Anton Chexov. Jaholat (hikoya)

Yirtiq po‘stinchaga o‘ranib, kattakon qora piyma kiyib olgan, bet suyaklari chiqiq, oqish bir bola, zemstvo doktorining kasalxonada betoblarni ko‘rib bo‘lib uyiga qaytar paytini poylab turgan edi; doktor kelganda, bola hayiqibgina yoniga bordi.
— Bir arzim bor edi, — dedi u.
— Nima deysan?
Bola burnini kafti bilan pastdan yuqoriga sidirib artdi, osmonga bir qarab olib, keyin javob berdi:
— Bir arzim bor edi… Haligi, o‘sha, taqsir, sen qaraydigan arestantlar palatasida mening Vaska degan akam yotipti, o‘zi varvarinolik, temirchi…
— Xo‘sh, yotsa nima?
— Haligi, o‘sha, Vaskaning ukasi bo‘laman men… Otadan ikki o‘g‘ilmiz: akam — Vaska-yu, men — Kirila. Tag‘in uchta opa-singildanam bor, Vaskaning bo‘lsa xotini bilan kichkina o‘g‘ilchasi qolgan… Odam ko‘p-u ishlaydigan yo‘q… Men senga aytsam, do‘konning o‘chog‘iga o‘t qalanmaganigayam uch yil bo‘p qolgandir, deyman. O‘zim bo‘lsam chit fabrikasidaman, temirchilikka dast-panja kelmaydi. Otamning qo‘lidan nima kelardi? Ish qilish u yoqda tursin, ovqatini amallab yeyolmaydi; ovqat olib borsa, og‘zini topolmay yonidan o‘tkazib yuboradi.
— Menga nima deysan, axir?
— Bir yaxshilik qil: Vaskani qo‘yib yubor!
Doktor Kirilaga hayron bo‘lib qaradi-yu, indamay ketaverdi. Bola oldinga yugurib o‘tib, o‘zini uning oyoqlari ostiga tashladi-da, ko‘zlarini mo‘ltillatib va yana kafti bilan burnini artib yalina boshladi:
— Doktor xudo xayringni bersiga! Xudo yo‘liga bir yaxshilik qil-u, Vaskaga javob ber! O‘lar-o‘lguncha duo qilaylik! Jon xo‘jayin, javob ber. Bo‘lmasa uydagilarning barisi ochidan o‘ladi! Onam xudo bergan kuni yig‘laydi, Vaskaning ayoliyam yig‘idan bosh ko‘tarmaydi. O‘lar bo‘lsak o‘lib bo‘ldik! To‘ydim, ajal kelsa ko‘zimni yummay o‘lardim! Bir yaxshilik qil: akamni quyib yubor, tasadduqing ketay, xo‘jayin!
— Nima, sen es-mesingni yeb qo‘yganmisan yo jinni bo‘lganmisan? — deb so‘radi doktor, unga jahl oilan xo‘mrayib. — Men qanaqa qilib qo‘yib yuboraman. Axir u qamoqda o‘tiripti-yu!
Kirila yig‘lab yubordi.
— Tfu, tentak! Qo‘yib yuborishga haqim bormi? Nima men turma xo‘jayinimanmi? Kasalini qaratgani olib kelishgan edi, qarab turibman. Seni qamab qo‘yish qo‘lidan qanchalik kelmasa, uni bo‘shatib yuborish ham, shunaqa, qo‘limdan kelmaydi. Miyasini yeb qo‘ygan nodon!
— Axir uni bekorga qamab qo‘yishdi-da! Haligi, sud bo‘lguncha ovoxtada roso bir yil o‘tirdi-yu, endi nimaga o‘tiripti? Odam o‘ldirgan yo ot o‘g‘irlagan bulsayam mayliydi. Hech nimadan hech nima yo‘q qamab qo‘yishdi.
— To‘g‘ridir, lekin bunga mening nima aloqam bor.
— Boyaqishni qamashga qamab qo‘yib, nimaga qamashganini o‘zlariyam bilmaydi. Kayfi baland ekan-da, xo‘jayin nima qilganini o‘ziyam bilmaydi; otamning qulog‘i tagida shovla qaynatiptiyam bilmaydi, o‘zining betini butoqqa urib yoriptiyam bilmaydi mastlik-da. Shu orada nimayam bo‘ladi-yu, og‘aynilarimizdan ikkitasi turk tamakisiga xumor bo‘lib qoladi; akamni qo‘yarda qo‘ymay, kechasi armanining do‘koniga tushaylik, deb qistashadi — tamaki olishga-da. Akamam mastlikda xo‘p deb yuborsa bo‘ladimi! Ahmoq. Haligi, qulfni sindirishadi-yu, do‘konga kirib olishib, hamma yoqning to‘s-to‘polonini chiqarishadi. Bari narsani pachoqlashadi, oynalarni sindirishadi qoplardagi unlarni sochib tashlashadi. Mastlik yomon-da. Bir mahal qarabsanki, mirshab ham yetib kelipti… u depti, bu depti xullas, ishni tergovga oshiripti. Qamoqda roppa rosa bir yil o‘tirishdi, bir hafta bo‘ldi, chorshanba kuni, uchchovini shaharda sud qilishdi. Orqalarida soldat miltiq bilan haydab bordi… Odamlarni taqir yaqin yo‘latmadi. Vaskaning gunohi hammasinikidan kam-u, kattakonlar uni ishboshi deb aytishdi. Ikkita sherigini qamoqqa, Vaskani bo‘lsa arestantlar rotasiga kesishdi, uch yil xizmat qilarmish. Nimaga bunaqa? Xudo haqi o‘zing o‘ylab ko‘r!
— Yana aytaman, mening hech hanaqa aloqam yo‘q bu narsa-ga. Boshliqlarning oldiga bor.
— Ulargayam bordim! Sudgayam bordim, gunohini o‘tinglar deb ariza tashlay devdim, arizamni olishmadi. Mirshablarning kattasigayam, tergovchigayam uchradim, hammasiyam: mening ishim emas bu, deydi! Axir kimning ishi? Kasalxonada bo‘lsa sendan kattasi yo‘q. Nima qilaman desang qilaverasan, xo‘jayin.
— Ahmoq ekansan! — dedi doktor, chuqur tin olib. Maslahatchilarni ayblashiptimi — bo‘ldi, ish tamom! Mirshablar kattasi bir yoqda tursin, endi hokim ham, hatto ministr ham bir nima qilolmaydi. Bekor ovora bo‘lib yuribsan!
— Bo‘lmasa kim sud qildi?
— Janob maslahatchilar…
— Ie, ularni nimaga janob deysan? O‘zimizning mujiklar edi-ku! Andrey Gurev bor edi, innaykeyin Alyoshka Xuk bor edi.
— Bo‘ldi, senga gap uqtirguncha muzlab qoladiganga o‘xshayman…
Doktor qo‘l siltab, eshik tomonga tez-tez yurib ketdi. Kirila orqasidan bormoqchi bo‘ldi-yu, lekin eshikning taqillab yopilganini ko‘rib, to‘xtab qoldi. Shapkasini ham kiymasdan, doktor uyiga tikilib, kasalxona hovlisida o‘n minutcha qotib turdi. Keyin chuqur nafas olib, shoshmasdan qashindi-da, darvoza tomonga yurib ketdi.
— Endi arzimni kimga borib aytsam ekan? — deb g‘o‘ldiradi u, yo‘lga tushayotib. — Biriga aytsam, — mening ishimmas deydi, yana biriga aytsam, — unisiyam — mening ishimmas, deb aytadi. Axir kimning ishi bo‘lmasam? Chamamda, bitta-yarimtasining og‘zini moylamasam ishim yurishmaydiganga o‘xshaydi. Doktorning og‘zi gapda-yu, ko‘zi qo‘limda: ko‘k qog‘ozdan bittasini cho‘zivorarmikan, deb o‘ylaydi-da, yuq, og‘ayni, men hali yarim poshshogacha boraman…
Og‘irlikni goh bir oyog‘idan ikkinchi oyog‘iga olib, goh tevaragiga bekorga jovdirab, xushyoqmaslik bilan sudralib bordi; aftidan, qayoqqa borishini bilmay hayron edi… Havo sovuq emas edi, shuning uchun oyog‘ining tagidagi qor eshitilar-eshitilmasgina g‘ijirlardi. Oldida, yarim chaqirimcha keladigan uzoqlikdagi adirda uyezd shahari kaftday ko‘rinib turibdi; akasini yaqinda ana shu shaharda sud qilgan edilar. O‘ng yoqda tomi qizil, burchaklari budkali qamoqxona qorayib ko‘rinadi, chap yoqda esa — hozir qirov bosib yotgan shahar o‘rmoni. Hamma yoq jimjit, faqat oldinda zaifona kamzil, kattakon shapka kiyib bir chol yo‘talib va shaharga haydab ketayotgan sigiriga o‘xtin-o‘xtin qichqirib borayotir.
Kirila cholga yetib olib:
— Salom, buva, — dedi.
— Salom…
— Sotgani olib ketyapsanmi?
— Yo‘q, o‘zim… — dedi chol, xushyoqmaslik bilan.
Shu taxlit gaplashib ketishdi. Kirila kasalxonaga nima uchun borganini, doktor bilan o‘zi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan gapni aytib berdi. Ikkovlari shaharga kirishgandan keyin chol unga:
— Nafsambirga qaraganda, doktor bunaqa ishlarni bilmaydi, — dedi. — Oriy rost, u ham ilmli kishi-yu lekin dori-darmon berib tuzatadigan ilmni o‘qigan-da. Mushkulingni oson qiladigan maslahatlar berish yo bo‘lmasa ariza bitib berish to‘g‘risiga kelsak, — yo‘q, bunaqangi ishlar qo‘lidan kelmaydi, bilmaydi-da. Bunaqa qiladigan to‘ralar bor, ular boshqa gap. Mana, shahar sudyasigayam, mirshablar kattasigayam uchrabsan. Bular ham joningga aro kirisholmaydi, qo‘llaridan kelmaydi-da.
— Kimga borib arz qilay bo‘lmasa?
— Sendaqa dehqonlarning ishini ko‘radigan kattalaring bor. Ana o‘shanga arz qil. Janob Sineokov degan to‘ra.
— Ie, u Zolotovodagi emasmi?
— Ha, qandingni ur, o‘sha. Dehqonlarning kattasi o‘sha kishi bo‘ladi. Sizdaqalarning ishi tushib qolsa ispravnik ham birnima qilolmaydi, — qo‘lidan kelmaydi-da.
— Picha yiroq-da, qurg‘ur!.. Chamamda, o‘n besh chaqirnm kelar, yo‘q, ortiqlik ham qiladi.
— Zarur kelsa, yuz chaqmrimiga ham qarab turmaydi kishi.
— Bunisi-ku to‘g‘ri-ya… Unga ariza tashlash kerakmi?
— Borganingda bilasan. Ariza tashlash kerak bo‘lsa, mirza darrov yozib beradi. Kattakonlaringning mirzasi bor.
Kirila bobodan ajralgandan keyin bozor maydonida picha o‘ylanib turdi; axir Zolotovoga boradigan bo‘lib shahardan chiqib ketdi.
Oradan besh-olti kun o‘tgandan so‘ng doktor kasallarni ko‘rib bo‘lib uyiga qaytganda, yana hovlida Kirilaning kutib turganini ko‘rdi. Bu safar bola yolg‘iz emas, yonida juda ham ozg‘in, ranggi-ro‘yi qonsiz bir chol ham bor edi; chol boshini soat kabgiriday sira tinmay likillatib, lablarini tamshab turar edi.
— Xo‘jayin, yana sendan shafqat so‘rab keldim! — deb Kirila so‘z boshladi. — Mana, otamam birga keldi. Rahming kelsin, Vaskani qo‘yib yubor! Dehqonlarning kattasi gaplashgisiyam kelmadi. «Yo‘qol ko‘zimdan!» deb haydab yubordi.
Chol ham, dirillab turgan qoshlarini baland ko‘tarib, bo‘g‘izdan chiqqan tovush bilan:
— Taqsir, rahmingiz kelsin, — deb vishilladi. — Yaxshiligingizga yarasha bir nima beraylik desak, — o‘zimizda hech nima yo‘q — kambag‘almiz. Basharti taqsirim xo‘p desalar, Kiryushkami yo Vaskami, ish qilib, bittasi qarzimizni uzib qo‘yar. Mayli, ishingizni qilib berishsin.
— Ishingni qilib beramiz! — dedi Kirila; keyin, xuddi qasamyod qilayotganday qo‘lini ko‘tarib, zorlandi: — Javob berib yubor! Ochidan o‘lishyapti uydagilar! Dod-fig‘onlari yurakni ezadi, xo‘jayin!
Bola otasiga yalt etib qaradi, yengidan tortdi. Ana shunda ikkovi, xuddi komanda eshitganday, doktor oyog‘iga baravar yiqildi. Doktor bo‘lsa, qo‘lini siltadi-da, orqasiga ham qaramay o‘z uyiga qarab tez-tez yurib ketdi.

Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi