Anton Chexov. Kapitan mundiri (hikoya)

Chiqib kelayotgan quyosh uyezd shahriga sal-pal nur sochib xo‘rozlar endigina qichqira boshlagan payt, ammo Rilkin amakining qovoqxonasiga mijozlar kelibdi. Ular uch kishi bo‘lib, mashinachi Merkulov, mirshab Jratva va moliya mahkamasi xat tashuvchisi Smexunov edi. Ularning uchalasi ham ichib olishgan.
— Qo‘y, gapirma! Gapirmasang-chi! — deb so‘z uqdirardi mirshabning tugmasidan ushlab olgan Merkulov — Tikuvchilik bobidagi mahkama mansabdori, ya’ni yuqori martabali kishi, har qanaqangi generalni boplaydi. Mana misolga kamergerni olaylik… U qandai odam o‘zi? Uning mansabi qanaqa? Sen yaxshilab hisoblab ko‘r… Unga Pryundel bilan o‘g‘illari xo‘jayin bulgan eng yaxshi fabrikaning to‘rt gaz mavuti ketadi, tugmalari yoqalari tilladan, shimi oq tilla lampasli, ko‘kragi yarqirab turadi, yoqasi, yengi va chuntaklarining qopqog‘i ham yaltiroq bo‘ladi! Endi, bordi-yu haligi gofmeysterlar, shtalmeysterlar, tsermoniymeysterlar va boshqa ministeriylarga tikadigan bo‘lsak-chi… xo‘sh, sen qandoq tushunasan? Haliyam xotirimda, biz gofmeystr graf Andrey Semenich Vonlyarevskiyga mundir tikkan edik. Shunday mundir bo‘ldiki, asti qo‘ya ber — yaqin kelgani kishi qo‘rqadi! Unga qo‘l tekizsang azbaroyi shifo, tomirlaring dik-dik urib ketadi. Yuqori martabali kishi biron nima tikadigan bo‘lsa uni bezovta qilib o‘tirma. O‘lchovini oladi-yu, tika beradi, qanday tikilyapti, ko‘ring deb oliftagarchilik qilishga hojat qolmaydi. Agar sen usta mashinachi bo‘lsang, o‘lchovga qara-yu, bira to‘la tikaver… Shunday qilki, tomdan sakraganingda oyog‘ing to‘g‘ri etikka tushsin — mana shunday! Og‘aynilar, haliyam esimda, bizning yonimizda mirshabxona bor edi. Xo‘jayinimiz Osip Yaklich ana shu mirshablardan durustini, ya’ni qaddi-qomati bizga buyurtma bergan kishiga o‘xshaganini tanlab, kiyimni o‘shanga kiygizib ko‘rib, tiktiraverardi. Xo‘sh desang, og‘aynim, haligi… biz graf mundirini tikish uchun bir mirshab tanladik. Chaqirib keldik… Qani kiyib ko‘r-chi, nusxa, qalay!.. Juda qiziq bo‘ldi! Shunday qilib, mundirni u qiydi-yu ko‘kragiga ko‘z tashladi-da, nima bo‘ldi degin! Birdan o‘zini yo‘qotib qo‘ysa bo‘ladimi, tushundingmi, qalt-qalt titrab, esini yo‘qotdi qo‘ydi…
— Ispravnikka tikkanmidinglar? — deb so‘radi Smexunov
— Ey, ispravnik ham mansabdormi? Peterburgda ular itdan ham ko‘p… Bu yerdagina ularga mulozamat qilishadi, u yerda bo‘lsa — “qoch yo‘ldan, nega tiqilasan” deyishadi. Biz nuqul harbiy mansabdorlarga, keyin faqat birinchi to‘rt darajaga mansub yuqori martabali kishilarga tikardik. Odamdan odamning farqi bor… Deylik, agar sen beshinchi darajaga mansub bo‘lsang, u taqdirda sen bilan pachakilashib o‘tirmaymiz… Bir haftadan keyin kel deymiz — hamma narsa tap-tayyor, chunki unda yoqasi bilan yengidan bo‘lak tikadigan joyi yo‘qda… Bordi-yu, agar to‘rtinchi darajaga yoki uchinchi, ehtimol boringki ikkinchi darajaga mansub bo‘lgan kishi kelsa xo‘jayin darhol hammaga musht do‘laytirib, tishni qoqib olgudek bo‘lib, ishga kirishib ketadi, darrov mirshabxonaga odam yugurtiradi, o‘lchagani-da. Bir marta biz, og‘aynim, men senga aytsam, eron konsuliga tikib berdik. Ko‘kragiga va beliga bir yarim ming so‘mlik har xil zar tikib qo‘ydik. Biz o‘zimiz ham u shuncha pulni to‘lamasa kerak deb o‘ylagan edik; yo‘q, to‘ladi… Peterburgda hatto tatarlarda ham olijanoblik bor.
Merkulov uzoq vaysadi. Soat to‘qqizlarga yaqinlashib qolganda u, o‘tmish xotiralaridan o‘pkasi to‘lib, yig‘lab oldi, keyin nuqul savdogar va meshchanlar bilan to‘lgan mana shu bemaza shaharchaga kelib qolgani uchun o‘z taqdiridan nolib, shikoyat qilishga kirishdi. Mirshab allaqachon ikki kishini politsiyaga olib borib topshirib keldi. Xat tashuvchi ham bu orada ikki marta pochtaxonaga va undan moliya mahkamasiga borib, yana qovoqxonaga qaytdi, Merkulov esa hamon shikoyat qilardi. Kun tushga yetganda u dyachok oldida turib, zo‘r berib mushti bilan o‘zining ko‘kragiga urib, hasrat qilardi.
— Men yuzsiz, beor odamlarga kiiim tikishni istamayman! Bunga rozimasman ham! Peterburgda shaxsan o‘zim baron Shputselga yana qanchayu-qancha ofitser janoblarga mundir tikib berganman! Yo‘qol ko‘zimdan, basharangni ko‘rmay ro‘dopo! Yo‘qol deyman!
— Trifon Panteleich, siz o‘zingizni juda ham osmon tarashlamang, — deb unga nasihat qiladi dyachok. — Darhaqiqat o‘z ishingizga mohirsiz, lekin, xudo bilan dinni unutmaslik kerak. Ariy ham sizga o‘xshash juda balandparvoz edi, ich ketar kasaliga uchrab o‘ldi. Oh, siz ham o‘lib ketasiz!
— O‘lib ketaman! Mayli, chakmon tikib utirgandan ko‘ra o‘lganim yaxshi!
Birdan eshik orqasidan:
— La’nati shu yerdami? — degan xotin kishining ovozi eshitiladi va qovoqxonaga Merkulovning xotini Aksinya kiradi. U keksa, yenglarini shimarib, belini mahkam bog‘lab olgan ayol edi. — Qani u, basharang qurg‘ur? — dedi Aksinya qovoqxonada o‘tirganlarga g‘azab bilan ko‘z tashlab. — Laxatga kirgur, hozir uyga yur, seni allaqanday ofitser kutib o‘tiribdi!
— Qanaqa ofitser? — deb so‘radi Merkulov hayron bo‘lib.
— Men qayoqdan bilay! Gapiga qaraganda mundir tiktirgani kelibdi.
Merkulov barmoqlari bilan kattakon burnini qashidi. U, qattiq hayron qolgan paytlarida shunday qilardi. Nihoyat:
— Bu xotin jinni bo‘lib qolganmi deyman… deb ming‘irladi. — O‘n besh yil bo‘ladiki, bironta olijanob kishini ko‘rganim yo‘q, endi to‘satdan, ro‘za kuni mundir tiktirgani ofitser kelgan emish! Hm!.. Borib ko‘raychi…
Merkulov qovoqxonadan chiqib, qoqila-suqila uyiga ketdi… Xotini aldamagandi. U, uyi oldida mahalliy harbiy qism boshlig‘ining ishlar mudiri kapitan Urchayevni ko‘rdi.
— Sen qayerda sanqib yuribsan-a? — deb uni kutib oldi kapitan. — Naq bir soatdan beri kutaman-a… Menga mundir tikib bera olasanmi?
— Janoblari… Yo rabbiy! — dedi ming‘irlab, nafasi ichiga tiqilgan Merkulov va boshidan bir tutam sochi aralash shapkasini yulib oldi. — Janobi oliylari! Nima, men birinchi marta tikyapmanmi? Voy, xudoyim-ey! Men axir baron Shputselga… Eduard Karlichga kiyim tikkan mashinachiman… Janob podporuchik Zembulatov bo‘lsa hali ham o‘n so‘m qarzlar. Eh! Xotin, qani, janobi oliylariga stul ber, voy tavba-ey… Xo‘sh, nima hil deysiz o‘lchashga ruxsat etasizmi yo ko‘z bilan chamalab tikaveraymi?
— Xo‘sh-xo‘sh… movuti o‘zingdan, bir haftadan keyin tayyor bo‘lsin… Qancha olasan?
— Janobi oliylari, marhamat qilib… Sizni qarang-u, dedi Merkulov jilmayib. — Axir men biron savdogar emasman-ku. Janoblar bilan qanday muomala qilishni bilamiz… Haligi eron konsuliga tikkanimizda ham indamay tikaverganmiz…
Merkulov kapitandan o‘lchov olib, uni kuzatib qo‘ydida, uy urtasida, xotiniga anqayib qarab bir soat turib qoldi. Buyurtma olganiga u ishona olmas edi.
— Tavba, buni qara-ya, qiziq-ku! — dedi nihoyat g‘o‘ldirab u. Movutga pulni men qayoqdan olaman! Aksinya, men senga aytsam, og‘aynim, haligi sigir sotgan pulingni qarz berib turasan!
Aksinya unga ikki barmog‘i orasidan uchinchisini ko‘rsatdi-da, tufladi. Sal o‘tmay kosov olib quvdi. Erining boshiga urib kuvachani sindirdi, uni soqolidan ushlab surgadi, oxiri ko‘chaga yugurib chiqib: «Hoy xudojo‘y bandalar, qaranglar! Meni o‘ldirdi!..» deb baqirdi, lekin barcha norizoliklardan hech foyda chiqmadi. Ertasiga ertalab Aksinya o‘rnida yotib, mashinachi shogirdidan ko‘karib qolgan ko‘zini yashirar, Merkulov esa u do‘kondan bu do‘konga o‘tib, savdogarlar bilan koyishar va munosib movut izlar edi.
Mashinachi uchun yangi davr boshlandi. Endi u ertalab uyqudan turib, nursiz ko‘zlari bilan o‘z hayotiga avvalgidek boqmas, qahr-g‘azab bilan tuflamasdi… Eng qizig‘i shu ediki, u qovoqxonaga borishini tashlab, boshi bilan ishga sho‘ng‘ib ketdi. Ohista ibodat qilar, po‘lat bandli kattakon ko‘z oynagini taqib, qovoqlarini solib, jiddiy bir qiyofada movutni stol ustiga yozib qo‘yardi.
Bir haftadan keyin mundir tayyor bo‘ldi. Merkulov uni dazmollab, ko‘chaga olib chiqdi, chetan devorga osib qo‘yib tozalashga tushdi; bir dona ilashgan tukni olib, bir sarjin orqaga chekinar va ko‘zlarini qisib mundirga uzoqdan qarardi, yana tukni olib orqasiga chekinardi — xullas ikki soatcha u shu zayil band bo‘ldi.
— Janoblarga bir nimani yoqtirish nihoyatda qiyin! — derdi u yo‘lovchilarga. — Juda charchab holdan ketdim! Ma’lumotli, nozik odamlarga yoqtirib ko‘r-chi!
Mundirni tozalagach, ertasiga Merkulov sochini moylab taradi-da, mundirni yangi kolenkorga o‘rab, kapitan uyiga olib ketdi.
— Sen laqmalar bilan gaplashishga vaqtim yuq! — derdi u yo‘lida uchragan har bir kishini to‘xtatib, — Nima, ko‘rmayapsanmi, kapitanga mundir olib ketyapman?
Yarim soatdan keyin u kapitan oldidan qaytib keldi.
— Trifon Panteleich, olgan haqingiz bilan tabriklayman! — dedi uni kutib olgan Aksinya og‘zi qulog‘iga yetib va biroz uyalib.
— Esing yo‘q-da! — dedi eri, — Chinakam janoblar pulni shu zahoti berarmidi? Axir ular pulni shartta sanab beradigan savdogar toifa odamlar emas-da, esing yo‘q-da…
Merkulov ikki kun pechkaga ag‘anab, yemay, ichmay, Gerkules o‘zining butun qahramonliklaridan keyin qanoat hosil qilib yotganday, u ham o‘z ishidan mamnun bo‘lib yotdi. Uchinchi kuni haqini olgani kapitan uyiga bordi.
— Janobi oliylari, uyqudan turdilarmi? — deb so‘radi denshchikdan shivirlab dahlizga kirarkan.
Denshchikdan yo‘q javobini olgach, Merkulov eshik yonida ustunday qotib qolib, uning uyg‘onishini kutdi.
Uzoq kutgandan keyin kapitanning xirillab:
— Oldinga solib jo‘nat! Shanba kuni kelsin! — degan ovozini eshitdi.
Shanba kuni kelganda ham u, shu so‘zlarni eshitdi, keyingi va undan keyingi shanbalarda ham javob shu bo‘ldi… U bir oydan ortiq kapitan uyiga qatnadi, dahlizda necha-necha soatlab kutib o‘tirdi, har safar ham pul o‘rniga jo‘na va shanba kuni kel degan buyruq eshitdi. Lekin Merkulov umidsizlanmadi ham, zorlanmadi ham, aksincha… u hatto semirib ketdi. Unga dahlizda uzoq kutib o‘tirish yoqib qoldi, «Oldinga solib jo‘nat!» degan javob uning qulog‘iga ajoyib muzikaday eshitilardi.
— Olijanob odam bundog‘ bo‘libdi! — derdi zavq bilan u har safar, kapitan uyidan qaytarkan, — Bizning Piterda ularning hammasi shunaqa edi…
Merkulov umrining oxirigacha kapitan uyiga qatnashga, dahlizda o‘tirib kutishga rozi edi, lekin, sotilgan sigirning pulini qistab Aksinya uni o‘z holiga qo‘ymas edi.
— Pulni olib keldingmi? Yo‘qmi? — derdi Aksinya unga har safar. — Meni qanday kunlarga qo‘yding, moxxov? Ayt hozir? .. Mitka kosov qani?
Bir kuni kechqurun Merkulov yelkasiga chipta qopda ko‘mir ko‘tarib, bozordan kelayotgan edi. Uning ketidan shoshilib Aksinya kelardi.
— To‘xtab tur! Uyga borganingda go‘shtingni burda-burda qilmasam! — deb ming‘illab kelardi Aksinya, sigir sotilgan pulni o‘ylab.
To‘satdan Merkulov qoqqan qoziqday to‘xtab qoldi va quvonch bilan qichqirib yubordi. Ular «Veseliye» qovoqxonasi yonidan o‘tib kelishardi. Birdan qovoqxonadan tsilindr kiygan, yuzlari qip-qizil, mast ko‘zlari suzilib turgan allaqanday bir janob qochib chiqdi. Uning ketidan kiy ushlagan, shapkasiz, sochlari to‘zg‘ib ketgan kapitan Urchayev quvib chiqdi. Yangi mundirining hamma yog‘i bo‘rdan oqarib, pogonining bittasi qiyshayib ketgandi.
— Muttaham, men seni o‘ynashga majbur qilaman! — deb qichqirardi kapitan, kiyni g‘azab bilan silkitardi va peshonasining terini artardi, — Men sen ablahga tuzuk odamlar bilan qanday o‘ynash kerakligini o‘rgatib qo‘yaman!
— Hoy tentak, anavini qara! — deb shivirladi Merkulov hiqillab kulib, xotinining tirsagiga turtib. — Olijanob odam bundog‘ bo‘libdi! Agar savdogar mujiknamo gavdasiga biron nima tiktirib olsa, kamida o‘n yil kiyadi, manovini qara, allaqachon mundirni eskitipti! Endi yangisini tiksa ham bo‘ladi!
— Borib pulingni so‘ra! — dedi Aksinya, — Bora qol!
— Iya, esing joyidami o‘zi, ahmoq! Ko‘chada-ya? Og‘iz ocha ko‘rma…
Merkulov oyog‘ini tirab olganiga qaramay, darg‘azab bo‘lib turgan kapitan oldiga borib pulni qistashga xotini majbur qildi.
— Yo‘qol ko‘zimdan! — deb baqirdi kapitan, — Jonimga tegding!
— Men, janobi oliylari, hamma gapga tushunaman… Men hech nima demayman… Lekin xotinim… miyasini yeb qo‘ygan bir maxluq… O‘zingiz bilasizki, xotin kishining aqli ko‘toh bo‘ladi…
— Jonimga tegding! — deb o‘dag‘ayladi kapitan mast, nursiz ko‘zlarini ola-kula qilib unga qarab — yo‘qol ko‘zimdan!
— Tushunaman, janobi oliylari! Men haligi xotinlar xususida gapiryapman, chunki, men sizga aytsam, o‘sha pul sigir sotilgan pul edi… Iude otaga sigirni sotgan edik…
— A-a-a… sen hali gap sotadigan bo‘lib qoldingmi, iflos!
Kapitan qulochkashlab turib, Merkulovning chakkasiga tushirdi, uning yelkasidan ko‘miri to‘kilib, ko‘zlaridan o‘t chaqnab, qo‘lidan shapkasi tushib ketdi… Aksinya dang qotib qoldi. U Lotning tuz ustuniga aylanib qolgan xotinidek bir minutcha qimir etmay qoldi. Keyin eri oldiga keldi va cho‘chibroq uning yuziga qaradi… Aksinyani g‘oyat taajjublantirgan narsa shu bo‘ldiki, Merkulov jilmayib, kulib turgan ko‘zlarida yosh yiltirardi….
— Haqiqiy olijanob odam bundog‘ bo‘libdi! — deb o‘zicha g‘o‘ldiradi Merkulov. — Sipo va ma’lumotli odamlar… Xuddi shu yerga urardilar… Baroi Shputselga, Eduard Karlichga po‘stin olib borganimda… qulochkashlab turib xuddi shu yerimga tushirib qolgandilar! Janob podporuchik Zembulatov ham… U kishining oldilariga borsam, o‘rinlaridan irg‘ib turadilar-u, kuchlari boricha… E, xotin, mening davrim o‘tdi! Sen hech narsaga tushunmaysan! Mening davrim o‘tdi!
Merkulov qo‘l siltab, to‘kilgan ko‘mirlarni yig‘ishtirib oldi va uyiga qarab ketdi.

S. Abduqahhorov tarjimasi