Anton Chexov. Agafya (hikoya)

Men S. uyezdida yashagan vaqtimda, Dubov qishlog‘i polizlariga tez-tez borib turardim, ko‘pincha u yerda sabzavotchi Savva Stukach, qisqa qilib aytganda Savka oldiga kelib turardim. Bu polizlar mening eng sevgan va «asosiy» baliq ovlash joyim edi. U yerga jo‘nayotganda uyga qaysi kuni va qaysi soatda qaytib kelishimni bilmay, o‘zim bilan barcha baliq ovlash anjomlarini olardim, oziq-ovqatni ham yetarli g‘amlardim. Ochig‘ini aytganda, baliq ovidan ko‘ra betashvish-beg‘am sanqib yurish, bevaqt ovqatlanish, Savka bilan suhbat hamda osoyishta yoz tuni quchog‘ida uzoq orom olish meni ko‘proq qiziqtirardi. Savka yigirma besh yoshlarga kirgan, baland bo‘yli, chiroylik va chaqmoq toshday pishiq yigit edi. O‘zi aqlli-hushli, mulohazali, deb nom chiqargan bo‘lib, savodli edi, araqni kam ichardi, lekin yosh va kuchli bu odam ishchi sifatida bir chaqaga ham qimmat edi. Uning arqondek eshilgan pishiq bilaklarida kuch-quvvat bilan birga, yengib bo‘lmaydigan yolqovlik bor edi. U hamma qatori qishloqda, o‘z uyida turar, bir parcha yeri ham bor edi. Ammo yerini u haydamas, ekmas, biron hunar bilan ham shug‘ullanmasdi. Kampir onasi uyma-uy yurib tilanchilik qilardi. Savka bo‘lsa misoli qushday kun ko‘rardi: ertalab tush paytida nima yeyishini bilmasdi. Bu unda iroda, kuch-quvvat yetmaganidan yoki onasiga rahm-shafqat qilmaganidan emas, mehnatni xohlamaganidan va uning foydasini anglamaganidan kelgandi… Uning butun vujudidan shalvirab behuda yashashga qandaydir ehtiros borligi ravshan sezilib turardi. Savkaning yosh va sog‘lom tanasi jismoniy ish qilgusi kelganida biror bekorchi ish bilan, hech kimga keragi yo‘q qoziq yo‘nish bilan shug‘ullanar, yo ayollar bilan kim o‘zar o‘ynab, chopishardi. Uning eng yaxshi ko‘rgan holati — hech bir qimir etmay bir joyda turib qolish edi. U soatlab bir nuqtaga tikilgancha turaverardi. G‘ayrati toshib harakatga kirganda, tez bajarilishi lozim bo‘lganda: chopib ketayotgan kuchukning dumidan ushlab olish, ayollar boshidan ro‘molini yulib olish, kattakon chuqurdan sakrab o‘tish kabi qiliqlar chiqarardi. Savka mana shu tariqa harakatsiz bo‘lganidan har qanday qashshoq odamdan yomonroq hayot kechirardi. Vaqt o‘tishi bilan boqimondasi ko‘payib, sog‘lom va yosh yigitni, jamoat qariyalar yuboriladigan joyga — jamoat polizlarida qorovul va qo‘riqchi bo‘lishga yuborardi. Uning qariyalar qatoriga kirib qolganini mazax qilib qancha kulishmasin, Savkaga zarracha ta’sir qilmasdi. Qimir etmay, jimgina tomosha qilib yotishga qulay bo‘lgan bu joylar uning tepsa-tebranmas tabiatiga juda ham mos tushgandi.
Savka oldiga men yoqimli may kechalaridan birida bordim. Hozir ham esimda: men chayla yonida, yirtilib ketgan, dumog‘ni yoruvchi quruq o‘tlar isi anqib turgan foytun yorug‘i ustida yotardim. Qo‘llarimni iyagim ostiga olganimcha, to‘g‘riga qarayman. Oyoq tomonimda, yog‘och panshaxa yotardi. Undan sal narida qora dog‘dek Savkaning Kutka degan iti ko‘zga chalinadi. Kutkadan ko‘pi bilan ikki sajincha narida yer tugaydi-yu, daryoning tik qirg‘og‘i. boshlanadi. Yotgan joyimdan menga daryo ko‘rinmaydi. Ko‘zimga faqat bu qirg‘oqdagi qalin tolzorning uchi va atigi kemirilganday turgan narigi qirg‘oqning egri-bugri cheti ko‘rinadi. Qirg‘oqdan ancha narida, qorayib ko‘ringan tepada, cho‘chiganda bir-biriga qisilishgan yosh kakliklardek, Savka yashovchi qishloq uylari ko‘rinadi. Tepa orqasiga botib borayotgan quyosh zarrin kokillarini yig‘ishtirib olmoqda. Ufqda yolg‘izgina pushtirang shafaq qolgan, u ham xuddi kul bilan qoplanayotgan cho‘g‘dek asta-sekin oqish pardachalar bilan qoplanib, o‘chib boradi.
Polizning o‘ng tomonida, har zamonda bir esadigan shamol nafasidan ohista tebranib shivirlashgan zirk daraxtlari qorayib ko‘rinadi, chapda bepoyon dala yastanib yotibdi. Qorong‘i tushib qolganidan ko‘z ilg‘amas ufqda yorqin shu’la miltillab ko‘rindi. Mendan sal narida o‘tirgan Savka chordona qurib olgan, boshini quyi egib, Kutkaga o‘ychan tikiladi. Bizning chuvolchang o‘tkazilgan qarmoqlarimiz allaqachon daryoga solingan, shu tufayli dam olishni yaxshi ko‘radigan va undan hech bir zerikmaydigan Savkaga o‘xshab, dam olishdan bo‘lak ishimiz qolmagandi. Hali shafaq butunlay so‘nmay turib, yoz oqshomi nozik va allalovchi erkalatish bilan tabiatni o‘z quchog‘iga oldi.
Butun koinot orom og‘ushiga bosh qo‘ydi, men bilmaydigan allaqanday qushgina daraxtzordan turib, salmoqlab sayraydi. Uning cho‘ziq ovozi «Ni-ki-ta-ni ko‘rdingmi?» jumlasiga o‘xshar va uning o‘zi shu zahoti «Ko‘rdim! Ko‘rdim! Ko‘rdim!» degandek javob qilardi.
— Nega bugun bulbullar sayramaydi? — deb so‘radim Savkadan.
U men tomon ohista o‘girildi. Uning basharasi katta, ammo ayollarning yuzi singari yoqimli va chiroyli edi. Keyin u beozor va o‘ychan ko‘zlarini chakalakka, tollarga tikdi. Shundan keyin kirkiragini cho‘ntagidan sekin olib, og‘ziga soldi-da, bulbulga o‘xshatib sayratdi. Shu zahoti xuddi Savkaga javob qilayotganday narigi qirg‘oqdan qiziloyoqning ovozi eshitildi.
— Mana sizga bulbul tovushi kerak bo‘lsa… — dedi kulimsirab Savka, — Chuq-chuq! Chuq-chuq qiladi! Ko‘ring, xuddi qarmoq tortayotganday! O‘zicha sayrayapman, deb o‘ylasa kerak.
— Shu qush menga yoqadi… — dedim. — Sen qiziloyoqlarning uchib kelmay yurib kelishlarini bilasanmi? Ular ana shunaqa, faqat daryo va dengizlar ustidan uchib o‘tishadi. Boshqa mahalda yerda yurib kelishadi.
— Rostdan-a, voy itvachchalar-ey… — deb ming‘irladi Savka va hurmat bilan qiziloyoq sayrayotgan tomon qarab oldi.
Men Savkaning turli g‘aroyibotlarni eshitishga ishtiyoqi zo‘rligini bilib, unga qiziloyoq to‘g‘risida ov kitobidan bilganlarimni so‘zlab berdim va qushlarning kelishiga o‘tganimni o‘zim ham sezmay qoldim. Savka kiprik qoqmay tinglardi va huzur qilganidan jilmayardi.
— Qushlar uchun qaysi o‘lka qadrli? — deb so‘radi u. — Bizning yerlarmi yo u tomonmi?
— Albatta, bizning yerlarimiz! Bu yerda ular unib-o‘sadi, bolalaydi. Bu yer — ularning o‘z yurti. U yoqqa faqat sovuqdan qochib ketadi.
— Juda g‘alati-a! — deb kerishib oldi Savka, — Nima to‘g‘rida gapirmang, hammasi qiziq! Parrandalar ham, odamlar ham… yoki manavi toshni olaylik, ish qilib, hammasida ham bir g‘aroyibot bor!.. Eh, barin, sizning kelishingizni bilganimda bugun kelmagin, deb aytardim… Bittasi bugun kelmoqchi bo‘luvdi…
— Voy, seni qara-yu, men senga xalaqit berarmidim! — dedim. — Daraxtzorga kirib yotsam ham bo‘laveradi…
— Iya, bu nima deganingiz! Ertaga kela qolsa o‘lib qolmas… Kelganidan keyin gapga quloq solsa mayli-ya, ko‘zyoshi qilib o‘tiradi-da. Uning oldida tuzukkina gaplashib ham bo‘lmaydi.
Men biroz jim turib:
— Daryani kutyapsanmi? — deb so‘radim.
— Yo‘q… Bugun yangisi kelmoqchi… Agafya Strelchixa…
Bu so‘zlarni Savka o‘z odaticha beparvo, go‘yo tamaki yoki bo‘tqa to‘g‘risida gapirayotganday past ovoz bilan aytdi, men esa hayron qolganimdan o‘rnimdan irg‘ib turib ketdim. Agafya Strelchixani men ham tanirdim… Hali judayam yosh, endigina o‘n to‘qqiz-yigirmalarga kirgan, bir yilcha avval temir yo‘l strelochnigiga, yosh va azamat yigitga erga tekkan edi. Agafya qishloqda yashar, eri har kuni tunda liniyadan kelib, uyida tunardi.
— Og‘ayni, xotinlar bilan bo‘ladigan bu hodisalar yaxshilikka olib kelmaydi, — dedim, chuqur nafas olib.
— Mayli…
Savka biroz o‘ylab turib:
— Men ham ularga aytuvdim, u tentaklar quloq solmasa nima qilay!.. — dedi.
O‘rtaga jimlik cho‘kdi… Qosh qorayib, atrofni qorong‘ulik qurshayotganidan barcha buyumlar o‘z shaklini yo‘qotib bormoqda. Tepa orqasida ko‘rinib turgan shafaq allaqachon so‘ndi, yulduzlar tobora ravshanroq charaqladi … Chigirtkalarning bir me’yordagi zeriktirarli chirillashi, qiziloyoqning tinmay bidirlashi va bedanalarning sayrashi kechaning tinchligini buzmas, aksincha, uning bir xil sukunatini oshirmoqda edi. Kishi nazarida, ohista va quloqqa yoqayotgan bu ovozlar qushlar yoki qurt-qumursqalarniki emas, osmonda charaqlab turgan yulduzlarnikiga o‘xshardi…
O‘rtaga cho‘kkan jimlikni Savkaning o‘zi buzdi. U qorayib ko‘rinayotgan Kutkadan ohista yuz o‘girib, menga qaradi:
— Aftidan, barin, zerikayotganga o‘xshaysiz, — dedi u. — Keling ovqatlanamiz.
U shunday dedi-yu, javob kutmay qorni bilan chaylaga o‘rmalab kirdi, u yerda allanimalarni titkiladi, chayla bargdek titradi; keyin o‘rmalab chiqib, o‘zim olib kelgan aroq bilan sopol kosani oldimga qo‘ydi. Kosada pishirilgan tuxum, yog‘li javdari kulcha, qora noch bo‘laklari, yana allanimalar bor edi… Biz, yerga qo‘ysa turmaydigan qiyshiq stakanchada aroq ichdik, so‘ng ovqatlana boshladik… Yirik va o‘z tusini yo‘qotgan tuz, yog‘li, bulg‘onib qolgan kulcha, rezinkadek chandir tuxum, ammo bular juda mazali!
— So‘qqaboshsan-u, har qanday ovqat topiladi, — dedim oldimizda turgan kosaga ishora qilib. — Bularni qayoqdan olasan?
— Xotinlar olib kelishadi… — dedi Savka ming‘irlab.
— Nima uchun olib kelishadi senga?
— Shunday… Rahmlari kelib…
Chindan ham Savkaning oziq-ovqatigina emas, ustidagi kiyimlari ham xotinlarning «rahmdil»ligidan ekani ko‘rinib turardi. Shu kech men uning belida jun ipdan to‘qilgan belbog‘ bilan kir bo‘ynida mis krest taqilgan qirmizi lentani ko‘rdim. Jononlarning Savkaga oshifta bo‘lib yurishlarini, uning o‘zi esa bu haqda gapirmasligini bilardim. Shuning uchun so‘ramay qo‘ya qoldim. Keyin hozir buning mavridi ham emas edi… Yonimizda jilpanglab, biron nima tashlashimizni kutib turgan Kutka birdan quloqlarini dikkaytirib, bezovtalanib qoldi. Uzoqdan suvning uzuq-uzuq shalpillashi eshitildi.
— Kimdir kechikdan o‘tyapti… — dedi Savka.
Oradan uch minutcha o‘tgach, Kutka yana bezovtalanib, xuddi yo‘talganday ovoz chiqardi.
— Tek tur! — deb qichqirdi egasi.
Qorong‘ilikdan ohista bosilgan qadam tovushi keldi, sal o‘tmay daraxtzorda xotin kishining qorasi ko‘rindi. Tun xiyla qorong‘i bo‘lsa ham, men uni darhol tanidim, u, Agafya Strelchixa edi. U cho‘chib yonimizga kelib to‘xtadi-da, harsilladi. Uning harsillashi, aftidan, faqat tez yurib kelganidan emas, daryodan yarim kechada kechib o‘tgan har qanday odam his qiladigan vahima va yoqimsiz sezgidan edi. Chayla oldida bir emas, ikki kishi o‘tirganini ko‘rib, u ohista voy deb, o‘zini bir qadam orkaga tashladi.
— E… Senmi! — dedi Savka og‘ziga olib borgan kulchani tishlarkan.
— Men… Menman… — deb g‘o‘ldiradi u, tugunchasini qo‘lidan tushirib yubordi va ko‘z qirini menga tashlab: — Yakov sizga salom deb yubordi, yana manavini berib qo‘y dedi… Ichida bir nima bor… — dedi.
— Yolg‘oningni qo‘ysangchi, Yakov deb nima qilasan! — dedi jilmayib Savka. — Yolg‘onga hojat yo‘q, nega kelganingni barin biladi! Qani o‘tir, mehmon bo‘l.
Agafya menga ko‘z qirini tashladi-da, tortinibroq o‘tirdi…
— Men seni bugun kelmaydi, deb o‘ilagandim… dedi Savka uzoq jimlikdan keyin. — Indamay o‘tiraverasanmi? Ovqatdan ol! Yoki bir qultum araqdan quyib beraymi?
— Gapingni qara-ya! — dedi Agafya. — Xo‘p piyanistani topib olibsan-da…
— Yaxshisi ich… Yuragingda o‘t paydo bo‘ladi… Qani!
Savka Agafyaga qiyshiq stakanchaga araq quyib uzatdi. U stakanni olib, asta-sekin ichdi, zakuska qilmay, faqat qattiq puflab qo‘ydi.
— Bir nima olib kelding shekilli… — dedi Savka tugunchani yecharkan, ovoziga iltifot va sho‘xlik ohangi berib. — Xotin kishi shu-da, bir nima olib kelmasa ko‘ngli joyiga tushmaydi. Pirog bilan kartoshka olib kelibdi… Tuzzuk yashashadi! — deb chuqur nafas oldi u, keyin menga qarab. — Butun qishloqda yolg‘iz shular uyida qishga kartoshka yetib, ortib qoladi!
Qorong‘ida Agafyaning yuzi menga ko‘rinmasdi, lekin, uning bosh va yelkalarining harakatidan menga ko‘zlarini Savkadan uzmay o‘tirgandek tuyildi. Ularning uchrashuviga xalal bermaslik uchun aylanib kelishga jazm qilib, o‘rnimdan turdim. Xuddi shu lahzada daraxtzordan bulbulning past ovozda sayrashi eshitilib qoldi. Oradan yarim minut o‘tmay u, ovozini bir-ikki parda ko‘tarib, go‘yo sinab ko‘rdi-da, keyin sayray ketdi. Savka irg‘ib o‘rnidan turib, quloq soldi.
— Bu kechagi bulbul! — dedi u, — shoshmay tur seni!..
Birdan yugurgancha sharpa sezdirmay, daraxtzorga kirib ketdi.
— Qo‘ysangchi, uni boshingga urasanmi? — dedim uning orqasidan qichqirib. — Qayt, hoy!
Savka menga «baqirmang» degandek, qo‘l siltadi-da, qorong‘ilik qo‘ynida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Savka, xohlab qolsa, juda yaxshi ovchi va mohir baliqchi bo‘lardi. Lekin, bu borada ham uning butun iste’dodi xuddi zabardast kuchi singari bekorga sarflanardi. Batartib ish tutishga eringanidan, butun ovchilik mahorati bekorchi nayrangbozlikdan iborat bo‘lardi. Jumladan, bulbullarni albatta qo‘li bilan tutar, mayda pitra bilan cho‘rton baliqlarni otar, ba’zan daryo yoqasida soatlab turib, kattakon qarmoq bilan kichkina baliqchalarni tutmoqchi bo‘lardi.
Mening yonimda qolgan Agafya yo‘talib oldi, keyin kafti bilan bir necha marta peshonasini artdi… Ichgan arag‘idan kayfi oshib borayotgandi.
— Agasha, turmushing qalay? — deb so‘radim, ortiq jim o‘tirish o‘ng‘aysiz bo‘lib qolgach.
— Xudoga shukur… — dedi va birdan shivirlab: — Barin, siz hech kimga aytib qo‘ymang…
— Xavotir olma! — dedim uning ko‘ngliga taskin berib. — Agasha, har qalay botir ekansan… Yakov bilib qolsa nima qilasan?
— Bilmaydi…
— Bordi-yu, bilib qolsa-chi!
— Yo‘q… uyga men undan oldin yetib boraman. Hozir u liniyada. Passajir poyezdini jo‘natib, undan keyin keladi. Poyezdning ovozi shu yerdan ham eshitiladi…
Agafya yana qo‘li bilan peshonasini artib, Savka ketgan tomonga qaradi. Bulbul hamon sayrardi. Yer bag‘irlab uchib o‘tayotgan allaqanday qush bizni sezib qolib, cho‘chib ketdi va qanotlarini qoqib daryoning narigi tomoniga parvoz qildi.
Tezda bulbul ovozi ham tindi, ammo Savkadan darak yo‘q edi. Agafya o‘rnidan turib, tashvish bilan bir necha qadam bosdi, so‘ng yana joyiga kelib o‘tirdi.
— Nima balo bo‘ldi unga? — dedi sabri tugab. — Axir poyezd ertaga emas, bugun keladi-ku! Hozir qaytib ketishim kerak!
— Savka! — deb qichqirdim. — Hoy Savka!
Mening qichqirig‘imga hatto aks sado ham bo‘lmadi. Agafya bezovtalanib yana o‘rnidan turdi.
— Qaytmasam bo‘lmaydi! — dedi u hayajonlanib — Ha demay poyezd keladi! Uning qaysi vaqtda kelishini men bilaman!
Bechora juvon yanglishmagan edi. Oradan chorak soatcha xam vaqt o‘tmay, uzoqdan poyezd ovozi eshitildi.
Agafya uzoq fursat daraxtzorga tikilib turdi-da, sabrsizlik bilan qo‘llarini qimirlatib:
— Voy, qani endi u? — deb asabiy bir holda kuldi — Qaysi go‘rga ketdi? Men ketaman! Xudo ursin, barin, ketaman!
Bu orada poyezdning kelayotgani tobora aniqroq eshitila boshladi. Endi, g‘ildiraklar taq-tuqini parovozning pishqirishidan ajratib bo‘lardi. Mana, parovoz qichqirdi, poyezd ohista guldirab, ko‘prikdan o‘tib ketdi… Bir minutchadan keyin hamma yoq jim bo‘lib qoldi.
— Tag‘in ozgina kutaman… — deb uh tortdi Agafya va qat’iyat bilan yana o‘tirdi, — Bo‘lganicha bo‘ldi, kutaman!
Nihoyat Savkaning qorasi ko‘rindi. U polizning yumshoq tuprog‘idan yalang oyoq, sekin qadam tashlab, allaqanday kuyni ming‘irlab aytib kelardi.
— Tavba, shu ham omad! — dedi u g‘alati jilmayib. — Shu desang, endi buta yoniga borib, qo‘lim bilan ushlab olaman deb mo‘ljallab tursam, birdan sayrashdan to‘xtasa bo‘ladimi! Eh, sariq maymun-ey! Kutdim, kutdim, qani endi sayrasa, hech balo bo‘lmadi. Qo‘limni qo‘ltiqqa urib, kelaverdim…
Savka Agafya yoniga, beso‘naqay ag‘anarkan, yiqilib ketmaslik uchun ikki qo‘llab uning belidan ushlab oldi.
— Ha, muncha qovog‘ingdan qor yog‘adi, arpangni xom o‘rdimmi? — dedi Savka unga.
Savka yumshoq ko‘ngil va sofdil bo‘lishiga qaramay xotinlarga nafrat bilan qarar, ularga andishasizlik bilan, pisand qilmay gapirar, hatto ularning o‘ziga bulgan his-tuyg‘ularini ham masxara qilib kulardi. Kim biladi, ehtimol, Savkaning ana shunday nazar-pisand qilmay gapirishi va nafrat bilan qarashi qishloq Dultsineyalarining unga ehtiros bilan maftun bo‘lishlari sababidan biridir. Chiroylik va sarv qad bu yigitning ko‘zlarida hamisha, hatto o‘zi nafrat bilan qaraydigan xotinlarga boqqanida ham, yoqimli mehribonlik, dilkashlik porlab turardi, biroq, bu maftunlikni yolg‘iz tashqi qiyofa bilan izohlab bo‘lmasa kerak. Kelishgan qaddi-qamati bilan munosabatining g‘alati, o‘ziga xosligi ustiga, Savkaning tolei pastligi, uy-joyidan quvilib, polizda yashayotgan baxtsiz va bechoraligi ham xotinlarning rahm-shafqatini uyg‘otgan bo‘lsa ajab emas.
— Qani, bu yerga nimaga kelganingni baringa aytib ber-chi! — dedi Savka Agafyaning belidan hamon ushlab turarkan. — Qani ayt, erining xotini! Ho… ho… Yoki, Agasha xonim, aroqdan yana bir qultumdan yutaylikmi?
Men o‘rnimdan turdim va jo‘yaklar orasidan o‘tib, poliz yoqalab ketdim. Qorayib ko‘rinayotgan jo‘yaklar xuddi yassilangan katta go‘rlarga o‘xshardi. Ulardan chopilgan yer va endi shudring tusha boshlagan o‘tlarning yoqimli isi dimoqqa urilardi… Chap tomondagi olov hamon yarqirab ko‘rinar, go‘yo u ko‘z qisib olqishlar, jilmayayotganga o‘xshardi.
Qulog‘imga quvnoq kulgi eshitildi. Kulayotgan Agafya edi.
«Poyezd-chi? — degan fikr ko‘nglimdan o‘tdi. — Poyezd allaqachon kelgan-ku».
Bir pasdan keyin chaylaga qaytib keldim. Savka qimir etmay, chordana qurib o‘tirar, allaqanday qo‘shiqni eshitilar-eshitilmas ming‘illardi. Uning ashulasi ham: «Oh ey, voh ey, seni-yu meni…» singari so‘zlardan iborat edi. Aroqning kayfi, Savkaning nafratli erkalatishi va tunning dimligidan mast bo‘lgan Agafya uning yonida yotar va titrab Savkaning tizzalariga yuzini bosardi. U o‘z tuyg‘usiga shunday berilgan ediki, hatto mening qaytib kelganimni ham sezmadi.
— Agasha, poyezdning kelganiga ancha vaqt bo‘ldi! — dedim.
— Ha, vaqt bo‘ldi, — dedi Savka ham boshini qimirlatib. — Cho‘zilib yotish nimasi? Voy sharmanda-ey!
Agafya seskanib, Savka tizzasidan boshini ko‘tardi, menga qarab qo‘ydi-da, yana uning yoniga cho‘zildi.
— Vaqt allaqachon bo‘ldi! — dedim.
Agafya to‘lg‘onib, bir tizzasi bilan cho‘kkaladi… U iztirob chekmoqda edi… Men qorong‘ilik qo‘ynida, yarim minut davomida uning butun qiyofasi kurash va ikkilanishni ifoda etayotganinm fahmlab turdim. Shunday daqiqalar ham bo‘ldiki,u g‘aflatdan uyg‘ongandek, hoziroq o‘rnidan turmoqchidek qaddini ko‘tardi, lekin shu lahzaning o‘zida allaqanday yengilmas va omonsiz kuch uning qaddini bukdi va u o‘zini Savkaning yoniga tashladi.
— E, qurib ketsin u! — dedi Agafya dilidan chiqarib, ham vahshiydek kulib. Ana shu kulgida telba jasorat, ojizlik, iztirob eshitildi.
Men ohista yurib, daraxtzorga kirib ketdim. U yerdan qarmoqlarimiz turgan daryo bo‘yiga tushib bordim. Daryo uxlar edi. Allaqanday baland poyali momiq gul erkalik bilan yuzimga urildi va menga hali uxlamaganini bildirmoqchi bo‘lgan go‘dak harakatini eslatdi. Qiladigan ishim bo‘lmaganidan qorong‘ida paypaslab qarmoqlardan birini topib, uni ohista ko‘tardim. Qarmoq yengil tortildi-da, lip etib chiqdi — qarmoqqa baliq ilinmagan edi… Narigi qirg‘oq va qishloq ko‘rinmasdi. Uylardan birida milt etib chiroq yondi, ammo shu zahoti o‘chdi. Men qirg‘oqni paypaslab, kunduz kuni mo‘ljallab qo‘yganim — o‘yilgan joyni topib, kresloga o‘tirgandek suyandim. Uzoq o‘tirdim… Yulduzlar tobora xiralashib, so‘nib borardi. Xuddi yengil nafas singari yer ustida kezib yurgan salqin havo uyg‘onib kelayotgan majnun tollar barglarini siypab, erkalardi…
— A-ga-fya! — degan bo‘g‘iq ovozi eshitildi qishloqdan. — Agafya!
Ishdan qaytib kelgan er tashvishlanib qishloqda xotinini izlardi. Xuddi shu fursatda polizdan yangroq kulgi eshitildi: butun olamni unutib, kayf qilayotgan xotin ertagi azob-uqubatlar evazini shu bir necha soatlik o‘z xursandligidan chiqarib olmoqda edi.
Men uxlab qoldim…
Uyqudan uyg‘onganimda yonimda Savkani ko‘rdim, u sekin-sekin yelkamni silkitardi. Daryo, daraxtzor, har ikkala qirg‘oq, ko‘m-ko‘k shudring yuvgan daraxt va dalalar yorqin tong nuriga bulangan edi. Daraxtlarning ingichka tanalari orasidan hozirgina ufqda ko‘ringan quyoshning ilk nurlari yelkamga tushgandi.
— Hali baliqni shunday tutyapman deng? — deb iljaydi Savka, — Qani, o‘riningizdan turing!
Men o‘rnimdan turib, huzur qilib kerishdim, ko‘kragimni to‘ldirib nam va xushbo‘y havoda nafas oldim.
— Agasha ketdimi? — deb so‘radim.
— Huv ana, — deb daryoning kechuvini ko‘rsatdi Savka.
U tomon qarab, Agafyani ko‘rdim. Sochlari to‘zg‘ib, boshidan ro‘moli bo‘yniga tushgan Agafya ko‘ylagining etagini ko‘tarib, daryodan o‘tar edi. U, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a qadam bosardi…
— Qilg‘ilikni qilib qo‘yib, endi dami ichida! — deb ming‘irladi Savka unga ko‘zlarini qisib qararkan. — Dumini qisib ketyapti… Xotinlar mushukdek sho‘x, quyondek qo‘rqoq bo‘ladi… Kecha ketgin deganda ahmoq gapga quloq solmagan edi! Mana endi ta’zirini yeydi, meni bo‘lsa yana volost mahkamasiga sudrashadi… Mana shu xotinlar uchun tag‘in kaltaklashadi…
Agafya qirg‘oqqa chiqib, dala o‘rtasidan qishloq tomon ketdi. Avvaliga u ancha dalil, shaxdam qadam tashlab bordi. Lekin hayajon va qo‘rqinch tez orada ustun keldi. U, xavotirlanib orqasiga o‘girildi, to‘xtab, nafasini rostladi.
— Ha, qo‘rqmaysan-a! — dedi g‘amgin tirjayib Savka, Agafya orqasidan, shudring ingan o‘tlarda qolayotgan ko‘m-ko‘k yo‘lchaga tikilib. — Borgisi yo‘q! Eri bo‘lsa bir soatdan beri poylab turipti… Siz uni ko‘rdingizmi?
Savka bu jumlani iljayib turib aytdi. Mening yuragim orqamga tortib ketdi. Qishloqda, yo‘l yoqasidagi eng chekka uy oldida Yakov turar va qaytib kelayotgan xotinidan ko‘z uzmasdi. U yerga qoqilgan qoziqdek qimir etmasdi. Yakov xotiniga tikilib, shu topda nimalarni o‘ylayapti? Kutib olmoq uchun qanday so‘zlarni tayyorlab qo‘ygan? Agafya biroz to‘xtab turdi-da, xuddi bizdan yordam kutayotganday orqasiga yana qaradi va eri tomon yurdi. Men bunday yurishni mast odamda ham, hushyor odamda ham hech qachon ko‘rmagan edim. Erining tikilib turishidan Agafya egilib-bukilib ketar, goh ilon izi qilib yo‘l bosar, goh bir joyda to‘xtab qolar, tizzalari bukilib, qo‘llarini yozar, goh orqaga tisarilar edi. Yuz qadamcha yurgach, orqasiga yana qaradi-da, yerga o‘tirib oldi.
— Hech bo‘lmasa sen o‘zingni panaga ol, anavi buta orqasiga o‘t… — dedim Savkaga, — Eri ko‘rib qolsa nima bo‘ladi…
— U Agashaning qayoqdan borayotganini ko‘rib turipti… Polizga xotinlar karam uchun kechasi kelmasligi hammaga ma’lum.
Mei Savkaning yuziga qaradim. Uning yuzi oqargan va azob chekayotgan jonivorni ko‘rgan odamday rahmi kelib, afti burishgan edi.
— Qassobga yog‘ qayg‘u, echkiga jon… — dedi u xo‘rsinib.
Agafya birdan o‘rnidan irg‘ib turdi, boshini bir silkib, dadil va shaxdam qadam tashlab eri tomon yurdi. U bor kuchini yig‘ib, tik borishga jazm qilganga o‘xshardi.

Sami Abduqahhor tarjimasi