Muallif «Darichalar» povestida hind xalqini necha zamonlardan beri iztirobga solib kelayotgan toifa masalasiga yana murojaat qiladi. Past tabaqaga mansubligi uchun tahqirlash Hindistonda qonunan man qilingan bo‘lishiga qaramay hamon uning ta’siri hind jamiyatida nihoyatda kuchli. Bu xurofot past tabaqa kishisining hayotini, uning porloq va ezgu intilishlarini kishanlab qo‘yadi. Povestning bosh qahramoni xizmatkor bola Tulsiy eng past tabaqa — daxlsizlar tabaqasiga mansub. U xo‘jayinning bolalari bilan birga o‘sadi, birga o‘ynaydi, uyda birga o‘qiydi. Ularning munosabati qanchalik yaqin bo‘lib ko‘rinmasin, aslida Tulsiy bilan xo‘jayinning bolalari o‘rtasida ko‘zga ko‘rinmas to‘siq turadi.