Anton Chexov. Polinka (hikoya)

Kunduz soat birdan oshgan. «Parij yangiliklari» nomli attorlik magazinida savdo qizib turgan payt. Gumashtalarning bir ohangdagi g‘ovuri eshitiladi; bu g‘ovur — maktabda o‘qituvchi bolalarga bir xil narsani yodlattirayotganda ko‘tariladigan g‘ovurga o‘xshaydi. Bir ohangdagi bu g‘ovurni na xonimlarning jarangli kulgilari, na oynaband ko‘cha eshigining taraq-turuqi va na dastyor bolalarning oyoq do‘piri buza oladi.
Magazin o‘rtasida Polinka turibdi; modalar ishxonasining egasi Marya Andreevnaning jussasi kichkinadan kelgan bu ozg‘in, oqro‘y qizi kimnidir alanglab qidiradi. Qora qosh dastyor uning oldiga yugurib keladi-da, jiddiy bir qiyofada so‘raydi:
— Nima istaydilar, oyimposhsha?
— Men molni hamma vaqt Nikolay Timofeichdan olaman, — deb javob qiladi Polinka.
Modaga muvofiq kiyinib, galstugiga kattakon to‘g‘nog‘ich taqqan, sochlari jingalak, qora mag‘iz, xushqomat gumashta Nikolay Timofeich esa peshtaxtani artib, bo‘ynini cho‘zib, Polinkaga kulimsirab qarab turar edi.
— Pelageya Sergeevna, salom! — deb yaxshi, baquvvat tovush bilan qichqirdi u. — Marhamat qilsinlar!
— Ha, salom! — deydi Polinka, unga yaqin kelib. — Qarang, yana sizning oldingizga keldim-a. Menga biron xil uqa ko‘rsatsangiz.
— Nimaga ishlatmoqchilar?
— Lifchikka, orqa tomoniga, qisqasi — ichki kiyimning hammasiga.
— Bosh ustiga.
Nikolay Timofeich Polinkaning oldiga bir necha xil uqa keltirib qo‘yadi; Polinka xushyoqmaslik bilan tanlab, savdolashadi.
Gumashta yoqimtoygina kulimsirab, uni ko‘ndirmoqchi bo‘ladi:
— Aslo, bir sumga suv tekin! Bu Frantsiya uqasi, sakkiz qirralik… Marhamat, bizda oddiysi ham bor, bunaqasi tortib sotiladi… Unisining gazi qirq besh tiyindan, lekin sifati aytarlik emas! Marhamat!
Polinka uqaga engashib:
— Menga yana uqa tugmalar qadalgan nozik yonpesh ham kerak edi, — deydi-da, negadir uh tortadi. — Sizda mana bu rangga to‘g‘ri keladigan nozik dandondan topiladimi?
— Bor.
Polinka peshtaxtaga yana ham ko‘proq engashib sekingina so‘raydi:
— Payshanba kuni muncha barvaqt ketib qoldingiz biznikidan, Nikolay Timofeich?
— Him!.. Ketib qolganimni sezganingiz qiziq, — deydi gumashta, istehzo bilan kulib. — Student janoblariga shunchalik mahliyo bo‘lib qoluvdingizki… ketib qolganimni sezganingiz qiziq!
Polinka qip-qizarib, dami ichiga tushib ketadi. Gumashtaning barmoqlari asabiylik bilan qaltiraydi, qutichalarni yopib, luzumi bo‘lmasa ham, ustama-ust qilib taxlaydi. Oraga bir minutlik sukunat tushadi.
— Menga nozik qadalgan to‘rdan ham kerak, — deydi Polinka, o‘sallikdan gumashtaga zo‘rg‘a qarab.
— Qanaqasidan beray? Tyulga nozik qadab qilingan qora, qizil to‘rlar bor — hozirgi paytda bunaqasi juda ham rasm bo‘lgan.
— Necha puldan sotyapsiz?
— Qorasi sakson tiyindan tortib bor, ranglilari bo‘lsa ikki so‘m ellik tiyindan. Bundan keyin sizlarnikmga hech oyoq bosmayman, — deb Nikolay Timofeich sekin qo‘shib qo‘yadi.
— Nima sababdan?
— Nima aobabdan? Sababi juda ravshan. O‘zingiz bilishingiz kerak. O‘zimni qiynab nima qilaman? Qiziq gap qilasiz! Student sizga ishqivozlik qilib tursa-yu, nahotki men bir chekkada mung‘ayib o‘tirsam? Men hamma narsani ko‘rib turibman, juda yaxshi tushunaman ham. U kuzdan beri chinakam ishqivozlik qilib kelyapti sizga! Siz ham har kun u bilan sayr qilib yurasiz. Siznikiga keldi deguncha, undan ko‘zingizni uzolmay qolasiz; bilmayman, farishta keldi deb o‘ylaysizmi! Siz uni yaxshi ko‘rasiz, siz uchun undan yaxshiroq odam yo‘q; juda yaxshi bo‘pti-da, nima qilamiz endi bu to‘g‘rida gapirib…
Polinka churq etmaydi, shoshib qolganidan peshtaxtani barmoqlari bilan silaydi.
— Ko‘r emasman, hamma narsani ochiq ko‘rib turibman, — deb gumashta o‘pkalaydi. — Sizlarnikiga nima deb boraman, borib nima ham qilaman? Menda ham izzati nafs bor, itning keyingi oyog‘i bo‘lish hammaga ham yoqavermaydi. Yana nimi olmoqchi edingiz?
— Oyim ancha narsa olgin devdi, esimdan chiqdi. Jig‘a ham kerak edi.
— Qanaqasidan bo‘lsin?
— Yaxshirog‘idan, shu kunlarda rasm bo‘lganidan.
Shu kunlarda qush patidan qilingan jig‘ani ko‘proq taqishadi. Xohlasangiz, geliotrop yoki kanak degan, ya’ni sariq aralash to‘q qizil ranglisidan beraman. Hozir shu rasm bo‘ldi. Qanaqasini xohlasangiz topiladi. Bu gaplarning oxiri nima bo‘larkin, bilmayman. Siz ko‘ngil berishga beribsiz, endi oqibati nima bo‘larkin?
Nikolay Timofeichning yuzida, ko‘zlari yonida qizil dog‘lar bo‘rtib chiqdi. U nozik, mayin uqani qo‘lida ezib turib, hamon g‘o‘ldirardi:
— Nima balo, o‘shanga tegmoqchimisiz, deyman? Yo‘q, bu shashtingizdan qayting. Avvalo, studentlarning uylanishlariga yo‘l yo‘q. Qolaversa, u sizlarnikiga yaxshi niyat bilan kelib-ketib yurgan bo‘lmasa kerak? Albatta! Axir ular, o‘sha siz ko‘ngil bergan studentlar, bizni odam o‘rnida ko‘rishmaydi-ku!.. Ular savdogarlar va moda kiyim tikuvchi xotinlarnikiga faqat ularning nodonligidan kulish va aroqlarini ichish uchun boradilar. Ammo o‘zlarinikida yo tuzukroq odamlarning uyida ichishga uyaladilar. Bizga o‘xshash ilmsiz, aymoqi odamlarnikidachi: uyatni bir yoqqa yig‘ishtirib qo‘yishadi, ilojini qilishsa oyoqlarini osmonga qilib yurishdan ham tap tortishmaydi. Shunaqa! Aytmoqchi, jig‘aning qanaqasini olmoqchi edingiz? Agar orqangizdan tushib, ishqivozlik qilib yurgan bo‘lsa, nega bunday qilayotganligi ma’lum… Bir kun doktor yo advokat bo‘lib chiqqanda: «Eh, bir mahallar oppoqqina dilbarcham bor edi! Hozir qayerda ekan?» deb eslab yuradi-da. Hozir ham student oshnalari orasida: «Moda kiyimlar tikuvchi bir qizni ko‘z tagiga olib qo‘yibman» deb yurgandir.
Polinka stulga o‘tiradi-da, uyib tashlangan oq qutichalarga esi ketib qarab qoladi.
— Yo‘q, jig‘a olmayman, — deb uh tortadi Polinka. — Oyim o‘zi yoqtirganini tanlab olar; adashib, boshqasini olib qo‘ymayin tag‘in. Yaktak uchun olti gaz gajim bersangiz, gazi ikki tangaligidan. Yana o‘sha koks yog‘ochidan qilingan tugma ham bering, teshigi yonlama emas, o‘rtadan o‘tgan bo‘lsin… qadalganda mahkam ushlaydiganidan…
Nikolay Timofeich gajim bilan tugmalarni qiz oldiga to‘kib qo‘yadi. U yigitga gunohkorday qaraydi; aftidan, gapning davomini kutar edi. Ammo yigit qovog‘ini solib indamaydi-da, jig‘alarni tartibga solish bilan ovora bo‘ladi.
Polinka, picha jim o‘tirgandan so‘ng, qonsiz lablarini dastro‘molchasi bilan artib turib:
— Ko‘ylakka tugma olish esimdan chiqmasin tag‘in… — deydi.
— Qanaqasidan beray?
— Savdogar xotinga tikyapmiz, yarqirog‘idan beravering…
— To‘g‘ri, savdogar xotinga bo‘lsa ola-bularog‘idan olaverish kerak. Mana bu tugmalarni ko‘ring-chi; ko‘k, qizil va shu kunlarda juda rasm bo‘lgan zargul tugmalar. Ko‘zga darrov chalinadi. Gajimni yoqtirmaydigan vazminroq odamlar yarqiroq hoshiyali qora, xira tugmalarni oladilar. Faqat men tushunolmay qoldim. Nahotki o‘zingizning aqlingiz yetmasa? Bu ishqivozliklar… axir nimaga olib borarkin?
— O‘zim ham bilmayman… — deydi Polinka. Keyin tugmalarni ko‘rmoqchi bo‘lib egiladi. — Menga nima balo bo‘layotganiyeti o‘zim ham bilolmay qoldim, Nikolay Timofeich.
Nikolay Timofeichning orqasida, uni peshtaxtaga siqib, bitta yo‘g‘on gumashta paydo bo‘ladi. Chakkalaridagina soqol qo‘ygan bu gumashta, g‘oyat nozik bir mulozamat bilan qichqiradi:
— Manavi bo‘limga marhamat qilsinlar, xonim! Djerse koftochkalaridan uch xili bor: selon, g‘ijim va nozikband! Qanaqasidan beray?
Ayni zamonda Polinka yonidan semiz bir xonim o‘tadi, u yo‘g‘on, erkaklarnishga o‘xshagan do‘ng‘illagan tovush bilan gapiradi:
— Chok solingani bo‘lmasin, to‘qilganidan bering. Innakeyin, plombasi chuquridan bo‘lsin.
Nikolay Timofeich Polinka tomonga engashadi-da:
— O‘zingizni mol ko‘rayotganga soling, — deb shipshitadi, zo‘r-zo‘rakisiga jilmayib. — Xudoyo tavba, sizga nima bo‘ldi o‘zi? Rangingizda rang qolmadi, yuzingiz butunlay o‘zgardi. Sizni tashlab ketadi u, Pelageya Sergevna! Axir bir kun uylanganda ham, baribir, sevganidan emas, och qolganidan, pulingizga uchganidan uylanadi. Sepingiz hisobidan yaxshigina ro‘zg‘or qilib oladi-da, keyin sizday xotini borligidan uyalib yuradi. Sizni mehmonlariga ham, o‘rtoqlariga ham ko‘rsatmaydi, nimagaki ilmingiz yo‘q — o‘qimagan qizsiz, shuning uchun sizni sira tap tortmasdan: «To‘qmog‘im» deyaveradi. To‘g‘ri-da dbktorlar bilan advokatlar oldida o‘zingizni o‘shalarga o‘xshatib tutolasizmi? Siz ularning nazarida moda kiyimlar tikuvchi xotin, avom maxluqsiz xolos!
— Nikolay Timofeich! — deb magazinning u chetidan birov qichqirdi. Manavi oyimposhshaga nikoli lentadan uch gaz kerak ekan, sizda bormi?
Nikolay Timofeich u tomonga o‘giriladi-da, yuzini tirjaytirib qichqiradi:
— Bor! Nikoli lenta, zar kamar, atlas muar bor!
— Aytmoqchi, Olya korset olib kel degan edi. Esimdan chiqib qolmasin, — deydi Polinka.
— Ko‘zlaringizga yosh keldi! — deydi Nikolay Timofeich, qo‘rqib… — Nega bunday qilasiz? Yuring korset bo‘limiga, sizni to‘sib qo‘yay, yoshingizni birov ko‘rsa yaxshi bo‘lmaydi.
Gumashta zo‘rma-zo‘rakisiga jilmayib va haddan ziyod shilqimlik qilib Polinkani korset bo‘limiga olib o‘tadi-da, uni baland uyib tashlangan qutilar orqasiga odamlar ko‘zidan yashirib qo‘yadi…
Nikolay Timofeich avval baland tovush bilan:
— Sizga qanaqa korset kerak edi? — deb so‘raydi-da, keyin darhol: — Ko‘zingizni artib oling! — deb pichirlaydi.
— Menga… menga qirq sakkiz santimetrlisi kerak! Faqat, marhamat qilib, qo‘shastarlisidan… asl kit mo‘ylovi qo‘yilganidan bersangiz, shunaqasini so‘rovdi… Sizga aytadigan gapim bor, Nikolay Timofeich. Bugun biznikiga keling!
— Yana qanaqa gap bo‘lishi mumkin? Gaplashadigan gapimiz tamom bo‘lgan.
— Bir sizgina… sevasiz meni, shuning uchun sizdan bo‘lak gaplashadigan kishim yo‘q.
— Mana, bu qamisham emas, suyagam emas, asl kit mo‘ylovi… Nima haqida gaplashamiz? Gapimiz tamom bo‘lgan… Axir bugun ham u bilan o‘ynagani chiqasiz-ku?
— Chiq… chiqaman.
— Unday bo‘lsa gaplashib nima qilamiz? Gapdan foyda yo‘q… Yaxshi ko‘rib qolgansiz-ku uni?
Polinka yuragi po‘killab:
— Ha… — deb pichirlaydi, ko‘zlaridan esa yosh otilib chiqadi.
Nikolay Timofeich asabiylik bilan yelkalarini qisib, qizarib-bo‘zarib turib:
— Shu gapingizdan keyin yana qanday gap bo‘lishi mumkin? — deydi g‘o‘dirlab. — Endi gap tamom… Ko‘zingizni arting, vaosalom! Men… men hech nima xohlamayman…
Shu payt uyib tashlangan qutilar oldiga novcha, ozg‘ingina gumashta keladi-da, o‘zining xaridoriga mulozamat qila boshlaydi:
— Qon yo‘lini to‘smaydigan elastik tortqidan olmaydilarmi? Bu ajoyib tortqi meditsina tomonidan g‘oyat ma’qullangan…
Nikolay Timofeich Polinkani to‘sib oladi-da, uni va o‘zining hayajonini odamlarga ko‘rsatmaslikka tirishib, basharasini tirjaytiradi. Tirjayib turib qichqiradi:
— To‘rning ikki xili bor, oyimposhsha! Ip-u ipak! Oryayental, britan, valensen, kroshe, torshon, — bulari ip, rokoko, sutajet, kambre, — bulari ipak… Xudo haqi, ko‘zingizni arting! Odamlar kelyapti!
Polinkaning ko‘z yoshlari tinmay oqayotganini ko‘rib, gumashta yana ham qattiqroq kichqiradi:
— Ispaniyadan keltirilgan, rokoko, sutajet, kambre… feldekos, ip, ipak paypoqlar…

Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi