Anton Chexov. Tanish erkak (hikoya)

Go‘zal Vanda yoki pasportida yozilishicha hurmatli grajdanka Nastasya Kanavkina, kasalxonadan shifolanib chiqqandan keyin, ilgarilari hech boshiga tushmagan mushkul ahvolda: boshpanasiz, qo‘lida bir tiyinsiz qoldi. Nima qilsin?
Dastavval u qarz beradigan kassaga ravona bo‘ldi va u yerda bittagina qimmatbaho narsasi — feruza kuzli uzugini garovga qo‘ydi. Uzuk uchun unga bir so‘m berdilar. Biroq… bir so‘mga nima olish mumkin? Bu pulga na kalta modali kofta olib bo‘ladi, na tepasi cho‘qqaygan shlyapa olib bo‘ladi, na bronza rangli tufli olib bo‘ladi. Bular bo‘lmasa o‘zini u yalang‘ochdek sezar edi. Uning nazarida odamlargina emas, hatto otlar va itlar ham uning oddiy ko‘ylagiga kulib qarayotganga o‘xshardi. Uning fikri-zikri faqat ko‘ylakda, nima yeyish, qayerda tunash xayoliga ham kelmas edi.
«Birorta tanish erkak uchrab qolsa koshkiydi… — deb o‘ylardi u. — Men undan pul olardim… Mendan hech kim ayamaydi, chunki…»
Biroq tanish erkaklar uchramas edi. Ularni kechqurun «Renessans»da uchratish qiyin emas, lekin «Renessans»ga bu ahvolda va shlyapasiz kirgizishmaydi. Nima qilsa bo‘ladi? Uzoq xayollardan keyin, yurish ham, o‘tirish ham, o‘ylash ham ko‘ngliga tekkandan keyin Vanda oxirgi choraga: birorta tanish erkakning to‘ppa-to‘g‘ri uyiga borib pul so‘rashga qaror qildi.
«Kimga borsam ekan? — deb o‘ylardi. Mishaga borib bo‘lmaydi — oilasi bor… Sariq chol hozir xizmatda…»
Vanda, pravoslav mazhabiga kirgan, tish doktori Finkelni esladi, u bundan uch oy ilgari bilak uzuk taqdim qilgan edi va kunlardan bir kun u nemis klubida ovqatlanib o‘tirishgan paytda Finkelning boshidan bir stakan pivo quyib yuborgan edi.
«Har holda u yo‘q demas, ish qilib uyidan topsam buldi… — deb o‘yladi unikiga keta turib, — Bermasa mendan ko‘radi, hamma chiroqlarini sindirib tashlayman».
U tish doktorining eshigiga kelgunicha hamma rejalarini tuzib qo‘ydi. U xoxolab kulib zinapoyadan chiqadi, tish doktori kabinetiga yugurib kiradi-da, yigirma besh so‘m berishini talab qiladi… Lekin qo‘ng‘iroqqa qo‘l cho‘zishi bilan hamma rejalari o‘z-o‘zidan xayolidan ko‘tarildi. To‘satdan Vanda qo‘rqib qoldi va yuragi hovliqib ketdi, bu ahvol unda ilgari hech qachon bo‘lmagan edi. U faqat ichkilikbozliklarda juda botir va xira bo‘lib ketar, lekin hozir oddiygina ko‘ylak kiygan, oddiy xayr tilovchi tarzida qabul qilmay qo‘yishlari ham mumkin. U o‘zini juda qo‘rqoq va xor bo‘lganidek sezdi. U uyaldi ham vahimaga tushdi.
«Balki meni esidan chiqarib yuborgandir… — deb o‘yladi u, qo‘ng‘iroqni bosishni ham bilmay — Shu ahvolda uning oldiga qanday kiraman-a? Xuddi gadoy xotin yoki allaqanaqa meshchankaga o‘xshayman.»
Vanda qo‘ng‘iroqni sekingina bosdi. Eshik orqasidan oyoq tovushi eshitildi, bu shveytsar edi.
— Doktor uydami? — deb so‘radi u.
Hozir shveytsar unga «yo‘q» deb qo‘ya qolgani tuzukroq edi, ammo u javob o‘rniga uni yo‘lakka kirgizib, ustidan paltosini yechdi. Zinapoyalar unga juda hashamatli va dabdabali ko‘rindi, lekin butun hashamatlar ichida uning ko‘zi tushgan narsa katta oynak bo‘ldi bu oynakda u cho‘qqaygan shlyapasi, modali koftasi va oyoqlarida bronza rangli tuflisi bo‘lmagan chuvrindini ko‘rdi.
Uni mashinachiga yoki kirchi ayolga o‘xshatib qo‘ygan mana bu eski kiyimlarda Vanda o‘zini uyatchang sezgani ilgarigi surbetlik va jasurlikdan hech nima qolmagani endi u xayolida o‘zini Vanda emas, ilgarigidek Nastya Kanavkina deb atashi o‘ziga g‘alati tuyilar edi…
— Marhamat! — dedi uy xizmatchisi, uni kabinetga kirita turib. Doktor hozir… O‘tiring.
Vanda yumshoq kresloga o‘tirdi.
«Qarzga bering! — deyman qo‘yaman! — deb o‘yladi u — ShU tuzukroq, chunki u menga tanish-da. Biroq, shu xizmatchi bu yerdan chiqib ketsin-da. Uning oldida so‘rash o‘ng‘aysiz… Nima qilib turiptikin endi?».
Bir pasdan keyin eshik ochildi va novcha, qora to‘rdan kelgan, lo‘ppi yuzli, chaqchaygan ko‘zli Finkel kirdi. Uning ortiqcha to‘qlikdan darak beruvchi yonoqlari, ko‘zlari, qorni, yo‘g‘on sonlari beo‘xshov va yoqimsiz edi. «Renessans»da va nemis klubida u odatda juda xushchaqchaq bo‘lar, xotinlarga pulni sovirar va ularning hazillarini toqat qilib ko‘tarar edi (masalan Vanda uning boshidan pivo quyib yuborganda, u faqat iljayib, barmog‘i bilan po‘pisa qilib qo‘ya qoldi); endi bo‘lsa qovog‘idan qor yog‘adi, ko‘zlari uyqusirab, xuddi boshliqlardek gerdayib, sovuq qarar va nimadir kavshardi.
— Nima xizmat? — dedi u Vandaga qaramay turib.
Vanda xizmatchining jiddiy yuziga va chamasi uni taniy olmayotgan Finkelning yog‘ bosgan gavdasiga qaradi va qizarib ketdi…
— Nima xizmat? — deb takrorladi tish doktori bu gal asabiylashib.
— Ti-shi-m og‘riyapti, — deb pichirladi Vanda.
— Ha, ha… qanaqa tishingiz? Qani?
Vandaning bitta qurt yegan tishi borligi esiga tushdi.
— Pastdan o‘ng tomonda… — dedi u.
— Hmm!.. Og‘zingizni oching.
Finkel xo‘mrayib oldi, nafasini ichiga olib, og‘riq tishni ko‘ra boshladi.
— Og‘ridimi? — deb so‘radi u qanaqadir temir bilan tishni kavlab.
— Og‘ridi… — dedi yolg‘ondan Vanda. — «Esiga solsam, balki tanirmidi… — deb o‘yladi u. Biroq… xizmatchi bor! Nega u bu yerda turipti?»
Finkel to‘satdan uning og‘zi oldiga xuddi parovozdek pishillab:
— Tishni zamaskalatishga maslahat bermayman… Bu tishning sizga baribir foydasi yo‘q, — dedi.
Tishni yana biroz kavlagandan keyin va tamaki hidi urib ketgan barmoqlari bilan Vandaning lab va miliklarini bulg‘atib, nafasini ichiga oldi va uning og‘ziga qandaydir sovuq bir narsa tiqdi… Vanda birdan qattiq og‘riq sezdi, baqirib yubordi va Finkelning qo‘liga yopishdi.
— Hech nima, hech nima qilmaydi… — deb do‘ng‘illadi U — Siz qo‘rqmang… Bu tishdan sizga, baribir, hech qanday foyda yo‘q. Botir bo‘lish kerak.
Tamaki hidli va qonga belangan barmoqlar uning ko‘zlari oldiga sug‘irilgan tishni olib keldilar, xizmatchi xotin bo‘lsa kelib uning og‘ziga tog‘oracha tutdi.
— Uyda og‘zingizni sovuq suv bilan chaying… — dedi Finkel, — shunda qon to‘xtaydi…
U Vandaning qarshisida xuddi tezroq keta qolsachi, tinch qo‘ysachi degandek turar edi…
— Xayr… — dedi Vanda eshik tomon burilib.
— Hmm!.. Xo‘sh, xizmatim uchun menga pulni kim to‘laydi? — deb so‘radi Finkel kulgili bir ohangda.
— Voy, aytgandek… — deb esladi Vanda qizarib ketib va doktorga feruza ko‘zlik uzugi uchun olgan bir so‘mni cho‘zdi.
Ko‘chaga chiqqandan keyin u badtarroq uyaldi, lekin bu uyalish o‘zining kambag‘alligi uchun emas edi. U endi boshida cho‘qqaygan shlyapasi yo‘qligini ham, modali koftochkasi yo‘qligini ham sezmas edi. U ko‘cha bo‘ylab borar, qon tupurar va har bir qon tupurish uning hayotidan, yomon, og‘ir hayotidan, umrida eshitib kelayotgan haqoratlardan va ertaga ham, bir haftadan keyin ham, bir yildan keyin ham — bir umr, o‘la-o‘lguncha ham eshitadigan haqoratlardan darak berar edi…
— O, naqadar mudhish! — deb shivirlardi u. — Naqadar og‘ir, yo rabbiy!
Biroq ertasigayoq u «Renessans»da raqsga tushib yurardi, uning boshida yap-yangi kattakon qizil shlyapa, ustida yangi modali kofta va oyog‘ida bronza rangli tufli bor edi. Uni Qozondan kelgan yosh savdogar ziyofat qilmoqda edi.

H. Ziyoxonova tarjimasi