Qishloq kasalxonasi. Ertalab.
Doktor stanovoy bilan ovga ketgani uchun kasallarni Kuzma Yegorov va Gleb Glebich degan feldsherlar qabul qilmoqda edi. Kasallar o‘ttiztacha bor. Kuzma Yegorov ularning ro‘yxatdan o‘tishini kutib kabinetda kofe ichib o‘tiripti. Tug‘ilgandan buyon yuz-qo‘liga suv, sochiga taroq tegmagan Gleb Glebich bo‘lsa katta stolga ko‘kragini berib, kuyib-pishib kasallarni yozmoqda. Ro‘yxat statistika uchungina olinadi. Unda kasallarning oti, otasining oti, familiyasi, qayerlik, qaysi tabaqadan, yoshi, savodi bormi-yo‘qligi haqida yozilib, qabul tamom bo‘lganidan keyin kasalning nima ekanligi va berilgan doriiing nomi yozib qo‘yiladi.
— Shunaqa ham rasvo pero bo‘ladimi! — deb achchig‘landi Gleb Glebich katta kitobga o‘xshagan daftarning mayda varaqalariga alomat harflarni yozaturib. — Shu ham siyohmi? Xuddi qora moy-a! Bu zemstvoga hayronman, kasallar ro‘yxati olinsin deb buyruq beradiyu, siyoh olish uchui yiliga atigi ellik tiyin pul chiqaradi. — Beriroq kel! — deb baqiradi u.
Yuz-ko‘zini o‘ragan bir mujik bilan «hofiz» Mixaylo unga yaqinroq keladi.
— Oting nima?
— Ivan Mikulov.
— A, nima deding? Ruscha gapir!
— Ivan Mikulov!
— Ivan Mikulov! Sendan so‘rayotganim yo‘q. Nariroq tur! Sen! Oting nima?
Mixaylov kulimsirab:
— Nima, o‘zing bilmaysanmi? — deydi.
— Nega kulasan? Jin urganmi buni! Vaqt tang, o‘zim shoshib turibman-ku, bu hazil qiladi! Oting nima?
— O‘zing bilmaysanmi? Laqillab qoldingmi, nima balo!
— Bilaman, lekin so‘rashim kerak, chunki anketada shu savol bor… Biz unaqa bo‘lmaymiz… Sizga o‘xshagan yotib ichadigan odatimiz yo‘q… Oting nima? Otangning oti-chi?.. — O‘zing bilgandan keyin aytishimning nima hojati bor? Besh yildan beri bilgan odam, oltinchi yilga kelib esingdan chiqarib qo‘ydingmi?
— Esimdan chiqarganim yo‘q, lekin anketada shunaqa! Tushunyapsanmi? Yo rus tilini bilmaysanmi? Anketa shunaqa deyapman-ku.
— Anketang shunaqa bo‘lsa qurib ketsin! Yoz! Mixaylo Fedotich Izmuchenko…
— Izmuchenko emas, Izmuchenkov.
— Ha mayli Izmuchenkov bo‘laqolsin… Bilganingni yoz… Ishqilib tuzatsang bas… Bir balo Ivanovich desang ham bo‘laveradi… Menga baribir.
— Qaysi tabaqadan?
— Hofiz.
— Yoshing nechada?
— Kim biladi deysan, beshik to‘yimga borgan emasman, bilmayman.
— Qirqqa borgandirsan?
— Balki borgandirman, balki bormagandirman… Bilganingcha yozaver.
Gleb Glebich biroz Mixayloga qarab turgandan keyin 37 deb yozib qo‘ydi. So‘ng biroz o‘ylanib turdi-da, uni o‘chirib 41 deb tuzatib qo‘ydi.
— Savoding bormi?
— Iye, butxonada hofizlik qiluvchining ham savodi bo‘lmaydimi? Miyang joyidami o‘zi!
— Odamlarning oldida menga baqirmasdan, sizlab gapirmog‘ing lozim, yana kim bor? Kimsan? Oting nima?
— Mikifor Pugalov, xaplovolikman.
— Xaplovoliklarni qaramaymiz! Yana kim bor?
— Xudo xayringizni bersin… Janobi oliylari, yigirma chaqirimdan piyoda keldim.
— Xaplovoliklarni qaramaymiz! Nariroq tur! Yana kim bor? Tamaki chekma!
— Men chekayotganim yo‘q, Gleb Glebich!
— Qo‘lingdagi nima?
— Bumi, barmog‘imni bog‘lab qo‘yibman Gleb Glebich..
— Papiros emasmi? Xaplovoliklarni qaramaymiz. Yana kim!..
Gleb Glebich kasallarni yozishni tamomladi. Kuzma Yegorov kofeni ichib bo‘lgach, qabul boshlandi. Gleb Glebich dori-darmon tayyorlash uchun aptekaga ketdi. Ikkinchisi esa kasal ko‘rish uchun kleyonkadan qilingan fartukni tutib oldi va:
— Marya Zaplaksina, — deb chaqirdi haligi katta kitobga qarab.
— Shu yerdaman, taqsir!
Kabinetga taqdirning rahmsiz zarbalaridan qaddi bukilgan va bujmayib qolgan kichkinagina kampir kirib, cho‘qindi va luqmonga hurmat saqlab salom berdi.
— Xim… Eshikni yop!.. Qayering og‘riydi?
— Boshim, taqsir.
— Xo‘sh… Hammasimi yo bir yog‘imi?
— Hammasi, taqsir… Hammasi!
— Boshingni buncha o‘rama… Bu lattangni yech. Bosh deganni salqin tutish kerak, oyoqni issiq, gavda o‘rtacha bo‘lsin… Qorning ham og‘riydimi?
— Og‘riydi, taqsir…
— Qani, barmog‘ing bilan pastki qovog‘ingni och-chi! Yaxshi, bos. Qoning kamayib ketipti… Tomizib ichadigan dori beraman… O‘n tomchidan uch mahal — ertalab, to‘pda ham kechqurun ichasan.
Kuzma Yegorov o‘tirib retsept yoza boshladi.
«Rp. Liquor ferri 3 gr. derazada turganidan, tokchadagisini Ivan Yakovlevich men yo‘g‘imda ochmanglar deb ketgan. O‘n tomchidan kunda uch mahal. Marya Zaplaksinaga berilsin».
Kampir tomchini nimaga tomizib ichishni so‘radi-da, ta’zim qilib chiqib ketdi. Kuzma Yegorov retseptni devorni teshib qilingan tuynukchadan aptekaga tashladi va navbat kutib o‘tirgan kasallardan birini chaqirdi:
— Timofey Stukotey!
— Labbay!
Kabinetga novcha va oriq, boshi katta, uzoqdan qaraganda xuddi boshi boldoqli hassaga o‘xshab ko‘rinadigan Stukotey kirdi.
— Qayering og‘riydi?
— Yurak kasalim bor, Kuzma Yegorich.
— Qaysi yeringda?
Stukotey ko‘kragining tagini ko‘rsatadi.
— Xo‘sh… Qachondan beri?
— Hayitdan buyon… Hali buyoqqa piyoda kelaturib xuddi o‘n marta dam oldim… Dam etim uvishadi, Kuzma Yegorich… dam alangayu otash bo‘lib yonaman, Kuzma Yegorich.
— Him… Yana qayering og‘riydi?
— To‘g‘risini aytsam, Kuzma Yegorich, og‘rimagan joyim yo‘q. Siz faqat yuragimgagina dori bersangiz bo‘ldi, boshqasini qo‘yabering… Qolganini xotinlar davolashar… Siz menga spirtga o‘xshash biron narsa bersangizu, yuragimni changallashini qoldirsa. Shu bir narsa dumalab-dumalab tiqilib kelaberadi, keyin shunday changallaydi, asti qo‘ying. Xuddi mana shu joyga, shunday tutganda orqam, bellarim qaqshab ketadi… Boshimni ko‘taraolmayman, xuddi tosh osib qo‘yganday… Uning ustiga yo‘tal.
— Ishtahang bormi?
— Hech, xudo saqlasin…
Kuzma Yegorov Stukoteyning qornini ochib, mushtumi bilan oshqozonini bosib ko‘radi.
— Shundoq qilsa og‘riydimi?
— Voy.., voy… og‘riydi!
— Bundoq qilsamchi?
— Voy… o‘laman!!
Kuzma Yegorov unga birnecha savol beradi va biroz o‘ylab, so‘ng Gleb Glebichni yordamga chaqiradi. Maslahat boshlanadi.
— Tilingni chiqar! — deydi kasalga Gleb Glebich. Kasal og‘zini katta ochib tilini chiqaradi.
— Yana ko‘proq chiqar.
— Bundan ortiq chiqarib bo‘lmaydi, Gleb Glebich.
— Bu dunyoda qilib bo‘lmaydigan ish yo‘q.
Gleb Glebich birqancha vaqt kasalga qarab, nimanidir qattiq o‘ylab turgandan keyin, yelkalarini qisib qo‘yadi-da, churq etmay chiqib ketadi va aptekadan turib:
— Oshqozon kasali bo‘lsa kerak! — deb qichqiradi.
— Bo‘lmasa unga olei ricini ammonii edustici berib yuboring, — dedi Kuzma Yegorov, — ertalab va kechqurun qorniga sursin!.. Qani, kimning navbati!
Kasal qabulxonadan chiqib koridor bo‘ylab aptekaning derazasiga boradi. Gleb Glebich chorakam bir stakan surgini Stukoteyga uzatdi, Stukotey zo‘rg‘a ichib lablarini yaladi va ko‘zini chirt yumib barmoqlarini bir-biriga ishqab qo‘l cho‘zdi; ustidan yeb yuborishga biror narsa so‘raydi.
— Bu spirt, — deb o‘shqirdi Gleb Glebich, shishada nashatirniy spirt uzatar ekan, — ertalab va kechqurun movut latta bilan qorningga surasan… Idishni qaytarib yubor! Buyerga suyalmanglar! Nariroq tur!
Grigoriy hazratlarining oqsochi Pelageya, ro‘molining uchi bilan og‘zini bekitib, darcha yoniga irjayib kelgan edi, Gleb Glebich unga:
— Xo‘sh, xizmat? — dedi.
— Lizaveta Grigorevna sizga salom aytdilar. Gleb Glebich, ozroq nordon doringizdan berib yuborishingizni so‘radilar.
— Jonim bilan… Unday nozaninlardan nimani ayardim.
Gleb Glebich tokchadagi bankada turgan nordon dorini olib, yarmini Pelageyaning ro‘moliga solib berdi.
— Borganingizda u kishiga ayting: Gleb Glebichning nihoyatda vaqtlari chog‘ bo‘ldi, juda xursand bo‘ldilar, deng. Maktubimni oldilarmi?,
— Oldilar-ku, yirtib tashladilar. Lizaveta Grigorevna unaqangi muhabbat ishlariga aralashmaydilar.
— Xo‘p satang xotin-da! Borib shunaqa deng.
— Mixaylo Izmuchenkov, —deb chaqirdi Kuzma Yegorov. Qabulxonaga «hofiz» Mixaylo kirib keldi.
— Mixaylo Fedotich, eshitaylik, qayeringiz og‘riydi, qadrdonim!
— Tomog‘im, Kuzma Yegorich! Huzurlariga kelganmanki, ruxsatingiz bilan aytsam, mening bu tomoq og‘rig‘im jon koyitishdan ham ko‘ra hamyonga ziyon bo‘layotipti. Kasallik orqasida hofizlik qilolmayapman, boshlig‘imiz peshin namoziga tushgan puldan qirq tiyin ushlab qolayotir, kecha namozgarga tushgan puldan yarim so‘m olib qoldi. Janobning uyida bo‘lgan janozada salovat aytuchilarga uch so‘m berilgan edi, kasalligim tufayli menga bir tiyin ham tegmadi. Ruxsatingiz bilan aytsam, tomog‘im xususida arz qilsam shuki, tomog‘im qirilib, xirillab qolayapman, xuddi halqumimda bir mushuk o‘tirib tirnayotganday bo‘layotipti.
— Ichkilikdandir-da?
— Bilmadim, nimadan bo‘lganini aytaolmayman. Ruxsatingiz bilan aytsam, ichkilik bizdaqa ovozi yo‘g‘on hofizlarga ziyon qilmaydi, qaytaga foyda qiladi, Kuzma Yegorich, yo‘g‘on tovushni ko‘proq shamollash buzadi.
— Kampirga nima beray? — deb so‘radi Gleb Glebich teshikdan boshini chiqarib, — derazada turgan dori tamom bo‘lgan, tokchadagisini ochaqolaman-da.
— Yo‘q, yo‘q! Ivan Yakovlevich tegmanglar deb ketgan! Xafa bo‘ladi.
— Nima beraman bo‘lmasa?
— Biron narsa berib yubor!
Gleb Glebichning tilida «biron narsa» «soda» edi.
— Ichkilik ichish yaramaydi.
— Hali ham uch kundan buyon ichganim yo‘q… Bu shamollashdan bo‘lsa kerak… Haqiqatan ham araq tovushni bo‘g‘adi-ku, Kuzma Yegorich, lekin yo‘g‘on tovushning biroz bo‘g‘iq bo‘lishi o‘zingizga ham ma’lum, ovozni quyuqlashtiradi… Menga o‘xshaganlarning kuni araqsiz o‘tmaydi… Araq ichmagan hofiz hofizmi! Ruxsatingiz bilan aytsam, hofiz emas, hammaga kulgi bo‘ladi, xolos… Kasbim hofizlik bo‘lmaganda bu la’nati araqni og‘zimga ham olmasdim. Araq harom…
— Menga qarang… Sizga dori beraman… Shu bilan ertalabu, kechqurun tomog‘ingizni chayqaysiz.
— Yutsam maylimi?
— Mayli.
— Juda soz… Og‘zingni chayqaysanu, yutmasang alam qiladi kishiga. Tuflab tashlash uvol! Yana sizdan bir narsani so‘ramoqchi edim… Tez-tez ichim buzilib turadi, ana shu sababdan, ruxsatingiz bilan aytsam, har oyda qon oldirib, dori ichib turaman. Shunday bo‘lgandan keyin xotin olsam mumkinmi, yo‘qmi?
Kuzma Yegorov biroz o‘ylagandan keyin:
— Yo‘q, maslahat bermayman, — dedi.
— Ko‘p minnatdorman… Bahosi yo‘q hakimsiz-da, Kuzma Yegorich. Har qanday doktordan yaxshisiz, xudo haqi! Qancha-qancha odamlar haqingizga duo qiladi! Hay-hay!
Kuzma Yegorov uyatchanglik bilan yerga boqdi. U tetik ruh bilan Natri bicarbonici, ya’ni soda yozib berdi…
Zumrad tarjimasi