Kadiko‘yda Bo‘stonji tomonga qatnaydigan tramvayning oxirgi vagoniga bir amallab chiqib oldim. Vagonning orqa tomonidagi maydonchada sakkiz kishi tiqilishib ketyapmiz. Oyog‘iga kigiz mahsi bilan kalish, boshiga yirtiq shapka kiyib olgan bir mo‘ysafid qo‘lidagi to‘rvani orqa tomondagi oynakka qo‘ydi. Shapka kiygan o‘rta yashar yo‘lovchi og‘ziga somon tiqilgan savatini temir sandiq ustiga qo‘ygach, yonidagi odamga murojaat qildi:
— Oshnam, ehtiyot bo‘ling, ichida bor.
Sakkiz yo‘lovchi orasida tuxumdan gap ochilib ketdi.
Aslida savatda tuxum o‘rniga mix bo‘lganida ham nima to‘g‘risida bo‘lmasin, baribir gap bo‘lardi. Chunki odam odamni ko‘rganda yig‘ilib qolgan gaplarini aytib ichini bo‘shatgisi keladi.
— Tuxum qanchadan bo‘ldi? — deb so‘radi yirtiq shapka kiygan boyagi mo‘ysafid.
— E, so‘ramang, tuxumning narxi chaqib olaman deydi.
— Hozir narxi osmonga chiqmagan narsa qoldimi, hammasi shunaqa…
Charm kamzul kiygan, qop-qora mo‘ylovli odam bilan ikkovimizgina gapga aralashmadik. Qolgan olti kishi fotihaga qo‘l ochib, omin deyayotganday baravariga «to‘g‘ri» deb yubordi.
Hozir arzon narsa qoldimi o‘zi?
— Arzonchilikni tushda ko‘ramiz, afandim, tushda.
— Shu ketishimiz bo‘lsa, oxiri nima bo‘larkin-a?!
— Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin-da!
— Shu ketishimiz bo‘lsa, oxiri baxayr bo‘lishiga ko‘zim yetmay qoldi.
— Kecha narxi ikki lira turgan narsa bugun ikki yarim liraga chiqib ketadi-ya. Axir, bu nima degan gap? Sen uyda uxlab yotganingda ular kechasi bilan narxlarni oshirib chiqishadimi, nima balo.
— Qimmatlikka qimmat-a… Lekin bozorda molning o‘zi yo‘q-da, og‘ayni.
Olti yo‘lovchi shu tarzda biri olib-biri qo‘yib gapirar, biri gapirayotganda boshqalari «shunday», «to‘g‘ri, juda to‘g‘ri», «rost gap» deb tasdiqlab turishardi.
Tramvay Oltiyo‘lga kelib to‘xtadi. Tushadigan odam bo‘lmadi. Bizning maydonchaga yana bir yo‘lovchi chiqdi.
— Tirikchilik juda og‘ir bo‘lib qoldi, — dedi tuxumlarning egasi, — ilgarilari naq ajdahoning og‘zidan ovqat olardik. Endi o‘sha ajdar og‘zidagi ovqat ham naq ichiga kirib ketdi. Qani, mard bo‘lsang og‘ziga qo‘lingni tiqib ko‘r-chi.
Yangi chiqqan yo‘lovchi gapga aralashdi:
— Qimmatchilik tinkani quritgani yetmaganday, ijara haqi sillani quritib tashladi.
Yana hammasi baravar «to‘g‘ri» deb yuborishdi.
Shu ko‘yi biri qimmatchilikdan, boshqasi ijara haqi balandligidan, yana biri kerakli narsani topib bo‘lmasligidan, boshqasi uy-joydan gapirib jig‘ibiyron bo‘lardi. To‘g‘risini aytsam, men o‘sha yerda eshitgan gaplarimni hozir yozishga ham botinolmayman. Ular shu darajada qizishib ketishgan ediki, ko‘rgan kishi bularni ishdan chiqib, horigan-charchagan holda uylariga emas, xuddi norozilik bildirish uchun biror mitingga ketishyapti, deb o‘ylashi mumkin edi. Ularning ovozlari balandlashib, aytayotgan gaplari chinakam nutqqa aylanib ketardi. Ularga qarab: «Hoy, vatandoshlar, bunaqa qilmang, gaplaringiz to‘g‘ri-ku, lekin siz aytgandek unchalik emas. Qolaversa, bunaqa joyda past-baland gaplarni aytaversangiz, boshingiz baloga qolishi mumkin» demoqchi bo‘ldimu, lekin yuragim betlamay indayolmadim. Jahli chiqib turgan odamning yoniga yo‘lab bo‘ladimi! Sizni u bir balo qilib qo‘yishi ham mumkin. Ularning fikriga qo‘shilmaganimdan keyin indamay ketaversam nima qiladi?
