Stol tagidan muqovasi ko‘k, mo‘jazgina, usti zarhal yon daftarcha topib oldim. Kimniki bo‘ldi ekan, degan xayolda ichini ochdim. Iya, bu nimasi? Daftarchaning birinchi betiga baobro‘ bir kishining, juda ham baobro‘ kishining turar joyi, telefon nomeri yozib qo‘yilgan. Qani, bu yog‘ini ko‘ray-chi! Voybo‘y, ikkinchi betida bir emas, naq uchta shunaqa odamning nomi bor-a. Daftarni betma-bet varaqlaganim sari hayratim oshaverdi.
Nega desangiz, mamlakatimizda siyosat va davlat tepasida turgan nufuzli odamlarning hammasi daftarga birma-bir yozib chiqilgan ekan. Bundoq qarasam, bularning ichida eng kichigi bosh direktorlik lavozimida. Qizig‘i shundaki, nomi daftarga tushgan siyosat arboblarining hammasi hozir hokimiyat tepasida.
Shu topda o‘rnimda boshqa odam bo‘lganida ham baribir boshi qotib garang bo‘lishi turgan gap edi. Rost-da, kazo-kazolarimizning turar joyi aniq ko‘rsatilgan, bu daftarcha xuddi biror falokatni boshlab beradigan bombaga o‘xshaydi. Buni mening payimga tushgan biror odam ataylab tashlab ketgan bo‘lsa kerak. Ulug‘larimizning ismu shariflari bitilgan bu ro‘yxat hali boshimga qanday kulfatlar solishini aniq bilmasam ham shunisiga aminmanki, uni uyimdagi stol tagiga xolis niyat bilan tashlab ketishmagan. Meni vahima bosdi. Nazarimda, shu topda hozir eshik dukillaydi-yu, uyga beforma politsiyachilar bostirib kirib: «Qani, daftarni cho‘z!» deya menga do‘q uradi. Dir-dir qaltirab: «Qanaqa daftar?» deb so‘raydigan bo‘lsam, uyda tintuv boshlashadi, keyin xuddi o‘zlari ilgari yashirib qo‘yganday birpasda stol tagidagi daftarni topib olishadi.
Shunday bo‘lishiga imonim komil. Mening uyimga daftarni tashlab ketgan o‘sha razil odam, albatta politsiyaga shipshitib qo‘ygan. Kattakon fitnaga men ham aralashib qolganga o‘xshayman.
«Qani, sayra endi! — deydi menga daftarni topib olgan politsiyachilar. — Sen nima uchun kattadan-kichik hamma ulug‘larimizning turar joylarini bu daftarga yozib olgansan? Xo‘sh, sen ularga maxsus daftar ochganmisan? Yoki tovlamachilik hunaring bormi? To‘g‘risini ayt, yoki ularning joniga qasd qilganmisan?
Xudoyo mushkulimni o‘zing oson qil. Rost, agar shunaqa deb qolishsa, qo‘limdan nima keladi? Hoziroq daftarga o‘t qo‘yib, kulini ko‘kka sovurishim kerak!
Meni domiga ilintirmoqchi bo‘lgan pastkashning o‘zi kim bo‘ldi ekan? Kecha kechqurun uchta oshnam uyimga kelgan edi. Ularning qo‘lidan bunaqa ish kelmasligiga aminman. Sababi, biri dotsent, ikkinchisi universitet kutubxonasida xizmatchi, uchinchisi esa adabiyot o‘qituvchisi.
Vannaxonaga kirib, daftarni endi o‘txonaga tashlayman deb turgan edim, to‘satdan eshik dukillab qoldi. Yurak o‘ynog‘ida borib eshikni ochgan edim, qarasam, kechagi ulfatlardan biri, universitet kutubxonasida ishlaydigani kelgan ekan. Xolid — yigirma yillik qadrdon do‘stim. Menga o‘xshab u ham juda sertashvish ko‘rinadi.
— Nima gap, nega ranging quv o‘chgan? — deb so‘radi u.
— O‘zing-chi? O‘zingga nima bo‘ldi?
— Kecha shu yerda daftarim tushib qolmabdimi?
— Manavimi? — qo‘limdagi daftarchani unga ko‘rsatdim.
— Ha, ha, xuddi shuning o‘zi, — dedi u daftarga chang solib. — Shuning o‘zi. Yo‘qolib qoldimi deb o‘takam yorildi. Shunaqayam qo‘rqib ketdimki, asti qo‘yaver.
Qo‘lidan tutib uni ishxonamga olib kirdim.
— Meni o‘ldirayozding-ku, — dedim unga qarab. — To‘g‘risini ayt, bunaqa baobro‘ kishilarning turar joyi senga nimaga kerak bo‘lib qoldi?
Bu gal u hayron bo‘ldi:
— Iya, hali sen bunaqa daftarcha tutmaganmisan?
— Yo‘q.
— Ana xolos, shu ham ish bo‘ldimi. Meni do‘stim desang, sen ham shunaqa qil. Bunaqa adreslar nimaga kerakligini men senga hozir tushuntirib beraman. Mana, quloq sol:
— Bir vaqtlari men avtoruchka jinnisi bo‘lib qolgan edim. Goh o‘zim do‘kondan sotib olaman, goh o‘rtoqlarim menga sovg‘a qilishadi. Bir payt yonimda o‘n beshtacha ruchka yig‘ilib qolibdi. O‘sha kezlari Germaniyadan bir shoir oshnam kelgan edi, shuni yo‘qlab mehmonxonaga bordim. U ham ruchka jinnisi ekanligimni bilib, ketar chog‘imda bir dona avtoruchka taqdim qildi. Mehmonxonadan chiqib muyulishga burilgan edim, chidab turolmadim, ruchkasini bir ko‘ray dedim. O‘zing yaxshi bilasan, men hamisha yonimda lupa olib yuraman. Peroni shu lupaga solib ko‘rgan edim, ko‘zimga qalinroq yozadiganga o‘xshadi. Yon daftarchamni oldim-da, peroni sinab ko‘rish uchun dastlab miyamga kelgan so‘zlarni yozdim. «Nazokatu nafosat». Ha, mayli, sal qalinroq yozar ekan, uyga kelib qum qog‘oz bilan ishqalasam uchi ingichka bo‘lar, deb o‘yladim. Yana bir ko‘rmoqchi bo‘lib qo‘limga lupa olganimni bilaman — ikki yelkamga ikki qo‘l tushdi:
— Nima qilyapsan?
— Menmi? O‘zim, shunday, avtoruchkani ko‘rayotgan edim.
— Shunaqami? Ruchka ko‘ryapman degin. Qani, o‘zing qayerda ishlaysan?
— Men universitetda… — gapim bo‘g‘zimda qoldi.
— O, professorman deng. Hali siz professor bo‘ldingizmi? Ho‘v o‘sha professor bo‘lgan seni! Mana senga professor…
Bittasi chap biqinimga bir musht tushirdi:
— Qani yur, talmovsirama!
— Bu qanaqa gap, janoblar… Biron anglashilmovchilik bo‘lganga o‘xshaydi!
O‘ng biqinimga yana bir musht tushgan edi, yurishga majbur bo‘ldim. Qani yurmay ham ko‘r-chi!
Politsiya uchastkasiga olib kelishdi. Keyin tepib-surib bir xonaga qamab qo‘yishdi. Toza kutib o‘tirdim, oldimga hech kim kirmadi. Bir payt allakim eshikni ochib:
— Yerga o‘tir! — deb do‘q urdi.
— O‘tirolmayman, taqsir!
— Ha, ha, hali o‘tirolmaysanmi? Voy professor bo‘lgan seni… Qani ag‘dar cho‘ntaklaringni!
Cho‘ntakdagi bor narsani chiqarib stolga qo‘ydim: o‘n to‘rt dona avtoruchka, ikkita kitobcha, bitta yon daftar, bir dona lupa bilan ikkita qum qog‘oz chiqdi.
— Bu nima? — so‘radi u avtoruchkalarga ishora qilib.
— Bumi? Avtoruchka!
— Hm, avtoruchka degin! Voy professor bo‘lgan seni…
Men professor emasman, universitet kutubxonasida oddiy xizmatchi bo‘lib ishlayman, degim keldi-yu, qani endi og‘iz ochirsa. Stoldan lupani oldi:
— Xo‘sh, manavi nnma?
— Lupa…
— Lupa degin… Voy professor bo‘lgan seni…
Yana uch kishi ichkari kirdi. To‘rttovi bir bo‘lib stoldagi narsalarni sinchiklab ko‘zdan kechiryapti. Ulardan biri qum qog‘ozni qo‘liga olib so‘radi:
— Bu nima?
— Qum qog‘oz.
— Bu qanaqa qum qog‘oz o‘zi? Sip-silliq-ku… Bizni laqillatmoqchimisan?
— O‘zi shunaqa, maxsus silliq ishlangan.
— Hih, hih… Silliq qog‘oz degin! Voy professor bo‘lgan seni…
Elkamga bir musht tushdi. Bundoq qarasam, ahvol tobora chatoqlashib ketyapti.
— Janoblar, — dedim ularga qarab, — bu yerda biror anglashilmovchilik borga o‘xshaydi… Meni bu yerga nima sababdan olib kelganingizni bilmaymanu, lekin butun universitet, hamma jurnalistlar qanday odamligimni yaxshi bilishadi. Menga bunday muomala qilishingiz yaxshi emas.
Yon daftarimni titkilab turgan odam baqirib berdi:
— O‘chir ovozingni!
Keyin to‘satdan ko‘zi chaqnab ketdi:
— Manavi nima?
U avgorudkani sinab ko‘rish uchun yozilgan boyagi «Nazokatu nafosat» degan so‘zlarga ishora qilayotgan edi.
— Nima bo‘lardi, «nazokatu nafosat».
— Nazokatu nafosat?
— Ha, «nazokatu nafosat!»
— Buning ma’nosi nima?
— Hech nima…
— Hech nima bo‘lsa nega yozding?
— Peroni sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan edim…
— Shunaqami hali! Xo‘sh, unaqa bo‘lsa nima uchun kelib-kelib shu so‘zlarni yozasan? Gapir!
To‘g‘risini aytsam, bu haqda o‘ylamagan edim.
— Bilmadim, kallamga shu keluvdi, yozdim-qo‘ydim.
— Xo‘sh! Nazokatu nafosat-a! Voy professor bo‘lgan seni… Nazokatu nafosat nimaligini ko‘rsatib qo‘yamiz senga! Hali kallangizga shu keldimi? Boshqasi topilmabdi-da, a?
Biri mashinistkaning yoniga kelib protokol yozdira boshladi. Meni dahshat bosdi. «Nazokatu nafosat» degani biror josuslar tashkilotining shartli belgisi bo‘lib chiqsa-ya? O‘n to‘rt dona avtoruchka, yon daftar, lupa, ikkita kitob, qum qog‘oz, buning ustiga «nazokatu nafosat» degan yozuv. Bularni ko‘rgan har qanaqa odam ham shubhaga tushishi mumkin. Endi nima qilsamikin? Protokol bo‘lsa shig‘illab yozilyapti, yon daftarim hali titkilab bo‘lingani yo‘q. Shu payt daftarni kovlashtirib o‘tirgan odam taqqa to‘xtadi. So‘ngra o‘zi ko‘rayotgan varaqni yoyidagi sheriklariga tutdi. O‘rtalarida pichir-pichir gap boshlanib, bir nimani kelishib olishdi. Hech kutilmaganda birpasda vaziyat o‘zgardi. Haligi odam yon daftarchaga yozilgan bir adresni menga ko‘rsata turib so‘radi:
— Aybga buyurmaysiz, beyafandim, bu kishi sizga kim bo‘ladilar?
— Sinfdosh o‘rtog‘im bo‘ladi, — dedim. — Tunov kuni uchrashib qolgan edik, qo‘yarda-qo‘ymay meni restoranga olib bordi. Keta turib uy adresini bergan edi, shu daftarga yozib oldim.
To‘g‘risi ham shu. Ko‘pdan ko‘rmagan o‘rtog‘im bilan uchrashib qolganim rost. Hattoki men uning bosh direktor bo‘lib ishlashidan ham bexabar edim.
U istihola aralash kulgan bo‘ldi:
— Buni qarang-a, demak, bosh direktor o‘zlarining yaqin o‘rtoqlari bo‘larkan-da.
— Ha, shunaqa. Birga o‘qiganmiz, maktabda biz uni Riza tirtiq deb chaqirardik.
— Juda xursandman, beyafandim. Iya, iya, nega tikka turib qoldingiz? Qani, marhamat, o‘tirsinlar!
Keyin sheriklaridan so‘radi:
— Beyafandimni bu yerga nega olib keldilaring?
U so‘rog‘iga javob kutmay, yana menga murojaat qildi:
— Qani, marhamat qiling, beyafandim!
Yaxshilab jihozlangan xonaga o‘tdik. Eshikdan oldin men, ketimdan ular kirishdi.
— Bugun havo judayam dim bo‘ldi-ya, — dedi ulardan biri menga ko‘z qirini tashlab. — Janoblariga gazli suv buyuraylikmi?
— Yo‘g‘-e…
Gazli suv olib kelindi. Xonada ikki kishi qoldik.
Yolg‘iz qolgach, u mendan so‘radi:
— Afandim, biz tomonga tashrif buyurganlarining boisi nima? Biror amri farmonlari bormi bizga?
Yo tavba! Amri farmon degani nimasi? Meni bu yerga urib-so‘kib sudrab kelgan shularning o‘zi emasmi?
Bu tomonga musht va tepki zarbi bilan kelganligimni aytsam, hozir ko‘rsatilayotgan iltifot oldida hurmatsizlik bo‘ladi. Shuning uchun boshqacha javob berdim:
— O‘zlarining hol-ahvollarini bir so‘rab o‘tay degan edim.
— O, minnatdorman, afandim, g‘oyat minnatdorman. Boshim osmonga yetdi. Biz uchun katta baxt bu.
Vaziyat yaxshilandi. Yana biror ishkal chiqishini kutmay, issig‘ida jo‘nab qolganim ma’qul. Shuni o‘ylab, ketishga ruxsat so‘radim:
— Beyafandim, endi menga ruxsat bersangiz.
U o‘rnidan turib, meni eshikkacha kuzatib qo‘ydi. Shu joydan tezroq chiqib ketay degan maqsadda qadamni tezlatdim. Avtoruchkalarni, daftarcha bilan lupani so‘ray desam, boyagi anglashilmovchilikni eslatgan bo‘laman. Ayb bo‘ladi!
— Beyafandim! Beyafandim! Professor hazratlari! Buyumlaringizni esdan chiqaribsiz!
Boyagilardan biri ruchka, qum qog‘oz, lupa va yon daftarchani ko‘tarib orqamdan yugurib keldi.
— Bir narsani so‘ramoqchi edim, bosh direktor chindan ham janoblariga o‘rtoq bo‘ladimi?
— Ha, albatta! — javob berdim, — Nega surishtirib qoldingiz?
— Shunchaki… Hozir, bilasizmi, bir odat paydo bo‘lgan. Har xil bo‘lmag‘ur odamlar ulug‘larimizning ismi bilan turar joyini yon daftarga yozib qo‘yishadi, keyin ishkal chiqib qolsa, «bu mening o‘rtog‘im bo‘ladi» deb suvdan quruq chiqib ketishadi. Tushundingizmi? Biz bo‘lsak bu gap to‘g‘ri yo noto‘g‘ri ekanligini bilmaymiz. Demak, siz u kishi bilan chindan o‘rtoqsiz-a?
— Ha, u mening chindan o‘rtog‘im bo‘ladi.
U menga bir parcha qog‘oz uzatdi…
— Beyafandim, o‘zim haqimda ikki og‘iz so‘z qoralab qo‘yuvdim. Agar bosh direktor janoblarini yana bir uchratib qolsangiz…
Xolid voqeani gapirib bo‘lgach, qo‘shib qo‘ydi:
— O‘sha kundan buyon men ulug‘larimizdan qaysi birining turar joyini eshitib qolsam, shu daftarga yozib qo‘yadigan bo‘ldim. Kecha daftarni yo‘qotib qo‘ydimmi, deb rosa qo‘rqib ketdim. Bu yerdagi adreslar mol-mulkni, hayotni sug‘urta qilish bilan teng. Birodar, sen ham albatta shunaqa daftar tutib ol. Lekin bir narsaga ehtiyot bo‘l: daftarga yozilgan odamlardan birortasi iste’foga chiqib ketsa, darrov uning nomini o‘chirib tashla. Aks holda, boshing baloga qoladi. Demak, sen ulug‘ odamlarimizni daftarga yozib yurish odatidan bexabar ekansan-da…
— Hech eshitmagan edim.
— Lekin ko‘p narsani boy beribsan, oshnam. Hozir shunaqa zamon. Har bir kishi har ehtimolga qarshi yonida mana shunaqa daftarcha olib yurishi kerak. Ostona hatlab ko‘chaga chiqqaningda boshingga qanaqa balo tushishini oldindan bilib bo‘ladimi? Qadimda odamlar kasaldan, yomon ko‘zdan saqlasin deb yonlarida duo bitilgan tumor olib yurishardi… Hozir esa buning o‘rniga mana shu adresli daftarchalar chiqqan. Daftar bo‘lganda ham nafasi o‘tkir daftar!
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi