlik qilayotgani uchun qattiq qoraladi. Mao qishloqqa borib ishlashni xohlamayotgan, ayniqsa, chekka joylarga e’tibor bermayotgan do‘xtirlarning po‘stagini qoqdi. Lekin vaziyatni yaxshilash uchun u hech qanday ko‘rsatma bermadi. Shu tariqa «madaniy inqilob» yillarida tibbiyot ishlari yomon ahvolga tushib qoldi. Dehqonlar orasidan do‘xtirlarni ko‘plab yetishtirish kerak, deb taklif qildi u, ularni institutlarda o‘qitish shart emas. Amaliy ish vaqtida malakasini oshirsa bo‘lgani… 1965 yilning 26 iyunida u «qancha ko‘p o‘qisang, shuncha ko‘p ahmoq bo‘lasan» degan fikrni o‘rtaga tashladi va bu shior Maoni hamda sog‘liqni saqlash uchun harakat tamoyiliga aylandi.
Men hech qanday tayyorgarliksiz majburiyatimni bajarishga kirishdim. Poliklinika bir tepalikda joylashgan katta zal bo‘lib, men yashaydigan joydan bir soatlik masofada edi. Uning yonida do‘kon ham bor edi. Do‘kon gugurt, tuz va soya qaylasi bilan savdo qilardi, bularning hammasi maxsus qog‘oz bilan berilardi. Men esa poliklinikada ishlayotgan do‘xtirlarga yordamlashar, katta kitobga qarab dehqonlarga dori-darmon olish uchun qog‘oz yozib berardim.
___________
* Szaofan (isyonkor), ishchi ayollar va xunveybinlar otryadlarining qatnashchisi.
* Datszibao — shior yozilgan lavhalar.
* «Yigirma oltinchi avgust» — Chendu muzofotidagi tszaofanlarning asosiy guruhlaridan biri.
* Meteorit ko‘chasi – “Madaniy inqilob” yillarida muallif surgun qilingan Chenduda bu ko‘chaga meteorit tushgani uchun shunday atalardi.
* Deyan – Chendudan uncha uzoq bo‘lmagan kommuna. Asar muallifi ana shu kommunaga ko‘chib o‘tishga muvaffaq bo‘lgandi.

SARSON-SARGARDON
(1969–1972)

Chendudan uch kunlik masofada – Shimoliy Sichanda yo‘l ikkiga ayriladi, biri Minga, otamning lageriga, ikkinchisi Ninnanga onamning lageriga olib borardi. 1969 yilning noyabrida onamning Ninnandagi lagerga jo‘natishdi. Ular besh yuztacha kishi bo‘lib, oralarida sobiq amaldorlar, tszaofanlar va «kapitalizm hamrohlari» bor edi. Chendudan ularni shoshilinch jo‘natishgani uchun yashashga joy tayyorlanmagandi. Bu yerda Chendudan Yunan viloyati markazi Kunminga temir yo‘l o‘tkazilgan harbiy muhandislardan qolgan baraklar bor edi. Haydab kelinganlar ana shu baraklarga, sig‘maganlar mahalliy dehqonlar uylariga joylashtirildi.
Boshqalar singari onam ham cho‘chqaxona oldida navbatchilik qilar, jonivorlarni bo‘rilardan qo‘riqlardi. Poxol va paxsa bilan tiklangan barak – kulbalar naryog‘idan tog‘ tizmalari boshlanardi. U yerni Bo‘ri uyasi deb atashardi. Mahalliy aholi yangi kelganlarga ta’kidlaganidek bo‘rilar juda aqlli bo‘lisharkan. Cho‘chqaxonaga kirib olgan bo‘ri cho‘chqaning qulog‘i tagini qashib, yalay boshlarkan. Shunda u erib ketib, to‘polon qilmas, chiyillamas ekan. Keyin jonivorning qulog‘idan tishlab, tashqariga yetaklab chiqarkan, dumi bilan silab-siypab uzoqroqqa olib ketarkan. Cho‘chqa esa o‘zini sevgilisining og‘ushida gumon qilib, ergashib ketaverarkan. Ancha joyga borgach, bo‘ri unga tashlanib, g‘ajib tashlarkan.
Dehqonlar bo‘rilar, shuningdek, ba’zan uchrab turadigan qoplonlar ham olovdan qo‘rqadi, deb shaharliklarni ogohlantirishgandi. Shuning uchun cho‘chqaxona yonida hamisha gulxan yoqishardi. Onam gulxan yonida o‘tirib, ko‘plab uyqusiz tunlarni bo‘rilar uvillashini tinglab, ko‘kda yulduzlar uchishini kuzatib o‘tkazardi.
Bir kuni kechqurun uncha katta bo‘lmagan ko‘l bo‘yida kir yuvayotgan onam, suvning narigi tomonida ko‘zlari yonib turgan bo‘rini ko‘rib qoldi. U onamdan ko‘z uzmay turardi. Oyimning yuragi orqasiga tortib ketdi. Lekin u bolalikdagi do‘sti — Katta Li aytganlarini esladi. U bo‘riga duch kelib qolganda nima qilish kerakligini o‘rgatgandi: vahimaga tushmasdan, orqaga o‘girilib qochmasdan, bo‘ridan ko‘z uzmagan holda, tislanib, asta-sekin keyinga chekingan ma’qul… onam u bilan izma-iz kelayotgan bo‘ridan ko‘z uzmay, orqasiga tisarilib, qishloq tomon siljiy boshladi. Qishloq chegarasiga yetganda bo‘ri to‘xtadi, yonib turgan olov ko‘rinib, odam tovushlari eshitila boshlagandi. Onam chaqqonlik bilan ortga burildi-yu, o‘zini qiya ochiq turgan eshikka urdi.

Onam yerga to‘shalgan poxol ustida yotarkan bolalarining yoshlik payt-larini eslardi. Lekin xotiralari uncha ko‘p emasdi. Chunki, biz o‘sar ekanmiz, onam uyda juda kam bo‘lardi. U ishi deb oilasini qurbon qilgandi. Endi bo‘lsa bunday bema’ni fidoyilikdan qattiq afsuslanardi. Bolalariga bo‘lgan sog‘inch, hasrat unga cheksiz azob berardi.
1970 yilning fevralida, Xitoy yangi yiliga o‘n kun qolganda, onamning otryadi kommunada uch oy yashagach, ularni lager oldida saf torttirishdi. Ular bu yerga qandaydir tashrif bilan kelayotgan oliy martabali harbiyni kutib olishlari kerak edi. Uzoq kutishlardan so‘ng, huv olisda, katta yo‘ldan ayrilgan so‘qmoqda bir qiyofa ko‘rindi. Albatta, bu boshliq emasdi, kattakon bo‘lganda, mashinada, tag‘in bosh-qalar kuzatuvida kelgan bo‘lardi. Lekin mahalliy dehqonga o‘xshamasdi — bo‘yniga chiroyli sharf o‘rab olgandi. Kelayotgan kimsa — yelkasiga katta savat ko‘tarib olgan qiz bola ekan. Onam haligi kimsaning yaqinlashib kelishini yurak yutib kutardi. Bir u kelayotgan men bo‘lsam kerak, deb o‘ylar, bir «menga shunday tuyulayapti» derkan. «Qani endi bu Erxun bo‘lsa edi!» — deb ichida xudoga yalinarkan. Birdan atrofdagilar onamni turta boshlashibdi:
— Hoy, qarasang-chi, bu sening qizing-ku! Erxun kelayapti! Bu Erxun!
Xuddi butun umrga cho‘zilgan ayriliqdan so‘ng, onam meni ilk bor ana shunday ko‘rgandi. Lagerga kelgan birinchi mehmon men bo‘libman. Shundan bo‘lsa kerak meni ham quvonch, ham hasad bilan kutib olishdi. Men yelkamda ko‘tarib kelgan katta savat kolbasa, tuxum, shirinliklar, pishiriqlar, shakar va go‘sht konservalari bilan to‘la edi. Biz — onamning besh bolasi va Ko‘zoynak — opamning eri bu oziq-ovqatlarni ancha vaqt davomida o‘z ulushlarimizdan yiqqan edik.
Onamning lagerida o‘n kuncha bo‘lganimdan so‘ng, yangi yil tugashi bilan otamning lageriga yo‘l oldim. Otam lageri baland tog‘da joylashgan ekan. Kattakon lagerda minglab mahbuslar — sobiq amaldorlar jazo muddatlarini o‘tayotgan ekanlar. Bir yildan ziyod vaqtdan beri ko‘rmagan otamga ko‘zim tushishi bilan yuragim g‘alati bo‘lib ketdi. Ikkita xaltani to‘ldirib, inqillab g‘isht tashiyotgan ekan. Egnidagi eski ko‘k pidjagi shalvirab turardi. Pochasi qayrilgan shimdan chiqib turgan qiltiriq oyoqlari odamning rahmini keltirardi. Quyoshda qoraygan yuzini ajin bosgan, sochlari oqarib ketgandi. Ko‘zi menga tushib, shoshib qoldi. Qo‘lidagi yukini yerga qo‘ydi. Yoniga yugurib bordim. Xitoy an’anasiga ko‘ra, ota qiziga qo‘l tekkiza olmaydi, bag‘riga bosolmaydi. Meni ko‘rganidan naqadar baxtli ekanini ko‘zlari aytib turardi. Mehr va sog‘inch to‘la ko‘zlarini ko‘rib, ko‘nglim erib ketdi. Uning dard-alam va hasrat to‘la ko‘zlarida boshidan kechirgan azoblari aks etib turardi. Undagi yoshlik g‘ayrati keksalik dovdirashi bilan almashgandi. Holbuki, u kuch-quvvatga to‘lgan yoshda edi, u endigina qirq sakkizga kirgandi. Tomog‘imga allanarsa tiqilib qolganday bo‘ldi. Ko‘zlariga tikilib, esi og‘ganlik alomatlarini qidirardim. Yo‘q, u telbaga o‘xshamasdi. Yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi.
Bir xonada u bilan birga yana yetti kishi yashardi. Hammasi uning bo‘limidan edi. Xonaning bittagina kichik darchasi bor edi, shuning uchun kunduzi yorug‘ tushsin deb eshik ochib qo‘yilardi. Hamxonalar bir-biri bilan qariyb gaplashishmasdi. Men bilan hech kim salomlashmadi ham. Bu yerdagi muhit onam otryadidagi ahvoldan ancha og‘ir ekanini his etdim. Gap shundaki, bu lager to‘g‘ridan-to‘g‘ri Sichuan inqilobiy qo‘mitasiga, ya’ni er-xotin Tinlarga bo‘ysunardi. Bu yerda otamni tahqirlashlar, azob berishlar, «kurash mitinglari»ga sudrashlar hamon davom etardi.
Otamni oshxonaga kiritishmasdi, «Maoga til tekkizgan» bu odam ovqatni zaharlashi mumkin, deb hisoblashardi. Bunga hech kim ishonmasligi muhim emasdi. Maqsad uni tahqirlash edi.
Otam barcha xo‘rlashlarga mardona chidab keldi. Faqat bir marta g‘azabiga erk berdi. U lagerga kelgan paytida ustiga «Amaldagi aksilinqilobchi» deb yozilgan oq bog‘ichni berib, yengiga bog‘lashini buyurdilar. Otam bog‘ichni g‘azab bilan uloqtirib tashlab, baqirib berdi. «Meni o‘lgunimcha kaltaklashlaring mumkin. Lekin men buni yengimga bog‘lamayman», dedi. Szaofanlar chekindilar. Otam hazillash-mayotganini ular yaxshi tushunishdi. Ularga otamni o‘ldirish haqida buyruq berilmagandi…
1971 yilning oxirida lagerga ukam Szinmin keldi. U otamning sog‘ligidan shunday tashvishga tushdiki, bahorgacha shu yerda qolib ketdi. Keyin u o‘zining qishloq xo‘jalik brigadasidan darhol qaytib borishi haqida buyruq oldi. Aks holda, hosil yig‘ib olingach, uni ovqatlanish ro‘yxatiga kiritmasliklari mumkin edi. Otam uni poyezdgacha kuzatib qo‘ydi. Yo‘lda ular indamasdan uzoq yurdilar. Otam birdan nafas olmay qoldi. Szinmin uni yo‘l chetiga o‘tqazdi. Otam anchagacha nafasini rostlashga urindi. Szinmin uning gaplarini zo‘rg‘a eshitdi:
— Aftidan, ko‘p yashamasam kerak,— dedi otam. – Hayot — tush ekan.
Szinmin otasining o‘lim haqida gapirganini hech eshitmagandi. Uni tinchitishga tushdi. Lekin otasi sekin gapirdi:
— Men o‘limdan qo‘rqamanmi? – deb o‘z-o‘zimdan so‘rayman. Yo‘q, qo‘rqmayman deb o‘ylayman. Mening hayotim o‘limdan battar. Bu azoblar sira tugamaydiganga o‘xshaydi. Ba’zan kuchsizligim ustun keladi. Osoyishta daryosi sohiliga borib, o‘ylayman: «Bitta sakrasam hammasi tamom bo‘ladi». Keyin o‘z-o‘zimga «yo‘q» deyman. Agar men oqlanmasdan o‘lib ketsam, sizlar butun umr qiynalasizlar… Keyingi payt-larda men ko‘p o‘yladim. Bolaligim juda og‘ir o‘tgan. Ijtimoiy tuzum o‘ta adolatsiz edi. Men uni tuzatish uchun kommunist bo‘ldim. Buning uchun ko‘p yil davomida ancha ishlar qildim. Lekin bu xalq uchun nima berdi? Mening o‘zimga-chi? Nega endi oxir-oqibat men o‘z oilam uchun jazoga aylandim? Ajru qasosga ishonuvchi kishilarning aytishicha, gunohi bor kishining holi, baribir, voy bo‘larkan. Men hayotimda shunday gunoh qilganim haqida juda ko‘p o‘yladim. Ha, men tushundim — qatl to‘g‘risida buyruqlar berganman…
Otam Szinminga Chaoyanda yer islohoti paytida o‘lim hukmiga imzo chekkanini gapirdi. Ibindagi kallakesarlar to‘dalarining boshliqlari nomini sanadi.
— Lekin ular odamlarga shu qadar yovuzlik qildilarki,—dedi otam, — xudolarning o‘zlari ham ularni o‘ldirishga amr etgan bo‘lardi. Unda men nima qildim, nega menga buncha zulm qilishyapti?
Otam uzoq jim qoldi, so‘ng qo‘shib qo‘ydi:
— Agar men mana shu yashaganimday o‘lib ketsam, kommunistlar partiyasiga boshqa ishonma…

UChISh UChUN QANOT KERAK
(1972–1978)

… Hamma qatori Syaoxey ham partiya safiga kirishni istardi. Bu uning uchun hayot-mamot masalasi emasdi. Odatda harbiy xizmatni bitirgan dehqon qishloqqa qaytishga majbur edi. Askar qayerdan chaqirilgan bo‘lsa o‘sha yerga qaytardi. Armiyaga Chendudan ketgan Syaoxey har qanday vaziyatda ham u yerdan ish bilan ta’minlanishi kerak edi. lekin partiyaga a’zo bo‘lish uning istiqboliga yo‘l ochar, keng imkoniyatlar berardi. Partiya safiga kirmaslik esa shubha uyg‘otardi. «Uni nega partiyaga olishmagan, nimasidir borga o‘xshaydi», deb o‘ylashardi. Syaoxey marksizm klassiklari hamda Mao Szedun ta’limotini puxta o‘rganib, turli chig‘iriqlardan yaxshi o‘tib, zobit bo‘ldi va partiya safiga o‘tdi.

* * *

Qishloq safaridan qaytib kelsam, mening fakultetimga g‘arbda tahsil olish uchun bitta stipendiya berilibdi. Bu stipendiya g‘arbning bilim yurtlarida malaka oshirish imkonini berardi. Lekin u menga tegmadi.
Bu xabarni men professor Lo xonimdan eshitdim. U yetmishdan oshgan bo‘lib, hassa tayanib yurardi. Lekin juda harakatchan, faol ayol edi. Inglizchani juda tez gapirardi. U Qo‘shma Shtatlarda o‘ttiz yilcha yashagan edi. Uning otasi Gomindan paytida Oliy sudning a’zosi bo‘lgandi. Qiziga g‘arbcha ma’lumot berishni istagan otasi uni Amerikaga o‘qishga yuborgandi. Lo xonim Amerikada Lyusi nomini oldi va amerikalik Lyuk degan talabani sevib qoldi. Ular turmush qurmoqchi bo‘lishdi va rejalarini yigitning onasiga aytishdi. U bo‘lsa:
— Lyusi, sen menga juda yoqasan. Lekin bolalaringiz kimga o‘xshab tug‘iladi, —dedi. — Axir, bu oddiy ish emas…
Lyusi Lyuk bilan aloqani uzdi. Yoqtirmagan oilaga kelin bo‘lishga uning g‘ururi yo‘l qo‘ymasdi. Elliginchi yillarning boshlarida kommunistlarning g‘alabasidan so‘ng, Lyusi vataniga qaytib keldi. U baribir Lyukni unutmadi va turmushga juda kech chiqdi. Eri xitoylik ingliz tili professori edi. Uni sevmasdi va doimo janjallashib yurardi. «Madaniy inqilob» yillarida ularning uyini tortib olishdi. Professorlar katalakdek uyda yashashga majbur bo‘lishdi.
Professor Lo meni juda yaxshi ko‘rardi. «Senda o‘zimni, yoshligimni ko‘raman» derdi u. Elliginchi yillarda hayotda baxtini topish uchun u ham isyon ko‘targandi. Biroq, bunga muvaffaq bo‘lolmadi. Shuning uchun mening omadli bo‘lishimni istardi. Stipendiya haqidagi xabarni va chet elga safarni eshitib, qattiq hayajonlandi. Chunki men uzoq qamoqda edim va o‘z manfaatimni himoya qila olmasdim. O‘rinni o‘rtoq Iga berishibdi. U mendan bir yosh katta edi va partiyaga kirib ulgurgandi. «Madaniy inqilob» yillarida universitetni bitirgan I va boshqa yosh o‘qituvchilar ingliz tili kursiga qatnardilar. Professor Lo ana shu tinglovchilarga ingliz tilidan saboq berardi.

Faqat professor Lo emas, boshqa ayrim professorlar ham g‘arbga o‘rtoq I o‘rniga mening borishimni ma’qul ko‘rardilar. Lekin hech qanday ta’sir kuchiga ega emasdilar. Bu borada menga faqat onamgina yordam berishi mumkin edi. Onamning maslahati bilan otamning sobiq hamkasblariga uchrashdim. Ular hozir universitetlarga mutasaddi edi
— Men shikoyat yozmoqchiman, — dedim ularga. — O‘rtoq Den Syaopinning aytishicha, universitetlarga bo‘lajak talabalarni qobiliyatiga qarab olish kerak. Chet elga malaka oshirish uchun boradiganlarni ham shu tamoyil bo‘yicha tanlash o‘rinli bo‘lardi. Buning uchun halol musobaqa o‘tkazish, ya’ni imtihon o‘tkazish lozim…
Shunda kutilmaganda Pekindan buyruq kelib qoldi. 1949 yildan beri ilk bor g‘arb mamlakatlarida tahsil olish stipendiyasi yagona umumdavlat imtihoni asosida tayinlanadigan bo‘ldi. Bunday imtihonlar Pekin, Shanxay va qadimgi poytaxt — Sian shahrida ayni bir paytda o‘tkazilishi rejalashtirilgandi.
Mening fakultetim Sianga uchta nomzodni yuboradigan bo‘ldi. O‘rtoq Ining borishi haqidagi qaror bekor qilindi. Ikkita nomzod saylandi. Uchinchi nomzod esa yozma va og‘zaki imtihon topshiradigan bo‘ldi.
Imtihon topshirgan yigirmadan ziyod talabgor orasida men har ikki fandan ham oliy ball to‘pladim va uchinchi nomzod bo‘lib, imtihon topshirish uchun Sianga boradigan bo‘ldim.
Ikkita o‘qituvchi va partiya kotibining o‘rinbosari bilan birgalikda Siangacha poyezdda bir kecha kunduz yo‘l bosdik. Yo‘l-yo‘lakay imtihonlarga tayyorlanib bordim. Yozmani ham, og‘zaki imtihonni ham a’loga topshirdim. Bu xabarni eshitgan onam yanada katta g‘ayrat bilan otamni oqlashga erishishga kirishdi. Chunki ota-onamning qoralangani ularning o‘limidan keyin ham bolalarning kelajagiga ta’sir qilardi. Otamning oqlanganiga doir dastlabki tavsifda ham «jiddiy siyosiy xatolar» to‘g‘risida yozilgandi. Xitoy erkin mamlakat bo‘lib qolgan taqdirda ham menga chet elga ketishga ruxsat berilmasligini yaxshi bilardi.
Otamning hozirgi paytda oqlanib, viloyat ma’muriyatlarida ishlayotgan sobiq hamkasblariga murojaat qilgan onam o‘z arizasida Chjou Enlayning otamning Mao Szedunga xat yozishga haqqi borligi haqida nomasini dalil sifatida ko‘rsatdi. Shu nomaga asosan otamning ishini qayta ko‘rib chiqishlari mumkin edi. Onam bu hujjatni avaylab asrab yurardi. U Chjou Enlayning xatini o‘n bir yildan so‘ng Chjou Sziyan boshliq viloyat hokimlariga topshirishga qaror qildi.
Juda qulay payt edi: Maoning ta’sir kuchi yo‘qola boshlagandi. Bu o‘rinda ta’qibga uchraganlarni oqlash bilan shug‘ullanayotgan Xu Yaobon katta rol o‘ynadi. Bir kuni Meteorit ko‘chasida mas’ul xodim paydo bo‘ldi. U otamning partiyaviy tavsifnomasini olib kelgandi. U onamga topshirgan bir varaq papirus qog‘ozidan otamning «yaxshi xodim va partiyaning munosib a’zosi» bo‘lganligi yozilgandi. Bu otamning rasmiy ravishda oqlanganini bildirardi. Shundan keyin Pekin Maorif vazirligi mening stipendiyamni tasdiqladi. Quvonchimning cheki yo‘q edi. Meni qizg‘in tabriklashdi. Ko‘pchilik uchun, ayniqsa, men uchun bu juda katta voqea edi.
Meni Pekinga, chet elga boruvchilar uchun maxsus ochilgan kursga yuborishdi. Avvaliga bir oy davomida miyamizni «yuvishdi», keyin yana bir oyga butun Xitoy bo‘ylab sayohatga jo‘natishdi. Nima maqsadda? Vatanimizni go‘zalligi bilan lol qoldirish, toki bizda Xitoyni tark etish iddaosi bo‘lmasin. Kiyim sotib olish uchun pul ham berishdi. Ajnabiylar huzurida tuzukroq kiyinishimiz kerak edi-da!
Pekindan uchib ketarkanman, samolyot oynasidan qarab, kumush qanotlar ostidagi Yerni ko‘rdim. Ona-Er, tug‘ilib o‘sgan joylarim, Xitoy mendan uzoqlashib borardi. Men yana bir bor o‘tmish hayotimni ko‘z o‘ngimga keltirdim-da, nigohimni kelajakka qaratdim. Shu onda butun dunyoni bag‘rimga bosgim keldi.

XOTIMA

Men o‘z uyim sifatida Londonni tanladim. Qariyb o‘n yil davomida ortda qoldirganim Xitoy haqida o‘ylamaslikka harakat qildim. Keyin, 1988 yilda onam Angliyaga keldi. Shunda u menga oilamiz tarixini, o‘zining va buvimning hayotini gapirib berdi. U Chenduga qaytib ketdi. Men o‘ylarim va xotiralarim og‘ushida qoldim, o‘tmishimizni yig‘lab-yig‘lab esladim. Shundan keyin «Yovvoyi oqqushlar»ni yozishga qaror qildim. O‘tmish haqidagi esdaliklarim meni qiynamay qo‘ydi, og‘riqlarim ortda qoldi. Chunki men muhabbatga erishdim, oyog‘im ostida mustahkam zaminni his qildim, oso-yishta yashay boshladim.
Xitoy men chiqib ketganimdan beri tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. 1978 yili kommunistik partiya Maoning «sinfiy kurash»ini axlatxonaga ag‘dardi. Sinfiy dushmanlar oqlandi. Ular orasida 1955 yilda «aksilinqilobchilar» deb tamg‘a bosilgan onamning manjuriyalik do‘stlari ham erkin nafas oldilar. Ularning oilalarini ta’qib etish rasmiy to‘xtatildi. Jismoniy og‘ir mehnatni tashlab, yaxshi, yengilroq ishlarda xizmat qila boshladilar. Ko‘plarni partiyaga qayta tiklab, davlat ishlariga jalb etdilar. 1980 yilda amakivachcham Yuylin, rafiqasi va bolalari qishloqdan Szinchjouga ko‘chib o‘tishga ruxsat oldilar.
Xitoy eshiklari borgan sari kengroq ochilaverdi. Ukalarimdan uchtasi hozir g‘arbda yashayapti. Szinmin qattiq jismlar fizikasi bo‘yicha taniqli mutaxassis, Angliyada, Sautgempton universitetida ilmiy tadqiqotlar olib borayapti. Syaofan Strasburg universitetida xalqaro savdo magistri darajasini olib, frantsuz kompaniyalaridan birida ishlamoqda. Faqat singlim Syaoxungina Xitoyda qoldi. U Chendudagi Xitoy tabobati instituti boshqarmasida ishlayapti. Uning eri Ko‘zoynak bank rahbarlaridan biri. 1983–1989 yillar mobaynida har yili onamni ko‘rgani Xitoyga borib turdim. Endi Mao davridagi qo‘rquvdan asar ham yo‘q…

1991 yil, may.
«Inostrannaya literatura» jurnalining 2005 yil 9-sonidan juz’iy qisqartirishlar bilan olindi.

Ruschadan Fayzi Shohismoil tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 3-son