Anton Chexov. Badfe’l odamlar (hikoya)

Ruhoniylardan chiqqan mayda yer egasi Yevgraf Ivanovich Shiryayev (uning marhum otasi Ioan hazratga general xotini Kuvshinnikova 102 desyatina yerni in’om qilgan edi) burchakdagi dashshuda qo‘l yuvmoqda. Odatdagidek uning ko‘rinishi sertashvish, qovog‘i soliq, soqoli taralmagan.
— Shu ham havo bo‘ldi-yu! — deydi u — Bu havo emas, xudoning balosi. Yana yomg‘ir yog‘yapti!
U vaysar, oila a’zolari esa dasturxon ustida ovqatlanish uchun uning qo‘l yuvib bo‘lishini kutib o‘tirishadi. Uning xotini Fedosya Semyonovna, student o‘g‘li Petr, katta qizi Varvara va uchta kichik bolasi allaqachon uning kelishiga mahtal Puchuq-suchuk, irkit, yuzlari lo‘ppi, tikanakdek sochlariga xiyla vaqtdan beri qaychi tegmagan bolalar — Kolka, Vanka va Arxipka toqatsizlik bilan o‘tirgan yerlarida g‘ivirlashadi, kattalar esa g‘ing etmay o‘tirishadi, aftidan ular uchun ovqat yeyish ham, kutish ham birdek edi…
Shiryayev ularning sabri-toqatini sinamoqchi bo‘lgandek, imillab qo‘lini artadi, imillab cho‘qinadi va shoshilmasdan stol oldiga kelib o‘tiradi. Xash-pash deguncha karam sho‘rva keltiriladi. Hovlidan duradgorlarning bolta urishi (Shiryayev yangi ombor soldirmoqda) va kurkaning jig‘iga tegayotgan malay Fomkaning kulgisi eshitilmoqda. Oynaga siyrak, lekin yirik-yirik yomg‘ir tomchilari urilmoqda.
Ko‘z oynakli, yelkasi bukchayganroq student — Petr onasiga qarab-qarab qo‘yib ovqat kavshar edi. U gap boshlash uchun bir necha marta qoshiqni qo‘yib, tomog‘ini qiradi, biroq otasining avzoyini ko‘rib, yana ovqatini yeyaveradi. Nihoyat shavla keltirganlaridan keyin u qattiq yo‘talib qo‘yib, gap boshlaydi:
— Shu bugun kechki poyezd bilan jo‘nasam degan edim. Allaqachon ketishim kerak edi, hali ham ikki hafta kechikdim. Lektsiyalar birinchi sentyabrdan boshlanadi!
— Ha, boraver, — deydi Shiryayev ma’qullab. — Nima qilib yuribsan? Boraver, oq yo‘l.
Bur minut jimlik.
— Unga Yevgraf Ivanovich, yo‘lga pul kerak… — deydi onasi astagina.
— Pul? Bo‘pti! Pulsiz ketib bo‘ladimi. Kerak bo‘lsa hozir ola qol. Allaqachon olsang ham bo‘lardi!
Student yengil nafas oladi va sevinib onasiga qarab qo‘yadi. Shiryayev yon cho‘ntagidan hamyonini ohista oladi va ko‘z oynagini taqib:
— Qancha kerak? — deb so‘raydi.
— Moskvagacha… yo‘l kira o‘n bir so‘m qirq ikki…
— Ey pul qursina, pul! — deydi ota va uh tortadi (u hamma vaqt pulni ko‘rganda, hatto olayotganda ham bir uh tortib qo‘yadi) — Mana o‘n ikki so‘m. Ortgani, og‘ayni, yo‘lda kerak bo‘lib qolar.
— Rahmat.
Birozdan keyin student:
— O‘tgan yili borishim bilan darsga kirolmagan edim. Bilmadim bu yil qanday bo‘larkin; tez orada ish topolmasam kerak. Uy ijarasi va ovqat uchun sizdan o‘n besh so‘mcha so‘ramoqchi edim, — deydi.
Shiryayev o‘ylab turib yana uh tortib qo‘yib:
— O‘n so‘m bo‘lsa ham yetadi, — deydi. — Ma, ol!
Student rahmat aytadi. Lektsiyaga to‘lash, kitob olish uchun yana pul so‘ramoqchi edi-yu, lekin u otasiga qarab, azmoyish oladi-da, xira bo‘lmay qo‘ya qolishga jazm qiladi. Quvliq-shumlikni bilmagan va fahmi-farosati kalta onasi esa hamma onalar kabi o‘zini tutolmaydi-da:
— Axir, Yevgraf Ivanovich, insof qilib yana etik uchun ham olti so‘m bersang bo‘lardi. O‘zing ko‘rgin, shu churuk etik bilan Moskvaga borib bo‘ladimi? — deydi.
— Mening eski etigimni ola qolsin. U hali yap-yangi.
— Hech bo‘lmasa shim uchun bergin. Shimidan odam uyaladi…
Shundan keyinoq butun oilani dahshatga keltiradigan bo‘ron qushi uchib keldi: Shiryayevning kalta, semiz gardani birdan alvondek qizarib ketadi. Qizillik asta-sekin quloqqa, quloqdan chekaga o‘tadi, so‘ngra butun yuzni qoplaydi. Yevgraf Ivanovich stulning suyanchig‘iga tiraldi va nafasi bo‘g‘ilib qolmasligi uchun sarochkasi yoqasining tugmasini yechadi. Aftidan u o‘zini o‘rab kelayotgan tuyg‘u bilan kurashmoqda edi. Qattiq sukunat cho‘kadi. Bolalarning nafasi ichiga tushib ketadi. Fedosya Somyonovna esa erining ahvoliga tushunmayotgandek so‘zida davom etadi:
— Axir u endi yosh bola emas. Yomon kiyinib yurishga uyaladi.
Shiryayev birdan o‘rnidan sakrab turadi va kuchining boricha qalin hamyonini stolning o‘rtasiga ko‘tarib qattiq uradi, tarelkadan bir burda non otilib chiqadi. G‘azab, alam, xasislik birga qo‘shilib vajohati jirkanch bo‘lib ketadi.
— Hammasini olinglar! — deb bo‘g‘ilib, bo‘kiradi u. — Talanglar! Hammasini olinglar! Bo‘g‘inglar!
U o‘tirgan yeridan irg‘ib turib, qoqilib ketib, boshini changallaganicha uyda yuguraveradi.
— Qolgan-qutganigacha talanglar! — deb shang‘illaydi u. Barini so‘ringlar! Talanglar! Bo‘ynimdan bo‘g‘inglar!
Student lavlagidek qizarib yerga qaraydi. Tomog‘idan ovqat ham o‘tmay qoladi. Yigirma besh yildan beri erining fe’li badiga ko‘nika olmagan Fedosya Semyonovna esa g‘ujanak bo‘lib, o‘zini oqlash uchun allanimalar deb bidirlaydi. Uning hamisha befahmlik va qo‘rquv aks etib turadigan, chakaklari burishib ketgan qushsimon yuzlarida ajablanish va qattiq qo‘rquv alomatlari ko‘rinadi. Bolalar va bo‘yi yetgan rangsiz, xunuk qiz Varvara qo‘llaridagi qoshiqlarni qo‘ygancha, tirrakdek qotib qoladi.
Shiryayev tobora badtar g‘azablanib, biri-biridan rasvo so‘zlarni aytib, stol oldiga yugurib keladi-da, hamyonidagi pullarni stol ustiga qoqadi.
Uving a’zoyi-badani qaltirab:
— Olinglar! — deb xirillaydi. — Yeb, ichib o‘lmadinglar, endi mana, pulimni ham olinglar! Menga hech narsa kerakmas! Yangi etik tiktirasizlarmi, mundir tiktirasizlarmi, bilganlaringni qilinglar!
Studentning ranggi o‘chib ketadi va o‘rnidan turib:
— Menga qarang, dada, — deb gap boshlaydi bo‘g‘ilib. — Men… men bas qilishingizni so‘rayman, chunki…
— Jim! — deb shunday qattiq baqirib, otasining burnidan ko‘z oynagi tushib ketadi. — Jim!
— Avvallari men… bunaqa qiliqlaringizga chidar edim, lekin… endi men to‘polonlardan chiqib qoldim. Tushunasizmi? Chiqib qoldim!
— Jim! — deb baqiradi otasi yer tepinib. — Sen mening gapimga quloq solishing shart! Men nimani xohlasam shuni gapiraman, sening ishing jim turish! Sendek vaqtimda men pul topardim, sen ablah bilasanmi menga qanchaga tushasan? Haydab yuboraman! Tekinxo‘r!
— Yevgraf Ivanovich, — deb g‘o‘ldiraydi Fedosya Semyonovna, asabiylik bilan barmoqlarini qimirlatib. Axir u… axir Petya…
— Jim! — deb qichqiradi unga Shiryayev, g‘azabidan hatto ko‘zidan yosh ham chiqib ketadi, — Sen bularni erka qilib yuborgansan! Sen! Hammasiga aybdor sensan! U bizni hurmat qilmaydi, ibodat qilmaydi, pul topmaydi! Sizlar o‘nta, men bitta o‘zim. Hammangni uydan haydab yuboraman!
Qizi Varvara anchagacha ang‘rayib onasiga boqadi, keyin derazaga baqrayib qaraydi, ranggi quv uchib, chinqiradi va stul suyanchig‘iga o‘zini tashlaydi. Otasi qo‘l siltaydi, tuflaydi va g‘izillab hovliga chiqib ketadi.
Odatda Shiryayevlar oilasida bo‘ladigan mojarolar shu bilan tugar edi. Biroq baxtga qarshi bu gal student Petrning to‘satdan fig‘oni oshib ketadi. U ham xuddi otasiga, pop avlodi bobosiga o‘xshash serjahl va badfe’l edi. Ranggi o‘chib, mushtlarini tugib, onasining oldiga keladi va ovozining boricha unga baqiradi:
— Bu rasvo ta’nalar jonimga tegdi. Hech narsangiz kerak emas! Hech narsa! Ochimdan o‘lsam o‘lamanki, non ushog‘ingizga ham og‘iz tegizmaiman! Mana, oling, mana bu sabil pullaringizni! Oling!
Onasi, devorga yopishib qolib, uning oldida o‘g‘li emas, arvoh turgandek, qo‘llarini silkitadi.
— Mening gunohim nima? — deb yig‘lab yuboradi u. Nima?
O‘g‘li ham otasidek qo‘l siltab, hovliga chopib chiqib ketadi.
Shiryayevning hovlisi cho‘lni kesib o‘tadigan besh chaqirimcha keladigan jar yoqasida yakka turadi. Uning chekalarida yosh dub va zirk daraxtlar bo‘lib, pastda suv shaldirab oqadi. Uyning bir tomoni jarga, bir tomoni dalaga qaragan, devor va yog‘och to‘siqlar qilinmagan, bir-biriga zich-zich turgan har xil imoratlar devor xizmatini bajarar, shular aylanib kelib, uy oldida uncha katta bo‘lmagan sahn hosil qilar ediki, u hovli deb hisoblanar, bu yerda tovuqlar, o‘rdaklar va cho‘chqalar yurishar edi.
Tashqariga chiqqandan keyin student loy yo‘ldan dalaga ketdi. Kuz havosi izg‘irin va nam edi. Yo‘l shilp-shilp loy, u yer bu yerda ko‘lmak suvlar yaltirardi, sap-sariq dalada esa ajriqlar orasidan xazin, chirik zulmat kuz muralamoqda edi. Yo‘lning o‘ng tomonida hamma yog‘i kavlab tashlangan, u yer bu yerda boshi qoraygan kungaboqarlar turgan ko‘rimsiz poliz bor edi.
Petr o‘z ko‘nglida shu ahvolda, bosh yalang, yirtiq etik bilan va bir tiyin pulsiz Moskvaga piyoda ketaverish ham chakki bo‘lmasdi, deb o‘ylaydi. Petr yuz chaqirimcha yo‘l bosgach, hurpayib va qo‘rqib ketgan otasi uning orqasidan yetib borib yalina boshlaydi, qaytib borishini, yoki pul olishini so‘raydi, lekin u otasiga qayrilib ham qaramaydi, hamon yo‘lida davom etaveradi… Yalang‘och o‘rmonlardan keyin ma’yus dalalar keladi, yana o‘rmonlar ko‘rinadi; hademay yer dastlabki qor bilan oqaradi va daryolar muz bilan qoplanadi… Allaqayerlarda, Kurskdami yoki Serpuxovdami ochlikdan holsizlangan Petr yiqiladi va jon beradi. Uning tanasini topadilar va hamma gazetalarda falon yerda, falon student ochdan o‘libdi degan xabarlar bosilib chiqadi…
Polizlarda biror narsa qidirib sanqib yurgan, dumi irkit oq it unga bir qarab qo‘ydi-da, orqasidan ergashib ketaverdi…
U yo‘l-yo‘lakay o‘z o‘limi, mehribonlarining qayg‘usi, otasining ruhan ezilishlari haqida o‘ylar va shu zohoti biri-biridan qiziq turli-tuman yo‘l sarguzashtlari — dahshatli tunlar, tasodifiy uchrashuvlarni ko‘z oldiga keltirar edi. U, xayolida qator-qator xudojo‘y ayollarni, o‘rmon ichida kichkina uyni tasavvur qiladi; uyning yakka darchasidan zimistonda chiroq ko‘rinmoqda; u deraza oldida turib tunashga ruxsat so‘rayapti… Uni kirgizdilar, qarasaki, ular qaroqchilar ekan. Yana, qolaversa, u katta pomeshchikning hovlisiga kelib qoladi. Bu yerda uning kimligini bilib yediradilar, ichiradilar, royal chalib beradilar, uning shikoyatini tinglaydilar. Keyin shu pomeshchikning go‘zal qizi bunga oshiq bo‘lib qoladi.
O‘zining qayg‘usi va haligidek xayollarga cho‘mgan kichik Shiryayev hamon yo‘lida davom etadi… Oldinda uzoq-uzoq qulrang bulutlar tagida karvon saroy qorayib ko‘rinmoqda; karvon saroydan ham nariroqda, ufqning xuddi o‘zida kichkina tepalik ko‘rinmoqda; bu temir yo‘l stantsiyasi. Shu tepalik uning turgan yeri bilan, fonarlar yonib turgan, izvoshchilar taraqlab yurgan, lektsiyalar o‘qiladigan Moskva o‘rtasidagi aloqani eslatardi, u qo‘msash va toqatsizlikdan yig‘lab yuboray deydi. Mana bu tantanali tabiat manzarasi tartib va go‘zalliklari bilan, mana bu atrofdagi jimjitlik uning sabr kosasini to‘ldiradi va nafratmni qo‘zg‘otadi!
— Po‘sht! — degan qattiq ovoz eshitdi u orqa tomondan.
Student yonidan nozik foytunda tanish pomeshchik kampir o‘tib ketdi. Petr unga ta’zim qildi va og‘zi qulog‘iga yetib iljaydi. Shu lahzada o‘zining hozirgi qayg‘uli ahvoliga hech mos kelmaydigan iljayishidan ajablandi. Ko‘ksi to‘la alam va qayg‘u-ku, bu iljayish qayerdan keldi?
U, hatto eng og‘ir ahvolda ham o‘z uyasini yashiradigan tulki yoki yovvoyi o‘rdak kabi o‘z uyasining sirini saqlash qobiliyatini ehtimol insonlarga tabiatning o‘zi bergandir. Har bir oilaning o‘ziga yarasha shodliklari va fojialari bor, lekin ular har qancha katta bo‘lmasin begona odamning ko‘rishi qiyin; ular sir saqlanadi. Masalan, hozirgina o‘tib ketgan pomeshchik ayolning o‘z otasi qandaydir yolg‘on bir gap bilan Nikolay podsho qahriga uchrab, yarim umri hazon bo‘lgan, eri kartaboz edi, to‘rtta o‘g‘ildan bittasi ham tuzukroq chiqmadi. Uning oilasida ham allaqancha g‘alvalar bo‘lganini, qancha ko‘z yoshlari to‘kilganini tasavvur qilish mumkin. Shunga qaramay kampir shod-hurram ko‘rinadi va uning iljayishiga u ham iljaydi. Studentning esiga o‘z oilasi haqida istar-istamas gapiradigan o‘rtoqlari, eri va bolalari haqida gap borganda deyarlik hamma vaqt yolg‘on gapiradigan o‘z onasi tushdi…
To qorong‘i tushguncha Petr uyidan uzoq yerlarda yurdi va har xil xayollarga botdi. Yomg‘ir yog‘a boshlaganda uy tomonga yo‘l oldi. Uyga kelayotganda u nima bo‘lsa ham otasi bilan gaplashishga, uning bilan birga hayot kechirish og‘ir va xavfli ekanini tushuntirishga qat’iy jazm qildi.
Uyda sukunat hukm surmoqda edi. Opasi Varvara to‘siq orqasida yotar va bosh og‘riqdan astagina ingrar edi. Onasi ajablangan va aybdorga o‘xshagan holda uning oldidagi sandiqda o‘tirib Arxipkaning shimini yamamoqda edi. Yevgraf Ivanovich u deraza bilan bu deraza o‘rtasida yurar va obi-havodan diqqat edi. Uning yurishidan ham, yo‘talishidan ham, hatto gardonidan ham o‘zini aybdor sezgani ko‘rinib turar edi.
— Demak bugun ketmaslikka jazm qilibsan-da? — deb so‘radi u.
Studentning otasiga yuragi achishib ketdi, lekin shu zahoti bu hissiyotni yengib, gap ochdi:
— Menga qarang… Men siz bilan jiddiy gaplashib olishim kerak… Ha, jiddiy gap bor… Men sizni hamisha hurmat qilib keldim va… va hech qachon siz bilan shu yo‘sinda gaplashishga jur’at qilolmasdim, lekin sizning fe’li-atvoringiz… yaramas qiliq…
Otasi derazaga qarab jim turar edi. Student bir narsani muhokama qilgandek peshonasini siladi va kuchli hayajon ichida davom etdi:
— Ovqat ustida ham, choy ustida ham g‘alva ko‘tarasiz. Sizning bergan noningiz hammamizning xalqumimizga kelib qadaldi… Dunyoda, osh-nonni pisanda qilishdan qattiq haqorat, xo‘rlik yo‘q… Garchi siz ota bo‘lsangiz ham na xudo, na tabiat sizga shunchalik og‘ir haqoratlashga, xo‘rlashga, o‘zingizdan ojiz odamlarga o‘z zaharingizni sochishga huquq bermagan. Siz onamni qiynab yubordingiz, nazar-pisand qilmaysiz, opam g‘aribi benavo bo‘lib qoldi, men bo‘lsam…
— Menga o‘rgatish sening ishing emas, — dedi ota.
— Yo‘q, mening ishim! Meni qancha xo‘rlasangiz shuncha xo‘rlayvering, lekin onamni tinch qo‘ying! Onamni qiynashingizga yo‘l qo‘ymayman! — deb davom etadi student ko‘zlarini chaqnatib. — Siz haddingizdan oshib ketdingiz, chunki hech kim sizga qarshi gapirmagan. Sizning qarshingizda hamma zirillardi, hech kim og‘iz ocholmasdi, biroq endi tamom! Qo‘rs, tarbiyasiz odamsiz! Siz ko‘rasiz… Tushunasizmi? Siz qo‘rs, badfe’l, bag‘ri tosh odamsiz! Mujiklar ham sizni ko‘rgani ko‘zi yo‘q!
Student gapning boshi-ketini ham yo‘qotib qo‘ydi, gapni cho‘zmasa ham, lekin ayrim-ayrim so‘zlar o‘qdek otilar edi. Yevgraf Ivanovich eshitar va xuddi dovdirab qolgandek indamay turar edi. Lekin birdan uning gardani qizarib ketdi, qizillik yuzlariga keldi va u qimirlab qoldi.
— Jim! — deb baqiradi u.
— Jim bo‘lmayman! — deydi tilini tiymasdan o‘g‘il. — To‘g‘risini aytsa sizga yoqmaydi, a? Juda soz! Yaxshi! Yana baqira boshladingiz-a! Soz!
— Bas dedim senga! — deydi bo‘kirib Yevgraf Ivanovich.
Eshik oldida anqayib Fedosya Semyonovna ko‘rinadi, rangi oppoq oqarib ketgan edi, nimadir gapirmoqchi bo‘ladi, lekin botinolmaydi, faqat barmoqlari qaltirar edi.
— Sen ayblisan! — deb baqirdi unga Shiryayev. — Sen buni shunaqa tarbiya qilgansan!
— Men ortiq bu uyda yashamayman! — deydi student yig‘lab va onasiga jahl bilan qarab. — Men sizlar bilan turishni xohlamayman!
Qizi Varvara shirma orqasidan turib bir chinqirdi va ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Shiryayev qo‘l siltadi va gizillaganicha uydan chiqib ketdi.
Student o‘z joyiga borib, jimgina yota qoldi, to yarim kechagacha qimirlamay, ko‘zini ham ochmay yotdi. U hech qanaqa jahl, hech qanaqa uyat sezmas, ammo ko‘ksida qandaydir noaniq bir alam borligini sezar edi. U otasini ayblamas, onasiga achinmas, vijdon azobi bilan qiynalmas; uydagilarning hammasi ham hozir shu alamni his qilayotgani unga ayon, lekin kim aybdor, kim ko‘proq ezilyapti, kim ozroq ezilyapti, bu yolgiz xudoga ma’lum edi…
Yarim kechada u xizmatkorni uyg‘otdi va stantsiyaga chiqish uchun ertalab soat beshga otni egarlashni buyurdi, yechindi, burkanib oldi, lekin uxlay olmadi. Otasining tong otguncha uxlamasdan u deraza bilan bu deraza o‘rtasida asta-asta yurib chiqqani va uh tortgani eshitilib turardi. Hech kim uxlamadi, hamma har zamonda shivillab gapirar edi. Ikki marta uning oldiga, shirma orqasiga onasi kelib ketdi. Har kelganda ham o‘sha g‘alati bir ajablanish bilan qarar, u anchagacha o‘g‘lini cho‘qintirar va asabiy ravishda cho‘chib-cho‘chib ketar edi…
Ertalab soat beshda student hamma bilan mayingina xayrlashdi va hatto yig‘ladi. Otasining xonasi oldidan o‘ta turib eshikka qarab qo‘ydi. Yevgraf Ivanovich kiyim-boshini hali yechmagan, deraza oldida turar va oynakni taqillatar edi.
— Xayr, men ketyapman, — dedi o‘g‘il.
— Xayr… Pul dumaloq stolda… — dedi otasi o‘girilmay ham.
Xizmatkor uni stantsiyaga olib ketayotganda yoqimsiz sovuq yomg‘ir quymoqda edi. Kungaboqarlar o‘z boshlarini yana ham egib olibdilar, o‘t ham qoramtilroq ko‘rinar edi.

H. Ziyaxonova tarjimasi