Anton Chexov. Nay (hikoya)

Dementiyev xutorlik gumashta Meliton Shishkin dim archazor chakalakdan bo‘g‘ilib, hamma yog‘ini o‘rgimchak ini va igna barglar bosgan holda qo‘lida miltiq, o‘rmon yoqasqga chiqib kelayotgan edi. Uning ko‘ppak bilan setterdan tug‘ilgan, Damka degan juda oriq bo‘g‘oz iti ho‘l dumini qisib, egasining orqasidan sudralib kelar, tumshug‘ini tikondan hadeb ehtiyot qilar edi. Tong mahali bulutli va fayzsiz edi. Siyrak tuman bosgan daraxtlardan va qirquloqlardan yirik tomchilar tomar, o‘rmon zaxkashligidan o‘tkir chirindi hidi kelardi.
Oldinda, chakalak yoqasida oq qayinlar ko‘rinib turar, ularning tanalari va shox-shabbalari orasidan yiroqdagi tuman bosgan yerlar ko‘rinar edi. Kimdir oq qayinlar orqasida «qo‘lbola» cho‘pon nayini chalar edi. Naychi besh-olti xil havoni cho‘zib chalar, ularni bir maqomga solgusi kelmas, lekin, shunga qaramay, uning nayidan allaqanday g‘amgin va ta’sirli ohang eshitilar edi.
Chakalak siyraklashib, archalar yosh oq qayinlar bilan tutashib ketgan joyda Meliton podani ko‘rib qoldi. Tushovlangan otlar, sigirlar va qo‘ylar butalar orasida tentirab yurar, shox-shabbalarni shitirlatib, o‘rmondagi oq qayinga suyanib, qotma va yirtiq chakmon kiygan, boshyalang keksa cho‘pon turar edi. U yerga qarab, nimanidir o‘ylar, aftidan nayni beixtiyor chalayotgan edi.
Meliton o‘zining katta jussasiga va sergo‘sht yapaloq yuziga yarashmagan g‘ing‘illagan ovoz bilan salomlashib:
— Salom, buva, xudo yor bo‘lsin! — dedi. — Nayni boplab chalar ekansan! Kimning podasini boqyapsan?
Chol istar-istamas:
— Artamonovnikini, — deb javob qilib, nayni qo‘yniga solib qo‘ydi.
— Demak o‘rmon ham Artamonovniki ekan-da, — dedi Meliton alanglab. — Rostdan ham Artamonovniki ekan, buni qara-ya… Oz bo‘lmasa adashib qolayozdim. Butun basharamni shox-shabba tirnab tashladi.
U zax yerga o‘tirib, gazeta qog‘oziga maxorka o‘ray boshladi. Bu odamning g‘ing‘illagan ovoziga o‘xshab: kulishi ham, ko‘zlari ham, tugmalari ham, semiz va qirilgan boshida ilinib turgan shapkasi ham bachkana bo‘lib, uning katta qomatiga va so‘lqildoq yuziga kelishmas edi. Bu odam gapirgan va kulgan vaqtida uning tarashlangan so‘lqildoq yuzida va butun gavdasida qandaydir xotinlarga xos cho‘chimalik va yuvoshlik sezilib turardi.
U boshini chayqab:
— Havoni qara-ya, xudo saqlasin, — dedi. — Odamlar hali sulini o‘rib olgani yo‘q, yomg‘ir hadeb quygani quygan, hay mayli.
Cho‘pon yomg‘ir quyib turgan osmonga, o‘rmonga, gumashtaning shalabbo kiyimiga bir qarab qo‘yib, o‘yga toldi va indamadi.
Meliton chuqur nafas olib:
— Yoz bo‘yi shunday bo‘ldi… — dedi. — Dehqonlarga ham yomon, xo‘jayinlarga ham hech bir tinim yo‘q.
Cho‘pon osmonga yana bir qarab qo‘yib o‘yladi, go‘yo har bir so‘zni kavshaganday salmoqlab:
— Hamma narsaning oqibati bir… yaxshilik kutma, — dedi.
Meliton maxorkasini chekar ekan:
— Bunda ahvol qalay? — deb so‘radi. — Artamonov o‘rmonida, bola ochgan kurtovuq ko‘rdingmi?
Cho‘pon darhol javob qilmadi. U yana osmonga, yon-veriga qaradi, o‘ylanib ko‘zlarini pirillatdi. Aftidan, u har bir so‘ziga ko‘p e’tibor berar, va ularning qadrini ko‘tarish uchun salmoqlab andak viqor bilan gapirar edi.
Uning chehrasida keksalarga xos savlat bor edi, qanshari egar nusxa, burnining kataklari cho‘chchayganroq bo‘lgani uchun ayyor va masxarabozga o‘xshar edi.
— Yo‘q, ko‘rmadim shekilli, — deb javob qildi. — Bizning ovchimiz Yeremkaning aytishicha, Ilin hayiti kuni Pustoshya yaqinida bir gala jo‘jani uchiribdi, yolg‘on aytsa kerak. Parranda oz.
— Ha, og‘ayni oz… Hamma joyda oz! Sirasini aytganda ov hech narsaga arzimaydi va bachkana. Parranda hech ham yo‘q, boriga ham ovora bo‘lishga arzimaydi — hali katta bo‘lganicha yo‘q! Juda mayda, ov qilishga ham ko‘z qiymaydi.
Meliton kulib, qo‘l siltadi.
— Dunyoning ishlariga kulging keladi, xolos! Parrandalar ham hozir g‘alati bo‘lib qoldi, kech tuxum bosadi, shundaylari ham borki, Petrov hayitida tuxumni ochib chiqmagan bo‘ladi. Azbayroi xudo!
Cho‘pon yuzini osmonga qaratib:
— Hamma narsaning oqibati bir, — deb qo‘ydi. — Bulturgi yilda parranda oz edi, bu yil esa undan ham oz, besh yildan keyin qurib ketadi desa bo‘ladi. Menimcha, yolg‘iz yovvoyi parranda emas, hech qanaqa qush urug‘i qolmaydi.
— Ha, — deb ma’qulladi Meliton o‘ylanib, — rost.
Cho‘pon zaharxanda qilib kuldi-da, bosh chayqadi.
— Hayron qolasan kishi, — dedi u. — Qayoqqa ketgan hammasi? Yigirma yil burun, esimda, bu joyda g‘oz, turna, o‘rdak, qurtovuq gala-gala bo‘lib uchib yurardi! Xo‘jayin ovga chiqqanda, «paq-paq» degan tovushni eshitganing eshitgan edi. Loyxo‘rag-u suxsurlarning hisobi, mayda churrak va qashqaldoqlar chug‘urchug‘ va chumchuqqa o‘xshab son-sanoqsiz edi! Hammasi qayoqqa yo‘qoldi. Hatto yirtqich qushlar ham ko‘rinmaydi. Burgutlar ham, lochinlar ham, ukkilar ham gumdon bo‘ldi… Har qanaqa yovvoyi hayvonlar ham kamayib ketdi. Hozir, og‘ayni ayiq bilan bo‘rsiq u yoqda tursin, bo‘ri bilan tulki ham siyrak uchraydi. Avallari bug‘ular ham bo‘lar edi! Qirq yildan beri yildan-yilga dunyoning ishlarini tomosha qilaman, o‘yimcha, hamma narsaning oqibati bir!
— Oqibati nima?
— Oqibati voy, yigit, o‘yimcha, ohirat yaqinlashganga o‘xshaydi. Olam tugaganga o‘xshaydi.
Chol shapkasini kiyib osmonga tikildi. Bir oz o‘ylanib turgach:
— Essiz-essiz! — dedi u, uh tortib. — Yo parvordigorey, rahming keladi kishi, xudoning irodasi, albatta. Dunyoni biz yaratgan emasmiz, shunday bo‘lsa ham, uka, achinaman. Agar birorta daraxt qurib qolsa, yoki, aytaylik, birorta sigir xarom o‘lib qolsa ham, kishi achinadi. Butun dunyoning kuli ko‘kka sovuriladigan bo‘lsa, qarab turib bo‘ladimi? Qanchadan-qancha boylik, oftob ham, osmon ham, o‘rmonlar ham, daryolar ham, jonivorlar ham — hammasi mos qilib, bir-biriga muvofiq qilib yaratilgan, yo parvardigor! Har narsa ishga solingan va o‘z joyini topgan. Nahotki, shular hammasi yakson bo‘lsa!
Cho‘ponning yuzida g‘amgin bir tabassum paydo bo‘ldi va ko‘zlari pir-piradi.
— Sen dunyo halok bo‘ladi, deysan, — dedi Meliton o‘ylanib. — Ehtimol ohirat yaqinlashgandir, lekin buni parrandalarga qarab aytib bo‘lmaydi. Parrandalar bu narsani bildiradi deyish — yanglish.
— Yolg‘iz qushlar emas, — dedi cho‘pon. — Yirtqich hayvonlar, qoramol ham, asalarilar ham, baliqlar ham… Menga ishonmasang qariyalardan so‘ra; har kimsa ham senga, baliq avvalgidek emas, dengizlarda ham, daryolarda baliq yildan-yilga ozayib kelyapti, deydi. Bizning Peschankada, yodimda, bir gaz keladigan cho‘rtan baliq tutilar edi. Yelim baliq ham, tanga baliq ham, zog‘ora baliq ham bo‘lar edi. Har qaysi baliq ham o‘ziga yarasha katta bo‘lar edi. Endi chorak gaz keladigan cho‘rton yoki olabo‘g‘a baliq tutsang shukur qilaver. Hatto asl yorsh balig‘i ham yo‘q, yildan-yilga battar bo‘lyapti, tez kunda baliqdan asar qolmaydi. Daryolarni demaysizmi? Daryolar ham quriyapti.
— Rost, quriyapti.
— Ha, shundoq. yil sayin sayozlashib, tagi ko‘rinib qolyapti. Avvalgidaqa girdoblar yo‘q. Huv anavi butalarni ko‘ryapsanmi? — deb so‘radi bir tomonni ko‘rsatib. — Butalarning orqasi suvning eski yo‘li edi, halqop deyilar edi; otam tiriklik mahalida Peschanka o‘sha yerdan oqardi, endi bo‘lsa jin chalib chalg‘ib ketdi! Yo‘lini o‘zgartiryapti, to quriguncha o‘zgartiraveradi. Kurgasning nariyog‘ida ko‘lmak suv bilan hovuzlar bor edi. Endi qayoqqa ketdi degin? Soylar qayoqqa yo‘qoldi? Bizning ana shu o‘rmondan soy oqardi, shunaqa soy ediki, mujiklar unga savat to‘r tashlab, cho‘rtan baliq tutar edilar, yovvoyi o‘rdaklar shu soyning yoqasida qishlardi, endi bo‘lsa odam toshqin mahalida suvga yalchimaydi. Ha, og‘ayni, qayerga qarama, hamma joyda ish chatoq, hamma yoqda!
Sukut cho‘kdi. Meliton bir nuqtaga tikilib o‘ylanib qoldi. U hali tabiatda falokatga uchramagan biron joyni eslamoqchi bo‘lar edi. Tuman va yondama yoqqan yomg‘ir orasidan xuddi sut rang oyna orqali ko‘ringandek yorug‘ shu’lalar o‘tib ketar, yana o‘sha zamon so‘nar, bu chiqib kelayotgan va bulutlar orqali o‘tib yerga nazar tashlamoqchi bo‘lgan quyosh edi.
— O‘rmonlar ham shunday… — deb g‘o‘ldiradi Meliton.
— O‘rmonlar ham… — deb takrorladi cho‘pon. — Ularni kesadilar, o‘t tushadi, qurib qoladi, yangisi o‘smaydi. O‘sib chiqqanini darrov kesadilar, bugun chiqdi deguncha, ertasiga qarabsanki, odamlar kesib opti, hech narsa qolmaguncha shu zayilda hadeb kesaveradilar. Og‘ayni, men ozodlikdan beri jamoaning podasini boqaman, ozodlikkacha ham boylarning cho‘poni edim, xuddi shu joyda poda boqar edim, yoz kunlari men shu yerda bo‘lmagan kunimni eslolmayman. Har doim men xudoning karomatini ko‘rib turaman. Og‘ayni, men o‘z umrimda ko‘raverib, giyohlar kamayib ketayotganini tushunib qoldim. Javdarining ham, sabzavotning ham, har qanday gulning ham oqibati voy.
— Ammo odamlar yaxshi bo‘lib bopyapti, — dedi gumashta.
— Nimasi yaxshi bo‘lyapti?
— Aqllik bo‘lyapti.
— Aqllikka aqllik-ku, rost aytasan yigit, bundan nima naf? Oxirat yaqinlashganda odamlarga aql nima kerak? Aql bo‘lmasayam o‘lish mumkin. Parranda bo‘lmagandan keyin, ovchiga aql nima hojat? Menimcha, xudo odamga aql berib, kuchini olib qo‘ygan. Odamlar zaiflashib ketgan, juda ham! Masalan, meni olaylik… Sariq chaqalik qadrim yo‘q. Butun qishloqda men eng pastarin mujikman, lekin har qalay quvvatim bor, yigit. Mana menga bir qara, yetmishni urib qo‘ydim. Shunday bo‘lsa ham poda boqmagan kunim yo‘q, ikki paqirga yana tunda ham qo‘riqlayman, uxlamayman ham, sovqotmayman ham. — O‘g‘lim o‘zimdan ko‘ra aqlliroq, lekin uni mening o‘rnimga qo‘ysalar, ertasigayoq qo‘shimcha haq so‘raydi, yoki davolanishga jo‘nab qoladi. Shundoq. Men nondan boshqasini yemayman ham, chunki non kundalik rizqimiz, mening otam ham, buvam ham nondan bo‘lak narsa yemagan, endigi mujikka bo‘lsa choy ber, araq ber, oq non ber, kun botgandan kun chiqquncha uxlashi kerak, davolanishi ham kerak, yana baloi battarlar kerak. Nima uchun? Bo‘shashib ketgan, sabr qilishga quvvati yo‘q. O‘zi uxlamaslikka rozi bo‘lsa ham, ko‘zlari yumilib ketaveradi — hech chora yo‘q.
— Rost aytasiz, — deb ma’qulladi Meliton. — Hozirgi mujik sariq chaqaga arzimaydi.
— Aybimizni yashirishning hojati yo‘q, yildan-yilga battarlashyapmiz. Hozirgi xo‘jayinlarni olsangiz, ular ham mujikdan battar zaiflashib ketgan. Endigi boylar ilgarilab ketgan, keragi yo‘q narsalarni ham biladi, bundan nima naf? Ko‘rsang rahming keladi… go‘yo vengr, yo frantsuzga o‘xshab oriq, xumkalla, savlati ham yo‘q, vajohati ham — nomigagina boy. Tayinlik bir amali ham yo‘q, ishi ham, unga nima darkorligini bilolmaysan ham. U yo qarmoq solib baliq tutadi, yo chalqanchasiga yotib, kitobxonlik qiladi, yo mujiklar orasida tentirab yurib, vaysagani-vaysagan, och qolgani mirzalikka kiradi. Shunday qilib, behuda umr kechiradi. Arziydigan bir ish qilish to‘g‘risida aql yurgizmaydi ham. Avvalgi xo‘jayinlarning yarmi general bo‘lar edi. Endigisi bo‘lsa — hammasi bachkana odamlar!
— Juda kambag‘allashib qolganlar, — dedi Meliton.
— Xudo kuchdan qoldirgani uchun faqirlashganlar. Kishi xudoning irodasiga qarshi bora olmaydi.
Meliton yana bir nuqtaga tikilib qoldi. Bir oz o‘ylab turib mulohazalik odamlar singari xo‘rsinib qo‘ydi, boshini chayqab, shunday dedi:
— Hammasi nimadan? Xudoni unutib gunohga botdik… Demak, shunday zamon keldiki, hamma narsa bitishi kerak. Shuni ham aytish kerakki, dunyo abadiy emas, davri o‘tdi, obro‘sini ham bilishi kerak.
Cho‘pon uh tortib qo‘ydi va sovuq suhbatni to‘xtatish uchun oq qayindan nariroqqa borib, ko‘zlari bilan sigirlarni sanay boshladi.
— Xo‘sh, xo‘sh! — deb qichqirdi u, — Harom o‘lgurlar, gumdon bo‘lgurlar! Jin olib ketdi, shekilli! Xo‘sh!
U g‘ijinib podani qaytargani daraxtzor ichiga kirib ketdi. Meliton o‘rnidan turib, sekin o‘rmon yoqalab ketdi. U oyog‘i ostiga qarab o‘ylar; u ajal tegmagan biror narsani eslamoqchi bo‘lar edi. Hiyalab yoqqan yomg‘ur orasidan yana yorug‘ shu’lalar o‘tib ketdi; ular daraxt uchlariga chiqib, namiqqan yaproqlar orasida so‘ndi. Damka buta orasida bir kirpini uchratib, akillab egasini chaqira boshladi.
Cho‘pon daraxtlar orqasidan turib:
— Siz tomonda ham oy «kuydimi»? — deb so‘radi.
— Ha, — deb javob berdi Meliton.
— Shundoq. Hamma joyda ham odamlar «kuydi» deb shikoyat kildilar.
— Demak, og‘ayni, osmonda ham tartib qolmapti-da!
— Bejiz emas… ho‘sh-ho‘sh-ho‘sh…
Cho‘pon podasini o‘rmon yoqasiga haydab kelib, oq qayinga suyandi, osmonga qaradi-da, shoshilmay qo‘ynidan nayini olib, chala boshladi. U boyagidek nayni g‘ayri ixtiyoriy chaldi, besh-olti xil havoni chaldi; nay go‘yo uning qo‘liga birinchi daf’a tushgandek, undan chiqqan tovushlar mujmal va tartibsiz uchar bir maqomga solinmas edi, lekin oxirat to‘g‘risida o‘ylagan Melitonga bu chalg‘uda juda g‘amgin va ko‘nglini gash qiladigan yoqimsiz ko‘y eshitilardi. Qaldirab chiqib, uzilib qolgan chiyillagan tovushlar xuddi nay betob va cho‘chiganday doim fig‘on qilib turar edi, eng past tovushlar negadir tumanni, ma’yus daraxtlar, ko‘kish osmonni eslatganday bo‘lar edi. Bunday muzika ob-havoga ham, cholga ham, uning so‘zlariga ham mos tushganday edi.
Melitonning shikoyat qilgusi kelib qoldi, u cholning oldiga kelib, uning g‘amgin va g‘alati yuziga va nayiga qarab, g‘o‘ldiradi:
— Tirikchilik ham yomonlashdi, buva. Yashashdan bezdik. G‘alla bitmayapti, qashshoqlik… o‘xtin-o‘xtin hayvonga o‘lat tegyapti, kasal chalyapti… muhtojlik qiynab qo‘ydi.
Gumashtaning so‘lqildoq yuzi qizarib, xotinlarga o‘xshash g‘amgin bir tus oldi. U o‘zining noma’lum hislarini bayon qilish uchun so‘z qidirganday barmoqlarini qimirlatib qo‘ydi va davom qildi:
— Sakkizta bolam bor, xotinim… onam ham hayot, oladigan oyligim atigi o‘n so‘m, ovqat o‘z yonimdan. Bechorachilikdan xotinimning fe’li aynigan… o‘zim bo‘lsam ichganim ichgan. Men mulohazalik, vazmin odamman, ilmim ham bor. Uyda rohat qilib tinch o‘tiradigan vaqtim, men bo‘lsam kuni bo‘yi qo‘limda miltiq, xuddi itdek sanqiyman. Hech qanday boshqa ilojim yo‘q: uy ham jonimga tegdi!
Tili demoqchi bo‘lgan narsasini aytmaganini sezib gumashta qo‘l siltab qo‘ydi va xafa bo‘lib dedi:
— Dunyo xarob bo‘ladigan bo‘lsa, tezroq bo‘lsin! Bekorga ovora bo‘lib, odamlarni qiynashning hojati yo‘q…
Chol nayni og‘zidan olib, bir ko‘zini qisib, uning kichkina teshigiga qaradi. Uning afti qayg‘uli bo‘lib, ko‘z yosh singari suv tomchilari bilan qoplangan edi. U tirjayib gapirdi:
— Essiz-essiz birodar! Yo xudo, qanday achinarlik! Yeru, o‘rmon, osmon… turli jonivor — hammasi yaratilgan, moslashtirilgan. Hammasi aqlga muvofiq… Hammasi bekorga nobud bo‘lib ketadi. Hammadan ham kishi odamlarga achinadi.
O‘rmon ichida shovullab yog‘a boshlagan yirik yomg‘ir tomchilari o‘rmon yoqasiga kelib qolgan edi. Meliton shovullagan tomonga qarab, tugmalarini solib oldi.
— Endi qishloqqa ketay, — dedi. — Xayr, buva. Oting nima?
— Luka Bedniy.
— Xayr bo‘lmasa, Luka! Yaxshi so‘zlaring uchun rahmat. Damka, qani yur!
Meliton cho‘pon bilan xayrlashib, o‘rmon yoqalab ketdi. Keyin asta-sekin botqoqlikka aylangan pastlikdagi o‘tloqdan yo‘l oldi. Oyog‘i ostida suv bilchillar, hali ko‘m-ko‘k turgan barra qiyoq o‘t, bosilib ketishdan qo‘rqqanday yerga yotib olar edi. Botqoqlikning nariyog‘idagi hali buva aytgan Peschanka qirg‘og‘ida majnun tollar o‘sib yotardi, tollar orqasida tuman orasidan boyning g‘alla ombori ko‘karib ko‘rinardi. Dalalar qo‘ng‘ir tus oladigan, yer loy va soviydigan, majnun tollar yanada g‘amga botib, uning tanasidan yoshlar oqadigan baxtsiz va hech oldini olib bo‘lmas faslning yaqinlashgani sezilib turar, yolg‘iz turnalargina bu umumiy falokatdan qochar, ular ham o‘z xursandliklarini bildirish bilan xazin tabiatni xafa qilishdan qo‘rqqanday osmonda o‘zlarining g‘amboda qo‘shiqlarini yangratib ketar edi.
Meliton soyga keta turib orqasida asta-sekin so‘nib borayotgan nay ovozini tinglar edi. U hamon shikoyat qilgisi kelardi. Tevarak-atrofga xafalanib qaradi, osmonga ham, yerga ham, oftobga ham, o‘rmonga ham va o‘z Damkasiga ham juda achindi. Nayning baland sadosi havoda yangrab, yig‘lamsiragan kishining ovoziday qaldirab ketganda, tabiatda ko‘ringan tartibsizliklardan juda xafa bo‘lib, alam qilib ketdi.
Nayning baland ovozi qaldirab, tindi va o‘chdi.

M. Rahmonov tarjimasi