Anton Chexov. Mansab darajasi uchun imtihon (hikoya)

Bir pochtaxonaning priyomchisi, sersoqol, mo‘ysafid, boshi sip-silliq qorni serkillagan Yefim Zaxarich Fendrikov asabiy holda qo‘llarini bir-biriga ishqab terlab-pishib deydi:
— Geografiya muallimi Galkinning menda keki bor, ishoning-ishonmang men unga bugun imtihon berolmayman. Imtihondan o‘tolmayman… Azbaroyi xudo… Arzimagan bir narsa ustida menga kek saqlab yuripti. Bir kuni mening oldimga zakaznoy xat olib kelib, odamlarning orasidan uzatib qoldi, qarangki, men avval uning xatini, keyin esa boshqalarnikini olishim kerak emish. Bunaqasi ketmaydi… Garchi u o‘qimishli toifadan chiqqan bulsa hamki, tartib saqlashi, kutishi kerak Men uni yaxshigina ogohlantirdim. «Sabr qiling, — dedim, — navbat bilan, taqsir». U birdan tutaqib ketdi O‘shandan beri, men bilan it-mushuk bo‘lib qoldi. O‘g‘lim Yegorushkaga doim «bir» qo‘yadi, mening orqamdan shaharda g‘iybat qilib yuradi. Bir kuni Kuxtinning mayxonasi yonidan o‘tib ketayotib edim, u qo‘lida bilyard tayog‘i bilan derazadan kallasini chiqarib, mast-alast holda butun ko‘chani boshiga ko‘tarib: «Birodarlar, qaranglar: iste’moldan qolgan siyqa marka o‘tib ketyapti!» deb baqirib qoldi.
O‘sha uyezd maktabining yo‘lagida Fendrikov bilan birga turib, savlat bilan uning papirosidan chekayotgan rus tili muallimi Pivomyodov yelkalarini uchirib, uni tinchitdi:
— Xotirjam bo‘ling. Sizdek og‘aynilarni imtihonda yiqitishdek hodisa bizlarda bo‘lgan emas. Bu bir rasmiyat-da!
Fendrikovning ko‘ngli bir pas taskin topti. Siyrak va kalta soqol, kanop matodan tikilgan shim va yangi ko‘k frak kiygan yosh Galkin dahlizdan Fendrikovga o‘qrayib qarab, o‘tib ketdi.
So‘ngra, inspektor kelyapti, degan gaplar tarqaldi. Fendrikovning eti jimirlashib, birinchi marta sudga tushgan aybdor va imtihondan o‘tuvchi kishiday qo‘rqib-pusib kutib turdi. Uezd maktabining shtatdagi nazoratchisi Xamov dahlizdan yugurib ko‘cha tomon o‘tdi. Uning ketidan qora taqiya kiygan, ko‘kragiga krest osgan din darsi muallimi Zmiyejalov yugurganicha inspektorga peshvoz chiqdi. Boshqa muallimlar ham o‘sha tomonga chopdilar. Xalq maktablarining inspektori Axaxov ular bilan shang‘illab salomlashgach, changdan zorlanib maktabga kirib keldi. Besh minutdan keyin imtihon boshlandi.
Qishloqqa muallim bo‘lib chiqadigan ikki popvachchani imtihon qildilar. Biri o‘tdi, ikkinchisi o‘tolmadi. O‘tolmagani qizil ro‘molchasiga burnini qoqib, andek o‘ylanib turganidan keyin chiqib ketdi. Uchinchi darajali ikki imtiyozli harbiylarni imtihon qildilar. So‘ngra navbat Fendrikovga keldi.
— Qayerda xizmat qilasiz? — deb so‘radi inspektor undan.
Fendrikov qaddini rostlab va qaltiragan qo‘llarini odamlardan yashirishga urinib:
— Shu joydagi pochtaxonada priyomchi bo‘lib ishlayman, janobi oliylari. Yigirma bir yil xizmat qildim, janobi oliylari. Endilikda esa meni kollejskiy registrator mansabiga ko‘tarish uchun hujjat talab qilinyapti. Shu sababdan boshlang‘ich mansab darajasi uchun imtihondan o‘tishga jur’at etyapman.
— Unday bo‘lsa… Diktant yozing.
Pivomyodov o‘rnidan turib yo‘talib olgach, varanglagan ovoz bilan, imtihon beruvchini yiqitish maqsadida talaffuzi boshqayu, yozilishi boshqacha so‘zlar bilan aytib turib diktant yozdirdi: «Xarasha xolodnaya vada, kagda xochitsa pit» va hokazo.
Ammo makkor Pivomyodov harchand chiransa ham diktant yaxshi chiqdi. Bo‘lg‘usi kollejskiy registrator garchi grammatikadan ko‘ra ko‘proq chiroylik qilib yozishga tirishsada, oz-moz xato qildi. «Chrezvыchayno» degan so‘zda u «n» harfini ikkita yozdi, «luchshe» degan so‘zni «lutshe» qilib yozdi. «Novoye poprishche» degan so‘zlarini «novoye podprishe» shaklida yozib inspektorning vajohatida kulgi asari paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi, ammo bular hammasi qo‘pol xato emas edi, axir.
— Diktant qoniqarli, — dedi inspektor.
Fendrikovga jon kirib, kushandasi Galkinga qiya qarab dedi:
— Janoblarining axborlariga yetkazishga jur’at qilamanki, geometriyani men Davidovning kitobidan o‘qiganman. Geometriyani men, qisman, Troitse-Sergiyevskiy, ya’ni Vifansk seminariyasidan yozgi ta’tilga kelgan jiyanim Varsonofiydan o‘rganganman. Planimetriyani ham, stereometriyani ham o‘qidim… qanday bo‘lsa shu kuyicha…
— Stereometriya programmada yo‘q.
— Yo‘q deysizmi? Men uning ustida bir oy bosh qotirdim… Esiz, esiz! — deb uh tortdi Fendrikov.
Hozircha geometriyani qo‘yib turaylik. Pochtaxona chinovnigi bulishingiz sifatida, ehtimol, siz xush ko‘rgan ilmga murojaat qilaylik. Geografiya pochtachilar ilmi.
Barcha muallimlar ehtirom bilan jilmayib qo‘ydilar. Fendrikov, geografiya pochtachilar ilmi degan gapdan norozi edi (bu to‘g‘rida pochtaxona nizomlarida ham okrug bo‘yicha berilgan farmonlarda ham hech nima deb yozilmagan edi). Shunday bo‘lsa ham, hurmat yuzasidan «Xuddi shunday» deb qo‘ydi. U titrab-qaqshab yo‘talar va qo‘rqib savol berishlarini kutar edi. Uning dushmani Galkin stulga yaslanib, unga qaramasdan cho‘zib dedi:
— Xo‘sh, aytingchi… Turkiyada usuli idora qanday?
— Ma’lum va ravshan… Turkcha…
— Hm! Turkcha… Bu umumiy gap. U joyda mamlakat konstitutsiya bilan idora qilinadi. Siz Gang daryosining irmoqlaridan qaysilarini bilasiz?
Men geografiyani Smirnov darsligidan o‘qiganman kechirasiz, yaxshi fahmlay olmaganman. Gang o‘sha Hindistondan oqib o‘tadigan daryo… okeanga borib quyiladi.
— Men sizdan bu to‘g‘rida so‘rayotganim yo‘q. Gangning qanday irmoqlari bor? Bilmaysizmi? Araks daryosi qayerdan oqib o‘tadi? Buni ham bilmaysizmi? Qiziq Jitomer qaysi gubernada?
— O‘n sakkizinchi tosh yo‘lda, yuz yigirma birinchi joy.
Fendrikovning peshonasini muzdek ter bosdi. Ko‘zlarini pir-pir uchirib, tili tanglayiga ketib qolgandek yutindi.
— Xudo haqi, taqsir, — deb g‘o‘ldiradi u, — hatto hazratimning o‘zlari ham shohiddirlarki, men yigirma bir yil xizmat qilganman, endi kelib bunaqa… o‘sha… Umr bo‘yi duoiy joningizni qilay…
— Yaxshi, geografiyani qo‘yaylik, bo‘lmasa. Siz arifmetikadan nima tayyorladingiz?
— Arifmetikadan ham mazam yo‘q… Hazrat protoiyerey ham buni tasdiqlasalar kerak. .. Umr bo‘yi sizlarni duo qilay… Pokrov hayitidan beri o‘qiyman, o‘qiyman… Lekin hech naf’i yo‘q… Qarib, zehnim o‘tmas bo‘p qolipti. Xudo xayringizni bersin, taqsir. Umr bo‘yi duogo‘yingiz bo‘lib qolay.
Fendrikovning kipriklarida ko‘z yoshi tomchilari ko‘rindi.
— Halol va to‘g‘ri xizmat qildim… har yili ro‘zani kanda qilmayman… Buni hatto taqsirimning o‘zlari ham biladilar. Rahm-shafqat qiling, janobi oliylari!
— Hech narsadan tayyorlanmadingizmi?
— Hammasidan tayyorlanganman, lekin hech biri esimda qolmadi. Yaqinda oltmishga kiraman, janobi oliylari, ilmning payidan bo‘lishni bizga kim qo‘yipti? Karam qiling.
— O‘ziga nishon qadalgan shapka ham buyurib qo‘yipti… — dedi protoiyerey Zmiyejalov kulib.
— Yaxshi, boring! — dedi inspektor.
Oradan yarim soat o‘tgach, Fendrikov muallimlar bilan Kutxinning mayxonasiga choy ichgani bordi va o‘z terisiga sig‘mas edi. Uning yuzi yorishgan, ko‘zlari suyunchdan chaqnar, lekin hadeb gardanini qashlayverishidan Qandaydir bir fikr uni bezovta qilayotganday edi.
— Esiz, esiz! — deb g‘o‘ldiradi u, — Manovini qarangki, ahmoqlik qilibman.
— Nima qilding? — deb so‘radi Pivomyodov.
— Programmada yo‘q ekan, nima qilib men stereometriyani o‘qib yuribman, axir? Bu la’natining ustida butun bir oy o‘tiribman-a! Esiz, esiz!

Mirkarim Osim tarjimasi