Tramvay Yo‘g‘irtchi bekatidan jilishi bilan ular yana avjga chiqib ketishdi. Menga o‘xshab boyadan beri jim kelayotgan charm kamzulli odam chidab turolmay:
— Qidirgan narsani topib bo‘lmaydi, deb kim aytdi? Ming marta shukur, hamma narsa to‘kinchilik, — dedi.
Gapni gapirgan u bo‘ldi-yu, men qo‘rqib ketdim. O‘rtada janjal chiqib, yetti kishi bir bo‘lib charm po‘stinlini bemalol dabdala qilib tashlashi mumkin. Yetti yo‘lovchiga sekin razm soldim. Ular ham charm po‘stinliga tikilib turishibdi. O‘rtaga jimlik cho‘kdi. Go‘yo ular bu odam nima deganini, maqsadi nima ekanligini tushunmaganday.
— Nima bo‘lsa yo‘q deysizlar. Nima yo‘q ekan? Ming marta shukur, qidirsa hamma narsa topiladi.
Etti yo‘lovchi hayratda. Yuzini ajin bosgan xomush yo‘lovchi birinchi bo‘lib o‘ziga keldi:
— Ming marta shukur. Hamma narsa topiladi.
Boshqalar ham yana «omin» demoqchi bo‘lganday, bab-baravariga:
— Ming marta shukur! — deb yuborishdi.
— Xudoga shukur, yurtimizda qimmatchilik yo‘q, — dedi charm po‘stinli odam.
— Qimmatchilikni o‘zimiz qilamiz, — javob berdi unga hozirgina qimmatchilik haqida g‘azab bilan gapirib turgan, yo‘lovchi, — hammayoq qimmatchilik, deganimizdan keyin qimmatchilik bo‘lib ketaveradi-da.
— To‘g‘ri. U narsa yo‘h, bu narsa yo‘q, deyaverib, borini ham quritdik. O‘rtamizdan baraka ko‘tarildi. Ming marta shukur, hamma narsa serob.
— Ming marta shukur.
— Ming marta shukur.
— Men sizlarga gapirib beraman, mana o‘zingiz ko‘ring, — dedi ularga charm kamzulli odam, — o‘zim shoferman. Bundan o‘n olti yil burun oyiga bir yuz yigirma lira olardim. O‘sha paytlarda bir kilo qand o‘ttiz qurush turardi. Hozir bo‘lsa bir kilo qand ikki lira. Lekin maoshim ham oshgan — olti yuz lira olaman. Xo‘sh, nima gap ekan? Qandning narxi ko‘tarilgan bo‘lsa, maoshlar ham oshgan-da.
— Ha, oshgan, ming marta shukur.
— Hozir qo‘lda pul ham ko‘p, — dedi qimmatchilik haqida gap boshlaganlardan biri. — Ming marta shukur, pul serob.
— Hammol ham hozir kuniga o‘n besh lira ishlasa ham, kam deydigan bo‘lib qoldi.
— Juda to‘g‘ri.
Yirtiq shapkali chol gapga aralashdi:
— Yo‘qchilikka ham, borchilikka ham o‘zimiz aybdormiz. Bittasi turib «choy yo‘q» deydigan bo‘lsa, hamma choyga yopishadi. Qarabsizki, choy topib bo‘lmay qoladi. Shunday qilgandan keyin, bor narsa ham yo‘qoladi-da. Ming qatla shukur, hamma narsa bor.
