Arturo Alape. Olov (hikoya)

…O‘sha tutun ko‘z oldimga keladi: u avvaliga jajji halqalar hosil qilib, bir zum o‘tgach, buralib-buralib yuqoriga o‘rlardi, so‘ng tuynukdan siqilib chiqayotgani uchunmi, yoyilib borardi-da, o‘qtin-o‘qtin to‘xtab, uzoq-uzoqlarga ukpar, harir bulutlar kabi taralib ketardi va sekin-asta osmon bag‘riga singib ko‘zdan g‘oyib bo‘lardi, biz esa har kuni daryo tarafdan esayotgan shabadaning “karomatlari” haqida bir-birimizga tushuntirishga o‘tardik va shu tariqa tutunni istar-istamas unutardik-da, kundalik yumushlarimizga tutinardik. “Tutun bizni tark etdi, odamlar tashlab ketgani misol”, derdi shunday paytlarda qadrdonim va mo‘ylovini burab qo‘yardi. “Uni ayoz bulutlari yamlamay yutdi, bamisli o‘pqon”, deya javob qilardim men hazilim o‘xshasa-o‘xshamasa. “G‘am yema, kuyinma, jonim, yana kelar bulut ham, qish ham… Tutun esa odamlar kabi, qaytadi bir kun”, davom ettirardi qadrdonim. Uzun sochlarimni tarayotib “mushoira”ga nuqta qo‘yardim: “Ermak ham tugadi, mungli kuy yanglig‘…”
Vaqt allamahal bo‘lib qoldi.
Rancho tun og‘ushida biz bilan orom olardi, poydevor ortidagi tosho‘choqdan tutab yonayotgan olovning alangasi birdan bilanglab ko‘tarilib qolardi-yu, yuz-ko‘zimizni yoritardi, u tun bo‘yi o‘chmasdi, nafsilamrini aytganda, bu olov chin ma’noda tinch-totuv oilaning hayot manbai edi… Marselning ozg‘in yelkalariga ko‘zim tushganda, beixtiyor mana shular yodimga keladi: u nari borsa, besh yashar, yerdan yarim metr ko‘tarilayotgan zax havoda sovuq yeb g‘ujanak bo‘lib olgan; azbaroyi isinish uchun o‘zini quchoqlagan ko‘yi daraxtda o‘tiribdi, changalzor orasidagi sayhonlikdan sinchkov nigohini uzmaydi, bugun uning soqchilik qilish navbati – quyida esa g‘alati ishlar sodir bo‘lishi mumkin.
– Uxlamayapsanmi, qizim?
– Uxlayotganim yo‘q, oyijon.
– Uxlab qolma yana, birdan kelib qolishsa, tutib olishadi. Yuzingni muzdek suvda yuvib ol, uyquni qochiradi. Men qarab turaman.
– Uyqum kelmayapti, oyijon.
– Xo‘p, yaxshi. Faqat hushyor bo‘l, qizim. Biron narsa sezsang, darrov menga xabar qil.
– Xo‘p bo‘ladi, oyijon.
Voqea mana bunday bo‘lgandi: qishlog‘imizdagi odamlarni ishontirishgandi, shunga qaramay, biz ko‘p narsalarga shubha bilan qarar edik, kunlardan bir kuni boshliqlarimiz qayta-qayta ta’kidlagan hodisa yuz berdi-yu, ko‘zimiz ochildi. Hammasi to‘satdan boshlandi. Avval bulutlar barq urib chaqnadi, ular har doimgidek emas, balki osmondan tushgani kabi yorqin mana shu chaqmoq yanglig‘ yaraqlagan o‘tkir shu’la yerga tushib, olamni boshiga ko‘targudek qo‘shig‘ini boshladi: ba-ba-a-ax – daraxt po‘stlog‘i o‘yilib tushdi, ba-ba-a-ax – panjaraga osilgan choyshab ilma-teshik bo‘lib qoldi, ba-ba-a-ax – tomning bir tarafi mayda-mayda bo‘lib sinib tushdi; jonholatda yerga yotib olgan odamlar ingrab yuborishdi; bo‘g‘iq gumburlagan tovushdan boshlar g‘uvillay boshladi – xuddi tomlar uzra momaqaldiroq gumburlagandek bo‘ldi, o‘ziyam bunaqa gumburlash shu choqqacha qishlog‘imizda yuz bermagandi.
– Qochinglar, bo‘lmasa quturgan “arilar” chaqib oladi!
– Yashirininglar!
– Erim-chi? Boshqa oilalar qani? Qo‘ni-qo‘shnilar qayerda?
Ular osmon jazavasiga yo‘liqqan edilar. O‘shandan keyin men ancha hushyor bo‘lib qoldim – tiq etsa alanglayman.
– Anovi yerda qanaqadir shovqin bo‘lyapti, oyi. Odamlar, shekilli.
– Qo‘rqma, qizim, yovvoyi cho‘chqalar yuribdi u yerda, yemish qidirib.
Uzun to‘zg‘igan sochlarim yelkalarimdan beozorgina tushib, belimgacha yoyiladi, qornimda gumonam bor; peshonamga yozilgani bo‘ladi, xonadonimdagi udumlar ham shuni talab etadi. Men g‘orning tor og‘zidan bir amallab o‘taman, lekin ichkarisi xiyla keng, ancha qulay, bexavotir – bunaqasini topish qiyin biz tomonlarda. Uni changalzorlar bilan toshloq sayhonlik orasidan qidirib topganmiz, shifti baland, tuproq yerga novdalardan to‘qilgan bo‘yra solingan, bunday balandlikda undan boshqa hech nima o‘smaydi.
Ba’zida o‘zimga-o‘zim: “Qizlarim bilan qanaqa qilib qochishga ulgurdim?” – deb savol beraman va taajjublanaman, darhaqiqat, qanday qilib? Birozdan so‘ng javobini izlab topaman: “Bu ajal momaqaldirog‘i ranchoga bostirib kirdi-da, qaytib chiqmadi, u o‘ziga yuklangan qirg‘inbarot vazifasini ado etib bo‘lguncha to‘xtamadi, vahshat o‘tini sochaverdi, o‘takamizni yordi, qochgani joy topolmadik, jon hovuchlab turganimda qadrdonim birdan qichqirib qoldi: “Susana! Susana, qizlarni olib toqqa qochinglar, eshityapsanmi, toqqa, bironta g‘orga kirib berkininglar… Emanzorga borib o‘tloq orqali o‘tib ketinglar…” Qo‘rqqanimizdan shu o‘tloq yo‘lni topa olmadik, chunki yo‘l yoqalab keta-ketgan emanzor, maymunjonzorlar, chirmovuq butalari edi. Mariannani opichlab olganman, qizlar esa yonimda borishardi; tepalikka tirmashib chiqar ekanmiz, chuqurga tushib ketmaslik uchun yerni tirnoqlarimiz bilan timdalab ko‘rardik, men esam qizlarni ogohlantirardim: “Jon qizlarim, ko‘zingizga qarang, ehtiyot bo‘linglar, yiqilib tushmang, orqada qolib ketmay, mening ortimdan yuringlar…” O‘sha kuni biram qiynalgandik, biram qiynalgandik, dodlab yuborishimga oz qolgandi. Ochlik va tashnaligimizni esa mevalar bilan qondirardik.
– Oyijon, oyijon, Estella aytyapti, qanaqadir odamlar kelayotganmish.
– Sekin! Nima bo‘ldi? Bir nima sezdingmi?
– Askarlarga o‘xshaydi.
– O‘zing ko‘rdingmi?
– Ha, uch kishi…
– Borib qizlarga ayt, shovqin solmay jim o‘tirishsin, agar Marianna yig‘lab qolsa, og‘zini yopinglar. Men shu yerda bo‘laman. Ularning qadam tovushi g‘orda eshitilmaydi. Bosilgan novdalar bilan yaproqlarni avaylab tiklab qo‘yamiz.
– Ular ko‘pchilik!
Ular bamisli sharpadek sirg‘alib, tovush chiqarmay, havoni iskay-iskay, atrofga alanglab kelishardi.
– Ey, Xudoyim-ey, biz tomonni ko‘rsatishyapti.
Ular g‘ordan quyuq o‘sgan chirmovuq bilan butalar va tikanlar ajratib turgan sayhonlikni ko‘zdan kechirishmoqda edi.
Xayriyat, bu tomonga qaramay o‘tib ketishdi.
Quyuq daraxt barglari oralab bu tashlandiq ranchoga issiq havo ufurar, olachalpoq hovli sahnida soyalar o‘ynardi. Uy huvillab yutaman derdi, buta o‘sib, chakalakzor bo‘lib ketgan, eshiklar, deraza romlari va devorlarni is qoplagan – anchadan buyon odamzod yashamasligining alomati edi bu. Men qizlarim bilan bananlardan qirqib, maniok kavlab olamiz-da, kelgan yo‘limiz bilan ortimizga qaytamiz, yo‘lakay izlarimizni yo‘qotishga urinamiz, bu tomonlarga birov kelgani bilinmasligi kerak, aks holda bizni topib olishadi.
G‘or haddan tashqari tinch, qanotlari rang-barang to‘tiqushlar qiyqirgani ham, o‘rmon kabutarlarining dilkash g‘uvillashlari ham, yaqin atrofdan oqib o‘tguvchi anhorning sharqiragani, kiyiklarning yengilgina odimlari, mevalarni karsillatib chaynayotgan maymunlarning shovqini, o‘ynoqi baliqlarning suvni shaloplatishlari, tong quyoshining uyquli badanlarni qitiqlashlari, soqchilikdan qaytib kelayotgan Florindaning horg‘in tabassumi ham, qo‘ying-chi, barchasi bu maskanda hukm surayotgan halovatli osoyishtalikni buzolmas edi… Bu yerdagi sukunat shunchalik orombaxsh va ta’sirchanligidan qizim gapirishni ham istamaydi, yulduzlarga xayolchan termilishni ham xohlamaydi, beixtiyor tin olgisi keladi, ko‘zlari yumilib-yumilib ketadi, men Mariannaning boshini ohista silayman, boshqa qizlarimga zimdan nazar solaman va tortinibgina do‘ppayib, o‘zidan ogoh qila boshlagan qornimni silay boshlayman hamda g‘or tuynugiga ishora qilaman, biroq o‘zim u tarafga nazar tashlamayman, chunki bilaman, qarasam, vahima, xavotirdan qizlarimning ham yuragiga g‘ulg‘ula solib qo‘yaman, undan ko‘ra shirin xayollar og‘ushiga g‘arq bo‘laman… Qadrdonim o‘ng qo‘lini shamga uzatadi va barmoqlari bilan uning piligini ezib o‘chiradi, barmoqlari kuymaydi ham, so‘ng yelkalari va tirsagi bilan mening bag‘rimga suqiladi, baquvvat bilaklari ko‘ksimga botadi, oshiqmasdan, ehtirosga berilmay tugmalarimni yecha boshlaydi, mening kiyimlarim yer bilan bitta bo‘lib yotadi, xuddi meni birinchi bor ko‘rayotgan odamdek tikilib qoladi u, ko‘zlarida olis yulduzlarning yorqin nuri chaqnaydi; o‘sha kechasi men yana homilador bo‘lib qolgandim, beshinchi marta bo‘yimda bo‘lib qolishiga qaramay yuragim tugul butun jismu jonimda bir farog‘at tuyaman. Uning ichki haroratdan yonayotgan qaynoq badani taftini sezaman, ko‘zlarim ohista yumiladi, u quloqlarimga o‘tli shivirlaydi, men o‘zimni eshitmaganga olaman. Erkalaydi, shivirlaydi, chuqur xo‘rsinadi: “Susana… – deydi, – menga qara, charos ko‘zlaringga bir boqay”. Men uning azamat ko‘ksiga boshimni qo‘yaman, birozdan so‘ng u jig‘imga tegadi… So‘ng yonayotgan qip-qizil ikkita tarashani ustma-ust qo‘yadi-da, chalqancha tushib yotadi. Erkalayotgan erining dag‘al iyaklariga shunchalik o‘rganib ketarkanki ayol… uning erkalashlaridan holim qolmaydi, vujudimda bir moyillik kuchayadi, u mening butun jismu jonimni egallaydi… Mana oqibati – u yonimda yo‘q endi… Urush boshlangandan beri yolg‘izman… Yana qizlarim bilan yolg‘iz o‘zim qoldim, kim bilsin, uni yana ko‘ramanmi-yo‘qmi, yulduzlar esa hamon qadimgidek yorqin nur sochyapti.
– Cho‘g‘larga puflanglar, tez, o‘chib qolmasin yana, kulini qoqib tushiringlar. O‘t olmaguncha puflayveringlar. Qip-qizil cho‘g‘ bo‘lib turishi kerak. Quruq shox-shabbalardan tashlang! Yo‘g‘on o‘tinlar gulxan yonida tursin. Florinda, bugun sen navbatchisan, eshitdingmi gapimni?
Kunlar mana shu taxlit o‘tadi. Qachon maniok bilan banan tozalaymiz, deb kutasan, suvga kim boradi, obi yovg‘on pishirish kerak gulxanda… Qisqasi, har birimizga ish topiladi…
Qachondan buyon tog‘damiz, esimdan ham chiqib ketdi… Qancha bo‘ldi kelganimizga? Yozib boray desam qalam-qog‘oz yo‘q, taqvim qayoqda! Hozir Xeremias qayoqdaykan? Do‘stlari bilan birgadir-da! Ikki oydan oshdi… Bir-biriga o‘xshash tunlar, kunlar o‘tdi… Yo‘q, uch oy bo‘ldi, shekilli… Qachon kelarkan Xeremias? Tog‘ osha yurganida men haqimda o‘ylayaptimikan?! Yana bezovtalik xuruj qilayapti.
Alanganing o‘ynoqi qizg‘ish tillari ko‘tarilib, qop-qorong‘i g‘or devorlarini yoritishidan yengil tortaman va uzoq tomosha qilaman, ana shunda kulrang tosh devorlarda soyalarimiz paydo bo‘ladi, mening soyam ortimdan ergashadi, nima qilsam, u harakatlarimni takrorlaydi; mana men turayapman – qora ko‘lanka ham cho‘zilib oyoqlarimdan uzilib chiqadi, boshini ko‘taradi, qo‘llari harakatga keladi va tosh devordan ko‘tarila boshlaydi, so‘ngra indamay borib o‘tiradi yoki yotadi, kichkinagina bo‘lib, g‘ujanak bo‘lib oladi, unga qarasam, bahri dilim ochiladi, ko‘p narsalarni unutaman.
– Estella, senga yetvolaman!
– Florinda, oldinga o‘tib ketma! Manovi qushni ko‘ryapsanmi, bechora yarador ekan. Ko‘ryapsanmi, singiljon, sendan oldin ko‘ruvdim.
– Qanoti yaralansa, rostdan uzoqqa ucholmaydimi?
Tong yorishdi. Qizlarning sho‘xligi tutdi. Ularga qarab turib o‘zimga-o‘zim: “Katta bo‘lishganda ularning soyalari ham katta ayollarnikiga o‘xshab qolishini ko‘rish nasib etarmikan menga?” dedim. Ular tezroq ulg‘ayishni istashadi. Marsela nuqul: “Oyijon, katta bo‘lsam sizga yordam beraman”, degani-degan. Ko‘ylakchalarida ular birdan hurkib uchib ketgan ninachiga o‘xshaydilar: “Ular hayotda hali hech narsani bilmaydilar”, deb o‘ylayman ichimda.
– Ehtiyot bo‘l, singlim, arining uyasi u, ko‘rmadingmi?! Sochiga kirib olgan arilarning ko‘pligini! O‘lding endi! Vah-ha-ha! Ko‘zi shishib ketdi, vah-ha-ha!
– Oyijon, Florinda masxara qilyapti meni.
Quyosh zavolga yuz tutdi.
– Bo‘ldi endi, qizlar, uxlanglar! Borib yotinglar! O‘yin-kulgini yig‘ishtiringlar, qo‘y shu qo‘shig‘ingni, Florinda, qachon qarama: “Derazamdan boqaman va intizor kutaman seni”mish. Topib olganing shu-ya! Kap-katta bo‘lib qoldinglar endi, o‘rningizni ho‘l qilib qo‘ymassiz, uyat bo‘ladi, yo Xudoyim-ey, qayerdan kelayapti bu momaqaldiroqning gumburlashi, o‘zing madad ber. To‘rt nafar qiz o‘zlariga o‘ta mehribon onalarining yonida bir-birlarining pinjiga suqilishib isinib o‘tirishardi, ham olov tafti, ham ona mehrining harorati – bundan ortiq yana nima kerak odamga?! Ularni uyqudan uyg‘otishga sira ko‘zim qiymaydi, qanaqa qilib uyg‘otay? Bolalar juda-juda go‘zal tushlar ko‘radi deyishadi, shirin tush ko‘rayotgan bolani uyg‘otishga kimning ko‘zi qiyadi, lekin uyg‘otish shart… Hamon esimda, men ham bolaligimda bir tush ko‘rgandim, o‘shanda uyga masrur, boshimda gulchambar bilan kirib kelayotganmishman, tushimda ranchoning hovlisida yelib-yugurib yurganmishman, birdan daraxtlarda ulkan gullar paydo bo‘lganmish, yaproqlari ham gulbarglari tagida ko‘milib ketganmish, shunda Selva butunlay boshqa tusga kiribdi, men bo‘lsam, daraxtlarga gullarning nomini qo‘yib chiqibman: anovi kartoshkagul daraxti, manovi gunafsha daraxti, anovinisi atirgul daraxti, mana shu daraxtgullar gulchangli sarg‘ish ko‘zlari bilan menga boqarmish, lekin… gulxanning qaynoq tafti qizchalarni tong otar-otmas uyg‘otib yuboradi va tush tamom… nonushta hozirlab tez-tez yeb olish, so‘ng tushlikka biron nima tayyorlab qo‘ygach, tutundan nomu nishon qolmasin uchun olovni o‘chirish kerak. Ana shundan keyingina gali bilan navbatchilik qilish boshlanadi.
– Oyijon, dadam o‘rtoqlari bilan keladilarmi? – deb so‘radi Florinda; u ozg‘in, nozikkina. – Kelishadi-a!
– Ko‘ngling to‘q bo‘lsin, qizim, albatta kelishadi, meni aytdi dersan, dadang birga keladi ular bilan.
– Tez kelishadimi?
– Ha, tez kelishadi, lekin vaqtini aniq aytib berolmayman… Kutilmagan paytda kelib qolishlari mumkin.
Biz u bilan juda yaqinlashib ketgandik, u: “Turmush qurmaymizmi, Susana? – deya taklif qildi. – Ota-onam keksayib qolishgan, ranchoda yashashadi, mengayam hovli-joy ajratib berishgan, birga yashasak, hammasi o‘zimizning qo‘limizda…”
– Boshqa gulxanlar ham mana shunaqa qip-qizil bo‘lishi kerak, puflang­lar, qizlar, bir narsani unutmang, bizning gugurtimiz ham, shamimiz ham yo‘q, agar yaxshilab o‘t oldirmasak cho‘g‘lar kul bosib o‘chib qolsa, ovqat ham qilolmaymiz. Shuning uchun puflang, shirintoylarim, puflang!..
Tun ko‘zlarimizdan bedorlik to‘rlarini olib tashladi. Kechki musaffo havo birdan yuraklarni hapriqtirib yubordi va zum o‘tmay allanechuk xotirjamlik baxsh etdi. Men sukunatga quloq tutaman: tungi tovushlardan yolg‘izlik yomon.
– Oyi, oyijon, samolyot, samolyotlar…
– Estella, ko‘zingni och! Ko‘zingni och deyapman! Tushingga nima kirdi, qizim?
U g‘arq-g‘arq terga botgan edi, alahsirashi to‘xtamasdi. Majbur bo‘laman kaftim bilan uning og‘zini yopishga. U ko‘zini ochadi.
– Oyijon, men ularni ko‘rdim – samolyotlarni. Samolyotlar qushlarga o‘xshab dadam bilan o‘rtoqlarining ortidan uchib yurishgandi.
Uning ko‘zlari katta-katta ochilgandi. Bu ko‘zlarda qo‘rquv qotib qolgandi. U o‘pkasi to‘lib yig‘lar, ko‘z yoshlari hamma yog‘imni ho‘l qilib yuborgandi.
– Tinchlan, qizim, o‘zingni bos. Onang yoningda, eshityapsanmi?
Gulxan o‘rtasida kattakon g‘o‘la yotardi, goh-goh chirsillab mitti uchqunlar atrofga sochilardi.
– Oyijon, odamlar kelishyapti. Marsela aytdi, odamlar kelishayotganmish…
– Jim-m, Marsela! Kim bo‘ldiykan bular?
– Biznikilar bo‘lsa kerak, oyi. Men ularning qadam tovushini eshit­yapman, ovozlaridan taniyapman.
– Jim bo‘lsang-chi! Sabr qilib tur! Olti oydan beri tog‘da yashayapsanu, jim o‘tirishni o‘rganmading-a, qizim!
Cho‘g‘ ustini qaynoq kul bosadi, g‘or og‘zini qorong‘ilik qoplaydi: bizning gulxan endi yonmasa kerak…

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 7-son