Anton Chexov. Hammomda (hikoya)

I

— Hoy, hammomchi! — deb chaqirdi oqbadan, semiz bir janob, bug‘ orasida zo‘rg‘a ko‘ringan novcha bo‘y, siyrak soqol, bo‘yniga katta mis krest osib olgan ozg‘in kishiga. — Bug‘xonangni tuzukroq qizitmaysanmi?
— Hammomchi men emas, janobi oliylari, men sartarosh bo‘laman; bug‘xona bilan ishim yo‘q. Buyursangiz — banka solib qo‘yishim mumkin: qonlaringiz yurishib ketadi.
Semiz odam qizargan sonlarini silab o‘ylanib turdi-da:
— Banka dedingmi? Mayli, olib kel. Shoshadigan ishim yo‘q, qo‘ysang — qo‘ya qol, — dedi.
Sartarosh yugurganicha yechinadigan joyga chiqib, asboblarini olib keldi. Oradan besh minut ham o‘tmasdanoq, semiz odamning ko‘ksi va orqalariga o‘nta banka yopishtirib qo‘yildi.
— Men sizni taniyman, «janobi oliylari, — deb gapga tushdi sartarosh o‘n birinchi bankani sola yotib, — O‘tgan shanba kuni hammomimizga tushib ketganlari yodimda bor; oyog‘ingizdagi qadaqlarni kesib qo‘ygan edim-ku! Men o‘sha Mixaylo sartaroshman… Tanidingizmi? «Bo‘yi yetgan qizlarni surishtirib ko‘r» deb menga tayinlagan edingiz… Esingizdami?
— Ha, ha!.. Xo‘sh, nima bo‘ldi?
— Yomon emas.. Biroq, shu kunlarda men ro‘za tutayotibman, janobi oliylari, gapirsam gunohkor bo‘laman, gapirmasam tag‘in bo‘lmaydi, ish qilib xudoyim o‘zi kechirsin, lekin men sizga aytsam, endigi bo‘yi yetgan qizlarning hammasi bachkana, esi past chiqibdi… Ilgari qiz degan bo‘yi yetganda savlatli, odmi, puldor, ko‘pni ko‘rgan, xudoni bilgan odamga tekkisi kelar edi. Endigilar-chi? Ma’lumotligigai tanlaydi, xolos. Ma’lumoti bo‘lsa — bas. Mabodo biron amaldor yoki savdogardan so‘z ochsangiz — masxara qilishadi-ya! Ma’lumotli odam ham har xil bo‘ladi: bir xili, masalan, xizmat kilib katta mansabga erishadi, ammo, ba’zisi umr bo‘yi xat chizib o‘tib ketadi, o‘ligini o‘rashga uyidan kafanlik ham chiqmaydi. Hozir shunaqa odamlar oz deysizmi? Hammomimizga kelib turadigan bitta ma’lumotli odam bor… O‘zi telegrafchi ekan… Borib turgan ustasi emish. Sovunsiz yuvinadi deng. Shunday kambag‘alki, bechoraga rahmim keladi.
— Demak, to‘g‘ri odam ekan! — degan yug‘on bir ovoz bug‘xonaning ustki qavatidan eshitildi. Bunday odamlar bilan faxrlanish lozim. Kishiki kambag‘al bulsa-yu, ma’lumotga erishsa — bu narsa uning olijanob, dili pok odam ekanligini tasdiqlaydi. He, nodon…
Mixaylo ovoz kelgan tomonga xo‘mrayib qarab qo‘ydi… Bug‘xonaning ustki qavatida ozg‘in bir odam qornini bir dasta chiviq bilan savalamoqda edi. U shu qadar oriq ediki, a’zoyi-badanida bir parcha eti yo‘q, faqat qovurg‘a bilan teridan iborat bir jasad desa bo‘lardi. Uzun sochlari osilib tushib, butun basharasini to‘sib olgan; Mixayloga nafrat bilan tikilgan g‘azabnok ko‘zlarigina ko‘rinar edi.
— Anavilardan… soch qo‘yganlardan ekan! — deb ko‘zini qisib qo‘ydi Mixaylo. — Ideyasi bor… Hozir shunaqa odamlar biram ko‘payibdiki!.. Tutganing bilan tugamas ekan… A’zosiga qarang, suyagi qolibdi, xolos. Din to‘g‘risidagi suhbatni aslo yoqtirmaydi: iblis mehrobdan qochganday qochadi… Ma’lumotli odamlar yonini olyapti! Endigi qizlar mana shunaqalarni qidiradi. Xuddi shunaqasini tanlaydi-ya, janobi oliylari! Or qilishmasmikin? Kuzakda meni bir popning qizi chaqirtirdi. Borsam: «Manga bir kuyov topib ber, Mishel» deydi. (Uyiga borib, xonimlariing sochini o‘rib turganim uchun meni hammasi «Mishel» deb chaqirishadi.) — «Lekin albatta yozuvchi bo‘lsin» deydi. Omadini qarangki, mo‘ljalimda xuddi shunaqa bir odam bor edi deng… U doim Porfiriy Yemelyaiichning qovoqxonasida ichib olib: «seni gazetaga beraman» deb qo‘rqitar edi. Ofitsiant, ichgan arag‘iga pul so‘rasa, u, qulog‘ining tagiga solib qolardi… «Nima? Mendan pul olmoqchimisan? Bilasanmi, men kim bo‘laman? «Odam o‘ldirgan» deb seni gazetaga yozib yuborsam, qo‘limdan keladi» deb po‘pisa qilardi. O‘zi esa, usti-boshining mazasi yo‘q, ko‘rimsiz bir odam. Men unga popning serpul odam ekanini aytib, rosa maqtadim, qizning suratini kursatdim, oriyat bir kostyum topdim, kiyintirib-yasatib qizga ko‘rsatdim… Biroq, barishnya yoqtirmadilar: chehrasida ma’yuslik sezilmasmish… Qanaqasi yoqishini o‘zi ham bilmaydi.
— Bu gaping matbuot sha’niga bo‘hton! — degan boyagi yo‘g‘on ovoz yana o‘sha tomondan eshitildi, — Ablah ekansan!
— Hali men ablah bo‘ldimmi? Tovba! «Baxtingizga shu hafta ichi ro‘za og‘izman, yo‘qsa, kim «ablah» ekanini kursatib qo‘yardim. Demak, siz ham yozuvchi ekansiz-da!..
— Men yozuvchi emasman, lekin sen bilmagan narsang tug‘risida valdiray berma! Rossiyada xalqqa ma’rifat tarqatgan, yurtga ko‘p foydasi tekkan anchagina yozuvchilar o‘tgan; bu xizmatlari uchun biz ularni xurmat qilishimiz lozim. Mening bu gaplarim rosmana yozuvchilarga ham, diniy yozuvchilarga ham bab-baravar tegishli: ularni tahqir etish yaxshi emas.
— Diniy kishilar bunday chakki ishlar bilach shug‘ullanmaydi.
— Sen nodon ekansan, baribir tushunmaysan. Dmitriy Rostovskiy, Innokentiy Xersonskiy, Filaret Moskovskiy va boshqa bir qancha cherkov namoyandalari o‘tganlar. Bular ko‘p asarlar yozib, ma’rifat yo‘lidagi xizmatlari tufayli nom chiqarganlar.
Mixaylo o‘z dushmaniga xo‘mrayib qaraydi va bosh chaiqab g‘o‘ng‘illaydi:
— Juda ham haddan oshirib yubordingiz, janob, — deb boshini qashlab oladi. — Gaplarinpiz qaltisroq… Sochingizning uzunligi ham bejiz emas deyman… Bejiz emas! Biz hammasini yaxshi tushundik kimligingizni hozir ajratib olamiz… Janobi oliylari, bankalar shunday tursin, men hozir qaytib kelaman, darrov…
Mixaylo ho‘l shimini ko‘tara-ko‘tara, yalang oyoq «shap-shup» yugirganicha yechinadigan xonaga chiqdi.
— Hozir hammomdan uzun soch bir odam chiqadi, — deb murojaat qiladi u panjara orqasida sovun sotayotgan yigitchaga, — sen o‘shani… haligi.. o‘shandan ko‘zingni uzma. Odamlar orasida gap tarqatyapti… Ideyalik ekan… Nazar Zaxarichni chaqirib kelish zarur edi-da…
— Bolalarga buyura qol.
