Hamisha qovog‘idan qor yog‘ib turadigan professor bir gala assistentu talabalarini ergashtirganicha shitob bilan palataga kirib keldi. U shu yerdagi ko‘z kasalliklari klinikasining mudiri bo‘lib, nihoyatda qattiqqo‘l, qo‘rs, tund va sovuq odam bo‘lgani uchun olimdan ko‘ra ko‘proq birinchi jaqon urushi paytidagi generallarga o‘xshab ketardi. Faqat shogirdlari bilan assistentlargina emas, balki yaqin oshna-og‘aynilari ham undan hayiqib turishardi, ko‘z ko‘zga tushgan mahalda iloji boricha tezroq juftakni rostlab qolish payida bo‘lishardi. Aslida u bir talay ixtirolaru ilmiy asarlarning muallifi, qator-qator tibbiy va ilmiy jamiyatlarga saylangan olim, xullas, tibbiyot olamida dong taratgan zo‘r mutaxassis edi. Shunga ko‘ra, hammalari uning hurmatini bajo keltirib yurishardi.
Odatda u palataga kirgach, bemorning oldida bir nafas to‘xtab, darrov ikkinchisiga o‘tib ketar, assistent vrachlar esa, uning kutilmaganda bir nimani so‘rab qolishidan cho‘chib, doim tipirchilab turishardi.
— Bunisi yangimi?
— Ha, domla, kecha olib kelishdi, — dedi shosha-pisha chap tomondagi assistent.
— Kasali nima ekan?
— Haligacha aniqlayolmadik. Ikkala ko‘zida sanchiq turgan, tinimsiz boshi og‘riydi.
Professor iztirob ichida to‘lg‘anib yotgan bemorning qontalash ko‘zlariga bir zum tikilib turdi-da:
— Analizlar? — deb ming‘irlab qo‘ydi.
— Bo‘ldi, domla.
— Pis…
Atrofdagilar kamgap professor tekshirib ko‘rish uchun bemorning ko‘zidan nazla olinglar, demoqchi bo‘lganini darhol payqashdi.
Professor xonasiga kirib ketdi. Assistentlar ertalabki bemor ko‘rish marosimidan osongina qutilganlari uchun yengil nafas olishdi.
Ikki assistent kasal ko‘zdan nazla olgach, professorga eltib berishdi. Professor mikroskopga egilib, anchagacha nazlani kuzatib turdi. Nihoyat, boshini ko‘targanida lablarida tabassum jilva qilardi. Necha yillardan beri birga ishlab, biror marta ham tishining oqini ko‘rmagan assistentlar uchun bu kutilmagan yangilik bo‘ldi. Shundan keyin professor javonda turgan semiz-semiz kitoblardan bir dastasini olib, shosha-pisha ichini titkilay ketdi. O‘qtin-o‘qtin uning «xuddi o‘zi», «o‘sha», «hm» degan so‘nik ovozi eshitilib turdi.
— Qani, darrov vrachlarni chaqiring, talabalar ham kelishsin, — deb buyurdi u oyoqda qimir etmay turgan ikkala assistentga.
Xona ichi bir zumda to‘lib ketdi. Hamisha to‘rsayib yuradigan professorni hozir tanib bo‘lmasdi. U bayram kuniga bir quchoq sovg‘a-salom olgan yetim boladay o‘zida yo‘q xursand edi. Kap-katta odam o‘ziga yarashmagan qiliqlar qilar, azbaroyi jazavasi tutib, yuragi hapriqib ketganidan mikroskop atrofida chir-chir aylanardi.
— Yigitlar, — dedi u entikib. Assistent va talabalariga u hamisha shunday deb murojaat qilardi, — omadni qarang, omadni… Zo‘r omad bu! Biz noyob, g‘oyatda noyob mikrobga duch keldik. Bu juda-juda kam uchraydigan tasodif. Uni bir ko‘rish orzusida yurgan ko‘z doktorlari ozmunchami… Sizlar baxtli ekansiz, hali student bo‘la turib, shu sharafga muyassar bo‘ldingiz. Bu mikrob bir million, hatto besh million bemorning ichidan faqat bittasida uchrashi mumkin…
Professor terisiga sig‘may, hadeb qo‘llarini ishqar, har gapning birida nuqul «noyob mikrob» deb qo‘yardi.
— Men o‘zim bu mikrobni umrimda ikkinchi marta ko‘rishim. Ilk bor Parijda mengayam professorim ko‘rsatgan edi. Afrikalik bir zanjini olib kelishuvdi… Bu mikrob odamga o‘tgandan keyin darhol qirq sakkiz soat ichida operatsiya qilinmasa, ko‘z ko‘r bo‘lib qoladi. Shuning uchun hoziroq chora-tadbir ko‘rish kerak. — U assistentlardan biriga yuzlandi. — Xo‘sh, og‘riq qachon boshlanibdi?
— Kecha erta bilan. Kasalxonaga kechqurun olib kelindi.
— Shundaymi… Darhol operatsiyaga kirishilmasa, yigirma to‘rt soat ichida ko‘zdan ajrab qolishi mumkin. Bu mikrob g‘oyat xatarli… Yosh bezlariga o‘rnashib olgach, o‘z-o‘zidan urchiydi, keyin miyadagi ko‘rish markaziga o‘tib, uni tamoman ishdan chiqaradi. Endi navbat bilan mikroskopga yaqin kelib, uni yaxshilab ko‘rib olinglar…
Assistentlar bilan studentlar birin-ketin mikroskopga yaqinlashib, noyob mikrobni obdan tomosha qilishdi. Professor esa tanish-bilish hamkasblariga telefon qilib, bu kutilmagan voqeadan barini xabardor qildi.
— Mon sher? (azizim, fr.) Favqulodda mo‘jiza! Demak, ko‘rmagan ekansiz-da?! Judayam noyob narsa! Turkiyada hali bunaqasi uchramagan. Judayam ajoyib ish bo‘ldi-da, mon sher.
«Ana, aytdim-ku sizlarga, buyam umrida ko‘rmagan ekan», derdi u har gal navbatdagi hamkasbiga telefon qilib bo‘lgach.
Professor yana bir talay ilmiy jamiyatlaru kasaba uyushmalariga qo‘ng‘iroq qilib, hammasini bu yangilikdan voqif etdi. Ora-sira shogirdlariga o‘gitlar berib ham turdi.
— Bu mikrob boshqa muhitda yashayolmaydi, darhol nobud bo‘ladi. Binobarin, u yuqumli emas. Aks holda, dunyoni ko‘r bosib ketardi… Uni ehtiyot qilinglar, zinhor nobud bo‘lmasin.
Halovatini yo‘qotgan professor tushlikkayam chiqmadi, shogirdlariga noyob mikrob xususida turli-tuman topshiriqlar berdi. Ikki nafar assistent kamyob mikrobning ming karra kattalashtirilgan suratini chizadigan, qolganlari esa uning hayotini saqlab qolish uchun tegishli shart-sharoit yaratadigan bo‘ldi. Professorning o‘zi esa yana kitobga sho‘ng‘ib ketdi.
O‘sha kuni klinikada hamma noyob mikrob bilan ovora bo‘ldi. Hatto hamshiralar, enagayu farroshlar ham bu ishga safarbar etildi. Kasalxona tarixida birinchi marta ish kuni g‘oyat unumli o‘tgan bo‘lsa, ajab emas. Noyob mikrobning daragini eshitib, qo‘shni klinikalardan ham to‘dalashib odamlar kela boshladi. Professor tashrif buyurganlarga uning ta’rifini keltirib turdi.
Taomilga xilof ravishda shu kuni klinikada yarim kechagacha rosa ter to‘kib ishlashdi. Ertasiga professor fakultet majlislar zalida bu haqda ma’ruza qilmoqchiligini bildirdi, bunga ham hozirlik ko‘rildi.
Professor uyiga juda kech qaytdi. Jahon tibbiyoti tarixida yangi sahifa ochishi lozim bo‘lgan ma’ruza ustida tuni bilan mijja qoqmay ishladi. Ko‘zi ilingan chog‘larida ham miyasi nuqul noyob mikrob bilan band bo‘ldi. Tong yorishishi bilanoq kasalxonaga yugurdi. Darhol mikrobni surishtirdi. Demak, tirik ekan-da! Qoyil, sun’iy muhitdayam urchibdi!
Professor o‘zini qo‘ygani joy topolmay qoldi, ikki gapirib, bir kuldi, hazil-mutoyibalarni qalashtirib tashladi, hatto farrosh xotinlargayam tegajoqlik qilib yubordi. O‘sha kuni ma’ruza ham zo‘r tantana bilan o‘tdi. Fakultet zaliga yig‘ilgan tumonat odam uni katta qiziqish bilan tingladi.
Noyob mikrob ustidagi tajribalar qizg‘in davom ettirildi. Professor chet ellik hamkasblari va ustozlariga ustma-ust telegrammalar yo‘llab, ularni bu yangilikdan ogoh qildi. Klinika chinakam ilmiy tekshirish markaziga aylandi. Vrachlar, assistent va studentlar zavq-shavq bilan ishga sho‘ng‘ib ketishdi.
Dum-dumaloq mikrob sun’iy sharoitda birdan ipday cho‘zilib, shakli o‘zgarib qolganini ko‘rishi bilanoq uch assistent hovliqqanicha professorning xonasiga beso‘roq kirib keldi. Professor azbaroyi jo‘shib ketganidan barmoqlarini shiqirlatib, uy ichida yo‘rg‘alab o‘ynayotgan ekan. Voqeani darhol xabar qilishdi.
— Hammani to‘planglar, — deb buyurdi u.
Xona ichi yana liq to‘ldi. Professor yig‘ilganlarni yangilikdan xabardor qilgach, bu noyob mikrob haqida kitob yozish niyati borligini aytdi.
— Xo‘sh, bemorning o‘zi qalay? — deb so‘rab qoldi u davolovchi assistentdan.
— Og‘riq to‘xtadi.
— Aniqroq qilib gapiring.
— Ikkala ko‘zi so‘qirlashdi.
— Ana, aytmadimmi, — dedi professor og‘zi qulog‘iga yetib, — agar qirq sakkiz soat ichida zudlik bilan chora ko‘rilmasa, bemor ko‘zdan qoladi, og‘riq taqqa to‘xtaydi. Bemorning ko‘zlarida o‘tgan kuni ertalab sanchiq boshlangan, hisobga ko‘ra mana bugun bosilishi kerak edi. Shunday bo‘ldimi.
— Shunday, — dedi uning gapini ma’qullab davolovchi assistent.
— Ilmda hikmat ko‘p, yigitlar. Mana, aytganim keldi…
Noyob mikrob ustidagi kuzatuvlarini davom ettirish maqsadida professor shogirdlarini ergashtirib, yengil qadam tashlaganicha to‘g‘ri laboratoriyaga kirib ketdi.
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi