Artur Konan Doyl. Labi tirtiq odam (hikoya)

Ayza Uitni afyun chekishga o‘rganib qoldi. U kolledjdaligidayoq de Kuinsining[1] afyun chekuvchi odamning tushlari va hislarini tasvir qiluvchi kitobini o‘qib, o‘sha yozuvchi boshidan kechirgan hodisalarni kechirish uchun tamakisiga afyun aralashtirib cheka boshlagan edi. Ko‘plar qatori u ham chekishga o‘rganish tashlashdan ko‘ra qiyinroq ekanini tez orada payqadi. Uzoq yillar chekib yurarkan, unga hamma do‘stlari achinib, vahimlari keldi. Uning sarg‘ish, salqigan yuzi, qorachiqlari kichraygan ko‘zlari, osilgan qovoqlari, kresloda yotgan ojiz gavdasi, xullas adoyi tamom bo‘lgan odam hamon ko‘z o‘ngimda turibdi.

1889 yilning iyunida bir kuni kechqurun ayni odamni esnoq bosib o‘qtin-o‘qtin soatga qaray boshlaydigan vaqtda kvartiramning qo‘ng‘irog‘i chalinib qoldi. Men kreslodan qaddimni ko‘tardim, xotinim esa tikayotgan ishini tizzasiga qo‘yib, norozilik bilan ijirg‘andi.

— Biror mijoz keldi! — dedi u. — Kasal ko‘rgani boradigan bo‘lding-da yana. Men xo‘rsinib qo‘ydim, chunki kun-uzun kun og‘ir ishdan horib-charchab yaqinginada kelgan edim.

Biz eshik ochilib, yo‘lakdan kimningdir shoshgancha yurib kelayotganini eshitdik. Xonamizning eshigi ochilib, qora ko‘ylak kiygan, yuziga qora to‘r tutgan xonim kirib keldi.

— Bemahalda kirib kelganim uchun kechiringlar, — deb gap boshladi-yu, o‘zini tutolmay, birdan xotinimga tashlandi-da, uni quchoqlab yelkasiga bosh qo‘ygancha ho‘ngrab yig‘lab yubordi — Boshimga katta kulfat tushdi! — deb xitob qildi u. — Juda yordamga muhtojman!

— Iya, bu Ket Uitni-ku, — dedi xotinim, uning to‘rini ko‘tarib. — O‘takamni yorib yuboray deding-a, Ket! Sen ekanliging xayolimga ham kelmabdi.

— Senga arz qilgani keldim. Boshimni qayoqqa urishni bilmay qoldim.

Bu odat hukmidagi narsa edi. Boshlariga kulfat tushgan odamlar najot istab mayakka qarab uchgan qushlardek g‘izillab xotinimning oldiga kelishardi.

— Ajab qilibsan! Joylashibroq o‘tir, vino bilan suvdan ichib, nima bo‘lganini gapirib ber. Yo Jeymsga aytaymi, kirib yotsinmi?

— Voy, yo‘q, yo‘q! Doktordan ham maslahat va yordam olmoqchiman. Ayzani aytmoqchiman… Uydan chiqib ketganiga roppa-rosa ikki kun bo‘ldi. Undan juda xavotir olyapman.

U biz bilan baxtsiz eri haqida endi suhbatlashayotgani yo‘q — men bilan doktor sifatida, xotinim bilan esa o‘zining qadrdon maktabdosh dugonasi sifatida suhbatlashardi. Biz unga imkonimiz boricha tasalli berardik. Eri qayerdaligini biladimi? Uni borib uyiga olib kelsa bo‘larmikin?

Shunday qilish mumkin ekan. U erining so‘nggi vaqtlarda odatda afyunni Sitining sharhida joylashgan ko‘chalardan biridagi buzuqxonada chekib yurishini bilarkan. Shu vaqtgacha u ertadan kechgacha ishrat qilarkan, butunlay holdan toyib, tinka-madori qurib kechquran uyiga qaytib kelarkan, bu gal esa qirq sakkiz soatdan beri daragi yo‘q emish, albatta hozir o‘sha yerda turli-tuman shubhali kimsalar orasida zahar yutib, yoki uxlab yotgan bo‘lishi mumkinmish. Xotin erining Epper-Suondemlendagi xuddi o‘sha «Oltin yombi»da ekanligiga amin edi. U nima qila olishi mumkin? Tortinchoq, jur’atsiz, yoshgina juvon qanday qilib shunday joyga kirib boradi va erini bezorilarning orasidan yulib olib chiqa oladi? U men bilan birga borsa bo‘lmasmikin? Darvoqe, borib nima qiladi? Men Ayza Uitnini davolaganman, doktor sifatida unga so‘zim o‘tishi mumkin. Xotinining ishtirokisiz ishni oson hal qilishimga amin edim. Unga, agar eringiz darhaqiqat «Oltin yombi»da bo‘lsa, ikki soat ichida uni kebga o‘tqazib uyingizga jo‘nataman, deb va’da berdim.

O‘n minutdan so‘ng shinamgina mehmonxonamizni tark etib, ekipajda sharqqa qarab g‘izillab ketmoqda edim. Oldinda odatdan tashqari g‘alati bir ish turganini bilardim, aslida esa u men kutgandan ko‘ra ham g‘alatiroq bo‘lib chiqdi.

Avval boshda hammasi ajabtovurgina edi. Epper-Suondemlen — daryoning chap qirg‘og‘i bo‘ylab to London ko‘prigigacha borib tutashgan baland-baland kemasozlik korxonalari orqasida joylashgan iflosgina tor ko‘cha edi. Men qidirib yurgan buzuqxona iflos do‘kon bilan qovoqxona o‘rtasidagi yerto‘lada edi; bu g‘ordek qorong‘i kovakka tik zinapoya olib tushardi. Zinapoya bosqichlarining o‘rtasi yedirilib, chuqur tushib qolgan — undan shuqadar ko‘pdan-ko‘p mastoyoqlar tushib-chiqqan edi.

Keb haydovchiga kutib turishni buyurib, pastga tushdim. Eshik tepasida osilib turgan milt-milt yonastgan kerosin chiroq yorug‘ida eshik zulfinini qoqdim-da, quyuq qo‘ng‘ir dud bilan to‘lgan uzun pastak xonaga kirib bordim; devor bo‘ylab muhojirlar kemasidagiga o‘xshab, yog‘och so‘rilar cho‘zilib ketgan edi.

Qorong‘ilik orasidan g‘alati aql bovar qilmaydigan holatda yotgan harakatsiz gavdalarni arang ilg‘adim: yelkalari bukchaygan, tizzalari ko‘tarilgan, engaklari qaqqayib, boshlari orqalariga tashlangan. Goh u yer, goh bu yerda menga tikilayotgan xira mast ko‘zlarni ko‘rardim. Zulmat orasidan nuqtadekkina qizil cho‘g‘lar lang‘illab qolar, ular kichkina metall naychalardagi zaharning miqdori kamaygan sari o‘chib borar edi. Ko‘plari indamay yotar, ba’zilari nimalardir deb dimog‘ida ming‘illar, ba’zilar esa goh shavq-zavq bilan shoshila-shoshila, goh birdan jim bo‘lib qolib alomat bir tarzda go‘ng‘illagancha suhbatlashishar, ammo hech kim suhbatdoshining gapiga quloq solmas — har kim o‘z o‘ylari bilangina band edi. Yo‘lakning narigi burchagidagi ko‘rada laxcha cho‘g‘lar langillab turibdi, uning oldidagi uch oyoqli kursida novcha bir chol tirsagini tizzalariga tirab, engagini mushtlariga qo‘ygancha qimir etmay cho‘qqa tikilib o‘tirar edi.

Kirib borishim bilan oldimga malayyalik qora to‘riq bir odam yugurib kelib, menga naycha bilan bir ulush afyun uzatdi-da, so‘ridagi bo‘sh joyni ko‘rsatdi.

— Rahmat, men bu yerda qololmayman, — dedim. — Do‘stim mister Ayza Uitni shu yerda ekan. Men u bilan gaplashishim kerak.

O‘ng tomonimda nimadir g‘imirlagandek bo‘ldi, kimningdir xitobini eshitdim, qorong‘ilikka razm solib menga tikilib turtan rangsiz, ma’yus va allaqanday hurpaygan Uitnini ko‘rdim.

— Yo rabbiy, bu Uotson-ku! — deb qo‘ydi u.

U mastlik oqibatida yuz beradigan eng ayanchli ahvolda edi.

— Hozir soat necha, Uotson?

— O‘n birga yaqinlashib qoldi.

— Bugun nima kun?

— Juma, o‘n to‘qqizinchi iyun.

— Nahotkiq Men bo‘lsam, chorshanbadir, deb o‘ylabman. Yo‘q, bugun chorshanba, hazillashdim deng. Odamning o‘takasini yorib nima qilasiz-a!

U yuzini kaftlari bilan to‘sib, o‘krab yubordi.

— Bugun juma deyapman-ku sizga. Sizni xotiningiz ikki kundan beri kutyapti. Uyalmaysizmi shunday qilgani!

— Hali ham uyalyapman. Nazarimda yanglishayotganga o‘xshaysiz, Uotson. Bu yerga kelganimga atigi bir necha soatgina bo‘ldi. Uchta trubka… to‘rtta trubka… qanchaligini unutdim! Siz bilan birga uyga ketaman. Sho‘rlikkinam Ketning tashvish tortishini istamayman . Menga qo‘lingizni bering. Kebingiz bormi?

— Bor. Eshikda kutib turibdi.

— Unday bo‘lsa, hoziroq jo‘nayman. Ammo men ulardan qarzdorman. Biling-chi, qancha qarz ekanman, Uotson. Juda ham bo‘shashib, tinka-madorim qurib ketdi. Pul to‘lashga ham chog‘im kelmaydi.

Qator yotib uxlayotgan odamlarning orasidagi ensizgina oraliqdan zaharli bangning elituvchi hidlarini hidlamaslik uchun nafasimni ichimga yutgancha buzuqxona egasini qidirgani yo‘l oldim. Qo‘ra qarshisida o‘tirgan novcha cholning oldiga yetganimda kimningdir pidjagimdan tortayotganini sezdim, shivirlab aytilgan shu so‘zlarni eshitdim:

— Mening yonimdan o‘tib ketib, keyin o‘girilib qarang.

Bu so‘zlarini aniq eshitdim. Ularni yonimdagi cholgina aytgan bo‘lishi mumkin edi. Biroq u hamon shunday bir vaziyatda o‘tirardiki, go‘yo o‘z o‘ylari bilangina banddek, atrofidagi hech narsani sezmayotgandek edi. Yoshi anchaga borib qolgan ozg‘in, bujmaygan bu odam bukchayib o‘tirar; afyunli trubka majolsiz barmoqlaridan sirg‘alib tushib ketgandek tizzalari orasida turar edi. Oldinga ikki qadam yurib, orqamga o‘girildim. Hayratdan qichqirib yubormaslik uchun bor matonatimni ishlatishga to‘g‘ri keldi. U shunday burildiki, yuzini mendan boshqa hech kim ko‘ra olishi mumkin emasdi. Uning yelkasi rostlanib, ajinlari yozilib, xira ko‘zlari odatdagidek chaqnay boshladi. Qo‘ra oldida mening hayratlanganimdan kulgancha Sherlok Xolmsning o‘zginasi o‘tirardi. U o‘g‘rincha imo qilib, meni oldiga chaqirdi-da, yana labi-lunji osilgan qaltiroq cholga aylandi-qo‘ydi.

— Xolms! deb shivirladim men. — Bu buzuqxonada nima qilib o‘tiribsiz?

— Mumkin qadar sekinroq gapiring, — deb shivirladi u, — qulog‘im juda yaxshi eshitadi. Agar siz esi og‘ib qolgan do‘stingizdan xalos bo‘lsangiz, siz bilan bir ozgina suhbatlashishga musharraf bo‘lardim.

— Meni tashqarida keb kutib turibdi.

— Bo‘lmasa oshnangizni o‘sha kebda uyiga jo‘nata qoling. Undan xavotir olmasangiz ham bo‘ladi, chunki bironta mojaro chiqarishga chog‘i keladigan kuchi yo‘q. Agar meni uchratib qolib yonimda qolganingizni yozib kucherdan xotiningizga bir enlikkina xat berib yuborsangiz yana yaxshi bo‘lardi. Meni ko‘chada kutib turing, besh minutdan keyin chiqaman.

Sherlok Xolmsning so‘zini yerda qoldirish mahol: uning talablari hamisha shu qadar muayyan, aniq va amirona ohangda bo‘ladi. Bundan tashqari men, Uitnini kebga o‘tqazib jo‘natib yuborsam uning oldidagi burchimni ado etgan bo‘laman, mashhur do‘stimning kundalik faoliyatini tashkil etgan ajoyib sarguzashtlardan birida ishtirok etishimga hech qanday monelik qolmaydi, deb o‘yladim.

Sherlok Xolmsga uning tadqiqotlarida yordam berish men uchun eng oliy baxt edi. Shu sababli xotinimga bir enlikkina xat yozib, Uitnining qarzini to‘lab, uni kebga o‘tqazib jo‘natdim-da, yaqin joyda sabr bilan kuta boshladim. Keb birpasda zulmat qo‘ynida g‘oyib bo‘ldi. Bir necha minutdan so‘ng takyadan chol chiqib keldi, men ko‘cha bo‘ylab u bilan yonma-yon keta boshladim. Ikki kvartalcha joyga u madorsiz oyoqlarini surgab bosgancha munkillab bordi. Keyin shosha-pisha u yoq-bu yoqqa alanglagancha qaddini rostladi-da, qahqahlab kulib yubordi. Qarshimda Sherlok Xolms turardi.

— Hoynahoy siz, Uotson, — dedi u, — meni afyun chekishga ruju qilib qolgan, deb o‘ylagan bo‘lsangiz kerak.

— Rostini aytsam, men sizni bu kovakda ko‘rib darhaqiqat taajjublangan edim.

— Aslida bu kovakda sizni ko‘rgach men sizdan ko‘ra ham ko‘proq hayratlandim.

— Do‘stimni qidirib yurgan edim.

— Men bo‘lsam dushmanimni.

— Dushmanimni?

— Ha. Xullasi kalom, Uotson, hozir g‘oyatda qiziq bir ish bilan bandman, esi kirarli-chiqarli bo‘lib qolgan taryakkashlarning tuturiqsiz vaysashlaridan biror narsa bilib olishga umidvor edim… Ilgari bunga ba’zan muyassar bo‘lardim. Agar o‘sha kovakda tanib qolishsa, mening hayotim sariq chaqaga ham arzimas edi, chunki u yerda bir marta emas, bir necha marta bo‘lganman, buzuqxona egasi yaramas laskar mendan o‘ch olishga qasam ichgan. Avliyo Pavel kemasozlik korxonalarining muyushi yaqinidagi bu uyning orqasida shunday bir xufiya eshik borki, oydinsiz qorong‘i ko‘chalarda undan nimalarni olib chiqib tashlashlari haqida ko‘pgina alomat voqealarni aytib berishi mumkin edi.

— O‘lik olib chiqib tashlashadi deng?

— Ha, Uotson, o‘lik olib chiqib tashlashadi. Agar siz bilan biz bu buzuqxonada o‘ldirilgan har bir baxtsiz kishi uchun ming funtdan pul olsak bormi, allaqachon millioner bo‘lib ketardik. Bu dars sohilidagi eng mudhish tuzoq, bu tuzoqqa ilingan Nevill Sent-Kler endi uyiga qaytib kelmaydi, deb qo‘rqaman. Ammo biz ham tuzoq quramiz.

Sherlok Xolms ikki barmog‘ini og‘ziga tiqib qattq hushtak chaldi. Shu zahotiyoq uzoqdan shunga o‘xshagan hushtak eshitildi, shundan so‘ng esa biz g‘ildiraklarning gumburlashi bilan tuyoq tovushlarini eshitdik.

— Xo‘sh, Uotson, — dedi Xolms, qorong‘ilikdan ikki fonari yorqin shu’la sochib turgan bir otli aravacha chiqib kelarkan, — men bilan borasizmi?

— Agar sizga foydam tegsa…

— Sodiq o‘rtoqning hamisha foydasi tegadi. Mening «Kedr»dagi xonamda ikkita karavot bor.

— «Kedr» deysizmi?

— Ha. Mister Sent-Klerning uyini shunday deb ataydilar. Bu chigalni yechmagunimcha uning uyida yashayman.

— U qayerda?

— Li yaqinidagi Kent degan joyda. Yetti milya yo‘l yurishimiz kerak.

— Hech narsaga tushunmayapman.

— Mutlaqo tabiiy. Hozir hammasini tushuntirib beraman, o‘tiring… Mayli, Jon, sizga ruxsat. Mana sizga yarim kron. Meni ertaga soat o‘n birlarda kuting. Tizginni menga bering. Yaxshi qoling.

U otga qamchi urdi, biz qorong‘i, bo‘m-bo‘sh, poyonsiz ko‘chalardan aravani yeldirib ketdik va nihoyat qandaydir keng ko‘prikka yetib bordik, uning ostidan loyqa daryo asta-sekin oqar edi. Ko‘prikning naryog‘ida ham g‘ishtin uyli shunday ko‘chalar; bu ko‘chalarning sukunatini politsiyachilarning bir maromdagi vazmin qadamlari va bemahal daydib yurgan o‘yinqaroqlarning qo‘shiq hamda qichqiriqlarigina buzib turar edi.

Osmon bo‘ylab qora bulutlar asta-sekin suzar, ularning oralaridan goh u yerda, goh bu yerda xira yulduzlar miltillab ko‘rinar edi. Xolms boshini quyi solgancha chuqur o‘y surib, indamay otni haydab borar, men esa yonida o‘tirganimcha uning fikri nima bilan band ekanligini payqashga tirishib, o‘ylarini bo‘lishga jur’at qilolmay borar adim. Bir necha milya yo‘l bosib, shahar atrofi bog‘lari doirasidan o‘tayotganimizda u nihoyat hushiga kelib, tirpindi-da, trubkasini tutatdi.

— Siz juda yuragi keng odamsiz, Uotson, — dedi u. — Shu salohiyatingiz tufayli tengi yo‘q o‘rtoqsiz. Biroq menga hozir shunday odam kerakki, toki xunuk xayollardan qutulish uchun u bilan gaplashib ketishim kerak. Bu yoqimtoygina jajji ayol meni ostonada qarshi olganida unga nima deb javob berishimga garangman.

— Siz mening hech narsadan xabarim yo‘qligini unutib qo‘yasiz.

— Biz to Liga yetib borgunimizcha sizga bor gapni aytib berishga vaqtim yetadi. Ish jo‘nginadek ko‘rinadi-yu, holbuki men unga qanday qilib qo‘l urishni bilmay turibman. Kalavaning uchi ko‘p, ammo ulardan birontasini qat’iyat bilan ushlayolmayotibman. Men sizga hammasini gapirib beraman, Uotson, balki siz atrofimizni chulg‘ab turgan bu zulmatda yilt etgan ziyo shu’lasini uchratib qolarsiz.

— Gapiring bo‘lmasa.

— Bir necha yil muqaddam — aniqrog‘i, 1884 yilning mayida — Lida Nevill Sent-Kler degan jentlmen paydo bo‘ladi, chamasi u puldor kishi edi. U katta bir villani ijaraga olib, uning atrofida ajoyib bog‘ barpo qiladi-da, to‘ralarcha aysh surib yashay boshlaydi. Bora-bora u qo‘shnilari bilan tanishib, 1887 yilda o‘sha yerdagi pivo pishiruvchining qiziga uylanadi, hozir undan ikki bolasi bor. Uning aniq bir kasbi-kori yo‘q, ammo ko‘pgina savdo-sotiq ishlarida ishtirok etadi. Odatda har kuni ertalab shaharga tushib ketib, u yerdan 5:14 dagi poyezd bilan qaytib keladi. Mister Sent-Kler hozir o‘ttiz yetti yoshda. U kamtarona hayot kechiradi; bama’ni er, mehribon ota, hamsuhbat bo‘lgan odamlar uni maqtaydilar. Yana shuni ilova qilishim mumkinki, uning atigi sakson sakkiz funtu o‘n shilling qarzi bor, bankdagi joriy hisobida esa ikki yuz yigirma funt sterling puli bor. Binobarin, puldan qilingan deb taxmin qilishga hech qanday asos yo‘q.

O‘tgan dushanba kuni mister Nevill Sent-Kler shaharga odatdagidan ko‘ra barvaqtroq jo‘nab ketayotganida ikkita muhim ishi borligini, o‘g‘liga bir quticha-kubik olib kelishini aytgan. Tasodifan o‘sha dushanbada u jo‘nab ketishi bilan saldan keyin xotini telegramma olgan, telegrammada Eberd kemachilik shirkatida uning nomiga kichkina, ammo g‘oyatda qimmatbaho sovg‘a olingani aytilgan, xotin buni anchadan beri kutayotgan ekan. Agar siz Londonni yaxshi bilsangiz, sizga ma’lumki, bu kemachilik sherkatining idorasi Freeno-stritda joylashgan bir qanoti siz meni bugun kechqurun qidirib topgan Epper-Suondemlenga kelib taqalgan. Missis Sent-Kler nonushta qilgach, shaharga tushgan, ba’zi narsalar xarid qilgan, sherkat idorasiga kirib sovg‘asini olgan, soat to‘rtu o‘ttiz besh minutda Suondemlen bo‘ylab vokzalga yo‘l olgan. Shu yerigacha yaxshi tushunib kelayotgan bo‘lsangiz kerak, shunday emasmi?

— Albatta, buning hech tushunmaydigan joyi yo‘q.

— Agar yodingizda bo‘lsa, dushanbada kun juda isib ketgan edi, missis Sent-Kler asta-asta yurib borarkan, atrofiga alanglab keb qidirib keta boshlagan, chunki bu rayon unga sira yoqmabdi. Shu tariqa Suondemlen bo‘ylab ketayotib u qo‘qqisdan birovning qichqirganini eshitib qolgan, allaqanday bir uyning ikkinchi qavatidagi derazadan qarab turgan yeriga ko‘zi tushib, a’zoyi badani muzlab ketgan, nazarida eri uni imo-ishoralar bilan chaqirgandek bo‘lgan. Deraza ochiq ekan, u erining yuzini aniq ko‘rgan, erining yuzi g‘oyatda hayajonlangandek tuyulgan. Eri unga ikkala qo‘lini cho‘zib, go‘yo birov uni zo‘rlab derazadan tortib olib ketgandek birdaniga g‘oyib bo‘lib qolgan. Biroq xotinning o‘tkir ko‘zi eri uydan kiyib chiqib ketgan o‘sha qora syurtukda bo‘lsa-da, yoqasi bilan galstugi yo‘qligini payqagan. Erining boshiga biror falokat tushganini fahmlab, u zinapoyadan pastga yugurib tushgan (bu siz meni kechqurun topgan o‘sha buzuqxona joylashgan uy edi), oldingi xonadan o‘tib borib, yuqori qavatlarga olib chiqadigan zinapoyaga chiqmoqchi bo‘lgan. Ammo zinapoya oldida men sizga hozir aytib bergan yaramas laskarga to‘qnash kelib qolgan. Laskar yordamchisi ko‘magida uni ko‘chaga olib chiqib tashlagan. Uning daniyalik bir yordamchisi bor. Dahshatdan esxonasi chiqib ketgan xotin ko‘cha bo‘ylab yugurgan, baxtiga, Fresno-stritda inspektor boshchiligida aylanib yurgan politsiyachilarni uchratib qolgan.

Inspektor ikki konstebl bilan missis Sent-Klerning orqasidan ergashib kelgan, uy egasining qattiq qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, ular xotin derazasidan erini ko‘rgan xonaga kirib borishga muvaffaq bo‘lishgan. Ammo uni xonadan topisholmagan. O‘sha qavatda badbashara bir mayriqdan boshqa hech kimni uchratisholmabdi. U mayriq o‘sha yerda yashasa kerak. U ham, laskar ham bu yerda boshqa hech kim yashamaydi, deb qattiq turib olishibdi. Ular hamma narsani shu qadar qat’iy inkor qilishibdiki, inspektor, missis Sent-Kler yanglishmadimikan, deb gumon qila boshlagan ekan hamki, xotin qichqirib yuborib stolda turgan kichikroq taxta qutichaga tashlanibdi-da, jon holatda uning qopqog‘ini ochibdi. Qutichadan bolalar o‘ynaydigan kubiklar to‘kilibdi. Bu eri shahardan olib kelishni va’da qilgan o‘yinchoq ekan.

Bu topildiq topilishi bilan mayriqning birdan hijolat bo‘lishidan inspektor ishning jiddiyligiga qanoat hosil qilibdi. Xonalarni sinchiklab tintishibdi, tintuv natijasida qabih bir jinoyat ochilibdi.

Bu kvartiraning jihozi albatta g‘aribona. Oldingi xona mehmonxona xizmatini o‘taydi, uning yonida chog‘roqqina yotoqxonasi joylashgan, uning derazasi kemasozlik korxonalaridan birining orqa tomoniga qaragan. Kemasozlik korxonalari bilan yotoq derazasi o‘rtasida torgina kanal bo‘lib, u suv pasayganda qurib qoladi, suv ko‘tarilganda esa to‘rt yarim fut balandlikda suvga to‘ladi. Yotoqning derazasi serbar, pastdan ochiladi.

Ko‘zdan kechirish vaqtida deraza rafida qon izlari topilgan; shuningdek, yog‘och polda ham bir necha qon dog‘lari topilgach. Oldingi xonadagi parda orqasidan mister Nevill Sent-Klerning hamma kiyimlarini topib olishgan. Uning pidjagigina topilmagan. Botinkasi, paypog‘i, shlyapasi, soati — hammasi shu yerda ekan.

Kiyimida hech qanday zo‘rlik asoratini ko‘rishmagan. Ammo mister Nevill Sent-Klerning o‘zi izsiz g‘oyib bo‘lgan. U derazadangina g‘oyib bo‘lishi mumkin ekan, deraza rafidagi mash’um qonli dog‘lar uning suvdan suzib o‘tib jon saqlab qolganiga ishonish amri mahol ekanligini yaqqol ko‘rsatib turgan, qolaversa, fojia sodir bo‘lgan soatda suv sathi juda baland ko‘tarilgan. Endi diqqatimizni shubha ostiga olinayotgan yaramaslarga buramiz. Laskar o‘tmishi qorong‘i odam, ammo biz missis Sent-Klerni xikoyasidan bilamizki, uning eri derazada ko‘ringanidan bir necha lahzadan so‘ng laskar pastda bo‘lgan, binobarin, uni jinoyatning ishtirokchisigina deb hisoblash mumkin. U bu ishga dahli borligini mutlaqo inkor etmoqda. Aytishiga qaraganda, u uyida istiqomat qilib turadigan Xyu Bunning umuman nima bilan shug‘ullanishidan mutlaqo bexabarmish. G‘oyib bo‘lgan jentlmenning kiymi bu xonada paydo bo‘lishi unng uchun bir jumboq emish.

Uy egasi laskar to‘g‘risida ma’lum bo‘lgan hamma gap shu. Endi buzuqxona tepasidagi kkkinchi qavatda yashaydigan, Nevill Sent-Klerni oxirgi marta ko‘rgan kishi ekanligi muqarrar bo‘lgan tund bashara mayriqqa kelaylik. Uning oti Xyu Bun, Sitida o‘qtin-o‘qtin bo‘lib turadigan har bir kimsa ham uning qo‘rqinchli aftini yaxshi biladi. Uning kasbi tilanchilik, darvoqe, politsiya qonun-qoidalariga chap berish uchun gugurt sotayotgan kishi qiyofasiga kirib o‘tiradi.

Bir emas, bir necha bor payqagan bo‘lsangiz kerak, Tred-Nidl-stritning chap tomonida tokchaga o‘xshagan joy bor. Bu tokchada bir mayib chordana qurib, tizzalariga bir necha gugurt quti terib qo‘ygancha o‘tiradi; uni ko‘rganlarning rahmi keladi, oldidagi tosh ko‘chada yotgan kir charm kepkasiga xayr-ehson yomg‘ir bo‘lib yog‘iladi. Men uni juda ko‘p kuzatganman, ammo bir kunmas-bir kun u bilan jinoyatchi sifatida tanishishim mumkinligi xayolimga ham kelmagan, birpasda uning ancha-muncha pul ishlab olishiga hamisha taajjublanar edim. Uning qiyofasi shunday alomatki, oldidan hech kim unga bir qaramay o‘tib ketolmaydi.

Qizg‘ish-malla sochi, quyi uchi yuqorigi labini ikkiga ajratib turgan mudhish tirtiqli, yapasqi engagi va qora o‘tkir ko‘zlari — bularning hammasi uni jo‘ngina tilanchilar to‘dasidan ajratib turardi. Oldidan o‘tib ketayotib unga tegajaklik qilmoqchi bo‘lgan har kimsani o‘sha zahotiyoq achchiq-achchiq hazil gaplar bilan uzib oladi.

Shubhali takyaxonaning yuqori qavatida yashaydigan bu odam shunday… Biz qidirayotgan jentlmenni undan keyin hech kim ko‘rmagan.

— Ammo u mayriq-ku, axir! — dedim men. — Bir o‘zining shunday baquvvat, yag‘rindor yigitga qanday kuchi yetishi mumkin?

— Uning oyog‘igina mayib, yurganida bir oz oqsoqlanadi, umuman esa basalomat polvon. Siz, Uotson, albatta medik sifatida bilasizki, kishining bir muchasi zaif bo‘lsa, buning evaziga boshqa muchalari g‘oyatda baquvvat bo‘ladi.

— Marhamat, hikoyangizni davom ettiring.

— Derazadagi qonni ko‘rgach, missis Sent-Kler hushidan ketayozgan, uni politsiyachi hamrohligida unga jo‘natganlar, chunki bundan keyingi tekshirishda uning ishtirokiga ehtiyoj bo‘lmagan. Bu ishni olib borishni o‘z zimmasiga olgan inspektor Barton buzuqxonani boshdan-oyoq sinchiklab tintib chiqqan, ammo hech qanday yangi narsa topolmagan. Xato qilib qo‘yishgan: Bunni dastlabki daqiqadayoq qamoqqa olishmagan, bu bilan bir zum do‘sti laskar bilan bir-ikki og‘iz so‘zlashib olish imkonini berganlar. Biroq bu xato tez orada tuzatilgan: Bunni ushlab olib, yon-verini tintiganlar. Lekin tintuv unga qarshi hech qanday dalillar bermagan. To‘g‘ri, ko‘ylagining o‘ng yengida qon izlari topilgan, u politsiyachilarga jimjilog‘ini ko‘rsatgan, uning timoqqa yaqin joyi kesilgan ekan, deraza rafidagi qon ham shu yaradan tomgan bo‘lsa kerak, chunki barmog‘imdan qon oqayotganida deraza oldiga borgan edim, degan. U, mister Sent-Klerni hech qachon ko‘rgan emasman, deb tongan, o‘sha jentlmenning kiyimi bu xonada paydo bo‘lib qolganligi politsiya uchun qanday sir bo‘lsa, men uchun ham shunday sir, deb turib olgan. Unga missis Sent-Klerning erini uning xonasi derazasidan ko‘rganini aytganlarida, u, xotinga esi chiqib ketganidan yoki xayolida shunday ko‘ringan bo‘lsa kerak, degan. Bunni politsiya mahkamasiga olib borishgan. U baqirib-chaqirib qarshlik bildirgan. Inspektor kanal tagidan qanday bo‘lmasin yangi dalillar topish maqsadida suvning qaytishini kutib qolgan. Darhaqiqat, kanal tagidagi yopishqoq balchiqdan yuraklari po‘killab narsani emas, mutlaqo boshqa narsani topishgan. Suv qaytgach, ular, Nevill Sent-Klerni emas, Nevill Sent-Klerning pidjagini topishgan. Siz nima deb o‘ylaysiz, pidjagining cho‘ntagidan nimalar topishgan?

— Tasavvur qilolmayman.

— Men, siz aytib berasiz, deyolmayman ham. Hamma cho‘ntaklari penni, yarim penni pullar bilan to‘la emish — to‘rt yuz yigirmata bir pennilik, ikki yuz yetmishta yarim pennilik chaqa chiqibdi. Suv qaytayotganida pidjakni oqizib ketmaganiga taajjublanmasa ham bo‘ladi. Jasad bo‘lsa — boshqa gap edi. Uy bilan kemasozlik korxonalari o‘rtasida suv juda tez oqadi. Suv jasadni daryoga oqizib ketganiga ishonsa bo‘ladi, ayni bir vaqtda esa og‘ir pidjak suv tagida qolib ketgan.

— Ammo, yanglishmasam, qolgan hamma kiyimlarini xonadan topishibdi-ku. Nahotki marhumning ustida pidjagigina bo‘lgan bo‘lsa?

— Yo‘q, ser, buning sabablarini topish mumkin. Faraz qilaylik, Bun Nevill Sent-Klerni derazadan uloqtirgan, buni hech kim ko‘rmagan. Shundan keyin u nima qilishi mumkin edi? Tabiiyki, birinchi navbatda u o‘zini fosh qilib qo‘yishi mumkin bo‘lgan kiyimdan qutulishga urinadi. U pidjakni olib, derazadan uloqtirib yubormoqchi bo‘ladi-yu, ammo pidjak cho‘kmay suv yuzida qalqib suzib yurishi mumkinligini eslab qoladi. U juda shoshib qoladi, chunki zinapoyadagi to‘polonni, Sent-Kler xotinining, erimni ogoldiga kiraman, deb talab qilayotganini eshitadi, qolaversa, sherigi laskar uni politsiya kelib qolganidan ogohlantirgan bo‘lsa ham ajab emas. Bir daqiqa fursatni ham qo‘ldan berishi mumkin emas. U tilanchilikdan topganlari yashirib qo‘yilgan xilvat burchakka tashlanadi, pidjakning cho‘ntaklariga qo‘liga tushib qolgan chaqalarni joylaydi. Shundan so‘ng u pidjakni uloqtirib yuboradi, boshqa buyumlarni ham uloqtirib yubormoqchi bo‘ladi-yu, ammo znnapoyadan odim tovushlarini eshitgach, politsiya kirib kelmasidan derazani yopishga arang ulguradi.

— Bunga aql bovar qilmaydi.

— Boshqa farazimiz bo‘lmagani uchun buni xomaki gipoteza sifatida qabul qilamiz… Hali aytib o‘tganimdek, Bunni mahkamaga olib keladilar. Uning o‘tmishi asosan benuqson edi. Rost, ko‘p yillar mobaynida kasbi tilanchi odam sifatidagina ma’lum bo‘lsa-da, ammo tinch-osoyishta yashar, biron nojo‘ya ish qilgani ma’lum emas edi.

Ayni paytda bu ish mana shu ahvolda. Ko‘rib turibsizki, Nevill Sent-Klerning bu takyaxonada nima qilgani, u yerda unga nima bo‘lgani, hozir qayerdaligi, g‘oyib bo‘lishiga Xyu Bunning qanday aloqasi borligi xaqidagi masalalar hamon yechilmay turibdi. E’tirof etishim kerakki, o‘z faoliyatim davomida, birinchi qaraganda bu qadar oddiy ko‘rinib, aslida esa shunchalik mushkul bo‘lgan hodisani eslayolmayman.

Sherlok Xolms menga bu ajoyib voqealarni batafsil so‘zlab berarkan, biz kattakon shahar qasabasidan o‘tib ketdik, oxirgi uylar ortda qoldi, ikki tomonidan qishloq chetan devorlari cho‘zilib ketgan yo‘ldan borardik. Qishloqqa kirib borgan paytimizda uning hikoyasi ham tamom bo‘ldi. Unda-bunda derazalardan chiroqlar miltillab ko‘rinardi.

— Liga kirib boryapmiz, — dedi oshnam. — Bu qisqagina safarimiz davomida biz Angliyaning uchta grafligida bo‘ldik: Middlseksdan chiqib, Serrining bir chetini bosib o‘tib, Kentga kirib keldik. Daraxtlar orasidagi anavi shu’lalarni ko‘ryapsizmi? Bu «Kedr». U yerda chiroq oldida bir xotin o‘tiribdi, uning ding qulog‘i otimiz tuyog‘ining dupurini allaqachon eshitgan bo‘lsa ham ajab emas.

— Bu ishni olib borish uchup siz nima sababdan Beyker-stritda emas, bu yerda yashayapsiz? — deb so‘radim men.

— Shuning uchunki, ko‘p narsalarni shu yerda tekshirib aniqlashga to‘g‘ri keladi… Missis Sent-Kler iltifot bilan mening ixtiyorimga ikki xona ajratib berdi, amin bo‘lishingiz mumkinki, u mening qidirishlarimda yordam beradigan do‘stimga bajonidil mehmondo‘stlik izhor qiladi. O, u bilan uchrashish menga naqadar og‘ir, Uotson, hozircha unga eri haqida biron yangi xabar aytishdan ojizman! Keldik, dirr!

Biz atrofi bog‘ bilan o‘ralgan kattakon villa oldiga kelib to‘xtadik. Otni qarshimizdan yugurib chiqqan otboqarga topshirib, Xolms ikkovimiz shag‘al to‘kilgan torgina yo‘lkadan uyga qarab ketdik. Yaqinlashishimiz bilan eshik ochilib, ostonada pushti shifon bilan jimjimador qilib bezatilgan oq tusli shohi ko‘ylak kiygan malla sochli kichkinagiia juvon paydo bo‘ldi, u bir qo‘li bilan eshikni ushlab turardi, ikkinchi qo‘lini esa sabrsizlik bilan ko‘tardi; oldinga engashib, lablari ochilib bizga ko‘z uzmay tikilar, butun vajohat bilan, nima yangilik topib keldinglar, deyayotgandek edi.

— Xo‘sh? — deb baland ovoz bilan so‘radi u.

Ikki kishi ekanimizni ko‘rgach, quvonchdan qichqirib yubordi. Ammo o‘rtog‘im bosh chayqab kiftini qisgach, qichqirish faryodga aylandi.

— Biron yaxshi gap topib keldingizmi?

— Yo‘q.

— Xunukroq gap-chi?

— Yo‘q.

— Bunisiga ham shukur. Kirsanglar-chi. Kuni bo‘yi mashaqqat chekkansiz, charchagan bo‘lsangiz kerak.

— Bu mening do‘stim, doktor Uotson. Ko‘pgina tekshirishlarimda ko‘p foydasi tekkan, omadim yor bo‘lib, uni bu yerga olib kelishga muvaffaq bo‘ldim, qidirish ishlarimizda uning yordamidan foydalanmoqchiman.

— Xush kelibsiz, — dedi juvon samimiyat bilan qo‘limni siqarkan. — Uyimiz sizga fayzsiz ko‘rinmasa deb qo‘rqaman. Oilamiz boshiga qanday nogahoniy kulfat tushganini bilasiz-ku…

— Xonim, — dedim men, men yo‘l azobiga ko‘nikib ketgan iste’fodagi soldatman, xullaskalom, bordi-yu soldat bo‘lmagan taqdirimda ham, mendan uzr so‘rab o‘tirishingizning hech hojati yo‘q. Sizga yoki do‘stimga biror foydam tegsa o‘zimni baxtli deb hisoblardim.

— Mister Sherlok Xolms, — dedi u. Yaxna ovqat tayyorlab qo‘yilgan yop-yorug‘ yemakxonaga olib kirarkan, — men sizga ochiqchasiga bir necha savol bermoqchiman, iltimos qilamanki, siz ham ularga to‘g‘ri, ochiqcha javob bersangiz.

— Marhamat, xonim.

— Mening hislarimdan andisha qilib o‘tirmang. Dod ham solmayman, hushimdan ham ketib qolmayman. Faqat sizning haqiqiy, chinakam fikringizni bilmoqchiman.

— Nima haqida?

— Nevillning tirik ekanligiga ko‘nglingiz ishonadimi?

Sherlok Xolms, aftidan, bu savoldan xijil bo‘ldi.

— Ochig‘ini aytavering, takrorladi juvon, gilamda turganicha Xolmsning yuziga tikilarkan.

— Ochig‘ini aytsam, xonim, ishonmayman.

— Siz uni o‘lgan deb o‘ylaysizmi?

— Ha, shunday deb o‘ylayman.

— O‘ldirilganmi?

— Men bunday demoqchimasman.

— U qaysi kuni o‘lgan?

— Dushanba kuni.

— U taqdirda, mister Xolms, menga tushuntirib bersangiz, erimdan bugun mana bu xatni qanday qilib olishim mumkin edi?

Sherlok Xolms xuddi elektr toki urgandek kreslodan sapchib turdi.

— Nima-nima? — deb qichqirib yubordi u.

— Ha, shu bugun.

Juvon qo‘lida bir varaq qog‘oz ushlagancha jilmayib turardi.

— O‘qib ko‘rsam bo‘ladimi?

— Marhamat.

U xatni juvonning qo‘lidan yulqib olib, stolga yozdi-da, tekislab, diqqat bilan ko‘zdan kechira boshladi. Men kreslodan turib borib, uning yelkasi osha qarab turdim. Mahkamalarga xos oddiygina konvert, konvertga Grevzend pochtasining shtempeli; shtempelda — bugungi, yoki, to‘g‘riroqg‘i kechagi kun ko‘rsatilgan, chunki vaqt yarim kechadan og‘gan edi.

— Qo‘pol dastxat, — deya ming‘illab qo‘ydi Xolms. Aminmanki, bu dastxat eringizniki emas, xonim.

— Ha, konvertdagi begona dastxat, ammo ichidagisi erimning dastxati.

— Konvert ustidagilarni yozgan odam sizning adresingizni surishtirishga majbur bo‘lgan.

— Buni qayoqdan bilasiz?

— Ko‘rib turibsizki, konvertdagi nom rangining to‘qligi bilan ajralib turibdi, chunki uning siyohi o‘zi qurigan. Adresning rangi esa ochroq, chunki unga bosma qog‘oz bosilgan. Bordi-yu, konvert ustidagi yozuv birdan yozilib uning hammasiga bosma qog‘oz bosilsa, u taqdirda hamma so‘zlar ham och tusda bo‘lardi. Bu odam konvertga avval sizning nomingizni yozgan, bir qancha vaqt o‘tgandan keyin esa tagiga adresingizni yozib qo‘ygan, bundan shu xulosaga kelish mumkinki, adres avval unga ma’lum bo‘lgan emas. Albatta, bu arzimaydigan narsa, ammo mening kasbimda arzimaydigan narsalardan ko‘ra muhimroq narsa bo‘lmaydi. Xatni bir ko‘rib beray-chi… Ha! Ichiga bir narsa solingan ekan.

— Ha, uzuk bor ekan. Uning muhrli uzugi.

— Bu eringizning dastxati ekanligiga aminmisiz?

— Uning dastxatlaridan biri.

— Dastxatlaridan biri?

— Shoshilib yozadigan vaqtidagi dastxati. Odatda u butunlay boshqacha yozadi, ammo uning bu dastxati ham menga yaxshi tanish.

— «Azizim, tashvishlanma. Hammasi yaxshilik bilan tugaydi. Bir xato yuz berdi, buni tuzatish uchun bir oz vaqt kerak bo‘ladi. Sabr bilan kut. Nevill»… Kitobdan yirtib olingan bir varaq qog‘ozga qalam bilan yozilgan, qog‘ozda hech qanday shartli belgilar ham yo‘q. Hm!.. Bugun Grevzenddan boshmaldog‘iga bir narsa tekkan odam jo‘natgan. Hm!.. Agar yanglishmasam, konvertni yelimlagan odam tamaki shimadi… Siz bu eringizning dastxati ekanligiga aminmisiz, xonim?

— Aminman. Bu xatni Nevill yozgan.

— Xat shu bugun Grevzenddan jo‘natilgan. Nima ham dedik, missis Sent-Kler, bulutlar tarqalmoqda, zotan, men xavf-xatar bartaraf bo‘ldi deb aytolmayman.

— Har qalay, u tirik ekan, mister Xolms!

— Bu bizni chalg‘itib noto‘g‘ri izga solib yuborish uchun ishlatilgan makkorona qalloblik bo‘lmasa bo‘lgani. Uzukka ishonish amri mahol. Uzukni undan tortib olgan bo‘lishlari mumkin.

— Ammo bu uning o‘z, o‘z dastxati-ku!

— Durust. Bordi-yu, xat dushanba kuni yozilib, bugungina jo‘natilgan bo‘lsa-chi?

— Shunday bo‘lishi ham ehtimol.

— Bu muddat ichida ko‘p narsalar sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

— O, meni quvonchimdan mahrum qilmang, mister Xolms! Bilaman, unga hech narsa bo‘lgan emas. Biz u bilan shu qadar yaqinmizki, agar uning boshiga chindan ham kulfat tushsa, men albatta sezgan bo‘lardim. G‘oyib bo‘lishidan bir kun oldin u bexosdan barmog‘ini kesib oldi. Shu payt men yemakxonada, u yotoqxonada edi, unga bir narsa bo‘lganini darrov sezib oldiga yugurib chiqdim. Menga shunday arzimagan bir narsa ham ta’sir qilsa-yu, nahotki meni, uning o‘lganini bilmay qolgan, deb o‘ylasangiz!

— Men ko‘pni ko‘rgan tajribali odamman, ba’zan ayollarning bevosita ziyrak tuyg‘ulari har qanday mantiqiy xulosalardan qimmatliroq bo‘lishini bilaman. Bu xat ham, albatta, sizning haq ekanligingizni tasdiqlovchi muhim shohid bo‘lib turibdi. Biroq agar mister Sent-Kler hayot ekan, agar u sizga xat yozishga qodir ekan, nima sababdan hozir yoningizda emas.

— Bilmadim. Bunga aqlim ham bovar qilmayapti.

— Dushanba kuni jo‘nab ketayotib, sizni hech narsa deb ogohlantirganmidi?

— Yo‘q.

— Siz uni Suondem-lenda ko‘rganingizda juda taajjublandingizmi?

— Juda.

— Deraza ochiqmidi?

— Ha.

— Sizni derazadan turib chaqirishi mumkinmidi?

— Ha.

— Holbuki, payqashimcha, u allanarsa deb qichqirib yuboribdi-ku, shundaymi?

— Ha.

— Siz, u meni yordamga chaqiryapti, deb o‘yladingizmi?

— Ha, u menga qo‘llarini siltadi.

— Balki u kutilmagan narsani ko‘rganidan qichqirib yuborgandir. Sizni ko‘rib qolganidan taajjublanib chapak chalib yuborgandir.

— Ehtimol.

— Nazaringizda uni derazadan tortqilab olib kelishganday bo‘ldimi?

— U birdaniga g‘oyib bo‘lib qoldi…

— U o‘zini orqaga tashlagan bo‘lishi mumkin. Siz xonada undan boshqa hech kirrmi ko‘rmadingizmi?

— Hech kimni. Ammo o‘sha badbashara tilanchi Nevillning o‘sha yerda bo‘lganiga iqror bo‘ldi-ku. Laskar bo‘lsa pastda, zinapoyaning oldida turardi.

— Juda to‘g‘ri. Ko‘rgan bo‘lsangiz, eringiz odatdagiday kiyinganmidi?

— Yoqasi ham, galstugi ham yo‘q edi. Bo‘ynida hech narsa yo‘qligini aniq ko‘rdim.

— U siz bilan Suondem-len haqida hech gaplashganmidi?

— Hech qachon…

— Siz uning afyun chekishini ko‘rsatadigan biron belgini ko‘rganmidingiz sira?

— Hech qachon.

— Minatdorman, missis Sent-Kler. Bu men to‘la-to‘kis bilmoqchi bo‘lgan asosiy nuqtalar. Endi biz ovqatlanib, kirib dam olamiz. Negaki, ertaga ko‘p yelib yugursak ajab emas.

Bizning ixtiyorimizga ikkita karavot qo‘yilgan, keng, qulay xona berilgan edi, men darrov yota qoldim, chunki tungi ovoragarchiliklar charchatib qo‘ygan edi. Ammo Sherlok Xolms bironta yechilmagan masala bo‘lsa uni o‘ylab, faktlarni taqqoslab, ularni turli nuqtalardan ko‘zdan kechirib to hal qilmaguncha yoki o‘zi yanglish yo‘lda turganiga qanoat hosil qilmaguncha bir necha kecha-kunduzlab, hatto haftalab uxlayolmas edi. Men tez orada uning tuni bo‘yi uxlamay o‘tirib chiqmoqchi ekanini payqadim. U pidjagi bilan nimchasini yechdi-da, keng-kovul ko‘k xalatini kiyib, karavot, kushetka va kreslolardagi yostiqlarni bir yerga uya boshladi. Bu yostiqlardan u o‘ziga sharqcha divanga o‘xshagan bir narsa yasadi-da, uning ustiga chiqib, chordana qurib o‘tirdi, oldiga bir quti tamaki bilan gugurt qo‘yib oldi. Chiroqning xira yorug‘ida og‘zidagi eski trubkasidan pag‘a-pag‘a moviy tutun taratib shiftga faromushgina ko‘z tikkancha sassiz, harakatsiz o‘tirganini ko‘rdim, shula uning burgut taqlid qiyofasini yoritib turardi.

Men uyquga ketayotganimda qanday o‘tirgan bo‘lsa, xonaga ertalabki quyosh nuri tushgan paytda unnng tuyqusdan qichqirib yuborishidan uyg‘onib ko‘zimni ocharkanman, u hamon o‘shanday o‘tirardi. Trubkasi hamon og‘zida, tutun hamon buruqsab ko‘tarilib turar, xona tamaki dudiga to‘lgan, kechqurun ko‘rganim bir quti tamakidan esa hech narsa qolmagan.

— Uyg‘ondingizmi, Uotson? — deb so‘radi u.

— Ha.

— Aylanib kelishni xohlaysizmi?

— Jonim bilan.

— Bo‘lmasa kiyining. Hali uydagilarning hammasi uyquda. Ammo otboqarning qayerda yotishini bilaman, hozir bizga kolyaskani qo‘shib beradi.

Shunday derkan kulib qo‘ydi; ko‘zlari charaqlar, u men kecha ko‘rgan tund kishiga sira ham o‘xshamas edi.

Kiyinayotib, soatga qaradim. Hali uydagilarning hammasi uxlab yotganiga taajjublanmasa ham bo‘ladi: to‘rtdan yigirma besh minut o‘tgan edi. Kiyinib bo‘lishim bilan Xolms kirib, otboqar otni qo‘shganini aytdi.

— Men o‘zimning bir nazariyamni tekshirib ko‘rmoqchiman, — dedi u botinkasini kiyayotib. — Siz, Uotson, qarshingizda Yevropada yashab turgan eng buyuk tentaklardan birini ko‘rib turibsiz! Men ko‘rsichqondek gumroh ekanman. Meni shunaqa bir tepish kerak ekanki, bu yerdan Chering-krossga borib tushishim kerak ekan! Ammo endi bu jumbog‘ning kalitini topdim shekilli.

— Qani o‘sha kalitingiz? — deb so‘radim jilmayib.

— Vannaxonada, — deb javob berdi Xolms. — Yo‘q, Hazillashayotganim yo‘q, — deya davom etdirdi u gapini, mening ishonqiramay qarab turganimni payqab. — Allaqachon vannaxonaga kirib, uni olib mana bu chamadonchaga yashirib qo‘ydim. Borib ko‘raylikchi, do‘stim, bu kalit qulfga to‘g‘ri kelarmikin.

Biz mumkin qadar ohista qadam bosishga harakat qilib, zinapoyadan pastga tushdik. Tashqarida ertalabki quyosh yorqin nur sochmoqda edi. Darvoza oldida bizni kolyaska kutmoqda, otbaqar esa qo‘shilgan otning jilovidan tutib turar edi. Biz ekipajga chiqib, London yo‘li bo‘ylab g‘izillagancha ketdik. Ahyon-ahyonda poytaxtga sabzavot olib borayotgan aravalardan o‘tib ketardik, ammo atrofdagi bog‘lar jimjit — hamma yoq sehrlangan shahardagidek uyquda.

— Ba’zi jihatlardan olib qaraganda bu mutlaqo boshqacha ish, — dedi Xolms, otni choptirarkan. — Iqror bo‘lay, men ko‘rsichqondek gumroh ekanman, aqlning hech kirmaganidan kech kirgani ham durust.

Biz shaharga Serri tomondan kirib bordik. Derazalarda hozirgina uyg‘ongan odamlarning uyquli yuzlari ko‘rina boshladi. Biz Vaterloo ko‘prigi orqali daryodan o‘tib, o‘ngdagi Vellington-stritga burilib, Bau-stritga borib yetdik. Sherlok Xolmsni politsiya boshqarmasida yaxshi tanir edilar, biz yaqinlasharkanmiz, ikki konstebl uni qo‘llarini chakkalariga olib borib qutlashdi. Ulardan biri otning jilovini ushladi, ikkinchisi esa bizni ichkariga boshlab kirdi.

— Navbatchi kim? — deb so‘radi Xolms.

— Inspektor Bredstrit, ser.

Toshtaxta yotqizilgan yo‘lakdan qarshimizga to‘la-to‘kis forma kiygan, to‘ladan kelgan novcha politsiyachi chiqib keldi.

— Ha, Bredstrit! Ahvollaringiz qalay? Men siz bilan gaplashmoqchi edim, Bredstrit.

— Marhamat, mister Xolms. Mening xonamga kira qoling.

Xona idoraga o‘xshardi: stolda yozuvlar olib boriladigan kattakon daftar, devorda telefon. Inspektor stolga o‘tirdi:

— Xizmat, mister Xolms?

— Sizdan mister Nevill Sent-Klerning g‘oyib bo‘lishi haqidagi ishga aloqasi bor tilanchi to‘g‘risida so‘ramoqchi edim.

— Uni qamoqqa olib, so‘roq qilish uchun bu yerga olib keldik.

— Bilaman. U shu yerdami?

— Kamerada.

— To‘polon qilayotgani yo‘qmi?

— Yo‘q, o‘zini osoyishta tutyapti. Ammo bu yaramas shu qadar kir-yag‘irki!

— Kir-yag‘ir?

— Ha. Qo‘lini yuvishga arang ko‘ndirdik, yuzi bo‘lsa misgarning yuzidek qopqora. Tergov tugasin-chi, turma vannasiga bir karra tushishi bor! Agar siz uni bir ko‘rsangiz, mening fikrimga qo‘shilardingiz.

— Men uni kurishni juda istardim.

— Rostdanmi? Bu qiyin ish emas. Orqamdan yuring. Chamadonchangizni shu yerda qoldirishingiz mumkin.

— Yo‘q, uni o‘zim bilan olaketaman.

— Durust. Bu yoqqa marhamat qiling.

U yopiq turgan eshikni ochib, aylanma zinapoyadan bizni pastdagi devorlari oqlangan yo‘lakka olib tushdi. O‘ng va chap tomonlarda qator-qator ketgan eshiklar.

— Uning kamerasi — o‘ngdan uchinchisi, — dedi inspektor. — Mana shu yerda.

U eshikning yuqori qismidagi taxtachani ohista surib, tuynukdan qaradi.

— Uxlab yotibdi, — dedi u. — Uni yaxshilab ko‘rib olishingiz mumkin.

Biz panjaradan mo‘raladik. Mahbus asta-sekin va og‘ir nafas olgancha qattiq uxlardi. Uning yuzi bizga ko‘rinib turardi. Bu o‘rta bo‘y bir erkak bo‘lib, hamma gadoylarga o‘xshab rasvo kiyingan: juldur pidjagining yirtiqlaridan rangdor ko‘ylagining uvadalari chiqib turardi. U darhaqiqat, g‘oyat kir-yag‘ir, hattoki yuzini qoplab turgan qalin kir qatlami ham uning badbashara qiyofasini yashirolmasdi. Ko‘zi yaqinidan engagigacha serbar chandiq tushib kelgan, ustki labidagi qiytiq tirtiqdan uchta tishi irjayib ko‘rpnib turibdi. Bir tutam sapsariq sochi peshanasi bilan ko‘zlariga tushib turardi.

— Juda chiroyli-ya, nima dedingiz? — dedi inspektor.

— U yuvinishi kerak, — deb qo‘ydi Xolms — Men buni ilgariroq payqagan edim, shu sababdan kerakli asboblarni ola kelganman.

U chamadonchani ochdi-da, bizni hayratda qoldirdi, undan kattagina bir ishqalagich oldi.

— He-he, hazilkash ekansiz-ku! — deb kulib yubordi inspektor.

— Mumkin bo‘lsa, bizga eshikni ohista ochib bersangiz, biz uni birpasda ajabtovurgina odam bashara qilib qo‘yamiz.

— Xo‘p bo‘ladi, — dedi inspektor. — Bo‘lmasa u chindan ham bizning turmamizga isnod keltiryapti.

Inspektor eshikni ochdi. Uchalovimiz kameraga sharpa chiqarmay kirdik. Mahbus qimirlab qo‘ydi-yu, lekin darhol yana ham qattiqroq uxlab qoldi. Xolms qumg‘onning oldiga borib, ishqalagichini ho‘lladi-da, mahbusning yuziga ikki marta kuch bilan ishqaladi.

— Sizlarni Kent grafligidagi Li qishlog‘ida yashaydpgan mister Nevill Sent-Klerga tanishtirishga ruxsat etgaysizlar! — deb xitob qildi Xolms.

Men bunaqa hodisani umrim bino bo‘lib ko‘rmagan edim. Mahbusning yuzi daraxtning po‘stlog‘i ko‘chib tushgandek shilinib tushdi. Oftobda kuyish natijasida paydo bo‘lgan qo‘ng‘irlik yo‘qoldi. Yuzini hiyalab kesib o‘tgan mudhish chandiq ham, labining tirtig‘i ham g‘oyib bo‘ldi. Tishlarining xunuk irjayib turishi ham barham edi. Xolmsning bir qo‘l harakati bilangina malla pahmoq sochlari ham yo‘qoldi, qarshimizda sochlari qop-qora, terisi nozik, rangsiz, g‘amgin, latif bir kishi paydo bo‘ldi-qoldi, hali uyqusi to‘la yozilmagan bu odam ko‘zlarini ishqab bizga taajjub bilan tikilgancha to‘shakda o‘tirardi. Qo‘qqisdan u nimalar sodir bo‘layotganini anglab qoldi-yu, dodlaganicha boshini yostiq ostiga tiqdi.

— Yo rabbiy, — deb qichqirib yubordi inspektor, — yo‘qolgan odamning o‘zginasiku! Men uni bilaman, suratini ko‘rganman!

Mahbus taqdirga tan berishga majbur bo‘lgan odamdek umidsiz bir qiyofada bizga o‘girildi.

— Bo‘lar ish bo‘ldi! — dedi u. — Sizlar meni bu yerda nega ushlab turibsizlar?

— Mister Nevill Sent-Klerni o‘ldirganingiz uchun… Tuf-e! Endi sizni odam o‘ldirishda ayblash mumkin emas. Sizni o‘zingiz o‘zingizga suiqasd qilmoqchi bo‘lganingizda ayblashlari mumkin, dedi inspektor kulimsirab. Yigirma yetti yildan beri politsiyada xizmat qilaman, ammo bunaqa hodisani sira ham ko‘rgan emasman.

— Modomiki, men mister Nevill Sent-Kler ekanman, demak jinoyat sodir bo‘lmagan, binobarin, men qonunga xilof ravishda qamoqqa olinganman.

— Jinoyat qilinmagan-u, ammo katta xatoga yo‘l qo‘yilgan, — dedi Xolms. — Siz xotiningizga siringizni aytmay chakki qilgansiz.

— Gap xotinimda emas, bolalarimda, — dedi qizishib mahbus — Men ularning otalaridan or qilishlarini istamagan edim. E rabbiy, qanday sharmandalik! Endi nima qilaman?

Sherlok Xolms uning yoniga, karavotga o‘tirib, muloyimlik bilan kiftiga qoqib qo‘ydi.

— Agar siz bu ishingizning sudda ko‘rilishiga yo‘l qo‘ysangiz, el og‘ziga tushib ketishdan qocholmaysiz, albatta, — dedi u. — Bordi-yu, agar siz politsiyani hech qanday gunohingiz yo‘qligiga ishontirolsangiz, unda gazetalar hamma narsadan bexabar qoladilar. Inspektor Bredstrit sizning bergan shohidliklaringizni yozib olib, uni tegishli ma’murlarga topshirishi mumkin, u taqdirda ish sudgacha borib etmaydi.

— O, sizdan g‘oyatda minnatdorman! — deya qichqirib yubordi mahbus. — Badbaxt sirim ochilib bolalarimni isnodga qo‘ymaslik uchun men qamoqqa ham, xatto o‘lim jazosiga ham jon-jon deb rozi bo‘lardim! Mening sarguzashtimni birinchi eshitayogan sizlar…

Otam Chesterfildda muallim edi, u yerda to‘la-to‘kis bilim oldim. Yoshligimda ko‘p sayohat qildim, sahnada o‘ynadim, nihoyat, Londondagi kechki gazetalardan birining muxbiri bo‘lib qoldim. Bir kuni redaktorimga poytaxtdagi tilanchilik haqida bir sidra ocherklar zarur bo‘lib qoldi. Ularni men yozadigan bo‘ldim. Mening hamma sarguzashtlarim xuddi shundan boshlandi.

Ocherklarim uchun zarur bo‘ladigan faktlarni topish maqsadida tilanchilarga o‘xshab kiyinib gadoychilik qila boshladim. Artistlik vaqtimdayoq grim qila bilish mahoratim bilan mashhur edim. Endi shu mahoratim ish berib qoldi. Men aft-basharamni bo‘yadim, odamlarning ko‘proq rahmlarini keltirish uchun yuzimga chandiq chizdim, teri tusidagi malham yopishtirib labimni tirtiq qilib bir oz do‘rttaytirib qo‘ydim. Keyin ustimga juldur kiyim, boshimga yasama soch kiyib Sitining eng gavjum joyiga o‘ltirib oldim-da, gugurt sotish bahonasida xayr so‘ray boshladim. O‘rnimdan qo‘zg‘almay yetti soat o‘tirdim, kechqurun uyga qaytib kelgach, yigirma olti shillingu to‘rt pens topganimni ko‘rib g‘oyatda hayratlandim.

Men ocherklarimni yozdim, bu voqea esimdan ham chiqib ketdi. Ammo bir oz vaqt o‘tgandan keyin menga veksel ko‘rsatishdi. Unga binoan men oshnam uchun yigirma besh funt pul to‘lashga kafil bo‘lgan edim. Bu pulni qayoqdan olishga aqlim ham yetmay turgan edi, birdan miyamga ajoyib bir fikr kelib qoldi. Olg‘udordan ikki saftacha kutib turishini iltimos qilib, ishxonamda otpusk oldimda, uni Sitida xayr so‘rab o‘tkazdim. O‘n kun mobaynida zarur mablag‘ni to‘plab, qarzni to‘ladim. Endi o‘zlaringiz o‘ylab ko‘ringlar, aft-basharangga bo‘yoq chaplab, oldingga kepkangni tashlab boshqa hech ish qilmay har kuni ikki funtdan pul topishing mumkinligini bilganingdan keyin shu ikki funt badaliga bir hafta ishlashing osonmi?

G‘ururim bilan boylik orttirishga bo‘lgan hirsim orasidagi kurash uzoq davom etdi, ammo pulga o‘chligim nihoyat yengib chiqdi. Gazetadagi ishimni tashlab, kun sayin vaqtimni allaqachon ko‘z ostiga olib qo‘ygan muyushda o‘tkazadigan bo‘ldim, o‘zimning badbashara qiyofam bilan odamlarning rahmini keltirib, cho‘ntaklarimni esa chaqa bilan to‘ldirib, kun sayin vaqtimni o‘zim allaqachon sinashta bo‘lib qolgan joyda o‘tkaza boshladim.

Sirimdan birgina kishi — Suondemlendagi men borib joylashgan razil buzuqxonaning egasigina voqif edi. Har kuni ertalab men u yerdan ayanchli tilanchi qiyofasida chiqar, har kuni kechqurun u yerda bashang kiyingan janobga aylanardim. Laskarga bergan xonalari uchun saxiylik bilan haq to‘lardim, chunki, uning sirimni hech qanday sharoitda ham hech kimga aytmasligiga amin edim.

Tez orada men yirik mablag‘ jamg‘ara boshladim. Londonda yiliga yetti yuz funtdan pul topadigan bironta ham tilanchi bo‘lmasa kerak, men bo‘lsam undan ham ko‘p topardim. Men o‘tkinchilarning tasodifiy tanbehlariga hazilomuz javob qaytarish mahoratini egallab, tez orada butun Sitida dong chiqardim. Tanga aralash penslar yomg‘iri surunkasiga yog‘ilib turardi. Ikki funtdan kam pul topgan kunlarimni muvaffaqqiyatsiz kunlar deb hisoblardim. Boyiganim sari turmushim ham ma’mur bo‘lib borardi. Shahar tashqarisidan ijaraga uy oldim, uylandim, ammo mening aslida nima ish bilan shug‘ullanayotganimni hech kim bilmasdi. Sevikli xotinim meni Sitida uncha-muncha ishlari bor, deb bilardi. Ammo bu ishlarning qanday ishligidan uning zarracha ham xabari yo‘q edi.

O‘tgan dushanba kuni ishimni tamomlab xonamda kiyinayotib derazadan mo‘ralarkanman, birdan qo‘rqib ketdim. Xotinim ko‘chaning o‘rtasida menga tik qarab turibdi. Hayratdan qichqirib yubordim, yuzimni yashirish uchun qo‘llarimni ko‘tardim, sherigim laskarning oldiga yugurib borib, oldimga hech kimni kirgizmasligini yolvorib iltimos qildim. Pastdan xotinimning ovozi kelayotganini eshitdim, ammo uning bu yoqqa chiqib kelolmasligini bilardim. Darhol yechinib tilanchilikda kiyadigan juldur kiyimlarimni ustimga ilib, yasama sochni kiydim-u, basharamga bo‘yoq chapladim. Bu qiyofada meni hatto xotinim ham taniyolmasdi. Shundan keyin miyamga, xonamni tintib qolishsa unda kiyimlarim meni fosh qilib qo‘yishi mumkin, degan fikr keldi. Men derazani ochdim, shoshilish ustida tilingan barmog‘imni urib oldim barmog‘imni ertalab yotoqxonada kesib olgan edim), uning kesilgan joyidan yana chakillab qon toma boshladi. Keyin men hozirgina gadoy xaltamdan olib cho‘ntaklariga chaqalarni to‘latgan pidjagimni oldim-da, uni derazadan uloqtirdim, u Temzada g‘oyib bo‘ldi. Qolgan kiyimlarimni ham o‘sha yoqqa uloqtirmoqchi bo‘lib turgan edim, bu orada oldimga politsiyachilar bostirib kirishdi, bir necha dakiqadan so‘ng mister Nevill Sent-Kler sifatida fosh qilinish o‘rniga uning qotili sifatida qamoqqa olindim.

Boshqa aytadigan so‘zim yo‘q. Yuzimdagi grimni saqlash uchun yuvinishdan bosh tortdim. Xotinimning mendan g‘oyatda tashvishlanishini bilganim uchun politsiyachidan yashiriqcha barmog‘imdagi uzukni olib, naridan beri yozilgan maktubcha bilan uni laskarga berdim, maktubda xotinimga menga hech qanday xavf-xatar tahdid qilmayotganini aytdim.

— U o‘sha maktubingizni kuni kecha oldi, — dedi Xolms.

— Yo rabbiy! Bir hafta azob chekibdi-da Laskarni politsiya kuzatmoqda edi, dedi inspektor Bredstrit, — aftidan, shuning uchun maktubni sezdirmay jo‘natolmagan. Chamasi, uni buzuqxonasining doimiy mijozlaridan bo‘lgan biron matrosga bergan-u, unisi bo‘lsa, maktubni qutiga tashlash bir necha kun mobaynida yodidan ko‘tarilib yurgan.

— Aslida ham xuddi shunday bo‘lgan, tasdiqladi Xolms. — Ammo nahotki sizni hech qachon tilanchilik qilganingiz uchun sudga tortishmagan bo‘lsa?

— Ko‘p marta tortishgan. Ammo men uchun arzimagan shtraf nima degan narsa!

— Biroq, endi bu hunarni tashlashga to‘g‘ri keladi, — dedi Bredstrit. — Agar politsiya bu ishni bosdi-bosdi qilib yuborishini istasangiz, unda Xyu Bun g‘oyib bo‘lishi kerak.

— Men bu borada o‘z oldimda odam bolasi qodir bo‘lgan eng tantanali qasam bilan ont ichdim.

— U taqdirda hammasi unut bo‘ladi, — dedi Bred-strit. — Ammo, bordi-yu, sizni payqab qolishsa, biz unda hech narsani yashirib o‘tirmaymiz… Bu ishni ochganingiz uchun sizdan g‘oyat minnatdormiz, mister Xolms. Men sizning bunday natijalarga qanday qilib erishishingizni bilishni istardim.

— Bu gal, — deb javob berdi do‘stim, — beshta yostiq ustida o‘tirib, yarim qadoq tamakini chekib tamomlashga to‘g‘ri keldi… Nazarimda, Uotson, agar biz hozir Beyker-stritga jo‘nasak, xuddi nonushtaga yetib boramiz.

Vahob Ro‘zimatov tarjimasi

[1] Tomas de Kuinsi (1785-1859) — ingliz yozuvchisi, «Afyun iste’mol qilgan bir inglizning tavbasi» degan mashhur kitobning avtori.