Chan Txyui May. Qaqnus rivoyati (hikoya)

– Salom, professor… Siz… Sizni kuttirib qo‘ymadimmi?
Nin cho‘chib boshini ko‘tardi. Mutolaa qilmasdan oldin u eshikni lang ochib qo‘ygandi. Ish stolidan zina kaftdek ko‘zga tashlanar, demak, bitta-yarimta kelsa, u darhol sezgan bo‘lardi. Bu qiz qanday qilib bildirmasdan kirib keldiykan?! Qiz ichkariga kirishini ham, kirmasligini ham bilmay ostonada turib qoldi, uyalinqiragandek yerga boqdi.
– Keling, xizmat… Menda ishingiz bormi?
– Men sayyohlarga xizmat ko‘rsatish kompaniyasidanman… Siz arxeologiya institutidan kelgan professor Nin bo‘lasizmi?
Qiz hamon o‘zining bejirimgina oq sumkasidan ko‘zini olmay gapirardi.
– Ha, kiring, marhamat. Men nima uchundir yigitlardan yuborishsa kerak, deb o‘ylabman.
Qiz ohista, tovush chiqarmay xonaga kirdi. Sochlari chiroyli turmak­langan, egnida kalta oq ko‘ylak bilan yashil shim, tagcharmi qalin shippak kiyib olgan. Yoqimtoygina, tengdoshlaridan zarracha farq qilmaydi.
Nin o‘rnidan turib piyolaga choy quydi. Qiz stulga omonatgina o‘tirdi.
– Xo‘sh, oldin tanishib olaylik, ismingiz nima?
– Ton Tiyeu Fiong. Oddiygina Fiong1, desangiz ham bo‘ladi.
Nin bir haftadan beri Xyueda edi. U qadimiy qal’a bilan maqbaralarni tadqiq qilish uchun kelgandi. Tabarruk qadamjolarni asrash davlat idorasi Sayyohlarga xizmat ko‘rsatish qo‘mitasidan yo‘lboshlovchi – ekskursovod yuborishni so‘ragan edi. Bu qiz shuning uchun uning huzuriga kelgan bo‘lishi kerak.
Qiz bu haqida so‘ragandan so‘ng Nin muloyimlik bilan maqsadga o‘tdi.
– Menga nima yordam berishingiz mumkin?
– O‘zim ham bilmayman… Bu sizga bog‘liq, ustoz, men Daynoy qal’asini, maqbaralar, ibodatxonalar, xullas, shu yerda joylashgan ko‘pgina tarixiy obidalar tarixini yaxshi bilaman. Hammasini birma-bir sizga ko‘rsatib, ular haqida hikoyalaru rivoyatlardan tortib, o‘tmish olimlarining taxminlarigacha aytib bera olaman. Sayohatchilar guruhiga mo‘ljallangan dastur darajasida, albatta.
Nin bir zum o‘ylanib qoldi. Sayyohlar uchun tuzilgan umumiy ma’lumotlarni o‘zi ham yaxshi biladi. Ekskursovoddan naf bormikan?
– Nima ham derdim, juda soz. Qachon boshlaymiz bo‘lmasa?
– Qachon desangiz o‘shanda, ustoz. Bugun desangiz bugun…
Qizning dangal ovozida boyagi ikkilanish, hadik endi sezilmasdi… Qora ko‘zlari tik boqar, tortinchoqlikdan asar ham qolmagandi.
Qiz manglayiga tushib turgan kokilini tuzatish uchun qo‘lini ko‘tardi. Bu tabiiy, shu bilan birga zebo harakat professorga haddan ziyod tanish tuyuldi. U havo yetmay, boshi aylanayotganini his qilib, shartta o‘rnidan turdi-da, bazo‘r qizga bosh chayqadi.
– Ha, yo‘q, Fiong, bugun tanishib oldik. Ertaga ertalabdan ish boshlaymiz, bo‘ptimi?
Fiong xayrlashib xonadan chiqib ketdi. U boya nogahoniy paydo bo‘lganida qanday sokin va tovushsiz kelgan bo‘lsa, ketishi ham shunday edi. Nin uni kuzatib qo‘ydi-da, yana joyiga kelib o‘tirdi. Lablarida o‘ychan tabassum jilvalandi.

* * *

Ninning ko‘z o‘ngida ikki tarafida bargi enli bahaybat daraxtlar qad rostlagan Le Loy shohko‘chasi namoyon bo‘ldi; bu daraxtlarning shoxlari bir-birlariga shunchalar chirmashib ketgan ediki, azbaroyi yam-yashil devor deysiz. U o‘ziga-o‘zi gapirgandek, lekin eshitilarli ovozda:
– Bir zamonlar bu katta ko‘cha Jyul Ferri deb atalardi, – deya g‘udrandi.
Uning xotirasidan o‘quvchilik davri kino tasmasidek lip-lip o‘ta boshladi. Xyue, erta tong, havo salqin, lekin musaffo; o‘quvchilar uzundan-uzun, egri-bugri yo‘llardan shoshilmay ketishmoqda; mana, ular Muattar daryoni ohista suzib o‘tayotgan solda bir-birlariga suyanib o‘tirishibdi. Daryo sathini quyuq tuman qoplagani uchun go‘yo sol allanechuk sirli bulutlar uzra sirg‘alib borayotgandek tuyuladi, qirg‘oq qaysi tarafda ekanini ham bilib bo‘lmaydi… Txiafudan paromda kechib o‘tishlar… Elas-elas danbau sadolari eshitiladi… Qalin daraxtlar ortida noma’lum qo‘shiqchi ko‘hna va go‘zal poytaxt haqida kuylaydi… Pol Berta ko‘chasida qadam tashlab borayotgan qizlarning binafsharang ko‘ylaklari beorom hilpiraydi… Bularning orasida eng kuchli, o‘chmas taassurot qoldirgani – Boy Xoan ismli qizning siymosi… Olis yillar to‘zonida har qancha g‘ubor bosgan bo‘lsa ham ko‘ngil osmonida husni tal’atining tarovati o‘chmas yulduz shu’lasidek hamon porlab turibdi. Mana shu ko‘chalar tarvaqaylagan bahaybat daraxtlar kabi yuragida bir umr saqlanib qolgan.
Nin boloxonaning lang ochiq derazasi yonida kitob o‘qib o‘tirgan o‘sha dilbar oqshomlarni sira esidan chiqarolmaydi. Shu yerdan devor bilan o‘ralgan, darvozasi oldida ganchdan ishlangan ikkita norval o‘rnatilgan hovli kaftdek ko‘zga tashlanardi. Peshayvonda, naqshinkor yog‘och karavotda sochlari shalola yanglig‘ ko‘ylagining etaklariga to‘kilgan bir nozanin o‘tirardi. U nilufarning donador urug‘ini epchil va nafis bir harakat bilan yuvar, vaqti-vaqti bilan boshini ko‘tarar va Ninning o‘ziga tikilib turganini ko‘rib, o‘sha zahoti ko‘zini olib qochar, yuziga nimtabassum yugurar, shunda yonoqlarida chiroyli kulgichlar paydo bo‘lar edi.
Avgust inqilobining jo‘shqin kunlari Nin Boy Xoanni adabiy kechalar, odam gavjum yig‘inlarda tez-tez uchratib turardi. Nin doim yaqinroq borishga talpinardi, yigitchaning xayolchan tikilishlarini sezgan Boy Xoan ko‘zlarini yashirar va o‘ziga xos harakat bilan manglayi­ga tushib turgan sochlarini tuzatib qo‘yish bahonasida nigohini undan olib qochardi.
– Ustoz, sizdan bir narsani so‘ramoqchiydim, nima uchun o‘zingizni aynan arxeologiyaga bag‘ishlagansiz?
Fiongning bu savolidan Nin sergak tortdi va xotiralar ummonidan chekindi.
– Nima uchun deysanmi? Sababini senga aytsam, ancha yillar oldin, taxminimcha, chamasi, o‘ttiz yillar avval ko‘nglimda bir orzumi, umidmi tug‘ilgandi: o‘shanda men o‘tmish xayollari bilan yashardim.
Qiz tushundim, degandek bosh qimirlatdi va jilmayib qo‘ydi.
– Sen-chi? Sen nima jin urib bu sohani tanlagansan?
– Chunki men yoshligimdan odamlarga nafosat, o‘tmish madaniyati haqida hikoya qilib berishni yaxshi ko‘rardim. Ana shu istagimni amalga oshirish uchun faqat arxeologiya yordam berishi mumkin, deya ishonaman.
– Sen shu yerlikmisan?
– Ha.
– Buni qarang-a! – deb yubordi Nin, nega bunday deganini o‘zi ham bilmasdan.
– Daynoyga yuraymi? – deb so‘radi haydovchi unga yuzlanib.
Nin boshi bilan tasdiqladi. Mashina chorrahada burilib Fusuan ko‘prigi sari o‘rlay boshladi. Qiz xayolga cho‘mdi. Nin ko‘z qiri bilan uning yoqalari keng ochilgan bo‘yni, xushbichim iyagi va nimochiq lablariga tikilib qarar ekan, bir nimani eslagandek bo‘ldi.
– Bir paytlari Xyueda aozay kiyish rasm edi, ko‘rib odamning ko‘zi yashnardi, hozir kamdan-kam ayollar bunaqa kiyinishadi, attang, – deya ko‘ngliga kelgan gapni aytdi Nin.
– Sayyohlarni biron yerga olib boradigan bo‘lsam, siz aytgandek aozay kiyaman. Bugun siz bilan qadimiy qal’a xarobalarini ko‘rishga ketyapmiz. U yerda tizzagacha yetadigan o‘t-o‘lan o‘sib yotibdi, tikanli giyohlar ko‘p. Shoyi ko‘ylak kiyib bo‘lmaydi, hash-pash deguncha ko‘ylak rasvo bo‘ladi…
– Juda ehtiyotkor ekansan-ku! Lekin kim majbur qilyapti seni qo‘rg‘onga borishga? Agar zarurat tug‘ilsa, men o‘zim uddalayman. O‘zingga malol keladigan ishni qilma, meni bir oddiygina sayyoh deb o‘ylagin, xo‘pmi?
Fiongning chehrasida norozilik zuhur etdi:
– Menga ekskursiya topshirilgan, deb o‘ylayapsizmi… Meni sizga ko‘maklashish uchun yuborishgan. Demak, qayerga desangiz, o‘sha yerga boraman, ustoz!
Qizning qiyofasida bunchalik qat’iyat va o‘jarlikni ko‘rib, Nin o‘zini kulgidan to‘xtatolmadi.
Mashina Xiyennyon darvozasi oldida to‘xtadi. Nin bilan Fiong mashinadan tushdilar. Haydovchi mashinani burib, ulkan banyan daraxti ostiga eltib qo‘ydi. Fiong sumkasini yelkasiga tashlab, soatiga qaradi:
– Mashina bizni chorrahada o‘n besh daqiqa kutadi. Vaqtimiz oz, shoshilishga to‘g‘ri keladi, ustoz.
Qiz shunday dedi-da, oldinga o‘tib yo‘l boshladi. U tez yurar, biroq ajabo, har doimgidek qadam tovushlari eshitilmas edi. Nogahon Boy Xoanning yengil odimlashlari Ninning yodiga tushdi.
– Sekinroq yur, Fiong, bunaqa shoshmagin-da! – dedi Nin va kutilmagan savol og‘zidan chiqdi: – Sen chindanam Xyueda tug‘ilganmisan?
– Nimaydi, ustoz?
Fiong to‘xtab o‘girildi, uning ko‘zlari hayrat-la boqardi.

* * *

Tug‘ilib-o‘sgan shaharlariga borib kelgan professorning tengdoshlari: “Ilgarigi Xyuedan asar qolmagan”, deyishardi. Bolaliklari o‘tgan Amxon maydoni buzilib ketmagan bo‘lsa ham mutlaqo tanib bo‘lmasdi. Odamlar, shahar osmoni, hatto dov-daraxtlar ham o‘zgarib ketgandek tuyulardi. Haliyam nomi Xyue bo‘lgani bilan uning o‘ziga xos, betakror qiyofasidan nomu nishon yo‘q edi.
Nin tanish-bilishlarining gaplarini jimgina eshitardi-yu, biroq ishonmasdi. Bu shahar uning ota makoni emasdi, u boshqa yerda tug‘ilgandi, biroq beg‘ubor bolaligi shu yerda o‘tdi, birinchi muhabbatning mast qiluvchi sharobini shu maskanda totib ko‘rdi, qaynoq yoshligining bebaho damlari xazon yaproqlari yanglig‘ shu shahri azim tuprog‘iga ko‘mildi. Bu yerlarni tark etib ketgach, shuncha yillar ichi yashnoq gullarga burkangan Oq yo‘lbars ko‘prigida o‘tkazgan nurli oqshomlarni, chirildoqlarning tinmay chirillashini xotirlamagan biror kunini eslolmaydi.
Mana shu o‘tgan davr – o‘ttiz yildan ziyodroq vaqt ichida shimoliy hududlarda yer qatlamlarini qazib, qadimiy inshootlar: Koloa, Xoala, Nyamak, Nyaxo qo‘rg‘onlari tarixini o‘rgandi. Har safar yangi ishga qo‘l urar ekan, kun kelib, albatta, Xyueda ham arxeologik qazishmalar olib borishiga umid qilardi.
Mana, nihoyat umidlari ro‘yobga chiqdi.
Arxeologning beqo‘nim hayoti Ninni bu qadimiy shaharga keltirib tashladi. U tinchligini o‘g‘irlagan yakkashoxlar qo‘riqlayotgan uyni izlab topdi.
Uyga olib boradigan so‘qmoq buzilib, o‘t-o‘lan o‘sib ketibdi. Lekin boshqa jihatlari o‘sha-o‘sha: nafis naqsh bilan chizilgan parda, salqin ayvondagi yo‘nib ishlangan yog‘och so‘ri. O‘tgan o‘ttiz yil badalida buyumlar eskirgan, ammo ulardan birortasining o‘rni o‘zgarmagan. Uning hayotida esa ko‘p o‘zgarishlar ro‘y berdi. Peshonasi sho‘r ekan, mehribon, suyukli rafiqasi urush yillarida halok bo‘ldi. U o‘ttiz yil avvalgidek intizorlik va umid tuyg‘ulari bilan Boy Xoan haqida o‘ylamaydi, lekin o‘tmishni xotirlar ekan, jon-dilidan unga baxtli umr tilar edi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, yoshi ulg‘aygan sari qadrdon go‘sha, o‘quvchilik yillari, yoshlik davrini ko‘p eslaydigan bo‘lib qolgan…
Nin eshikni taqillatdi. Eshik zo‘rg‘a ochildi. Ostonada o‘rta bo‘yli ayol paydo bo‘ldi, u egniga kalta ko‘ylak kiyib olgan edi. Ozg‘in, horg‘in chehrasini ajin tirnagan. Ayol Ninga diqqat bilan razm soldi. Biroq ro‘parasidagi odamni taniy olmadi, hamma narsa uning xotiridan o‘chib ketgandi. Oralarida vujudga kelgan noqulay jimlikka barham berish uchun ayol qo‘li bilan ishora qilib uni ichkariga taklif etdi. Uning ozg‘in qo‘llarida qahrabo bilaguzuk yaraqlar edi. U muloyimgina jilmaydi va bu tabassum evaziga uning yonoqlarini ikkita chuqur ajin qopladi: yoqimtoy kulgichlar, mana, nimaga aylanar ekan…
Nin armiyaga ketgach, Boy Xoan uch yildan so‘ng turmushga chiqqanini eshitgandi. Uning eri Tuyendik viloyati rahbarlaridan biri bo‘lib, avtomobil halokatida hayotdan ko‘z yumgandi. Frantsiyada ilm olgan to‘ng‘ich o‘g‘li 1975 yildan buyon o‘sha yerda umrbod qolib ketgan, pirovardida Boy Xoan sakkiz yashar kichik qizi bilan bir o‘zi yashar edi.
– Qizingiz yaxshimi, Boy Xoan… tuzukmi? Uni ko‘rsam bo‘ladimi?
– Rahmat, yaxshi, faqat hozir uyda yo‘q edi, dugonalari bilan allaqayerlarda o‘ynab yurgandir. Kechgacha ahvol shu, o‘ynagani-o‘ynagan. Ko‘chadan beri kelmaydi, qiz bolayam shunaqa bo‘ladimi?
– Bola qancha yugurib o‘ynasa, shuncha sog‘lom o‘sadi. Parvo qilmang. Hali uyda ko‘p o‘tirishiga to‘g‘ri keladi, o‘ynab qolsin hozir, – deya uni yupatdi Nin.
– O‘ynasin, mayli, ko‘nglini og‘ritmay deyman, shuning uchun yomon gapirmayman unga. – Ayolning yuziga achchiq kulgi ifodalari yoyildi. – Lekin allaqayerlarda oyog‘i kuygan tovuqdek yugurib yurish uchun tuqqanmanmi uni? – Shunday deb u piyolalarga choy quyib uzatdi. – Oling, choy iching. Lotos bargidan damladim, otam shu choydan ichardi, loaqal odatlarimizni eslaysiz.
Nin indamay choydan ho‘pladi.
Nahotki u o‘ttiz yildan buyon orziqib kutayotgan uchrashuv shu bo‘lsa?

* * *

Mana, u o‘sha orzu qilgan zamindagi mashhur qal’a devorlari ostida o‘tiribdi. Gir aylanadagi tizza bo‘yi o‘t o‘sib ketgan, rang-barang gullar shamolda tebranadi.
Shu choq kimningdir sharaqlab kulgani eshitildi. Qamishlar orasidan jajjigina qushcha parillab uchib chiqdi-da, quyuq maysalar ichiga o‘zini urdi, uning ortidan Fiong yugurib chiqdi va tutib olish uchun o‘zini unga otdi.
– Ehtiyot bo‘l, Fiong! Hammayoq qamish bo‘lsa, qo‘llaringni kesib olma yana.
Fiong unga yaqin kelib, Ninning yonidagi xarsangga o‘tirdi.
– Yoshing nechada, Fiong?
– Yigirmada.
– Ancha bo‘ldimi ishlayotganingga? Yoki endi ish boshladingmi?
– Ikki yil bo‘ldi. O‘rta maktabni tugatgach ishga kirganman.
Quyosh shu’lasi barglar orasidan o‘tib ular o‘rtasidagi o‘tlar ustiga to‘kildi.
– Ishing o‘zingga yoqyaptimi?
– Ha, judayam. Sayyohlarni turli yerlarga olib boraman, ularga tarixiy yodgorliklar haqida so‘zlab beraman. Shunaqayam hayajonlanamanki. Agar Lin Ming maqbarasi yoki Xon Ten saroyiga borish kerak bo‘lsa, ajdaho shaklidagi qayiqda Xushbo‘y daryosining xushmanzara go‘shalariga borishga to‘g‘ri keladi. Ba’zan xorijiy yurtlardan ko‘plab sayyohlar tashrif buyurishganda haftalab, dam olmasdan sayohat qilamiz.
Nin diqqat bilan qizga tikildi.
– Menga qara, Fiong… zerikkan kunlaring ham bo‘ladimi?
– Charchayman, bunaqasi bo‘lib turadi. Haftalab tik oyoqda yuraverganingda bilmay ham qolasan charchaganingni… Oyoqlaring qaqshaydi, poyabzaling yirtilib ham ketadi ba’zan. Lekin – zerikmaganman hech qachon.
Gapirayotib qiz beixtiyor barq urib ochilish arafasidagi g‘unchani uzib oldi, biroq novdasida bo‘rtgan o‘tkir ignalar barmog‘iga kirdi-yu, darhol uloqtirib yubordi va dastro‘molini olib barmoqlarining yumshoq yerlarini artdi.
Ularning o‘rtasida yotsirash sezilmasdi. O‘zaro hamkorlik ularni yaqinlashtirgan, shuning uchun Fiong o‘zini ancha yengil va ochiq-oydin tutardi.
– Bilasizmi, ustoz, ilgari men biram uyatchan, tortinchoq edim. Dongkhandagi maktabda o‘qiganman, u yerda asosan qizlar o‘qirdi. Ikki-uchta qiz o‘rtoq bo‘lib yurardik, shuning uchunmi, ko‘pchilikning ichiga kirsam, odamlarning savlati bosarmidi, ishqilib, o‘zimni yo‘qotib qo‘yardim. Endi ish boshlagan kezlarim ham boshimni ko‘tarolmas, tuflimning uchidan ko‘zimni sira uzolmas edim.
Qiz sharaqlab kuldi.
– Haliyam shunaqamisan?
– Yo‘g‘-a, avvaliga nimasi yomon bu odatimning, deb shunga ko‘nikmoqchi ham bo‘lganman, undan qutulish o‘rniga yaxshi tomonimni axtarardim. Keyin vaziyat taqozosi bilan o‘zimni nisbatan bo‘lsin, dadilroq va erkinroq tutishni o‘rgandim. Ishim ravon, mantiqan asoslab gapirishni taqozo etardi, shunga o‘rganish uchun o‘zimcha mashq qildim. Uyda toshoyna qarshisida turib olib, fasohat bilan gapirish, odamlar e’tiborini jalb qilish sirlarini, umuman, qiziqarli hikoya qilishni o‘rgandim. Natija yomon bo‘lmadi. Hozir avvalgidek tortinmayman. Fikrimni jamlab xotirjam holatda sayyohlarni qiziqtiradigan rivoyatlar, latifalar aytib beraman. Har bitta yodgorlik yonida gapirish uchun o‘n daqiqa ajratilgan bo‘lsa-da, dasturdan chiqib ketishdan cho‘chimaydigan bo‘ldim. Suhbatni xalq afsonalari bilan boyitaman. Menimcha, o‘z ishimni yaxshi ko‘rganim sababli shularga erishdim.
Qaytayotganda yo‘llari yana Fusuan ko‘prigi orqali o‘tardi. Muattar daryosining yashil suvlari tayanch ustunlar atrofida o‘rama hosil qilib, shoshilmay oqardi. Mashina oynasidan sarin, xushbo‘y shamol yopirilib kirardi.
– Aybga buyurmasangiz bir gap aytaman, ustoz, – dedi Fiong va sadafdek tishlarini yaraqlatib jilmaydi.
– Xo‘sh, gapiraver.
– Yuvinayotgan chog‘ingizda men sizning daftarlaringizni ko‘rib, bir necha sahifasini o‘qib chiqdim. Nazarimda, noaniq, chalkash ma’lumotlar ko‘p.
– Kim aytdi senga ularni o‘qisin deb? – dedi Nin qovog‘ini uyib.
– Eshiting, masalan, siz Vanniyon maqbarasini qurish uchun har kuni uch mingdan ziyod ishchi kuchidan foydalanilgan, deb yozibsiz. Menimcha, uch ming emas, o‘ttiz mingta bo‘lsa kerak.
– Qayerdan topding bu ma’lumotni?
– Bu xususda og‘zaki rivoyatlarda aytilgan. Afsonalarning birida baxtiqaro hammollar haqida shunday hikoya qilinadi: “O‘ttiz mingdan ziyod benavo, ochlikdan sillasi qurigan, ro‘shnolik ko‘rmaganlar zalvorli xarsanglarni yelkalarida tashir, ohaktoshlarni maydalar edilar…” Men hozir shu raqam tilga olingan boshqa, yanayam ishonchliroq manbalarni izlayapman. Bunday olib qaraganda ham, tosh maydalovchilarning shunaqa yirik qo‘zg‘oloni uchun uch mingta odam kam ekani ko‘rinib turibdi. Odamlar och-yalang‘och, bir burda nonga zor bo‘lishgan. Bu yoqda og‘ir, tinka-madorni quritadigan mehnat… Shuning uchun ular bolg‘a, to‘qmoqlar bilan saroyga hujum qilishgan, qo‘rqishmagan, chunki pichoq suyakka borib qadalgan, ular qo‘rquvni unutgan va o‘zlariga ishonganlar. Nega? Loaqal ko‘pchilik bo‘lishgani uchun, to‘g‘rimi? Yaxshi qurollanishmagan, lekin son-sanoqsiz…
– Gapingda jon bor! – deya tasdiqladi Nin ich-ichida qizning dalil-isbotlaridan yayrab. Shu choqqacha u ekskursovod deganda hatto bittagina bo‘lsin xorijiy tilni bilish tugul, yasan-tusan qilishdan boshqasiga qiziqmaydigan yigitchalarni ko‘z oldiga keltirar, ularga “oyimqovoqlar” deb nom qo‘yib olgandi. Fiongning taxminlarini eshitib, juda quvonib ketdi.
– Bilasanmi, bu ma’lumotlarni menga shu bugun taqdim etishgandi, hali tuzukkina tanishib chiqishgayam ulgurmagandim. Agar xo‘p desang, hamma materiallarni o‘qib chiqasan bundan buyon, keyin… Shunday qilsak, menga juda katta yordaming tegardi, nima deding?
– Rostdanmi? Jiddiy aytyapsizmi? Jon-dilim bilan, agar siz lozim topsangiz! – deya chapak chalib yuborayozdi Fiong quvonganidan.

* * *

O‘sha kuni kechqurun Nin o‘zining xomaki yozuvlarini diqqat bilan o‘qib chiqdi. Darhaqiqat, taxminlar, aniqlashtirish shart bo‘lgan qaydlar ko‘p ekan. U choy ho‘plar ekan, bu kamchiliklarni sezmay qolgani uchun ichida o‘zini yanir, so‘kar edi. Nimasini aytasiz, so‘nggi yillarda uning mantiqiy fikrlashi, o‘tkir zehni, zakovatiga ko‘z tegdi, shekilli. Keksalik alomatlari bo‘lmasin-da, ishqilib! Endigina ellikdan o‘tgan bo‘lsa, ilm kishisi uchun ayni balog‘at yoshi-ku!
O‘sha kundan so‘ng Fiong Nin uchun o‘ta zarur, faol yordamchiga aylandi-qo‘ydi. Uning qaydlariga, to‘plagan ma’lumotlari, qiyoslariga qancha o‘zgartirishlar kiritdi – noma’lum, biroq Fiongning beg‘araz, astoydil ko‘magi olib borayogan ilmiy tadqiqotlariga yangi mazmun baxsh etishi muqarrar ekanini kun sayin sezardi.
– Ustoz, Vanniyen maqbarasining qurilishida ishlagan korandalarning soniga nima uchun ahamiyat berganimni endi aytsam bo‘lar. – Shunday deb Fiong sumkasidan bir dasta qog‘oz chiqardi. – Chunki meni Toshmaydalovchilar qo‘zg‘oloni bilan bog‘liq jamiki ma’lumotlar – ular qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, kattami-kichikmi, arzigulikmi-yo‘qmi, farqi yo‘q – juda qiziqtirardi. Ti Dik maыbarasi haqida hikoya qilayotganimda men xayolan maysalar qoplagan tepalikni tasavvur qilaman. Imperator dunyo tashvishlaridan xalos bo‘lish uchun shu yerda halovat topishni istagan. Hatto ko‘nglidan o‘tgan bu orzusini yaqin kishisiga vasiyat qilgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham u tirikligidayoq jamiki ezilgan xalqni shu yerga haydatib keltirgan. Och-yalang‘och odamlar xarsangtoshlar ostida ezilib, dardini ichiga yutib, kaltak va zo‘rlik hukmida o‘sha inshootni qurishga kirishgan… Mana shunday mashaqqatlarga chidayolmay oxiri qo‘zg‘olon ko‘tarishgan. Qon daryo bo‘lib oqqan, deyiladi afsonalarda… Tarix o‘tmish qa’rida qoldi, o‘n minglab kishilarning ko‘z yoshlari-yu to‘kkan terlari yolg‘iz gung va lol toshlar bag‘riga singib ketdi… Sayyohlarga taxminan shunday hikoya qilib beraman. Nazarimda, bu bebaho g‘ishtlar tarixi haqida ro‘yi-rost gapirmoqchi bo‘lsang, eng avvalo, shularni tergan, o‘rnatganlarni eslash bilan o‘sha qissalarni boshlash kerak, shunday emasmi!
– Fikringga to‘liq qo‘shilaman, – ma’qulladi Nin.
Qiz jilmaydi va yengilgina harakat bilan sochlarini tuzatdi. O‘sha-o‘sha dudoqlar, o‘sha tabassum, o‘sha nozik bilaklar… Nin xo‘rsinib qo‘ydi va boshi aylanganini sezdi, so‘ng lang ochiq deraza yoniga bordi.
– Ustoz, mazangiz qochdimi?
– Yo‘q, yo‘q, hammasi joyida. Faqat biroz hayajonlandim, shekilli. Bizning yoshimizda bu narsa zohiran aks etadi. – Nin o‘zini qo‘lga olish uchun bir-ikki marotaba ko‘ksini to‘ldirib chuqur nafas oldi. – Ehtimol, shuning uchun tobi kelishmayogan odamdek taassurot qoldirarman. – Uning ovozida hazil ohanglari yo‘q emasdi.
– Nega endi, hecham-da! Men toliqqan bo‘lsangiz kerak, deb o‘yladim. Chunki oxirgi kunlari dam olish esingizga ham kelmayapti.
– O‘tib ketadi bu. Lekin, ochig‘ini aytsam, men hayotimda hozirgichalik ishlab rohat qilmaganman… – Nin qizni yonida uzoqroq ushlab turish niyatida gapini tugatmay xayolga cho‘mdi, lekin o‘zi sezmagan holda odati bo‘yicha unga javob berdi: – Xo‘p, mayli, ketishing mumkin. Bugungi ishimiz juda unumli bo‘ldi.

* * *

So‘nggi ish kuni – oqshomga yaqin ularning qidiruv ishlari nihoyasiga yetmoqda edi. Uch kundan keyin Nin Xanoyga qaytib ketadi. Bu yerda bir oydan buyon yashayapti, shu muddat ichida o‘ttizdan ziyod qadimiy obidalar tarixini o‘rganib chiqdi, to‘rt yuz sahifadan ortiq hujjat va ma’lumot to‘pladi.
Txi Dik maqbarasida ganchdan yasalgan ko‘zalardagi qordek oppoq gullarning g‘unchalari barq urib ochildi. Uning muattar bo‘yi yon-atrofga taraldi.
Nin bilan Fiong maqbarani aylanib chiqishdi. Ular asosiy hisoblangan katta zalda ikkita horijiy sayyohlar guruhi bilan vetnamliklarni uchratishdi. Sayyohlar orasida yurgilari kelmaganidan ular kiraverishdagi ko‘hna yo‘sin qoplagan ayvonchaga chiqib ketishdi.
Fiong egniga ko‘kish-kulrang, etagi uzun milliy rusumdagi ko‘ylak kiyib olgandi, botayotgan quyoshning zarrin nurlari uning nozik did bilan gardishiga gullar tikilgan go‘zal shlyapasini yoritardi.
Nin oyog‘i ostidagi bahaybat kulrang-moviy xarsangtoshlarni ko‘zdan kechirar ekan, ularni bu yerga qanday qiyinchiliklar evaziga keltirishganini tasavvur qildi. Bundan bir necha asr muqaddam bo‘lib o‘tgan qo‘zg‘olon haqidagi qizning gaplarini esladi. U o‘girilib qizga yuzlandi:
– Erta-indin Xanoyga borganimda senga Doan Chingning “Burch va e’tiqodga sadoqat” degan rivoyatlar kitobini yuboraman.
– Boshim osmonga yetardi… Lekin, iltimos, ilmiy tadqiqotingizni ham qo‘shib yuboring, xo‘pmi?
– Adolat yuzasidan aytganda, sening noming ham kitobning titul varag‘ida turishi darkor. Sening yordamingsiz bu ishni oxiriga yetkazolmasdim, ha, chin so‘zim.
– Qo‘ysangiz-chi… – Fiong qizarib ketdi. – Xijolat qilmang… odamni. Men shunchaki qoralamalaringizni o‘qib chiqdim, xolos. Qanaqasiga tadqiqotchi bo‘laman?
– Xohlasang, arxeologiya bilan shug‘ullanishingga yordam beraman. Vaqti kelib institutimizda ishlaysan!
Fiong boshini quyi soldi. Bugun soch to‘g‘nog‘ich taqmagani uchun sochlari shaloladek yelkasiga to‘kildi.
– Arxeologiya mening jonu dilim, lekin ekskursovod bo‘lib qolishni istayman. Basharti tarixni o‘rganar ekanman, maqsadim bitta, u ham bo‘lsa, malakamni oshirish. – Fiong bir zum xayolga toldi, so‘ng gapini davom ettirdi. – Men bitta narsaga qat’iy ishonaman: go‘zallikka oshno bo‘lgan odamlar ezgulikni nozik fahmlaydigan bo‘ladilar, ularning ichki olami turli nuqsonlardan forig‘ bo‘ladi.
Ular o‘rinlaridan turib, tashqariga yo‘l olishdi. Mo‘jazgina ko‘l yuzida quyoshning tilla jilolari o‘ynaydi. Sayohatchilar ko‘rinmaydi, ular maqbaraning ichki zallarini tomosha qilgani kirib ketishgan bo‘lishsa kerak.
– Men umrimda sizga o‘xshagan insonni uchratmaganman. Siz bilan yonma-yon turib ishlash mening birdan-bir orzuimdir. Afsuski, bu narsa peshonamga yozilmagan ekan. – Qiz chin ko‘ngildan kuyunardi.
Soat beshlarda tepalik yonbag‘ridan kelayotgan oq “Jip” ko‘rindi.
Bir necha daqiqadan so‘ng haydovchi Nam Zyao paydo bo‘ldi. Yarim soatdan so‘ng ular yo‘lda ketishar edi. Mana, mashina yana Le Loy shohko‘chasida shitob bilan ketib borardi.
Nin beixtiyor bir paytlar o‘qigan ko‘hna hind afsonasini esladi. Afsonada qaqnus haqida hikoya qilinardi. Qush keksayib qolganini sezgach, olis-olislardagi yalang‘och qoyalarga uchib ketadi va o‘sha yerda o‘zi uchun daraxt shoxlaridan in yasaydi. Mustahkamroq bo‘lishi uchun moy aralashtiradi. Keyin mana shu uyaga kirib yotadi va botayotgan quyoshning so‘nggi nurlari ostida jon beradi, uning jismi kulga aylanadi. Biroq bir hovuch kul o‘rnida oppoqqina, bejirim tuxum paydo bo‘ladi. Ko‘klam kelib tuxumdan butun vujudini momiq pat qoplagan, qo‘rqmas va go‘zal qaqnus jo‘jasi chiqadi.
Nin horg‘in jilmaydi. Bo‘lajak ilmiy ishining muqaddimasida shu afsonani keltirsa bo‘larkan.
Uning o‘tmish hayotida bo‘lib o‘tgan voqea va hodisalar tarixiga ana endi so‘nggi nuqtani qo‘ysa bo‘ladi.

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 10-son