— Xudoga shukur, hamma yoqda to‘kinchilik.
Tramvay Feneryo‘liga kelib to‘xtagan edi, yo‘lovchilardan biri:
— Ming marta shukur, ming marta shukur, — deganicha vagondan tushib ketdi.
— Ko‘rinib turibdi, hozir sanoatimizda ko‘tarilish bor, — yana gap boshladi charm kamzulli, — shuning uchun chetga mol chiqaryapmizu, o‘zimiz-mol olmayapmiz. Ba’zi narsalar topilmayotganligining sababi ham shunda.
«Ming marta shukur»ga o‘rganib qolganlardan biri:
— Topilmayapti, ming marta shukur, — deb yubordi.
U shu zahotiyoh xatosini tuzatdi:
— Ha, hozir ko‘tarilish payti-da, nari borsa bir-ikkita narsa topilmaydi, xolos. Payti kelib ular ham topilib qolar, ming marta shukur.
Yana charm kamzulli gapga tushdi:
— Ming marta shukur, Istambul shu vaqtga qadar bunchalik ko‘tarilishni, bunchalik farovonlikni ko‘rmagan.
— To‘g‘ri aytasiz, hecham ko‘rmagan, ming marta shukur. Ya’ni hozir ko‘ryapti. Sulton Fotih zamonidan buyon qo‘l urilmagan ko‘chalar ochilyapti.
— Ha, ochilyapti, ming marta shukur.
— Ba’zi narsalarni buzib tashlashyapti.
— Buzib tashlashyapti, ming… Hah, yo‘llar ochishyapti.
«Ming marta shukur»ni ming marta eshitib, Jaddai bo‘stonga yetib keldik. Maydonchada ketayotgan yo‘lovchilar birin-ketib tushib, bu yog‘iga charm kamzulli odam bilan ikkovimiz qoldik. U to‘satdan:
— Siz nima deysiz? Boyadan beri og‘iz ochganingiz yo‘q! — deb yuborsa bo‘ladimi.
Manavi rasvogarchilikni qarang, nima qilaman endi? Boshimni egib, yelkamni uchirdim-da, ikki qo‘limni ikki tomonga yoydim. Bu «nima deyishga hayronman» deganim edi. Men na boyagi gaplarga qo‘shiladigan pessimist, na «ming marta shukur» deydigan optimist edim. Charm kamzulli yana qo‘ymadi:
— Xo‘sh, siz nima deysiz?
Tramvay bunchalik tez ketmayotgan bo‘lganida, o‘lay agar, vagondan sakrab tushib qolardim. Noilojman, charm kamvulli esa savolini yana qaytardi. Men ham yana yelka uchirib, bilmayman, deganday labimni burdim.
— Shunaqa pastkash odamlar ham bor-a? — deb so‘radi mendan.
— Kimni aytyapsiz? — dedim hayron bo‘lib.
— Hozirgina ming marta shukur deb valdirab kelganlarni-da.
— Ha…
— Hozir hammasi meni so‘kyapti. «Ming marta shukur» deb turganlaridayoq buni sezgan edim. Bularni qayoqqa sudrasang, o‘sha yoqqa ketaverishadi. Faqat sudrashni bilsang bo‘ldi.
Tramvay Eranko‘yga yaqinlashib qoldi.
— Nima deysiz, qimmatchiligi rostmi o‘zi?
Charm kamzulli mendan qanday javob kutayotganligini bilmaganligim uchun mushkul ahvolda qoldim.
— Chindan ham qidirgan narsa topilmaydimi? Chindan ham qimmatchilikmi?
— Ming marta shukur! — dedim men ham.
Shu payt tramvay to‘xtagan edi, bir sakrab yerga to‘shdim. Charm kamzullidan qutulganimga chindan ham ming marta shukur!
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi
* * *
XUDOGA ShUKUR!
Kadikuyda Bostanjiga boradigan tramvayning ikkinchi vagoniga bir amallab tiqilib chiqib oldim. Orqa maydonda sakkiz kishi bir-biriga yopishib bir oyoqda zo‘rg‘a turardi. Arqonga bor og‘irligi bilan osilib turgan chol o‘zini tramvayning orqa oynasiga tashladi. Cholning oyog‘idagi qo‘pol matodan tikilgan mahsi va eski kalishi ko‘rinib turardi. Cholning boshida eski to‘kilib qolgan mo‘ynali shapkasi bor edi. ¤rta yoshlardagi boshqa yo‘lovchi esa somon bilan bekitilgan savatini tramvay tormozi ustiga ehtiyotlab qo‘ydi. Savatni joylashtirgach rangpargina yo‘lovchini ogohlantirdi:
— Og‘ayni ehtiyot bo‘l, o‘tirib olma ichida tuxumi bor-a!.
Shundan keyin boshlandi — yo‘lovchilar yo‘l bo‘yi faqat shu tuxumlar haqida gapirishdi. Aslida tuxum bo‘lmaganida ham baribir boshqa mavzu topishardi. Mix haqida yoki ob-havomi. Hasratimimizni to‘kib solish uchun vaziyatni qo‘ldan berarmidik!..
Savatga o‘tirmang deb ogohlantirilgan yo‘lovchi gap tashladi:
— Necha puldan oldingiz?
Savat egasining serajin yuzi battar burishdi.
— So‘rab nima qilasan, — qo‘shildi boshqasi, — albatta, uch baravar qimmatga olgan.
Mo‘ynasi to‘kilib ketgan shapkali kishi qo‘shimcha qildi:
— Hozir nima uch barobar qimmat emas? Hozir hamma narsa shu…
Faqat men va charm kurtka kiygan, mo‘ylovli kishi lom-mim demadik. Qolganlar xuddi «Omin» degandek bir ovozdan ma’qulladilar:
— To‘-o‘-g‘ri!
— Hozir nima arzon?!
— Arzon narsani endi tushingizda ko‘rasiz!
— Ko‘ramiz bu ahvol qachongacha davom etarkan.
— Ishqilib oxiri baxayr bo‘lsin-da!
— Buning yaxshilik bilan tugashi dargumon.
— Kechagina ikki liraga olgan narsang ertasiga ikki yarim lira bo‘lib turadi.
— Shu ham ish bo‘ldimi? Biz kechasi uxlasak ularning uyqusi qochib ertalabgacha narxni oshirishni o‘ylab chiqishadi.
— Qimmatchilik ham mayli!.. Bozordan kerakli narsani topolmay qoldik-ku birodar.
Oltita yo‘lovining har biri navbati bilan o‘z hasratini bo‘lishdi, va har bir arzu hol hamdardlik bilan qabul qilindi:
— Ha-a-a!
— To‘g‘ri, to‘g‘ri.
— Nimasini aytasiz!
Tramvay Oltiyo‘l bekatiga yetib keldi. Hech kim tushmadi. Aksincha, yana bittasi suqilib kirvoldi
Savat egasi yana boshladi:
— Yashash qiyin bo‘lib qoldi, uchma-uch zo‘rg‘a yetkazyapmiz
Yangi yo‘lovchi shu zahoti suhbatga qo‘shildi:
— Nimasini aytasiz, hamma narsaning narxi osmonda, kvartira haqi shunchalik oshganki, bundan balandi bo‘lmasa kerak. Hamma yana «Omin» degandek bir ovozdan «To‘g‘ri!» deb ma’qullashdi.
Kimdir uy-joy to‘lovlarining balandligidan nolisa, boshqasi — kerakli narsani topib bo‘lmasaligidan nolirdi, yana biri esa alam bilan hali yashasa bo‘ladigan uylarni buzishayotganidan shikoyat qilardi. To‘g‘risi, u yerda bo‘lgan gaplarning barchasini sizga yetkazishdan o‘zimni tiyib turibman. Ular shunchalik asabiylashgan ediki, uzoq ish kunidan charchab uyiga qaytayotganga odamga emas balki qimmatchilikka qarshi norozilik namoyishiga chiqqan kishilarga o‘xshardilar. Vaqti-vaqti bilan ovozlarini yanada ko‘tarishar va xuddi nutq so‘zlashga chiqqan notiqqa o‘xshab gapirishardi.
Men esa ichimda: «Qo‘yinglar, vatandoshlar bunchalik qizishmanglar. Albatta, asabiylashishga ba’zi asaoslar bor, lekin hammasi siz aytganchalik emas. Qolaversa, suhbatlaringiz juda chuqurlashib ketdi. Bu turushda boshingizga balo orttirib olasiz-ku» deb o‘ylardim. Bu gaplarni ovoz chiqarib aytmoqchi ham bo‘ldim, biroq qo‘rqqanimdan ovozim chiqmay qoldi. Tutaqib turgan odamlarga yaxshisi aql o‘rgatmagan ma’qul. Dabdalangni chiqarishlari hech gap emas. Shuning uchun gapimni ichimga yutishga qaror qildim.
Tramvay Yog‘urtchu bekatidan o‘tganda tovushlar pasayib, g‘alayon biroz bosilgandek bo‘ldi. Menga o‘xshab yo‘l bo‘yi miq etmay kelgan charm kurtkali, muylov chiday olmay baqirib yubordi:
— Kim aytdi bizda kerakli narsalarni topib bo‘lmaydi deb?! Xudoga shukur, bizda hamma narsa bor!
Bunday qaltis gap tashlagan odamga cho‘chib qaradim. Axir janjal bo‘lib ketishi mumkin. Salondagi yetti kishi birvarakayiga tashlanib qolsa bormi. Hammaga bir-bir qarab chiqdim. Ular esa charm kurtkalikka qarab qotib qolishgandi. Oraga sukunat tushdi. Yettovlon avvaliga charm kurtkali nima deganini tushunolmay qolishdi. Hazillashayaptimi yoki jiddiy gapiryaptimi?
— Topvolganlaring: «Yo‘q, yo‘q», — davom etdi charm kurtka. — Qani, nima yo‘q? Agar yaxshilab qidirsa, Xudoga shukur, bizda hamma narsa bor!
Hammaning og‘zini ochib qoldi. Birinchi bo‘lib tuxumli savat egasi o‘ziga keldi:
— Xudoga shukur, albatta, hamma narsa topiladi!
Qolganlar xuddi «Omin» degandek bir ovozdan takrorlashdi:
— Xudoga shukur!
— Qimmatchilik ham haminqadar. Ja, unchalik toqat qilib bo‘lmas darajada emas. Chidasa bo‘ladi, Xudoga shukur! — dedi mo‘ylov.
Shu paytgacha qimmatchilikdan shikoyat qilib turgan odam o‘lganni kunidan g‘uldiradi:
— ¤ylashimcha, shu qimmatchilikni ham o‘zimiz tug‘diramiz, tinmasdan: qimmatchilik, qimmatchilik, deb baqirganimizdan keyin nima bo‘lsin?
— Ha! ha! Tinmay «Yo‘q, yo‘q» deyaverib, borini ham quritdik. Aslida bizda hamma narsa bor, Xudoga shukur!
— Xudoga shukur!
— Xudoga shukur!
— Kelinglar,sizlarga birma-bir sanab beray, — dedi charm kurtka, — o‘zlaring ishonch hosil qilishlaring uchun. Men haydovchiman. ¤n olti yil ilgari men yuz yigirma besh lira uchun ishlardim. ¤shanda shakarning kilosi o‘ttiz kurush edi. Hozir shakar ikki lira turadi. Lekin mening oylik maoshim ham endi olti yuz lira. Nima o‘zgardi? To‘g‘ri, shakar oshgan, lekin mening maoshim ham oshganmi?!
— Oshgan, oshgan, Xudoga shukur! — jo‘r bo‘lib javob berishdi yettovlon.
Ulardan biri qo‘shimcha qildi:
— Haq gap, hozir pul ko‘p. Xudoga shukur, pulimiz yetarli!
— Xudoga shukur!
— Hozir mardikor ham bir kunda o‘n besh lirani pul hisoblamaydi.
— Hisoblamaydi, Xudoga shukur!
Mo‘ynasi to‘kilgan shapkali chol dedi:
— Hammasiga o‘zimiz aybdormiz. Kimdir «Choy yo‘q» deb gap tarqatgan bo‘lsa, hamma choyni qoplab olishga yuguradi. Keyin o‘tirishadi hech qayerda choy yo‘q deb! Hammasini g‘amlab qo‘ygandan keyin, albatta, bo‘lmaydi-da! Xudoga shukurki, hamma narsa bor!
— Xudoga shukur, mo‘l-ko‘lchilik!
Yo‘lovchilardan biri tinimsiz «Xudoga shukur!» deb takrorlagancha Fenerpol bekatida tushib qoldi.
Charm kurtkali yana gap tashladi:
— To‘g‘ri, hozir mamlakatimizda milliy sanoatni rivojlantirishga diqqat qaratilgan, shu sabab hozir faqat chetga mahsulot sotyapmiz, u yerdan hech narsa sotib olmayapmiz. Shuning uchun ham ba’zi narsalar taqchil, topilishi qiyin.
Tinmay «Xudoga shukur!» deganlarning biri shoshib:
—Topilishi qiyin Xudoga shukur! — dedi.
Keyin xatosini birdan tushunib, gapini to‘g‘riladi:
— Ha, ha, rivojlanish, faqat ba’zi narsalarnigina topish qiyin. Vaqti bilan ular ham ko‘payib qoladi,
— Xudoga shukur!
— Xudoga shukur! — tinchimadi charm kurtka. — Istambul Istambul bo‘lgandan buyon bunaqa rivojlanishni, bunaqa qurilishni ko‘rmagan.
— Ko‘rmagan, Xudoga shukur. Endi ko‘rayapti. Butun boshli kvartallar ko‘rilyapti, Xudoga shukur. Fotih sulton davridan buyon bunaqasi bo‘lmagan.
— Hamma joyni buzishyapti, qulatishyapti Xudoga shukur!
— Astoydil vayron qilishyapti! Yo‘g‘-ey, haligi… qayta qurishyapti, yo‘llar solishyapti!
Shu tariqa tinmay shukrona aytib Jaddebo‘stonga yetib keldik. Tramvayning orqa qismidagi odamlar birma-bir tushib ketishdi. Salonda faqat men va charm kurtkali qoldik.
To‘satdan u meni savolga tutdi:
— Siz nima deb o‘ylaysiz? Shu paytgacha bir og‘iz ham gapirmadingiz?
Men yelka qisib, qo‘llarimni ikki tomonga yoyib: «Bilmadim, men nima ham derdim?» degandek imo qildim. Men bahsni boshlaganlardek umidsiz pessimit ham, tinmay shukrona aytadigan optimist ham emas edim.
Indamaganimni ko‘rib charm kurtkali yana so‘radi:
— Xo‘sh, siz qanday fikrdasiz?
Agar tramvay tez yurmaganida edi, sakrab tushib qolardim. Bu odam menga yopishib oldi. Men yana yelkani qisib, labimni burdim.
Charm kurtkalining jahli chiqdimi:
— Shunaqa tuban odamlar ham bor-da!— dedi
— Qanaqa? — so‘radim men.
— Hadeb «Xudoga shukur» deganlarni aytaman-da
— Ha-a!
— Hozir hammasi ichida meni so‘kib ketayotgandir. Tilida «Xudoga shukur» degani bilan ichida boshqacha o‘ylaydi ular. Bundaylarga nima desang ham gapingni ma’kullayveradi. Bor bo‘lsang ko‘rolmaydi, yo‘k bo‘lsa berolmaydiganlar bular.
Tramvay Erenkuyga yaqinlashdi.
— Xo‘sh siz nima deysiz bizda rostdan ham qimmatchilikmi?
Bu savol meni qiyin holga solib qo‘ydi. Chunki bu charm kurtka mendan qanday javob kutayotganini harchand diqqat qilsam-da anglay olmagandim.
— Zarur narsani topsa bo‘ladimi? Narx-navo oshib ketganmi?
— Xudoga shukur, — javob berdim men.
Tramvay to‘xtadi. Men esa bir sakrab tushib oldim va «Xudoga shukur» charm kurtkali kishidan qutildim deb o‘yladim.
Dilfuza Sobirova tarjimasi