Avtobus liq to‘la odam. Shulardan biri avtobusga yanglishib chiqib qolganga o‘xshaydi. Aslida u «Tez yordam» mashinasiga muhtoj ko‘rinadi. Boyoqishning chap qo‘li bo‘yniga latta bilan osib qo‘yilgan, boshi chandib tashlangan. Bir ko‘zi momataloq bo‘lib shishib ketibdi, ikkinchisi esa qontalash. Qo‘lidagi hassasi bilan zo‘r berib, o‘ziga joy ochmoqchi bo‘ladi, xuddi soatning kapgiriday jag‘i tinmay, dam-badam: «Ih!» «Uh!» «Voh!» deb inqillaydi. Go‘yo avtobus bir chayqalsa, qo‘l-oyog‘i uzilib, bir qop suyak bo‘ladigan vajohati bor.
Rahmi keldi shekilli, bir kishi unga joyini bo‘shatib berdi.
— Xudoyo kam bo‘lmang, — minnatdorchilik bildirdi u inqillab.
Yonidagi odam buni tanib qoldi.
— Uh… Voy jonim, omonmisiz, Sharofiddinbey. Abgor bo‘ldim, abgor. Uh…
— Xudo shifo bersin. Ha, tinchlikmi, nima bo‘ldi?
— Voy biqinim… Asti so‘ramang, uch oydan beri ahvol shu.
— Chakki bo‘pti-ku… Shifosi bilan bergan bo‘lsin, Solmonbey. Nima kasal bo‘ldingiz? Qayeringiz og‘riydi?
— Oh, nimasini aytasiz. Bu ham ko‘rgilik ekan. Shunaqa kasal ham bo‘larkan… Uf, o‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim…
— Obbo, sizga qiyin bo‘pti-ku. Doktorlar nima deyapti? Kasalni aniqlashdimi?
— Voy belim… Bunga doktorning kuchi yetmaydi, birodar. U ham ojizlik qiladi… Uh-h… Dushmaningga ham ko‘rsatmasin bu kunni. A’zoyi badanim zirqirab og‘riydi-ya, xuddi birov ombur bilan sug‘urib olayotganga o‘xshaydi. Ikki sonimni ko‘tara olmayman. Ana, ana, ih…
— Doktorga murojaat qilish kerak, Solmonbey. Bunaqa yurishda bo‘lmaydi. Loaqal kasalxonaga yotish kerak.
— Menikining kasalxonaga aloqasi yo‘q, Sharofiddinbey. Ruhiyatga bog‘liq narsa bu. Voy jonim-ey… O‘ziyam juda yuqumli bo‘larkan.
Sharofiddinbey sal chetga surilib o‘tirdi.
— Unday bo‘lsa ko‘chaga chiqmaslik kerak.
— Uf… Ih… Chiqmay bo‘ladimi? Aytishga oson, boshidan o‘tgan biladi buni. Chiqmay ko‘ring-chi… O‘g‘limdan yuqdi bu kasal.
— Iya, o‘g‘ilcha ham betob deng?
— Nimasini aytasiz. Betob bo‘lganda ham… juda tang ahvolda. Anchadan beri shunaqa. Voy-voy… Men sizga aytsam, gap bundoq, afandim… O‘g‘lim litseyni bitirolmadi. To‘qqizinchi sinfda ikki yil o‘tirib, arang o‘ninchiga chiqib oluvdi. O‘ninchi sinfda ham ikki yil qolib ketdi. Hammasiga koptok sababchi… Voy biqinim… O‘g‘limga nasihat qildim, koptogingni qo‘y endi, es-hushingni yig‘ib ol, keyiningni o‘yla, dedim. «Bu narsa menga bog‘liq emas, dada», deydi. Qolaversa, har futbol o‘yinidan keyin hamma yog‘i dabdala bo‘lib keladi. Chap oyog‘i sinib, koptok o‘ynamaydigan bo‘lib qoluvdi, shunga ham shukur qildim. Uf, bo‘lmay ketyapman… Oyog‘i singan bo‘lsa ham o‘zi sog‘ qolganiga suyundim. Axir bir kunmas, bir kun maydondan o‘ligini sudrab chiqishim ham mumkin edi-da. Uh, a’zoyi badanim o‘t bo‘lib yonyapti… Shundan keyin, afandim, o‘g‘ilcha futbol jinnisi bo‘lib qoldi. O‘zi o‘ynamaydi-yu, lekin birorta o‘yindan qolmaydi.
