Inejiq qishlog‘iga uch otliq kirib keldi. Bularning ikkitasi oddiy jandarm, uchinchisi esa o‘nboshi edi.
Jandarmlar o‘zaro chaqchaqlashib ketayotgan bo‘lsa ham, o‘nboshining avzoyi buzuq edi. U xuddi saltanat taxtiga mingan odamdek oldinda savlat to‘kib borardi. Qishloq yo‘lining boshiga chiqqach, o‘nboshi otning tizginini tortdi. Shu atrofdagi ko‘lmak yonida uymalashib yurgan bolalar bularni ko‘rib, tiraqaylab qochishdi. Chillakdek ozg‘in bir bola kajava qornini lapanglatib qahvaxonaga qarab chopdi. Qahvaxonaga halloslaganicha kirib bordi-da:
— Kamandir kelyapti, kamandir! — deb baqirdi.
Qahvaxonaga jimlik cho‘kdi. Hamma eshikka qaradi.
Bola yana iziga qaytmoqchi bo‘lib tashqari chiqqan edi, boyagi otliqlar otdan tushayotganini ko‘rdi. Jandarmlardan bittasi otlarni jilovidan olib, ustunga qantarib bog‘ladi. Keyin uchovi ham birin-ketin ichkariga kirdi. Qahvaxonada o‘tirgan odamlar qimir etmadi. Yolg‘iz qahvaxonachining o‘zi turgan joyida bir qimirlab qo‘ydi:
— Kelinglar, o‘nboshim, xush ko‘rdik.
Jandarm boshlig‘i unga qayrilib ham qaramadi, uzun skameykalarda, poxoldan to‘qilgan kursilarda tizilishib o‘tirgan dehqonlarga nazar tashladi, hammani bir-bir ko‘zdan kechirib chiqdi. Lekin ichkari bir oz qorong‘iroq bo‘lgani uchun o‘tirganlarni yaxshi taniyolmadi.
Shu alfozda u birpas g‘o‘dayib turgach:
— Xo‘sh, nima gap, isyon ko‘taryapsanlarmi? — deb baqirdi.
Hech kim indamadi.
— Senlarga gapiryapman, isyonmi bu, nega indamaysanlar! — yana o‘shqirdi u.
— Yo‘g‘-e, o‘nboshi, unaqa emas, — dedi kimdir burchakdan.
— Bo‘lmasa nima bu? Nega indamaysanlar? Oqsoqol qani? Miyasi aynigan bu chol nega ko‘rinmaydi?
Allaqaysi tomondan oqsoqolning ovozi eshitildi:
— Shu yerdaman, o‘nboshim, kelaver.
Ichkaridagi qorong‘ilikka o‘nboshining ko‘zi endi ancha o‘rganib qolgan edi, shuning uchun u qahva qaynatiladigan o‘choq yonidagi skameyka tomon dadil qadam tashladi. Oqsoqol bilan uning yonida o‘tirgan odamlar o‘rinlaridan turishdi.
— Qani, o‘tir, ikki og‘iz gapimiz bor, shuni eshit, — dedi oqsoqol o‘nboshiga yonidan joy ko‘rsatib.
— Yo‘q, o‘tirmayman, nima gaplaring bo‘lsa, aytaveringlar! — javob berdi o‘nboshi oqsoqol ko‘rsatgan joyga o‘tirar ekan.
Ikkala jandarm ham nariroqqa borib cho‘kdi.
Shundan keyin oqsoqol qahvaxonachiga buyurdi:
— To‘ralarga yaxshilab bir choy qil!
So‘ngra u o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, kelganlarning har biriga alohida-alohida «xush ko‘rdik!» deb chiqdi.
— Xo‘sh, isyon qilyapsanlarmi? — yana boyagi savolini qaytardi, o‘nboshi oqsoqolga qarab.
— Gapingga tushunmadim, o‘nboshim.
— Nega bo‘lmasa meni kutib olmadinglar! Xo‘sh, nega qo‘limdan jilovni oladigan odam bo‘lmadi? Ilgari bo‘lganmidi shu ish? Demak, isyon-da bu!
— Zinhor undoq emas.
— Bo‘lmasa g‘alayon deb tushunish kerakmi? Axir men jandarm boshlig‘iman, ustimda hukumat bergan rasmiy kiyim-bosh!
Kimdir stakanga choy quyib, o‘nboshiga uzatdi. U choyni olib, bir ho‘plagach:
— Choy-poylaring o‘zlaringga siylov, men ichmayman. Oldin menga hisob berasanlar! — dedi, keyin yana o‘dag‘ayladi: — Ho‘v oqsoqol!
— Labbay, to‘ram!
— Senga telefon qilganim rostmi?
— Rost, o‘nboshim.
— Telefonda demokratiyaning qonun-qoidasi qanaqa bo‘lishini aytib berdim, to‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, o‘nboshim.
— Mana shu jandarmlar orqali ham tayinlab yubordim-a?
— Shundoq, o‘nboshim.
— Xo‘sh, hammasi to‘g‘ri ekan, nega aytgan narsani qilmading? Nega odamlarni tayinlangan joyga olib chiqmading? Qani, xo‘sh? Yuz nafar odam piyoda borsin, qirq kishi otda chiqsin, o‘sha aytilgan joyga borganda hamma «Yashasin demokratiya!» deb qichqirsin, demaganmidim? Innaykeyin, kelayotgan ulug‘larimizning poyqadamiga atab bitta buzoq bilan ikkita qo‘y olib chiqinglar, devdim, qani o‘shalar? Boshqa qishloqlar aytganimni qildi, nega senlar bosh tortasan?
— O‘nboshim, gapimga quloq sol. Biz bitta emas, beshta buzoq beraylik, bizdan ikkita emas, yigirmata qo‘y ola qol, shunga ham rozimiz. Shu jonivorlar demokratiya yo‘lida qurbon bo‘lsin, mayli. Ammo sen bizni kattalarni kutib olishga yuborma. Senga podalab qo‘y bersak beraylikki, lekin o‘sha kutib olish marosimidan bizlarni xoli qo‘y, o‘nboshim.
— Bundan chiqdi, sizlar demokratiyaga qarshi ekansiz-da?
— Undoq emas. Demokratga qarshi joyimiz yo‘q. Lekin kutishga chiqmaymiz.
— Bo‘lmasa erkinlik malol kelibdi-da?
— Bundoq ham emas. Erkinlikka ham bizning hech e’tirozimiz yo‘q. Erkinlik nimaligini bilamiz, uning oldida bosh egamiz. Ammo kutib olgani bormaymiz.
— Menga qara, seni shu maqsadda jandarm kuchi bilan qishloqqa oqsoqol qilib saylaganmidik? Axir, dehqonlar ulug‘larni kutib olmaydigan bo‘lsa, demokratiya qayoqda qoladi? Men sizni tushunolmay qoldim, dam erkinlikka e’tirozimiz yo‘q, deysiz, dam «Yashasin demokratiya!» deyishdan bosh tortasiz. Bu qandoq bo‘ldi?
— Bunaqa deganimiz yo‘q, o‘nboshi. Qittay yanglishyapsan. Biz, yashasin, deb aytishdan bosh tortmaymiz, lekin shart shuki, qishlog‘imizdan chetga chiqmaymiz. Mayli, shu yerning o‘zida nima desang, shuni qilaylik, yashasinlab yeru osmonni larzaga keltiraylik, hammasiga rozimiz. Ammo bizni o‘sha joyga yuborma.
Oqsoqol o‘nboshiga sigaret tutdi. O‘nboshi sigaretdan bir dona olgan edi, allakim o‘t uzatdi.
— Yo‘q, chekmayman, — dedi u sigaretni yondirib olgach.
— Senlarnikini chekmayman. Qani, oqsoqol, gapir, nega bormayman deyapsan?
— O‘sha joyingga bormaymiz. O‘nboshi, shu yerdagisiga biz tayyormiz. Bir hafta yashasin, deb qichqiringlar, desang qichqiramizu, lekin qishloqdan tashqari chiqmaymiz.
Shu atrofda o‘tirgan bir mo‘ysafid gapga aralashdi:
— Baraka topgur oqsoqol, shu g‘alchaga bor gapni aytib bera qol. O‘z qulog‘i bilan eshitsin.
— Xo‘p, bo‘lmasa quloq sol, o‘nboshi, men gapirib beray. Shu vaqtgacha biror marta bu ishdan bosh tovlaganmidik? Yo‘q. Nima desang, shuni qilib keldik. Sen qirq kishi ot minib borsin, deb buyurganingda, yuzta otliq bilan ham borganmiz. Kamida yuz nafar odam yayov borsin, deganingda biz butun qishloqni oyoqqa turg‘izib olib ketganmiz. Sen bitta buzoqcha so‘ragan kezlaringda bizlar ikkitalab ho‘kiz olib borganmiz. Ha, shu vaqtgacha biror marta ham gapingni ikkita qilganimiz yo‘q. Mana endi bu yog‘ini tingla: bultur telefon qilib, kutib olishga chiqinglar, deding. Hammamiz chiqdik. Maydon odamlar bilan liq to‘la ekan. Kimdir o‘rtaga chiqib, va’zxonlik qildi. Gapirib bo‘lganidan keyin qarsak chaldik. O‘sha kuni yurtdagi politsiyaning hammasi biz borgan joyga yig‘ilgan ekanmi, to‘da-to‘da bo‘lib bizga yopirilishdi. Hammasining qo‘lida tayog‘i bor, rosa kaltak yedik. Ko‘p qatori meni ham urib yiqitishdi. Bundoq qarasam, hamqishlog‘imiz Ibroy olako‘z yerda voyvoylab yotibdi. Boyoqishning o‘zi nima ahvolda-yu, mendan hadeb:
— Oqsoqol, bu qandoq gap? — deb so‘raydi.
— Men ham tushunolmay qoldim, Ibroy, — dedim unga. — Chamasi bizlar qishloqdan bu yoqqa kelguncha hokimiyat boshqa partiyaga o‘tgan ko‘rinadi.
Rosa kaltakka shishib, yerga marjondek tizilganimizdan keyingina nima gapligiga tushundik. Bilsak, boya biz qarsak chalgan notiq biznikidan boshqa partiyaning vakili ekan. Biz ham yanglishib o‘sha muttahamga «Yashavor!» deb baqirgan ekanmiz. Birimizning qo‘limiz, birimizning oyog‘imiz sindi. Urushdan qaytgan yaradorlardek, qishloqqa kirib bordik. Ko‘pchilik yotib qoldi.
Oradan bir hafta o‘tgan edi, yana sen telefon qilib: «Ulug‘larimizdan biri kelyapti, kutib olinglar. O‘zini aptambili bilan yerdan ko‘tarib olinglar», deding. Xo‘p bo‘ladi, deb yo‘liga peshvoz chiqdik. Aptambilini ko‘ra solib yugurdik, o‘zing aytgandek qilib aptambili bilan yerdan ko‘tardik. Lekin shu payt o‘t o‘chiradigan bir mashina paydo bo‘ldi-yu, yo‘g‘on xartumidan bizga qarab suv purkay boshladi. Suvi bilan bizni chunonam savaladiki, asti qo‘yaver. Husayn davangir degan odamimiz bor, o‘zi yerda balchiqqa belanib yotibdi-yu, hadeb chapak chalib, yashavor! deb qichqiradi. Tag‘in bechora har ikki gapning birida, menga suv purkashyapti, deydi.
Suv to‘fonidan zo‘rg‘a qochib qutuldik. Keyinchalik bilsak, yana yanglishibmiz. O‘zimizning partiya boshlig‘iniki, deb begona partiya boshlig‘ining aptambilini ko‘tarib ketgan ekanmiz. Shilta-yu, shalabbo bo‘lib qishloqqa qaytib keldik. O‘zim ham rosa ivigan ekanman, o‘n besh kungacha badanimdan nam arimay yurdi.
Keyingi haftada yana telefon qilding, o‘nboshi. Bu gal dehqonlar bormaymiz, deb, turib olishdi.
— Iya, kaltak bilan suvni endi ko‘ryapsanlarmi? Oldingi hukumat davrida tayoq yemaganmidinglar? Qolaversa, bizni begona partiya emas, o‘zimizning partiyamiz savaladi, shunga ham ota go‘ri qozixonami, — deb ularga nasihat qildim.
Xullas, qishloq ahlini yig‘ib, yana kutishga chiqdik. Hali birorta kattani ko‘rib, gapini ham eshitmagan edikki, bizga jandarmlar hamla qilib qoldi. Bizlarni mashinada quvib, tayoq bilan savalashdi. O‘t o‘chiradigan mashinalar ustimizga suv purkadi. Bu yog‘ini so‘rasang, o‘nboshi, shundan keyin ketma-ket bombalar portlay boshladi. Yana bizdan xatolik o‘tgandek ko‘rinadi-yu, lekin gap nimadaligini bilmaymiz. O‘sha bombasi odamni yig‘latar ekan, ko‘zlarimizdan duv-duv yosh quyiladi. Rajab bechora xuddi jinniga o‘xshaydi, dam qotib-qotib kuladi, dam bo‘lsa ho‘ngrab yig‘laydi. Bombasi patir-putur yorilib turibdi. Xartumlardan ustimizga suv yog‘iladi. Mashinalar atrofimizda g‘ir-g‘ir aylanadi-yu, boshlarimizga ketma-ket tayoq tushadi. Odamlarimiz bo‘lsa jon holatda, «Yashasin demokratiya!» deb qichqirishadi. Nima bo‘ldi-yu, bir payt, «ho‘v yaxshilar, jiminglar, hukumat o‘zgarganga o‘xshaydi!» deb yubordim.
Zo‘rg‘a qochib qutuldik. Bombalar bizni yomon xarob qildi. Ancha kungacha ko‘zimizdan duv-duv yosh oqib yurdi. Gapning qisqasi, bizlarni tinch qo‘y, o‘nboshi to‘ra, u yerga endi yubora ko‘rma. Biz aslo bormaymiz. Boshqa nima
desang, shunga rozimiz. Nima so‘rasang, o‘shani beramiz. «Yashasinni» shu yerda turib qotiramiz. Xo‘p desang shu. Lekin ulug‘larni kutib olishga bizni yuborma. yo‘-o‘q, o‘nboshi, endi hecham bormaymiz.
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi