Arkadiy Averchenko. Robinzonlar (hikoya)

Kema dengiz qa’riga g‘arq bo‘lganida shu ikkalasigina omon qolishdi: birinchisi Pavel Narimskiy – olim, ikkinchisi Prov Ivanovich Akatsiyev – sobiq josus…
Ikkalasi ham yalang‘och holda cho‘kayotgan kemadan dengizga sakrashdi va chaqqonlik bilan olisdagi orol sari suza boshlashdi.
Sohilga birinchi bo‘lib Prov yetib bordi va qirg‘oqqa cho‘zilib bo‘lajak sherigi Narimskiyni kuta boshladi. Charchagan sherigi sohilga chiqib endi nafas rostlayman deganida baland ohangda:
– Marhamat qilib pasportingizni taqdim etsangiz! – deya so‘radi Prov.
Yarim-yalang‘och Narimskiy qo‘llarini ikki yonga ochib:
– Pasportim yo‘q. Cho‘kib ketdi, – deya g‘amgin javob qaytardi.
Akatsiyevning qosh-qovog‘i chimirildi.
– Xo‘sh, unda majburman, bu yoqqa keling, – dedi.
Narimskiy:
– Aha… Qayerga? – dedi jilmayib.
Prov sochini orqaga taradi, so‘ngra nima qilishni bilmasdan, sas-sado chiqarmay, yalang‘och va tushkun alfozda orol changalzoriga kirib ko‘zdan yo‘qoldi…
Narimskiy asta-sekin kimsasiz orolga moslasha boshladi. Avvaliga qirg‘oqqa to‘lqinlar uloqtirgan kema parchalari, orolning qurigan yog‘ochlaridan foydalanib o‘ziga kamtarona boshpana hozirladi.
Prov esa yaqindagi qoya orqasiga berkinib qaqshagan va ozg‘in qo‘llarini ishqalab uni kuzatardi. Yog‘ochdan devor tiklayotgan Narimskiyni ko‘rgan Akatsiyev pusib unga yaqinlashdi va:
– Aha! Nihoyat ushladim! Nima qilyapsiz? – deya baqirdi.
Narimskiy miyig‘ida kulib:
– Bu mening birinchi boshpanam, – dedi.
– Kimni aldamoqchisiz? Axir uy quryapsizku! Xo‘sh, aytingchi muhtaram janob, qurayotgan uyingiz qurilish ustaviga to‘g‘ri keladimi?
– A… Bilmadim…
– Marhamat qilib javob bersangiz, uyni qurish uchun yong‘in xavfsizligi komissiyasidan ruxsat olganmisiz?
– Iltimos, meni tinch qo‘ya olasizmi?..
– Aslo yo‘q! Mazkur uyni beruxsat qurishingizga bir chetda jim qarab turolmayman.
Narimskiy yana jilmaydi va Provning gapiga e’tibor bermay yangi boshpanasining bejirim eshigini joyiga o‘rnata boshladi. Akatsiyev esa avvaliga chuqur xo‘rsindi, kipriklarini pirpiratib bir zum xayolga toldi, so‘ngra asta odimlab o‘z go‘shasiga – orol changalzoriga kirib ketdi.
Boshpana tayyor bo‘ldi, unda Narimskiyga yashash uchun kerakli barcha qulayliklar mavjud edi. Olim kunlarning birida sohildan bir sandiq kitob, qurol va bir bochka tuzlangan makkajo‘xori topib oldi. Oradan bir muncha vaqt o‘tgach Narimskiy tuzlangan jo‘xori yeyishdan charchadi va yaqinda topgan miltig‘ini ko‘tarib, ov ilinjida changalzorga yo‘l oldi.
Changalzordagi sherigi jimgina uning orqasidan kuzatar, sas-sado chiqarmay daraxtdan daraxtga sakrar, garchi Narimskiy buni sezib tursa-da indamay yo‘lida davom etardi. Uning butun o‘y-xayoli bo‘lajak o‘ljasida edi. Shu mahal oldidan bir yovvoyi echki yugurib o‘tdi, buni ko‘rgan ovchi fursatni qo‘ldan boy bermay o‘q uzdi.
Prov to‘satdan daraxtdan sakrab tushdi va Narimskiyning qo‘lidan ushlab:
– Aha! Qo‘lga tushdingizmi! – deya baqirdi. – Xo‘sh, aytingchi, sizda ushbu quroldan foydalanish uchun ruxsatnoma bormi?
Narimskiy bugungi va bu oroldagi birinchi lazzatli taomi – echkining yumshoq yungidan ohista silab yelka qisdi:
– Tushunmadim, nima qilyapsiz? O‘z ishingiz bilan shug‘ullansangiz maqsadga muvofiq bo‘larmidi…
– Ko‘rmayapsizmi, shundog‘am o‘z ishimni qilyapman?! – deya e’tiroz bildirdi Akatsiyev darg‘azab bo‘lib. – Mazkur ish mutasaddilar tomonidan ko‘rib chiqilgunicha qurolni menga topshirishingiz shart! Aytgancha, tushuntirish xati yozishni ham unutmang!
– Nega sizga berarkanman?! Qurolni axir o‘zim topdim, siz emas! – dedi Narimskiy qat’iy ohangda.
Prov:
– Ushbu topilmaning uchdan biriga haqqingiz bor… – deya so‘z boshladi, biroq bu so‘zlar bema’niligini anglab birdan to‘xtadi, so‘ngra g‘azab bilan so‘zini yakunladi:
– Bu yerda ov qilishga haqqingiz yo‘q!
– Nega axir?
– Hali Petrov kuni kelgani yo‘q. Qonunni bilasizmi o‘zi, xo‘sh, javob bering?!
– Taqvimingiz bormi? – deya so‘radi Narimskiy.
Prov o‘yga cho‘mdi, javob topolmaganidan yosh boladay oyoqlarini yerga urib tapillatdi va baland ovozda:
– O‘zingizdan ko‘ring, unday bo‘lsa men sizni man qilingan joyda o‘q uzib go‘zal changalzorimizning tinchlik va osoyishtaligini buzganlikda ayblayman! – dedi, so‘ngra buyurdi, – Qani, qo‘llar orqaga, hibsga olindingiz!
– Qarshiligim yo‘q, bemalol, marhamat, hibsga olavering! – dedi Narimskiy xotirjam ohangda. – Agar shunday qilsangiz, unutmang, meni joy, oziq-ovqat bilan ta’minlashingiz, har kuni bir marta sayrga olib chiqishingiz, javobgarligimni o‘z bo‘yningizga olishingizga to‘g‘ri keladi.
Akatsiyev kipriklarini pirpiratib biroz jim qoldi, so‘ngra yelkalarini qisdiyu quyuq changalzorga kirib ko‘zdan yo‘qoldi.
Narimskiy bu safar boshpanasiga boshqa yo‘l bilan qaytishga qaror qildi. Bo‘rondan qulagan daraxt bo‘ylab kichik daryodan o‘tdi. O‘tishi bilan qirg‘oqda bir yozuvli ustunga ko‘zi tushdi. Yaqinlashib o‘qidi: “Ko‘prikdan o‘tish taqiqlanadi! Bu changalzor mulki. Qonunni buzgan jarimaga tortiladi!”
U hech narsaga tushunmay yelka uchirdi, chanqog‘ini qondirishi uchun daryoga egilgandi qirg‘oq toshida boshqa bir yozuvni ko‘rdi: “Daryo suvini ichish mumkin emas! Ushbu tartibni buzganlik uchun aybdorga…”
Totli kechki ovqatdan so‘ng quruq barglardan tuzatilgan issiq to‘shagida uxlayotgan Narimskiy yarim tunda birdan taqillagan ovozdan uyg‘onib ketdi. Kerilib, bir esnagach eshikni ochdi, ostonada sochlari to‘zg‘igan, soqoli o‘sib ketgan Prov Akatsiyev turardi.
– Keling, nima xizmat? – dedi xushmuomilalik bilan Narimskiy.
– Uyingizni tintuv qilish bo‘yicha buyruq olganman. Iltimos, qarshilik qilmang. Aytgan har bir so‘zingiz sudda o‘zingizga qarshi ishlatilishi mumkin…
– Tintuv qog‘ozini ko‘rsata olasizmi? – deya so‘radi Narimskiy yana esnab.
Akatsiyev javob berolmay boshini changalladi va ijirg‘andi, so‘ngra ko‘zlari yoshlanib xonadan otilib chiqib ketdi. Ikki soatdan keyin yana derazani taqillatdi va tong otguncha bir gapni qaytarib o‘tirdi: “Unutmang, uyingizda kitoblar turganini ko‘rdim. Agar ular taqiqlangan kitoblar bo‘lsa aybdor deb topilasiz va ikki yilga ozodlikdan mahrum etilasiz…”
Narimskiy bu paytda pishillab uxlab yotardi.
Kunlardan bir kun huzurbaxsh dengizda cho‘milayotgan Narimskiy shu qadar olisga suzib ketdiki, orqaga qaytishga kuchi yetmay cho‘ka boshladi.
Oyoqlarida ham madori qolmagach oxirgi kuchini to‘pladi va chinqirdi. Oxirgi ko‘rgan narsasi hamisha uni panalardan kuzatib yuradigan “changalzor qiroli”ning shosha-pisha dengizga otilgani va u tomonga suzib kelayotgani bo‘ldi.
Narimskiy qirg‘oqda ko‘zini ochdi. Uning boshi Prov Akatsiyevning tizzasida turar, u qotib ketgan qo‘li bilan sobiq sherigining qo‘llari, oyoqlarini uqalardi.
– Tirikmisiz? – deya so‘radi havotir bilan Prov.
– Tirikman! – dedi Narimskiy qalbida unga nisbatan minnatdorlik va achinish hissini tuyib. – Ayting-chi… Nega meni deb hayotingizni xavf ostiga qo‘ydingiz?.. Nega meni qutqardingiz?.. Nahot, men siz uchun shunchalik aziz bo‘lsam?!
Prov Akatsiyev chuqur xo‘rsinib horg‘in ko‘zlarini quyosh botishining alangasi o‘rab olgan cheksiz-chegarasiz dengiz ufqiga tikdi va ohista:
– Albatta, azizim. Axir Rossiyaga qaytganimizda, siz taxminan bir yuz o‘n ming jarima to‘lashingiz yoxud bir yarim yil qamoqda o‘tirishingiz lozim! Sizni bunday “baxt”dan mahrum qilsam o‘zimni bir umr kechirolmasdim, – dedi va biroz to‘xtadi, so‘ngra samimiy ohangda qo‘shib qo‘ydi, – Ilohim, hamisha sog‘-omon bo‘ling, pulingiz ko‘payaversin!

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi