Aziz Nesin. Xotirjam bo‘ling, xotirjam! (hikoya)

Har bir ishning o‘z «nega»si bor.
Yo‘q, o‘xshamadi. Hikoyani ilmiyroq gaplar bilan boshlagan ma’qul. Aytaylik, mana bunday: «Har qanday sharoitda ham odamning ko‘ngli xotirjam tortishi kerak».
To‘g‘risi, bunisi ham o‘xshamadi.
E’tiborga molik gap aytish uchun avvalo kishi-ning o‘zi buyuk bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham har bir hikoyamni abadiylashtirishga arziydigan jumla bilan boshlayman. Lekin hech kim mening jumlamga ham, o‘zimga ham ahamiyat bermaydi. Buyuk degan nomga musharraf bo‘lganlarning barchasi muhim gaplar aytadi, deb o‘ylaysizmi?
Bir buyuk odam: «Yozda issiq bo‘ladi», deb aytgan edi. Naqadar purma’no so‘zlar, naqadar dono fikr! Insoniyat asrlar davomida izlagan haqiqatni u uch og‘iz so‘z bilan ifodalasa-ya! Boshqa bir buyuk inson o‘layotib, oxirgi daqiqalarda shunday degan ekan: «Eshiklarni lang oching!» Shu bir og‘iz jumlada qanchalar buyuk haqiqat yashiringan! Qarang, u «Eshiklarni lang oching!» degan. Bu so‘zlar bilan avlodlarga yo‘l ko‘rsatgan. «Eshiklarni lang oching!» Bu nima degani? Mulohaza qilib ko‘ring, qanchalar buyuk so‘zlar. Bu ikki og‘iz so‘zning ma’nosini ochish uchun tom-tom kitob yozsa ham kamlik qiladi. Axir u aytgan-ki… Umuman, u nima degan o‘zi? «Ey, odamlar! Eshakka o‘xshab, og‘ilxonalarda berkinib yotmanglar. Eshiklarni ochinglar va uylaring bilim ziyosiga to‘lsin!» Yo‘q, u bunday demagan! «Eshiklarni oching! Ko‘zlaringizni kattaroq ochib, dunyoga qaranglar. Qalbingizni zulmatdan qutqaring!»
Aslida, buyuk odam ham hammaga o‘xshagan oddiy odam, u ham omonatini Yaratganga topshirayotib, nafasi qaytib entikadi. Balki bo‘g‘ilishdan qutilish uchun «Eshikni ochinglar!» degandir. Bor-yo‘g‘i shu. Narigi dunyoga ravona bo‘lganimda, ya’ni o‘limimdan keyin, avvalo, Gyoteni qidirib topaman va: «Aytishlaricha, o‘limingizdan oldin: «Pardani ochinglar, yana biroz yorug‘lik tushsin!» deb aytgan ekansiz. Bu buyuk so‘zlarning ma’nosi nima?» deb so‘rayman. Aniq bilamanki, Gyote shunday javob beradi:
– Men-a? Men «Yana biroz yorug‘lik tushsin», debmanmi? Shunchaki o‘shanda ko‘zim xiralashgandi. Balki bu gapni atrofimda kimlar borligini ko‘rish uchun aytgandirman?..

* * *

…Yo‘lda ketib borayotgandim. Qaysidir uyning eshigidan bir mushuk yurakni ezadigan darajada faryod solib otilib chiqdi. Keyin u dumini xoda qilgancha ayyuhannos solib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Mana shu mushuk meni o‘yga tolishga majbur qildi. Nega u qattiq chinqirgancha uydan otilib chiqdi? Har bir ishning o‘z «nega»si bo‘ladi. Xo‘sh, mushuk nega otilib chiqdi? Aynan mana shu voqeani sizga bayon qilmoqchi edim. Lekin ko‘rib turganingizdek, usul topolmay qiynalyapman. Demokratik usulni qo‘llab, pastdan yuqoriga qarab gapiraymi yoki sharqona an’analarga sodiq qolib, tepadan pastga qarab boshlasammi? Ya’ni, mushukdan boshlab, vazirgacha chiqsammi yoki vazirdan mushukka tushsammi? Yaxshisi, o‘zimizning an’analardan qolmay.
Mushuk voqeasi, ya’ni uni qanday kaltaklashgani va u eshikdan otilib chiqqani haqidagi voqea shunday bo‘lgandi: hamma gazetalar — aynan barchasi birvarakayiga bir vazirga hujum qilishdi. Albatta, bundan vazir qattiq ta’sirlandi. Ranjiganidan nima qilishni bilmay qoldi. Har doim chorasiz qolganda uning ko‘ngli xira bo‘lardi. U maslahatchisini chaqirdi. Vazir undan nima haqidadir so‘radi. Maslahatchi javob berdi. U yana allanimalar haqida so‘radi. Maslahatchi bu savolga ham javob berdi. Lekin vazir baribir ko‘ngil jarohatiga malham topa olmasdi. Axir «Har qanday vaziyatda ham odamning ko‘ngli xotirjam tortishi kerak» emasmi? Vazir yana maslahatchisiga savol berdi. Maslahatchi bu ishni qanday bajarganini gapirib berdi. Yo‘q, bu ishni boshqacharoq bajarish kerak edi.
– Bunday qilish noto‘g‘ri!..
– Mumkin!
– Mumkin emas!
– Yo‘q, mumkin!
– Yo‘q, mumkin emas!
Vazir nihoyat ko‘nglidagini to‘kib solganidan xursand bo‘ldi! U xodimini yaxshilab ta’zirini bergach, tinchlandi. «Nima bo‘lganda ham odamning ko‘ngli taskin topishi kerak!» Endi maslahatchi qanday qilib ko‘ngliga taskin bersin? Iste’foga chiqsinmi? Yo‘q. Nega endi ishdan bo‘shashi kerak?
U bosh boshqaruvchiga bir savol bilan murojaat etdi. Bosh boshqaruvchi javob berdi. U bosh boshqaruvchiga boshqa savol berdi. Bosh boshqaruvchi bu savolga ham javob berdi. U yana savol berdi. Narigisi yana javob berdi. Javob berishga-ku, berdi, lekin ish boshqacha bo‘lishi kerak edi-da.
U kotibni chaqirdi.
– Yoz, – deb buyurdi. Maslahatchi gapirdi, kotib yozdi. Asta-sekin maslahatchi tinchlandi. Agar tinchimaganida yorilib ketgan bo‘lardi. Unda maslahatchining oilasi xotirjamligi va muvozanatidan ayrilgan bo‘lardi. Hammasi yaxshi-yu, lekin endi bosh boshqaruvchi nima qilsin? Maslahatchi yozdirganlarini hazm qilish osonmi? U tugmachani bosdi:
– Inspektor Alibeyni chaqiring!
– Alibey o‘n kundan buyon xizmat safarida
– Unda Valibeyni chaqiring!
Inspektor Valibey keldi:
– Xizmatingizga tayyorman, beyafandi!
– Haligi ish nima bo‘ldi?
– Bajarildi, beyafandi!
– Narigisi-chi?
– Unisini ham bajarganmiz.
– Qanday qilib bajargansiz?
– Shunday, shunday qilib bajardik, beyafandi!
– Axir bunday qilib bajarish noto‘g‘ri. Kim sizga «shunday, shunday» qiling, dedi? Bu ishni mana bunday, bunday qilib bajarish kerak edi! Yo Alloh, yo tavba! – Bosh boshqaruvchi rosa javradi. Oh, hayot yaxshi-da. Ko‘nglini bo‘shatmaganida, bunday yengil tortmagan bo‘lardi. Endi inspektor sho‘rlik nima qilsin? Ichiga yutsinmi? Yo‘q, bu ishda sabr yordam berolmaydi.
– Janob boshqaruvchi!
– Nima?
– Nima, deganingiz nimasi? Bugun ertalab sizga nima degandim?
– Bugun ertalab? Hech nima demagandingiz.
– Qanaqasiga? Bo‘lishi mumkin emas.
– Bugun ertalab sizni ko‘rganim ham yo‘q-ku.
– Unda kecha ertalab aytganman.
– Kecha ertalab sizning tobingiz yo‘q edi.
– Demak, o‘tgan kuni ertalab aytganman!..
– Ha-a, nimadir deganday bo‘luvdingiz…
– Aynan nima deganman?
– Aniq esimda yo‘q…
– Agar aytgan bo‘lsam, nega shu paytgacha topshirig‘im bajarilmagan? Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Tushunarlimi, bo‘lmaydi! Ta’qiqlayman, qat’iyan man qilaman!..
Boshqaruvchining afti burishdi. Nima bo‘lganda ham odam ko‘nglini bo‘shatishi kerak.
– Menga o‘rinbosarni chaqiring!
– Eshitaman? – Boshqaruvchining o‘rinbosari keldi. Boshqaruvchi undan so‘radi:
– «D» belgili axborotnoma to‘ldirilganmi?
– To‘ldirilgan, afandim.
– To‘liq to‘ldirilganmi?
– Ha, to‘liq.
– Varaqlari tikilganmi? – “Uf, hamma narsani nega to‘liq bajaradi-a?” – Kerakli joyga jo‘natilganmi?
– Jo‘natilgan.
“Bir oz kechikishsa, nima qilarkan?”
– Qachon jo‘natdingiz?
– Kecha.
– Nima-a-a? Kecha?! Bu qanday sovuqqonlik? Bu qanday ish uslubi bo‘ldi? Hech kim jon kuydirib ishlamaydi. Ishlash kerak! Ishlash! Tushundingizmi?!
Oh, odam ko‘nglini bo‘shatsa, qanchalar maza qiladi-ya. Boshqaruvchi o‘rinbosari bo‘lim boshlig‘ining xonasiga kirdi. U jahldan yorilay deb turardi.
– Bu nima?
– Bu hisobot bo‘limiga jo‘natiladigan hujjatlar.
– Xo‘-o‘sh, xo‘-o‘sh! Tushunarli. Shundoq ham intizomsizlik bo‘ladimi?! Endi esa…
Boshqaruvchi o‘rinbosari chiqqach, bo‘lim boshlig‘i ham portladi va stolni mushtlab qichqirdi:
– Qani Hasanbey?
– Qaysi Hasanbey? Ikkinchi boshqarmadagi Hasanbeymi yoki nusxa chiqaradigan Hasanbeymi? Yana ro‘yxat bo‘limida ham Hasanbey bor. Balki kotibiyatdagi Hasanbey kerakdir?
– Qo‘lingizga tushgan Hasanbeyni yonimga sudrab keling… To‘g‘rirog‘i, haligi… kotibiyatdagi Hasanbeyni!
– Afandim, u tushlikka ketgan.
– Unda sening isming nima?
– Husayn.
– Husaynmi-Musaynmi, menga farqi yo‘q. Hamma bekorchilar yig‘ilib olgansanlar!..
U ham o‘n daqiqalar baqir-chaqir qilgach, tinchidi. Butunlay tinchigach, ishxonadan chiqdi.
Amaldor Husaynbey alamidan xizmatchilariga tanbeh berishni boshladi:
– Oynalar nega xira? Iya, shiftda o‘rgimchak uya quribdimi? Stollar chang, pol rasvo. Toqat qilib bo‘lmaydi! Toqat qilolmayman! Tushundingmi, falonchi? Sendan so‘rayapman!
Shundan keyin Husaynbey ham yelkasidan tog‘ qulagandek yengil tortib, ishxonadan chiqdi. Darg‘azab bo‘lgan xizmatchi alamini sochish uchun darvozabonni qidirdi. Lekin darvozabon allaqachon uyiga ketib bo‘lgan ekan. Nima qilish kerak? Nima bo‘lganda ham odamning ko‘ngli halovat topishi kerak. U tramvayga o‘tirdi.
– Oyog‘imni bosding! Yog‘och oyog‘ingni qo‘yishdan oldin ko‘zingga qarasang bo‘lmaydimi?
Yo‘lovchi e’tibor bermadi. Shu payt nazoratchi keldi:
– Chipta oling!
– Ko‘rmayapsanmi tiqilinchligini! Bitta qo‘lim qisilgan, ikkinchisi siqilgan… Shu ahvolda hamyonimni qanday olaman? Tushayotganimda to‘layman!
– Bu mumkin emas.
– Mumkin.
– Yo‘q, mumkin emas!
Baqir-chaqir. Xizmatchi har holda kimga zahrini sochishning yo‘lini topdi.
Oxirgi reysdan so‘ng nazoratchi uyiga qaytdi. Xotini uni oshxonada tabassum bilan kutib oldi: – Nega kuydirilgan kalladek ishshayasan? Ering nima ahvolda-yu!..
U xotinini boplab do‘pposladi. Keyin xotirjam tortib, stolga o‘tirdi-da, ovqatini paqqos tushirdi. Nazoratchining xotini alamidan yig‘lab oldi. Shu payt oyog‘i ostida mushuk o‘ralashib yurganini ko‘rdi. U qo‘lidagi otashkurak bilan mushukning qoq beliga ikki marta yaxshilab tushirdi! Mushuk sho‘rlik dahshatli og‘riqdan ayyuhannos solgancha ko‘chaga qarab otildi. Shundan keyin nazoratchining xotini erining pinjiga tiqildi. Haqiqiy muhabbat ko‘z yoshlardan keyin tug‘iladi. Ikkalasi ham tinchlandi.
«Har bir ishning o‘z «nega»si bor. Agar gazetalar vazirga yopishmaganda bu sho‘rlik mushuk faryod solgancha ko‘chaga otilarmidi?»
Odamlar har holda ko‘ngillarini xotirjam qilishning yo‘lini topishadi. Lekin mushuklar… Ana shu mushuk yonginamdan xuddi meteor kabi shuvillab uchib o‘tdi. Lekin qanday qilib ko‘nglini tinchitgani menga qorong‘u…

Turkchadan Gulbahor Abdulloh qizi tarjimasi