Anton Chexov. Bahorda (hikoya)

Erdan hali qor arimagan, ko‘ngil esa, bahorni tusab qolgan. Agar siz bir vaqtlar og‘ir betob bo‘lib tuzalgan bo‘lsangiz, sog‘ayganingizdan keyin ruhingiz yengil tortganini bilasiz, shunday paytda noma’lum tuyg‘u-hislardan kishi hayron qoladi va hech bir sababsiz jilmayadi. Aftidan, tabiat ham shu tobda ana shunday holatda edi. Yer sovuq, oyoq ostida loy aralash qor bilchillaydi, ammo tevarak-atrof esa, quvnoq, navozishli va yoqimtoy! Havo shunday tiniq va musaffoki, agar kishi kaptarxonaga yoki cherkovning qo‘ng‘iroqxonasiga chiqsa, butun olam u burchidan bu burchigacha ko‘rinib turgandek bo‘ladi. Oftob charaqlab turadi, uning o‘ynab, jilmaygan nurlari chumchuqlar bilan birga ko‘lmak suvlarda cho‘milishadi. Soyning sathi ko‘tarilib qorayadi, u uyqudan uyg‘ongan, bugun emas, erta o‘kirib oqadi. Yalang‘och daraxtlar jonlanib, nafas olmoqda.
Shunday paytlarda ariqlardagi iflos suvlarni supurgi yoki kurak bilan haydash, suvga qog‘oz kemachalar qo‘yib yuborish yoki bezbet muzlarni poshnang bilan urib teshish zavqli bo‘ladi. Kaptarlarni osmon-falakka haydab uchirish yoki daraxtlarga tirmashib chiqib, maynaga uya qo‘yib tushishning ham kayfi bo‘ladi. Xususan yosh bo‘lsangiz, tabiatni sevsangiz, basharti siz injiq va tajang bo‘lmasangiz, agar xizmat vazifasi yuzasidan ertadan kechgacha to‘rt devor ichida o‘tirishga majbur bo‘lmasangiz, yilning bunday baxtiyor mavsumida hamma narasa dilbardir. Bordi-yu siz betob bo‘lsangiz, yoki mahkamada sarg‘ayib o‘tirsangiz, agar ilhom bilan band bo‘lsangiz chatoqraq.
Shunday. Bahorda ilhomga berilish yaramaydi.
Siz oddiy kishilarning o‘zlarini qanday yaxshi, qanday yoqimli his etganlariga bir nazar tashlangiz. Mana, bog‘bon Panteley Petrovichni oling. Sahar turib katta poxol shlyapasini kiyib olgan, ertalab yo‘lkadan topgan sigara qoldig‘ini sira og‘zidan tashlagisi kelmaydi; qarang u mushtini biqiniga tirab, oshxona derazasi tagida turar ekan, kecha sotib olgan etigi to‘g‘risida oshpazga hadeb birnimalar deydi. Novcha va chuvak qomati uning o‘ziga bino qo‘ygani va xursandligini ko‘rsatadi. Shunday qaddi-qomati uchun xizmatkorlar unga «chuvalchang» deb laqab qo‘ygan edilar. Tabiatga u undan yuqori turganday bir kayfiyatda qaraydi, uning qarashida allanechuk ishbilarmonlik, omillik va hatto mensimaslik alomati seziladi. Darvoqe u o‘z gulxonasida o‘tirib, yo esa bog‘da yer chopib, o‘simlik olamidan hech kimsa bilmagan narsalarni bilib olganga o‘xshar edi.
Unga tabiat ulug‘vor, dahshatli va sermo‘jiza, uning oldida mag‘rur inson bo‘yin egishi kerak, deb tushuntirish behuda bo‘lar edi. O‘zining nazarida u hamma narsani biladi, hamma sir va mo‘jizalardan xabardordek, go‘zal bahor esa uning nazarida, gulxona yonidagi ayvonda uning bolalariga yovg‘on karam sho‘rva ichirayotgan chuvak, qoq suyak oqsoch xotinga o‘xshar edi.
Ovchi Ivan Zaxarovich-chi? Ustiga nuragan movut nimcha, yalang oyog‘iga kalosh kiyib, otxona yonida to‘nkarib qo‘yilgan bochka ustida gilzaga mo‘ljallab eski po‘kaklarni kesib o‘tiribdi. U kechki paytda uchib o‘tadigan qushlarni poylamoqchi. Uning xayolida ovga boradigan yo‘li, so‘qmoqlar, ko‘lmak suvlar, jilg‘alar gavdalanadi. Ko‘zlarini yumib, qo‘lida miltiq ushlagani holda, kechki salqindan qo‘nishib, shirin xayol ichida qulog‘ini dnkkaytirib, qator-qator uzun daraxtlar ostida turganini tasavvur qiladi. O‘rmon loyxo‘ragining qag‘illaganini eshitganday bo‘ladi. Qo‘shni monastirda kechki ibodatdan so‘ng, u qushlarning uchib o‘tishini poylab turganda, hamma qo‘ng‘iroqlar dang‘illab chalinganini eshitganday bo‘ladi. Uning vaqti chog‘, behad va bema’ni darajada shod!
Endi yosh yigit Makar Denisichga bir nazar tashlang. U general Stremouxovda mirzami yoki kichik gumashtami bo‘lib xizmat qiladi. U bog‘bonga qaraganda ikki hissa ko‘p maosh oladi, oq ust ko‘ylak kiyadi, narxi ikki so‘mlik tamaki chekadi. Har doim qorni to‘q, usti but. Har safar generalga duch kelganida uning brilyant uzuk taqqan oppoq semiz qo‘lini siqib ko‘rishadi. Lekin shunga qaramay, har qalay, u baxtsizdir. Doim qo‘lida kitob, yigirma besh so‘mlik jurnal olib turadi, yozgani yozgan… U har kech, har gal tushki ovqatdan keyin, hamma uyquga ketgan mahalda yozadi. Yozganlarining hammasini katta sandig‘iga solib yashirib qo‘yadi. Sandiqning eng tagida esa yaxshilab taxlangan shim bilan jelatka yotadi; ularning ustida hali ochilmagan bir pachka tamaki, xab doridan bo‘shagan o‘ntacha quti, lolarang sharf, sariq qog‘ozga o‘rog‘lik bir dona atir sovun va shunga o‘xshash ko‘pgina buyumlar bor. Sandiqning chetlarida yozilgan qog‘ozlar qisilib qolgan, shu joyda yana Makar Denisichning hikoya va xabarlari bosilib chiqqan «Nasha guberniya» jurnalining ikki-uch soni yotadi. Butun uyezddagilar uni adabiyotchi, shoir deb biladilar, hammalari unda allanechuk bir narsani ko‘radilar, uni yoqtirmaydilar. Uning gapirishi ham, yurishi ham, chekishi ham o‘zgacha deydilar. Bir mahal uni guvoh tariqasida mirovoy sudga chaqirganlarida u «adabiyot bilan shug‘ullanaman» deb yuborgan va shunda xuddi tovuh o‘g‘irlagandek qizarib ketgan.
Ana o‘zi ko‘k palto, duxoba shapka kiyib, qo‘lida tayoqcha bilan xiyobonda asta yurib ketmoqda… Besh qadam yurib to‘xtaydi-da, osmonga tikiladi, yoki archa shoxida o‘tirgan qari go‘ngqarg‘aga qarab qoladi.
Bog‘bon qo‘llarini biqiniga tirab tik turadi, ovchining chehrasi jiddiy ko‘rinadi, Makar Denisich esa bukchaygan, xuddi bahor o‘zining hovuri va go‘zalligi bilan uni bo‘g‘ib ezganday yo‘talib-yo‘talib qo‘yadi va aftini bujmaytirib qaraydi!.. Yuragi vahimada. Bahor unda sevinch-quvonch, umid, hayajon uyg‘otish o‘rniga ko‘nglida allaqanday majhul va o‘zini bezovta qiladigan istaklar uyg‘otadi. Mana, u yuripti-yu, nima istaganini o‘zi ham bilmaydi. Darhaqiqat unga nima kerak o‘zi?
— Hey, Makar Denisich, salomatmisiz? — general Stremouxovning tovushini eshitib qoladi. — Nima, pochtaxonadan hali kelishgani yo‘qmi?
Makar Denisich barvasta va quvnoq general o‘z qizchasi bilan o‘tirgan kolyaskaga qayrilib qarar ekan:
— Yo‘q hali, janobi oliylari, — deb javob qiladi.
— Ajoyib havo! Baayni bahor-a! — deydi general. — Siz sayr qilib yuribsizmi? Nima, ilhom olayapsizmi?
Generalning ko‘zlari: «Iste’dodsiz! Qobiliyatsiz!» deb turibdi.
General jilovni ushlar ekan deydi:
— Og‘ayni, bugun kofe ichib o‘tirib, biram ajoyib narsani o‘qib chiqdim. Ikki betli arzimas narsa, lekin o‘zi shunaqangi yaxshiki! Esiz, siz frantsuzchani bilmaysiz, bo‘lmasa sizga o‘qigani berardim…
General shoshib-pishib, o‘zi o‘qib chiqqan hikoyaning mazmunini naridan-beri gapirib beradi. Makar Denisich esa, bu gapni eshitib, o‘zi kichik hikoyalar yozadigan frantsuz yozuvchisi bo‘lmagani uchun gunohkordek o‘ng‘aysizlanadi.
u uzoqlab ketgan kolyaskaning orqasidan qarab, o‘ylanib qoldi: «Bilmadim, nimasi yoqqan ekan unga? Mazmuni bemaza, chaynalgan… Men yozgan hikoyalar mazmunliroq».
Makarning yuragi g‘urmushlaydi. Yozuvchilik izzati-nafsi — ruhiy xastalik va jarohatdir. Bu xastalikka duchor bo‘lgan kishi qushlarning sayrashini ham eshitmaydi, oftob nurini ham, bahorni ham ko‘rmaydi… Uning bu jarohatiga sal tegib ketsangiz, butun vujudi iztirob ichida qoladi. Zaharlangan Makar yo‘lida davom etadi va bog‘ning eshikchasidan o‘tib, loy ko‘chaga chiqadi. Ko‘chada baland brichkachada butun badanini selkillatib, janob Bubentsov qayoqqadir shoshib ketmoqda.
— E, muhtaram yozuvchi, bizdan sizga salomlar bo‘lsin! — deb qichqiradi u.
Makar Denisich yolg‘iz mirza yoki kichik gumashta bo‘lganida hech kim unga mensimasdan muomala qilmasdi, lekin u («yozuvchi», u iste’dodsiz va qobiliyatsiz!
Bubentsov singari janoblarning san’atga fahmlari yetmaydi va unga ko‘p ham qiziqmaydilar. Ammo unday kishilar iste’dodsiz va qobiliyatsiz odamlar bilan uchrashib qolsalar, rahm-shafqatni yig‘ishtirib qo‘yadilar. Ular har qanday kishini kechirsalar ham, lekin bu omadsiz, savdoyinamo va sandig‘ida liq to‘la qo‘lyozmasi bo‘lgan Makarni kechirolmaydilar. Bog‘bon eski fikusni sindirib, ko‘pgina nodir o‘simliklarni chiritib qo‘ydi. General esa hech ish qilmaydi, birovning haqini yeydi. Bubentsov janoblari bo‘lsa, mirovoy sudyalik vaqtlarida har oyda bitta ish ko‘rardilar, ishni ko‘rish vaqtida xiqichog‘i tutib, qonunlarni pala-partish qo‘llab va bema’ni hukm chiqarardi. Lekin bular hammasi kechiriladi, bilinmay o‘tib ketadi. Ammo bo‘lmag‘ur she’r va hikoyalar yozuvchi iste’dodsiz Makarga xafa qiladigan bir gap aytmasdan, yonidan ko‘rmaganday o‘tib ketishmaydi. Generalning qayinsinglisi xizmatkor xotinlarni tarsakilasa, karta o‘yinida kirchi xotinlarday so‘kinsa, popning xotini o‘yinda yutqizganda hech qachon to‘lamasa, Flyugin degan pomeshchik Sivobrazov degan pomeshchikning kuchugini o‘g‘irlasa, bu bilan hech kimning ishi yo‘q. Ammo yaqindagina «Nasha guberniya» jurnalidan Makarning yaramas hikoyasini qaytarib berilgani butun uyezdga ma’lum bo‘lgan, kulgilarga, gap-so‘zlarga, noroziliklarga sabab bo‘lgan. Endi Makar Denisichni Makarka deb ataydigan bo‘ldilar.
Agar biror kishi ko‘ngildagidek yozmasa, nega «shundayligi» sababini tushuntirib o‘tirmaydilar-da:
— Yana bu itvachcha bema’ni narsa yozipti, — deb qo‘ya qoladilar.
Meni tushunmaydilar, tushunishni istamaydilar va tushuna olmaydilar, degan o‘y Makarga bahordan zavqlanish uchun xalal beradi. Nazarida agar uni tushunsalar hamma narsa joyida bo‘ladiganga o‘xshardi. Lekin butun uyezdda hech kim hech narsa o‘qimagandan keyin, o‘qisalar ham shunday o‘qiydilarki, bundan ko‘ra o‘qimaganlari afzalroq bo‘lgandan keyin, uning iste’dodlimi, yo‘qmi ekanini qanday bila oladilar. General Stremouxovga haligi frantsuzcha hikoya arzimas, yuzaki, oddiy va siyqa ekanini qanday tushuntirsa bo‘ladi. U shunaqa narsalardan boshqasini hech qachon o‘qimaganidan unga bu narsani qanday uqdirib bo‘ladi.
Xotinlar ham Makarning jig‘iga tegadilar.
— Oh, Makar Denisich, — deydilar ular unga odatdagicha. — Afsuski, siz bugun bozorda yo‘q edingiz. Agar ikkita mujikning g‘alati mushtlashganini ko‘rsangiz, siz albatta ta’rifini yozgan bo‘lar edingiz!
Bular hammasi, albatta, behuda narsalar, filosof odam bularga e’tibor qilmagan, mensimagan bo‘lar edi, lekin Makar esa, o‘zini cho‘g‘ bosgan kishiday his etadi. Uning ko‘ngli o‘ksingan, g‘arib, g‘ussa bilan to‘lgan. Juda g‘arib odamlar va katta gunohkorlargina shunday g‘ussa ichida qoladilar. U hech qachon bog‘bon singari qo‘llarini beliga tirab turmagan. Ba’zan, bu ham har besh yilda bir marta, biror o‘rmonda yoki yo‘lda, yo esa vagonda o‘zidek omadsiz, savdoyinamo kishi bilan uchrashib qolganda, uning ko‘ziga tikilib, bir lahzagina jonlanadi, unisiga ham jon kiradi. Ular anchagacha gaplashib, tortishib, shodlanib kulishadilar. Chetdan turib qaragan kishi ikkovini ham jinni deb o‘ylashi mumkin.
Ammo odatda siyrak uchraydigan bunday damlar ham beshikast o‘tmaydi. Xuddi masxara bo‘lgandek Makar va unga duch kelgan omadsiz kishi bir-birlaridagi iste’dodni inkor etadilar va bir-birlarini tan olmaydilar, bir-birlariga hasadlari kelib, ko‘rgani ko‘zlari bo‘lmay, jahl ustida bir-birlariga yovlashib, tarqalishib ketadilar. Shunday qilib, ularning o‘spirinlik chog‘lari quvonchsiz, muhabbatsiz, do‘stlik nimaligini bilmay, halovatsiz va kechalari ilhom kelgan paytlarda badqovoq Makar tasvir etishni sevgan hislatlardan mahrum holda nest-nobud bo‘lib o‘tadi.
Ammo yoshlik orqasida bahor ham o‘tib ketadi.

Mirkarim Osim tarjimasi