U kiyimlarini poylab o‘tirgan bolalar oldiga borib, shivirlaydi:
— Hozir uzun soch bir odam chiqadi. Ig‘vo qilyapti. O‘shandan boxabar bo‘linglar. Bittangiz yugurgancha xo‘jayinga bu gapni yetkazing, darhon Nazar Zaxarichga xabar qilishsin — protokol yozmasa bo‘lmaydi. Gaplari g‘alati-g‘alati… Ideyalik ekan..
— Qaysi uzun sochni aytyapsiz? — deb hovliqib qolishdi bolalar: — Bu yerda undaqa odam yechingani yo‘q-ku! Hammasi bo‘lib, oltita odam tushdi. Mana bu — ikkita tatarning kiyimi, bunisi — semiz bir janobniki, bunisi — ikkita savdogarniki, bunisi — dyakon… boshqa hech kim yo‘q. Sen tag‘in, dyakon otani uzun soch deb adashayotgan bo‘lmagin!
— Bekor aytibsiz, tentaklar! Men anoyi emasman!
Mixaylo dyakonning kiyimlarini qarab chiqdi, ridosini ushlab ko‘rdi va kift qisdi. Basharasi o‘zgarib, ikkilanib qoldi.
— Dyakon deganing o‘zi qanaqa odam?
— Oriqqina, malla tus bir odam. Sal-pal soqoli bor… O‘zi ko‘p yo‘talar ekan.
— Tovba!.. — duduqlanib qoldi Mixaylo. — Tovba! Demak, men diniy bir zotni haqorat qilibman-da!.. Ana sharmandabozlik! Ana gunohi azim! Tag‘in ro‘za tutganman-a! Shunday bir zotni ranjitibman, birodarlar! Endi qaysi yuzim bilan tavba-tazarruga bora olaman. Xudoyo xudovondo, men osiy bandangni o‘zing kechirmasang holim xarob! Borib tovba qilmasam bo‘lmaydi…
Mixaylo boshini qashib turdi va basharasini g‘amgin qilib oldi-da, hammomga kirib ketdi.
Dyakon ota boyagi joyida yo‘q, u jo‘mrak yonida chatanoqlarini kerib olib, tosga suv solmoqda edi.
— Dyakon ota! — dedi Mixaylo yig‘lamsiragan ovoz bilan. — Iso hurmati uchun men badbaxtni kechiring!
— Nima uchun kechiray?
Mixaylo chuqur nafas oldi va dyakonning oyoqlariga ta’zim qildi.
— Kallangizda ideya bor ekan degan xayolga borganim uchun meii kechiring!

II

— Shunchalik xusnu latofat va odobi bilan qizingizning to shu damgacha erga chiqmaganiga hayronman, — dedi Nikodim Yegorich Potichkin bug‘xonaning yuqori qavatiga chiqib ketayotib.
Nikodim Yegorich o‘zi qip-yalang‘och bo‘lsa ham, boshidagi shapkasi uni boshqa yalang‘och odamlardan ajratib turar edi. U bug‘xonaga kirganda boshiga issiq urib, elitib qolmasligi uchun shapka kiyib olar edi.
Uning ulfati esa, oyoqlari ko‘karib, cho‘pday ozib ketgan xipchagina bir chol — Makar Tarasich Peshkin edi. Chol kiftini qisib shunday dedi:
— Qizimning erga chiqmasligiga o‘zim sabab bo‘ldim. Xudoyim meni bir oz uddaburo qilib yaratmagan ekan. Men juda ham ko‘ngli bo‘sh, yuvosh-yumshoq bir odamman, lekin hozirgi zamonda yumshoqlik ketmas ekan, Nikodim Yegorich. Endigi kuyovlar kuyov emas — azob ekan; bordi-keldisini bilmasang — boshingga bitgan bir balo.
— Gaplaringiz qiziq… Nega unday deyapsiz?
— Kuyovlar juda ham o‘zboshimcha bo‘lib ketgan, erkalatib yuborganmiz… Bilasizmi, nima qilish kerak? Qattiqqo‘l bo‘lish kerak, Nikodim Yegorich. Yuzi-xotiriga borilsa, taltayib ketar ekan, Nikodim Yegorich. Sudga berish kerak, mirshab chaqirib kelish kerak, ana shunda haddidan oshmaydi. Yaramas, bo‘lmag‘ur, mazasi yo‘q odamlar ekan.
Ikki og‘ayni yonma-yon cho‘zilishib, chiviq bilan badanlarini savalay boshladilar.
— Bemaza odamlar ekan… — deb Makar Tarasich so‘zini davom ettiradi. — Shu badbaxtlarning dastidan ko‘p tashvishlar tortdim. Ko‘nglim o‘lgur sal qattiqroq bo‘lganda, bechora Dasham allaqachon erga tegib, bola-chaqalik bo‘lar edi. Shunday ekan-da!.. To‘g‘risini aytganda, azizim, hozir xotin jinsining teng yarmini qari qizlar tashkil etadi. Qizig‘i shuki, Nikodim Yegorich, yoshligida shu qizlarning hammasida ham o‘ziga yarasha tegmoqchi bo‘lgan yoki unashib qo‘yilgan bir yigiti bo‘lgan, albatta. Xo‘sh, nima uchun erga tega olmay qolib ketishgan? Sababi nima ekan? Sababi shuki, menga o‘xshagan latta nusxa otalar haligi kuyov bo‘ladigan yigitlarni mahkam tutib olmaganlar, qochirib yuborganlar.
— Rost aytasiz.
— Erkaklar hozir juda ham injiq bo‘lib ketishgan, es degan narsadan mahrum, miyasida bo‘lmag‘ur xayollar. Anoyi odamni axtarishadi, naf tomonini ko‘zlashadi. Tekinga bir qadam qo‘ygisi yo‘q. Sen unga huzur-halovatdan gapirsang, u sendan pul talab qiladi. Bir g‘arazi bo‘lmasa, aslo uylana qolmaydi. Qayinotaning pulini shilish payidan… Mayli, nima desang — roziman: oshimni ye, pulimni ol, ishqilib, qizimga uylanchi, xudo xayringni bersin, sendan hech nima ketmas ekan, qizimni olsang — bas. Lekin shunchalik qilsang ham, bo‘lmagandan keyin, bo‘lmas ekan: dod deganingcha qola berar ekansan. Bir xil yigitlar bor: uylanmoqchi bo‘lib, kelib-ketib yura beradi, ana endi unashamiz, to‘y bo‘la qolsin desang, dumini tutqizmay jo‘nab qoladi. Shu alfozda tag‘in bir qizning boshini aylantiradi, yana juftakni tug‘rilab qochadi. Nomiga «men uylanmoqchiman» deb yura berishdan mazza narsa bormi dunyoda? Ovqat desa — ovqat, ichaman desa — araq, qarzga pul so‘rasa — tayyor. Ana rohat. Mana shuning uchun ham ba’zi odamlar to o‘la-o‘lguncha «uylanmoqchiman» deb umri o‘tib ketganini bilmay qoladi. Tepa sochi to‘kilib, soqol-mo‘ylovigacha oqarib, oyoqlari sudralib zo‘rg‘a qimirlaydi-yu, hali ham «uylanmoqchi» emish. Lekin ahmoqligi natijasida uylanmay yurganlari ham yo‘q emas. Esi past bo‘lgandan keyin ko‘ngli qanaqasini xohlashini o‘zi ham bilmas ekan: «unisi xunuk ekan, bunisi puchuq ekan» deb qiz tanlab yura beradi. Nihoyat, «endi bunisi yoqdi, shekilli» deganingda, tomdan tarasha tushganday qilib: «Yo‘q, to‘g‘ri kelmaidi, xohlamadim» deydi-yu, keta beradi. Masalan, ana shu Katavasovni olib ko‘ring! Dashaga eng avval shu janob uylanmoqchi bo‘lganlar. O‘zi gimnaziya muallimi, baland darajalik amaldor bir odam. Frantsuzcha, nemischa hamma tillarni biladi… matematikadan dars beradi. Lekin sinab ko‘rsam, qip-qizil tentak. Esi past bir odam ekan. Uxlab qoldingizmi, Nikodim Yegorich?
— Yo‘q, nega uxlay? Huzur qilib ko‘zimni yumayotibman.
— Shunday qilib… Haligi Katavasov Dashamning yoniga hadeb kela berdi deng. Dasha ham o‘sha kezlarda yigirmaga kirar-kirmas, hammaning suqi kirguday ajoyib bir narsa edi. Xuddi pishib turgan olma! O‘zi ham lo‘ppigina, qaddi-qomati kelishgan, bekam-u ko‘st qiz edi-da! Diniya nazoratida xizmat qiladigan stats maslahatchi Sitseronov-Gravianskiy «qizing biznikida tarbiyachi bo‘lib ishlasin» deb xudoning zorini qilib yalindiki, qizim tushmagur hech unamadi. Haligi badbaxt Katavasov boshini aylantirib qo‘ygan-da! Har kuni keladi, to yarim kechagacha o‘tira beradi, har turli ilm va fizikalardan gapirib beradi… qizga kitob olib keladi va uning muzikasini tinglaydi… Lekin ko‘pincha kitob o‘qisin deb talab qiladi. Dasham o‘qimishli qiz: kitob degan narsani ermak uchun demasa mutlaqo unga keragi yo‘q. Lekin u: «unisini o‘qib chiq, munisini o‘qib chiq» deya berib joniga tegdi. Qarasam, qizimni yaxshi ko‘rib kolibdi. Lekin Dashaning rayi yo‘qroq: «Bu odam menga yoqmadi, dadajon, harbiy emas ekan» deydi. Harbiy bo‘lmasa ham o‘zi olijanob: amali bor, o‘ziga to‘q, tag‘in qanaqasi kerak? Unashdik. Fotiha berildi… Sep to‘g‘risida og‘iz ochmadi. Jim… Bir xil odamlar singari: «Qizning nimasi bor, nimasi yo‘q» deb surishtirmadi ham. Xuddi «sepini boshimga uramanmi?» deganday indamay qo‘ya qoldi. Avliyoga o‘xshaydi deng. Xullas, nikoh buladigan bo‘ldi. U yog‘i nima bo‘ldi deng? U yog‘imi? To‘yga uch kun qoldi deganda Katavasov do‘konimga kirib keldi. Qarasam, ko‘zlari qizargan, rangi o‘chgan, xuddi birov quvlaganday dag‘-dag‘ titraydi. «Nima gap?» dedim «Meni kechiring, Makar Tarasich, deydi, men Darya Makarovnaga uylana olmayman. Men adashibman, deydi. Men uni hali yuz gulidan bir guli ochilmagan yosh narsa, farishtaday ruhi pok, ko‘ngli musaffo deb o‘ylagan edim, lekin Darya Makarovna ko‘p narsadan xabardor ekan, mehnatni yoqtirmas ekan, puch xayollarga berilgan ekan; qo‘ndog‘da tekkan narsa…» deb tag‘in bir nimalarni aytdi. «Qo‘ndog‘da nima tekkani» hozir yodimda yo‘q. Gapirib turib yig‘laydi deng. Men nima qilay, azizim? Urishdim, so‘kdim, xolos. Sudga ham bermadim. Hokimga ham arz qilmadim, shaharga jar solib obro‘sini ham to‘kmadim. Bular ish bo‘libdi dedim-da, qo‘ydim. Sudga borib, pupisa qilib ko‘rsam, sharmanda bo‘lishidan qo‘rqib, albatta, qizimni olardi. Hokim: «Qo‘ndog‘da nima tekkan ekan?» deb surishtirib o‘tirmas! «Qizniki boshini aylantirdingmi — uylanasan» derdi-da, albatta. Uylanmasin-chi!.. Klyakin degan bir qo‘shnim bor, eshitganmisiz. Ko‘rgan odam uni «qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan» deydi; shunday bopladiki, barakalla o‘shanga! Otasiga balli. Kuyov bo‘ladigan yigit oyog‘ini tirab olibdi: Sepi oz, unisi — unday, bunisi — bunday deb noz qila bergan ekan, Klyakin uni hujraga qamab olibdi, cho‘ntagidan o‘qlangan to‘pponchasini chiqarib o‘qtalibdi va: «Yo uylanaman deb obraz oldida qasam ichasan, yoki hozir shu damdayoq otib tashlayman sendaqa ablahni!» deb do‘q qilibdi. Iloji yo‘q, qasam ichgan. Uylandi. Mana, ko‘rdingizmi? Bunday narsa mening qo‘limdan kelmaydi. Mushtlashsam — eplay olmayman… Yana bir mufti bor ekan, Bryuzdenko degan ukrain. U ham diniya nazoratida ishlar ekan. Dashani ko‘rib qolibdi. Ko‘ribdi-yu, oshiqi beqaror bo‘libdi. Qizimning atrofida aylanaverdi; gaplari alomat, oh-vohiga odam bolasi chidab bo‘lmaydi. Kunduzi uyda bo‘ladi, kechalari tong otguncha deraza oldida yurib chiqadi. Dasha ham uni yaxshi ko‘rib qoldi. Uning ukraincha ko‘zlariga uchibdi qiz boyqish: o‘t kabi yonar emish, tun kabi qop-qora emish. Yurib-yurib, axir ukrainga unashdik. Dasha demaganingiz og‘zi qulog‘ida, rozilik bildirdi: «Men bilaman, dadajon, u harbiylardan emas, diniya nazoratida ishlar ekan. Har holda intendantlikka o‘xshagan bir idora-ku. Shuning uchun men uni juda yaxshi ko‘rdim» dedi. Qiz bo‘lsa ham intendantlikning nimaliginn baloday ajratadi. Ukrain qizning sepini ko‘rib chiqib, tag‘in bir-ikkita narsaga meni tushirdi, qo‘ying-chi, xullas rozi bo‘ldi-da. Endi gap to‘yda qoldi. Xuddi nikoh kuni deng, yig‘ilgan odamlarni ko‘rib: «Voy-bo‘y, shuncha qarindosh-urug‘laring bormi? Yo‘q, men rozimasman! Bo‘lmaydi! Xohlamayman!» deb turib olsami!.. Unday deb ko‘rdim, bunday deb ko‘rdim… «Hoy, senga nima bo‘ldi, esingni yedingmi? Qarindosh-urug‘ ko‘p bo‘lsa — sening izzating!» deb yalindim. Qani unasa!.. Shapkasini oldi-yu, jo‘nab qoldi. Tag‘in bir hodisa bo‘lgan. O‘rmonchi Alyalyayevga qizimni unashdik. Aqli va odobi uchun Dashani sevibdi. Dasha ham uni yaxshi ko‘rib qolibdi. Xushfe’lligi qiz boyqishga juda ham yoqqan. O‘zi darhaqiqat olijanob, yaxshi odam ekan. Unashish rasm-rusmlari bekam-u ko‘st o‘tdi. Qizning sepini mirisidan-sirisigacha tekshirib chiqdi, sandiqlarni birma-bir titib ko‘rdi. Paltoga kuya tushirib qo‘ygani uchun xizmatkor Matryonani koyidi. Menga o‘z mulkining ro‘yxatini keltirib berdi. Har holda olijanob odam ekan, yomonlasam gunohkor bo‘laman. Rostini aytsam, shu odam menga juda yoqdi. Ikki oygacha men bilan savdolashib yura berdi: Men sakkiz ming so‘m beraman deyman, u sakkiz yarim ming so‘raydi. Rosa savdolashdik; o‘tirib olamiz deng, orada o‘n besh stakandan choy ichilib ketadi-yu, savdomiz o‘lgur sira bitmaydi. Men yana ikki yuz so‘m qo‘shdim — ko‘nmadi! Uch yuz so‘mga qolganda, savdomiz pishmadi. Bechora ketayotib bir yig‘ladiki… Dashani qattiq sevar ekan! Endi shunday pushaymon qilamanki, foydasi yo‘q; o‘zimni so‘kaman: uch yuz so‘mni bera qolsam, nima bo‘lar ekan? Yo‘qsa «sharmandangni chiqaraman» deb qo‘rqitsam bo‘lmasmikin? Yoki qorong‘i uyga qamab olib, urmaysanmi deng. Endi o‘ylab ko‘rsam, xato qilibman, ahmoqlik qilibman. Dod desam ham endi nafi yo‘q, Nikodim Yegorich, xarakterim qurgur juda ham yumshoq.
— Rost aytasiz. Juda yuvoshsiz. Xo‘p, men turay, bas… Boshim og‘irlashib ketdi…
Nikodim Yegorich so‘nggi marta chiviq bilan badaniga urdi-da, pastga tushdi. Makar Tarasich esa chuqur nafas olib, chiviq bilan astoydil o‘zini savalay boshladi.

O. Sharapov tarjimasi