Anqara bilan Izmir unga ikki qadam yo‘l bo‘lib qoldi. Sog‘-salomat borib keladigan bo‘lsa mayliydi-ya, har gal kaltakdan shishib, mayib bo‘lib qaytadi. Keyin haftalab ko‘rpa-to‘shak qilib yotadi. Hamisha ovozi xippa bo‘g‘ilgan bo‘ladi. «Ovozga nima qildi, o‘g‘lim», desam, «ko‘proq baqirib yuboribman», deydi. «Kamroq baqirsang bo‘lmasdimi?» desam, «bu menga bog‘liq emas», deydi. Bir o‘yindan boshi yorilib kelsa, ikkinchisidan burni qonab, ko‘zi shishib qaytadigan bo‘lib qoldi.
— O‘g‘lim, yana nima bo‘ldi?
— O‘yin paytida yoqalashib qoldik.
— Maydonda futbolchilar jang qilishini-ku, bilaman, lekin tomoshabinlar ham yoqalashadimi?
— Bo‘lmasa-chi.
— Boshqalar yoqalashsa yoqalashaversin, sen tinch o‘tirsang bo‘lmaydimi?
— Chetdan turib gapirish oson, o‘zing bir borib ko‘rsang bilasan.
O‘g‘il bilan savol-javobimiz hamisha shu. Bir kuni uni politsiya bo‘limidan ajratib olib keldim. Yana bir safar «Tez yordam» kasalxonasidan topdim. Yana nasihat qildim, bo‘lmadi. «Chetdan turib maslahat berish oson, o‘zing bir borib ko‘r, keyin bilasan» degan vajni qildi. Bo‘pti, men ham bir borib ko‘ray, deb ahd qildim.
Bir kuni futbol o‘yiniga o‘g‘lim bilan yetaklashib bordik. O‘yin boshlanib ketdi. Maydondagi komandalar bilan zarracha ishim yo‘q. Kim-kimga to‘p kiritsa kiritaversin, menga nima. Stadionda o‘tirgan tomoshabinlarning qilig‘ini kurib, kulgim qistaydi. Nima bo‘ldi-yu, bir payt darvozalardan biriga to‘p kirdi. Kirganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Lekin sudya buni hisoblamadi. Oshkor adolatsizlik qildi, chidab turolmadim. «Sudya ko‘zoynak taqsin!» deb qichqirdim. Boshqa odamlar ham qiy-chuv ko‘tarishdi. Shu payt yonimda o‘tirganlardan biri, «to‘p kirmovdi. Sudya haq», deb qoldi. Men ham bo‘sh kelmadim. «To‘p kirgan edi. Sudya sotilgan ekan, hisoblamadi», dedim. Tuppa-tuzuk kiyingan haligi odam menga harab, «ko‘zing ko‘rmi, ho‘kiz, to‘p kirmovdi-ku», deb qolsa bo‘ladimi. «O‘zing ho‘kiz ekansan, ahmoq», dedim. Futbol o‘yiniga endi borishim, hali baland-pastini bilmasdim. Aslida seni birov haqorat hilsa, indamay turishing kerak ekan. Gap qaytarib chakki qilgan ekanman, boyagi odam «gurs» etib burnimga bir musht tushirdi. «Gup» etib ag‘darilib tushdim. Xayriyat, odamlar o‘rtaga tushib, ajratib qo‘yishdi, bo‘lmasa kunimni ko‘rar ekanman. Og‘iz-burnim qon, yerda dumalab yotibman. O‘g‘lim yonimga kirar, deb o‘ylovdim, qayoqda deysiz. «O‘g‘lim, bu nima ko‘rgilik?» desam, «to‘xtab tur, dada, hozir gol bo‘ladi», degan javobni qildi. Ro‘molchani qonagan burunga tiqib, zo‘rg‘a o‘rnimdan turdim.
Boyagi urgan to‘pini sudya hisoblamagan komandaga mehrim qo‘zib ketdi. O‘shaning o‘yinchisiga koptok tegsa, jazavam tutib, o‘tira olmaydigan bo‘lib qoldim. Xuddi maydonda yurgan odamdek, oyog‘imni siltab tashlayman. Ba’zan esa oyog‘imni dast ko‘taraman-da, darvoza to‘rini teshib, to‘pni osmonga sputnik qilib chiqaradigan odamdek zarb bilan tepaman. Azbaroyi qizishib ketganimdan oldimda o‘tirgan odamning orqasiga qarab tepayotganimni sezmabman. Sal hovurdan tushgach, undan kechirim so‘radim. «Hechqisi yo‘q, futbolda bo‘ladigan gap, ana hozir gol bo‘ladi, qara, qara», dedi. Shu payt kimdir orqamga qarab bir tepdi. Zarbning zo‘rligidan ko‘zimdan o‘t chaqnab ketdi. Futbolchilik shunaqa bo‘larkan, Sharofiddinbey. Shu tariqa bir-birimizni tepkilab o‘tirgan edik, kutilmaganda bizning komanda darvozasiga to‘p urishdi. Vijdonini yutgan sudya buni hisob qildi. Bunday nohaqlik oldida chidab turolmadim. «Sudya — latta!» deb baqirdim. A’zoyi badanim titrab ketdi. Yonimda gaz suv sotadigan bir odam o‘tirgan ekan, uning shishalarini olib, sudyaga otdim. Yaxshiyamki, qo‘limga faqat shisha ilindi. O‘sha paytda granat bo‘lsa ham otib yuborardim. Birdan qiy-chuv boshlanib ketdi. Tomoshabinlar tarafma-taraf bo‘lib, yoqalashib ketishdi. Odamlar juft-juft bo‘lib, bir-birini sola boshladi. O‘n yashar bir bolani topib, men ham tagimga bosib savalay ketdim. Bunaqada odam o‘ldirish ham hech gap emas ekan. Yaxshiyamki bolapaqir: «Amaki, ikkovimiz bir tomondamiz-ku», deb qoldi. Bolani endi tagimdan bo‘shatgan edim, devdek bir odam menga chang solib, tagiga bosdi. Orqa-o‘ngiga qaramay rosa do‘pposlay ketdi. O‘g‘ilni yordamga chaqiraman, qani endi qayrilib qarasa. U ham o‘zi bilan o‘zi ovora. Oxiri «politsiya!» deb qichqirdim. Politsiyachilar ham janjalga aralashib ketishdi. Biri kaltak yeydi, biri uradi. «Ho‘v birodar, sen tag‘in meni bekorga urayotgan bo‘lmagin, balki ikkovimiz ham bitta komanda tarafdoridirmiz» degan edim, «boshqa odamni endi qayerdan topaman», deganicha yana bir musht tushirdi. Qo‘lidan zo‘rg‘a qochib qutuldim. Barzangi mendan ajrab qolgach, skameykalarni sindira ketdi.
Nihoyat, mushtlashuv to‘xtab yana o‘yin boshlandi. Odamlar qiy-chuv ko‘tarib yubordi. Tomog‘im xippa bo‘g‘ilgan ekan, baqirolmay qoldim. Yonimda o‘tirgan odamning qo‘lida tunuka quti ko‘rinuvdi, men ham zo‘r berib taqillatishga tushdim. Chinakam qiyomat shundan keyin boshlandi. Maydonda ikki o‘yinchi yoqalashib ketdi. Iya biz jim o‘tirarmidik? Yana tarafma-taraf bo‘lib mushtlashdik. Allakim oyog‘imdan ko‘tarib, osmonga irg‘itib yubordi. Havoga bir sapchiganimni bilaman, boshqasi esimda yo‘q. Bir payt ko‘zimni ochib qarasam, kasalxonada yotibman.
— Demak, bu jarohatlarni o‘sha kuni olgan ekansizda? — so‘radi Sharofiddinbey.
— Qayda deysiz. Komandamiz ertasi kuni yana o‘ynadi. Bormay iloj qancha? Mening o‘rnimda bo‘lsangiz, siz ham albatta borardingiz… Ha… Uh… Oh… Voy biqinim… Og‘rig‘iga chidolmayapman.
Solmonbeyning qo‘lidagi o‘rog‘liq narsa yerga tushdi. Engashib olarkan:
— Tunuka bilan shaqildoq olvoldim. Ovozim chiqmay qolsa, chalib o‘tiraman, — dedi.
Avtobus to‘xtadi. Hamma yog‘i oq dokaga o‘ralgan odam o‘rnidan turdi.
— Xo‘p, xayr Sharofiddinbey.
— Yo‘l bo‘lsin? Doktorgami?
— Yo‘q, azizim, futbolga ketyapman… Uh… Ih… Voy oyog‘im…
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi