Anton Chexov. Pochta (hikoya)

Kechasi soat uch. Furajkasini, paltosini kiyib, zanglagan qilichini ushlab, eshik oldida ketishga tayer bo‘lib turgan pochtalon, hozirgina kelgan, uch ot qo‘shilgan soyavon aravaga pochtani joylab bo‘lishlarini kutar edi. Uxlayverib qovoqlari shishib ketgan priyomchi pesh taxtaga o‘xshash stolida o‘tirib, blankaga allanimalarni yozib, gapiradi:
— Mening student jiyanim shu topda stantsiyaga boraman deyapti. Ignatev, sen shuni aravaga o‘tqazib olib ketaqol. Aslida pochta bilan begona kishini olib yurib bo‘lmaydi-yu, lekin iloji yo‘q-da! Uning uchun alohida ot kira qilib o‘tirgandan ko‘ra, yaxshisi tekinga tushib keta qolsin.
— Tayyor! — degan ovoz eshitildi, tashqaridan.
— Xudoga topshirdim, — dedi priyomchi — Qaysi yamshchik boradi?
— Semyon Glazov.
— Ke, qo‘l qo‘y.
Pochtalon qo‘l qo‘yib, chiqib ketdi. Pochta bo‘limiga kiraverishda arava qorayib ko‘rinadi. Otlar qimir etmas, faqat yonga qo‘shilgan otlardan biri bezovtalanib, dam u oyog‘i bilan, dam bu oyog‘i bilan yer tepib, boshini silkitar, bundan ahyon-ahyonda qo‘ng‘iroq jiringlab qolar edi. Yuk ortilgan aravaning qorasi ko‘rinar, uning oldiga ikki chemodan ko‘targan student va yamshchik imillab borar edi.
Yamshchik qorong‘ilikda trubka chekib borar, uning o‘ti yallig‘lab, o‘chib, bir daqiqa goh yengini, goh shopday mo‘ylovini, katta qip-qizil burnini, goh osilib turgan quyuq qoshini yoritib yuborar edi.
Pochtalon qo‘li bilan yuklarning u yoq bu yog‘ini bosib-bosib, ustiga qilichini qo‘ydi-da, o‘zi aravaga chiqdi. Orqasidan sudralib chiqayotgan student bexosdan tirsagi bilan uni turtib yubordi va xijolat tortib cho‘chibroq va sekingina: «Kechirasiz» dedi. Trubka o‘chdi. Pochta bulimidan nimcha va tufli kiygan priyomchi chiqdi; kechki sovuqdan uning eti junjib, kuh-kuhlaganicha tarantasni ailanib o‘tdi:
— Xudo yor bo‘lsin! Mixaylo, onangga duo deb qo‘y! Hammalariga salom ayt. Sen esa Ignatev, paketni Bistretsovga topshirishni unutma… Jo‘nay qol!
Yamshchik tizginni bir qo‘liga olib turib, burnini qoqdi, o‘tiradigan joyini to‘g‘rilab, otlarni «chux» dedi. — Salom degin! deb yana takrorladi priyomchi qo‘ng‘iroqchalar jarangladi, shing‘iroqchalar ularga jur buldi. Arava g‘ijillab qo‘zg‘oldi, qo‘ng‘iroqchalar jingillab, shing‘iroqchalar shildirab ketdi. Yamshchik o‘rnidan turib yoniga qo‘shilgan osovroq otga ikki marta qamchi urdi, arava sertuproq ko‘chadan taraqlab jo‘nab ketdi. Shaharcha uyquda. Keng ko‘chaning ikki tomonidagi uy va daraxtlar qorayib ko‘rinar, bironta ham chiroq yo‘q, yulduz to‘la osmonda olacholpoq bulut suzar va tong yorishay deb turgan joyda o‘roqday yarimoy turar edi; na osmondagi sanoqsiz yulduzlar, na oqarib turgan yarimoy tungi havoni yoritmas edi. Havo sovuq, nam, kuzning isi kelib turardi.
Birga olib ketishdan bosh tortmagan kishi bilan xushmulozimat bo‘lish lozim deb, student gapga kirishdi:
— Yozda bu vaqtda yorug‘ bo‘ladi. Hozir esa tongdan darak ham yo‘q. Yoz ham o‘tib ketdi.
Student osmonga bir qarab qo‘yib, davom etdi:
— Kuz tushganligi osmondan ham ma’lum. O‘ng tomonga qarang, bir qator tizilib turgan uchta yulduzni ko‘ryapsizmi? Bu Orion yulduzlari, biz tomonda faqat sentyabr oyida ko‘rinadi.
Ikki qo‘lini yengiga tiqib, quloqlarini palto yoqasi bilan o‘ragan pochtalon qimir etmadi, osmonga ham qaramadi. Chamasi Orion yulduzlari uni qiziqtirmasdi. U bunday yulduzlarni ko‘raverib, joniga ham tekkan bo‘lsa kerak.
Student biroz jim turib, yana gap boshladi:
— Sovuq! Endi tong yorishib ham qolsa kerak. Quyosh soat nechada chiqadi, bilmaysizmi?
— Beshdan keyin, — deb javob berdi yamshchik. Arava shahardan chiqdi. Endi ikki tomonda polizlarning chetan devori, onda-sonda ochiq joyda tollar ko‘rinar, oldinda esa hamon qorong‘ilik edi. Bu ochiq joyda negadir yarimoy kattaroq, yulduzlar ravshanroq ko‘rinar edi. Havoda namlik sezildi. Pochtalon yana yoqasiga chuqurroq burkanib oldi. Student, yoqimsiz sovuq oldin oyog‘idan, keyin yukdan qo‘liga, so‘ng yuziga o‘tganini sezdi. Arava sekin yura boshladi; qo‘ng‘iroq go‘yo sovuqqa qotganday jim qoldi. Suvning shopillashi eshitildi, ot tuyoqlari tagida va arava g‘ildiraklari yonida yulduzlarning aksi o‘yinga tushdi.
O‘n minut o‘tgandan keyin shunday qorong‘ilik bo‘ldiki, na yulduz, na yarimoy ko‘rindi. Arava o‘rmonga kirdi. “Tikonli archaning bargi, studentning furajkasiga tegar, o‘rgimchakning uyasi yuziga yopishar edi. G‘ildirak va tuyoqlar ildiz poyalari ustida taqillar, arava esa mast kishiday chayqalar edi.
— To‘g‘ri yo‘ldan yur! — dedi pochtalon jahl bilan, — nega chetdan haydaysan? Shoxlar basharamni timdalab ketdi. O‘ngroqqa bur!
Bu orada sal bo‘lmasa ish pachava bo‘layozdi. Arava birdan sakrab, tirishgan odamday g‘ijirlab, goh o‘ngga, goh chapga qiyshayib juda tezlik bilan o‘rmon ichidagi yo‘ldan ketdi. Otlar nimadandir hurkib, olib qochdilar.
— Drrr!Drrr! — dedi yamshchik qo‘rqib ketib. — Drrr… shaytonlar!
Arava ustida sakrab-sakrab turgan student muvozanatni saqlash va arava ustidan uchib ketmaslik uchun, oldinga engashib, bir narsani ushlamoqchi bo‘ldi, biroq charm ichidagi yuklar silliq edi, yamshchikni belbog‘idan ushlay desa, uning o‘zi ham qulay deb turardi. Arava g‘ildiraklarining shaqir-shuqiri va g‘ijillagan tovushi erasida yerga tushgan qilichning jaranglagani eshitildi. Birozdan keyin, arava orqasidan nimadir ikki marta gurs etib tushdi.
— Drrr! — dedi yamshchik ovozining boricha baqirib, tizginni orqaga tortarkan. — To‘xta,!
Student yamshchik o‘tirgan yerga yuzi bilan yiqilib, peshonasini g‘urra qildi va shu zahoti arava orqasiga yelkasi qattiq tegdi. «Yiqilaman!» deb o‘yladi u, shu choq arava o‘rmondan ochiqlikka chiqib, birdan o‘ng tomonga burildi va yog‘och ko‘prikdan sharaqlab o‘tib to‘xtadi. Arava birdan to‘xtaganidan student yana oldiga munkib ketdi.
Student bilan yamshchik ikkalasi xalloslab qoldi. Aravada pochtalon yo‘q edi. U qilichi, studentning chemodani va bitta yuk bilan yerga uchib tushgan edi.
— To‘xta muttaham! To‘xta-a! — degan uning baqirishi o‘rmon ichidan eshitildi. — Eh, xarom o‘lgur, iflos! — derdi u arava tomon chopib kelarkan, uning yig‘lamsiragan ovozidan alam va g‘azab sezilib turardi. — O‘l, la’nati! — deb mushtini do‘laytirib yamshchikning oldiga sakrab chiqdi.
— Hech bunday bo‘lmagan edi, xudoyo tovba! — dedi yamshchik gunohkordek valdirab va otlarning tumshuqlari oldida nimanidir tuzatdi. — Hamma yonga qo‘shiladigan otlar shayton bo‘ladi. Bu juvonmarg toyni bundan bir hafta ilgari aravaga o‘rgatgan edik. O‘zi yaxshi yuradi. Tepalikdan tushadigan yer keldimi — rasvo bo‘ladi qo‘yadi! Tumshug‘iga ikki-uch marta tushirsang, jinniligini qilmay qo‘yadi. To‘xta-e! Shayton!
Yamshchik to otlarni u yoq bu yog‘ini to‘g‘rilab, yo‘ldagi chemodan, yuk va qilichni topguncha, pochtalon yig‘lamsirab g‘o‘ldirab, bo‘g‘iq tovush bilan so‘kinib turdi. Yamshchik yuklarni joy-joyiga qo‘yib, otlarni bekorga yuz qadamcha yetaklab borib, yoniga qo‘shilgan otni allanimalar deb so‘kib, o‘z joyiga chiqib o‘tirdi.
Shu qo‘rqinchli voqia o‘tgandan keyin bu hodisa studentga kulgili va qiziq bo‘lib tuyildi. U umrida birinchi marta pochta ortilgan aravaga kechasi tushgan edi. Hozirgina sodir bo‘lgan voqea: pochtalonning aravadan uchib tushishi, orqasining og‘rig‘i unga qiziq sarguzasht bo‘lib ko‘rindi. U papiros chekib, kulib turib:
— Bunaqa bo‘lganda odamning bo‘yni uzilishi mumkin! Mening yiqilishimga ham sal qoldi, hatto sizning uchib tushganingizni ham sezmay qolibman. Kuzda yo‘l qanaqa bo‘lishini tasavvur qildim, — dedi.
Pochtalon indamadi.
— Siz qachondan beri pochtalonlik qilasiz? — deb so‘radi student.
— O‘n bir yildan beri.
— Oho! Har kuni borasizmi?
— Har kuni. Bu pochtani olib borib, shu zahoti orqamga qaytaman. Nimaydi?
— O‘n bir yildan beri, har kuni qatnab juda ko‘p qiziq hodisalarni boshingizdan kechirgandirsiz. Yozning ochiq va kuzning dahshatli kechalari, yoki qishda, aravani qor bo‘roni to‘polon bilan o‘rab olsa, bunday yovuz dahshatdan qutilish qiyin. Bir necha marta ot olib qochgandir, arava botqoqqa botib qolgandir yoki yomon odamlar hujum qilgandir, qor bo‘roni yo‘ldan adashtirgandir…
— O‘n bir yil ichida qancha qiziq hodisalarni boshdan kechirgansiz, deb o‘ylayman-da, — dedi student. — Yo‘l yurish qo‘rqinchli bo‘lsa kerak?
U gapirar va pochtalonning so‘zlashini kutar edi, lekin pochtalon qovog‘ini solib, paltosining yoqasiga boshini burkab oldi. Tong ota boshladi. Osmonning rangi o‘zgargani sezilmadi. Ammo hali ham hammayoq qorong‘iday tuyildi, lekin otlar, yamshchik va yo‘l ko‘rinardi. Yarimoy borgan sari oqarar, uning ostida cho‘zilgan bulut lafetli pushkaga o‘xshar va bir chekkasi sarg‘ayib turardi. Tezda pochtalonning yuzi ko‘rindi. Uning yuzini shudring bosganidan, nursiz va murdaga o‘xshab qimirlamasdi. Uning yuzida ma’nosiz, og‘ir alam borligi, o‘tgan voqeani eslab, yamshchikdan jahli chiqayotganligi ko‘rinib turardi.
— Xudoga shukur, tong otyapti! — dedi student uning tajang va sovqotgan yuziga qarab. — Men juda sovuqqotdim. Sentyabr kechasi sovuq bo‘ladi, quyosh chiqdimi, sovuq darrov ko‘tariladi. Stantsiyaga yaqinlashib qoldikmi?
Pochtalonning peshonasi tirishdi, yuzi yig‘lamasiraganday bo‘ldi.
— Azbaroyi xudo, muncha gapirishni yaxshi ko‘rasiz-a! — dedi u. — Nima, tinch ketolmaysizmi?
Student uyalib yo‘l bo‘yi indamadi. Tez orada tong otdi. Oyning rangi oqarib ko‘kish osmonga ko‘milib ketdi, bulutlar sarg‘aydi, yulduzlar ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Sharq tomon hamon sovuq edi, uning rangi osmon rangiga o‘xshar, orqasida quyosh borligiga kishi ishonmas edi…
Ertalabki sovuq va pochtalonning tumshayganligi sovuq qotgan studentga ham sekin-asta ta’sir qildi. U tabiatga hafsalasizlik bilan qarab, quyosh issig‘ini kutdi va tun sovug‘i bechora daraxtlar va o‘tlarga dahshatli va yoqimsiz bo‘lsa kerak deb o‘yladi. Quyosh chiqdi, u xira, hozirgina uyqudan turganday, issiq ham sochmadi. Hikoyalarda yozilgandek, daraxt uchlari oltinsimon tusga kirmadi, nur yerda o‘rmalamadi va qushlarning uchishida quvonch ko‘rinmas edi. Kechasi qanday sovuq bo‘lsa, quyosh chiqqandan keyin ham shunday qoldi…
Qosh-qovog‘ini solib, uyqusirab ketayotgan student qo‘rg‘onchaniig parda tutilgan derazalariga qaradi. Bu derazalarning orqasida kishilar ertalabki avji shirin uyquda yotgan bo‘lsalar kerak deb o‘yladi. Ular pochta qo‘ng‘irog‘ini ham eshitmaydilar, sovuqni ham sezmaydilar, pochtalonning sovuq yuzini ham ko‘rmaydilar; agar-qo‘ng‘iroq birorta oyimqizni uyg‘otguday bo‘lsa, u ikkinchi yoniga ag‘darilib, osoyishtalikda va farog‘atda jilmayib, oyoqlarini bukchaytirib, qo‘llarini yuzlarining ostiga qo‘yib, yana qattiqroq uxlaydi.
Student qo‘rg‘oncha yonida yaltirab turgan hovuzga qaradi va sovuq suvda yashashni ixtiyor qilgan tovon baliq va cho‘rton baliqlarni esladi.
— Boshqa odamlarni pochta aravasida olib yurilmasin deyilgan… — dedi birdan pochtalon. — Ruxsat etilmagan!.. Axir ruxsat etilmagandan keyin tushish ham kerak emas… Ha, shunaqa. Mening uchun baribir-ku, lekin men, bu narsani istamayman ham, yoqtirmayman ham. — Axir sizga yoqmasa, nega oldin indamadingiz? Pochtalon hech narsa demay qovog‘ini solib, xo‘mrayib o‘tira berdi. Birozdan keyin arava stantsiya oldida to‘xtadi, student minnatdorlik bildirib, pastga tushdi. Pochtoviy poyezd hali kelmagan edi. Zapas yo‘lda uzun yuk poyezdi turar edi; shabnamdan basharasi ho‘llangan mashinist va uning yordamchisi tendirda turib iflos temir choynakdan choy ichmoqda edi. Vagonlar, platforma, skameykalar — hammasi nam va sovuq edi. Poyezd kelguncha student bufetda choy ichdi, pochtalon esa qo‘lini yengi ichiga tiqib, xo‘mrayib, yerga qarab platformada u yoqdan bu yoqqa yurdi. U kimdan xafa edi? Kishilardanmi, yo‘qchilikdanmi, kuz kechasidanmi — bilib bo‘lmas edi.

A. Ashrapov tarjimasi