Aziz Nesin. Pulimga yarasha yer bering (hikoya)

Bir necha kundirki, uyquda halovat yo‘q. Qattiq ishlayverib asabni buzgan ko‘rinaman: o‘ringa kirsam, uyqu bosadi-yu, ammo ko‘z qurg‘ur hech ilinmaydi.
Bo‘lmadi, oxiri doktorga borishga to‘g‘ri keldi.
— Bir kunda necha soat ishlaysan? — deb so‘radi u.
— O‘n olti-yigirma soatdan.
— Unaqa bo‘lsa toliqibsan, — dedi-da, keyin so‘radi: — Nega endi muncha ko‘p ishlamasang?
Doktorni boplab so‘kib bermoqchi bo‘ldimu, lekin o‘zimni qaytardim. Rost-da, axir, shu ham gap bo‘ldimi? Nima, bunchalik ko‘p ishlayotgan bo‘lsam, sababi bordir…
Doktor asab bilan uyqu uchun dori-darmon yozib berdi. Ammo lekin, hech qaysisidan foyda ko‘rmadim. Joyimga yotib, endi uxlayman deb turganimda, uch oydan beri to‘lanmagan uyning ijara haqi lop etib esimga tushib qolsa bo‘ladimi? Endi bu yog‘i nima bo‘lishi o‘zingizga ma’lumdir.
Yotgan joyimda hisob-kitobga tushib ketaman. Uch yuz ellik lira… Shundan yigirma beshni olib tashla… Xo‘p, oldin noldan beshni olish kerak… Nolga beshdan birni olib beramiz, o‘n bo‘ladi. O‘ndan beshni olsak besh qoladi… To‘rtdan ikkini olsak ikki qoladi… Uchning o‘zi tushadi… uch yuz yigirma besh qolarkan… Shunga to‘qson oltini qo‘shish kerak. Beshga oltini qo‘shsak, o‘n bir bo‘ladi. Biri dilda…
Miyamda raqamlar chuvalashib ketavergach, yotgan jonimdan irg‘ib turaman… Qo‘lga qalam-qog‘oz olib hisoblay boshlayman. Ishni bitirgach, uxlatadigan xap doridan yana bir marta otib olaman. Mudroq keldi deguncha, yugurib borib o‘ringa kiraman. Endi ko‘z ilinay deb turganda miyamga bir fikr kelib qoldi: «Bordi-yu, oyiga 10 liradan tugib borsam, bir yilda qancha bo‘larkan?» La’nati shu ijara puli juda qonimga tashna qilib yubordi-da… Bu dunyo deganidan boshpanasiz o‘tadiganga o‘xshaymiz.
Shu hafta ichida nari borsa besh soat uxlagandirman. Bedorlikning to‘rtinchi kuni majolsizlikdan o‘rnimdan turolmay qoldim. Ko‘z toliqib, zora uxlab qolsam degan umidda qo‘lga gazeta oldim.
Gazetaning birinchi betida bosilgan shu xabarga to‘satdan ko‘zim tushib holdi: «Taqsimda, imoratsiz quruq yer to‘rt million liraga sotildi».
To‘rt million lira-ya… Yerning sathi 1624 kvadrat metr ekan. To‘rt millionni 1624 ga taqsimlay boshladim. O‘zim turmushda no‘noqroq odam bo‘lsam ham hisobni yaxshi ko‘raman. Bundoq chamalab chiqsam, haligi yerning bir kvadrat metri 2500 liraga tushibdi.
— Ajabo, — o‘ylab ketdim o‘zimcha, — shu joyni men sotib olmoqchi bo‘lsam qandoq bo‘lardi… Puli qanchaydi? Ha, to‘rt million lira. Bir oylik maoshim qancha o‘zi? Besh yuz lira.
— Uxlay qolsang-chi endi! — deb xotinim yalina boshlaydi.
— Yo‘qol, ko‘rmayapsanmi nima qilayotganimni! — deya jerkib berdim uni.
— Xo‘sh, oyligim besh yuz lira ekan… Qani, ovqatdan siqishtirib borsam, bir oyda qancha yig‘ishim mumkin? Hech iloji bo‘lmayapti-ku… To‘xta-chi… Mayli, bir amallab oyiga 100 liradan tugib borsam, bir yilda 1200 lira bo‘larkan. O‘n yilda 12000 lira, yuz yilda esa 120 000 lira… Ming yil umr ko‘rsamu, tishning kirini so‘rib yurish evaziga har oyda yuz liradan olib qo‘yaversam, bir million ikki yuz ming lira pul to‘plarkanman. Baribir bu ham kamlik qiladi, Nima bo‘lsa ham o‘sha yerni sotib olishga qaror qildim.
Hisobni bolalikdan sevaman. Litseyda o‘qib yurgan paytlarimda ham miyamda hamisha raqamlarni urishtirib yurardim. O‘shanda yo‘lda to‘xtamay, ovqat ham yemay tinimsiz yuguraversam, oyga, quyoshga, Marsga necha million yilda yetib borishim mumkinligini hisoblab chiqqanman. Endi bundoq o‘ylab qarasam, men uchun quyoshgacha piyoda yurib borish, boyagi joyni sotib olishdan oson tushar ekan.
Tong yorishgan bo‘lsa ham hisob hali tugagani yo‘q. O‘sha yerni sotib olish uchun uch ming yil yashasam ham ozlik qilar ekan. Bu gal xomcho‘tni boshqacha qilib ko‘rdim. Xo‘sh, bordi-yu, oladigan besh yuz lira maoshimning hammasini tugib qo‘yaversam-chi?
Buni ham chamalab ko‘rdim. Ma’lum bo‘lishicha, maqsadga yetish uchun yana roppa-rosa 666 yil yashab, 666 yil muttasil ishlashim kerak ekan. Bunisi ham to‘g‘ri kelmaydi. Xap doridan ustma-ust ikkitasini yutib oldimda, o‘ringa yotdim. Es-hushim o‘sha sotilgan joyda bo‘lgani uchun baribir uxlayolmadim. Yana turib ketdim… Bir kunda 16 soat o‘rniga 24 soat ishlab, oylikni ming liraga yetkazsamu, uning bir tiyiniga ham tegmay asrab qo‘yaversam nima bo‘larkin? Shundayam yana 33 yil umr ko‘rishim shart ekan.
Endi qizcham yalinishga tushdi:
— Dadajon, uxlay qoling! Picha uxlang!
— Yo‘qol! — uni ham haydab soldim.
Shu joyni sotib olmagunimcha ko‘zimga uyqu kelmaydi endi. Bu gal xomcho‘tni teskari soldim. Xo‘sh, o‘sha yerni sotib olish uchun bir oyda qancha pul topishim va shundan qanchasini tugib qo‘yishim kerak? O‘-o‘-o‘, bir oyda 2 ming liradan yig‘ib yursam ham 167 yil ishlashim kerak ekan. E, qurib ketsin!.. Hech iloji bo‘lmayapti-ku!
«To‘xta, to‘xta, — dilimda o‘ylayman o‘zimcha, — axir shu joyni sotib olgan ham senga o‘xshagan odam-ku. Muncha pulni u qayoqdan oldiykin?»
— Doridan yana ichib olasanmi? — dedi xotinim yalingansimon.
Yana dori ichdim. Ichim ham binoyiday dorixonaning o‘zi bo‘lib qoldi.
— Senga nima bo‘ldi, jonim, uxlasang-chi, axir!
— Yo‘qol hammang, ko‘zimga ko‘rinma!
Xo‘sh, to‘rt million lirani qurtday sanab bergan odam buncha pulni qayerdan oldi ekan? Shu tahir yerga beli og‘rimay to‘rt million lira berganiga qaraganda, yonida yana to‘rt million puli qolgan bo‘lishi kerak. Sakkiz million lira-ya! Aytishga oson. Bu odam nima ishda ishlarkin o‘zi? Agar u moyanaxo‘r bo‘ladigan bo‘lsa, eng katta amaldor ham bir oyda ko‘pi bilan 1500 lira pul oladi. Bunaqa odam to‘rt million lira topish uchun 276 yil ter to‘kib ishlashi kerak. Shunda ham u moyanasining bir qurushiniyam sarflamasligi lozim-a.
Qurib ketsin-e, o‘ylayverib miyam tars yorilib ketay dedi. Haligi odam vrachga o‘xshaydi. Doktorlar ko‘p pul topishadi. Ular bir marta ko‘rish uchun bemordan o‘ttiz liradan pul olishadi.
— Tong otib ketdi, bir oz mizg‘ib olsang-chi.
— Boshimni qotirma, dedim-ku senlarga!
Agar u bir kunda o‘ntadan kasal ko‘radigan bo‘lsa, uch yuz lira ishlaydi. Demak, bir oyda 9000 lira… Shuning 6 mingini tugib borsa… O‘sha yerni sotib olish uchun doktor 67 yil bemor ko‘rishi kerak! Demak, yerni sotib olgan kishi vrach ham bo‘lishi mumkin emas… Bordi-yu, savdogarchilik qilsa-yu, har oyda o‘rta hisob bilan 10 mingdan topsa-chi… Bu ham aqlga sig‘maydigan narsa.
— Besh kundan beri mijja qoqmaysan-a. Birpas cho‘zilgin, balki ko‘zing ilinar.
Yostiqqa bosh qo‘yib, ko‘zimni yumaman. Qani endi uyqu kelsa… Topdim! Topdim! Unday odamning islovatxonasi bo‘lishi kerak. Qo‘ling o‘rgilsin beshta jonon uning sarmoyasi bo‘ladi. Jononlarning har qaysisi kuniga 100 liradan ishlab bersa bormi, besh karra yuz — besh yuz. O‘ttiz karra besh yuz — oyiga o‘n besh ming lira degan so‘z. Ijara haqi, mayda-chuyda xarajatlar chegirib tashlansa, cho‘ntagida o‘n ming lira qoladi. Yiliga 120 ming lira bo‘ladi. O‘ttiz yilda esa… Ming la’nat-e, islovatxona ochsam ham yerni sotib olishga qurbim yetmas ekan!
Qani, yashirincha chetdan mol keltirib sotsam-chi… Bu fikr o‘zimga ham yoqib tushdi, o‘rnimdan irg‘ib turib hisoblab chiquvdim, unisi ham xomroq chiqib qoldi.
Shu payt kallamga to‘satdan bir fikr keldi. Cho‘ntaklarimni kovlashtirgan edim, o‘n ikki yarim lira pul chiqdi.
— Senlarda qancha pul bor?
Xotinimdan besh, bolalardan ikki lira pul topildi. Hammasiii sanab ko‘rsam, o‘n to‘qqiz yarim lira bo‘libdi… Yerning hammasini sotib olish shart emas-ku, pulimga yarasha olaman qo‘yaman-da. Bir kvadrat metr joy 2500 lira turadi, demak, bizga to‘g‘ri kelmaydi. Bir kvadrat detsimetri esa 25 lira. Bunisiga ham qurbim yetmaydi. Bir kvadrat santimetriga 25 qurush to‘lash kerak. Xo‘sh, yonimda o‘n to‘qqiz yarim lira pulim bor. Demak, bu pulga 78 kvadrat santimetr yer sotib olishim mumkin. Soatga qaradim: ertalabga yana ikki soat vaqt bor. Barvaqt turib o‘sha joyga boraman-da, shunday deyman:
— Qani, shu yerdan menga 78 kvadrat santimetr yer o‘lchab bering!
Uydagilar atrofimda parvona:
— Yota qol endi… Picha mizg‘ib olgin!
Etmish sakkiz kvadrat santimetr yer! Abadiy uyquga ketish uchun shu sahnga cho‘zilib yotsam ham, baribir sig‘mayman, boshqa birov yotgan mangu istirohat manzilidan oyog‘im chiqib qoladi…
Sotib oladigan yerimning ustida qaqqayib turishimdan boshqa chora yo‘q.
— Senlarga yer yo‘q, — dedim xotinim bilan bolalarga, — senlarga yer yo‘q… Bu dunyoda men yakka o‘zim tik turishim mumkin bo‘lgan bir parcha yer topdim. Qani, yo‘qolinglar. Senlar ham o‘z g‘amlaringni o‘zlaring ye!
— Uyqudan qolib jinni bo‘pti bu, — deya vahima ichida uydagilar tumtaraqay qochishdi.
Sizlarga ham maslahatim shu. To‘rt million lirani qanday topishni siz ham bir o‘ylab ko‘ring-da, yoningizdagi bor pulga necha kvadrat santimetr yer sotib olishingizni hisoblab chiqing. Shundan keyin ustma-ust xap dori yutaverasiz. So‘ngra esa… jinnixonaning 8-bo‘limida, albatta uchrashamiz. Kiraverishdagi o‘rin kaminalariniki bo‘ladi.

Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi