Anton Chexov. Xor artistkasi (hikoya)

Kunlardan bir kun, xor artistkasi hali yoshroq, qo‘hlikroq, ovozi ham o‘tkirroq paytlarda uning jazmani Nikolay Petrovich Kolpakov artistka bog‘ida savat kursida o‘tirar edi. Havo obdon issiq va dim edi. Kolpakov hozirgina ovqatlandi va bir shisha yomon portveyn ichib oldi, tabiati tirriq va o‘zini yomon his qilmoqda edi. Ikkalalari ham zerikishib, sayr qilish uchun issiqning tapti tushishini kutib o‘tirishardi.
Birdan yo‘lakda qo‘ng‘iroq chalinib qoldi. Syurtuksiz va sarpoychang o‘tirgan Kolpakov irg‘ib turdi, Pashaga savol nazari bilan qaradi.
— Xat tashuvchi yoki dugonam bo‘lsa kerak, — dedi ashulachi.
Kolpakov Pashaning dugonalaridan ham, xat tashuvchidan ham uyalmas edi, lekin har ehtimolga qarshi o‘z kiyim-boshlarini quchoqlaganicha yondagi uyga kirib ketdi. Pasha eshik ochgani g‘izillab chiqdi. Eshikni ochish bilan hayronlikdan esankirab qoldi. Ostonada xat tashuvchi ham emas, dugonasi ham emas, qandaydir yosh, chiroyli, yaxshi kiyingan, ko‘rinishiga qaraganda oliy tabaqadan chiqqan notanish bir ayol turar edi.
Ayolning ranggi o‘chgan, xuddi baland zinadan chiqqandek xansirar edi.
— Sizga nima kerak? — deb so‘radi Pasha.
Barinya darrov javob bermadi. U oldinga bir qadam tashladi, uyga razm soldi va charchagandan yoki betoblikdan turishga ham madori qolmagan kishilardek o‘tirdi, keyin nimadir aytmoqchi bo‘lib oppoq oqargan lablarini anchagacha pirillatib turdi.
— Mening erim siznikidami? — dedi u nihoyat yoshli, qizarib ketgan katta ko‘zlarini Pashaga tikib.
— Qanaqa eringiz? — deb shivirladi Pasha va birdan o‘zi shunday qo‘rqdiki, oyoq-qo‘llari bo‘shashib ketdi. Qanaqa eringiz? — deb takrorladi u, dir-dir titrab.
— Mening erim. Nikolay Petrovich Kolpakov.
— Yo‘-q… poshsha oyim … Men… men hech qanday erni bilmayman.
Bir daqiqa jimjitlikda o‘tdi. Notanish ayol oppoq oqargan lablariga bir-ikki marta dastro‘mol tegizib qo‘ydi va ichidan kelayotgan titroqni bosish uchun nafas olmai turdi, Pasha uning oldida qimirlamay turar va unga ang‘rayib, qo‘rqib qarar edi.
— Ha, ha, u bu yerda yo‘q deysizmi? — deb so‘radi barinya bu gal qat’iyat bilan va g‘alati iljayib.
— Men… men kimni so‘rayotganingizni bilmayman.
— Siz iflos, qabih, razil ayolsiz… — deb to‘ng‘illadi notanish ayol, Pashaga nafrat va jirkanish bilan qarab. — Ha, shunday… Siz iflossiz. Nihoyat, ko‘nglimdagi gaplarni sizga ayta olganim uchun juda xursandman!
Pasha bu qora kiyimli, ko‘zlari g‘azabdan chaqnagan, oppoq nozik barmoqli xonimga qandaydir iflos va badbashara ko‘rinayotganini sezdi va shuning uchun o‘zining semiz qizil yonoqlarini, burnining ustidagi cho‘tirini va hech ham tepaga taralmaydigan peshonasidagi gajaklarini yomon ko‘rib ketdi. Balki u ozg‘inroq bo‘lsa, upa-elik surmaganda va mana shu gajagi bo‘lmaganda edi o‘zini andishasiz ayol ekanini yashirishi mumkin bo‘lardi va mana bu notanish, sirli ayol oldida shunchalik vahimaga tushmay va uyalmay tura olar edi.
— Qani erim? — deb davom etdi xonim. — Mayli, u bu yerdami yoki bu yerda emasmi endi menga baribir, lekin sizga shuni aytib qo‘yishim kerakki, uning qilgan rastrati ochilib qolgan va Nikolay Petrovichni qidirmoqdalar… Uni qamoqqa olishmoqchi. Ko‘rdingizmi nima ish qilib qo‘ydingiz!
Barinya o‘rnidan turdi va tutoqib uyda u yoqdan bu yoqqa yurdi. Pasha unga tikilar va azbaroyi qo‘rqib ketganidan hech narsa tushunmas edi.
— Uni bugunoq topib qamoqqa olishadi, — dedi barinya va piqillab yig‘lab yubordi. Bu yig‘ida ham haqoratlanish, ham alam eshitilar edi. — Uni bu falokatga kim duchor qilganini men yaxshi bilaman! Iflos, razil! Yaramas, sotilgan maxluq! (Barinyaning lablari qiyshaydi, jirkanishdan burni burishdi.) — Men ojizman, menga qarang ey, razil xotin!.. Men ojizman, siz mendan kuchliroqsiz, lekin men va bolalarimning rahmini yeydigan ham bor! Xudoga soldim! U odil! U mening har bir tomchi ko‘z yoshim, uyqusiz tunlarim uchun sizni qahru g‘azabiga oladi. Bir kunmas bir kun meni eslab qolarsiz!
Yana jimlik cho‘kdi. Barinya uyning u boshidan bu boshiga yurar va barmoqlarini qisirlatar edi. Pasha esa hamon unga hayron bo‘lib, ang‘rayib qarar va undan yanada dahshatliroq gap kutar edi.
— Men, oyimposhsha, hech narsa bilmayman! — deb to‘ng‘illadi u va birdan yig‘lab yubordi.
— Yolg‘on! — deb baqirdi barinya va unga g‘azab bilan ko‘zlarini o‘qraytirdi. — Menga hammasi ayon! Men sizni allaqachondan beri bilaman! Bilaman, u keyingi vaqtlarda xar kuni siznikiga kelardi!
— Ha, Nima bo‘pti? Bir gap bo‘lib qoliptimi? Menikiga mehmonlar ko‘p keladi, lekin men hech kimni zo‘rlab olib kelmayman. Har kimning ixtiyori o‘zida.
— Rastratasi ochilib qoldi deyapman men sizga! U o‘z korxonasida birovning pulini rastrat qilib qo‘yipti! Siz… sizga o‘xshaganlar uchun jinoyat yo‘liga kirgan. Menga qarang, — dedi barinya qat’iy ohangda, Pasha ro‘parasida to‘xtab. — Sizda or-nomus degan gap yo‘q, siz faqat yomonlik qilish uchun yashaysiz, bu sizning muddaongiz, lekin shu daraja tubanlashib ketgan bo‘lsangiz ham, insonlik xususiyatidan nomu nishon qolmagan, deb bo‘lmaydi! Uning xotini, bolalari bor… Agar uni sud qilib, surgunga yuborishsa men va bolalarim ochimizdan o‘lamiz… Bunga tushuning axir! Shu bnlan birga uni va bizni qashshoqlik va sharmandalikdan qutqarish chorasi bor. Agar men shu bugun to‘qqiz yuz so‘m to‘lasam, uni o‘z holiga qo‘yadilar. Faqat to‘qqiz yuz so‘m!
— Qanaqa to‘qqiz yuz so‘m? — deb sekin so‘radi Pasha — Men… men bilmayman… Men olganim yo‘q…
— Men sizdan to‘qqiz yuz so‘m so‘rayotganim yo‘q… Sizda pul yo‘q, sizning pulingiz menga kerak emas. Men boshqa narsani so‘rayapman… Erkaklar odatda sizga o‘xshaganlarga qimmatbaho hadyalar keltiradi. Siz menga faqat erim bergan narsalarni qaytaring!
— Oyimposhsha, u kishi menga hech narsa hadya qilganlari yo‘q! — dedi chiyillab, masalaga endi tushunib qolgan Pasha.
— Qani pullar? U o‘zinikini ham, menikini ham, birovnikini ham rastrat qildi… Axir shular hammasi qayoqqa ketdi? Eshiting, sizdan so‘rayman! Men jahl ustida sizga ancha qattiq gapirib yubordim, lekin uzr so‘rayman. Bilaman, siz mendan nafratlanayapsiz, lekin sizda rahm-shafqat bo‘lsa menga qitdak rahm qiling! Yolvorib so‘rayman, bering o‘sha narsalarni!
— Hm… — dedi Pasha va yelkasini qisib qo‘ydi. — Men jonim bilan berar edim, lekin xudo haqi, u kishi menga hech narsa bermaganlar. Vijdonimga ishoning. Ha, aytganday, rostdan ham sizning, — ashulachi xijolat chekdi, — ular qaysi bir kun ikkita narsa keltirgan edilar. Marhamat qiling, agar xohlasangiz beraman…
Pasha pardoz stolining bir g‘aladonini ochdi va ichi kavak tilla bilakuzuk ham yoqut ko‘zli ingichkagina uzuk oldi.
— Oling! — dedi u narsalarni mehmonga uzatib.
Barinyaning achchig‘i chiqib, haqoratlangandek yuzlari titrab ketib:
— Siz menga nima beryapsiz? — dedi. — Men sizdan sadaqa so‘rayotganim yo‘q, men sizga tegishli bo‘lmagan… o‘z holatingizdan foydalanib, mening erimdan… shu ojiz, bechoradan siz olgan narsalarni so‘rayotibman… Payshanba kuni men sizni erim bilan pristanda ko‘rganimda qimmatbaho to‘g‘nog‘ich va bilakuzuk taqib yurgan edingiz. Shunday bo‘lgandan keyin mening oldimda o‘zingizni ovsarlikka solmay qo‘ya qoling! Oxirgi marta so‘rayman: berasizmi narsalarni yoki yo‘qmi?
— Xudoyo tovba, juda g‘alati odam ekansiz-a… — dedi Pasha xafalanib. — Xudo haqi, men sizning Nikolay Petrovichingizdan mana shu bilak uzuk va uzukdan boshqa hech narsa olmaganman. U kishi menga faqat shirin somsa keltirar edilar, xolos.
— Shirin somsa emish… — deb zaxarhandalik bilan jilmaydi, notanish ayol, — Uyda bolalarga yeyishga hech vaqo yo‘g‘u, bu yerda shirin somsa emish. Narsalarni qaytgarib berishdan qat’iy bosh tortyapsizmi?
Barinya javob ololmasdan o‘tirdi va bir nuqtaga takilib nimadir o‘ylab qoldi.
— Endi nima qilsa bo‘larkin? — dedi u, — Agar to‘qqiz yuz so‘m topmasam u ham xarob bo‘ladi, bolalarim bilan men ham xarob bo‘laman. Mana bu buzuq xotinni o‘ldirib qo‘ya qolsammikin, yoki oyog‘iga bosh ursammikin-a?
Barinya dastro‘molini yuziga tutib ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
— Sizdan iltimos qilaman! — dedi yig‘i aralash. — Axir siz mening erimni taladingiz va halok qildingiz, o‘zingiz qutqaring endi… Siz unga rahm-shafqat qilmaysiz, biroq uning bolalari… bolalarichi… Bolalarning gunohi nima?
Pasha ko‘chada turgan va ochlikdan yig‘layotgan mayda bolalarni ko‘z oldiga keltirdi va o‘zi ham yig‘lab yubordi.
— Men nima qila olaman oyimposhsha? — dedi u. — Siz meni, iflos xotin, Nikolay Petrovichni talading deysiz, men bo‘lsam, xudo oldida guvohlik beramanki, men u kishidan hech qanday foyda ko‘rmadim… Bizning xorimizda yolg‘iz Motaningina jazmani boy, qolganlarimiz, hammamiz ham arang kun ko‘ramiz. Nikolay Petrovich ma’lumotli, odobli janob bo‘ladilar, shuning uchun men u kishini qabul qilar edim. Biz odam qabul qilmasak bo‘lmaydi.
— Men narsalarni so‘rayapman! Narsalarni bering! Men yig‘layapman… O‘zimni yerga uryapman… Ruxsat eting, men oyog‘ingizga bosh uray! Ruxsat eting!
Pasha qo‘rqib ketib qichqirib yubordi va qo‘llarini silkitdi. Teatrdagidek balandparvoz so‘zlar aytuvchi bu rangsiz, chiroylik ayol g‘urur va olijanoblikda o‘zini osmon tarashlab, meni yerga urish uchun ham oyog‘imga bosh urmoqchi, deb bildi.
— Yaxshi, men narsalarni beraman! — dedi Pasha ko‘zlarini artar ekan, taraddudlanib. — Marhamat qiling, lekin Nikolay Petrovichniki emas… Men bularni boshqa mehmonlardan olganman. Xohlasangiz mayli…
Pasha komodning yuqorigi g‘aladonini ochdi va u yerdan olmos ko‘zli to‘g‘nog‘ich, bir shoda marjon, bir qancha uzuk, bilak uzuk oldi va hammasini xonimga uzatdi.
— Mana, xohlasangiz olavering, lekin shuni bilingki men sizning eringizdan hech qanday foyda ko‘rgan emasman. Oling, boshingizga uring! — deb davom etdi, oyog‘iga bosh urish xavfidan haqoratlangan Pasha. — Agar siz olijanob… u kishining qonuniy xotini bo‘lsangiz, yoningizdan qo‘zg‘atmang. Shundoq qiling! Men u kishini chaqirib kelgan emasman, o‘zi kelgan…
Barinya ko‘z yoshlari orasidan unga berilgan narsalarga qaradi va:
— Bu hammasi emas… Bular besh yuz so‘m ham bo‘lmaydi, — dedi. Pasha komoddan shiddat bilan yana oltin soat, portsigar va zaponkalar olib tashladi, keyin qo‘llarini kerib:
— Boshqa hech narsam qolmadi… Xohlasangiz qidirib ko‘ring!
Mehmon ayol uh tortib qo‘ydi va titroq qo‘llari bilan narsalarni dastro‘molga tugdi, bir og‘iz ham gapirmay, hatto boshini ham qimirlatmay chiqib ketdi.
Yondagi uyning eshigi ochildi va Kolpakov chiqdi. Uning ranggi o‘chgan va hozirgina qandaydir achchig‘ narsa yutgandek boshini asabiylik bilan silkitar, ko‘zlarida yoshlari yiltillab turar edi.
— Siz menga qanaqa narsa keltirgan edingiz? — dedi unga hujum qilib Pasha. — Qachon axir, qani aytingchi?
— Narsa emish-a… Narsalar nimasi! — dedi Kolpakov va kallasini silkitib. — Ey xudoyim! U sening oldingda yig‘ladi-ya, o‘zini yerga urdi-ya…
— Men sizdan so‘rayapman: siz menga qanaqa narsalar olib kelgan edingiz? — deb baqirdi Pasha.
— Ey tangrim, vijdonli, nomusli, pokiza ayol… Hatto mana bu… mana bu qiz oyog‘iga bosh urmoqchi bo‘ldi-ya!.. Men, men uni shu ahvolga soldim-a! Shunga yo‘l qo‘ydim!
U boshini changalladi va ingrab:
— Yo‘q, men o‘zimning bu gunohimni o‘lgunimcha ham kechirmayman! Kechirmayman! Yo‘qol mening oldimdan… Jirkanch! — deb qichqirdi nafratlanib u. Pashadan orqaga tislanib va titroq qo‘llari bilan uni o‘z yonidan itarib. — U oyog‘iga bosh urmoqchi bo‘ldi-ya… Tag‘in, kimning oldida-ya? Sening oldingda-ya! Ey xudoyim!
U tezgina kiyindi va Pashadan jirkanish bilan chetlanib, eshik tomon, yo‘l oldi va chiqib ketdi.
Pasha o‘ringa otildi va ho‘ngrab yig‘lay boshladi. Endi achchig‘ ustida berib qo‘ygan o‘z narsalariga achinar va alam qilar edi. U yana bundan uch yil ilgari bir savdogar buni begunohdan-begunoh tutib olib urgani esiga tushdi va undan ham badtar ho‘ngrab yig‘ladi.

H. Ziyoxonova tarjimasi