Haykaltarosh Hikmat yomon odam emasu, lekin bechoraning bitta aybi bor-da: haddan ziyod sertakalluf. Ikkovimiz o‘n besh yillik qadrdon bo‘lishimizga qaramay, doimo meni «hazratlari», «afandim» deydi. Ba’zan takallufni shunaqayam oshirib yuboradiki, nazaringda xuddi seni kalaka qilayotganga o‘xshaydi. U bilan birinchi tanishganimda men ham shunaqa bo‘lgandim. Kichik odam bo‘lishimga qaramay, men bilan xuddi hukumat boshida turgan partiyaning kattakon amaldoriga gapirayotgandek «hazratlari» deb qulluq qilaverganidan biram xijolat bo‘laman, biram o‘sal tortamanki, asti qo‘yavering.
Haykaltarosh Hikmatning nega bunchalik sertakalluf bo‘lib qolganligining sirini keyinchalik bilib oldim. Unda ayb yo‘q ekan, bir vaqtlari saroyga yaqin yurgan oilaning farzandi bo‘lganligi uchun lutf-nazokat qon-qoniga singib ketgan ekan. Buvasining otasi sulton Azizning bosh qayiqchisi, ya’ni sulton tushadigan qayiqda eshkakchilarga buyruqbardor bo‘lgan ekan.
Bosh qayiqchi deganda kishining ko‘z o‘ngiga ko‘kraklarini jun bosgan, qoyadek qomatdor, qo‘l-oyoqlari g‘o‘ladek bir pahlavon keladi. Bizning haykaltarosh Hikmat esa, buning aksi… pachoqqina. Buvadan to nabiraga qadar bo‘yning kichrayib borishi xuddi hozirgi turmush darajamizni aks ettirganday. Hukumatimiz amalga oshirgan keyingi iqtisodiy tadbirning ta’siri ostida bo‘lsa kerak, Hikmat ham shu siyosatdan «bahramand» bo‘layotgan demokratik grajdanning o‘zi bo‘lib qolgan.
U chuvakkina, yoqimtoy, nazokatli, artist tabiat odam. Boshqacha aytganda, turmushda biror narsani eplay olmaslik va och qolish uchun insonga nimaiki kerak bo‘lsa, shularning hammasidan topiladi.
Tunov kuni shu qadrdon do‘stimning uyiga bordik. Ko‘z ko‘zga tushishi bilan odatiy qilig‘ini boshladi:
— Hazratlari!
— E, Hikmatbey, qo‘ysang-chi shu hazratlaringni…
— Jonim bilan, afandim.
— Afandingni ham yig‘ishtirib qo‘y.
— Xo‘p bo‘ladi, taqsir.
— Nega odamni xunob qilasan, taqsir demasang turolmaysanmi?
— Aytmasligim mumkin, afandim, nega mumkin bo‘lmasin, taqsir.
U, faqat menga emas, do‘kondorga ham, etik moylaydiganga ham, qo‘shnisiga ham, xullas, duch kelganga shunaqa murojaat qilaveradi. U shunaqa qilavergandan keyin sen ham muomalani noziklashtirishga majbur bo‘lasan. Ammo bunaqasiga hech mening tilim kelishmaydi, u esa rasmana gap aytolmaydi.
Uning xonalari katakka o‘xshagan shinamgina uyi bor. Bizni u katta xonaga olib kirdi. Endi kursiga o‘tiray degandim, yugurib kelib:
— Yo‘q-yo‘q, xudo haqqi, bu yer bo‘lmaydi, yayrab o‘tirolmaysiz, — deb qoldi.
Qo‘ysang-chi, bo‘laveradi…
— Bo‘lmaydi, afandim, qani bu yoqqa marhamat qiling.
Noiloj turib ko‘rpachaga o‘tirdim.
— Oh, bu joy ham menga yoqmayapti.
— Ovora bo‘lma, menga ma’qul.
Yugurib kirib, ichkaridan uch-to‘rtta bolish olib chiqib, belimga, tirsagim tagiga qo‘ydi.
— O‘tinib so‘rayman, bezovta bo‘lmay o‘tiring…
— O‘zing bezovta bo‘lma, azizim, men juda yaxshi o‘tiribman…
— Yozilib o‘tirolmayapsiz-da.
— Yo‘q, juda yaxshi o‘tiribman.
— Azbaroyi xudo, to‘g‘risini ayting, bezovta bo‘layotganingiz yo‘qmi?
— Yo‘q-yo‘q, aslo.
Oshnam sira og‘iz ochishga imkon bermaydi.
— Noqulay joyda o‘tiribsiz, qani, bu tomonga o‘ting, suyanibroq o‘tirasiz.
O‘zim yaxshi o‘tirgandim, uni hadeb bezovta qilavermaslik uchun devorning narigi burchagiga o‘ta qoldim. U yana bir talay yostiq keltirib tashladi.
— To‘g‘risini ayting, tashvish chekayotganingiz yo‘qmi?
— Yo‘q, birodar, aslo. O‘zing ovoragarchilikni qo‘y, juda yayrab o‘tiribman.
Nazarimda aziyat chekayotganga o‘xshaysiz…
— Nega endi, azizim, juda yaxshiman.
— Shabada kirib bezovta qilayotgan bo‘lsa, derazani yopib qo‘ya qolay?
— Yo‘q-yo‘q, shabada yaxshi bo‘lyapti.
— Kaminai kamtariningizning nazarida hazratlari bezovta bo‘layotgandek tuyulyaptilar, taqsir, o‘tirgan joyingiz noqulay…
— Joyim yaxshi.
— Ichkariga marhamat, o‘sha yer qulayroq.
Narigi xonaga ko‘chdik.
— Jon afandim, aybga buyurmang…
— Yo‘g‘-e, nega unday deysiz, juda soz, og‘aynijon!
— Ishqilib, ayb qilmasangiz bo‘lgani.
— Ayb deysizmi? Hech qanaqa aybli ish yo‘q-ku…
— Yaxshi o‘tirolmayapsiz-da…
— Yaxshi o‘tiribman-ku.
— Ha, o‘tirganday bo‘lmayapsiz… .Chamamda, bezovta bo‘lyapsiz. O‘tirgan joyingiz ancha zax, qani, bu yoqqa marhamat qiling!
Xonadan xonaga, xonalarda esa burchakdan burchakka o‘taverish jonimga tegdi. Burma bolishlar ustma-ust kelib turibdi.
— Qalay endi, yaxshi o‘tiribsizmi?
— Yaxshi, juda yaxshi.
— Ishqilib, aziyat chekmang-da.
— Yo‘g‘-e.
— Aybga buyurmang, o‘zim bilib turibman…
— Xo‘p.
Undan bezovta bo‘lmaslik, aybga buyurmaslikdan bo‘lak gap eshitmay qoldim.
Xayriyat, oxiri dasturxon yozildi.
— Dasturxonga qarang, afandim.
Oshnam tushmagur qilig‘ini yana yangidan boshlab yubordi:
— Kursida yaxshi o‘tirolmayapsiz, mana bunisiga o‘ting.
Sho‘rvaga qoshiq solib endi ichay deb turgan edim:
— Yo‘q, taqsir, aziyat chekyapsiz, tagingizga bolish keltirishsin, — deb qoldi.
— Hojati yo‘q, shundoq ham yaxshi o‘tiribman.
— Marhamat qilib ovqatdan oling, iltimos qilaman!
— Olyapman, Hikmatbey.
— Marhamat qiling, xuddi o‘zingizning uyingizdagidek yeb-ichib o‘tiring…
— Rahmat.
— Shakarob og‘zingizga yoqmadi shekilli…
— Yo‘g‘-e, yeb o‘tiribman-ku.
— Tuzi kam bo‘lsa…
— Yo‘q, tuzi joyida…
— Xo‘p, aybga buyurmaysiz…
— Yo‘g‘-e…
— Marhamat qilib olib o‘tiring.
— Mersi… Bo‘ldim.
— Xudo haqqi, oling!
Qornim rosa to‘ygan bo‘lsa ham, oling deb qistayvergani uchun yana ozroq totindim.
— Ko‘rib turibman, ovqat sizga yoqmadi.
— Juda ajoyib bo‘libdi, qo‘lingiz dard ko‘rmasin.
— Oling, osh bo‘lsin… Piyoz bilan qo‘shib oling… Lekin hech yemayapsiz-da, afandim. Hazratlariga bir iltimosim bor edi.
— Marhamat, Hikmatbey…
— Ammo aybga qo‘shmaysiz! Qorningiz och qoldi.
— Yo‘g‘-e, juda to‘ydim.
Ovqatdan keyin qahva uzatildi. Hikmatbey mening g‘amimni yeb, yana bir necha marta burchak bilan kursi almashtirishni taklif qildi… Toqatim toq bo‘ldi, Hikmatbey bilan ikki og‘iz tuzukroh gaplasha olmay, uyga qaytdim.
Kecha namozshomga yahin eshik taqillab qoldi. Qarasam, haykaltarosh Hikmatbey. Ko‘rib juda xursand bo‘ldim.
— Keling, marhamat, Hikmatbey…
— O‘zlarini bezovta qilmay qo‘ya qolay, afandim.
— Yo‘g‘-e, nega bezovta bo‘lar ekanmiz, qani, ichkariga marhamat qiling…
— Yo‘q-yo‘q, ortiqcha ovora qilmay qo‘ya qolay.
— Xizmat…
— Afandim, hazratlarini bezovta qilishdan maqsad…
— Bezovtasi bormi buning.
— Bizning kulbada siqilmay o‘tirdingizmi, shuni bilmoqchi edim.
— Juda ko‘ngildagidek bo‘ldi, rahmat.
— To‘g‘risi, sizni yaxshi kutib ololmadik.
— Yo‘q-yo‘q, juda yaxshi bo‘ldi.
— Yo‘-o‘-o‘q, yozilib o‘tirolmadingiz.
— O‘lay agar, xudoning balosiga uchray yolg‘on gapirsam, ostona hatlab ko‘chaga chiqolmay qolay, juda yaxshi o‘tirdim.
— Kaminangiz bilib turibdi, hazratlari ko‘ngil uchun shunday deyaptilar, aslida yaxshi o‘tirolganlari yo‘q.
Sabr kosam to‘lib ketdi. O‘t o‘chiruvchi mashinadek bir na’ra tortib yuborgan ekanman, qo‘ni-qo‘shnining hammasi uydan otilib ko‘chaga chiqdi.
— Bezovta bo‘lganim yo‘q! Yo‘q! Yo‘q!
Hikmatbey chuvakkina gavdasini eshik orqasiga oldi. Shunda ham u:
— Yo‘q, afandim, aybga buyurmang, yaxshi o‘tirolmadingiz. Endi kaminangizga ijozat, sizni ancha bezovta qildim, — deb chuldirardi.
Turkchadan Miad Hakimov tarjimasi